Muyulishdan chiqib kelgan oppoq “Lasetti” qassobxona biqinida jonsarak turgan, olacha chopon, ko‘k sallali, jikkak jussa qariya yonida to‘xtadi.
— Yo‘l bo‘lsin, otaxon? — deb so‘radi old o‘rindiqda o‘tirgan, xumkalla, qosh-qabog‘i soliq, qop-qora odam.
Qariya sersavlat ulovga hurkinqirab yaqinlashdi.
— Jalpoqtoshga.
— O‘tiring, Chalpaktepagacha yetib olasiz.
— Ma’qul, ulim, baraka toping, — dedi qariya mashina orqa eshigiga qo‘l cho‘zarkan, — nariyog‘i yaqin, bir amallarman.
— Tezroq qimirlang, buva, — deb qo‘ydi haydovchi norizo ohangda.
Orqa o‘rindiqqa yastanib olgan quyuq sochlari orasta, silliq kishi ilkis surilib qariyaga joy bergan bo‘ldi.
— Keling, otaginam.
Qariya joylasha-joylasha mashinadagi har uch kishi ham kulrang “komuflyajka” kiyimda ekanini payqadi.
“Askarlarmi deyman” — xayolidan o‘tdi uning.
— Ota, tortinmang, — dedi orqa o‘rindiqdagi hamroh uzun-qisqa salom-alikdan so‘ng. — Chalpaktepagacha, e-he-e, yana qirq kilometr, yo‘l nobop, qulay joylashib o‘tiring.
— Rahmat, ulim, rahmat.
Tuman markazi, gavjum ko‘chalar, serhasham uylar hash-pash deguncha ortda qoldi. “Lasetti” dala-dasht yo‘liga chiqib oldi. O‘ngu so‘lda ekin maydonlari, ariq-zovurlar, yakkam-dukkam uylar ko‘zga tashlanadi.
— Haligi yerda nima qilib turgandingiz, buva? — deb so‘radi haydovchi peshoynadan qariyaga ko‘z tashlab.
— Ulashningma, Jobirningma “Damas”i kep qolarmikan deb kutib turgandim. Shu ikkovi Jalpoqtoshdan qatnaydi-da.
— Markazga nega kelgandingiz? Bozorga tushdingizmi? — yana so‘radi haydovchi.
— E-e, bozor qayoqda, bolam, — deb qariya siyrak soqolini o‘ychan silab qo‘ydi, — sa-al tashvish bilan hokimlikka kelgandim.
Uning yonidagi hamroh cholga ajablanib ko‘z tashladi.
— Hokimlikka deysizmi?
— Ha, hokim qabuliga kelgandim. Bizning Jalpoqtosh tap-taqir dasht. Ovulimizga, hechqursa, bitta quduq kerak. Qo‘ni-qo‘shni meni iltimos bilan jo‘natishdi. Hokimga uchrashib, arzimizni yetkazing, deyishdi. Shuytib markazga kelib edim.
— Hokimga uchrashdingizmi? — yana so‘radi yon hamroh.
— Ha, — o‘ychan bosh irg‘adi qariya, — kirdim, ko‘rdim.
— Qanday odam ekan hokim?
— Oppoq, kelishgan, bo‘yinbog‘li odam ekan.
Yon hamroh piqillab kulib yubordi. Haydovchi ham iljaygan ko‘yi peshoynadan qarab qo‘ydi.
— Ey, — deb po‘ng‘illadi xumkalla, — g‘iybat qilishga hokimdan boshqa odam qurib qolganmi sanlarga.
Qariya, bular so‘zlarimga ishonmadi, degan xayolda shosha-pisha aytganlarini isbotlashga kirishdi.
— Chin, yaxshi odam ekan. Meni kulib kutib oldi, choy quyib berdi.
— Hatto, choy ham quyib berdimi, — yon hamroh qariyaga xuddi hayratlangandek tikildi.
— Ha. Eshikkacha kuzatib ham qo‘ydi.
— Arzingizni tingladimi?
— Ha, hal qilib beramiz deb aytdi.
— Sizni aldab-suldab chiqarib yuborgan, — dedi yon hamroh bosh chayqab, — U iltimosingizni bajarmaydi.
— Nega bajarmaydi? — ajablanib unga tikildi qariya, — ana, Prezidentimiz xalqqa qayish, yordam ber deb har kuni aytib turibdi-ku. Yurtboshimizning ishongan vakili bo‘lgandan keyin bajaradi-da.
— Siz hokim Prezidentning ishongan vakili deb o‘ylaysizmi?
— Ha-da, ishonganidan unga amal bergan-da. Birov bir nimani ishonib topshirgandan keyin bajarish kerak, esam, lafzsizlik bo‘ladi, ulim. Bu katta gunoh.
— Demak, — yana zavq bilan kuldi yon hamroh, — siz ham hamqishloqlarning ishonchini qozonib, ishni do‘ndirib qaytayapsiz-da.
Qariya kaftlari bilan yuzini silagan bo‘lib ko‘zini yashirdi.
— Ha, endi…qo‘ldan kelganicha…
Mashina sap-sariq, tap-taqir dasht qo‘ynida uzalib ketgan, egri-bugri, past-baland yo‘l bo‘ylab ohista yelib borardi. Ur-kaltakdan shishib ketgan badanday qir-tepaliklar birin-ketin ortda qola boshladi.
— Uzr, ulim, — dedi yon hamrohiga yuzlanib qariya, — sizlarga yo‘l bo‘lsin? Cho‘ponlarning otariga borasizlarma?
Yon hamroh uzun bir homuza tortib olgach:
— Sho‘rsoyda ishlayotgan geologlarni ko‘rganmisiz, — dedi.
— Anovi burovoychilarni aytayapsizmi? Yer kovlagichlarni? Ha, ko‘rganman.
— Men o‘shalarning boshlig‘i bo‘laman. Ishga ketyapman.
Qariya beixtiyor uning qo‘lidan ushladi.
— Sizni menga Xudo yetkazdi, ulim. Xuddi siz kerak edingiz menga?
— Iya, nega?! Tinchlikmi? — dedi yon hamroh chinakamiga ajablanib.
Haydovchi ham peshoynadan qiziqsinib qarab qo‘ydi.
— Ha, siz kerak edingiz, — dedi qariya quvonchdan ko‘zlari porlab.
— Xizmat bormi?
— Ha. Bizning qishloqqa quduq kovlatib bering, iltimos.
— Iya, gapingiz qiziq bo‘ldi-yu, hozirgina idoraga kirib chiqdim, hokim muammoni hal qilib beradi, deb aytdingiz-ku?!
Qariya xuddi ichi og‘riyotganday yuzlarini burishtirdi.
— Tuvrasini aytaymi sizga?
— Tuvrasini ayting.
— Boya, — dedi qariya ming bir xijolat ichida, — sal-pal o‘tirik surgandim.
— O‘tirik?! O‘tirik surgandim?! Nima deganingiz bu?
— Yolg‘on gapirgandim demoqchilar, — izoh bergan bo‘ldi haydovchi.
Yon hamroh iljaydi.
— Ha-a, shunaqami hali….ja-a..quv ko‘rinasiz-a, otaxon.
— Shunday bo‘p qoldi-da, ulim. Gapning tuvrasi, hokimlikning imoratini ko‘rgan paytim tizzam qaltirab ketdi. Axir bu yerda chakana odamlar o‘tirmaydi-da, tuvrama?
— Tuvra.
— Shuytib, ana keyin…o‘yladim, hokim davlatning odami, zaril-zaril ishlari ko‘p, bizdaychakinlar bilan shug‘ullanishga vaqtiyam, hafsalasi ham yo‘q, mayda-chuyda iltimos bilan u kishining boshini qotirmaylik deb…ana keyin…eshikning oldida turib-turib izimga qaytdim.
— Iya, g‘alati-yu, otaxon, hamqishloqlarning iltimosi nima bo‘ldi, hali o‘zingiz aytganday, ishonch masalasi nima bo‘ldi?
— Gapni oxirigacha eshiting, ulim…ana ¬keyin…qishloqqa borib, hokimga uchrashdim, shanba kuni kel, mablag‘ beraman, shu pulga quduq qazdirib olasizlar, deb aytdi deyman.
— Nega aynan shanba kuni? — so‘radi yon hamroh tobora qiziqishi ortib.
— Ana keyin…shanba kuni besh-olti qo‘y haydab bozorga tushaman, sotaman, pulini ovulga olib boraman, mana, hokim so‘zida turdi, mablag‘ berib yubordi, deyman, burovoychilar bilan gaplashib, shu pulga quduq kovlatamiz, deb maslahat solaman.
Peshoynadan qarab-qarab qo‘yayotgan haydovchi taajjublanib so‘radi:
— O‘zingizning hisobingizdan quduq kovlatmoqchimisiz?
— Ha, endi-i, ulim, mol ketsa, ketar, lekin odamlarning ishonchi o‘lmasin, uydan shu ishni bo‘yinga olib chiqqanman, o‘rtada lafz bor, xarajat qilaman-da. Boshlanishiga shu pul yetar, qolganiga ham Xudo poshsho.
— Xarajatni siz qilasiz, yugur-yugur ham sizning bo‘yningizda, izzat-obro‘ hokimga ekan-da, — dedi yon hamroh qariyaga sinovchan ko‘z tashlab.
— Ha, endi-i, — deb jilmaydi qariya, — u kishi ham shu el uchun kuyib-pishib yuribdi, qayishganimiz ma’qul-da.
— Siz ja-a g‘alati fikrlar ekansiz, otaxon.
— Ulim, — qariya yana yon hamrohning qo‘lini kaftiga oldi, — iltimos, yordam bering, xarajatga tayyorman, aytganingizni beraman, yuzimni yorug‘ qiling.
Yon hamroh yayrab kuldi.
— Otaxon, sizning yuzingiz hamisha yorug‘. Siz o‘tirik surganingiz yo‘q. Siz chindan ham hokimga uchrashdingiz, iltimosni yetkazdingiz.
— Yo‘g‘-a, qaytib?
— Ana, — yon hamroh old o‘rindiqda o‘tirib, go‘yo dala-dashtni kuzatib ketayotgan xumkalla, qop-qora kishiga ishora qildi, — siz aytgan oppoq, kelishgan hokim shu yerda…
Haydovchi baralla kulib yubordi.
Hokim ham miyig‘ida iljayib ortga o‘girildi.
— Nega kulasanlar? Otaxon o‘tirik surmaydi, ko‘ngli oppoq, niyati toza odamlar bular, shuning uchun ko‘zlariga hamma oppoq, kelishgan ko‘rinadi.
Mashina saloni yana qah-qahalardan larzaga keldi.
Ey, sen, maynavoz, — dedi hokim haydovchiga yuzlanib, — tuvra Jalpoqtoshga hayda. Otaxon hokimni ham, quduq kavlovchini ham oldiga solib kelganini hamma ko‘rib qo‘ysin.
“O‘zAS”dan olindi.