Manzura Abdullayeva. Beshik (hikoya)

– Ismatvoy, ho-y-y Ismatvoy!
Subhi azon ko‘cha tomondan kelgan chaqiriq beshiksoz ustaga odatdagidek yoqimli eshitilmadi. Shoshib ovoz berish o‘rniga uy ichidagi divanda biqinib yotganicha boshidan choyshabni sidirib, ko‘zlarini arang-arang ochdi. Chuqur “uf”ladi. Yuragi siqildi. Yana yuzlarini yopib, yonboshiga ag‘darildi. Aksiga olganday tag‘in kimningdir tovushi qulog‘iga chalindi. Bu gal erkakniki emas, ayolniki edi.
– Kelinposha-yu, hu-v-v kelinposhsha!
“Kelinposhsha emish, qanaqasiga kelinposhsha, bizning oilamizda sho‘rpeshonalar yashaydi, kelinposhshasi yetti yilki, erini atigi bittagina bo‘lsayam go‘dakning yig‘isiga zor o‘tkazib, o‘ziniyam quvontirolmayotgan ojiza-ku, – g‘o‘dirladi u erinibgina kerishib. Toqatim toqlandi, o‘zimga beshik nasib qilmadimi, bo‘ldi endi boshqagayam sira-sira yasamayman, o‘lsam o‘lamanki, ustaxonamning ostonasidan hech kimni ichkariga xatlatmayman”.
Usta erinibgina tashqariga chiqdi. Sharpasi sezildimi, ko‘cha darvozasi ortida kimdir tomoq qirib, yo‘talib qo‘ydi. U noqulay ahvolga tushdi. Axir yo‘qlab kelganni mahtal qilish hurmatsizlik-da. Shuni o‘ylab shoshildi. “Hozir” degancha ishkom ostidagi ariqchada oqayotgan suvda apil-tapil yuz-ko‘zini yuvdi. Ayvon ustuniga ilig‘liq sochiqqa artindi. So‘ng ildamlab borib, darvozaning kichik tabaqasini ichkariga tortdi. Qarasa, mahalladoshi – Nurmat domla ekan.
– E-e, keling ustoz, uzr-uzr, ming bora uzr, kuttirib qo‘ydim-a, – dedi hijolat ahvoldan qutulish uchun.
– Hech qisi yo‘q, Ismatvoy, ustalar kunduzi qolib kechasiyam qimirlagani qimirlagan-da, charchab qolgandirsiz, – dedi domla ko‘ngliga olmay. – Ammolaykin biz sizni shoshirib qo‘yadiganga o‘xshaymiz.
– Ha, ukajon, endi shunaqasiyam bo‘larkan-da, deya erining og‘zidan gapni olib ketdi Rizvon xola. – Qizimizning yaqinda ko‘zi yorigan edi, qudamiz tushmagur suyunganidan beshik to‘yini tezlatib yuboribdi-ya?! – Endi nima qilamiz deganday ustaga tikildi ayol.
– To‘y qachon? – deb yuborganini sezmay qoldi Ismat. Bu uning buyurtmachilariga beradigan, yuz marta takrorlaydigan savoli emasmidi.
– Indinga ekan-da, uka, indinga! – dedi domla iymanibroq.
Ismat endi ahdini darrov buzadimi. Yo biror jo‘yali bahona topadimi? Vijdonli yigitligiga bordi. Nima bo‘lsayam, eshigiga bosh urib turadiganlarni noumid qaytara olmasdi.
– O‘zimda tayyori yo‘q edi-yu, ustoz albatta, hamkasblardan surishtirib bo‘lsayam ertagayoq qo‘lingizga tutqazaman.
Er-u xotinning yuzlarida tabassum o‘ynadi.
– Iloho hayotda sirayam kamlik ko‘rmang, o‘rgilay, – dedi Rizvon xola. – Sizniyam Allohim tezroq farzand bilan siylasin!
– Aytganingiz kelsin, aytganingiz, – Ismatning ko‘zlari bilinar-bilinmas namlandi. Yuragi orziqdi. Tilidan Oynisaning ko‘ngliga og‘ir botadigan so‘zlar chiqarganiga biribir pushaymon chekdi. Kimgadir qalbining qayeridadir sog‘inch uyg‘ondiyo-o-ov. “Ketkizib yuborganimga hafta o‘tmayoq, ortidan orsiz itga o‘xshab yugurishimga balo bormi!” – dilidan o‘tgan fikrga tilidan sekingina shivirlab rad javobini berdi.
Ustalarda lafzi halollik oriyatga aylangan. Shu odamlar beshikka ishonishib, to‘y boshlashadi. Ikki-uch kun ilgariyoq hamma narsasi taxt turishi, bir sidra ko‘zdan kechirib qo‘yilishi xotin-halajga qolgan ishlar. Buni Ismat bolaligidan yaxshi biladi. Axir u ustazoda, kimsan Badal beshikchining kenjasi. Domlasiga bergan va’dasini vaqtida o‘rinlatishi shart. Uyiga kiriboq Shahanddagi sherigining telefon raqamini terdi.
– Namuncha barvaqt bezovta qilib qolding, sherik? – dedi ulanishi bilan hamkasbi.
– Beshikning zo‘ri kerak! – dedi gapni cho‘zmasdan.
– O‘zingami? – hazillashdi Isoqbek.
– O‘zimga bo‘lsa bekorga berarmiding?! – Achchig‘landi Ismat.
– Bilmasmiding sovg‘a sotilmaydi, – dedi ataylab berio ohangda u.
– Hoy, yaramas, sendaqalarning sovg‘asiga aslo ko‘zim uchib turgani yo‘q! – o‘shqirdi Ismat.
– Hafa bo‘lma, og‘ayni, – dedi Isoqbek jiddiylashib. – Bugun teskari tarafing bilan turganga o‘xshaysan-a, – Sabr qil, xudoyim hech kimni beraridan qismaydi. Hali ko‘rarsan beshik to‘yining kattasiyam senikida o‘tadi.
Ismatning lov etib yonib, zumda o‘chadigan fe’lining yaxshi tomoni ham bor edi. Telefonini o‘chirib qo‘ymadi. O‘sha zahoti Isoqbek bilan ustozi buyurtmasini ertaga emas, bugunning o‘zidayoq birga-birga uyiga olib borib berishga kelishdi. Shundan keyingina yengil nafas oldi…

* * *

Aslida hunarli odamning omadi chopaveradi. Ismat ham ana o‘shalardan biri. Mustaqillikdan besh yil burun tug‘ilgani uchun balog‘at pallasi bemalol otasi yonida beshik yasashni o‘rganib, ko‘zi pishidi. Hunarning nozik sir-assrorlarini qunt bilan o‘zlashtirdi. Hozir yolg‘iz qolgan esada ustaxonali uyning sohibi. Kecha-kunduz asboblari qo‘lida o‘ynaydi. U haftada bir To‘raqo‘rg‘on bozorida beshik sotadi. Yana tag‘in buyurtmachidan beshik to‘yini qachon o‘tkazish muddatini aniqlab qaytardi. Uyiga keliboq ish kiyimini tezda egniga iladi. Tut va toldan yasalgan beshiklar bola organizmi uchun foydali bo‘lgani sabab u beshik yasashda aynan shu yog‘ochlardan foydalanadi. Avval bola yotishi uchun takbozilar ustiga yupqa taxtachalar o‘rnatadi. Undan tuvak uchun maxsus joy ajratadi. So‘ngra, beshikning boshi va oyoq tomondagi yarim doirasimon yo‘rg‘alariga egmoch o‘rnatadi. Dastaning tepasiga ikki qubba yasaydi. Asta-sekin qizishib, ishdan boshqa hamma narsani unutadi. Shunday paytlarda u o‘zini yetti qavat osmon ustidagidek his etadi. Bolaning bosh va oyoqlarini muhofaza qilish uchun egmochlarning ichiga boshlog‘i va bag‘anak cho‘plar o‘rnatadi, naqshlar bilan bezaydi, u ayniqsa, shunisiga ishqiboz. Bu mashg‘ulotga shunchalik berilib ketadiki, yon-atrofida kuymalanib yurgan xotinini payqamaydi ham. Rang-barang bo‘yoqlar surtadi. Vali tegirmonchidan atay sotib olgan sholi to‘poniga ozroq tariq solib qovus tayyorlaydi. Bu to‘shak yumshoqligi bois kichkintoyning umurtqa suyaklari tekis o‘sadi. Xotini bolani belash uchun shoyidan tikilgan abzallar: qovuz to‘shakcha, taglik ko‘rpacha, yotsiqcha, qo‘lbog‘, gavrapo‘sh va choyshab bilan bezab beradi.
U beshik yasashda asosan yog‘ochga va bo‘yoqqa alohida e’tibor qaratadi. Yaxshi biladiki, beshik mustahkam yog‘och va zararsiz bo‘yoqlardan tayyorlansa, bola salomatligini mustahkamlaydi. Naqshlarning yorqin ranglarda bo‘lishi chaqaloqqa rangni tanlashda ko‘maklashadi. Benuqs pishiq ishlangan bo‘lsa bitta beshik o‘nlab bolaga yaraydi. Tayyor beshikni gohida o‘zi yolg‘iz ko‘tarib, buyurtmachining uyiga yelkalab boradi. Odamlar hurmatini juda o‘rniga qo‘yishadi. Beshikto‘yini boshlab yuborgan bo‘lishsa, oldiga yozilgan dasturxonni xush-xandon qarshilab, oldiga tovoqda bug‘i chiqib turgan palov, pahlava, norinu somsalar bilan to‘lg‘azishadi.
Marosim oxirida yaqin qarindoshlar chaqaloq huzuriga yuz ko‘rarga, sovg‘a berib beshik ustiga shirinlik sochib baxt tilashga kiradilar. Ismat ham yaqinlar qatori chaqaloqni ko‘rish uchun kirib, qo‘ynidan guldor do‘ppicha chiqazib yaqindagina beshikka belangan go‘dak boshiga qo‘yadi. Bular ortda qoldi. Kuyov bo‘lib farzand kutgan ilk yillarini eslaydi, og‘ir xo‘rsinadi. Chaqaloq hidini yaxshi ko‘radi. Hozir esa, chaqaloq yoniga borishdan o‘zini tiyadi. Haddi sig‘maydi… Ketar chog‘i uy egalari belbog‘ga ikkita non, qand-qurslar solib, kerakli pulni belbog‘ uchiga tugib bog‘lashadi-da, ko‘cha darvozasi oldida ularni ustaga uzatib kuzatishadi:
– Ishingizga xudo baraka bersin!
– Omon bo‘ling, usta.
Ismatning yurak bag‘ri o‘kinchga to‘layotgani bu gal yuz-ko‘zidan yaqqol bilinib turadi. O‘kinchi – tirnoqqa zorligi. Buni ilg‘agan keksalar “Shu bechoragayam Xudo farzand beravermadi-da” deb qo‘yishadi.
Ismat uyga qaytganda ko‘ziga xotini Oynisaning gavdasi cho‘kib, mung‘ayib qolgandek ko‘rinadi, nigohlaridan g‘alati ifodalarni uqadi. Ismatning yuragi toriqadi. Qayoqqadir ketgisi keladi. Lekin qayoqqayam borardi.
Kunlarning birida uyiga bir zamonlar maktab chog‘larida Oynisaga sovchi qo‘yib rad javobini olgan tengqur jo‘rasi Usmon ertalab qidirib keldi. Eshikdan kira solib ovozini baralla qo‘yib maqtandi:
– Uchinchisiyam o‘g‘il bo‘ldi, og‘ayni, o‘g‘il!
– Qutlug‘ bo‘lsin! Umri bilan bergan bo‘lsin! – Jo‘rasining sevinchini baham ko‘rdi u.
– Endi beshikning zo‘ridan yasashni boshlayver, – dedi u atrofga olazarak boqib. – Xotining ko‘rinmaydi, – qandaydir sirni fosh qilmoqchi bo‘lgan kabi shivirladi.
– Ha, ik-uch kundan beri bahor havosi ta’sir qildimi, anchayin holsiz, boshi aylanib, ko‘zi tinadigan bo‘p qolgani uchun Karima do‘xtirni uyiga qon bosimini o‘lchatgani chiqib ketgan.
– Eh, sengayam qoyilmasman tushunmayman, kasalvand xotinni boshingga urasanmi oshna. Bunaqangilarni talog‘ini berib, kavushini tezroq to‘g‘rilash keragu, sog‘lomiga uylanish darkor. Umring o‘tib ketayotganiga achinaman-da. Axir qachongacha tirnoqqa zoriqib yashaysan.
Usmoning gaplari yuragiga o‘qdek sanchildi-yu, indamay qo‘yaqolishni afzal bildi shu tobda Ismat.
– Karimberdining choyxonasida og‘aynilarni yig‘ib osh beryapman. Yur birga!
– Boshqa safar… – dedi u ulfatchilik chog‘ida ba’zi o‘rtoqlari ham mazza-matrasiz gaplari bilan qalbini vayron qilishlarini tusmollab.
U tol xoda keltirgani dalaga jo‘nashni afzal bildi. Kechki payt ishdan horib uyga qaytsa, Oynisa so‘rida homushgina non kavshab o‘tiribdi.
– Tobing yaxshimikan? – so‘radi u yarim piching, yarim chin ohangida .
– Do‘xtir opam uyida yo‘q ekan. Ishxonasida navbatchilikda qolibdi.
– Ovora bo‘lib qaytibsanda unda.
Xotin erining gaplaridagi g‘amgin ohangni ilg‘ab oldi. “Hoynahoy biror oilaning beshik to‘yisidan qaytayotgan bo‘lsa kerak” deb o‘yladi ichida.
Ismat yana o‘zini tutolmadi.
– Xadeb salga do‘xtirga chopavermay biroz sabr qilsang bo‘lardi. Hozir ilik uzildi mahal. Odamlarda bir-bir darmonsizlik avj olib, kasalliklar qo‘zg‘ab o‘tadi.
Oynisa bunday vaziyatlarda eriga bir gap ham ortiqchaligini o‘ylab mum tishladi. Titroq barmoqlaridagi non bo‘lagini qatiqqa chuqur botirib, indamaygina og‘ziga soldi.
– Jimgina o‘tiravermasdan mundoq ering oldiga osh-ovqatingdan qo‘ysang bo‘lardi.
– Bu gal bozordan op kelgan yog‘ingiz biroz ayniganga o‘xshaydi. Xidi yoqmadi. Qozonda qizishi bilan dimog‘imga urib, ko‘nglimni behuzur qilyapti. Shunga to‘xtatib qo‘yaqolgandim, agar…
Oynisaning gapi og‘zida qoldi.
– O‘zi zo‘rg‘a ovqat qilish bilan uch to‘rt mayda-chuydani tikishdan boshqasiga yaramas eding. Endi shuniyam eplolmadingmi?
Ismat g‘azab bilan dastruxondagi choynakni yalanglikka uloqtirdi. U chil-chil sindi. Jahl oti jilovini uzdi. G‘azabiga g‘azab qo‘shildi.
– Odamlarning xotiniga o‘xshab uch-to‘rttalab bola tug‘ib, boqmasang…
Oynisa gap nimadaligini uqdi… Rangi o‘chib, shashti so‘ndi. Pati to‘kilgan musichaday mung‘aydi. Keyin kutilmaganda birdan portladi.
– Men uyimga ketaman. Yaxshisiga, sog‘lomiga uylaning, yo‘qsa…
– …
Ismat alamini xotinidan olayotganini hozir sezdi-yu, kech edi – Axir u boyaqishda ham nima ayb. Ahvoliga o‘zi eridan kam kuyadimi…
Oynisa imillab uni-buni yig‘ib tuygan bo‘ldi. Ismatning og‘ziga qaradi. Sukut rizolik alomati bilgach, o‘rnidan istar-istamas arang qo‘zg‘oldi… Ismatning ko‘nglidagi umid ham ketdi. Uyi huvillab qoldi. Navbatdagi yakshanbada bozordan qaytib, zo‘rg‘a choy damlab, uch-to‘rt turshak va bir siqim mayiz bilan quruq nonni kavshadi. Xo‘rligi tutdi. O‘krab-o‘krab yig‘lagisi keldi. Bundan buyog‘iga beshikchilikdan boshqa hunarni etagidan tutishi kerakligini angladi. Kechgacha hech ishga qo‘li bormay yurdi. Kechga borib ustaxonasidagi chala bitmagan beshiklarni yog‘ochlarga qo‘shib o‘tinxonaga aylantirilgan eski bostirmaga tashib ko‘zdan nari qildi. Bozordagilarini ulgurji narxlab barini sotib tamomlaganini o‘ylab ko‘ngli joyiga tushdi. So‘ngra Qo‘rg‘onchaga, Oynisani olib kelishga jo‘nadi.
U hovliga kirib borganida qaynonasi Robiniso aya mo‘jazgina oldi rom oshxonada kechki ovqatga urinayotgan edi. Oyiniso esa ayvondagi taxta karovatda patnisning ustiga yoyilgan guruchni mayda toshchalardan tozalash bilan ovoraykan. Nariroqdagi rangi biroz uniqqan eski-yu, yuvib-artib oftobshuvoqqa qo‘yilgan beshik ko‘ziga chalindi-yu, Ismatning yuragi “shuv” etib ketdi. Uni bundan salkam o‘ttiz yil muqaddam otasi Badal usta yasab berganini xotinidan eshitgandi. Lekin u darrov beshikdan ko‘zini olib qochib, avval Robiniso aya bilan quyuq so‘rashdi. Qaynsinglisi ichkaridan yangi ko‘rpacha olib chiqib, o‘tirgani yozdi-da, yana ortiga qaytdi. Eru xotin gaplashib olishlari uchun ona-bola yolg‘iz qo‘yishdi.
Oynisa ko‘zlari yoshlangandi.
– Yig‘layapsanmi? – dedi u achinib.
– Yig‘lamasdan kulishim kerakmidi? To‘xta, ketma! – deyolmadingiz-ku.
– Gaping to‘g‘ri, achchiq ustida aql ketishini bilmaysanmi?
– Men sizga qattiq o‘rganib qolgan ekanmanda nima qilay?!
– Men ham… Lekin, – gapni boshqa yoqqa burdi eri, – ovqatga o‘zing urinsang bo‘larmidi, qara enamiz oshxonada yuribdilar…
Oynisa o‘z uyida ham yog‘ xidini yoqtirmayotganini Robiniso xolaga aytgandi, bu yerda ham takrorlanayotgan holat ona-bolaning ko‘nglida shirin umidlar uyg‘otgan edi-yu, hali hech narsa aniqmasligi uchun miq etmadi. Yetti yilning ichida necha-necha bor umidlari puchga chiqaverib, yurak oldirishib qo‘ygandi ayol bechora.
– Xotin, meni kechir? – Yana oradagi sukutni buzdi Ismat.
– Qaysi aybingiz uchun? – Taajjublanib nigoh qadadi Oyinisa.
– Ortiq beshik yasovchilik qilolmayman, hammasiga shu hunarim sababchi, hamisha yaramizni yangilab turaveradi.
Oyinisa yuzini teskari burdi. Beixtiyor chehrasida lahzalik yoyilgan tabassumga erining ko‘zi tushib qolmasligini istamadi. Ismat buni ko‘rmay boshqa ma’noga yo‘ydi.
– Qo‘y, yuzingni teskari burma! Kettik uyga! – dedi qat’iy ohangda.
– Siz meni deb necha yillardan beri tirnoqqa zor o‘tayotganingiz yetmay, ota kasbingizniyam tashlaysizmi? – dedi bazo‘r o‘zida kuch topib. Qozonimiz suvda qolmaydimi. Buyam mayligaku-ya, bir navi ro‘zg‘orimizniyam tebratarmiz. Odamlar kulmaydimi, gulday hunaringiz bo‘lib, boshqa ishni boshidan tutsangiz. Otam rahmatli go‘rlarida tik turmaydilarmi?!
Ismatning boshi qotdi. Xotining gaplarida chindan jon bor edi.
– Unda nima qil deysan?! – Asabiylashga erning ovozi ko‘tarilib ketdi.
Qaynonasi oshxonada yursa ham qulog‘ini ding qilib turgandi. Shosha-pisha ularning yonida paydo bo‘ldi.
– Yana janjalmi, bolalarim? – dedi muloyimlik bilan sekingina. – Xudoyim sabr – to‘zim bersin, ikkovlaringayam…
Baribir yoshlar yosh-da, kollej bitiruvchisi Dilnozaning shadodligi tutdi.
– Ie-e, pochcha, uyimizga yana opamning yuragini siqqani keldingizmi?
– Ha, ataylab shunga keldim, o‘zim judayam yayrab-yashnab yuribman bozorma-bozor beshik sotib! – o‘shqirdi yuragi to‘lib turgan Ismat.
Qayinsinglisi tilini tishladi. Ammo uzr so‘rashiga imkon qolmadi. Pochchasi kutilmaganda to‘nini teskari kiydi. Ortiga shart qayrilib, qaynonasining “hay-hay, bolam”lashiga qaramay, hovlidan hovliqib qorasini o‘chirdi…

* * *

– Jonim qizim, choyingni qaynoq-qaynoq xo‘pla, ona-bola birga-birga do‘xtirga uchraymiz, – dedi Robiniso xola ertasiga nonushta payti.
-Voy, o‘zimning mehribonimey, siz bizni qachongacha kichkina boladay ko‘rasiz, – dedi Oynisa hursand holda erkalanib. – ovora bo‘lishingizning aslo xojati yo‘q. Do‘xtirdan ko‘ra, dorixonaga o‘zim rov borib qaytaman. Homiladorlik “testi”ni so‘rasam bas. Uyimizning o‘zida o‘zim gumonim rost yoki yolg‘onligini aniqlab bilishim mumkin. Suyuntirsa, suyunchilaydiganim yoniga chopaman. Agar…
– Nafasingni yel uchirsin, bolam, – dedi onasi jerkiganday bo‘lib. – Sendan ko‘ra mening yuragim oqib ketyapti. Oshxonaga kirolmayotibsan. Ko‘nglim xursandchilik kutayotganini hozirdan sezyapti. Onalar adashmaydi, ichki hisimiz ko‘p narsaga hozirdan belgi berib qo‘yadi…
Tushlikka borib, Robinso xolaning gaplari rost chiqdi.
– Oyi, tabriklang! – Qichqirdi Oynisa. Ikkovlari quchoqlashib biram yig‘lashdi. Qani endi yupatib bo‘lsa…
– Kuyovimdan suyunchi olamizmi? – dedi onasi Oynisaning yuz-ko‘zlaridagi yoshlarini boshidagi oppoq ro‘molining uchlarida sekin-sekin siypalab artar ekan.
– Sal o‘zimga kelvolay, bu hali tushimmi yoki o‘ngimmi ishona olmayapman, oyijon! – Yana bir-birlarini bag‘rilariga bosishdi.
Nihoyat Oyiniso o‘zini qo‘lga oldi.
– Erta tong yorishishi bilan kirib boraman. Ismat akamga katta syurpriz qilaman. Bugun esa ona-bola miriqib diydorimizga to‘yishaylik.
– Beshigingni nima qilasan endi?
– Yaxshi niyat bilan bolamni belayman, onasi o‘sgan, bobosi yasagan taxti ravoniga chiqadi xudo xohlasa.
Oyiniso beshikni uy ichiga olib kirdi. Onasi ko‘z qorachig‘iday asrab yurgan qip-qizil barqut yopg‘ichini sandig‘idan chiqazdi. Kollejdan qaytgan Dilnoza yangilikni eshitib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi.
– Hozir shoshqaloq pochchamga yetkazaman xushxabarni.
– Dilnoz kerakmas! – dedi opasi zarda qilganday soxta tumtayib. – Aslida pochchangday toqatli qayerda. To‘yimizga yetti yil bo‘ldi-ya, yetti yil. Biroq kechagi qilig‘ini esimdan chiqarolmayapman.
– Unda o‘zingiz bilasiz, opa, men ham sizlarning orangizga tusholmasligimni kecha anglab yetgan edim…
Onasi va opa-singil beshikni sozlashdi. Hatto o‘zlaricha yangi chaqaloqni belashdi go‘yo. Oyiniso yoniga cho‘kkalaganicha tutqichiga tirsagini tirab shirin o‘yga botdi. Beshik bilinar-bilinmas tebrandi. Bir vaqt yoqimli xirgoyi boshlandi. Ota uyda yangi alla ovozi ohista taraldi. Chaqqon Dilnoza sezdirmasdan telefoniga tushirishga kirishdi. Robiniso xola xona chetidagi ko‘rpachada o‘tirgancha olam-olam zavqqa to‘lardi.
Alla ikki-uch takrorlandi. Asta ko‘zini ochgan Oyiniso onasi va singlisining tikilib turishlaridan biroz o‘ng‘aysizlandi.
– Ha-a, qilig‘im sizlarga qiziq tuyulyaptimi?
– Aslo-aslo, o‘zimning sabrli bolam, Allohimning alla aytishga yetkazganiga mingdan-ming shukur-a!..
Uchchovlarining gaplari bir-biriga qovushib, yarim kechagacha rosa yayrashdi. Oilaviy rejalar tuzishdi. Ota uyni hali nabiralarning qiyqiriqlari tutishini xayol qilishib, ko‘ngillari entikdi. Ikki qizini erta tashlab, dunyodan armonli ketgan Mo‘minjon muallimning ruhlari ham shodlanishini o‘ylashib, shirin xotiralar jonlandi.
Dilnoza tushmagur shu mahalda xuddi topgandek hayajonda edi. Yuragi xapqirardi. “Tasvirni pochchamga “telegram” orqali jo‘natsam-chi? Unda kechagi fe’liga afsus chekmasdan turolmay qolayam ajabmas”. Xayoliga kelgan fikr qizning tinchini butunlay o‘g‘irladi-yu, bu ishga opasidan beso‘roq qo‘l urishga cho‘chidimi, o‘zini zo‘rg‘a tiyib yostiqqa bosh qo‘ydi. Biroq telefonini o‘chirishga hali ham jur’ati yetmay turaverdi.
Ismat uyda yolg‘izlik iskanjasida qiynalardi. Qilar ishini bilmasdi. Televizordagi eshittirishlarning hech biri ta’biga o‘tirmasdi. Pultni bosib, o‘chirdi, huvillagan xonasining chirog‘ini ham yoniq qoldirmadi. Zulmat bag‘rida o‘zini divanga tashladi. Ko‘zlarini majburan yumib, uxlashga urindi-yu, yana bo‘lmadi. Yotgan joyida telefonini paypaslab topdi. Oyinisoga dardu xasratini to‘kib solay desa vaqt allamahalga bordi. Telegramga kirib, o‘zini chalg‘ita boshlagandi kutilmaganda xabar-signal tushdi. Hech kim bunday qilmasligi uchun avvaliga parvoyiga keltirmadi-yu, beixtiyor nima ekaniga qiziqdi. Qarasa, qaynsinglisi Dilnozadan ekan. “ Salom, zardakash pochchajon! Sizga yangilikning zo‘rini tashlayapman. Opamning g‘alati “Alla”siga befarq bo‘lmasangiz kerak deb o‘ylayman”.
Ismat “ekrancha”ga boqqancha yoqa ushladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Oyiniso beshik tebratardi.

Beshiging tol xodadan
Alla-yo, alla,
Yodgor Badal bobodan,
Alla-yo, alla.

Egasi bo‘l uyingni
Alla-yo, alla,
Dadang qilar to‘yingni
Alla-yo, alla.

Ustaxona zulfini
Alla-yo, alla,
Zanglatmaydi qulfini
Alla-yo, alla.

Ismat sapchib turib ketdi. Shosha-pisha avval xona, keyin ayvon chirog‘ini yoqib yubordi. Shu lahzada ko‘nglidagi zulmat ham, hovlidagi qop-qora tun ham qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Yana to‘xtamadi. Ustaxonasi eshigi tepasiga qo‘lini cho‘zdi. Mixdan ilig‘liq kalitni chiqardi. Qulfga soldi. Buradi. Zulfini bo‘shatdi. Qattiq turtgancha sharaqlatib ochib yubordi. Tok ulagichni bosdi. Ichkarini charog‘onlik chulg‘adi. Bir haftadan buyon g‘ippa-g‘ip dimlangan xonada toza havo o‘ynadi. Ismat xuddi xotini hozir ko‘rib qo‘yadigandek bostirma ostiga uyib tashlangan yarimchala beshiklarni, uning yog‘och-yug‘uchlarini ildam-ildam ustaxonaga tashidi. Hatto hafsala bilan qaytadan tartibga keltirdi. Nihoyat ko‘ngli o‘rniga tushdi-yu, xotining sog‘inchi yurak bag‘rini o‘rtab yuborayotganini payqadi. Barmoqlari telefondan uni qidirdi. Ikki-uch signal ketdi. Ulandi.
– Onasi, o‘zingmisan?! – Ismatning ovozlari titradi.
U yoqdan javob o‘rniga Oyinisoning piq-piq yig‘isi eshitildi. Dilnoza shoshqaloqlik qilganini sezdi-yu, ammo zig‘ircha hafa bo‘lmadi.
– Ha, dadasi, tinchlikmi bemahalda?!
– Dadasi dedingga, onasi, bu tushimmi-o‘ngimmi, quloqlarimgayam hech ishonolmay turibman.
Oyiniso endi o‘zini tutib olgandi. Erining hayajoni esa pasayish o‘rniga kuchayib borardi.
– Hozir ustaxonadaman, qo‘lim ham asboblarni juda sog‘inib turgan ekan.
– O‘zingiz yolg‘iz qiynalmang, tong yorishishi bilan biz yetib boramiz…