Jamila Ergasheva. Uchrashuv (hikoya)

Shifoxona quyuq daraxtzor orasida joylashgani uchun tuni bilan chigirtkalarning chirillashidan quloqlar qomatga keladi. Saharga yaqin ularning ovozini qushlarning chug‘urlashi bosib ketadi. Yo‘laklari nurga cho‘milib yotgan shifoxona esa mitti parrandalarning bu shovqin-suroniga butunlay beparvo, mudrab tongni kutadi. Aslida shifoxonada kunduzlari ham juda sokin kechadi. Bu yerda asosan martabali va nishondor kishilar yotib davolanishadi va ular ko‘pincha kasal bo‘lganliklari uchun emas, kasal bo‘lmaslik uchun har yarim yilda o‘n-o‘n besh kun yotib, turli tekshiruvlardan o‘tishadi, dam olishadi. Ularning o‘zlari ham, izidan keluvchilar ham kasalxona tartiblarini juda hurmat qilishadi, unda-munda yo‘lakka chiqib qolishsa ham, yumshoqqina shippaklarda oyoqqinalarining uchida ohistagina yurib, bir-birlari bilan pichirlashib gaplashishadi.
Uzun va orasta yo‘laklar, odam bo‘yidan ikki baravar baland, doimo yopiq eshik ortidagi xonalar uzra qalqib turuvchi bu sokinlikni faqat bir odam – bosh shifokorning birinchi o‘rinbosari gursillagan qadam tovushlari bilan buzib, yanchib yuraverardi. Hamshira qizlar beradigan gurung­larga qaraganda uning bu “tartibsiz”ligi shifoxonaning yig‘ilishlarida juda ko‘p marta muhokama ham qilingan, bosh shifokor “Hakim Sattorovich, bu yer shifoxona. Shifoxonada qanaqa kontengent yotib, davolanishini yaxshi bilasiz. Sal u yoq-bu yog‘ingizga qarab yuring, el qatori shippak kiying. Tufli­ngizning ovozi hammaning tinchini buzayapti”, deb ko‘p marta aytgan. U esa “xo-xo”lab kulib, “Davron Berdiqulovich! Men mushuk emasman-ku, ovoz chiqarmay yuradigan. Men odamman, shifokorman. Bemorlarimning atrofida aylanib yotgan insu jinslarni hurkitib yurmasam bo‘lmaydi-da”, der ekan. Bosh shifokor “Shippak, shippak…” deb ming‘irlayvergan ekan, oxiri “Aka, ket, desangiz, ketayin, lekin men shippak kiymayman, bu menga to‘g‘ri kelmaydi”, debdi.
“Lekin Hakim Sattorovichning bilimi zo‘r. Hamma unga ko‘rinishni istaydi. Bosh shifokorimiz ham hamma tanishlarini shu kishiga ko‘rsatadi”, deyishardi qizlar.
Bosh shifokorning ko‘rsatmasi bilanmi, yoki shunchaki tasodif tufaylimi, viloyatning mashhur gimnastikachi qizi, ayni payt­­da viloyat madaniyat boshqarmasida ishlayotgan Aliya Shodimetova aynan shu xushsurat, o‘ktam shifokor yigit – Hakim Sattorovich qaraydigan palataga tushib qoldi. Kim-kimlar bir marta ko‘rinishga zor bo‘lgan shifokor uning yoniga kuniga o‘n marta kiradi: “Qani-i, Aliyaxonim, tuzukmisiz?”. O‘ziyam kun ora navbatchilikda turadi, ayni sahar payti, atay unga qarash uchun kelib yotgan onasi palatani boshiga ko‘targancha xurrak otib, uyquni urayotgan paytida ham kirib keladi-da, bamaylixotir tunchiroqni yoqib, uning qon bosimini o‘lchaydi, yuragini eshitib ko‘radi, choyshabning bir chetini ko‘tarib, badanini egallab olgan toshmalariga qaraydi. Ketayotib, bemalol uyqusini davom ettirayotgan onasiga bir qarab, so‘ng Aliyaga hazilnamo ko‘z qisib qo‘yadi: “Siz ham uxlang”.
U xonadan chiqib ketgach, Aliya – besh yoshidan buyon el oralab yurgan sarvqomat gimnastikachi – anchagacha qon bosimini o‘lchayotgan, yuragini eshitayotgan payt badaniga tekkan qo‘llarining taftini, hatto ustiga engashgan dam yuziga urilgan issiq nafasini his etib yotadi. Uning ortidan qoladigan atir hidi ajib dasht gullarini yodga soladi, ko‘ngli ham bepoyon dashtlardek huvullab qoladi. So‘ng beixtiyor eshikka tikilib, uni yana kuta boshlaydi. Yo‘lakdan eshitilayotgan gursillagan qadam tovushlari, zalvorli eshiklarning og‘ir g‘iyqillab ochilib-yopilishlari bora-bora asabini buza boshlaydi. Keyin yotgan joyida o‘zining ustidan kuladi: “Hey, o‘n sakkiz yashar qizmisan? Buncha hayajonlanmasang? U shunchaki vazifasini bajarayapti, xolos. Senga biror so‘z degan, yoki biror ishora qilgan bo‘lmasa… Qolaversa, shunday aqlli, bilimli yigit uch bolasini qo‘yib, yoshi o‘ttizga yetgan bir qari qiz bilan hayotini qaytadan boshlarmidi? Bu ivirsiq hayotda shundan boshqa tuzukroq mashg‘ulot yo‘qmi? O‘zi-chi, o‘zi? O‘zi ham hech qachon hech kimning bunday qurbonlik berishiga yo‘l qo‘yarmidi? Hech qachon!..”. Lekin uning ixtiyori allaqachon o‘zidan ketgan, na tiyiqsiz xayollar tizginini, na eshikka qarab mo‘ltirab turaveradigan ko‘zini boshqara olmas edi. Har qancha o‘zini urishsa ham, u yo‘q payti uni kutaveradi, kelganida esa hayajonini zo‘rg‘a ichiga yutadi.
Yigiti tushmagur ham atay qilgandek ertalab ust-boshini ham almashtirmasdan qilichdek bo‘lib kostyum-shimda to‘g‘ri uning xonasiga kirar, ketgunicha ham bir kirib, ahvol so‘rar edi. To‘g‘ri, Aliyaning ahvoli ancha og‘ir. Shifoxonaga tushganiga bir hafta bo‘libdi hamki, badanini bosib ketgan toshmaning na asl sababini topa olishdi, na uni qaytara olishdi. Tekshirishdi, maslahatlar qilishdi, boshqa shifoxonalardan mutaxassislar chaqirib ko‘rsatishdi, bilgan bor ilmu amallarini qilib ko‘rishdi, ammo tirsagidan tangadekkina bo‘lib boshlangan toshma hamma joyini bosib, quloqlarining ichi, tilining uchigacha toshib ketdi, qaytmadi. Qishloqdagi momoginasi “Bu eshak yemi-ku, irimini qilmasa, qaytmaydi”, deb otasini qistay-qistay, mashinaga bir eshakni yuklab, uch hovuch arpa berib, shaharning qoq o‘rtasida joylashgan kasalxonaga jo‘natibdi: “Arpani etagiga solib, eshakka yedirsin”. Uni bir amallab aravachaga o‘tirg‘izib, eshakning yoniga chiqarishdi-yu, ammo mashinada 30-40 chaqirimdan izzat-ikrom bilan keltirilgan eshak arpani hidlab ham ko‘rmadi. Toshma ham qaytmadi.
Bir hafta o‘tgach, Hakim Sattorovich yangi dori boshlatdi: “Buyam bir tavakkal, hech narsa qilmasdan qarab tura olmayman-ku, axir. Lekin negadir ijobiy samara berishiga ko‘ng­lim ishonib turibdi”. U engashib, Aliyaning qo‘llarini ohistagina siqib qo‘ydi: “Siz ham ishoning, albatta hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Dard uni butunlay holdan toydirgan, qon bosimi pasayib ketgan, nazarida yuragi ham yarador qushchadek zo‘rg‘a urib turardi. Uning qaroqlariga yosh qalqdi. Agar shu inson qo‘llaridan tutsa… jahannamga ham borishga tayyor edi u. O‘lsa, shu yigit uchun, uning qo‘llaridan tutgan holda o‘lsa!.. Yashasa, shu yigit uchun, shu yigitning qo‘llaridan tutmoq uchun yashasa!..
Doktor uning qo‘llarini qattiqroq siqdi: “Birgalashib Xudodan so‘raymiz, hammasi yaxshi bo‘ladi. Siz menga ishoning”. Aliyaning nazarida uning ovozi titrab ketdi, ko‘zlari ham namlangandek bo‘ldi. U boshqa hech narsa demadi, tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi.
Birpasdan keyin bosh shifokorning o‘zi kirdi. Davolovchi shifokor har kirganida bir talab olayotgan onasi endi unga jovullab ketdi: “Men sizlarni tushunmayapman. Sizlar uchun inson hayoti hech qanday qimmatga ega emasmi? Kechagina ish boshlagan bir yigit mening qizimning ustida intuitsiyasiga ishonib, tajriba o‘tkazmoqchi. Siz esa indamay qarab, tomoshabin bo‘lib o‘tiribsiz. Tibbiyot aniq fan, aniq ilmga asoslangan soha, unda intuitsiya emas, ilm, tajriba muhim. Qo‘llaringdan kelmasa, javob beringlar, Toshkentga olib ketamiz”.
Bosh shifokor yupatmoqchi bo‘lgandek uning yelkalariga qoqdi: “Alfiya opa! Men sizni tushunib turibman. Lekin siz ham meni tushuning va ishoning. Birinchidan, doktoringiz juda bilimli mutaxassis, ikkinchidan, bu kasallikni hamma joyda, hatto Amerikada ham biz davolagan usulda davolaydi. Dunyoda davo usullari hech qachon sir saqlanmaydi, bu mumkin emas. Qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilayapmiz. Xudo xohlasa, bugun-erta natijalarga erishib qolsak, ajab emas”.
Alfiya opa yana jovulladi: “Ana, ko‘rdi­ngizmi! Qilayotgan ishingizning natijasiga o‘zingiz ham ishonmaysiz. “Erishib qolsak, ajab emas” emish. Menga bunday mujmal gap kerak emas, menga “Albatta erishamiz” deydigan doktor kerak!”
Bosh shifokor bir muddat jim qoldi. So‘ng ona-bolaga bir-bir qarab, hamon yoqasidan olishga ham tayyordek xezlanib turgan onaga yuzlandi: “Opa, kasalning boshida turib bekordan bekorga vahima qilmang. Siz so‘rayotgan gapni hech qachon hech qanday doktor ayta olmaydi. Sabrli bo‘lish kerak”.
Yangi muolajaning foydasini Aliya kechga yaqin his qildi: a’zoi badanidagi kuyishish biroz pasaygandek edi. Shungacha yuz marta uning yoniga kirib, “Yaxshi-i-i”, degan doimiy javobidan ruhi tushib ketgan Hakim Sattorovich endi uning “Negadir toshmalarim kuyishmayotgandek”, deganini eshitib, ko‘zlari chaqnab ketdi: “Rostdanmi?!”. U darhol choyshabni tizzasigacha ko‘tarib, diqqat bilan kasallikka razm soldi, so‘ng bilak­larini ochib ko‘rdi: “Est!”, suyunganidan boladek bitta tovonida turib, parket polda “chir” aylandi va deyarli yugurgan holatda tashqariga chiqib ketdi.
U o‘sha kecha navbatchi bo‘lmasa ham, yarim tunda kasalxonaga Aliyani ko‘rgani keldi. Yo‘lakda uning gursillagan qadam tovushlarini eshitib, Aliyaning yuragi hapqirib ketdi. U xonaga dimog‘ida qandaydir sho‘x kuyni xirgoyi qilgancha kirib keldi: “Sira uxlay olmadim. Sizni bir ko‘rib ketmasam bo‘lmas edi”.
U yana Aliyaning toshmalarini ko‘zdan kechirdi, qon bosimini o‘lchadi, yuraklarini eshitib ko‘rdi, so‘ng o‘z-o‘zidan mamnun bir holatda xona chetida turgan stulni olib, oyoqlarini chalkashtirgancha o‘tirib, Alfiya opa bilan darvozalarining oldiga kimdir tashlab ketgan kichkinagina kuchukcha, uning qanchalar shirinligi, qanday ovqatlanishi, qanday yugurishi, qanday dumalashi, endi shu kuchukchani o‘zlari boqib olishga qaror qilganliklari haqida gurunglashdi. Ketayotib, Aliyani tanqid qilib qo‘ydi: “Bu qizi­ngizning lug‘atida “yaxshi” degan so‘zdan boshqa so‘z yo‘q, shekilli. Juda zerikib ketmadingizmi u bilan yotib? Lekin mening yuraklarim qon bo‘lib ketdi-ey. O‘zi o‘lay deb yotibdi, qandaysiz, desam, “yaxshi-i”, deydi. Uni deb butun kasalxona xavotirda oyoqqa turgan, bunga qandaysiz, desa, yana “yaxshi-i-i”, deydi. Qoyil-e!”.
Qizining ahvoli o‘nglana boshlaganidan mamnun ona ham kulimsirab uning fikrini ma’qullaydi: “Ha, rost aytasiz, bu bilan bir soat birga o‘tirgan odamning yuragi “tars” yorilib ketsa kerak. Ona bo‘lganingizdan keyin chidar ekansiz-da. Lekin uning shunday bo‘lishiga o‘zim sababchiman, maktabda hamma fanlardan beshga o‘qirdi, qaysi institutga topshirsa ham kirib ketardi. Bu bog‘cha yoshidan gimnastikaga qatnadi, qaddi-qomati ham gimnastikaga mos edi, gimnastikachi bo‘ladi, deb turib oldim. Momosi bilan, dadasi bilan talashib-talashib, gimnastikachi qildim. Qaynonam “El bo‘lmading”, deb xafa bo‘ldi. Men “Begonaligimni yuzimga soldingiz”, deb xafa bo‘ldim. Baribir aytganimdan qaytmadim. Gimnastikachi qilib-ku, yutqizganimiz yo‘q. Kasbining ortidan dunyo kezdi, obro‘-e’tibor topdi. Bugun ham viloyatda shu soha bo‘yicha yagona murabbiy. Ammo yana bir tomoni bor, gimnastikachilar, ko‘ryapsiz, gapirmas ekan, ichida nima gap bo‘lsa, harakat bilan aytib qo‘ya qoladi”. Hakim Sattorovich kuladi: “Yaxshi emas. Unda-munda gapirib ham turish lozim, Aliyaxon”. “Albatta­-da. Tumtayib yurib, mana, yoshi o‘ttizga yetdi. Allaqanday sochi pahmoq Alvastilar “men” degan yigitlarning burnidan ip o‘tkazib, istagan joyiga yetaklab yuribdi. Bu bo‘lsa, shuncha husni, shunday aqli bilan!.. Og‘zimning solig‘i, qizimning qilig‘i yo‘q, degan xotin aslida mening o‘zimman”.
Onasining bu xil hasratlarini avval ham ko‘p eshitgan bo‘lsa-da, Aliya shifokor yigitning oldida juda xijolat bo‘ldi: “Ona-a-a!”.
Uch kun deganda hamma toshmalar qaytib ketdi, ammo uni yana uch kun olib qolishdi: “Men ishonch hosil qilishim kerak”. Ketayotgan kuni Hakim Sattorovich shifoxona hovlisida barq urib gullab yotgan atirgullardan katta bir guldasta tayyorlab, unga keltirib berdi: “Uyga borgach, suvga solib qo‘yasiz”. Yana tayinladi: “O‘zingizni urintirmang. Toshmalar sizni juda charchatgan, o‘zingizga kelib olguncha, ehtiyot bo‘lib turing. Yana qaytalab qolmang”, “Xo‘p, rahmat…”
Aliya ko‘z yoshlarini yashira olmadi. Shunday og‘ir xastalikdan tuzalib uyga qaytayotgan odamning yig‘lashi g‘alati edi, lekin yigit undan “Nega yig‘layapsiz?” deb so‘ramadi. Uning ham negadir kayfiyati yo‘q edi.
…Shu bo‘yi ularning yo‘llari ko‘p yillar kesishmadi. Bu orada Aliya turmushga chiqdi, farzandli bo‘ldi. Onasi uxlab qolgan paytlar uxlamasdan uning boshida bedor tong ottirgan shifokor yigit ba’zan-ba’zan yodiga tushishini aytmasa, deyarli unutib yubordi. Chunki yigit ham uni biror marta bo‘lsin, izlamadi. Lekin Aliyaning yodiga tushgan dam o‘sha paytlar jonu jahonini yondirgan his-tuyg‘ulari, kasalxonadan chiqayotgan payt o‘zini to‘xtata olmay yig‘laganlari uchun juda-juda xijolat tortar edi. Bir safar qandaydir yig‘inda qoramag‘izdan kelgan tiqmachoqdek bir ayol bilan yonma-yon o‘tirib qolgan edi, uni “Hakim Sattorovichning oilasi”, deb tanishtirishdi. Beixtiyor Aliyaning yuzlariga qon tepdi, ko‘ng­lida kechgan tuyg‘ularni sezdirmaslik uchun “Eringizni yaxshi bilaman, juda bilimli, kasbiga sadoqatli shifokor”, deb, ayolga mulozamat qilgan kishi bo‘ldi, u esa “Akangiz siz bilan faxrlanib yuradi, mening singlim, deydi doim”, deb takalluf qildi.
Keyingi vaqtlarda tez-tez Aliyaning yuragi bezovta qiladigan bo‘lib qoldi. Sal narsaga nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, qora terga tushib qolaveradi. O‘zi ham jonining tinchini bilib hech narsaga urinmaydigan bo‘lib qoldi. Kamharakatlilik oqibatida ancha vazn to‘pladi, bu esa yana harakatini chegaralab qo‘ydi. Ba’zan oynaga qarab, qarshisida unga termulib turgan qovoqlari salqi, baqbaqalari osilib qolgan, rangi zaxil keksa ayolni ko‘rib, o‘zidan ko‘ngli qolib ketardi. Bir zamonlar faollar shifoxonasi bo‘lgan joy Kardiologiya markaziga aylantirilgan ekan. Eri uni qo‘yarda-qo‘ymay shu markazga olib kelib yotqizdi.
Taqdirning hazilini qarangki, unga yana o‘sha ancha yil avval yotgan xonani berishdi. Devorning bir tomonini egallagan derazasiga qalin shoyi parda tutilgan nim qorong‘i xonada yotib, o‘zi istamagan holda xotiralarga berildi. Eshikdan kirgan har bir odamga jovullab yopishuvchi onasi, ertayu kech yelkasiga eshikbondan olgan ko‘kish xalatni nomigagina ilgan holda kirib keluvchi otasi… O‘shanda otasiga qarab, odamzod ovoz chiqarmasdan, bir tomchi yosh to‘kmasdan ham yig‘lay olishi mumkinligini ko‘rgan edi. Otasi ham juda bosiq, kamgap odam edi. Aliyaning oldiga kelar-­ketar, kelganida ham, ketganida ham qizining boshini bir hidlab qo‘yardi. Eh, odamzod shunchalar ham mo‘rt bo‘lmasa, odamning qo‘li bilan yasaluvchi eshik-deraza, jihozlar ham odamdan ko‘proq yashar ekan. Onasining ovozi quloqlari ostida jaranglab turibdi, ammo o‘zi yo‘q. Otasi ham… Aslida jonu jahonini na qayoqdan kelgani, na qachon ketishi noma’lum bo‘lgan dard o‘rtab yotgan bir paytda ham kim ahvol so‘rasa, jilmayib, “Yaxshi-i-i…” deb javob beradigan xushro‘y, sarvqomat gimnastikachi qiz ham yo‘q. Uning o‘rnini turib-o‘tirgandagina emas, u yonidan bu yoniga ag‘darilganda ham malollanadigan bir kampir egallagan. Yana… gursillagan qadam tovushlari bilan bemorlari atrofida aylanib yurgan insu jinslarni hurkituvchi o‘sha o‘ktam shifokor yigit ham yo‘qligi aniq. Qiziq, hozir u qayerda ekan, nima ish bilan shug‘ullanayotgan ekan? O‘shanda chamasi qirqlarga kirgan edi, hozir yetmishdadir… Allaqachon nafaqaga ham chiqib bo‘lgandir? Balki, o‘tib ketgandir… Juda ajoyib yigit edi. O‘shanda Aliyaning ko‘nglida emas, yigitning qalbida ham Aliyaga nisbatan bir o‘tli tuyg‘ular uyg‘ongani aniq. Bu uning ko‘zlaridan anglashilib turardi. Onasi ham sezgan ekan, keyinroq bir gap ochilganda aytgan edi. Ehtimol, o‘sha tuyg‘ular bo‘lmaganda tavakkal qilishga jur’at topa olmagan va Aliya­­ni qutqarib qololmagan bo‘larmidi?
Hammasi o‘sha-o‘sha, o‘sha xonalar, o‘sha uzun yo‘laklar… Faqat ovoz ko‘p, shovqin ko‘p edi: tapir-tupur, shaqir-shuqur. Biri-biridan shoshib, gursillab yuradigan, baland-baland ovozda gapiradigan shifokorlar, hali u yoqqa, hali bu yoqqa boshlab ketaveradigan hamshiralar… Aliya esa keksaygan, asablari charchagan. Kun bo‘yi unga tinim berishmadi, bir dunyo apparatlardan o‘tkazishdi, tahlil uchun qon, peshob olishdi. Soatlab tomchi ukollar qilishdi. Kechgacha butkul holdan toydi. Kechqurun o‘g‘li bilan kelini olib kelgan ovqatdan nomigagina totingan bo‘ldi-da, ular ketgach, shipdagi qandilni o‘chirdi, yondevorga o‘rnatilgan bejirim tunchiroqni yoqib, o‘rniga cho‘zildi. Juda charchagan edi, darrov ko‘zi ilindi. Shu yotishda qancha vaqt yotganini bilmaydi, ammo bir tiniqib uxlab olgani aniq. Eshik ohista chertilib, og‘ir g‘iyqillab ochilganda, charchoqlari ancha tarqagan edi, sergaklik bilan boshini ko‘tarib, eshikka qaradi. Ostonada shumshayib turgan oq xalatli kishini ko‘rib, avvaliga hayron qoldi. Qariya unga kimnidir, aniqrog‘i, unga juda qadrdon bo‘lgan bir insonni eslatdi, ammo ko‘ngliga kelgan fikrga ishongisi kelmadi, shunday bo‘lsa­-da, keksa kishining hurmati uchun o‘rnidan turib o‘tirdi. Keluvchi esa uni ko‘rib, negadir xijolat tortdi. Tomoq qirib, ichkarilash uchun undan izn so‘radi: “Mumkinmi, Aliyaxon?”. Aliya beixtiyor o‘rnidan turib ketdi, keluvchi jur’atsizgina pichirlab gapirgan bo‘lsa-da, bu ovozni tanimasligi mumkin emas edi: “Assalomu alaykum! Keling, kelavering, Hakim Sattorovich!”.
Aliya xonaning umumiy chirog‘ini yoqib, unga stul qo‘yib berdi. Keyin o‘zi ham karavotining bir chetiga omonatgina o‘tirib, hurmat bilan hol-ahvol so‘radi: “Qarang-a, siz shuncha yildan beri haliyam shu yerda ishlayapsizmi? Men sizni allaqachon nafaqaga chiqib ketgan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim”. Hakim Sattorovich hamon kalovlanardi: “A-a-a, yo‘-o‘-q, ishdan ketganim yo‘q. Nafaqaga chiqdim, o‘n yillar bo‘p qoldi, lekin ishlab yuribman”. “Ha, endi sizday ilmli, fidoyi mutaxassislarga javob berisharmidi? Yoshlar siz egallagan malakani egallagunlaricha bemorlar qiynalib qolmaslik­lari kerak-da”, “Ha-a, yo‘g‘-e, juda-a unchalik emas. Hozir yoshlar orasida ham zo‘rlari ko‘p, lekin shunday yoshlar borki, o‘zlaridan boshqa hech kimni tanimaydi ham, tan olmaydi ham. “Sizni hammi?” – bu gap Aliyaning og‘zidan “lop” etib chiqib ketdi-yu, ammo darhol tilini tishladi: “Dilini og‘ritib qo‘ydim-da…”. Ammo suhbatdoshining yuz-ko‘zlarida hech qanday ranj alomatini ko‘rmagach, biroz yengil tortdi. “Ha, allaqachon ketishim kerak edi. O‘zi, sog‘lig‘im ham yo‘q. Bodim bor. O‘n besh yillar bo‘ldi, ko‘p azob beradi. Ayniqsa, havo buziladigan bo‘lsa, juda mazam bo‘lmay qoladi. Menikiyam noilojlikdan-da. Birinchi ayolimiz o‘tib qoldi. Ikkinchi ayoldan tug‘ilgan bolalar hali yosh. Bir stavka ish berishgan, navbatchilik­larim bor. Nafaqaga qo‘shimcha-da. Bugun ham navbatchi edim. “Kasallik tarixlari” bilan tanishayotib, sizning ismi-sharifingizga ko‘zim tushib qoldi…”.
Aliya ming‘ir-ming‘ir qilib, tili bilan tanga sanab, arz-hol qilayotgan suhbatdoshini tinglab o‘tirib, beixtiyor uning loyi qotib qolgan kulrang rezina shippagining tumshug‘idan ko‘rinib turgan barmoqlariga ko‘zi tushdi. Ham ishlik, ham ko‘chalik qilib kiysa bo‘ladigan och kulrang shimi ham picha uzun ekan, shekilli, pochasi poyabzal poshnasi ostida bosilaverib, yirtilib, shatmoq bo‘lib ketgan edi: “Bechora, rostdan ham juda mazasi yo‘qqa o‘xshaydi. Butunlay hafsalasiz bo‘lib qolibdi. Qarichilik, oiladagi yo‘qotishlar… Keyingi xotin ham uyiga tilsiz-jag‘siz xizmatkor bo‘lib kirib kelmagandir… O‘gay ona-bolalar o‘rtasida qancha dilxiraliklar o‘tganligi aniq. Bular odamni xarob qilmay, nuratmay nima qiladi? Sho‘rlik!..”
U avvaliga yuraklari achishib, qadrdon doktorning yarim ovozda berayotgan gurunglarini jon qulog‘i bilan hech bir malolsiz tinglab, o‘rni kelganda dalda berib o‘tirdi. Ammo har safar ko‘zi rezina shippakning tumshug‘idan mo‘ralab turgan barmoqlarga, shatmoq bo‘lib ketgan pochalarga ko‘zi tushganda mazasi qochib ketardi. Qariya esa vaqt allamahal bo‘lib qolganini ham, o‘zining navbatchiligini ham, qarshisida ensasi qotib, esnab o‘tirgan ayolning bemorligini, uning dam olishi kerakligini ham butkul unutgan holda, har ikkalasiga ham umuman aloqasi yo‘q allanimalar haqida ming‘ir-ming‘ir gap berardi. Navbatchi hamshira, uni ko‘rib, ochiqdan ochiq zarda bilan, bemorlardan biri so‘rayotganini aytdi-yu, Aliya undan qutulib, yengil nafas oldi: “Keksalik uni butkul xarob qilibdi”. Ammo u chiqib ketgach, bu odam soatlab o‘tirib, nimalar haqida gapirganini eslamoqchi bo‘lib harchand urinmasin, hech narsani eslay olmadi. Yuragi toriqdi. Deraza yoniga borib, kuz osmoniga qaradi, miltillab turgan yulduzlar juda olislab ketgandek edi.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 9-son