Izoh: Men bu hikoyani oshnam Abduahad Jumanqulovdan juda arzon – tahririyat gononari bahosida sotib olganman. O‘zi yozsa bo‘lmasmidi, dersiz? Menimcha, bu ishni uddalardi, faqat buni voqeani pullaganidan keyingina tushundi. Bari nasiya, lekin qalam haqi va hikoyadan tushadigan har bir chaqani egasiga jo‘nataman.
– Esimda, – deb gap boshladi jo‘ram o‘shanda choyxonada o‘tirganimizda. – Chamasi o‘n yosh – foyda ziyonning farqiga boradigan bola edim. Tomorqadagi beshbarmoq, semerinka, kuzak atlasi mezon yeb pishgach, buvam selitra xaltani qo‘limga tutib ergashtirdi.
Shamol dov-daraxtlarni silkib, mevasini to‘kkan, qurt yegan, qush cho‘qigan, ezilgan olmalarni ko‘rib ich achir, tashlab yuborishgayam ko‘z qiymasdi. Ular sarg‘aygan o‘t-o‘lanlar, xazonlar orasida bo‘g‘ilib borardi, go‘yo.
Buvam qo‘shnimiz devori yonidagi beshbarmoq yonida yetib dedi:
– Bitta qoldirmay ter. Uvol bo‘ladi. Kesib tom ustiga yoysak, qoq qishda og‘zingga tashlab shimib yotasan.
– Xo‘p, mayli.
Otam xazonlarning tovon ostida og‘riqli ingrashiga chiday olmagandek hatlay-hatlay nari ketdi. Bir-ikkita atlasni choponining yengiga tiqdi. Men shoshilinqirab barg uyilgan daraxt tagini titkilay boshladim: olmalarni saralab xaltaga solib joyladim. Shunday tez ishladimki, zumda xalta to‘layozdi. Endi uni to‘kib kelish kerak, lekin mening bunga qurbim yetmasdi.
…U menga choy quyib uzatib, choy quyib uzatib, nimanidir xotirlayotgandek bir muddat jim qotdi. Keyin chakkasini qashidi.
– Men selitra xaltani nam o‘tloqda sudrab-toydirib boshlagan ham edimki, buvimning ovozi eshitildi.
– Shoshma barini yerga to‘k.
Buvam devor osha bir ko‘z tashlagach, avaylabgina yerga to‘kilgan olmalarni saralay boshladi: yuzi qizargan olmalarni alohida, sariq nashvatilarni alohida.
Men ham ko‘maklashdim. To‘g‘risi, nega ularni ajratayotganimizni bilmasdim…
Abduahad meni ovqatga undab, yana boyagidek taraddudlandi.
***
– Bir chelak olmani ko‘tarib, qo‘shnimiz Bo‘riboy akanikiga yurdik. Darichani ochib “hay-hay”laganimizcha bilaman, ichkaridan Sarvinoz kelaverdi. Qo‘lida chelak, ortida Hanifa momo. Momom kelinning qo‘lidan chelakni tortib;
– Hey, sening yordamingdan o‘rgildim, – dedi va biz eshitmasligimiz uchun pichirlabgina gap qotdi. – Og‘ir ko‘tarma! Halol-e! Ishqilib, beshbarmoqdan tishlab qo‘ymadingmi?
Sarvinoz yanga iymanibgina boshini chayqadi.
– Yo‘q…
Biz shu payti momoning oldiga yetgandik.
– Sizga kapsan, bu! – dedi kattaotam hazillashib, chelakni momomga uzatarkan. – Nima qutlug‘ uydan quruq chiqaramizmi? – dedi momom.
Men paqirda qizil beshbarmoq ko‘rdim.
Hamsoyamiz bergan kapsanni ko‘tarib, izimizga qaytdik.
Ortimizdan momom qichqirdi.
– Hali yana beramiz.
***
…Men jo‘ramning hikoyasi tugadimi, deb qo‘zg‘ala boshlagan ham edimki, u o‘tiring deb imladi. Ofitsiant hisob varag‘ini keltirdi.
– Ertasiga rosa yomg‘ir quydi. Buvam erinib, ayvondan turib, “Bor to‘kilganlarini ter”, deb buyurdi. Sudralib tomorqaga o‘tdim. Semirinka toshdek qattiq: qish chillasida pishadi. To‘rt-beshta tizilgan daraxt bari semirinka edi. Yeng shimarib ishni boshladim. Bir payt ne ko‘z bilan ko‘rayki, Eynshteynning boshiga tushgan olma, mening ham chakkamga tushsa deng. Yaxshilab ser soldim: peshanamda qo‘shnimiz tarafda o‘sgan olma shox tashlab turardi. Nima qilarimni bilmay garangsidim, keyin xaltadagini ham to‘kib tashladim-da, saralashga tushdim. Qanchalik tirishmay, buning uddasidan chiqolmadim. Ular biri-biridan farq qilmas, navi bir edi. Daraxt tanasiga suyanib o‘tirdim.
Bir payt kattaotamning ovozini eshitdim.
– Bolam terib bo‘ldingmi?
– …
U yaqin kelib boshini chayqadi.
– Nega termading?
Qo‘shnimiz tomondan tarvaqaylagan shoxga imladim:
– U bizniki emas-ku.
U to‘kilgan olmalarga bir qur nazar tashladi-yu, meni mahkam quchoqlab oldi.
***
Biz kassa tomon yurdik. U yer tirband edi. Tamaddixona hisobchisi to‘lov qog‘ozini shoshilinqirab oldi-da, do‘stimning gapini eshitmay uzatgan pulni sanashga tushdi. Bir peshanasini tirishtirdi-da, qayta sanadi, odamlarning e’tiroziga beparvo. So‘ng qoshlarini uchirdi:
– Ko‘p beribsiz.
O‘rtog‘im engashib yotig‘i bilan tushuntirdi:
– Bitta nol ham katta gap. O‘n uch ming o‘rniga, bir ming uch yuz yozibsiz. Axir, ikki porsa osh shuncha arzonmi? Kassir opa qog‘ozga sinchiklab qaradi, ko‘zlarida ajib his jilvalandi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son