Menga mashhur adib M. haqida maqola yozish topshirilganda ishni nimadan boshlashni bilmay kalovlanib qoldim. M. bugungi kunda unutilgan yozuvchiga aylangan bo‘lsa-da, hali ham ko‘plar u haqida biron jiddiy xulosa aytishdan qo‘rqishar, o‘sha – olis yillar ortida unga adabiyot faxri sifatida o‘rnatilgan salobatli haykal va hali ham javonlarda ko‘pdan beri o‘qilmay qo‘ygan yostiqday kitoblarda tutab yotgan dovrug‘i har qanday odamni ham esankiratib qo‘yardi. U paytlar M. eng ko‘p nusxada chop etilgan va eng ko‘p mukofotu unvonlar olgan, eng ko‘p e’tirof etilgan yozuvchi sanalar, o‘sha paytda adabiyotning to‘rida o‘tirgan yozuvchilardan edi. Uning to‘qsonga kirish munosabati bilan ro‘znomayu oynomalarda chop etilayotgan maqolalarda u yana e’tibordagi adibga aylangan, kundan-kun «u aytganday», «ustoz M. bashorat qilganday», «millatimiz faxri M. ta’kidlaganday» degan har xil hamda hurmatdan ko‘ra yaltoqligi bilinib turgan qutlovlar ko‘payib borardi. Shuning uchun men M. haqida hech kim e’tibor qilmayotgan kimsa – u bilan bir paytda adabiyotga kirib kelgan, bir paytda e’tirof etilgan, «Adabiyotimizning ikki yorqin yulduzi» degan e’tirofga sazovor bo‘lgan, biroq keyinchalik birdan qamalib, shu bilan M.ning soyasida – tarixning unut ko‘chasida qolib ketgan, bugungi kunda kamdan-kam odam taniydigan va o‘zi ham o‘sha qamoqqa olingan kundan so‘ng boshqa hech qachon she’r e’lon qilmagan, qamoqdan qaytgach, umrini qandaydir nufuzsiz bosmaxonada o‘tkazgan keksa muqovachi bilan gaplashishga qaror qildim. Biroq sobiq shoir maqsadimni eshitgach, xuddi sud zalida o‘z ustidan o‘qilayotgan aybnomani eshitayotganday mening M. haqidagi savolimdan soqov bo‘ldi-qoldi: u savollarimga javob berish o‘rniga o‘zi bosib o‘tgan uqubatli yillar xarsanglari bosib yotgan, o‘sha paytlardagi yorqin ehtiroslar o‘rnini qo‘rquv va vahm alaflari qoplagan ko‘zlarini mo‘ltillatib menga shubhali qarab turardi – bu mungli ko‘zlardan qondek yosh tomchilari oqib tusha boshlagach, uni ortiqcha azoblamaslik uchun izimga qaytdim.
Xullas, M.ning o‘zi bilan gaplashishga ahd qildim. M. yolg‘iz yashar, go‘yo o‘zini bugungi kunda unutib qo‘yishganiga araz qilganday o‘n-o‘n besh yildan buyon hech kim bilan sirlashmasdi. Shuning uchunmi, telefon dastagini uch kun hech kim ko‘tarmadi. To‘rtinchi kuni xuddi bevaqt oromi buzilganday zardali tovushda javob qaytardi. Unga uzoq tushuntirdim, u barcha gapimni o‘pkasi shamollaganday xirillab eshitdi. Gap orasida uning o‘zi haqida men zarurat yuzasidan yozgan maqolamni o‘qiganini bilib oldim. «Meni shaxsingiz qiziqtirmaydi, – dedim unga tarjimai holida rasmiy e’tirof etilganidan boshqa biron gap aytmasligini bilib. – Suhbat ijodingiz, ijodiy dunyongiz haqida bo‘ladi. Yoshlar siz haqingizda ko‘p narsani bilishlari kerak. Siz bilan suhbat qilish – ularning talabi».
Uzoq sukutdan so‘ng u rozilik berdi va: «Faqat o‘zim haqimda», – deb qo‘shib qo‘ydi.
M.nikiga kelishuvimizga binoan kun botish oldida kirib bordim. Saldan keyin qorong‘i tushib, atrofni zulmat qopladi. Uning tarjimai holi bo‘ylab qilajak safarimiz uchun eng qulay payt kelgandi. M. tamaki va yana qandaydir qo‘lansa hidlar o‘rnashib qolgan to‘shakda cho‘zilib yotardi; tinmay tamaki tutatar va po‘k-po‘k yo‘talardi. Xonasi ham xuddi hayoti kabi palapartish edi. Men tozalanmagan stolni, isqirt to‘shakni, derazadan ko‘ra tuynukni eslatadigan romlarni, o‘qilmaganiga ham allazamonlar bo‘lgan chang bosgan kitoblarni ko‘zdan kechirar ekanman, har bir odam o‘ziga munosib boshpana tanlaydi deb o‘yladim.
– Ha, keldingmi, – dedi u o‘rnidan turish uchun qo‘llariga suyanib qaddini tiklar ekan. So‘nggi yillar ichida u o‘zini yana ham oldirib qo‘ygan, suratlardagi viqorli va har qanday narsani yanchishga qodir qilib tasvirlangan burgut qarashidan asar ham qolmagandi: yuzida, o‘zi ta’kidlagandek, umr shami zo‘rg‘a lipillar, har bir narsadan tushkunlik va umidsizlik izlayverib oxiri o‘zi ham tushkunlikning bir parchasiga aylanib qolgandi. Uning navbatdagi kitobini o‘qiganimda hayotning mudhishligini bunchalik berilib tasvirlaydigan qalamdan hayratga tushgandim, bu umidsizlik boquvdagi sher kabi kishida vahm va tahlika uyg‘otardi. Shunday bo‘lsa-da, men uni o‘z hayoti bo‘ylab «sayohat»ga chiqishga undadim. Men uchun bu «sayr»ning ikki muhim jihati bor edi: birinchidan, men tanqidchi sifatida uning ijod dunyosi bilan chuqurroq tanishaman, ikkinchidan, bu sayohat menga uning hali ko‘pchilikka qorong‘i bo‘lgan jihatlarini ochadi, tabiiyki, bu xil «safarlar»da kutilmagan ma’lumotlar paydo bo‘lishi mumkin edi. M. uzoq ihrab kiyindi, so‘ng ozroq otib ham oldi. Shu bilan men bu davr adabiy jarayoni haqida bilishni istagan uzoq yillar orzu qilgan «sayohatim» boshlandi.
Barcha yolg‘iz kishilar kabi u o‘ta injiq bo‘lib qolgandi. Tanballikdan ko‘ra o‘zi yaratgan va mudhish bo‘yoq bergan zulmat olami bilan uchrashishdan qo‘rqayotgani sezilar, zero, u bu olamni oxir-oqibat o‘zini tashlandiq uy kabi yolg‘iz qilib qo‘yajak dunyoga qasdma-qasd yaratgan edi: bu olamdan narigi yoqda, quyoshdan ham olis tomonlarda xuddi Aloviddin qurgan sirli shaharchaday, ertak kabi dahshatli, ertak kabi ajoyib dunyo qurmoqchi bo‘lgan edi – aslida ham yulduzsiz osmon, xira bo‘yoqlar, abadiy tun, kimsasiz ko‘chalar uning olami edi; o‘zini bebaxt yolg‘iz va aroqxo‘r qilib qo‘ygan, orzu kemalarini dengizda suzmasdan burun pora-pora qilgan, g‘ururini tashlandiq qabr kabi sukunatga duchor etgan, pirovardida nafrat va muhabbat orasida qalqib turgan dunyoga namuna sifatida yaratgan edi bu dunyoni; yana u o‘zini o‘rab turgan bu qiyofasiz olamga qiyofa berish uchun uni daf’atan shunchalar zulmatga burkagandiki, oqibatda bu zulmat uning qasosiga to‘la o‘kirigiga aylangandi.
Biz chiroqlari yo‘q, faqat uy derazalaridan xira shu’lalar tushayotgan zim-ziyo ko‘chadan ketib borardik. M. tinmay aljir edi. Mast paytlarida uning tili yechilib ketar, lekin hech qachon hushini yo‘qotmasdi. Shu sababli men ko‘chada adashib qolishimizdan xavotir olmasdim: zero, u o‘zi yaratgan ko‘chani, uylarni va dahshatdan qotib qolgan bu olamni besh qo‘lday bilar, ko‘zini yumib bo‘lsa ham manzilga boshlab bora olardi. Daf’atan simyog‘ochda xira chiroq yonib turgan bino oldidan chiqib qoldik. Odatda, mana shu simyog‘och tagida o‘z sevgilisining sha’nini bulg‘agan odamni kutib bir yigit pichoq qayrab o‘tirar – u sevgilisining nomusiga tekkanni baribir o‘ldiraman deb qasam ichgandi. M. hayot o‘yinlarini hali to‘la tushunib yetmagan yigitni tiriklikning adoqsiz ko‘chalariga kiritib yuborarkan, uni ruhiy qusurli bemor darajasida tasvirlagandi; yigitga ataylab azob berar, uni o‘zi sevadigan ruhiyatning xudbinona charxiga qo‘shib aylantirardi. Biroq bu gal bu yerda bizni yigit emas, yuzi so‘lg‘in va ko‘zlaridan bolaligi ketmagan qiz kutib oldi. Qiz fohisha edi. M. uni ham asardan-asarga olib yurar, negadir uni unutgisi, qaritgisi kelmasdi. U mudom o‘n sakkiz yoshda – aldab iffatini buzib qo‘yishgan yoshda – hamon nahs to‘shagida yotqizib olardi; biroq qiz hanuz u odamning aldab ketganiga ishonmas, bir kuni shahzodalarday kelib, o‘zini malikalar kabi yasantirib olib ketadi degan umid bilan yashardi va shu umid chirog‘i bilan bu zulmat dunyoni yoritib turganday edi. Taqdir qo‘lida o‘yinchoq bo‘lsa ham, M.ning asarlari ichidagi birdan-bir beg‘araz va insoniy umid bilan yashayotgan qahramon shu qiz edi. Lekin men qizda boshqa bir siymoni ham ko‘rardim: adabiy guruhning sudi haqidagi hujjatlarni titkilab o‘tirarkanman, shoir «zo‘rlagan», «jabrlanuvchi» qizning suratiga duch kelgandim: surishtiruv payti tergovchining parishonxotirligimi yoki boshqa sabab bilanmi, qiz bilan shoirni yuzlashtirgandi. Qiz ham, shoir ham bir-birini birinchi marta ko‘rib turishganini aytishadi, lekin keyin qiz birdan o‘zgarib qoladi va boshqa varaqlarda: «Meni shoir zo‘rladi», – deb turib oladi. Qizning guvohligi menga ishonchsizday tuyulgandi. Biroq hujjatlar ichida qandaydir N. ismli (kimligi aniq emas) kimsaning «Shoir qizni zo‘rlaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim» degan guvohligini o‘qigach, ikkilanib qolgandim. She’rlarida halolligu sadoqatdan lof urgan, biroq shunday xokisor qizni nahs to‘shagiga yetaklab, M.ning «nafrati»ga (surishtiruv hujjatlarida shunday yozilgandi) sazovor bo‘lgan shoirdan men ham hozir nafratlangandim; keyin esa she’rlariga mahliyo bo‘lganlarimni eslab, fikrimdan qaytdim. Qizni kim zo‘rlagani va nega M. shoirdan bunaqa o‘ch olganiga hech aqlim yetmasdi. Nazarimda, hujjatlarda shoirni to‘liq ayblash uchun nimadir yetishmasdi. Chunki shoirning tarjimai holida qiz biron marta ham eslanmagan. Aksincha, qiz M.ning zulmat dunyosi malagi edi. M. barchani shafqatsizlik va zulmat botqog‘iga botirgan bo‘lsa ham, bu qizni shu vahshiy qiynoq va jaholat ichidan bir malak kabi saqlab qolgandi. M. faqat qizni emas, qiz orqali o‘zini ham muqarrar falokatga g‘arq bo‘lishdan tiyib qolganday taassurot qoldirardi. Bu qahramonni tahlil qilar ekanlar, tadqiqotchilar faqat shu qiz Mona Liza kabi asrlar osha adabiy aql sig‘inib o‘tsa arziydigan hayotiy qahramondir deyishardi.
Qiz M.ni ko‘rib jilmaydi; uning jilmayishi ham siniq va aftoda edi. Nima uchun jilmayganini o‘zi ham bilmaydi deb o‘yladim. Qiz bizga bir og‘iz ham gapirmay yo‘l boshladi. Biz endi qorong‘ilik yana ham quyuqlashgan jinko‘chaga kirdik. Qiz o‘sha o‘rtada xarob hovlilarning birida yashardi. Hujjatlarda shoir uni mana shu jinko‘chadan aldab olib ketgan, so‘ng uylanaman deb avragan deb yozilgandi. M.ning o‘sha paytdagi tanqidchilari ham qizni tanib qolishgan, «Siyosiy dushman sha’nini toptagan qizni M. asarining guli qilib tasvirladi va undan o‘zining mehr-shafqatini darig‘ tutmadi», – deb maqtovlarga burkashgandi. Qiz uyi oldiga kelganda bir zum to‘xtadi va: «Bugun biron yegulik topib kelolmadim», – dedi. M. unga qandaydir xaltacha uzatdi. Shundagina men uning qizni ko‘rish uchun tayyorlanganini va o‘zi bilan yegulik olib chiqqanini angladim. Uning bu mehribonligi ko‘nglimni nechundir vayron qildi. Men M. asarlarida qahramonlar qizga turli-tuman sovg‘alar ulashishardi, qolaversa, bu saxiyliklar ortida qandaydir sirli haqorat yotganday tuyulardi menga. «Biz keyinroq kelamiz, – dedi M. past tovushda. – Hozir bir yerga borib kelishimiz kerak». Rostdan ham sayrimizdan maqsad qiz bilan valaqlashish yoki onasining qizlari ko‘hli ekanini har bir kirgan kishiga maqtashini eshitish emasdi. Qiz siniq jilmaydi. U o‘nlab yillardan beri o‘z ixtiyori bilan emas, o‘zi kabi mavhum va beshafqat iztiroblari aro M.ning inon-ixtiyori bilan yashashga ko‘nikib qolgandi. Biz yurib ketdik, qiz ichkari kirishga yuragi betlamay izimizdan qarab qoldi. Biz xuddi M.ning uzuq-yuluq jumlalari kabi xaroba uylar orasidan ketib borardik. Bu vayronalikdan M.ning umr hidi kelar – muqarrar tanazzuldan darak berardi. M. menga yaqinroq yurdi. «Men anavi muyulishdan o‘tishda qo‘rqaman. Q.ning odamlari o‘sha yerda o‘tiradi», – dedi. Q. bu zulmat dunyoning yagona hukmdori edi. M. uni shu vayronaliklar ichra yovuzlik ramzi sifatida yaratgandi. Q.ning odamlari doimo bu yerlarga vahm va qo‘rquv urug‘ini sochib ko‘cha kezib yurishar, xohlagan beboshliklarini qilishardi. Bu ko‘cha doimo ularning tahdidi va qo‘rquvi ostida bo‘lgani uchun bu yerlarni odamlar asta-sekin tashlab ketgan, tiriklikka xos hech narsa qolmagandi. Menga hamisha bu qahramonda – Q.da zo‘rakilik borday, mustabidlikni haddan oshirib tasvirlaganday tuyulardi. Buni M.ga aytganimda u quruqqina qilib: «Qo‘rquv odamlarni boshqaradi», – degandi. Keyin men M.ga: «Uni boshqacharoq yaratish yoki umuman yaratmaslik kerak edi», – dedim. M., aftidan, faqat zulmat dunyosini emas, o‘z o‘quvchilarini ham Q. bilan vahimaga solishni istar, u qatnashgan asarlar qiziqarli bo‘lar, shu sababli Q. asardan-asarga yangidan-yangi yovuzliklarning ijodkori bo‘lib o‘tardi. Men M.ning ijodini kuzatib shu xulosaga kelgandimki, u bu «odamxo‘r, yovuz odam»ni yaratganidan zavqlanardi. M. tuyg‘ularini jilovlay olmaydigan odam bo‘lgani uchun o‘zining ichida uxlab yotgan barcha yovuzlikni asarlariga singdirib yuborganday, yovuzlik qiluvchi ham, uni kuzatuvchi ham M. ning o‘zi bo‘lib tuyulardi. Har bir yovuzlikni yaratayotganidan zavq olar, Q. asarlarining qahramonlari ichida eng shavq va ilhom bilan yaratilgani edi: zero, zulmat dunyosi uning dunyosi, uning odamlari uning o‘zi edi. M. behuda cho‘chigan ekan, muyulishda bizni hech kim bezovta qilmadi. Q.ning odamlari qayerlargadir yangi yovuzlik qilish uchun ketishgan yoki qayerdadir navbatdagi yovuzligidan so‘ng dam olib yotishardi. Muyulishdan keyingi ko‘cha ham kimsasiz, bu yerda ham zulmat va qo‘rquv hukmron edi. M. ijodida zulmat va qo‘rquv yonma-yon yurishini, asarlari faqat shu mavzudan iborat ekanligini ko‘p olimlar hazm qilolmas, uni «vasvas, telba»ga o‘xshatishardi. Men M.ning hayotini bilganim, uning kechinmalari bilan tanish bo‘lganim uchun bu narsalarning tabiiy ekanligini angladim. M. o‘zini aldangan odam hisoblardi. Uning hayotida unga vafo qilgan bironta kimsa yo‘q, illo, u do‘stlaridan tez va oson ajrashib ketgan, keyingi yillarda u bilan deyarli hech kim munosabat qilmasdi. U o‘z azobi va musibatlari bilan yolg‘iz qolgandi. Oxiri u yolg‘izligini ana shu qo‘rquv va zulmat bilan bog‘lay boshladi, to‘g‘rirog‘i, uning bu dunyoda topgan birdan-bir sadoqatli va hech qachon sotmaydigan hamrohlari ham mana shular edi. M. asarlarida xuddi qulchilik davrlaridek odamlar sotilar, sotib olinardi; yo‘q, bular tarixiy asarlar emas, sotiluvchilar va sotib oluvchilar ham madaniy pog‘onaning so‘nggi pillapoyasida turardilar. Biz hozir aynan egalari sotib yuborilgan ko‘chada turardik: Q. bu ko‘chadagilarni juda arzimas narsaga almashtirib yuborgan, almashtirilmay qolganlari borib o‘zlarini biron arzimas narsaga almashtirgandilar. Tanqidchilar ayni mana shu odamfurushlikni qabul qilisholmas, davrga yot deya ayyuhannos solishardi. Men esa aynan shu yerda M. qalbining eng chuqur joyidagi dardini odamfurushlik bilan ifodalaganini his qildim. Turtinib-surtinib ketib borar ekan, M. mastlik aralash (hushyor paytlari u juda kibrli bo‘lar edi, hech qachon o‘zini ojiz ko‘rsatmasdi): «Avval meni sotishdi, so‘ng men sotdim ularni», – deb g‘uldiradi. U faqat o‘zigagina ma’lum o‘tmishni unutish, bu dunyodan o‘zini yashirish uchun asta-sekin o‘z dunyosini yarata boshlagan va o‘zi ham shu dunyoga singib ketgan edi. Biroq bu dunyo uning tahqirli qalbining mahsuli bo‘lgani uchun ham yovuz, shafqatsiz va johil edi. U bu dunyoga kirgan sayin makon va zamon tushunchasini unutib qo‘yar, vaqtsizlik, makonsizlik hududiga chiqib borar, garchi bular bari xayol mahsullari bo‘lsa-da, shu dunyo ham zulmat va vahshiyliklarga burkangan edi. M. hayotdan olgan barcha tahqirini shu dunyoda qayta tiriltirgan va harakatga keltirgandi. U o‘zini tahqirlagan dunyoga o‘chma-o‘ch bu zulmat dunyosini, shu yovuz odamlarni, shu majruh taqdirlarni yaratgandi. Garchi u o‘zini o‘rab turgan dunyodan qochish uchungina bularni dunyoga keltirgan bo‘lsa-da, biroq u yaratgan – «boshqa» deb bilgan dunyo ham uni aldagan, alaloqibat tahqirlagan dunyoning aynan o‘zi bo‘lib chiqqandi: u bu dunyodan uzoqlashishni istagan sayin bu dunyoga shunchalik yaqinlashgan edi; u o‘ziga jabru sitam, haqorat, azob-uqubat keltirgan chirkin olamni inkor etib, yangi dunyo yaratar ekan, alhol, o‘zi qochmoqchi va inkor qilmoqchi bo‘lgan, ongi va shuuriga tavqi la’natdek osilib olgan dunyo uning yangitdan qurmoqchi va yaratmoqchi bo‘lgan dunyosida yana o‘zini namoyon qilavergan edi. Bu chirkin manzaralar, adadsiz tahqirlardan hech qaysi dunyoda xalos bo‘lolmaganini bilgach, birdan tushkunlikka tushgan, ichkilikka ruju qo‘ygan. Alanga bo‘lishni istagan shami tutab yotar, hozir biz ko‘rib turgan mudhish bo‘yoqlar uning – o‘zining siyrati bo‘yoqlari, manzaralari edi.
Sukunat cho‘mgan ko‘chada bizning qadam tovushlarimiz jaranglab eshitilardi. Ko‘cha boshida eshik ko‘rindi. Bu uy bizga tanish edi. U yerda er-xotin yashardi. Q.ning zulmidan ularning eshigi doimo yopiq turar, o‘zlari doim shivirlashib gaplashishardi. M.ga bu er-xotinni asarlariga olib kirish nega zarur bo‘lganini tushunmasdim. Ular barcha asarlarida deyarli zulmat bilan birga, zulmatning bir qismidek tasvirlangandi. Bilmadim, M. ularni asardan-asarga olib o‘tarkan, qo‘rquvdan ulkanlashgan Yolg‘izlik suratini bermoqchi bo‘lar, chunki er-xotin bir-biri bilan qanchalik inoq bo‘lmasin, doimo o‘zlarini yolg‘iz, hamdardsiz, homiysiz his qilardilar. Balkim, faqat M.ning o‘zigagina xos qitmirona tashbeh yotgandir bu qismatda?! M. eshikni taqillatdi, so‘ng eshik baribir ochilmasligi esiga tushib yillar uvada qilib tashlagan devorga tirmasha boshladi. Ko‘p ichganidan qo‘li sirpanib ketar, o‘zini ko‘tara olmasdi. Men uning oyog‘idan ko‘tarib, devordan oshirib yubordim: u o‘zini o‘nglay olmay qulab tushdi. Devordan oshib o‘tganimda M. o‘rnidan turmay so‘kinardi. Shunda bu hovlida qurib yotgan daraxtlar borligi yodimga tushdi: M. bu tashlandiq va qarovsiz daraxtlarni uy egalari bilan qo‘shib qayta-qayta tasvirlar, go‘yo shu bilan bu chirkin va xazonlikka yuz tutgan daraxtlar – uy egalarining qalbi va his-hayajonlari deyotganday bo‘lardi. Nazarimda, M. asarlaridagi tasvirda «tabiat – inson ruhiyasining ko‘zgusi» degan aqidaga amal qilgandi. Biz chakalakzor bo‘lib ketgan daraxtlar orasidan zo‘rg‘a yo‘l topib, uy eshigiga yetib oldik. O‘tib olgunimizcha M. yomon so‘kindi: shimini daraxt novdasi yirtib yuborgan, u hadeb o‘sha yirtilgan joyini egilib ushlab qo‘yardi. Uning ahvolini ko‘rib kulgim keldi: bularning barini, hatto shimini yirtgan shoxni ham o‘zi yaratgan, endi o‘zi yaratgan narsaning qurboni bo‘lib turardi. Biz eshikni itarib ochdik: eshik ochilmaganiga ham ko‘p zamonlar bo‘lgan, chog‘i, kirishimiz bilan boshimizga changu g‘ubor yog‘ildi. Tor dahlizdan o‘tib M. o‘ng tomondagi xonaning eshigini ochdi: er-xotin shu yerda edi. U yerda zaifgina sham zulmat bilan olishib yotardi. Ular eshik ochilishini ko‘rib, bir-birlarining pinjiga tiqilgancha qaltirab turishardi. Bizni ko‘rgach, avval hayratlanishdi, so‘ng birdan suyunib ketishdi.
– Qanday kelib qoldilaring? – so‘radi er xursandligini yashirmay. – Hammayoqda izg‘ib yurishibdi-ku.
Men xonani ko‘zdan kechirdim: to‘shaklar nomiga yig‘ishtirib qo‘yilgan, barcha narsada hafsalasizlik seziladi. M. bu xonadonni «ma’naviy tanazzul uyi» deb atagan va tanazzulni er-xotin qiyofasiga emas, uy suvratiga mujassam etgandi. Shu sababli xonadagi har bir narsa menga qiziq edi. Tokchaga uyib qo‘yilgan kitoblar g‘uborga belanib yotar, shift ko‘chib tushaverib tomi ko‘rinib qolgandi. Menga er-xotinning asarda ishtirok etishi, tashqariga chiqishdan qo‘rqib bir umr to‘rt devor ichida, zulmat bilan birga yashab o‘tishlari mutlaqo tushunarsiz edi. Nazarimda, bu er-xotin zulmatga shu darajada ko‘nikib qolgandilarki, ular daf’atan yorug‘likka chiqsa, qo‘rqib o‘lib qoladiganday edi. Er-xotinning tartibsiz va umidsiz hayotlari hamda biz kirib borgan xona menga M.ning hujrasini eslatdi; shundagina M. nega bu er-xotinga bot-bot qaytishini, ularni zarur, nozarur lavhalarda eslatib o‘tishini endi anglaganday bo‘ldim. Bu uning ota-onasi edi! Men buni oldin tushunmagandim, hozir ularning M.ning yuziga qo‘rqib boqib turishlari, M. esa ularga achinganini oshkor qilib turishi, ikki tomonning ham bir so‘z aytmay bir-biriga tikilib turishlari mening «bular M.ning ota-onasi» degan qarorga kelishimga sabab bo‘ldi. Buning ustiga, er-xotin M.ga juda o‘xshar, faqat M.ning yuzi ichkilikdan zahil tortgan, er-xotinning yuzida esa yomg‘ir o‘yib tushirayotgan suvoq kabi umrning mayda xavotirlari yog‘ilardi.
– Sen bekorga bularning hammasini yozyapsan, – dedi ota past tovushda. Ular M.dan qo‘rqishardi, chog‘i, har bir gapini ikkilanib, cho‘chib gapirishardi. – Endi biz ko‘chaga chiqolmay qoldik.
– Siz oldinlari ham ko‘chaga chiqolmasdingizlar, – zaharxanda qildi M.
– Sen yoza boshlagandan so‘ng ular bizga yana ham ko‘proq zug‘um qila boshlashdi, – dedi yana ota.
– Ular hech qachon zug‘um qilmagan, sizlar o‘zlaringizga o‘zlaringiz zug‘um qilyapsizlar, – M. shunday deb otasiga qarab yurdi. Ota shoshib qoldi. Ona esa qo‘li bilan og‘zini yopib, yig‘lab yubordi. Men: «Nahotki, M. o‘z otasini ursa», – deb o‘yladim va har extimolga qarshi unga yaqinroq bordim. Ammo yanglishgan ekanman. M. borib otasini quchdi va yelkasiga qoqib: «Qo‘rqmang, – dedi. – Hech narsadan qo‘rqish kerak emas. Tasavvurlaringiz sizlarni yana ham qo‘rqoq qilib qo‘yadi». «Qo‘rqmay bo‘ladimi?» – dedi ota o‘g‘lining mehribonligidan ko‘ngli to‘lib ketganday (xuddi shu lahzani M.ning bolaligiga bag‘ishlagan asaridan o‘qiganim yodimga tushdi: faqat asarda ota o‘n bir yashar M.ga qo‘rqmaslik kerakligi to‘g‘risida gapirgan, lekin o‘zining qo‘rqib ketayotganini o‘g‘liga bildirib qo‘ygandi).
M.ning ko‘chaga chiqqanda ham qovoq-tumshug‘i ochilmadi. «Ular meni ham kalamush qilmoqchi edilar», – deb g‘o‘ldiradi. M. ota-onasining hech qachon oshkor qiyofalarini yaratmagan, ular mana shu er-xotin qiyofasida M.ning asarlarida kezib yurardi. (Ular bag‘oyat xokisor bo‘lishlariga qaramay, to‘rt devor orasida bir umr yashab kelishlari M.da hamisha zaharli istehzo uyg‘otardi.) Men endi M.ning asarlaridagi boshqa lavhalarni ham tushuna boshlagandim: xususan, M. tasvirlagan zulmat dunyosi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, u oldin ota-onaning qalbida paydo bo‘lib, so‘ngra 11 yoshli bolaning ko‘ngliga ko‘chgan, so‘ng balog‘at yoshining botqoqlarini kezgan sayin kattara-kattara M.ning zulmat dunyosiga aylangandi.
Nihoyat, biz manzilga yetib keldik, bu zulmat dunyosidagi shaharchaning qoq markazida joylashgan va uning deyarli barcha asarlarida eslatib o‘tiladigan kichik va ko‘rimsiz qahvaxona edi. Men arxiv hujjatlarini tekshirar ekanman, adabiy guruhning «siyosiy» qarorgohi sifatida bu qahvaxona qayta-qayta eslangan va guruh a’zolari xuddi shu yerda «siyosiy to‘ntarish»ga tayyorlanishayotganda qo‘lga olinganini o‘qigan edim. M. bilan xira fonuslar yoqib qo‘yilgan qahvaxonaning bir burchagiga borib o‘tirdik. (Men M.ning xotirasini titkilay-titkilay shu qahvaxonani topganimdan xursand edim.) U shu zahoti ichkilik buyurdi va ustma-ust icha boshladi. U bu yerda o‘zini juda noqulay sezar, odamlarga tik qaray olmas, o‘zini faqat majburiyat yuzasidan mix ustida o‘tirganday tutar, menga mo‘ltirab qarab qo‘yardi. Uning orqasida qandaydir guruh baqirib suhbatlashar, ba’zida she’r o‘qib qolishar, so‘ng yana faqat o‘zlarigagina ma’lum atamalarni keltirib bahslashishardi: ularning bahsi shunchalik qizg‘in ediki, men garchi ularning gapini elas-elas eshitayotgan bo‘lsam ham, bahs qiziqtirib qolgandi. Ularning o‘rtasida o‘tirgan qirq yoshlardagi yigitni – u menga juda tanishdek tuyuldi – suhbatni boshqarib turishidan va ba’zida sheriklariga so‘z berishidan guruhboshi bo‘lsa kerak deb o‘yladim; biroq xira fonus yorug‘ida uning yuzini aniq ko‘rolmasdim. M. allaqachon stolga boshini qo‘yib, xurrak otardi. Men yana yigitga qaradim – u endi yonida o‘tirgan jingalaksoch yigitni quchoqlagancha nimalardir der, davradagilarning diqqat bilan quloq solishidan yigitni juda hurmat qilishlari sezilib turardi. Bir mahal u yonidagi yigitga nimadir deb o‘rnidan turdi va eshikka yo‘l oldi. Jingalaksoch bosh irg‘ab, davraga o‘girildi-da, baland tovushda she’r o‘qiy boshladi. Menga uning she’ri tanishday tuyular, biroq xotiramning o‘sha she’r turgan qismi mavhum bir zulmat ostida yotardi. Men eslashga urinmadim, negadir oyoqlarim meni guruhboshi ketgan tomonga tortardi. Uning izidan tushdim. Yigit qahvaxonadan chiqib, o‘ng tomonga burildi. So‘ng shundoq zinaning tagida qandaydir qora sharpa bilan gaplasha boshladi. Gaplarini eshitish uchun yaqinroq bordim. Qora sharpa xirillab, tahdidli ovozda gapirardi – bu ovozdan badaningiz xuddi tiqqa tekkanday jimirlab ketardi.
– … Boshingga it kuni tushishini unutma. Qizni nima qilganingni yaxshi bilamiz. Senga shuning o‘zi yetadi. Shu sababli qaysisini tanlash ixtiyoringda…
Guruhboshi yigit bo‘shashib nimadir dedi. Qora sharpa nari ketdi. Yigit qahvaxonaga qaytib, joyiga borib o‘tirdi. Uning yuzi tund, xavotirli edi. Shunda negadir ajablanayotganimni sezdim – go‘yo shunday bo‘lishini oldindan bilganday edim; aksincha, agar shunday bo‘lib chiqmaganida, balkim, men uchun kutilmagan voqea bo‘lardi. M.ni turtib uyg‘otdim. U cho‘chib tushdi. «Ketdik», – dedim uning baqraygan ko‘zlariga tikilib.
Biz tor, zulmat va qo‘rquv cho‘kkan ko‘chalarni uzoq kezdik. Oxiri jinko‘chaning birida kimgadir duch keldik. Unga adashib qolganimizni aytib, qanday qilib markaziy ko‘chaga chiqib olishni so‘radik. U bir daf’a bizga hayron bo‘lib qarab turdi-da: «Butun odamzod adashgan, – dedi sekingina, – unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish mening qo‘limdan kelmaydi». Men shundagina bu ziyolini tanidim: M. asarlarida u doimo nutq irod qilib yurar, so‘ng o‘z tinglovchilarini Q.ning odamlariga sotardi. Uning ziyosi yangi sotqinliklarni o‘ylab topishga bemalol yetardi. U bizdan nari ketdi. M.: «Bu yerdan tezroq ketaylik», – dedi. U ziyolining borib chaqishidan qo‘rqardi.
M. shuncha yil telba, majruh odamlar orasida yolg‘iz yashashga majbur bo‘lgandi. Insonni yorug‘ xilqat sifatida ko‘rgan sayin u o‘zini mayib-majruhlar, kasal, telba odamlar orasiga shunchalar ko‘proq yashirgandi. U sotqinlik, xiyonat, qo‘rquvni qayta-qayta tasvirlar, asarlarini sotqin kishilarning dunyosiga aylantirar ekan, ana shu yo‘l bilan o‘zini tahlil qilar va bu bilan o‘zini ham fosh etardi. Har qalay, men shu xulosaga kelgandim. U zo‘rlik va zulmni shunchalik ko‘p tasvirlagandiki, qahramonlar nafaqat shu zo‘rlik mahsullari, balki uning ajralmas qismiga aylanib qolgandilar: zo‘rlikni butun dahshati bilan tasvirlash M. kutgandek zulmga nafrat emas, undan hayiqish, unga muhabbat paydo qilgandi: bu qahramonlar o‘zlarining qul, mute ekanliklari bilan faxrlanish darajasiga yetgan edilar. Mana shu yerda M.ning inqirozi boshlangandi. Shu tufayli ham keyingi yillarda u deyarli hech narsa yozmay qo‘ygandi. Negaki oxir-oqibat u qanchalik o‘zini asarlari ortiga yashirmasin, baribir mana shu xulosa yana yuzaga qalqib chiqardi.
– Anovi zina yonida gaplashgan qora sharpa kim edi? – deb so‘radim men, keng ko‘chaga chiqqach.
M. yurishdan to‘xtab, menga cho‘chib qaradi: qaramasam ham, uning yuzi o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgan kishinikiday bo‘zarib ketganini bilardim.
U yurishdan to‘xtadi va:
– Yolg‘on. Tuhmat qilyapsan! – deya baqirdi. Biroq yolg‘on gapirmayotganimni o‘zi sezib turar, shu sababli o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi: shundagina men uning juda ojiz odam ekanligini sezdim.
– U Q. edi! – deb baqirdi yana. – Ana, bilding, bor, yoz! Hammasini yoz! Lekin baribir ishonishmaydi. Q.ning kimligini bilasanmi?
U telba bo‘lib qolganday tag‘in baqira boshladi, so‘ng ko‘kragini ochib mushtladi. Mening indamay turaverganimni ko‘rgach, o‘ziga keldi.
– Ha, u Q. edi, – dedi yana o‘zicha shivirlab.
Men undan boshqa narsa so‘ramadim. Endi boshqa narsa so‘rashning hojati ham yo‘q, men o‘z xulosamni chiqarib bo‘lgan edim. Zero, yonimda ketayotgan kimsaning murdadan farqi yo‘q edi. Shunda bu voqealarga qay jihatdandir aloqasi bo‘lgan, dunyodagi barcha oshiqlar kabi sadoqatli va vafodor bo‘laman deb o‘ylagan va oxir-oqibat fohishalik ko‘chasiga kirib qolgan – bizni simyog‘och tagida kutib olgan – hurkak qizni esladim va ichimdan toshib turgan nafratni zo‘rg‘a jilovlab so‘radim:
– N. degani kim edi? – So‘ng uning e’tirofini ham kutmay o‘zimning savolimga o‘zim javob berdim: – N. axir siz edingiz! Siz!
M. boshini egdi. Mastligi tarqab ketgan ko‘zlari menga jovdirab saltanatidan ayrilib asir tushgan shohday qarab turardi. Biz muyulishdan o‘tib olishga ulgurmadik: yonginamizda paydo bo‘lgan sharpalar bizga tashlanishdi va ikkalamizning ham qo‘llarimizni qayirib, sudrab ketishdi. Ular qandaydir jargonda gapirishar, gaplari tushuniksiz, qayoqqa sudrab borayotganlari ham noma’lum edi. M. tipirchilar, o‘zicha mast tovushda so‘kinardi: «Shunday bo‘lishini bilardim, hamisha shundan qo‘rqardim». Bizni sudrab borayotganlar dushmanlarini asirga tushirgan yovvoyi odamlardek baqir-chaqir qilishar, ularning safiga yangi-yangi sharpalar qo‘shilardi. Uzoq yurishgandan so‘ng bizni o‘sha qiz kutib olgan simyog‘och ostiga olib borishdi. Bu yerda olomon gavjum, hamma uyidan qochib chiqqanday edi: simyog‘ochning xira chirog‘i ularning yuzida qotib qolgan qo‘rquvni yana ham vahimali qilib ko‘rsatardi.
Simyog‘ochga suyanib turgan qop-qora kiyingan kishi M.ning oldiga keldi va unga uzoq tikilib qoldi. So‘ng:
– Bu axir Q.-ku! – birdan baqirib yubordi. Va M.ning tizzasiga tepdi. – Osinglar uni!..
Qora kiyingan sharpalar M.ning bo‘yniga arqon solishdi, biroq arqonni tortishga ulgurishmadi: o‘qday otilib chiqqan bir yigit qo‘lidagi xanjarni M.ning naq ko‘ksiga sanchdi. Atrof shovqinga to‘lib ketdi. Yigitning ikkinchi zarbasidan himoya qilish uchur arqonni shosha-pisha tortdilar. Ko‘ksiga xanjar qadalgan M. nihoyat o‘rtada bir qop somonday osilib qoldi va qiy-chuv boshlandi. Men odamlar orasini yorib o‘tib, jon holatda qochishga tushdim. Biroq besh qadam ham yugurmay o‘sha qizga duch keldim.
– Qoch, – dedim unga. – Uni osib quyishdi.
Qiz birdan chinqirib yubordi va boshini changallagancha o‘tirib qoldi.
– Ketdik, – dedim unga, – bu yerda qolish havfli.
– Ketolmayman, – dedi qiz. – Axir u menga uylanmoqchi edi. U mening ko‘z ochib ko‘rganim…
U shunday dedi-da, o‘zini olomon ichiga urdi. Men qochib borarkanman, qizning o‘kirib yig‘layotganini eshitar edim. O‘pkam og‘zimga tiqilib muyulishga yetib kelganimda shafaq oqarib jo‘naganini, qo‘rg‘oshinrang saltanatining bir chetini yoritib borayotganini, izimdan quvib kelayotgan zulmat chekinayotganini ko‘rdim.
* * *
Ertasiga xonadoshim shoshib kirib keldi va hech narsaning ta’siri sezilmaydigan ovozda dedi:
– Eshitdingizmi, M. o‘lib qolibdi. Ertalab uni simyog‘ochga osilgan holda topishibdi. Ko‘ksiga xanjar qadab, keyin osishgan. Kimlar o‘ldirgani ma’lum emas. Sho‘rlik, sizning dohiyona madhiyangizni o‘qiy olmay armonda ketdi. – Keyin kinoyani qoyillatgandek menga sur ko‘zlarini tikdi. – Xo‘sh, maqola tayyormi?
– Yo‘q. Maqola yozmaydigan bo‘ldim, – dedim men.
1996 yil