Ne’mat aka gardishli darvoza yoniga kelib, nafasini rostladi. Oxirgi paytlarda mana shunday ko‘p yursa charchab qolyapti. Qarilikning alomatidir-da bu ham. Birpas eshik oldidagi o‘rindiqda dam olgach, qiya ochiq darvozadan asta bo‘yladi:
– Kim bor? Davlatboy! – deya ichkariga bir-bir odimladi. Qudasi ko‘rinmadi, doim hovlini boshiga ko‘taruvchi bola-baqradan ham darak yo‘q. Bir zum hovlining o‘rtasida hayron bo‘lib turdi-da, so‘ng qo‘lidagi xaltalarni devorga suyab, tomorqaga o‘tdi. Ikki tup yong‘oq soyasida bolakaylar yong‘oq chaqib, yeb o‘tirishar, Hilolaxon esa tandirga non yopardi.
– Assalomu alaykum! Hormang, qizim. Yaxshimisizlar? – dedi Ne’mat aka. Kelin unga bir qarab qo‘ydi-da, qizarib ketgan yuzini yengiga artib, turgan joyida:
– Ha, yaxshimisiz, kiravering, ichkaridalar, – deya ishida davom etdi.
– Mayli-mayli, qizim. Ovora bo‘lmang, men o‘zim, – dedi Ne’mat aka, go‘yo mezbonni ovora qilgandek, asta o‘zi hovliga o‘tarkan.
Tavba, u qachon bu uyga kelsa, kelin mulozamat bilan kutib olar, ishini qo‘yib, joy tayyorlashga unnardi, bugun nima bo‘ldiykin? Ne’mat aka pishib yotgan shig‘il uzumlarga qarab, shularni o‘ylarkan, yo bemavrid keldimmikan, dedi o‘ziga o‘zi. Keyin ikkilanib, qizi tushgan uyning eshigini tortdi. Eshik ichkaridan qulflangan edi. Uning hayronligi yanada ortib, atrofga alangladi. Shu payt unga begonasirab qarab turgan boyagi ikki bolaga ko‘zi tushdi-yu, birdan jilmaydi.
– Qani, bu yoqqa kelinglar-chi, – dedi u bolalarga imlab. Ular bir-biriga qarab olishdi-da, cholning yuzidagi samimiyat, ko‘zidagi quvnoqlikni ko‘rib, avval kichigi, keyin kattasi unga yaqinlashdi. Ne’mat aka engashib, ularning peshonasidan o‘parkan, devorga suyab qo‘yilgan xaltasidan shirinliklar olib uzatdi. Boyadan beri ko‘zlarini katta-katta ochib yotsirab turgan bolakaylar endi Ne’mat akaga qarab jilmayishardi. Besh yoshlar chamasidagi qizcha esa saxiy mehmonga rahmat aytdi. Qariya bolalar bir-biriga maqtanib konfet yeyayotganini maroqlanib kuzatarkan:
– Shirin ekanmi, ha, barakalla, – dedi ularning oldiga cho‘kkalab.
– Kelinoying qani, nega eshigi qulf? – deb qizchani gapga tutdi. Qizaloq esa muhim narsa esiga tushgandek bijirlab:
– Bilasizmi, oyim bilan kelinoyim urishib qoldila, keyin kelnoyimla uylariga kirib ketdila. Keyin-chi, bizzi kirmasin deb eshiklarini bekitib ham oldila, – dedi bilag‘onlik qilib.
– Hm, shunaqami, – dedi Ne’mat aka katta kelinning boyagi qosh-qovog‘ini eslab.
– Ha, mayli. Bor, kelinoyingni chaqir, bobom keldilar, degin, xo‘pmi? – dedi va o‘zi uch yoshlar chamasidagi Sunnatjonni ko‘tarib, hovli sathini asta keza boshladi. Qizaloq esa chopqillagancha deraza tomonga yugurdi.
Madina ro‘molini to‘g‘rilab eshikni ochganda, otasi ovsinining o‘g‘lini ko‘kka otib o‘ynatar, bolakay “qiqir-qiqir” qilib kular, bir qarashda ular bobo-nabiraning o‘zi edi.
– Voy, dada, o‘zizmisiz?! Assalomu alaykum. Nimaga bu yerda turibsiz, uyga kirmaysizmi? – dedi u otasiga. Ne’mat aka, eshiging yopiq ekan, demadi-da:
– Qo‘yaver, biz mana bu toychoq bilan o‘ynab turgandik, shundaymi? – dedi Sunnatjonning yuzidan o‘pib pastga tushirarkan.
Madina otasining yelkasidan olib salomlasharkan, og‘ziga birinchi kelgan bahonani aytdi:
– Ha, nevarangizni uxlatayotgandim, mushuk kirmasin deb eshikni yopib qo‘yuvdim-da, – dedi va supaga shosha-pisha dasturxon tuzatdi. So‘ng otasidan hol-ahvol so‘rab, tandir tarafga bir qarab qo‘yarkan, otasining yonida o‘tirib, dasturxonga talpinayotgan Sunnatni shart ko‘tardi-da, opasining oldiga qo‘yib:
– Qarang ukangizga, – deb jerkidi, keyin otasining kuzatib turganini sezib, qo‘liga ul-bul shirinliklardan oldi-da, muloyimlashib:
– Mana bularni olinglar-da, o‘ynanglar. Mehmon kelganda bolalar bunday o‘tirsa, uyat bo‘ladi, – dedi. Ne’mat aka qizi keltirgan issiq choydan ho‘plarkan:
– Qaynotang qani? – dedi o‘g‘lining o‘yinchoqlariga tegayotgan ovsinining bolalariga qarayotgan qiziga.
– Og‘aynilarining tug‘ilgan kuni ekan, shunga oyim bilan Bo‘stonliqqa ketishuvdi. Kechgacha kelib qolishsa kerak, – dedi otasining ser solib o‘tirganiga hayron bo‘lib. So‘ng: – Ha, dada, nima gap, boshqachasiz yo uyda nimadir bo‘ldimi? – dedi Madina xavotirlanib.
– Biz yaxshimiz, hech xavotir olma. O‘zingiz qalaysiz, tinchmisizlar? – dedi tandirdan non uzayotgan katta kelinga ishora qilib.
Madina otasining sinchkovligini bilardi, payqabdi-da, deb o‘yladi, lekin nima deyarini bilmay, biroz kalovlandi.
– Tinchlik. Ha endi uy ichida bo‘ladi-da, xavotir olmang, dada, – dedi shashti tushib.
– Shunday degin. Bir kungina o‘z holingga qolsang, shu ekan-da. Qaynota-qaynonang eshitsa, ranjimaydimi, axir?
Madina javob uchun so‘z topolmadi. Ne’mat aka chuqur tushgan ajinlarini tekislamoqchi bo‘lganday kaftini manglayi uzra yurgizib, ohista uf tortdi. So‘ng sal hovuridan tushdi-da, ro‘parasida boshini quyi solib o‘tirgan qiziga nasihat qildi:
– Ro‘zg‘orda nimalar bo‘lmaydi. Sen kichiksan, bolam, bir gapdan qol. Shunday qilsang, kam bo‘lmaysan. Ko‘nglingni, fe’lingni keng qil. Baraka topasan, qizim, – dedi vazminlik bilan.
Madina voyaga yetgan xonadonda ota so‘zi ikki bo‘lmagan. Oilada nima mashvarat bo‘lsa, eng so‘nggi xulosani ota aytgan. Shu bois uning gapini ikki qilishga odatlanmagan Madina bu safar ham indamadi. Tomog‘iga tiqilib kelayotgan allanima kipriklarida yosh bo‘lib yaltiradi. Bir paytlar o‘qimishli, hammaning e’tiborida bo‘lgan bu qiz bugun turmushga chiqib, ilojsizligidan, arzimagan oilaviy “dedi-dedi”larga ezilib o‘tirganidan xo‘rligi keldi.
Ne’mat aka esa yerga qarab sukut saqlab turarkan, ikkita issiq nonni ko‘tarib kelgan boyagi bijildog‘ qizchani yoniga o‘tqazdi-da, asta gap boshladi:
– Men ota-onamdan yetim qolganimda hali bola edim. Bir qaraganda, bola edig-u, ammo qora ro‘zg‘orning tashvishi bizni ertaroq ulg‘aytirib qo‘ygandi. Pirmat amaking endi uylangan mahali biz olti opa-uka, jami sakkiz jon katalakdek uyda yashardik. Bilasanmi, bizni o‘sha mash’um ocharchilik, qahatchilik yillaridan asragan narsa nima? Qora qozonda qaynagan yovg‘ongina emas, balki o‘zaro mehr-oqibat, insof-diyonat edi, bolam. Eslasam, nafaqat jigarlar, balki qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y ham bir-birimizga birodar, qardosh bo‘lgan ekanmiz. Mabodo qo‘shninikida osh pishadigan bo‘lsa, bizni ham chaqirishar, chiqolmaganlarga devordan albatta bir kosa ovqat uzatib yuborishardi. Endi o‘ylasam, u paytlar odamlarning qorni och bo‘lsa ham, ko‘ngli to‘q bo‘lgan ekan, qizim.
Madina otasini yaxshi biladi. U farzandlari xatoga yo‘l qo‘ysa, baqir-chaqir qilib urishmaydi, buning o‘rniga o‘z hayotidan biror voqea yoki ta’sirli rivoyatni aytib, mag‘zini o‘zing chaqib ol, deganday bo‘ladi. Bu hikoyalarning xulosasi ba’zan shunday achchiq bo‘lardiki, bundan ko‘ra urishgani yaxshiydi, deb o‘ylashardi ular.
Chol choydan bir ho‘plab, gapida davom etdi:
– Akamning xotini, rahmatli Sarvi yangam hali yosh bo‘lsa-da, biz yetimlarni o‘z bolasidek qabul qilgandi. Ochiqko‘ngil, sarishta, saxovatli ayol edi, go‘ri nurga to‘lsin, iloyim. Menimcha, u ayolga har qancha ta’rif kamlik qilsa kerak. Meni Kenja deb atardi. Boshqalardan ko‘ra ko‘proq erkalatar, kichkina deb ko‘nglimga qarardi. Shirinso‘z bo‘lgani uchunmi, osh qilsa kapgir, kashta tiksa igna-ip ko‘tarib yangamning ortidan qolmasdim. Akam bilan yangam biz uka-singillarning boshimizni silab voyaga yetkazishdi, o‘qitib, uyli-joyli qilishdi. Ajratish, qizg‘anish, kamsitish nimaligini bilmay o‘sdik. Shu sabab bizning ro‘zg‘or tutumimizda bunday narsalar bo‘lmagan. To hovli-joy qilgunimizcha bir uyda inoq yashaganmiz. Buni o‘zing ham eslarsan. Hozir atrofdagilarga qarab turib, totuvlik bizning turmush tarzimizga singib ketgan ekan, deyman-da, – dedi og‘ir xo‘rsinish bilan mehmon. So‘ng jim eshitib o‘tirgan qiziga qarab:
– Bugun yashayman desang, hamma narsa bor, lekin goho shu ko‘ngil qurg‘ur torayib ketyaptimi deyman-da, bolam? Kengga dunyo ham keng, ko‘ngilni keng qil, – dedi qariya, boyadan beri ertak eshitayotgandek angrayib qolgan qizchaning sochini silab. Keyin joyidan asta qo‘zg‘alib, yuziga fotiha tortdi. Qizining “Qoling, ovqatga unnayman”, deyishiga ham qaramay, ketishga chog‘landi.
Ne’mat aka darvoza oldiga yetganda oshxona tomonga qarab:
– Mayli, qizim. Siz ham yaxshi qoling. Uyingizdagilarni ham so‘rab qo‘ying. O‘tinglar biznikiga ham, xursand bo‘lamiz, – dedi.
Halitdan beri ota-bolaning gapiga quloq solib turgan Hilolaxon mehmonni kuzatishga chiqib, ko‘zlarini yerdan uzmay:
– Kelganingiz uchun rahmat, qudabuva. Kelib turing, biz ham xursand bo‘lamiz, – dedi siniq jilmayib.
Madina otasini kuzatib eshikni yoparkan, shu tobda negadir o‘zini yengil his etdi, dili allanechuk ravshan tortgandek bo‘ldi. Supaga yaqinlasharkan, uni ko‘rib dasturxondan shartta qo‘lini tortgan ovsinining bolalariga qarab, jilmaydi-da:
– Olaveringlar, mehmon bobongiz sizlar uchun olib kelibdi bu shirinliklarni, – deya Sunnatjonning yuzidan o‘pib qo‘ydi. So‘ng ortiga qarab:
– Kelinoyi, keling, birga choy ichamiz, – dedi mehrli ovozda.
– Hozir, boryapman, – dedi oshxonadan qo‘llarini sochiqqa surtgancha ovsini yoniga shoshib kelayotgan Hilolaxon.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son