Qaysi shofyorga qaramang, fig‘onidan tutun chiqadi: bir litr benzin falon pul.
Bittasi mashinaga suv solishni maslahat berdi. Yo‘g‘-ey, aql bovar qilmaydi, deysizmi? Ishonavering, sizdan nima ketdi, bir chelak suv-da! Bir dona xapdori bilan birga.
Oktyabr oyining o‘rtalari edi o‘shanda. Mahallamizdagi choyxona oldida yap-yapgi “Neksiya”ning motori o‘chib qoldi. Haydovchi mashinadan tushib, qo‘liga bir idish olib u yoqqa yurdi, bu yoqqa yurdi.
– Baraka topkurlar, ikki litr benzin topib beringlar, narxini ziyodasi bilan to‘layman.
– O‘zimiz ham to‘rt oydan beri mashina minganimiz yo‘q, – dedik unga ko‘zimizni lo‘q qilib.
– Ha, mayli, – qo‘l siltadi “Neksiya” egasi. – Bo‘laricha bo‘ldi. Bir chelak suv topiladimi?
Hayron bo‘ldik. Nima, u mashinasini yuvmoqchimi? Qiziqib qolib, bir chelak suv keltirib berdik.
Notanish shofyor nima qilayotganini yaxshi biladiganday suvni bakka quydi-da, cho‘ntagidan bir dona xapdori olib, bakka tashladi. Bir-birimizga hayron termulib qoldik. U xotirjam mashinasiga o‘tirdi. Bir-ikki “g‘ing-g‘ing”dan so‘ng motor o‘t oldi! Yo tavba! “Neksiya” suvda ishlardi! Biz darrov mashina atrofini o‘rab oldik.
– Og‘ayni, doringizning sirini ayting, – iltimos qildim men.
– Uning bir donasi o‘n litr suvni benzinga aylantiradi. Yaponiyadan olib kelishgan.
Yalinib-yolvorib, 200 dona dori sotib oldik. Donasiga 2 ming so‘mdan to‘ladik. “Neksiya” ketgach, hammamiz o‘z garajimizga oshiqdik. Mashinamning bakiga suv quyib, ustidan mo‘jizakor dorini tashlab, kalitni buradim. Ammo motor o‘t olmadi. Yana va yana urinib ko‘rdim. Yo‘q, baribir motor o‘t olmadi. Chuv tushdimmikan, degan xayolda boshimni changallab qolaverdim.
Oradan ikki hafta o‘tdi. Bir kuni kechki taomdan so‘ng achchiq choy ichib, gazeta o‘qigim keldi, Gazetaning 3-betidagi “Ehtiyot bo‘ling, firibgar!” sarlavhali maqolaga va tanish suratga ko‘zim tushib, tok urgandek qotib qoldim. O‘zimni qo‘lga olib, maqolani o‘qishga kirishdim. O‘qiganim sayin tepa sochim tikka bo‘la boshladi. Men sotib olgan dori oddiy yo‘tal dori ekan.
Xo‘sh, unda “Neksiya” qanday suv bilan o‘t oldi, dersiz? Buning sababi oddiy: mashina gaz bilan yurarkan. Obbo, odamlar-ey, pul topish ilinjida nimalarni o‘ylab chiqarmaydi, deysiz?!