Xurram qotma, yiqilgan kurashga to‘ymas, deganlaridek tag‘in o‘zi bilan bellashmoq niyatida kelgan Salabekni, odatdagidek, nimiliq qarshilarkan, uning bu bemavrid tashrifi juda malol kelayotgan esa-da, fe’liga ko‘ra, buni oshkor etmaslik vajidan, ko‘zlarini avvaliga yerga qadadi va xuddi o‘zining tusi aynigan kirza etigini “mehmon”ning qizg‘ish, sarg‘ish tasmalar bilan ziynatlangan oqishtob tusdagi sport poyafzaliga solishtirib ko‘rayotgandek, va oqibat, etigining xiyla nochor ahvoldaligini go‘yo endigina payqab yetganidek, shu alfozda picha turib qoldi. Keyin asta qansharini ko‘tarib, bir qarashda o‘ta intihosiz tuyulmish keng dashtning olis-olis puchmoqlariga, ko‘ksini oqish so‘qmoqlar tilimlagan tevarakdagi katta-kichik do‘ngliklarga, o‘ng yondagi pastak qir yoqalab chilvirdek cho‘zilib, chuvalanib ketgan ensiz dasht yo‘liga, zo‘r-bazo‘r ko‘zga tashlanmish uzoq yonbag‘irlikdagi qo‘shni otarga hamda ko‘kish g‘ubor qo‘ynida sokin mudrayotgan qorli tog‘larga bir-bir nazar tashlarkan, obbo, falokati-iy, tag‘in dilni xufton, ko‘ngilni vayron qilgani keldingmi, degan ma’noda, ich-ichidan “uh-h” tortib qo‘ydi. Har safar shu – yigitning bu xildagi bevaqt tashriflari uning xayolida o‘tmish xotiralarini qayta qo‘zg‘ab, buni harchand istamasin, u beixtiyor tarzda azob tortmoqni boshlaydi. Qani endi, bu Salabek deganlari onda-sonda dashtdan o‘tib qoladigan ayrim tanishlari kabi shunchaki salom-alik uchungina birrovga yo‘ldan qayrilgan o‘tkinchiga aylansa-yu, u bu azobni ortiq his qilmasa! Afsuski, Salabek shunchaki o‘tkinchi emas – qaysar raqib! Darvoqe, alamli xotiralarning to‘satdan yuzaga tepchimog‘iga kelsak, Salabek shunchaki bellashgani kelgan raqibdan ko‘ra, yurak-bag‘ri qasos o‘tidan tutab yonayotgan esa-da, ammo buni sezdirmaslikka tirishib, goh oshkora surlanib, goho esa g‘azabini zaharli tabassumlari qatida pinhon saqlashga urinadigan qatol g‘animi – G‘ani qoradek tutardi o‘zini. Farqi – G‘ani qoradek qonga belanib mushtlashgani emas, halol kurashgani kelgan.
Xurram qotma qora o‘tmish qa’riga cho‘mmaslikka har qancha urinmasin, biroq xotira degani to‘satdan qo‘zg‘algan quyundek chir aylanib, ongu shuurining har bir puchmog‘ini ayovsiz ravishda titkilab, yurak-bag‘rini tilkalab, aslo xohlamaganini o‘ylashga, sira istamaganini esa bor holicha ko‘z o‘ngida gavdalanmog‘iga majbur etar, pirovardida, qarshisidagi poyonsiz kenglik o‘rnida temiryo‘l bekati, taraqa-turuq qilgancha u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa o‘tib borayotgan yuk poyezdlari, qo‘shimcha yo‘ldagi vagonlarga yuk ortib, yuk tushirayotgan ishchilar, bekatning mahallaga tutash ovloq bir puchmog‘ida bir-biri bilan jiqqamusht bo‘layotgan yigitlar hamda bekatning kunbotish tarafidagi sokin hududda joylashgan katta-kichik omborlar va turli turar joy binolari oralab cho‘zilgan ikkinchi darajali temiryo‘l yoqalab ketgan tor yo‘lakdan depo biqinidagi keng asfalt yo‘l sari oshiqmay kelayotgan ko‘hlikkina talaba qiz, xuddi qiladigan boshqa ishi yo‘qdek, vaqt-bevaqt tirg‘alib keladigan G‘ani qoraning sur afti, lallaygan teplovoz haydovchisining uquvsizligi tufayli, keng muyulishda keskin to‘xtatilgan bir necha vagondan iborat kichik sostav va buning oqibatida, vagonlardan birining lang ochiq eshigida, yuklar taxlami ustida omonat turgan o‘ta og‘ir yuk o‘ramlaridan birining misli koptokday tashqariga – yo‘lakka dumalab tushishi natijasida, jismi jonidan mosuvo bo‘lgan talaba qiz fojiasi gavdalanib, voqealar misli poyezd vagonlaridek, ko‘z oldidan saf tortib o‘tishda davom etarkan, u tishlarini mahkam siqqancha, ichdan beixtiyor ingrab yuborardi.
U hali-hanuz o‘zini kechirolmaydi va bundan so‘ng ham kechira olmasa kerak. Negaki, o‘sha kunduzgi smena paytida jindek shirakayf holda o‘ziga kelib tirg‘algan G‘ani qoraning chorloviga uchib, uning tanobini tortib qo‘yish niyatida chetga chiqmaganida va ular band etgan vagon ortidagi ikkita bo‘sh vagonni qo‘shimcha yo‘lga chiqarib, so‘ng ularni o‘zga bo‘sh vagonlarga tirkab, asosiy bekatga olib ketish o‘yida teplovozda ombor darvozasidan kirib kelgan shoshqaloq vagon ulovchi yigitning rayiga qarshi bormagan taqdirda ham, zumga tashqarilatib, so‘ng yana qayta joyiga qo‘yilishi lozim bo‘lgan vagon eshigini, albatta, yopgan yoxud yoptirgan bo‘lardi… O‘sha mudhish voqeadan keyin kimlar qoralanib, kimlar jazolanmadi. Ammo o‘zicha bir dunyo orzular ummoniga g‘arq bo‘lgancha, hamisha sokin kulimsirab yuradigan ko‘hlikkina talaba qizni hech kim bu hayotga qaytara olmadi.
U kim va qanaqa qiz – Xurram qotma buni halicha to‘la bilmaydi. Ammo uning har kuni ertalab temiryo‘l yoqalab kelishi hamda oqishtob chehrasidan hech arimaydigan nimtabassumi va iboli qarashlari bir umrga xotirasiga mahkam muhrlanib qolgan. To‘g‘ri, goho kunduzlari, ko‘pincha tungi smenadan keyin, ya’ni temiryo‘l bo‘yidagi biror-bir omborda yuk tushirgan kezlari, ertalab oyoq sudrab bekatga qaytayotgan jamoadan ortda qolib, yo‘llar kesishgan yerda ko‘kka bo‘ylanib turgan shlagbaum yonida, go‘yo shunchaki turganday, qizni kutar va uning asfalt yo‘ldan gavjum shahar ko‘chasi tomonga qayrilishini jimgina kuzatib qolardi. Biroq harchand urinsa-da, qizga biror so‘z qotmoqqa sira botinolmasdi.
Boisi, qiz – talaba.
Talaba qiz oldida u kim – ikkinchi yildirki birinchi imtihondanoq umbaloq oshib tushgan omadsiz bir yigit – hozircha o‘zini qizga munosib ko‘rmasdi. Biroq ko‘zlagan institutiga kirishi bilan mana, bizam xuddi sizdek talaba bo‘ldik, deya dil yormoqni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi.
Bu kunni intiq kutardi.
Biroq kunduzgi smena paytida darsdan qaytayotgan qiz kutilmaganda ushbu falokatga duchor bo‘ldi-yu, yigitning orzusi sarobga aylandi…
Qisqasi, Salabekning shaharlik raqibi – G‘ani qoradek surlanib va tuslanib, kutilmagan paytda tashrif buyurishi o‘tmish voqea-hodisalarni qayta esiga tushirar va oqibatda, u tag‘in azob og‘ushida qolardi.
Bunday kezlarda kenglik tor, juda tor tuyulib ketardi.
Borliq esa o‘z tarovatini yo‘qotardi.
Zero, Salabek qora bermasdan burun poyonsiz bu kenglik bag‘riga cho‘mgan sokinlikka hech kim, hech narsa daxl qila olmaydigandek, eng muhimi, mazkur holat mangulikka daxldordek, ko‘klamning fusunkor tarovatidan o‘zicha sarmastlanib, dashtlik cho‘ponlarga xos bo‘lmagan bir odat – har kungi tush mahaldagi eng sevimli mashg‘uloti – qumg‘onda choy qaynatish fursatini poylab, kun qiyomga kelishni sabrsizlik bilan kutmoqda edi.
U qumg‘on choyini ichishdan ham ko‘ra, unga hozirlik ko‘rish jarayonini yaxshi ko‘radi: agar bu yaqin atrofda o‘zi qurgan eski o‘choqlar uchramasa, misli mohir me’morlardek hafsala bilan avvaliga toshlardan o‘choq tiklar, so‘ng o‘choqqa suv to‘la qumg‘onni avaylabgina o‘rnashtiradi; o‘tin masalasiga kelsak, u dashtda qahat emas, o‘tgan yilgi qurigan yantoq va boshqa turdagi tikanaklar bas degancha. Mabodo, buning iloji bo‘lmasa, xurjun tubiga ehtiyot shart tashlab qo‘yilgan uch-to‘rt tarasha bemalol kuniga yaraydi. Katta, o‘tkir pichog‘i bilan tarashani mayda tilib, cho‘plab gulxan yoqadi. So‘ng xayolga botib, qumg‘onning jig‘illab qaynashini kutadi. Choyni hamisha qumg‘onning o‘ziga damlaydi.
Xurram qotma arzimagan cho‘plardan butun boshli qumg‘onni qaynata bilish tajribasi va ko‘nikmasini temiryo‘lda o‘zi bilan birga ishlagan sobiq mahbus – G‘ayratdan o‘zlashtirib olgan. Dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmaydigan bu kimsaning kunda ikki-uch bor achchiq choy – “chefir” ichadigan odati bor edi. U “choy” ichmoqni istab qolar bo‘lsa, hech kim va hech narsaga qaramay, biror kunjakni topardi-da, doimo o‘zi bilan olib yuradigan temir krujkasiga keraklicha suv solib, arzimagan o‘tin bilan uni qaynatar, so‘ng idishga yarim kaftcha quruq choy solib, obdan dam yedirar, keyin ko‘zlari g‘alati suzilib, zahardek achchiq, quyuq ichimlikni mayda ho‘plab o‘tirardi. U bu yorug‘ olamga nechun kelganini hanuzgacha tushunib yetolmagan odamdek tutardi o‘zini – birov bilan zig‘ircha ishi yo‘q, shuningdek, o‘z hayotiga o‘zgalarni ham aralashuviga yo‘l qo‘ymas, bu dunyoda qaynoq, achchiq suyuqlikni mayda ho‘plab o‘tirishdan bo‘lak quvonchi va tashvishi yo‘qdek, tevarak-atrofga nisbatan g‘oyatda loqayd edi. Shuningdek, zarur paytda xuddi yirtqich jonivordek tezda hushyor tortar, o‘zi kulsa-da, ko‘zi kulmaydigan g‘aroyib kimsa edi.
U jamoada birgina Xurram qotmani qattiq hurmat qilar, tug‘ma kuchi yoxud hech balodan tap tormasligi vajidan emas, samimiy va beg‘uborligi uchun o‘zgacha qadrlardi uni. O‘zi damlagan “choy”dan o‘zi huzurlanib o‘tirgan kezlari gohida Xurram qotmani yoniga imlab qolardi. Keyin yigitga emas, odati bo‘yicha, noma’lum bo‘shliq yoxud biror-bir nuqtaga tikilgan ko‘yi, tarbiyadan yiroq, o‘ta serg‘alva muhitda o‘sib-ulg‘aygan G‘ani qora va boshqa shu kabilarni nazarda tutib, tag‘inam o‘zing bilasan, degan ma’noda derdi: “Bularning ichi to‘la qora balchiq, chunki loyi nosoz tuproqdan iylangan. Shuning uchun ular bilan pachakilashib yurma, bekorga qo‘lingni iflos qilganing qoladi…” Biroq bir tirg‘aldimi, tamom – o‘rtadagi munosabatni bir yoqlik qilmaguncha sira tinchimaydigan bu “g‘alvali muhit” namoyondalari Xurram qotmani o‘z holiga qo‘ymas, negadir ular “zo‘r”ning tanobini tortib qo‘yishni juda-juda xush ko‘rishardi. Taajjubli jihati, janjalga turtki bo‘lgan asosiy sabab allaqachon o‘tmish qa’riga singib, har ikki tomonning ham yodidan chiqib ketgan esa-da, shunchalik kekchilmi, yo bu yomon illat chindan-da yo‘rgakligida tekkanmi – yo‘q-bor narsadan darrov nam olib, qayta tirg‘alishdan hech erinishmasdi. Bu balodan xalos topmoqning birdan-bir yo‘li – barcha qatori ularning “zo‘r”ligini kiprik qoqmasdan tan olmoq va so‘ng zinhor jig‘iga tegmaslik edi. Ammo Xurram qotma bu qoidaga itoat etmoqni xayoliga keltirmay, derdi: “Keng dashtda haybati eshakdan berman bo‘lmagan jondor zotidan hayiqmagan, kelib-kelib sen o‘pkasi yo‘qlardan qo‘rqarmidim!” Bunga sari, G‘ani qora degani battar tish qayrardi: “Sen bola, avvalo jig‘imga tegmagin edi! Jig‘imga tegdingmi, bas – tavbangga tayantirmasdan qo‘ymayman!”
Xurram qotma qo‘shni jamoada ishlaydigan depo biqinidagi mahalla yigitlarining qiyiqligi bois, bilib-bilmay, G‘ani qoraning jig‘iga tegib qo‘ygandi. Aslida, mazkur mojaroning yuzaga kelish sababi shunda ediki, bu jamoaning sulloh yigitlari tuzuk haq to‘lanadigan yuk ortilgan vagonlarga so‘zsiz ega chiqishga azaldan odatlangan bo‘lib, ularning bu boradagi o‘ziga xos ustuvorligi ishchilar orasida allaqachon buzilmas rusumga aylanib ulgurgan va mabodo kimdir bu qoidaga qarshi chiqmoqqa jur’at etsa, birpasda uning esini kiritib qo‘yishardi.
Biroq sarhad neligini bilmay, cheksiz kenglikda emin-erkin o‘sib-ulg‘aygan hamda tabiatan mard va jasur bo‘lgani holda, kamtarligi tufayli o‘zidagi bu ajoyib xususiyatlarni hamisha andisha pardasi ostida pinhon tutishga o‘rgangan Xurram qotma oxiri bir kuni bu nohaqlikka ortiq chiday olmay, o‘zicha haqiqat talashib, ular bilan yoqalashib qoldi. Shundan keyin bu sarkash yigitning esini kiritib qo‘yish borasidagi barcha urinishlari besamar ketgach, mahalla yigitlari eng so‘nggi chora sifatida unga G‘ani qorani ro‘baro‘ qilishdi.
G‘ani qora bir qarashda u qadar baquvvat ko‘rinmagan Xurram qotmani dastlab chetdan zimdan kuzatarkan, boshda g‘oyatda taajjublandi, so‘ng esa janjalning asosiy sababchilaridan bo‘lmish ikki mahalladoshi ustidan kulgan bo‘ldi, nahotki, shu mishiqiga kuchlari yetmagan bo‘lsa!
Yo‘q, aslo bo‘lishi mumkin emas!
U vagondan berida erkak g‘ozday picha g‘o‘ddayib turdi-da, keyin yuk tushirayotgan ishchilarga yaqin borib, Xurram qotmani sekin chetga imladi. Ko‘zdan xoli joyga chiqishgach, bezorilarga xos iboralarda so‘zlana turib, to‘satdan uning yuziga tarsaki tushirib qoldi. Bu tarsakining ma’nosi, bundan keyin holingni bilib, tinchgina yur, degani edi. Agar shunda Xurram qotma bu yo‘riqqa amal qilib, uzr so‘raganida bormi, ortiqcha gap-so‘zga o‘rin qolmagan, har ikkisi tinchgina o‘z yo‘lida ketgan bo‘lardi. Afsuski, voqea kutilmaganda butunlay teskari tus oldi – Xurram qotma tavbasini kutib, qarshisida qomat kerib turgan G‘ani qoraning shartta belidan oldi-da, zumda uni yelkasidan oshirib, yerga urdi. Bu kamdek, ketiga bir-ikki tepib ham qo‘ydi.
Buni sira kutmagan G‘ani qora sapchib o‘rnidan turarkan, birinchi qilgan ishi tevarakka alang-jalang qarash bo‘ldi, ishqilib, buni hech kim ko‘rmadimikan, ayniqsa, mahalla ahli? Yo‘q, uch tarafi beton devor bilan o‘ralgan, chamasi, qachonlardir nimadir qurishga mo‘ljallanib, so‘ng shu holicha tashlab qo‘yilgan bu ovloq makon kishi nigohidan xoli edi. Faqat kiraverishda, qachon paydo bo‘lgani noma’lum, G‘ayrat, cho‘kkalagan ko‘yi, qo‘lidagi kattakon buklama pichog‘i bilan yer chizib o‘tirardi.
– Men hech narsa ko‘rmadim! – dedi u yerdan bosh ko‘tarmay. – No-o…
G‘ayratning keyingi gap-so‘zlari o‘z muhiti odamlariga xos iboralarga qorishiq bo‘lgani bois, Xurram qotma hech vaqoni anglamadi. Ammo darrov shuni fahmladiki, endi u yolg‘iz emas, ortida suyanchiq bo‘lib G‘ayrat turibdi. Sal keyinroq yana shu narsa ayonlashdiki, yigitlar orasida bo‘ladigan bu kabi ahmoqona mojarolarga G‘ayrat aralashib o‘tirmaydi va o‘z navbatida, jangda g‘irromlikka ham izn bermaydi. O‘zini ko‘rib – ko‘rmaganga, eshitib – eshitmaganga solsa-da, biroq barcha jarayonlarga doimo sergak turib beradi. Tabiiy, Xurram qotma ham qarzdor bo‘lib qoladigan yigitlardan emas, ishga nisbatan g‘ayrati ancha sust bo‘lgan bu odamning yoniga kirishga, uni ko‘pda urintirmaslikka harakat qiladi. Umuman olganda, vagondagi ishlar Xurram qotmaga misli o‘yindek bir gap – hamisha o‘zgacha bir zavq-shavq bilan mehnat qiladi. G‘ayrat uning mehribonligini sezib-bilib tursa-da, lekin buni hech vaqt sirtiga chiqarmaydi. Ammo, o‘z navbatida, so‘nggi paytda chin g‘animga aylangan G‘ani qoraning haddidan oshmog‘iga izn bermaydi. G‘ani qora paydo bo‘lishi bilan, naridan turib, qo‘lidagi buklama pichog‘ini namoyishkorona o‘ynatib, dam-badam tomoq qirib qo‘yishini kanda qilmaydi. Ayni shu xatti-harakati bilan Xurram qotmani necha bor turli balo va fitnalardan asrab qolmadi deysiz u.
Ana shunday kunlardan birida to‘satdan deb qoldi: “Sendek kenglikka o‘rgangan lochinga bu yer torlik qilmayaptimi?” Ayni shu lahzada Xurram qotma yarim chaqirimcha naridagi asosiy temiryo‘ldan taraqa-turuq qilib o‘tib borayotgan yo‘lovchi poyezdga mahzun termilib o‘tirardi. Qani endi, ipga tizilganday yelib borayotgan anavi vagonlardan biriga sakrab chiqib olsa-da, qadrdon ovuliga qarab jo‘nab qolsa! Borgach, cho‘ng qirlar to‘shiga yugurib chiqsa, tepaliklar yag‘riniga chalqancha tushgancha, ko‘kka termilib-termilib yotsa, turli ilonlarga to‘la vahimali jarliklar oralab obdan izg‘isa, qish g‘amini yozda ye, deya g‘aram-g‘aram xashaklar to‘plasa, qiy hidi anqib turgan qo‘rasini supurib-sidirib, chinni-chiroq qilsa, supa chetiga cho‘kib, hozirgina tandirdan uzilgan issiq nonlardan birini kosadagi suvga bo‘ktirib-bo‘ktirib yesa, ora-sirada tinib-tinchimas Oftob momosining xivichini tatib, uning beg‘araz dashnomlarini to‘yib-to‘yib eshitsa! Ming afsuski, harchand istamasin, ovuliga qaytmoqqa yuzi chidamaydi – jahl ustida, bilib-bilmay, otasiga katta ketib: “Bo‘pti, toki o‘qishga kirmas ekanman, bu ovulda qoram tugul, soyamni ham ko‘rmaysiz!” – deb qo‘ygan.
O‘zicha, kelasolib institutga kirmoqchi edi.
Ammo chuchvarani xom sanagan ekan.
U yelib borayotgan vagonlardan ko‘z uzmay, hozir bergan savoliga javob olmoqchidek, sekin qavatiga kelib cho‘kkan G‘ayratga tili tufayli bu shaharga ipsiz bog‘lanib qolganligi haqida hasrat qilmoq istaydi. Ammo o‘zini tiyadi. Chunki G‘ayratga so‘zlanmoq, toshga so‘zlanmoqdek bir gap – g‘iq etmay eshitishga eshitadi-yu, lekin hech vaqt gurungga esh bo‘lib ketolmaydi. Bir nuqtaga termilgancha sukutga botib o‘tiraveradi, juda nari borsa, shunaqami, deganday qiyalab bir qarab qo‘ya qoladi, xolos.
Shu bois, G‘ayratning savolini javobsiz qoldirib, tag‘in o‘yga cho‘madi. To‘g‘ri, qaytib borsa, otasi bir so‘z demasligi tayin. Biroq bunga yuzi chidamaydi, yuzi chidasa-da, g‘ururi, ya’ni o‘zi aytmishli, ichi yo‘l qo‘ymaydi.
U xayolga botgani sari, bir narsani hech anglab yetolmaydi: bolaligidan poyonsiz dala-dashtga mehr qo‘ygan hamda aksariyat kishilarga o‘ta darajada zerikarli tuyulmish yumush – cho‘ponlikka mehri haddan ziyod baland bo‘lgan o‘zidek bir yigitga qandaydir institutga kirib o‘qish shunchalik shartmikan? Axir, momosi aytganidek, hamma o‘qiyversa, podani kim boqadi? Shu kabi bosh-keti yo‘q savollar boshida charx ura boshlashi bilan ko‘z o‘ngida otasi Normo‘min gungning – kamgapligi tufayli shu nomga ega bo‘lgan – sokin qiyofasi birdam jonlanadi-da, naq qulog‘i ostida uning quyidagi gapi sas berganday bo‘ladi:
– Hozir hamma o‘qiyapti!
Normo‘min gung tomonidan yaxshilikka aytilgan bu gap Xurram qotmaga bamisoli bir tushovdek tuyuladi. Ba’zida bu tushovni uzib, nimtalab tashlagisi keladi. Zero, har kuni ertalab temiryo‘l yoqalab keladigan o‘sha ko‘hlikkina talaba qizga to‘satdan mehri tushib qolmaganida, bu tushovni allaqachon parchalab tashlashi tayin edi. Yana kim biladi. Harholda o‘sha qiz tufayli, o‘qish emas, o‘qishga kirish uning asosiy maqsadiga aylandi. O‘zicha, qiz bilan tenglashib, so‘nggina dilidagini unga izhor etmoqni ko‘ngliga tugdi. Biroq, shunga qaramay, otasi tomonidan o‘z oldiga ko‘ndalang qo‘yilgan bu talabning mantiqsizligidan jini qurishadi. O‘shanda jahlini jilovlash o‘rniga, tiliga erk berganidan juda o‘kinadi. Hozir ham qavatida g‘imirlab, “choy” qaynatishga taraddud ko‘rayotgan G‘ayratning harakatlarini xayolchan kuzatgan ko‘yi, ich-ichdan o‘zini yanishda davom etarkan, ko‘hlikkina talaba qiz daf’atan esiga tushishi hamon tag‘in barini unutadi.
Bu orada idishdagi suv qaynadi.
G‘ayrat unga quruq choy solarkan, go‘yo o‘ziga o‘zi gapirganday asta deydi:
– Ket!
Xurram qotma, qayoqqa, deganday unga ko‘z qirini tashlaydi. Biroq bir og‘iz so‘z aytmaydi. Bu sukunat to choy dam yeguncha, ya’ni “chefir” deb atalmish achchiq va quyuq suyuqlikka aylanguncha davom etadi.
G‘ayrat birinchi ho‘plamdanoq, har galgidek, huzurlanib ko‘zlarini yumarkan, yana o‘sha ohangda deydi:
– Ko‘zlaringda sog‘inch ko‘rayapman… Ket!
U shundan bo‘lak gap aytmaydi.
U hech qachon ko‘p gapirmaydi.
U hatto talaba qiz fojiasi atroflicha taftish qilinib, ochiq qolgan eshik masalasi tilga olinganda ham ortiqcha bir so‘z aytmagan, “aybdor men”, deya bor aybni o‘z bo‘yniga olgan. Mana endi, undan xotira bo‘lib, arzimagan cho‘pdan choy qaynata olish tajribasi hamda achchiq choydan huzurlana bilish ko‘nikmasi qolgan.
Xurram qotma har kuni ayni tush paytida choy qaynatish uchun tosho‘choq tiklashga tutinarkan, negadir, hamisha uzoq vaqt dashtni sog‘inib-sog‘inib chiqqan sayyohdek his etadi o‘zini.
Nechun?
U buni hech anglayolmaydi, anglayolmagani uchun tushunishga urinib ham o‘tirmaydi. Ayniqsa, dimog‘ida qumg‘onning o‘ziga damlangan oliy navli ko‘k choyning yoqimli bo‘yini tuyganida, qalbida g‘aroyib tuyg‘ular junbushga kelib, gohida bu dunyoning odami bo‘lmay qoladi. Dashtni quchgisi, qirlarni, ularga qo‘shib tog‘u toshlarni mahkam bag‘riga bosgisi, yalangoyoq holida qirlar oshib yugurgisi keladi. Bir necha muddatdan so‘ng esa, qo‘shnisi Karim cholday qamish sibizg‘a chalgisi yoxud cho‘pon tayog‘ini do‘mbira o‘rnida tutib, o‘zi biladigan birdan-bir kuyni, aniqrog‘i, shahardan qaytgan yili o‘zi yaratgan ohanglar qorishmasini chertkisi, xuddi Nazar baxshidek ovozini tovlantirib-tovlantirib kuylagisi keladi. Afsuski, kuylamoq oson emas, oqibat, bo‘g‘zidan ko‘chgan g‘aroyib nola neligi noayon bo‘lmish uvlashga o‘xshab, nari-berida cho‘zilib yotgan itlarni cho‘chitishdan boshqasiga yaramaydi.
Birozdan keyin o‘zini zo‘r-bazo‘r jilovlab, o‘ziga hadik-la termilib turgan itlaridan xijolat tortganday, kuylamoqdan tiyiladi. So‘ng hamisha dasturxon o‘rnida yoziladigan belbog‘idagi non ushoqlarini bir chetga qoqib-suqib, uni to‘ni ostidan beliga bog‘laydi-da, xurjunidan toza va mayin matoga o‘ralgan kitobni qo‘liga oladi. Qumg‘on tubida qolgan choyni sekin-asta ermak qilgancha, mutolaaga tutinadi. Do‘nglik bag‘ridagi kichkina ovulida kitob degani ancha qahat bo‘lgani bois, ba’zida bir kitobni takror o‘qishga majbur bo‘ladi. Ana shunday kezlarda kitobga mo‘l shahardagi shinam kutubxonani hasrat bilan eslaydi.
Ko‘rkam bog‘ chekkasidan o‘rin olgan kutubxonaga qo‘li bo‘sh paytlarida, o‘zicha bo‘lg‘usi imtihonlarga hozirlik ko‘rish vajidan borardi-yu, aksariyat hollarda badiiy kitoblardan bosh ko‘tarmasdi. Darvoqe, qadrdon dashtidan ayro tushmog‘iga, ya’ni ma’lum muddat shahar tuprog‘ini yalamog‘iga aslida kitobga o‘chligi sabab bo‘lgan. Normo‘min gung hamda ayrim ovul erkaklari nazarida, esini tanibdiki, hech qo‘lidan kitob tushmaydigan bu yigitchadan kelajakda katta, shunchaki katta emas, judayam katta odam chiqmog‘i tayindek edi. Shu bois, maktabni tugatgan yili ota shu umidda dedi:
– Sen o‘qi, menga o‘xshab dala-dashtda changga belanib yurma.
Aksiga olib, qandaydir o‘qishni deya dala-dashtni tark etish Xurram qotmaning xayolida ham yo‘q edi. Shuning uchun asta dedi:
– Qo‘rangizni qo‘y-qo‘ziga to‘ldirib, dala-dashtda emin-erkin yursam degandim, ota!
Bu gapga javoban ota turli davra va ko‘cha-ko‘ylarda hadeb qulog‘iga chalinaverganidan, miyasiga mahkam o‘rnashib qolgan quyidagi gapni hukm sifatida bayon etdi:
– Hozir hamma o‘qiyapti!
Normo‘min gungning nazarida, bu purma’no gapiga e’tiroz bildirish aslo mumkin emasdek edi. Ammo qoshida o‘tirgan o‘g‘il, “xo‘p” deyish o‘rniga, yana “yo‘q” degach juda hayron bo‘ldi.
– Unda buytiblar kitob o‘qishingdan ne foyda, ulim?
– Kitob faqat o‘qishga kirish uchun o‘qilmaydi-ku, ota, – dedi o‘g‘il.
– Emasam, nima uchun o‘qiladi? – otaning hayrati battar ortdi.
O‘g‘il bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagan ekan, tiliga kelgani shu bo‘ldi:
– Shu… dashtda zerikmaslik uchun bo‘lsa kerak-da…
– Mana, men kitob o‘qimasam-da, dashtda zerikmayman-ku.
Ana shunda nima bo‘ldi-yu, adabiyot muallimasining hov birda aytgan gapi o‘g‘ilning esiga tushib qoldi-da, bundan dadil tortib, bilag‘onlik bilan dedi:
– Yo‘q, kitob o‘qib turish kerak! Emasam, kishining aql-idroki to‘mtoqlashib qolishi mumkin!
– Nima deganing bu?
– Bu deganim… – dedi o‘g‘il har yozda qo‘y chalmasi chopiladigan qo‘radagi eski ketmonni ko‘z oldiga keltirib. – Odamning o‘y-fikri xuddi eski ketmonday o‘tmaslashib qoladi…
– Unda biz, – dedi ota ham aynan o‘sha ketmonni nazarda tutib. – Seningcha, eski ketmon ekanman-da, a?!
– Bunday demoqchi emasdim…
– Yo‘q, deding! – dedi g‘azabdan otaning rangi o‘chib. – Endi gap bunday, ko‘p sudralmay, hadaha xalta-xultangni yig‘ishtir-da, tezda ko‘zimdan daf bo‘l! O‘qishga kirmasdan uyga qayta ko‘rma! Ha-ha, qorangniyam ko‘rsatma!
Bu qadar keskin talabni kutmagan o‘g‘ilning dili vayron bo‘lib, miyasida turli gumonlar charx ura boshladi. Oxirida, chamasi, otam mendan suruvini qizg‘anayapti, degan ahmoqona o‘yga ham bordi. Bundan uning yurak-bag‘ri o‘rtanib, bu urug‘da hech bir so‘z shunchaki aytilmasligidan boxabar bo‘lsa-da, alami zo‘rligidan tilini tiyolmay, dedi:
– Bo‘pti, siz aytgancha, o‘qishga kirmas ekanman, bu uyda qoram tugul, soyamni ko‘rmaysiz!
Mana endi, shahardagi o‘sha shinam kutubxonani dam-badam eslagancha, ayrim kitoblarni takror-takror o‘qishga majbur edi. Ayniqsa, Nazar baxshi tomonidan hadya etilgan “Alpomish” dostonini qayta-qayta o‘qiyverganidan, mazkur asar deyarli yod bo‘lib ketgandi. Bu esa, gohida ushbu dostonni chala-yarim bilguvchi ayrim yo‘rtoqi baxshilarni boplab tuzlashida juda-juda asqatardi.
Bu dashtdan ahyonda-ahyonda baxshilar ham o‘tib turishadi.
Biri – og‘ayni, biri – tanish, biri esa inisidek yaqin.
Qisqasi, dashtga o‘rlagan baxshi zoti borki, Xurram qotmaning qoshida to‘xtalmay, choylashmay ketmaydi. Xurram qotmaning birgina do‘stona talabi shu: “Bir piyola choy – mendan, ikki og‘iz terma – sendan!” U yerga bahuzur chordana qurgancha qoshidagi baxshini sel-sel bo‘lib tinglarkan, ba’zida bir holdan g‘oyatda taajjubga tushardi, nechun Xudo baxshilarga in’om etgan iqtidorni o‘ziga ravo ko‘rmagan? Ko‘p emas, zig‘irdekkina iqtidor berganida bormi, qo‘liga do‘mbira tutib, manovu dala-dashtni kuy-qo‘shiqqa to‘ldirib, dostonu termalar aytib yurgan bo‘larmidi!
Ming afsuski…
Bunday lahzalarda o‘ta noshukrchilikka yo‘l qo‘ygani, ya’nikim Yaratgan egam, boshqalarga ravo ko‘rmagan, beqiyos kuch-qudratni aynan o‘ziga in’om etganini xayoliga ham keltirmaydi. Buni tabiiy hol deb biladi. Azaldan kurashli davralarni unchalik xushlamasligi bois, o‘zidagi bu kuch-qudratni kishi ko‘ziga namoyish etmoqni hatto o‘yiga yaqin yo‘latmaydi. Kuchi oshib-toshib, taniga sig‘may qolgan damlarda esa belini mahkam bog‘laydi-da, qo‘ynini kalladay-kalladay toshlarga to‘ldirib, goh tik do‘nglikka o‘rlaydi, goh tevarakdagi tepaliklarga tushib-chiqib yuradi. Bu notabiiy mashqlardan so‘ng doimo o‘zini misli qushday yengil sezadi, hozir qanot chiqarib, osmonga uchib ketaman-ov, deydi ruhlanib. Keyin esa suruv yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan do‘ngliklardan birida yonboshlab, tag‘in kitobni qo‘liga oladi, huzurlanib mutolaa qilmoqqa tushadi. So‘ng esa kitobga tikilgan kezlari vaqtning juda tez va sezilmay o‘tishidan hamisha ajablanib qo‘yadi.
* * *
Bugun kecha oqshomga yaqin mototsiklda, dasht orqali, kenglik adog‘idagi ovullardan biriga o‘tib ketgan Nazar baxshining iziga qaytishini intiqlik bilan kutmoqda edi. Baxshini qaynoq choy bilan mehmon qilib, to‘rt og‘iz gurungini olib, ko‘p emas, ikkitagina termasini eshitish ilinjida edi. Afsuski, ko‘zga tushgan cho‘pday bo‘lib, baxshi o‘rniga uni o‘ziga asosiy raqib deb bilmish Salabek kelib turibdi. Uning tashrifi, yuqorida aytilganidek, o‘tmishni yodiga solib, Xurram qotmaning nurlanib turgan shuurini abgor qildi. Natijada, xiyolgina burun tevaragidagi to‘rg‘aylar chug‘urinigina emas, balki yengil epkinda ohista tebranayotgan maysalar shitiri hamda o‘t-o‘lanlar orasida tinimsiz g‘imirlayotgan mayda jonivorlar sasiga qadar ilg‘ashga qodir tiyrak shuuri zumda to‘nglab, xuddi yomonlar davrasiga tushib qolgan odamdek, o‘zini noxush his eta boshladi. Bu noxushlikning yuzaga kelishini yana bir sababi – yomon quvvat edi. Chunonchi, bu yomon quvvat osmonu falakdan yoxud zamin qa’ridan emas, balki qoshidagi Salabek hamda unga adovatla tikilib turgan itlar vujudidan taralmoqda edi.
Xurram qotmaning o‘ziga xos yana bir xususiyati – tirik vujuddan taralmish turli quvvatlarni, ya’ni fan tili bilan aytganda, bioquvvatni his qila bilish qobiliyati bag‘oyat kuchli edi. Biroq u o‘zining bu noyob jihatidan aslo quvonmaydi, qaytaga ba’zida juda xafa bo‘lib ketadi. Negaki, katta-kichik davralarda kishilarning tayin-betayin gap-so‘zlaridan ham ko‘ra, ulardan taraluvchi noxush quvvatdan ko‘proq aziyat chekar va tezroq davrani tark etish taraddudiga tushib qolardi. Ayni damda Salabekdan silqiyotgan ushbu quvvatni juda yaqindan tuyarkan, uning tezroq ko‘zdan daf bo‘lishini juda-juda istamoqda edi.
Bu paytda Salabek butunlay o‘zga xayolda edi: qani endi, yengilmas raqib timsoliga aylanib ulgurgan manavi yaramas qotmaning boplab kuragini yerga ishqalasa-da, yorug‘ yuz bilan dashtni tark etsa, yo‘lda birorta tepalikka chiqib, uzoq kutilgan bu g‘alabadan o‘zida yo‘q quvonib, men uni yengdim, oxiri men uni yengdim, deb bor ovozda hayqirsa! Va har gal yuzma-yuz kelganda, o‘ziga sinovchan-sinovchan boqmish Nazar baxshiga g‘olibona boqsa, uning oldida ortiq tili qisiqligini tuymasa! O-o, qanday soz bo‘lardi-ya! U bu istak yo‘lida qarshisidagi kenglikni yer yuzidan butunlayga supurib tashlashga ham hozir edi. Qisqasi, yigitning botinida kechayotgan bu qasosli o‘ylar qora quvvatga aylanib, tashqariga taralganidek, o‘z navbatida, unga adovatla tikilmish itlar vujudidan ham ayni shu noxush quvvat tishga ufurmoqda edi.
Bu noxush holatni yanada teranroq his etgani sayin, Xurram qotma o‘zi uchun har narsaga tayyor turgan itlariga zimdan razm solarkan, yaxshi-yomonni anglashda bularga yetadigani yo‘q, degan fikrga keldi. Chindan-da, aksariyat itlar olisdagi shovuru sharpani zudlikda ilg‘ashdan tashqari, odam bolasining kim qanaqaligini tez payqay oladi. Boya suruv itlari to‘satdan bezovtalanishga tushganida, keng dasht adog‘ida bironta ham jon asari yo‘q edi. Qachonki, oradan bir necha fursat o‘tgandan so‘nggina dala yo‘lida qora bir nuqta paydo bo‘ldi. Ana, u so‘ldagi tepaliklar ortida ko‘zdan yo‘qoldi-da, xiyla vaqtdan keyin suruv yoyilgan yassi do‘nglik etagidagi keng maydon sarhadida mototsiklli kimsa holida qayta namoyon bo‘ldi. Xurram qotma boshda uni o‘zi ilhaqlik bilan kutayotgan Nazar baxshi degan o‘yga borarkan, o‘z navbatida, itlarning vajohatidan taajjubga tushdi. Boisi, Nazar baxshi jonivorlar tomonidan hamisha iliq kutib olinardi-da.
U irillagancha, olg‘a intilishga shaylangan itlarni keskin buyruq bilan joy-joyiga “mixladi-da”, kim bo‘ldi ekan bu, deya ulovlining yaqin kelishini kuta boshladi. Qachonki, uning kimligi ayonlashgach, kayfiyati birdan yomonlashib, tek yotinglar, deya itlarga bot do‘q qilgan kishi bo‘ldi. Itlar chaqirilmagan mehmon tashrifi egalariga yoqmaganini sezganday, uni adovatla qarshilashdi.
Xurram qotma, eshik qoqib kelgan mehmonni uyga qo‘yishni istamagan mezbonday, Salabek bilan uzuq-yuluq so‘zlashgan ko‘yi, uning yelkasi osha tevarakka hardamxayol nazar tashlashda davom etarkan, ko‘zi kunbotishda, ufq sarhadida to‘plana boshlagan kulrang bulutlarga tushgach, dimog‘ida yomg‘ir hidini tuyganday bo‘ldi. Bundan ko‘ngli beixtiyor ravshan tortib, shuurini kechga tomon rosa jala qo‘yarkan, degan yoqimli o‘y ohista siypalab o‘tdi. O-o, qani endi, shu tobda yam-yashil maysalarga yonboshlagancha, bu yil ko‘klamning seryog‘in va serbaraka kelishi xususida kim bilandir maroqlanib-maroqlanib suhbatlashsa!
Biroq kim bilan?
Bu poyonsiz dashtda suhbatdosh degani hamisha anqoning urug‘i. Qoshida g‘o‘ddayib turgan Salabekka esa bu xil mavzudagi gurunglarning keragi ham, qizig‘i ham yo‘q. Shusiz ham kuni kechagina Qayrilmadagi katta to‘yda el tanigan polvon – qo‘shni tumanlik Abdulla chempionni mag‘lub etgan g‘olibga sira o‘xshamay, ya’ni rang-tusi ochilmay, har safargidek mezbonni tagdor ohangda: “Him-m, tag‘inmi?..” – deyishini intiq-la kutmoqda. Xurram qotma shunday deyishi bilan Salabek chuqur so‘lish olib, qo‘llarini har ikki yoniga yozgancha: “Ha-a, endi…” – deydi. Bir qarashda, bu qisqa ibora biror-bir ma’noni anglatmaydigandek esa-da, aslida uning zamirida quyidagi alamli xitob mujassam edi: “Orkashlik qursin, aka, orkashlik!”
Salabekka haqiqatdan ham qiyin edi.
Nazar baxshining, har duch kelganda, xo‘sh, deya o‘ng qoshini ko‘tarib-ko‘tarib qo‘yishlari, so‘ngra, nima qildik, termani boshlayveraylikmi, degan ma’noda zimdan boqishlari, gohida oshkora im qoqishlari uning qoniga tashna qilib yuborgandi. Qisqasi, baxshi bor davralarda Salabek avvalgidek emin-erkin “shataloq” otolmaydi – tili qisiqligini mudom tuyib turadi. Bundan-da muhimi, toki Xurram qotmaning kuragini yerga tegizmas ekan, o‘zga polvonlar ustidan qozonilgan g‘alabalaridan qilcha ko‘ngli yorishmaydi. To‘g‘ri-da, to‘y va sayillardagi katta-kichik kurashlarda ketma-ket zafar qozonib, muxlislari olqishiga bo‘g‘zigacha ko‘milib yursa-yu, dashtda bo‘yi qulog‘ingdan kelmaydigan qandaydir bir cho‘pondan yiqilib o‘tirsa, ko‘ngliga quvonch sig‘armidi!
Chehrasining ochilmasligi shundan edi.
Bu gaplardan bexabar Xurram qotmaning esa battar ensasi qotadi, buncha tunglanmasa bu, bachchag‘ar, deb o‘ylaydi. Ba’zida, rang-ro‘ying ochi-iy, enag‘ar, deya koyib bergisi keladi. Ammo koyishni xayoliga keltirmaydi, qaytaga, sirtdan bildirmasa-da, ichdan undagi qat’yatni izzat qiladi. Sababi, Salabekning o‘rnida o‘zga bir polvon bo‘lganida bormi, o‘laqolsa, qaytib dashtga dorimasdi. Boisi, kurash oshkor emas, pinhon kechgan – kim g‘olibu, kim mag‘lub – buni ikkisidan bo‘lak hech kim bilmaydi. Shunga qaramay, u qo‘shsuvlik Temur polvonday izsiz yo‘qolib ketmadi.
Temur polvon o‘smir yoshida Normo‘min gungni davralarda bir-ikki ko‘rgan, kimlardandir rahmatli bobosi – Ollonazar polvonning ta’rifini sal-pal eshitgan ekan, dashtda yurgan Xurram qotmadan darak topgach, qiziqib: “Uni-ku zo‘r, ammo urpog‘i qanaqa ekan?” – deya uni qidirib kelgan. Temur polvon yaxshi odam bo‘lgani bilan og‘zi sal bepalaki edi, o‘g‘ilda Normo‘min gungdagi g‘o‘labirlikni ko‘rmagach, obbo, urpog‘i aynigan ekan-ku, deya xunuk gap qilgan. Bu gap Xurram qotmaga juda og‘ir botgan, tutmasdan tutantiriq demang, polvon, degan. Shundan keyin gaplari chap tushib qolib, ular bellashadigan bo‘lgan, tashabbus Xurram qotmadan chiqqan, boisi, azal-azaldan avlod-ajdodlar xususidagi noo‘rin gap-so‘zlarni xush ko‘rmasdi. U bir zabtdayoq Temur polvonni ko‘tarib yerga urgan, so‘ng istehzo bilan so‘ragan: “Xo‘sh, urpog‘i qanaqa ekan?” “O-o, zo‘r ekan! – degan Temur polvon ranjishni hatto xayoliga keltirmay. – Faqat bir narsadan hayronman, nechun sizni davralarda ko‘rmayman?” Xurram qotma davralarga royishi yo‘qligini bildirgan. Temur polvon boshda ajablangan, so‘ng achinib degan: “Afsus-afsus, sizning o‘rningiz dashtda emas, davrada!” Xurram qotmadan, yo‘q, bizga dasht ma’qul, degan javobni eshitgach, tag‘in bir o‘ylab ko‘ring, ne qarorga kelganingizni bilmoq uchun yana kelaman, degancha badar ketdi.
Shu bois, Salabek deganlari ham shulardan biri-da, degan o‘yda uning keyingi tashriflarini sira kutmagandi.
Chunonchi, agar suv ushbu g‘alvaning asosiy sababchi bo‘lmish Nazar baxshi tomonidan ataydan loyqatilmaganida edi, o‘sha birinchi uchrashuvdan keyinoq Salabek qaytib qorasini ko‘rsatmagan bo‘lardi. Shunga qaramay, qiyin-qiyin, Nazar baxshiga qiyin bo‘ldi, sho‘rlik kim g‘olib-u, kim mag‘lubligini bilolmay hali-hanuzgacha garang. Ammo bilishni juda-juda istaydi. Biroq na Salabek, na Xurram qotma sir beradi unga.
– Keldi, biroz gurung berib ketdi, – deydi jo‘rasi beparvo.
– O‘tirik aytmang, jon jo‘ra, – deydi Nazar baxshi yalingudek bo‘lib. – Axir ming yillik do‘stmiz-a?..
– Iya, qachon men sizga o‘tirik so‘zlaganman, – deydi Xurram qotma go‘yo o‘pkalangan bo‘lib. – Aytdim-ku, bir keldi, oyoqni salgina qayirib olgandim, kurashmoqni imkoni bo‘lmadi. Yana kelganida, andak shamollabroq turgandim, tag‘in iloji bo‘lmadi. To‘g‘ri, negadir yigitning avvalgi shashti yo‘q, xiyol tob tashlaganga o‘xshaydi. Lekin bunga mening sira daxlim yo‘q.
– Bekorga tob tashlamagan, – deydi Nazar baxshining battar ichi toshib. – Demak, bir gap bo‘lgan.
– Hech gap bo‘lgani yo‘q! – deydi Xurram qotma bu safar xiyol keskinroq tarzda. – Yo o‘zi sizga biror nima dedimi?
– Demay, ichimni pishirayapti-da, yaramas!
– Unda bu shubhaning boisi nimada?
– Shubha emas, lekin juda-juda istayapman!
– Nimani istayapsiz?
– Nimani bo‘lardi, – Nazar baxshi jahllanishga tushadi. – Ko‘tarib yerga urishingizni istayapman! Zora, shunda yanayam o‘pkasi bosilsa!
– Yo‘q, o‘pka emas u, shunchaki orkash!
– Nima bo‘lganida ham uni bir maydon ko‘rishingiz kerak edi.
– Kelganida – ko‘rdim, ketarida – xayrlashdim, yana nima kerak sizga, baxshi?
Bu xil bahsdan biron naf yo‘q. Nazar baxshi har qancha urinmasin, baribir Xurram qotmadan tayinli bir gap ololmaydi. Lekin ich-ichidan jo‘rasi nimanidir pinhon tutayotganini sezadi. Sezgani sayin fig‘oni ko‘kka o‘rlaydi. Bu paytda beixtiyor xotiralar og‘ushiga cho‘mgan Xurram qotmaning ko‘z o‘ngida esa quyidagi voqea bor holicha jonlana boshlaydi.
G‘ayratning yukchilarga xos bo‘lmagan sustkash xatti-harakati hamda dam-badam “choy”lanib turishlari hammaga ham yoqavermasdi. Ayniqsa, jamoa boshlig‘i Rasul dam-badam tirg‘alib ko‘p g‘ashiga tegardi. Bunday hollarda doimo sukutni afzal biladigan G‘ayratning oxiri sabri tugab, bir kuni Rasulning giribonidan xippa bo‘g‘ib oladi. Bu paytda deyarli bo‘shab bo‘lgan vagonda uchalasidan bo‘lak jon yo‘q. Xurram qotma hadaha oraga tushib, ularni ajratadi. G‘ayrat hovuridan tushsa-da, ammo Rasul tinchlanmaydi, hali senmi, deya qo‘liga ilingan temir bilan unga hamla qiladi. Ana shunda G‘ayratning aslida kimligi ayonlashadi, bir zarb bilan Rasulni cho‘ziltirib qo‘yadi. Keyin esa pol quchib yotgan mag‘lubni go‘yo uning o‘zi bexosdan yiqilib tushganday, turmog‘iga ko‘maklashadi, engil-boshini qoqib-suqib, bor, chekib-pekib, sal o‘zingga kelib ol, deya tashqariga yo‘naltiradi. Uning bu qadar chapdastligidan Xurram qotmaning hayrati toshadi: “Qoyil, bopladingiz!” Biroq kutganchalik, bu gapdan so‘ng G‘ayrat gerdaymaydi, qaytaga, favqulodda hech bir hodisa yuz bermaganidek, u tomon ajabsinib ko‘z tashlaydi: “Nimani qoyil qipman?” Bu gal Xurram qotma yanada jo‘shqinlik bilan o‘z hayajonini izhor etadi. Bunga javoban G‘ayratning ko‘zlarida quyidagi ma’no aks etadi: “Qachon?” Bu holdan Xurram qotma hayron turib qoladi. Bu orada G‘ayrat labiga qistirgan sigaretini qayta qutiga joylab, odatiga xos, sokin tarzda deydi: “Rostanam sen biron nimani ko‘rdingmi?” Xurram qotma gap qatiga yashirilgan ma’noni darrov anglab, beixtiyor, bosh chayqaydi: “Yo‘q, men hech narsa ko‘rmadim…” G‘ayrat unga minnatdor tikiladi: “Barakalla!”
Shu tariqa, mushtlashuv sirligicha qoldi, undan hech kim, hatto qo‘shni vagonda ishlayotgan brigadaning boshqa a’zolari ham xabar topmadi, ya’ni jamoa boshlig‘ining obro‘yiga putur yetmadi. Xurram qotma bo‘shatilgan vagon eshigini yopib, burchakdagi chekish joyiga borganida, g‘olib ham, mag‘lub ham, hech nima bo‘lmaganidek, hamma qatori bamaylixotir chekib o‘tirishardi…
– Yo‘q, siz uni allaqachon mag‘lub etgansiz, – deydi Nazar baxshi uning xayolini bo‘lib. – Shunchaki uning obro‘yini saqlash uchun buni mendan sir tutayapsiz.
– Bu qadar badgumon bo‘lmang, baxshi! – Xurram qotma jahllangan kishi bo‘ladi. – Yaxshi emas bu!
Bu endi navbatdagi bahsning intihosi edi.
Undan naryog‘i xavfli edi.
Nazar baxshi izzati borida tilini tiymasa, Xurram qotma uni itday haydab solishi mumkin. Shu bois, u vaqtinchaga og‘ziga kishan urib, choydan mayda ho‘plab, do‘mbirasini qo‘liga oladi.
Aslida Nazar baxshining gumonida jon bor – Salabek deganlari ilk bellashuvdayoq Xurram qotmaga g‘alabani boy berib qo‘ygandi. Shundan keyin, ya’ni o‘tgan ko‘klamdan beri yana uch bora kelib, uch bor ham yelkasi yer iskab ketgandi.
Bugungisi uning navbatdagi tashrifi edi.
Ba’zan Xurram qotma o‘zicha o‘yga cho‘madi, yigit bechora juda qiynalib ketdi, bu gal atay yiqilib bersam qanday bo‘larkan, a? Afsuski, quyidagi sabablarga buning hech iloji yo‘q: Salabek o‘ta ziyrak, raqibining o‘ziga atay yon bosganini darrov sezadi, bu – bir, ikkinchidan esa, yigitga harchand qayishishga urinmasin, botinidagi devkor ruh bunga aslo izn bermaydi – raqibiga qo‘l cho‘zmasidan burunoq, ichidagi “dev” yashin tezligida uyg‘onib, zumda Xurram qotmaning bor inon-ixtiyorini o‘z izmiga bo‘ysundiradi va oqibat, u butunlay o‘zga bir odamga aylanadi-qo‘yadi.
U esini tanibdiki, “dev” unga yo‘ldosh.
Ayniqsa, kim bilandir bellashganda yoxud G‘ani qora kabi kimsalarga to‘qnash kelganda, botinidagi “dev” o‘zida yo‘q oshqinlaydi. Shu boisdan, Xurram qotma hamisha tinchlik yo‘lini tutib, imkoni boricha birov bilan chap bo‘lmaslikka tirishadi. Biroq odamlarning o‘zi qiziq – jig‘iga tegib, tinch yurmog‘iga sira qo‘yishmaydi. Shuning uchun u janjal paytlarida Yaratgandan yakkash bir narsani so‘raydi: “Mayli, so‘ksin, mayli, do‘q qilsin, faqat zinhor-bazinhor menga qo‘l ko‘tara ko‘rmasin!” Ming afsuski, aksariyat kimsalar andishani qo‘rqoqlikka yo‘yib, so‘ng ta’zirini yeb qolishadi.
Botinidagi “dev” haqida otasi shunday gurung bergich edi: “Senda, ulim, bovongni ruhi bor. Rahmatli shu qadar qoruvli, shu qadar baquvvat ediki, tovdan o‘tin ko‘tarib qaytayotganida, ovuldagi ayrim qitmir bolalar sekin ortidan kelib, yelkasidagi tog‘ barobar o‘tin bog‘i ustiga chiqib olsa-da, miq etmasdi, o‘zini sezmaganga olardi. Ammo-lekin ajinasi bir otlansa bormi, hech kimni siylab-siypalab o‘tirmasdi. Bovongni o‘zi yaxshi odam edi, lekin ichidagi devi chatoq edi. O‘ziga tiklanmish odamga avvaliga aytardi, uv-v, ichimdagi devni qo‘zg‘amay, qani, bir qorangni o‘chir-chi, emasam, hozir chatog‘ingni chiqaraman, derdi. Ih-hi, bovong bir qahr otiga minmasin edi, mingudek bo‘lsa, manaman degan zo‘rlar ham in-iniga urib ketardi…” U otasining shu xildagi gurunglari ta’sirida, umrida ko‘rmagan va hatto nomiga bo‘lsa-da, bir parcha surati saqlab qolinmagan Ollonazar bobosini haligacha “dev” o‘rnida tasavvur etib keladi. Biroq “dev” degani suratda emas, o‘zidan qiyos qilgan holda, siyratda – kishi ruhiyatida mavjudligini bilsa-da, ammo, shunga qaramay, buning asl mohiyatini hozirgacha to‘la anglab yetolmagan. Xo‘sh, o‘zi uchun hanuz jumboq bo‘lib kelayotgan bu sir-sinoatni o‘zgalarga qanday qilib anglatishi mumkin? Aslida, o‘zim yaxshi odamman-u, lekin shu ichim juda xavfli-da, desinmi?
Darvoqe, buni anglatish shartmikan?
Anglatgan taqdirida ham, masalan, manavi Salabekka o‘xshaganlar buni idrok eta olarmikan? Yo‘q, ikki dunyoda ham idrok eta olmaydi, qaytaga ichdan ermaklab, sirtdan shunchaki miyig‘ida kulib qo‘ya qoladi. Xuddi o‘zi davralarda yerning changini chiqarib, o‘lar-tirilariga qaramay olishayotgan polvonlarga nisbatan jo‘shadigan tiyiqsiz qiyqiriq – olomon jazavasini hech hazm qila olmaganidek, qandaydir devkor ruh haqidagi gap-so‘zlarini ham o‘zgalar anglay bilmaydi! Axir yaqindagina baqiroq muxlislarni nazarda tutib, bu odamzod degani juda qiziq maxluqot – jazavaga tushgan kezlari aql-idrokli mavjudotdan ko‘ra, olis o‘tmish yashab o‘tgan yovvoyi qavmlarga juda o‘xshab ketadi-ya, degan fikri davradoshlari tomonidan jiddiy qoralangan edi-ku. Nazar baxshi esa “jazava”ni “zavq”qa yo‘yib, kichkina bir terma ham to‘qigandi. Xurram qotmani doimo taajjubga solib keladigan yana bir hol, g‘olib bo‘lmoq umidida jon-jahdi bilan kurashayotgan yigitlarning ushbu lahzada chekayotgan ruhiy va jismoniy azoblari bilan kishilarning zig‘ircha ishi yo‘q, barcha zavq-shavq bilan kurash natijasini kutadi, so‘ng esa baqir-chaqir qilib, g‘olibni qutlagan, o‘zlaricha uni ta’rif-tavsif etgan bo‘lishadi-da, bir kun kelib, o‘sha g‘olib mag‘lubga aylansa yoxud dunyodan ko‘z yumsa, zumda uni unutishadi.
Bu holatni otasi Normo‘min gung taqdirida ham ko‘rgan.
Otasi xuddi ajdodlari kabi tug‘ma polvon esa-da, negadir kurashli davralardan nariroq yurishga urinardi. Biroq uning o‘ziga xos bu fe’li bilan kishilarning bir chaqalik ishi yo‘q, ayniqsa, elning ishongan yigitlari o‘zga yerlik biror polvonga g‘alabani boy berib qo‘ygudek bo‘lishsa, yurt og‘alarining paytavasiga qurt tushib, dashtdagi katta-kichik ovul ahliga qon-qardoshlik jihatidan yaqin hisoblanmish Normo‘min gungning oldiga darrov bosh urib kelishardi, qo‘llab yubormasangiz, nomusdan o‘lamiz, uyatdan yerga kiramiz, og‘ajon, deya turib olishardi. Normo‘min gung, elchilik, ular yuzidan o‘tolmay, noiloj kurashga rozilik bildiradi. Biroq uning bu qadar royishligi o‘zi tetik, tili zahardek achchiq enasi – Oftob momoga sira xush kelmas va bobillab derdi:
– Zo‘rni men tug‘may o‘layin-a! Zo‘rni tug‘may mengina o‘layin-a! Urishtiriladigan itday bo‘p tag‘in ketayapsanmi, a?!
Bunday paytda yurt og‘alari hadaha oraga tushadi:
– Unday demang, momojon, unday demang! – deydi biri. – Bu odam bizning orimiz va g‘ururimiz!
– Ha-ha! – deydi boshqa biri darrov otini qamchilab. – Bu kishi bizning faxrimiz va iftixorimiz!
Biroq bu kabi balandparvoz gaplar bilan Oftob momoni yumshatish oson emas va tabiiy, javobiyam shunga yarasha bo‘ladi. Ba’zida bunga ham qanoat etmay, kishi ko‘zi deb turmay, qo‘lidagi xivich bilan alp o‘g‘ilning keng yag‘riniga chirsillatib tushirib ham qoladi. Normo‘min gung og‘rigan joyini beparvo silab-siypalab, beparvo ishshaygancha: “Hay, nimayam derdik, zo‘rlikda baribir enaga teng kelib bo‘lmaydi-da”, – deya kayvonilar oldiga tushadi. Kim va qanaqa polvon, so‘rab ham o‘tirmaydi. Buni qarangki, taqdir ekan, shunday alp odamning umri oddiygina ko‘richakdan poyoniga yetdi. O‘ldi-yu, hammaning esidan chiqdi-ketdi. Tirikligida poyiga bosh urib kelganlar uning eshigini tamomila unutishdi. Ushbu voqealar tufaylimi, yo qondan o‘tganmi, Xurram qotma ham kurashli davralarni unchalik xushlamaydi. Ayniqsa, mijjalari namlanib, egik bosh bilan davrani tark etayotgan yigitlarni ko‘rganda, yomon g‘ashi keladi. Uv-v, yiqilganni yer ko‘tarar, nechun enang o‘lganday buncha ko‘zingni namlaysan, degisi keladi. Ammo demaydi, odam bolasiga gap uqtirish o‘limdan qiyinligini allaqachon fahmlab yetgan. Biroq shunga qaramay, gohida tili qichib, beixtiyor nasihat qilganini o‘zi ham bilmay qoladi. Masalan, o‘tgan safar g‘oliblik umidida kelib, sanoqli soniyada mag‘lubga aylangan Salabekka ichi achib degandi:
– Uv-v, inim, raqibni emas, avvalo o‘zni yengmoqni o‘rganing! Agar o‘zni yengmoqqa chog‘ingiz yetganida edi, hozir buytiblar ezilib o‘tirmasdingiz! Bariga osongina qo‘l siltab keta olardingiz!
– O‘zni yengmoq neligini bilmadim-u, – degan Salabek alami zo‘rligidan qizarib-bo‘zarib. – Lekin sizni yengmasdan qo‘ymayman!
– Ha-a, unda hali judayam ojiz ekansiz! – degan Xurram qotma taassuf-la bosh chayqab.
– Kim ojizligini yanagi safar ko‘ramiz! – degan Salabek o‘smir yigitchalarday to‘rsillab.
Xurram qotma qarasaki, o‘zi bog‘dan kelsa, u tog‘dan kelmoqda. Shuning uchun, odatiga ko‘ra, sukutni abzal bilgan. Yigitning ketayotib, “hali yana ko‘rishamiz”, deya qilgan iddaosiga javoban, “nasib etsa”, deya bosh irg‘ab qo‘ya qolgan. Keyin taqir yerga yonboshlab, G‘ayratning shu boradagi nasihatlarini eslab ketgan.
Aslida, bu nasihatdan ko‘ra, parishonxotir odamning uzuq-yuluq gap-so‘zlariga o‘xshab ketardi. Esida, o‘zicha adolat uchun kurashib, odatdagidek, tuzuk vagonga ega chiqqan qo‘shni jamoadagi ikki sulloh yigitning tanobini tortib qo‘yganida, uning bu shijoatiga o‘z jamoa a’zolari orasidan birgina G‘ayrat oshkora istehzo bilan qaragan, vagon bo‘shash oldidan esa, shpallar orasida sochilib yotgan mayda-chuyda taxta bo‘laklarini tergilab, krujka va quruq choy solingan jigarrang sumkasini qo‘ltig‘iga qisganicha, teplovoz kirib-chiqadigan asosiy darvoza tomon yo‘nalarkan, bu yoqqa yur-chi, deya boshi bilan sekin imo qilgan.
Xurram qotma jamoaga yaqinda kelgan bu odamni hali to‘la bilmas, shu bois, nima demoqchi bu, tag‘in anavilarga og‘ayni-pog‘ayni emasmikan, degan gumonga borgan. Biror muddatdan so‘ng o‘sha gumon yo‘rig‘iga bo‘ysunib, izidan yurgan va uni darvozaning o‘ng biqinidagi choqqina sayhonlikdan, eski shpallar taxlami ortidan topgan. G‘ayrat endigina temir krujka tagiga o‘t yoqqan ekan, mana keldim, deya o‘zidan belgi bersa-da, xuddi arazlaganday to‘mtayib o‘tiravergan. Xurram qotma, obbo, bu chindanam xafa bo‘lganga o‘xshaydi, degan o‘yga boradi va o‘rtadan sovuqlikni aritish uchun o‘zicha hazil qilgan bo‘ladi:
– Maza qip choy icharkanmiz-da, a?..
Ammo G‘ayrat churq etmay, cho‘plarni maydalashda davom etadi. Xurram qotma uning bo‘yni va so‘l bilagidagi xunuk chandiqlarga ilk bor qiziqish-la razm solarkan, boyagi yigitlarni nazarda tutib, deydi:
– Mabodo, anovular sizga og‘ayni emasmidi?
G‘ayrat, bu gapni qaysi go‘rdan topding, degan ma’noda o‘qrayib bir qarab qo‘yadi-yu, tag‘in o‘z ishida davom etadi. Shundan so‘ng Xurram qotma tirg‘alishni bas qilib, o‘mganini shpallar taxlamiga bergancha, temiryo‘l yoqalab cho‘zilib ketgan yo‘lakdan o‘tib-qaytayotgan yakkam-dukkam yo‘lovchilarni kuzatmoqqa tushadi. Ko‘hlikkina talaba qiz tufayli, bu yo‘lak hamisha ko‘ziga olovdek ko‘rinardi. Uning xayoli endigina qizga oqqanda, kutilmaganda quyidagi gap qulog‘iga chalinadi.
– O‘zingcha, sen zo‘r bo‘lib qolding-da, a?!
Xurram qotma sekin yonga o‘girilib, kaftidagi quruq choyni idishga solayotgan G‘ayrat tomonga yuzlanadi.
– Yo‘g‘i-iy, bu xayolimga ham kelgani yo‘q!
Shu bilan gap tugaydi.
Bu orada teplovoz bo‘shatilgan vagonni ombordan olib chiqib ketadi.
G‘ayrat esa o‘sha-o‘sha hanuz sukutda edi.
Xurram qotma tag‘in o‘tkinchilarga alahsiydi. Negaki, navbatdagi yukli vagondan halicha darak yo‘q – vaqti bemalol edi.
U choqqina sumka ko‘tarib kelayotgan o‘rta yashar bir ayolni ko‘hlikkina talaba qizga o‘xshatib, onasi emasmikan, deya endigina tusmollanayotgan ham ediki, birdan G‘ayrat yana tilga kiradi.
– Shuni unutma, ikkita ahmoqni tuzlaganing bilan sen “zo‘r” bo‘p qolmaysan!
Bu xil suhbat tarzidan Xurram qotmaning ensasi qotadi.
– Unda “zo‘r” qanaqa bo‘ladi, aka? – deydi.
G‘ayrat idishdagi “choy”dan bir ho‘plab, asta bosh ko‘taradi. Qoshidagi yigitning sarkashtob turganini ko‘rgach, kulrang tusdagi ko‘zlariga qahr inib, dilidagi borini nigohiga jamlab, unga juda qattiq qarash qiladi: “Bu fe’ling bilan sen bola hayotda muhim narsalarni boy berib qo‘yishing mumkin! Mana, bitta “zo‘r” men edim. Xo‘sh, oqibati nima bo‘ldi? Umrimning oltinga teng, bebaho damlarini temir panjara ortida o‘tkazdim… Avvaliga muhabbatimdan, so‘ng esa olamga sig‘mas orzu-havaslarimdan mosuvo bo‘ldim… Endilikda, menda na havas bor, na qiziqish. Tirik murdadan farqim yo‘q! Bilsang, buning oldida o‘lim hech narsa emas! Turma nima, ozodlik nima – menga baribir! Hozir ozod esam-da, negadir turma hayotini dam-badam qo‘msab turaman. Bu razil “sog‘inch” basharamda ko‘lankalanib turganini bir sen sezmaysan, chunki haddan ziyod beg‘uborsan! Ammo o‘zim kabilar buni yetmish yetti odim naridan payqashadi va hayiqishadi! Chunki men singarilar uchun ikki dunyo bir qadamligini ular yaxshi bilishadi. Axir qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urgan odamdan bundan bo‘lak yana nimaniyam kutish mumkin! Chunki bizda, shaxsan, menda yo‘qotadigan narsaning o‘zi yo‘q! Senda esa bari bor – orzularing, muhabbating… hamma-hammasi hali oldinda! Bugun, to‘g‘risi, boshda senga jindek qoyil qolganday bo‘ldim. Ammo qahr izmiga bo‘ysunib, qo‘lga misrang tutganingda, yoshligim esimga tushib, sendan birdan ko‘nglim qoldi! Bugun sen kimlar uchundir qahramonsan. Agar esing bo‘lsa, zinhor ularga ishonma, olqish-maqtovlariga uchma! Negaki, barcha sho‘rishlar o‘sha maqtovlar ortida pinhon yotadi. Shuning uchun raqibdan ko‘ra, avvalo o‘zingni yengishni o‘rgan! Ana shunda, sen chindan-da “zo‘r” bo‘lasan! Shusiz ham bugun o‘zingga zo‘r dushman orttirib olding! Men bu mahalla kaslarini juda yaxshi bilaman, endi tinchingga qo‘yishmaydi. Agar yoningda soyalanib turmasam, seni bir baloga giriftor qilishlari tayin! Qisqasi, sen “zo‘r” emas, g‘irt “g‘o‘r”san!”
Bu qahrli qarash zamirida o‘ziga nisbatan mehr va xayrixohlik balqib turganini butun vujudi bilan his qilgan Xurram qotma o‘zining boyagi chars muomalasidan xijolat tortib, yerga boqdi. Shunda G‘ayrat muhim bir sirdan ogoh etayotgandek, asta deydi:
– Odamning zo‘ri o‘zni yenga bilgani bo‘ladi!
Bu gapdan Xurram qotma sergak tortadi.
Tanish ibora!
Avval ham bu gapni qayerdadir eshitgandi. U manglayi tirishib, zo‘r berib o‘ylamoqqa tushadi. Shunda uning ko‘z o‘ngida ovuli yonidagi kichik do‘nglikda suhbatlashib o‘tirgan chollar to‘dasi gavdalanadi. Chamasi, gurung Ollonazar bobosi va uning o‘ziga xos fe’l-xo‘yi haqida borardi. Suhbat asnosida quyidagi gap asta qanot qoqadi: “Ha-a, o‘zimni yengmoqqa kuchim yetdi-yu, ammo ichimdagi devni daf etmoq qo‘limdan kelmadi deya, o‘tdi-ketdi, rahmatli…” O‘shanda bu gapni o‘tirgan chollardan qaysi biri aytdi, buni u aniq eslayolmaydi.
Bu orada muyulishda yukli vagon tirkalgan teplovoz paydo bo‘ladi.
G‘ayrat, bu gapning mag‘zini so‘ng-so‘ng o‘zing chaqib olaverasan, deganday yana bir qarab qo‘yadi-da, asta idishga lab cho‘zadi.
Keyin-keyin Xurram qotmaning “chaqqani” shu bo‘ldiki, inson uchun o‘zgadan ko‘ra, o‘zini yenga bilish g‘oyatda mushkul ekan, kimdir nafs, kimdir havas, kimlardir esa jahl va jaholat quli bo‘lib, o‘z taqdirini o‘zlari chigallashtirib yuraverarkan. “Biri, mana, men! – degan G‘ayrat quyoshli kunlardan birida bo‘shliqqa ma’yus tikilib. – Bunda men birovlarni emas, faqat o‘zimni ayblayman!”
Xurram qotmaning nazarida, yana biri Salabek edi.
Sho‘rlik, izzat-nafs deya, mana, bir yilki alam o‘tida qovurilib keladi.
Shunchaki kelmaydi – tinimsiz mashqlar qilib, bilaklarini kuchga to‘ldirib keladi.
Qayta rang ochmoq uchun raqibini mag‘lub etmoq umidida keladi.
* * *
Tushlik vaqti yaqinlashib qolgani hamda sekin-asta choyning xumori tuta boshlagani bois, Xurram qotma bu gal “him-m, tag‘inmi”, deyishga oshiqmadi. U ufq sarhadida to‘plana boshlagan kulrang bulutlardan ko‘z uzib, keyin xuddi mushkul bir ish qarshisida ilojsiz turib qolgan kimsaday, do‘nglik betiga yoyilgan suruvga, tushovli eshagiga, hanuz Salabekka yovqarash qilib turgan itlariga, “mehmon”ning haybatli mototsikliga tag‘in bir sidra nazar tashlab chiqdi-da, so‘ng to‘satdan qo‘lidagi zarang tayog‘ini shartta beliga tutib, tovoni bilan yer tepinib, askarchasiga o‘ng yoniga keskin qayrildi-da, narida qurib qorayib ketgan yantoqzor tomon ildam yurdi. Borib nechundir yantoqlar orasiga tashlab qo‘yilgan xurjunidan doimo o‘zi bilan olib yuradigan choqqina qora qumg‘on solingan irkit xalta hamda otasidan qolgan yodgorlik – sirtiga g‘oyat ustalik bilan qalin mato sirilgan suv to‘la ko‘zachani olib, undan qumg‘onga qulqullatib suv quyarkan, go‘yo Salabek o‘zi bilan bellashgani emas, shunchaki birrovga choylashgani kelganday, xushhol ohangda dedi:
– Keling, avvaliga bir choylashib olaylik, polvon!
U yigitning to‘ng‘ir-to‘ng‘ir e’tirozlariga zarracha ahamiyat bermay, jimgina o‘z ishida davom etdi: boshda u yer-bu yerda sochilib yotgan toshlardan tezgina tosho‘choq tiklab, unga suv to‘la qumg‘onni joylashtirdi-da, qurigan yantoqlarni etigi bilan bosib, yanchib, zichlab o‘choqqa tiqdi, so‘ng qo‘yin cho‘ntagidan bir parcha qog‘oz va gugurt olib, o‘t yoqdi. Ko‘klamning iliq-issiq kunida bunga hojat bo‘lmasa-da, o‘rganish emasmi, kaftlarini olovga tutdi.
– Dashtning choyi baribir bo‘lakcha-da!.. – dedi keyin, odatdagidek, zavqi toshib, barmoqlari orasidan Salabekka boqarkan, tutundan ko‘zlarini qisib.
– Shu-u… – dedi Salabek mototsikl belida do‘mpayib turgan chog‘roq taroqi xurjunga ma’nodor qarab qo‘yarkan. – Choyga sal keyinroq o‘tirsak bo‘lardi-da…
– Yo‘q, choyni vaqtida ichgan ma’qul, – dedi Xurram qotma jiddiy tortib. – Emasam, xumori tarqab, keyin odam maza qilmaydi.
– To‘g‘ri-kuya, ammo ko‘ngil andak dilgirtob, choy sig‘maydi-da, aka…
– Agar ko‘ngilni keng qilsangiz, butun olam sig‘ib ketadi, inim!
– Shunga harakat qilayapman…
– Yaxshisi, avval ko‘ngilni choy bilan xushlab oling, – dedi Xurram qotma kulimsirab. – So‘ng dashtni to‘zg‘itib, kechgacha bemalol olishaveramiz. Menimcha, bu daf’a siz yutsangiz kerak-ov…
– Nega unaqa deysiz? – Salabek hushyor tortdi.
– Negadir ko‘nglim shunday deyapti-da…
– Yo‘q, menga yon bosishni sira xayolingizga keltira ko‘rmang! – dedi Salabek uning sha’masini tezda anglab. – Har galgidek halol kurashamiz! Aks holda, bir umr ko‘ngilda g‘ubor qoladi!
– Hay, siz nima desangiz, shu-da.
– Shunday bo‘lsin, aka!
Xurram qotma o‘choqdagi olovga alahsiydi. Ora-sira suruv tomonga ko‘z tashlab qo‘yishni ham kanda qilmaydi.
Tushlikka taraddud ko‘rilayotganini sezgan itlar tezda yuvosh tortib, yemak ilinjida dum silkib, o‘choqqa yaqinroq yerga kelib cho‘zilishdi.
Kutmoqdan bo‘lak iloji qolmagan Salabek ulovi tomon yurdi.
U ulovi yonida bir zum xayollanib turdi-da, so‘ng oshiqmay egnidagi qoramtir charm kurtkani yechib, mototsikl rulining o‘ng tutqichiga osdi, shu orada ko‘zi kurtkasi yoqasidagi qizg‘ish doqqa tushib qolib, cho‘ntagidan dastro‘molchasini oldi va uni hafsala bilan tozalashga kirishdi. Keyin esa, qo‘llari belda, go‘yo ko‘kish sport kiyimi sirib turgan kelishgan qomatini ko‘z-ko‘z qilganday, kunbotishga tikilib, serraygancha turib qoldi. Shu zaylda bir necha muddat turgach, so‘ng maysalar qalinroq joyni tanlab, avval cho‘kdi, keyin asta yonboshladi.
U yonbosh tushib yotgan joyidan, xuddi raqibini endigina ko‘rayotgandek yoxud o‘zini olis bu dashtga undagan sababning tub mohiyatini chuqur idrok etmoqchidek, o‘choq boshida olovga o‘ychan termilib o‘tirgan Xurram qotmani boshdan-oyoq zimdan kuzatmoqqa tusharkan, ilk bellashuvda yuzidan nimtabassum arimaydigan bu kimsani yengil bir siltov bilan yarim chaqirim nariga uloqtirib yuborishga o‘zini qodir sezgani va o‘shanda tusi uniqqan keng chopon qatiga yashiringan bu qotma jussada beqiyos kuch mavjudligini hatto xayoliga keltirmagani, oqibat, boshda o‘ziga tengsitgisi kelmagan bu vujud toshdek qattiq mushaklardan iboratligini to‘la idrok etishga ulgurib-ulgurmay, zumda oyog‘i osmondan kelib tushganini taassuf bilan esladi va xijolatdan kuragi osti terlaganini his etdi.
Salabekni doimo taajjubga soladigan yana bir holat – kurash oldidan Xurram qotma hech qachon ortiqcha taraddudlanmaydi, qarshisida tirik jon, boz ustiga, kuchli raqib emas, go‘yo chetga olib yoki surib qo‘yilishi lozim bo‘lgan biror-bir og‘ir buyum turgandek dastlab o‘zini g‘oyatda xotirjam tutadi. Biroq bilagidan tutishing bilanoq birdan avzoyi o‘zgaradi: avvaliga nimyashil rang qorishiq jigarrang ko‘zlari xuddi qoplonning ko‘zlaridek cho‘g‘lanadi, keyin yo‘g‘on barmoqlarini goh yoyib, goh tugub, tik gavdasini xiyol oldinga egadi-da, yashil tezligida birdan olg‘a tashlanadi. Bunday paytda Salabek odam bolasi bilan emas, qandaydir nomsiz bir maxluq ila bellashayotgandek his etadi o‘zini.
Qani endi bu “maxluq”ni tezroqqina mag‘lub etib, o‘z vijdoni va ori oldidagi sha’nini qayta tiklab olsa!
Afsuski…
Ayniqsa, u o‘tgan ko‘klamdagi ilk bellashuvni hech unuta olmaydi va bundan keyin ham unuta olmasa kerak. O‘sha uchrashuv har esiga tushganida, manglayi terchib, uyat va nomusdan misli o‘tdek tutab, yona boshlaydi. Shunda boshini chelakdagi muzdek suvga tiqib, barini unutmoq istaydi. Ammo xotira degani yovdan yomon – eshikdan quvsang, teshikdan kirib, jismi-joningga azob berishda davom etaveradi. O‘sha kuni Xurram qotmani bir siltovdayoq yerning ko‘ziga yopib, o‘zicha tantana qilmoqchi edi. Biroq hech kutilmaganda vaziyat butunlay teskari tus olib, bir soniyada uning o‘zi yerparchin bo‘ldi. U ko‘m-ko‘k maysalar ustida chalqancha tushib yotarkan, ko‘kdagi bir parcha oppoq bulutga hayrat va alam bilan boqqancha, beixtiyor ichdan nola tortgan: “E, Xudo, bu ne hol, ne ko‘rgilik! El orasida qanday bosh ko‘tarib yuraman endi?!”
Holbuki, o‘shanda to‘kilgan obro‘yi xususida tashvish tortmog‘iga hech bir asos yo‘q – ovloq dashtning ovloq puchmog‘ida uyushtirilgan bu kurashda kim yiqildi-yu, kim yiqitdi – chetdan biror ko‘z ko‘rgani yo‘q edi. Mabodo, alam ustida, o‘zi og‘zidan gullab qo‘ymasa, Xurram qotma bu haqda birovga churq etmasligi aniq edi, axir u boshdanoq bejiz ogohlantirmadi, qo‘l sinsa, yeng ichida, deb. Tabiiy, dastlab Salabek, xom sut ichgan banda-da, bu gapni o‘zicha tushungan, sizdan yiqilganimni hammaga ovoza qilib yurmang tag‘in deyapti, degan o‘yga borgan. Keyin bilsaki, raqibining fe’li shu ekan. Bu fe’lli odamlar, odatda, g‘alabadan ortiq darajada quvonmaganidek, mag‘lubiyatdan ham u qadar aziyat chekmaydi, hay-y, yiqilganni yer ko‘tarar, deya beparvo qo‘l siltab ketaveradilar.
O‘sha kuni shunisi qiziq bo‘ldiki, tevarakda biron kimsa bo‘lmagani uchunmi, yo buni sira kutmagani boismi, Salabek cho‘zilib yotgan joyidan darrov sachrab turmadi. Aksincha, xuddi nohaqlikka duch kelgan alamzada odamday, yanada aniqrog‘i, akasi tomonidan atay chalib yiqitilgan boladay, arazli bir qiyofada ko‘kka termilib yotaverdi. Arazi – zohiran, botinan – ich-ichidan qirindi o‘tib, yakkash shuni o‘ylardi: davralarda ne bir azamat yigitlarning kuragini yerga tegizib, tumanda nom qozongan polvonlar qatoridan o‘rin olgan bir paytda, kelib-kelib dashtdagi bir chuvrindi cho‘pondan yiqilib o‘tirsa-ya!
Nima degan gap bu!
Azbaroyi alami zo‘rligidan yotgan joyida jimgina o‘lib qo‘ya qolgisi keldi. Qani endi, ko‘zlarini astagina yumsa-yu, qaytib ochmasa, shu sozda mangu uyquga ketsa. Aksiga olib, tiriklik deb atalmish borliq tinchgina o‘lmog‘iga izn beray demasdi. Emasam, qanotlari ko‘kish-kulrang mitti kapalak, xuddi bo‘lak joy qurib qolganday, kelib-kelib uning naq burni uchiga qo‘nardimi. Bu kamdek, iniga yiqilgan shekilli, yengidan kirgan chumolilar, egnidan o‘rmalab chiqmoqda edi. Saldan keyin esa, so‘l yonida dala sichqoni chiyillab, o‘ng yonidan maysalar oralab shitob-la sirpanayotgan ilonning elasgina shovuri qulog‘iga chalindi. Buni qarangki, bandasi o‘lmoqni harchand istamasin, ong-shuuri baribir tiyrakligicha qolaverarkan, natijada, tag‘in zaharli ilon bo‘lmasin, degan hadikda ilkis qaddini tiklaganini o‘zi ham sezmay qoldi. Haytovur, zaharli degani beozorgina sariq ilon ekan, zumda o‘tlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Qachonki, nigohi qavatidagi chumoli iniga tushgach, mag‘lub bo‘lganiga go‘yo ushbu mitti jonivorlar aybdordek, to‘ng‘illab so‘kina-so‘kina, engil-boshini qoqa-suqa, keti bilan indan nari siljidi va o‘tirgan yeridan qizg‘ish belbog‘ini maysalar ustiga yozib, “mehmon” hurmatiga dasturxon tuzashga kirishgan Xurram qotmaga o‘qrayib boqdi. U yaxna et va dudlangan kolbasani pichoqda kesib, singib pishgan patirlardan biri ustiga did va hafsala bilan termoqda edi. Dashtda tansiq taom hisoblanmish bu yemaklarni bugungi bellashuv yakunida, ya’ni yengilishi tayin bo‘lgan Xurram qotmani siylash, yanada aniqrog‘i, yengilgina bir hamlasiga bardosh berolmay, oyog‘i ostiga gursillab tushgan faqir bir bechoraning ko‘nglini ovlash niyatida Salabek o‘zi bilan olib kelgandi. Mana endi, o‘sha yemaklar bilan Xurram qotma uning o‘zini mehmon qilmoqchi. Ana, allaqachon qumg‘on tagiga o‘t yoqishga ham ulguribdi!
Salabek alamdan o‘rtanib, uning xatti-harakatlaridan mag‘rurlik va masrurlik alomatlarini qidira boshladi. Qiziq, salgina burun kimsasiz bu dashtda favqulodda voqea – o‘zi tomonidan elning oldi polvonlaridan biri mag‘lub etilmaganidek va bu yorug‘ olamda mehmon uchun dasturxon tuzashdan ko‘ra muhimroq ishi yo‘qdek, Xurram qotmaning bor diqqat-e’tibori ushbu yumushga qaratilgandi. Agar uning o‘rnida o‘zga birov bo‘lganida bormi, kimsan, Salabekday zo‘rning oyog‘ini osmondan keltirib yerga urganidan boshi ko‘kka yetgan, istasa-istamasa, g‘alaba nashidasi barcha harakatlarida oshkora aks etgan bo‘lardi.
Bu esa…
Biroq bundan Salabekning ko‘ngli zig‘ircha taskin topmadi, qaytamga, bugungi alamli hodisaning yuz bermog‘iga ming bir bora o‘zi sababchi esa-da – ammo odamzodga xos qusur – bu ko‘rgilikda Nazar baxshini asosiy aybdor sanab, o‘tirgan yerida uning go‘riga g‘isht qalamoqqa kirishdi. Axir o‘sha-da, ichiga olov yoqqan! Aks holda, uzoq dashtda o‘z maylida tinchgina g‘imirlab yurgan Xurram qotma otliq cho‘pon bilan nima ishi bor edi uning.
Tabiiy, bu ichki yanishlaridan o‘sha kungi ziyofatga Nazar baxshini atay taklif etgan jo‘ralaridan biri ham chetda qolmadi. Keyin bunday qarasaki, yuragining hovuri hali-beri bosiladigan emas, shunda u mulla Alining to‘yidagi katta kurashda boshtovoqning qo‘lga kiritgani sharafiga ushbu ziyofatni uyushtirishga undagan xira va xo‘ra ulfatlarini hamda ular tomonidan o‘z sha’niga nisbatan aytilgan maqtov va olqishlardan ortiq darajada havolanib, polvonlarga xos bo‘lmagan qiliq qilgani uchun o‘zini ham ayamay so‘kishga tushdi. So‘kkanda ham maysalarni changallab-changallab, ularni yulib-yulqilab, egnida o‘rmalab yurgan yakkam-dukkam chumolilarni qo‘shib-qo‘shib so‘kdi.
Aslida, yaqin ulfatlari davrasida tantiqlanib, og‘ziga kelganini valdirash Salabek uchun oddiy va odatiy hol edi.
Birov mushugini “pisht” demasdi.
Qaytamga, bilib-bilmay, qo‘ltig‘iga suv purkashardi.
Biroq bu daf’a kutilmagan hol yuz beradi.
To‘rda aziz mehmon sifatida savlat to‘kib o‘tirgan Nazar baxshi, sal og‘irroq bo‘ling, polvon, deya to‘satdan unga tanbeh berib qoldi.
Bu gap davraning erkatoyi bo‘lmish Salabekka ayildek botdi. U, baxshi bo‘lsang o‘zingga, keldingmi, endi joyingda tekkina o‘tir, degan ma’noda unga o‘qrayib boqarkan, so‘ng ulfatlariga yuzlanib, atay boyagi gapini takror aytdi:
– Gap shu, manaman degan zo‘ringni, agar boshi bilan osmonni tirab turmagan bo‘lsa, zumda chalpak qilaman!
– Balli! – dedi shirakayf davra ahli.
Bundan Salabek battar avjlandi:
– Kerak bo‘lsa, oyog‘im ostiga tashlab, poyu poyandoz qilaman!
Salabekning bu ahmoqona chiranishlari nozikta’b Nazar baxshining ko‘ngliga og‘ir botdi. Baxshi sifatida o‘ziga xos nufuzga egaligi bois, u bor davralarda bu xil bachkana gaplar og‘izga olinmas, ikkinchidan esa, salgina burun diyonat va kamtarlik to‘g‘risida ajoyib bir terma ijro etgan bo‘lib, endi navbatdagisiga hozirlik ko‘rayotgan edi. Qarasaki, aytgan purma’no o‘gitlari, xuddi toshga sepilgan suvdek, davra ahliga, ayniqsa, o‘ngu so‘liga qaramay “shataloq” otayotgan Salabekka tariqcha kor qilmabdi. Bu kamdek, yaramas, na kattani, na kichikni izzat qilishni bilarkan! Tag‘in, sen o‘zi kimsan, deganday o‘qrayib-o‘qrayib qarashiga balo bormi! Axir hech zamonda uydagi mehmonga, boz ustiga, o‘zidek katta bir baxshiga bu qadar behurmat munosabatda bo‘lish mumkinmi? Undan ko‘ra, uyimdan yo‘qol, degani tuzuk emasmi? Yo‘q, bu yigitning popugini pasaytirib, o‘pkasini bosib qo‘ymasa bo‘lmaydi!
Biroq qanday qilib?
Nazar baxshi qavatidagi sozini qo‘liga olgan yerida tag‘in o‘ylanib qoldi, yo‘q, bu kabilarga baxshiyona o‘gitlar hayf, tun qa’riga otilgan toshdek, aytgan so‘zlari besamar ketadi. Bunaqalar, odatda, kuchga va zo‘rga bo‘ysunadi.
Ammo qani o‘sha adolatli kuch?
“Zo‘r”-chi?
Bu orada Salabek yaqinda o‘zi tomonidan mag‘lub etilgan qandaydir polvonni kurash paytidagi qiliqlarini aytib, davra ahlini kuldirmoqqa tushgandi. Nazar baxshi, xayol bilan bo‘lib, boshda e’tibor bermadi, qachonki, gap o‘z ovulidagi polvon yigitlardan biri haqida ketayotganini sezgach, birdan ori qo‘zidi, qo‘ziganda ham juda yomon qo‘zidi. Shunda umrida birinchi bor jismoniy jihatdan zaifligi-yu, kurash tushmoqqa chog‘i yetmasligidan juda qattiq o‘kindi. Qani endi, shu tobda mo‘jiza yuz berib, bilaklari kuchga to‘lsa-yu, manovi maqtanchoq xo‘rozning bittalab patini yulsa!
O-o, tozagina zo‘r ish bo‘lardi-da o‘ziyam!
U do‘mbira bandini asabiy holatda siqib, siqimlab, shu o‘y-xayollar og‘ushida sassiz guvranib o‘tirarkan, kutilmaganda esiga Xurram qotma tushib qoldi-da, tund afti avval yorishib, so‘ng misli gulday yashnab ketdi. Hanuz oldi-ortiga qaramay, “shataloq” otayotgan Salabek deganlari esa ko‘ziga misoli uvoqdek ko‘rinib ketdi.
– Uv-v, polvon! – dedi u o‘zini bag‘oyat qudratli his etib. – Siz bir narsani hech unutmang! Agar bilsangiz, bu dunyoda kim ko‘p, zo‘r ko‘p, tag‘in zo‘rni zo‘riga uchrab, erta bir kun uyalib qolmang! Shuning uchun sal kamtar bo‘ling!
– “Zo‘r” deganda, mabodo, birovni nazarda tutmayapsizmi, baxshi? – deya so‘radi Salabek “shataloq” otishdan birdam tiyilib.
– Albatta! – dedi baxshi qo‘lidagi sozini viqor-la tiringlatib.
– Ishqilib, o‘sha “zo‘r” biz hozir g‘iybatini qilgan anovi Nosir polvon emasmi? – deya Salabek nopisand ishshaydi.
– Yo‘q, men boshqa bir “zo‘r”ni nazarda tutayapman!
– Mabodo, Alpomishni nazarda tutmayapsizmi? – Salabek xoxolab kulib yubordi. – Balki Go‘ro‘g‘lidir, a?
Bu safar Nazar baxshi atay javobga oshiqmadi, tag‘in qo‘lidagi sozini chertgan kishi bo‘ldi-da, so‘ng go‘yo ortida kimsan – Alpomishning o‘zi savlat to‘kib turganday, tanbeh ohangida dedi:
– Har holda biz mehmon, siz mezbon deganday… shu-u, andakkina haddingizdan oshmayapsizmi, polvon?
– Uzr, baxshi, – Salabek darrov hushyor tortdi, so‘ng ichi pishganday pishib, dedi: – Agar sir bo‘lmasa, o‘sha “zo‘r” kim? Men uni taniymanmi?
– Yo‘q, siz uni tanimaysiz.
– Tanishmoqning iloji bordir?
– Albatta, nega yo‘q bo‘larkan.
– Unda tanishtiring!
– Bo‘pti!
– Iloji bo‘lsa, shu bugunoq!
– Bugun? – Nazar baxshi boshini saraklatdi. – Buning iloji yo‘q, sal olisda u.
– Ishqilib, oyda emasmi? – dedi Salabek davrada kulgi qo‘zg‘ab.
– Yo‘q, yerda… – dedi Nazar baxshi kulgiga esh bo‘lgan bo‘lib.
– Yerda bo‘lsa, bas – tanishamiz! – dedi Salabek tag‘in jiddiy tortib. – Aytgancha, indin Qo‘shqayrag‘ochda to‘y bor, kurashli. Taklif eting! Shaxsan o‘zim chiqaman o‘sha “zo‘r”ga! Chaqiring!
– Yo‘q, u kelmaydi, – dedi Nazar baxshi ataydan kishining nafsoniyatiga tegadigan bir ohangda. – Kerak bo‘lsa, o‘zingiz borasiz!
– Iya, bu yog‘i juda zo‘r bo‘ldi-ku! – hayratdan Salabekning qoshlari kerildi.
– Ha-a! – dedi Nazar baxshi, sen tirraqi buzoq uning oldida kim bo‘psan, degan tarzda. – U duch kelgan bilan olishavermaydi!
– Voy-bo‘y-y! – Salabekning qahri qo‘zib, lab qimtidi. – Sabab?
– U kishining fe’li nochor, davralarda kurash tushmaydi, – dedi Nazar baxshi zimdan uning avzoyini kuzatib. – Ammo manaman degan zo‘rni bir lahzadayoq tuproqqa qorishtirib tashlaydi!
Bu gap Salabekning naq o‘mganini teshib o‘tdi. U g‘azabdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay, o‘tirgan yerda bejo-bejo tebranib turdi-da, so‘ng tishlarini g‘irchillatib, dedi:
– Shu jumladan, seni ham demoqchisiz, shundaymi?!
Nazar baxshi qomat kerib, og‘iz to‘ldirib, “emasam-chi” demoqchi bo‘ldi-yu, lekin mehmonligiga borib, andisha qildi. Va qachonki, yuqoridagi savol qayta takrorlangach, yelka uchirib, dedi:
– Halicha bu gapni aytganim yo‘q…
– Yo‘q, aytib bo‘ldingiz! – Salabek o‘ziga uzatilgan piyolani nari surib va har bir so‘zni chertib-chertkilab, dedi: – Xo‘sh, qachon uchrashtirasiz o‘sha “zo‘r” bilan?
– Shartmikan?
– Endi shart, juda shart!
– Ovora bo‘lmang deyman-da.
– Bu yog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin!
– Ammo avvaldan aytib qo‘yay, shu damgacha u kishining kuragini hech kim yer iskatolmagan…
– Mana, biz iskatamiz-da!
– Endi, ogohlantirib qo‘yish burchim-da, – dedi Nazar baxshi uni yanada battar olovlantirish o‘yida. – Aytib bo‘ladimi, tag‘in…
– Xo‘sh, qachon?! – Salabekning changaliga tushib qolgan bo‘sh piyola qarsillab sindi.
– Siz qachon desangiz, bas, – dedi oxiri niyatiga yetganini anglagan Nazar baxshi badbinlik bilan. – Biz boshlab boraveramiz.
– Ertaga! – dedi Salabek hech bir e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. – Bu kech jo‘ranikida tunab qoling! Ertan ertalab yo‘lga chiqamiz! Qani, ko‘ramiz, kim kimni tuproqqa qorishtirarkan!
Ertasi ular qo‘sh mototsiklda Xurram qotmaning suruvini qidirib, keng adir bo‘ylab kezinisharkan, qo‘y-qo‘zilar yoyilgan sertikanak yonbag‘irlik bag‘ridan turtib chiqqan qoyasimon do‘nglik poyidan yuqoriga o‘ralagan tik so‘qmoq yoqasida qo‘lidagi tayog‘iga o‘mgan tirab turgan va haligina o‘zlari tomon shitob-la intilgan suruv itlarini qisqa bir hayqiriq bilan joy-joyiga “mixlagan” kimsaga boshda Salabek zarracha e’tibor bermadi. Axir bugun dashtda bu kabi cho‘ponu cho‘liqlardan necha biriga duch kelishmadi, shulardan biri-da, degan o‘yda edi. Qachonki, tikanaklar oralab oldinda yelib borayotgan Nazar baxshi tagidagi ulovini biroz sekinlatib, ana shu kishi, deya boshi bilan imo qilgandan keyingina diqqat qildi va azbaroyi hayrati toshganidan, ulovi tizgini – mototsikl rulini qo‘lidan chiqarib yuborishiga bir baxya qoldi. Boisi, u yo‘l bo‘yi egnidagi tusi uniqqan nimdosh to‘ni barlarini beliga qistirgan, bo‘yi o‘rtadan pastroq qandaydir qotma kimsaga emas, dashtda qomat kerib turgan bir alpga ro‘baro‘ bo‘lmoqni tasavvur etib kelayotgan edi-da. Shu sabab, azbaroyi hayrati oshib-toshganidan: “Iya, aytgan “zo‘r”ingiz shu o‘limtikmi hali!” – deya hayqirib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Bu xitob havoga qalqishi bilan so‘qmoq bo‘yida xushhol kulimsirab turgan kimsaning rang-tusi keskin o‘zgardi: avvaliga, nima gap, deya anqaydi, so‘ng, kim bo‘ldi ekan bu, deya qiziqsinib tikildi, keyin darrov jiddiy tortdi. Va zumda bu jiddiylik qatidan tabassumga o‘xshash nimadir yuzaga tepchidi. Biroq bu tabassum g‘oyatda xavfli – unda istagan onda alangalanishi mumkin bo‘lgan tiyiqsiz g‘azab uchqunlab, chirsillab turardi. Odatda, yakkama-yakka mushtlashuv oldidan o‘ziga nisbatan ishonchi yuksak bo‘lgan raqib qarshi tomonga xuddi shu xildagi “tabassum” bilan yuzlanadi. Biroq Salabek hanuz tayoq suyanib turgan kimsaning bu “miyiq osti” kulgisiga parvoyam qilmadi. Axir davra yuzini ko‘ra boshlaganidan beri, ne bir “tabassum”larga duch kelmagan deysiz. To‘g‘ri, ular kuchiga inonib, miyig‘ida iljayardi. Ammo it chaynagan oshiqdek mujrayib turgan manavi nusxa kim va nimasiga buncha ishonayapti? Shoshmay tur, hozir yerga chalpak qilmasammi seni!
Biroq, boyagi tahqirli xitob qulog‘iga chalinmaganday, ular Xurram qotma tomonidan iliq-issiq qarshilangach, Salabekning olovli shashti keskin pasayib, kechadan beri ko‘nglini alg‘ov-dalg‘ov qilib, tinchini buzib kelgan g‘azab va adovatning dami kesilganday bo‘ldi. U endi qoshida, o‘zi xayol qilgandek, tirikchilik vajidan chorig‘ini sudrab yurgan oddiy va sodda bir cho‘ponni emas, qarashlari bosiq va aqlli, o‘z navbatida, ayni shu bosiqligi zamirida anglarsiz qandaydir pinhoniy kuch yashirin, tiyrak nigohli bir kimsani ko‘rib turardi. Ana, u odob bilan ko‘rishish-so‘rashish asnosida, oniy lahzada ko‘zlari olovlanib, Nazar baxshiga savolomuz ko‘z tashladi: “Bu tili bejo yigit kim va nega uni bu yerga boshlab keldingiz?” Nazar baxshi istehzoli iljaydi: “Bu sizga talabgar bo‘lib keldi!” Xurram qotma hayron qaradi: “Nechun?” Nazar baxshi burun siypalab, anglatdi: “Kecha davrada oshqinlab, o‘zidan ketdi! Yaxshilab kuragini yerga ishqalab qo‘yasizmi deya, boshlab kelaverdim!” Xurram qotma bosh saraklatdi: “To‘g‘ri, oshqinlash yaxshi emas, ammo siz g‘irt yosh bolaning ishini qipsiz, baxshi!” Nazar baxshi gunohkorona yerga tikildi: “Nima qilay, chidayolmadim-da”. Xurram qotma miyig‘ida jilmaydi: “Bu o‘zimni chalpak qip ketsa, nima bo‘ladi?” Nazar baxshi g‘amnok xo‘rsindi: “Nima bo‘lardi, zo‘ringni holini ko‘rdik, deya so‘ng battar oshqinlaydi!” Xurram qotma o‘ng qosh uchirdi: “Ha-a, endi bu juda maydalik!” Nazar baxshi bosh irg‘ab, oshig‘ich tasdiqladi: “Ha, bu maydalik, chunki buning o‘zi mayda-da!” Xurram qotma sezilar-sezilmas bosh chayqab, inkor etdi: “Yo‘q, bu mayda emas, anchagina oriyatliga o‘xshaydi! Aks holda, sizga ergashib kelmasdi”. Nazar baxshi qavatida, xoda yutganday, g‘o‘dayib turgan Salabekka ko‘z qirida nazar tashlab, oshkora g‘ijindi: “Qanaqa oriyat, g‘irt o‘pka-ku bu!” Xurram qotma, iyak qashlab, e’tiroz bildirdi: “Yo‘q, o‘pka emas bu, shunchaki g‘ururiga yel tegmagan hali…” Nazar baxshi unga umidvor tikildi: “G‘ururini ozgina yellatib, biroz esini kiritib qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi!” Xurram qotma kulgan bo‘ldi: “Undan ko‘ra, birato‘la sindirib bera qolay, a?” Nazar baxshi oshig‘ich bosh irg‘adi: “Qani endi, birato‘la sindirib bersangiz!” Xurram qotma norozi boqdi: “Bu qadar badgirlik yaxshi emas, baxshi!” Nazar baxshi manglay siypab, tag‘in yerga ko‘z tikadi: “Aytdim-ku, kecha, tozayam alam o‘tkazdi bu deb!” Xurram qotma nigohida hayrat ifodasi zuhurlandi: “Siz bu qadar kekchil emasdingiz-ku, baxshi?” Nazar baxshi tomoq qirib, mushtumiga yo‘taldi: “Bilmaysiz, yaxshini yomon qiladigan har qiliqlari borki, odam chidayolmaydi! Ishonganim endi bir – siz! Agar, yo‘q, desangiz nimayam derdik, izimizga qum sepib, qaytib ketaveramiz!” Xurram qotma o‘ychan dahan siladi: “Unda bir qarorga kelishimni kuting!” Nazar baxshi, faqat “yo‘q” deya ko‘rmang, degan ma’noda unga umid-la tikildi. Keyin esa, go‘yo endi esiga tushganday, kecha tunda o‘zi tunab qolgan xonadon egasidan so‘rab olgan ikkita qalin kitobni qo‘ynidan chiqarib, unga uzatdi.
– Aytgancha, sizga kitob opkelgandim-a.
Xurram qotma, misli shirinlikka o‘ch boladay, Nazar baxshi uzatgan kitoblarga oshig‘ich qo‘l cho‘zdi. Birini qo‘ltig‘iga qisib, ikkinchisini ohista varaqlashga tusharkan, quvonib, bu kitobni anchadan beri qidirib yurganini aytdi. Keyin kitobdan bosh ko‘tarmagan holda, qumg‘on xurjunda, sal narida eski tosho‘choq borday edi, agar malol kelmasa, bitta choy qo‘yib yuborsangiz, baxshi, dedi. U shu gapni aytish asnosida kitob osha Salabekka sinovchan ko‘z tashlab qo‘ydi.
Bu qarashdan Salabekning tag‘in fe’li aynidi. Boz ustiga, hali o‘ziga butunlay notanish bo‘lgan bu kimsaning muomalasi, o‘zini tutishi, xatti-harakatlari o‘zi bilgan dalli-g‘ulli, sodda yoxud buning butunlay aksi bo‘lmish chapani tabiat, jaydari cho‘ponlarga sira o‘xshamas, bu kamdek, dilingda ne bor, barini sezib turibman, degandek sinovchan ko‘z tashlashlari battar qonini qaynatmoqda edi. Yigitning nazarida bu kimsa cho‘pondan ko‘ra, egniga tusi uniqqan keng chopon, boshiga rangi aynigan oqish kepki, oyog‘iga poshnasi yedirilgan kirza etik kiyib olgan tsirk masxaraboziga o‘xshab ketar, qo‘lidagi kitobni harislik va chanqoqlik bilan varaqlashi esa bu holatni yanada bo‘rttirib ko‘rsatayotganday edi.
Salabekning xayoliga kelgani shu bo‘ldi: “Antiqa nusxa!”
Qani endi, bu antiqa nusxani hadaha yerning ko‘ziga yopsa-yu, so‘ng Nazar baxshiga hali ishonganing shumidi, deya dimog‘lanib-dimog‘lanib boqsa, ovuliga qaytgach esa, kuldiraverib ulfatlarining ichagini uzsa. Shu boisdan tashrif maqsadini anglatish o‘rniga, yugurdak boladay tezda o‘choqqa unnab ketgan Nazar baxshiga jahllanib boqdi. Keyin esa kitobga andarmon bo‘lib turgan Xurram qotmani xoli qoldirib, baxshining yoniga bordi.
– Aytmadingiz… – deya to‘ng‘illadi, qavatiga cho‘ka-cho‘ka.
– Aytmasam-da, kelishimizdanoq maqsadimizni anglab yetdi, – dedi Nazar baxshi.
– Unda nega cho‘zayapmiz?
– Iya, kelasolib darrov olishmaysiz-ku, – Nazar baxshi norozi qarab qo‘ydi.
– Bo‘ladigan ishning tezroq bo‘lgani yaxshi deyman-da.
– Men ham shu o‘ydaman, ammo…
– Nima, “ammo?”
– Endi bir qarorga kelishini kutamiz…
– Nega endi bir qarorga kelishini kutishimiz kerak?
– Axir talabgor u emas, siz-ku.
– Iya, hali rad etishiyam mumkin deng?
– Emasam-chi, – Nazar baxshi egilib, lunjini shishirgancha, tutay boshlagan o‘tni puflashga tushdi. So‘ng qaddini tiklab dedi: – Ishqilib, rad etmasin-da.
– Rad etgani – yengilgani!
– Yo‘q, rad etmog‘iga yo‘l qo‘ymaymiz!
– Shunday qiling, maqtagan odamingizni ko‘z oldingizda oyog‘ini osmondan keltirib bir yerga uray!
– Eplarmikansiz?
– Eplar-eplamasligimni ana shunda ko‘rasiz!
– Sal pastroq tushsangiz, durust bo‘larmidi!
– Endi gapning rostiyam shu-da, baxshi!
– Har holda…
– Lekin juda qiziq odam ekan, – deya uning gapini bo‘ldi Salabek yerga cho‘kkalab. – O‘zi bor-yo‘g‘i bir cho‘pon-u, yutoqib kitob o‘qishiga balo bormi!
– Nima, cho‘pon kitob o‘qimasligi kerakmi? – dedi Nazar baxshi o‘tga cho‘p tashlab. – Lekin ko‘ngilga olmang-u, sizu biz bu odamning harom tukiga ham arzimaymiz!
– Maqtovni sal oshirib yubormadingizmi?
– Yo‘q, bu chin!
Bu gapdan so‘ng Salabek endi ikkinchi kitobni varaqlashga tushgan Xurram qotmaga yanada qiziqsinib, o‘z navbatida, o‘ta nopisandlik bilan ko‘z tashlab, so‘ng dedi:
– Kecha bu odam haqida toza og‘iz ko‘pirtirganingizda, bugun yo‘lga chiqayotib, devdan bermanroq bir alpga ro‘paro‘ kelsam kerak-ov, deya xayol qilgandim. Bor-yo‘g‘i, qovunqoqiday bir nusxa ekan.
– Gap gavdada emas…
– Balki, ammo buningiz bu turishida hali-veri biror qarorga keladiganga o‘xshamaydi.
– Sabr qiling.
Aksiga olganday, choy ustida ham, so‘ng ham Xurram qotma gurungdan nariga o‘tmadi – qarorini bildirishga sira oshiqmadi.
Kuta-kuta, oxiri Salabekning sabr kosasi to‘lib-toshdi va oraga cho‘kkan zumlik sukutdan foydalanib, hadaha otini qamchilab, dedi:
– Shu-u… ta’rifingizni eshitib keluvdik, aka…
– Sizni angladim… – dedi Xurram qotma, xuddi shu gapni kutib turgandek, o‘ta hozirjavoblik bilan.
– Agar malol kelmasa, bir maydon… – dedi Salabek tomoq qirib.
– Shartmikan? – Xurram qotma kulimsiradi.
– Shart bo‘lganda qandoq! – dedi Salabek sirli yo‘sinda.
– Agar shunchalik shart va zarur bo‘lsa, gap bunday, inim, – dedi Xurram qotma yuzidan kulgini aritmay. – Bugun maydonga tushmoqning hech iloji yo‘q, chunki belni andakkina yellatib qo‘yganmiz. Ammo ertagacha tuzalib qolar degan umiddamiz. Shuning uchun kaminani ma’zur tutgan holda, agar ahdingiz chindan-da jiddiy bo‘lsa va agar bu sizga malol kelmasa, erta-indin ko‘rishsak qandoq bo‘larkan? Biz kunda-shundamiz, bahonada dasht havosidan yana bir bor to‘yinib ketardingiz. Darvoqe, bu ishda, qo‘l sinsa – yeng ichida, degan taomilga amal qilganimiz ma’qul. Aks holda… bu yog‘ini o‘zingiz yaxshi tushunasiz…
Salabek o‘zi bilgan cho‘ponlarga xos bo‘lmagan bu ravon nutqdan anqayib qoldi. So‘ng, bu enag‘ar, bekorga kitob o‘qimas ekan-da, degan o‘yga bordi. Bu orada Xurram qotma bo‘ynini cho‘zib, suruv tomonga tezgina ko‘z tashlab oldi-da, “nutq”ini quyidagi yo‘sinda yakunladi:
– Endi men boray, suruvdan xabar olay. Sizlar esa bemalol…
Uning bu xatti-harakatini o‘zicha tushungan Salabek yonbag‘irlik bo‘ylab ildam odimlab borayotgan Xurram qotma ortidan tikilib qolarkan, oshiqmay yig‘ishtirinishga kirishgan Nazar baxshiga dedi:
– Nazarimda, qochib qoldi u!
– Yo‘q, u kishi qochmadi.
– Qarorini aytmayoq, ana, juftak rostlab qoldi-ku.
– Aytdi-ku.
– Qachon?
– Iya, axir “qo‘l sinsa – yeng ichida”, ertan-indin yolg‘iz o‘zingiz keling dedi-ku.
– Nima, yiqilganimni birov ko‘rmasin deganimi bu?
– Yo‘q, aksi… – dedi Nazar baxshi jo‘rasi ketgan tomonga ko‘z tashlab. – Chamasi, mening oldimda obro‘yingizni to‘kkisi kelmadi.
– Yo‘q, gapni aylantirib qochdi u.
– Xay-y, agar shunday deb tushungan bo‘lsangiz, mag‘lublikni tan oling-da, izingizga qaytib ketavering!
– Yo‘q, shu qochgani uchun ham kelaman!
* * *
Shu kuni Xurram qotma dabdurustdan dov to‘kib kelgan Salabekning o‘zi haqida aynan shu xayolga borishini bilgani holda ataydan davrani tark etgandi. Kelganidan beri o‘zicha hech kimni mensimay, rang ochmay o‘tirgan kutilmagan “mehmon”ning ayrim qiliqlari harchand g‘ashiga tegmasin, Nazar baxshi oldida u bilan bellashmoqni istamadi, ya’ni qanchalik yaqin do‘st bo‘lmasin, o‘z aqidasiga ko‘ra, baxshining tegirmoniga suv quyishni xohlamadi. O‘z navbatida, odam bolasining fazilatga emas, nechundir qusurga o‘chligidan juda g‘ashi kelib, xayr-ma’zurni ham nasiya qildi. Qisqasi, bu tashrif uning didiga o‘tirishmadi. Nimasi bu! Nazar baxshining, tezroq bir qarorga keling, deya imo-ishoralar qilgani yetmagandek, anavi Salabek degani na uning shirin kalomiga e’tibor berdi, na baxshi bilan bo‘lgan suhbat asnosida tilga olingan dostonlar bilan qiziqsindi. Bor qilgan amali, Nazar baxshi maqtagan bu yaramas qotma nelarga qodir ekan, deya jismi-jonini, kishi bilmas obdan kuzatdi, hatto piyola tutib, non ushatgan barmoqlari ham uning nazaridan chetda qolmadi. Eng chatoq jihati, g‘animdan o‘ch olish o‘yida kelgan qattol raqibday tutdi o‘zini. Tavba, uni umrida ko‘rmagan bo‘lsa, tili biror nojo‘ya gapga evrilmagan bo‘lsa, zimdan esa-da, bu qadar adovatning boisi nimada? Chamasi, Nazar baxshi ta’rif-tavsifda sal me’yorni unutib, sho‘rlikning izzat-nafsiga qattiq tegib qo‘yganga o‘xshaydi. Shu sababdan kurashga ishtiyoqi yo‘qligini bildirib, belini shamollatib qo‘yganini bahona qildi, erta-indin kelarsan, dedi. Xo‘sh, bundan bo‘lak yana nima desin? Axir o‘z g‘ururini yerga urib, qolaversa, Nazar baxshining bor umidini puchga chiqarib, dabdurustdan yo‘q deyolmaydi-ku! Qisqasi, Xurram qotma bellashaman, demadi, farosatli odamgina ilg‘ay oladigan yo‘sinda “yo‘q” dedi. Agar bu yigitda, ko‘p emas, zig‘irdekkina fahm bo‘lsa, buni darrov anglaydi va qaytib bu dashtda qorasini ko‘rsatmaydi. Shu bilan bugungi uchrashuv, go‘yo hech qachon yuz bermaganidek, tezda har ikki tomonning ham yodidan ko‘tarilib ketadi. Aks holda, kimdir mag‘lublikning zahardan achchiq ta’mini totmog‘iga to‘g‘ri keladi. O‘ziga-ku baribir, bu “ta’m”ni yalashdan cho‘chimaydi, negaki, dashtda o‘z maylida yurgan o‘zidek bir cho‘ponga g‘olib va mag‘lublikning unchalik ahamiyati yo‘q. Biroq Salabek davra ko‘rgan polvon ekan, unga bu “achchiq ta’m”ni hazm qilmoq juda og‘ir kechadi! Bundan-da battari, aksariyat dasht polvonlariga o‘xshab, mag‘lublikni o‘ziga ravo ko‘rgan taqdiri azal hukmiga osonlikcha bo‘yin egmaydi, hap, senimi, deya obdan o‘zini parvarishlab, tinimsiz mashqlar qilib, toki uning yelkasini yerga tekkizmaguncha halovat nima, bilmaydi va pirovardida, yo eshikdan haydasang, teshikdan kirib keladigan sarkash raqibga, yo chin do‘stga aylanadi.
Afsuski, o‘shanda Salabekning qayta tashrif buyurishini va so‘ng har safar kelganida o‘tmish xotiralarini qo‘zg‘ab, o‘zini adoqsiz azob girdobiga tashlashini hatto xayoliga ham keltirmagan edi. Agar shunday bo‘lishini bilganida bormi, aslo yuz-xotir qilib turmagan, hatto osmon uzilib yerga tushgan taqdirda ham munosib raqibning dala-dashtdan emas, kurashli davralardan qidiring, baxshi aytdi, deb itday ergashib kelishingiz nimasi, deya o‘sha zahotiyoq uni daf qilgan bo‘lardi. To‘g‘ri, bu yo‘rig‘i Nazar baxshiga yoqmasdi, alamdan tutab yonardi, sizni zo‘r desam, allaqachon o‘lib bo‘lgan ekansiz-ku, deya oh-voh qilardi. Shunda G‘ayratdan meros bo‘lib qolgan ayrim iboralarni tilga olgan holda, jo‘rasini quyidagi yo‘sinda boplab tuzlagan bo‘lardi: “Axir “zo‘r” degani zanjirdagi it emaski, duch kelganga gij-gijlanadigan! Birovga orqa qilishdan ko‘ra, qo‘ldagi sozga suyaning! O‘zini osmon chog‘laganlarga avvalo soz va ovoz bilan ta’sir etishga urinib ko‘ring! Agar bu amal kor qilmasa, sadqaisar, deya sukutni oshna tuting-da, etak siltab ketavering! Muhimi, hech qachon maydaga – mayda, zo‘rga – zo‘r bo‘lmoqqa tirishmang! Baxshiga yarashmaydi bu ish! Emasam, ichingiz balchiqqa to‘lib, ongu shuuringizga bir enlik loyqa o‘tirib qoladi!” Ammo Nazar baxshi osonlikcha jon beradiganlardan emas. Ana shunda uning xayolida quyidagi manzara jonlanadi:
Salabekning qorasi o‘char-o‘chmas Nazar baxshi battar avj qiladi. U oyog‘i ostidagi toshlarni tepkilab, so‘ng yuz changallab deydi:
– O‘ldirdingiz! Meni sharmandayu sharmisor qildingiz!
Xurram qotma o‘ta sovuqqonlik bilan deydi:
– Bu ishda men hech qanaqa sharmandalikni ko‘rmayapman!
Nazar baxshi endi tovoni bilan yer tepinib deydi:
– Borib hammaga, ishongani ishtonini ho‘llab qo‘ydi, deydi!
Xurram qotma qah-qah otib kuladi:
– Qo‘yavering, dashtni oftobi zo‘r, har qanday ho‘l ishtonni birpasda quritib tashlaydi.
Nazar baxshi alamiga chidayolmay, sichqonday chiyillaydi:
– Shu birgina safar “zo‘r” qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish shunchalik qiyinmidi!
Xurram qotma sokin deydi:
– U “zo‘r” emas-da, zo‘rligimni ko‘rsatsam!
Nazar baxshi hiqillab deydi:
– Siz bilmaysiz, u o‘zini hammadan zo‘r deb biladi!
Xurram qotma tag‘in kuladi:
– Suruvdagi qo‘chqorlar ham hamisha o‘zini “zo‘r” deb biladi.
Nazar baxshi alamdan bosh barmog‘ini tishlaydi:
– Sizga kulgi bo‘lsa!
Xurram qotma bosh irg‘ab tasdiqlaydi:
– Kulgi yaxshi-da.
Nazar baxshi ters o‘girilib oladi:
– Siz “zo‘r” deya, inongan men ahmoq!
Xurram qotma g‘amnok bosh egadi:
– Yo‘q, men zo‘r emasman!
Nazar baxshi bosh o‘girib so‘raydi:
– Unda kim zo‘r?
Bu so‘z qulog‘iga chalinishi bilan Xurram qotmaning ko‘z oldida bekat boshlig‘ining mebellar bilan jihozlagan keng bo‘lmasi, ko‘hlikkina talaba qiz fojiasiga aloqador ishchilar hamda ular orasida sukutga cho‘mib o‘tirgan G‘ayratning tabassumdan yiroq, sovuq turqi gavdalanadi. O‘sha mash’um kuni jamoa a’zolari uchga – bir necha omborga bo‘lingan bo‘lib, eshigi lang ochiq qolgan vagonda G‘ayrat ikkisi qolgandi. Bir necha muddat mahallada qorasi ko‘rinmay qolgan G‘ani qora andak shirakayf holda tag‘in tirg‘alib kelganida, G‘ayrat vagonda qolmay, odatdagidek, Xurram qotmaga dum bo‘lgandi. Buni qarangki, yuz bergan fojiada vagon ulovchi qatori ular ham aybdor ekan. Qarovsiz qoldirilgan eshik masalasi tilga olinganida, G‘ayrat hech ikkilanib, taysallab turmay: “O‘shanda bu bola hojatga ketgan, vagonda yolg‘iz men qolgandim…” deya barcha aybni o‘z bo‘yniga olgandi.
Biroq bu voqeani aytgani bilan Nazar baxshi buni chuqur idrok eta olmaydi. O‘zicha tan bergan kishi bo‘ladi-yu, ammo masalaning tub mohiyati – butun kelajagi, muhabbati va bir dunyo orzu-havasi hali oldinda bo‘lmish Xurram qotma otliq yigitchaga nisbatan G‘ayratning o‘ziga xos ulug‘vor sadoqatini hech qachon teran his eta olmaydi, juda nari borsa, zo‘r odam ekan, deb qo‘ya qoladi.
G‘ayratning o‘shandagi holatini u haligacha unutolmaydi. Esida, o‘zicha mardlik qilib, endi o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganida, so‘l qavatida o‘tirgan G‘ayrat uning tizzasini ombirday mahkam siqib, naq qulog‘i ostida misli ilonday vishillagan: “Tek o‘tir! Shusiz ham men bo‘g‘zigacha balchiqqa botgan odamman! Ammo sening balchiqqa botmog‘ingga sira yo‘l qo‘ya olmayman!” Keyin qaddini tiklay-tiklay, chamasi, ovulini nazarda tutib, sekin degan: “Ket!”
Bu ularning so‘nggi suhbati edi.
O‘sha kuni suruv bahonasida davrani tark etgan Xurram qotma do‘ngdan turib, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha, tor so‘qmoqlarning biridan oldinma-keyin izlariga qaytib ketayotgan qo‘sh mototsikldagilarni o‘ychan kuzatib qolarkan, tuyqusdan miyasida chaqin chaqnab, keng dashtda Oftob momosining o‘ktam ovozi jaranglaganday bo‘ldi. Bu nimasi, deya u boshda cho‘chib tushdi, so‘ng hushyor tortib, beixtiyor tevarakka alangladi va bir zumdan so‘ng momosining ovozi botinida aks-sado berganini his etdi:
– Zo‘rni tug‘may men o‘lay-ya! Qaydanam tug‘dim sen go‘rni-ya!
* * *
U bu o‘tkir sasni butun vujudi ila tuyishi bilan ko‘z o‘ngida quyidagi holat yorqin ranglarda bor holicha namoyon bo‘ladi: o‘choq boshida kuymanib yurgan onasiga qarashayotgan tiyrakkina bolakay – Xurram qotma bu xitobni eshitishi hamonoq avvaliga momosiga, so‘ng baland supada misli ming qo‘yli boyday yonboshlab yotgan otasi – Normo‘min gungga, so‘ng esa devorsiz hovli etagidagidan naridagi katta jarlikka qadar cho‘zilib ketgan keng qo‘ton eshigi qarshisidagi uch og‘och qoziqdan biriga oshiqmay to‘riq otini qantarayotgan mehmon – Abdurahmon polvon tomonga nazar tashlaydi. Bu orada momosi, kelgan mehmonga achchiq qilib, qo‘liga ilingan xivich bilan o‘g‘lining keng yag‘riniga chirsillatib bir tushirib qoladi.
– Qachon bas qilasanlar, a?
Suruv navbatini bo‘lasi Eshimga topshirib, o‘zicha bugun-erta bahuzur oyoq uzatib yotmoqni niyat qilgan Normo‘min gung enasining bu harakatidan kim kelganini fahmlagach, yonboshini bolishdan uzmagan ko‘yi, qo‘ra tarafga sekin o‘girilib qararkan, og‘zi qulog‘iga yetgudek ishshayib, deydi:
– Buni anavundan so‘rang.
– Yo‘q, avval sendan so‘rayman! – deydi momo.
Normo‘min gung, so‘zlashga eringanday, yelkasida xurjun, iljayganicha, uy tomon bir-bir bosib kelayotgan Abdurahmon polvondan nigohini uzmay, kulimsiragancha, o‘sha-o‘sha yonbosh tushib yotaveradi va bu boqibeg‘amligi uchun enasi tomondan yana bir bor xivich bilan siylanadi.
– Ha-a, seni tug‘may men o‘layin-a!
Oftob momo shunday deya bamaylixotir kelayotgan Abdurahmon polvon tomon yuzlanadi.
– Hi-i, irshayib, tag‘in gusur-gusur olishgani kelayapsanmi? Nima, shuncha olishib to‘ymadingmi? Qachon tinch kep-tinch ketsan, a?
Abdurahmon polvonga momoning bu do‘q-po‘pisalari chivin chaqqanchalik ta’sir qilmaydi. U yaqin kelib, og‘zining tanobi qochgancha, momoga quyuqdan-quyuq salom beradi va har galgidek, alik o‘rniga yelkasiga xivich yeb, o‘zicha voy-voylagan kishi bo‘ladi. Keyin endigina supadan tushib, kalishining bir poyini topolmay, oyog‘i bilan yerni paypaslayotgan Normo‘min gungni qoshiga borib, qalaysan, do‘stim, deya quchog‘ini keng ochadi, so‘ngra yelkasidagi xurjun ko‘zini kavlay-kavlay, hamon javrayotgan momoga qarab, o‘zicha o‘pka-gina qilgan kishi bo‘ladi.
– Mehmondiyam shuytib kutib oladimi, ena! Nima, biz shunchalik xor bo‘p qoldikmi, a?! Agar bilsangiz, enam yesin, deya atay rayon enib, halvoning ikki xilidan opkelayapman. Siz bo‘lsa nuqul odamni urganingiz urgan! Bunday emas-da, enajon!
– Opkegan halvongni o‘zing yut! – deya momo qo‘lidagi xivich bilan tag‘in uning yelkasiga bir tushiradi. – Jarga tushib, mastliqqan buqaday gusur-gusur olishishni bas qilmas ekansilar, urganim urgan!
Abdurahmon polvon momo tomonidan yo‘liga rad etilgan tugundagi halvoni bolaning qo‘liga tutqazib, supa chetiga cho‘kadi, jo‘rasi qavatidan joy olgach, ikkisi yuzlariga fotiha tortib, hol-ahvol so‘rashgan bo‘ladi.
So‘ng Normo‘min gung so‘raydi:
– Hi-i, tag‘in yelkang qichib keldingmi?..
– Ha, tag‘in yelkam qichib keldim…
– Yaqindagina qashlab qo‘ymabmidim? – Normo‘min gung kafti sirtini og‘ziga tutib, atay esnagan bo‘ladi.
– Yaqindagisigayam ertan uch oy to‘ladi, – Abdurahmon polvon avval o‘ng bilagini, so‘ng so‘l bilagini tutib, o‘zicha po‘pisa qilgan bo‘ladi. – Ammo bu daf’a sening yelkangni o‘zim qashlayman! Nega kulasan? Axir har kuni o‘ttiz ikki kilolik toshlarni ko‘tarib-ko‘tarib, tozayam mashqni qilib-qilib kelayapman-da! Kerak bo‘lsa, butingdan tutib, anavi jarga uloqtirib yuborishgayam chog‘im yetadi! Nima, ishonmaysanmi?
– O‘lma-da, sen ovkar, – Normo‘min gung beg‘araz iljayadi.
– Yelkangni yerga ishqamagunimcha o‘lish yo‘q, – Abdurahmon polvon keng ko‘ksini qashlab kuladi. – O‘yimcha, bugun murodimga yetsam kerak.
– Yet-et!
– Unda ketdikmi?
– Namuncha shoshilmasang?
– Seni tezroqqina yiqitay deb, ichim xuddi tandirday qizib ketayapti-da!
– Choy ich, sovuysan…
– Choy so‘g‘in… – Abdurahmon polvon yonidagi xurjunni u tomon sal surgan bo‘ladi. – Kelinga ayt, biror tansiqroq taom pishirsin. Qaytgach, maza qilib, g‘alabani yuvamiz.
Normo‘min gung sokin jilmaygancha, kimning g‘alabasini, degan ma’noda u tomon qiyalab boqadi. Buni anglagan Abdurahmon polvon, e, o‘l, shuniyam bilmaysanmi, degan ohangda deydi:
– Kimnikini bo‘lardi, mening g‘alabamni yuvamiz-da!
– Qaniydi…
– Qaniyding nimasi? – Abdurahmon o‘zicha gumonlangan kishi bo‘ladi. – Nima, kelishim senga malol kelayaptimi?
– Qaysi go‘rdan kavlab topding bu gapni?
– Gapingni tovlanishidan!
– Nam olishni bas qil!
– Unda senam kishi nam oladigan gap qilma!
– Xo‘p, ana, tavba qildim.
– Bu boshqa gap!
– Emasam, gap bunday! – deydi Normo‘min gung halitdan beri biqinini “kuydirib” turgan qavatidagi xurjunni o‘zidan nari surgan bo‘lib. – Buytib xurjun to‘ldirib kelishni bas qilmasang, sen bilan boshqa olishmayman!
– Esing joyidami, ishqilib? – deydi Abdurahmon polvon yo‘liga jahllangan kishi bo‘lib. – Yo shunchalik nodonmisan?
– Hi-i… – deya Normo‘min gung unga hayron boqadi.
– Nima, qutlug‘ uyga quruq borma, hech qurisa, xurjun tubiga bitta tosh tashlab bor, degan gapni eshitmaganmisan? – deya Abdurahmon polvon uning qulog‘iga qo‘l cho‘zadi. – O‘zi qulog‘idan cho‘zg‘ilaydigan odam bo‘psan!
– Noqulay-da, jo‘ra!
Bu orada Abdurahmon polvon narida kelinini tergab turgan Oftob momoning e’tiborini o‘ziga tortib, hozir o‘zi tilga olgan hikmatni nechog‘liq to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tasdiqlatib olgach, do‘stini battar burovga olishga tushadi.
– Xay, ketdikmi unda? – deydi oxiri Normo‘min gung tezroq uning chakagini o‘chirish umidida.
Ular, har damgidek, Oftob momoning odatiy javrashlari ostida qo‘ra adog‘idagi jarlik sari yuradilar. Tog‘lar etagidan boshlanib, qirlar oralab cho‘zilgandan-cho‘zilib ketgan jar bo‘yiga yetishganda, Normo‘min gung izma-iz kelayotgan bola – Xurram qotmani do‘qlab haydab soladi. Bola ortiga qaytgan bo‘ladi-yu, ammo kattalar tor va qiya so‘qmoqdan jar tubiga enishlari bilan qirg‘oq yoqalab, kunchiqishga qarab zing‘illaydi.
Ikki jo‘ra ayni ko‘klam kezlaridagina suvga to‘lib, yilning qolgan vaqtida qurib-qaqshab yotadigan jarlikning toshloq o‘zani bo‘ylab, biror uch yuz odimcha yuqorilab, muyulishdagi choqqina chimzor sayhonlikda to‘xtashadi.
O‘ta ovloq joy – birov ko‘rmaydi, xalaqit ham bermaydi.
Biroq jar yoqasidagi bo‘liq kavul ortiga biqinib, dustuman tushgancha, cho‘zilib yotib olgan bolani payqashmaydi.
Avval Abdurahmon polvon egnidagi keng va qalin kulrang kostyumini yechib tashlab, pishqira-pishqira ko‘ylagi yenglarini himara boshlaydi. Keyin jo‘rasining hozir bo‘lishini kutib, qalin chimzor sathidagi yakkam-dukkam toshu kesaklarni terib-tergilab, oyog‘i bilan tepib-tepkilab, o‘zicha maydon tozalagan bo‘ladi. Keyin bunday qarasaki, jo‘rasi haligacha egnidagi nimdosh to‘nni yechmagan, turibdi bir chetda xayollanib.
– Iya, haliyam to‘ngnab turibsanmi?
– Nimagadir bugun olishgim kelmayroq turibdi, jo‘ra, – deydi Normo‘min gung erinchoqlik bilan.
– Qachon olishging kelgandi o‘zi seni! – deydi Abdurahmon uni so‘kib. – Yo yiqilishdan qo‘rqayapsanmi?
– Senga bas kep bo‘ladimi? – Noro‘min gung miyig‘ida iljayadi. – Oyog‘imdan tutib, jarni biror kunjagiga uloqtirib yuborsang nima qilaman?
– Hali piching qiladigan bo‘p qoldilarmi! – Abdurahmon polvon uning yoniga kelib, yag‘riniga bir tushiradi. – Bo‘l tez!
Normo‘min gung imillabgina yechinarkan, ko‘ylagi yengini himarayotib, tag‘in hazil qiladi.
– Ishqilib, qattiq yiqitmaysanmi?
– Bo‘l-bo‘l! – deydi Abdurahmon polvon do‘qlab. – Emasam, bir urib jag‘ingni ushatib qo‘yaman.
– Urib ko‘r, enamga aytib beraman.
– Aytma, aytsang, naq terimni shilib oladi.
Mana shu tarzdagi samimiy hazil-huzullardan so‘ng, Normo‘min gung, sust va bo‘shang bir alfozda, halitdan beri chimli maydon markazida qomat kerib, o‘zini kutib turgan jo‘rasi tomon yuradi.
Ular yuzlanishgach, qani, boshladikmi, deganday bir-biriga termilib, picha turib qolishadi – biri o‘ta jangovar holatda, ikkinchisi esa, o‘sha-o‘sha bo‘shangroq kayfiyatda. Biroq nisbatan bo‘ychan hamda ancha kelbatli bo‘lgan Abdurahmon polvon hujumga o‘tishi bilan vaziyat tubdan o‘zgaradi: kelganidan beri lanjlanib turgan Normo‘min gungni yo‘g‘on gavdasi lahza ichidayoq jonlanadi-da, kavul ortidagi bolaning nazarida, zumda o‘rnidan siljitib bo‘lmas xarsangtoshga aylanadi-qo‘yadi.
Ana, Abdurahmon polvon chirangancha uni – “xarsang”ni ag‘darishga, yumalatishga zo‘r berib urinmoqdi. Biroq “xarsang” haddan tashqari og‘ir, ora-sira xiyolgina nari-beri tebratishini demasa, xuddi asosining yarmi yer qa’rida bo‘lgan haqiqiy xarsangtosh yanglig‘ deyarli qilt etmaydi. Abdurahmon polvon uni siltab ko‘radi, chalib va yonboshga olib ko‘radi, qani endi uni o‘rnidan jildira olsa…
Shu orada Abdurahmon polvon bir muddat tin olishga qaror qiladi. Bas, degan ma’noda o‘ng kafti bilan jo‘rasining toshdek qattiq, terchigan yelkasiga bir shapati tushiradi-da, kostyumi yoniga borib cho‘kadi. Hansirab turgan esa-da, kiyimi cho‘ntagidan nosqovog‘ini olib, tili tagiga mo‘lgina nos tashlaydi-da, oyoqlarini uzatib o‘tirib oladi. So‘ng qo‘lidagi nosqovog‘ini qavatiga kelib cho‘kkan “xarsang”ga uzatarkan, undan, bunaqa paytda nos chekmaganing ma’qul, degan gapni eshitgach, aql o‘rgatmagan sen qoluvding, degan iddaoli bir harakat-la uni kostyumi ustiga itqitadi va keyin sonlarini uqalagancha, jo‘rasiga hayrat-la ko‘z tashlab, deydi:
– O‘lay agar, sen odam-podamga o‘xshamaysan!
“Xarsang” xarsangligiga borib, miq etmaydi.
– Qimirlatib bo‘maydigan toshga o‘xshaysan! – deydi Abdurahmon polvon.
“Xarsang”, shundaymi-ya, degan ma’noda ishshayadi.
Abdurahmon polvon o‘ng kafti bilan chimzor yuzini siypalab deydi:
– Xay, birpas nafas rostlab olay, tag‘in silkilab ko‘raman seni!
“Xarsang” asta tilga kiradi:
– O‘zim astagina yumalab qo‘ya qolay…
Abdurahmon polvon keskin bosh chayqaydi:
– Undan ko‘ra, yaxshisi, meni o‘ldirib qo‘ya qol, boshimga tosh bilan bir urib!
“Xarsang” gunohkorona bosh egadi.
Abdurahmon polvon nordon so‘zlar bilan so‘kinsa-da, miq etmaydi.
– Ko‘pam o‘takang yorilmasin, – deydi oxiri tilga kirib. – Sendan yiqilay deb, o‘lib turganim yo‘q.
Abdurahmon polvon og‘zidagi nosini tuflab tashlab, irg‘ib o‘rnidan turadi.
– Qani tur, hozir seni yerga qoziqdek qoqib tashlayman!
U chindan-da “xarsang”ga jon-jahdi bilan tashlanadi. O‘z navbatida, o‘zicha uning judayam yaqin kelmog‘iga, ya’ni pinjiga suqilib kirmog‘iga yo‘l qo‘ymaslikka urinadi. Sababi, “xarsang” chatoq, mabodo, belidan tutar bo‘lsa, tamom – yiqitmay qo‘ymaydi. Boz ustiga, ho‘kizdek kuchli va tom ma’noda, xarsangtoshdek zil-zambil bu odamga o‘zi bilgan kurash usullari aytarli kor qilmaydi, nazarida, uni faqat dast ko‘taribgina yerga urish mumkin, xolos. Biroq, bor gap shundaki, qani endi, jonli bu xarsangni dast ko‘tarmoqning iloji bo‘lsa, qaytangga jindek xatongdan foydalanib, o‘zingni ko‘tarib yerga urishi mumkin.
Shu o‘rinda Abdurahmon polvon muhim bir narsani – jo‘rasi uning ko‘ngliga qarashini, u o‘ylaganchalik, mag‘lub etmoq uchun xato qilmog‘ini kutib turmasligini, agar buni istasa, bu ish unga cho‘t emasligini aslo xayoliga keltirmaydi. Xullas, Normo‘min gung do‘stini ayaydi, erkalaydi, toki kurash joniga tegmaguncha obdan rayiga qaraydi. Zero, bu kurash uning uchun ermakdek bir gap. Mayli, jo‘rasi o‘zini xohlagancha silkilasin, horib-charchab, ora-sirada nafasini rostlab olsin, axir hali ovqat pishmagan, shoshib qayoqqa ham boradi. Faqat terga botgani chatoq-da! Hechqisi yo‘q, ayoliga aytsa, bir tog‘ora iliq suv qilib beradi.
Kovul ortidagi bola otasining bu qadar qudratli ekaniga go‘yo endi guvoh bo‘layotgandek, og‘zini lang ochgancha, kurashni tomosha qilishda davom etadi. Boshda Abdurahmon polvonning mag‘lub bo‘lishini ich-ichidan istayotgan esa-da, so‘ng-so‘ng unga rahmi kela boshlaydi. Otam bunchayam berahm, axir mehmon amaki juda qiynalib ketdi-ku, bechorani hadeb azoblayvermasdan, bir safargina astagina yiqilib bersa nima qilarkin, deb o‘ylaydi. Axir har oqshom podayotoq biqinidagi maydonda bo‘ladigan kurashda ovul bolalari kunda necha bor yiqilib, necha bor yiqitishmaydi. Yo‘q, otasi yomon, mehmon amakiga, ko‘p emas, atigi bir martagina yiqilib berishni xayoliga-da keltirmaydi.
Ana, uyalmay-netmay ko‘tarib yergayam urdi!
Uf-f!
Bola bundan xijolat tortib, ko‘zini yerga oldi va mehmon amakini, doim o‘zidan yiqilib yuradigan qo‘shni tirraqi boladek baqirib-chaqirib, so‘kinib, otasiga qayta tashlanishini kutadi. Bu xil qiliq kattalarga sira yarashmasligini his etgan holda va hozir yuz beradigan janjalni ko‘rmaslik ilinjida manglayini bilaklari ustiga qo‘yadi. Qachonki, o‘zi kutgan shovqin qulog‘iga chalinmagach, asta boshini ko‘taradi.
Bola guvoh bo‘lgan bu kurashda na tomoshabin, na hakam bor.
Ammo adolat va jo‘rachilik hamisha ustuvor.
Ana, mehmon amaki janjal ko‘tarish o‘rniga, asta joyidan turib, odatiga xos, shimi ketini qoqqancha, chetga chiqadi. Yiqilganini zo‘r-bazo‘r tan olgandek, g‘amnok yerga cho‘kadi. Birozdan keyin uning qavatidan otasi o‘rin oladi. Charchamadingmi, jo‘ra, degan yo‘sinda unga hamdardlik bilan boqadi. Mehmon amaki arazlagan bo‘lib, e, yo‘qol ko‘zimdan, deya zarda qiladi. Biroq mehmon amaki yaxshi odam, arazi ko‘pga cho‘zilmaydi. Otasi, ovqatam pishib qolgandir, do‘sim, deyishi bilan, xuddi hech narsa yuz bermagandek, qaddini tiklaydi. Botayotgan quyoshga boqqancha, ildam o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, tag‘in shimi ketini qoqa-qoqa deydi:
– Ammo-lekin, jo‘ra, baribir bir kunmas bir kun, seni, albatta, yiqitaman! Emasam, armonda ketaman!
Kunbotish tomonga cho‘zilib, bir-biriga mingashib ketgan katta qirlik ortidagi daryo bo‘yida yashovchi bu odamga Normo‘min gung, har safargidek, yurt og‘alarining sa’y-harakati tufayli, bundan bir necha yilning narisida tasodifan ro‘baro‘ kelgan bo‘lib, ushbu bellashuvda Normo‘min gungning qo‘li baland kelgandi. Ana shundan beri Abdurahmon polvon uni mag‘lub etish niyatida yilda uch-to‘rt marta yo‘qlab keladi va har gal mag‘lub bo‘lib ketadi.
Shu o‘rinda quyidagi savolning tug‘ilishi tabiiy, kurashda kimdir g‘olib, kimdir mag‘lub bo‘lishi muqarrarligini bilgani holda nechun bu odam Normo‘min gungga bu qadar tarmashib qoldi?
Bir qarashda, mag‘lublik alamidan o‘zga vaj yo‘qdek edi. Aslida o‘shanda Abdurahmon polvon mag‘lublikdan ham ko‘ra, butunlay o‘zga bir sababdan qattiq olovgan edi.
Xo‘sh, bu qanaqa sabab?
Agar shu o‘rinda, so‘zni andak muxtasar qilar bo‘lsak, ro‘y bergan voqea quyidagicha edi: o‘shanda o‘zidek bir alpga betlanishga haddi yetgan bu yo‘g‘on yigitning kurashga nisbatan aytarli rag‘bati yo‘qligini Abdurahmon polvon ilk qarashdayoq sezgan esa-da, ming afsuski, tezobligi bois, qoshida g‘olib yoxud mag‘lub bo‘lish-bo‘lmasligi go‘yo baribirdek, o‘ta bamaylixotir turgan notanish kimsaning bu holatini o‘zicha mensimaslikka yo‘yib, bundan g‘azabi qaynagan va ich-ichidan ko‘tarilgan otashli quyun izmiga bo‘ysunib, unga tashlangan. Oqibat, beqiyos kuchga ega bo‘lgan raqibi oldida bilgan barcha amallari g‘oyatda ojizligini his etishga ulgurib-ulgurmay, sanoqli lahzada oyog‘i yerdan uzilib, o‘zini uning tagida ko‘rgan. Ammo yanada alamlisi bu emas, sal keyin yuz berdi. Darvoqe, o‘zini ko‘rish tugul, nomini umrida eshitmagan bu yigit orkash dashtliklar tomonidan ataydan o‘ziga duch qilinganidan Abdurahmon polvonning xabari bor edi. Boxabarligi bois, meni yer qilgan bu zo‘r kim bo‘ldi o‘zi, deya alam to‘la nigohini undan uzmay, zimdan kuzatib turgandi. Ana, raqibi, go‘yo kunda qilib yurgan odatiy yumushlaridan birini osongina ado etgandek, maydon chetida quvonchi ichiga sig‘may, ko‘kka irg‘ishlayotgan dashtliklar tomon bamaylixotir jilarkan, ularning olqish va maqtovlariga zig‘ircha e’tibor bermay, ular orasidan kimlarnidir qidira boshladi. Qachonki, odamlar orasida mamnun ishshayib turgan yurt og‘alariga ko‘zi tushgach, ularga betlanib, menga tag‘in biron yumushlaring bormi, yo ketaveraymi, deganday qarash qildi. Raqibining ayni shu qarashi Abdurahmon polvonga o‘ta qattiq ta’sir etadi: “Vuy-y, enag‘ar-iy! Odam emas, yo‘lda yotgan bir qop g‘allani chetga surib qo‘yganday tutdi-ya o‘zini!” Shu zahotiyoq yuragida raqibiga nisbatan kuchli adovat uyg‘ondi va u bilan qayta bellashmoqni mahkam diliga tugdi.
U navbatdagi to‘y kurashida atay uni yo‘qladi – topolmadi.
Kishilari orqali uni ochiqdan-ochiq kurashga chorladi – u qorasiniyam ko‘rsatmadi.
Ataydan uni qo‘rqoqqa chiqardi – u pinaginiyam buzmadi.
Bunga sari Abdurahmon polvonning qoni qaynadi, raqibining bu qiliqlarini o‘zicha mensimaganlikka yo‘ydi. Alami daryoday jo‘shib, yomg‘irli kunlardan birida qiblaga yuzlana-yuzlana, gar seni yiqmasam… deya ont ichib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Afsuski, aytilgan so‘z – otilgan o‘q, endi uni hech bir vaj ila ortga qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun, sen kelmasang, mana, men boraman, deya qasdlanib turgan kunlaridan birida, ne baxtki, esli-hushli kishilardan raqibining o‘ziga xos ajoyib va g‘aroyib fe’l-xo‘yi xususida bor haqiqatni eshitib va bilib oldi. Buni qarangki, bu gaplardan so‘ng Abdurahmon polvonning birdan hovuri bosildi, kamgap va kamsuqum raqibiga nisbatan qiziqishi ortgandan-ortib, iliq ko‘klam kunlaridan birida, tinchlik yo‘lini tutib, semiz bir qo‘zini oldiga o‘ngarib, qaydasan, Normo‘min jo‘ra, deya uni yo‘qlab yo‘lga tushdi. Shu-shu, avvaliga do‘stlashdi, keyin qadrdonlashdi. Shunga qaramay, Abdurahmon polvon hamisha o‘z ontiga sodiq qoldi – har kelganida u bilan bellashmoqni kanda qilmadi va bora-bora o‘z jigaridek yaqin bo‘lib bu odamning kuragini atigi bir bora yerga tegizish uning hayoti mazmuni, orzu va armoniga aylandi.
Biroq, ming afsuski, baribir murodiga yetolmadi.
Normo‘min gung kutilmaganda qazo qilgach, hech kimdan istihola qilib turmay, ovozi boricha, og‘amlab, mozorboshigacha bo‘tadek bo‘zlab bordi, so‘ng hamma ketib, u qabr tepasida yolg‘iz qoldi: “Voy-y, do‘stim-a, meni tashlab qayon ketding-a!”
Keyin ham bu oila bilan do‘stlik rishtasini uzmadi, besh o‘g‘il orasida yolg‘izi bo‘lgan suyukli qizi Gulsumni do‘stining to‘ng‘ichi – Xurram qotmaga ijablab berdi.
Va haligacha fig‘on qiladi:
– Otangni yiqitolmay armonda qoldim-da, kuyov!
Bu yoqdan Oftob momosi nola qiladi:
– Zo‘rni tug‘may men o‘layin-a! Olishmaygina yursa, shu bolaginam o‘lmasdi-ya! Zo‘r tuqquncha, it tug‘sam bo‘lmasmidi-ya!
* * *
Xurram qotma otasining taqdiri o‘zida takrorlanishini – Salabekning xuddi Abdurahmon polvondek o‘ta tirishqoq raqib bo‘lib chiqishini hatto o‘yiga ham keltirmagandi. Chunonchi, gar Nazar baxshi qitmirlanib, atay suvni loyqatmaganida, quyidagi vajlarga ko‘ra, Salabekning qayta qora bermasligi kunday ravshan edi: birinchidan, u boshdanoq Xurram qotmani o‘ziga tengsitmadi, ikkinchidan, tabiiyki, olis dashtga kelib-ketishdan erinardi, uchinchidan esa, o‘zicha ming katta gapirgani bilan hammayam “zo‘r” bo‘lavermaydi, ana, ustalik bilan gapni aylantirib, suruvni bahona qilib, shippa qochib qoldi-ku, deya aniq bir to‘xtamga kelgan va shu zahotiyoq Xurram qotmani mag‘lublar qatoriga qo‘shib qo‘ygandi. Qishlog‘iga qaytgach, bu voqea tafsiloti bilan qiziqsingan jo‘ralariga aytadigan gapi ham tayin edi: “Baxshi aytgan zo‘rni borib ko‘rdik! Mushukdek muloyim, tulkidek ayyor odam ekan, qani, bir maydon olishaylik deyishim bilan yumronqoziqning iniga urib ketdi!”
Nazar baxshiga kelsak, el oralab yuraverib, obdan ko‘zi pishib ketgan emasmi, Salabekning kattazanglik bilan, “shu qochgani uchun ham kelaman”, deya qilgan zamzamasiga tariqcha ishonmadi. Uning qaytib bu tomonlarga dorimasligi hamda ovuliga borgach, jo‘ralariga maqtanib, battar oshqinlab, battar “shataloq” otishini avzoyidanoq sezib, qanday bo‘lmasin, uni Xurram qotmaga qayta yuzlashtirish tashvishiga tushib qoldi. Bu ish uning es-hushini shu qadar band qilib qo‘ygan ediki, natijada, muammoning ikkinchi bir tomoni – hech kutilmaganda vaziyat butunlay teskari tus olib, Salabek emas, ishongan tog‘i Xurram qotma mag‘lub bo‘lishi ehtimoli haqida o‘ylab ham o‘tirmadi. Zero, qo‘shni ovuldan bo‘lmish Xurram qotmani avvaldan yaxshi bilar, otasi Normo‘min gungni yaqindan tanir, beqiyos kuchi tufayli vaqtida ko‘plab g‘aroyib afsonalarga sabab bo‘lgan bobosi – Ollonazar polvon haqidagi hikoya va rivoyatlarni otasidan ko‘p bora eshitgan va hatto polvon yelkasidagi o‘tin bog‘i ustiga chiqib olgan o‘sha “qitmir” bolalar – endilikda kap-katta amakilar bilan necha-necha bor suhbatda ham bo‘lgan edi. U o‘sha eshitganlari asosida Ollonazar polvon haqida kichikroq doston bitmoqni ham rejalashtirib qo‘ygandi. Agar o‘shanda Oftob momo o‘zicha ovkarlanib: “Bitar dostoning rahmatli cholimga torlik qiladi! Ko‘zi ochiqligida kuchi ichiga sig‘magan bir tentak edi! Yashshamagur, qachon manavi chaqqon tilingni kalta qilasan sen, deya meni dam-badam qamchilab-qamchilab turardi. Shuning uchun dostoningni cholim haqida emas, umri gala “zo‘r”lar xizmatida o‘tgan men haqimda bit!” – deya shashtiga suv sepmaganida, allaqachonoq dostoni bitgan bo‘lardi. Ammo shunga qaramay, hanuz ahdidan voz kechmagan, ayniqsa, gohida qo‘ynini toshlarga to‘ldirib, do‘ngliklarga chiqib-tushib yurgan Xurram qotmaga duch kelib qolgan kezlarida, yo‘q, bu urug‘ haqida tezroq bitta doston bitmasam bo‘lmaydi, deb qo‘yardi. Bir gal bu to‘g‘rida jo‘rasiga tish yorganda, Xurram qotma, “bit” deya uni ruhlantirish o‘rniga, o‘zing bilasan, deganday yelka uchirib qo‘ya qolgan. O‘shanda Nazar baxshi undan jiddiy o‘pkalangan: “Buning o‘rnida boshqa birov bo‘lganida bormi, do‘ppisini osmonga otgan, yo hadaha oyog‘im ostiga birorta jonliq so‘ygan bo‘lardi!” Ana shu sabablarga ko‘ra, qandaydir chiranchiq Salabekka jo‘rasining bas kelolmay qolishi mumkinlini hatto tasavvuriga sig‘dirolmasdi. O‘z navbatida, jo‘rasining bugun royish bermaganidan juda xafa edi. Maqtanchoq xo‘rozning popugini pasaytirib qo‘yish o‘rniga, erta-indin kelarsan, deya uni qo‘ldan chiqarib o‘tiribdi-ya! Endi kelib bo‘pti u! Ovuliga qaytishi bilan Xurram qotmani tamomila mag‘lubga chiqaradi-da, jo‘ralari davrasida o‘z maylida oshqinlab-toshqinlab yuraveradi. Bundan ham yomoni, har gal o‘ziga duch kelganida, zo‘ringizning yoxud Alpomishingizning holini ko‘rdik, deya jig‘iga tegishni kanda qilmaydi. Bunga esa chidab bo‘lmaydi. Shuning uchun nimadir qilmoq kerak.
Biroq nima?
Nazar baxshi bugun tush oldi dasht adog‘idagi ovullardan biriga, to‘yga borishi lozim bo‘lgani bois, ushbu o‘y-xayollar iskanjasida muyulishga qadar Salabek bilan birga qaytarkan, yo‘lda esiga tushgan o‘sha bitilmagan doston tufayli daf’atan miyasida tug‘ilgan rejadan o‘zida yo‘q quvonib ketdi. O‘z navbatida, mabodo, bu rejasi ish bermasa: “Ha, jo‘ramdan qo‘rqib, halitdan ishtonni ho‘llab qo‘ydingizmi?” – deya yigitning izzat-nafsiga oshkora “tig‘” sanchmoqni mahkam diliga tugdi. Agar kerak bo‘lsa, bundan battarrog‘ini ham aytadi! Muhimi, Salabek, terisi yupqalik qilib, qayta qutursa bas!
Shu bois, muyulishga yetishgach, xayrlashuv oldidan dangal maqsadga o‘tdi.
– Uv-v, polvon! – dedi motori o‘chirilgan mototsikldan tushib o‘tirmay. – Yo‘lda miyamga zo‘r bir fikr keldi. Agar chini bilan jo‘ramni yiqa olsangiz, chin so‘zim, siz haqingizda bir doston… e, yo‘q, zo‘r bir terma to‘qiyman! So‘ng uni davralarda aytib yuraman! Kerak bo‘lsa, shogirdlarga ham o‘rgataman!
Undan bu gapni kutmagan Salabek u tomon ajabsinib boqarkan, baxshi hazil qilmayotgani va o‘ta jiddiyligini ko‘rgach, dastlab andak shoshib qoldi, keyin baxshili davralarni bir-bir ko‘z oldiga keltirib, xuddi yosh boladay, beixtiyor yuragi hapriqib dedi:
– Xuddi Alpomishday aytib yurasizmi?
– Ha, xuddi Alpomishday aytib yuraman! – dedi Nazar baxshi rejasi ish berayotganidan ich-ichidan quvonib.
– Har davrada kanda qilmay aytib yurasizmi?
– Ha, har davrada kanda qilmay aytib yuraman!
– Yo‘g‘ay, siz doim o‘tganlarni kuylaysiz-ku… – deya Salabek gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q, termada tiriklar ham kuylanadi, – dedi Nazar baxshi o‘sha-o‘sha jiddiy qiyofada.
– Doston qilmaysizmi? – Salabek ham jiddiylashdi.
– Termayam dostonday gap, cho‘zsangiz cho‘zilib ketaveradi.
– Ishqilib, hazillashmayapsizmi, baxshi?!
– Qiblaga yuzlanib turibmiz… hazili yo‘q!
Ayni shu joyda birdan Salabekning fahmi ishlab qoldi. U ulovdan tushib, Nazar baxshining qoshiga keldi-da, unga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib, dedi:
– Qanchalik chin gapirdi, bilmadim-u, lekin jo‘rangiz, yolg‘iz o‘zing kel, deya shart qo‘yganday bo‘ldi, shekilli?
– Xuddi shunday, u ertan sizni kutadi!
– Endi o‘ylang, kurash paytida bu biydek dashtda ikkimizdan bo‘lak biron kimsa bo‘lmasa, kim g‘olibu, kim mag‘lub, bunga kim guvohlik beradi? Yo biror tepalikdan turib kuzatib turmoqchimisiz?
– Buni bilish qiyin emas.
– Xo‘sh, qanday qilib?
– Avvalo bu haqda birinchi bo‘lib o‘zingiz aytasiz! – dedi Nazar baxshi achitib. – Aytgandayam, sekin aytmaysiz, butun dunyoga jar solib aytasiz! Yo noto‘g‘rimi? Ikkinchidan esa, jo‘ram yengilishdan qo‘rqadigan yoxud orlanib, buni sir tutadigan odam emas! So‘rashim bilan, zo‘r yigit ekan, birpasda meni tuproqqa qorishtirib ketdi, deya borini ochiq aytib qo‘ya qoladi! Kerak bo‘lsa, zo‘r yigit, deb sizni maqtab ham qo‘yadi.
– Nahotki! – Salabek negadir xurjundan chiqib turgan baxmal g‘ilofli do‘mbira bandiga qo‘l cho‘zdi.
– Boya o‘zingiz ko‘rdingiz, – dedi Nazar baxshi uning qo‘lini sozdan nari itarib. – Fe’li sal g‘alatiroq, sizu bizga o‘xshamaydigan odam. Endi gapning rostiga ko‘chsam, jo‘ram sizning obro‘yingizni o‘ylab, kishi ko‘zida, ya’ni mening oldimda bellashmoqdan voz kechdi. Emasam, boyayoq yerga chalpak qilib, tuproqqa qorishtirib tashlagan bo‘lardi sizni!
– Yo‘g‘i-iy! – Salabek o‘zini tutolmay, xoxolab kulib yubordi.
– Kuling-kuling, ishqilib, keyin yig‘lab yurmasangiz bo‘lgani!
– Shunchalik zo‘r “mujik”mi u, a?
– Ha-a, shunchalik zo‘r yigit u!
– Yo‘-o‘q, sira o‘xshamaydi…
– Buni bellashganda ko‘rasiz!
– Xay-y, shartingizga roziman men! – dedi Salabek bahsga yakun yasab. – Ammo termani boplab, kashtalab, lab-lunjini to‘g‘rilab, maromiga keltirib to‘qiysiz! Meni shunchaki Salabek deb emas, mulla Xolyor o‘g‘li Salabek polvon deb ataysiz! Qonun-qoidasi shunaqa shekilli, a? Yaxshi! So‘g‘in urug‘imizdan o‘tgan yana bir-ikki odam bor, nomini keyin aytaman, ularniyam bir-ikki joyda qo‘shib ketasiz!
– Bo‘pti, avval uni yiqiting!
– Yiqitish ham gapmi, – dedi Salabekning birdan zavqi toshib. – Kerak bo‘lsa, oyog‘idan tutib, dashtning olis bir chetiga uloqtirib yuboraman! Keyin uni topolmay, dashtda sarson bo‘lib yurasiz!
– Shu… katta gapligingiz yomon-da sizni!
– Xay, nima qilay, enam shunday tuqqan-da.
– Kamtarroq bo‘l, bolam, demabdi-da…
– Yaxshisi, siz endi termani o‘ylang!
– Bundan tashvish qilmang.
– Unda qo‘lni tashlang, baxshi!
Ular qo‘l tashlashdilar.
So‘ng yana bir karra qayta qo‘l tashlashdilar.
Salabek qiblaga ishora qildi.
Nazar baxshi, tushundim, deya bosh silkidi.
Salabek viqorlanib ulovi tomon odimladi.
Ulov rulini tuta-tuta, viqor-la ortiga o‘girilib, dedi:
– Termani cho‘zib o‘tirmang, bugundan boshlayvering, baxshi! Ha-ha, bugundanoq!
* * *
Ertasi peshinga yaqin Salabek xuddi shu viqor bilan Xurram qotma qoshida paydo bo‘ldi. Salom-alikdan so‘ng, tugundagi yemaklarni tikanaklar qavatida turgan xurjun yoniga qo‘yarkan, itlar tegmaydimi, deya unga savol nazari bilan qarab qo‘ydi, so‘ng oshiqmay ulovi yoniga qaytdi. Egnidagi charm kurtkasini yecha-echa, bo‘lmaysizmi endi, degan ma’noda yelkasi osha bir qarab qo‘ydi. Bu bilan Xurram qotma otliq qandaydir cho‘ponni bir chaqaga olmasligini oshkor etgan bo‘ldi.
Uning bu qadar tez paydo bo‘lishini sira kutmagan Xurram qotma hanuz taajjubda edi. U yigitning barcha xatti-harakatlarini qiziqishla zimdan kuzatarkan, shuni angladiki, agar otasi Normo‘min gungdek yo‘g‘on gavdali yoxud Abdurahmon polvondek kelbatli bo‘lganida bormi, manavi chiranchiq xo‘roz o‘zini bu qadar katta tutmagan, bir to‘lg‘ashdayoq yerga chalpak qilaman, deya behuda xayollarga bormagan bo‘lardi. O‘z navbatida, Salabekning o‘zicha surlanib, sullohlanishidan g‘ashi kelib, beixtiyor Abdurahmon polvonning ilk tashrifini xotirladi va o‘rtadagi keskin tafovutdan battar hayrati ortdi.
Esida, o‘shanda Abdurahmon polvon o‘zini bu tarzda tutmagan, egari qoshida semizgina qo‘zi, bir qop yong‘oqday shaldir-shuldur qilib kelgan, otdan tushmay, qo‘lidagi buklog‘lik qamchisi bilan etigi qo‘njiga tars-turs urib, g‘oyatda quvnoq ohangda “sen”lab, hayqirgan: “Qani, meni yiqqan zo‘r bu yoqqa chiqsin-chi!” Otasi sho‘rlik, bu balo qaysi go‘rdan paydo bo‘ldi, deya boshda anqaygan. Momosi esa darrov xivich bilan qurollanib, kimsan, ne deysan, deya uzun yengini himara-himara, unga peshvoz chiqqan. Momosining bu qilig‘i Abdurahmon polvonga nash’a qilib, guldurab-guldurab kulgan, sendan ko‘ra, enam zo‘r ekan, jo‘ra, deya umrida ko‘rmagan ayolni “ena” degan, “enajonim” degan va o‘zining beg‘ubor hazil-huzullari bilan zumda hovlini shodlikka to‘ldirgan. Keyin o‘zi qo‘zini so‘yib, o‘zi qozon osgan.
– O‘sha kuni oyog‘im ketib qoldi-da, – degan qo‘zi etini qozonga bosgach. – Emasam, meni ikki dunyoda ham yiqitolmasding.
– Ha-a, yiqitish qiyin seni, – degan Normo‘min gung ham chin ko‘ngildan.
– Ammo yiqitding-ku?
– O‘zing, oyog‘im ketib qoldi, deyapsan-ku.
– Shunday-shunday, – Abdurahmon polvon qozon-o‘choqni ayollar ixtiyoriga qoldirib, uni chetga boshlagan va o‘pkalab degan: – Chortepadagi to‘yda seni rosa daraklatdim, ko‘rinmading, so‘g‘in uch marta odam qo‘yib, atay chaqirtirdim, qorangni ko‘rsatmading. Mana endi, o‘zim keldim.
– Kep, yaxshi qipsan.
– Nimaga?
– Bahonada gurunglashib o‘tiramiz-da.
– Meni gurunglashgani keldi deb o‘ylayapsanmi?
– Emasam, nimaga kelding?
– Seni yiqitgani, yerga chalpak qilgani keldim!
– Xay-y, mehmonsan, yiqil desang, yiqilib beraveramiz-da.
– Tushunmading.
– Tushunmagan bo‘sam, tushuntir.
– Sen bilan chinakamiga olishgani keldim!
– Obbo, haliyam alamdamisan? – Normo‘min gung kuladi. – Endi o‘zing o‘yla, shu… ikki birday go‘rso‘xta bola-chaqaning ko‘zi oldida maydon changitib, olishib yotsak qanday bo‘larkan?
– Nima, biror pana-sana joying yo‘qmi?
– Pana joydan kami bormi, lekin… – degan Normo‘min gung tevarakka ko‘z yugurtirib. – Xay-y, unda meni senga gij-gijlagan anavi kayvoni-payvonilarniyam chaqiraymi? Kim yiqitdi-yu, kim yiqildi, qarab tursin, guvoh bo‘lsin deyman-da.
– Kayvonilaringni boshimga uramanmi! – Abdurahmon polvon to‘ng‘illab so‘kinadi. – Men ular uchun emas, o‘zim uchun, sha’nim va orim uchun olishgani keldim sen bilan! Emasam, o‘zimni o‘zim yeb-yutib qo‘yaman.
– Xay-y, meni yiqitsang, ko‘ngling tinchiydimi?
– Tinchiganda-chi!
– Tag‘in yiqitib qo‘ysam, unda nima bo‘ladi?
– Tag‘in yiqitsang… bilmadim, o‘libgina qo‘ya qolsam kerak!
– Obbo, bu deyman, tiling qasamga ketib qolmaganmi, ishqilib?
– Ha, aqlimdan alamim zo‘r kelib, tilim qasamga ketib qolgan!
– Shuni bekor qipsan!
– Aytdim-ku, alam aqlimdan ustun keldi deb!
– Chatoq bo‘pti!
– Bo‘lganda qandoq!
– Xay, bo‘lar ish bo‘pti, endi oh-vohdan naf yo‘q!
– Ammo-lekin… – Abdurahmon polvon unga suzadigan ho‘kizday yer ostidan bejo tikiladi. – Qasam ichmagan taqdirimda ham baribir kelardim!
– Nechun?
– Nima, yiqilib, indamaygina ketadi deb o‘ylabmiding!
– Xay, niyating shu bo‘lsa, yur, biror pana-sanaga o‘taylik.
Ular tevarakni aylanib, oxiri jardagi chimzorda to‘xtalishadi va shu kundan e’tiboran chimzor sayhonlik ikkisining doimiy kurash maydoniga aylanadi. O‘sha kuni uzoq davom etgan kurashga Xurram qotmadan o‘zga hech kim guvoh bo‘lmagan esa-da, ammo voqeadan uydagilar zumda xabar topishadi. Bundan Oftob momoning g‘azabi ko‘kka o‘rlaydi:
– Zo‘rni tug‘may men o‘layin-a, endi ulim bechorani uyidayam tinch qo‘yishmaydi bular!
O‘sha kuni Abdurahmon polvon tag‘in mag‘lub bo‘lgan esa-da, ammo, o‘zi aytgandek, o‘libgina qo‘ya qolmadi. Picha vaqt alam o‘tida qovrulib, tizza quchib o‘tiradi-da, so‘ng asta qansharini ko‘tarib, hanuz tepasida mehmonni yiqitib qo‘yganidan xijolat tortib turgan Normo‘min gungni yo‘g‘ondan-yo‘g‘on qomatiga, haddan ziyod baquvvat oyoqlariga, keng yag‘riniga, mushaklari tirsillab turgan bilaklariga bir-bir ko‘z tashlab chiqadi-da, bosh chayqab, asta deydi:
– Xudoyam toza kuchdan bergan ekan senga!
Bu gapdan Normo‘min gung battar o‘ng‘aysizlanadi, hech bir sababsiz iyak silab, gardan qashlaydi. Abdurahmon polvon undan ko‘zini uzmay, yana deydi:
– Mana ko‘rasan, baribir seni yiqitmay qo‘ymayman!
Normo‘min gung harna dalda bo‘lar degan umidda, o‘ta xokisorlik bilan deydi:
– Xudoning nimasi ko‘p, kuni ko‘p, biror kun yiqitarsan.
– Albatta, yiqitaman!
– Yiqilsang, yer ko‘taradi, buning nimasiga buncha kuyasan, a?
Abdurahmon polvon sarkashona bosh chayqab deydi:
– To‘g‘ri, yiqilsang yer ko‘taradi, ammo yiqitsang el ko‘taradi-da!
Normo‘min gung uni nodon sanab, miyig‘ida jilmaygan bo‘ladi:
– Elga zo‘r emas, tekin tomosha kerak!
Abdurahmon polvon unga picha sinchkov tikilib turadi-da, so‘ng deydi:
– Qarab tursam, anchagina farosatli odamga o‘xshaysan.
Bu gapdan Normo‘min gung o‘pkalangan bo‘ladi:
– Undan ko‘ra, esi yo‘q eshaksan deb qo‘ya qol!
Abdurahmon polvon o‘rnidan yengil qo‘zg‘alib, uning yelkasidan quchadi:
– Uzr, jo‘ra!
Shu tarzda ular tezda yarashib olishadi, so‘ng birga o‘tirib, birga sho‘rva ichishadi, sen ye-men ye qilib, yumshoqqina qo‘zi etini bahuzur tushirishadi, obdan suyaklarini kemirishadi. Keyin ko‘k choyni bosib-bosib ichishadi. Ammo dasturxonga fotiha o‘qilgach, Abdurahmon polvon tag‘in deydi:
– Men yana kelaman, seni yiqitmaguncha kelaveraman!
Buni eshitgan Oftob momo supa chetida doimo tayyor turadigan xivichni qo‘liga olib, avvaliga o‘g‘lining keng yag‘riniga boplab bir tushiradi-da, so‘ng Abdurahmon polvonga yuzlanib deydi:
– Agar kelar bo‘sang, tuzuv kep-tuzuv ket! Emasam, bu hovlida ortiq otingni tezaklatma!
Biroq oradan ikki oy o‘tib, Abdurahmon polvon tag‘in keladi, og‘zining tanobini qochirib, bu daf’a tozayam kuchga to‘lib keldim, jo‘ra, deydi. Orada “enam”lab momoning ko‘nglini ovlashga ham ulguradi. Biroq tag‘in yengilgach, alamdan chim yulqilab, xiyla vaqt bosh egib o‘tiradi. Keyin ilkis boshini ko‘tarib deydi:
– Yo‘q, sendan yiqilishim bir xatolik, xolos!
Bu gapni ayta turib, to‘satdan xoxolab kulib yuboradi. Kavul ortidagi bolaning nazarida, unga qo‘shilib qiru adirlar, naridagi tog‘u toshlar ham qah-qah otganday va butun olam nurga, shodlikka to‘lganday tuyuladi…
Xurram qotma shularni xayolidan o‘tkazar ekan, yuragi to‘lqinlanib, beixtiyor yuziga tabassum yugurdi. Biroq Salabek deganlari surlanib, odob yuzasidan bo‘lsa-da, tabassumga tabassum ila javob qaytarmoqni xayoliga-da keltirmadi, go‘yo amaldan tushib qoladigandek, to‘mtaygancha, kulgi deganini aftiga doritmadi. Uning ayni shu turishi G‘ani qoraga juda-juda o‘xshab ketdi va natijada, harchand istamasa-da, Xurram qotmaning ong-shuurida shaharga bog‘liq alamli xotirlar qaytadan junbishga kelmoqni boshladi.
* * *
G‘ani qora mushtlashishga juda usta edi.
Xurram qotma esa zarbga o‘ta bardoshli edi.
Keyingi uchrashuvlarda u avvaliga qo‘lidan kelgancha mushtga musht bilan javob qaytarishga urinib ko‘rardi. Biroq raqibi bo‘ychan, qo‘llari uzun edi. Natijada, dastlabki zarbalar og‘rig‘ini tuyishga ulgurib-ulgurmay, botinida qo‘zg‘algan “dev”ning izmiga bo‘ysunib, g‘oyatda chapdastlik bilan raqibining belidan tutardi-da, ko‘z ochib yumguncha uni ko‘tarib yerga urardi. Bu holdan lolu hayron yerda cho‘zilib yotgan G‘ani qora, o‘rnidan tura-tura, axir biz mushtlashishga kelishgandik-ku, deya tutaqib so‘kinmoqqa tushardi. Bunga javoban Xurram qotma, farqi nima, deganday yelka uchirib qo‘yardi. Bu hol bot takrorlangach, G‘ani qora qo‘l siltab, so‘kina-so‘kina jo‘nab qolar va so‘ng ma’lum muddatgacha qaytib qorasini ko‘rsatmasdi.
G‘ani qoraning o‘ziga qolsa-ku, ikki dunyoda ham u bilan pachakilashib o‘tirmagan, nomardlikning ming bitta usullaridan birini amalda qo‘llab, allaqachonoq Xurram qotmaning tanobini tortib qo‘ygan bo‘lardi-yu, ammo jang paytida doimo narida ko‘lankalanib turadigan G‘ayratdan hayiqardi. Boisi, o‘sha ilk “uchrashuv” yakunidayoq, men oralaringda yo‘qman, ammo mabodo jindek g‘irromlik qilar bo‘lsang, so‘ng mendan o‘pkalanib yurma, deya jiddiy ogohlantirib qo‘ygan. G‘ani qora shuni yaxshi biladiki, bu kabilar aytgan gapini hech qachon havoga sovurmaydi va shuningdek, bunaqalar avvaliga birovga mehr qo‘ymasin, mehr qo‘ydimi, tamom – sodiqlikda itdan o‘tadi. G‘ani qoraning baxtiga, shusiz ham u mojaroga burun tiqayotgani yo‘q, erkaksizlar o‘zlaring hal qilib olaveringlar, deya na unisi, na bunisiga bir og‘iz “bas” demaydi, hatto pivoxonadagi tasodifiy uchrashuv paytida ham bu to‘g‘rida churq etmagan, qaytangga…
G‘ani qora ilk to‘qnashuvning ertasi kuni oqshom mahali muyulishdagi pivoxonaga, odatga ko‘ra, qo‘llari cho‘ntakda, g‘o‘dayib kirib borarkan, ko‘zi bir burchakda yolg‘iz o‘zi pivo ichib o‘tirgan G‘ayratga tushgach, beixtiyor o‘zini juda noqulay his qilgan. Nazdida, kunjakda o‘tirgan bu odam kecha holingni ko‘rdik, endi nimangga buncha gerdayasan, deya miyig‘ida iljayganday tuyulgan. Holbuki, G‘ayrat shunchaki birrovgina qarab qo‘ygandi, xolos. G‘ani qora yo‘q yerdan nam olib, picha ichi tutab turdi-da, so‘ng pivo oldidan yarim stakan aroqni paqqos urib, o‘shaning kuchi bilan, qo‘lida ikki krujka pivo, ataydan G‘ayratning qoshiga borib joylashadi. O‘lganining kunidangina bosh irg‘ab, salomlashgan bo‘ladi.
G‘ayratdan hadeganda sado chiqavermagach, G‘ani qora birinchi krujkani bo‘shatib, ikkinchisiga qo‘l cho‘zarkan, alam to‘la tahdidli ohangda deydi: “U bilan yana ko‘rishaman!” G‘ayrat, ko‘rishsang ko‘rishaver, buning menga nima daxli bor, deganday qanshari ostidan zimdan qarab qo‘yarkan, yigitni bu shashtidan qaytarmoq uchun biron-bir gap aytmoqni xayoliga-da keltirmaydi. Bu xil gap-so‘zlar uning, o‘z ta’biri bilan aytganda, balchiq bosgan qalbiga yoxud zanglagan aqliga yotligi uchun emas, qarshisida ko‘zlari adovat-la chaqnab turgan kimsaga hayfligi bois churq etmaydi.
Birozdan keyin G‘ani qora gavdasini xiyol oldinga eggancha, so‘zlarini tishlari orasidan siqib va sitib deydi: “Agar xohlasam, men uni poroshok qilib tashlayman!” Bunga javoban G‘ayrat, xuddi burgutdek o‘tkir qarash qiladi: “Nahotki!” Keyin asta qaddini tiklab, oshiqmay yonidan buklama pichog‘ini chiqaradi-da, cheti uchgan chinni taqsimchadagi so‘nggi qoqbaliqni bo‘laklarga bo‘ladi – “burdalaydi”. Keyin to‘satdan yovuzlashgan ko‘zlarini G‘ani qoraga o‘qdek qadagancha, taqsimchani u tomon surib, qo‘lidagi tig‘ni namoyishkorona tarzda “shiq” etib yopadi va nigohida ushbu ifoda baralla aks etadi: “Kechagi gap, agar xiyolgina qing‘irlik qilar bo‘lsang, men seni mana shu qoqbaliqdek burdalab tashlayman!” Bu jiddiy va o‘ta dahshatli sha’ma G‘ani qoraning yuragiga battar qutqu solib, tang va zarur onlarda pinhonona qo‘llaydigan qing‘ir amallardan foydalanish imkoniyatlaridan mahrum etgan esa-da, o‘z navbatida, uning izzat-nafsiga qattiq tegadi. Mana endi, anavi yaramas qotma bilan ora ochdi qilmasdan sira iloji yo‘q, agar indamay ketar bo‘lsa, qoshidagi manavi nusxa, birgina do‘qimdanoq “ishtonini ho‘llab qo‘ydi” degan xayolga borishi tayin. Va shusiz ham Xurram qotmani bir yoqli qilmasdan bo‘lak iloji ham yo‘q edi. Negaki, raqibi naq burni ostida bemalol yurarkan, u bu hududda avvalgidek o‘zini xon – ko‘lankasini maydon his eta olmaydi, shuningdek, bora-bora mahalla yigitlari oldida ham bir pullik obro‘yi qolmaydi.
Ushbu sabablarga ko‘ra, G‘ani qora galdagi uchrashuv vaqtida raqibi oldiga quyidagi shartni ko‘ndalang qo‘yadi: “Faqat mushtlashamiz!” Xurram qotma, xo‘p, deganday bo‘ldi-yu, o‘sha-o‘sha ko‘tarib yerga urishini hech kanda qilmadi. Ammo bu ishidan ortiq g‘oliblik hissini tuymaydi, qaytangga olam xira va jirkanch tus olib, tiriklikka nisbatan nafrati ortadi va hatto narida ko‘lankalanib turgan G‘ayrat ham ko‘ziga balodek ko‘rinadi. Bunday kezlarda, beixtiyor, sokinlikka yo‘g‘rilgan qadrdon dashtini, bir-biriga ulanib va mingashib, chuvalanib ketgan pastu baland qirlarni, har biri o‘z nomiga ega bo‘lgan sanoqsiz tepaliklarni, yonbag‘irlik bag‘ridan o‘rin olgan do‘ppidek ovulini, otasi Abdurahmon polvon bilan kurash tushadigan o‘sha ovloq jarlikni, qo‘raning kunchiqish tarafidagi mo‘jaz do‘nglik etagida qo‘nqayib turgan yolg‘iz keksa tut daraxti va har oqshom uning bag‘rida qo‘nim topadigan qushlar chug‘urini, devorsiz hovlilardan ko‘kka o‘rlayotgan tutun va o‘choqdagi o‘t shu’lalarini, sozni qo‘liga yigitlik davrida tutgan bo‘lishiga qaramay, haligicha uni eplab chala bilmaydigan Rahmat otlig‘ qo‘shni cholning ting‘ir-ting‘ir do‘mbira chertishlarini, dam-badam u yer-bu yerdan quloqqa chalinib qoladigan chanqovuz sasini, Karim cholning sibizg‘asi ovozini, sayhonlikda o‘lib-tirilib kurash tushadigan va kattalarning do‘q-po‘pisasiz uy-uylariga tarqalishni xayollariga keltirmaydigan bolalar shovqinini, so‘zlashga erinchoq otasining sokin-sokin boqishlarini, doim g‘ayrati ichiga sig‘may yuradigan ovkar tabiatli Oftob momosining bidir-bidir tergashlari va kunda qaynonasidan bir gap eshitmasa, yegani ichiga tushmaydigan onasining xokisor jilmayishlarini, aytganini vaqtida ado etmagani uchun doim boldirlari momosining xivichidan ko‘karib yuradigan shumtaka ukasini, podadan qaytgan sigirlar mo‘rashi-yu, qo‘y-qo‘zilar ma’rashi va yana ko‘pdan-ko‘p narsalarni qo‘msay boshlaydi. Shunda bu yerda nima qilib yuribman o‘zi, deya hayron bo‘ladi. Savoliga javob qidirganday, beixtiyor, tevarakka razm soladi. Bekatga kirib kelayotgan va chiqib ketayotgan poyezdlar harakatiga, qo‘shimcha yo‘lda vagonlarga yuk ortib, yuk tushirayotgan ishchilarga, qo‘lidagi dastasi uzun va ingichka bolg‘achasi bilan vagon g‘ildiraklarini birma-bir taqillatib, soz-nosozligini tekshirib yurgan tarvuzday yumaloq amakiga birma-bir razm solarkan, yo‘q, bu yer mening joyim emas, degan o‘yga boradi va bundan ko‘ngli battar g‘ussaga to‘lib, bariga etak siltab ketmoqni o‘ylaydi. Ammo shunda daf’atan esiga tushib qoladigan ko‘hlikkina talaba qiz bu o‘yiga izn bermaydi, quralay ko‘zlarini katta-katta ochgancha, meni-chi, deganday bo‘ladi. Qiz xayolini band etishi bilan olam qaytadan charog‘on tortib, hozirgina yakun topgan olishuv ko‘ziga o‘ta jirkanch ko‘rinib, o‘zini dashtdagi och bo‘riday tajovuzkor his etadi. Bu qilig‘imni ko‘rsa, sho‘rlik qiz hayratdan dong qotib qolsa kerak, degan xayolga boradi. Keyinroq esa qalbini alg‘ov-dalg‘ov qilgan bu tuyg‘ularini kim bilandir, jumladan, ijara uydagi hamxonasi Nazar baxshi bilan o‘rtoqlashgisi keladi. U paytda Nazar “baxshi” degan nomdan yiroq, oddiy bir talaba edi. Ammo o‘sha kezlardayoq do‘mbira chertib, o‘zicha dostonu termalarni mashq qilib yurardi. Boshda u Xurram qotmaning “dard”larini jon qulog‘i bilan tinglardi-yu, so‘ng, har galgidek, hanuz o‘ziga qiya boqmay, ishq otashida qovurib kelayotgan qandaydir qizning nomini tutib, oh-voh qilmoqqa tushardi, u haqda to‘qigan termalarni aytib-aytib, mijjalarini yoshlaydi, agar uning muhabbatiga erisholmasam, mana ko‘rasan, bu yolg‘onchi dunyoni o‘z ixtiyorim bilan tark etaman, deya osmonu falakdan keladi. Buni qarangki, Nazar baxshi o‘sha malakning vasliga yetisholmagan esa-da, o‘lmoqni xayoliga ham keltirmadi. Ana, binoyidek yuribdi do‘mbirasini chertib-chertib, katta-kichik davralarni gullatib-gullatib. Darvoqe, institutni bitirgach, u sohasi bo‘yicha bir kun ham ishlamadi, butunlay baxshichilikka yuz burib ketdi. Endilikda bir paytlar o‘zini behad azobga qo‘ygan o‘sha qizni eslamaydi, hatto nominiyam unutib yuborgan.
Xurram qotma esa, aksincha, ko‘hlikkina talaba qiz fojiasini ko‘tara olmay, shaharni bir umrga tark etdi. Ketish oldidan G‘ani qoraning mahalla chekkasidagi tunuka tomli uyiga dov to‘kib bordi va ortiqcha adi-badi qilib turmay, ko‘ksiga bir kalla qo‘yib, uni darvozasi oldiga cho‘ziltirdi-da, shartta iziga qaytdi. Bu orada kutilmaganda otasi ham qazo qildi-yu, undan qolgan katta bir suruvning butun tashvishi uning zimmasiga tushdi.
U G‘ani qorani haligacha kechirolmaganidek, talaba qizni ham hech unuta olmaydi. O‘sha kuni xuddi G‘ani qoradek surlangani uchun ham Salabekni ayab-sayab o‘tirmadi, soniyalar ichida yerga ko‘tarib urdi. Keyin dasturxon tuzab, odatiga ko‘ra, uni choy bilan mehmon qilmoqchi bo‘ldi. Biroq Salabekning ko‘ngliga choyxo‘rlik sig‘madi, maysalar ustida cho‘zilib yotdi-yotdi-da, so‘ng tumtaygancha, hali yana kelaman, deya ketdi-bordi. U qorasini o‘chirishi bilan Xurram qotma dasturxondagi tansiq yemaklarni itlar bilan baham ko‘rdi. Ziyoda bo‘lgani uchun emas, chinakam sadoqati uchun siyladi ularni. Keyin choyni mayda ho‘plab, chuqur o‘yga toldi: “Qiziq, itlarning sodiqligi abadiy bo‘lgani holda, nechun aksariyat odamlarning do‘stligi o‘tkinchi va muvaqqat? Xo‘sh, nima uchun?” Va oradan ikki soatlar o‘tgach, yov quvganday mototsiklini yeldirib kelgan Nazar baxshiga aytgan gapi shu bo‘ldi: “Baxshi, itlar vafosi va sadoqati haqida bitta ibratli terma to‘qing!” Biroq Nazar baxshining qulog‘iga gap kirmadi, uni qandaydir itlar sadoqati emas, bugungi kurash natijasi qiziqtirmoqda edi. Aksiga olib, Xurram qotma sir bermadi: “Kecha shomda oyoqni sal qayirib olgandim, shuningchun bellashib o‘tirmadik, choylashdik. So‘g‘in tinchgina xayrlashdik”. Turgan gap, Nazar baxshi bu gapga inonmadi, Xurram qotma uni ishontirishga urinib o‘tirmadi, xurjunidagi sozni qo‘liga olib, chertmoqqa tushdi.
Bejizga emas, o‘sha ko‘hlikkina talaba qizni eslab-eslab, chertdi.
Uyida chiroyda undan ziyoda bo‘lmish jufti haloli bor ersa-da, nechun hanuz uni unuta olmayotganidan ko‘ngli o‘rtanib-o‘rtanib, chertdi.
Uning fojiasida o‘zini ayblab-ayblab, chertdi.
Shoshqaloq vagon ulovchi yigitni so‘kib-so‘kib, chertdi.
G‘ani qorani yanib-yanib, chertdi.
O‘shanda izidan soyaday ergashib, la’nati vagonni qarovsiz qoldirgan G‘ayratdan o‘pkalanib-o‘pkalanib, chertdi.
Nazar baxshining g‘ashini keltirib-keltirib, chertdi.
Ko‘zlari namlanib-namlanib, xo‘rsinib-xo‘rsinib, chertdi.
Oqibat, Nazar baxshidan eshitgani shu bo‘ldi, sozni eplagan chertadi.
Nazarida, sozni yomon chertmadi.
Bu kuyni shahardan butunlay qaytgan yili, bolaligida otasi tomondan ne bir niyatlarda sovg‘a qilingan, lekin biron marta qo‘lga olinmagan mixdagi do‘mbirani chertib-chertib o‘rgangandi. Aniqrog‘i, yuragida to‘ng‘ib qolgan bor qayg‘u-alamlarini, ko‘zlarini namlab-namlab, ushbu ohanglar qorishmasiga jamlagan edi. Biroq ko‘hlikkina talaba qiz vasliga yetisha olmaganidek, sozga ham butunlay esh bo‘lib ketolmadi. Pirovardida, soz qayta joyiga ilindi, u esa bosh-keti yo‘q yumushlarga berildi. Lekin o‘sha og‘ir kunlardan esdalik bo‘lib ushbu ohanglar qorishmasi qoldi.
Ammo Nazar baxshi uning ko‘zlaridagi namni ilg‘amagandek, u chertgan kuyni ham anglamadi.
* * *
Shahardan qaytgach, Xurram qotmaning ko‘zlari yil davomida tez-tez namlanib-namlanib turdi! Tog‘dagi ko‘zi ochilmagan buloqdek, dam-badam yiltillab-yiltillab turdi!
Buni birov sezdi, birov sezmadi.
Sezganlar, otasi tufayli, deb bildi.
Xurram qotmaning nazarida, botinida dimlanib yotmish bu qayg‘u alamlar tishga silqib, xiyol yengil tortmog‘ining hech bir imkoni yo‘qdek edi. Shu bois, gohi-gohida dala-dashtni to‘ldirib-to‘ldirib, bor ovozda bo‘kirib-bo‘kirib yig‘lamoqni istardi. Biroq yig‘i degani hech kelmasdi, nazdida, ichida dimiqib yotmish bu dardning yig‘iga aylanib, yuzaga toshib chiqmog‘i uchun qandaydir turtki zarur edi. Oxiri o‘sha “turtki” unga nasib etdi. Olis ovuldagi Gulsum otlig‘ qiz bilan bir damgina yuzlashib, iziga qaytarkan, yo‘lda Olatepa yag‘riniga ko‘tarildi. Otini qantarib, yelga yuz tutgancha, uzoq-uzoqlarga ma’yus ko‘z tashlarkan, ufqdagi qator tepaliklar to‘xtab turgan poyezd vagonlaridek ko‘rinib ketdi ko‘ziga. Ana shunda yo‘l bo‘yi o‘zini azoblab kelgan o‘tmish xotiralari qaytadan mavjlanib, botinida dimiqib-dimlanib yotmish “buloq” oxiri ko‘z ochdi, qaynoq ko‘zyoshlari yanoqlarini yuvmoqqa tushdi.
Olis ovuldagi Gulsum otlig‘ qizning ovozi mayin edi.
Ammo shaharlik ko‘hlikkina talaba qizning, holbuki, uning ovozini biron marta eshitmagan esa-da, yo‘q, uning ovozi bunikidan mayinroq edi, deya yig‘ladi.
Gulsum otliq qiz go‘zalroq edi.
Yo‘q, bundan ko‘ra, talaba qiz chiroyliroq edi, deya yig‘ladi.
Gulsum otliq qiz iboli edi.
Yo‘q, bundan ko‘ra, u iboliroq edi, deya yig‘ladi.
U yanoqlarini artmadi.
Yanoqlari yelda quridi.
Yuragini bo‘shatib, yengil tortgach, xayolini bir yerga jamlab, talaba qiz haqida o‘ylab ketdi.
U haqda nima biladi?
Hech narsa!
So‘ng bo‘lg‘usi qaylig‘i Gulsum haqida o‘yladi.
U to‘g‘rida nima biladi?
Hech narsa!
Bilgani – u Abdurahmon polvonning yolg‘iz qizi.
Agar Abdurahmon polvon o‘zining ovkar fe’li tufayli, andishani bir chetga surib, azaliy udumlarni yerparchin qilib, Xurram qotmaning boshini ikkita qilish haqida o‘zi so‘z ochmaganida, u Gulsum otliq qizni aslo bilmasdi.
Bariga otasining do‘sti sababchi bo‘ldi.
Shu bir kelishida Abdurahmon polvonning ko‘zi to‘satdan do‘stining tashqaridagi mixda osig‘liq turgan nimdosh to‘niga tushib qoldi. Asta kelib, uni tutib ko‘rdi. Qachon qarama, do‘stining egnida ushbu to‘nni ko‘rardi. Jo‘rasi shu to‘nini yechib, so‘ng u bilan bellashardi. Abdurahmon polvon, nechun bu tashqariga chiqib qoldi, deya qavatida turgan Oftob momoga yuzlandi. Momodan, “uli kiyar deya obchiquvdim”, degan javobni eshitgach, u to‘nning so‘l yengini beixtiyor nam tortgan mijjalariga bosdi. Keyin ovkarlikda o‘zidan qolishmaydigan momoning yelkasidan quchib, supa tomon boshladi. Normo‘min gungni o‘limidan keyin, ular xuddi ona-boladay juda yaqin bo‘lib qolishgandi. Supaga ko‘tarilib, joylashib o‘tirib olishgach, har safargidek, marhumni eslashdi, ehtirom bilan nomini tilga olishdi, ayrim gaplari va qiliqlarini aytib-aytib, siniq-siniq jilmayishdi. Ana shu orada Abdurahmon polvonning ko‘zi qo‘rada o‘ralashib yurgan Xurram qotmaga tushib qoldi va u tomonga ishora qilib, dedi:
– Manavi nima qip yuribdi, haligacha uylanmay?
– Bilmasam, – dedi momo dabdurustdan nima deyarini bilmay.
– Jo‘ram tirik bo‘lganida, buni buytiblar shitiratib qo‘ymasdi, hadaha boshini ikkita, oyog‘ini to‘rtta qip qo‘yardi!
– Qiz qarab yuribmiz, aylanay, – deya yolg‘onladi momo.
– Qiz qarab nima qilasiz, ana, eshigimda bittasi yuribdi, – dedi Abdurahmon polvon kunbotish tomonga bosh silkib. – Erta-indin biz tomonga sovchilarni haydang, non-pon sindirib qaytishsin!
Bir qarashda, ota tomondan bu gapni aytilishi nojoizdek edi.
Ammo Abdurahmon polvonga joiz edi.
Endilikda u bu oilaning chin do‘sti edi.
Shu bois, Xurram qotmaning boshini juftlab qo‘yishni o‘z burchi deb bildi.
Buni uyat deb bilmadi.
Momo buni tushundi.
Momo bundan behad minnatdor bo‘ldi.
Momo quruqsigan lablarini cho‘chchaytirib, uning oftobda qoraygan va mayda ajin tilimlagan keng manglayidan cho‘lpillatib-cho‘lpillatib o‘pdi. Keyin o‘ng kafti bilan “o‘g‘il” bo‘lmishning keng yelkasini onalarcha silab-siypalab, naridagi nevarasini qoshiga chorladi. Xurram qotma eran-qaran ular qarshisiga kelib bosgach esa, hayajondan ovozi titrab, dedi:
– Bugundan bu ulimga kuyovsan! Endi to‘ygacha izzatini qilib, ulimdan betingni yashirib yur! Buytib oldida betingni tapiraytirib yurma, uyat bo‘ladi!
Xurram qotma daf’atan ne gapligini anglamadi. Anglamagani uchun ham momosidan dakki eshitib, nari ketmoqqa majbur bo‘ldi. Keta-keta, ne gapligiga keyin fahmi yetgan esa-da, o‘choq boshida kuymanayotgan onasidan ne gap o‘zi, deya so‘ragan bo‘ldi. Quvonch va shodlikdan ona sho‘rlikning ko‘zlari g‘iltillab-g‘iltillab, boshingni ikkita qilmoqchimiz, dedi.
Ertasi, gar ko‘hlikkina talaba qizga dilini izhor eta olmagani, uning nazarida, bo‘shanglik qilgani yuragida bir umrlik armon bo‘lib qolmaganida edi, ovkar momosi harchand do‘qlamasin, iymanib, kunbotish tomon cho‘zilib ketgan cho‘ng qirlar ortidagi daryo bo‘yiga, katta ovulga enmog‘i dushvor edi. Shu bois andishani bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, xay, avval borib, betiga bir qarayin, imkoni bo‘lsa, ikki og‘iz so‘zini olayin, so‘g‘in ne gapligini momomga kelib aytayin, kim biladi, balki chindanam peshonamga bitgani shudir, deya jahd-la otlanib yo‘lga chiqdi. Aytilgan manzilni adashmay topdi. Daryo bo‘yidagi qishloq o‘z ovulidan tubdan farq qilarkan, bundagi har bir hovli pastu baland toshdevorlar bilan o‘ralgan ekan. U toshdevor bo‘ylab yurib, yashil darvozaga yetib-etmay to‘xtadi. So‘ng, e-e, Xudo, ishqilib, Abdurahmon polvonga duch kelib qolmayin-da, duch kelsam tozagina uyat ish bo‘ladi-da, deya otdan tushmay, devor ortidan bo‘ylanib turgan yosh olcha daraxti novdalari orasidan asta ichkariga mo‘raladi. Ko‘rdiki, keng va orasta hovlining yarmi bog‘, yarmi bedazor, o‘rtadagi beton yo‘lak to‘rdagi peshayvonli uyga borib tutashgan. Uyning o‘ng biqinidagi yozgi o‘choqboshida bir ayol darvozaga orqa o‘girgancha, endigina tandirdan non uzayotgan ekan. Hovlida ayoldan o‘zga jon ko‘rinmagach, Xurram qotma yanada qiyin ahvolda qoldi, kimdan va qanday qilib so‘raydi qizni? Shunda Yaratganning o‘zi unga ko‘makka keldi – tandir boshidagi ayol shu payt deb qoldi: “Gulsum, qizim, bir kosa suv berib yubor!” Shu zahotiyoq yondagi qishki oshxonaning yarim ochiq eshigida kosa tutgan qiz paydo bo‘ldi. U kosadagi suvni tandir yonidagi yaltiroq tovoqqa ag‘darib, so‘ng yana ichkariga kirib ketdi va lahza o‘tmay ikkita bo‘sh chelak ko‘tarib chiqdi, ayolga nimadir deb, yo‘lak bo‘ylab darvoza tomonga yurdi. Egnidagi odmi ko‘ylagi, boshidagi qizg‘ish durrasi o‘ziga yarashib turgan bu qizga Xurram qotma begonalarcha, hissiz tikildi, yuragida hech bir to‘lqin sezmadi. Betini bir ko‘ray, deb kelgandi, betiga tikildi. Qarasaki, bug‘doyrang, navnihol, ko‘hlikkina qiz ekan. Lekin yuragi o‘sha-o‘sha qilt etmadi. Bu orada darvoza qornidagi kichik eshik “g‘iyq” ochilib, qiz otning naq tumshug‘iga ro‘para bo‘ldi. Qarshisidagi otliq yigitni mehmon gumon qilib, yuziga xushhol tabassum yugurib, dedi: “Keling, aka!” Ovozi muloyim, qarashlari iboli edi. Shunda yigitning yuragi ko‘ksiga sig‘may, birdan tasira-tusur tepina ketdi. Yo‘q, u qizning mayin ovozi yoxud ruxsoridan emas, balki qoshu ko‘zi hamda iboli qarashlari ko‘hlikkina talaba qizga o‘xshabroq ketishidan hayajonga tushgandi. Qiz mezbonlik taomiliga ko‘ra, yana nimadir dedi. Biroq bu orada, xuddi xayolidagi talaba qizga oshkora xiyonat qilayotganidek, Xurram qotmaning shuuri muzlab, qulog‘i tom bitib bo‘lgandi. U beixtiyor otiga achchiq qamchi bosarkan, Gulsum otliq bu qiz talaba qizdan go‘zalroq ekanidan zarracha quvonmadi, qaytangga ko‘ngli vayron, dili abgor bo‘ldi. Gulsum otliq qizni xayolidan nari quvlab-quvlab, ko‘hlikkina talaba qizni o‘ylab-o‘ylab, Olatepaga yetgunga qadar otini qichab, qamchilab-qamchilab haydadi.
Olatepa yag‘riniga ko‘tarilgach, zamin qa’rida o‘zanini topolmay yillar davomida dimlanib yotgan buloq birdan ko‘z ochganday, ichidagi bor alam va qayg‘ulari ko‘zyoshiga aylanib, iliq ko‘klam jalasidek yanoqlarini yuvmoqqa tushdi. Bu “jala” shiddati kuchaygan sari yigitning ruhi yengil tortgandan tortib, beixtiyor tiriklik izmiga bo‘ysungan holda Gulsum qiz haqida o‘ylamoqni boshladi.
Lekin ko‘hlikkina talaba qizni baribir unutolmadi.
Hozir ham unutgani yo‘q.
Ayniqsa, Salabekning tashrifi paytida, talaba qiz turfa ranglar og‘ushida bo‘y rostlab, yuragida sog‘inch hissini qayta qo‘zg‘ab, bor alamlarini uyg‘otardi. Qani endi, ko‘nglidagi bu alamu iztiroblarini raqibiga anglata bilsa. Biroq shunga qaramay, Xurram qotma botiniy bu alamlari uchun Salabekni ko‘pda ayblamaydi. Boisi, or vajidan qora tortib keladigan bu yigitning azoblari o‘zinikidan kam emasligini yaxshi biladi. Shuningdek, uning burungi Salabek emasligi, Nazar baxshi ta’biri bilan aytganidek, allaqachon osmondan yerga tushganini ham biladi.
* * *
Xurram qotma choyni qumg‘onga damlab, shoshilmay maysalar ustiga dasturxon – qizg‘ish belbog‘ini yozdi. Xurjundan ayoli – Gulsum tugib bergan tushlikni oldi. U yoqdan Salabek yemak solingan tugunni ko‘tarib keldi. Kurash oldidan qorinni ko‘p to‘yg‘izmang, aka, dedi.
Ikkisi oshiqmay choylashgan bo‘lishdi.
Ammo har safargidek, gaplari uncha qovushmadi.
Xurram qotmaga qolsa, qani endi, itlariga yemak tashlab, jonivorlar haqida gapirsa, ufqda tobora quyuqlasha boshlagan bulutlarga qarab, bu kech rosa jala quyishi va bahor quyoshidan obdan qizigan yer yomg‘irni o‘ziga yutoqib singdirishi oqibatida o‘t-o‘lanlar yanada baravj bo‘lishi haqida so‘zlasa, so‘ng bilsa chin, bilmasa hazil yo‘sinida, dashtda yurgan mendayin bir cho‘ponni kim ham tanib o‘tiribdi, buytib o‘zingizni qiynab yurmasdan, falonchani allaqachon yerga chalpak qilganman, deya o‘z ko‘nglingizni o‘zingiz shod qilib ketavering-da, inim, desa, bu gapiga javoban Salabek deganlari, xuddi Abdurahmon polvondek, hazilni hazilga ulab, dala-dashtni to‘ldirib-to‘ldirib qah-qah otsa, ana shunda o‘rtada ajib bir iliqlik yuzaga kelib, bellashuv zavqliroq kecharmidi? Bu turqi sovuq esa, go‘yo otasining xunini olgani kelganday, rang ochay demaydi. Shunday bo‘lgach, izzatini qilib o‘tirmaydi-da, tezroq ko‘zimdan daf bo‘li-iy, enag‘ar, deya yerga ko‘tarib uradi-da!
U nomigagina kavshanib o‘tirgan Salabekni yer ostidan zimdan-zimdan kuzatarkan, kutilmagan holda birdan o‘z xatosini anglab yetdi: shoshma, axir otasi do‘sti Abdurahmon polvonni hech vaqt bir zabtdayoq yiqitmasdi-ku, butun kurash davomida ovkar jo‘rasini, kishi bilmas, erkalab-erkalab, obdan holdan toydirib-toydirib, ora-sira nafas rostlamog‘iga izn berib-berib, goho do‘stining ko‘ngli uchungina ana hozir yiqiladiganday, mana hozir yiqiladiganday, tizzanlab-tizzanlab qolgan bo‘lib, shundan keyingina kurashga nuqta qo‘yardi-ku. Ular orasidagi beg‘araz do‘stlikning asl sababi balki shudir?
Shu o‘y miyasiga kelishi bilan Xurram qotma o‘zini taftish qilmoqqa tushdi va pirovardida, yuzaga kelgan holatdan dong qotdi. Yo darig‘, bunday ko‘ksini titkilab ko‘rsa, yigitga nisbatan yuragida tariqcha ham iliqlik yo‘q ekan-ku! Bu sho‘rlikni doimo G‘ani qora o‘rnida tasavvur etib, Alining o‘chini Validan olib kelgan ekan-ku! Axir har kelganida, yuzing-ko‘zing deb turmay, hadeb oyog‘ini osmondan keltirib yerga uravergandan so‘ng, qanaqasiga buning rang-ro‘yi ochilsin! Dashtga ne bir umidda kelib, bir dunyo alam bilan uni tark etadigan odamdan bundan bo‘lak yana nimani kutish mumkin? Bunisi kamdek, avvalo o‘zni yengishni o‘rganing, deya nasihat qilganiga o‘lasanmi! Koshki bunga amal qilmoq shunchalik oson bo‘lsa! Buning uchun kishi avvalo ma’nan kuchli bo‘lmog‘ini bilgani holda, ne sababdan yigitdan yo‘q fazilatlarni talab qilib keldi? Bundan chiqdi, xurjun-xurjun kitob o‘qishga o‘qibdi-yu, aslida esa hech vaqoni uqmabdi-da, xuddi Abdukattaday g‘irt nodonligicha qolaveribdi-da!
Kattagapligi tufayli, nomiga “katta” so‘zi tirkab aytiladigan Abdukattani eslashi bilan ko‘z o‘ngida ushbu manzara jonlanadi: jarlikning so‘l sohilidagi maydonda bir to‘p o‘smir yigitchalar chillak o‘ynamoqda, bir chetda esa allaqachon yigitlik yoshiga yetib qolgan to‘rt-besh nafari davra qurib, qarta chiylashmoqda. Bir mahal qo‘lidagi chillaksop bilan kalta cho‘pni urishga hozirlanayotgan Xurram qotma otliq yigitchaning qulog‘iga quyidagi noxush gap chalinadi.
– Bovom zo‘rlarni zo‘ri bo‘lgan, Ollonazar polvonday zo‘rni doimo eshak qip minib yurgan…
Xurram qotma chillakni zarb bilan urib, o‘sha tomon yuzlanadi va qartabozlar orasida o‘tirgan Abdukattani ko‘radi. Shunda uning ko‘z o‘ngida quyidagi noxush holat jonlanadi: ana, qibla tomondan kuchliroq shamol qo‘zg‘algudek bo‘lsa, oyoqda turolmay, soy tubiga dumalab ketadigan Matqovul chol chillakdek ingichka oyoqlari bilan marhum bobosining biqiniga niqtab-niqtab, qo‘lidagi xalacho‘pning mixli uchini uning yo‘g‘on bo‘yniga nuqib-nuqib, “ix-ix”lab bormoqda… Bu bema’ni gapdan, o‘zidan kattalarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalangan bo‘lishiga qaramay, Xurram qotmaning g‘azabi qaynab, ichidagi “dev” junbushga keladi. Ammo, shunga qaramay, nodon yigitcha o‘zidan uch-to‘rt yosh ulug‘ligini nazarda tutib, qahrini jilovlashga urinadi.
– Uv-v, aka, sal og‘izga egalik qiling! – deydi uning uzr so‘rashini kutib. – Emasam…
– Nima, “emasam”? – deydi Abdukatta balanddan kelib. – Bovong bovomni yelkasida ko‘tarib yurgani, nima, yolg‘onmi? Endi o‘zing bunday tanangga o‘yla, odamni nima ko‘taradi, eshak ko‘taradi-da!
– Lekin kaltakniyam odam emas, eshak yeydi! – deydi Xurram qotma u tomon yurib. – Yaxshilikcha, tezroq gapingizni qaytib oling!
– O-o, shunchalik zo‘rmisan!
O‘sha kuni Abdukatta qatori, ularni ajratish niyatida oraga tushganlar ham Xurram qotmaning shunchaki zo‘r emas, haddan ziyod zo‘rligiga to‘la amin bo‘lishadi. Oqshom esa yuzi-ko‘zi bejalgan Abdukattaning xeshlari dov to‘kib kelishadi. Ammo hech balodan tap tortmas Oftob momosi yeng himargancha, birpasda oqni oqqa, qorani qoraga ajratib tashlaydi va ma’lum bo‘ladiki, jarga sel kelgan kezlari Ollonazar bobosi Matqovul cholni ikki-uch marta yelkasiga opichlab, u sohildan bu sohilga o‘tkazib qo‘ygan ekan. Tabiiy, Matqovul chol buni shunchaki yaxshilik yuzasidan tilga olgan, nodon nevara esa bu voqeaga butunlay boshqacha to‘n bichgan. Ammo bu qilmishi otasi Normo‘min gungga ma’qul kelmagan: “Ulim, shu ishni bekor qipsan, kap-katta yigitni kishi ko‘zida juda o‘sal qipsan!” Biroq o‘shanda Xurram qotma harchand urinmasin, Abdukattani yigit sifatida tasavvur etolmagan. Va haligacha shu – aksariyat kimsalarda yigitning siyratini emas, suratini ko‘radi, xolos. Abdukattaga kelsak, hali-hanuz unga kek saqlab, to‘qson to‘qqiz odim naridan yursa-da, lekin biror tuki o‘zgarmagan – o‘sha-o‘sha nodon va ahmoqligicha qolgan. Bo‘lmaganga bo‘lishma, deb shuni aytsalar kerak-da!
Xurram qotma shularni xayolidan o‘tkazarkan, qoshida xomushtob o‘tirgan Salabekka qayishmoq lozimligini angladi. Odatda, bu xil orkash fe’lli yigitlar turtilib-surtilib bo‘lsa-da, sekin-asta o‘z nuqsonlaridan forixlanib boradi, degan to‘xtamga keldi-da, jilmaygancha, har galgi gapini sekin tilga oldi:
– Him-m, tag‘inmi?
Biroq Salabek bu safar qo‘llarini har ikki yoniga yozib, “ha-a, endi…” demadi, bilib turib so‘raysiz-a, deganday kulimsirabgina qo‘ya qoldi.
Bu gapdan keyin Xurram qotma o‘rnidan yengil qo‘zg‘alib, tevarakka ko‘z soldi, kurash uchun bopda joy qidirdi, so‘ng o‘ziga ma’qul kelgan maydondagi yakkam-dukkam toshlarni chetga tepkilab-sepkilab, joyni hozirlagan bo‘ldi. Keyin egnidagi to‘nni yechib tashlab, allaqachon kurashga shay bo‘lib turgan raqibi tomon yuzlanarkan, orada hozircha botinida tinchgina yotgan “dev”ga quloq tutdi.
Haytovur, jimlik!
Biroq bu jimlik muvaqqat – olg‘a intilishi bilanoq u chaqmoq yanglig‘ uyg‘onadi va oqibat, yigit vujudida raqibini tezroq mag‘lub etish ishtiyoqi jo‘sh urmoqni boshlaydi. Shu bois, Xurram qotma umrida ilk bor unga, ya’ni botinidagi “devkor tuyg‘u”ga yalinishga tushdi, bir galgina o‘z ixtiyorimga qo‘ygin, iltimos, dedi. Lekin “dev” uni tinglamoqni istamadi – raqibining bilagidan tutishi hamonoq, boquvdagi otday yer tepinib, ko‘kka sapchimoqni boshladi. Shu sabab, Xurram qotma, shoshmang, andak o‘zimga kelib olay, deya Salabekni o‘zidan nari itarmoqqa majbur bo‘ldi.
U hayajonini bosgan kishi bo‘lib, bir muddat u yon-bu yon yurdi.
Yana botiniga quloq tutdi.
Xudo “dev”ga insof berganday, u ancha tinchlangandi.
U tag‘in raqibi tomon intildi.
Botinidagi “kuch” tag‘in avjlandi.
U yana raqibidan chetlanishga majbur etdi.
Kaftlari bilan chekkalarini ishqalab-ishqalab, yelkalarini uchirib-uchirib, tag‘in u yon-bu yon yurmoqni boshladi. Uni bu ahvolda hech ko‘rmagan Salabekning hayrati ortdi: “Aka, ishqilib, tan-joningiz sog‘mi?” – deb so‘radi. Xurram qotma, ha, deya yana unga yaqin bordi va xuddi tok urganday tag‘in yigitdan chetlashdi. Bundan Salabek battar ajablandi: “Aka, unda kurashni boshqa kunga qoldira qolaylik, a?” – dedi. Bu safar uning ovozi, kek va adovatdan xoli, do‘stona ohang kasb etdi. Xurram qotma, hozir-hozir, deya ich-ichidan “dev”ga yalinishda davom etarkan, bunga sari, Salabekning nigohidan sovuqlik arib, asliyati – odamiyligi yuzaga tepchib, chinakamiga bezovtalanishga tushdi. Buni qarangki, yigitning ayni shu holati botinidagi “dev”ga juda xush yoqib tushganini Xurram qotma darrov sezdi. Bu esa uning qalbida Salabekka nisbatan ilk iliq tuyg‘ularni chechak otmog‘iga turtki bo‘ldi va u o‘zini ko‘rpa tepishib katta bo‘lgan ukasi bilan kurash tushayotgan akadek his eta boshladi. Bunga sari botinidagi “dev”ning qat’yati yumshay boshladi. Biroq bu o‘ta muvaqqat – u istagan onda misli vulqonday qayta jo‘shmog‘i mumkin edi. Baxtiga, bu daf’a Salabek, burungidek, qahr bilan olg‘a intilmadi, sababkim, Xurram qotmaning bu holatidan hanuz taajjubda, ishqilib, kasal-pasal emasmikan, degan o‘yda edi… Kurash asnosida qo‘llar bir-biriga chirmashdi, issiq tanalar bir-biriga tirmashdi, dimog‘lar qaynoq ter hidini tuydi. Bu esa ular avval tuymagan bir hisni – birodarlik tuyg‘usini yuzaga keltirdi. Natijada, oradagi mavjud qalin muzlik erib, ko‘klam havosi ufura boshladi.
Bu orada yigitlar nafas rostlamoq o‘yida, birdamgina bellashmoqdan tiyildilar.
Xurram qotma kula-kula, uning kuchiga tan bergan bo‘ldi.
Salabekning javobi esa unikidan o‘n karra ziyoda bo‘ldi.
Xurram qotma botiniga quloq tutdi.
“Dev” sukutda edi.
Qiziq, itlar avvalgidek bezovta emasdi, boshlarini oyoqlari ustiga quygancha kurashni bamaylixotir kuzatib yotishardi.
Itlarning bu qilig‘i Xurram qotmaga kor qildi.
Buni Salabekka bildirdi.
Salabek, ishongisi kelmay, jonivorlarga hayratla-hayratla boqdi.
Xurram qotma itlarga mehrla-mehrla tikildi.
Salabek nafasini rostlay-rostlay, mana shu zotdan mengayam bitta topib berasiz, dedi.
Xurram qotma, xo‘p, deya bosh irg‘adi.
So‘ng tag‘in kurashmoqqa tushdilar.
Bu endi avvalgisidan keskin farq qilar, ayni kuchga to‘lgan sho‘x-shodon yigitchalarning sho‘xchan kurashiga o‘xshab ketardi.
Bu safar kurash sal cho‘zildi.
Bu botinidagi “dev”ga uncha xush yoqmay, qayta qo‘zg‘almoqni boshladi. Xurram qotma beixtiyor uning izmiga bo‘ysunib, raqibini o‘ng yonboshiga olgancha, endigina yerdan oyog‘ini uzgan ham ediki, to‘satdan nigohi Yalangtepa ustida haykalday qotib turgan bo‘zotliq – Abdurahmon polvonga tushib qoldi. U kaftini manglayiga qo‘ygancha, ular tomon tikilib turardi. Unga ko‘zi tushishi bilan Xurram qotma qatori, “dev” ham bir lahzaga chalg‘idi. Ushbu chalg‘ish asnosida Xurram qotma, “bas”, deya raqibini o‘zidan nari surdi. Bu holdan Salabek hayron bo‘ldi va qachonki, ko‘zi tepalikdagi suvoriyga tushgach, birdan ne gapligini angladi…
Xurram qotma, kutilmagan mehmon tashrifidan shoshib qolgan mezbon yanglig‘, engil-boshini to‘g‘rilay-to‘g‘rilay, yo‘l-yo‘lakay yerdagi to‘nini egniga ila-ila, qumg‘on tomon jildi va o‘choq yonida turgan ko‘zachani qo‘liga olib, undagi qolgan suvni chamaladi, bir choy qaynatishga yetarmikan?
Salabek uning niyatini fahmlab, ulovi sari yurdi va xurjundan suv to‘la katta yelim idishni qo‘liga olib, Xurram qotma tomon o‘girilib, dedi:
– Yetadimi?
Xurram qotma xushnud jilmaydi:
– O-o, yetganda qandoq!
U qurigan yantoqlarni oyog‘i bilan bosib, yanchib, zichlab choy qaynatishga hozirlik ko‘rarkan, suv to‘la idishni ko‘tarib kelgan Salabekka dedi:
– Endi… mehmon bilan bir choylashib ketasiz-da, inim.
Salabek quyiga enayotgan otliqqa qarab qo‘yib, bosh chayqadi.
– Yo‘q, men boray, sizlar esa bemalol…
Xurram qotma dedi:
– Yana kelasizmi?..
Salabek charm kurtkasini kiya-kiya dedi:
– Kelaman, lekin endi faqat gurunglashgani kelaman!
Abdurahmon polvon yetib kelganida, ko‘ngli kek va adovatdan butunlay forixlangan Salabek allaqachon do‘ngliklar orasiga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi.
Tamom
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-2-son