Temir yo‘l vokzali. Kiyinishidan o‘ziga to‘qligi sezilib turgan bo‘ychan yigit navbatda turibdi. Uning oldida dilbargina ayol paydo bo‘ldi.
– Toshkentga ketyapsizmi, aka? Yo‘q demasangiz, bir kupega chipta olsak. Yaxshi odamga o‘xshaysiz. Bexavotirroq ketardim, – hokisorlik bilan dedi u.
– Ishqilib, hamrohim biror kampir yoki chol bo‘lmasin deb, mening ham ichimni it tirnayotgan edi, – dedi yigit ham ichidagini sirtiga chiqarib. –O‘tgan gal deng, bir emas, ikki momoqaymoq ezma-churik kampir bilan birga ketsam bo‘ladimi…
Poyezd yurishiga yarim soat qolganida, Qosim va Muxlisa allaqachon o‘z joylarini egallashgandi. Ular o‘zlarini bir-birlariga yaqin kishidek tutardilar. Ayniqsa, juvonning har ikki gapi orasida “azizim” deganini eshitganlar ularni er-xotin deb o‘ylashardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak:
– Kechirasizlar, sizlardan bir narsani so‘ramoqchi edim, – dedi boyagina kelib qo‘shilgan uchinchi hamroh ularga murojaat qilib. – Er-xotin bo‘lsangiz kerak. Mening joyim pastda ekan. Mayli desangizlar, men tepaga chiqsam…
– Birinchidan, – dedi Muxlisa Qosimga ko‘z qisib. – Men g‘irt bevaman. Ikkinchidan esa to‘g‘ri qilasiz!
Kupeda sho‘x kulgi ko‘tarildi. Uchinchi hamroh – Akrom aka ham gapga chechan ekan.
– Qosimjon, bizga to‘rtinchi hamroh kerakmasga o‘xshaydi. Keling, vagon kuzatuvchisiga aytib, bu yog‘ini o‘zim tekislasam, – dedi u.
– Ho, bizning yigitlar chaqqon chiqib qoldi-ku, – dedi Muxlisa noz-karashma bilan.
– Ha, endi, to‘rtinchi hamroh qanaqa odam bo‘ladi, bilmaymiz-ku. Shuning uchun boridan yo‘g‘i afzal, nima dedingiz?
– Qoyil, Akrom aka! Aslida firmachi emas, faylasuf bo‘lishingiz kerak ekan.
Kupega to‘rtinchi kishi ortiqchalik qilishini erkaklar qatori Muxlisa ham yaxshi tushunardi. Shuning uchun qarshilik qilmadi. Akrom aka vagon kuzatuvchisini “rozi qilib” keldi. Hamkupelarning bemalol gaplashib ketishiga qulay sharoit yaratildi. Bir zumda dasturxon tuzashdi. Qosim vagon-restoranga borib, shampan vinosi, aroq, kolbasa olib keldi.
Ikki erkak aroqni maydalashdi. Ammo Muxlisa na shampan vinosidan ho‘pladi, na aroq ichdi. Qancha manzirat qilishmasin, foydasi bo‘lmadi.
Qosimning kayfi oshgani sayin juvonga tegajog‘liq qila boshladi. Biroq Muxlisa hech ro‘yxushlik bermasdi. Erkaklar chekkani tamburga chiqib ketishdi. Muxlisa paytdan foydalanib, sumkasidan bir shisha aroq chiqarib, ichiga uyqu dori kukunini qo‘shib yubordi. Hamrohlari qaytib kupega kirishganida esa:
– Toshkentlik jiyanimga deb tozasidan ikki shisha oluvdim. Qani, bundan ham ichib ko‘ringlar-chi, – deya ularga quyib uzatdi. O‘zi esa shampan vinosidan jindakkina ho‘plagan bo‘ldi.
Erkaklar qadah ko‘tarishdi. Tez orada “zaharlangan” aroq o‘z ishini qildi: “sher yigitlar” tarrakdek qotishdi. “Sho‘rlik beva” juda ahvoli tang ekanmi, Qosimning ham, Akrom akaning ham bor-budini shilib, poyezd Samarqandga yetgach, vagondan tushib qoldi…