Javlon Jovliyev. Lobar, Lobar, Lobarim mening (hikoya)

I

“– Keling, ko‘rishaylik. Negadir, bugun… kim bilandir dardlashgim kelayapti.
– Soat nechida?
– Ishdan chiqqan paytizda-da…
Qo‘limda telefon tutgancha, o‘tirg‘ichga suyanaman. Lobar betoqat yana nimalardir deydi. Derazadan ko‘zim quyoshga tushadi. Quyosh qizg‘ish ranglar bilan xayrlashish tasvirini chizardi.
– Kelishdik.
– Ey… Faqat, o‘tgan safargidagiday kechikmang.
– Xo‘p.
– Aniq! Kechikmang, kutaman”.
Telefonni qo‘yib, o‘tirgan joyimda toshdek qotaman. Tanam titrab ketadi. Burnim achishib, ko‘zim negadir namlanadi. Bu na anduh, na armon, na hayrat ko‘z yoshlari… Bu mening xotiram, bu umrimning ajib va nurli yoshlaridir. Men orzum osmoniga sochilgan yulduzdek yoshlarimni izlab yo‘lga tushaman…
– Lobar, Lobar, Lobarjonginam…

II

U farishtali, oppoqqina qiz. Bu oqlikka qasdlangan qosh-ko‘zlar tim qora. Chehrasida fayz, silliq yuzlarida nafis kulgichi bor. Na-da yanoqlar, qavoqlar ham tabassum qiladi, bunga shaydo kiprik­lari ham unga qo‘shilib birdek to‘lqinlanadi. Jigarrang ko‘zlar tubi cheksizlikka tutashganday sirli, tarovatli, ohangli va yana allambalo.
Men uni ilk bor ko‘rganimda oq ko‘ylakda, serqatnov yo‘lda onasining qo‘lini mahkam ushlab turardi. U imtihoni haqida tinmay gapirar, onasi faqat savol berishga, tez-tez tasdiqlashgagina fursat topardi. Men bo‘lsa unga telbalarcha tikilib qolgandim. Bunga avvali e’tibor bermagan ona-bola biroz vaqt o‘tib savol nazarida menga qarashdi. Keyin Lobar onasini qo‘yib yubormay yurib ketdi. Va menga boshini biroz eggancha, chap qo‘li bilan quyosh nuridan yuzini pana qilib so‘z qotdi.
– Siz ham mening yo‘nalishimga topshirgansiz-a?! Boya imtihonda ko‘rganday bo‘ldim!
U menga biroz yaqinlashdi. O‘sha onda uning ko‘zlari bor xazinasini ochdi. Bu ko‘zga tikilib bor dunyoni unutib qo‘ydim. Hozirgina o‘qishga kirish uchun muhim sinovdan o‘tganimni, buning uchun qayerdan, qanday qiyinchiliklar bilan kelganimni ham bir dam esdan chiqargandim. Quyosh tig‘ida kuygan yuz, uzun oriq qo‘llar, allaqachon shahar urfidan chiqib ketgan va kecha yo‘lga chiqayotib onam yedirgan qovun hidi anqib turgan ust-boshim bilan oq, harir ko‘ylak kiygan shaharlik suluv yonida lol qolgandim. Qiz esa beparvo so‘zlar, keskin kurashlar bilan o‘tgan imtihon tahliliga tushib ketgandi. Undan o‘shanda taralgan xushbo‘y ifor hali hamon meni mast qiladi.
Uning nigohlari o‘tkir edi. Birdan xayolimga bu shaharlik qiz qayda-yu, men qayda degan o‘y keldi va ko‘zlarimni olib qochdim. Yuragimda qo‘rquv paydo bo‘ldi. U sepgan xushbo‘y atirlar qayda-yu, mening chala-chulpa qaychilangan sochlarimda yaltillayotgan ter qayda. Uning ko‘ngli qayda-yu, mening xayolparastligim qayda… Lekin g‘o‘rlik xayollari meni bu sirli va ajoyib muhabbat olamiga qandaydir katta kuch bilan itarardi. Qizning xayolidan bunday manzaralar o‘tmayotganligi, u boshqa olamdan kelib qolgan qizga aylanishini juda istardim. O‘sha onda diqqatim uning gaplarida emas, jigarrang ko‘zlari sehriga mag‘lub edi, bir notavon mahbus edi.
– Sizni bilmadim-u, men ko‘pgina savollarning javobini ko‘nglimga qo‘yib berdim. Ko‘nglimga yoqqanini belgiladim. Yuragim shuni buyurdi, men shuni qildim. Nega indamay turasiz? Nima, xato qilibmanmi?
– Yo‘q!
– Siz ham o‘qishga kiring. Sizlarni Xudo qo‘llasin! – dedi uning yonida hayrat bilan boqib turgan ayol.
Onasi borligi yodimga keldi. Bo‘yi yetgan qizi bor barcha onalar kabi jigarbandini juda nozik va qimmatli yaratiqdek asrashi shundoq ko‘zlaridan bilinib turardi.
– Biz, albatta, kursdosh bo‘lamiz? Negadir imtihon topshirayotganlarning hammasi menga badqavoq ko‘rindi. Axir, hammaga nasib qilgani bo‘ladi-ku!
Uning savollariga javob berishda ham o‘zimni nochor his qilardim. Ha, men qayda-yu, u qayda…
Onaning duosi ijobat bo‘ldi. Ikkimiz kursdosh bo‘ldik. O‘shanda u haqdagi fikrlarim bekor emasligini, Lobarning o‘ziga xos va go‘zal dunyosi borligini angladim. Lobar doim to‘lqinlanuvchi qirg‘oqqa o‘xshardi. To‘lqinlanib so‘zlar, tez hayratlanar, o‘ta ta’sirchan edi. Ovozi ham aniq va shirali… To‘g‘ri, u qizning chidash mushkul tomonlari ham bor edi. Bu uning haddan tashqari ehtiyotkorligida edi. Sababi keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Onasi uni yolg‘iz katta qilgan ekan. O‘zi yolg‘on qurboni bo‘lgan bu jafokash ayol yolg‘iz farzandini go‘daklikdan har narsaga shubhalanib boqishga o‘rgatgandi. Shuning uchun yaqinlar bilan chegaralangan doira ichida o‘sdi, ular bilangina sirlashdi, ular bilangina o‘ynadi. Shuning uchun begona odamlarga tez qo‘shilib keta olmas, hammaga o‘z sirlarini ochavermasdi. Lekin uning shunday to‘lqinlangan paytlari bo‘lardiki, dengizdek qirg‘og‘idan toshar, o‘sha onda har kimni yaqin olar, u bilan sirlashib, yig‘lab olishi ham mumkin edi.
Biz to‘rt yillik ta’lim davomida faqat do‘st bo‘ldik. Faqat do‘stmi?! Ammo mendagi tuyg‘ularni do‘stlik desam, bu sharafli so‘zga xiyonat qilgan bo‘laman. Rosti…
Bir kun unga dil daftarimni ochishim uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Bu kun sira yodimdan chiqmasa kerak. Teatr tomoshasidan so‘ng uni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Qalbimni qiynayotgan barcha hislarni ochiq-oydin aytishning, og‘ir va azobli yukdan qutulishning ayni payti ekanligini his qilib turardim. Lekin shu his oyog‘imga tushov solganday bo‘lib, qadamlarimni og‘irlashtirib qo‘ydi. Yuragim esa betoqat, ko‘kragimni yorishga tayyor azamatdek tepaga sapchirdi. Lobar esa teatrdagi chol obrazi haqida to‘lqinlanib gapirardi. Uning aytishicha, aktyor juda bo‘rttirib yuboribdi. Qulog‘imga hech nima kirmas, uning to‘satdan bergan savollariga ham garangga o‘xshab javob qaytarmay qo‘yaqolardim. Men jur’atsizlarcha qadam tashlar, borgan sari butun vujudim titroqqa aylanayotganini his qilib turardim. Hatto olayotgan nafasim ham vujudimga yuk bo‘layotganday qadamim sekinlashardi. Shunda Tangrimga yolvordim, umid bilan ko‘kka boqdim. Bolalik chog‘larimdagi kabi ko‘kdagi do‘stlarimni, ya’ni yulduzlarni qidirdim. Xira bo‘lsa-da, bitta bo‘lsa-da. Ular mening bolalikdagi “jimitday” do‘stlarim edi. Dadam mast bo‘lib, uxlab qolgan tunlari dala qoravulligiga onam meni yuborardi. O‘shanday paytlari chayla ustida qo‘rquvni yengish uchun yulduzlarday porlovchi kelajak haqida o‘y surardim. Shunda yulduzlar bilan o‘rtamizdagi masofa yaqinlashganday tuyular, xuddi osmon biroz egilib o‘zida bo‘layotgan tomoshalarni ulkan ekranda menga namoyish etayotgandek bo‘lardi.
Hozir esa menda qo‘rquv bor edi. Ammo men endi qorong‘ilikdan emas, ko‘zlarida yulduz berkingan qizdan, uning menga beradigan javobidan qo‘rqardim. Turli achchiq tutunlar, turmush chiqindilarining irkit uvadalariga to‘lib ketgan osmon bag‘ridan yulduz qidirardim. Shunda orqa tarafda bir xira yulduzga ko‘zim tushdi. Keyin uning oldida yana bittasi ko‘rindi. Ular menga kuch berganday bo‘ldi. Tangriga yolvordim. Joyimda birdan to‘xtab qoldim. Lobar ham hayron.
– Nima bo‘ldi, yuring, yuring, oyim kutvotti…
– Lobar!
– Bunaqa qaramang, iltimos sizdan, voy buni. Nima «sevib qoldim» deb aytmoqchimisiz, jinnivoy. E, o‘rtamizda sevgi bo‘lishi mumkin emas. Sizday do‘stimni yo‘qotmoqchimasman.
– …
– Jinnilik qilmang, siz mening idealimdagi yigit emassiz.
– Kim sizni sevaman demoqchi, o‘zingizni xursand qilyapsizmi…
– Ha, qarashingiz g‘alati-da. Kechirasiz… Ha, to‘xtang sevsangiz nima bo‘pti?
– Quribdimi boshqa qiz… Qishloq to‘la qiz.
– Ey, men ham qishloq ishlarini uddalayman. Faqat men sevgan odam bo‘lsa bo‘ldi.
– Yaxshi…
Soniyalik zulmat qa’ridan, ko‘z oldimda minglab yulduzlar paydo bo‘ldi. Ular juda yorug‘, lekin juda kichkina edi. Yo‘limizni yoritayotgan tunggi chiroqlar bilan birga mening ko‘zlarimda charaqlardi. Lekin bular mening yulduzlarim, ular ko‘zlarimdan oqib, milt-milt yonayotgan yuragim tubiga yomg‘ir bo‘lib tomchilardi.

III

Shu voqeadan so‘ng men na Lobarga do‘st, na oshiq bo‘ldim. Lekin u meni juda yaqin do‘st deb bilar, menga esa bu maqomni ko‘tarib yurish juda og‘ir edi. Yillar o‘tdi. U hech o‘zgarmadi. Tinmay o‘qir, izlanardi. Bu uning kursda ajralib qolishiga olib keldi. Qizlar uni yoqtirmas, yigitlar sergap va erta qarigan sohibjamolga chiqarib qo‘yishdi. Buning ustiga, boshi tez-tez og‘rib turar, bir oylab o‘qishga kelmay qo‘yardi. Shunda men uni ko‘rgani shifoxonaga borib turardim. U bilan o‘sha joyda qilgan suhbatlarimizning o‘zi bir jahon edi. Lobar qalbida yotgan va javohirdek saqlayotgan niyatlarini do‘stona o‘rtoqlashardi.
U orzusidagi yorni intiqlik bilan, kutish yillari qancha cho‘zilishini bilmay umid va ishonch bilan kutardi. Orzu qilgan o‘sha noma’lum yigit uning eng yorug‘ yulduzi edi. Ammo Lobar juda sodda, ishonuvchan, ta’sirchan qiz edi. Uning orzusidagi o‘sha yigit sifatlarini stsenariyga tushirsam-u, kimdir bu rolni o‘ynasa, Lobar uning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib raqs tushadiganday tuyulardi. Shuning uchun undan xavotirlanardim.
Lobar o‘qishni tugatib, tezda muvaffaqiyat qozona boshladi. Ilk yozgan stsenariysi suratga olinib, unga kutilmagan shuhrat olib keldi. Uning kiyimlari, gap-so‘zlari biroz o‘zgardi. Shundan so‘ng qator filmlari shuhratiga yana shuhrat qo‘shdi. Uning atrofida turli rejissyorlar, operatorlar parvona bo‘lardi. Men bularni eshitib xursand edim. Chunki u bilan muomalaga kirishib, hamma ham ishlay olmasdi. U ishiga juda talabchan, ish bitmaguncha necha kunlab mijja qoqmaydigan, sheriklarini ham tindirmaydigan kuyunchak san’atkor edi. Bundan tashqari, zig‘ircha adolatsizlik, ozgina manfaatparastligu nohaqlikka ham chidab turolmas, o‘sha inson bilan barcha hamkorlikni to‘xtatib qo‘yardi. Men bunday odamlarga doim qiyin bo‘lishini anglardim. Shuning uchun uning erishgan muvaffaqiyatlaridan, o‘zini tushunadigan odamlar davrasida ekanligidan cheksiz baxtiyor edim. Biroq u hamon qalban yolg‘iz edi. Yillar uning asablariga, sabriga ta’sir o‘tkazmay qolmasdi. Ammo hamon sadoqat bilan qalbidagi o‘sha, eng yorug‘ yulduzni kutardi. Yuragidagi eng nurli insonni… Biroq u kim edi? U qachon keladi?
Bu orada mening hayotimda yangilik bo‘ldi. Qishlog‘imizda bir qiz bilan unashtirildim. Sinfdosh do‘stimning to‘yiga borganda ko‘rib qolgandim. Juda chiroyli, quralay ko‘zli qiz edi. U mening, balki ota-onamning ham orzusidagi mehnatkash va, eng muhimi, tagli-tugli xonadondan edi.
Bu xabardan Lobarning xursand bo‘lishini kutgandim. Ammo u unashtirilganimni eshitganda ko‘zlarini olib qochdi. Bema’no jilmaydi. U hech qachon bunaqa quruq jilmaymasdi. So‘ngra mendan bo‘lg‘usi rafiqamning rasmini so‘radi. Men telefondagi qizil palto kiyib tushgan rasmini ko‘rsatdim. U tikilib qarab qoldi va “Nurli qiz ekan, yuzida farishtasi bor-a! Uni ehtiyot qiling”, dedi-da, boshqa bu haqda og‘iz ochmadi.

IV

Belgilangan vaqtda u aytgan joyga yetib bordim. Lobar ancha ozibdi, ko‘zlari kirtayib qolganini ko‘rib, yuragim zil ketdi. U men borishim bilan o‘rnidan turdi va jilmaygancha salom berdi. Restoran gavjum edi. Shovqin-suron avjida. Asosan bolalar baqir-chaqir qilishardi. Ro‘paramizda bir oila o‘tirar, ayol bugun kechki ovqat qilishdan qutulib, restoranga kelish niyati amalga oshganidan xursand, eri esa olaygan ko‘zlari bilan xotining gaplarini bee’­tibor eshitar, tez-tez telefoniga qarab qo‘yar, allaqachon bunday o‘tirishlardan bezgan, tezroq borib uxlashni maqsad qilgan odamga o‘xshardi.
Lobar bilan so‘rashganday bo‘ldik. Go‘yo har kun ko‘rishib turgandek, unga qanday gap topishga qiynalardim. Shundoq oldimizda kichkina akvarium ham bor ekan. Unda mittigina, kattasi barmoqday keladigan qizil, qora, oq, yashil, sariq, binafsha rangli baliqchalar suzib yurardi. Lobar ataylab shu yerga o‘tirganligini aytdi. Lekin o‘zi biror marta baliqlar tomonga qarab qo‘ymadi. U ham ro‘paradagi oilani kuzatardi.
Men muzqaymoq yalab, uning nozik barmoqlari asabiy titrayotganini sezdim. Lobarni bir dard ezayotgandi. U jiddiy bo‘lib ko‘rinishga harakat qilmas, bolasini yolg‘ondan yumshoq joyiga urayotgan boyagi uy bekasiga ma’nosiz qarab turardi. To‘satdan menga o‘tkir nigoh bilan tikilib, hozir aytmasa yorilib ketadigandek gapira ketdi.
– Jinni deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin sizga bir nimalarni aytmasam bo‘lmaydi.
– Ayting, bemalol. O‘zi sizni eshitgani keldim.
– Menga nima muhim ekanligini bilolmay halakman. Bilasiz, men uzoq yillardan beri kimnidir, “oq otli shahzoda”mni kutaman. Xuddi o‘smir qizaloqlarday.
– O‘zi yoshsiz-da.
– U kelishiga ishonaman. «U! U! U!» deyishdan charchadim! Qachon uning nomi ma’lum bo‘ladi, bilmadim. Qayerdadir yurgandir-da… Sandirag‘lab… Lekin qay biri muhimligini ertaroq aniqlashim kerak. Nima muhim? Biz ko‘pincha shu birgina savolga javob bera olmay, uni tanimay turib, turli joylarga bosh urib ko‘ramiz. Natijada biz haqiqiy baxtdan mahrum bo‘lamiz. Masalan, mana bu erkak, boyatdan beri menga bir-ikki marta yomon qarab qo‘ydi. E’tibor qilmadingiz-a? Ko‘zlari buloq suvidek tiniq qizchalari oldida-a! Mehribon xotinini qarang, qanchalik baxtga tashna, bu kun tugashini u sira ham xohlamayapti. Er esa muhim narsa nimaligini hali ham bilmaydi. Buni u o‘ylab ko‘rmagandir ham. Balki unaqamasdir. Juda yaxshi odamdir. Nahot faqat qora ranglarni ko‘zim ko‘rayotgan bo‘lsa…
– Yo‘q, Lobar!
– Men kutgan yigit yonimdan, shundoq burnimning tagidan o‘tib ketgan bo‘lsa, men nima qilaman-a! Butun umrim uni kutish va o‘ylash bilan o‘tsa-yu, u allaqachon e’tiborsiz qolib, kibr oshgan biror manzilimda qolib ketgan bo‘lsa. Xudo qaytarib berarmikan uni!
– Lobar…
– Nimalar deyapman. Chalkashtirib tashlayapman…
U menga tikilib turar ekan, kipriklari uchar, soniyalar almashgan sayin ko‘zlariga ma’yuslik va umidsizlik ruhi cho‘kardi.
– Hammasi tushunarli. Uni mabodo taniy olmay qolgan bo‘lsangiz, bir kun kelib, albatta, qayta uchratasiz.
– Lekin unga bu ko‘zlar bilan boqishning aslo iloji bo‘lmay qolsa-chi? Doim inson bir xil yashayvermaydi-ku! Axir, umr ham qisqa, qum zarralari kabi cheksiz emas, aslida, ular ham cheklangan. Inson o‘yu orzulari, armonlari oldida-ku, qumlar ham juda qashshoqlanib qoladi. Aytmoqchi, mening filmimni ko‘rdingizmi, yaqinda suratga olindi. Kuni kecha premerasi bo‘ldi.
– Yo‘q.
– Rejissyor Ahmedov, bizdan bir-ikki yil oldin drama rejissyorligi yo‘nalishini tugatgan. Taniysiz!
– Ha, bo‘ldi, uni yaxshi taniyman.
– O‘sha filmda bir qiz obrazi bor. Shu qizning peshonasidagi taqdir chizig‘i mening hayotimga juda yaqin. Balki o‘sha qiz mendirman. Axir, film stsenariysini o‘zim yozdim-ku. O‘sha qahramon qizning do‘sti yo‘q, muhabbati yo‘q, yaqinlari tashlab ketgan, ammo orzulari va armonlari cheksiz. Xuddi mening o‘zim kabi. Uning shunday gaplari bor: “Sog‘lig‘im ko‘targanda sportchi bo‘lardim. Eng kuchli sportchi, eng kuchli. Shunda bunday ko‘ngil yo‘llarida aynimagan bo‘larmidim”. Ha…
– …
– Boshimda qadrdon kasal bor. Ey, mayli, bilasizmi, mening ismimni oyim, avvaliga Parizod qo‘ymoqchi bo‘lgan ekan, keyin nimadir bo‘lib Lobar qo‘ygan. Buni avval ham sizga aytmaganmidim?
– …
– Aytganmidim. Nega jim turasiz?
– Yo‘q.
– Buni onam menga birinchi marta gap orasida shunchaki aytganda ko‘zimdan yosh chiqib ketay degan. O‘zimni zo‘rg‘a ushlab turganman. Xudoning qudratini qarang, men go‘dakligimdan shu nomni orzu qilardim, shu so‘zning maftuni edim. Parizod, pari…
– Parilarga o‘xshaysiz.
– O!.. To‘g‘risini aytsam, men filmni ko‘rmaganizni bilardim. O‘zim uchun yana bir ishonch hosil qilib oldim-da. Demak, hammasi to‘g‘ri ketyapti. Xullas, bir muhabbat tarixi haqida gap ketadi. Ishonchsizdek tuyulishi mumkin. Lekin buning bari haqiqat. Odamlar muhabbatni ma’lum so‘zgagina singdirmoqchi bo‘ladi. Muhabbat bu charag‘on manzara, tabiatning cheksiz va qaytarilmas kuyi, dunyoning eng yoqimli iforidir… U osmondagi bulutlardan erkinroq. Inson kimnidir sevishi emas, o‘zi sevgi degan tuyg‘uga aylanishi kerak. Inson tuyg‘uga aylanishiga ishonasizmi? Unda shakl yo‘qolib ketishi mumkin deb o‘ylaysizmi? O‘sha o‘z tuyg‘usi uning o‘zi, ya’ni ismi, borlig‘i, taqdir va o‘limi bo‘lishi lozim.
– Nima bo‘ldi sizga, Lobar?
– Aslida, men ham muhabbatning mevasiman. Bu his shu qadar yorug‘, shu qadar keng va shu qadar zalvorliki, ko‘p hollarda bu tuyg‘uni pok saqlamoq uchun kuchimiz yetmay qoladi. O‘zimiz bilmagan holda shu yuk bilan siylanamiz va bekor ortilgan og‘irlikdan vaqti kelib qutulishni istab qolamiz. Bizga berilgan bu nodir tuyg‘uni biz tosh singari og‘ir yukka aylantirib qo‘yamiz. Muhabbatni yerga yotqizib sudradik va yana bo‘ynimizga oldik, yana yerga otdik va yana sudradik, balchiqqa otdik. Natijada tuyg‘ularimiz qora balchiq tubiga mangu singib ketdi…
– Lobar kimnidir nihoyat sevib qolibdi!? Kim u baxtli yigit? Rasmi bormi telefonizda?
– Muhabbat eng shirin taom, eng shirin meva … Masalan, men shaftolini yaxshi ko‘raman, shaftolidan ming barobar shirin ta’mni bilasizmi? Lekin men muhabbatni hech qachon taniy olmaganman, u qanday o‘zi? Muhabbat dunyodagi yagona real mo‘jizadir balki, a?!
– O‘zingizni go‘llikka solmang! Kim u baxtli, shuncha kuttirgan yigit, fotosurati bormi? Men taniymanmi?
– Negadir siz bilan ko‘rishgim keldi. Bugun…
– Nega? Qarashingiz g‘alati? Meni sevib qolgan bo‘lmang tag‘in. Axir, siz mening do‘stimsiz? Sizni yo‘qotishni istamayman.
– Siz ham mening do‘stimsiz.
Lobar uzr so‘ragancha o‘rnidan turib, qayergadir ketdi. Shunda yana ko‘zim baliqlarga tushdi-yu, ular ko‘zimga soxta maxluqlardek ko‘rinib ketdi. Undagi hamma narsa, darhaqiqat, soxta? Ovqatlari, tashqi dunyo bilan bog‘lovchilari, toshlari, uylari, balki o‘zlari ham sun’iy urchitilgandir. Qiziq va dahshatli hayot! Akvarium ichida bitta sopoldan yasalgan kichkina kema ag‘nab yotardi. Ulkan kemaning juda mayda shakli. Baliqlar uning palubalarida go‘yoki ulkan baliqday suzib yurardi. Shunda akvariumda bir oq baliq o‘lib yotganiga ko‘zim tushdi. Uni sariq rangga bo‘yalgandek tovlanuvchi, o‘zi jimitdek bo‘lsa-da, ko‘zlari bilan olayib qaraydigan baliqcha tumshug‘i bilan sargardon qilib, u yoqdan bu yoqqa koptokdek o‘ynatardi. Oq baliqning dumi allaqachon tushib ketgan, tanasining rangi ham biroz o‘zgargandi. Demak, o‘lganiga ko‘p bo‘lgan.
Lobar kelishi bilan menga “Iltimos, ketaylik”, dedi. Men ofitsiantni chaqirdim va hisob-kitob qildim. Chiqayotib akvariumga qarab qo‘ydim. Jonsiz oq baliqchani hamon sap-sariq mal’un tumshug‘i bilan sudrab yurardi.
Tashqari ancha salqin ekan. Men kostyumni Lobarning ochiq yelkalariga tashlab qo‘yganimda, u menga mamnun ko‘zlari bilan shunday dilbar qaradiki, o‘sha onda uni men hamon jonimdan ortiq ko‘rishimni his qildim. Keyin restorandagi erkakdan farqim yo‘qligini o‘ylab, o‘zimdan jahlim chiqib ketdi.
Yo‘q, muhabbat mo‘jiza emas, buyuk qo‘rquvdir.
O‘sha kuni yulduzlar osmonda porlardi. Mayin esayotgan shabada Lobarning tarqoq sochlarini siypalar, ularni sochib, turli tomonga yetaklab o‘ynatar, namlangan lablarini noziklik bilan quritardi. U uzun poshnali tuflisi bilan, tik qadam tashlab yurar, yelkasiga tashlangan kostyum yenglari ham u bilan birga olg‘a qadam bosayotgandek havoda likillardi. Uzun poshnalardan chiqayotgan taq-tuq ovoz menga bir musiqadek eshitilar, bizga hamdam yoqimli muzdek havo bu sirli taronaga raqsga tushardi..
– Piyoda ketgim keldi. Sizni ham o‘zimning ortiqcha injiqliklarim bilan juda qiynab qo‘ydim.
– Nimaga, siz bilan piyoda yurib mazza qilyapman, ko‘pdan beri bunday yurmagandik.
– Yaxshiyam, siz borsiz!
– Nima bo‘ldi…
– Hammasi yaxshi…
– O‘xshamiydi-ku? Yaxshi dam olib chiqdingizmi?
– Ha, davolandim. Erkalik qildim-da onamga.xozir esa nima qilishni bilmay qolganman? Men onamni juda qiynab qo‘ydim.
– Nimaga?
– Men onam o‘ylaganidek baxtimni topa olmayapman!
– Bir kuni kelib, albatta, topasiz! Men bunga ishonaman.
– Men sevmay o‘tib ketishim mumkinmi? Siz sevgansiz-ku! Qancha qizlar shu muhabbat og‘usidan telbaga aylanishadi-ku! Nega men seva olmayapman? Juda og‘ir dard bu, juda og‘ir… Lekin eng yomoni, sevgan odamingni o‘zing bosib o‘tgan yo‘lingdan ancha yillar o‘tib topib olishingdir! Ha..
Biz o‘sha kun xuddi sevishganlardek, manzilga eltuvchi qadamlarni qizg‘anib sekin yurib borardik. Uning shirin bo‘ylaridan men mast edim, dardlarining ustunligi oldida esa past edim.
Lobar men bilan xayrlashar ekan, yana o‘sha mamnunlik va mehr ko‘zlari bilan boqdi. Kostyum ichida o‘zini juda erkin va kuchli his qilganini aytganda qo‘llari titrab ketdi.
Biz xayrlashdik. Shunda u hammasi juda o‘xshaydi, degandek gap qildi. Men uning nega unaqa deganini so‘raganimda, shunchaki, deb jilmayib qo‘ya qoldi.

V

Oradan so‘ng ikki oy o‘tib tasodifan Lobar aytgan film afishasiga ko‘zim tushib qoldi va o‘zimdan uyalib ketdim. Axir, u shu filmga tushishimni qanchalik xohlagandi. Ishlarga sho‘ng‘ib, unutib qo‘yibman.
Film afishasi zangori rangda bezatilgan bo‘lib, unda bir qiz ko‘kka boqqancha turar, ko‘zlaridan durdek yosh tomchilari yerga yumalardi. Afishaning o‘zi bir san’at asari edi. Film nomi ham ajoyib, ham mungli: “Yulduzini yo‘qotgan Parizod”
Men kinozalda edim. Go‘yo Lobar bilan birga o‘tirardim, u bilan kino ko‘rdim. Yo‘q! Yo‘q! Biz rol ijro etar etdik.
Film, haqiqatan, uning hayoti, Lobar olamining obrazli tasviri edi. Ammo filmda men ham bor edim. Biz o‘tgan yo‘l, ilk tanishuvimiz, ilk qarashlarim, hatto hozirgi holatim ham bor edi. Men o‘tirgan joyimda unsiz yig‘lardim, meni o‘ynayotgan aktyor ham yig‘lardi. Aktyor kulardi, men ham alam-la kulardim. U qizni sevib, umidsiz qiynalardi, men esa kuyardim. So‘ngra qayerda o‘tirganimni ham bilmay qoldim. Ko‘z oldimda Lobar men bilan yorug‘ nur ostida birga edi. Nur ko‘rsatayotgan tasvirlar bizning taqdir oynamiz edi. Bizning tomirlarimizdan nur – qon olib, ko‘zlarimizga armon hislarini quyardi.
Lobar xuddi sehrgardek film ishlagan ekan. U umuman adashmagan, men u ko‘rgan va his qilgan ahvolda edim. Faqat aktyor biroz bo‘rttirardi, xolos.
Ko‘pchilik film hayotdan olinadi, ba’zilar shundoq hayotdan ko‘chiriladi, deyishadi. Bunda esa filmdan hayot quriladi. Filmdagi qiz o‘z baxtini uzoqlardan izlaydi. Hayotini ideallashtirib tashlagani uchun biror inson uning zirhlangan ko‘ngil devoriga yaqinlasha olmaydi. Samimiy tuyg‘ular qiz injiqliklari ostida halok bo‘ladi. Qiz qattiq adashgandi. Qiz turfa azoblar iskanjasida telbaga aylanishdan oldin bir film ishlaydi. Unda o‘zining qismatini bashorat qiladi. Yigit esa qizning sevgisini u og‘ir azoblar iskanjasida jon bergan kuni, qiz ishlagan film orqaligina biladi. Ammo yigit juda kechikib chipta sotib olgandi.
Men titrardim. O‘sha ekran ochilsa-yu, meni yutib ketsa derdim.
Yo‘q! Muhabbat buyuk qo‘rquv emas, dunyodagi eng katta jasoratdir. Faqat bu jasoratga hamma ham haqli emas!

VI

Ko‘chaga otildim…
Hayqirgim kelar, ammo ovozim chiqmasdi. Faqat Lobarning shirin tovushinigina eshitardim.
– Siz yulduzlarni yaxshi ko‘rasiz-a?
– Men sening ko‘zlaringni yaxshi ko‘raman
– Buning uchun men katta, eng yorug‘, eng sirli, eng jilvakor yulduzga qarab turishim kerak ekan-da, shunda ko‘zlarimda ajib yulduzlar tomoshasini ko‘rasiz. Eng yorug‘ yulduz! O‘sha yulduz bormikan-a? Keling, qidirib ko‘raylik, topmaguncha qidiramiz. Men eng yorug‘, eng katta, eng jilvakor yulduzni izlab ketayapman. Men uni topaman va siz, albatta, mening ko‘zlarimda o‘sha yulduzlarni ko‘rasiz!
Kinoteatr yo‘lagida odamlarga urilib-surilib ildamlab ketar ekanman, kimdir orqamdan chopib kelib to‘xtatdi.
– Nima bo‘ldi sizga, uka? Shuncha chaqirsam ham eshitmaysiz? Telefoningiz qolib ketibdi. O‘tirgan joyingizda. Tinmay jiringlayapti. Film ko‘rayotganlarga xalal berdingiz. Ana, yana qo‘ng‘iroq qilishyapti? Oling! Ey… qanaqa odamlar bor-a?.. – deb tinmay gapirayotgan Ahmedov meni tanib qoldi. Birpas gapini yo‘qotgan boladay kalovlandi. Va birdan tilga kirdi:
– Eshitdingizmi?
– Nimani?
– Lobar qazo qilibdi…
Keyin nima bo‘ldi, u yana nimalar haqida gapirdi – buni eslay olmayman. Ochig‘i, boshqa biror gapini eshitmaganman. Yo‘lakda qancha o‘tirganligimni bilmayman, film tomoshasidan chiqayotgan odamlarning shovqin-suronidan o‘zimga keldim. Qayerdandir qulog‘imga bir qizning hayajonli so‘zalari chalindi. “Film hayotiylikdan uzoq ekan, bo‘rttirishibdi”. Ha, haqiqatan, bo‘rttirishibdi. U shunchaki pari edi, Parizod edi…
Tashqariga chiqqanimda osmon to‘la yulduzlar porlardi. Oldga qadam tashlagandim, bir mitti yulduzchani bosib olay dedim. Zamin to‘la yulduzlar edi. Ular shunday yorug‘, ular shunday charog‘on ediki, men endi qadam bosolmay qoldim.

VII

“– Keling, ko‘rishaylik. Negadir, bugun… kim bilandir dardlashgim kelayapti.
– Soat nechida?
– Ishdan chiqqanda-da…
Kompyuterning soatiga qarayman, ish tugashiga yarim soat bor. Qo‘limda telefon tutgancha, o‘tirg‘ichga suyanaman. Lobar betoqat yana nimalardir deydi. Derazadan ko‘zim quyoshga tushadi. Quyosh qizg‘ish rang­lar bilan xayrlashish tasvirini chizardi”.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 7-son