Sumbulaning sokin saharida Xo‘jakent qishlog‘ining tub-kindigidagi quyoshga yuz tutgan mo‘jazgina kulbadan chiqib kelgan qariya avvaliga dala hovlisini bir aylanib keldi. So‘ng hovli yonidan oqib o‘tadigan zilol jilg‘ada yuz-qo‘lini yuvdi. O‘choqboshiga borib, odatdagidek qumg‘onda choy qaynatishga tutindi. Uning oltmish besh yillik hayotidagi eng xush ko‘radigan ishlaridan biri mana shu: qumg‘onning tagidagi olovga tarasha tashlab, suv qaynagunicha o‘y surish!
Saratonning oftobini ko‘rgan tarashalar suvni bir zumda qaynatdi. Qariya qumg‘onni olib borib ishkom tagidagi so‘riga – xontaxta yoniga qo‘ydi-da, qo‘shqavat ko‘rpachaga o‘tib o‘tirdi. Dasturxon tuzagan ko‘yi cholini kutayotgan kampir choyni damlab, piyolalarni chayqadi. So‘ng piyolaga bir ho‘plamgina choy quyib cholga uzatar ekan, shirin entikib gap qotdi:
– Zap havo bo‘lyapti-da, otasi! Kechalari ham, kunduzlari ham issiq bo‘lib issiq emas, sovuq bo‘lib sovuq emas, biram salqin, biram oromijon! Ayniqsa, bayramdan keyingi biror haftada dala hovlimizda shunaqangi huzurlanyapmanki, naq bir qop semirgandekman!
– Nimasini aytasan, onasi! Men ham kundan kunga yasharib ketayotgandekman! Kechagi ob-havo ma’lumotini eshitdingmi! Tag‘in biror hafta yomg‘ir yog‘may, ob-havo shu alfozda turar ekan! Kuzning shivalab yog‘adigan surunkali yomg‘irlari boshlanib, odamning yuragini siqmay turganini aytsang-chi! Bu ham Xudoning marhamati!
Kampir kulba tomonga bir ko‘z tashlab, siniq iljaydi:
– Xudo ko‘rsatmasin, shu kuz yo yanagi yilning ko‘klamidagi surunkali yomg‘irlarda anovi kulbangiz tob tashlamasa bo‘lgani! Yomg‘ir sevalab urgan shekilli, yon devorining suvog‘i o‘pirilib tushibdi-ya.
– Nafasingni sovuq qilma, onasi, – dedi chol kampiriga malollanib qararkan. – Yigirma besh yil avval qirchillama qirq yoshimda loyini peshona terimga iylab, o‘n yashar o‘g‘lim ikkovimiz tiklagan mustahkam boshpanam-ku bu! O‘g‘il kelsa, shu bir parcha joyini somonsuvoq qilinib, ustidagi shiferlarni yarim metrga chiqarib pana qilib qo‘yilsa, bas! Shuncha yildan buyon pinak buzmay turibdi, yana uzoq turadi! Yiqilsa ham egasidan keyin yiqiladi!..
– Siz ham nafasingizni sovuq qilmang-da, otasi! Endigina oltmish besh yoshga kirgan, kundan kunga yasharib ketayotgan odamning gapimi shu?! Birga yashab turganimizga bor-yo‘g‘i qirq yil bo‘libdi! Bu atrof-javonibda nevara, chevara, hatto evaralar qurshovida ellik, oltmish, hatto yetmish yil birga-birga yashab turgan jufti halollar bor-a! Bizning ulardan nimamiz kam?..
– Yasha, onasi! Zo‘r gap bo‘ldi! – Chol beixtiyor yayrab kuldi. – To‘qson yoshimdaki ahvolim shunday nochor, ertaga qarisam nima bo‘ladi, degan ekan bir ko‘ngli yosh kampirsho…
– Ha-da, kengga – keng, torga – tor dunyo bu, otasi! Hamma gap niyatda! Haligi bir qiziqchimiz aytuvdi-ku, yuz yigirma yoshni ko‘zlagan odam yuzga kiradi, deb. Shunday ekan, qani, bi-ir yaxshi niyat qilaylik-da, umrimizning yorug‘ damlarini eslashaylik, nima dedingiz?
– To‘g‘ri aytasan, onasi. Noshukrlik yaxshimas. Buyog‘ini so‘rasang, baxtimni ham, taxtimni ham sening sharofating bilan topdim. Yaxshiyam yigirma besh yoshimda universitetni bitirgan zahoti ataylab Turkistonga borib, seni topganim. Bosmaxonadagi qirq qizning orasida sen bir qarashdayoq ko‘zlarimga o‘tdek bosilib, yuragimdan urgan eding o‘shanda. Qirq yil avval qanaqangi qiz eding-a, ko‘rganning ko‘zini qizdiradigan, soch taqimga uradigan, qoshlar qunduz, ko‘zlar shahlo…
– Qo‘ying, otasi, ko‘nglimni bo‘shatmang, – kampir cholga iltijoli qarash qildi: – Hozir yig‘lab yuboraman. Qani o‘sha yoshligim? Bilmadim, o‘zim qaridimmi, siz qaritdingizmi…
Chol kampirini murosa-madoraga chaqirdi:
– Qo‘y, onasi, tag‘in zaptingga olib boshlama. Bir-birimizni qaritganimiz yo‘q, birga-birga qaridik-ku. Xudoga shukur, qatordan kam bo‘lmadik… Yodingdami, qirq yil avval seni anovi shahri azimga olib kelganimdan keyin, qadaming qutlug‘ bo‘lib ishlarim shunaqangi yurishib boshlaganki, asti qo‘yaverasan. Bir changal pul bilan oylab yurib yolg‘iz o‘zimni shahri azimdagi biron-bir xonadonga rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazolmay rosa xunob bo‘lgan edim. Seni olib kelgach ikki haftaning ichida ikkalamizni bir tiyin sarflamasdan bir uyda ro‘yxatdan o‘tkazganman-qo‘yganman-a, esingdami?
Kampir shirin orziqdi:
– Ha, mening ham shu bugungidek esimda.
Chol kampirini qizg‘in qo‘llab-quvvatladi:
– Ha, nimasini aytasan! Xudoga shukur, qirq yillik hayotimizda yaxshi odamlar ko‘p uchradi bizga. Ularning sharofati bilan vaqti kelib shahri azimda uyli-joyli, qo‘rli-qutli, uvali-juvali bo‘ldik. O‘ttiz besh yoshimga qadar o‘n yil intilib-talpinib yetolmay yurganimda bir yaxshining sharofati bilan keyingi yigirma besh yillik umrim kechgan anovi qutlug‘ dargohga ishga kirdim. Daraxt bir joyda ko‘karadi, deb, o‘sha bir joyda o‘sib-undim. Xudoga shukur, yana bir yaxshining sharofati bilan manovi bahavo tog‘ bag‘ridagi oromijon dala hovli bizga ham nasib qildi. Iloyo joyi jannatda bo‘lsin, bir yaxshi inson qachonlardir anovi tosh nokni ekib ketgan ekan, bizga buyurgan nasibamiz ekan, o‘zimiz ekkan nihollar unga havaslanib qad rostladi-da, rizq-ro‘zimizni butun qildi. O‘g‘limizning sharofati bilan dala hovlimizdan tashqari daryoning naryog‘idan ikki xonali, barcha qulayligi bor mustahkam boshpanaga ega bo‘ldik. To‘g‘ri, o‘zing yaxshi bilasan, bizga balo sog‘ingan yomonlarni ham ko‘rmadik emas, anchagina ko‘rdik.
– Keling, otasi, endi yaxshi-yomon odamlarni qo‘ya turib, yaxshi kunlarimizni bi-ir eslashaylik! Menga ochig‘ini ayting-chi, sizning eng quvonchli kuningiz qay kun?..
– Mening eng quvonchli kunim?.. – Cholning ko‘zlaridan o‘t chaqnadi: – To‘ng‘ichimiz tug‘ilgan kun, aniqrog‘i, tunning qoq yarmi. Ko‘kchadagi tug‘ruqxonadan to Samarqand-darvozadagi ijara uyimizga qadar poyi-piyoda kelganman o‘shanda. Qahraton qish sovug‘i mutlaqo sezilmaydi – yalangbosh-yalangto‘sh. Butun yo‘l bo‘yi baxtiyorlikdan katta ashulani vang qo‘yganman, ishonsang. Shundan keyin hech qachon bu qadar ko‘ngillanib qo‘shiq aytolmadim ham, eshitolmadim ham!..
Kampir cholning gapini bo‘ldi:
– Mening ham eng yaxshi kunim kun emas, tun! To‘ng‘ich nabiramiz tug‘ilgan tun! Esingizdami, o‘shanda tungi soat uchlarda qizimizning o‘zi tug‘ruqxonadan qo‘ng‘iroq qilib, bizni nabira bilan tabriklagan edi. Ishonmasdan, Tushimmi-o‘ngimmi? deb dovdirab turganimizda, Mana, nabiralaringiz shundoqqina yonimda yotibdi, xohlasalaringiz kelib ko‘ringizlar! degan edi.
– Esimda, onasi, esimda! Ota-bobolarimiz, Mevasidan mag‘zi shirin, degan gapni bir nimani bilib aytgan-da, axir! Biroq, baribir, o‘ttiz yoshimda ko‘rgan to‘ng‘ichim-o‘g‘lim!.. Yodingdami, rahmatli amaki, ijara uyimizning egasi Holiq amakini aytaman, darvozadan har gal, Odamlarning yaxshisi qani, odamlarning yaxshisi, deb kirib kelar edi. Ikki marta uylanib, ikki xotinidan to‘rttadan sakkiz qiz ko‘rgan bechora chol uchun odamlarning yaxshisi o‘g‘ilchamiz edi. Nihoyatda yaxshi odam edi rahmatli Holiq amaki, u kishi uchun bu olamda yomon odam yo‘q, hamma yaxshi edi. Biroq odamlarning yaxshisi bola, bola bo‘lganda ham, o‘g‘il bola edi. Endi o‘ylab qarasam, o‘z hayotimda bu odamdek donishmandni kamdan-kam uchratgan ekanman.
– Rost aytasiz, otasi, – dedi kampir ham to‘lqinlanib. – Rostdan ham, o‘g‘il bola o‘g‘il bola-da, yolg‘iz bo‘lsa ham o‘g‘ilni ko‘rsatganiga shukur. Biroq shu topda yaxshi kunlarni eslaymiz deb yaxshi tunlarni eslashayotgan ekanmiz, aytishim kerak, men uchun eng yaxshi tunlardan biri bundan roppa-rosa yigirma besh yil avval ayni shu dala hovlimizda kechgan edi! Eslaysizmi, o‘shanda shu bir parcha yer endigina chekimizga chiqqan. Hali anovi kulbadan ham, manovi so‘ridan ham dom-darak yo‘q, tap-taqir yer, faqatgina bir tup tosh nok qaqqayib turibdi. Uch bolamizni anovi tepada ko‘rinib turgan bolalar oromgohiga joylashtirib bo‘lib, shu yerga tushib kelganmiz. Uch bolamiz u yerda, bir parcha yerimiz bu yerda, diqqinafas shaharda nima bor bizga, ertamiz yakshanba bo‘lsa deb yoz chillasida qo‘shnimizning vagon-uyi qoshidagi qoq-quruq so‘rida tunab qolganmiz, eslaysizmi? Bolalarimiz bilan birga tushlik qilganimizda kerak bo‘ladi deb olgan bitta choyshab bilan bitta dasturxondan boshqa hech vaqomiz yo‘q. Ana o‘sha ochildasturxonda bir-birimizni mehmon qilib, choyshabda birimiz uxlab, ikkinchimiz poyloqchilik qilib tong ottirganmiz. Mening hayotimdagi eng yorug‘ tunlardan biri o‘sha tun edi, xo‘jajon. O‘sha tunning oyi ham, yulduzlari ham shunaqangi yorug‘ ediki, haligacha har eslaganimda dil-dildan orziqib ketaman.
Chol chuqur tin olib, qattiq entikdi:
– Ha-a, nimasini aytasan, o‘zimning boybicham, bekachim, bibim-bibixonim… Xudoga shukur, bu o‘tar-ketar dunyoda yorug‘ tunlarni ham, yaxshi kunlarni ham ko‘p ko‘rdik. Bir er-xotinning ko‘rgani shunchalik bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Yodingdami, o‘g‘ilcha ikkovimiz anovi kulbaning to‘rt paxsasini ko‘tarib bo‘lib, hali tomini yopmaganmiz. Biroq temir so‘rini ichkariga olib kirib, bolalarimiz bilan shuning ustida yotganmiz. Yorug‘ yoz kechalari ham o‘zimizni uyda yotgandek his qilamiz, ham bosh ustimizda osmon to‘la yulduzlar qo‘l uzatib uzib olgudek! Osmon biram yaqin, yer biram yumshoq!.. O‘sha tunlarning, o‘sha kunlarning sadag‘asi ketsang arziydi. Lekin endi, qariganimizda, shu kecha-kunduzlarda yomonlar yomon zaptiga olib turganlarida!.. Baloxo‘rlarning baloyi nogahonlariga abjirlik bilan chap berib, boshni omon asrashni tuppa-tuzuk uddalayapmiz, iloyo bundan keyin ham g‘aflatda qolmay, balodan ogoh, o‘zimizga xushyor bo‘lish, paymonamiz limo-lim to‘lib, rozi-rizolik tilashib o‘lish nasib qilsin… Es-xushim joyidaligida aytib qo‘ya qolay, xotin, sendan mingdan ming roziman, sen ham mendan rozi bo‘l, xo‘pmi? Ishqilib, o‘g‘il-qizlarim bilan ortimda qolinglar!..
– Ie, iye, bunaqa emas-da, chol, – deya kampir beixtiyor o‘rnidan turib ketdi, – Namuncha halitdan rozi-rizolik tilashib boshladingiz?! Tag‘in nima jin ura qoldi sizni?! Haligina aytdim-ku, hali uzoq yashaymiz deb. Endi men yaxshi gaplarimizning oxirida taxiri chiqmasidan yaxshisi echkilarni sog‘ib kelib, sutini pishiray-da, oldingizga qo‘yay! Bizni yashartirayotgan shu Xo‘jakentning havosi bilan echkining suti!..
Chol itoatkorona qo‘l qovushtirdi:
– Xo‘p, kampirjon, xo‘p! Bilmasdan gapirib qo‘yibman! Axir, biz avval-boshda faqatgina yaxshi gaplardan gaplashishga kelishib olgan edik-ku, darrov xayolimdan ko‘tarilganini qara-ya!..
Chol duoyi fotihadan keyin bir nuqtaga ko‘z tikkan ko‘yi sukutga toldi. Kampir yengil qo‘zg‘olib, qadrdon echkilari tomon ketdi. Musaffo havodan to‘yib-to‘yib sipqorar ekan, qariyaning yuragi orziqib, ilohiy bir orom-farog‘at tuydi. Shu asno rahmatli ustozlaridan birining o‘ttiz yil avval bir ma’ruzasida aytgan gapini esladi. O‘shanda o‘ziga tengdosh qalamkashning yangi asari xususida ustozi shunday degan edi: “Asarni o‘qiyotganingda nafaslaring qaytib ketadi, bo‘g‘ilib havo yetishmay qolayotgandek his qilasan o‘zingni”.
O‘quvchini baayni bo‘g‘ib-bo‘g‘izlaganday bo‘lmay, aksincha, uning bahri dilini ochib, yengil nafas bahsh etish, diqqinafas ko‘ngliga nurdek tiniq musaffo havo, hayotbaxsh nasim olib kirish… Qalamkash uchun bir qarashda bundan-da osonroq ish yo‘qdek! Aslida olamdagi eng mushkul ish bu! Odam bolasining ko‘nglini xufton qilish oson, biroq uni suv ichgandek ravshan torttirib yorishtirish… hech qachon oson bo‘lmagan! O‘sha bir gapni aytgan mutafakkir ustoz o‘z shomi g‘aribonida nega endi yorug‘ kundaliklarni qo‘yib, qorong‘u tundaliklarni yozdi? Zimiston tunlarda uning uyqusini qochirgan narsa nima edi? Quvonch bilan sevinch, shodlik bilan baxtmi, yo yurakni beayov o‘rtayotgan dard-alam, azob-iztirobmi?! Agar dard bo‘lsa, bu muallifning maydagina shaxsiy dardimi, yo ulug‘ bir xalq, butun bashariyatning ulkan dardi-dunyosimi?! O‘lim ostonasida ham o‘zining shaxsiy dardini “unutib”, o‘z xalqi, bani bashar dardini cheka olish!.. Ijodiy jasoratning kattasi mana shu emasmi?!.
Mana, keyingi yillarda dala hovlilariga har gal tinchlik-xotirjamlig-u huzur-halovat istab kelganlarida qulay payt poylab turgan bir-ikki dilozor kutilmaganda paydo bo‘ladi-da, avvaliga “Hormang, otaxon, charchamayapsizmi?” deya hol so‘raydi. So‘ng “Shu yoshingizda o‘zingizni qiynab nima qilasiz? Qarovsiz qolgan bog‘ni qayta obod qilish munkillagan cholga osonmi?! Undan ko‘ra menga sotib, puliga maza qilib biron oromgohda dam olmaysizmi? Aytgan pulingizni beraman!” deya yuragiga qo‘l solib, uni baayni g‘ijimlab boshlaydi.
“Uzr, inim, o‘g‘il-qizlar, nabiralar…” deya kuymalangan ko‘yi qovog‘ini uymasdan ochiq yuz bilan qarab, kulib turib kelajakdan umidi uzilmaganini aytadi, biroq chaqirilmagan mehmon dilozorlikni yanayam kuchaytiradi: “Shu zamonda o‘g‘il-qiz bog‘ingizni obod qilib beradimi, otaxon, zap gaplarni aytasiz-da! Tayyorga ayyorlik, tayyor oshga bakovullikni xush ko‘radigan bo‘lib ketishgan-ku ular!” Bu xira pashshadan “Sen o‘zing-chi, sen o‘zing? Shu topda nimani xush ko‘rib turibsan?” deb koshki so‘rab bo‘lsa! “Ha, endi…” deya o‘z ishini davom ettiraveradi, albatta. Biroq dilozor xira pashshaligini qo‘ymaydi: “g‘ing-g‘ing”, “g‘ing-g‘ing”. “Yo‘lingdan qolma!” degan ma’noda bir qo‘l silkib, uni bazo‘r haydab qutulsa, salgina o‘tib-o‘tmay boshqasi keladi. “Ovloqda buqinib olib nimalar yozyapsiz endi?..” Qarabsizki, tag‘in quloqning tagida “g‘ing-g‘ing”, “g‘ing-g‘ing”! Hammalari baravariga bexabar-g‘aflatda qolishdimi, yo insofga kelishdimi, mana, qariyb bir haftadan buyon hech birining qorasi ko‘rinmay turibdi-ya haytovur! Ular kutilmaganda paydo bo‘lib, tag‘in asabini buzib, nafasini bo‘g‘ib, bir haftalik huzurijonini rasvo qilmay, yaxshi kayfiyatining pachavasini chiqarmay turganlari uchun Xudoga ming qatla shukur qilsa arziydi! Iloyo O‘zing ularga insof-u tavfiq ato etgaysan, Parvardigori Olam!..
Chol miskinona o‘ylardan beixtiyor chalg‘ib, birdaniga qattiq seskanib ketdi. Yuragi shuvilladi. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin, nihoyati dilozorning g‘ishavasigina emas, u boshlab kelmoqchi bo‘layotgan g‘alva-yu mojaro, urush-janjal-u xunobbozliklarning ham yuzi teskari bo‘lsin! Dala hovlilari yoniga bitta emas, biryo‘la to‘rtta yengil mashina oldinma-ketin kelib to‘xtadi. Qarab turib cholning daf’atan chiroyi ochildi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi. O‘zini qushdek yengil his qildi. Chelakchada sut ko‘tarib kelayotgan kampiriga yasama emas, g‘oyat tabiiy shodlig-u baxtiyorlik bilan kulib qarab, darvoza tomonga im qoqdi: ana, dilozorlar emas, aksincha, dilovarlar! Ikkovginasining to‘rt qutbga tatigulik to‘rt juft jigarbandlari – o‘g‘il-qizlari bilan kelin-kuyovlari, shu to‘rt juft jigarbandlaridan ko‘payishgan shirin-shakar nabiralari – mevasidan shirin mag‘izlari! Qirq yil mobaynida topgan-tutganlari – nuridiydalari hordiq kuni bo‘lganidan foydalanib ularni qirq yillik to‘ylari bilan qutlagani kelib turishibdi-ya, buni qarang! Shunday kunlarga yetkazganingga shukur, Parvardigori Olam!
Cholning hadik-havotir oralab kutilmaganda torayib kelayotgan yuragi ham, torgina dala hovlisi ham naq olam qadar, yer yuzi-yu osmoni-falak qadar kengayib ketgandek bo‘ldi go‘yo!..
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 6-son