To‘rt kun tinimsiz yoqqan yomg‘ir hammani zeriktirdi. Tom-u tarnovlardan oqqan suvlar tomorqalarni halqob qildi. Toshpo‘latning nazarida bu yomg‘irlar tomni emas, uning yuragini savalayotganday tinimsiz siqilar, bozillab turgan pechning yonida o‘tirib, etlari junjikib, muzlab ketaverardi. Hovlisining adog‘ida bir chetidan bor bo‘yiga yorilib turgan devori ko‘z o‘ngidan ketmas edi.
O‘shanda onasi rahmatlik “Yolg‘izgina singling qayin-bo‘yinlarining ichida siqilib ketdi. Kel, bolam, adoqdagi tomorqani shunga beraylik. Avval boshda ham, qaynona-qaynotasi “xo‘p” deydigan joyga tushsa, shu yerga olib kelamiz deb, shu tomorqani olgan edik. U kun quda bilan gaplashsam, “Qaniydi bersangiz, biz besh o‘g‘ilning qay biriga tomorqa olib beramiz”, dedi. O‘lib ketsam ham duoi joningni qilib, vaqti-bevaqt holingdan xabar olib turguvching shu-da”, deganda, “Mayli, onajon, siz nima desangiz, shu”, deb darhol chegaraga belgi qo‘yib, tomorqani kuyovning nomiga xatlab berdi.
Kuyov ham paysalga solib o‘tirmay, ukalari bilan kelib, Toshpo‘lat belgi qo‘ygan joydan bor bo‘yiga poydevor tashladi.
Odatda tomorqalar adog‘i tutashgan joydan og‘ilxona, ombor, hammom, xojatxona kabi mayda-chuydalar qurilar edi. Xonadon sohiblari yashaydigan asosiy bino ko‘cha tomondan tashlanar edi. Kuyov “Imoratim hovlining ichida bo‘lsin. Do‘st bor, dushman bor, birov yarim gugurt-pugurt tashlab ketmasin, deyman-da”, deb izoh berdi. Bular ma’qullashdi: “Mayli-da”. Ammo uy bitgandan so‘ng hovlilariga qarab turgan olti deraza hammaning oromini buzdi. Kunduzi ham, kechasi ham bu derazalar ortidan kimdir poylab turganga o‘xshayverardi. Shu singilni deb, hovli adog‘idan qurish mumkin bo‘lgan hamma narsani yonboshdan qurdi endi, o‘z hovlisida ham erkin turib, erkin yura olmaydi. U yoqda begona kuyov, bu yoqda bo‘y yetgan qizlar…
Qahrdan tishlari g‘ichirlab ketayotgan bo‘lsa ham, bir so‘z demay o‘zining yeridan yana ikki metr tashlab, devor ko‘tardi. Singil “Uyimizni quyoshdan to‘sib qo‘ydingiz”, deb dod-voy qilgan bo‘lsa-da, erta bahorda devor bo‘ylab har qadamga bittadan anor ko‘chati qadab chiqdi: “Er bo‘sh yotmasin, uvoli bor. Bir kun hosil qilsa, birgalashib yeymiz”, dedi akasiga.
Singil anorga ko‘p qaradi, unga quygan suv kun ora ariqchasidan toshib, yangi devorning tagidan ularning tomorqasiga sizib chiqaverardi.
— Hey, shu anoringni yo‘q qil,— dedi bir kun onasini ko‘rgani kelgan singilga. — Shu tor joyda bitgan anor qancha hosil beradi o‘zi? Shuni men senga bozordan olib beray!
— Qo‘ysangizchi, aka, odamni bunchalik yerga urmang. Sizning sadaqangizga zor qolgan joyimiz yo‘q. Yaxshimi-yomonmi, boshimda erim bor, men har mevani daraxtidan uzib yeyishni yaxshi ko‘raman, xolos.
— O‘rgildim o‘sha eringdan! Unda ozgina erkaklik nafsoniyati bo‘lganda, qaynonasining ostonasiga ko‘chib kelmasdi. Kepsan, xo‘p qipsan, uyingni el qatori tashla, edi!.. He-e!
— Aka! — singilning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. — Menga unday gap qilmang. Men yer olgan bo‘lsam, otameros haqqimni olganman. Qayeridan, qayoqqa qaratib uy tashlash har kimning o‘z ixtiyoridagi narsa, shu gapingizni kuyovingizning oldida aytsangiz, ro‘zg‘orimni buzib yuborasiz. Tomorqangizga sizib chiqqan bir tog‘ora suv uchun shuncha gap-so‘z qilib yotgan aka, keyin mening bolalarimni siz boqasizmi? Shukr qiling-ki, yashab o‘tirgan uyingizdan ulush talab qilmayapman. Bu uyda mening ham haqqim bor, bilib qo‘ying.
Onasi “Hay-hay”lab singilning og‘zini yopgancha qoldi. Singil bir siltanib, chiqib ketdi:
— To‘g‘risi-da, ona! Siz bor, shu eshikdan kelaman. Agar siz o‘lib ketsangiz, bu ostonaga qadam qo‘ymayman. Ha, bo‘lgan, bola-da, esidan chiqib suv bostirib yuborgan, shunga, eshigidan qachonda bir kelsam, itdan beobro‘ qilishi shartmi?
Hamma g‘urbat qishda boshlandi. Singilning tomiga yoqqan qor-yomg‘ir suvlari to‘g‘ri u ko‘targan devorning tubiga yig‘ilar edi.
…Devor sho‘rlik nam torta-torta, uch yilda nurab berdi. Toshpo‘latning yuragi achishdi.
Dam olish kuni katta o‘g‘lini singilnikiga chiqardi. O‘zi uvalanib yotgan g‘isht uyumlari ustida o‘tirib, xayolan singilga aytadigan gaplarning rejasini tuzdi: Bir uyaltirmasa, bo‘lmadi.
Singil ko‘cha aylanib, darvoza qoqib ham o‘tirmadi. Oshxonasining derazasidan “lip” etib tushib keldi.
— Ha, aka!
— Singil, devor o‘rtalik. Oldin mayli deb o‘zim ko‘targan edim. Agar manavi uyda tarnov-parnov bo‘lganda, bu devor yuz yil turib berardi. Kamiga anor ekding. Endi devorni birgalashib ko‘taramiz. Men ham jo‘jabirday jonman. Oldinda katta-katta xarajatlar turibdi.
— E-e, aka, bu devorning menga umuman keragi yo‘q. Xarajatlaringiz ko‘p bo‘lsa, devor deb boshingizni og‘ritib o‘tirmang. Osmondan yoqqan Ollohning qor-yomg‘iri uchun ham meni aybdor qilmang. Akamning devorini yiqitayin deb, tomning ustiga chiqib, chelaklab suv quyib o‘tirganim yo‘q. Undan ko‘ra, ikkita mardikor olib kelib manavi yerlarni tozalatib tashlang. E-e, xudo, aka ham ota o‘rnida, deganlari bekor gap ekan.
Singil shunday dedi-da, yana “lip” etib oshxonaning derazasidan o‘zining hovlisiga o‘tib ketdi. Toshpo‘lat singlisining uni behurmat qilgani uchun o‘g‘li va kelinining oldida ancha mulzam tortdi, kelinning o‘zi ham xijolatlanib nari ketdi. O‘g‘il otaning qo‘ltig‘idan oldi:
— Sadqai suxaningiz-e, ota! Shu devorni o‘zim tiklab beraman sizga. Yog‘ingarchiliklar o‘tsin. Yuring, uyga kiring, ota!..
O‘g‘li-ku, so‘zining ustidan chiqdi. Qaytadan poydevor tashlab, rosa mustahkam qilib devor ko‘tartirdi. Tomdan tushadigan suvlar uchun poydevordan teshik ham qoldirdi. Ammo Toshpo‘latning ko‘ziga devorning qanchalar mustahkamligi emas, unga ketgan xarajatlar ko‘rinar edi, xolos. Shu devorni deb o‘g‘lining ikki oylik maoshidan kechishga to‘g‘ri keldi.
Keyingi devor ko‘tarilganiga ham bir-ikki vaqt bo‘ldi. Ikki safar poydevordagi teshiklar orqali anorga quyilgan suvdan Toshpo‘latning tomorqasiga o‘tib, hamma joy xalqob bo‘ldi. Toshpo‘lat ko‘cha aylanib, singilnikiga bordi. Tarvuzdek qornini silab chiqqan kuyov:
— Ha, endi, bolalarning esidan chiqqan-da, aka. Anor suvni yaxshi ko‘radi, sug‘oringlar, degandim, — dedi-da, kirib ketdi. Uzr so‘rab, xijolat tortish nari tursin, bir og‘iz uyiga ham taklif qilmadi. Singlisi oldiga chiqishni lozim ham topmadi.
Bu yomg‘ir o‘sha sug‘orishlarga qo‘shimcha bo‘ldi.
Ishxonasida yana bir odam yomg‘irni yomon ko‘radi. Ular bir xonada o‘tirishadi. Yomg‘ir yoqqan kunlari uning qoramtir tund chehrasi ko‘karib ketadi. Bir joyda o‘tira olmay, goh deraza yoniga borar, goh kompyuterning boshida turib qolar, hech kimga o‘ng gapini aytmas, gap so‘ragan odam naq baloga yo‘liqqanday bo‘lardi.
Tushlik mahali hamma har joyga ketar-kim uyiga, kim oshxonaga, ular uylaridan bir-bir kosa taom olib kelib, xonada ovqatlanishar edi, sal vaqtda qorin to‘yg‘azishib, so‘ng miriqib choyxo‘rlik qilishar, gurunglashishar edi. Ammo yomg‘ir yoqqan kundan buyon ikkalasidan sado chiqmas, jimgina tugunchalarini yechib, jimgina ovqatlanishar. So‘ng bir-bir piyola choy quyib olib, o‘z stollari yoniga yo‘l olishardi.
Bugun poydevorga qo‘yilgan suv yo‘llari haqida so‘radi:
— Ish berayaptimi, o‘zi?
— E-e, qayoqda? Boshida shovullab suv o‘tib yotardi. Ular anorlariga tinimsiz go‘ng solishadi, yer semirib, suv yo‘llari tamoman yopilib qolganga o‘xshaydi.
— Yo, tavba! — yoqasini tutamladi u. — Yopilib qolgan bo‘lsa, o‘tib ochib tashlang. Bo‘lmasa, singilga ayting. Bolalari ochib yuborsin.
— Ikki yil bo‘ldi, gaplashmaymiz, shu devorni deb senu menga borib…
— Yo-yo, alhazar! Gaplashing, singlingiz uchun gapirgingiz kelmasa, devor uchun gaplashing. Singil deganlari inson-ku, baraka topgur, qirchumolining onasi emas-ku, o‘n besh metr yerning tagida yoti-ib, har kecha- kunduzda million baloiofat tug‘adigan. Qani edi, men kayfiyatimni buzayotgan narsa yer yuzida bo‘lganda edi!.. Bu ifloslar yerning tagida yashaydi, ularga quruq, issiqqina joy kerak. Manavi yomg‘irdan so‘ng, hammasi uyimning ichiga kirib oldi, shekilli.
Toshpo‘lat unga hech narsa demadi. To‘g‘ri, shu kunlarda singlisi ko‘ziga qirchumolidan ham yovuz va xunuk ko‘rinsa-da, u baribir qirchumoli emas-da. Rostdanam, biroz xijolat tortdi.
— E-e, inim, jangari kinolardagi terminatorlarni o‘ylab topganlar shu bizlarning qirchumolilarni ko‘rgan, shular bilan olishib,bir natijaga erisha olmagan odamlar bo‘lsa kerak. Dunyo fanida ularni termit, deyishar ekan. Haqiqiy terminator, hali fan ularga qarshi qurol izlab topmagan. To‘g‘ri, uyingizning bolorlarini yeyayotgan qirchumolini ezib-majag‘lab tashlashingiz mumkin, ammo ularning bir bo‘liq chaqaloqday keladigan onasi yer qa’rida tinimsiz tuxum qo‘yish bilan shug‘ullanib yotsa, sizning harakatingiz terminatorning ko‘ksiga o‘q otishdek kulguli. Endi deng, muhtaram olimlar bosh qotirib-bosh qotirib, biron natijaga erishmagach, navbatni quruvchilarga beribdi. Nima emish, qirchumolilarning tishi o‘tmaydigan qurilish mahsulotlari ixtiro qilishsin, emish. Axir, uy, hayot- tuproq va yog‘ochsiz bo‘ladimi? E-e, birodar,bu qirchumolilar shunday kasofatki, sharoitga qarab, ozuqasini ham o‘zgartiraveradi. Mana, Afrikada betonni yeydigan qirchumolilar ham chiqibdi.
Bu odamda qirchumolilar haqida shunday dahshatli ma’lumotlar ko‘p ediki, uni tinglayotganlar xuddi badanida qirchumoli o‘rmalab yurganday, eti jimirlab ketar, qancha paytlar uyidagi har bir hasharot ko‘ziga qirchumoli bo‘lib ko‘rinib ketaverardi.
Bir ofat bilan yigirma yil olishgach, har qanday odam o‘zi ofatga aylanmasa ham, vahimaga aylanib qoladi, shekilli.
Birinchi uyidan qirchumoli chiqqanda unchalik ko‘p kuymadi. Har joydan qirchumolilar haqida ma’lumot to‘plab, ular haqidagi vahimali gurunglar bilan hammani qo‘rqitib yurib-yurib, hovlisining adog‘idan uy tashladi. Hokimiyat qishloqning narigi boshidan yer ajratgan ekan, unamapti: “Bu yerlarda mening yetti otam o‘tgan. Men uni qayerdagi qirchumolilarga tashlab keta olmayman. Hali bu qirchumolilarning kunini ko‘rsataman”, debdi.
Yangi uyini qiynalib bo‘lsa-da, faqat tsement va pishiq g‘ishtdan ko‘tardi, qirchumolilarning sevimli ozuqasi bo‘lgan yog‘och va tuproqni umuman ishlatmadi… Ammo bir kuni nevarasining beshigida qirchumolini uchratganda o‘kirib yubordi…
— A-a!..
Shundan buyon uning boshi xam, hech kimga qo‘shilmaydi, zarurat bo‘lmasa hech kim bilan gaplashmaydi, qirchumolilar haqida-ku, umuman so‘z ochmaydi.
Toshpo‘latning unga judayam ichi achishadi. O‘zi bir devor uchun qancha og‘rinib o‘tiribdi, bu bechoraning ikkinchi uyi ham…
— Aka, shu yerlarni tashlab, olisroqqa ko‘chib ketsangizchi? — o‘zicha mehribonlik qildi u bir kuni.
— Yo‘-o‘q, inim! Men kindik qonim tomgan yerlarni qirchumolilarga tashlab ketamanmi? Buning hech iloji yo‘q. Ota-bobolarim o‘tgan bu yerlarning ajriq bosib, tashlandiq bo‘lib yotishini tasavvur ham qila olmayman. Ilojini topsam, ularning tishi o‘tmaydigan temirdan uy quraman, bo‘lmasa, o‘tov tikaman, ammo bu yerlarni qirchumoliga tashlab ketmayman.
…Kechga borib, yomg‘ir tindi. Achchiq izg‘irin esa boshladi. Shamol bolasini yo‘qotib qo‘ygan onadek uvillab yurakka vahima solardi.
Toshpo‘lat issiqqina to‘shakda yotib, vujudida og‘ir horg‘inlik his etdi Qaribdi. Ilgari ob-havodagi uncha-muncha o‘zgarishlar tanida sezilmas edi. Endi esa… Shu to‘rt kunlik yomg‘ir uni butkul ezib tashladi. Ancha paytgacha uxlayolmay yotdi. Endi ko‘zi ilingan edi, onasi rahmatlik tushiga kiribdi. Hovlisining adog‘ida turib, allaqanday yigitlarga devorning darz ketgan joylarini suvatayotgan emish. Toshpo‘lat uxlab yotgan holida xijolat bo‘ldi, shu bir devorni deb onamning ruhini ham bezovta qildim, shu singil bilan kuyovda-ku insof-diyonat yo‘q ekan, men insofli bo‘lsam bo‘lmasmidi, deb o‘yladi. Yana picha xarajat ekan-da. Shu bilan yana singilli bo‘lib qolsa,ehtimol…
Yarim tunda gumbirlagan ovozdan uyg‘onib ketdi Sarpoychang ayvonga yugurib chiqdi. Xuddi o‘zi taxmin qilganday edi. Qo‘shni xonadan hovliqib chiqqan o‘g‘lini ortiga qaytardi.
— Devor nurabdi. Ertaga bo‘yrakashlarga borib, ikki metr-ikki metrlik qilib, bo‘yra buyurtir. Yozgi restoranlarnikiday qilib, bo‘yra devor qilib qo‘yamiz. Bo‘yra ivimaydi ham, chirimaydi ham.
— Ota!…
—O‘ zingni bos, o‘g‘lim. U ammang, termit emas. Terminator emas.
— Nima? Terminator?! Ammam emas, biz terminator bo‘ldik, har o‘ldirganlarida, goh g‘isht bo‘lib, goh bo‘yra bo‘lib tirilaveramiz.
— Uyingga kir,— yelkasiga qoqdi o‘g‘lining. — Ertaga gaplashamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi.