Nodira Sodiqova. Kunlardan bir kun (hikoya)

Siyrak, tillarang sochlari peshonasiga tushirib kalta qirqilgan, puchuq burun, yoqimtoygina bolakay guruch donalaridek old tish­larini ko‘z-ko‘z qilgancha shirin jilmayib turardi…
Hulkar ko‘zini suratdan uzib, darpardalar oralig‘idagi pushtirang osmon parchasiga noxush tikilib qoldi. Ko‘nglining tubida og‘ir g‘ashlik cho‘kib yotardi… Parishon nigohi devorning bejirim gulqog‘ozlari bo‘ylab kezina-kezina, qaytib yana toshoyna ustidagi suratga qadaldi… Surat… dunyoga kelib, bor-yo‘g‘i ikki yilgina yashagan go‘dakning yagona surati… O‘ta ehtiyotlab saqlangan – yigirma yildan ziyod vaqt kechsa-da, go‘yo yaqinginada ishlangandek yap-yangi… Bolagina – uning ukasi, surat u bir yasharlik payti, shamollab shifoxonaga tushgan chog‘ida olingan; bola asli do‘mboqqina, yuzlari kulchaday qizg‘ish, lo‘ppi-lo‘ppi edi. Rasmdagining esa yuzi bir burda, ko‘zlari kirtaygan, jilmayishi ham odamning rahmini keltirardi hatto… (Ukasini difteriya olib ketganida Hulkar hali uchga to‘lmagandi.) Chapgi quyi burchakda bolani tutib turgan qo‘l – onasining qo‘li va yana ola-bula xalatning yengidan ham biroz ko‘rinib qolgan. Bu xalat yodida – u doim vannaxonadagi qoziqda ilig‘liq turar, onasining o‘limidan so‘ng ham anchagacha o‘sha qoziqda ilig‘liq qolgandi… Go‘dakning hafsala bilan taralgan sochlariga termilarkan, Hulkar onasining o‘sha vaqtdagi – yopishqoq suratkashlardan biri tirikchilik ko‘yida nihoyat kasalxona bo‘lmasiga ham bosh suqib, avrab-avrab surat olishga ko‘ndirgandan so‘ng, bolasini artib-surtib, yoqalarini to‘g‘rilab, yuzida faqat onalarning o‘z farzandlarigagina ataluvchi allanechuk tabassum bilan shu bir tutamgina sochni ham avaylab tarab qo‘yayotgan holatini tasavvur qildiyu… yuragi sitilib ketguday bo‘ldi…
Suratni kecha oqshom payti, jomadondagi mayda-chuydalarni javonga olayotib, hujjatlar saqlanadigan charm jild ichidan, tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma orasidan topib olgandi. Xayol bilan toshoyna qarshisiga qo‘ygan bo‘lsa, shu bo‘yi unutgan. Biroq ko‘nglidagi g‘ashlik marhumlarni xotirlaganidan emasdi chog‘i – ko‘zlarini yumgancha soatning chiqillashiga quloq tutib yotarkan, u qandaydir tush ko‘rganini eslay bosh­ladi. Qandaydir tush… Bu bezovta g‘ashlik ayni o‘sha – hozir sira xotiriga kelmayotgan tush bois ekanini his qilgan ko‘yi birmuncha vaqt qimirlamay yotaverdi va tuyqus qalbida ayni dam yangi sokin bir sevinch ham borligini ilg‘adi. Keyin shu kunlarda hayotida qandaydir ulkan quvonch­­li voqea yuz bergani va bir necha tongdan beri o‘sha ulkan quvonch harorati ichra uyg‘onayotgani yodiga qaytdi. Ko‘zini ochib shiftda ajabtovur shokildali yog‘och qandilni ko‘rdi, boshini ko‘tarib oynadagi o‘z aksiga boqdi, so‘ng yoniga o‘girilib, nigohi vannaxonaning qiya ochiq eshigiga tushdiyu butun borlig‘i yorishib ketdi. Eh, axir, ular nihoyat uylik bo‘lishdi-ku! Hulkar irg‘ib o‘rnidan turdi, atrofga entikib ko‘z yugurtirdi. Ko‘ng­li to‘lib, kerishgancha oyog‘iga yap-yangi, yumshoq, kelinlarniki kabi ukpar qadalgan chiroyli shippaklarini ildi, atayin shoshilmay, sarxush, bitta-bitta qadam bosib vannaxona tomon yurdi. Hozirgina nimadandir g‘ash bo‘layotgani xayolidan butkul ko‘tarildi…
Vannaxonada, oyna ostidagi tokchada Faxriddinning soqol oladigan buyumlari, bir necha xil odekalon, tish pastasi va cho‘tkalar solingan idish, lason va yog‘upali rang-barang yelim qutichalar tartib bilan terib qo‘yilgandi. Ikkala jo‘mrakni baravar burab vannani to‘ldirarkan, Hulkar sartaroshxonada ishlagan yillarini xotirladi – Faxriddin bilan o‘sha yerda tasodifan tanishib qolgandi (To‘ylaridan ancha avval Faxriddin uni sartaroshlikdan ketishga majbur qilgan, Hulkar keyinroq tarbiyachilik kursini bitirib, bog‘chada ishlay bosh­lagandi). Yigitning uyidagilar, o‘g‘illarining ota-­onasiz, sepi ham bir navi, tag‘in sartarosh qizga uylanishiga avval qarshi edilar. Ammo ko‘p o‘tmay, kutilmaganda o‘zlari sovchi bo‘lib kelishdi. Hulkar buni Faxriddinning o‘jarligidan ko‘rgandi, keyin bilsa, boshqa tomoni ham bor ekan. Erining ota-onasi – azaldan o‘rtahol, ishchi odamlar o‘sha paytga kelib birin-ketin bo‘yi yetgan farzandlarining orzu-havaslariga yanada qo‘likaltaligi sezilib qolgan, buning ustiga, eng katta muammo – uy-joy bosh og‘rig‘i ham ko‘ndalang – qaynona-qaynota, Faxriddinning uylangan, ikki bolali akasi, yaqinda harbiydan qaytgan egizak ukalari – jami to‘qqiz jon uch xonali uyda turishar; Faxriddin kichkina to‘ycha bilan kifoyalanishi, to‘ydan keyin tezda ijaraga uy olib chiqib ketishi va shu bilan u yog‘iga aravasini o‘zi tortishini aniq qilgach, bittasining tashvishidan qutilayotganlariga suyunibmi, to‘yga rozilik berishgan. Hulkar qaynona-qaynotasi bilan ikki oy ham birga yashagani yo‘q – kelin-kuyov to‘rvaxaltalarini orqalashib, peshonalariga bitilgan birinchi ijara uyi sari ravona bo‘lishdi. Ana o‘sha kunlarning zahri hech qachon yuragidan ketmasa kerak – D.ga jo‘nagunlariga qadar uch bor ijara almashtirildi, ayniqsa, oxirgisi eng rasvosi edi – eski, katalakdek hovlining bir burchidagi, shuvoqlari ko‘chgan, poli chirik, yoqimsiz hid­li bitta dahliz, bir xona… Kech kuz, sovuq tushib qolgan, uyning esa pechkasi ham yo‘q. Ko‘chib kelgan kunlari “koshona”ni ko‘rib Hulkarning asabi dosh berolmay qoldi – avval o‘tirvolib rosa yig‘ladi, so‘ng tars-turs qilgancha xolasinikiga jo‘navordi; ertasiga kunni kech qilib qaytib kelsa, Faxriddin dahliz ostonasida papiros tutatib o‘tiribdi, eshik-derazalar lang ochiq. Hulkar birdan bo‘shashib, araziga pushaymonlar yeb ketdi. Bechora eri… u ketgach bir o‘zi binoning ich-tashini supurib-sidiribdi, u-bu yerlarini suvab, yaxshilab oqlab chiqibdi. Hulkar darrov choy-non qildi, keyin er-xotin qayta inoq bo‘lishib, yeng shimarib ishga tushib ketishdi – yerga avval poxol, kigiz, ustidan palos yozishdi, derazaga parda ilib, ko‘ch-ko‘ronlarini joylashdi. “Koshona” yashasa bo‘ladigan epaqaga keldi, ishqilib. Bir necha kundan so‘ng Faxriddin “golland pechkasi”ni keltirib o‘rnatdi, bahorgacha yetadigan o‘tin-ko‘mir tushirdi. Bir amallab qishni o‘tkazishdi. Boy oiladan bo‘lmasa ham, har holda barcha zarur qulayliklari bor uyda o‘sgan emasmi, Hulkar hammayoqni qorakuya qilib ko‘mir yoqishu uyni isu changga to‘ldirib kul olish­lardan, ustiga-ustak hammomning yo‘qligidan qattiq qiynaldi. Uy egasi – yoshligida yomon nom chiqargan, lekin birovga gap bermaydigan shallaqi so‘qqabosh kampir yesa, har oy yigirma besh so‘mni qurtday sanab olsa-da, hech insofga kelay demasdi – “oshxonaga hadeb kirib chiqaverma”, “kiringni hovliga yoyma”, “uzzukun chiroqni yoniq qoldirasan, elektrga muncha pul kelibdi, yarmini sen to‘la…” kabi vaysashlari bilan quloq-miyani yegani yetmagandek, goh oshxonadagi gaz balloni qulog‘ini yashirib qo‘yar, goh muzlatkich kichikligini bahona qilib, Hulkarga tegishli bir bo‘lak go‘sht, yarimta saryog‘ni olib tashlar… asabini egovlardi. (Faxriddin u payt­lar kichkina sabzavot do‘konida sotuvchi edi, oyligi to‘qson so‘m, yana topganining bir qismi to‘y arafasi tanish-bilish­lardan ko‘tarilgan qarzni to‘lashga ketardi). Kampirning turqini ko‘rmaslik uchun Hulkar ovqatni ancha avval pishirib olib oshxonadan chiqib ketar, choynakni doim o‘z xonasida, “golland pechi” ustida qaynatardi; idish-tovoqlarni ham, kir-chirlarni ham dahliz burchagida yuvib, o‘sha yerning o‘zida quritar; cho‘milgani esa haftada bir eri bilan Hulkar – xolasinikiga borib kelishardi. Lekin u uyda Hulkar uchun eng yomoni har qor-yomg‘ir yog‘ganida tomdan o‘tadigan chakka edi. Faxriddin ilma-teshik tomni qo‘lidan kelgancha yamab-yasar, ammo kelasi safar baribir qayerdandir yana chakka o‘taverardi. Esida, bir kecha shundoq yuziga chakka tomchilashidan uyg‘ondi, joylarini boshqa yerga surishdi, lekin chorak soat o‘tar-o‘tmas u yerdan ham suv chakillay boshladi. Qisqasi, er-xotin u burchakdan bu burchakka o‘rin-ko‘rpa tashib tong ottirishdi, xona uydagi bor tovoq, kosa-piyolalarga to‘lib bitdi.
Tun sukunatini chakkaning tak-puki buzgan o‘sha kechalarni eslasa, hali-hali yuragini zax bosadi.
Qishning oxiri ko‘rinay deganida kampir ijara haqini birdan qirq besh so‘mga ko‘tarib, “chidasalaring – shu, bo‘lmasa – katta ko‘cha”, deya to‘ng‘illadi. Ayni o‘sha kezlar Faxriddin D.dan harbiyda birga bo‘lgan qadrdon do‘stidan xat olgan – do‘sti korxona ochganini ma’lum qilib, uni o‘z yoniga chaqirardi. Anchadan beri daromadliroq ish topolmay boshi qotib yurgan Faxriddin bu xatdan so‘ng taraddudlanib qolgandi, kampirning so‘nggi qarori turtki bo‘ldi – do‘s­tiga sim qoqib gapni aniq qilgach, Hulkarni ko‘ch-ko‘roni bilan vaqtincha bir beva ammasining uyiga qo‘ydiyu D.ga jo‘nadi-ketdi.
Ammaning yolg‘iz o‘g‘li harbiy xizmatda, to‘rt xonali uyda kelini ikkovlon turishardi. Oshxonayu vannasida doim issiq-sovuq suvi tayyor edi. Boshida hammasi binoyidek – amma juda sodda, ikki gapning birida “aylanay-o‘rgilay” deb turadigan yumshoqtabiat ayol, kelin ham halimdekkina ko‘rinuvdi. Bir haftalar o‘tib, kelinning qo‘shni shaharda yashaydigan onasi keldi-yu “ob-havo”da keskin o‘zgarish yuz berdi. Barkashday yuzida o‘siq tukli qop-qora xoli bor ayol kelgan zahotiyoq Hulkarga qosh­larini chimirib, ensasi qotib qaragandi; kechqurun kelinning yotog‘i yonidan o‘tayotib, Hulkar uning atayin baland ovozda: “Indamasang, o‘g‘lim ketdi – yolg‘iz qoldim deb hamma uysiz urug‘-aymog‘ini boshiga yig‘adi”, – deya shang‘illayot­ganini eshitdi.
Ertasiga ertalab ayvonga chiqqanida, chaqchaqlashib o‘tirgan ayollar uni ko‘rib birdan jimib qolishdi. Salomiga ham hech kim alik olmadi, nonushta chog‘i kelin ham odaticha choy quyib uzatmadi. O‘zini sir boy bermagandek tutsa-da, Hulkarning ichida yomon zil ketdi. Ona-bola mayli-ya, lekin shu kungacha “aylanib-o‘rgilib” yurgan ammani nima jin urdiykan? Hulkar shunda ham badgumonlikka berilmay, “har kimda bo‘lgani kabi buning ham o‘ziga yarasha g‘am-tashvishi bordir, o‘shalarni o‘ylab­mi yo shunchaki o‘g‘lidan xavotir olibmi, kayfiyati yo‘qolgandir”, deb qo‘ya qolgandi. Biroq keyinchalik ham amma unga oshkora ro‘yxushlik bermay yuraverdi. Vaziyat kundan-kunga yomonlashardi. Bora-bora, uni dasturxonga ham chaqirmay qo‘yishdi – o‘zi kelsa keldi, yo‘qsa, birov nomiga ham “keling” demaydi… Oshxonani-ku, quda xola butunlay qo‘lga olgandi, Hulkar biror ishga yordamlashay desa, “yo‘q, qo‘ying, siz bilmaysiz”, deb hatto kartoshka-piyoz archish, idish yuvishga ham yo‘latmasdi. Qarashmagandan ke­yin tappa-tayyor ovqatga borib o‘tirish noqulay… yana oxirgi kunlar das­turxon ustida tez-tez ko‘z urishtirib oladigan odat chiqarishgan… Oshxonaga bosh suqishdan be­zillay boshladi – shkaf yoki muzlatkich ochilib-yopildi deguncha, albatta, kimdir bo‘ynini cho‘zib qolardi. Bular ham kam ekan…
Bir kuni quda xola: “Kelinposhsha, sizzi uyiz­da qandog‘ bo‘lganini bilmadim-u, lekin biza cho‘milgandan keyin vannani tozalab, to‘kilgan soch-pochlarimizzi yig‘ishtirib chiqamiz”, – deb piching qildi. O‘sha kuni Hulkar vannaga tushgan, o‘zidan so‘ng har galgidek hammayoqni yuvib-tozalab qo‘ygandi. Xudo urib bir-ikkita soch tolasini ko‘rib qolgan bo‘lsa, “uzib” olishga bahona topilgan. Hulkar indamadi, ammo o‘sha kundan boshlab xonasidan tashqariga chiqishga yuragi qolmadi. Ketvoray desa, Faxriddinning fe’li ma’lum…
G‘irt tekinxo‘r bo‘lmay deb eri tashlab ketgan o‘ttiz so‘mcha pulga ba’zan yonlaridagi do‘kondan non, saryog‘, shakar kabi mayda-chuydalar olib kelardi. (Keyin bilsa, Faxriddin ammaning qo‘liga ham alohida ellik so‘m bergan ekan, amma esa bu haqda “miq” etmadi-ya.) Ona-bola surbetlikni avjiga mindirib, uyda non qolmasa – nonsiz, sabzavot tugasa – ovqatsiz, Hulkarning qo‘liga qarab o‘tiradigan bo‘lishgan, agar Hulkar do‘kondan, masalan, sut yoki tuxum keltirsa, kelin darrov biror pishiriq pishirishga tushib ketar va uch kunning o‘zidayoq bor masalliqni tugatib qo‘yib, bezrayib turaverishardi. Hammalari til biriktirib olib siyosat yurgizishayotgani endi kundek ravshan edi – yo anavi pismiq kelin uning bu yerdaligini yoqtirmay onasini ko‘makka chaqirgan, yo mehribon onaning o‘zi Hulkar uzoq qolib ketib qiziga dardisar bo‘lishidan qo‘rqqanmi, tashabbus ko‘rsatib yetib kelgan so‘ng nima deb avraganlarini Xudo biladi-yu, ishqilib, sodda ammani ham o‘z tomonlariga og‘dirib, Hulkarni bu uydan o‘z ixtiyori bilan, ya’ni “dod” degudek bezor bo‘lib chiqib ketishga majburlaydigan reja tuzishgan. Hulkar hammasini tushundi, achchiqlangan bo‘lsa faqat o‘zidan achchiqlandi…
Ikki oydan beri xat-xabarsiz yo‘q bo‘lib ketgan Faxriddin o‘sha voqeaning indiniga, qoq sahar payti eshikdan kirib keldi. D. dan bir ish chiqishiga ko‘zi yetgan shekilli, ruhi tetik, dimog‘i chog‘. Ertasigayoq jomadonlarini ko‘tarishib, u g‘urbatxonani tark etishdi. Biroq sig‘indilik alami allaqachon suyak-suyagiga singib, to­abad o‘chmaydigan asorat qoldirib ulgurgandi.
Xudoga ming-ming marta shukr – endi o‘z uylari bor. Qanday yaxshi-ya! Bilganingni qil, xohla, kuniga mehmon chaqir, xohla, musiqa qo‘y, televizor ovozini istaganingcha balandlat, birov “g‘iring” demaydi… Hulkar ich-ichidan huzur qilib ko‘zlarini yumdi… Odamzodning kapadek bo‘lsa-da, o‘z uyiga ega bo‘lishi hech narsaga qiyoslab bo‘lmas baxt ekanini, ammaning g‘urbatxonasidan chiqib ketayotib his qilgandi, lekin bunday baxt o‘ziga ham nasib etajak kunni u paytlar sira-sira tasavvur qilolmasdi…
Hulkar D.ga, ochig‘i, u qadar oyog‘i tortmay jo‘nadi. Yo‘l bo‘yi ham, erining og‘aynisi tayyorlab qo‘ygan uyga kelib tushganlarida ham ko‘ng­li yorishmay, behalovat bo‘lavergandi. Endi esa… Yuragi bir orziqdi – mana uylik ham bo‘lishdi, birin-ketin boshqa niyatlari ham ro‘yobga chiqar, ammo D.dagidek hayot nafasini qaytib hech qachon tuymasa kerak. Hulkar D.ni, o‘sha damlar fayzi, shukuhini juda ko‘p qo‘msardi. O‘zi asli kirishimli, serg‘ayrat yigit emasmi, do‘stining yo‘l-yo‘rig‘i bilan Faxriddinning ishlari boshidanoq yurishib ketdi, uch-to‘rt oy o‘tmay qo‘llarida mo‘maygina pul yig‘ildi, turmushlari o‘zgardi. Og‘iroyoqligi bois Hulkar oxirgi kunlar piyozdog‘ hidini ko‘tarolmay qolgan, tez-tez toliqardi; uni urintirmaslik uchun Faxriddin har kuni ham tushlik, ham kechki ovqatga tashqaridan biror tansiqroq yegulik keltirar yo Hulkarning o‘zini eng yaxshi restoranlarga olib borardi. Muzlatkich doim sarxil ne’matlarga to‘la, istagani darrov muhayyo bo‘lar, eri har qadamida uning ko‘ngliga qarardi… Yakshanba kunlari ular ko‘pincha shahar aylanishardi, do‘konlarga kirishardi, ko‘ziga yoqqan narsani Faxriddin qo‘yarda-qo‘ymay olib berardi – Hulkar yoqtirdimi, tamom, narxi bilan ishi yo‘q. O‘g‘li Sardor tug‘ilgach esa Faxriddin uni butunlay boshiga ko‘tarib oldi. Xullas, o‘sha yillar Hulkar “emaganini yedi, kiymaganini kiydi, ko‘rmaganini ko‘rdi”.
Doim shunday bo‘lib qoladi deb o‘ylagandi…
Bir bodrab chiqib, ikki-uch yil ichida rosa gurillab ketgan xususiy korxonalar asta-sekin “chig‘iriq”dan o‘ta boshlagan payt Faxriddinning do‘sti ham korxonasini tarqatdi – uzoqni ko‘zlashga odatlangan uddaburon bundan keyin D.dagi ishlar faqat orqaga ketaverishiga amin edi; endigi omadini sinab ko‘rish uchun Ukrainaning qaysidir shahriga otlanarkan, Faxriddinga ham topgan-tutganini mahkam tish­lab uyga qaytishni, o‘sha yerda biror ishning boshini tutishni maslahat berdi… Keliboq uy sotib olmaganlariga Hulkar hali-hali achinadi – uch xonali g‘ishtli uyni jihoz-pihozi bilan olishga bemalol qurblari yetardi o‘shanda. Faxriddin “biror ishning boshini tutish” uchun yaxshigina sarmoya kerakligi, ozroq sabr qilsa, keyin bir yo‘la hovli olib berishini aytib, ishni paysalga solaverdi. Biroq ikki yillik chop-chopning natijasi o‘laroq, sarmoyaning yarmidan ko‘pi olatasir zamon quyunida sovurilib ketdi – Faxriddin qadamini katta oladigan davrlar ortda qolganini, nihoyat, tushunib, balandparvoz rejalarni xayolidan chiqarib tashlagan vaqt qo‘llaridagi pul bir xonali eng arzon beton uyga ham kifoya qilmasdi. Faxriddin o‘ylay-o‘ylay, shu pul bilan yaqin xorijga qatnab savdo qilmoqchiligini bildirganida dastlab Hulkarning ko‘ngli ozib qolay dedi. Keyinroq tushundi, ko‘nmay iloji yo‘q – baribir pullari uy olishga yetmaydi hozir, yetgan taqdirda ham, bo‘m-bo‘sh uyni keyin qaysi pulga to‘ldirishadi, u yog‘iga tirikchiliklari qanday kechadi – avvalgidek quruq oylikka kun ko‘rib bo‘ladigan payt emas.
Faxriddin uch-to‘rtta tanishi bilan bir bo‘lib chet elga qatnay boshladi. Er-xotin taqdirga tan berishib, bellarini siqib bog‘lashdi… Yana ijarama-ijara sang‘ishlar, uy sohiblarining ming‘ir-ming‘iri… Ba’zan Hulkarni biri-biridan noxush o‘ylar qamrab olardi – go‘yo nimadir bo‘lib, eri qo‘lidagi pulidan ham ayriladiyu keyin qolgan umrlari ham shu tarzda – ijaralarda o‘tib ketadigandek tuyulib vahima bosardi…
Ho‘l sochlarini momiq sochiq bilan tang‘iyotib oxirgi marta ijarada turgan joylarini esladi – bir tatar ayolning uch xonali uyidan ikki xonani olishgandi; ayol o‘zi yomon emasdi-yu, lekin sal injiqroq, masalan, vannaxonaga sovun, tish cho‘tkasi, sochiq kabilarni qo‘yishni qat’iy taqiqlagan – o‘zlari bilan olib kirib, yana o‘zlari bilan olib chiqib ketishlari shart, bir gal Faxriddin shoshganidan sochig‘ini unutib qoldirganida ayol juda iflos bir narsadan ijirg‘angan misoli yuzini buj­maytirgancha sochiqni uchidan zo‘rg‘a ko‘tarib kelib xonalariga irg‘itib yuborgandi… Hulkar ilgichlarda qator osig‘liq , chekkalarida qulupnay, ag‘anagan qo‘ziqorin, yelkanli kema tasvirlari bor sochiqlarga xush nigoh tashlab, ruhi tetiklashib vannaxonadan chiqdi. Oshxonaga kirib choy qo‘ydi, undan mehmonxonaga o‘tdi… Ko‘chib kelganlaridan beri shunday – hali ayvonga, hali yotoqqa, hali mehmonxonaga qayta-qayta kirib-chiqaverdi, uyning har burchagiga ko‘zi to‘ymay tikiladi…
Mehmonxonadagi stol ustida choynak, choy yuqi piyolalar, o‘rik murabbosidan bo‘shagan likopcha turardi. Faxriddin bugun ham, uni bezovta qilmay, Sardorni o‘zi uyg‘otib, yuvintirib-kiyintirib, choy ham ichirib, bog‘chasiga olib ketibdi. Hulkar erini eslab jilmaydi – paxmoq qizning baxtini bersin deganlari shu bo‘lsa kerak.
Dasturxonni yig‘ishtirarkan, tezroq oshxonaga jihoz olishlari kerakligini o‘yladi. Keyin osh-ovqatni tashib yurmay ,o‘sha yerning o‘zida yeb qo‘ya qolishardi, mehmonxona ham ozoda turardi. Agar gaz plitasi ayvonga ko‘chirilsa, oshxonani keyinchalik Sardorga xona qilib berishlari mumkin. Ayvon kattagina edi; Hulkar hanuz parda ilinmagan deraza yoniga kelib, tashqariga nazar soldi. Ro‘parada ularniki kabi to‘qqiz qavatli uy. Chapda qator-qator hali qurib bitkazilmagan uylar, endigina ko‘tarilayotgan beton poydevorlar, xandaqlar, hammayoq qazib tashlangan. Huv anavi tramvay yo‘li, imoratlar tushgach, ko‘rinmay ham ketar. O‘ngda, uch-to‘rtta temir garaj, so‘lida bir qavatli oq bino, ehtimol, oziq-ovqat do‘koni, yana nariroqda, zich teraklar ortidagi pastlikda to‘kilay deb turgan yakkam-dukkam eski hovlilar…
Hulkar ma’yus tortdi – deraza qarshisiga kelish azaldan ko‘ngliga tushuniksiz g‘ussa solardi. Bolaligida, to‘rt yarim-besh yoshlar bo‘lsa kerak, ular buvisinikida turishardi (ota-onasi, ukasi yoshiga to‘lib-to‘lmay ajralib ketishgan, xolasining aytishicha, bunga otasining boshqa ayolga ilakishib qolgani sabab bo‘lgan ekan. Hulkar otasini eslolmasdi, shu paytgacha uning suratini ham ko‘rmagan), buvisining uyi ham yettinchi qavatda edi – ko‘p qavatli uylarni, ayniqsa, ularning derazalarini Hulkar o‘shandan yomon ko‘rib qolgan. Faqat balandlikdan qo‘rqqani uchungina emas…
Bir yarim smenada ishlagani bois onasi juda kech qaytar, bog‘chadan uni har kuni buvisi olib kelardi. So‘ng keksa ayol oshxonada g‘imirlab yurar, Hulkar esa bir o‘zi deraza yonida turib onasini kutardi. Ona hadeganda kelavermas, g‘ira-shira tushgani sari qizchaning yuragi siqilar, hatto “onam endi kelmaydi” deb qo‘rqa boshlardi. Odamlar uy-uyiga qaytib, ko‘p qavatli binolar chumolining inidek g‘uvillab qolar, ulardan uchib chiqqan har xil baqir-chaqir tovushlar, televizorlarning darang-durunglari, ko‘cha mashinalarining g‘iz-g‘iziyu tramvaylarning taraq-turug‘i bir bo‘lib, oqshomning, onasini kutayotgan qizcha uchun o‘ta nafratlanarli “simfoniya”sini hosil qilardi… Keyin oqshom shovqinidan ham xunukroq sukunat cho‘kar, qizchaning vahimasi orta borib, ba’zan onasidan boshqa hammani, hatto buvisini ham yomon ko‘rib ketardi. Lekin bir paytning o‘zida, onasi qaytishi bilanoq hammasi o‘zgarishi darrov ko‘ngli tinchib, o‘yinchoqlariyu televizorga chalg‘ib ketishi, ovqatdan so‘ng ayvondagi so‘rida, choy ustida uzundan-uzoq gurunglashib o‘tiradigan ona-bolaning o‘rtasiga tushib, kattalar suhbatini o‘zicha tinglab yotishi – ularning uylari ham chiroq yonib turgan baxtli derazalarning biriga aylanishini qizaloq bilar, “mana, onam kelsin…” deya o‘zini yupatgancha ko‘chaga tikilaverardi. Nihoyat, uzoqdan – uylar orasidagi torgina yo‘ldan kattakon sumka ko‘targan onasi ko‘rinib qolar, bo‘ynini cho‘zib qiziga qo‘l silkir, qizcha irg‘ishlagancha eshikka yugurardi.
Bir kuni qo‘rqqani yuz berdi. Onasi qaytmadi… Ertasiga ham… Indiniga ham… Hech qachon…
Uchinchi sinfdaligida buvisi qazo qildi, Hulkar bir necha oy o‘sha uyda, tog‘asi va yangasi qo‘lida yashadi, keyin uni xolasi olib ketdi. Xolasi yurist bo‘lgani uchinmi, yo asli tabiati shunaqamidi – juda qattiqqo‘l, uning uyida hamma narsa tartib-intizomga bo‘ysunardi – aniq belgilangan vaqtda yotib-turiladi, ovqat yeyiladi, dars tayyorlanadi, hatto televizor ko‘rishning ham ma’lum, chegaralangan soatlari bor. Yo‘q, qanchalar qattiqqo‘l bo‘lmasin, xolasi uni hech nimadan zoriqtirmasdi, o‘z bolalari qatori parvarishlab katta qildi. Lekin, baribir, Hulkar bu xonadan o‘z uyi emasligini his qilardi – xolavachchalari kabi u yoqdan-bu yoqqa bemalol chopqillab yugurolmas, o‘zicha televizor qulog‘ini burolmas, haddi sig‘ib muzlatkichni ocholmasdi. Uning o‘z karavoti, javonda o‘z bo‘lmasi bor edi, xolos.
“Maktabni bitirsam, ishlab pul topsam, hammasi boshqacha bo‘ladi, hammasi o‘zgaradi…” – deb o‘ylardi Hulkar.
Maktabni bitirdi, ishga kirdi – xolasi ming “yo‘q” desa ham – sartaroshxonaga. Shu kasbga qiziqardi, shunga uquvi borligini bilar, eplab ketishiga ishonardi. Ishladi, hamma ayollar sartaroshxonasida bo‘lgani kabi durustgina pul topishni boshladi, kiyim-boshi shunga yarasha o‘zgarib, uydagilarga ham ul-bul olib beradigan, baholi-qud­rat ro‘zg‘orga qarashadigan bo‘ldi. Ilgargi qisilib-qimtinib yurishlari yo‘qoldi. Lekin odamoviligi, ba’zan gap-so‘zsiz, chet-chetlarda g‘amgin o‘yga botib o‘tirishlari… yo‘qolmadi. Uni kuzatarkan, xolasi ko‘pincha og‘ir “uh” tortib qo‘yar, keyin Hulkardan ko‘ra o‘zini ko‘proq ishontirmoqchi bo‘lganday shivirlardi: “Turmushga chiqsang, bola-chaqa qilsang, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, hammasi o‘zgaradi…”
Turmushga ham chiqdi. Lekin hatto D.da, o‘sha baxtli, bearmon kunlarda ham, oqshom chog‘i ba’zan deraza qarshisiga borib qolsa, yuragi yana yoqimsiz uvisha boshlar, istar-istamas yana og‘ir o‘y-xayollar girdobiga tushib qolaverardi… Shunda u hayotida hamon nimaningdir yo‘qligi, juda-juda muhim nimaningdir yetishmasligini, go‘yo qizaloqligida onasini kutgani kabi hamon nimaligini o‘zi ham bilmagan, lekin bir kunmas-bir kun kelishi, kelib ko‘nglining kemtiklarini to‘ldirishi, mana bunaqangi iztiroblariga chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘sha nimaningdir yo‘lini intizor bo‘lib poylayotganini sezardi…
Ijarada yashagan so‘nggi kezlari esa, oqshomlar Hulkar uchun chidab bo‘lmas uqubatga aylandi. Oqshom tushishi bilan yuragi siqilib, dardu dun­yosini zulmat qoplar, qo‘shni xonadagi uy egalarining g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri, qadam tovushlari, kechki ovqat piyozdog‘ining hidi vujudini parmalab tashlayotganday bo‘lardi go‘yo…
Va yana ming azob, ming bir umid ichra o‘ylab ketardi: “Bir kun kelib uy olamiz, o‘shanda hammasi yaxshi bo‘ladi, hammasi o‘zgaradi”.
Chovgum “hushtak” chala boshladi. Hulkar gazni o‘chirdi, negadir choy ichgisi kelmay qoldi. Muzlatkichdan bir bosh uzum olib chaydida, yo‘l-yo‘lakay cho‘qilagancha mehmonxonaga yo‘naldi. Faxriddin uy olish harakatiga tushganidan beri, Hulkar bo‘lajak uylarini qanday jihozlashni xayolan rosa mashq qilib ko‘rgan, buyumlar o‘rnini necha bor “almashtirib” chiqqandi. Aslida-ku, jihozlarning o‘zi ham hali yo‘q narsa edi, birgina “stenka”ni aytmaganda. Unga ham ne-ne hangomalar bilan erishgandi… O‘shanda D.dan qaytganlariga ikki-uch oycha bo‘lgan; Sardorni bog‘chadan olib kelayotib, Hulkar goho yo‘l ustidagi jihoz do‘koniga kirib o‘tardi, bir gal qarasaki, narxi odatdagidan ancha arzon chet el jihozlari sotilyapti. Pishiq yog‘ochdan ishlanib, ustiga qizg‘ish qora lak qoplangan, devorning u boshidan bu boshigacha bemalol egallaydigan “stenka”ni ko‘rib yuragi jizillab ketdi. Sotuvchi qiz o‘tgan kuni chiqarilgan to‘rtta shunaqa “stenka”dan bugun faqat shunisi qolganini ayt­gach, yuragiga g‘ulg‘ula tushib, hovliqqancha taksi kira qilib kelgan Hulkar erining “avval uy olaylik, keyin bir gap bo‘lar…”idan esi og‘ib qolayozdi. Faxriddin hozircha faqat muzlatkich bilan gaz plitasi olib berishga ko‘nardi. Fe’lini bilgani uchun ortiq yalinib o‘tirmadi, biroq “stenka”ni ham qo‘ldan chiqargisi yo‘q, keyin negadir, agar shu jihoz olinsa, uyli bo‘lishlari ham tezlashadigandek edi.
Bir ish qildi – Sardor tug‘ilganida eri hadya etgan brilliant ko‘zli uzugini zargarlik do‘konida ishlaydigan sinfdosh dugonasiga xiyol arzonroqqa pulladi-da, ertasigayoq “stenka”ni uyiga tushirdi. Puldan picha ortayotgandi, maqqi-saqqilarga ishlatib yuborgandan ko‘ra deb chog‘roq palos ham qo‘shib oldi. Erining jahli chiqib ketishidan biroz qo‘rqqandi, yo‘q, Faxriddin boshini sarak-sarak qilgancha: “Ikkinchi taqinchoqlaringni sota ko‘rma”, – dedi, xolos. Oxiri baxayr bo‘ldi, ishqilib. Yaxshiyam, o‘shanda shunday qilgani, hozir bunaqa narsaning yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi…
Ta’mirga muhtojligi bo‘lmasa-da, har qalay, “birov turgan uy” deb, yengilgina oqlab-ko‘klab chiqqach, “bismilloh” bilan ostona hatlaganlariga ham mana bir haftadan oshdi. Bir hafta ichida Hulkar o‘zi ham tinmadi, Faxriddinni ham tindirmadi – usta chaqirib “stenka”ni qurdirishdi, yotoqni joylashtirishdi, palos-gilamlarni to‘shab, pardalarni ilishdi… Ayniqsa, “stenka” bitib, shiftga qandil osilgach, mehmonxonaga qarab Hulkarning ko‘zi yashnab ketdi. O‘sha kuni ovqat qilish ham Faxriddinning zimmasiga tushdi – Hulkar yarim kechagacha qo‘shiq xirgoyi qilib “mayda bezak ishlari” bilan mashg‘ul bo‘ldi – “stenka”ga hafsala bilan chinnilarni terdi, divan – oromkursilarga yopqichlar tashladi, D.daligida xarid qilgan, yaxshi niyat bilan “uy olganda tutaman” deb asrab kelayotgan xitoyi dasturxonni yozib, billur guldonga ikki dona sun’iy atirgul solib qo‘ydi… Yarim tunda baxtiyor er-xotin mehmonxonada o‘tirib shirinliklar bilan choy ichisharkan, Hulkar ertagayoq uylariga kimningdir mehmon bo‘lib kelishini yo qo‘shnilardan birortasi “mo‘ralab”qolishini juda-juda istardi…

Endigina televizor tugmasini bosishga chog‘langanida, bugun dushanba ekani esiga tushib, qo‘lini tortdi – hamma ko‘rsatuvlar kechki oltidan so‘ng boshlanardi. Nima qilarini bilmay turib qoldi. Bunaqa kun boshqa qaytarilmasa kerak – qilay desa, arzigulik ish yo‘q, hammayoq saranjom-sarishta, qo‘lga ilinadigan kir-chir, dazmol ham tushmagan. Faqat kechga ovqat pishirsa bo‘lgani. Hali juda erta edi, vujudida yengil horg‘inlik tuyib, yana biroz mizg‘ib olish niyatida yotoqqa kirdi. Kirdiyu ko‘zi toshoyna qarshisidagi suratga tushdi va ertalab qandaydir tush ko‘rgan, ko‘ngli g‘ash tortganini xotirladi. Peshonasini tirishtirib nima tush ko‘rganini eslashga urindi. Umuman, bu endi befoyda – ertalab eslolmaganini hozir eslashi dargumon. Borib suratni qo‘liga oldi. Bu suratni turmushga chiqishi arafasida, xolasi shu paytgacha undan yashirib saqlangan, onasiga tegishli surat va boshqa ba’zi buyumlar solingan qutini qo‘liga tutqazgan kuni ko‘rgandi. Unga qadar bolakay Hulkarning xotirasida nuqul… egnida ko‘kishmi… yo nim yashil tungi ko‘ylak, panjarali yog‘och karavotcha ichida, yarmi sariq-yarmi qizil jajjigina koptokchani tish­lashga urinayotgan holida g‘ira-shira suratlanardi. Ukasidan so‘ng o‘sha koptokcha ham uyda ko‘rinmay qoldi… Ba’zan ukasi esiga tushib, uning qayerdaligini so‘raganida, onasi: “Ukang uzo-oq shahardagi bog‘chada, sen katta bo‘lsang, qaytib keladi”, – derdi. Keyin onasining o‘zi haqida ham xuddi shunday dey­digan bo‘lishdi – “Onang uzo-oq shahardagi zavodda ishlayapti, katta bo‘lganingda qaytib keladi…”
So‘ng buvisi ham “uzo-oq shahar”ga yo‘l oldi. Bor gapni, onasi zavoddagi baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘lganini ham o‘n yoshlardan oshganida, xolasi bir kuni yoniga o‘tqazib olib, yotig‘i bilan “tushuntirib” bergandi. Hulkar ahyon-ahyonda suratlarni qutidan olar, ko‘ngli zirillab ketayotganiga qaramay, uzoq termulib qolardi. Marhumlar go‘yo qoq yuragiga dafn etilganday – bu yurakni ko‘tarib yurishga madori yetmasdi ba’zan… Ko‘ngli yana g‘ashlandi. Har holda, nima ekan-a tushida ko‘rgani?..
Bolaligidan tush ko‘rishni yoqtirmasdi. To‘g‘ri, buni xo‘b orzu qilgan damlari ham bo‘lgan – juda kichiklik payti. Kattalar bir-birlariga “tushimda uni ko‘rdim, buni ko‘rdim” deyayotganlarini eshitsa, tush ko‘rish nimaligini hatto tasavvur qilolmasa-da, uning ham biror nimani tush ko‘rgisi, onasi, o‘rtoqlariga aytib berib maqtangisi kelib qolardi. Katta bo‘lgani sari Hulkar tush hayotda endi qaytib topilmaydigan, takrorlanmaydiganlarni aqalli unutishingga ham qo‘ymaydigan, azobli, beshafqat hamroh ko‘proq ishonch hosil qiladi. Xolasining uyida yashagan kezlari tushiga nuqul onasi kirar, ayniqsa, bir g‘alati manzara tez-tez takrorlanardi – har doimgidek yettinchi qavat oynasidan mo‘ralab turgan bo‘lar, o‘sha tor yo‘lda bahaybat bir daraxt ko‘ndalang ag‘anab yotardi, katta sumka ko‘targan onasi bu tomonga o‘tolmay hayron, daraxtning ustida esa kichkina-kichkina ayiqchalar o‘rmalab yurishardi…
Hatto ulg‘ayib, oilali bo‘lgan kezlari ham shunday tushlar ko‘rib uyg‘ongach va yana nechanchidir bor onasining endi hech qachon qaytib kelmasligini eslagach… odamzodda tush ko‘rish qobiliyati borligidan afsuslanib ketardi. Hulkar tomog‘iga bir nima tiqilayotganini sezdi. Agar hoziroq turib biror ishga chalg‘imasa, yig‘lab yuborishi tayin edi. Barvaqt bo‘lsa ham kechki ovqatga unnash niyatida tez-tez yurib oshxonaga chiqib ketdi.
Biror tansiqroq taomni mo‘ljallab muzlatkichni ko‘zdan kechirarkan, ishxonadagilarni o‘yladi – ko‘chganini eshitishgan, ertami-indin qo‘ng‘iroqlashib, “muborak bo‘lsin”ga kelib qolishar, balki. Har ehtimolga qarshi bozor-o‘char qildirib qo‘yishi kerak. Bozorni eslagani hanuz qishga qovurma-tuzlamalar yopib olmagani, ta’til esa tugab borayotgani yodiga keladi. Xudo xohlasa, ertadan shuning harakatiga tushadi… Faxriddin uch-to‘rt kun burun karam do‘lma yegisi kelayotganini aytgandi. Karam yo‘qligi uchun do‘lma o‘rniga chuchvara qila qolmoqchi bo‘ldi – oxirgi marta chuchvara yeganlari ham qachon edi… Xamir qorib bo‘luvdi hamki, yo‘lakda telefon jiring­ladi. Hulkar bir qalqib tushdi. Bu ko‘chib kelganlaridan beri birinchi qo‘ng‘iroq edi. Qo‘lini fartugiga arta-arta, shoshilib telefon tomon yurdi va xuddi shu payt… Ehtimol, bu sal keyin, dastakni ko‘tarayotgan chog‘i yo yanglishib tushgan allakimgadir javob qilayotib, va balki, dastakdan qisqa-qisqa “tu-tu”lash eshitila boshlaganida yuz bergandir… biroq aynan yo‘lda, aniqrog‘i, yo‘lakdagi olcha rang telefon apparatiga ko‘zi tushganidayoq yuragi allanechuk urib ketgan va u g‘ayrishuuriy bir tarzda hozir nimanidir eslashi… allaqachon eslay boshlaganini ham sezgandi… Hulkar dastakni ko‘ksiga bosgancha bo‘shashib kursiga cho‘kdi… Go‘yo kimdir olis o‘tmish manzarasi aks etgan suvratni maydalab yuziga sochib yuborganday ko‘ngli hapqirdi… Trolleybus bekati yonidagi eski sartaroshxona, peshband taqqan kasbdoshlari, doimiy mijozlarning g‘ira-shira chehralari ko‘z oldidan “lip-lip” etib o‘tdi. Dimog‘ida sartaroshxonaning ko‘pdan unut, qadrdon isini tuyganday, hatto derazadan taralayotgan tangaday-tangaday oftob nurlarini yuzida his qilganday bo‘ldi. Sartarosh­xona direktori – doim u bilan jiqillashib yuradigan yahudiy Rozana, darz ketgan yeriga yelimbog‘ich yopishtirilgan telefon dastagini uzatgancha tagdor kulimsiragan payt dilida chaqnagan umid, go‘shakdagi tanish ovoz… Yaqinda poyezddan tushgani, hozir to‘g‘ri ishxonasiga kelishini aytganida sevinch­dan qichqirib yuborayozgani va o‘sha – tushdagi sevinch qoldiqlari uyg‘onganida ham qalbining burchak-burchaklarida aks-sado berib turgani… Yo Rabbiy, bir vaqtlar hayotida shunday ovoz, shunday kechinmalarning bo‘lgani hozir unga shu qadar g‘alati tuyuldiki, beixtiyor, bularning bari bo‘lganmidi yo ular ham qachonlardir ko‘rgan tushlarimning xotirasimikan deb o‘ylanib qoldi. O‘sha paytdagi Hulkarning o‘tmishiga ham, kelajagiga ham yopishmasdi u kunlar. Hulkar to bugunga qadar uni biror marta eslamaganiga astoydil ajablandi. Faxriddinni uchratganidan so‘ng uning xatlariga javob yozmay qo‘ygandi. Xolasining aytishicha, Hulkar turmushga chiqib ketganidan keyin ham ancha vaqt uylariga har oy besh-oltitalab maktub kelib turgan ekan. Balki harbiydan qaytgan zahoti chindan ham to‘g‘ri o‘sha sartaroshxonaga borgandir. Vaqtning temir changalidan bir necha daqiqagina qutulib chiqishning iloji bo‘lganidami… Ertalab ko‘ngli nedan bunchalar g‘ash tortganini tushungandi endi.
Go‘sht qiymalagich dastagini aylantirarkan, u harbiyga ketayotib sovg‘a qilgan atirgullarning so‘lib qolishidan qo‘rqib kechqurun yashirincha hovliga ko‘mib qo‘yganini esladi. Ruhi tushib ketdi. Boshidan sochiqni sidirib oldi, yuragi siqilib atrofga alangladi – o‘zini yana birovning uyida o‘tirgandek sezayotgandi. Peshonasi qiziy boshladi. Ayvonga chiqdi, deraza yoniga borib qo‘shtavaqani birvarakayiga ochib yubordida, yuzini shamolga tutdi – shu zahoti dimog‘iga “gup” etib qandaydir qovurmaning o‘tkir hidi urildi.
Pastdan aralash-quralash ovozlar qulog‘iga chalinardi – garajlar yonida uch-to‘rtta ayol tik turgancha gap sotishar, kichkinagina bolakay uch oyoqli velosipedni ular atrofida gir aylantirib haydab yurardi, ayollardan biri qizil yomg‘irpo‘shli qizchaning qo‘lidan mahkam ushlab olgan, qizcha esa velosipedga qarab talpinar, chiranib ayolning qo‘lidan qutulib chiqishga urinardi…
“Hech nima o‘zgarmaydi…” Hulkar binolar orasidagi torgina yo‘lga tikildi. Yo‘l bo‘m-bo‘sh edi…
Orqada yana telefon jiringladi, pastdan ko‘tarilayotgan liftning guvillashi eshitildi. Agar hozir eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib qolsa ham, joyidan jilolmay turaveradigandek edi go‘yo…
“Hech nima o‘zgarmaydi…” – bu gal ovoz chiqarib pichirladi u va birdan, o‘zini butunlay yangi, butunlay notanish bir yo‘lning boshida ko‘rdi…
Qay manzilga eltardi bu yo‘l va qachon – buni faqat Xudo bilar, ammo yo‘lning zalvori hozirdanoq yelkalarini bosib tushgandi.
So‘ng nigohi ro‘paradagi bino derazalaridan sirg‘alib pastga qadaldi…
Umrida ilk bor balandlikdan qo‘rqmadi, boshi ham aylanmadi…

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 11-son