Muhiddin Tinibekov. Ona zamin (hikoya)

I

Hamma yoq yam-yashil va ho‘l. To‘q pistoqi rang odamning yuragini siqadi. Toliqtiradi. Yomg‘ir butun yashillikni, uning to‘qimdek qalin va qo‘pol kiyimlarini ivitib yuborgan. Nima uchundir ko‘kalam, yomg‘ir va qir-adirlar doimo bir-birlariga hamroh. Qirda tepaga chiqmoqchi bo‘lsang ham, pastga tushmoqchi bo‘lsang ham, tagi silliqlanib ketgan eski oyoq kiyiming nishablikda toyib ketaveradi. Xullas, hamma yoq shalabbo. Yurakni siquvchi yashillik, oyoq ostingdagi namgarchilik, qo‘lansa shitra yopishgan qo‘y-qo‘zilar, ularning ortidan qolmaslik majburiyati har doim bir-biriga hamroh. Dunyo faqat shulardan iborat. Bu olamda ulardan boshqa nima bor? Bulardan boshqa bu yashillikni tashkil qilgan bo‘z o‘tlarning manzaraga yarashmaydigan sariq gullari bor.
Yaxshiyamki, bu yaylovlarni qoplagan nosvoyrang bo‘z o‘tlarning bo‘yi juda kalta. Bo‘lmasa ular yashaydigan loyshuvog‘i ko‘chib, g‘o‘laklari ko‘rinib qolgan uyning tomini ham bosib, hamma joyni to‘q yashil, yurakni siquvchi to‘q yashil rangga ko‘mib tashlagan bo‘lar va bu olamda ko‘z ochib qaraydigan yashil emas biror joy qolmagan bo‘lar edi. Buning nimasi yomon deya ko‘rmang. Bunga javobni har bir kishi biladi. Bilmaganlar qirchillama qishda qir-adirlar va qishloqni qalin qor qoplaganda qo‘y boqib ko‘rishsin. Qishloqdan chiqib bir do‘ng oshib ko‘ring: atrofni oqlik qoplagan bo‘ladi. Hech kim yomon deb o‘ylamaydigan oq rang. Bu oqlikda siz atrofga bir qarab ko‘ring, ko‘zingiz qamashib, yoshlanib, og‘rib ketadi. Agar uning o‘rnini to‘q yashillik qoplasa, uning yomonligini (noqisligini) tasvirlashga hojat yo‘q. Bu bo‘z o‘tlar sariq rangda gullaydi. Sariq rang ham asli keraksiz, xunuk rang. U onasini elas-elas eslaydigan paytlardagi zamondan beri biroz qizillik va hali biror marta uchratmagan hidni biladi. O‘sha paytda ham, hozir ham qishloqlaridagi biror kishining kiyimida, uy jihozlarida sariq rangni ko‘rmagan. Sariq rang unda biror-bir hissiyot yoki iliqlik uyg‘otmaydi… Bo‘zning sariq gullari besh yaproqli, uchlari uchqur.
Bu gullar shunchalik kichkina bo‘lsa ham, besh qirrali yaproqlari juda mitti bo‘lsa ham, shu uchlarini Uning latta o‘rab kiyib olgan katta va eski oyoq kiyimining yirtiq joylariga sanchmoqchi bo‘ladi. Sancha olmasa, o‘zining namligini to‘kadi… Keyinchalik, u gulini to‘kib, qora urug‘ paydo qiladi. Kichkinagina bu urug‘chalar Unga qarib qolgan xolasinikiga borganida damlab bergan choyni eslatadi. Bu choy o‘ziga xos isli, issiqqina bo‘ladi. Uni ichsa, butun badaniga issiqlik yuguradi, manglayidan ter chiqadi. Ichib rohat oladi. Chuqur nafas oladi. Chuqur nafasdan so‘ng… yo‘tal tutadi. Yo‘tali yumshab, balg‘am ko‘chadi, nafasi ham yengillashib qoladi. Shuning uchun U bu o‘tlarning hech kimga keraksiz sariq gulini to‘kib, paydo qilgan bu urug‘lariga mehr qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ularni og‘ziga solib chaynab ko‘rdi. (Chunki hech qachon uni damlab icha olmaydi-ku). Taxir ta’m butun vujudini qopladi. Xullas, yashillikning hech bir yaxshi tomoni yo‘q. Bu o‘tlar orasida undan ancha baland yana bir yashil o‘t o‘sadi. U ham sariq gullaydi. Uning sariq guli bu yashillik, namlik, xullas, rutubatli olamda dumaloq shaklda paydo bo‘ladi va palaxmonni eslatadi. Yozning garmselida, lablar qaqragan paytda U tengi bolalar palaxmon otishadi. Ular eski mahsining qo‘njidan bir bo‘lak qirqib olishib, ikki chetiga uzun ip bog‘lashadi. Mahsi bo‘lagi ichiga kesak solishib, boshlari uzra aylantirib turib, ipning bir uchini qo‘yib yuborishadi. Kesak uzumzor ichiga borib tushadi. Bir gala chumchuq “gurr” etib ko‘tariladi. Bu ish bolalarga zavq bag‘ishlaydi. Tokzordan chumchuqlar uchmay qo‘yishgach, palaxmonni aylantirib Uni urishadi va bundan zavqlanishadi…
U har doim bolalar bilan o‘ynaganda kamsuqumlik qiladi. Chunki U shunga mahkum. Chunki Uning jussasi tengqurlarinikidan kichik… chunki… o‘ksiganda ovutadigan mehridaryosi yo‘q. Chunki… qoqilganda suyanadigan tog‘i yo‘q.
Bo‘z o‘tlar orasidagi bu sariq boshli gul ham palaxmondek doimo chayqalib turadi. Qulay payt topishi bilan Uning oyoqlariga hujum qiladi. Ilojini topa olmasa, “shapillatib” yuradigan keng oyoq kiyimining sholvori yopib turmaydigan orqa tomonidan kirib oladi. Ularning bir-ikkitasi kirsa sezilmaydi. Biroq ular “ommaviy” hujumga o‘tishadi. Oyoqlarini o‘rab olgan paytavasining shalabbosini chiqarishadi. Quyoshli paytlarda bu “palaxmon” gulkosalarini ochadi. Va yanayam bexosiyat narsaga aylanadi. Charchoqdan yotib dam olmoqchi bo‘lgan paytida, mudroq bosganda ular shamolda egilib, o‘zidan sap-sariq kukun chiqarib, Uning burniga to‘kadi. So‘ng to‘xtovsiz aksa urishlar boshlanadi…
Bu joylar asta-sekin qizg‘aldoqlar bilan qoplana boshlaydi. Ular avval “palaxmon” sariq gullar kabi tugun paydo qiladi. Keyin qizil rangda ochiladi. Bir paytlar hali qo‘y-qo‘zilar boqish zimmasiga yuklanmasdan oldin U eng go‘zal narsa qizg‘aldoq bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edi. Chunki elas-elas eslaydigan Onasini qizil kiyimda tasavvur qilardi.
O‘sha paytlarda o‘g‘il bolayu qiz bolalar galalashib keng adirlarga tutashib ketgan hovlilaridagi qizg‘aldoq tugunlarini terib olishib “o‘g‘ilmi-qizmi” o‘yinini o‘ynashardi. Qizg‘aldoq “tugunagi”ni qo‘lida ushlagan bola qarshisida o‘tirgan raqibidan “o‘g‘ilmi-qizmi?” deb so‘raydi. Raqibi javob bergach, “tugunak”ni uning peshonasiga uradi. Uni urganda ba’zan tovushsiz, ba’zan “paq” etib yoriladi. Bundan bolalar zavq olishadi. Raqibi “qiz” deb javob bersa-yu yorilgan tugunakda harir rangli qizg‘aldoq gulbarglari ko‘rinsa, u yutqazgan hisoblanadi. Bu o‘yinda U doim bexato bashorat qilardi. Shuning uchun alamzada sheriklari Uning peshonasini va yuzlarini qizg‘aldoq “tugunagi”ning qizil rangiga bo‘yab tashlashar, kamiga ba’zilari chimchib ham olishardi. U esa e’tiroz bildira olmaydi. Chunki ularning orqalarida suyanadigan tog‘lari bor.
Boshda U qizg‘aldoqlarni yaxshi ko‘rgisi keldi. Uni qo‘liga olib tomosha qildi. Uning tubida qora dog‘lar va o‘zakni, gulkosalarda sariq changlarni ko‘rdi. Iskadi. Aksa urib, yo‘tal tutdi. Qizg‘aldoqning qizil rangidan U onasining rangi, tafti va hidini qidirgan edi. Buning aksini topdi. Qizg‘aldoqda hid bo‘lmas ekan. Uning ichida sariq rangli changlar — zahar bor ekan. Qizil rangni ham hamma yomon ko‘rsa kerak, bo‘lmasa qo‘shnisining bolasi maktabdan kelib, eshagini bir qir oshirib, uning oyoqlarini bo‘ynidagi qizil galstugi bilan tushovlab qo‘ymagan bo‘lar edi.
Yam-yashil bu adirlarda yana kamalak ham bor. Qishloqdagi kattayu kichik odamlar uni ko‘rsa quvonishadi. Bolalarini kamalakni tomosha qilishga chaqirishadi. Keksa xolasi uni “Hasan-Husan” deb atagan. Yana kamalak bilan bog‘liq ko‘p narsalarni aytib bergan. Ular osmon bilan bog‘liq. Bu narsalardan unga ma’qul bo‘lgani — agar yetim yig‘lasa, yetti osmon titrar ekan. Shuning uchun kamalakka intilib ko‘rdi. Qo‘y boqib, unga yaqinlashmoqchi bo‘ldi. Yaqinlasha olmadi. Qo‘ylarni tashlab og‘ir, ho‘l, yirtiq botinkasini sudrab, egnidagi avval kimnikidir bo‘lgan eski va qo‘pol kiyimlarini lopillatib, yagona suyanchig‘i — qo‘lidagi tayog‘ini baland ko‘tarib, unga tomon yugurib ko‘rdi. Unga yaqinlasha olmadi. Undan biror yaxshilik topa olmadi. Xolasi o‘shanda boshqa narsalar haqida gapirgan bo‘lsa kerak… Samoda vajohatli odam yerga — unga qarab turgan bo‘lsa kerak. Uning lablarining ikki cheti pastga osilgan bo‘lsa kerak. Ana shu lablar kamalak bo‘lib ko‘rinsa kerak. Hasan va Husanlar ham shu lablarning balandki va pastki tomonlari bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Agar bu lablar egasini ko‘ra olsa, u bor vajohati bilan unga qarab zahar sochayotgan ulkan devni ko‘rsa kerak.
Bir kuni qishloq podasining cho‘poni bilan amakisining qo‘zisi va podaning yo‘qolgan qo‘yini izlagani chiqdilar. Adir oshib uning ortidagi qop-qora tog‘largacha yetib bordilar. Tog‘lar daralardan iborat bo‘lar ekan. Dara ulkan tog‘ning ikki etagi bir-biriga birlashib tutashgan joy. Dara shu joyda tugaydi. Agar yo‘lingizni davom ettirsangiz, tog‘ning eng uchiga chiqasiz. Qorong‘ulik bu joylarni qoplashdan oldin ular shu joyda to‘xtashdi. Cho‘pon toshdan o‘choq qurdi. Xurjunidan qozoncha chiqarib, uning ichiga suv va yana bir qancha narsalar solib, tosho‘choqqa joylashtirdi. Tagiga o‘t yoqdi. Ovqatlanib bo‘lishgach, cho‘pon o‘choq qilingan toshlarni buzib, olovni yoyib tashladi. Biroz o‘tirishgach, olov qoldiqlarini olib tashladi. Olov yongan yer va atrofi qup-quruq bo‘lib qolibdi. Qurigan yerga cho‘pon yomg‘irpo‘shini to‘shadi. Ustidan choponini to‘shadi. Shu yerga yotishdi. Yerdan zax o‘rniga bir iliqlik badaniga singa boshladi. Biroq…
Tepasi xira tuman bilan qoplangan qo‘rqinchli baland tog‘lar har ikki tomondan uni siqib kela boshladi. Qo‘rqinchli tog‘lar… Tog‘ etaklari… Bosib keluvchi, siquvchi daralar… Tog‘ ham, tog‘ tepasidagi tuman ham qorong‘ulik tushishi bilan harakatga tushib ketdi. Bir-birlariga yaqinlashib Uni siqib tashlash taraddudiga tushdilar ular. Qo‘rqayotganini cho‘ponga sezdirmaslikka harakat qildi. Biroq vahima butun vujudini qoplab ola boshladi…
U qo‘rquvdan nima qilishini bilmay dong qotdi. Kichkina paytlarida tengqurlari — o‘g‘il bola va qizchalar qizg‘aldoq “tugunagi”ni uning yuziga chaplashardi, endi esa xuddi shu bolalar palaxmon bilan uni mo‘ljalga olishadi. Hatto uylaridagi mushuk ham yelkasi bilan o‘tirgan joyidan surib tashlashga harakat qiladi. Kuchi yetmagach, dumini baland ko‘tarib, uchi bilan bir urib ketadi.
Endi U nima qilsin? Faryodini dalalar eshitmagan, osmon eshitmagan, tog‘larning ahvoli bu… U yonida yonbosh yotgan cho‘pon tomon surildi, qo‘rquvni yengish uchun unga intildi. Boshqa chorasi qolmadi. U aslida cho‘pondan ham hayiqar edi. Amakisining qo‘ylarini boqib yurgan paytlarida qo‘y-qo‘zilari uning otariga qo‘shilib ketsa, urishardi, harqalay, urmagan. URMAGAN. Demak… Cho‘ponning pinjiga kirib, uning yelkalari tog‘dek ulkan ekanini his qildi. Otalar shunaqa bo‘lsa kerak. Nimagadir Onasini ko‘p qo‘msarkan, sog‘inarkan-u, Otasi haqida kam o‘ylar ekan. O‘pkasi to‘lib ketdi. Cho‘ponga bildirmay yotaverdi.
Balki yetti samo titrayotgandir. Balki ulkan tog‘lar Uni yelvizakdan himoya qilish uchun bir-birlari bilan birlashib, ulkan dara hosil qilishgandir. Balki ular sovuqdan himoyalash uchun shamollarga tumanlarni to‘siq qilishgandir. Lekin ular o‘zlarining ezgu istaklarini namoyon qila olmadilar. Kuchli charchoq butun vujudini qopladi va yengdi… taqdiri azal belgilab qo‘ygan uyqu Uni o‘z domiga tortdi…
Rutubatli bu olam Uning joniga tegdi. Bu yerdan qochib ketishni niyat qildi. Bu qir adirlardan uzoqda — oppoq paxtalar bilan qoplangan joyda boshqa bir amakisi yashaydi. Bu amakisi turar joyi haqida gapirib bergan. U hammasini eslab qolgan.
Qat’iy qarorga kelib, qishloqni aylanib qir-adirlar osha qo‘shni qishloqdan tuman markaziga chiqib ketadigan yo‘lgacha hech kimga ko‘rinmay yetib olishni reja qildi.
Qir-adirlar oshib, o‘ylagan manziliga yaqinlashdi. Uzoqdan umrida birinchi marta asfalt yo‘lni ko‘rdi. Bu ilonizi yo‘l Unga judayam tekis, go‘zal va g‘aroyib ko‘rindi, unga mahliyo bo‘ldi. Uning narigi uchida avtobus ham ko‘rindi. Avtobus kelish paytiga yo‘lgacha yetib bora olmasligiga ko‘zi yetib, yugurishga tushdi. Charchagan bo‘lsa ham bor kuchi bilan yugurdi. Egnidagi eski, qo‘pol va katta kiyimining saqlanib qolgan yagona tugmasini yechib, so‘trab, osilib qolgan cho‘ntaklarini silkitib yugurdi. Lablarini osiltirib yugurdi. Yag‘iri chiqib ketgan yengi bilan burnini artib yugurdi. Iplari uzilib ketgan, telpagining quloqlarini osiltirib yugurdi. Yeta olmasligiga ko‘zi yetib, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni artib, yugurdi, ko‘kayi kuyib yugurdi. Yagona suyanchig‘i — tayog‘ini tashlab yugurdi. Oyoqlari chalkashib og‘ir va iflos botinkasini poychalariga urib yugurdi. Oyoq kiyimining yirtiq joylari battar yirtilib sitila boshlagan bo‘lsa ham, oyog‘idan tushib qolsa ham yugurdi. Qo‘llarini boshlari uzra ko‘tarib, iltijo bilan yugurdi. Ammo…
Ammo avtobusga yeta olmadi. Yerga o‘tirib tizzasiga kir va yirtiq yeng ichidagi nozik bilagini, uning ustiga boshini qo‘ydi. Yomg‘ir ho‘llay olmagan joylarni ko‘z yoshlari ho‘llay boshladi.
U o‘tirib olib xorlanib yig‘ladi. Diydasi kuyib yig‘ladi. Avtobusga yetolmagani alamiga yig‘ladi. Avtobusdagi shuncha odam unga e’tibor bermagani uchun yig‘ladi, xo‘rligi kelib, tomog‘iga butun olam tiqilib yig‘ladi. Bu olam unga tirnoqdek muruvvat ko‘rsatmaganidan zorlanib yig‘ladi. Badanida qaltiroq turib, o‘zini tuta olmay yig‘ladi. Shu paytgacha azobda o‘tgan davrlarini eslab yig‘ladi.
Ey, yoronlar, men bu bolani boshini tizzasiga qo‘yib, yalang oyog‘ini yerga bosib, yirtiq kiyimda, kir-chir holda, o‘sib ketgan patila-patila sochlarini, butun gavdasini silkitib yig‘layotgan holda ko‘rdim. Menga ishoning.

II

Patila-patila kir sochli egilgan bosh mayin, xushbo‘y, siyrak soch holida qad rostladi.
U shohbekatga chiqib poytaxtdan viloyatga qatnovchi mashina egasi bilan savdolashib, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘iga yo‘l oldi. Bunga sabab Uning yaxshi joyda, obro‘li joyda, yaxshi lavozimda, obro‘li lavozimda ishlashi, eng asosiysi, Hasan va Husan farzandlari tug‘ilganligi haqidagi xabarning qishlog‘igacha yetib borishi bo‘ldi. Qishlog‘idagi qarindoshlari Hasan va Husanlarni eshitib, lavozimiga lavozim, obro‘siga obro‘, boyligiga boylik qo‘shilibdi, deb quvonishdi. Farzand — bu boylik. U kelajak poydevori. Farzandi bor va farzandi ko‘p odam bilan munosabat o‘rnatish mumkin. Bordi-keldi qilish mumkin. Bir oilaning farzandi boshqa bir oilaning farzandi bilan munosabat o‘rnatsa, oilalar o‘rtasida bordi-keldi bo‘ladi. Shu tariqa qarindoshlik yoki do‘stlik abadiy bo‘ladi. Buni isbotlashga hojat yo‘q.
Xullas, u lavozimga, obro‘-e’tiborga, oilaga, uyga, eng asosiysi, farzandlarga ega bo‘lib, qiyinchilik yillarini ortda qoldirib, esdan chiqarib, turmushidan xursand, o‘zi xotirjam holda qishlog‘iga otlandi.
Qishlog‘iga yaqinlashgani sari paxtazorlar o‘rnini lalmi dalalar egallay boshladi. U bu dalalarni o‘tgan asrda ko‘rgan. O‘shanda tog‘dagi amakisinikidan qochib, paxtazordagi amakisinikiga borgan. O‘ttiz yillik qiyinchiliklarni ortda qoldirib shu darajaga yetgan…
Dalalar boshlanishi bilan o‘zi mo‘tadil deb biladigan havo o‘zgardi. Qog‘oz, kitob, kompyuter, sigareta, avtomobil hidlari aralashib ketgan shahar havosi o‘rnini keng dalalar havosi egalladi. Bu nimagadir ajib bir havo ekan. U mashinadan boshini chiqarib, bu ajib havoni, dalalar havosini yastanib yotgan bepoyon kengliklar bilan birlashtirib sipqorib yuborgisi keldi. Uning orqasidan alg‘ov-dalg‘ov hissiyotlar keldi. Bir tomondan yashil dalalarni sog‘inib ketayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan kuni bilan yomg‘irda shalabbo bo‘lib kelishi, kechasi uxlayotganda ko‘rpani boshiga o‘rab, zo‘rg‘a isinib olishlari, yarim tundan so‘ng suv terga botib ketishlari, dunyoni larzaga soluvchi momoqaldiroqlar tushlariga kirib alahsirashlari, xullas, alg‘ov-dalg‘ov fikrlarga berildi…
Qishlog‘iga kelishi sog‘inchli quchoqlashuvlar bilan boshlanib, quyuq mehmondorchilikka ulandi. Bu yerlarda mehmondorchilik yam-yashil dalalarga chiqish bilan davom etadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. O‘ylab ko‘rsa, Uning o‘zi ham buni istab turgan ekan.
Dalaga, qir-adirlar bag‘riga chiqishdi. Keng dala. Atrof ko‘m-ko‘k. Havo musaffo. Shahar odami uchun bu narsalar qanday yaxshi… Biroq…
Biroq u shahardan qochib keng dalalar bag‘rida shunchaki dam olish istagida bo‘lgan odam holatiga tushmadi. Uning qalbi sog‘inchga to‘ldi. Bu sog‘inch ich-ichidan toshib kela boshladi. Oxir oqibat tomog‘iga kelib tugun bo‘lib tiqildi.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ko‘m-ko‘k, keng dalani kim ham sog‘inmaydi. Ko‘m-ko‘k o‘tlar oyog‘ingiz tagida yastanib yotsa. Ular ustida yengil qadam tashlab yursangiz. O‘tlar oyoqlaringiz tagiga poyondoz bo‘lishsa, poyondoz bo‘la olmaganlari oyoqlaringizni erkalasa… qanday yaxshi! Buning ustiga shivalab yomg‘ir boshlab yuborsa. Havoni yanada musaffolashtirib, tuproqni ko‘pchitib, qadamingizning yana ham yumshoq bo‘lishini ta’minlasa, erkalatib, oyoqlaringizni toydirsa… Nishablikda o‘tlar ustida pastga qarab toysangiz, qorda uchgandek uchsangiz.
Bu zamin buncha tarovatli bo‘lmasa, atrof qir-adirlar va ulkan tog‘dan iborat bo‘lsa, qir-adirlar yashillikka burkangan bo‘lsa. Bu yashillikka mayda yomg‘ir tomchilari, bulut, bulutlar orasidan har-har joyga tushib turgan quyosh nuri va kamalak hamohang bo‘lsa. Ha, bu zamin yetti xil rangga, yetti xil mo‘jizaga burkangan bo‘lsa. Bu joylar tarovati butun umr Sizga hamrohlik qilsa. Bu joylarning momoqaldiroq gulduroslari Uning ilmiy anjumanlardagi nutqlaridan so‘ng yangragan gulduros qarsaklar tarzida hali-hamon qo‘llab tursa.
Bu zamin buncha go‘zal bo‘lmasa?! Har qanday odamni, har qanday shoirni, har qanday rassomni lolu hayron qiladigan darajada manzarali bo‘lmasa. Bu manzarani ko‘rgan har qanday kishining qalbi jo‘sh urib, to‘lqinlanib ketsa kerak. Buyuk bir asar yaratishga kirishsa kerak. U chet ellardagi xizmat safarlarida ham bunday jozibador manzaraga duch kelmagan. Bunday manzarani hatto mashhur rassomlar ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. U olis bolalik davriga qaytgisi, o‘tlar ustida toygisi keldi. Bolaligini qo‘msab ketdi. Mana shu yam-yashil adirlar bag‘rida bir umrga qolgisi kelib ketdi.
Bu dalalar Uni har bir narsaga e’tiborli bo‘lishga undagan. O‘sha paytlar U har bir adirga, har bir yo‘lga, har qadamdagi notekislikka, hatto har bir toshchaga e’tibor berishni o‘rgangan. Ularni yodlab olgan. O‘tlarning nozik uchlarini kuzatgan, ularning o‘zlari shunga undagan. Ularning sariq gullari yo‘llariga yastanib olgan, ularning tuzilishlarini kuzatgan. Ularni beshyulduzga o‘xshatgan. Boshqa bir o‘tlar sariq gul hosil qilib, boshlarini silkitib har bir qadamini qo‘llab-quvvatlab turgan. Qizg‘aldoqlar qizil rangda ochilib, atrofni yana ham go‘zallashtirgan. Ular har doim Onasini eslatib turgan. Shivalab turgan yomg‘ir atrofni musaffolashtirgan. Ular hozir ham erta oqara boshlagan sochlarini asl holiga qaytarishga harakat qilmoqchiday… Bu shivalab turgan yomg‘ir uning ko‘zlari oldidan ma’lum bir tartibda o‘tib turgan. Ha, o‘shanda U yomg‘ir tomchilaridagi ma’lum bir tartibotni anglagan.

III

U yana qishlog‘iga bordi. Bir qir oshib adirlar bag‘riga tushdi. Bu joylardan bahra olish uchun atrofni kuzatdi. Endi bu joylar butunlay boshqa joylar.
O‘shandan buyon ancha vaqt o‘tdi. Bu joylarga ko‘p xizmati singdi. O‘z qishlog‘ining rivojida uning ham o‘rni bo‘ldi. Nafaqaga chiqishini o‘ylab, bu qishloqdan o‘zi uchun ham mo‘jaz bir uycha qurdi.
Endi mana, nafaqaga ham chiqdi. Endi u chet ellarga bormaydi. Chet elliklar uning mamlakatiga kelishadi. Hatto maslahat uchun. Nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, ish joyida maslahatchi qilib qoldirishdi. Maslahatni esa texnika taraqqiyoti sabab shu qishloqdan ham berish mumkin.
Endi uning dunyoqarashi ham o‘zgacha. Buni tushuntirib berish qiyin. Endi uning soch-soqoli oqargan, yuzidan yoshlik shiddati emas donishmandlik nuri taraladi. Endi uning ko‘zlari chaqnab turmaydi. Endi uning ko‘zlari ma’nolar majmuasidan iborat.
Men bu qishloqni ko‘rdim. Qishloq uylari rang-barang. Ular adirlar yon bag‘irlarida bir-birlariga o‘xshamagan, o‘ziga xos tarzda, o‘zgacha uslubda qurilgan, atroflari yashillik bilan o‘ralgan. Uncha katta bo‘lmagan hovlilar gullar va daraxtlarga burkangan. Bu uylarni bir-biriga tutashtirgan ko‘chalar qir yon bag‘irlaridan buralib, qir oshib ketishgan, ularga ikki tarafdan qator daraxtlar hamrohlik qilishgan. Qir oshsangiz, ketma-ket tizilgan adirlar bir-birlariga o‘xshamagan tarzda har xil daraxtzorlar bilan, ularni bir-birlari bilan tutashtiruvchi ilonizi yo‘llar bilan bezangan. Adirlar orasidagi jilg‘alardan suvlar oqib turadi. Endi tog‘lar ham avvalgidek sovuq qora rangda emas. Endi ular ham yil bo‘yi ko‘m-ko‘k.
Ba’zi adirlarda maydonchalar bor. Bu joylarga vertolyotlar qo‘nadi. Ba’zi joylarda bir-birlariga o‘xshamagan, dam olishga mo‘ljallangan uylar qurilgan.
Bu joylarda hali ham qo‘y qo‘zilar bor. Endi ularni cho‘pon boqmaydi. Ular avvalgidek otar bo‘lib yurishmaydi. Alohida-alohida sayr qilishadi. Ularga turfa xil hayvonlar, jayron deysizmi, kiyik deysizmi hamroh bo‘lishadi. Endi bu yerda bolalar eshak tushovlash bilan ovora bo‘lishmaydi. Endi ular o‘zlari yasagan samolyot va vertolyotchalarni uchirish bilan band bo‘lishadi. Endi bu qishloq bolalari bir-birlarining peshonalariga qizg‘aldoq urmaydilar, palaxmon otmaydilar. Ularning intilishlari o‘zgacha, maqsadlari buyuk.
Bizning qahramonimiz mana shu manzarani kuzatish uchun bu adirga chiqdi. Kuzatish uchun emas ardoqlash uchun chiqdi. Bu joylar ham uni ardoqlashga tushdi. Mayda yog‘ayotgan yomg‘ir atrofdagi yashillik rangini yana ham to‘yintiradi. Yomg‘ir qirlar yon bag‘irlaridagi mevali daraxtlarning gullarini mevasiz daraxtlarning barglari hamda uning oppoq sochlarini namlaydi.
Ey, yoronlar, men bu qishloqni va bu odamni ko‘rdim. Bu qishloq adirlar yon bag‘irlariga qo‘g‘irchoqdek yasatib, yopishtirib qo‘yilgan hovli va uychalardan, har xil butalar, mevali va mevasiz daraxtlar bilan biri-biriga o‘xshamaydigan tarzda bezalgan cheksiz adirlar, ular borib tutashib ketgan qishu yoz yam-yashil bo‘lib turadigan ulkan tog‘dan iborat ekan.
Men uning oldida paydo bo‘ldim, uning ko‘zlariga boqib bir donishmandni ko‘rdim. Uning yuz va ko‘z ifodasiga ta’rif berishga harakat qilib ko‘rdim va eng mohir shoir yoki rassom ham bu ishning uddasidan chiqa olmasligiga iqror bo‘ldim.
Uning yuziga qarab, odamning yuzi shunday bo‘lishi kerak, deb o‘yladim. Ko‘zlariga qarab, menga dunyodagi jamiki narsalar tushunarli bo‘ldi. Bir soniya bo‘lsa-da uning o‘rnida bo‘lgim kelib ketdi. Biroq meni olib ketishdi. Men o‘tirgan ikki kishilik vertolyot tuman markaziga yo‘l oldi. Men qayrilib bu soch va soqoli oqargan donishmandga qaradim. Voajab… U yengil shabadada, shivalab yog‘ayotgan yomg‘irda go‘zal tabiatga hamohang holda turar edi… Voajab… u yam-yashil adirda bo‘z o‘tlar ustida oyog‘i yerga tegmay turardi. O‘tlar uni ko‘tarib turar edi.
Yashillik, yomg‘ir, gul va kamalakka ko‘milgan bu zaminning bag‘rida yana qancha mehr bor ekan?..