Shohida maktabdan qaytib, kiyimlarini almashtirdi-da, endigina kechagi ovqatdan qolganini isita boshlagandi hamki, devor osha qo‘shni hovlidan Diyoraning ovozi eshitildi:
— Shohi, hov Shohi!
Bir necha soniyadan so‘ng ikki hovlini ajratib turgan devor uzra Diyoraning qo‘hlikkina chehrasi ko‘rindi. Diyora qo‘shnisining hovlisiga alanglarkan, oshxona tomonda qo‘lida kapgir ushlab turgan Shohidaga ko‘zi tushib, basharasini bujmaytirdi.
— O‘l-a, mundoq bir ovozingni ham chiqarmaysan-a? “Shohi, Shohi” deyaverib-ku, tomog‘im qirilib ketdi!
— Hamma ham senga o‘xshab dakan xo‘rozdek qichqirib, olamni buzavermaydi-ku? — dedi Shohidaning ensasi qotib. — Menda esa baqirish qobiliyati yo‘q.
— Voy-bo‘, mijg‘ov bo‘lma, — Diyora burnini jiyirsa-da, aslida ichida kiri yo‘q, quvnoq qiz bo‘lgani uchun ham uzoq arazlashga chidayolmay, beixtiyor kulimsiradi. — Bo‘pti, ming‘irlashni bas qil. Biz qizlar bilan olma tergani bormoqchimiz. Sen ham biz bilan birga borasanmi-yo‘qmi, shundan gapir.
— Qaydam, oyim uyda yo‘qlar, — dedi Shohida ikkilanib. — So‘ramay ketaversam…
— E-e, yosh bolamiding, shuniyam so‘rab o‘tiradigan? — dedi Diyora dugonasini ko‘ndirishga astoydil urinib. — Senga pul to‘lashsa bo‘ldi-da, to‘g‘rimi? Yuraqol, Shohi, necha quti terganingga qarab pulini naqd berisharkan!
Endi Shohidaning ikkilanishiga asos qolmagandi. Bu yil yozda oyisining tobi qochib, ancha vaqt uyda yotdi, shuning uchun ham maktab boshlanishi oldidan Shohida bilan Shoiraga yangi forma olib berolmadi. Og‘irchiliklarni ko‘raverib, ko‘nikib ketgan qizlar onasi o‘quv anjomlarini olib berolganiga ham shukr qilib, bulturgi kiyimlarini kiyib yurishibdi. Indaganlarida ham nima bo‘lardi, axir topib-tutib, ta’minlab qo‘yadigan dadasi bo‘lmasa…
Dadasining olamdan o‘tganiga ham olti yil bo‘ldi. Eng kichkina ukasi Bositjon o‘shanda olti oylik edi, bechora hatto dadasini eslolmaydi ham. O‘shandan beri oyisi uch farzandini boqish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradi-yu, biroq ayol boshi bilan topgani urvoq ham bo‘lmaydi: biriga yetsa, boshqasiga albatta yetmaydi.
Diyoraning taklifi Shohidani o‘ylantirib qo‘yganligini boisi ham shu edi. Agar qizlar bilan birga olma terishga chiqib, bir oz pul ishlab topsa, oyisiga harna yordam bo‘larmidi…
— Bo‘laqol, Shohi, namuncha ko‘p o‘ylayverasan? — norozi ohangda ming‘irladi Diyora. — O‘ychi o‘yini o‘ylaguncha, tavakkalchining ishi bitadi! Nima deysan?
— Bo‘pti, hozir kiyinib chiqaman.
Shoshqaloq Diyora Shohidaning oxirgi so‘zlarini eshitmayoq pastga tusha boshlagandi. Zum o‘tmay qo‘shni hovlidan itning akillagani, keyin Diyora ovozining boricha qarg‘angani eshitildi. Diyora narvondan tushayotib, devor tagida uxlab yotadigan iti Momiqning duminimi yoki panjalarinimi bosib olgan bo‘lsa kerak.
Shohida chelak ko‘tarib chiqqanida, ularning darvozasi yonida tarvaqaylab o‘sgan balxitut tagida Malohat, Zulfiya, Kamola, Halima va Barno yig‘ilib, kutib turishardi. Qizlar gangir-gungur suhbatlashgancha olmazor tomon yo‘l olishdi.
Ular yetib kelishganida, olmazorning ichi odamga to‘lib ketgandi. Chelak yoki yog‘och qutiga to‘latilgan olmalarni ko‘targan ayollar, o‘quvchi bolalar, narvon ushlagan ishchi erkaklar bir-biriga gap otishar, hazillashishardi. Olmazorning bir tarafida yuqori sinfda o‘qiydigan yigitchalar to‘planib olishgan bo‘lib, magnitofonda ashulani varanglatib qo‘ygancha, olma terayotgan qizlarga zimdan qarab-qarab bir narsalarni sirlashishar, keyin diqqatni o‘zlariga tortish uchun ovozining boricha do‘rillab kulishardi. Qayoqqa qaramang, yog‘och qutilarga to‘latib qo‘yilgan qirmizi olmalarni ko‘rasiz, ulardan taralayotgan xushbo‘y islar dimoqni qitiqlab xayolni olib qochadi.
Olmalarning xush iforiga mast bo‘lib, ishga kirishib ketgan Shohida kech bo‘lganini ham payqamay qoldi. Va, nihoyat, ish vaqti tugab, olmachilik brigadasining boshlig‘i Ne’mat aka yordamga kelgan o‘quvchilarga ish haqlarini ulasha boshladi.
Navbati kelib, brigadirning yoniga yaqinlashgan Shohida hayratdan qotib qoldi: u o‘quvchilarning orasida eng ko‘p — yigirma besh quti olma teribdi va ishlagan ish haqi uch so‘m-u yigirma besh tiyin bo‘libdi. Ne’mat akadan pulini olarkan, hayajondan Shohidaning yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib urardi. Aytishga oson, axir bu qanchalik katta pul-a? Maktabga kiyadigan forma ko‘ylak olti so‘m-u sakson tiyin turadi, Shohida esa bir kungina ishlab, uning yarim pulini ishlab topibdi. “Ertaga ham olma tergani kelaman, — deb o‘yladi qiz ichida. — Balki olma terish mavsumi tugagunicha Shoira ikkovimizga forma ko‘ylak olishga yetadigan pul ishlarman…”
— Barakalla, judayam chaqqon qiz ekansizlar, — dedi Ne’mat aka ularni maqtab. — Ertagayam yordamga kelinglar, xo‘pmi, qizlarim?
Pullarni tarqatib bo‘lgan brigadir kajavali mototsikliga minib, idoraga hisobot topshirgani ketdi, ishchi ayollar ham asta-sekin uylariga tarqala boshlashdi. Shohida bilan birga kelgan qizlar ham birpas olma tagida dam olgan bo‘lib, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi.
— Bo‘ldi, qizlar, turaylik, — dedi nihoyat qizlarning ichida eng kattasi bo‘lgan Barno. — Hademay, Sobir qorovul ham kelib qoladi.
— Voy turqi qursin o‘shaning, otini ham eslama, tag‘in qulog‘i ko‘rinib qolmasin, — xandon tashlab kuldi Zulfiya. — Turinglar, ketdik!
Qizlar daraxt tagida turgan chelaklarini qo‘lga olishdi. Shohidaning hayratdan og‘zi ochilib qoldi: qizlarning chelaklari yirik-yirik qirmizi olmalar bilan liq to‘la edi.
— Olmani nima qilasanlar? — so‘radi u ajablanib Diyoradan.
— Voy, qiziqsan-a, nima qilardik, yeymiz-da! — Diyoraning o‘rniga gap qotdi shaqildoqqina Kamola.
— Namuncha gap sotasanlar-a?! — ensasi qotib dedi Malohati qadamini tezlatarkan. — Birovniki shirin bo‘ladi! Agar bilmasang, endi bilib olding! Bo‘l, qadamingni tezlat, agar Sobir qorovulning qo‘liga tushib qolsang, o‘ldim, deyaver…
Xuddi Malohat ismini aytishini kutib turgandek olmazorning narigi chekkasida doimo mast-alast yuradigan Sobir qorovulning qorasi ko‘rindi. Alpang-talpang yurib kelishidan uning hozir ham kayfi taraqligi sezilib turardi.
— Qochinglar, qizlar! — chinqirdi Barno va shamoldek yelgancha yugurib ketdi.
Shohida nima gapligini anglab yetgunicha, dugonalari ancha nariga borib qolishdi. Garchi hech narsaga aqli yetmagan bo‘lsa-da, u ham chelagini ko‘targancha dugonalarining ortidan yugura ketdi.
Kun bo‘yi ishlab, qattiq charchagan Shohida shamoldek yelib ketayotgan qizlarga yetib olishga intilib, kuchining boricha yugurarkan, yalangoyoqlariga urilib, tikanlarini sanchayotgan yantoqlar va chitirlarni hatto sezmasdi ham, xayolida esa faqat “Ishqilib, Sobir qorovul menga yetib olmasin-da!” degan o‘y chirpirak bo‘lib aylanardi, xolos.
Kutilmaganda oyog‘i o‘tlarga ilashdi-yu, Shohida o‘zini o‘nglab ololmay, yerga yuztuban yiqildi. Qizning ko‘z oldi qorong‘ilashib, boshi gir-gir aylanib ketdi. U bir amallab qaddini rostlaganida, shirakayf Sobir qorovul allaqachon yonida turar va ko‘zlarini mastona suzib tikilgancha, qizni tanib olishga urinardi.
— Kimning qizisan? — deb so‘radi nihoyat Sobir manqalanib, qarshisida dir-dir titrayotgan qizchadan ko‘zini uzmay.
Shohida qo‘rquvdan duduqlana-duduqlana onasining ismini aytdi.
— Ha-a, Salimaning qiziman, degin?
Sobir qorovul oyog‘i ostida dumalab yotgan chelakni bir tepdi. Chelak daranglagancha bir necha qadam nariga uchib ketdi.
Shohida qo‘rqqanidan dir-dir titragancha, piqillab yig‘lab yubordi. Uning quloqlari tagida Malohatning “Sobir qorovulning qo‘liga tushsang, o‘ldim deyaver” degan gaplari jaranglab turardi.
— E-e, yig‘lama-ey! Nima, seni yeb qo‘yyapmanmi? — to‘ng‘illadi Sobir qorovul bir zum o‘ylanib turgach. — Bor yo‘qol, uyingga jo‘na!
Shohida bir necha qadam narida dumalab yotgan chelagini olishni ham unutgancha uyi tomon yugura ketdi. Sobir qorovuldan osongina qutulganiga hamon ishongisi kelmay, uyi tomon qushdek uchib ketayotgan qizaloq ortiga o‘girilishni xayoliga ham keltirmasdi. Agar o‘girilganida bormi, Sobir qorovulning hamon o‘sha joyda bir narsalarni o‘ylab, bir muddat qaqqayib turganini, keyin esa Shohidaning chelagini olib, olmazorga kirib ketganini ko‘rgan bo‘lardi…
Kechqurun Shohida ishlagan pullarini xuddi ulkan boylikni hadya etayotgandek bir g‘urur bilan onasiga topshirdi. Gap orasida yana bir necha kun olma terishga chiqishini, o‘shanda o‘zi bilan singlisiga forma ko‘ylak olishga yetadigan pul ishlab olishini, balki Bositjonga ham ul-bul olishga ortib qolishi mumkinligini aytib o‘tishni unutmadi.
Salima opa o‘zi pul topa olganidan ko‘ksi tog‘dek ko‘tarilgan qizalog‘ining bir olam rejalarini indamay eshitarkan, mijjalariga qalqqan qaynoq yosh tomchilarini bildirmay artib oldi. Ichida “Dadang tirik bo‘lganida, shu yoshingdan pul ishlab topishga orzumanda bo‘larmiding-a?” degan o‘y o‘tdi-yu, dard-dunyosi qorong‘i bo‘lib ketdi. Biroq qizini xafa qilishni istamay, ichidan qirindi o‘tsa-da, asta jilmaydi.
Ertasi kuni Shohida darslar tugagunicha zo‘rg‘a chidab o‘tirdi. Qaniydi, darslar tezroq tugasa-yu, yana olmazorga borishsa edi! Bugun kechagidan ham ko‘proq g‘ayrat bilan ishlaydi, qizlar bilan kamroq gaplashadi. Ishqilib, vaqt tezroq o‘tsaydi-ey…
Sinf eshigining qattiq-qattiq taqillashi Shohidaning xayolini bo‘ldi. Eshikni ochib qaragan adabiyot muallimasi Shohidaga o‘girilib qaradi-da, uni chaqirib kelishganini aytdi va darsini o‘tishda davom etdi. “Oyim kelgandir” deb o‘ylagan Shohida eshik oldida xo‘jalik direktorining kotibasi turganini ko‘rib, hayron bo‘ldi.
— Yur, — dedi kotiba buyruq ohangida.
— Nega? Qayoqqa? — yurak yutib, asta so‘radi Shohida.
— Yosh bola ko‘p gapirmaydi, o‘ziga aytilgan ishni bajaradi, — jerkib berdi kotiba ayol.
Shohida kotiba ayol bilan birga maktabdan yarim bekatcha narida joylashgan xo‘jalik idorasiga yetib borib, direktorning xonasiga kirganida, u yerda o‘zining onasi, Sobir qorovul, olmachilik brigadasining boshlig‘i Ne’mat aka, xo‘jalik direktori va xotin-qizlar qo‘mitasining raisasi bo‘lib ishlovchi Muharram opa o‘tirishganini ko‘rdi. Bir burchakda rangi quv o‘chib o‘tirgan onasining avzoyidan qandaydir ko‘ngilsizlik yuz berganini darrov sezgan qizchaning yuragi taka-puka bo‘lib, ko‘zlariga yosh to‘la boshladi.
— Qizim, qo‘rqma, beriroq kel, — dedi Muharram opa muloyimlik bilan. Ayolning mayin ovozidan sal ko‘ngli tinchigan qiz yaqinroq kelgach, ohista so‘radi — Shohidaxon, qizim, manavi sening chelagingmi?
Shundagina Shohida direktorning stoli ustida turgan chelakni ko‘rdi. U o‘zining chelagini darrov tanidi. Chelak yirik-yirik, qip-qizil olmalarga to‘la edi.
— Ha, — asta bosh irg‘adi qiz. — Mening chelagim.
— Yaxshi, — Muharram opa direktorga qarab, asta bosh irg‘adi. — Xo‘sh, qizim, kecha olmazorda hammadan ko‘p ishlabsan, ish haqingni ham olibsan, faqat… nega yana olma o‘g‘irlading?
— Olma o‘g‘irladim-m? — Shohida hayronligidan Muharram opaga anqayib qarab qoldi. Keyin o‘ziga tirjayib qarab turgan Sobir qorovulga ko‘zi tushdi-yu, qo‘rqqanidan yuragi duk-duk ura boshladi. — Yo‘q… yo‘q, men olma o‘g‘irlaganim yo‘q!
— Bo‘lmasa, manavi olmalarni men o‘g‘irlabman-da? — manqa ovozda o‘shqirdi Sobir qorovul qizchaga o‘qrayib. — Kecha kechqurun qizlar bilan birga qochib ketayotganingda o‘zim tutib oldim-ku! Qani, gapir, sheriklaring kim edi?!
— Bas qiling! — Muharram opa keskin ovozda uning gapini bo‘ldi. Keyin sal o‘zini qo‘lga olib, buyurdi. — Bo‘pti, siz ishingizga boravering. Jazolashni esa o‘zimizga qo‘yib bering!
— Xo‘p, xo‘p, opajon, — Sobir ikki qo‘li ko‘ksida, egilgancha tisarilib, eshik tomon yurdi. — Men faqat jamiyatimizga ziyon keltirayotgan o‘g‘rilarning payi qirqilishini xohlayman-da…
Sobir qorovul vaysagancha eshikdan chiqib ketguniga qadar, xonadagilar unsizgina uning izidan tikilib turishdi.
— Jamiyatning posboni sen bo‘lsang… — ensasini qotirdi Muharram opa hamon bir so‘z aytmay o‘tirgan direktor bilan Ne’mat akaga o‘girildi. — Xo‘sh, endi nima qilamiz?
Ne’mat aka yelka qisdi, direktor esa ranglari dokadek oqarib, tilsiz-jag‘siz qotib o‘tirgan Salima opaga, keyin dir-dir titragancha hamon ko‘z yoshlari yuzini yuvayotgan Shohidaga qaradi.
O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi. Nihoyat, direktor o‘rnidan turib, Shohidaga yaqinlashdi.
— Qizim, qo‘rqma, seni urishmaymiz, — dedi muloyim ohangda, keyin asta so‘radi. — Shohida, qizim, ayt-chi… olmani kimga oluvding? Nima, uyingizda olma yo‘qmi?
— Men… olma… olganim yo‘q, — tutila-tutila zo‘rg‘a gapirdi Shohida. U endigina bo‘lib o‘tgan voqeani anglay boshlagan edi. — Amakijon, men bittayam olma olganim yo‘q!
Qiz boshqa gapira olmadi, ovozining boricha baralla yig‘lab yubordi. Yig‘layverdi, yig‘layverdi, sira o‘pkasini bosib ololmadi. Uning yonidagi kattalar esa boshlari qotgancha, gap-so‘zsiz qotib turishardi.
— Bo‘pti, hammasi tushunarli, — oxiri sukunatni buzdi Muharram opa. — Qizim, o‘zingni bos, olmani sen olmaganingga ishondik. — Keyin u hamon yerga qaragancha churq etmay o‘tirgan Salima opaga qaradi. — Salima, qizingni olib ketaver. Biror anglashilmovchilik bo‘lgan, shekilli, buni o‘zimiz hal qilamiz.
Salima opa indamay qizining qo‘lidan tutdi-yu, xonadan chiqib ketdi.
— Anvarjon, siz bu yerda yangi kelgan odamsiz, kim nima desa, quloq qoqmay ishonavermang, — dedi Muharram opa xo‘jalik direktoriga qarab. — Endi gapni eshiting, bu voqeaning tagida yotgan “nim kosa”ni sizga aytib beray. Mana shu Salima mening kenja ukam bilan bir sinfda o‘qigan. Juda go‘zal qiz edi, ortidan qishloqning manaman degan yigitlari ergashib yurishardi. Shu jumladan, mana shu Sobir piyonista ham. To‘g‘ri, u paytda piyonista emasdi-yu, mayli-da… Sobir ochiqdan-ochiq Salimaning izidan ergashib yurardi, ketma-ket sovchi jo‘nataverib, qizning ota-onasini bezorijon qilgandi. Ammo qancha yigitlar yo‘liga ko‘z tikkan Salima kutilmaganda qishlog‘imizga yo‘llanma bilan ishga kelgan zootexnik yigitga turmushga chiqib ketdi, oshiqlarining bari chapak chalib qolaverishdi. Shahardan kelgan zootexnik yigitga xo‘jalikdan uy berilganidan so‘ng u Salimaga uylandi. Biroq bechora Salimaning peshonasi sho‘r ekan-da, eri ayni qirchillagan yigit yoshida saraton tufayli olamdan o‘tdi-ketdi. Shuning uchun ham Salima yolg‘iz boshi bilan uch bolasini boqib, oyoqqa turg‘izyapti. Endi manavi “o‘g‘irlik” masalasiga kelsak, bir vaqtlari Salima unga tegmagani uchun Sobir o‘ch olmayaptimikan, deb o‘ylab qoldim. Qizchaning ahvolini ko‘rdingiz-ku, o‘g‘irlik qilganga o‘xshaydimi, axir?
O‘ychan nigohi ko‘p narsalarni xayolidan o‘tkazayotganini bildirayotgan direktor indamaygina bosh irg‘adi…
Salima opa qizini yetaklab tashqariga chiqqanida, idora darvozasi oldida sigaretini burqsitib turgan Sobir qorovulni ko‘rdi. U indamay o‘tib ketmoqchi edi, ammo Sobir uning yo‘lini to‘sdi.
— Ha-a, sinfdosh, qizing o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa, ayb bizdami? — dedi u tirjayib. — Agar o‘z vaqtida shaharlik mirquruqni afzal bilmay, menga turmushga chiqqaningda, o‘tirarding boyvuchcha bo‘lib, bolang ham olma o‘g‘irlab, qornini to‘ydirmasdi…
Sobir qorovulning gapi og‘zida qoldi. Salimaning zarb bilan urilgan mushtidan ko‘zidan o‘t chaqnab ketgandek bo‘ldi. Gandiraklab ketgan Sobir o‘ziga kelganida, Salima qizini yetaklab, ancha narida ketib borardi.
— Manjalaqi-ey, haliyam o‘zgarmabsan-a?! — deb qichqirdi Sobir va eski odaticha bolaxonador qilib so‘ka ketdi. — Shoshmay tur, hali qizing o‘g‘irlik qilgani uchun bir qamalib ketarmidi? O‘zing kelarsan oldimga ko‘zingni suvini oqizib…
Oradan yillar o‘tdi. Olma voqeasi ham unut bo‘ldi. Salima opaning farzandlari ulg‘ayib, el ko‘ziga ko‘rinib qolishdi. Shohida uch yil uringach, oxiri tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirdi, keyin aspiranturada o‘qib, ilm yo‘lidan ketdi. Mahallaning g‘iybatchi xotinlari “Salimaning to‘ng‘ichi qariqiz bo‘lib qoladi-yov…” deb fol ocha boshlaganlarida, kutilmaganda o‘zi bilan birga o‘qigan va tibbiyot fanlari nomzodi bo‘lishga ulgurgan yigitga turmushga chiqib ketdi. Singlisi Shoira muhandislikni tanladi, katta korxonaga ishga joylashdi, oxiri boshliq muovini darajasigacha yetishdi. Hozir uning tagida qo‘sha-qo‘sha mashina, aytgani-aytgan, degani-degan. Bositjon esa katta opasining izidan borib, shifokorlikni tanladi, keyin esa o‘zining xususiy shifoxonasini ochib, onasini shaharga ko‘chirib olib ketdi.
Agar bir voqea yuz bermaganida edi, bu hikoya ham yozilmagan bo‘larmidi…
Xullas, kunlarning birida, kechga tomon Bositjonning uyiga qishloqdan mehmon keldi.
— Xolajon, men Sobir akaning kenjasiman, — dedi mashinada kelgan yigit Salima xola o‘zini tanimaganini darrov sezib.
— Ha-a…
Salima opa nima deyarini bilmay, bir zum tek qotdi. Darrov ko‘z oldiga Sobir qorovulning ichkilik ichaverganidan salqib ketgan basharasi, qizini olma o‘g‘irlaganlikda ayblab tuhmat qilgani, chelak to‘la qizil olmalar keldi. Yuragi tubiga ko‘mib yuborilgan xotiralar bosh ko‘tardi, kayfiyati buzildi.
Salima opa yuragida sanchiq paydo bo‘lganini sezdi, ammo tinchlanishga va o‘zini bosishga urinib, hamon qarshisida sukut saqlab turgan yigitchaga qaradi:
— Qani, mehmon, uyga kiring.
— Yo‘g‘-e, mehmonga kelganim yo‘q, — dedi yigit xijolatomuz ko‘zini chetga olib. — Bilasizmi… dadam og‘ir yotibdilar, tildan qolganlar, bir haftadan beri jon berolmayaptilar. Qishlog‘imizdagi Muharram buvi dadam sizni juda qattiq xafa qilganlarini, to sizdan kechirim so‘ramagunicha jonlari uzilmasligini aytyapti. Shunga…
Salima opa o‘ylanib qoldi. O‘tmish xotiralari xarsang toshdek bo‘lib yurakni eza boshladi, xayolidan “Xoling shu ekan-ku!” degan o‘y ham o‘tdi. Ammo u o‘zini tutdi. Axir bu dunyo — kechirimli dunyo. Agar yomonlikka faqat yomonlik bilan javob qaytarilaversa, dunyo dunyo bo‘larmidi… Axir Alloh o‘z bandalariga kechirimli bo‘lishni inoyat etgan-ku…
Salima xola shu xayollar bilan keliniga tezgina qishlog‘iga borib-qaytishini tayinladi-da, yigitning mashinasiga o‘tirdi.