Qovun-tarvuz paykalining yassi qirga tutash qismida Normat qoraning chaylasi qo‘nqaymagunga qadar jonsarak dala sichqon – Do‘ngkalla o‘zicha quv, o‘zicha baxtiyor edi. Quvligi shundaki, ko‘kdagi va yerdagi turli g‘animlarni o‘z vaqtida payqab, hamisha yashin tezligida bekina bilar, so‘ng esa go‘yo ularni boplab dog‘da qoldira olganidan quvongandek, raqibining qorasi o‘chishi bilan ohistagina chiyillab qo‘yardi. Baxtiyorligiga kelsak, sertarmoq yo‘lak va yo‘lakchalardan iborat mo‘jazgina hududi dashtning ovloq kunjagida, ya’ni podatuyoqlardan xoli yerda joylashgan: bir tomoni tik jarlik, bir tarafi baland tepalik, qolgan qismi esa har yili qovun-tarvuz ekiladigan keng lalmi dashtga tutash bo‘lib, makonini toptaydigan poda tugul, adashgan-uloqqan echki-uloq ham doriy olmasdi bu yoqqa.
Do‘ngkalla, chivindek joniga qaramay, favqulodda tirishqoq, hayratli darajada mehnatkash. U har tong yovvoyi o‘simliklar oralab, chor-tarafga cho‘zilib, tarmoqlanib ketgan katta-kichik yo‘laklarini birin-sirin ko‘zdan kechirib, o‘ta hafsala bilan sarishtalab chiqadi. Albatta, uning bu qadar jonbozligi bejiz emas, negaki, sarishtalik bu turdagi jonivorlar uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib, biror yot jismning yo‘lakda turib qolishi muqarrar o‘lim demakdir, ya’nikim ko‘kdan yoxud yerdan kutilmaganda hamla qilgan g‘animdan qochish paytida ushbu “to‘siq” tufayli osongina o‘ljaga aylanishi mumkin. Shuning uchun Do‘ngkalla no‘xatdek toshu kesakni ham yo‘lakda qoldirmaslikka urinadi.
Bu seryo‘lak hudud unga ona sichqondan meros bo‘lib qolgan. Darvoqe, onasidan xiyla erta judo bo‘lgan Do‘ngkalla tirik qolishning xilma-xil sir-sinoatlarini qismangina onasidan o‘rgangan, qolganlarini esa dasht sichqonlariga xos bo‘lmagan do‘ng manglayini ming bir toshga urib-urib, sekin-astalik bilan o‘zi o‘zlashtira borgan. Shuning uchunmi, hududida pishiq-puxta himoya tizimi – yo‘laklarni yaratish borasida onasidan ko‘ra omilkorroq chiqdi. Onasi tiriklik paytida ehtiyot inlar sanoqli bo‘lganidek, yo‘laklar tarmog‘i ham u qadar serob emasdi. Do‘ngkalla, mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, zahiradagi inlar sonini oshirib, ularni qo‘shimcha yo‘lak hamda to‘ynuklar bilan ta’minlabgina qolmay, tevarakdagi qoyatosh uyumlarini ham o‘z tasarrufiga oldi. Masalan, ilgari janub tomonga cho‘zilgan asosiy yo‘laklardan biri kavrak ostidagi ehtiyot in og‘zida nihoyalanardi. Ammo Do‘ngkalla bunga qanoat etmay, in to‘ridan qo‘shimcha to‘ynuk ochib, mazkur yo‘lakni naridagi toshqalamaga qadar cho‘zdi. Boisi, qoyatoshlar orasidagi chalkash tirqishlar har qanday holatda ham uning joniga ora kira oladi-da. Keyin u avvaliga kovul ostidan, so‘ngra toshqalama poyidan ikki yonga yangi yo‘laklar, ya’ni tutashtiruvchi yo‘lakchalar tizimini bunyod etdi. Xullas, endilikda uning hududi xuddi o‘rgamchik to‘ridek sertarmoq yo‘laklardan iborat bo‘lib, onasi yoxud boshqa turdoshlari ikki dunyoda ham bu xildagi murakkab tizimni yarata olmasligi mumkin edi.
Do‘ngkalla elburutdan voyaga yetib, allaqachon mustaqil yashash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan esa-da, hali-hanuz onasini qumsaydi. Boisi, ona sichqon haddan ziyod g‘amxo‘r edi. Jigargo‘shasini aksariyat hollarda qo‘ziquloq tubidagi iliq inida saqlab, uni tezroq qatorga kiritish o‘yida tinmay parvarishlardi. U onasining serhadik xatti-harakatlaridan yer yuzasi u qadar osoyishta emasligi-yu, g‘animlari bisyor ekanligini o‘sha paytdayoq idrok etishga ulgurgandi. Tabiatan xuddi onasidek o‘ta ziyrak, o‘ta ehtiyotkor edi. Biroq, shu xususiyatlarga ega bo‘lishiga qaramay, onasi kunlardan birida baribir tulkiga yem bo‘ldi. Onasi g‘anim changalida qay tarzda o‘lim topdi, buni tasavvur etmoqqa Do‘ngkalla juda ojiz. Negaki, mazkur fojea haqida uning birdan-bir bilgani shu – o‘sha kuni onasi, damingni chiqarmay, tek o‘tir, deya tulkini chalg‘itish niyatida yo‘lak bo‘ylab chopqilab ketdi-yu, shu bilan boshqa qaytib kelmadi.
U onasini ikki kun kutdi.
Oxiri ochlikka chiday olmay, har safargidek, astagina tishga mo‘raladi. Tumshuqchasini oldinga cho‘zib, bir maydon hid oldi, ya’ni o‘zicha tashqi olamdan boxabar bo‘lgan bo‘ldi. So‘ng o‘pka-gina va sog‘inch qorishiq ohangda chiyillab, onasini yo‘qladi. Halizamon onasi yugurib kelib qoladigandek, o‘t-o‘lanlar oralab ketgan yo‘lakka umidvor tikildi. Ammo zor-intizor kutishlari besamar ketdi – har qancha chorlasa-da, onasidan darak bo‘lmadi. Bu orada ko‘zi qo‘ziquloq yaproqlaridan biriga qo‘nib turgan yashil tusdagi hashoratga tushib qolib, ortiq ochlikka toqat qilolmay, jon halpida unga tashlandi.
Bu uning birinchi ovi, ilk o‘ljasi edi.
Birinchi o‘lja chap ichagiga ham yuq bo‘lmagach, yemak ilinjida, ming bir hadik va qiziqishda ona meros mulkini sekin-asta ko‘zdan kechirmoqqa tushdi. Uning uchun tashqi dunyo ham zavqli, ham g‘oyatda xatarli edi. Hozircha biror xavfni ilg‘amayotgan esa-da, ammo har qadamda xavotir his etgan ko‘yi g‘oyatda sergaklik bilan harakatlanar ekan, turgan gap, bu narsa yo‘lakka to‘kilgan o‘simlik urug‘lari va boshqa don-dunlarni paqqos tushirmoqqa aslo monelik qilmasdi.
Ko‘kda qirg‘iy ko‘lankasi paydo bo‘lganda, u ikkinchi yo‘lak muyulishiga yetib qolgandi. Qushning bejo qanot qoqishidan xavflanib, ura qocharkan, azbaroyi hovliqqanidan, yo‘lakka ko‘ndalang tushib yotgan so‘ligan qo‘ziquloq yaprog‘iga to‘qnashib, umbaloq oshib ketdi. Holbuki, salgina burun uning ustidan bemalol yurib o‘tgan, tevaragida sochilib yotgan uch-to‘rt donni tergilab yegandi. Ushbu qoqilish asnosida yo‘lakni toza tutish lozimligini, aks holda, oqibati juda xunuk bo‘lishini yashin tezligida idrok etarkan, onasi yo‘lakda bu xil yot narsalarning yotmog‘iga sira izn bermasligi yalt etib yodiga tushdi. Bu paytda u onasidan yodgorlik bo‘lib qolgan qo‘shimcha inlardan biriga biqinishga ulgurgan, tumshug‘ini xiyol oldinga cho‘zgancha, quloqlarini ding qilib turardi.
U xavfning nari ketganiga to‘la ishonch hosil qilgach, tag‘in inidan bosh chiqardi. Bu safar yo‘lakdagi yaproqqa adovat-la nazar tashladi, uni zudlik bilan yo‘ldan olib tashlash chorasini o‘yladi. Biroq hali bandi uzilmagan yaproq juda qayishqoq chiqib qoldi. Avval tumshuqchasi bilan turtkilab, so‘ngra tortqilab ko‘rdi – bo‘lmadi. Ana shunda uning birdan fahmi ishlab qoldi va yaproq bandiga o‘zgacha bir jahd bilan og‘iz soldi. “Qaysar” yaproq uning o‘tkir tishchalariga bardosh berolmay, chirt uzilib tushdi. U bundan battar ruhlanib, bargni yo‘lak chetiga surib tashladi. Keyin tozalangan yo‘lak bo‘ylab nari-beri yurib va yugurgilab ko‘rarkan, ich-ichidan mamnunlik hisini tuydi.
Shu-shu, yo‘laklarni saronjam-sarishta tutish uning asosiy yumushiga, o‘zi esa kenggina seryo‘lak hudud egasiga aylandi. Onasi hamda o‘zining sa’y-harakatlari tufayli yuzaga kelgan qator inlar hamda chalkash yo‘laklar uni turli balo-qazolardan asrabgina qolmay, tinchligini ta’min etib kelardi. Afsuski, paykal boshiga tusi uchgan kajavali mototsiklini tarillatib Normat qora ko‘chib keldi-yu, uning tinchiga putur yetdi. Sirasini aytganda, uning halovatiga Normat qora emas, uning o‘n bir yashar kamgap, ko‘zlari o‘ychan nevarasi minib kelgan kulbet eshak raxna soldi.
Bu xil shalpangquloq jonivorni umrida ko‘rmagan Do‘ngkalla dastlab uni dahshatli g‘anim fahmlab, inlaridan biriga biqinib oldi. Uning tezroq daf bo‘lishini toqatla kutdi. Boisi, onda-sonda tepalik yoqalab kelib qoladigan malla tulkiyam, quyidagi do‘nglik bag‘rini makon tutgan tipratikanlar oilasi ham, ahyon-ahyonda bir ko‘rinish beradigan yovuz echkiemar ham, gohida kimgadir nimadir demoqchiday orqa oyog‘i bilan yer tepinib qoladigan qo‘shni kulrang quyon ham, hattoki sustkash toshbaqalar ham, odatda, bu manzilda ortiq darajada hayallab qolmas, aksariyati qanday kelgan bo‘lsa, shunday qorasini o‘chirardi-da. Ammo, mana, kun yarimlayaptiki, manavi yaramas shalpangquloq hech ketay demasdi.
Oxiri Do‘ngkallaning sabr-bardoshi tugab, inidan sirg‘alib chiqdi-da, har lahzada qochmoqqa shay holda, eshakka yaqinroq keldi. Ko‘p o‘tmay shuni fahmlab yetdiki, dam-badam baland ovozda hangrab qo‘yadigan bu bahaybat jonivorning g‘animlik siyohi yo‘q, kelganidan beri yerdan bosh ko‘tarmay, xas-xashakni kart-kurtlatib chimdigani-chimdigan. Shunga qaramay, aniqlik kiritmasdan turib, biror xulosa chiqarish qiyin. U, odati bo‘yicha, hushyorlikni aslo unutmagan ko‘yi, avval asta, so‘ng bor ovozda ataydan chiyillab ko‘rdi. Biroq eshak deganlari unga qayrilib ham qaramadi. Bundan yanada dadil tortib, tag‘in yaqinroq bordi. Mo‘ylovini qimirlatib, qo‘shimcha yo‘lak bo‘ylab nari-beri borib keldi. Ammo shuncha urinsa-da, baribir “g‘anim” diqqatini o‘ziga jalb eta olmadi. Eshak uni yerda yotgan tosh o‘rnida ham ko‘rmadi. Bundan u xiylagina botirlanib, xuddi beozor toshbaqa yoxud hurkak chumchuqlar galasidan cho‘chimaganidek, ortiq undan hayiqmay qo‘ydi.
U eshak bilan andarmon bo‘lib, narida o‘ziga hayrat-la tikilib turgan bolaga ko‘pda e’tibor bermadi. Bolaga kelsak, “dala sichqoni” deb atalmish bu jonivor o‘zining uzunchoq tumshug‘i, to‘qjigarrang boshi, ochsariq tusi hamda o‘zi ko‘rgan va bilgan uy sichqonlariga nisbatan uch baravar kattaligi bilan juda qiziqtirib qo‘ygandi uni. Shu bois bolalarga xos qitmirligi qo‘zib, uni biroz cho‘chitib qo‘ygisi keldi. Biroq bu tur jonivorlar, tabiatan, odam bolasidan ko‘pda hayiqavermaydi, agar indamasang, go‘yo mazax qilganday, ko‘z uzmay tikilib turaveradi. Ammo qo‘lingni salgina bejo sermashing bilan, xuddi yerga kirganday, birdan yo‘q bo‘lib qoladi.
Bola o‘ng oyog‘ini yerga tap-tap urdi.
Sichqon qilt etmadi.
Bola egilib yerdan kesak oldi.
Sichqon holatini o‘zgartirmadi.
Bola qo‘lidagi kesakni otmoq bo‘lib qulochini yozdi.
Sichqon bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bola uni qayta ko‘rmoq istadi.
U boya sichqonga ko‘zi tushishi bilan kavshanishni unutgan qo‘lidagi bodringdan ozgina ushatib, sichqon kirib ketgan in yaqiniga tashladi.
Sichqon ko‘p kuttirmadi.
U inidan mo‘ralash asnosida uzunchoq tumshug‘i bilan havoni hidlab ko‘rdi-da, so‘ng xo‘rak yoniga dadil yugurib keldi. Uni panjalari orasiga olib, xuddi olmaxonday cho‘nqaygan ko‘yi, jag‘larini kulgili qimirlatgancha, kirt-kirt yeyishga kirishdi.
Jonivorning bu qilig‘i bolani butunlay lol qilib qo‘ydi. Qarshisida dala sichqoni emas, haqiqiy olmaxon turganday, unga mahliyo bo‘lib qoldi. Qani endi, bu jonivorni tutib olsa-yu, uyiga olib ketsa, qafasda saqlab, jo‘ralariga ko‘z-ko‘z qilsa! Ammo bu osonlikcha tutqich beradigan jonzodga o‘xshamaydi. Bu yoqda esa bobosi, qani, uyingga jo‘na, deya qistalang qilib turibdi. Bola sichqondan ko‘ngil uzib-uzolmay, noiloj eshagini mindi-da, ovuli tomon jo‘nadi.
U ketgach, Do‘ngkalla alamdan chiyillab yubordi. Buni qarangki, hududining o‘ndan bir qismini yaramas shalpangquloq butunlay yakson qilib tashlabdi.
Bu ne bedodlik!
Butunlay sarosimada qolgan Do‘ngkalla bir necha muddat uzun-qisqa chiyillab turdi-da, so‘ng taqdiriga tan berganday, eshak tuyoqlari ostida ayovsiz toptalgan yo‘laklarni qaytadan sarishtalashga tushdi. Boshda ishi biroz durust ko‘chgandek esa-da, ammo yo‘laklarni to‘ldirgan go‘ng uyumlariga ro‘paro‘ kelgach, ne qilarini bilmay sho‘rlikning boshi qotdi. Bir o‘yi tezaklar uyumini o‘zidek tinib-tinchimas go‘ngqo‘ng‘izlar ixtiyoriga qoldirmoqchi ham bo‘ldi. Biroq qo‘ng‘izlar qachon paydo bo‘ladi-yu, qachon go‘ngni yumaloqlaydi. Agar uning o‘rnida boshqa jonzot bo‘lganida bormi, bu tarzda alamnok chiyillab turmagan, hududining butun qolgan qismi bilan qanoatlanib qo‘ya qolardi. Biroq u osonlikcha jon beradigan jonivor emasdi. Hatto yaqinginada hududiga ega chiqmoqchi bo‘lgan zo‘ravon bir turdoshiga ham osonlikcha bo‘y bermagan, olisha-olisha uni jar tomonga surib tashlagan edi. Shu bois u mehnatdan qochmadi, chog‘i va kuchi yetgancha hududining yakson bo‘lgan qismini epaqaga keltirishga kirishdi.
Biroq oradan ikki kun o‘tib, bola tag‘in eshagini minib keldi-yu, barcha qilgan mehnatlarining ko‘kka sovurilishi xavfi tug‘ildi. Ustiga ustak, bu gal bola xas-xashakning mo‘lligini ko‘zda tutib, eshagining qozig‘ini yanada ichkariroqqa – Do‘ngkalla hududining qoq markaziga qoqdi. Ammo chayla tomonga bir necha odim yurishga ulgurmay, bezovta chiy-chiydan xayoli bo‘linib, ortiga o‘girildi. Qarasaki, kechagi g‘aroyib sichqon kavrak ortidan bo‘ynini cho‘zgancha, eshagiga norozi, o‘ta norozi boqib turibdi. Ana, u joyida tek turolmay, kavrakning bu tomoniga o‘tdi-da, yanada balandroq ovozda chiyilladi. Qani endi, chog‘i yetsa-yu, eshakka hamla qilsa, uni yeridan haydab solsa. Tabiiy, bu safar ham bola hech narsaga tushunmadi va buning sababini bobosidan so‘rashga majbur bo‘ldi.
– Eshagingni uning yeriga qantaribsan-da, – dedi Normat qora odatiga xos beparvo yo‘sinda, – shundan norozi u.
– Iya, sichqonlarning ham yeri bo‘ladimi? – bu bola uchun kutilmagan yangilik edi.
– Tirik jon borki, barining o‘z yeri, o‘zi mulki bo‘ladi.
– Nima qilay unda? – dedi bola eshagini boshqa yerga jildirishni nazarda tutib.
– Hech narsa, o‘zi tinib, o‘zi tinchib qoladi.
Bola jonivorning chorasiz va jonsarak holatini qayta ko‘z oldiga keltirarkan, bu fikrga qo‘shilmoqni istamadi. U yo‘lga hozirlanayotgan bobo ko‘nglida sichqonga nisbatan andakkina bo‘lsa-da, iliqlik uyg‘otish umidida dedi:
– Lekin o‘zini tutishi xuddi olmaxonga o‘xshab ketarkan…
– O‘xshamay ketsin, – deya to‘ng‘illadi Normat qora, – hademay paykal oralab, qovun-tarvuzlarni teshib, toza garang qiladi bizni u.
– Odamga xuddi tushunganday tikilib turarkan… – dedi bola bo‘sh kelgisi kelmay.
– Unda bir-biringga tikilib o‘tiraveringlar…
Normat qora mototsiklini tarillatib, ensiz yo‘ldan quyiga enib ketgach, bola eshagi yoniga qaytdi. Sho‘rlik sichqonni o‘sha-o‘sha besaronjam holatda ko‘rib, picha o‘yga botib turdi-da, so‘ng ichki bir undovga bo‘ysinib, eshakni joyidan jildirib, toshqalama ortidagi chog‘roq sayhonlikka oborib qantardi. Keyin o‘zi sekin iziga qaytib, bo‘ylangancha, jonivorning xatti-harakatlarini qiziqish-la kuzatmoqqa tushdi. Ko‘p o‘tmay hayratdan og‘zi lang ochilib qoldi. Boisi, uning qarshisida g‘aroyib bir olam yuz ochgan bo‘lib, o‘tgan safar olmaxonga o‘xshashligi bilan e’tiborini tortgan bu mo‘jazgina olam egasi endilikda favqulodda ishchanligi va tirishqoqligi bilan uning aqlini shoshirib qo‘ygandi. Bola oldi-ortiga qaramay, g‘oyatda epchilik bilan yo‘lak tozalayotgan jonivorning o‘ziga xos chapdast xatti-harakatlarini hang-mang kuzatarkan, beixtiyor pichirladi: “Vuy, ko‘zingdan, buyam ish qilishni bilarkan-a!”
Keyingi safar bola eshagini quyiga qantarib keldi.
Eskigan chakki xaltani don-dunga to‘ldirib olgandi.
– Bu nimasi? – Normat qora hayron bo‘ldi.
– Bundan keyin u sizning qovun-tarvuzingizga tegmaydi, – dedi bola xaltani chayla kunjagiga joylashtirib.
– Dorilanganmi?
– Yo‘q.
– Unda qanaqasiga?..
– Men… u bilan kelishib oldim.
Normat qora, hazil qilayaptimi bu, degan ma’noda u tomon o‘girildi. Yo‘q, kamgap nevara, odatdagidek, juda jiddiy edi.
U saldan so‘ng cho‘ntagiga bir chimdim don solgancha, Do‘ngkalla hududi tomon jildi. Normat qora esa bolakayning izidan hayron termulib qoldi.
2016 yil
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 6-son