Farrux tun bo‘yi ishlaganiga qaramay tongda vaqtli uyg‘ondi. Derazadan xiragina nur tushib turar, deraza ortidan eshitilayotgan shamol va xazonlar sasi mezon boshlanganidan darak berardi.
U bir muddat xayol surib yotdi. Tanasida horg‘inlik, ruhida mahzunlik zohir edi. Yangi romanga so‘ngi nuqtani qo‘ygach, ko‘ngli huvillab qolganini his etar, ko‘ksining chap tomoni bilinar-bilinmas jizillab turardi. “Nachora, — xo‘rsindi u, — endi sening keraging yo‘q. Asar ham, undagi odamlar ham o‘zlari umr basar etishadi. Sen o‘g‘lini uylantirgan ota holiga tushasan. O‘g‘ling oilasi bilan o‘z bilganicha yashaydi. Sen zimdan kuzatib turasanu, hayotiga aralasholmaysan”.
Farrux o‘rindan turib, hovliga chiqdi, kuz havosidan ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi. Muzdek suvda yuvingach, ruhi tiniqlashdi. U chorbog‘chadagi gullar, daraxtlarga suqlanib tikildi. Qari tutning bitta-yarim barglari sarg‘aya boshlabdi. Borliq tabiat qonunlariga so‘zsiz bo‘ysunadi. Inson hamisha ham u bilan hisoblashavermaydi. Taqdiri azal bilan esa bir umr kurashadi. Sirasini aytganda, inson kurashmasa, hayotning qizig‘i ham qolmasa kerak.
Farrux ochqaganini sezdi. Oshxonaga kirib, muzlatgichni ochdi, hech vaqo qolmabdi. Shundagina so‘nggi hafta uyidan chiqmay ishlaganini fahmladi. Nari-beri kiyinib, ko‘cha muyulishidagi do‘konchaga yo‘l oldi.
Do‘koncha bekasi, o‘ttiz yoshlardagi xushmuomala juvon ko‘p kitob o‘qir va u bilan tez-tez bahs-munozaraga kirishib turardi. Bu gal ham ostonada paydo bo‘lishi bilan, savol yog‘dira boshladi.
— Nega ko‘rinmay qoldingiz, domla? Men hatto o‘zingizni ochlik bilan davolayapsizmi, degan xayolga ham bordim…
— Nima qipti? Hozir bu usul urfga aylanib boryapti.
Malika doimiy mijozining to‘rxaltasini bir zumda to‘ldirdi-da, savol nazari bilan unga qaradi.
— Bularni ham avvalgilari qatoriga yozib qo‘yaveraymi?
— Yo‘q! — dedi Farrux tantanavor ohangda, — bularni yozmaysiz, avvalgi qarzlarni ham o‘chirib tashlaysiz, qalam haqi oldim. — U bir dasta pulni “shap” etkazib peshtaxtaga tashladi.
Malika bir pulga, bir Farruxga qarab kulib yubordi.
— Ob-bo, siz-ey, dag‘dag‘angiz bir million olgan odamnikiga o‘xshaydi.
— Unday demang, oppoqqiz! Bir million olmagan bo‘lsam-da, qarzdan qutulaman. Keyin bu pul mening o‘z dunyomda yashashim uchun bir hafta imkon beradi! Butun boshli bir hafta, bildingizmi?
— Bildim, bildim, — dedi Malika sal og‘ringanday, — axir, biror marta qarzni qistaganim yo‘q-ku!
— Ko‘nglingizga og‘ir olmang, shunchaki aytdim-qo‘ydim-da… Siz qarz beruvchilarning eng yaxshisi, eng olijanobisiz.
— Qo‘ysangizchi!.. Sizga shundoq berib yuborsam ham, haqim ketmaydi. Ketmang, siz bilan biroz chaqchaqlashmoqchiman. Bugun ko‘zlaringiz negadir g‘amgin ko‘rinadi, nima bo‘ldi?
— Hechnima, keyingi haftada ko‘proq ishladim. Charchadim shekilli.
— Aldamang.
— To‘g‘risiyam shu. Ko‘zimdayam, o‘zimdayam hech qanaqa g‘am yo‘q! Yangi romanni tugalladim, juda xursandman!
Juvon Farruxga boshdan-oyoq sinovchan nazar tashladi-da, jilmaydi:
— Gaplaringiz rost bo‘lsa, yuring, tashqarida birpas o‘tiraylik!
Ular tol tagidagi o‘rindiqqa cho‘kdilar. Bir muddat jim qolishgach, Farrux bundan uch yil burungi tanishuvlarini esladi.
O‘shanda Malika uni ko‘chada to‘xtatib, dabdurustdan: “Menga yangi kitobingizni sovg‘a qiling”, deb qoldi. Notanish ayolning tomdan tarasha tushganday qilgan iltimosi unga andak malol keldi. “Qo‘ying, singlim, kitobni nima qilasiz? Baribir o‘qimaysiz, hozir ko‘plar shunaqa”, dedi. Malika so‘zida turib oldi: “Yo‘q, men o‘qiyman. Men kitoblaringizni yig‘lab-yig‘lab o‘qiyman”.
Shu tariqa do‘stlashib qoldilar. Yolg‘iz o‘zi yashaydigan Malika haqiqatan ham ko‘p kitob o‘qir ekan. U savollari bilan Farruxni hol-joniga qo‘ymasdi. Bugun suhbatga tortishi ham bejiz emas. Malika uning ko‘nglidagini sezganday so‘z boshladi.
— Keyingi kitobingizni ham o‘qib chiqdim. Sizga bir savolim bor: negadir nuqul baxtsiz odamlar haqida yozasiz. Nima, dunyoda baxtsiz odamlar shunchalar ko‘pmi?
— Adashdingiz, singlim, mening qahramonlarim yuzaki qaraganda shunday tuyuladi. Aslida ular eng baxtli odamlar. Meniyam yurish-turishimni ko‘rib, o‘shalar qatoriga qo‘shsangiz kerak. Sira unaqamas. Men o‘z Dunyomda yashayman. Bu dunyo faqat meniki, bildingizmi?
— Bildim. Lekin meni bir savol uch yildan beri qiynaydi. Shunday baxtiyor odamning xotini nega ajrashib ketdi ekan?
— Nega ketgani hamon menga qorong‘u. Uning baxt haqidagi o‘z tasavvuri bor edi. Ochig‘ini aytganda, dunyoda qancha odam bo‘lsa, baxt haqida tasavvurlari biri-birinikiga o‘xshamaydi. Yangangizga kelsak, uning tasavvuri moddiyroq, meniki esa xayoliyroq edi, shekilli. Shu bois bu ikki qarama-qarshi tushuncha chiqisholmadi.
Malika Farruxga qattiq tikildi. Uning kiyimlari odmigina bo‘lsa-da, chehrasi nurlanib turardi. Ayolning yuragi g‘alati hapqirdi.
— Nahot, shuncha yo‘qotishlardan so‘ng ham o‘zingizni baxtiyor hisoblasangiz?..
Farrux ko‘zlarida yosh miltiragan juvonga boqmay, so‘zlay boshladi:
— Men bir yo‘la uch dunyoda yashasam kerak, deb o‘ylayman. Bu albatta, shartli ravishda. Birinchisi — o‘sha hamma bilgan, hamma uchun yaralgan Dunyoi dun. Ikkinchisi — men yozgan kitoblar dunyosi. Bu dunyo ham hamma uchun. Endi uchinchisiga kelsak, bu Dunyo esa, suhbat boshida aytganim, faqatgina mening Dunyomdir. Bu Dunyoga hech kim, hech qachon kirolmaydi! Hatto, eng yaqin odamlarim ham! Mening baxtim ham, baxtsizligim ham shundadir!
Farrux sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uni ortidan kuzatib qolgan Malikaning ko‘zlari jiqqa yosh edi.
* * *
Kun so‘ngsiz xayollar og‘ushida o‘tdi. Farrux ulkan tut daraxti tagidagi chorpoyada yotganicha mezonning tubsiz osmoniga tikilar, Malika bergan savollar miyasida tinmay charx urardi. “Xo‘sh, men haqiqatan ham baxtlimanmi yoki baxt haqidagi falsafam quruq xomxayolmi? Mendek yolg‘iz odam baxtli bo‘lishi mumkinmi?”.
Oqshom tusha boshlagan, lekin hali unchalik qorong‘u emasdi. Xuddi shu asnoda darvoza g‘ichirlab ochildiyu ostonada tuguncha ko‘targan Malika ko‘rindi. U sariq atlas ko‘ylakda, qirmizi durrachani dol tang‘igan, uyalgannamo nimtabassum qilib turardi.
Farrux o‘rnidan sakrab turdi, yuragi hapqirib ketdi.
— Keling, Malikaxon!
Juvon chorpoya tomon qadam tashlarkan:
— Somsa pishiruvdim. Shuni sizga ilindim… — deya qo‘lidagini yigitga uzatdi.
Farrux ayolga mo‘ltirab boqar va xayolidan shunday fikr kechardi: “Eh, xomkalla, sening baxt haqidagi barcha safsatang shu ma’suma ayolning birgina iltifotiga arzimaydi!”.
— Farrux aka, — dedi Malika o‘rtadagi biroz jimlikdan so‘ng, — men kun bo‘yi kitoblaringizda tasvirlangan ayollar haqida o‘yladim. Ularga havasim keldi. Siz u ayollarni juda yaxshi ko‘rasiz, bo‘lmasa, bunchalik mehr bilan yozmasdingiz. Bilaman, ular sizning xayolot dunyongizda yaralgan. Lekin baribir ularga o‘xshagim keladi. Ba’zan sizni ulardan shunchalar rashk qilamanki… Eh!..
Samoda yulduzlar sayri tobora avjiga chiqar, salqin shabada esardi.
— Sovqotib ketyapman, — dedi bir mahal Malika erkalangannamo.
Farrux ichkaridan uniqqan beqasam to‘nini olib chiqib, juvonning yelkasiga tashladi. Lekin to‘n ham Malikaning titrog‘ini bosolmadi.
— Baribir sovqotyapman! — injiqlandi juvon
— Uning ovozidagi jozibali ginadorlik Farruxning nozik tuyg‘ularini junbushga keltirdi. Malikaning yelkasidan sekin quchib, bag‘riga bosdi. Juvon erkak quchog‘iga suvday singib ketdi. Qachonlardan beri ayol bo‘yini tuymagan Farruxning boshi gir-gir aylanib, nafasi bo‘g‘ziga tiqilardi. Malikaning yuzi yoshdan ho‘l bo‘lgan, yelkalari titrardi.
Mezon tuni tobora quyuqlashar, yulduzlar yanada yorqinroq nur sochishar, ko‘pdan buyon ayol ovozi eshitilmay qolgan bu hovliga Muhabbat demakki, hayot qaytib kelgandi.