Matluba Yusuf Oxun. Entikish (hikoya)

– Turg‘unoy, hoy Turg‘unoy….

Ko‘zlari yumuq holda yotgan momo bu tanish ovozdan cho‘chib ketdi. Bemajolligini ham unutib, ko‘zlarini katta-katta ochdi-da, atrofga alangladi.

– Buvi, buvijon…

Momoning yonida o‘tirgan Asqad aka onasining alahsirayotganini tushundi. Shu bois ovoz chiqarmasdan o‘z holiga qo‘ydi.

Momo shuncha qarasa ham hech kimni topolmadi va yana ko‘zlarini yumdi. U besh-olti yasharligida dimog‘iga o‘rnashib qolgan tanish, yoqimli hidni tuygandek bo‘ldi. U paytda buning nima ekanini bilmagandi, keyinroq, katta bo‘lganida qalampirmunchoq aralash xushbo‘y hid ekanini anglagan edi.

– Ayajon, – momoning ovozi entikib chiqdi.

Xira nigohlari orasidan uzun chang yo‘lni ko‘rdi. Unda bir erkak, bir xotin va qizcha ketib bormoqda. Qiz yalangoyoq. Tuproqning issiqligidan irg‘ib-irg‘ib tushadi. Ayolning yuzi berk, boshiga qora ro‘mol tashlab olgan. Ulardan sal nari gurs-gurs qadam tashlab ketayotgan erkak ahyon-ahyonda ortiga qarab:

– Kelayapsizlarmi? – deb qo‘yadi.

Turg‘unoyning yig‘lagisi keldi.

– Hiqillama, tezroq yur!

U ayolning ovozini birinchi marta eshitib, dami ichiga tushib ketdi. Jazirama tomog‘ini quritdi. Chanqab, holsizlandi. Bu safar chindan yig‘lay boshladi.

– Obbo! – ayolning ovozi yana ham balandroq chiqdi. – Karim, buni ko‘tarib oling!

Erkak qizaloqni ko‘tarib, orqasiga opichladi. Hecham bunaqa balandga chiqmagandi. Atrof ko‘ziga g‘alati ko‘rindi. Beixtiyor iljaydi.

– Qarang-a, go‘dak bo‘la turib odamni ahmoq qiladi.

– Bo‘ldi qil!

Qizaloq chanqadi.

– Suv…

Ammo na erkak va na ayol javob bermadi. Qizaloq qaytib og‘iz ochishga jur’at qilolmay, boshini erkakning beliga qo‘yganicha mudray boshladi. Qancha yurishganini bilmadi. Bir mahal qattiq silkinishdan uyg‘onib ketdi. Ko‘zini ochib, sekin mo‘raladi. Uzoqdan pastqam uylarning devorlari ko‘rindi.

– Qizim, birpas chidasang, senga suv, non berishadi, – erkak uni bir siltab yana-da balandroqqa ko‘tarar ekan, yumshoq gapirdi.

Qizaloq tamshandi.

Ozgina yurilgach, erkak uni pastga tushirdi. Qarshisida kichik taxta darvoza ko‘rindi.

– Qani kir, – erkak uni asta turtkiladi.

Begonasirab ostonani bosmay turaverdi. Shu pallada ichkaridan yoshroq yigit yugurib chiqdi:

– Xayriyat-ey, Turg‘unoy, keldingmi? Bo‘la qol, hammamiz seni kutayapmiz!

Qizaloq javdirab uni olib kelgan erkakka qaradi.

– Bolaning qorni och, chanqagan, avval ovqatlantiraylik.

– Ulgurmay qolamiz, – yigit shunday dediyu, uni ko‘tarib ichkariga yugurdi. – Ilhaq bo‘b ketdi.

Hech narsani tushunmasdan atrofga qo‘rqib qaradi, ammo yig‘lamadi. Nim qorong‘i xonada avvaliga hech narsani ko‘rmadi. Ko‘zi o‘rgangach esa, odam ko‘pligini payqadi. Boshlariga katta ro‘mol solgan uch-to‘rt ayol to‘rda to‘shakda yotgan kasalning yonida yig‘lab o‘tirishibdi. Qizaloqni to‘g‘ri o‘sha bemorning yoniga olib borishdi.

– Mana, Tursunoy, keldi kutganing, – bir kampir uni qo‘li bilan o‘ziga chorlagach, bemorning yuz-ko‘zlarini silab yig‘lab chaqirdi. – Keldi, ko‘zingni och, bolam!

Bemor ojiz ingradi. Oppoq, qoqsuyak qo‘llarini zo‘rg‘a ko‘tarib, uning kichik qo‘lchalarini ushlashga urindi. Kuchi yetmadi. Kampir qizaloqni bemorning shundoq yuziga yaqin olib bordi. Qorni ochligidanmi yoki qo‘rquvdanmi, burniga urilgan g‘alati hiddan entikib ketdi. Ko‘zlarini katta ochib bemorga qaradi.

– Qizim, mening Tursunoyim! – ayolning lablaridan uchgan bu so‘z qizaloqqa arang yetib keldi.

Atrofdagi ayollarning piqillab yig‘lagani eshitildi.

Qizaloq chalg‘idi, kim yig‘layotganini ko‘rish uchun yonboshga o‘girildi va shu asnoda yuzi bemorning yuziga yopishdi.

– Qizalog‘im…

Boyagi hid burniga urildi.

Xona ichi yana yig‘iga to‘ldi.

Kimdir uni ko‘tarib oldi. Tashqariga olib chiqishdi. Yerga yozilgan sholchaga o‘tirg‘izib, oldiga non, ovqat qo‘yishdi. U tevaragiga hayron boqqanicha shoshib-shoshib non kavshay boshladi.

Dadasi bilan ayasi ajrashgach, o‘rtada u sarson bo‘lib qolganini bilmasdi. Ayasi og‘ir xasta, bolani eplay olmaydi.

– Buvijon, tuzukmisiz?

Turg‘unoy momo asta ko‘zini ochdi.

– Buvijon, suv beraymi? – birinchi va oxirgi marta ko‘rgan ayasining nigohiga ko‘zi tushib, lab­lari ojiz sas berdi.

– Qizim…

Ayasining ovozini eshitdi.

– Buvijon…

Xona ichi yig‘iga to‘ldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 31-son