Mahmud Bo‘ron. «Er» topildi (hajviya)

Ettinchi sinfda o‘qiyman. O‘zimcha, Baxtiyor Ixtiyorov, Yuriy Nikulinman. Maktab sahnasida televizorda ko‘rganlarimni qayta-qayta o‘ynayman. Hammani kuldiraman.
Kunlardan bir kuni, birinchi soat darsi ketyapti. Tasavvur qiling. Vjantimalaga o‘xshab ketadigan, ketvorganidan nafaqat o‘qituvchilarni, balki o‘quvchilarni ham o‘ziga maftun qilib qo‘ygan geometriya muallimamiz dars o‘tyapti. Kishibilmas men uni sevib qolganman. Hurliqo uncha-muncha odamning qo‘li yetmaydigan yulduz qiz edi. Uning doska oldida yurishlari, shahlo ko‘zlarini tikib, osmonlardan nigoh tashlab qo‘yishlari mendek bo‘lg‘usi shilqim yozuvchini «o‘ldirar», boz ustiga bu orzuning ushalmasligi bepichoq so‘yardi. Bunisi kamday, pari maktab direktorining qizi, direktor esa shafqat nimaligini bilmaydigan, nimasi bilandir devga o‘xshab ketadigan odam edi.
Xullas, dars qizg‘in ketyapti. Sevgilim doskaga aylana chizib, uning markazidagi nuqtadan aylana chiziqqa qadar kesma chizdi. Bilasiz, bu kesmaning nomi radius, lotincha r (er) harfi bilan belgilanadi. Muallima shu harfni yozib, undan so‘ng so‘roq alomatini qo‘ydi. Aylana uzunligining qiymati ham doskaga yozildi. Aylananing uzunligi L, diametrning( ya’ni, 2R) «pi»ga ko‘paytmasiga teng; «pi»ning qiymati barcha aylanalar uchun bir xil o‘zgarmas kattalik bo‘lib 3,1416 ni tashkil qilishini hisobga olib, radius uzunligini topish talab qilinyapti; ya’ni biz «er»ni topishimiz kerak. Opa so‘radi:
— Qani, bolalar, aytinglar-chi, menga nima kerak? Mana, menga hamma shartlar berilgan. Endi men nimani topishim kerak?
Hamma jim. Atrofga qarayman. Negadir a’lochilar ham mudrab o‘tirishardi. Nima balo, hammang kechasi bilan mol boqib chiqqanmisanlar… degandek ularga ko‘z tashladim. Opaga nima kerakligi shundog‘am ko‘rinib turibdi-ku… Kulimsiradim. Buni sevgilim ko‘rib qoldi, deng. Shishadek yiltiroq,  mushuknikiga o‘xshash ko‘zlaridan nur porlab so‘radi:
— Qani «Nikulin», o‘zing shumtaka bo‘lsang ham, ba’zan kallang ishlab turadi. Xo‘sh, menda hamma narsa yetarli. Menga nima kerak? A’lochilarni bir sharmanda qil-chi!
Do‘stona hazil qilgim keldi. Butun sinfni noqulay ahvoldan qutqarish maqsadim ham yo‘q emasdi. Hatto o‘zim uchun ham kutilmagan dahshatli gapni aytib yubordim.
— Buning hech bosh qotirib o‘tiradigan joyi yo‘q. Bu kallavaramlar shuniyam bilmay o‘tirishibdi. Shundoq ham ko‘rinib turibdi. Sizga tabiat tomonidan barcha narsalar keragidan ziyoda berilgan. Sizga er kerak!
Tarbiyasi va darajasi o‘zimdan qolishmaydigan butun sinf gapimning tagida qanaqa «er» yashiringanini tushunib, gurillab kulishsami deng!..
O‘ziga qanaqa er kerakligini tushungan go‘zallik sohibasi qo‘liga katta, dermantin muqovaga solingan sinf jurnalini olib, yonimga shoshmay keldi. Opaning vajohatini ko‘rgan sinfning nafasi ichiga tushib ketdi. Men bo‘lsam, har holda otasichalik urmas degan xayolga bordim… Ammo maktabimiz «kleopatra»si jurnalni  qulochkashlab boshim uzra ko‘tardi… Qanaqa er topish kerakligini o‘ylab topgan miyam chayqalib ketdi. O‘zim partaga o‘tirib qoldim.
Shu voqeadan so‘ng negadir muallimaning to‘yini tezlatib yuborishdi. Va uni qo‘shni qishloqqa olib ketadigan bo‘lishdi. To‘y kuni suzilib turgan kelin-kuyovning oldiga ikki jo‘ram bilan bordim-da, kelinga sekingina:
— Bundan ma’lum bo‘ldiki, sizga unaqa emas, bunaqa er kerak ekan! — dedim.
Albatta men bu jumlani rosa o‘ylab, yodlab olgan edim. Kelin yeb qo‘yguday o‘qraydi. Kuyov tushunmadi. Men jo‘ralarim bilan juftakni rostladim.
To‘ydan keyin maktabda nohaq jazolangan bashoratchi va adolatparvar sifatida obro‘yim oshib ketdi. Albatta, butun maktab jamoasi «Nikulin»ning nima uchun jazolanganini bilib bo‘lgan edi.