Bola do‘ngda bobosi Norboy cholni kun qaytgandan beri kutadi. Choldan esa hanuz darak yo‘q.
Bola bundan siqilsa-da, lekin ajablanmaydi. Ora-sira qishloq tomonga ko‘z tashlab, Bozor tog‘am qo‘ymayotgan chiqar, deb o‘ylaydi. Nega deganda, Bozor tog‘asi jahldor odam, cholning do‘ngda qo‘nqayib, qotgan non shimib o‘tirishini yoqtirmaydi. Kishilar oldida nomusga o‘ldirayapsiz meni, deydi. Uning gapida jon bor, qishloq ahli bo‘lak mavzu qurib qolganday, keyingi paytda nuqul cholning g‘iybatini qiladigan bo‘lishgan.
— Norboy chol o‘libdi, kuni qotgan nonga qolibdi.
— Nonni o‘g‘li, kelinidan bekitib yerkan.
— Aytdim-a, buncha ozib-to‘zib ketdi deb. Boquvning mazasi yo‘q ekan-da?
— Qariganingdan keyin shu-da, nafas olishing ham birovga malol kelib qoladi.
— Kampir o‘ldiyu choldan putur ketdi.
— Unga qiyin, tengqurlari yo‘q, boyo‘g‘liday bo‘zrayib bir o‘zi qoldi.
— O‘lsa, izidan izillab yig‘lagandan ko‘ra, hozir duosini olib qolish kerak cholning.
— Bu gapingni borib Bozorga ayt.
— Aytaman, kerak bo‘lsa, qizigayam aytaman.
Cholning esa bu xil past-baland gaplar bilan ishi yo‘q. Kunning tafti sal pasayishi bilan hassasini do‘qillatib, qishloq biqinidagi do‘nglikka chiqib keladi. Yerga cho‘kib, og‘ir uh tortarkan, o‘zicha g‘udranib qo‘yadi: «Voy jonimi-iy, tozayam siqilib ketdim-a uyda». So‘ng hassasini tizzalari orasiga olib, oshiqmay qo‘yniga qo‘l yuboradi. Timirskilanib, cho‘ntagidan nimadir qidiradi. Chetdan kuzatgan odamga nosqovog‘ini izlayotganday tuyulishi mumkin. Yo‘q, cholning qo‘lida nosqovoq emas, hamisha suvi qochgan bir bo‘lak non bo‘ladi. U nonni og‘ziga olib borishdan avval obdon o‘ngu tersiga razm soladi, puf-puflab gardu gurddan tozalagan bo‘ladi, so‘ng tishsiz milklari orasiga olib, ko‘zlarini yarim yumgancha, tamshanib-tamshanib shimishga tushadi. Namlangan non uvoqlarini yamlamay yutadi. Qavatida tizzalarini quchib o‘tirgan bolaga gohida shunday deb qo‘yadi.
— Qotgan non yurakning selini oladi, ulim.
Chol yemak bilan andarmondek ko‘rinsa-da, aslida ikki ko‘zi kunbotishga cho‘zilgan toshyo‘lda bo‘ladi. Yo‘lda biror qorani ilg‘ashi bilan non shimishdan to‘xtab, sergak tortadi.
— Qara-chi, anavu kelayotgan Muso tog‘ang emasmi?
Muso — cholning ikkinchi o‘g‘li.
U uzoq shaharda turishiga qaramay, cholni ko‘rgani tez-tez qishloqqa kelib turadi. Enasining o‘limidan so‘ng cholni shaharga olib ketmoqqa ko‘p urinib ko‘rdi. Biroq Norboy chol deganlari halimdek yumshoq, musichadek beozor ko‘ringani bilan o‘ziga yetgancha qaysar — ketishga unamadi. Shuning uchun Muso avvalgidan ko‘ra serqatnov, gohida o‘zidek kamsuqum, xushro‘ygina ayoli bilan keladi. Har qishloqqa kelganida cholni o‘zi yuvintirib, o‘zi kiyintirib ketadi. Og‘ziga tansiq yemaklar tutadi. Bolaning nazarida, chol ko‘rinishiyoq odamning ishtahasini qo‘zg‘aydigan shirin taomlarga nisbatan qotgan nonni afzal ko‘radiganday. U lablarini cho‘lpillatib, qotgan non bo‘lagini shu qadar uzoq, shu qadar huzur qilib shimiydiki, zerikkanidan bolaning yuragi tars yorilay deydi. Ba’zida do‘nglikka to‘rsillab-gursillab Bozor tog‘asi chiqib keladi.
— Ota, nima o‘tirish bu, a?! — deydi achchiqlanib. — Ko‘rgan ko‘z nima deydi? Qishloqda bosh ko‘tarib yurolmay qoldik-ku! Turing, uyga boring!
— Yo‘q, — deydi chol sarkash ohangda. — Ukangni kutayapman.
— Kechagina kelib ketdi-ku, — Bozor uning egnidagi ohorli libosiga ishora qiladi. — Kecha sizni o‘zi yuvintirib-kiyintirib, fason qip ketdi-ku. Nima, darrov esingizdan chiqdimi?
Kechagi kunni chol unutgan, buguni bilan yashaydi. Shuning uchun boshida g‘o‘ddayib turgan o‘g‘lining gap-so‘zlariga ortiq e’tibor bermaydi. Ufqqa sanchilgan toshyo‘lga ilhaq termulib o‘tiraveradi. Faqat non shimimoqdan o‘zini tiyadi, xuddi qo‘lidagini birov tortib olib qo‘yadiganday, yemakni kaftlari orasiga yashiradi. Tog‘asining dag‘dag‘asi cholga ta’sir qilmasligini yaxshi bilgan bola uning tezroq ketishini istaydi. Tog‘asining qorasi o‘chishi bilan u bobosiga suykalib, egnidagi ohorli libosini to‘yib-to‘yib hidlaydi. Chol qotgan nonni suyganday, u yangi gazmol hidiga o‘ch. Biroq ikki-uch kundan so‘ng bola sevgan hiddan asar ham qolmaydi. Cholning kiyimlari uniqib, undan ter isi anqiy boshlaydi. Bu holdan Muso tog‘asining qattiq aziyat chekishidan boxabar bolaning yuragiga tashvish oralaydi. Cholni aldab-suldab naridagi pastak qir yoqalab o‘tgan Toshlisoyga olib tushadi. Uni quyosh taftida qizigan toshlardan biriga o‘tqizib qo‘yib, egnidagi jiydasi-yu yaktagini sidirib oladi. Quyosh nuri cholning keksaygan suyagiga xush yoqqandek, uning bu harakatlariga ko‘pda monelik qilmaydi. Qitig‘i kelganday qih-qihlab kulib qo‘yadi, xolos. Bola ter hidi o‘tirib qolgan kiyimlarni o‘ta uquvsizlarcha yuvarkan, o‘ziga kalakaomuz iljayib qarab turgan cholga ko‘z qirini tashlab, beixtiyor uning tezroq o‘lishini istaydi. Kiri malol kelganidan emas, ko‘hnargan buyumdek yaqinlarining e’tiboridan mosuvo bo‘lganidan o‘kinib, shu xayolga boradi va so‘ng bu o‘yidan o‘zi qo‘rqib ketadi. Unga ortiq qaramaslikka tirishadi. Chol esa terisi halviragan oq badanini qoqsuyak barmoqlari bilan qashlab, silab-siypalab yana qih-qihlaydi. Epsizlarcha kir yuvayotgan bolaning harakatlarini masxaralab kulishda davom etarkan, deydi:
— Bu ishing bo‘madi. Undan ko‘ra meni biror jar-parga olibor-da, itarib yubor.
Bola qovoq osib, to‘ng‘illaydi.
— Yo‘q, hech qachon!
— Mendan enang bezor, tog‘ang bezor, hamma bezor, nima qilasan kirimni yuvib. Birato‘la qutulib qo‘ya qolasan deyman-da.
— Muso tog‘am sizni yaxshi ko‘radi.
— Sen-chi?
— Yomon ko‘raman.
— E, nechun? — chol battar qih-qihlaydi.
— Jardan itarib yubor deganingiz uchun.
— Itarib yubormaysanmi?
— Yo‘q!
— Itarib yuboraqol, — chol bu safar ermaklab emas, erkalanib kuladi.
— Yo‘q dedim-ku sizga! — bola chinqirib yuboradi.
— O‘zimning ulimdan-da!
— Men sizga ul bo‘lmayman endi, — bola tumshayib toshlardan biriga cho‘kadi. — Kiringizniyam yuvmayman.
— Eya, nimaga endi? — chol ajablangan bo‘ladi.
— O‘sha… o‘sha gapingiz uchun, — bola beixtiyor qo‘lidagi kirni eza boshlaydi. — Muso tog‘am kelsin, barini aytib beraman.
— Muso tog‘ang qiynalib ketdi-da, ulim, — chol jiddiy tortib, badanini siypalashdan to‘xtaydi. — Bola bechora meni deb hamma bilan qirqpichoq bo‘layapti. Uzilishib ketmasin deb qo‘rqaman.
Bola nima deyarini bilmay boshini egadi. Muso tog‘asini tinimsiz qaqshatadigan Bozor tog‘asini-yu enasini yomon ko‘rib ketadi. Ularni qo‘lidagi suvi silqib turgan kir yaktak o‘rnida tasavvur etib, obdon ezg‘ilagisi, qoqib-suqib, eslarini kiritib qo‘ygisi keladi. Keyin bu ish qo‘lidan kelmasligini anglaganday, cholga gunohkorona jovdirab qaraydi. Chol esa endi uni unutgan, toshlar oralab oqayotgan suvga xayolchan termulib qolgan, go‘yo umrning o‘tkinchiligini, oqar suvday tezobligini endi fahmlab yetganday, mahzun xayolga botgan bo‘ladi. U aka-ukalar jiqqillashgan kezlari ham mana shu tarzda xayolga cho‘madi. Lablari chetida esa ermaklovchi bir tabassum qanot qoqay-qoqay deb turadi. Biroq bu tabassumni boladan o‘zga hech kim payqamaydi. Negaki, bu paytda Bozor tog‘asi payqaydigan ahvolda bo‘lmaydi: «Ota faqat menga kerakmi, a? — deya baqiradi qo‘llarini paxsa qilib. — Ana, qiziyam qarasin, yasanib-tusanib, to‘yma-to‘y yurguncha! Axir bir yangang qay biriga bo‘sin, ro‘zg‘orga qarasinmi, yo… Qiynalib ketdi-ku u sho‘rlik!» Muso tog‘asi enasiga ro‘paro‘ kelganida, uning zardasi Bozor tog‘asinikidan oshsa oshadiki, kam bo‘lmaydi: «Otam bechoraning nafaqasi yaxshi-yu, o‘zi yomon bo‘p qoldimi, — deydi qalin qoshlarini chimirib. — Qarasin, beliga tosh tegmagan o‘sha Oysanam semiz…» Enasi so‘zga chechan ayol, gap deganlarini tandir boshidagi o‘tinday qalashtirib tashlaydi. Shunda Muso tog‘asining boshiga kutilmaganda bir og‘riq kiradi, har holda bolaga shunday tuyuladi. U bu og‘riqqa chidayolmay, boshini changallagancha u yon-bu yon tebranadi. Ingrashadi, ingrashgandayam yomon ingrashadi, so‘ngra bu adadsiz dardga chidamoqqa bardoshi yetmagandek, to‘yqusdan qo‘llarini ko‘kka ko‘targancha, alamli hayqirib yuboradi:
— Jaholat! Oh-h, qanchalik jaholat!
Bola bu so‘zning ma’nosi neligini anglayolmasa-da, tusi va sovuqligini butun vujudi bilan his etadi. Nazarida, so‘zga jamlangan harflar tog‘asining ko‘kka yoyilgan barmoqlari orasidan sitilib, sochilib, qishloq uzra mahobatli qoramtir qoya yanglig‘ qad rostlagandek tuyuladi. Harflar shaklidagi bu dahshatli qoyalar halizamon naq ustiga qulaydigandek, u nozik yelkalarini qisib, ko‘zlarini chirt yumib oladi. Quloqlari esa odatdagidan tashqari ding — qudratli bir to‘fonni kutadi. Biroq to‘fon o‘rniga dardchil bir nidoni eshitadi. Ajabsinib ko‘zlarini ochadi va ko‘radiki, hozirgina hovlini boshiga ko‘tarib hayqirgan Muso tog‘asining boyagi vajohatidan asar ham yo‘q — tuzalmas bemor qoshida nochor qolgan odamdek, shalvirabgina turibdi. Keyingi harakati esa bundan-da battar aftodahollik kasb etadi. Ezilgan, ezilib ketgan bir ahvolda asta cho‘ntagiga qo‘l yuborib deydi: «O‘sha zormandani men beray sizga, opa…»
Opa bo‘lmish, kerakmas, deb to‘ng‘illasa-da, pulni oladi. Bu qilig‘ini yo‘q yerdagi bahonalar bilan haspo‘shlashga urinadi. Muso uni eshitmaydi, boshini ekkancha darvoza tomon yuradi. Qarshisida pochchasi Yomonqul paydo bo‘ladi. U qaynisi bilan iliq-issiq ko‘rishadi. Siz hech alag‘da bo‘lmang, bu ishni o‘zim nazoratga olaman, deydi. Muso sodda, mehri tovlanib pochchasining yelkasidan quchadi. Bu g‘idi-bidilarning bir chetida aslida pochchasi turganini xayoliga ham keltirmaydi.
Yomonqul tabiatan pismiq odam. O‘tgan yili ko‘klamda qaynog‘asi Bozordan kaltak yeganidan beri ayolining urug‘iga zimdan adovat saqlab keladi. Oqshom ko‘pchigan xamirday bo‘lib, supada yonboshlab yotarkan, sekingina pisillaydi.
— Shu… odamlarda hech insof qolmayapti-da, nafaqani akang olsa-yu, boboyga sen qarasang, bir tovuqqa ham suv, ham don kerak deganday… odamlar yomon bo‘p ketdi, — Yomonqul bu gaplarni shunchaki aytganday bo‘ladi. Aytgandayam tepasidagi ishkomga tikilib aytadi. So‘ng qo‘shib qo‘yadi: — Shu-u bu yil uzumning sal cho‘g‘i pastroqmi deyman, xotin?
Ayolni esa uzumning cho‘g‘i emas, shuningdek, cholning nafaqa pulini qurtdek sanab olayotgan akasining qilmishlariyam emas, yaqinda yig‘inda tog‘orasiga arzimagan mato qo‘yib qaytargan yangasi Oysanam semizning qilig‘i ko‘proq qiziqtiradi, ya’ni erining gapi hali eskirib ulgurmagan alamini qayta yodiga tushiradi.
Yomonqul esa endi go‘ng, uzumu ishkomniyam unutgan, chakagi ochilgan ayolining gaplarini eshitmaydi — go‘yo pinakka ketgan. Ayoli yangasi Oysanam semizning ustiga bearmon mag‘zava ag‘darishda davom etarkan, orada bo‘y bermas, qaysar cholniyam yanib o‘tadi: Ko‘chibgina kela qolsa, o‘shalarga zor qip qo‘ymasdim. O‘zim qarardim, oq yuvib-oq tarardim! Yo‘q, kelishni xayoliga keltirmaydi. Xuddi qizining uyidan ilon chiqqanday, bir piyola choyimni zo‘rg‘a ichib, hadaha ulinikiga qochishga tushadi. Ana, Mamarayim qiyshiq ulinikida emas, qizinikida turibdi-ku. Odamlar gap qilsa qilibdi-da, nima, biror yeri kamayib qolarmidi. Binoyidek yashab yuribdi qizinikida, nevaralariga qarabgina. Bu kishim esa biznikida turishdan or qilarmish, qizining tizza bo‘yi yog‘liqqina oshidan ulining shildir sho‘rvasi afzal emish. Tavba, go‘rga kiray deb turgan odamning noz qilishiga balo bormi!»
Yomonqul ayolining shang‘illashidan uyg‘onib ketgan bo‘ladi. Anqovsiraydi va ko‘zlarini pirpiratib, sekingina yana olovga kerosin sepadi: «Ha-a, mehribonlikda senga teng keladigani yo‘q, topganingni otangning og‘ziga tutasan.» Ayol jigarlaridan yegan katta-kichik alamlarini esga olib, battar sannashda davom etadi. Yomonqul yo‘liga uni insofga chaqirgan bo‘ladi. Ammo ayoli endi osonlikcha tinchimaydi — o‘zi yonib, o‘zi o‘chmaguncha hovuridan tushmaydi.
Bu xil holat ko‘proq qishloqqa Sodiq pochtachi oralagan kuni ro‘y beradi. U tarqatgan nafaqa puli Yomonqulga negadir ko‘p ko‘rinadi. Ayniqsa, bu pulni qaynog‘asi Bozorning qo‘lida ko‘rsa, ichi o‘z-o‘zidan yonib ketaveradi.
Chol esa bu kabi ahmoqona g‘idi-bidilarga hamisha beparvo, nimtabassum-la qotgan nonini shimib o‘tiraveradi.
Bola do‘ngda cholni kutib zerikdi.
Bir o‘yi, nima gapligini bilish uchun tog‘asining uyiga bormoqni xayol qildi. Biroq enasi bilan urushig‘li yangasining sovuq qarashlarini ko‘z oldiga keltirib, bu niyatidan qaytdi. Kerishgancha qishloqqa ilhaq tikildi. Bozor tog‘asining hovlisi quyuq daraxtzor ortida, do‘ngdan ko‘zga tashlanmaydi. Xuddi shu payt daraxtzorga tutash ko‘chada tog‘asining mahmadona qizlaridan biri paydo bo‘ldi. U it quvlagandek yugurib kelardi. Ko‘cha yuzidagi tovuqlarni hurkitib, «Qo‘ng‘iroqcha» laqabli ushoq, oppoq kuchukchani akillatgancha, besh uy beridagi kattakon yashil darvozaga yetadi. Uni kuch bilan taqillatadi. Hamisha qiyin ochiladigan darvoza nolakor g‘iyqillab avval qiya, so‘ng kengroq ochilib, uning qarshisida ammasining tajangtob qiyofasi namoyon bo‘ladi. Amma uyidagilar ta’siri tufayli keyingi vaqtda salomniyam yig‘ishtirib qo‘ygan jiyaniga hayron tikilarkan, lahzaning yuzdan bir ulushida xayolidan o‘tgani shu bo‘ladi. Shu qiz tug‘ilganida amma sifatida qanchalik quvonmagandi u. Tuyg‘ulari marvarid yanglig‘ go‘zal va serjilo edi. Ajab, bu tuyg‘ular ustiga qachon gard o‘tira qoldi ekan? Gohida u o‘sha yoqimsiz gardni yengil bir himo bilan sidirib tashlab, qalbining qay bir burchiga yashiringan serjilo tuyg‘ular yog‘dusidan bahra olgisi keladi. Biroq yuragiga qo‘rg‘oshinday quyilgan adovat bunga monelik qiladi. Hozir ham u adovatni o‘ziga esh va qadrdon bilib, jiyaniga o‘qrayib qaraydi. Darvozani ilkis qoqib, cho‘chitib yuborgani uchun nordon so‘zlar bilan siylamoqni o‘ylaydi. Biroq halizamon uylarida yuz berishi ehtimoli bo‘lgan musibatdan gangib qolgan qiz uning qovoq-tumshug‘iga qarab o‘tiradigan ahvolda emasdi. Ammasini ko‘rishi bilan mijjalariga qalqigan ko‘z yoshlarini tiyib-tiymay, «Bobom… tezroq yuring…», degancha iziga buriladi. Qizning yanoqlariga dumalagan ko‘zyoshlari ayolning yuragidagi adovatni yuvib, qisqa muddatga bo‘lsa-da, qon-qarindoshlik tuyg‘usini qayta uyg‘otadi. U oxir-oqibati yo‘qlik ermish bu bevafo dunyoda jigarlari bilan nimani talashib-tortishganini eslayolmayotganday, eslagan taqdirdayam maqsad va mohiyatini to‘la anglashga qurbi yetmayotganday bir muddat serrayib turarkan, agar narida tovuqlarni hurkitib, kuchukchani akillatib chopqillab ketayotgan jiyaniga yetishmasa, g‘amdan adoyib-tamom bo‘ladigandek, uning ortidan yugura ketadi.
Do‘ngda o‘tirgan bolaga enasining avval yo‘rg‘alab, so‘ng lo‘killab chopishi qiziq tuyuladi. Uning bu qadar hovliqishidan yuragi nimadir sezganday bo‘ladi. Va beixtiyor bobosining kechagi gaplarini eslaydi.
— Momong chaqirib qo‘ymayapti, ulim, — degandi chol. — Musodan esa darak yo‘q.
— Yaqinda kep ketdi-ku, bovojon.
— Musoga tez xabar beringlar, — chol yo‘lga mahzun tikiladi. — Otangning safari qaribdi denglar.
Chol yo‘ldan ko‘z uzmagan ko‘yi, qo‘lidagi non bo‘lagini og‘ziga olib boradi. Tamshanib, shima boshlaydi. Ivigan non ushoqlari soqoliga ilashadi, yerga sochiladi. Uni zimdan kuzatib o‘tirgan bolaning esa yig‘lagisi keladi. Men hech qachon bovo bo‘lmayman, bovo bo‘lish juda yomon ekan, deb o‘ylaydi.
Xayolini cholning jonsarak ovozi bo‘ladi.
— Anovu kelayotgan Muso tog‘ang emasmi?
— Yo‘q, Qalandar amaki, — deydi bola va har doimgidek izoh beradi. — Muso tog‘am piyoda emas, moshinda keladi. O‘zining moshini bor-ku.
— E-e, Qo‘zivoyning ulimi? — chol har galgidek mashina haqidagi gapga e’tibor bermaydi. — Uning bizga uzoq qarindoshligi bor. Ko‘rishganingda salomingni ayama. Bular o‘zi urug‘i bilan durust odamlar. Otangga o‘xshab pismiq emas.
Bu gapdan bolaning qovog‘i osildi. Lekin indamaydi.
Kechayam u, odatdagidek, cholni tog‘asining darvozasigacha kuzatib borgan. Ichkariga kirishga yangasidan hayiqqan. O‘zi cho‘chiydigan xonadonda bobosini yolg‘iz qoldirib ketganidan ichi achib, enasiga yalingan.
— Ena, bobomni uyga olib kelaylik.
— Yo‘q, bizning uydan ilon chiqqan, chayon chiqqan, kelmaydi bobong, — degan enasi bobillab.
Otasiga aytishdan foyda yo‘q. Bu to‘g‘rida gap ochilishi bilan negadir u hali bog‘dan, hali tog‘dan kela boshlaydi va juda bo‘lmasa, bolani biror yumushga buyuradi.
— Ko‘p bidillamay, bor, mollarga qara!
Bu safar bola hech narsani o‘ylab o‘tirmadi. Enasi gavdasiga mos bo‘lmagan lo‘killashda daraxtlar ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan oyog‘ini qo‘liga oldi. Qoqilib-suqilib chopdi. Bovom o‘lib qolgan bo‘lsa-ya, degan hadikda yig‘lamsirab chopdi.
Lang ochiq darvozadan uchib kirdi.
Hovli suv quygandek jim-jit edi.
U hovli etagidagi hujra tomon oshiqdi. Ostonaga qoqilib, munkib ketarkan, to‘rda cho‘zilib yotgan cholga-yu, uni tevaraklab o‘tirgan xeshlariga ko‘zi tushib, baqirib yubordi.
— Bovojon!
— Muso! — chol shovqinni eshitib ingrandi. — Keldingmi, bolam!?
— Xabar berdik, hademay yetib keladi, — dedi Bozor tog‘asi g‘o‘ldirab.
— Muso! — cholning ovozi bu gal juda zaif chiqdi. — Muso-o!
Cholning boshiga borishiga bolani qo‘ymadilar. Qo‘rqasan, mumkin emas, deb haydab soldilar.
Ertasi tong-azonda qishloq sukunatini yig‘i ovozi buzdi.
Bola yuzini chala-chulpa yuva solib, tog‘asinikiga oshiqdi.
U gangib, supada to‘p bo‘lib yig‘layotgan xeshlari safiga borib qo‘shilganini sezmay qoldi. Kimdir sekin shipshidi.
— Izillab yig‘la! Ovozing boricha yig‘la!
— Emasam, odamlar uyat qiladi, — dedi boshqa biri. — Axir bovongni yaxshi ko‘rarding-ku. Qani, bir bovomla-chi!
Cholning xesh-aqrobalari-yu nevaralari juda ko‘pligi o‘sha kuni bilindi. Tayoq tutganlar serobligidan supada joy yetishmaydi. Qisqasi, keng hovlining deyarli chorak qismini tayoq tutganlar egalladi. Biroq ular orasida faqat ikki kishigina chinakamiga yosh to‘kardi. Biri — Muso, ikkinchisi esa, bola. Ammo u Muso tog‘asi kabi ayriliqdan emas, quvonchdan yig‘lardi. Mana endi bovosini hech kim jerkimaydi, siltalamaydi, uyatga qoldiryapsiz, deb qo‘lidagi burda nonini tortib olmaydi.
Bola ezilib-ezilib, quvonib-quvonib yig‘lardi. Aytib-aytib, ichida esa kimlarnidir yanib-yanib yig‘lardi.
Deraza raxida esa kecha cholning qo‘lidan tortib olingan non bo‘lagi yotardi. Allaqachon unga ega chiqqan chumolilar bandalarning bu yolg‘on uvvoslari bilan ishlari yo‘q, non uvoqlarini bir jonu bir tan bo‘lib, imi-jimida o‘z inlariga tashirdi.