Ma’suma Ahmedova. Yomg‘irda… (hikoya)

Havodan yomg‘ir isi keldi. Osmon birdan sharaqlab ketdi: tepaliklar ortida chaqin chaqdi. Telba shamol dorda yoyig‘liq kirlarni olib borib toklar ustiga yopdi. Deraza-eshiklar taraqlab ochilib yopildi. Kuni kechagina tug‘ilgan uloqlar zorlanib ma’radi.
Yomg‘ir shovullab ketdi.
Ko‘chalarni to‘ldirib suv oqdi.
— Voy, o‘lay, nonim oqib ketadi-ya, — kampir yugurganicha qo‘lida kepchik, uydan chiqdi.
Tandir ichi lolarang tus oldi. Cholining choponi yelkasida shalabbo bo‘ldi, u oshxona tomi ostida to‘lgan paqirdan cho‘michni to‘ldirib suv oldi, olovga sepdi. Tandirdan bug‘ ko‘tarildi. Kampir qo‘liga ilingan yangigina yasalgan nonni rapidaga qo‘yib, tandirga yopishtira ketdi. Non shakli qolarmidi. Bir amallab yopishtirdi-da. Tandirdan olovga jaz-jaz qilib xamir cho‘zilib oqib tusha boshladi.
— Xah, o‘lsin-a, qandoq qildim… tandirda noning turmasa, kun o‘lgur bu bo‘lsa… — kampir o‘qrayib osmonga qaradi. — Kelin kelin bo‘lmadi, balo bo‘ldi. Shu kundayam yuradimi. Ishingni bitir-da, yuraver!
Yomg‘ir quygandan-quydi.
Kampir o‘zicha so‘zlanib uyga kirdi, yana non olib chiqdi. Yomg‘ir yeru ko‘kni savalay ketdi. Eshik g‘iytillab ochildi. Kampir “yalt” etib eshikka qaradi. Ostonada birgina yupqa ko‘ylagi shilta-shalabbo bo‘lib egniga yopishgan qizi turardi.
Kampir rapidaga qo‘ygan nonni tandirga yopishtirishni unutdi, joyida qotdi.
Shundoq tepasida osmon gumburlab ketdi. Yana shovullab yomg‘ir quydi. Qizi indamay oshxona kesakisiga suyandi.
— Tur-e, yomg‘irda qolding, — kampir o‘zini bosib oldi. — Uyga kir, nonni yopib olay, hozir boraman. Qiz uzatib, o‘g‘il uylantirib, tindim, endi rohatini ko‘raman degan odam it bo‘lsin-ey. Voy, bu qandoq kun bo‘ldi, qandoq kun bo‘ldi… — kampir o‘ziga-o‘zi gapirgancha uyga kirdi.
Qizi bir nimani fikr qildimi yo onasining vaysashiga tobi bo‘lmadimi, egilganicha uyga kirib ketdi.
 “Dardi og‘ir. Hoynahoy arazlab kelgan. Hay, kunim qursin-a, kunim qursin!”
Kampir beixtiyor:”Ey, Xudo!” — deb yubordi. “Ha, alam o‘tmasa, Xudo demas ekansan”, dedi u ichida. Momoguldurak tovushi asta-asta pasayib, yomg‘ir sustlashdi, mayda shivaladi. Kampir ketma-ket, ustma-ust tandirga non yopa boshladi. “Shunday havoda non yopdim-a”.
Shunday havoda non qilganiga, kelinsizday ish bajarganiga alami keldi, ko‘kragini botmon tosh kelib bosdi.
— Hu, zulukday suzilmay joning chiqsin. Shu non senga ish bo‘lsa agar.
— Oyi! — kampirning yonginasida zorlangan ovoz eshitildi.
Kampir orqasiga o‘girildi, og‘iz juftlab turgan gapini aytolmadi. Qarshisida yupqa ko‘ylagida titranganicha qizi turardi.
— Nega qarg‘aysiz, uyam birovning bolasi…
— Dallol bo‘lmay qo‘ya qol, men hech kimni qarg‘amayman, Xudo o‘zimga quvvat bersin. Kuyovingni qarg‘ama, o‘g‘ling bor, keliningni qarg‘ama, qizing bor, deganlar.
— Shunday bo‘lsa qarg‘amang-da! — qizi iddao bilan onasiga qaradi.
Kampir javob topolmay qoldi. Hoy, qarg‘agan bilan chin ko‘ngildan qarg‘abdimi, chindan kelinini qarg‘abdimi?
Non kuydi, kuyuk isi hovlini tutdi. Kampir shosha-pisha tandir ichiga egildi. Yengcha qolib, qo‘li bilan non uza ketdi. Qani endi qo‘li olovni sezgan bo‘lsa…
 “Bu kishim qanday gapni boshlab keldi ekan? Tinchlik bo‘lsin iloyim…”
U nonni uzib, savatga tashlay boshladi. Yoqimli non isi gupillab dimoqqa urildi.
— Ha-ya, nondan olmaysanmi. Ma, ol. — Qizi onasining qo‘lidan nonni oldi. Onasining oqish soch tolalari xalta-xalta bo‘lib qolgan bo‘yniga yopishib qolibdi.
“Bechora onam… qarib qolibdi”. Qizining ko‘nglidan beixtiyor shunday xayol kechdi.
U onasi uzatgan nondan og‘ziga solib, tishladi.
Kampir kosovni olib, olovni titdi. Qip-qizil cho‘g‘ lovullab yuzga sanchildi Tandirdagi yopilgan nonlarga qaradi, eski kastryulka qopqog‘ini tandir og‘ziga yopdi.
Momoguldurak dag‘dag‘asi tindi.
U qizining og‘ziga non solganini ko‘rdi, ko‘ngli tinchlandi.
 “Hartugul non tishladi, tinchlikdir, unchalik yomon gap emasdir…”
Kampir tandir og‘zidan qopqoqni oldi, ko‘pchib turgan nonlarni ko‘rib, yengchani kiydi, bir-bir nonlarni uza boshladi. Savat nonga to‘ldi. Qiz savatni olib, uyga qarab yurdi. Kampir qizining ortidan qarab qoldi. So‘ng o‘ziga kelib shosha-pisha chelakdan choydishga suv quydi, tandirdagi olovni titkilab choydishni qo‘ydi.
Birdan tevarak yorishib ketdi, kampir osmonga qaradi. Shamol bulutlarni pastga haydab ketdi.
Kampir boyagina yomg‘irda ivigan ro‘molini boshidan olib, qoqdi, qayta o‘radi. Tandir og‘zini qopqoq bilan zichlab yopdi-da, uyga yo‘naldi.
Qizi nonlarni savatdan olib, dasturxonga yoydi. Kampir borib, o‘zini ko‘rpachaga tashladi.
— O‘ldim-a! Bir non qilishlik holim yo‘q ekan-a. Biryoqda yomg‘irni ko‘rmaysanmi.
Qiz onasiga qaradi, kulimsiradi:
— Ob-havoni eshitib, keyin qiladi-da yumushni.
— Ha, bolam-a, ming eshitsang-eshitmasang ko‘klamning havosi-da. Ishonib bo‘larkanmi, — kampir tin oldi.
Oraga sukut cho‘kdi. Axiri bo‘lmadi, tilida boyatdan beri aylanayotgan gapni aytishga chog‘landi:
— Ha, Adol?..
Yuragi zirq-zirq etdi. Ko‘chadan o‘g‘il-qizing porillab kulib kelsa, xunuk gapni ko‘tarib kelmasa…
Qiz dasturxonga non terib bo‘ldi.
Non sanagan alfoz turib qoldi.
Nima desin? Boyagina ko‘kragini to‘ldirgan alamlarni aytsinmi? Qanday aytadi, nima deb aytadi? Onasini ko‘rdi, maslahat olganday bo‘ldi. Ko‘ksini bosib turgan yuk yengillashdi, ko‘ngli yorishdi.
— Hech nima, o‘zim keldim… Sizni ko‘rgani, — qiz boshini ko‘tarib, onasiga qaradi.
— Hm-m…
“Sho‘rlik qizim meni aldayapti. Ha, umr savdosi qursin-a. Bu savdo kimlarning boshidan o‘tmagan…” Kampirning xayolidan shunday gaplar kechdi.
Kampir turib o‘tirdi, oyoqlarini qo‘llari bilan uqaladi. Qachon yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, oyoqlari zirqirab og‘riydi. Qizini chaqirib, ke, oyoqlarimni uqalab qo‘y, deyin dedi, keyin ichida yana, nimasini chaqiraman, rangini qara, picha damini olsin, dedi.
Kun charaqladi. Tokning yangi chiqargan yam-yashil bargchalari boyagina yoqqan yomg‘ir tomchilari quyoshda billur bo‘lib yaltiradi, tovlandi. Hovlida xalqob bo‘lib qolgan ko‘lmakchalarda osmon akslandi.
— Shukur-e, — dedi kampir.
Qizi onasining nimaga shukur qilganini tushunolmadi. Momogul-durakning o‘tib ketganigami yo yomg‘irning tinganigami, yo shunday havoda eson-omon non yopib olganigami? Yoki bo‘lmasam…

1989