Odamlarning kulgusi unga nayzadek sanchildi. Yig‘idan ovunch axtardi. Bo‘lmadi. Kulguchilarning aftida zig‘ircha o‘zgarish sezmadi. Yuraklarining o‘rnida tosh borday og‘izlarining jiyagi yig‘ilmadi. Nigohlarining nashtari yaralagandan yaralayverdi. Dardiga malham kutganlari qaytangga tuz sepib sevinishdi. Nahot dunyoda rahm-shafqat anqoning urug‘iga tenglashib qoldi. Nahot odamlar bir-birlarining yo‘llariga emas, ko‘zlariga chiroq tutishga o‘tishdi. Nahot yig‘laganni yupatishdan ko‘ra ustidan kulish epga aylandi. U o‘ylagan sayin o‘yining oxiri ko‘rinmasdi. Bunday pastkashlardan yiroq ketishga urindi.
To‘rt tarafi qiblayu, qayoqqa yurmog‘i noayon. Odamlarning shivir-shiviriyu, iljayishi uni quturtirib, g‘azabini jilovlashga qo‘ymasdi. Oxiri befoydaligini anlagach, ichidagi achchiq-achchiq alamlarini aritishga jo‘nadi. Bir vaqt oldi oynasi qirg‘og‘idagi katta karton qog‘ozga 5 raqami yozilgan kulrang avtobus yaqinlashib to‘xtadi. U tezgina chiqishga ulgurdi. Ayni dam boshiga tushgan musibatlardan ko‘ksida to‘liqib turgan iztirob og‘riqlari chorasizlikdan butun vujudini tushkunlikning zulmat qa’riga tortardi. Xayolida go‘yo avtobusda havo kamayib, tobora nafas olishga yetmayotgandek tuyulardi. Hoziroq eshik ochilib, tushib qolmasa, hayot bilan vidolashadigan ahvolda sezardi o‘zini. Lekin haydovchiga “To‘xtating!” deyishga jur’ati yetmadi.
-Salom, yoningizga o‘tirsam bo‘ladimi? – Notanish qizning ovozi eshitildi.
Iltifotli bosh silkishga ulgurmasidan hamrohi yonini egalladi.
-Bu avtobusga birinchi bor chiqishim.
-Men ham, – dedi u deraza oynalaridan ko‘z uzmay sekingina.
-Qayoqqa ketyapsiz? – so‘radi qiziqib.
– Onam bilan uchrashgani. – U “Sening ishing nima?” degandek yonidagi yetti yot qizga g‘alati qarash qildi-yu, sherigining farosati buni tushunishga yetmadi.
-Men bo‘lsam buvimni ko‘rgani shifoxonaga shoshyapman. Og‘ir kasal ekanliklarini eshitiboq sabrim chidamadi. Aksiga olib yengil mashina kelavermadi.
U “Buning menga nima daxli bor” deb ichida o‘yladiyu, birdan o‘zi aynan shu beshinchiga chiqib olgani g‘alati tuyuldi.
-Buvimdan juda havotirdaman. Axir bolaligimdan bag‘riga bosgan, boshimni silagan, oq yuvib-oq taragan, yemay-edirib, ichmay-ichirib, kiymay-kiydirib katta qilgan-da.
-Ota-onangiz-chi? – “Yo‘qmi?” deyishga iymandi hamrohi yetti yot begona bo‘lsa ham.
-Ajrashishgan, ikkovlariyam bo‘lak oila qurib ketishgan.
U qanday dalda berishni bilmay kalovlandi. Odatda o‘zi uchraganga dardi dunyosini ochib-sochadiganlar xilidan emasligi uchun bundaylarni jini suymasdi. Lekin jim o‘tirolmadi.
-Taqdirdan kim qochib qutula olgan. Dog‘i borakan deb tunimizni yog‘duga to‘ldiradigan oydan voz kecholmasak kerak. Yaqinlarimiz uzoqda boshqa-boshqa joyda turishsayam ularning tirik yashayotgani chiroyli davlat emasmi.
-Yo‘q! Aslo!
U o‘zi bilmagan holda tutab, yonishga chog‘lanib turgan gulhanga kerosin sochib, lovillatib yuborganini payqab qoldi. Kipriklari pirpiradi. Aybsiz aybdor ahvolga tushdi. Taskin so‘zlarining teskari ta’siridan alamzadaligi junbushga kelgan hamrohi endi yoniga astoydil o‘grilib oldi. Jag‘i ochilgandan ochildi, ovozini ko‘tarib bidillashidan osongina tinadigan ko‘rinmasdi.
-Sizningcha, farzandni dunyoga keltirishning o‘zigina ota-onalik sanaladimi?! Bolani tug‘dirib qo‘yib, keyingi hayoti, taqdiri bilan zig‘ircha qiziqmagan ota otami?! Bolani tug‘ib qo‘yib, o‘ylab-netmay qari buvining qo‘liga tashlab ketgan ona onami?! Jigargo‘shasini serg‘alva yorug‘ olamning eshigidan kiritib yuborib, yolg‘izlikning, tirik yetimlikning aro yo‘lida mungli ko‘zlarini javdiratib, betakror bolalik baxtidan judo etish, umr bo‘yi og‘riqli o‘ksitish ota-onalikmi?! Meni shu paytgacha qiynagan savol: Nega tengdoshlarimning tunu kun o‘ylaydigan, yelib-yugurib tashvishini chekadigan, ertasining, yaxshi bilim olishining, yaxshi tarbiyalanishining g‘amini yeydigan, muassasama-muassasa, o‘qituvchima-o‘qituvchi, repititorma-repititor chopib, nufuzli tanlovu musobaqalargacha yetaklab boradigan, orqasida tog‘dek tayanch bo‘lib turadigan ota-onalai boru meniki yo‘q? Boshqalarda doimo to‘g‘ri maslahat, kerakli yo‘l-yo‘riq, dalda beruvchi, yig‘lasa yupatuvchi, yiqilsa turg‘izuvchilari boru menda yo‘q?
Hamrohining iltijoli nigohlari ko‘nglini behad o‘rtadi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. Ko‘zlarida marvarid tomchilar qalqidi. Kipriklari namlandi. O‘zi yetti yot begonayu dardu g‘amlari tanish qizni shartta bag‘riga bosib, o‘kirib-o‘kirib yig‘lagisi keldi. Ammo atrofidagilarning loqaydligiga, hozirgina aytilgan so‘zlarni hatto mushohadalash u yoqda qolib, xuddi quloqlari kardek bezrayib qarashiga sira-sira tushunolmadi. Odamlarning diydasi qattiqligidan dili ozorlandi. Darrov aqlu xushini yig‘ib yana daldaga o‘tdi.
-Ko‘pam kuyinavermang, o‘rtoqjon, xudo xohlasa, bolalikda ko‘rolmagan mehr-muhabbatning ajri bordir. Oyning o‘n beshi qorong‘u, o‘n beshi yorug‘ligi ayonku.
Yuragini bo‘shatib biroz yengillagan qizning nigohlarida umid uchqunlandi. Biroq o‘ksik ko‘nglidagi ezginlik ta’siridan baribir qutulolmasdi.
-Boshingizga tushmagani uchun taskin berish sizlarga shunaqa oson, his qilish, anglash esa boshqa narsa…
U endi miq etmaslikni afzal bildi. Alamzada qizni avtobusning qalqishi xushyor torttirdi. Kutilmagan suhbatlari poyoniga yetganini fahmladi. O‘rnidan asta turdi.
-Kechirasiz, keyingi bekatda tushishim lozim. Eshik oldiga borib turayin.
U notanish dugonasiga xayrlashgani qo‘l cho‘zdi. Kaftlaru barmoqlar birlashdi. Mehrli nigohlar to‘qnashdi. Buvingizni asrang, sizlar bir-biringizga juda keraksizlar. Mening nomimdan salom aytishniyam unutmang!
-Xo‘p.
-Ko‘rishguncha.
Yuzlarida samimiy tabassum jilvalandi ularning. Ikkovlari ham o‘zlarini o‘xshash dardli rishtalar bog‘lab turganini sezganday qo‘llarini istar-istamay bo‘shatishdi.
* * *
– Hayriyat, joy bo‘shadi, – deya o‘rindiqqa cho‘kdi tik ketayotgan yoshgina ayol. So‘ng yoniga ko‘z qirini tashladi. – Menimcha, turmushga chiqmagan ko‘rinasiz?
U negadir og‘iz ochgisi kelmadi. Hozirgina notanish hamrohining qayg‘usi tushkun kayfiyatiga ayqashib-uyqashib, ruhini sindirgandek edi. Biroq odam deb gapirganga gapirmaslik mensimaslikka, kibrga yo‘yilishini bilardi.
-Adashmadingiz, – dedi yolg‘ondan ohista ohangda to‘g‘riga tikilgancha.
-Unda hozir mazza davringiz ekan, – jon kirdi o‘sha zahoti yangi hamrohga. Vaqtida o‘ynab-kulib, yashab oling, orzu-havas qiling. Ertaga erga tekkaningizdan keyin afsus chekasiz, bularga kech bo‘ladi, juda-juda kech.
Yonidagi ayolning bir avtobusga o‘tirib, tasodifan aytayotgan gaplari uning zadalangan qalbida qolgan zig‘ircha yorug‘likka tog‘cha soya tashlab yubordi.
-Siz chindanam shunday deb o‘ylaysizmi?
-O‘ylamayman. Bu aniq.
-Hammada ham-mi?
Kelinchak bir lahza “mum” tishlaganday jimidi. So‘ng yana yorildi, “Yo‘q” dedi allaqanday horg‘in, allaqanday ezgin ovozda. Mening hayotimda oila qurilishi tuzatish mushkul xatoyim bo‘ldi.
-Nega?
-Chunki ko‘nglimgamas, aqlimga quloq solganim uchun. Rostisi, erimga sevib tegmaganman. Uyam balki shunday…
-Yo‘qsa nima uchun nikohdan o‘tgansizlar?
-Bir-birimizni yaxshi bilamiz deb o‘yladik, bir-birimizga ko‘nikamiz deb o‘yladik, bir-birimizdan yordam kutdik, ko‘mak umid qildik, bir-birimizga qattiq ishonib qo‘ydik.
-Yanglishibsizlarmi?
-Ha. Aslida istarali qiz bo‘lganim uchun bo‘yim yetgach, haridorlarim rosa ko‘p edi. Men ularning chiroyi, qaddi-qomati, egallagan mansabi, boy-badavlatligi, shirin so‘zlariga uchib, turmush qursam, bir umr pushaymonlik chohida azoblanishdan cho‘chirdim.
-Eringiz-chi?
-U soddaydi, unchalik xushro‘y ham, omadli ham emasdi. Xuddi o‘zimga o‘xshab o‘rta holginaydi. Bizlar yuksak orzularni ko‘zlagandik. Biroq to‘ydan keyin…
-Yigitingiz aynidimi?
-Aynisa bunchalik zorlanmasdim. Jur’atsiz chiqdi. Uyidagilarning qo‘g‘irchog‘i ekan. Mening na o‘qishga kirish istagim, na namunali turmush o‘rtoq haqidagi o‘ylarim amalga oshdi. Yonimdagilarning xudbinligi, tubanliklari irodamni butkul sindirib yubordi. Go‘yo boshi berk ko‘chaga kirib qolganmanu, chiqish uchun bir qadam bossam, jarga qulab ketadigandekman. Bilasizmi, hayotingizning ma’nosi bo‘lmasa, kun o‘tkazish ham amrimahol bo‘lib qolarkan. Mana shunday g‘urbat dunyoda har tun o‘zimni tobutda yotganday his qilaman.
-Mayli, ertangiz yaxshi bo‘lib ketar, – deya oldi bu safar ham u o‘zi ham ishonib-ishonmay.
-Boshingizga tushmagani uchun shunday o‘ylaysiz-da, – pichirladi ayol.
Shu dam ikkisining ham ko‘zida yosh miltillagan edi.
-Asli ruxshunosning oldiga ketayotgandim. Tushadigan bekatim yaqin qoldi, endi men turay, – dedi kelinchak. – Yaxshi qoling…
* * *
Oynadan olisdagi go‘zal manzaralarga ko‘z tikkanimiz bilan hech qachon ular biznikiga aylanib qolmaydi, – dedi ro‘parasida paydo bo‘lgan yo‘lovchi yigit.
U indamaslikni afzal bildi.
-Yoningizdagi o‘rindiq bo‘shga o‘xshaydi. O‘tirsam, maylimi?
Bu safar iltifot joizligini angladi.
-Ha, marhamat! – Mahzun nigohlarini yigitdan olib qochib yana derazaga qadadi.
-Hoyna-hoy shoirami, yozuvchiga o‘xshaysiz, – gapga sola boshladi u.
-Ikkoviyam emasman. Hech narsa yozishni eplolmayman.
-Unda behad hursandman.
-Sababi?
-Siz rostgo‘ysiz.
-Ular yolg‘onchimi?
-Yolg‘onchi bo‘lgandayam uchiga chiqqani. O‘zlaricha xayollariga kelgan bir chaqaga qimmat uvada gaplar bilan to‘ldirishadi qog‘ozni. Kitoblaridagi uydirmalarini hayot haqiqati deb odamlarni laqqa tushirishadi, yo‘ldan ozdirishadi, ayanchlisi, bu qiliqlari bilan hammani jonivorlardek ortilaridan eragashtirishga chiranishadi. Shundanmi, ertak desa, she’r desa, ko‘nglim ozadigan bo‘lib qolgan.
-Juda oshirvordingiz. Uydirma to‘qishdan ularga nima foyda?
-Har kim turfa maqsadlarda to‘qiydi. Kimdir dushmanlari ustidan zafar qozonish uchun, kimdir mol-dunyo, shon-shuhrat, obro‘-martaba orttirish uchun, kimdir o‘zini va birovlarni aldash uchun, kimdir barcha-barchamizni boplab laqillatib ustimizdan kulish uchun to‘qiydi.
-Bu qadar xunuk xulosalarga kelishingizning biror sababi bordir?
-Bor-da, yozganlarini o‘qib, ishonib o‘zimni ko‘p qiynab yashadim. Ular ezgulik, albatta, yovuzlikni yengadi, qorong‘i tunlar ortida yorug‘ tonglar otadi, adolat haqsizligu razolat ustidan shaksiz g‘alaba qozonadi, yaxshilar bir kun olqishlanib, yomonlar jazolanadi, mehnat-mashaqqatlar vaqti kelib, shirin meva beradi, orzu-istaklar amalga oshadi, hayotda chekayotgan jabru jafolarimizni ko‘rib, kuzatib turguvchi bor deb ishontiradilar. Ammo hayotda shoirlar tasavvuridagi dunyo boshqayu biz ko‘rib turgan dunyo boshqa ekan.
-Siz ham shoir bo‘lganmisiz?
-Yo‘g‘e, shunchaki ularni ertaknamo she’rlarini o‘qib-yodlab ulg‘ayish bilan ko‘nglida ilohiy hislarni nishlatib, parvarishlab, parvarishlab yashashga intilgan rassom edim. Endi esa san’atdan ham, adabiyotdan ham qo‘yingki, mohiyati ijod qilish bo‘lgan barcha-barchasidan yuz o‘girgan odamman. Negaki, men shularni yaratish ko‘yida umrimni, qalbimni, butun xonumonimni boy berdimu, ko‘rgan-bilganim faqat va faqat adolatsizligu nohaqliklar bo‘ldi. Qanchadan-qancha g‘oyalarimni boy berdim, kunduzlari ter to‘kib ishlab, tuni bilan qarshisida muk tushib tongga qadar sayqallab dunyoga keltirgan kartinalarim sariq chaqalik ham qadr topmadi. Ta’magirlik, olchoqlik, tanish-bilishchchilik avj olgan bu zaminda chinakam san’atingdan ko‘ra ular bilan til topishish “san’ati”ni o‘zlashtirmaguningcha, o‘zingning asl qiyofangni yo‘qotmaguncha o‘rni yo‘q kimsaday daydib yuraverar ekansan, seni na ko‘rishadi, na tinglashadi. Ayanchlidan ayanchlisi, insonga hayoti davomida atgi bir martagina ato etiladigan betakror tuyg‘ularimni ana shu o‘tkinchi sarobga sovurganim, umr bo‘yi sig‘inib, bayroq kabi ko‘targan Haqiqat atalmish e’tiqodimning aslida puch yong‘oqligini behad kech anglaganimdir. Bugun san’at maydonida yurgan talantsiz, qobiliyatsiz lo‘ttibozlarni, yengiltak oliftalarni ko‘rsam, tishlarim takillaydi, ijirg‘anib ketaman, ko‘ksimda qavat-qavat uyulib yotgan armonlar dengizga aylanib dolg‘alanadi.
U alamdor yo‘lovchining o‘kinchlarini eshitishga endi ortiq toqat topolmadi. Qimsatdoshini, o‘zi yolg‘iz emasligini, hayotida naqadar beshafqat qonunlar ildiz otganini, ular hech bir joyda yozib qo‘yilmaganini anglab battar ezilayotgandi.
-Etar, bas! – deb qichqirib yubordi. Yuzini qo‘llari bilan berkitib boshini quyi solgancha jimib qoldi. Biroz sukutdan so‘ng o‘ziga keldimi, yo hijolatdanmi boshini astagina ko‘tardi-da, taskinbaxsh so‘zlarni izladi, tili uchida arang takrorlay oldi.
-Yaxshi bo‘lib ketar hali hammasi…
-Aytishga oson. Boshdan o‘tkazmaguncha bu dardlarni his qilish qiyin.
-Uchinchi marotaba bir xil e’tirozni uchinchi odamdan eshitgach, aqlu hushini jamlashga qiynaldi.
-His qilaman, – dedi u nihoyat.
Yigit uning so‘zlariga ishonmadi. Ammo bahslashishni keraksiz bildi o‘ziga.
-Aytgancha, qayerga ketyapsiz?
-Onamning oldiga.
-Ha-a-a-a, – deb qo‘yibdi cho‘zibgina. Chamasi, manzilimga yetib qoldim. – bazo‘r jilmayishga urindi rassom yigit.
-Yaxshi boring, – dedi qiz ham muloyimlik bilan.
Bir vaqt yon-atrofga ko‘z tashlarkan, avtobusda o‘zidan bo‘lak hech kimsa qolmaganini sezdi.
Deraza oynasidan yana olislarga umidsiz nigoh tashladi. O‘zini xalos qiluvchi kuchni kuta-kuta, nihoyat taslim bo‘lgan ohu kabi boshini egib ko‘zlarini yumdi. Ayni dam hammasidan ham ko‘ngli bir narsani oromni, halovatni istardi. Tush ko‘rdi. Tushida onasi kulrang avtobusda yonma-yon o‘tirardi.
-Voy, jonim onam, o‘tib ketgan edingiz-ku, – hayrat bilan o‘rindan turdi u. Mushtipar mehribonining bag‘riga bosh qo‘yib yig‘lab yubordi.
-Qizim, yetar shuncha yurganing. Avtobusdan tush, jon bolam, tushaqol!
-Judayam charchadim, judayam toliqdim, ona. Qimirlashga kuch-mador topolmayapman.
-Topasan. Sen kuchli ayolsan. Uyingda ering, oilang kutyapti.
-Yo‘q, hech kim kutmaydi. Hech kimga keragim qolmadi.
Shifoxonada yo‘llaringga ilhaq termilib yotgan kasal singlingni o‘ylasang-chi, hech bo‘lmasa? Uni sendan bo‘lak kimi bor. Go‘dakligidayoq men va otangni yo‘qotganni kammidi? Nega bunchalik yig‘laysan. Chorasiz odam shunaqa ko‘z yosh to‘kadi. Chida. Chidamasang bo‘lmaydi. Agar ko‘ngling malham topolmasa, agar ko‘nglingni birovlar bilmasa, tinglamasa, uni suratlaringga soch. Chizgan rasmlaring kun kelib, o‘zing kabi bir qalbi o‘ksikning darddoshiga, yupanchiga aylanadi. Tur o‘rningdan. Bu avtobusga qayta chiqa ko‘rma, hali yaxshi kunlar oldinda…oldinda…
U o‘rindan turdi va 5 inchi avtobus haydovchisiga qarab qichqirdi:
-To‘xta-a-a-ang!