Ko‘klam endigina kengliklarga muattar bo‘ylarini taratayotgan damlar yodingizdami? Tong payti ilk giyohlar nish urgan qirlar, adirlar, uyg‘onayotgan dalalar shabnamlarga cho‘miladi va bu shabnamlar hovurga aylanib, quyoshning sog‘intirgan shu’lalarini oqlikka chulg‘aydi. Tutab yotgan isiriq tutunlari yanglig‘ bu hovur tog‘ etaklariga to‘shalgan oq tumanlarga qo‘shilib, qor bosgan tog‘larga, lojuvard ufqlarga yanada ajib bokiralik ato etadi. Ko‘ngil ko‘klam tongining oq nurlari og‘ushidagi mastu mustag‘riq tog‘lar ostonasiga talpinadi. Shunda qalbingizdagi tuyg‘ularga safo beruvchi hamroz nigohlarga termulib:
Yur, tog‘larga chiqaylik,
Mayli, yur!
Eh, qanday chiroyli
Oppoq nur!..
deysiz shivirlab.
Esimda, men ham umrimning yoshlik damlari dunyoni biram mas’um idrok qilar, borliqqa bahor ato etayotgan ranglar qarshisida lol turib qolar, ularni qanday nomlashni bilmay gangir edim. Ayniqsa, men o‘rikning surx novdasida yaqqol ko‘zga tashlangan g‘uj-g‘uj g‘unchalardagi pushti rangga yutoqib boqardim. Bu rang tetik novdalardan sizib chiqqan ko‘kish, yashil va to‘q qizil ranglar qorishmasidan iborat allambalo rang ediki, mening shuurimda sog‘lom qon, sog‘lom alanga ramzidek tuyular va bu alanga sovuqlikni, har qanday mushkulotu har qanday illatni yondira olishga qodir yolqin timsoliga aylanardi. Shunday bo‘lgach, dunyo ko‘zingga hali yuz ochmagan saodatlar ostonasi bo‘lib ko‘rinsa, ne ajab! Bir tomonda – chappor urib ochilishiga sanoqli soniyalar qolgan g‘unchalar, bir tomonda – zumurrad shabnamlar hovuriga cho‘milgan oq nurlar!..
Men Usmon Nosirning mazkur she’rini har gal yutoqib o‘qiyman. Va yuragimdan har gal allanechuk armon, allanechuk g‘ussa arigandek, nari ketgandek bo‘ladi.
Olmos kabi oppoq qor
Yaltirar.
Nega buncha dil oqar,
Qaltirar.
Shoir nigohi olmosdayin oppoq qorga nega tikilib qoldi? Nechun uning dili oqmoqda? Nimadan qaltiramoqda?
Bilasanmi, yoshlik bu
To‘ymagan,
Tinim bilmas, go‘yo suv
O‘ynagan.
Olis cho‘qqilardagi olmos qor shoirga har safar to‘yib o‘ynamagan, yayrab-yashnamagan damlarini eslatadi va u endi qo‘l yetmas, qaytmas olis yoshlik bo‘lib ko‘rinadi.
Shunga o‘ta chiroylik
Ko‘rinur…
Yur, tog‘larga chiqaylik,
Mayli, yur!
Biroq shoir unga nasib etmagan, uni chetlab o‘tgan yoshlik qoshiga borishni istaydi, uning diydoriga to‘yishni xohlaydi.Uning qoshiga sevimli yor bilan qo‘l ushlashib borish hammasidan go‘zal!.. Chunki bu surur, nashida yurakdagi turfa sitamu alamlarni o‘z girdobiga olib, ko‘mib yuboradiganday…
O‘zbek she’riyatidagi betakror siymo, hamisha navqiron shoir Usmon Nosir qalamiga mansub ko‘plab she’rlarni xuddi yuqoridagidek to‘lib-toshib tavsiflash mumkin.
Usmon Nosir tavalludiga o‘tgan yili 100 yil to‘ldi. Lekin u juda kam yashadi. Mustabid tuzum uni 25 yoshida qamoqqa tashladi. Shoir 10 yilgina ijod qildi. .
Yaqinda bir davrada qandaydir munosabat bilan Usmon Nosir nomi tilga olinganda, shoir do‘stlarimizdan biri, Usmon Nosir zo‘r shoir emasdi, dedi. Menga uning bu bepisandlik bilan aytgan gapi og‘ir botdi. Chunki men Usmon Nosir ijodi va hayoti bilan yaqindagina qayta tanishib chiqqan edim. Biroq men “botir og‘iz” shoirning bu shakkok fikri bilan bahslashib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmadim.
Bugungi kun tafakkuri qirg‘og‘idan – Istiqlol sohilidan turib XX asr o‘zbek adabiyotiga, xususan, she’riyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shak-shubhasiz, ajib manzarani ko‘ramiz.Zero, sho‘rolar zamonidagi ko‘pgina adiblarning nomlari – ularning soyasiga salom bergan hatto bizlarning-da yodimizdan o‘chib ketdi. Vaqt – oliy hakam, deganlari shu bo‘lsa kerak-da!
Usmon Nosir nomi esa dolg‘ali asr sinovlarida zaxa topmadi, undan maros bo‘lib qolgan she’rlar tarix “qilko‘prigi”dan omon o‘tib bormoqda. Yana shu narsa ham muhimki, agar biz bugungi kun o‘zbek she’riyatidagi yetakchi yo‘nalish zamiriga nazar solsak, uning ibtidosi Usmon Nosir she’rlari bilan nihoyatda hamohang ekanligiga amin bo‘lamiz. Shu boisdan shoir ijodini o‘rganish, uni tahlil va tadqiq qilish she’riyatimiz ravnaqiga xizmat qiladigan omillardan biri bo‘lib qolaveradi. Uning hayotini va murakkab qismatini idrok etish, uni o‘quvchi ko‘z o‘ngida to‘laqonli gavdalantirib berish esa yoshlarda ozod Vatan tuyg‘usini, ular ruhiyatiga Istiqlol sururini singdirishda, shubhasiz, juda qo‘l keladi. Zero, shoirning o‘zi bu borada ezgu umid bilan:
Bargdek uzilib ketsam
Unutmas meni bog‘im.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur…
deb aytmaganmidi!
Ushbu o‘rinda kamina shuni ta’kidlamoqni istardimki, Usmon Nosir hayoti va ijodiga doir fikr va mulohazalar qog‘ozga tushirilar ekan, ular “yangi gap” aytish zamzamasidan yiroqdir. Bu bitiklar bu otashin shoir barhayot ruhiga shogirdlik ehtiromining bir ifodasi, xolos…
Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida Mamatxo‘ja va Xolambibi oilasida tug‘ildi. Mamatxo‘ja to‘kilib-sochilib yashamagan bo‘lsa ham xush axloqi bilan, xoksorligiyu kamtarligi bilan el-yurtga tanilgan kimsa edi. U farzandi to‘rt yoshligida kasalligi tufayli yorug‘ dunyoni tark etadi.
Oila boshchisidan judo bo‘lgan Xolambibi bir muddat ukasinikiga borib kun kechiradi. Bu xonadonga qo‘shni bo‘lgan qarindoshinikiga kelgan qo‘qonlik Mamasodiqboyning o‘g‘li Nosirhoji (u o‘n to‘rt yillik haj safaridan qaytgan edi) Xolambibini devor yorig‘idan ko‘rib qoladi va unga og‘iz soladi. Nosirhoji go‘dak Usmonni tizzasiga olib, unga otalik qilish borasida ont ichadi. .
Usmon Nosirning bolaligi borasida ikki xil qarash mavjud. Birinchisida – o‘gay ota Nosirhojining bo‘lajak shoirga nihoyatda mehrli bo‘lganligi va uning yosh Usmonni shoir bo‘lishiga qo‘shgan hissasi ko‘p o‘rinlarda ta’kidlanadi. Bunday ta’kid shoirning jiyani, shoira va tarjimon Nodira Rashidova tadqiqotlarida ko‘ramiz. Ikkinchi xil qarashda o‘gay otaning sho‘x, tiyiqsiz bolaga o‘tkazgan jabru zulmi bayon etiladi. Va bunday qarash egasi professor Naim Karimov o‘zining “Usmon Nosir”* nomli risolasida fikrining tasdig‘i ma’nosida shoirning internatdosh do‘sti Temur Fattohning do‘sti og‘zidan eshitgan ushbu so‘zlarni keltiradi: “Otam meni qiynab juda ko‘p urgan. Bir kuni onam uyda yo‘q vaqtida holdan ketganimcha urib, so‘ng qo‘limni orqamga bog‘lab, oyog‘imdan quduqqa osib ketgan. Xayriyatki, shu kuni o‘rtog‘im Tohirjon Sobirov hovlimizga kelib qolib, quduqda ingrab yotganimni eshitib, meni tortib oldi…” Shoirning “Kechmish kunlarim” she’ridagi ushbu satrlar o‘sha yurakdan o‘chmas sitamlarning ifoda sidir: Uch-to‘rt yil burun
“O‘gay”da yurdim.
Minut-minutda
Kaltaklar yedim…
Uzoq o‘ksinib,
Chidolmay sira
Bir kuni so‘kdim.
Shuning-chun darrov
Haydalib ketdim.
Taniqli adabiyotshiunos olim Ibrohim G‘afurov “Yurak va mehr shoiri” maqolasida esa: “Tadqiqotchilar shoirning bolalik chog‘lari og‘ir kechganligini ta’kidlar ekanlar, bunda ko‘proq uning she’rlariga asoslanadilar. Davr shunday edi. Usmon Nosirning bolalik davridan shikoyatlarini Nosir otadan ko‘rmaslik va unga bog‘lamaslik kerak”, deyiladi.
Usmon Nosir hayotida kechgan ushbu lavhalarni keltirishdan muddao yo u, yo bu tomonning fikrini tasdiqlash emas, balki bo‘lajak shoir bolaligi nihoyatda murakkab kechganligiga e’tiborni qaratmoqlikdir. Balki bular birinchi tomon da’vo qilganidek uydirmadir. Bugungi kunda bu jihatlar shoir ijodiy merosi qimmatini na oshiradi, na kamaytiradi. Ammo uning umr so‘qmoqlarini mufassal bilmoqni istaganlar uchun tafsilotlarning barchasi muhimdir. Qolaversa, bu shoirning tirik ruhi oldidagi mas’uliyat hamdir.
Mashhur shaxslarning tarjimai holiga – ularning hayot yo‘liga nazar solsangiz, ko‘p tasodiflar silsilasini ko‘rasiz. Balki mana shu ezgu tasodiflarning ro‘y berishi o‘zi ham bir qonuniyatdir. Yosh Usmonni ilk to‘g‘ri yo‘lga boshlagan inson qo‘qonlik Po‘latjon Qayumov edi. Po‘latjon domla nihoyatda ma’rifatli, adabiyotni sevgan kishi bo‘lib, zavod qoshida “Yangi hayot” nomli maktab ochgan va unda o‘zi dars berardi. Mahallasidagi Mo‘ydinjon ismli bola bilan birga yurgan yosh Usmonni ko‘rgan domla uni ham o‘z maktabiga taklif qiladi. Po‘latjon domlaning yana bir fazilati uning “bo‘ladigan bolani”ni ko‘ra bilishi bo‘lgan. Keyin ikki yetim – Mo‘ydinjon va Usmonjon Po‘latjon domla yordami bilan yotog‘i bor maktab “Dor ul-muallim”da tahsil ko‘ra boshlaydilar. Bu ilm dargohi Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Javdat Abdulla, Hasan Po‘lat singari shoir va adiblarni va bir qancha ilm-fan hamda san’at namoyandalarini voyaga yetkazganligi bilan tarixda nom qozongan.
Qo‘qondagi bu intarnatda asosan yetim bolalar ta’lim olar va u o‘zida eng ilg‘or ziyolilarni jamlagan bo‘lib, Qori Niyoziy, Po‘latjon Qayumov, Subhiy afandi, Abdulla Rahmat singari obro‘li o‘qituvchilar dars berardilar. Darslar zamonaviy ruhda yuksak talablar asosida o‘tkazilar va internat bag‘rida turli to‘garaklar, shuningdek, “sanoi nafisa” to‘garagi ham faoliyat ko‘rsatar edi. Bu to‘garak mashg‘ulotlariga Qo‘qon shoirlari taklif etilar, ular bilan ijodiy uchrashuvlar uyushtirilar edi. Ana shunday uchrashuvlarda Hamza Hakimzodaa Niyoziy ham bir necha marta ishtirok etgan. Shunday uchrashuvlarning birida Usmon Nosir dastlabki she’rlaridan ayrim namunalarni Hamzaga o‘qib bergan va u yosh Usmondan kelajakda katta shoir chiqishini bashorat qilgan.
Qizg‘in ijodiy muhit shakllangan mazkur internat bag‘rida o‘sha yillarda Amin Umariy, Temur Fattoh, Madamin Davron, Muhsin Hamidov singari shoirlar yetishib chiqdi. Ular orasida Usmon Nosirning nomi internatdagi “sanoyi nafisa” to‘garagining turli klub, maktab va muassasalaridagi kontsertlari orqali Qo‘qonga yoyilib bordi.
1927 yili “Yangi yo‘l” jurnalida shoirning “Haqiqat qalami” nomli ilk she’ri e’lon qilindi.
Usmon Nosir iste’dodi tabiatiga tinmay izlanish, yonish, mutolaaga chanqoqlik xislatlari xos edi. U go‘dakligidayoq onasi og‘zidan eshitgan xalq qo‘shiqlarini, uning mungli ohanglarini yuragiga joylab olgan edi. Onasi o‘qib bergan mumtoz shiorlarning g‘azallari unda sharq adabiyotiga nisbatan kuchli ixlos uyg‘otdi. U she’riyatda yil sayin emas, oy sayin, hafta sayin o‘sgan ertakdagi pahlavondek bo‘y ko‘rsata bordi.Zero, unga ijod ishtiyoqi, she’r ishqi bir daqiqa ham tinchlik bermas, har dam oromini o‘g‘irlar, bir umr lovullab yonishga undardi. Shoirning: “Saharlar qon tupursam mayli, men – Majnunman, she’rim, sen – Layli !” deb aytganligi chandon rostdir.
Aytish mumkinki, Usmon Nosir she’rlari 30-yillarning peshqadam shoirlari sanalgan, davrni yuksak pafos bilan kuylagan G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon she’rlaridan o‘zgacha edi. Zero, u hayotni yuragi orqali ko‘rar, yuragi orqali o‘zlashtirar edi.
Usmon Nosir she’rlarining yana bir fazilati ularning samimiyatga eshligida ko‘rinadi. U ijoddagi dastlabki qadamlaridan boshlab, ko‘nglida nima tug‘yon urgan bo‘lsa, shuni yozishga, dilidan qanday fikr kechgan bo‘lsa, shuni qog‘ozga tushirishga odatlandi.
Kunlarimni yoshligimdan ayamadim,
Menda yoshlik nokaslikni hech ko‘rmadi.
Qiz sevganda ho‘ngir-ho‘ngir qon yig‘ladim,
Go‘yo qalbim amr – izmimni hech so‘rmadi.
Bunday samimiy satrlarni to‘qib chiqarish, yasab-yaratish mumkinmi? Ular yurakning asl mevalari yanglig‘ hovri, atri, alangasi bilan birga tug‘iladi. Usmon Nosir yuragi bamisli otashgoh edi, uning o‘tli satrlari o‘sha otashgohdan to‘kilardi.
Shoir “o‘z yuragini tinmay tarjima qilish” (“Yurak”) darajasiga faqatgina iste’dodi tufayligina erishgani yo‘q. Bunday chapdastlikni, bunday biyronlikni u muttasil izlanishlar – beuyqu kechgan tunlar, beorom kechgan damlar evaziga qo‘lga kiritdi. Yosh shoir Qo‘qonda maktab-internatda, so‘ng Moskvada, keyin Samarqand pedakademiyasida tahsil olgan chog‘larida jahon va rus she’riyatini tinmay mutolaa qildi. Rus tilini mukammal o‘zlashtirdi. Homer, Petrarka, Pushkin, Lermontov, Geyne, Yesenin, Charents singari shoirlarning ijodini sevib o‘rgandi. Ularning yorqin asarlarini yod oldi va xuddi o‘z she’ridek davralarda yonib o‘qidi.
Usmo Nosir davr nafasi ufurib turgan she’rlarida o‘z qalbining ovozi mujassam bo‘lgan yangi lirik qahramon siymosini jonlantirdi. Bu lirik qahramon katta maqsadlarni ko‘ngliga tukkan, dard bilan yashashni, mardona shijoatni o‘ziga shior qilib olgan faol shaxsdir. U hayot mashaqqatlaridan qo‘rqmaydi Beg‘am yashashni – yashash demaydigan tanti qalb sohibidir.
Bo‘ronni sevmasa dil nechun tepur?
Tiriklik ne kerak bemehnat, beg‘am?
Chu, qora yo‘rg‘am!
Lirik qahramonning yana bir yorqin qirrasi uning bag‘rikengligida, jo‘mardligida ko‘zga tashlanadi. U qayg‘ularga ko‘milib yurishlikni yoqtirmaydi. Shodlikka intiladi. Shodlik yaratishni istaydi.
Mayli, ko‘ngil… mayli, o‘ynasin u,
Naylaringni chalsin, taratsin.
Xuddi senday qabul etmay qayg‘u,
Faqat shodlik… shodlik yaratsin.
She’r shunday bir ko‘zguki, shoir qalbini tub-tubigacha ko‘rsatib turadi. Shundan ba’zi shoir she’rini o‘qiganda uning qalbida gina-malomat va iddao toshlarini ko‘rgandek bo‘lasiz. Boshqa bir shoirlar she’rida hayotdan norozilik, ranj-alam, zarda tuyg‘ulari ufurib turadi. Usmon Nosir she’rlarida esa ajib bir harorat, ajib bir insoniy erkalik borki, undan ruhingiz yayraydi, ko‘nglingiz bahra oladi va bu erkalik shoirga nechog‘li yarashib turganligini ich-ichingizdan e’tirof ham etasiz. U lirik she’rlarida ham, dostonlarida ham o‘quvchini nazardan qochirmaydi, uni unutmaydi, unga ajib bir samimiyat ila bot-bot murojaat qiladi. Bu qalb izhorlari ko‘proq uning o‘z yozganlaridan qoniqmasligi, yurak tuyg‘ularini qalami muhrlab ulgura olmayotganligi haqida va kelgusida, albatta, go‘zal asarlar bitib berishligini o‘z zimmasiga olishligi borasida bo‘ladi. Jumladan, u “Naxshon” dostonida quyidagilarni bitadi.
Uzurim bor sendan,
O‘quvchim, jindak:
Orzuim bor bitmak
Bir dasta doston.
O‘lmasam men uni
Rostlab beraman!
Hali bu bitiklar
Bir havas xolos.
Hali havas bilan
Gullar teraman…
Lekin dostondagi o‘tli, yurakning musaffo ma’volaridan otilib chiqqan quyidagi satrlarni shunchaki havasga bitilgan satrlar deb bo‘ladimi?
Ko‘z tutdim,
Ko‘zlarim nigoron bo‘ldi,
A, dilbar
Simbarim, yuzlari qirmiz,
Kiprigi ko‘ksiga soya solgan qiz,
Ko‘z tutdim,
Yuragim to‘la qon bo‘ldi.
Shabboda bolariday
Gulzor uzra sho‘x,
Oy fonarini yoqdi qiz-oqshom.
Yasha!
Sen kelding sevgilim, Naxshon,
Suv qizi – suvsarim,
Kipriklari o‘q,
Sen kelding,
Ko‘nglimga suv kabi oqding,
Sen kelding –
Ruhimda yashash boshlandi.
Sevgidan ko‘zlarim
Behol yoshlandi,
Sen kelding,
She’rimga chechaklar taqding…
Bu doston shunchalar erka ovozga egaki, deya yozgan edi Ibrohim G‘afurov, bamisoli bulbul inson tiliga kirib ajib qissaxonlik qilayotgandek.
1932 yili Usmon Nosirning “Quyosh bilan suhbat”va “Safarbar satrlar” nomli she’rlar to‘plami chop etildi. Bu ikki to‘plamdan shoirning asosan davrni, yangi zamonni, mehnat shukuhini kuylagan she’rlari o‘rin olgandi. O‘sha yillar Cho‘lpon she’rlari qatag‘on etila boshlagan, o‘zbek mumtoz shoirlarining ko‘pchiligiga feodal davr kuychilari degan tamg‘a bosilgan edi. Bu paytda Uyg‘un she’rlari o‘zining mayin lirizmi bilan yoshlarni o‘ziga maftun etgandi. Usmon Nosirga ham Uyg‘un lirikasi ijodning birdan-bir qaynarbulog‘i bo‘lib tuyuldi va o‘z she’rlarini u Uyg‘un she’rlaridan chiqqan ohanglarga moslashga urindi. Shunga ko‘ra, Usmon Nosir o‘zining “Safarbar satrlar” to‘plamini Uyg‘unga bag‘ishlagan edi.
Bu davrda paydo bo‘lgan lenincha-stalincha ta’limotga ko‘ra, har bir sho‘ro yozuvchisidan badiiy ijodga zavodlar nafasini, qurilishlar sur’atini olib kirish talab qilinardi. Va shunday talab javob bergan yozuvchigina chinakam yozuvchi sanalar, ana shunday yozuvchilarning asarlarigina sho‘ro adabiyoti qiyofvsani belgilashi mumkin, deb hisoblanardi.
30-yillarda sho‘ro mavzuida asarlar yozmaganligi uchun boshqa shoirlar singari Cho‘lponga ham, Fitratga ham ko‘p ta’na toshlari otilgan. Shunda kimdir, Fitratga murojaat etib, “Domla, shuncha dakki eshitavermay, traktor haqida bitta she’r yozib qo‘ysangiz asakangiz ketadimi?” deganda Fitrat domla: “Ey dono yigit, men hatto traktorning tarillagan ovozidan qo‘rqaman-ku, qandoq qilib u haqda she’r yozay?”, deb javob qilgan ekan.
Lekin Usmon Nosir qalami har qanday mavzuga jazm eta oladigan chapdast, tug‘yonli qalam edi. Zotan uning traktorga bag‘ishlangan she’rlari ham anchagina.U “Traktorobod” nomli doston yozishni ham niyat qilgan. Uning “Kirish” qismini yozgan. Unda shunday satrlar bor.
Erkam –
Lirikam mening –
Yuvgan,
Taragan,
Qaragan yurtning
Xizmatin qilishlik
Vazifang sening!
Usmon Nosir qalami sohir qalam edi. U har qanday mavzuni kuylamasin, unga jon kirita olardi. Jumladan, u oddiy temir haqida yozganda ham, albatta, diqqat-e’tiborini uni bunyod etgan inson qalbiga qaratardi. Uning yuragidagi tuyg‘ularni qog‘ozga tushirardi. Shu boisdan, u siyosat talab qiladigan mavzularnigina kuylaydigan – konyuktr shoir bo‘lib qolmadi. Haqiqiy ijod mohiyati hamisha inson yuragi bilan bog‘liq bo‘lib qolishini anglash darajasiga ko‘tarildi. U keyingi to‘plamini ”Yurak” (1935) deb nomlaganligi balki shundan edi.
Shoirning ijodga bo‘lgan chinakam fidoyiligi, yonib yozishi, hayotga teran nazar uning qabidagi kechinmalarni millat, yurt dardiga aylantirdi, uni millat shoir darajasiga qadar yuksaltirdi. Moskvaga, Leningradga qilgan safarlari davomida bu tuyg‘u uning yuragida yanada teran ildiz otdi.
1929 – 30 yillar Usmon Nosir Moskvadagi Kinematografiya davlat ilmgohining 1-kursida tahsil ko‘radi. O‘sha paytda u Moskvada yashayotgan Cho‘lpon bilan yaqindan tanishadi va bu uchrashuvdan keyin ular bir umrlik ustoz va shogird bo‘lib qoladilar.
Mazkur ilmgohga Usmon Nosir bilan birga sinfdoshi, yosh shoir Temur Fattoh ham borgan edi. Yosh Usmon bu yerda Moskva adabiy muhitiga yaqinlashishga harakat qiladi, tez-tez Adiblarning Markaziy Uyi (SDL)ga qatnaydi va u yerda taniqli shoir va yozuvchilar bilan tanishadi. Biroq bir kuni Vladimir Mayakovskiy bilan bo‘lgan uchrashuv uning Moskvadagi hayotiga xotima yasaydi. Qrimtatar shoiri Emil Sherifning xotirlashicha, SDL binosining foyesida V. Mayakovskiy plakatlarining ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Eshref Sham’izoda, Usmon Nosir va tatar shoiri Musa Jalillar ko‘rgazmani hamda ayni paytda mashhur shoirni ham ko‘rish uchun bu yerga keladilar. Mayakovskiy qo‘lida tayoqcha tutgan holatda paydo bo‘ladi. U mag‘rur ko‘rinishda, baland bo‘yli, ulkan qomatli edi. Mayakovskiy kelganlarga ko‘z qirini tashlab, ichkariga odimlaydi. Usmon, Musa Jalil va Eshref Sham’izoda unga salom berishadi. U ularga sovuqqina nigoh tashlaydi-da, hech so‘z aytmay o‘tib ketadi. Bu Usmonning izzat-nafsiga tegadi. “Men bilmas ekanman proletar shoirining shunchalar dimog‘dorligi va oliftaligini!” deya qichqiradi u. Vl. Mayakovskiy ortiga burilib, yo‘qlikka tikilgandek, “Kim bu go‘dakvachcha!” deydi. “Men yosh o‘zbek shoiriman!” – Usmon keskin javob qiladi. “Ha, shunaqa degin?”- deydi Mayakovskiy kibrli kinoya bilan va ichkari kirib ketadi. Usmon o‘zini tahqirlangan his etadi. U shartta ortiga burilib, tashqariga chiqadi. Uning ortidan do‘stlari ham ergashadi. Usmon ko‘chaga chiqa solib, Musa Jallga qat’iy ohangda: “Men bugunoq uyimga qaytaman! Hali ko‘ramiz – qaysi birimiz haqiqiy shoir bo‘larkanmiz – menmi yoki umi… Endi men Moskvaga faqat mashhur shoir bo‘lib qaytaman!” – deydi. Shu oqshom poyezd Qozon vokzalidan Usmon Nosirni yurtiga – Qo‘qonga olib jo‘naydi. Temur Fattoh Moskvada qolib tahsilini oxirigacha yetkazadi.
1935-36 yillar shoirning “Yurak” va “Mehrim” to‘plamlari chop etildi. U endi elning eng mashhur va eng sevimli shoiriga aylangan, uning she’rlari og‘izdan-og‘izga ko‘chib, asarlari qahramonlari ismi yangi tug‘ilgan farzandlarga qo‘yilardi.
Shoir ko‘pdan ko‘ngliga tugib yurgan ezgu niyatini ayni shu yillarda ro‘yobga chiqardi: A. S. Pushkinning “Bog‘chasaroy fontani” va M. Yu. Lermontovning “Demon” poemalari tarjimasini tugatdi.
“Bog‘chasaroy fontani” bilan qiziq voqea sodir bo‘lgan. Kamina uni ustoz Shuhrat og‘zidan eshitganman. Nashriyotga topshirilgan qo‘lyozma to‘satdan yo‘qolib qoladi. Ba’zilarning aytishicha, shoir parishonxotirligi tufayli uni tramvayda qoldirib ketgan. Boshqalar uni nashriyotning o‘zida yo‘qolgan ham deyishadi. Qo‘lyozmani shoirdan so‘rab olish uchun nashriyot xodimlarining qattiq boshi qotadi. Oxiri unga murojaat qilishga majbur bo‘lishadi. Shoir matn ko‘chiruvchi berishlarini so‘raydi. So‘ng bir-ikki soat mobaynida xonaning u boshidan-bu boshiga papiros chekkan holda yurib, matn ko‘chiruvchiga tarjimani boshdan-oxir yoddan aytib turadi.
1937 yili Moskvada o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashganlar orasida Usmon Nosir ham bor edi. Dekada yakunlangach, bir guruh adiblar A. S. Pushkin vafoti 100-yilligi munosabati bilan chaqirilgan Plenumda qatnashish uchun poytaxtda qoladilar. Plenum SDLning majlislar zalida o‘tadi. Unda shoir A. I. Bezimenskiy kirish nutqini so‘zlaydi. U Pushkin ijodi borasida gapirarkan, uning tarjimonlik faoliyati to‘g‘risida alohida to‘xtaladi. Misol tariqasida u Aleksandr Sergeevichning Gyotedan qilgan tarjimasini o‘qib beradi. Zalning oxirida o‘tirgan Usmon Nosir o‘zining betakallufligiga uzr so‘ragan holda: “Siz Gyotening emas, Shillerning satrlarini o‘qidingiz”, deydi. Bezimenskiy Usmonni minbarga taklif qiladi. “O‘zingizni tanishtiring”, – deydi Bezimenskiy. “Men o‘zbek shoiri Usmon Nosirman”, – deydi u baland ovozda, xuddi hisob berayotgandek. “Siz aminmisiz mening xato qilganimga? Qolaversa, siz Shillerning ushbu asarini o‘qiganmisiz?” – so‘raydi Bezimenskiy. “Ha, – javob qiladi Usmon, – men na faqat o‘qiganman, uni yoddan ham bilaman”. Va Usmon xuddi aktyorga o‘xshab, she’rni o‘qiy boshlaydi. Zal qotib qoladi. Usmon she’rni o‘qib bo‘lganida borliqni gulduros qarsaklar bosib ketadi. Bezimenskiy Usmonni quchib, hayajon bilan deydi: “Mana, bizning bugungi zamonaviy Sharq!” Ertasi kuni “Literaturnaya gazeta” Usmon haqida “Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi”, deb yozadi. Uning she’rlari rus tiliga tarjima qilinib, e’lon etila boshlaydi. Endi Usmon na faqat O‘zbekistonda, balki butun Sho‘rolar Ittifoqida e’tirof etilgan shoirga aylangandi.
Shoirning dovrug‘i ortib, u ilhom va ijod nahrining tug‘yonli mavjlarida masrur quloch otardi. U turli minbarlarda she’rlar o‘qir va bu she’rlar darhol ko‘ngillarning mulkiga aylanardi.
1937 yilning 27 yanvarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Usmon Nosir tsvalludining 25 yilligi, ijodining 10 yilligini katta tantana bilan nishonladi. Unda O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi Akmal Ikromov ishtirok etib, uni “o‘zbek she’riyatining yorqin yulduzi”, “o‘zbek Lermontovi” deb ta’riflydi. Anjumanda shoir ijodi haqida Uyg‘un otashin nutq qildi. Adabiyotimiz tarixida yosh shoir ijodining 10 yilligi ilk bor va atigi bir marta nishonlangan. Bu hassos shoir Usmon Nosir edi.
Asl she’r shoir yuragida o‘zining ohangi-ifodasi bilan tug‘iladi. Ana shu ifor-ohangni o‘quvchi qalbiga to‘la-to‘kis yetkazib bera olish ham shoirdan alohida iste’dod va san’at talab qiladi. Usmon Nosir bu borada ham betakror edi. Zero, uning she’r o‘qish san’ati ham alohida e’tirofga molikdir. Adib Turob To‘la “Usmon Nosir she’r o‘qiganda atrofni musiqa bosib ketardi, nazarimda”, desa, shoir hamshahri, kinooperator Aziz Rahmonov uni shunday eslaydi: “Usmon Nosirning ko‘zlari charaqlagan, ovozi nihoyatda o‘tkir edi. U she’rni shunday qoyilmaqom o‘qirdiki, unga maftun bo‘lmaslikni, uning sehriga asir bo‘lmaslikning iloji yo‘q edi. Na u hayot davrida, na hozirgi paytda o‘z she’rini Usmon Nosirchalik ta’sirli o‘qigan yo o‘qiy oladigan shoirni ko‘rganim yo‘q”.
Muxlislarning olqishi, el ichidagi mashhurlik har qanday shoir qalbini safoga va sururga to‘ldirishi tabiiy. Ayniqsa, u yosh bo‘lsa, bunday dovrug‘, shon-shuhrat uning boshini aylantirishi, mastu mustag‘riq qilishi ham mumkin. Usmon Nosir shon-shuhratning avj nuqtasiga ko‘tarilib, uning nash’u-namosini surgan vaqtlar borasida shunday gap yuradi. Bu voqeani uning do‘sti, keyinchalik mashhur so‘z ustasi bo‘lib tanilgan Muhsin Hamidov quyidagicha xotirlaydi: “Demon” uchun qalam haqi chiqqan kuni Usmonjon do‘st-yorlarini jamlab, “Natsional”ga keldi. Eshikbon shoirga izzat-ikrom bilan eshik ochib, tanish dastyor – ofitsiant ayol unga zalning eng yorug‘ va oynasi ko‘chaga qaragan tomonidan joy hozirladi. U boshqa shaharlarda ko‘rgan ekanmi, kelib o‘tirdi-yu, direktorni so‘ratdi. Sheriklari “nima qilmoqchi ekan?” deb hayron bo‘lishdi. Ammo u direktor kelishi bilan “Men shoir Usmon Nosirman, Restoran yopilsin!” deb farmoyish berdi. Direktor tamaddi qilayotgan shinavandalarga qarab: “Bugun sizning ovqatlanishingizu kayf-safongiz bepul. Sizni shoir Usmon Nosir mehmon qiladi!” – deb e’lon qildi… Hamma o‘tirganlarning chehrasiga nur yoyilib ketdi.
Dasturxonga gazak va ichimliklar keltirilgach, Usmon billur qadahga may quyib, zal o‘rtasiga bordi-da, “Demon”dan o‘qiy ketdi. U goh rus, goh o‘zbek tilida o‘qir ekan, bir go‘zal ayol o‘tirgan dasturxon yoniga kelib davom etdi:
Eng birinchi to‘kkan yoshimni
Qabul ayla, ol, go‘zal, buni.
Yorit umrim saodatini…
Shoir ayol qadahiga qadahii yaqinlashtirganda kimdir qarsak chaldi. Odob yuzasidan ayolning erkak hamrohi ham qo‘shildi. Usmonjon bir-ikki qadam yurib, yana o‘qidi:
Quloq solgil ohu zorimga:
Birgina so‘z bilan meni sen
Yana ko‘kka qaytoralasan,
Ey parizod, qizg‘an holimga;
Ishqning ezgu libosin kiyib,
Yovuzlikdan o‘zimni tiyib,
U dargohda porloq nur kabi,
Yangi malak, yosh bir hur kabi
Qayta yashar edim men u chog‘,
Rahming kelsin ahvolimga boq…
Endi zal haqiqiy shoir bilan uchrashganini sezgan edi. Hamma butun vujudi quloq bo‘lib eshitdi:
…Sensiz nima bu abadiyat?
Sensiz nima menga mulk, niyat?
Quruq so‘zdir, tutmas asodir,
Xudosi yo‘q keng kalisodir.
Qarsak va olqishlar bilan qarshi olingan bu satrlardan keyin har kim shoir bilan qadah cho‘qishtirishni o‘ziga sharaf bilib, uning qoshiga oshiqdi; shoirga baxt-saodat va ilhom tilab, uning sog‘ligi uchun qadah ko‘tardi”.
Biroq, ko‘p o‘tmay mash’um taqdir o‘zining qora sahifalarini varaqlay boshladi. Shoirning ilhom sururi, ijod nash’u-namosi poyoniga yetib borardi. Usmon Nosir eslangan davrada ustozlardan biri bu borada gapirib, shoirning 25 yoshlik yubileyi va unda aytilgan maqtovlar tufayli unga “ko‘z tekkan”, degandi. Balki bu gapda ham jon bordir. Lekin, aslida, bu o‘sha mudhish zamon duchor qilishi muqarrar bo‘lgan qora qismat edi.
Elning ko‘plab asl farzandlari qamoqlarga tashlanganiga, xalq hayotining battar og‘irlashib ketganiga qaramay, Koiiunistik partiya markazqo‘mi tashabbusi bilan xalqlar otasi – dohiy Stalinni ulug‘lash , uni ilohiylashtirish avj olib bordi. Bu hol, ayniqsa, 37-yilda o‘zining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Hali Moskva taassurotlarining tafti so‘nmay turib, Fayzulla Xo‘jayevning “aksilinqilobiy” ta’siri doirasida bo‘lgan kishilarni aniqlash va fosh etish ishlari boshlanib ketdi.
Keyingi avlodga mansub, adabiyot tarixidan bexabar ayrimlar, Usmon Nosirning qamalishiga aosiy sabablardan biri uning Stalinni madh etmaganligidir, deydilar. Bu – noto‘g‘ri gap.Usmon Nosir ham dohiyga ishongan, uni Hamid Olimjon singari ko‘klarga ko‘targan. Shunga qaramasdan, yuqorida aytganimizdek, F. Xo‘jayevning “aksilinqilobiy harakati” ta’sirida bo‘lgan odamlarga tashlangan qarmoqqa birinchilardan bo‘lib Usmon Nosir ham ilindi. Va shoshilinch sur’atda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Usmon Nosir ijodini o‘rganish komissiyasi tuzildi. 12 iyul kuni Uyushma hay’ati yig‘ilishida “Usmon Nosir ishi” ko‘rildi.
Bu yig‘ilish o‘tayotgan anjumanxonada yaqindagina uning 25 yillik yubileyi nishonlangandi. O‘sha kuni Usmon Nosirdan zo‘r shoir yo‘q edi. Uni ta’rif va tavsif qilish uchun notiqlar o‘z so‘zxonalaridan “tesha tegmagan” so‘zlarni qidirib topishga, uni ulkan shoir sifatida ta’riflashga intilgan edilar. Endi esa…
Ushbu yig‘ilish haqida “Qizil O‘zbekiston” ro‘znomasida yozilgan hisobot-xabarda shunday deyiladi: “Muzokarada so‘zlagan Qurbon Beregin, Hamid Olimjon, Oydin, Krukovskiy va boshqa o‘rtoqlarUsmon Nosirni Sovet hukumatiga, bolsheviklar partiyasiga ashaddiy dushman sifatida kurashib kelgan bir turkum xalq dushmanlari bilan qo‘l ushlashib, ular bilan bazm va majlislar qilib, rus proletariatiga qarshi ig‘vogarlik yurgizganini aytib berdilar…”
Hisobot-xabarda yana shularni o‘qish mumkin: “…Shoirning “Mehrim” nomi bilan chiqarilgan keyingi she’r to‘plami boshdan-oxirigacha pessizm ruhi bilan to‘lgan.Usmon Nosir o‘zi ham bu she’rlar to‘plamini sovet yoshlari miyasini zaharlab turganiga va uni mafkura jihatidan buzuq she’rlar bilan atayin to‘ldirganiga iqror bo‘ldi…”
O‘sha davr odamlaridan yetib kelgan gaplarga ko‘ra, ushbu yig‘ilishda shoirning ko‘p she’rlari ustida alohida to‘xtalib, har biri g‘oyaviy nuqtai nazardan “chuqur tahlil” qilingan. Qanchalik to‘g‘ri – bilmayman, mana shunday yondashuv shoirning “Yana she’rimga” she’ri ustida ham bo‘lgan deyishadi. Jumladan, unda:
Yana, she’rim, o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang gullar sharmanda…
misralari tilga olinib, “shoir sovet gullarini haqorat qildi”, deyishgacha borishgan.”Manzilim yiroqdir – ufqdan nari…” satrini muhokama qilishib, “shoir bu satrida maqsadi – okean orti ekanligini aytmoqda”, deyishgan. Muhokamadagi gaplar har qancha almoyi-aljoyi bo‘lmasin, ularning shu taqlid kechganligiga ishonmaslikning iloji yo‘q. Sho‘rolar saltanati mafkuraviy tarozusidan bundan ortiq “karomatni” kutib ham bo‘lmasdi. Bu fahmsiz tamoyil saltanatning oxirgi kunlari qadar davom etmadimi, axir!
Shu o‘rinda o‘tgan asrning 70-yillarida Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasi yig‘ilishida bo‘lib o‘tgan latifanamo voqea yodga tushadi. O‘sha davrda viloyat gazetasida qashqadaryolik bir yosh shoirning “Ona tilim” nomli she’ri bosiladi. Bu she’r viloyat partiya qo‘mitasi majlisida qoralanadi. Darg‘azab rahbarga, bu mavzuda Rasul Hamzatov ham yozgan, deya luqma tashlaydi kimdir. “Olib kelinglar, u shoirni ham kelgusi byuro yig‘ilishida muhokama qilamiz!”, deydi jahl otidan tushmagan kotib.
Do‘ppi olib kel desa, bosh olib keladigan “dastyorlar” bugungi kunda topilmaydi deysizmi! Yaxshiyam, endi ularga ishimiz tushmaydi… Tushmasin ham hech!
Usmon Nosir muhokamada bu qadar insofsizlik bo‘ladi, o‘zining ko‘zi oldida tuhmat toshlari yog‘diriladi deb o‘ylamagan edi. Hammadan ham unga yolg‘izlanib qolgani, uni biror kimsa himoya qilmagani alam qildi. Uni Yozuvchilar uyushmasi safidan o‘chirishdi.
U yig‘ilishdan chiqarkan, qayerga borishni, g‘ovlab ketgan boshini qayerga urishni bilmay, gandiraklagan holda yo‘lga tushdi.
Ertasi kuni – 1937 yil 13 iyulda shoir hibsga olindi.
1937 yil boshlarida sho‘ro matbuoti va radiosida trotskiychilarning katta bir guruhi fosh etilib, tarix hukmiga havola qilingani haqida bong urildi. Trotskiychilarning razilligi haqidagi “haqiqatlar” sho‘ro xalqiga muntazam ravishda singdirib borildi. 28 yanvarda esa sud jarayoni boshlandi. Sho‘ro mafkurasida qabul qiligan odatga ko‘ra, na faqat markaziy, balki mahalliy nashrlar ham sud kunlarida xalqning aksilinqilobiy unsurlarga bo‘lgan munosabatlarini ifodalovchi “nafratnoma”larni e’lon qilib turishi lozim edi.
O‘sha kunlari “Qizil O‘zbekiston” ro‘znomasi tahririyati ham bu siyosiy kompaniyada qatnashish istagida Usmon Nosirga murojaat qilib, trotskiychilarni la’natlovchi she’r bilan chiqishini taklif etadi. Shoir bu taklifni qabul qilib, “G‘azab” deb nomlangan she’r yozib beradi. U shunday satrlar bilan tugagandi:
O‘lim senga, dushman! O‘lim senga, yov!
So‘rayman, o‘rtoq Sud, kesing beayov!
Biroq oradan bir-ikki oy o‘tmay, A. Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon va Usmon Nosirning o‘zi va yana ko‘plab ziyolilar hibsga olinib, ularga “xalq dushmani” tamg‘asi bosildi. Sovet xalqi deb atalgan olomon ishlab chiqarish korxonalari, ijodiy tashkilotlar va o‘quv yurtlarida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda ularga eng oliy jazoni talab qiladi. Ne tongki, ana shunday yig‘ilishlarda Usmon Nosirning “O‘lim senga, dushman! O‘lim senga, yov! So‘rayman, o‘rtoq Sud, kesing beayov!” satrlarini xalq atalmish olomon uning o‘ziga qarshi ishlatdi.
Sho‘ro saltanatining qahri o‘z “dushman”lariga nisbatan o‘ta beshafqat va beayov edi. Kechagina yurt ardog‘ida bo‘lgan shoir uning qorong‘i kameralarida do‘zax azobidan battar qiynog‘u uqubatlarga duch keldi.
Usmon Nosir butun hayoti va ijodini, ayniqsa uning hibsda kechgan azobli umri tafsilotlarini imkoni boricha tiklashga harakat qilgan professor Naim Karimov, Usmon Nosirning Kemerovo Ichki ishlar boshqarmasida ochilgan “jinoiy ishi” aslida 12 ming 192 varaqdan iborat bo‘lganligi, biroq, afsuski, hozir shunday katta hajmdagi ishning o‘ndan bir qismi ham saqlanmaganligini aytadi.* (N. Karimov. Usmon Nosirning so‘nggi kunlari “Sharq” nashriyoti. 1994.) “Ish”dagi sahifalar sho‘rolar O‘zbekistonidagi manfaatdor idoralar va shaxslar tomonidan obdon o‘rganilib, nomatlub tuyulgan hujjatlarning hammasi kuydirib tashlangan.
Usmon Nosir o‘zinig haqligiga ishonganligi uchun vahshiylashgan tergovchilar oldida aslo dovdiramadi, aslo tizzasi qaltiramadi Aksincha, mahbuslar orasida u eng o‘jari, o‘z aytganida- deganida turadigani, urong‘ichlar bilan ham bab-baravar olishadigani edi. Shuning uchun shoirdan tegishli ma’lumotni ololmagan chekistlar unga ko‘proq azob berdilar. Uning qo‘llarini qayirdilar, tirnoqlari orasiga bigiz tiqdilar, urib tishlarini sindirdilar. U bunday vahshiylikka javoban jallodlarni ham, ularning xudosi Stalinni ham tinmay so‘kdi. O‘z navbatida undan so‘kish va haqoratlar eshitgan, bir-ikki musht ham yeb qolgan nazoratchi va urong‘ichlar battar o‘chakishib, yangidan-yangi qiynoq va haqorat usullarini o‘ylab topdilar.
Usmon Nosirning berahmlarga nisbatan mushtdan tashqari boshqa quroli ham bor edi. Tug‘ma shoir hatto o‘sha dahshatli sharoitda ham o‘z ruhiy kechinmalarini ifodalovchi badiha she’rlar to‘qirdi. Biroq, IIXK mahbusxonasi Leninga tom-tom kitoblar yozish imkonini bergan chorizmning avaxtasi emasdi. Bunda shoirga na qalam, na qog‘oz berganlar. Shunga qaramay, u ba’zan qog‘oz parchalarini topish ilojini qilgan, qalam ham, qog‘oz ham topilmaganda mahbusxona devorlariga qandaydir topib olgani ko‘mir yoki kesak bilan she’rlar yozgan.
Shoirning bu qadar she’rga chanqoqligini, yozishga tashnaligini hamma ham tushunarmikin? Ushbu lavhani o‘qiganlar orasida, shoir shu ahvolda she’r haqida o‘ylashi, she’r yozishi shartmidi, deydiganlar ham topiladi. Undaylarga bu borada balki iddao qilib bo‘lmas. Ular olov mohiyati yonmoq ekanligini, Usion Nosir esa olov bo‘lganligini idrok etmasalar, ne chora! Bir shoir do‘stim bundan bir necha yillar avval “men endi she’r yozmayman”, degandi. “Nega?” so‘radim men taajjublanib. “Chunki she’rga qalam haqi to‘lanmay qo‘ydi”, – dedi u xotirjam. Menga uning bu javobi “shoir” degan nomga haqoratdek eshitildi. U haqiqiy shoir emas-ku, deb yupatgandim men o‘zimni o‘shanda. Yuragida olov lovullab turmagan odamni “Shoir” deb atash mumkinmi!
Naim Karimov “Usmon Nosirning so‘nggi kunlari” risolasida Nasrulla Davrondan eshitgan shoirning qamoqda bitilgan “Tutqun bulbulcha” she’ri tarixini keltiradi: “1943 yilning 23 martida frontga ketish oldidan Toshkentda Samarqand Davlat universiteti rahbarlaridan biri Sharif Ibrohimovni uchratib qoldim. U ham 1937 yilning iyun oyida Samarqanddan Toshkentga olib kelingan ekan. Sh. Ibrohimov menga nohaq hukm bilan 5 yil qamoqda o‘tirganligi, o‘sha davrda Abdulla Qoliriy, Usmon Nosirlar bilan birga bo‘lganligini so‘zlab, gapining oxirida Usmon Nosirning qamoqxona devoriga “Tutqut bulbulcha” she’rini yozib qo‘yganligini hikoya qilib berdi.
Men uning so‘zlarini tinglab, undan “bu she’r mazmunini hikoya qilib bera olasizmi?” desam, U: “Usmonning she’ri na faqat menga, biz bilan birga bo‘lganlarga ham yod bo‘lib ketgan edi” deb, uni yoddan aytib bergan. Mana, o‘sha she’r to‘laligicha:
TUTQUN BULBULChA
Hozir sening qanoting bog‘liq,
Yuraging dog‘lik.
Eshitilmas sayrashing xalqqa,
Sen kezgan bog‘lar ham bo‘m-bo‘sh,
Yo‘q unda xonish,
Eshiklari qulflidir… halqa.
Amin bo‘l, yechilur bog‘li qanoting,
“Bulbul”-ku oting,
Xizmatni el uchun aylagan zoting.
Qo‘shig‘ing mavj ursin tinmasin tilda!
Baribir tinglanur davr kelib elda!
O, Vatan bulbuli, gullar oshig‘i,
Vafoli bulbul,
Qo‘nasan takroran g‘uncha-taxtingga,
Sog‘ va bardam bo‘l!”
O, Agar Usmon Nosirning Toshkent mahbusxonalarida va Rusiya lagerlarida yozgan she’rlari omon saqlanib qolganidami, shak-shubhasiz, do‘sti Musa Jalilning “Moabit daftari”dan necha baravar katta va insoniyatni larzaga soluvchi kitobga aylanardi!
Usmon Nosir havosiz kameralarda ham barcha azob va uqubatni, sotqinlik va razolat, haqorat va ochlikni unutib, o‘zini she’riyat vodiysida oltin yolli tulpor ustida his etdi. Zero, u ilohiy kuchning xohishi va muruvvati bilan dunyoga kelgan shoir edi.
Avaxta xonalaridagi johil nazoratchilarning, bag‘ritosh tergovchilarning nozik jussali, nimjon bir shoirga qilgan zug‘umlari, uning asabini o‘ynatishlari va ularning bunga yana o‘chakishib, butun badani momataloq bo‘lgunicha uni kaltaklashlari, huda-behudaga muzxonaga tashlashlari har qanday irodani sindirishi, har qanday sog‘ tanni xasta vujudga aylantirishi hech gap emasdi. Bunday adoqsiz ruhiy va jismoniy azoblar Usmon Nosirda na faqat og‘ir asoratlar qoldirdi, balki unda savdoyilik alomatlarini ham zohir eta boshladi.
Zlatoust mahbusxonasida Usmon Nosir bilan bir kamerada bo‘lgan O‘zbekiston komsomoli markazqo‘mida xizmat qilgan V. Rozenfeld shunday xotirlaydi: “ Men uni shu yerga kelib ko‘rdim. U telba bir holatda bo‘lib, hech kim bilan gaplashmasdi. Uzzu kun karavotda o‘tirgani-o‘tirgan edi. Puliga mahbusxona bufetidan konfet sotib olib, shaxmat donalarini yasar va o‘zi bilan o‘zi qosh qoraygunga qadar shaxmat o‘ynar edi. Kim uni chaqirsa yo u bilan gaplashmoqchi bo‘lsa, bu odam nazoratchi yo mahbus bo‘ladimi, u: “Yo‘qollaring, fashistlar!” deb jerkib tashlardi.”
Shoirning maktabdosh do‘sti, u bilan lagerlarda birga bo‘lgan Ibrohim Naziriyning aytishicha, Usmon Nosir Shimolning qattiq ayozlarda sog‘ligini yo‘qotib, qo‘l-oyoqlarini sovuqqa oldirgan, tirsak suyaklari tarashaga aylangan go‘shtni teshib chiqqan. Mahbuslar ishdan qaytganlarida uni stol ustiga yotqizib qo‘yganlar va u yotgan holida she’rlar o‘qigan.
Ushbu satrlarni yozar ekanman, daf’atan majruh shoir ko‘z o‘ngimda xasta ovoz bilan she’r o‘qiyotgan qiyofada namoyon bo‘ldi. Qalamim to‘xtab qoldi. Yaqinda ko‘nglimdan kechgan kechinmalar uchun o‘zimga o‘zim nihoyatda badbin tuyulib ketdim. Yaqinda, kech kuz oqshomlaridan birida dalahovlimda o‘tirib o‘zimni ilkis g‘arib, xoksor-aftoda his etgan edim. Bag‘rim allanechuk huvillardi. Hayhotdek hovlida bir o‘zim qolib, ruhimni yolg‘izlik chulg‘ab olgandi. Bolalarimning hammasi o‘z-o‘zidan ortmaydi, shahardagi yumushlarida band. Hovliga chiqishga ko‘ngillari chopavermaydi ham. Men kim uchun qurdim shuncha xonani! Belim bukchayib, peshona terim bilan kim uchun bunyod etdim bu hovlini! Bundan ham ortiq ko‘rgulik bormi bir inson uchun!.. O‘sha oqshom ko‘nglimda mana shunday tuyg‘ular kechgan edi! Ko‘z o‘ngimda paydo bo‘lib, ro‘paramda yaydoq stol ustida yotgancha ingrab she’r o‘qiyotgan Usmon Nosir oldida yer yorilmadi – yerga kirib ketmagandek bo‘ldim! “Shu ham hasrat, shu ham qayg‘umi?!” – deya badbin kechinmalarimdan mulzam bo‘lib, yer chizdim. Va ayni chog‘da mana shu muqoyasa ruhimga muhrlanib qoldi. Zotan, mening ishim yurishmay yoki murakkab, najotsiz vaziyatlarda qolib, ko‘nglim cho‘kkan lahzalardagidan yuz chandon, ming chandon og‘ir emasmi edi! Usmon Nosir chekkan iztiroblar?! Shu bois, har qanday jafoga, har qanday sinovga tik boqib, sabr va chidam jiz emasmi mendek bir ozod banda uchun?!
Shoir uch yil davomida necha-necha mahbusxonalarni ko‘rmasin, qancha-qancha arizalar yozmasin, uning ovozi, dardi, haqiqatni bayon qilish istagi bu mahbusxonalarning temir eshigini teshib chiqolmadi. Ammo shunga qaramay, yillar o‘tsa hamki, ich-ichida shoirning Stalinga xat yozish ilinji, o‘z boshiga tushgan kulfatlardan uni xabardor qilish umidi so‘nmadi.
Agar gap faqat uning o‘z jonini saqlash ustida borganidaydi, u bunchalar kuyib-yonmagan, halak bo‘lmagan bo‘lardi.Jonidan kechib qo‘ya qolardi! Lekin hamma gap yuragidagi iste’dodning juvonmarg bo‘lib ketayotganida edi! Shu boisdan ham u har gal orzular chechagini ochuvchi, muattar bo‘ylari bilan vujudini sarhush etuvchi ana shu iste’dod oldida o‘zini qarzdor tuyub, har neki narsaga tayyor edi.
Nihoyat shoirning azaliy orzusi ushalib, unga “ulug‘ dohiy”ga xat yozishi imkoni berildi.
Bu xatda shunday satrlar bor edi: “… Mahbuslikda kechirganim uch yil ichida har qanday qiyinchiliklarga qaramay, men bitta she’riy roman, uchta pesa, qator she’rlar yozdim.
Men ijodiy kuchlarga to‘lgan navqiron yigitman.
Men xalq dushmanlirining tuhmatiga qoldim.
Men hayotga qaytishim, Ulug‘ Vatanimning to‘laqonli grajdani bo‘lishim kerak!
Men Sizdan yordam so‘rayman.
1940 y. 20 avgust.
Muddatni o‘tash joyimning adresi:
Xabarovsk o‘lkasi, Magadan sh. “
AmmoUsmon Nosirning haqiqat va adolat yo‘lidagi umidlari bu gal hal ham sarob bo‘lib chiqdi. Davom etgan azoblar ruhiyatini yana yerparchin qildi. Nihoyasiz zug‘umu qiynoqlar uni savdoyi bo‘lish darajasiga olib keldi. Magadanda Usmon Nosir bilan birga bo‘lgan, hamisha uni ukasidek ko‘rib, imkon bo‘ldi deganda – yo‘qlab turgan Tojixon Shodiyeva xotirasida shunday mudhish lavha bor: “Usmonning ahvoli yomonlashib qolganini eshitib, xabar olgani bordim. Borsam, Usmonni ochiq yerda, yomg‘ir ostida ustunga bog‘lab qo‘yishgan ekan. U osmonga qarab turar va nimalarnidir gapirardi Uning gaplarini tushuna olmadim. U meni tanimadi va gaplarimga quloq ham solmadi. U butunlay savdoyi bo‘lib qolgan edi. Men lagerga yig‘lab qaytib keldim…”
Qosimjon Hoshimov ism-sharifli sobiq mahbus esa bir safar ruhiy xastaligi qo‘zigan Usmon Nosirni temir panjara ichiga tashlanganining guvohi bo‘lgan. Shu paytda tepadan shovillab yog‘ib turgan yomg‘ir uning boshi, yuzlarini yuvib, pastga oqardi. Lager navbatchisi ana shunday yo‘l bilan mahbusni “hovuri”dan tushirgan.
Shoirning bunday ahvolga tushganligi, undagi ruhiy xastalikning junbishi asosan uning Stalinga yozgan xati ning javobsiz qolayotganidan edi. Xuruj qiluvchi xastalik o‘tib ketishi bilan u yana o‘ziga kelar, ijodiy qobiliyatini tiklar, she’rlar yozardi.
Usmon Nosir 1941 yil oxirlarida Magadandan Mariinskka keltiriladi. Kemerovo hududidagi Mariinsk – “qizil saltanat”ning tikonli simlar bilan o‘ralgan lager-shahri edi. Shahar to‘rt tomondan botqoqlik va tayga o‘rmonlari bilan ihotalangandi. Shoirning ahvoli nihoyatda og‘irlashgandi, U qolgan umrini kasalxonada o‘tkazdi. Va, nihoyat, bu dunyoga sig‘magan baxtsiz shoirning umr shami so‘ndi. 1944 yilning 9 marti kuni uning yuragi urishdan to‘xtadi.U dunyoga bulbul bo‘lib kelgan edi, biroq qora zulm, qora tuhmat, qora hasadning changalida bevaqt o‘lim topdi.
Yurt peshonasida Erk, Istiqlol nurlari porlashini orzu qilgan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar singari xalqimizning benazir farzandlari orasida Usmon Nosir eng yoshi edi. U yigirma besh yoshida qamoqqa tashlanib, erkidan ayrildi. Uning iste’dodining oltin gullari hali ochilib ulgurmagan edi! U o‘zbek elining tarixdagi armoni bo‘lib qoldi.
Usmon Nosir Vatanni, yurtni sevgan, uni ozod ko‘rishni orzu qilgan va bu yo‘lda o‘zini fidoyi deb bilgan otashin shoir edi. Zero, uning “Yurak” nomli she’ridagi :
Itoat et,
Vatan sendan
Agar rozi emas bo‘lsa!
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril, mayli, tamom o‘lsam!
satrlari shu bugungi xurram, munavvar kunlar haqqi bitilgan emasmi?
Usmon Nosir mustaqillik yillarida yana o‘zining sharafli taxtiga ko‘tarildi. Yana uni el olqishladi, yana u yoshlarning mehr-muhabatiga musharraf bo‘ldi. Mangulik sari otlangan shoir yo‘lidagi ilk dovonni bosib o‘tdi!
Ha, Usmon Nosir murakkab davrda yashadi. Uning zamonasozlik ruhidagi, o‘sha davr mafkurasi ta’sirida yaratggan she’rlari yo‘q emasdi. Lekin uning o‘zbek she’riyati sahifalariga muhrlangan betakror lirikasi, samoviy tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan yangroq ovozi ham borki, u hamisha tog‘ning musaffo jilg‘alaridek jaranglab turajak! Hammasidan ham shoirda bezavol, navqiron ruh mujassam edi. Bu ruh adabiyotimiz osmonida yorqin yulduz bo‘lib, zamonlar osha nur sochaveradi!
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 7-8-son.