Olis-olislarda salobatli tog‘lar ko‘lankasi ko‘zga tashlanar, aqrab quyuq daraxtzorlarda xazon yaproqlardan gulxanlar yoqar, chuqur sukutdagi mo‘ysafid cho‘qqilar tomondan katta karvondek og‘ir bulutlar bostirib kelmoqda edi. Izg‘irin shamol esar, huvillagan bog‘lar ichkarisidan rutubat hidi anqir, qo‘rg‘oshinrang osmondan ko‘z uzolmay turgan Mahkamning yuragida ham go‘yo tog‘ ko‘chkisi sodir bo‘layotgandi.
Necha oydirki, u xorij safarida yurgan rassom do‘stining tog‘ etagidagi shalvirab qolgan hovlichasida yashab, o‘zini o‘nglab olmoqchi bo‘lardi.
Tog‘ toshlari va it oyog‘idek egri yog‘ochlardan nari-beri tiklangan bu g‘arib hovlicha so‘qqabosh rassomga ota-onasidan meros, uni sal epaqaga keltirishga sira hafsala qilmasdi. Uning mo‘yqalamlar, bo‘z va bo‘yoqlardan bo‘lak hech vaqosi yo‘q, mabodo boqiy dunyoga rixlat qilgudek bo‘lsa, uni go‘ru cho‘p qilish hamqishloqlari bo‘yniga tushishi tayin. Hozir xorijda yurgan rassom qaysi hisobdan safarga jo‘naganini hamqishloqlari ham, do‘stlari ham bilishmasdi.
Rassom bir umr shu qishloqda yashab, go‘zal tog‘ manzaralarini abadiyat uchun matoga muhrladi, xalqaro ko‘rgazmalarda g‘olib bo‘ldi, evaziga ancha-muncha pul ham oldi. Bu puldan bo‘z va bo‘yoq uchun ozgina olib, qolganini bolalar uyi hisobiga o‘tkazib yubordi.
Mahkam do‘sti bilan hasratlashgisi kelar, lekin rassomning hech kim bilan ishi yo‘q, ba’zan shaharga borgisi kelib qolsa, tong qorong‘usida yayov yo‘lga chiqib, tushda manzilga zo‘rg‘a yetar, onda-sonda Mahkamning uyida ham mehmon bo‘lar, lekin o‘zini juda noqulay sezardi. Bir necha soat o‘tgach, yana qishloq tomon poyi-piyoda yo‘lga tushar, do‘stining tunab qolish to‘g‘risidagi tavallolariga parvo qilmasdi.
Endi Mahkam ham do‘sti singari so‘qqaboshlikni ixtiyor etdi, qo‘sha-qo‘sha hovlilari bo‘lsa-da, yolg‘iz boshi hech qayerga sig‘madi. O‘g‘illari u bilan birga yashashni istashmadi, qizlari o‘z ro‘zg‘orlari bilan ovora. Pensiyaga chiqib, xotinim bilan maza qilib yashayman, deb o‘ylagan Mahkam qattiq yanglishganini angladi. Xotini unga o‘ta beparvo bo‘lib qolgan, bir choynak choy damlasa ham og‘rinar, nuqul divanda yotib olib, xorij seriallarini ko‘rishdan boshqasini bilmasdi. Ochig‘ini aytganda esa, uning eri bilan sira hisoblashgisi yo‘q, hamma farzandlari uyli-joyli, toparman-tutarman, qo‘lini qayoqqa uzatsa, yetadi. Mahkam avvaliga xotinim qariyapti deb o‘ylab, uning o‘ziga nisbatan loqayd-beparvoligiga unchalik e’tibor qilmadi. Lekin sekin-asta beparvolik, hurmatsizlikka, erining mehnatini tan olmaslik darajasiga borib yetdi.
Kunlarning birida er yaxshi dazmollanmagan shim uchun e’tiroz bildirgan edi, xotin orani uzil-kesil ochiq qildi-qo‘ydi:
– Xohlasangiz – shu! Yoqmasa, o‘zingiz dazmollayvering! Uniyam istamasangiz, ana, katta ko‘cha! Boshqasiga uylansangiz ham mayli, ko‘nglim bulturgidek!
Mahkam quloqlariga ishongisi kelmas, o‘zi bir vaqtlar yaxshi ko‘rib uylangan ayolni taniyolmay qolgan edi.
Xotini uning jim turganini ko‘rib, yana haddidan oshdi.
– Ko‘pam bolalar uchun uni qildim – buni qildim, deb kerilavermang. Ciz otalik burchingizni bajargansiz, xolos.
O‘sha oqshom ular ancha bahslashishdi, xotin sira yon bermadi, qirq yillik umr yo‘ldoshining boshidan shunchalar mag‘zava ag‘dardiki, Mahkam vaqt allamahal bo‘lib qolganiga qaramay, mashinaga o‘tirib, do‘stining tog‘dagi hovlisiga jo‘nadi.
Oradan bir necha oy o‘tdi. Uni na xotini, na farzandlari yo‘qlashdi. Hatto qo‘l telefoniga ham birov qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q.
U nevaralarini sog‘inar, “Men shunchalik keraksiz ekanman-da” degan o‘y miyasini tinmay kemirardi. Axir, ro‘zg‘orim, bolalarim el qatori bo‘lsin, deya tinim bilmay ishladi, sog‘ligi, yoshligi, kuch-quvvatidan mosuvo bo‘ldi. Ko‘zining yog‘ini yeganlar esa, undan ortiqcha gap-so‘zsiz juda osongina voz kecha qoldilar. Eng yaqin do‘stlar, shogirdlar ham uning “yo‘qolib” qolganini sezishmadi.
Oiladan olisda xotini undan qachon bunchalar yiroqlashib ketganini zo‘r berib o‘ylay boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, xotini hammasini silliqqina amalga oshirib ulgurgan ekan. U eng avvalo, nimanidir bahona qilib, o‘ziga boshqa o‘rin sola boshladi. Keyinchalik, eri tun yarmigacha ishda bo‘lishini aytib, xobgohini ham alohida qilib oldi.
Kunlarning birida er hazil qildi: “Endi boshqa-boshqa hovlida yashasak ham bo‘laveradi, chog‘i!..”. Xotini aftini sal burishtirdiyu indamadi. Ular orasidagi jarlik o‘shanda paydo bo‘lib, kun sayin chuqurlashib borgan ekan. Oxiri ikkalasi ham begonalik paydo qilgan shu jarlik tubiga qulab tushishdi. Endi undan chiqish imkoni bormi-yo‘qmi, Xudo biladi…
… Mahkam aqrab izg‘irinidan qunishib, dag‘-dag‘ titrayotgan bog‘da sekin-asta odimlab, shamol shovqiniga quloq tutar ekan, yonog‘iga “chip” etib og‘ir bir tomchi tushdi. Tomchi juda sovuq, muz aralash edi. Shunda u o‘zi ham xiyla sovuq qotganini angladi. Er kishining ko‘z yoshlariga monand yakkam-dukkam tomchilar jadallashdi.
Mahkam osmonga tikildi. Olis cho‘qqilardan yo‘lga chiqqan o‘sha og‘ir qo‘rg‘oshinrang bulutlar shundoq, qishloq tepasida osilib turar, endi yomg‘ir emas muz yog‘ilar, yalang‘och daraxt novdalari “shatir-shutur” qilardi.
Badani junjikib, titrayotganiga qaramay, uyga kirgisi kelmas, tabiatda qo‘zg‘alayotgan bo‘ron uning qalbidagi talotumlar oldida hech gap emasdi, chamasi.
Yog‘ayotgan muz aralash yomg‘ir novdalarda katta-kichik billur sirg‘alardek osilib turar, bu manzara Mahkamning yuragidagi mahzunlikni yanada oshirardi.
Vo darig‘, shunchalar shirin hayotning shunchalar shafqatsizligini ko‘ring. Jahonni larzaga solgan Iskandar Zulqarnaynning boqiy dunyoga rixlat qilar chog‘ida tobutdan chiqarib qo‘yilgan ochiq qo‘li haqida juda ko‘p gapiriladi. Ya’ni u narigi dunyoga qup-quruq ketgani ta’kidlanadi. Bu qaytarilaverib, me’daga tekkan gaplar. Cirasini aytganda, murdaning qo‘li quruq ketgani katta fojea ham emasdir, ehtimol? Axir, Iskandar narigi dunyoda mol-davlatni boshiga urarmidi? Jannat huru g‘ilmonlari ham zar-zevarga o‘chmikanlar? Kim biladi, deysiz?
Ha, Iskandarning ochiq ketgan qo‘llari haqida ko‘p gapiriladi, lekin hamma narsadan mosuvo ko‘ngli haqida hech nima deyilmaydi.
O‘lim – haq, undan unchalik qo‘rqish ham kerak emasdir. Lekin o‘lim sodir bo‘lgunga qadar bandai ojiz do‘st-dushmandan, xotin, bola-chaqa, mol-mulk, qahr-g‘azab va mehrdan – bor-budidan judo bo‘la boshlaydi. Axir, shuning o‘zi o‘limdan yuz karra dahshatliroq-ku!
Zero, Cen – bu sensan. Cendan boshqasi – sen emas! Cen emasmi, demak, mutlaq vafo ham qilmaydi. Shoir aytganiday, “Dunyoda o‘limdan boshqasi – yolg‘on!”
Lekin bu hali hammasi emas. Eng dahshatlisi, shuki, sen o‘z meningga ham qarshi borasan, shunga majbur-mahkumsan. Zero, vaqt-vaqti bilan o‘z-o‘zingni nimagadir ishontirmoqchi bo‘lasan – aldaysan. Birovdan aldansang xafa bo‘lasanu, lekin o‘zingni o‘zing bemalol aldayverasan, hech ham xafa bo‘lmaysan. Mantiq qani?
Olamda seni aldamaydigan va sen ham aldayolmaydigan ikki narsa mavjuddir. Biri – Yaratguvchi. Ikkinchisi – Tabiat. Zero, Oy – bu har doim Oy, Quyosh – har doim Quyosh. Yer, Cuv, Qor, Yomg‘ir, Shamol ham xuddi shunday.
Mana, hozir, boridan ajrab, mung‘aygan bog‘ ham bahor kelgach yana gul ochadi.
Lekin tabiatning eng komil mavjudoti bo‘lmish inson-chi? Inson shu bog‘ yanglig‘ qayta gul ocha oladimi? Yo‘q, aslo! Bog‘larga ko‘klam har yili tashrif buyuradi, lekin inson umrining bahori bir martagina keladi…
…Mahkamning kiprigiga mayin, yumshoq bir narsa qo‘ndi. U seskanib ketib atrofga alangladi. Muz aralash yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylangan, qontalash xazonlar, daraxt uchlari, maysalarni oqqa burkab ulgurgandi.
“Eh, bu yog‘i zo‘r bo‘ldi-ku, — dedi Mahkam tabiat mo‘jizasidan to‘lqinlanib. – Qish bola tashladi – kuzda qor yog‘di!”.
Mahkam yuz-ko‘zlariga qo‘nayotgan momiq qordan huzurlanib, ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi. Bolaligidan qorni yaxshi ko‘rar, shu topda xuddi o‘sha, ma’sud damlardagidek sho‘xlik qilgisi kelar, necha oylardan beri ong-shuurini qoplab olgan gard-g‘ubor tarqab, ko‘nglining zimiston burchaklari yorishmoqda edi.
Birdan u sovqotib, tishlari takillayotganini sezdi. Ayvon tagida g‘amlab qo‘yilgan quruq o‘tinni olib, chog‘roq xonadagi pechkaga o‘t yoqadi.
Birozdan so‘ng xona isib, deraza oynalarini ter qopladi. Xuddi shu asnoda tashqarida mashina ovozi eshitildiyu ko‘p o‘tmay, supada bir necha kishi ko‘rindi.
Mahkam hayron bo‘lib, eshikdan chiqqan edi, quvonchdan yuragi hapriqib ketdi. Kelguvchilar – rassom do‘sti, kichik o‘g‘li Adham va bu yerlarning odamiga o‘xshamaydigan 40-45 yoshlardagi notanish ayol jilmayib turishardi.
Mahkam avval do‘sti, keyin Adhamjon bilan quchoqlashib ko‘rishdi.
– Darvoqe, tanishinglar, bu kishi turmush o‘rtog‘im Natali. Frantsiyalik. Umrimning so‘ngini shu ayol bilan o‘tkazishga ahd qildim. Co‘qqaboshlik jonga tegdi. Qachongacha o‘zim ovqat pishirib yuraman? – dedi rassom.
– Tabriklayman, do‘stim, qo‘sha qaringlar, – dedi Mahkam bu yangilikdan xursand bo‘lib.
Natali nimtabassum bilan unga qo‘l uzatdi.
Uyga kirib, birgalikda dasturxon tuzatishar ekan, Adhamjon xursandlikdan og‘zining tanobi qochib, shunday dedi:
– Ota, suyunchi bering! Kecha o‘g‘il ko‘rdim!
Mahkamning miyasiga nimadir “gup” etib urildi, bir necha soniya mobaynida sarxush odamga o‘xshab qoldi. Qordan yorisha boshlagan ko‘ngli tag‘in ham ko‘tarilib ketdi.
– O‘g‘il muborak bo‘lsin, bolam, – dedi ovozi titrab. – Umri bilan bergan bo‘lsin!
Mahkamning sarxushligi oshib borar, nima deyayotgani, nima qilayotganini bilmasdi. U xonadan sekin sirg‘alib chiqdi-da, bog‘ tomonga o‘tdi.
Dov-daraxtlar oppoq salla o‘ragan nuroniy chollardek sukut saqlashar, chor-atrof mahv bo‘lgan tiramoh, kirib kelgan qish ohanglariga to‘la, Mahkamning yuragi hapriqmoqda edi. Kiprigida bir tomchi yosh dirillab turdi-da, so‘ngra yonog‘iga dumaladi, lablarida sho‘rtak ta’m sezildi, ko‘ksi jizillab, achishib ketdi.
U qor qo‘ynidagi boqqa yanada diqqat bilan tikildi. Ajabo, nigohlari oldida qor emas, oppoq gullarga burkangan daraxtlar jilolanib turardi.
“O‘zAS”dan olindi.