Mamat morboz Govurgonning katta sayhonligida lo‘labolishdek keladigan yoldor ilonni ko‘rganda seskanib ketdi. Ichiga tuflay-tuflay, astag‘furullo keltirdi. Bunaqasini umrida ko‘rmagan edi. Morboz bahaybat ilon toki g‘opra kirguncha izidan kuzatib turdi. Ilon odam sharpasini sezgan zahoti tezkor harakat qildi. Uning endi qoramtir yoligina ko‘rinib borardi, xolos.
Mamat morboz iziga qaray-qaray uyi tomon ravona bo‘ldi. Havo dim edi. Xayolga cho‘mdi. Yoshi oltmishdan oshib, morboz laqabini ko‘tarib, ko‘plab ilonlarni o‘ziga bo‘ysundirgan. Ammo bu galgidek seskangan emas. Yuragi gup-gup urib, a’zoyi badanini sovuq ter bosdi. Negadir, oyog‘i chalishdi. Vujudida allaqanday his paydo bo‘ldi. Shu maxluqni o‘ziga itoat qildirmay tinchimasligi xayolidan o‘tdi. Xayollar og‘ushida qishlog‘iga kirib keldi. Bo‘ynoq olisdan yugurib kelib, morbozga suykanib, erkalandi.
Erini bir alpozda ko‘rgan Xoldon xola turgan joyida serrayib qoldi. Tili zo‘rg‘a aylandi.
– Namuncha, hansiraysiz? O‘zi tinchlikmi? – deya eriga yaqinroq bordi Xoldon xola. Mamat morboz boshini sarak-sarak qilib, ohista “chuq-chuq”ladi.
– Naq ajdarhoni uchratdim. Shundoq, Govurgon soyning to‘ridagi g‘opga kirib, ko‘zdan pana bo‘ldi, – dedi manglayidagi marjon ter donalarini rangpargina ro‘molchasi bilan sidirib.
Mamat morbozdagi qat’iyat ustun keldi. O‘sha muguz yolli morni avrab olmaguncha tinchimasligi ayon edi. Oradan hafta o‘tib, niyatini o‘g‘li Hamidga ham bildirdi. Hamid esa og‘irtabiat, bosiq yigit edi. Keskin fikrli kishilarni uncha xushlamasdi. U otasiga yuzlandi.
– Qo‘ying, ota! Bir ilondan qolsangiz-qopsiz-da! Aytishingizdan bahaybat emish… Sizga zo‘rini o‘tkazsa, u yog‘i nima bo‘ladi?
– Bir harakat qilib ko‘raychi? Yonimda tursang bas, dov urdimi, ilgarilari shunaqasi uchraganidan xabaring bor. Qo‘lga tushirgandik.
Deyarli, qirq yil morboz nomini ko‘tarib, shu marta chekinsa, undan o‘lgani yaxshi. Bu qilgan niyatini mergan do‘sti Hasanga aytdi. Hasan mergan ham oshnasini bu niyatdan qaytaraman, deb urinib ko‘rdi. Bo‘lmadi.
Uzunligi ikki yarim qulochdan uzunroq bu bahaybat ilonga Mamat morboz necha kunlar kuch to‘pladi. Ilonni avrash kalimasini eh-ey, necha kunlar ichida aytib yurmadi.
Mamat morboz o‘sha Govurgon soydagi g‘opga jo‘nab ketmoqni xayol qilardi. Kim bilsin, qandoq siru sinoat bor?! Balki, kishi bilmas allaqanday g‘ayri-tabiiy sir yashirindir. Shu ilonga yetishmaguncha ko‘ngli tinchimasligini, unga yem bo‘lib yoki unga erishib, g‘oliblik nashidasini tatimaguncha na turganida, na o‘tirganida halovat borligini do‘stidan yashirmadi. Mamat morbozning o‘g‘li ham merganga yorildi:
– Jon bobo, otamning aytganini qilaylik. Birga borib hech bo‘lmaganda belidan arqonni bog‘lab qulochkashlab tortib turarmiz. Xudo xohlasa, bu ishni eplarmiz, nima dedingiz, bobo?!
Hasan mergan yalt etib Hamidga yuzlandi.
– Men ham shu fikrga keldim. Otang baribir, unga erishmay qo‘yadigan cho‘ti yo‘q.
G‘opga borish payshanba kun ertalabga reja qilindi. Nimaiki, yaxshi niyat qilinsa, ijobat bo‘ladigan yaxshi kun deyildi. Bunga jiddiy hozirlik ko‘rildi. Besh-olti quloch arqonu qo‘sh og‘iz miltig‘ini mergan oladigan bo‘ldi. Kim bilsin, bu bahaybat ilon morbozni damiga tortsa, nima ko‘rgilik bo‘ladi. Hasan mergan shartta qo‘sh og‘izni ishga solib, otadi, tashlaydi.
Shu kecha Mamat morbozga tong otmasday tuyuldi. U yoqdan-bu yoqqa ag‘anadi. Har ko‘zi ilinay deganda, sachrab ko‘zidan uyqusi qochardi. Tongga borib ko‘zi ilindi. Qarasa, ajabtovur tush ko‘ribdi. O‘sha ko‘rgan bahaybat ilon bilan olisharmish. Bir payt ustun kelib, ilonning boshini tanasidan judo qilibdi. Alahsib uyg‘onsa, tushi ekan. Ilondan ustun kelgani Mamat morbozning ko‘nglini ko‘tardi. Tashqari chiqdi. Tog‘ bag‘ridan oppoq munavvar tong oqarib kelmoqdi edi. Naridan-beri tahorat olib, nomozga yiqilib-turdi.
– Mamatboy, hoy, Mamatboy! Uydamisiz? – deya Hasan mergan uzoqdan shovur berdi. Kechagi tushidan sarxush tortib, ko‘ngli tongdek yorishganidan morboz oshnasiga peshvoz chiqdi.
– Keling, keling, do‘stim. Uydaman. Qani-qani, ichkariga… Zap kelibsiz. Hamidni jo‘natsammikan, deb turgandim. Darvoqe, bugun nima kunligini bilarsiz?..
– Bilaman, bilaman. Bugun siz ilonni avrab, qo‘lga kiritadigan kuningiz. Ishqilib, g‘ordan chiqib ko‘rinish bersin-da! Bo‘lmasa ovoragarchilik bo‘ladi.
Ikki do‘st bir-biriga hazil-huzul qilishib, kulishdi.
Ular bir piyola choy bahona ichkari kirishganda, quyosh Bobotog‘ bag‘ridan mo‘ralab, zarrin nurlarini borliqqa sochayotgan edi.
Dasturxonga fotiha tortildi. Apil-tapil, ertalab salqinda Govurgonsoyning qorasini olmasa, kunning issig‘iga qolishadi-da!
Meshda muzdek suv, belboqqa esa yog‘li patir olishdi. Bu dala-dashtda asqotadi. Ayni terlab-pishib ilon bilan olishuv chog‘ida ish beradi. Mamat morbozni yo‘lda o‘y bosdi. Mard ketishga – mard ketdi-yu, bu yog‘i nima bo‘ladi? Oldinlari ko‘pam bunaqangi tavakkal ish tutmagan. Xayriyat, yonida alpqomat o‘g‘li, qolaversa, ko‘pni ko‘rgan, otgan o‘qi bexato o‘ljaga tegadigan oshnasi bor.
Quyosh tayoq bo‘yi ko‘tarilgan edi. Havo dim, osmonni taram-taram bulut qopladi. Bir-ikki kun ilgari yoqqan qisqa fursatli yomg‘irdan o‘t-o‘lanlar yuzini yuvib, quyosh nurida qo‘zigullar sarg‘ish rangi bilan chor-atrofga chiroy baxsh etadi. Uzoqdan arg‘imchoq solib uchayotgan bir to‘p turnaning ovozi ko‘ngillarga allaqanday his bag‘ishlaydi. Yurakda yashirinib yotgan ajib voqealarni esga soladi.
Morbozning sarxush o‘ylariga Hasan merganning gap qotgani xalal berdi.
– Mamatboy, nima bo‘lgandayam, quruq qaytmasak, deymiz. Ba’zi paytlar ilonlar kulcha bo‘lib, tashqari chiqay demaydi-da, savil! Chunki tuni bilan ov qiladi. Toliqadi.
Mamat morboz oshnasining ushbu gaplaridan sergaklandi.
– Shunaqasi ham bo‘ladi. Hatto yarim kunlab, ba’zida esa kuni bo‘yi poylagan vaqtim ko‘p bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam, dami-duoni ishga solamiz. Unga ham ahvoli ayon bo‘lgan mening borayotganim.
– Shunaqami, hali? – deya Hasan mergan ajablandi. Gapni eshitib kelayotgan morbozning o‘g‘li gapga aralashdi.
– Ota, o‘zi qayerda o‘sha g‘op? Yaqinlashdikmi?
– Ha, mana, hozir kelamiz, – morboz o‘g‘lini tinchlantirdi. Yura-yura, oxiri g‘opra ham yetib kelishdi. Lash-lushini shundoq chimo‘tlar ustiga omonatgina qo‘yishdi. Hamid chilvirni o‘ramidan yechdi. Kalta arqonni uzun chilvirga qo‘shib mahkam bog‘ladi. Qulochlab ko‘rgan bo‘ldi. Salkam sakkiz quloch chilvir yetib qolar. Mamat morboz esa, g‘or og‘zidan qadamlab, har o‘n qadamda bir chizib, jami o‘ttiz qadamcha masofani uch chiziq tortib kelardi. Egnidagi og‘ir buyumlarni morboz yechib, o‘g‘liga tutdi. Mergan qo‘shog‘izning sumbasiga yakkako‘z bo‘lib qaradi. O‘qni joylashdan oldin sumbani puflab, o‘q joyladi.
Mamat morboz esa birinchi chiziqqa yaqin borib cho‘kkaladi. Ko‘zlarini xiyol yumib, ichida pichirlab, ilon avrash duosini o‘qishni boshladi. O‘g‘il bilan mergan morbozning beliga bog‘langan arqonni qo‘llariga o‘rab olib, orqaroqda tik turishdi. Morbozning yuzini marjon-marjon ter bosib borardi. U ko‘zini xiyol ochib, g‘or tomon yuzlandi. Negadir, g‘op to‘rida yashillik yalt etgandek bo‘ldi. Bir soniya ko‘zga tashlangan bu qulf – yashillik yo‘qolib, o‘rnini ko‘zga elas-elas tashlanadigan bilinar-bilinmas shafaq egalladi. Negadir Mamat morbozni vahm bosdi. Bu siru sinoat o‘g‘li Hamidga ham, do‘sti Hasan merganga ham namoyon bo‘lmadi. Bu siru sinoat morbozgagina namoyon bo‘lar, bu turfa ranglarni har ko‘ringanda morboz boshqacha bo‘lib ketar. O‘tirgan joyidan sapchib o‘sha tarafga jo‘nab ketgisi kelardi. O‘zini arang bosib, kalima keltirib, bu xildagi xom xayoldan o‘zini tiyardi.
Uning a’zoyi badanini sovuq ter bosdi. Ko‘ylagi esa siqib olgudek jiqqa terga botdi. Birinchi chizgan chizig‘i yarmiga siljib borganini o‘zi ham sezmasdan qoldi. O‘g‘il bilan merganni ham allakanday vahm bosib, qo‘rquv ustun kelardi. Hademay, morboz birinchi chizgan chizig‘idan o‘tib ketdi. Mergandan ko‘ra ham o‘g‘li Hamid arqonni mahkam tortganicha, nimalar bo‘layotganiga hayron.
Mamat morboz o‘qigan kalimalar kishi anglamas tarzda bo‘g‘zidan zo‘rg‘a otilib chiqardi. Hasan mergan bunaqangi voqealarning ko‘pining guvohi bo‘lganidanmi, eshitganidanmi, xullas, o‘zini allaqanday boshqacha his qila boshladi. Ammo birinchi chiziq allaqachon ortda qolib, ikkinchi chiziq sari ishirilib jo‘naganidan Hasan ham xavotirga tushdi. “Kuppa-kunduz kuni o‘z oyog‘ida kelib ilonga berib qo‘ysak, qishloq ahliga, ayniqsa, morbozning ayoli Xoldonga nima deymiz?” degan xayolda Hamid arqonni mahkam qo‘liga o‘rab orqaga tortdi. Mamat morboz esa orqagamas, surilib oldinga ketardi. Hamid rangi oqarib tilga kirdi:
– Bobo, bu nima degan gap?! Ikkinchi chiziqqa boray deyapti! Nima qil deysiz? Otam hansirab, tili ham tortilib bormoqda. Zo‘riga yo‘liqqan ko‘rinamiz!
– Sabr kil! Yaratgandan beizn odamzotga tikan ham kirmaydi. Bir mo‘jiza ro‘y bersa ajabmas!
Ikkinchi chiziqdan endi o‘tay deb qolgan Mamat morbozning ahvoli tang edi. Deyarli oxirgi kuchini ishga solib, jonholatda bo‘g‘ilib kalima qaytarardi.
Shu payt g‘op og‘zida bir narsaning xumday boshi ko‘zga tashlandi. Bu aniq o‘sha maxluq edi. Yer rangiga singishib olib, raqibi sari sudralardi. Raqibidan ustun kelayotgani unga ayon edi. Bu bahaybat maxluq ham muguz yolini ikki taraf selkillatib harakat qilardi.
Yo‘g‘onligi odam sonidek keladigan ilon bilinar-bilinmas olg‘a siljirdi. Tuyqus boshini baland ko‘tarib, ayri tilini havoda o‘ynatdi. Uning bu xildagi harakatida qandaydir kishi bilmas g‘olibona siru sinoat namoyon edi.
Holdan toygan Mamat morboz jiqqa terga botib, ko‘zlarini zo‘rg‘a ochar, jonholatda bir qo‘li bilan tomog‘ini ishora qildi. Tomog‘i qaqrab ketgani tayin edi. Hamid meshdagi muzdek suvni Mamat morbozning og‘ziga tutdi. Morboz “qult-qult” ichgan bo‘ldi. A’zoyi badani sergaklandi. Hamid otasining yuzini ho‘l belbog‘ bilan artdi. Baribir, morbozda mador yo‘q edi. Butun kuch-qudrati ilon o‘qishga sarf bo‘lib, o‘zini lohas his qilardi. Hasan mergan oshnasining yoniga cho‘kkaladi. Qarasaki, ustidagi havorang yo‘l-yo‘l ko‘ylagining barcha tugmasi qadalib turibdi. Hasan mergan Mamat morbozning qulog‘i uzra engashdi.
– Sadabingizni bo‘shating, sadabni! Eshityapsizmi?! Sadab, sadabni! – Hasan merganning oxirgi gapi jonliroq chiqdi.
Fop og‘zidan kaptarlar “par-r” etib uchdi. Mamat morboz darmon tark etgan qo‘llarini ko‘ylagi tugmalariga olib bordi. Lekin uchala tugmani ham bo‘shatishga darmoni yetmadi.
Er bag‘irlab, oldinga intilayotgan ilon ayri tilini ham chiqarmasdan, shashtidan tushdi. Tosh ustiga boshini qo‘ygan ko‘yi qimirlamay qoldi. Hasan mergan bilan Hamid qotib qolishdi.
Mamat morboz holdan toyib, yonbosh holda zo‘rg‘a nafas olardi. Qo‘llari meshdagi suvga majolsiz cho‘zilardi. Hamid otasining boshini tizzasiga oldi va yana muzdek suvdan ichirdi. Mamat morboz bir-ikki tamshanib, qo‘li bilan bo‘ldi ishorasini qildi.
Ilon qimir etmay yotardi. Bu maxluqdagi ichki botiniy sir yolg‘iz Mamat morbozgagina ayon edi. Bu ichki botiniy tuyg‘uni ifodalash mavrudi emasdi. Bu sirni oshkor etmaslik yolg‘iz morbozlarga xos ichki sir-sinoat edi.
Qo‘shog‘izni mahkam tutgan Hasan mergan ilondan ko‘z uzmay turardi. Morboz qo‘li bilan miltiqni pastga tushir, ishorasini qilgach, Hasan mergan hamma ishga yakun yasalganini tushunib yetdi.
Morboz hansirashdan to‘xtab, o‘ziga kelgandek bo‘ldi. G‘olib morbozning a’zoyi badanini charchoq, zirqirash azoblari hali tark etmagandi. Umri bino bo‘lib birinchi chiziqdayoq har qanday ilonni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, bu safar har birining orasi to‘rt-besh qulochdan keladigan chiziqlardan ikkitasi ortda qolib, uchinchisidan ham o‘tib ketay debdi. Buni morboz o‘ziga kelgach his qildi.
Rivoyat qilishlaricha, kimki ilonning laqabini topgudek bo‘lsa, bu ilonning yengilgani bo‘lar emish. Merganning nogahon, “Ko‘ylak sadabini chiqaring”, degan xitobida ilonning laqabi aytilgan edi.
Uchchovlon o‘lja joylangan qopni olib qishloqqa qaytishayotganda kun peshindan oqqandi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 8-son