– Mayiz qancha bo‘ldi?
– Hech qancha! Oldin tatib ko‘ring, aka… Pajaliska!
– Yo‘q, rahmat. Allergiyam bor. Narxini ayting.
– Narxi arzon… Endi qo‘l qaytmasin, suxan sinmasin… Mana shu bittaginasini… Shoshmang, dumchasini olib… Ana endi “samka” bo‘ldi! Qalay, shirinmi? Yoqmasa, pulingiz o‘zingizga siylov…
– Yaxshi, yaxshi… Bahosini aytmaysizmi?
– Aytaman… Mabodo cho‘ntagingizga to‘g‘ri kelmasa… Kami bor, konechno… Aytaman!
– Xo‘sh-sh, necha pul?
– O‘zi bebaho, biroq sizga pochti bepul! Lekin, mayiz emas, murabbo… misoli mo‘miyo – ming dardga davo! Qani xaltani oching… Yoki, yana bir kaftgina yeysizmi?
– Yo‘q, oldin narxini eshitaylik-chi?!
– Narxi suv tekin… Obro‘yingizga, mana bu savlatingizga mos keladigan mayiz. Qani tortaymi?
– Siz mayizfurushmi yo masxarabozmi? Savlatning mayizga nima aloqasi bor! Narxini…
– Nima desangiz, aka… Biz rozi! Xaridor hamisha haq. Shu mayizginani yeb, ertaga yana qo‘msab, qidirib kelmasangiz men benovat! Bo‘ldi endi, oching to‘rvani… Boshlanishiga o‘n kilomi, o‘ttiz kilo?
– Uf-f! Oldin cho‘ntakka qarab fol ochishim kerakmi, axir? Kilosi necha pul deyapman?
– Men ham arzon deyapman-ku! Tuproqbaho, suv tekin… Ajoyib xosiyati bor, bu mevaning… Lekin, akaxon, buning uchun mayizning yoniga yong‘oq qo‘shib, mayiz bilan mag‘izni ikkalasini “bxay-bxay” qilib qovushtirib, so‘ng “sangam” qilib yesangiz…
– Ho‘-o‘, birodar! Men ma’ruza eshitgani emas, mayiz olgani kelganman. Mana, keliningiz tuzib bergan “ro‘yxat”da yana yetti-sakkiz xil masalliq turibdi… Sotish niyat bormi, o‘zi? Narxi…
– Narxi… nichevo! Turish-tarovatingizdan uch-to‘rt so‘lkavoyning betiga qaramaydigan mardi maydonga o‘xshaysiz-da. Yana narxni so‘raysiz. Ha, ot bilan tuya bo‘larmidi… Go‘sala bo‘lar, bo‘taloq bo‘lar… Bo‘ldi, qopni oching… Tog‘a!
– Tog‘a?! Soqolingiz kindikka tushib, oldin meni “aka” dedingiz, hay… Endi “tog‘a” bo‘ldikmi?! Bu narxini…
– Xo‘-o‘, uka… Tog‘a nima?! Agar molimning narxini tosh bosadigan qilib bersangiz, “pochcha” desak ham tilimizga tirsak toshmaydi! Bildingiz… Qani, sumkani…
– Yo‘-o‘q! Shoxida yursangiz, men bargida… Narxini ayting?!
– Narxi, arzon… To‘rvani…
– Yo‘q, narxi…