Shodmonqul xonasiga kirib, endigina ish boshlamoqchi bo‘lib turgandiki, ostonada kotiba qiz bo‘y ko‘rsatdi.
– Sizni boshliq yo‘qlayapti! Tez…
Boshliqning o‘z xodimlarini yo‘qlab turishi tabiiy hol bo‘lsa-da, ammo negadir bu yo‘qlovdan Shodmonqulning yuragi uvushdi: “Tez? Nima bo‘ldi ekan-a?! Ishqilib Mardon Shukurovichni kayfiyati yaxshi bo‘lsin-da!”
Shodmonqul kuni kecha boshliq buyrug‘i asosida bajargan yumushlarini birma-bir ko‘z oldidan o‘tkazdi: “Mardon Shukurovichning hamma aytganlarini… Ha-a, ishdan salgina barvaqtroq ketgandim. Ehtimol, o‘shanga jahli chiqib…”
Shodmonqul xayol bilan bo‘lib, qabulxonaga kirganini ham sezmay qoldi. Cho‘g‘day poyandoz ustida qator terilgan o‘rindiqlardan biriga o‘tirmoqchi bo‘lgan ediki, tirnog‘ini manikyur qilayotgan kotiba so‘z qotdi:
– Siz kiravering… Mardon Shukurovich kutyaptilar!
Shodmonqulning badaniga yana titroq kirganicha qo‘li beixtiyor eshik bandiga yugurdi. Tupugini yutib, ichkariga qadam qo‘yarkan, boshliqning yuzidagi iliqlikdan yengil tortdi.
– Kiring… kiravering! – Mardon Shukurovich odatiga xilof ravishda o‘rnidan qo‘zg‘alib, uni qarshiladi. – Xo‘sh-sh, ishlar qalay?
Shodmonqul ming‘illab minnatdorchilik bildirarkan, yuragi hapriqdi: “Bu muloyim kutib olishlar bekorga emas-ov! Hozir yana muhim topshiriq yelkamga yuklanadi…”
– Eshitishimga qaraganda… – Mardon Shukurovich yuziga jiddiy tus berdi. – Sizning ov degan narsalardan ham xabaringiz bor emish?! Katta ovchi emishsiz?! Uchib borayotgan qushning ko‘zidan urarmishsiz. Shu gaplar rostmi?
Shodmonqul o‘ng‘aysizlandi.
– Ha, endi… bir paytlar tog‘da yashagan davrlarda…
– Bo‘lmasa topshiriq shunday! – Mardon Shukurovich xodimining gapini cho‘rt kesdi. – Bilasiz, anchadan buyon sog‘lig‘imning mazasi yo‘q… Men bormagan kurort, sanatoriy qolmadi. Kecha bir tajribali vrach aytdiki, mening kasalimga kiyik go‘shti shifo bo‘lar ekan! Qalay, shu vazifani sizga ishonib topshirsa bo‘ladimi?!
Shodmonqulning yuragiga og‘riq kirdi. Uni shu tobda kiyikni “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob hayvon ekanligi yoxud uni topish va ovlash qiyinligi emas, balki… O‘shanda Shodmon polvon kelbat o‘smir yigit, tog‘li qishloqlardan birida yashardi. Ovchiligi tufayli el orasida “Mergan” degan nom ham orttirgan edi. Darhaqiqat, Mardon Shukurovichga yetkazishgandek bir paytlar qo‘liga miltiq tutganda ko‘zga chalingan qush yoxud jonivor undan qochib qutulolmasdi. Yangi uylangan kezlarida kimdir “Tirik tutilgan ayiq bolasi hisobiga” unga katta miqdorda pul va’da qildi. Shodmon mergan to‘yga ketgan xarajatlarni qoplash niyatida shartga rozi bo‘ldi. Odatiga ko‘ra, kallai saharlab o‘lja qidirishga otlandi. Ammo o‘sha kuni omad undan yuz o‘girdi. Ayiq yashaydigan g‘or tomon borayotganida, ehtiyotsizlik oqibatida bosgan qadamidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Oyog‘i ostidan ko‘chgan toshga qo‘shilib, o‘zi ham jarlikka uchdi…
…Oyoq-qo‘li gipsda shifoxonada shiftga termilib yotarkan, o‘zini ko‘rgani kelganlarga, yoshgina xotiniga qarab yolvordi:
– Meni begunoh jonivorlarning uvoli tutganga o‘xshaydi. Nahotki umrim tugagan bo‘lsa?! Sizlarning oldingizda qasam ichib aytamanki, eson-omon, o‘lmay oyoqqa turib ketsam, bundan bu yog‘iga qo‘limga miltiq ushlasam, meni ov ursin! Sizlar ham menga umr tilanglar…
Mardon Shukurovichning bu qasamdan xabari bor yo yo‘q ekanligini bilmaydi. Bilganda ham…
– Ha, o‘ylab qoldingiz? – uning xayolini boshlig‘ining norozi ohangdagi so‘zi buzdi. – Yo iltimosimiz malol keldimi? Ho‘-o‘, og‘ayni, boshni ko‘taring… Axir, hali sizni yana ham yuqoriroq… Ehm-m, yog‘liroq joyga qo‘yamiz deb o‘ylab yurgandim.
Shodmonqul zil-zambilga aylangan boshini zo‘rg‘a ko‘tardi…
– Mardon Shukurovich, biror marta xizmatdan bo‘yin tovlaganmidik? Ammo… bir o‘ylab ko‘rishga ruxsat bering!
Mardon Shukurovich “o‘ylab ko‘rishni” rizolik alomati deb tushundi, shu bois yoyilib jilmaydi.
– Barakalla! Tanti yigitligingizni yana bir marta isbotlaysizda-a? Sizga ikki kun, ana, boring besh kun muddat. Boshbuxga aytib qo‘yibman, “komandirovochniy”ni biryo‘la ola keting. O‘lja bilan kelsangiz “kvartalniy” mukofot olasiz. Kelishdik-a?! Xo‘p, xayr! Ovingiz baroridan kelsin.
Shodmonqulning dardi bo‘g‘zida qotdi. Qabulxonaga qay tariqa qaytib chiqqanini sezmay qoldi.
Ashqol-dashqollar saqlanadigan qaznoqni titkilab changga botgan miltiqni topib chiqqan Shodmonqul xotiniga duch keldi.
– Tinchlikmi?! – erining qo‘lidagi qurolni ko‘rib ayolning rangi oqardi. – Safarga miltiq olib ketadigan odatingiz yo‘q edi-ku? Yoki…
Shodmonqul xotinining ko‘z qarashidan shu savolni tuydi: “Yoki ichgan qasamingizni buzib yana jonivorlarning qonini to‘kishgami?”
Shu bois u shosha-pisha o‘zini oqlagan bo‘ldi.
– Qishloqqa olib borib…. Sotmoqchiman!
Qishloqda har safargidek Shodmonqulni qarindosh-urug‘lari, jo‘ralari iliq qarshilashdi.
– Seni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku, – yarim hazil, yarim chin ohangda so‘radi qishloq sho‘rosining kotibi, Shodmonqulning tengdoshi Rahmonqul Mirzo. – Butunlay shaharlik bo‘lib ketdimikan, deb o‘ylovdik. Ko‘pga keldingmi o‘zi?
– Uch-to‘rt kunga, – Shodmonqul yutindi, do‘stidan nima haqidadir so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, ammo botinolmadi. – Bu tog‘da hali ham kiyik… Umuman, tog‘-toshlarni sog‘indim.
Rahmonqul Mirzo miyig‘ida kuldi.
– Sog‘inishing turgan gap. Axir bolaliging o‘tgan joylar… Lekin og‘ayni, keyingi paytlarda tog‘larimizga ko‘z tegdi. Oldin bu tomonlarga mashina tugul, otda kelish ham qiyin edi. Eslaysanmi, qish kezlarida kakliklar yemish izlab qishloqning etagigacha tushib kelishardi. Kiyik degan jonivorlar…
Shodmonqul negadir titrab ketdi. Rahmonqul Mirzo esa uning bu holatini sezmagan ko‘yi shavq bilan so‘zida davom etdi.
– Ha-ha… Kiyik, olqor degan jonivorlar poda-poda bo‘lib yurishardi. U paytlarda, tan berish kerak, ovchilar ham insofli edi-da! Bu tomonlarga asfalt yo‘l, elektr toki keldi-yu, hayotimiz o‘zgardi-qo‘ydi. Insofingni bo‘ri yegurlar, mashinada, vertolyotda ov qilishadi-ya… Aytib qo‘yay, dunyoda odamday diyonatlisi va odamday noinsofi bo‘lmaydi. Insonning oyog‘i yetgan joyda jonivor deganining sho‘ri quriydigan bo‘lib qoldi. Xayriyat, bu atroflarni qo‘riqxonaga aylantirishdi-yu, talon-torojlik ozroq bo‘lsa-da, barham topdi. Lekin, kattalarning ruxsati bilan miltiq ko‘tarib keladiganlar hali ham uchrab turadi.
Shodmonqul yana yutindi.
– Bu… Tog‘da kiyiklardan bitta-yarimta qolganmi, yo?..
Rahmonqul Mirzo yalt etib unga qaradi.
– Kiyik nimaga kerak senga? Ov qilmasligingni hamma biladi…
Shodmonqul ko‘zlarini olib qochdi.
– Shunchaki… Tushlarimga ham kirib chiqadigan bo‘lib qolgan, jo‘ra. Jonivorlarni aytib o‘tirma.
Rahmonqul Mirzo do‘stini yupatgan bo‘ldi.
– Ha-a… Haqiqatan tug‘ilgan joyingni sog‘inibsan. Unday bo‘lsa mana, men qavatingga kirib o‘zim aylantiraman.
– Yo‘q, yo‘q! – Shodmonqul o‘zini o‘ta horigan qiyofaga soldi. – Men o‘zim… Yolg‘iz aylanish niyatim bor. Menga faqat bitta ot berib… kiyiklar o‘tlaydigan joyni ko‘rsatsang, bas! Negadir o‘sha jonivorlarni ko‘rgim kelyapti…
Shodmonqul bexos otning kishnashidan uyg‘onib ketdi. Bu kezda hali atrofdan korong‘ilik qora pardasini yig‘ishtirib olmagan, ko‘k toqida ikki-uch hovuch yulduzlar shodasi sovuq nur sochib turardi. Shodmonqul yosh bolalardek ko‘zini ishqalab supadan tushib kelganda, Rahmonqul Mirzo qorato‘riq baytalning jilovidan tutgan ko‘yi darvozaxonada unga mahtal turardi.
– Tezroq yuvinib otlanaqol… Nonushtang xurjunda. Tog‘ni saharlab tomosha qilmasang… Otning yuvoshidan tanladim, shunday bo‘lsa-da, ehtiyot bo‘l. Tog‘begiga ham tayinlab qo‘yganman. Qiynalsang, o‘shanga uchrashasan. Kiyiklar o‘sha o‘zing bilgan Kiyikdara tomonida… Tushlikka yaqin yetib borsang ham katta gap. Ular suv ichgani toshbuloq tomon kelishadi. O‘shaning-chun tezroq otlana qol… Men ketdim, shaharga tushib kelishim kerak.
Rahmonqul Mirzo ketishi bilanoq u ortga qaytdi. Yashirib qo‘ygan qurolini olib, xurjunga joyladi, so‘ng otini yetaklab darvozaxonadan chiqdi.
…Shodmonqul “shaharlik” bo‘lganidan buyon ulov minishdan chiqib qolgan ekanmi, egarda o‘tirishidan tezda toliqdi. Baytalni jilovidan tutgan ko‘yi so‘qmoq bo‘ylab odimladi. Yo‘lning ikki tomoni o‘t-o‘lanlarga burkangan, havoda xushbo‘y hid anqir, pastda tezoqar daryo shovullardi. Ammo Shodmonqul atrof manzarasini ko‘rmas, xayolida turfa fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi: “Ishqilib, Kiyikdaraga eson-omon yetib borib birorta bo‘lsa ham… Rahmonqul Mirzoning achchig‘i kelsa-chi? Ha, unda… Brakoner ovchi otgan ekan, meni ko‘rib tashlab qochdi deyman-da! Ishonsa ishonar, ishonmasa, qishloqdan oyog‘im tortiladi… Hali u yoqda xotinim ham bor. Bu yoqqa kelayotganimda miltiq olayotganimni ko‘rib g‘ingshigandi: “Ov qilmayman deb qasam ichgandingiz. Nega yana… Qasamni buzish erkak kishiga gunoh!” Qasam ichganim-ku yodimda, lekin bu enag‘ar Mardon Shukurovich qasamni biladimi, birovning qo‘lidan keladimi-yo‘qmi, uning necha pullik ishi bor?!”
Porillagan tovushdan Shodmonqul cho‘chib ketdi. Tosh orasidan bir juft kaklik ko‘tarilib jarlik tomon o‘qdek uchdi. Ot hurkib bezovtalandi… Shodmonqul ehtiyot shart egardagi xurjunga qo‘l tiqib lattaga o‘rog‘liq miltiqni sug‘urib olishga taxt qilib qo‘ydi. Aytib bo‘ladimi… Bu tog‘u toshlar orasida bo‘ridan tortib qoplongacha uchratish mumkin.
Shodmonqul miltig‘ini yelkaga olgach, otni yaqinroqdagi pista daraxtiga bog‘ladi. Bundan bu yog‘iga ulovda yurish xavfli edi. Shodmonqul biroz tin oldi. Xurjundan Rahmonqul Mirzo solib qo‘ygan tugundan bir parcha patir bilan bo‘lak yaxna go‘sht oldi. Lekin ishtahasi bo‘g‘ilib yana joyiga qo‘ydi. Kiyikdaraga ko‘tarilib olish uchun biroz kuch yig‘ib olish kerak. Toshbuloqqa yetib olsa, ana o‘sha joyda bemalol ovqatlanadi. Shuncha xatti-harakati evaziga hali kiyik uchramasa nima bo‘ladi? Yo‘q, Rahmonqul Mirzo aldamaydi. U aytdimi, demak, kiyik bor. Eh, shu tashvishdan bir amallab xalos bo‘lsaydi, ikkinchi marotaba ov degan narsani butkul yig‘ishtirardi. Baribir shu ichgan qasamini buzayotgani yomon bo‘ldi-da! Irimchi bo‘lmaganida ham go‘rga edi. Endi bundan bu yog‘iga biror ishi yurishmasayam ana shu qasamni buzganlikka taqayveradi. Mardon Shukurovichning buyrug‘ini bajarmaslik esa… Buning ustiga boshliq yog‘li vazifa ham va’da qilyapti…
Shodmonqul og‘ir o‘ylar girdobidan zo‘rg‘a qutulib, tor so‘qmoqdan tepaga qarab tirmashdi. Yuragi gurs-gurs urar, a’zoyi badani jiq terga botgan, tizzalari qaltirar, Mardon Shukurovichning istehzoli basharasini ko‘z oldiga keltirgancha yana tepaga odimlardi.
Shodmonqul Toshbuloqqa yetib borganda tamoman holdan toygan, qo‘l-tizzalari shilinib tushganligidan muttasil achishar, ammo anchagina tetiklashgan edi: “Ishqilib, yetib keldim-ku! Bu yog‘iga biqinib… Bir kecha-kunduz bo‘lsa ham poylayman. Mayli, hamqishloqlarim, ana… xotinim ham yuz o‘girsin! Lekin Mardon Shukurovichni tan oldirtirsam bas… Ana shundan keyin ishxonada mening pishagimni “pisht” deb ko‘rsinlar-chi?!”
Shodmonqul niyat qilgandek buloqning suvidan tiniqib ichdi, yengil-elpi tamaddi qildi: “Shamol yo‘nalishiga teskari tomonni tanlash kerak. Bo‘lmasa kiyik degan jonivor olti chaqirimdan ham begona hidni tuyadi. Hu, anavi xarsang orti… O‘sha joy ma’qulga o‘xshaydi. Baland buloq atrofi o‘sha joydan kaftdek ko‘zga tashlansa kerak”. Shodmonqul yaxshilab joylashib olgach, nima ish qilishini bilmay, yana xayolga botdi: “Baribir qasamini buzayotganligi ko‘p xunuk ish bo‘ldi-da! Bitta poraxo‘r boshliqning buyrug‘i sabab elu yurt, hamqishloqlari yuz o‘girishsa-chi?! Xotinini-ku “Qurolni sotib kelaman”, deb aldadi. Bir kun shu ishning misi chiqadi. Unda necha pullik kishi bo‘ladi… Yo‘q… Yo‘q! Bu ishni bajarmasa bo‘lmaydi! Hamqishloqlarini uning shaxsiy hayoti bilan nima ishi bor? “O‘zing uchun o‘l yetim”, degan gap bor. Bu olamda qasam ichib uni buzib yashayotganlar kammi?! Axir u ham yaxshiroq mansab egallashni, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni istaydi… Agar shu buyruqni bajarmasin-chi! Mardon Shukurovich uning dumini tugadi. Ey, Xudo! Shu tashvishdan eson-omon qutulib olsaydim…”
Shodmonqul muzdek toshga suyanib xayoliga erk bergancha mudroq bosganini sezmay qoldi. Qancha vaqt o‘tganini bilmadi. Ichki bir hisdan tuyqus cho‘chib uyg‘ondi. Xarsang orasidan buloq tomoniga qaradi-yu, qichqirib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi. Bir emas, bir to‘da kiyik shundaygina uning ko‘z oldida o‘tlab yurardi. “Ha, Rahmonqul Mirzo aldamasligiga kafil edim! – Shodmonqulning qo‘li beixtiyor miltiq tomon siljidi. – Endi Xudo omadni berib… Anovi chetda qorovullikda turgani semiz ekan… E-e, kichkina ikkita bolachasi bor-ku! Yo‘q, ular uvol. Yaxshisi, to‘daga qarab otadi… Ishqilib qo‘li chiqib ketmagan bo‘lsin-da!”
Shodmonqulning tomirlarida ovchilik qoni qaytadan gupurgandek bo‘ldi. Hayajondan yuragi gupillab urdi. Shu asnoda kiyiklar to‘dasining sardori havoda noxush hidni tuygandek g‘alati sas chiqargancha oldinga intildi. Ortidan esa qolgan jonivorlar… Shodmonqul shosha-pisha tepkini bosdi. U shoshib o‘rnidan qo‘zg‘alayotib, tizzasini xarsangga urib oldi. So‘ng og‘riqni ham unutib, oldinga qarab hakkaladi. Buloq boshiga yetgach yuragi zirqirab ketdi. Yon-atrofni qop-qora qonga bo‘yaganicha kiyik bolasi jon talvasasida tipirchilardi. Shodmonqul o‘zidan o‘ttiz-qirq qadamlar chamasi narida iziga qaytgan ona kiyikka ko‘zi tushib qaltirab ketdi. Shodmonqul o‘n yilga yaqin ovchilik bilan shug‘ullanib bunday holga tushmagandi. U hushini yig‘ib oyog‘i ostiga qaradi. Kiyikcha hamon jon talvasasida tipirchilar, chiroyli ko‘zlarining qorachig‘i torayib borardi. Shodmonqul pichoqni sug‘urdi-yu, ko‘zlarini yumganicha jonivorni bo‘g‘ziga qo‘l sirmadi… Yeru osmon chirpirak bo‘lib aylandi. Tog‘u toshlar aks-sado berdi.
– Ichgan qasamingni buzding-a?! Begunoh jonivorning uvoliga kolding-a?!
…Shodmonqul qabulxonaga kirgach, boshliqni surishtirdi.
– Yo‘qlar, – kotiba qiz uning yuziga qaramasdan javob berdi. – Lekin sizni… Kelsa albatta kutib turishingizni tayinladilar. Keyin allaqanday mukofot haqida gapirdilarmi-ey. Marhamat, ana stul… O‘tira turing.
– Vaqtim tig‘iz, – Shodmonqul bir varaq qog‘ozni kotiba qizning oldiga tashladi. – Mana bu… ishdan bo‘shashim, o‘z vazifamni eplolmasligim to‘g‘risida. Men… Qasam urgan odamman!
Kotiba qiz boshini ilkis ko‘tardi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi. Shu uch-to‘rt kun ichida Shodmonqulning sochlarini oppoq qirov qoplagandi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son