Matluba Dehqon qizi. Rayhon bo‘ling, jon enam (hikoya)

Yoz edi. Isfarak o‘riklarga qizil yugurib, yetilay deb qolgan payt singlim ikkimiz enamizni ko‘rib kelgani yo‘lga chiqdik.

Manzilga yetib, eshikdan kirishimiz bilan ko‘zimiz enamizga tushdi. Ayvonda tog‘dek bo‘lib o‘tiribdilar. Ha, tog‘ desa arziydi ularni. Shu o‘tirishlarida qancha g‘amni ko‘tarib o‘tiribdilar-u! Ikki yil burun yoshgina o‘g‘illarini tuproqqa qo‘ydilar. Uning yetti bolasi chirqirab qoldi. Ham juvonmarg o‘g‘illariga, ham sag‘ir nabiralariga kuyadilar.

— Yana Muhiddin bannisadamish. Bittang borib ko‘rmabsan, — deya odatdagidek o‘pka‑ginadan boshladilar gapni.

— Eshitmabmiz, ena…

— Shunaqa-da, — deya yuzini bog‘ tomonga o‘girdi kampir.

— O‘zingiz tuzukmisiz, ena? — deya gunohkorona bosh egib, gap boshladik biz.

Tuzuk bo‘lganim qursin. Munchayam umrim uzunakan-a. Qachon Nurmatimning yoniga borarkanman.

— Qo‘ying, jon ena, unday demang, — dedi ko‘ngli buzilib singlim.

— Desam, demasam — o‘lim haq, — deya bosh chayqadilar enam. — Picha pul yiqqandim. Jon chiqishi bilan o‘likni nari qo‘yib, sandiq ochishadi-da, hali sizlar yosh, nimani bilardilaring. Bu kampir karak-karak gapirishni bilarkan xolos, puli yo‘q ekan, deyishmasin deb yiqqandim. Shuni hidini sezishdimi, bilmadim, Dono (birga turadigan nevara kelinlari); «Go‘sht yo‘q» desa, eri: «Pul yo‘q», deb g‘o‘ng‘illaydi nuqul. Oxiri och anovi sandiqni, ol o‘sha pulni, nima, go‘ristonda magazin bormidi, o‘lsam bir gap bo‘lar, dedim…

— Qo‘ying, ena, bizni qo‘rqitmang. Og‘zingizda nuqul o‘lim, o‘lim. — Zamira singlim yig‘lamsirab, ko‘ziga yosh oldi.

— O‘lim haq, bolam. Shohniyam oladi, gadoniyam… — Muhayyo! — U ovozining boricha chevarasini chaqirdi.

— He! — degan ovoz keldi bog‘ tarafdan.

— O‘rikdan qoqib ke. Haligi katta shoxiga tegma. Unisi opoqingga. Kelganda o‘zing qoqib berasan.

Muhayyo «ruxsat» tekkanidan quvonib, bog‘ ichiga xuddi qanot bog‘lagandek uchib kirib ketdi. Zum o‘tmay bir laganni to‘latib o‘rik uzib chiqdi.

Biz ishtaha bilan o‘rikka yopishdik. Enam egnilaridagi oq shtapel ko‘ylaklarining yoqasini tortib, yelpindilar. Nazarimda, xayollari yana uzoqlarga ketdi.

— Muqaddamning bolasi tag‘in bo‘lmapti. Hech bo‘lmasa shunisi turganda…

— Yana tushdimi?

— Sakkiz oylik… O‘lik tug‘ibdi. Shular tinchimadi-tinchimadi-da. Shular tinchiganda… — Enamning ko‘zlarida yosh miltilladi.

— Qo‘ying, ena, yig‘lamang… — Unga qo‘shilib yig‘layotgan esamda, yupatgan bo‘ldim.

— O‘zi bolalariga bosh bo‘lsa bo‘lmasmidi?! Tag‘in keliniyam ketib qopti… Xah, bolam-a, bolam…

— Ena, qo‘ying shularni, ozgina uxlab dam oling, — dedim men.

— Kunduziyam uxlaydimi odam? Nimalar deyapsan, qizim. Men A’zamning (birga turadigan nevaralari) qorovuliman-a. Pamildorilar ham pishib qoldi. Mahallada bir-ikki shumtaka bor. Payt poylab yurishadi. O‘tgan yili bog‘dagi uzumdan uzib qochishardi. Hassamni do‘qillatib, orqalaridan quvay derdim-u, istihola qilardim… Muhayyo! — Enam qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan chevaralarini chaqirishga tushdilar.

— He, — Muhayyo yugurib ichkaridan chiqdi.

— Sandiqni kalitini bilasan-a?

— Bilaman.

— Ochib, haligi tugunlarimni olib chiq. Ammalaring ko‘rishsin.

Singlim ikkimiz bir-birimizga qaradik: «Obbo, tag‘in o‘sha o‘limliklari…».

Muhayyo bitta-bitta olib chiqib, bir nechta tugunni oldimizga tashladi.

— Shoshilmay, bittadan ochaver. O‘zim nima-nimagaligini aytaman, — dedilar enam menga qarab.

— Muhayyo, dasturxonni yig‘ishtirib qo‘ya qol, — deya yana uni xizmatga buyurdik.

— Ol, anovi katta tugunni yech, — dedilar oshiqib.

Men shosha-pisha tugunni oldimga tortib, yecha boshladim.

— Manovi uchta kalish-maxsi, to‘n, ko‘ylak, lozim, ro‘mol… — hammasi yuvg‘ichiga.

— O‘… ena, namuncha yuvg‘ichiga shuncha narsa?

— Avvalo o‘shani rozi qilish kerak-da. Oxirgi marta kishini poklaydigan — o‘sha. Bu ishni ham yuragi bor odam qiladi. Kishi pok bo‘lib borsa yer ham suyunarkan. Harom-harishdan, yuviqsizdan yer ham hazar qilarkan, bolam.

Biz churq etmay tinglab o‘tirardik.

— Manavi — taypinlik. Ikki bo‘lak. Bittasi o‘ttiz, bittasi yigirma metr. Ichini och.

Qo‘rqa-pisa kafanliklarni yozdim. O‘ttiz metrlining ichidan kichkinagina, yong‘oqdek tuguncha tushdi.

— Seni esing bor, bolam. Hali yoshsan, xayoling joyida. Tayinlab qo‘yay. Yuvib, taypinlikka o‘rab bo‘lishgach, mana shu tugunchadagini ustimdan sepishsin… Xo‘p? Esingdan chiqmasin.

— Qo‘rqib ketyapman, ena… Nima bu o‘zi?

— Rayhon bilan jambilning urug‘i.

— Nimaga sepish kerak ularni? — deb so‘radik biz.

— Qo‘rqaman, qo‘rqaman deysanlar-u, so‘rovrasanlar… Ammo sepish eslaringdan chiqmasin. Xo‘pmi? O‘lik qirq kundan keyin suv bo‘lib oqarkan-da, tuproqqa singib ketarkan. Suyaklari qolarkan, xolos. Huddi o‘sha qirqim kuni mundoq deb yig‘langlar, eshitib ol:

Rayhon bo‘ling, jon enam,
Jambil bo‘ling, jon enam,
Voy, iloyim shu kunlarda
Bino bo‘ling, jon enam…

Xuddi hozir enamizdan ayrilib qoladigandek, tomog‘imizga nimadir tiqildi, yig‘lagimiz keldi.

— Shunaqa desalaring, ajovmas, rayhon bo‘lib, jambil bo‘lib, yerni yorib chiqsam…

— Qo‘ying, ena, o‘lmang!

— O‘lim haq. Qosh bilan qovoqning o‘rtasida. Muhayyo!

— He.

— Qo‘ylaringga suv berdingmi?

— Hozir berdim-ku.

— Ishonmayman. Paqir ko‘tarib suvga o‘tganingni ko‘rganim yo‘q. Bor yana bir suv ber. Kun issiq.

Muhayyo xushlamaygina yo‘naldi.

— Yana bitta narsani aytib qo‘yay. — Enam katta piyoladagi yaxna choydan ho‘pladilar. Biz xushyor tortib, enamga tikildik. — Bir kunimni gullatsalaring bo‘ldi. O‘lganimga suyunsalaring ham elni oldida yig‘lab turinglar. Opchiqib ketgunlaricha «enamlab» tursalaring bas. Xo‘pmi? Baringni yelkamda ko‘tarib katta qilganman. Yana odamlar aytmasin, bu xotin bola boqmaganakan, deb. Ha, xudo buyursa, sen bor, Zamira, Halima, Tojixon, Hayriniso, Zulfiya, Shoira… O‘-ho‘. Xudoga shukr, tobutimning tepasi bo‘sh qolmasakan.

Enam, xuddi o‘sha damni ko‘z oldiga keltirgandek, mung‘ayib jim bo‘lib qoldilar.

— Bolam… — O‘zlarini xiyol o‘nglab, menga qaradilar. Tomirlari bo‘rtib chiqqan ozg‘in qo‘llari bilan kaftimni ushladilar. — Senga yana bitta o‘tinchim bor.

— Ayting, ena, — deb uning so‘lg‘in, burushiq yonog‘idan beozorgina o‘pdim. — Ayting…

— Ishonganim — sen, bolam. Nevaralarim ichida eng kattasisan. Hammasi senga bog‘liq… — Enam shunday deb nigohlarini darvoza tomonga tikkancha jim qoldilar.

— Bor gapingiz shumi?

— Yo‘q… Bolalarimning yaxshi‑yomon nom chiqarishi ko‘proq senga bog‘liq demoqchiman-da. Axir bari kattadan…

— Ena, — deya ularning saraton tafti ufurib turgan yuzlarini siladim. — Ertaga albatta boramiz. Oldin Muqaddamni ko‘ramiz. Keyin Muhiddinning yoniga o‘tamiz…

Baribir chehralari ochilmadi.

— Ishonmayman! — deya tuyqus o‘girildilar bizga. Birdan ko‘zlaridan yosh quyila boshladi: — Sizlardan umidim shumidi? — U ro‘molining uchi bilan ko‘zlarini artdi. — Bu bir-biriga qadri yo‘qlarni tashlab qandoq ko‘z yumaman, ey xudo?! — Enam astoydil nola qila boshladilar.

Hozir ularga bir gap aytish uchun tog‘dek yurak kerak edi. Churq etmadik. Muhayyo hech narsa bo‘lmagandek ichkariga kirib ketdi.

— Mukarram!

Erga kirgudek ahvolda o‘tirgandim, nomimni eshitib, boshimni ko‘tardim.

— Turinglar! — Enamning buyruqlari qat’iy edi. — Anovi keltirgan qand-qurs, non-ponlaringdan olib, Qumri enanglarni ko‘rib chiqinglar. Uyam tavarik bo‘b qoldi. Biryog‘i qarindosh, biryog‘i qo‘shni. Kecha bannisadan obkelishdi. Ko‘zini aparasta qipti. Kirib ko‘rib chiqolmadim. Koshki oyog‘im bo‘lsa. Zo‘rg‘a sudrab uydan shatga obchiqib qo‘yishadi. Donoxon baraka topsin. Boshqa kelin bo‘sa, xudo biladi, nima bo‘lardim.

Biz asta qo‘zg‘aldik.

— Kiraqolinglar. So‘rab qo‘yinglar, xo‘pmi?..

Ertasiga, uyimizga qaytayotib, yana enamning og‘izlarini poyladim. «Menga nima gaplari borikin?»

— Ena, xijolatman. Haligi… gapizni ayting.

Enam jahllanib boqdi.

— Shoshilma, bolam. Vaqti‑soati keladi…

Tashvish bahorga yaqin o‘z oyog‘i bilan kirib keldi:

— Enam og‘ir yotibdilar. Ovqat ham yemayaptilar. Odamniyam tanimayaptilar…

— Nima?! — Ichimda bir nima uzilgandek bo‘ldi. — Odamni tanimayapti deysanmi?

Ukamning gaplari yolg‘on bo‘lishini shunchalar istardim hozir…

«Nega? Nega? Nega? Nega shuncha oydan beri yoningizga shoshilmadim?! Balki tuzalib ketarsiz hali?..»

Umid bilan yo‘lga tushdim.

Enam kichrayib, yuzlari bir tishlam bo‘lib qolgan, qiynalib nafas olardilar.

«Nahot? Nahot? Nahot, kechikkan bo‘lsam, enajon? Menga aytmoqchi gapingiz boridi-ku? Nega meni kutmadingiz?..»

— Ena!!! — deya faryod chekib yubordim men.

— Eshitmaydi endi. Endi hech narsa bilan ishi yo‘q, o‘zi bilan o‘zi ovora… — deb yupatgan bo‘ldi bosh tomonda o‘tirgan qo‘shni kampir va: — Xalcha opa, bolalariz kelishdi. Rozi bo‘ling endi… Hammasi shatda, — deya hammaga eshittirib, enamning quloqlariga shivirladi.

Enamning tog‘dek o‘tirishlari, tiyrak nigohlari ketmasdi sira ko‘z o‘ngimdan. Hovliga chiqdim. To‘rdagi kattakon bog‘ ham g‘ariblashib, bosh egib turganday edi nazarimda. «Enam har bitta shoxni avaylardilar-a…»

Shu payt uydan qiy-chuv eshitildi. Jonholatda ichkariga chopdim.

— Ena-a!!! — Faryodim uyni tutdi. — Kechikdim, enajon, kechikdim! Ishonganingiz men edim-ku!.. Yo‘q, eng yomon bolangiz men-man, ena! Eng yomon farzandingiz…

Enam hech narsani eshitmasdilar. Xuddi uxlayotganga o‘xshardilar ular. Ayni rayhon hamda jambilga aylanayotgan paytlarini tush ko‘rayotgandek.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 8-son