Jaloliddin oilada kenja farzand. Biroz soddaligini aytmasa, juda qo‘li ochiq, xokisor yigit. Bir aka, to‘rt opa-singilning biri qo‘yib-biri keksalarni ko‘rgani ota uyiga keladi, ko‘pincha quruq qo‘l bilan… Lekin hammasi zo‘r, aka shaharda, amaldor, mashina olib yuradi. O‘sha yoqda o‘qib, uy-joy qilib qolib ketgan. Opa-singillar ham boru bardam joylarga tushgan, hamisha zebu ziynatlarga burkanib yurishadi, katta-katta gapirishadi. Ular kelishsa, Jaloliddin borini bozor qilib, dasturxonga to‘kadi. Cho‘ntagida bir mirisi qolmagan esa-da, mehmonlarning yonida askiya aytib, kulib-kuldirib o‘tiraveradi. Bu narsa xotiniga sira ham yoqmaydi: “Ota-onani ko‘rgani kelgan mardum bundog‘ to‘rttagina non bilan ikki kilogina go‘sht ko‘tarib kelmaydimi? Bularingiz faqat yeb-ichib ketish uchun kelishadi. Uyalishmaydi”. Jaloliddin xushomad tarzida xotinining yelkalarini silab qo‘yadi: “Bular bizni bobo bilan momoning nafaqasini yeb yotibdi, juda boy deb o‘ylashadi-da, xotin. Qo‘yaver, boy bo‘p yuraylik”. “Ha, ye-eb yotibmiz botmonlab. Keksa odamlar, biri qo‘yib, biri kasal bo‘ladi, deyishmaydi. Hamma keldi-ketdini biz kuzatsak”. Xotinining rostakamiga qahri kelsa, Jaloliddin yosh boladek ilojsiz shumshayib qoladi: “E-e, xotin, meni uyaltirma, iltimos!..”. Ammo-lekin, xotini unga har qancha zahrini sochsa ham mehmonlarning yonida go‘yo unga hech narsa malol kelmayotgandek hamisha kulib turaveradi. Ayniqsa, shaharda yashaydigan akasi ayoli bilan kelganda juda qiynalishadi. Mehmonlarni ziyorat qilib ketaylik, deb, hamma opa-singil bola-chaqasi bilan ularnikiga jamlanishadi. Bu mehmonnavozlik ko‘pincha hafta-o‘n kun davom etadi. Yana ketishayotganda “Qo‘y go‘shti, mol go‘shti, tandir go‘shti, dumba, suzma, qorinyog‘, olma, anor, xurmo…”, xullas, o‘zlari yilda bir marta dasturxoniga qo‘ymaydigan noz-ne’matlarga sumkalarini to‘ldirib kuzatib qolishadi. Ular ketishgach, xotini haftalab Jaloliddin bilan gaplashmay yuradi. “Kenja farzand bo‘lgach, shu-da, xotin. Ota-onam tirik ekan, shu yerga kelaverishadi, nima qilay axir? Men ularni chaqirib olayotganim yo‘q-ku!”, deb necha bor yalinsa ham to o‘zi ochilmaguncha, tumtayib yuraveradi. Ammo ota-ona o‘tib ketgach ham, ularning uylari “mashvaratxona”ligicha qolaverdi. “Ota-onamizdan qolgan uy, shu yerga kelsak, ularni ko‘rgandek, ovozlarini eshitgandek bo‘lamiz”, deyishadi kelganlar.
Xotini hisob-kitobni, sayru sayohatni juda yaxshi ko‘radi. “Ularni shuncha yildan beri mehmon qilamiz, biz ham bir borib, mehmon bo‘lib kelaylik. Shahar juda go‘zallashib, o‘zgarib ketgan deyishadi. Jondek jigaringiz bo‘la turib, bir marta borolmaymizmi?” deb sira holi joniga qo‘ymadi. Shu yil bolalar yozgi ta’tilga chiqishgach, nihoyat yo‘l tadorigiga tushishdi. Shaharlik yanga yaxshi ko‘radigan go‘shtlardan olib, muzxonada ikki kun muzlatib, bir sumkaga solishdi. Ikkinchi sumkaga ho‘l meva, qand-qurs, non-patir olishdi. Besh-olti kun qolib ketsak, og‘irimiz tushmasin, deyishdi-da. O‘zi yo‘lga chiqayotgani uchun xotini ham bu xarajatlardan malollanmadi.
Necha dovonlardan o‘tib, tongga yaqin shaharga kirib borishganda mudroq ko‘chalar huvullab yotardi. Birinchi bo‘lib akasi telefon qildi: “Yaxshi kelyapsilarmi? Qayerlarga yetib qoldinglar?”. Sal o‘tib xotinining telefoni jiringladi, yangasi ekan: “Kelay deb qoldinglarmi? Taksistdan so‘rang-chi, biznikigacha qancha yurarkansizlar? Yana bir soat, deydimi? Eh-he, ayting, tezroq haydasin”. Xullas, er-xotin to uyga kirib borgunlaricha biri qo‘yib, biri qo‘ng‘iroq qilar, unga sari Jaloliddin xotini bilan taksistning oldida ularning bezovtaliklari va mehribonliklaridan g‘ururlanar, atrofga alang-jalang qarab, terisiga sig‘may borardi: “Bizzi aka bilan yangaga gap yo‘q-da. Yanga do‘xtir. Juda ko‘ngli ochiq, mehribon ayol. Ko‘rishmaganimizga ham bir yil bo‘ldi. Har yili yozda o‘zlari bizni ko‘rgani borishar edi. Bu yil biz sizlarni ko‘rgani boramiz, dedik. Rosa sevinishdi”.
Bu joylarda intizomga juda qattiq amal qilinar ekan. Ular uyga kirishlari bilan yanga sumkadagilarni sovutguchga joylab, tandir go‘sht bilan dumba va xo‘l mevalardan “Yo‘lda onamga tashlab o‘taman”, deya bir salafan xaltachaga oldi-da, “Endi xafa bo‘lish yo‘q, ish vaqtimiz bo‘lib qoldi. Charchagan bo‘lsanglar, yotib dam olinglar. Choy ichaman, desanglar, gazda choy qaynab turibdi, sovutgichda ovqat ham bor. Tushdan so‘ng Sanobar darsdan kelib, osh-posh qiladi”, deya ulardan uzr so‘ragan bo‘ldi-da, so‘ng eriga “Bo‘ling. Bo‘ling, tezroq”, deb shosha-pisha jo‘nab ketishdi. Shuncha xarajat qilib, o‘zlaricha ishni do‘ndirgandek bo‘lib kelgan er-xotin bolalari bilan egasiz uyning o‘rtasida anqayib turib qolishdi. Birinchi bo‘lib xotini yorildi: “Hurmatimizni ko‘rdingizmi, otajonisi? Sahardan buyon yuz marta qo‘ng‘iroq qilishdi, shuning o‘rniga dasturxon yozib, to‘rt taqsimchaga qand-qurs qo‘yib, bir chetga bir choynakkina choyni sochiqqa o‘rab qo‘ysa bo‘lardi-ku! Bular boradigan bo‘lsa, biz bechoralar ikki kun oldin pishir-kuydir qilib boshlaymiz. Ish degan narsani butkul unutamiz”.
Jaloliddin ishtonini bulg‘ab qo‘ygan boladek ko‘zlari jovdirab qoldi. Xotini zahrini sochmasa ham bo‘lari bo‘lib turgan edi. Buniki qo‘shimcha bo‘ldi. Xotiniga javoban bir narsalar deb g‘uldiradi, ammo nima deganini o‘zi ham tushunmadi. Taxmondan ko‘rpacha olib, xonaning bir chetiga to‘shadi-da, cho‘zilib ola qoldi: “E-ee, bor-e, men charchadim”. U rostdan ham juda charchagan edi. Xotini esa bolalarni yetaklab xonadan chiqib ketdi. Biroz yotib, u ham bolalarining izidan oshxonaga o‘tdi. Uni ko‘rib, xotini istehzo bilan jilmaydi: “Ilon chaqqan uxlashi mumkin, ammo och odam uxlay olmaydi. Keling, yangajoningiz ajoyib moshxo‘rda qoldirib ketgan ekan, isitdim”. Jaloliddin indamay oshxona stolining bir chetiga o‘tirdi. Dasturxonga o‘zlari olib kelgan tandir kabob, qatlama patir, qand-qurslardan ham qo‘yilgan edi. Uning ko‘nglidan kechganlarini his qildi shekilli, xotini andishasizlarcha izoh berib qo‘ya qoldi: “Bularning kechadan qolgan moshxo‘rdasiga qarab o‘tiramizmi, hech bo‘lmasa, o‘zimiz olib kelgan narsalar bilan o‘zimizni siylaylik”. Jaloliddin dasturxondan nigohini olmay, bosh irg‘adi: “Menga moshxo‘rda bera qol”. Xotini bir kosa ovqatni oldiga qo‘yayotib, yana chaqib oldi: “Ularga ham qolsin, deyapsizmi? Mo‘l-ko‘l qilib olganmiz-u, hammaga yetadi, yeyversangiz bo‘lardi”. Jaloliddin bosh chayqadi: “Shart emas”.
Asrdan so‘ng yetib kelgan Sanobar – opasining shu yerda o‘qiydigan talaba qizi – bozorga otlandi: “Tog‘a, onam pul berib yubordimi?”. Uning o‘sha pulga bozorlik qilmoqchi ekanligini tushungan Jaloliddin jiyaniga ergashib, bozorga chiqdi: “Bozorligingni ko‘tarishib yuboraman”. Xotinining ko‘zlari olayib ketdi, itining qilig‘i egasiga ma’lum, ammo indamadi. Xotini adashmagan edi, Sanobar kerakli narsalarni olib ketaverdi, pulini u to‘ladi.
Akasi oshning ustida “yarimta” ochdi: “Kelishlaringni bir yuvmasak bo‘lmaydi”. Yanga ijirg‘andi: “Shusiz bo‘lmaydimi?”. Aka unga javob qaytarmasdan Jaloliddin ikkisi uchun qadah to‘ldirdi: “Qani, ol, uka! Senday jigarim borligi uchun va sening sog‘lig‘ing uchun!”. Jaloliddin kun bo‘yi xotinining ming‘irlayverishidan yuragi biroz siqilib turgan edi. Qadahni bir ko‘tarishda sipqorib yubordi. Jaloliddinning nazarida negadir akasining ham kayfiyati yo‘qqa o‘xshab ko‘rindi. Keyin juft qilishdi: “Akaning sog‘lig‘i uchun”, “Bolalarning kelajagi uchun”… Xullas, aka-uka bir shishani dumalatishdi. So‘ng biroz shamollab, oyoqning chigilini yozib olish uchun ayvonga chiqishdi. Akasi tashqariga olib chiqadigan eshikning yonida o‘tirib, uzoq chekdi. Uning ich-ichiga botib ketgan ko‘zlari allanechuk g‘amgin edi. So‘ng qayerdandir narda olib chiqdi. O‘yin ularning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Xuddi bolalik paytlaridagidek toshlarni yog‘och doskaga urib, ozroq kayflari bor emasmi, qiy-chuv qilib o‘ynay boshlashdi. Ko‘p o‘tmay tanbeh eshitishdi: “Muhtaram erkaklar! Bu uyda yagona mavjudot sizlarmassizlar-ku! Sekin, bolalar uxlab qolishdi”. Keyin ular hovliga chiqishdi. Hovli chetidagi choqqina chorpoyaga o‘tirib, yana chekishdi. Allaqachon elning yotar payti bo‘lgan esa-da, havo issiq va dim edi. Aka qo‘lidagi papiros qoldig‘ini bir chetga uloqtirib yubordi-da, bir qo‘li bilan uning yelkasidan quchdi. “Kichkinaligingda ham doim shunday o‘tirardik. Shunday yumshoq, shunday shirin bola edingki!.. Lekin tug‘ilgan payting seni rosa yomon ko‘rganman. O‘shanda men sakkiz yoshda edim. Sen – uch qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘il, eh-he, hamma atrofingda parvona, otam tinmay senga hali kiyimcha, hali o‘yinchoq tashiydi. Mening esa ichim yonadi. Seni o‘ldirib qo‘ygim keladi. Otamdan qo‘rqqanim uchun indamayman”. Aka xo‘ngrab yig‘lab yubordi: “Meni kechir, uka, ana shu yomon xayollarim uchun. Meni kechir!”
Orqadan yanganing ovozi eshitildi: “Bo‘ldi-da endi, dadasi! Bir kamimiz qo‘shnilarga gap bo‘lishimiz qoluvdi. Ertalab ishga borishingiz kerak, uyga kirib yotsangiz bo‘lmaydimi?!”
Aka ko‘zlarini yengiga artib o‘rnidan turdi: “Rostdan ham… Endi yotish kerak. Yaxshi yotib tur, uka”.
Ertasi kuni ham ular shoshib ishga ketishdi: “Kechirasizlar-da, rahbarlarimiz juda qattiqqo‘l. Ovsinim kelgan, ikki kungina javob bering, desam, unda joyingizga yangi xodim olishga to‘g‘ri keladi, shunga chidasangiz, istagancha qolavering, dedi. Ko‘chaga chiqsanglar, taksi ko‘p, istagan joylaringga olib borib qo‘yadi. Bozorga borasizlarmi, istirohat bog‘ini aylanasizlarmi, ko‘cha to‘la mashina. Xudo xohlasa, kechqurun ko‘rishamiz” – yanga ostonada turib uzrini aytdi. “Sovutgichda hamma narsa bor, Sanobar darsdan qaytgach, istagan narsangizni pishirib beradi”.
Xotini yana javrab-javrab kiyindi, bolalarni kiyintirdi: “Hozir bozor aylanaylik. Keyin parkka borib, bolalarni halinchak-palinchak uchirtiramiz. Men bu yerda uzoq qola olmayman. Sira kerak emas”.
Kechki payt Jaloliddin zerikdi. Akasi ham “ha” deganda kelavermadi, xotini oshxonada Sanobar bilan pishir-kuydir qilib yotibdi. Yotgan xonasining to‘rida turgan kompyuterni oldi. Ishxonasidagi kompyuterlarda ba’zan karta-parta o‘ynab turardi. Kompyuterni yoqqan edi, ekranda g‘alati yozuvlar paydo bo‘ldi. Hayron bo‘lib, o‘chirib, qayta yoqdi. Yana shu ahvol. So‘ng akasining o‘g‘lini chaqirdi: “Ahror, manaviga bir qara, negadir ishlamayapti”. U ham o‘chirdi-yoqdi, yoqdi-o‘chirdi, keyin “Buzilibdi, shekilli”, deb xonasiga chiqib ketdi.
Onasi kelishi bilan suyunchilagan shekilli, yanga ust-boshini ham almashtirmayoq kompyuterga yopishib ketdi. Keyin darhol usta qo‘shnisiga qo‘ng‘iroq qilib, kompyuterni unikiga chiqarib yubordi. U yoqda kompyuterning venchestrimi, allambalo qimmat narsasi kuyibdi, degan javob kelgach, yanga tutab ketdi: “Uf, o‘zi tushunmagan narsasiga tegingan odamni yomon ko‘raman-da. Axir venchestr kuydi degani kompyuter tamom bo‘ldi, degani-ku. U kompyuterdan qimmat turadi. Bugun kompyutersiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu qurg‘ur hammamizga kerak, dadasiga ham, menga ham, bolalarga ham…”
Xullas, ne bir hafsala bilan qilingan ovqat ham, mehmondorchilik ham zahar-zaqqum bo‘ldi. Yanganing qovog‘i ochilmadi. Unga qarab aka ham mum tishlagandek jim o‘tirdi. Keyin eru xotin mehmonlarni dasturxon boshida qoldirib, ancha vaqt yo‘q bo‘lib ketishdi. O‘zlari dasturxonga fotiha o‘qishdi, Sanobar idish-tovoqlarni yig‘ishtirib oldi. Bir vaqt akasi xonasidan chiqib, indamay hovliga o‘tib ketdi. Kattayu kichik noqulay ahvolda qoldi. Xotini Jaloliddinni yozg‘irdi: “Kompyuter kovlamay o‘ling-da siz, ishkalchi. Qo‘lingiz tekkan narsa buzilmasa, hisobmas. Palakat”. Bu indamay akasining izidan hovliga chiqdi. Aka hovlida ko‘rinmadi. Darvoza ortidagi o‘rindiqda chekib o‘tirgan ekan. Ukasini ko‘rib, nariroq surilib joy berdi. Ular ancha vaqtgacha jim o‘tirishdi. Nihoyat aka yorildi: “He, ukkasini!.. Shu kompyuteriga teginmasang bo‘lar ekan. Baloga qoldik endi”. U indamadi. Aka turib-turib yana o‘ziga o‘zi gapirayotgandek so‘zlandi: “Shunday kamtar, kamsuqum, mehribon qiz edi bir vaqtlari, endi esa jodugarning xuddi o‘zi. E-e, bor-e, deb ketvoray deyman ba’zan, bolalar bor… Bu ayol menga qismatning juda qo‘pol hazili bo‘ldi”. “E-e, aka, bularning hammasiyam bir go‘r”, o‘zicha akasini qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘ldi. “Endi uni sozlash uchun kamida million so‘m pul zarur. Agar puling bo‘lsa, biron 500 berib turolmaysanmi, qolgan besh yuz mingni o‘zim qarz havola qilib topardim. Sozlatmasam, qo‘ymaydi bu”. U ichkariga kirib, akasi aytgan pulni olib chiqib berdi: “Mana, aka, siqilmang. Uyga borsam keyingi oylikdan yana besh yuz jo‘nataman”. Aka pulni olib, cho‘ntagiga soldi: “Bo‘ladi, uka”.
O‘sha kecha Jaloliddinning tobi qochdi, uxlayolmadi. Ertasi kuni yo‘lga chiqishdi. Ular chiqqan mashina tog‘lar orasidan o‘tgan asfalt yo‘l uzra yelib borarkan, ertalabki quyoshning mayin nurlari yuzlarini ohista silab-siypalar, xiyol ochiq derazadan anvoyi giyohlarning xushbo‘y hidlari dimoqqa urilar, so‘zamolgina haydovchi yigit zerikkanidanmi, u yoq bu yoqdan gap tashlar, ammo borgunlaricha hech kimga gap bermagan Jaloliddinning bir so‘z aytishga-da holi yo‘q, boshini orqaga tashlagancha, ko‘zlarini yumib, jim ketib borardi.
Uyga yetib kelishgach, kechki dasturxon ustida xotini yana bir chaqib oldi: “Dunyoda sizdek bo‘shang, noshud odam bo‘lmasa kerak. Nimaga pul berasiz, axir? Balki siz teginguncha o‘sha kompyuter o‘lgurning o‘zi buzilib turgandir! Eh, tavba-ey!.. Xudo ko‘rsatmasin, o‘g‘limiz sizga o‘xshamasin-da, ishqilib!”
Jaloliddin ham to‘lib turgan edi: “Qizimiz senga o‘xshamasin, ishqilib. Erini kuydirib ado qiladi”, dedi.
Xotini kulib yubordi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son