Uni ko‘rdimu yuragim orqaga tortib ketdi. U tobutdek tebranib borayotgan vagon tamburining bir burchida cho‘nqayib o‘tirar, har bir o‘tib qaytuvchini qon nuqsi urgan ko‘zlari bilan qiziqsinib-qiziqsinib, bosh-oyoq kuzatib qolardi.
Men tamburga chekish uchun chiqqandim. Unga ko‘zim tushdi-yu, seskanib ketdim, bu ham yetmaganday, beixtiyor salomiga bosh irg‘ab yuboribman. Bizni shu ahvolda chetdan ko‘rgan kishi eski tanishlar ekan, degan o‘yga borishi aniq edi.
Balki u chindan ham ko‘zimga issiq ko‘ringandir? Yao‘g‘-e, bu nusxani birinchi marta uchratishim. Balki qo‘rquv aralash bosh irg‘ab yuborgandirman?
Men o‘z qilmishimdan uyalib ketdim. Ko‘nglimga hijillik cho‘kdi. Odatda, ta’bim tortmaydigan, izzatim ko‘tarmaydigan ish qilganimda ko‘nglim shunday g‘ashlik uyasi bo‘lib qolardi.
Men o‘zimni g‘irt beparvolikka olib, lablarimga a’lo nav bulg‘or sigaretidan qistirdim. So‘ng, gugurt chaqa turib, kishi bilmas, yer ostidan unga bir qarab oldim. U hamishagidek, meni hamon sinchiklab ko‘zdan kechirar, zo‘r bir qah-qaha otishga chog‘lanayotganday lablari ahyon-ahyonda yonoqlari tomon yoyilib-yoyilib ketardi.
Men tamburning qo‘sh oynali derazasi tomon yuzlanib, o‘zimcha tashqarini kuzatayotgan kishi bo‘ldim. Afsuski, tashqari allaqachonlar quyuq qorong‘ulik qa’rida qolgan edi. Shu bois, oynada o‘zimning ajablangan, g‘ashlangan turqi-tarovatimdan boshqa hech neni ko‘ra olmadim.
Qiziq, u rostakamiga qah-qah urmoqchimikan? Shunchalar xursandmikan zang‘ar? Unday bo‘lsa, bu sassiq tanburda nima qilib o‘tiribdi, nahotki, shunday shodmon odamning kupeda joyi yo‘q?! E… e, balki u telba-devonadir? O‘z-o‘zidan iljayaveradigan aqli pastdir? Ros u tentak!
Mening xuddi shu xulosamni tasdiqlaganday poyezdning old tomonidan parovozning uzun o‘kirigi eshitildi. Temir g‘ildiraklarning taraqa-turuq ovozi kuchaydi. Vagonlar zardali-zardali tebrana boshladi. Aftidan, poyezd boshqa yo‘lga o‘tmoqda edi.
— Aka, chekishingizdan bering.
Shundoq yonginamda eshitilgan tovushdan cho‘chib tushayozdim. Qarasam, haligi nusxa qimtinibgina qo‘l qovushtirib turibdi. Uning «aka», deyishi yog‘dek yoqib darrov, sigaret qutimni unga uzatdim.
Bu nusxaning yoshi, nari borsa, yigirma ikkilarda edi. Uning ko‘pdan beri suv ko‘rmay hurpayib ketgan sochlariga, kir-chir qo‘llariyu ust-boshiga qarab, darhol, lo‘li bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim.
U qutichamdan sug‘urib olgan sigaretni ancha vaqt ezg‘ilab turib qoldi; hoynahoy, u ham, barcha tilab chekuvchilardek, sigaret izidan gugurt so‘ramoqqa iymandyotgan bo‘lsa kerak. Uning odob saqlab turishi menga yoqdi.
Oliftalarcha gugurt uzatdim. U shoshib gugurtni olarkan, rahmat, dedi. Jilmaydi. Tamburdagi kirlanib ketgan chiroqning xira yorug‘ida uning qoramag‘iz yuzi battar qorayib ko‘rinardi. Yuz-qovoqlarida, burnida bir vaqtlar orttirgan jarohat izlari yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi. Nazarimda, u har kuni do‘pposlashadigan urushqoq ko‘chabezorilarga o‘xshardi.
Men o‘zimni yana beparvolikka soldim. Ammo, qancha urinmayin, qiziqishim tobora ortayotganidan unga tez-tez ko‘z tashlab olardim.
Kutilmagan sherigim so‘rab cheksa ham, chakana kashanda emas ekan: uch tortishda sigaretni yarimlatdi. Qurmag‘ur har puflaganida og‘iz-burnidan burqsitib tutun chiqarar edi. Uning bu qilmishi meni ko‘p ajablantirayotgan bo‘lsa-da, negadir, andek yoqinqiramay ham turardi. Axir, ziyoli odamning oldida… yaxshi emas.
Sherigim o‘qtin-o‘qtin labini yalab, ketma-ket yutinib katta tayyorgarlik ko‘ruviga qaraganda, gurunglashmoq istardi. Lekin u so‘z boshlovga botinolmasdi chog‘i, men tomon umidvor-umidvor ko‘z tashlab qo‘yardi. Men esa o‘zimni hamon loqaydlikka, sovuqqonlikka olardim. Nihoyat, uning toqati toq bo‘ldi. Bir tomoq qirib olib:
— Sayohatga ketayapsizlarmi? — deb so‘radi u. Men vazmin bosh irg‘ab, «ha» ishorasini qilar ekanman, ajablanganimdan sherikni beixtiyor bosh-oyoq kuzatib chiqdim. Qiziq, yolg‘iz emasligimni qayoqdan bildi u?
— Qirq kishi bir vagonda kelayapsizlarmi? Uning ikkinchi so‘rovi meni tamom dovdiratdi. Axir haqiqatan biz qirq kishi edik. Uzoq bir shaharni mo‘ljallab sayohatga chiqqandik. Tamburdan sal naridagi kupeda men uch o‘rtog‘im bilan joylashganman. Qiziq, biz haqimizda qayerdan biladi u?!
Bilag‘on sherigim xunukdan-xunuk homuza tortib, yana allanimadir dedi. Shu payt chap tomondan uzun bir eshelon shiddat bilan o‘tdi-yu, quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronda uning gapini tushunmay qoldim. Shunday bo‘lsa-da, «ha» deb bosh silkitdim.
Eshelon vahshat solib o‘tib ketgach, tamburga jindek osoyishtalik indi. Bu orada kutilmagan sherik quloq-chakkasini ko‘mib ketgan sochini zo‘r berib, ammo huzur bilan qarshiladi.
— Ertaga ertalab falon shaharga yetsak kerak-a?— deb so‘radi u, negadir kulimsirayotgan ko‘zlarini menga tikib.
Men yelka uchirdim. To‘g‘risini aytsam, bu nusxa meni xiyla qiziqtirib qo‘ydi. Ajab, ust-boshi bir ahvolda-yu, yana tinmay iljayishiga, boshqa kishi oldida o‘zini erkin tutib, naq quchoqlab olguday bo‘lishiga balo bormi?
Uning aft-angoriga endi oshkora hayrat bilan qarab turarkanman, bir payt yuragim «shuv» etdi. Negaligini bilmadim-u, miyamda noxush fikrlar yalt-yult eta boshladi. Balki, bu nusxa o‘g‘ridir?! Tavba, nega shu o‘y ertaroq boshimga kelmadi-ya? Obbo, qip-qizil o‘g‘ri ekanligi shundoqqina ko‘rinib turibdi-ku?! Meni gapga tutishlari bejiz emas. Zang‘arning boshqa yerda sheriklari ham bor-ov? Bu nusxani biz haqimizda ma’lumot to‘plashga yuborgan ular! A-ha, manovi, aftidan, biznikilardan kim bilandir gaplashgan ham…
Go‘yo shubhalarimni tasdiqlaganday, bir mahal, kutilmagan sherik yana so‘roq qilib qoldi:
— Birinchi kupeda boshliqlaringiz bormi, deyman? Nazoratchi nuqul o‘sha yerga choy tashiydi.
Men bilinar-bilinmas bosh irg‘ar ekanman, battar xavfsirardim. Ammo, tan olish kerak, taftishchining gap ohangida hech bir qaroqchilik alomatlari sezilmasdi. U haddan tashqari iliq munosabatda bo‘lar, tamakidan sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib, tinmay tabassumlar hadya etar edi. Ko‘rgan kishi, xohlasa-xohlamasa, ikki og‘ayni uzoq ayriliqlardan keyin uchrashib qolganlar, deb o‘ylardi.
Biroq, uning bari sof — samimiy muomalalarini men o‘z shubhalarimga yem qilar, manov nusxaga ishonmaslikka o‘zimni-o‘zim da’vatlar edim. To‘g‘ri-da, o‘g‘ri hech qachon, «men — o‘g‘ri» demaydi-ku? Iljayadi, xo‘mrayadi, ishqilib, o‘zini ko‘ngli toza, samimiy ko‘rsatmoqqa tirishadi. Ish pishgach, shartta bo‘yningga pichoq tiraydi. Ana, keyin ko‘raverasan har ikki gapida «aka» deguvchi muloyim supurgining hunarlarini!
Poyezd shitob bilan yelib bormoqda. Vagon va temir «tuyoq»larning sharaqa-shuruq, taraqa-turuq qilishi asab torlarini g‘oyat taranglashtirardi. Bu tomonlarga avval yo‘lim tushmaganligi sabab qay bir manzilda ketib borayotganimizni bilmasdim. Boz ustiga, vaqt kech — hufton mahaliga yaqin bo‘lib, tambur derazasi ortida qop-qora qorong‘ilikdan boshqa hech narsa ko‘zga tashlanmaydi.
Kutilmagan sherik tamburni obdon qarab chiqarkan, bir payt:
— Bu yerni nimaga o‘xshatasiz, aka? — deb so‘radi. Men odatdagiday yelka qisdim. Lekin nomiga bo‘lsa-da atrofimga ko‘z yugurtirdim.
Hamma matohi temir-tersakdan bo‘lgan oddiy vagon tamburi. Tepada xira chiroq. Oyoq ostida sigaret qoldiqlari, qog‘oz, latta bo‘laklari sochilib yotibdi. Ko‘kish rangga bo‘yalgan temir «devor» — tamburning naq hurmat kitobi deb o‘ylaysiz. Unga kimlardir o‘z ismini, shahrining nomini hafsala bilan o‘yib yozgan. Hatto yana allakim no‘noqlarcha yurak va nayza tasvirini ham tushiribdi, an’anaga xilof ravishda nayzaning ikki uchiga katta-katta harflar yozishni unutibdi. Kim biladi, balki shoshib turgandir?
Haligi nusxa hanuz ishshayib, mendan ko‘z uzmay javob kutardi. Men labimni cho‘chchaytirib yana yelka uchirdim. U esa chekib tugatgan sigareti qoldig‘ini oyoqlari ostiga tashlab ezg‘iladi-da, chopib borib, o‘sha joyiga boyagiday cho‘nqayib o‘tirdi. Tizzalariga ikki tirsagini qo‘yib, rapidadek qo‘llariga iyagini tirab, menga kulimsirab qararkan:
— Endi-chi? Endi nimaga o‘xshatayapsiz? — deb so‘radi u. Go‘yo bu la’nati tambur nimaga o‘xshashini bilmog‘im shartday.
Men beparvo sigaret tortdim. Uning o‘zini talabchan otadek tutishi menga yoqmayotgan edi. Og‘iz-burnimdan chiqayotgan quyuq dud achishtirgan ko‘zlarimni yarim yuma turib yana bosh chayqadim.
— Turma. Bir kishilik kameraga o‘xshaydi, — dedi u o‘rnidan turib, — yo noto‘g‘rimi?
Men uning so‘rovlariga javob bermoqni o‘zimga ep bilmasdim. Ammo ko‘nglimning qay bir burchida ezmavoyga nisbatan iliqlik silqib chiqmoqda, boyagi gumonlarim tabiatimga bo‘ysunmay, asov ayg‘irdek orqaga tisarilmoqda edi.
— Uch kun oldin qamoqdan chiqdim, — dedi u botinmaygina.
Men nima deyarimni bilmay qoldim. Axir, qamokdan qutulgan odamni birinchi marta uchratib turibman. Nima qilay, tabriklaymi, «balli, sizga» deymi, yo «ob-bo-o, chatoq bo‘pti-ku», deb achingan bo‘laymi?
Bo‘g‘zimdan ma’nisiz «e» degan qisqa va zaif tovush chiqdi. Jabrdiyda bu mahal xira chiroqqa termulib turardi.
— Turmani odam bolasi ko‘rmasin ekan, aka, — dedi u qult etib yutinib. — Odam bolasi ko‘rmasin…
Shu lahzadayoq kutilmagan sherikning ko‘zlariga xayolchan ma’yuslik bostirib kirganini payqab qoldim. U ustma-ust xo‘rsindi-da, menga yana jilmayib qaradi:
— Endi hammasi orqada. Ana endi… — jabrdiyda shunday dedi-yu, baquvvat qo‘llarini negadir musht qildi. Bilmadim, nega, balki birortasini «ana endi» do‘pposlar, balki «ana endi» mustahkam bo‘lganini ko‘rsatmoqchidir?
Men chekib bo‘lingan sigaret qoldig‘ini oyoqlarim ostiga tashlab, shoshilmay ezg‘iladim. Kutilmagan sherik ketmoqqa shaylanayotganimni ko‘rib bir cho‘chib tushganday bo‘ldi, yo‘q, rostdan ham cho‘chib tushdi u!
— Boya, — dedi ajab nusxa shoshilinch tomoq qirib olarkan, — cho‘nqayib o‘tirganimni ko‘rib hayron qolgandirsiz. Tentak bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandirsiz, to‘g‘rimi?
Men zo‘raki iljaydim. Tentakvoy esa yana chopqillab borib o‘sha joyiga cho‘nqayib oldi. Iljaydi.
— Qamoqda, — dedi u yana ko‘zlarini xira chiroqqa qadab, — tonggacha shunday o‘tirardim. Meni ko‘pincha bir kishilik kameraga qamashardi. Kameraning bir burchagida shunday o‘tirib tongni kutardim. Eh…
U shunday dedi-yu, siqib, so‘ng qo‘yib yuborilgan prujinaday sapchib o‘rnidan turib ketdi.
— Eh, — dedi u ehtiros bilan qo‘l siltab, — endi hammasi orqada. Endi yelkamning chuquri ko‘rsin u kamera-pamerasini. Men endi… men endi…
Ajab nusxa rohatlanib kerishdi. Ko‘zlarini suzib jilmaydi. U ayni chog‘da qorni to‘ygan go‘dakka o‘xshab ketgan edi.
Men ham vazmin bosh irg‘ab iljayib kutilmagan sherikka hamquvonchlik ko‘rsatgan bo‘ldim. Ammo, ko‘nglim nimadandir g‘ash edi. Men ketish niyatida, vagon eshigi tomon bir qadam tashlab xayrlashuv uchun endi qo‘l cho‘zmoqqa shaylanganimda u yana shosha-pisha gap boshlab qoldi.
— Haligi, — dedi u, meni suhbatga qiziqtirmoqqa jon-jahdi bilan harakat qilib. — Haligi… men kamerada shunchaki cho‘nqayib o‘tirmasdim. Qarang…
U shunday dediyu cho‘ntagidan gazetaga o‘rog‘lik ohak bo‘lagini chiqardi. Ajab, u cho‘ntagida doim ohak bo‘lagi olib yurarkanmi? Yo vagon nazoratchisining chelagidan topganmi? Balki biror stantsiyadan, poyezd to‘xtagan chog‘i terib olgandir, kim biladi deysiz?
— Hozir, hozir… — lo‘livoy shunday dedi-yu, haligi hurmat kitobiga aylanib ketgan tambur devorini shoshib, yutoqib bo‘yashga tushdi.
Men uning har bir xatti-harakatini kuzatarkanman, hayronligim tag‘in kuchaydi. Qiziq, namuncha menga yopishib oldi bu nusxa? Negadir tamburdan ketishimni hech istamayapti? Uning «ketma» degandek yolvorib qarashlari, boshimni aylantirmoqqa o‘lib-tirilishlari, negadir botqoqqa cho‘kayotgan odamning duch kelgan xas-xashakka yopishishini eslatib yuborardi. Ob-bo, g‘oyat antiqa chiqib qoldi-ku bu og‘aynim.
U hash-pash deguncha ishini tugatdi. Aftidan, u bunday maynavozlarcha bo‘yoqchilik bilan juda ko‘p shug‘ullangan ko‘rinadi.
— Qarang, — dedi maynavoz, ohak yuqi bo‘lgan qo‘llarini puflab tozalarkan. — Qarang, aka, juda zo‘r bo‘ldi bu gal, kutmagandim.
Men ikki qadam olg‘a yurib u ishora qilgan joyga qaradim. Ko‘rdimki, o‘sha — o‘yib-chizib tashlangan tamburning «devori» oppoq tusga kiribdi. Temir devor oq — oppoq edi.
Men hech vaqoga tushunolmay ajib nusxaga o‘girildim, U xuddi mushkulimni oson qilib qo‘yganday, og‘zi qulog‘ida, taltayib turardi. So‘ng, mening hayron qotganimni ko‘rdi-yu, shoshilinch tilga kirdi:
— Qarang, yaxshilab qarang, aka. Nimani chizdim men. Uning haddan tashqari ezmaligi naq hiqildog‘imga kelgan bo‘lsa ham yana bir karra qiziqish bilan oppoq gemir devorni ko‘zdan kechirib chiqdim. Ammo, bu la’nati bo‘yoqchilikdan hech qanday ma’no uqa olmadim. Mening juda qiynalib ketganimni, sabr kosam to‘lib-toshayotganini ezma darrov payqab oldi. U ketib qolishimdan cho‘chidi shekilli, hovliqa-hovliqa iltifot qila boshladi:
— Cho‘nqayib qarang, aka, cho‘nqayib. Anovi — men utirgan joy qulayroq, tortinmang, cho‘nqayavering.
Shu chog‘ tamburda bashang kiyingan qandaydir kimsa laydo bo‘ldi. U besh-olti vagondan o‘tib kelayotgan bo‘lsa kerak, bilinar-bilinmas hansirar, yuziga qizillik tepgandi.
O‘tkinchi bizning vagon tomonga zipillab o‘tarkan, hayajonda tinmay tipirchilayotgan ajab nusxaga, oppoq devor yonida gangib turgan — menga qiziquvchan nigohini bir-bir qadab oldi. Hatto kinoyali ishshaygandek ham bo‘ldi. U bizni tamburga amal-taqal qilib, ilashib olgan daydilar, deb o‘yladi chog‘i.
Ajab nusxa, go‘yo qadrdon oshnasini ko‘rib qolgandek, hech bir tap tortmay, o‘tkinchiga ustma-ust ko‘z qisdi. Bu ham yetmagandek, izidan «davramizga marhamat», dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Men boshim qotgan bir ahvolda turgan bo‘lsam-da, uning taklifidagi samimiy lutfni ilg‘ab qoldim! U yetti yot begonaning oldida ham o‘zini elga osh berayotgan, qo‘li ochiq, ko‘ngli keng boyvachcha misol tutishi meni qandaydir zavqlantirib yubordi va beixtiyor piq-piq kula boshladim.
Ezmaning lutfi karami, mening hiringlashim bir soniya bizga angrayib qolgan o‘tkinchining ko‘ngliga g‘ulu soldi, hoynahoy, u zing‘illab vagon ichkarisiga urib ketdi. Aftidan, u qimmatbaho kiyimiyu so‘lkavoy liq to‘la hamyonini bizdan qizg‘andi. U oliy zot endi tong otguncha bu tamburdan qaytib o‘tishga botinolmas-ov.
O‘tkinchi ko‘zdan yo‘qolib, vagon eshigi qars etib yopildi-yu, men darhol o‘zimga keldim. Bema’ni bir jumboqqa bema’nilarcha bosh qotirib o‘tirganimdan uyalib ketdim. Ustiga ustak, haligi o‘tkinchining masxaraomuz ishshaygani ko‘z oldimga kelib ketdi-da, izzat-nafsim ko‘zg‘olib, ajab nusxaga achchiqlangannamo o‘qrayib qaradim. U ham portlashim yaqinligini sezdi shekilli, egardan tushmasa ham har qalay otdan tushib gap boshladi:
— Mayli, aka, ovora bo‘lmang. — Uning ovozi endi biroz horg‘in va ruhsiz eshitilardi. — Mayli, o‘zim tushuntiraman. Bu sizga qanday bilmadim-u, lekin menga juda oddiy.
Ezma o‘z burchagiga borib yana cho‘nqaydi-da, bir-ikki yutinib olgach gapida davom etdi:
— Kamera devorini ham shunday oqqa bo‘yardim-da, tong otguncha termulib o‘tirardim. Hech charchamasdim. Mumkin, sizga kulgilidir, mumkin, meni tentakka chiqararsiz, lekin baribir gapiraveraman.
Ajab nusxa shartta o‘rnidan turdi-da, o‘sha bo‘yalgan joyiga yaqinlashdi.
— Shu oqlikka termulsam o‘zimni ko‘m-ko‘k osmonda, oppoq bulutlarning orasida ozod uchib yurganday his qilaman. Termulganim sayin shu oqlikka singib ketayotganday bo‘laveraman. Eh, nimasini aytay, o‘sha beton devorlarning oqqa bo‘yalgan bir qulochcha joyi meni uch yil omon saqladi, uch yil!..
Jabrdiyda har bir so‘zini sarg‘aygan tishlari orasidan sug‘irib-sug‘irib gapirarkan, menga bir marta ham qaramadi. U faqat o‘sha — bo‘yalgan joyga tikilib turardi. U, go‘yo meni unutgan, mutlaqo unutgan edi!
— Eh, — dedi jabrdiyda, nihoyat, menga o‘girilib. — Bekorchi narsalarni gapirib o‘tirishimga qarang. Buning hammasi bema’nilik, o‘z-o‘zini aldash. Xudoga shukur, endi hammasi orqada, hammasi o‘tdi. Men endi ozodman! Men ozod! Menga endi hech bir oqlik — poklik kerak emas. Men endi odamlar orasidaman! Ha-ha-ha…
Ajab nusxa quvonch va ehtiros bilan yelkamdan quchdi. Uning tanidan anqiyotgan qo‘lansa hiddan jirkanibmi, yo shunchaki cho‘chibmi — beixtiyor orqaga tisarildim.
Ajab nusxa hamon tinimsiz aljirardi:
— Kamera-pamerasini ham, oq devorini ham yelkamning chuquri ko‘rsin. Endi jinniga o‘xshab cho‘nqayib o‘tirish yo‘q, endi faqat shaxdam qadamlar…
U shunday dediyu tamburni gumburlatib, ikki-uch qadam tashladi. Men unga shosha-pisha yo‘l bera turib vagon eshigini qiya ochdim. Oxiri, yelimdek yopishib olgan bu nusxaning oldidan tezroq ketishga uzil-kesil qaror qilgandim.
— Aka, yo‘l bo‘lsin? — deb so‘radi u pismiqlanayotganimni sezib.
Men zo‘raki iljaydim:
— U yoqda… do‘stlar kutib qolishdi.
— Meni kupengizga taklif qilmaysizmi? — deb so‘radi yopishqoq allaqanday nozlangan, erkalangan ohangda.
Uning jiddiy yo hazil gap qilganini bilolmay sarosimada qoldim. Nahotki jiddiy — surbetlik qilayapti? Yo‘g‘-e, hazillashayotgandir? Jig‘imga tegmoqchidir, yaramas?!
Negadir uning ta’nali so‘rovlari menga hazilday tuyuldi-yu, u baribir bormaydi, degan umidda sher bo‘lib:
— Marhamat, — dedim oliftalarcha quchoq kerib. Ammo karomatim chippakka chiqdi. Yopishqoq tashakkurona bosh irg‘ab izimdan ergashdi. Men sipogarchiligimdan qattiq pushaymon bo‘ldim. Nachora, endi kech edi.
Poyezd pishqirib, halloslab yelgani-elgan. Vagon asabiy-asabiy chayqalmoqda.
Biz kupega kirib borganda o‘rtoqlarim hali uxlashmagan ekan. Yuqoridagi ikki joyda Boy bilan Jon cho‘zilib olishgan. Boy allaqanday rasmli jurnalni suqlanib tomosha qilmoqda. Jon esa oliftagarchilikka ko‘tarib yuradigan qalin kitobni varaqlagani-varaqlagan. Pastki ikki joydan birining egasi mening qo‘shnim Bek odatdagiday almisoqdan qolgan magnitofonini titkilab o‘tiribdi.
Ular mening juft bo‘lib qolganimni ko‘rib, bir zum angrayib qolishdi. Men aybdorona iljaydim. So‘ng sherigimni o‘tirmoqqa unday turib, keskin masxaraomuz ohangda:
— Tanishinglar, bu kishi bizning oshno, — dedim. Shu bilan go‘yo kelgan mehmon hech bir e’tiborga loyiq emasligini do‘stlarimga oshkor qilgan bo‘ldim.
Mehmon o‘zini tantanali uchrashuvda deb his qildi chog‘i, qo‘yib bersa o‘tirganlarning har biri bilan quchoqlashadagan darajada hayajonlanib, salomlashuvga tutindi.
Boy bilan Jon yotgan joylaridan erinibgina qo‘l cho‘zishdi. Bek esa ko‘risha turib, o‘rnidan xiyol qo‘zg‘alib qo‘ydi va yana o‘z yumushiga sho‘ng‘ib ketdi.
— Bu kishi — Bek, bunisi — Boy, bunisi — Jon, — dedim har bir do‘stimni qo‘noqqa ko‘rsatib. Ammo shu payt tanishimning ismini haligacha bilmasligim, u ham menikidan bexabarligi lop etib yodimga keldi-yu, oz-moz mulzam tortib qoldim. Lekin gapimning oxirini ustalik bilan hazilga burib yubordim:
— Men esa — o‘sha-o‘sha Qulman.
Aftidan, shu orada qo‘nog‘imiz ham o‘zini tanishtirmaganini eslab qoldi shekilli, darrov o‘z ismini tilga oldi.
Biz haligacha bir-birimizni bilmasligimizni payqab qolgan Boy bilan Jon piq-piq kulishdilar. Ishga astoydil berilib ketgan Bek esa gap nimadaligini bilolmay hammamizga bir-bir angrayib chiqdi.
Ajab nusxa kulgilarga ko‘p ham e’tibor bermay, go‘yo o‘zining yuz yillik uyiga kirgandek bemalol joylashib olarkan, yag‘ir kurtkasining zanjirini shig‘illatib pastga tortib qo‘ydi. Odatdagiday, tinimsiz iljayishda davom etdi.
Oraga jimlik cho‘kdi.
Do‘stlarim o‘zlarini g‘irt loqaydlikka solishayotgan bo‘lsa-da, ammo mehmon bilan g‘oyat qiziqib turishganini payqash qiyin emas edi. Xususan, Bekning ahyon-ahyonda bir menga, bir mehmonga ko‘zini lo‘q qilishi, tepada yotganlarning xiyla besaranjomlashib qoluvi ularning maqsadini oydinlashtirib turardi.
— Bu kishi, — dedim men so‘ylamoqqa qandaydir ehtiyoj sezib, — ko‘p qiyinchilik ko‘ribdi. Uch kun oldin qamoqdan chiqibdilar.
Shunday deyishim bilanoq yuqoridagi ikkala kalla baravariga egilib bosh-oyoq sinchiklab kuzatib chiqdi.
Qo‘nog‘imiz ularning junbushga kelib qolganini o‘zi-cha tushundi shekilli, xuddi, ko‘p katta yumushni tindirib kelganday, kamtarona iljayib, misoli sahnadagi artistlardek, boshini uch-to‘rt silkitdi.
— Biz juda inoq bo‘lib oldik, — deb gapda davom etdim men. Biroq shu lahzadayoq qarshimdagi yuqori joyda yotgan Boyning g‘azab bilan uyulayotgan qovoq-tumshug‘iga nogoh ko‘zim tushdi-yu, damim ichimga tushib ketdi. Uniki kamday, Bek ham chaqchaygan ko‘zlari bilan mehmonga tahdidli ishoralar qildi. Bu — uning «yo‘qot manovini!» degani edi.
Tepamda yotgan Jon ham umumiy bezovtalikdan chetda qolmay, ustma-ust ma’noli tomoq qirdi.
Men ancha shoshib qolgandim. Allaqachonlar tumandek tarqab ketgan shubhalarim qora bulutlarga aylanib, vahima bilan yana bostirib kela boshladi. Axir, manovi uchovi axmoq emasdir? Shular ham bir narsani sezishganki, tinchini yo‘qotishdi? Ob-bo, nega ham boshlab keldim-a, bu shilqimni?
Shilqim esa kupedagi noxush ola-tasirdan bexabar Bekning magnitofon tuzatishini ishtiyoq bilan kuzatib o‘tirardi.
— Rosa qiynabdi-ku, — dedi u astoydil hamdardlik bilan. — Yangimidi?
Bek unga shubhali bir qarab olarkan:
— Ko‘rmayapsizmi titilib ketganini, — dedi istamaygina.
Mehmon Bekka ta’nali bir tikilib olgach, menga o‘girildi. Uning qattiq xafa bo‘lgani yuz-ko‘zidan shundoq bilinib turardi.
Men hamon o‘z yog‘imga o‘zim qovrilib, shubhayu gumonlarning ayovsiz hujumlaridan garangsib turardim, Ustiga-ustak, do‘stlarimning sovuq qarashlari tanaffus bilmas edi.
Men axiyri mehmondan tezroq qutulish payiga tushib qoldim. Buning birdan-bir yo‘li to‘mtayib olish, u bilan gaplashmaslik degan fikrga bordim va o‘zimni qattiq horiganga sola boshladim.
Shu orada Bek magnitafonini asabiy yig‘ishtirdi-da, yemak stolchasining ustiga taraqlatib qo‘ydi. So‘ng o‘z joyiga yotmoqqa hozirlik ko‘ra boshladi. Unga tegishli o‘rindiqning bir chekkasida o‘tirgan mehmon shosha-pisha men tomonga ko‘chdi.
Boy bilan Jon ham allaqachon o‘zlarini uxlaganga solib olishdi.
Vagon bir maromda tebranmoqda. Temir g‘ildiraklarning shovqini avj pardasiga ko‘tarilgan. Kupening keng derazasidan qorong‘ulik vahima solib turibdi,
Nim yorug‘ kupeda faqat ikkovlon hurpayishib qolgan mushuklardek sukut saqlab o‘tiribmiz. Go‘yo gurungbozlikka hech bir gap-so‘z yo‘qday. Aslida-ku, ichim to‘la savollar. Xususan, uning qachon qamalgani, nima uchun qamalgani, qamoqxona hayoti meni juda-juda qiziqtirardi. Lekin bu nusxaning tezroq daf bo‘lishini istab turganimdan, biror narsa so‘ramoqqa hech botinolmas edim. Axir, bu qurmag‘ur lo‘libasharaning bir gapdoni ochilib ketsa qutulib bo‘ladimi undan?!
Qo‘noq bir mahal qarshimizdagi yuqori o‘rindiqqa ko‘z tashlab:
— Aka, tilla soatingiz necha bo‘ldi?— deb so‘radi Boydan. Aftidan, u Boyni uxlamay yotganini sezib, do‘stona suhbatga tortgan, hatto suhbat zavqli bo‘lsin deya «tilla» so‘zini atay hazil uchun qo‘shgan edi.
Boy esa gumonlarga limmo-lim ko‘zini unga emas, negadir menga qadab qo‘poldan-qo‘pol to‘ng‘illadi:
— Tilla soat buzuq.
Qo‘noq horg‘in va xafahol iljayib menga qaradi. Men o‘zimcha vaziyatni yumshatgan bo‘lib:
— Bechoralar charchashgan, — deb ming‘illadim. Ammo qop-qora derazaga ma’yus tikilib turgan mehmon gapimni mutlaqo eshitmadi.
— Qarta o‘ynaymizmi? — deb so‘radi u bir-ikki daqiqadan so‘ng qo‘lini kurtkasining cho‘ntagiga suqib. Men shosha-pisha bosh chayqadim:
— Yo‘q, yo‘q, o‘ynashni bilmayman.
U qo‘lini cho‘ntagidan olmay, bir zum o‘ylanib turdi-da:
— Sizga zo‘r-zo‘r fokus ko‘rsataman, xo‘p? — dedi. Men gap topolmay yelka qisdim.
Qo‘noq cho‘ntagidan hali kam o‘ynalgani bilinib turgan bir to‘p qarta chiqardi-da, ustamonlik bilan chiylay boshladi. Uning tarashadek qo‘llari shunday tez aylanardiki, naq mashina motorining parragi deysiz. U misoli garmon chalayotgandek har quloch kerganda qartalar prujinadek eshilib-eshilib, cho‘zilib ketar, hatto shig‘-shig‘ etgan yoqimli ovoz ham chiqarar edi.
Men shunchalar qaltis harakat chog‘i ham qartalarning sochilib ketmayotganini ko‘rib hayratga tushardim.
Nihoyat, u tilga kirdi:
— Manavi, — dedi u erkak tushirilgan bir dona qartani naq tumshug‘imga tiqib, — «Pristupnik № 1». Siz yaxshilab ko‘rib oling, lekin men ko‘rganim yo‘q, to‘g‘rimi?
Men tasdiqladim. Qo‘noq «pristupnik»ni yana qartalarga aralashtirib tashladi-da, yana bir qartani qo‘limga ko‘ndalang qilib:
— Manovi, — dedi, — uning sevgilisi. Yaxshilab ko‘rib oling, aka.
Men yarim-yalang‘och ayol tasvirlangan qartani eslab olganimga, fokuschining o‘zi bu qartani ham ko‘rmaganiga yana bir karra ishonch hosil qilganimdan so‘ng u «mahbuba»ni ham to‘pga qo‘shdi. Keyin boyagidan-da chapdastlik bilan qartalarni chiylab, prujinadek cho‘za boshladi.
— Hozir, — dedi u cho‘g‘dek porlayotgan ko‘zlarini yonga qadab, — «Pristupnik № 1» soqchini gum qilib, qorovul boshliqlarini otib tashlab, qamoqxonadan qochib ketadi va o‘z sevgilisining bag‘riga eson-omon yetib oladi. U baxtli bo‘ladi, u baxtli bo‘ladi!
U oxirgi so‘zlarini og‘zidan tupuk sachratib takrorlar ekan, ko‘zlarini kupening qop-qora derazasiga burdi. Aftidan, u bizni butkul unutgan edi!
Qo‘noq ehtiros bilan gapirib, qartalarni yashin tezligida aralashtirarkan, nazarimda, u goh afsun o‘qiyotgan jodugarga, goh kinolarda ko‘rganim — sim to‘siqlararo sudralib borayotgan, ko‘zlarida qat’iy ishonch balqib turgan mahbusga juda-juda o‘xshab ketardi.
Oxiri qartaboz charx urib aylanayotgan qartalarning ichidan bir juftini oldimga tashladi-da, tinchidi-qoldi.
Men juftlarni qiziqish bilan ag‘darib ko‘rdim-u, ajablanganimdanmi yo zavqim jo‘shib ketganidanmi he-elab kulib yubordim. Bular — o‘sha «oshiq-ma’shuq» qartalar edi.
Shu orada g‘ujanak bo‘lib yotgan Bek uyondan-buyonga ma’noli ag‘darildi. Men darhol o‘zimga kelib, sal bo‘lmasa «vazifam»ni unutayozganimni sezib qoldim.
Yana ko‘nglim bezovtalana boshladi. Qo‘nog‘imiz esa qartalarni o‘z holicha chiylab ma’yus o‘tirar, bizga ko‘p ham e’tibor bermas, chamasi nimanidir kutmoqda edi!
Men endi payti yetganini payqab, yostig‘imni uyon-buyonga surdim. Xayriyat, imo-ishoralarim zoye ketmadi.
— Uzalmoqchimisiz?—deb keskin so‘radi mehmon to‘satdan va jilmaydi. Biroq uning bu galgi tabassumi hiyla siniq va shirasiz edi.
Men uquvsizlik bilan ishshayib peshona qashladim. Qo‘noq meni bir qur ko‘zdan o‘tkazdi-da, chaqqonlik bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Bo‘pti, bizga ruxsat endi, — dedi u xayrlashuvga qo‘l uzatib. — Rahmat, aka, hangomalashib kelganingiz uchun.
Mehmon ketishga shaylana turib, do‘stlarimga qarata:
— Kechirasizlar… — dedi quruqqina qilib.
Zum o‘tmay kupe eshigi shig‘illab ochildiyu yopildi. Men turgan joyimda serrayib qoldim. Eshik yopilishi bilan Bek joyidan sakrab turdi. Boy bilan Jon ham oyoqlarini osiltirib oldilar.
— Uff, kimni ergashtirib kelding, a? — deb so‘radi Bek ko‘zini lo‘q qilib.
— Insonparvar, — deb to‘ng‘illadi Jon yuqoridan ihrab tushar ekan.
Men shunday ta’nalar toshbo‘roni ostida yana bir karra aybdorona iljayib joyimga cho‘kdim.
— Yuvuqsizning qip-qizil o‘g‘riligi basharasidan bilinib turibdi-ku?! — dedi allaqachondan beri tepamda qoqqan qoziqday bo‘lib turgan Boy.
Men o‘zimni oqlamoqqa bir-ikki harakat qilgandim, ular ayovsiz qayirib tashlashdi. Noiloj, damim ichimda, miq etmay turaverdim.
— U yolg‘iz emas, — dedi jiddiy tahlikaga tusha boshlagan Boy. — Uni atay, razvedkaga yuborishgan.
Bek unga ilova qildi:
— Yaramaslar, doim sayohatchilarni poylab yurishadi-da.
— Kupega begonani kirgizmanglar, deb Palonchayev qancha tayinlagan edi-ya… — dedi Jon ham o‘ychan bir qiyofada.
Bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqea muhokamasi to‘rtovlon o‘rtasida gurullab yona ketdi.
— Magnitafonga yeb qo‘yguday qaradi-ey…
— Kupeni zimdan kuzatishini ko‘rdingmi?
— Sening soating tilla ko‘rinib ketdimi deyman, he-he-he…
— Ukkag‘ar, juda quv ko‘rinadi-ya?
— Qarta chiylashiga besh ketdim-da…
— Bu ham bir ayyorlik-da…
— U ham hozir sheriklari bilan maslahat qilib yotgandir?
— Palonchayevga aytsakmikan?
— E, qiziqmisan, bir kamimiz o‘sha jirraki boshlig‘ingdan so‘kish eshitishmi?
— Endi nima qilsak-a?
— Endi nima qilsak-a? Shubhalar-gumonlar, tashvishli shivir-shivirlar, jiddiy maslahatlar yarim soatcha cho‘zildi.
Men ham uch-quyrug‘i yo‘q xavotirlar changalida, miq etmay, igna ustida o‘tirganday o‘tirar, do‘stlarimga umidvor tikilar edim.
Nihoyat, maslahatlar pishdi. Biz shu tunda muqarrar hujum qiladigan bosqinchilar bilan beomon olishuvga qaror qildik.
Vaqt ham allamahal bo‘lib qolgandi.
Biz yostiqlarimiz tagiga ichimliklardan bo‘shagan to‘rt-besh shishani bostirib, joy-joyimizga omonat-omonat cho‘zildik. Ammo uyqu qayoqda, deysiz. Xiyla paytgacha o‘g‘rilar, talonchilar, qotilliklar haqida gurunglashib yotdik.
Poyezd vishillab, xalloslab yelgani-elgan. Temir «tuyoqlarning taraqa-turuqi horigan vujudlarni battar horitib, asablarni rahmsiz egovlaydi. Deraza orti zim-ziyo zulmat. Poyezd hoynahoy ulkan bir dashtlik bo‘ylab ketib borar edi.
Mening nihoyatda chekkim kelardi. Sheriklarim tahlikali to‘lg‘ona-to‘lg‘ona jimib qolishdi. Aftidan, sal-pal mizg‘iyotgan bo‘lishsa kerak.
Men oxiri chidayolmay o‘rnimdan turdim. Sigaret qutimni, gugurtimni paypaslab topdim-da, tashqariga chiqmoqqa shaylandim. Ko‘nglim allanechuk xijillikka to‘lib turardi.
Kupe eshigini shig‘illatib ochganimda do‘stlarim darhol birin-ketin bosh ko‘tarishdi. Men kulgu bilan ularni tinchlantirgan bo‘ldim.
Vagon yo‘lagida hech kim ko‘rinmasdi.
Men tambur tomon yo‘naldim…
Nogoh unga ko‘zim tushdiyu, qattiq seskanib ketdim.
U yana o‘sha o‘zining iprisqi burchagida cho‘nqayib o‘tirar, ko‘zlari bir nuqtaga — o‘z qo‘li bilan oqqa bo‘yagan o‘sha tambur «devori»ga ma’yus qadalgandi.
Ajab nusxa meni ko‘rmadi. Yo ko‘rsa ham zarracha e’tibor bermagan edi…
Men tamburda bir zum kalovlanib turgach, bu yerda chekish xiyla o‘ng‘aysizligini anglab, sekin izimga qaytdim.
Unga yana beixtiyor ko‘zim tushdi. U hamon cho‘nqayib o‘tirar, o‘sha bo‘yalgan joyga toliqmay tikilar edi. Ajab nusxa xuddi shu o‘tirishida qushga o‘xshardi. Ha, bahaybat, mag‘rur qushga o‘xshar edi! U, nazarimda, o‘zining bepoyon oqlik o‘lkasi tomon mangu parvozga shaylanayotganday tuyuldi.
Poyezd o‘kirib shiddat bilan yelib borar edi.