Ne’mat Aminov. Ayri (hikoya)

Hovlimizning orqasidagi tomorqa yerda bir tup o‘rik ko‘chati bo‘lardi. Uni danakdan ko‘kartirganman. Ko‘chat shamoldanmi, ostidagi tuproqning bo‘shligidanmi ancha qiyshayib o‘sdi. Uchinchi yili gulga kirdi. Otam toldan yo‘g‘onligi o‘g‘ir dastadek keladigan bir ayri chopib olib, ko‘chatni to‘g‘rilab, unga tirab, bog‘lab-chirmab qo‘ydilar. Endi ko‘chat har qanday shamolga ham dosh berib, qomatini tik tutgancha mag‘rur turardi. Otam ayrining uchini yerga ko‘mayotganlarida:
— Bu qachongacha turadi, ota? — deb so‘radim.
— Zaldoluchang katta bo‘lib, daraxtga aylansa, ayrining ham hojati bo‘lmay qoladi, — dedilar, — hozir bequvvat-da, tepasi jon olgach, unga ayri nimaga kerak.
— Ha.
— Bu yil zaldoluchang dovuchcha qiladi, sarg‘ayib pishgach birinchi hosilidan Xalil bobongga oborib berasan.
— Nega, ota?
— Chunki Xalil bobong qishlog‘imizdagi eng qari, tabarruk odam, niyat qilib oborib bersang, duo qiladilar. O‘zing ham, zaldoluchang ham uzoq umr ko‘rasizlar.
Xalil bobo asli Tolibning bobosi. Tolib men bilan jo‘ra. Uning otasi Hamid tog‘a otam bilan baravar, ikkalalarining ham yillari maymun ekan. Lekin otamning gapi qo‘rchi Hamid tog‘a bilan emas, u kishining otasi — Xalil bobo bilan chiqadi. Ertalabdan kechgacha otamning do‘konlarida o‘tiradi. Men dam bosaman, Xalil bobo choy quyib beradi. Otam temirni olovga qo‘ygan paytlarida Xalil bobo bir piyola choy quyib menga uzatadi, men olib otamga tutqazaman. Xalil bobo otamni «Usta Karim» deb chaqiradi. Uning yelkalari keng, ko‘ksi qavariq, oppoq soqoli ko‘kragining tuklari bilan qo‘shilib ketgan, ko‘zlari qizg‘ish, nuqul tish qayrab, g‘alati ovoz chiqarib turadi. Gohida otam meni ularnikiga yuborib, bor, Xalil bobongga ayt, tezda eshaklarini minib chiqsinlar, derdilar. Men borib aytardim. U kishi, nimaga, qayerga borarkanmiz, deb so‘rab ham o‘tirmasdan, birpasda piyozi chakmonini kiyib, simobiy sallasini boshiga qo‘ndirib chiqardi. Ostida masiqqan ko‘k hangi. Xalil bobo atayin eshagiga xala bosib dikonglatadi. Men zavqlanib kulaman. Otam, bu chol hali bizlardan baquvvat, deydilar. Ular bozorga, to‘y-ma’rakalarga birga borishar, ertasi do‘konxonada o‘sha to‘y yoki safar taassurotlaridan uzoq suhbatlashib o‘tirishardi. Xalil bobo namoz-niyozni bilmas, eskichadan ham, yangichadan ham savodi yo‘q edi. Bir kuni otam u kishi bilan qandaydir bir ulfatchilikka boradi. Ulfatlarning ko‘pchiligi Xalil boboni tanimas ekan. Otam mezbonlarga Xalil boboni ko‘rsatib, bu kishi katta mullo, madrasani xatm qilganlar, deydi. Bu maqtovlardan erib ketgan Xalil bobo qizarinib to‘rga chiqib o‘tiradi. Ob-oshdan keyin otam yonidagi yigitlardan biriga «Eskicha bir jangnomami, devonmi topib kelsangiz; mullo bobo bir xonish qilsalar», deya shipshiydi. Haligi yigit chiqib ketadi va hayal o‘tmay qizil duxoba jildga o‘rog‘lik kitob keltirib:
— Mana, «Devonayi shoh Mashrab», — deya o‘pib ikki marta manglayiga tekkizgach Xalil boboga tutqazadi. — Qani, mullo bobo, bir eshitaylik.
Xalil bobo otamga o‘qrayib qaraydi-da, noiloj kitobni olib, tish qayragancha varaqlay boshlaydi.
— O‘qirdimu ko‘zoynagim uyda qolgan, — deydi u sir bermay.
Haligi yigit yana chiqib ketadi. Bir poyiga qora ip boylangan ko‘zoynak topib keladi.
— Mana ko‘zoynak.
Xalil bobo otamga yana bir o‘qrayib qaraydi-da, barmog‘ining uchi bilan ko‘zoynakni ilib olib, teskari tomonini ko‘ziga qo‘ndiradi. Lekin hadeganda ko‘zoynak qulog‘iga ilinavermaydi.
— Bu kichik ekan, — deydi qizarib, — yana oynagi ham ko‘zimga tushmayapti.
Shunda kulgidan arang tiyilib turgan otam uning joniga ora kiradi.
— Kechirasizlar, — deydi u mezbonlarga, — mulla bobo yanagi kelganlarida ko‘zoynaklarini olib keladilar. O‘shanda eshitasizlar. Hozir ovozlari ham andak shamollagan.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — deydi Xalil bobo tish qayrab turib atayin yo‘talarkan, — tomoq chatoq… tomoq chatoq.
Shu voqeani otam hamqishloqlarga tez-tez aytib berardi. «Tomoq chatoq, tomoq chatoq», deganda hamma kular, ularga qo‘shilib Xalil bobo ham kular va bosh chayqab turib: «E, kasaling qursin, usto Karim», deb qo‘yardi.
Hovli orqasidagi o‘rikchamning dovuchchalari sarg‘ayib pishsa dastlabki hosilini ana shu Xalil boboga oborib beraman. U kishi duo qiladilar, o‘zim ham, daraxtim ham uzoq umr ko‘ramiz. Shuning uchun har ertalab uyqudan tura solib, ayvon tomondagi to‘siqdan orqaga o‘tamanda o‘rikchamga qarayman, uning atrofida aylanib, ayrini ushlab ohista silkib qo‘yaman.
Bir kuni erta azonda uyg‘onib, qo‘l-betimni ham yuvmasdan tomorqaga o‘tdim. Qarasam, o‘rikchaga tirab qo‘yilgan ayri yo‘q. Ko‘chat mevasining mo‘lligidan bir tomonga egilib qolibdi. Mol-hol qashlanib tushirib yuborgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, atrofni ko‘zdan kechirdim. Yo‘q. Ayrining uchi ko‘milgan yerdagi chuqurcha atrofida ikki ketmoncha tuproq do‘mpayib turardi. Darhol izimga qaytdim. Otam ishga otlanayotgan ekanlar. Aytdim, birgalashib orqaga o‘tdik. Otam daraxtchaga qarab o‘yga toldilar. Men ham xafa bo‘lib ketdim. Qancha turganimiz esimda yo‘q, keyin do‘konga yo‘l oldik.
Otamning bosqonchisi Shirinboy tog‘am allaqachon cho‘konni o‘t oldirib turgan edi. Otam peshbandini beliga bog‘larkan:
— Qumg‘onni os, — dedilar Shirinboy tog‘amga, — hali zamon Xalil bobo kelib qoladilar.
Men dam bosa boshladim. O‘txonada toshko‘mir avval sarg‘ish, so‘ng zangor alanga bilan gurillab yondi.
Choshgohda Xalil bobo kelib odatdagidek so‘riga chiqib, oyoqlarini osiltirib o‘tirdi. Bu gal u Qobil qo‘rboshining qo‘lga olinishi, uning Sho‘rchi bozorida osig‘li turgan kallasi haqida qiziqarli hikoya qilardi.
— Xudoning qudrati bilan, — dedi u nihoyat, — kalla ham shishib ketarkan, bir haftacha vag‘-vag‘ chibin talab yotdi…
— Ko‘rganda yuragingiz achishib ketgandir?
— Labbay?! — dedi o‘zini eshitmaganga solib Xalil bobo.
— Axir, o‘zlari ham qo‘rboshiga sarboz bo‘lganlar-ku? — dedi otam piyolani menga uzatib.
— Sarboz bo‘lib nima qilibman,— dedi Xalil bobo og‘ir olib,— xuni nohaq qilmagan bo‘lsam, birovning molini o‘g‘irlamagan bo‘lsam, ha, endi majbur bo‘lib uch-to‘rt kun ot minganmiz-da…
— Assalomu alaykum!
Eshikda ko‘ringan yaktakli, ko‘ksi ochiq, cho‘qqi soqol kishining salomi bilan Xalil boboning hikoyasi bo‘linib qoldi. Otam omburdagi temir hali sovib, qoraymagan bo‘lsa-da, uni tezda o‘txonaga tiqib, keluvchi kishi bilan ko‘rishdi.
— Keling, Elmurod bobo! Qalay, bola-chaqalar omonmi, Tangriberdining o‘g‘li dastyor bo‘lib qolgandir?
— Ha, shukur, — dedi Elmurod bobo terlarini artib, — qo‘ltig‘imga kirib qoldi, uka. Qismat shu ekanda, jo‘ra, otasidan xayriyatam shugina tirnoq qolgan ekan, bo‘lmasa adoyi-tamom bo‘lardim. He, uyi kuysin bu urushni, ko‘plarni xonavayron qilib ketdi-da…
Xalil bobo unga bir piyola choy tutdi.
— E, baraka toping, — dedi u piyolani olib ho‘plarkan,— bay-bay, alomat choy bo‘libdi-da. O‘ziyam olma po‘stlog‘idanmi, deyman. Yo‘q, dedingizmi? Ha, tuzuk-tuzuk. Bizlar bir haftadan beri olma po‘stlog‘idan choy damlab ichamiz. Bu choydan hech farqi yo‘q. Darvoqe, usta Karim, tayyor taqangiz bormi, uka? Bir eshakning kalishini yangilamoqchi edim, — dedi piyolani quritib Xalil boboga uzatarkan, — jonivorning tuyoqlari sinib
oqsab qoldi-ya.
Otam bolg‘a ura-ura gapira boshladi.
— Taqa bor-u… mix yo‘q… sal kutsangiz… besh-o‘n mix… yasab olsak, — dedi u bolg‘a urishdan to‘xtab, — buyog‘i yarim soatlik ish.
Elmurod bobo rozi bo‘lib so‘riga chiqib o‘tirdi. Shirinboy tog‘am mollarga o‘t tashlagani chiqdi. Men yaqindagi hovuzdan qumg‘onni to‘ldirib keldim. Eshikdan kiraversam Xalil bobo chiqib ketayotgan ekan. U kishi «Gashti peshin kelarman» dedi. Otam qo‘limdan qum-g‘onni olib o‘txona ichidagi changakka ildi. Elmurod bobo dam bosib turardi, men bolg‘a urib otamga ko‘maklashardim. O‘n oltita mix yasadik. Taqa va mixlarni temir qutiga solib tashqari chiqdik. Elmurod boboning eshagi hovuzning quyirog‘idagi tolga boylangan edi. Yaqin bordik. Eshakning to‘qimi yerga tushib yotardi. Elmurod bobo eshagi yoniga borib:
— E, qiziq-ku, — dedi baqa bo‘lib, — buning ayili qani?
Hammamiz hayron qoldik.
— Ayili bor edimi? — deb so‘radi otam.
— Qiziq ekansiz-a, usto, — dedi Elmurod bobo mitti ko‘zlarini o‘ynatib, — qaysi emari eshakka to‘qimni ayilsiz bosadi? Mana, to‘qimi shu yerda-ku. Anovi jiyanchangiz olgandir.
Otamning buyrug‘i bilan tezda Shirin tog‘amni chaqirib keldim.
— Ayil qani?
— Qaysi ayil? — dedi Shirinboy tog‘am otamning vajohatidan qo‘rqib, — ko‘rganim yo‘q.
Otam uni qistoqqa oldi. Shirinboy tog‘am titrab-qaqshab, men olganim yo‘q, derdi. Otamning do‘q-dag‘dag‘asidan men ham quruq qolmadim. Ikkalamiz ham yig‘lab, ko‘zimizga yosh oldik. Nihoyat, otamning bizlarga rahmi kelib, Elmurod bobo bilan kelishmoqchi bo‘ldi.
— Endi Elmurod tog‘a, bo‘lmagan ish bo‘libdi. Keling, eshagingizni taqalab beray, ayilingiz topilsa oborib beramiz.
— O‘, usto Karim, — dedi Elmurod bobo qo‘lini paxsa qilib, — eshakni taqalang-u mendan pulini oling. Mayli, boshqalardan ikki-uch so‘m ziyod ham oling, lekin ayilimni topib bering.
Otam Shirinboy tog‘amga buyurdi.
— Bor, oxurdan yangi olingan ayilni olib chiq!
Shirinboy tog‘am og‘ilxonadan yaqinda olingan yap-yangi ayilni olib chiqib, otamga berdi.
— Ana bu ayilni oling, — dedi otam, — kecha Aziz arqonchidan buyurtma qilib olganman. Bog‘lab boring, topilsa, o‘z ayilingizni olasiz, bo‘lmasa shu sizniki.
— E, yo‘q, usto Karim, — dedi Elmurod bobo norozi bo‘lib, — menga o‘z ayilimni topib bering.
Otamning jahli chiqdi.
— Bor, — dedi menga buyurib, — ayvonning ostidan sigirni yechib chiq!
Men zing‘illab ketdim. Hayal o‘tmay yangi buzoqlagan ola govmishni yetaklab chiqdim. Otam sigirning ipini Elmurod boboga tutqazib:
— Iloyo baraka toping, Elmurod tog‘a, — dedi yalinchoq ovozda, — ana shu sigirni olib boring, yaqinda tuqqan. Sog‘ib, ichib yuring. Ayilingiz topilsa, borib sigirni olib kelaman, agar topilmasa…
— Menga sigir emas, — dedi Elmurod bobo, — ayil kerak, o‘z ayilim kerak…
— Axir…
— O‘g‘rilar, — g‘udrandi Elmurod bobo. Otamning ori qo‘zib, titrab ketdi.
— Kim o‘g‘ri? — dedi qichqirib. — Kim?
Elmurod bobo ham cho‘qqi soqolini oldinga chiqarib kekirdagiga zo‘r berdi.
— Shu qishloqning odamlaridan boshqa hech kim o‘g‘irlamagan, axir ayilni Qoqishtuvon yoki Qumqishlovdan kelib o‘g‘irlab ketmaydi-ku? Noinsoflar, kazzob to‘qimdo‘zlar!..
Otamning rangi bo‘zday oqarib, mo‘ylovlari tikkaygandek bo‘ldi.
— Menga qara, Elmurod yengmash, — dedi jahl bilan uning o‘ng yoqasidan tutib, — ko‘p qonimni qaynatma. Aytdim-ku, bir ayilingga ana bu yangi ayilni, ana bu arg‘amchilarni, ana bu sigirni, e, bor anovi hovli-joyni ol! Agar, voh desam, har nima. Yoki ana bu pichoqni, — dedi otam yonida osilgan yarmi jezli qindan dandon sopli pichoqni chiqarib uning qo‘liga tutqazarkan, — ko‘kragimga ur, lekin o‘g‘ri dema, xumsa. Oh! — dedi otam qop- qora mo‘ylovlarini yamlab, — afsuski, yoshing katta-da, bo‘lmasa…
— Ayilimni top!
Otam uning yelkasidan ohista itarib yubordi.
— He, ayiling bilan, seni o‘sha…— otam qattiq so‘kindi. — Bor, menga ayil topshirganing yo‘q. Kimga bergan bo‘lsang, o‘shandan ol! Melisaga borasanmi, prokurorga aytasanmi, sudga borasanmi, uyog‘i sening ishing.
Elmurod bobo eshagi bo‘ynidagi arqonni yechib olib, ayil o‘rnida to‘qimni mustahkamlab, jahl bilan ikki sakrashda eshagiga minib oldi.
— Yo‘q, — dedi u chinqirib, — men sen o‘g‘rilar ustidan rayijroko‘mga arz qilaman, ko‘rsatib qo‘yaman sizlarga frontovik oilasini xo‘rlashni… o‘g‘rilar, qaroqchilar…
Otam astag‘furillo, astag‘furillo deya pichirlay boshladi. Shirinboy tog‘am yangi ayil va arg‘amchilarni olib, sigirni yetaklab og‘ilxona tomon ketdi. Bir ozdan keyin otam hushyor tortgandek bo‘ldi, tuproqqa qorishib yotgan dandon sopli pichog‘ini yerdan ko‘tardi-da, jahl bilan tolning tanasiga urdi. Tig‘ daraxtga bir bo‘g‘imcha kirib, uning atrofidan tizillab suv chiqdi…
Shu voqeadan o‘n besh-yigirma kunlar chamasi o‘tdi. Elmurod boboning ayilini izlamagan yerimiz qolmadi. Qani endi topilsa. Harqalay uning o‘zi ham qorasini ko‘rsatmay ketdi. Bir kuni otam ishdan qaytib, yuvinib o‘tirardi. Quyosh allaqachon hovli devorlari ortiga pana bo‘lgan. Men supadagi katda kitob o‘qib yotar, otamning tezroq yuvinishini kutib, u kishi tomon dam-badam ko‘z tashlab qo‘yardim. Chunki bugun otamga «Kuntug‘mish»ning davomini o‘qishim kerak. Xuddi shu asnoda darvoza tomondan «Usto Kareem!» degan ovoz eshitildi. Otam, qara-chi, dedilar. Men hali katdan tushmasimdan, o‘sha ovoz yana takrorlandi: «Usto Kareem!». Darvozaxonaga chiqdim. Hayratdan dovdirab qoldim. Qo‘lida xalacho‘p bilan Elmurod bobo turardi.
— Otang qani?
— Uyda.
— Chop, chaqir!
Hafsalasiz izimga qaytdim. Otam yuvinib bo‘lgan edilar.
— Kim?
— Elmurod bobo!
— A! — Otamning rangi qum-quyt o‘chdi. — Nima deydi?
— Bilmasam, otangni chaqir, dedi.
Otam shoshilib, oyog‘iga kalishini ilib darvozaxonaga yo‘l oldi. Izidan men ham.
Otam Elmurod boboga ro‘para bo‘lishi bilan u:
— Assalomu alaykum, ustojon, — dedi orada hech gap o‘tmagandek, — ayil topildi, jo‘ra. Qani, yuring tez.
Otam bir so‘z ham demasdan unga ergashdi. Odatdagidek, izlaridan men ham lo‘killadim. Katta yo‘l ustidan choyxona oldida bir guruh odam to‘planib, o‘zaro shovqin solib turishardi. Otamning qorasi ko‘rinishi bilan ular jimib qolishdi. Yaqin bordik. Odamlar qurshovida o‘t ortmoqlangan bir eshak turardi. Elmurod bobo unga yaqinlashib:
— Ana, mening ayilim, — dedi o‘t aralash ola-bula ayilni tutib,— o‘g‘irlangan ayil ana shu.
Otam jahl bilan odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Uning o‘tkir nigohi bir chekkada pisib, yerga qarab turgan Xalil boboga kelib taqaldi. Xalil boboning o‘siq qoshlari qizg‘ish ko‘zlarini batamom bekitgan, bo‘yni egilib, oppoq qalin soqoli to‘lqinlanib turardi. Negadir u tish qayramas edi. Bir payt otam lovullab junbushga kelgandek bo‘ldi. Shiddat bilan eshak ustidan o‘tni ag‘dardi. O‘t bilan eshak ham cho‘zilib, shu onni o‘zida potirlab o‘rnidan turib ketdi. Otam o‘tni toptab, silkitib undan ola ayilni ajratib oldi-da, Elmurod boboga qarab irg‘itdi.
— Ol, ayilingni, — dedi xirillab, — yo‘qol ko‘zimdan! O‘n besh kundan beri butun oilam, ikkala farzandim qon yutadi. Qani, yo‘qol! — dedi u tishlarini g‘ijirlatib. — Yo‘qol!
Elmurod bobo pildirab qochib qoldi.
Sukunat cho‘kdi. Otam bir-bir bosib Xalil boboga ro‘para bo‘ldi. U choyxona ayvoni ostonasida bir holatda o‘tirardi.
— Qani, turing, mullo bobo, — dedi otam achchiq kesatib. Xalil bobo hadiksirab o‘rnidan turdi. — Ochilov, — dedi otam hosilotga. — To‘ravoy, — dedi brigada boshlig‘iga. — Qani, yuringlar, qishloqni nomuslarga o‘ldirgan anovi beimon cholning hovlisiga boramiz. Boshqalarga javob.
Otam, Ochilov va To‘ra amaki kallasi ko‘ksiga solingan Xalil boboning izidan uning hovlisiga yo‘l oldilar. To‘ra amaki menga, sen qayt, degan edi, otam: «Qo‘y, kelaversin!» dedi. Xalil boboning darvozasidan kirib, yonboshdagi kash-kash1 qurilgan sayisxonaga o‘tdik. Eshiklar ochib tashlandi. Otam sayisxona shiftiga, ustun va devorlarga urilgan mix va qoziqlardan ancha narsalarni olib supaga chiqarib tashlay boshladi. Men sanab turdim. Bu narsalar orasida 6 chilim, 3 ko‘za, 11 mis oftoba, 12 arg‘amchi, 9 ayil, 22 kashkord, 19 o‘roq, oxurlardan topilgan 4 egar, 13 to‘qim, kuyaga yem bo‘lgan 2 xurjun, 2-3 uzuq-yuluq yugan, son-hisobsiz bel va ketmon, xullas, keyingi 10-20 yil ichida o‘z qishlog‘imiz va qo‘shni qishloqlardan nimaiki yo‘qolgan bo‘lsa, hammasi shu yerdan chiqdi. Sayisxona devoriga beshta omoch va ikkita bo‘yinturuq ham suyab qo‘yilgan edi. Bir payt otam sayisxonadan yana bir yog‘ochni olib chiqib supaga irg‘itdi: bu mening egri o‘sgan o‘rikchamga tirab qo‘yilgan o‘sha ayri edi…
Xalil boboning hayotdan ko‘z yumganiga, mana, o‘n yildan oshdi.
Aytmoqchi, ayrisi o‘g‘irlangan o‘sha o‘rik ko‘chati hozir chorak tanobcha yerga shox otib, tarvaqaylab ketgan, yigitning quchog‘iga sig‘maydigan tanasi yerda yonbosh yotibdi. O‘rik pishig‘ida yo‘lim yana ona qishloqqa tushdi. To‘qson yoshli otam o‘rik soyasidagi so‘rida qo‘shqavat ko‘rpacha ustida… o‘tirardilar. Do‘st-yorlar bilan uning atrofida davra qurdik. Otam o‘tirgan joyidan bemalol qo‘l cho‘zib, zardolu terib dasturxonga qo‘yarkanlar:
— Har yomonning bir yaxshi tomoni bo‘larkan, — dedilar qiqir-qiqir kulib. — Esingdami, o‘shanda rahmatli Xalil boboning ayrini o‘g‘irlagani yaxshi bo‘lgan ekan. Aks holda bu daraxt tik o‘sardi, men bechora unga chiqa olmasdan ovora bo‘lib yurardim.
Davradagilardan faqat mengina jilmayib qo‘ydim. Chunki boshqalar bu voqeadan xabarsiz edilar.