Boshimg‘a, ko‘rki, ne tun kelturibsen
Alisher Navoiy
«… Sen yuksak-yuksaklarda, odam idroki ham, ongi ham yetmas yuksak-yuksaklarda uchib yurasan. Sen endi hech qachon yerga qaytib tushmaysan; sening borligingga odamlar faqat tong payti yoki yomg‘irdan so‘ng kechki shafaqning shaffof nurlari ufqni cho‘miltirganda yoki to‘lin oy chiqqandagina guvoh bo‘ladilar, senga sig‘inadilar, senga atab qo‘shiqlar to‘qiydilar, sening yerga tushishingni yalinib-yolvorib so‘raydilar, sen esa hammasidan bexabar yuksak-yuksaklarda uchib yuraverasan. Men sensiz mazmuni qolmagan u sahroyi-biyo-bonni sarson-sargashta kezib yuraman: kimga tavof qilishni, kimga sig‘inishni, kimni sevishni, kimdan nafratlanishni bilmayman. Sen esa yuksak-yuksaklarda uchib yuraverasan, endi hech qachon yerga tushmaysan, hech qachon, hech qachon…»
Mana tun. Tunda mening boshqalarnikiga o‘xshamaydigan umrim boshlanadi. Tunda men o‘tgan kunla-rim va kelajagim bilan uchrashaman: ular xuddi so‘nayotgan yulduzlarday ko‘z oldimdan bir-bir uchib o‘tadi.
Deraza yonida qurbaqa qurilladi, uning nag‘masidan bexos cho‘chib tushdim, so‘ng qurilloq sekin so‘ndi va narigi binoning yuqori qavatlarida qandaydir bola chinqirib yig‘lab yubordi. Izidan ayol kishining zardali ovozi eshitildi. Bola esa allamahalgacha o‘ksib-o‘ksib yig‘lab yotdi. Shunda mening xayolimga — balki bola uzoqlarda, mening o‘tmishimda yig‘layotgandir — degan o‘y kelib qoldi. Kim biladi, shunday bo‘lishi ham mumkin-ku; bu azim tun qo‘ynida o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan balki mening bolaligimdir? Balki hech qachon tuganmas bu tun meni bolalik bilan yuzma-yuz qilmoqchi bo‘lgandir. Agar shunday bo‘lgan takdirda ham bolalik bilan mening hozirgi o‘ttiz bir yoshim orasida juda katta jar bor. Bu jarlik menimcha, endi hech qachon yo‘qolmaydi. Men bolalik olmasining aynigan, buzilgan tomoniman. Olmani yeyishar ekan, odamlar hamisha chirigan joyini kesib tashlashadi. Agar endi men yana nimagadir yarashimni his qilganimda ham bu umr olmasining chirigan qismini kesib tashlashim kerak.
Men hozir baxt va baxtsizlik haqida gapirmoqchiman. Odam hayotda o‘z o‘rnini bilishi uchun bu savollarga javob topishi zarur deb bilaman. Lekin negadir mening bu savolim ko‘plarning kulgisini qistatdi, ular oshkora va yashirin mening ustimdan kuldilar. Shunday bo‘lsa ham men bugun baxt haqida gaplashishga ahd qildim. Balkim, shunda o‘z umrimni, hayotdan nima izlayotganimni va nimaga erishganimni oz bo‘lsa ham tushuntirib berarman.
Tun gullari ham bir-bir ochila boshladi. Aftidan tun o‘zining ulug‘vorligi va go‘zalligini bilsa kerak — men mana shunday oqshomlari kimnidir intiq bo‘lib kutaman.
Tun shohona libosda asta-sekin hamma narsani o‘z izmiga bo‘ysundirmokda.
Tun xushbo‘y siyohrang atirgulga o‘xshaydi. Bu gulni kim uzib ko‘k qo‘yniga qo‘yib ketdi ekan, men bilmayman.
Shayton ham xonamda mana shunday yoz kechalarining birida, hali Sulaymon bilan tanishmasdan oldin, jurnaldan ishdan ketgan, bekorchilikdan kun bo‘yi shishib uxlab, kechalarni esa yo ko‘cha kezib, yo kitob o‘qib yoki shunchaki shiftga tikilgancha, tush bo‘lib — tushga, o‘ng bo‘lib — o‘ngga o‘xshamaydigan apoq-chapoq xayollar bilan o‘tkazadigan, kitoblarda juda kelishtirib yozilgandek, «beorom o‘tgan» tunlarda paydo bo‘lgan edi. Men hanuzgacha tushunolmayman. Shaytonning nimamga ishqi tushdi ekan? Tunlari «beorom» bo‘lishimni aytmasa, boshqalardan hech ajralib turadigan joyim yo‘q edi. Aksincha, tengdoshlarimning ichida eng omadsizi men edim. Aftidan, shaytonlarning bizning aqlimiz yetmaydigan o‘z odatlari va qonunlari bo‘lsa kerak. Meni uning tashrifi hayratga solgani yo‘q, — men o‘sha paytlari hech narsadan hayratlanmay qo‘ygan, uning tashrifini hatto oldindan sezib yurganday ham edim; meni hayratga solgan narsa, xuddi Nitsshe tasvirlagandek, sochining malla tusdaligi bo‘ldi, u juda ham surbet hamda butun vujudidan, hatto ichak-chavog‘idan ham shubha ufurib turardi; u hamma narsadan shubha va ishonchsizlik izlardi; biroq e’tirof etish kerak, u juda aqlli va makkor edi.