Birodar, yaxshi odam bo‘lsangiz kerak, ko‘zlaringiz aytib turibdi. Siz ham bu charxi dunyoning ko‘p nadomatlarini boshdan kechirganga o‘xshaysiz. Negadir siz bilan juda suhbatlashgim kelayapti, to‘g‘risini aytsam, hozir kimgadir ko‘nglimni bo‘shatmasam, «tars» yorilib ketadigandayman. Ichganga o‘xshaysiz deysizmi? Nega sekin aytasiz, baqirib ayting. Ichganman, to‘yib ichganman, besh yildan beri to‘yib ichaman. Buni yuzimga qarasangiz, darrov sezasiz. Kuygan charm deysiz. Yuzim emas, yuragim kuyib ketgan, kuygan kovushga o‘xshab qolgan. O‘zim ham misoli g‘ijimlab tashlangan qog‘ozman. Hayot meni g‘ijimlab tashladi, birodar. g‘ijimlab-g‘ijimlab, so‘ng mana shu xiyobonga otib yubordi. Ko‘nglim kuyganidan ichaman, hayotim nestu zabun bo‘lganidan ichaman. Qo‘llarimga qarang, kimning qo‘llariga o‘xshaydi? Ziyoli odamning deysizmi? Topolmadingiz, birodar, qotilning qo‘liga o‘xshaydi. Bu qo‘llar qotil qo‘llar, o‘z farzandini bo‘g‘ib o‘ldirgan qo‘ldir. Nega yuzingiz oqarib ketdi, qo‘rqib ketdingizmi? Aftidan, tagli-tugli odam bo‘lsangiz kerak, keling, sizga taqsirim deb murojaat qilay. Olis zamonlarda yaxshi odamlar bir-birlariga taqsir deb muomala qilisharkan. Sizga yoqdimi? Xursandman. Shunday, taqsir, bu qotil qo‘llar. Sizga mana shu qotillik haqida gapirib bermoqchi edim. Bo‘shman deysizmi? Juda yaxshi. Hayot, sizga aytsam, taqsirim, tavqi-la’nat to‘shagidir. Momohavo bilan Odam otaning gunohi nimada bilasizmi? Olma o‘g‘irlaganlikda? Bilmabsiz, taqsirim, ikkalasining aybi shundaki, ular yer yuzida gunohkorlar, tavqi-la’natga uchraganlar naslini paydo qildi. Mana shu ularning katta gunohi. Odamzodni yaratmaslik kerak edi. Parvardigor odam bilan birga gunohni ham yer yuziga ekib qo‘ydi. Biz hammamiz la’natga mahkum etilganlarmiz.
Yomg‘ir yog‘ayapdi? O‘tib ketadi. Yomg‘ir baribir gunohlarimizni yuvib ketolmaydi. Qarang, yer hidi kelib qoldi. Men yomg‘irdan keyin shu hidni yaxshi ko‘raman. Taqsirim, kechalari mening tushimga jalalar kirib chiqadi. U oylab, yillab yog‘ayotgan bo‘ladi — hammayoq suvga to‘lib ketadi, shaharlar sel ostida qoladi, yer yuzi g‘arqob bo‘ladi. Bu gunoh sellari, taqsirim, gunoh yomg‘irlari, bu yomg‘ir har kecha meni bir marta cho‘ktirib o‘ldiradi va men yaratgan oldida tavba qila boshlayman. Ul oliy hilqatning jamolini ko‘rish uchun o‘zimni hozirlayman, ayriliq pardalari ko‘tarilguncha, ko‘zlarimni visol yulduzlari qamashtirguncha uyg‘onib ketaman va shunda dunyo yaratgandan beri uni jizg‘anak qilaman deb, har tong ahd qilib chiqadigan, lekin har kechqurun umidsiz so‘nadigan quyosh ko‘zlarimni qamashtirib turgan bo‘ladi. Men shunday paytda ko‘zlarim ko‘r bo‘lib qolishini istayman. Bilasizmi, taqsirim, o‘sha olis tushimda bir kuni uzoqlarda qizg‘ish tuman qoplagan oqshom payti sel girdobiga cho‘kib ketgan bir odamni ko‘rib qoldim, cho‘karkan, u jon holatda qichqirdi — uning qichqirig‘idan tushimning devorlari zirillab ketdi, so‘ng u ko‘pirib oqayotgan tim qora loyqa ostida ko‘rinmay qoldi. Men uning abadiy cho‘kib ketganini angladim — o‘sha cho‘kib ketgan odam men edim, taqsirim, siz ko‘rib turgan va har kuni gunohkor, quyoshni olqishlab uyg‘onadigan shunchaki jasad, o‘sha cho‘kib ketgan odamning qichqirig‘i, xolos. Yo‘q, men emas, butun odamzod nafrat to‘la qichqiriq. Sizga ko‘nglimni ochayapman, taqsirim, faqat sizga. Gaplarim erish tuyulayotgandir, biroq men odamzodning anovi churkun xazonlarday chirib bo‘lganini sizga aytib qo‘ymoqchiman. Unda na niyat qoldi, na istiqbol. Gaplarim kitoblardagiga o‘xshab ketayapdimi? Demak, o‘sha kitoblar bashorat qilib yozilgan ekan. Men ham sizday navqiron paytlarimda hayot naqadar go‘zal deb o‘ylardim. Endi esa, hayot zahar bo‘ktirilgan chiroyli kulchadan boshqa narsa emas, deyman, taqsirim.