Shomga yaqin tuman quyuqlashdi. Ibrohim shahar chetidagi oynavand do‘konining bir burchagida oyoqlarini chalishtirgancha tashqariga asabiy termulib, tutundek tarqalayotgan tumanning asta-sekin yo‘l chetidagi dov-daraxt uchlarini, past-baland binolarning tomlarini qanday qoplab olayotganini kuzatib o‘tirardi. Peshtaxta ustida yotgan qo‘l telefoni tinimsiz jiringlar, Ibrohim siyrak qoshlarini chimirib, telefon oynachasida paydo bo‘layotgan yozuvga bir-bir nazar tashlab qo‘yar, lekin uni qo‘liga olib javob bermas edi. Har kun shu ahvol, kech kirmasdan xotini qo‘ng‘iroq qilib boshlaydi: “Dadajonisi, bugun manti qilayapman, ertaroq kelasizmi?”. Birpas o‘tgach, yana telefon jiringlaydi: “Kelishingizda qizlaringizga yo‘l-yo‘l daftar olib keling, daftarlari tugab qolibdi. Do‘konni yopdingizmi, kelayapsizmi?”. Yarim soat o‘tar-o‘tmay yana: “Kelyapsizmi? Manti tayyor bo‘ldi. Bolalaringizning qorni och, dadam bilan birga yeymiz, deb yemay o‘tiribdi”. Xotini bu gaplarni xuddi ma’shuqalar kabi ovozlarini tovlantirib, nozlanib, erkalanib aytayotgan bo‘lsa ham, “dod” solib yig‘lab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turgani ikki tomonga ham ma’lum edi. “Mijoz ko‘p, xotin, savdoni tashlab uyga chopib ketmayman-ku”, juda band odamdek go‘shakni do‘qillatib qo‘yardi u ko‘pincha. Shu bilan… u uyga tunni yarimlatmasa ham, bolalari uxlab qolgandan so‘ng borardi. So‘ng gina-kudurat, yolvorish, ko‘z yoshlari… Xullas, eriga ishonchi yo‘qolgan hamma xotinlar kabi…
U xotini va bolalarini yomon ko‘radi, deb bo‘lmasdi, albatta. Xotinini juda yaxshi ko‘rmasa ham, unga astoydil achinardi. Ayoli qishloqda obro‘li muallima, hamma hurmat qiladi, hamisha uyim-joyim deb kuyib-pishib yuradi. Uch bolaning onasi bo‘lsa ham kelishgan, yoqimtoygina ayol. Bir zamonlar shu ayolning o‘pkasi bilan nafas oladigandek, shu ayolning ko‘zlari bilan dunyoni ko‘rayotgandek his qilar edi o‘zini. Uni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqar edi. Uyga qaytganda yosh boladek uning izidan ergashib yurardi. Albatta, Gulxumorni qayta uchratib qolgunicha…
Gulxumor!.. Bu qiz maktabda hammaning orzusi edi. Qarshisidan chiqqan mardum u o‘tib ketgach, ortiga burilib qarab qolmasdan iloji yo‘q edi. Uning otasi allaqayerdan shu yerdagi katta bir tashkilotga xo‘jayin qilib yuborilgan, onasi ham bu yerning odami emasligi bilinib turardi. Juda kelishgan, olifta ayol edi. Ular Ibrohimlar oltinchi sinfda o‘qiyotganda ko‘chib kelishdi. Sinfda Ibrohimning yoni bo‘sh edi, muallim Gulxumorni uning yoniga o‘tirg‘izib qo‘ydi. Hamma bolalarning ichi yondi. Darsdan so‘ng “Yangi qizga nega muncha tiqilib o‘tirding?”, “Nega muncha pichirlashdinglar?” deb atay jig‘iga tekkan bolalar ko‘p bo‘ldi. Ibrohim esa butun vujudidan ajib bir gullarning nozik ifori kelib turgan yangi partadoshiga tiqilib o‘tirish, u bilan nimadir deb gaplashish nari tursin, olti soat darsni uning yonida nafas olishga ham jur’at qila olmay, zo‘rg‘a o‘tkazgan edi. Lekin maktabdan chiqqanda ruhini qandaydir sarmastlik qoplab oldi. Xiralik qilayotgan sinfdoshlariga “E-e, boringlar-e!..”, dedi-da, tez-tez yurib ketib qoldi. Ertasi kuni muallima Gulxumorning daftarini “Mana shunday chiroyli yozish kerak, daftarning toza-ozodaligini qaranglar”, deb hammaga ibrat qilib ko‘rsatdi. Kimning farzandi ekanligini ham aytdi. Qizning ovozi juda chiroyli, javoblari ham biyron-biyron edi. Endi sinfdosh bolalar unga ehtiyot bo‘lib qarashga majbur bo‘lib qolishdi. Lekin qiz matematikadan masalalar yechishga biroz qiynalar edi. Ibrohimning “tap-tup” qilib masala yechib tashlashiga qarab, “Vuuy, sen matematikadan zo‘r ekansan. Kallang rosa zo‘r ishlar ekan-a”, deb havasi keldi. Gulxumorning o‘rnida boshqa biron sinfdosh qiz bo‘lganda, ehtimol, masalani shunchaki ko‘chirtirib qo‘ya qolgan bo‘lardi. Ammo u Gulxumorning ko‘r-ko‘rona ko‘chirishini emas, masala yechishni o‘rganishini istagani uchun tanaffus paytlari erinmasdan yechish yo‘llarini o‘rgata boshladi. Keyin-keyin darsdan so‘ng maktabda qolib, uy vazifalarini birga ishlashadigan, so‘ng birgalikda uyga qaytishadigan bo‘lishdi. Ko‘pincha sinfdosh bolalar u yer-bu yerda to‘dalashib, ularning maktabdan chiqishini poylab turishar, bolalar qo‘shilib olishsa, Gulxumor “Men ketdim”, deb tez-tez yurib ketib qolardi. Bundan ba’zi sinfdoshlarining achchiqlari chiqar, ba’zan ochiqdan-ochiq rashk qilishib, bir bahona topib, Ibrohim bilan yoqalashib ketishar edi. Bunday achchiq-ters munosabatlar ba’zan sinfda, Gulxumorning ko‘z o‘ngida ham bo‘lar, Gulxumorni undan qizg‘onayotganlarini ba’zan ochiq aytib yuborishar, ammo qiz bu janjallarning unga hech qanday aloqasi yo‘qdek kulib o‘tiraverardi. Matematika esa algebraga aylandi, unga geometriya qo‘shildi, Ibrohim shuncha maydalab tushuntirsa ham, qizning matematikani mustaqil yecha olishi kundan-kunga qiyin bo‘lib boraverdi. O‘zlari ham ulg‘ayishdi. Lekin hamon masala-misollarni birga yechishardi. To‘g‘ri, endi ularning yonida yana bir qiz, Gulxumorning eng yaqin dugonasi Sanobar paydo bo‘lgan. Bu qiz deyarli gapirmas, unga matematikaning umuman keragi ham yo‘q, Gulxumorning “Ketma, odamlar yigit kishi bilan yolg‘iz yuribdi, deb gap qilishlari mumkin”, degani uchungina ularning yonida o‘tirardi. Aslida ularga qo‘riqchining umuman keragi yo‘q edi. Ular maktab, mashg‘ulotlar, masalalardan boshqa hech narsa haqida gaplashishmasdi. Ibrohim ko‘p marta unga ko‘ngil ochmoqchi bo‘ldi, ammo kundan-kunga suluv bo‘lib borayotgan qizga nimadir deyishga jur’at qila olmasdi. Ayniqsa, kimsan Dadabekovning qizi bo‘lsa, uning otasi esa bor-yo‘g‘i bir do‘konchi. Kutilmaganda… O‘sha kuni Sanobar maktabga kelmagan edi. Nimagadir kun bo‘yi Gulxumorning chehrasi ochilmadi. Qaytishayotganda yuragini ochdi: “Ibrohim, onam o‘zimning onam emas. Biz juda kichkinaligimizda onamiz o‘lib ketgan. Keyin otam shu o‘gay onamga uylangan. Buni doim ukam bilan mendan yashirishadi, o‘gay onam bizga sira yomon gapirmasa ham, uning o‘gayligini doim his qilib turaman. Qarashlarida, gapining ohanglarida… O‘shanday paytlar o‘zimning onamni juda sog‘inib ketaman, ko‘rgim kelib ketaveradi”, uning hamisha jilmayib turadigan katta-katta ko‘zlari yoshga to‘lib, lablari allanechuk titrab turardi. Aslida bu sirni mahallada ko‘pchilik biladi, lekin bolalarni ayab, bu haqda hech kim og‘iz ochmaydi. Hatto tabiatan hech qanday gap-so‘z bilan ishi bo‘lmaydigan Ibrohim ham bilardi. Lekin hamisha bashang kiyinib yuradigan bu go‘zal va mag‘rur qizning ham yuragida armon bo‘lishi mumkinligini sira o‘ylab ko‘rmagan ekan. Qiz uzun-uzun oppoq barmoqlari bilan ko‘zlaridan shashqator oqayotgan yoshlarni qayta-qayta sidirib tashlardi. Ibrohim daf’atan unga nima deb tasalli berishni, qanday yupatishni bilmay talmovsirab qoldi. Biroz o‘tgach, yana qizning o‘zi gapirdi: “Tag‘in birov-yarimga gapirib yurma. Otam eshitsa, qattiq xafa bo‘lishi mumkin. Odam ba’zan kimgadir yorilging, dardlashging keladi… Lekin birovga bir narsa deyishdan qo‘rqaman. Uydagilarning qulog‘iga yetib borsa… Narigi mahallada o‘z onamning singlisi – xolam yashaydi. Hech bo‘lmasa, shu kishini borib bir ko‘rsam, gaplashsam, deyman. Lekin otam uning yoniga borishimizni taqiqlab qo‘ygan”.
Shundan so‘ng ancha vaqtgacha tezroq qizga ko‘ngil yorib, bu yerlardan uni butunlay boshqa yoqlarga olib qochib ketish haqida o‘ylab yurdi. O‘zicha rejalar tuzdi. Lekin olib qochish emas, ko‘nglidagilarni aytishga ham jazm eta olmadi.
Maktabni bitirishgach, sinfdosh bolalar yig‘ilishib, Toshkentga o‘qishga yo‘l olishdi. Gulxumor qo‘yarda qo‘ymay Ibrohimni ham o‘zi topshirayotgan institutga hujjat topshirishga ko‘ndirdi: “Bir vaqtda topshirganlar bitta xonaga tushib qolishar ekan. Birga tushsak, bir-birimizga yordam beramiz. O‘qishga kirgandan keyin ham menga ko‘p yordaming kerak bo‘ladi”. Ibrohim “Yo‘q”, demadi, ammo biroz malol keldi, bu qizga uning o‘zi kerakmi, yoki faqat yordamimi? Lekin agar o‘qishga kirib qolishsa, uning mavqei oddiy do‘konchining o‘g‘lilikdan kursdoshlik darajasiga ko‘tarilishi, o‘qish davomida qizga yanada yaqin bo‘lish imkoniyati ko‘nglidagi orzularga erk berib yuborardi. Baxtga qarshi u o‘qishga kira olmadi. Ibrohimning otasi “Ota-bobomiz ulamo o‘tmagan. Savdo bilan kun kechirgan. Do‘konda ishlaysan”, deb, o‘qish haqidagi orzulariga butunlay nuqta qo‘ydi. Gulxumor esa, otasi gaplashganmi, oson savollar tushib qolganmi, harqalay yuqori ball bilan qabul qilindi.
U yozda yana bir bor hujjat topshirib, omadini sinab ko‘rmoqchi edi. Yozgi ta’tilni kutib yurgan kezlari Gulxumorni xolasining boyvachcha o‘g‘liga unashtirishganini, to‘ylari yozga belgilanganini eshitdi. Hamma “O-ho! Onasi shunday chiroyli qizni begona qilarmidi?”, dedi. Ibrohimning yuragi esa qalampir sepgandek achishdi. Negadir qizning qilgan o‘sha hasratini esladi. Balki rashk tufaylidir, harqalay unga endi bechora qizni qaynona ham o‘gaylik qilib qiynaydigandek tuyuldi.
Garchi u qizga bir narsa demagan, qizning va’dasini olmagan bo‘lsa-da, ko‘p yillar shu qizni o‘ylaganda o‘zini xo‘rlangandek his qilib yurdi: “Uning otasi ham amaldor bo‘lganida… Hech bo‘lmasa u ham o‘qishga kirganida… bemalol ko‘nglidagilarni aytib, roziligini olardi. Unga sovchi yuborib, uylangan bo‘lar edi”. Keyin o‘qishga ham urinmadi.
Shu bilan qancha suvlar oqib o‘tib, Ibrohim uch bolali bo‘lganda yana kutilmaganda Gulxumor paydo bo‘ldi. Qizlik qaddi-qomati biroz to‘lishib, o‘zi ancha sipo, jiddiy tortib qolganini uni avvaldan bilganlar sezmasa, o‘zi hamon juda go‘zal va mag‘rur edi.
Ibrohim odatdagiday do‘kon oldidagi oftobro‘yaga kursi qo‘yib, o‘tgan-ketganni kuzatib o‘tirgan edi. Shundaygina besh-olti qadam narida etaklari uzun, mitti-mitti qizil gullar bilan bezatilgan antiqa qora ko‘ylak kiygancha xayolga berilib kelayotgan Gulxumorni ko‘rib, o‘rnidan turib ketdi…
Uni ko‘rib Gulxumorning ko‘zlariga ham tabassum qalqdi:
– Assalomu alaykum, qadrdon! – kulimsirab qo‘l uzatdi u.
– Vaalaykum assalom, – Ibrohim uning yumshoqqina issiq qo‘llarini oldi. Maktab davrlaridagidek “sen” deyishga tili bormadi. – Keling-e, sizni butunlay yo‘qotib qo‘ydik-ku. Sinfdoshlar yig‘ilishib, bir-ikki suratlaringizni olib, “Seni izlayman!” ko‘rsatuviga bermoqchi bo‘lib turgan edik.
Gulxumor kuldi:
– Sizlarni ovora bo‘lib yurishmasin deb, mana o‘zim kela qoldim.
U hamon juda chiroyli edi, kulganda ko‘zlari xiyol qisilib, uzun-uzun kipriklari tutashib, ikki chakkasidagi kulgichlari ham qo‘shilib kular, tovlanib turgan bo‘liq lablari yoyilib, sadafdek oppoq, tekis tishlari bir husniga o‘n husn qo‘shib yuborardi. Ibrohim unga beixtiyor tikilib qolganidan xijolat tortib, Gulxumorni do‘konga taklif qildi:
– Kiring, bir piyola choy ichib keting.
U bu taklifni shunchaki, yo‘liga aytgan edi. Ehtimol, o‘zining maktab davrlaridagi jur’atsiz bolakay emas, xususiy do‘koniga ega, ozmi-ko‘pmi jamg‘armasi bor erkak ekanligini bildirib qo‘yish uchun aytgandir. Gulxumor esa shu taklifni kutib turgandek, ichkariga kirdi:
– Do‘konni ko‘chirdinglarmi?
– Yo‘-o‘q, to‘g‘ri kelib qolgan edi, olib qo‘ya qoldik. U do‘konni otam bilan akam ishlatishyapti.
Gulxumor do‘kon o‘rtasiga kelib, chor-atrofga nazar tashladi:
– Chiroyli ekan, keng, yorug‘, sarishta.
Ibrohim unga kursi berib, peshtaxtaga ikki likopcha qand-qurs qo‘ydi. Sochiq bostirib qo‘yilgan choynakdan choy quyib uzatdi:
– Xo‘sh, qani, yaxshi yuribsizmi? Nima ishlar qilayapsiz? Kuyov pochcha qanday? Butun sinfni dog‘da qoldirib, turmushga chiqib ketdingiz. Bolalar ham ko‘payishib qolgandir?
Gulxumorning ko‘zlari birdan ma’yus tortdi:
– Rahmat, yuribman tuproqdan tashqari, deganday. Ixtiyor o‘zimda bo‘lganda o‘sha paytda, o‘sha odamga sirayam turmushga chiqmagan bo‘lardim…
Kutilmaganda ular ancha dardlashdilar. Gulxumor do‘konga kirib, bemalol choy ichib o‘tirgan bo‘lsa ham, unga dardini aytadi deb, umuman shunday go‘zal ayolni ham qandaydir g‘am-anduh qiynashi mumkin, deb o‘ylamagan edi. U esa… To‘lib turgan ekanmi, to‘kila qoldi: eri giyohvand ekan. Onasi bilan qaynonasiga qo‘shilib, otasi ham uni o‘sha giyohvand bilan yashayverishga majbur qilibdi. Oxiri marhum onasining singlisi aralashib, uni giyohvand erdan ikki bolasi bilan ajratib olibdi. Otasi esa o‘gay onaga qo‘shilib, undan butunlay voz kechibdi, uyga kirgizmabdi. Hozir u xolasining uyida yashayotgan ekan…
– Mayli, – uning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. – uyga kirgizmasalar ham, otam bir tiyin yordam qilmasa ham, roziman. Lekin ukam bilan ko‘rishishni taqiqlab qo‘yishganiga hech chiday olmayman. Ukam bechora maktabimga orqa yo‘llar bilan yashirincha kelib, ikki og‘iz gaplashib ketadi. Hech diydoriga to‘ya olmayman. Uning o‘zi ham bundan juda siqiladi.
O‘shandan so‘ng Ibrohim butunlay halovatini yo‘qotdi. Yoshlik yillaridagi o‘tli tuyg‘ular butun jonu jahonini yana o‘z izmiga olgan edi. Yurganda ham, turganda ham xo‘rlangan, ikki bola bilan deyarli ko‘chada qolgan Gulxumorni o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Farishtadek xotini ko‘ziga alvastiga o‘xshab ko‘rinadigan bo‘ldi. Har ishda xotinining o‘rniga Gulxumorni qo‘yib, solishtiradigan odat chiqardi.
Bir kun do‘konga xizmatdosh o‘rtog‘i keldi. Biroz kayfi bor edi. Uni quchoqlab, aroqning badbo‘y hidi anqib yotgan og‘izlarini yuziga bosib, cho‘lpillatib qayta-qayta o‘pdi: “Oshna, meni tabrikla, men o‘g‘illi bo‘ldim!”. “Tabriklayman. Soliya yaxshimi?”, dedi u. “E-ee, qanday Soliya?! Bunisi Mahbubaniki, oshna!”, ishni do‘ndirib qo‘ygandek tizzalariga shappatilab, qiyqirib kuldi jo‘ra. Keyinroq yana bir kelganda, muhim bir sirni aytayotgandek, sekin gurung berdi: “Oshna, xotinni ikkita qilganman. Birida uchov, birida ikki farzand bor… Hozir qo‘shxotinlilik moda”. O‘zi biroz betayinroq, hovliqma yigit edi jo‘rasi, bu gurungni ham birov eshitib qolmasin, degandek, u yoq-bu yoqqa alanglab aytgan bo‘lsa ham, Ibrohim Gulxumorning kechmishlarini eshitgach, ana shu hovliqma jo‘rasining gaplarini ko‘p eslaydigan bo‘lib qoldi. Xudoga shukr, uyi, do‘koni bor. Topayotgan mol-dunyosi bilan, bir emas, ikki Gulxumorni guldek yashnatib qo‘ysa ham bo‘laveradi. Faqat avval xotinini qo‘shxotinlikka rozi qilish kerak, aks holda, bu esi yo‘q ayol Gulxumorning boshiga kelib, janjal ko‘tarishi aniq. Gulxumorning ko‘nglini ranjitib qo‘yishi mumkin. U rozi bo‘lgach, sekin Gulxumorga aytadi. Shaharning o‘rtasidan unga atab dang‘illama uy ham olib beradi. O‘zi esa yoshlikda armonga aylangan orzulariga yetadi, hayoti go‘zal ertakka aylanadi, Gulxumor ham boshidan o‘tkazgan uqubatlarni yoddan chiqaradi…
Rutubatli qish kunlaridan biri edi. Kun bo‘yi qor bo‘lib qorga, yomg‘ir bo‘lib yomg‘irga o‘xshamaydigan allanima yog‘ib turdi. Namchil, sovuq havo hammani dilgir kayfiyatda ichkariga haydadi. O‘sha kun Ibrohim do‘kondan erta qaytdi. U qat’iy bir qarorga kelgan edi: “Aytadi. Xotin, shunday-shunday gap. Ko‘nsang shu, ko‘nmasang, o‘zing bilasan. Men baribir unga uylanaman. Agar aqlli, sabrli xotin bo‘lsang, boru-yo‘g‘im har doimgidek seniki, u bilan ham, sen bilan ham yashayveraman, deydi”.
Xotini erim o‘choqning oshini yaxshi ko‘radi, deb, sovuq kunda ham hovlida osh qilgan ekan. Yelib-yugurib dasturxon yozdi, u ust-boshini almashtirguncha, diydirab osh suzib keldi. Eriga mehri tovlanib, yolg‘iz gurung qilgisi keldimi, oshdan keyin bolalarni dars qilish uchun xonalariga chiqarib yubordi. O‘zi erining ro‘parasiga o‘tirib, choy suzib berdi: “Xudoyimga shukur-ey, birga ovqatlanadigan kunimiz ham bor ekan-a. Har kuni kech kelasiz. Bolalarni qarang, sizni tashlab xonadan chiqqilari kelmaydi. Sog‘inib qolishgan”.
Ibrohimning nimagadir ko‘ngli xijil tortdi, ancha vaqt jim qoldi. Ammo aytmasa, yorilib ketadigandek bo‘laverdi. So‘ng aytdi: “Shunday, shunday…”
Xotin avval unga tushunmayotgandek hayron tikildi, so‘ng “dod” deb tizzalariga mushtlab, noliy boshladi, keyin yig‘ladi va nihoyat yalinib-yolvorishga tushdi: “Jon, dadasi, unday qilmang. Men bunday sharmandalikni ko‘tara olmayman. Iltimos, meni bunday xo‘rlamang. Bolalaringiz ham ulg‘ayib kelyapti, buni kechirmaydi, ular sizni juda yaxshi ko‘rishadi, mehringizni birov bilan bo‘lishishni istamaydi” va hokazo, hokazolar…
U esa indamay turib, yotoqqa o‘tdi: “Meni erim desang, men bilan yashayman desang, mening qarorimni hurmat qil”.
Xotin yana yig‘ladi: “Er bermoq – jon bermoq, axir. O‘z ixtiyorim bilan qanday jon beraman?! Avval meni o‘ldiring, keyin uylanavering”.
U esa qaroridan qaytmadi: “Men aytadigan gapimni aytdim”.
Xotin “lov-lov” yondi: “Kim ekan u? Puldor, boqadi, deb ko‘zini suzayotgandir-da. Mendan nimasi ziyod ekan?”
U jerkib tashladi: “Har narsa deb valaqlayverma!”
Xizmatdosh jo‘radan maslahat so‘radi: “Sen qanday ko‘ndirgan eding? Mening xotinim ko‘nadiganga o‘xshamayapti”. Jo‘ra qo‘l siltadi: “G‘am yema, ko‘nadi, ko‘nmay qayoqqa boradi? Ilgari momolarimiz o‘zlari bosh bo‘lib erlarini uylantirib qo‘yishar ekan”.
Bu o‘zini qattiqlikka oldi. Uyga yanayam kechroq boradigan bo‘ldi. Joyini ham bo‘lak qilib oldi. Rostdan ham xotinining har bir harakati, gap-so‘zlari, ovqat chaynashi, luqma yutishi, hatto nafas olishi ham unga yoqmay qolgan edi. Uni umuman ko‘rgisi kelmay qoldi. Xotin esa hech narsa ko‘rmagandek, sho‘rlik tergayverib o‘zimdan, uydan sovutmay dermidi, ming xil bahona topib, tinimsiz qo‘ng‘iroq qilar, o‘rtaga bolalarning iltimoslarini qo‘shib, uyga chorlar, kelgach, yelib-yugurib dasturxon yozar, xullas, har oqshom mehribon, sarishta xotinning rolini qoyil maqom qilib uddalardi. Ammo hamma xona-xonasiga kirib ketgach, sho‘rlik ayol erining yoniga kirib, hissiz cho‘zilib yotgan erkakning muzdek ko‘ksiga bosh qo‘yib, beadog‘ ko‘z yoshlar to‘kardi: “Aybim nima?”
Ibrohim uni sekin nari surib qo‘yardi: “Men eringman. Qarorimni hurmat qilishingni istayman. Ana shunda hammasi joyiga tushadi”.
Xotin yana yig‘lardi: “Yo‘q, men sizni hech kim bilan bo‘lishishni istamayman”.
To‘g‘risini aytganda, o‘rtada bolalar, shuncha yillik turmushi, har qancha qattiqlik qilmasin, kun sayin kulib turib so‘lib, ozib-to‘zib borayotgan xotiniga ichi achirdi. Unga nohaq zulm qilayotganini ko‘rib turar, shuning barobarida uning qaysarligidan qahri kelardi.
Tumanli oqshom xotini qo‘ng‘iroq qildi: “Ertaroq keling, dadasi, negadir chiroq yo‘q. Bolalar dars qila olmay o‘tirishibdi”, “Svet yo‘q bo‘lsa, Jahonni usta Shaydilga yubor. Men savdo qilyapman”, “Jahonni ammasi olib ketgan edi. Ha, mayli, ustanikiga o‘zim o‘tib kelarman”. Yarim soatlardan so‘ng yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi: “Usta kelib, sozlab ketdi. Lekin tomda qisqa tutashuv bo‘lyapti ekan. Eringiz kelsa, menga uchrashsin. Simlarni bir boshdan yangilash kerak, deb ketdi”. “Bo‘pti!..”, jerkib tashladi u.
Shu oqshom do‘konga deyarli hech kim kirmadi. Ammo u ko‘cha bo‘ylab suzib yurgan oppoq tumanga tikilgancha, qo‘llarini qovushtirib o‘tiraverdi. U xotini bilan kurashishdan toliqqanini his qildi. Har oqshom ming xil bahona topib, hech narsa ko‘rmaganday qo‘ng‘iroq qiladigan xotiniga rahmi kelayotgandi. Avvalgidek oqshomlari bolalari bilan bir dasturxon atrofida chaqchaqlashib o‘tirishlarni sog‘inayotgan edi. “Bo‘lmaydi, shekilli. Bechora qiynalib ketdi. Sho‘rlikka ko‘p azob berdim. Ichi rashk bilan yonib, qonu zardobga to‘lib ketgan bo‘lsa ham, erimni o‘zimdan sovutmay deb, kulib turadi. Uyga chaqirib olish uchun ming xil bahona izlab topadi. Endi to‘xtatish kerak. Bolalarning ko‘zlari ham jovdirab qolgan, allaqachon sezishgan. Gulxumorga… uylanmasdan ham yordam beraversam bo‘ladi. Xudo yo‘liga-da. Savobi ham ko‘proq bo‘ladi. Balki, taqdirida bo‘lsa, birov-yarim xotini o‘lgan, ma’qulroq inson chiqsa…”
Darvoqe, o‘sha tumanli oqshomda allaqayerdan xizmatdosh jo‘ra kelib qoldi. Biroz do‘konda gaplashib o‘tirishdi, televizor ko‘rishdi, so‘ng birgalikda qo‘shni oshxonaga o‘tishdi. Ikki sixdan qiymali kabob, ozroq musallas buyurtma qilishdi. Kabob tayyor bo‘lguncha, jo‘ralar musallasni ermak uchun maydalab o‘tirishdi. Shu orada Ibrohimning cho‘ntagida turgan telefon necha o‘n marta jiringladi. “Ha, xotiningmi?” topag‘onlik qildi jo‘ra. “Shu-da, boshqa kim ham bo‘lardi?” qo‘l siltadi u. “Ikkinchisimi, deyapman-da”, “Ikkinchisi bormi-ey, jo‘ra, sen bizning xotinni bilmaysan. Na ipga keladi, na qopga. Shuncha qattiqlik qilib ham uni yenga olmadim. Ikki o‘rtada o‘zim qiynalib ketdim” “E-ee, jo‘ra!.. Shu zamonda bittasini eplash ham oson emas. Ikkita bosh og‘riqni nima qilasan?”. “O‘rgildim sendan, kecha nima deyayotganding menga?”. “Nima depman? Aytdim-qo‘ydim. Yelkangda boshing bor, bilib-bilib ishingni qilavergin-da, mening aytganimni qilishing umuman shart emas”.
Ular uzoq o‘tirishdi. Bir mahal zim-ziyo tunning bag‘rini tilib, vag‘illagancha ketma-ket ikkita o‘t o‘chiruvchi mashina o‘tib ketdi. Ibrohim mashinalarga qarab, bosh chayqadi: “Bir bechoraning uyi kuydi, oshna”. Jo‘ra qo‘l siltadi: “E-ee, o‘tsa, o‘tavermaydimi, bizga nima, javobini beradigan joyi bordir-da”. Uning ichi to‘lib ketgan ekan. Kayfi oshgandan so‘ng, yig‘layverib bet-boshini jiqqa ho‘l qildi: “E-ee, jo‘ra! Kunim qursin mening, kunginam qursin. Uylanaman desam, onaginam “ikki eshaklining oyog‘i tinmaydi, ikki xotinlining qulog‘i. Senga ikki xotin nimaga kerak?!” deb rosa izillagan edi, aytganini qilmagandim. Endi ikki xotinning orasida sarson-sargardonman. Bunisinikiga borsam, “Boring, suyukligingiznikiga boring”, deb haydaydi. Unisinikiga borsam, “Mol dunyongiz qayerda bo‘lsa, o‘zingiz ham o‘sha yerda bo‘ling. Boring, ko‘z ochib ko‘rganingiznikiga”, deydi. “Pul, pul, pul!..”. Pul ishlab chiqaradigan mashina topsam ham, ularning ola qopi to‘lmaydi. Qara, xotining yuz marta qo‘ng‘iroq qilib, seni izlab yotibdi. Meni esa hech kim izlamaydi”.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan esa-da, xizmatchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi, oshxona gavjum. Shuncha odam xotin, bola-chaqani kuttirib, o‘zlari ko‘cha-kuyda pul sochib yuribdi. Ibrohimning yuragi siqildi, jo‘rasining diydiyosi joniga tegdi. Uni bir amallab, “toy-toy” qilib, bir yo‘lovchi taksiga o‘tirg‘izib yubordi-da, o‘zi uyga yo‘l oldi. Yarim tundan oshgan, tuman shu daraja qalinlashgan edi, mashinaning eng o‘tkir chirog‘ida ham ikki metr narini ko‘rib bo‘lmasdi. Mashinaning ochiq derazasidan dimoqqa achchiq kuyindi hid urilardi. Beixtiyor xotinining oqshom payti aytgan gapini esladi: “Tomda elektr simlar chalkashib qopti, “chirs-chirs” qilib olov chiqarib yotgan ekan. Usta qo‘ldan kelgancha qildim, simlarni to‘liq almashtirmasa bo‘lmaydi, eringiz kelsa, menga bir uchrashsin, dedi. Dadasi, ertaroq keling, biz qo‘rqyapmiz”. U bugun haqiqatan ham qarorini o‘zgartirgan edi, uyga ertaroq qaytmoqchi edi. Ko‘zdan chiqqan so‘galga o‘xshab, manavi jo‘ra kelib qolmaganda…
U mashina gazini oxirigacha bosib, tuman bag‘riga singib ketdi. Havodagi kuyindi hidi tobora nafasini bo‘g‘ib borardi. Darvozalari oldida turgan o‘t o‘chiruvchi mashinalarni darrov tanidi. Ular bundan ikki soatlar chamasi avval oshxona yonidan o‘tib ketgan mashinalar edi. Qiy-chuv qilib yotgan odamlar orasidan o‘tib, ichkariga intildi va beixtiyor ustiga choyshab tashlab qo‘yilgan uch zambilga ko‘zi tushdi. U o‘zini zambillar ustiga otdi!.. “Malika?! Senga nima bo‘ldi?!”, xotinining sochlari, yuzlari qorayib kuyib yotar, ko‘zlari yumuq, ustiga yopilgan choyshab jiqqa ho‘l bo‘lsa ham, undan taralayotgan issiq taft yuzga urib turardi. U titrab-qaqshab keyingi zambillar ustidagi choyshablarni ko‘tarib qaradi: “Mumtoz?! Sarvinoz?!” Uning xonu moni kuyib kul bo‘lgan edi!.. U cho‘kka tushib, yuzini tuproqqa bosgancha, o‘kirib yubordi: “A-a-aa! A-a-aa!..”
Kimdir kelib, titrab-qaqshab turgan yelkalaridan tutdi: “Allohning irodasi, o‘g‘lim!..” U yonboshiga burilib, yuz-ko‘ziga, soqollariga qop-qora qurum o‘rnashib qolgan otasini ko‘rdi: “Otajo-o-n!.. Ota-a-a!.. Endi men nima qilaman?!” O‘zini otasining bag‘riga tashladi. Ota uning qo‘ltig‘idan olib, sekin o‘rnidan turg‘izdi. Ikki yigit suyab, hovlining ikkinchi tomonida alohida qilib qurilgan mehmonxona tomon yetaklab ketdi. U bilan oldinma-ketin xotini va qizlarini ham shu xonaga olib kirishdi…
Atrof to‘la odam, hamma qandaydir tashvish bilan u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa yuguradi. Ammo Ibrohimning nazarida dunyo butkul huvillab qolgan, unda yonma-yon qo‘yilgan uch mayyitdan bo‘lak hech narsa mavjud emas edi. Qayerdadir bo‘rilar uvillar, unga xotin-xalajning yo‘qlovlari, bot-bot erkaklarning do‘rillagan yig‘isi qo‘shilib ketardi. Kimdir kelib, yelkasiga to‘n soldi, boshiga do‘ppi kiygizib, mayishib borayotgan bellarini mahkam bog‘lab qo‘ydi. Uni hovliga olib chiqishdi. Eshik oldida turgan odamlar ortga tisarilib, yo‘l bo‘shatdilar. Hammaning nigohi unga qadalgan edi. G‘ivir-shivir gaplar. “Sho‘rlikka qiyin bo‘ldi, tentak bo‘p qoladi endi”. “Bechoraginalar!..” “Alloh sabri jamil ato etsin”. “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”.
Keyin qabristonga borishdi. Yonma yon qazilgan uch qabr qurbonini olishga shaylangan ajdarhodek og‘zini “lang” ochib yotardi. Tobutlarning ustidagi zarbof yopinchiqlar olinib, oppoq kafanga o‘ralgan mayyitlar birin-ketin yerga qo‘yildi…
Endi unga hech qachon, hech kim “Dadajonisi, kelayapsizmi? Bugun manti qilgandim…” deb qo‘ng‘iroq qilmaydi. Qizlari “besh” baholari-yu yulduzchalardan qizarib ketgan kundaliklarini bag‘riga bosib, uni kutib olmaydi. Ular hali go‘dak edilar, tasavvurlari ham go‘daklarga xos beg‘ubor, sodda edi. Uyga borishi bilan birinchi bo‘lib “Sizga ajoyib xushxabarim (yoki sovg‘am) bor. Toping-chi, u nima?”, der edi Mumtozginasi. “O‘zing ayta qol, qizim, suyunchisi mendan”. U “Tam-tara-tam” deya, og‘zi bilan musiqa chalib, orqasida berkitib turgan kundaligini uning tizzalariga qo‘yardi: “Bugun men o‘n oltita “besh” oldim”. Keyin bu sahna Sarvinoz tomonidan takrorlanardi: “Men nechta “besh” olganimni toping-chi!”. Ular o‘zlarining baholarini oila uchun, ayniqsa, otalari uchun juda katta sovg‘a deb hisoblashardi… Endi undan hech kim suyunchi so‘ramaydi… Hamma-hammasini ajdahodek og‘zini ochib yotgan yer yutdi-qo‘ydi. “He-e, yer yutgur!” degan qarg‘ishning ma’nosi shu ekan-da. Qanchalar qabih ekan bu qarg‘ish… Qanchalar ojiz va notavon ekan bu odamzod, kechagina uchalovini qo‘shib bag‘riga bosib, huzurlansa bo‘lardi. U esa bulardan qochdi, qochib yurdi. O‘zining nafsi uchun… Alal oqibat endi ular uch lahadda, uch tepachaning tagida yotibdi, uchchalasini hech qachon bir qilib bo‘lmaydi. Endi unga hech kim bular aytadigan xushxabarlarni aytib, suyunchi so‘ramaydi, suyuntirmaydi…
Qizlari qorong‘ulikdan juda qo‘rqishardi. Hozir qanday qilib yolg‘iz o‘zlari… U seskanib ketdi. Dunyo zimistonga aylandi…
Ertasi kuni tuman tarqab, quyosh charaqlab chiqib ketgan edi. Lekin yong‘indan usti butkul ochilib qolgan uyning chala yongan bolorlaridan, hatto devorlaridan tarqalayotgan tutun bir necha kun yon-atrofda tumandek qalqib yurdi. Hovlining bir chetida mehmonlar uchun alohida qilib solingan xonada ta’ziya qabul qilib o‘tirgan Ibrohimning yoniga usta Shaydulla qayta-qayta kelib, o‘zini oqlab, uzr so‘rab ketdi: “Kelin… kechki payt uyimizda chiroq yo‘q, deb borgan ekan. Kelib, u yoq-bu yoqni qaradim, tepada simlar chalkashib, uch-to‘rt joyidan “chirs-chirs” o‘t chiqib turgan ekan. Hammasini qayta ulab chiqdim. Erta yorug‘da Ibrohimboy bilan maslahatlashib, simlarni yangilaymiz-da, dedim. Kelinga, eringiz bir uchrashsin, deb qaytdim. Yarim tunda hovliga chiqsam, negadir hovlimizning bir tomoni kun chiqqandek yorishib turganday bo‘ldi. So‘ng odamlarning baqiriq-chaqiriqlarini, o‘t o‘chiruvchi mashinaning chinqirig‘ini eshitdim. Yuragim “shuv” etib ketdi… Bechoralar, uxlab qolishgan bo‘lsa kerak, ustlariga tom qulab tushgandan so‘ng yo‘l topa olmay qolganmi? Bilmadim yana. Lekin ishoning, men hamma qisqa tutashuvlarni bartaraf qilgan edim…”
Ibrohim unga so‘zsiz termilib, sim-sim ko‘z yosh to‘kar, “Siz o‘zingizni bekorga qiynayapsiz. Hamma ayb menda, men aybdorman. Ularni men o‘ldirdim, mening bema’ni, bemavrid orzu-havasim, qaysarligim o‘ldirdi. Nafsimni ularning mehridan, quvonchlaridan ustun qo‘ydim. Men ularga xiyonat qildim. Bu xiyonat hali xayol, niyat bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘ngilda bor edi, uni ro‘yobga chiqarish uchun guldek ayolimning hayotini zahar-zaqqumga aylantirdim. Uch oy qon yig‘ladi sho‘rlik. Bu yong‘in balki xudoyimning ana shu xiyonat uchun menga yo‘llagan jazosidir. Sizda hech bir gunoh yo‘q”, degisi kelar, lekin tili tanglayiga yopishib qolgandek bir so‘z ayta olmay yana ko‘z yoshlariga erk berardi.
* * *
Xuddi shu daqiqalarda dunyoning boshqa bir burchagida pishqirib oqayotgan ulkan daryo to‘lqinlari uzra ikki tilsiz mavjudot – endigina balog‘at yoshiga yetgan bahaybat Chapdast bilan oppoq badani suv qa’rida tovlanib turgan sarviqomat Qorako‘z bir-biri bilan quvlashib o‘ynar, ayni paytda atroflarida g‘ujg‘on o‘ynab yotgan baliqchalar ham ularning ko‘zlariga ko‘rinmas, ular baxtdan, muhabbatdan sarmast edilar. Bir qarashda bir-biriga urilgan to‘lqinlardan ko‘piklangandek oqarib oqayotgan daryo tubi tinch va sokindek ko‘rinar, lekin kuchli oqim o‘z ishini qildi, muhabbat shavqi bilan mast juftlikni o‘zlari dunyoga kelgan sho‘rtang bahri ummondan juda olislarga olib ketdi.
Suvning chuchukligini birinchi bo‘lib Qorako‘z bildi. U ikki yondagi katta-katta qora ko‘zlari bilan Chapdastga hayron qaradi. Chapdastga esa baribir, go‘shtdor uchli tumshug‘i bilan Qorako‘zning goh u biqiniga, goh bu biqiniga turtib, goh uning atrofida umbaloq oshib o‘ynoqlardi. Qorako‘z bir sapchib, suvning yuziga chiqdi. Unga Chapdast ergashdi. Ular ulkan ko‘lning o‘rtasida suvdan bosh chiqarib, atrofga bir qur nazar tashladilar. Qirg‘oqdan sal narida saf tortgan oq qutilar, ularning atrofida g‘imir-simir qilib tik yurgan g‘alati mavjudotlarni ko‘rishdi. Ular hali uy, odamlar, ularning mehri va qahri, qiziqish va ermaklari haqida, vaqti kelib, suvsiz joyda tik yuruvchi bu mavjudotlar baxtiyor juftlikning hayotiga xavf solishlari mumkinligi haqida hech qanday tasavvurga ega emas edilar. Bir kun kelib bu bahri ummon ular tufayli Ajdarko‘l deya nom olishini ham bilmasdilar.
Shu atrofda bamaylixotir qayiqda baliq ovlab yurgan ikki yigit ularni ko‘rib, shaytonlab qolgandek nimalardir deb qichqirgancha qayig‘ini o‘t oldirib, qirg‘oqqa qarab ketib qoldilar. Chapdast bilan Qorako‘z ularning ortidan qolayotgan ko‘piklangan suvga bir nafas qarab turishdi-da, yana ummon qa’riga sho‘ng‘ib ketdilar.
Oydinko‘l erta bahorda bor-yo‘g‘i bir necha kun yashaydigan qizg‘aldoqlarni hisobga olmaganda, saksovul-u shuvoqdan boshqa hech narsa unmaydigan cho‘lu biyobonning o‘rtasida bir bilgir odamning noyob aqli bilan bu yerlarda ham paxta yetishtirish uchun Amudaryoning suvi hisobiga dunyoga kelgan sun’iy ko‘l. To‘ntarilgan moviy osmondek ajib bir manzara kasb etgan ko‘l odamda rangi za’faron bemorning og‘riqli tabassumiga o‘xshash bir taassurot qoldirardi. Bu qirg‘og‘idan narigi qirg‘oqqa qarasangiz, ko‘z ilg‘amaydigan bahri ummon qalqib turar, ko‘l etagida bir-biriga o‘xshatib qurilayotgan uylar, ko‘chalar, qirg‘oq va ko‘chalarni to‘ldirib yurgan odamlar. Lekin chor-atrof vabo tarqalgandek za’faron tusda yastanib yotar, biron yashillik ko‘zga tashlanmas edi. Bir yilga yetar-etmas, gugurt qutilariga o‘xshash kottejlardan iborat shaharcha qad rostladi. Shaharchada bir nechta katta-kichik sanoat korxonalari, tashkilotlar qurildi. Uylar, ko‘chalar, idoralar odamga to‘ldi. Lekin baribir bu yerlar qandaydir fayzsiz edi, kechki payt kattasi ham, kichigi ham, erkagi ham, ayoli ham yig‘ilib, har bir darvoza oldiga qo‘yilgan uzun-uzun yog‘och o‘rindiqlarda o‘tirishar yoki ko‘l bo‘yiga, bo‘lmasa, qahvaxonalarda yig‘ilishar, yarim tungacha “va-hah-ha” kulgu, gurunglar bo‘lar, nimagadir bu odamlarning yuzlariga chang singib ketgandek nursiz edi. Kulib turgan qiyofalarida horg‘in bir siyrat qalqib turar, kunda kunora ko‘lga tushib chiqishsa ham, rangi ro‘yi hech suv ko‘rmagandek bo‘g‘riqib turardi. Ular ishga borishar, uyga qaytishar, ko‘ngilxushliklar qilishar, ammo na ko‘chalariga, na eshiklarining oldiga bir tup nihol ekmas edilar. Boy idoralar, badavlat odamlar ko‘l aylanasi bo‘ylab o‘zlariga dam olish uylari – dachalar qurib olishdi. Qirg‘oqqa tutash bu dachalarga xo‘jayinlar ko‘pincha ko‘zdan pana maishat uchun… kelishardi. Ko‘ngillari soya-salqinni tusagani uchunmi yo el ko‘zidan panalash uchunmi, qirg‘oq bo‘ylab turli dov-daraxtlar ekishdi. Bora-bora ko‘lning atrofi quyuq daraxtzorga aylandi. Ammo bu daraxtzorlardagi yashillik ko‘ngilga qandaydir hadik solar, ularga qarab o‘tirib, beixtiyor notoza bir narsani ko‘zi tushib qoladigandek, xavotirga tushib ketadi odam.
O‘sha yili Qorako‘z bilan Chapdast yettita bir-biridan chiroyli farzand ko‘rishdi. Mittigina baliqchalar shunday chiroyli, ularning atrofida suzish shunchalar zavqli ediki, tabiatan tinib-tinchimas Chapdast ularning atrofida girdikapalak bo‘lib charchamas edi. Baliqchalar juda tez katta bo‘lishdi va barcha akulalarga xos yolg‘iz yashash istagi tufayli bitta, ikkitadan bo‘lib, ko‘lning turli tomonlariga ketib qolishdi.
* * *
Ibrohim “etti”dan so‘ng, buldozer olib kelib, yongan uyni tekislatib tashladi. Ammo bu hovlidagi har bir giyoh, har bir tosh unga xotini va qizlarini eslatar, har burchakdan ularning ovozini eshitar, shunday damlar nafaqat bu mash’um hovlidan, balki bu yorug‘ dunyodan bosh olib ketib qolgisi kelar, ammo o‘tirsa-tursa yonidan ajralmaydigan bo‘lib qolgan o‘g‘li Jahongirni yolg‘iz qoldirib ketishga vijdoni yo‘l qo‘ymas edi.
Nihoyat “qirq”ni ham o‘tkazdi. Kechki payt qo‘shni ko‘chada yashaydigan otasiga qo‘ng‘iroq qildi: “Akam bilan bir kelib ketsangiz. Xoli gaplashadigan maslahatli gap bor edi”. Nimadandir xavotirlanganmi, ular birpasda yetib kelishdi. Chol kelini bilan nabiralarini juda yaxshi ko‘rardi. Bir umr do‘konda o‘tirib, faqat sarxil taom yeb yurgani uchunmi, yoshiga nisbatan juda bardam ko‘rinadigan ota yong‘indan keyin birdan cho‘kib, go‘dakdek mung‘ayib qoldi. Ma’rakalar o‘tguncha, Ibrohimning yonidan ketmadi. Xuddi o‘zini bir narsa qilib qo‘yadigandek, sal ko‘rinmasa, izlab qolar, topgach, bir so‘z aytib, hol so‘ray olmasa ham, o‘g‘irlab-o‘g‘irlab o‘g‘lining ko‘zlariga termulaverardi.
– Agar, rozi bo‘lsangiz, hovli bilan do‘konni sotib, ko‘chib ketmoqchi edim, – Ibrohim yerdan ko‘zini olmay, otasiga niyatini aytdi.
– Qayerga? – ota “yalt” etib uning yuziga qaradi.
– Ajdarko‘l tomonlarga. O‘sha ko‘lga oshnalar bilan uch-to‘rt marta ovga borgan edim. Ko‘l bo‘yida bir shaharcha bor. Har joydan kelib qolgan har turli odamlar yashaydi. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Uch-to‘rt korxonasi bor. Ko‘ldan, shu korxonalardan tirikchilik qilishadi.
– Yetti yot begona joylarda… – ko‘zlari jovdiradi otaning.
– Shunisi yaxshi-da, ota. Meni xotiralar, odamlarning ko‘zlaridagi savollar juda qiynab yubordi. Menga hech kim achinish bilan qarashini istamayman. Ortiq bunday yashay olmayman, juda charchadim. Bu uy, bu joylarni umuman ko‘rmasam, deyman. Meni hech kim tanimasa, hech kim hech narsani eslatmasa, deyman.
– Jahongir-chi, uni nima qilasan?
– O‘zim bilan olib ketaman. O‘zimizga yarasha bir uy sotib olaman. Bola uchun nima sharoit zarur bo‘lsa, hammasini qilib beraman. Bir do‘kon olaman, boshqa ish qo‘limdan kelmaydi, axir. Ota-bola ro‘zg‘orni bir amallarmiz.
Ular ancha vaqt jim qolishdi. Xonada pashsha uchsa eshitilardi. O‘g‘li sekin u tomon surilib, pinjiga tiqildi. U og‘ir xo‘rsinib, o‘g‘lining yelkasidan oldi.
Otasi soqolini tutamlab, bosh chayqadi:
– Keksa enangga nima deymiz, bolam? Sen u yoqlarda, biz bu yoqlarda… Enangning qolgan umri Ajdarko‘lning yo‘lida o‘tadimi endi?
Ibrohim yerga qaradi:
– Ota, enamning oldida so‘z ochish qiyin bo‘lgani uchun beodoblik bo‘lsayam sizni uyimga chaqirtirdim, endi, enamga o‘zingiz tushuntirasiz, boshqa iloj yo‘q.
– E-e, bolam, yoningda issiq-sovug‘ingga qaraydigan bir poshikastang bo‘lsa, Badaxshonga ketsang ham, bir narsa demasdim. O‘zing yetti bukilib o‘tiribsan, yoningda bir parcha go‘dak, buning ham ichi tutab yotibdi, qanday yuboray axir?!
– Mening boshqa ilojim yo‘q, ota. – kesib gapirdi u.
– U joylarni men ham yaxshi bilaman. Odamlarining piyonistalikdan boshqa ermagi yo‘q. Bo‘nak olsa, ichishadi, oylik olsa, yana ichishadi. Baliqqa borib, ichishadi, baliq tutib, sotadi-da, puliga yana ichkilik olishadi. Butun suyak-suyaklarigacha ichkilik singib ketgan ularning. Ot bilan eshakning oxuri bir bo‘lsa, o‘zi o‘xshamasa ham, qilig‘i o‘xshab qoladi. Bolangning shunday odamlar ichida o‘sishini istaysanmi?
– Ular bilan bizning oxurimiz bitta bo‘lmaydi, ota. Shu bolaning tarbiyasidan boshqa ishim bormi mening? Siz bexavotir bo‘ling.
– E-e, – qo‘l siltadi ota. – Otang senga noma’qul gapni aytmaydi. Bir joyda bo‘lsak… Mayli, bu hovlini sotamiz, shaharning boshqa bir burchagidan uy olamiz. Bu ko‘chaga umuman kirma. Bu hovlini umuman ko‘rma. Lekin oyog‘imiz yetadigan joyda yasha. Bolang ham, o‘zing ham ko‘z oldimizda bo‘lasan. Qarigan chog‘imizda ko‘zimiz yo‘lingda bo‘lib qolmasin, deyman-da, o‘g‘lim.
Ibrohim yana xo‘rsinib, qat’iy bosh chayqadi:
– Ilojim yo‘q, ota, hozir sira ilojim yo‘q. Ehtimol, vaqti-soati yetib, qaytib kelarmiz. Iltimos, hozir menga indamang, jon ota. Men shaharchaga borib, uy, do‘kon savdolashib kelay, menga ozroq pul qilib beringlar, bu yerdagi uy bilan do‘kon sotilgach, pullaringizni qaytib olasizlar.
Uning uy bilan do‘kon sotilguncha kutib turishga toqati yo‘q edi. Ibrohim ikkinchi o‘g‘il bo‘lsa ham otasi hamma masalada unga suyanar, uni boshqacha mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Go‘dakligida qulog‘iga azon aytgani kelgan mulla Xolmurod “Uka, shu jigitga Ibrohim deb ism qo‘yaylik. Ibrohim payg‘ambarimizdek halim, solih, mehribon banda bo‘lsin”, deb ismini Ibrohim deb qo‘yib ketgandi. Mulla ijobat soatlarida duo qilgan ekanmi, u haqiqatan ham juda halim, mehribon, solih farzand bo‘lib ulg‘aydi, ota-onasining biron gapini qaytarmadi, yuziga tik qaramadi. Bugun o‘g‘ilning boshiga ish tushib turgan bir paytda ota uni butunlay rad etishga haddi sig‘madi. Ilojsiz bosh irg‘adi: “Xo‘p, o‘g‘lim”. Ibrohim keksa otasini yaxshi tushunadi, ammo ayni damda uning qanday vijdon azobida qovrilayotganini ota qayerdan ham bilsin? Aka esa ota-bolaning munozarasiga umuman gap qo‘shmadi: biri bolasini ko‘zi qiymay kuyib turgan otasi bo‘lsa, biri yurak-bag‘ri kuyib-chatnab yotgan ukasi bo‘lsa, shularning ichidagi o‘t uni ham kuydirib yotgan bo‘lsa, aka nima ham deydi? Bir so‘z demay yerga qarab o‘tiraverdi va otasi qo‘zg‘olgach, u ham indamay ortidan yo‘lga tushdi. Ularni kuzatgani chiqqan Ibrohim yelkasini qisib ketib borayotgan otasiga qarab, ezilib ketdi: “Ota, albatta yoningizga qaytaman, ammo qachon qaytishimni hali bilmayman. Buning uchun yetarlicha kuch to‘plashim va buni xohlashim kerak bo‘ladi”.
Ibrohim o‘g‘lini olib, Ajdarko‘lga bordi. Molga birga qatnaydigan do‘kondor jo‘rasiga tayinlab qo‘ygan edi. Jo‘rasiga uchrashishdan avval, o‘g‘li bilan ko‘lga tomon endi. Shovqin-surondan xoli xilvat qirg‘oqni topib, katta saksovulning tagiga borib o‘tirishdi. Saksovulning shoxdor tanasiga suyanib, o‘g‘lining yelkasidan quchgancha oyoqlarini uzatib yubordi. Ko‘m-ko‘k bahri ummonga tikilib o‘tirib, saksovul shoxlari orasida tushayotgan quyosh nurlari elitdimi, beixtiyor ko‘zlari yumila boshladi. Ko‘lga tikilib o‘tirgan o‘g‘lining yelkalarini qattiqroq quchdi. Ko‘nglining tub-tubida, butun vujudida yaqin oylar ichida biron marta ham his qilmagan yoqimli bir sokinlikni his qildi. U ana shu bebaho halovatni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun ko‘zini ochib, atrofga qarashga-da, qo‘rqardi. Allaqayerdan suvning shaloplashi, odamlarning ovozi, qiyqiriqlari eshitilib turardi, demak, allaqachon boshlab yuborishibdi…
Ko‘p o‘tmay telefoni jiringlab qoldi: “Ibrohim, kelyapsanmi? Bir-ikki og‘aynilar bilan seni kutib turgandik”. U istar-istamay o‘rnidan qo‘zg‘oldi: “Men shu yerdaman, oshna. Hozir yoningga o‘taman”.
Uni shaharcha chetiga boshlab borishdi. Uy sotmoqchi bo‘lgan kishi – yoshi elliklardan o‘tgan, miqti gavdali, tepakal odam ancha dimog‘dor, nimagadir shoshib turgandek edi. U cho‘ntagidan bir shoda kalit chiqarib, darvozani, uylarni birma-bir ochib ko‘rsatdi. Uy yaqindagina yengilgina ta’mirdan chiqarilgan, oddiygina bo‘lsa-da, yig‘ishtirilgan, toza-ozoda edi: “Yaqindagina ta’mirlatdim. Didingizga ma’qul tushmasa, yana o‘zingiz ta’mirlatib olarsiz”. Darvozaxonaning yonida eshik-derazasi ko‘chaga qaragan yana bir xonani ochdi: “Bu do‘kon. Istasangiz o‘zingiz yuritasiz, istasangiz birontaga ijaraga berishingiz mumkin. Faqat bitta narsani oldindan aytib qo‘yay, bu joylar shaharcha markazidagi bozordan ancha uzoq, odamlar har bir narsa uchun katta bozorga borib yurishmaydi. Do‘kon kerakli molga to‘ldirib qo‘yilsa, bozordagidan ko‘ra yaxshiroq savdo bo‘ladi”. Shahar cheti, sokinlik, hovlining o‘zidagi do‘kon – bu Ibrohimga juda ma’qul tushdi. Narx ham u chamalagandan ancha arzon edi: “Bir ish boshlagan edim, shunga biroz xarajatli bo‘lib turibman. Bo‘lmasa, bu uyni sotish niyatim yo‘q edi. Birontani ijaraga qo‘yib qo‘ysam ham, turaverardi pul topib…” Ibrohim indamay qo‘l uzatdi: “Kelishdik, aka. Narxni siz aytdingiz, men rozi bo‘ldim”. Kap-katta odamning maydalashib ming‘irlashi unga yoqmadi. Pulini berib, ko‘chib kelgach, boshdan-oyoq qayta ta’mirlatishni ko‘ngliga tugdi: “Shu ming‘irni eslatadigan hech narsa qolmasin”.
Tepakal kishi ketgach, jo‘rasi ularni qo‘yarda qo‘ymay shu o‘rtadagi yemakxonaga olib kirdi: “Bir piyola choy ichib ket, oshna. Sen buning gapiga ahamiyat berma. Uyi bir yildan beri bo‘sh turibdi. Xaridor yo‘q. Yoshgina bir juvonni ikkinchi xotin qilib olib, shu yerga keltirib qo‘ygan edi. Uning 10-12 yoshlardagi o‘g‘li ham bor edi. Ayolgina bolasini o‘qishga qo‘ydi, o‘zi do‘konni yuritardi. Uylanganini xotini eshitib qolib, rosa to‘polon qilgan. Bu nomard bo‘lsa, xotinim ko‘zimni ochirmayapti, meni kechir, deyishning o‘rniga “O‘ynashing bor ekan, menga xiyonat qilyapsan, odamlar aytishdi” deb, uni haydab yubordi. Sho‘rlik, ota-onamning uyidan erga tegdim, deb chiqib ketgan edim, endi qanday qaytaman, hech bo‘lmasa, shu yerda ijarada turishimga ruxsat bering, deb qancha yolvordi. Bu qo‘ymadi. Xotinidan qo‘rqdi. Biz tomonda uy olish mumkin, sotish juda qiyin. Bu yerning odamlari pul yig‘ishni yomon ko‘rishadi. Bugun topsa, bugun yeyishadi, erta bilan ishlari yo‘q”. “Nima ish qiladi bu odam?” “Kichkinaroq avtobazamiz bor, shuning direktori”. “Ha-a…”
Ibrohim ikkilanib qoldi. Quloqlariga o‘sha quvg‘in qilingan ayolning ovozi eshitilib ketgandek bo‘ldi. “Qo‘l olishmaganimda bu uyni tekinga ham olmas edim. Ammo lafz qilib qo‘yganman. Bechora ayol!.. Bechora ayollar! Ular ba’zan go‘zal bo‘lib yaratilganliklari uchun xo‘rlanadilar. Ba’zan ota-onam, bola-chaqam, or-nomusim deb andisha qilganliklari uchun g‘ururlari toptaladi. Ayolning o‘z halovatini or-nomusdan oldinga qo‘yishga haqqi yo‘q. Agar shunday qilsa, eng avval o‘sha ayol o‘zini o‘zi hech qachon kechirmaydi. Bechora xotini!.. Er ustiga xotin olmoqchi ekanligini ochiq aytdi, lekin u sho‘r ko‘nglingizga boshqa ayolning xayolini kiritib, menga xiyonat qildingiz-ku, demadi. Aksincha, avvalgidan ham ko‘proq mehr ko‘rsatdi. Ichi yonib ketayotgan bo‘lsa ham kulib, shirin so‘zlar bilan uyga chorladi, yelib-yugurib tansiq taomlar tayyorladi. Uning beandisha xiyonatiga “tashlandiq” degan nomdan nomus qilgani uchun chidadi. Bolalarini ota mehridan judo qilgisi kelmadi. To‘g‘ri, yolg‘iz qolishganda ko‘p yig‘lar edi, lekin bu yig‘i isyon emas edi, bu yig‘i iltijo edi. Rahmatli oilani muqaddas bilgan. Oradan o‘tgan shuncha ko‘ngilsizliklar, iztiroblar haqida na onasiga, na biron dugonasiga, na opa-singillariga tish yorib, biron gap aytmagan. Agar u birov-yarimga bir og‘iz ko‘ngil yorganida hozir Ibrohim elning oldida bosh ko‘tarib yura olmasdi. Xuddi hammasini avvaldan bilgandek, hech kimga lom-mim demagan.
* * *
Bahor kelib, Ajdarko‘l atroflari yashnab ketdi. Chag‘alaylar, yovvoyi g‘oz-o‘rdaklar, baliqchi qushlar ko‘l yuzida odamlardan hayiqmasdan uchib-qo‘nib, suzib yurishi ularning juda olislardan, odamsiz joylardan kelib qolganini anglatib turardi. Albatta, bu hol uzoq davom etmadi. Ikki-uch kunda qirg‘oq tekin go‘sht ishtiyoqmandlariga to‘lib ketdi. Har to‘rt qadamda ov man qilinganligi, qonun buzuvchilarga solinadigan katta jarimalar haqida yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, tunlari tez-tez ov miltig‘ining paqillagan tovushi eshitilib qolar, odamlar kunduzlari sayr qilib yuribmiz, degan bahonada qayiq bilan sohildan olislab ketar, bir joylarga yetgach, miltiq otishdan qo‘rqib, bechora qushlarni yovvoyi odamlardek vahshiylarcha tosh bilan, tayoq bilan urib, o‘ldirib, xaltalari to‘lgach, ularni hech kim ko‘rmaydigan xilvat qirg‘oqlarga olib borib, biron daraxt ildiziga bog‘lab qo‘yib, o‘zlari hech narsa ko‘rmagandek odamlar uymalashib yotgan sohilga quruq qo‘l bilan qaytib kelishardi. So‘ng sekin odamlar orasidan o‘tib, vamperlarga o‘xshab lab-lo‘njini yalagancha oyoqlarini qo‘llariga olib, o‘lja yashirilgan qirg‘oq tomon yugurishardi. Ushbu holatlarini ko‘rgan risoladagidek odam, ulardan nafratlanishdan avval jirkanib, ularga achinib ketardi.
Ko‘lga o‘sha bahorda qayerdandir ikkita katta oqqush ham kelib qolgan edi. Ko‘m-ko‘k ko‘l uzra ularning suzib yurishlarini tomosha qilishning o‘zi kishiga olam-olam huzur bag‘ishlardi. Ularning cho‘milishlarini hatto ba’zan Chapdast bilan Qorako‘z ham zavq bilan tomosha qilishardi. Shom quyilib kelayotgan vaqt edi. Oqqushlar sekin-asta suzib, ko‘l o‘rtasidagi orolcha tomon borishar edi. Qayerdandir qayiq paydo bo‘lib qoldi. Unda uch yigit bor edi. Yigitlarning biri qayiqdan uzun xoda chiqarib, yonginalarida suzib ketayotgan oqqushning yelkasiga bir tushirdi. Oqqushning uzun bo‘yni sinib ketgandek bir yonga qayrilib qoldi, o‘zi muvozanatini yo‘qotdimi, yoki joni qattiq og‘ridimi, suv yuzida tipirchilay boshladi. “Ur, nega anqayib turibsan, yana bir marta ur!” qichqirdi yigitlardan biri. Tipirchilab yotgan oqqushning yelkasiga yana bir zarb kelib tushdi. Qarsillagan ovozdan ko‘l yuzi titrab ketgandek bo‘ldi. Suv bir chayqalib, oqqushning tipirchilab yotgan loshi orolcha chetidagi qamishlar orasiga kirib ketdi. Yigitlar qayiqni sal beriroqqa to‘xtatdilar, qayiq chetida o‘tirgan yigit qo‘lidagi fonusni oqqush tomonga tutdi va “Ilg‘or, sen borib oqqushni olib kel”, deb buyurdi. Suv sovuq, tevarak-atrofga qorong‘u tushib qolgan, bu paytda hech kim suvga tushishni istamas edi. Ilg‘or bahona qildi: “O‘zing bor, negadir oyog‘imning tomiri tortyapti”. Buyruq beruvchi bolaxonador qilib so‘kindi: “He-e!.. Ulush bo‘linayotganda ham oyog‘imning tomiri tortishgandi, menga kamroq ber, desang ekan”. U fonusni peshonasiga taqib, o‘zini suvga tashladi. Oqqush yotgan qamishlar tomon hovliqib suzib borarkan, savqi tabiiy bir sezgi bilan o‘ziga qadalgan qandaydir o‘tkir nigohlarni his qildi. Sekin burilib yonboshiga qaradi, undan bor-yo‘g‘i uch quloch narida ikki bahaybat akula – Chapdast va Qorako‘z unga tikilib turishardi. U turgan joyida qotib qoldi. Ayni paytda qayiq ham, orolcha ham qarshisida turgan akulalardan uzoqroq edi. Ehtimol, o‘sha lahzalarda begunoh oqqushga nisbatan qilgan qabihligi uchun pushaymon chekkandir, balki qamish poyalari ichiga tiqilib qolgan oqqush ko‘ziga juda yomon ko‘rinib ketgandir, balki butun fikru-zikri bilan jonini asrab qolish yo‘llarini izlagandir, har tugul daqiqa sayin uning omon qolish umidi so‘nib borardi. Oradan besh-olti daqiqa chamasi vaqt o‘tdi, akulalar hujum boshlab yuborishidan qo‘rqib, sheriklarini ham chaqira olmadi. Bir mahal hech kutilmaganda akulalar ortiga burilib, ko‘l tagiga sho‘ng‘ib ketishdi.
– Ilg‘or, Ilg‘o-o-or! – xirillab zo‘rg‘a ovoz berdi u. – Beri kelinglar.
Sheriklari esa allaqachon akulalarni ko‘rishgan, ular ham “qilt” etib qimirlashdan cho‘chib, nafaslarini ichga yutib, qarab turishardi.
– Beri kelinglar, – yana shivirlabgina chaqirdi u. – Ke-e-etdi.
Yigitlar shundan keyingina qayiqning motorini o‘t oldirib, to‘g‘ri u tomonga yo‘l solishdi. Yoniga yetishganda, bir soniya tezlikni pasaytirib, uni ilib olib, qayiqqa solishdi-yu, sohilga qarab uchib ketishdi.
Shundan so‘ng yigitlar bir necha kun yotib qolishgan bo‘lsa-da, oqqush ovi shaharchada ancha payt hangoma bo‘lib yurdi: “Shunday qarasa, ikkita akula unga tikilib turgan emish. Qimirlayolmay qolibdi…” “Yigitni qayiqqa olishsa, qo‘l-oyog‘i qaltirab, tishlari taqillab yotgan emish”, “O‘zlariyam undan beshbattar ahvolda bo‘lishgandir. Akula chin qasdlashsa, qayiq-payig‘i bilan yutib yuborishi mumkin edi”. “Akulalar ham bunda-a-ay chamalab ko‘rgan, qiltiragan ramaqijon bachcha, yesa, chap ichagiga ham yuq bo‘lmaydi. E-e, bor-e, shu suyak-sayoq uchun jag‘imni og‘ritib yotamanmi, degan-da”. “Gap undamas, akulalar odam go‘shtini uncha xushlamas ekan, shuning uchun indamagan”. “Nima bo‘lganda ham akulalar odamdan yaxshi ekan, har narsani yeyavermas ekan. Senlardan suvdagi baliq qolmasa, yerda yurgan mol-hol qolmasa, osmondagi qush qolmasa! Oqqushni ham ovlaydimi odam, shunday chiroyli, beozor jonivor. O‘zi ikkitagina bo‘lsa! Noinsoflar! Qo‘y turganda itni tandirkabob qilib yegandan keyin nima ham deyish mumkin?” “Qo‘yni kim beradi bu ishyoqmaslarga? Qo‘y olmoqchi bo‘lsa, pul kerak. Boqmoqchi bo‘lsa, mehnat qilish kerak. It bo‘lsa, tekin, ko‘cha to‘-o‘-o‘la. Istaganingcha, tutib olaver”.
Aslida akulalar baliqlarning ajdarhosi hisoblansa-da, unga teginmagan mavjudotga hujum qilavermaydi. Ularda hid bilish hissiyoti juda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Ov qilmoqchi bo‘lgan o‘ljasini hidiga qarab tanlaydi. O‘sha kuni peshonasiga yaltiragan chiroq o‘rnatib olgan mavjudotdan kelayotgan badbo‘y aroq hidi ularga sira yoqmadi, ulardan sal narida turgan qayiqdan ham o‘sha yoqimsiz hid anqib turgan edi. Shuning uchun ular indamay ko‘l tubiga sho‘ng‘ib ketishdi.
* * *
Ibrohim o‘g‘li bilan yengil-elpi jihozlarini olib, yangi uyning bir xonasiga joylashdi-da, ta’mirni boshlab yubordi. O‘ziga-ku, hech qanday hashamat shart emas, ammo onasi bilan opachalariga ichikib kundan kunga so‘lib borayotgan o‘g‘lining hayotiga mana shu hashamatlar bir qatim bo‘lsa ham nur olib kirishi uchun bor-yo‘g‘ini sarflab, qasr qurishga ham rozi edi. Birinchi bo‘lib o‘g‘lining xonasini ta’mirlatdi, devorlarini o‘g‘li yaxshi ko‘rgan ertak qahramonlarining suratlari bilan bezatdi. Mebel do‘koniga kirib, o‘g‘li tanlagan divan, shkaf, kitob javoni, stol-stullar xarid qildi. Ta’mirlash ishlari tugagach, kompyuter ham olib berishini va’da qildi.
– Hozir ham olishimiz mumkin, lekin hamma yoq chang-chung bo‘lib yotibdi, o‘g‘lim, kompyuteringga chang singib ketmasin, deyapman-da.
– Mayli, dada, ta’mir tugagandan keyin obberasiz-da, – o‘g‘lining kayfiyati ko‘tarilib ketdi. – Bilaman, kompyuter juda nozik narsa, chang o‘tirib qolsa, darrov buzilib qolarkan.
– Shunday o‘g‘lim, keyin senga kompyuter o‘rgatadigan ustoz topamiz. Kompyuter orqali o‘qish va yozishni o‘rganib olsa ham bo‘ladi. Maktabga borguningcha, xat-savoding ham chiqadi.
– Qanday yaxshi! – bola xushnud jilmaydi, ko‘zlari qisilib ketdi. – Men sizni juda yaxshi ko‘raman, dada.
Uzalib, dadasining bo‘ynidan qattiq quchoqladi, yuzlaridan o‘pib qo‘ydi.
Otasi “hamisha eshigingda moling bo‘lsin, mol jonga balogardon bo‘ladi”, der edi. U bu gapning ma’nosini unchalik tushunmasa ham hamisha qo‘ylarning kurt-kurt qilib yemish chaynashini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi: “Ozroq yem-xashak olib qo‘ysam, buyam bir ermak-da”. Kunda kunora kirib, ularning ishiga baho berib ketadigan do‘kondor jo‘ra niyatini eshitib, xursand bo‘ldi: “Bekorchi bolalar ko‘p, o‘zim usta topib beraman. To‘rttagina qo‘y sig‘adigan bolaxonali ixcham qo‘ra bo‘lsa, tepasida xashak turadi, pastda qo‘ylar!.. Men ham molni juda yaxshi ko‘raman. Ammo xotin xohlamaydi. Yem-xashagini obberaman, foydasi o‘zingniki, desam ham ko‘nmaydi, enag‘ar. Senga qarab, zora bizning odamlar ham mol-hol qilishni o‘rganib olsalar. Lekin ko‘zim yetmaydi-da. Ajdarko‘ldek bitmas tuganmas xazina turganda, kim ham qo‘y boqib, qiy supurib yuradi”.
Qo‘zilarni ham o‘zi topib berdi: “Bir qo‘shnim bor. Kuyovi o‘lib, qarigan chog‘ida qiz bilan nevara boqib o‘tiribdi. Bir nevarasi o‘qishga kirgan ekan. Kecha shuning kontraktini to‘lashim kerak, to‘rtta to‘qlim bor, shuni to‘rt yuzdan oling, deb chiqqan edi bechora. Mening hovlimda na qo‘ra bor, na molga qaraydigan odam. Xotinga sira kerak emas, bolalar o‘qishda. Shuni sen olib qo‘ya qol”.
Ular birgalashib boboning uyiga borishdi. Uning qo‘zilarga xaridor bo‘lib kelganini eshitib suyunib ketdi: “Bozor ham ancha yo‘l. Nevaralar ham qiz bola. Bular bilan mol bozorga borib bo‘lmaydi. Yolg‘iz o‘zim eplay olmayman. 400 dan bersangiz bo‘ladi. Sog‘lom, hammasi qochgan, pulingiz o‘zingiz bilan ketadi”.
Qo‘zilar durkungina edi.
– Har biriga 450dan beraman, bobo.
– Nega? – hayron bo‘ldi chol.
– Qo‘ylaringiz menga yoqdi.
Chol sertomir qo‘llarining kafti bilan mijjalarini artdi:
– Baraka toping, iloyo. Yana nimani sotsam ekan, deb o‘tirgan edim. Xudoyo, biringiz ming bo‘lsin. Yetimning ko‘ziga termiltirgulik qilmasin.
Bechora chol o‘z dardini aytdi, lekin uning hasrati Ibrohimning yarasini tirnab o‘tdi…
Ibrohim hovlini ajriqdan tozalashni o‘z bo‘yniga oldi. Hali ustalar do‘konni ta’mirlashni boshlamagan, u tayyor bo‘lmagan joyga mol yoyib, savdo boshlashni istamadi. Ustalarga tushlik tayyorlashdan boshqa ish yo‘q, tushlikka bir kun makaron dimlasa, bir kun sho‘rva qilib qo‘ya qolar, aslida bilgani ham shu ovqatlar edi.
Usti sap-sariq bo‘lib kuyib yotgan ajriqlarning tomiri kigiz yunglaridek chuvalashib, toshdek qotib ketgan edi. Bir quloch joyni bir kun ag‘dardi, qo‘llari qavarib, o‘zi qora terga tushdi. O‘tib-qaytib yurgan usta yigitlardan biri maslahat berdi: “Akamning traktori bor, xo‘p desangiz, ertaga kelib, ag‘darib beradi. Ajriq juda yomon narsa, traktor chuqurroq ag‘daradi, keyin o‘zingiz ajrig‘ini ajratib olib, tuprog‘ini tozalab olaverasiz”. Ibrohimning boshqa iloji ham yo‘q edi. Traktor ag‘dargan joyni tozalaguncha ham bo‘lari bo‘ldi, o‘ziyam bir parcha tomorqadan chiqqan ajriq ildizi bir dunyo bo‘ldi. Ildizlarning tuproqlarini qoqib-qoqib, ko‘chaga emas, qo‘raga tashiyotganini ko‘rgan yigitlar hayron qolishdi: “Buni nima qilasiz, amaki?”. “Qo‘ylarga beramiz, ularga besh-olti kun ermak bo‘ladi”. Qo‘ylar esa bu ajriqlarni bir oydan ko‘proq vaqt ermak qilib yotdi. Buni ko‘rgan kunda-kunora bir kirib o‘tadigan jo‘rasi yoqa ushladi: “Qoyil!”
Lekin terlab-pishib egat tortib, bir dunyo turli-tuman daraxt va gul ko‘chatlari qadab chiqqanini ko‘rib, unga achingandek, bosh chayqadi: “E-ee, oshna, bu joylarda yantoq bilan saksovuldan boshqa hech narsa bitmaydi. Bekor ovora bo‘psan-da”. “Nimaga ovora bo‘laman? Tuproq bo‘lsa, yonginamizda shunday ulkan ko‘l bo‘lsa, bir parcha yerni ko‘kartirish unchalik qiyin bo‘lmasa keragov”. “Ko‘lning suvi paxtaga ketadi, bu ko‘chalarga kelmaydi. Sening bir parcha tomorqang uchun kim ariq qazib, bu yerga suv olib kelardi?” bosh chayqadi jo‘ra. “Oshna, g‘am yema, bir ilojini qilarmiz. Juda bo‘lmasa, nasos qazdiraman. Ichimlik suvi deb berishayotgan suvlari ham, menimcha, shu ko‘lning suviga o‘xshaydi, juda bo‘lmasa, shundan sug‘oramiz”. Jo‘ra mot bo‘ldi: “Ha, qo‘ymaysan. G‘ayrat qilaver, bola-chaqani olib, bir kun senikiga mayovkaga kelamiz”.
Aslida Ibrohimning bor harakatida fikri xayolini qamrab olgan g‘amni unutish, ish bilan ovunib, vaqt o‘tkazish va nihoyat kunduzi itdek charchab, tunlari tosh qotib uxlashga qaratilgan ojizona maqsad yashirin edi. Qo‘ylarga qarash, tomorqaning hali u yerini, hali bu yerini turtib, ustalarning osh-ovqatiga andarmon bo‘lib, ko‘pincha kunning qanday o‘tayotganini bilmay qolar, ba’zan ovqatlari ezilib, yoki xomroq bo‘lib qolsa, xijolat bo‘lar, begona joyda kimdan yordam so‘rashni bilmay qolardi. Bir-ikki marta yoshi elliklarga borib qolgan bir ayol “Ustalar uchun, uka. Men ikki uy narida turaman, qo‘shniman”, deb ovqat olib chiqdi. Biri kadi manti, biri kartoshka-piyoz solib qilingan gulxonim edi. Ayolgina har safar tog‘orani uzatayotib, juda xijolat tortardi: “Uka, arzimasa ham… Ustalar xamirli ovqatni yaxshi ko‘radi. Mazasi yoqsa, o‘zingiz ham yersiz”. Lekin, “arzimas narsalar solingan bo‘lsa ham” taomlarning mazasiga gap yo‘q edi. Qo‘shni ketgach, usta yigitlar ayolni izidanoq unga tanishtirishdi. “Barfin xola, eri avtohalokatda o‘lib ketgan, uning-buning xizmatini qilib, besh bolani elga qo‘shdi. Bolalari ham juda odobli”.
Ayolgina uchinchi marta tog‘ora ko‘tarib chiqqanida, Ibrohim uning o‘zini ham dasturxonga taklif qildi:
– Keling, xola, biz bilan bir piyola choy iching. Taom egasi bilan shirin, deganlar.
– Yo‘g‘-e, inim, sizlar bemalol…
– Sizda bir og‘iz gapim ham bor edi, xola, keling, qani. Jahon, momongga choydan quy-chi… Shu-u, desangiz, bizga bir yordamchi kerak edi. O‘zim ham ovqat pishirishni ozroq biladigandayman, lekin, shu-u, o‘g‘limga sizning ovqatlaringiz yoqib qopti. Kir-chir, supur-sidir deganday, agar imkoningiz bo‘lsa, o‘g‘limga momo bo‘ling… Buning momosi ancha uzoqda, har kun ko‘rib kelishning iloji yo‘q. Momosini sog‘inib qolayapti-da, – u iloji boricha niyatini ko‘ngilga tegmaydigan tarzda qog‘ozga o‘rab aytishga intildi. Bu ayolni yaxshi bilmasa, balki o‘zi kambag‘algina bo‘lsa ham, birovning xizmatkorligini qilish nafsoniyatiga tegishi mumkin.
– Xo‘p, inim, qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, – supaning chetida omonatgina o‘tirgan ayol serajin, so‘lg‘in yuzlari qizarinqirab yerga qaradi.
– Biz ham qarab turmaymiz, hola, o‘zim mana bu do‘konni ishlatmoqchiman. Kun bo‘yi uyda hisobman. Do‘konda o‘tirib kartoshka-piyozingizni artib beraveraman. To‘rttagina qo‘zim bor, unga ham o‘zim qarayman. Jahongir ham uyda. Ota-bola qo‘limizdan kelgancha sizga yordam beramiz. Ustalarning ishi ham oxirlab qoldi. Keyin faqat uy yumushlari qoladi. Bizni boshqarib, ish buyurib turadigan bir odam kerak-da.
– Yo‘g‘-ey, inim, hammasini o‘zim qilaveraman. Uyda kelin, qizlar bor. Hamma ishni qo‘limdan olishgan, shukr. Hozir men qip-qizil bekorchiman, – ayol kulimsirab Jahongirga qaradi, – shugina ulimga momo kerak bo‘lsa, mana, biz momo bo‘ldik-da unga. Uchinchida o‘qiydigan bir nevaram bor, faqat “besh”ga o‘qiydi, agar xo‘p desangiz, kelib, Jahongirboy bilan birga o‘ynaydi. Mol-holingizga qarashadi.
Ayolning soddagina mutoyibasi o‘rtadagi begonalik pardasini ko‘tarib tashlagandek bo‘ldi. U ketayotib, shumshayibgina turgan Jahongirning yelkalaridan olib, bag‘riga bosdi:
– O‘zi juda shirin bola ekan-u, ammo siz uni ko‘p ishlatayapsiz, chog‘imda. Bu ba’zan-ba’zan bo‘lsa-da, tengqurlari bilan o‘ynab turishi kerak. Ertaga nevaramni olib kelaman. Ikkalang oshna bo‘lib olganlaringdan keyin biznikiga ham borib o‘ynab kelasan. Bo‘ptimi?
Ibrohim ayolga uyning kalitlaridan bir-bir nusxa berdi: “Biz uyda bo‘lmay qolgan paytlarimizda ham bemalol kirib-chiqaverishingiz uchun, xola”.
Go‘yo hammasi joy-joyiga tushgan edi: eng so‘nggi urfdagi ta’mir, chiroyli uy jihozlari, bir pasda nim yashil kurtaklar chiqarib qolgan ko‘chatlar, hovlining to‘rini to‘ldirib turgan qo‘ylar… Bir qadam joyda do‘kon… Hamma joyi saranjom-sarishta, ertalab nonushtasi, tushda tushligi, kechqurun kechki ovqati tayyor. Barfin xola og‘ziga qarab turadi: “Nima yegilaring kelayapti? Nima pishiray?” Ovqatlari biri-biridan mazali. Nevarasi ham juda aqlli, odobli bola ekan, ham momosiga ko‘maklashadi, ham Jahongirning ko‘nglini oladi. Shu bola kelgandan buyon Jahongirning ko‘zlarida qalqib turguvchi mung o‘rnini ma’yusgina tabassum oldi. Ikki o‘rtoqning boshi birikkan damlar ba’zan sharaqlab kuladigan bo‘ldi. Lekin Ibrohimning ko‘nglini bosib olgan qora bulut sira tarqay demasdi. Kun o‘tgan sayin yelkasini bosib turgan g‘ussaning zalvori oshsa oshar, zinhor kamaymas edi. Yursa-tursa, umrining so‘nggi kunlari nohaq xo‘rlangan ayolining iltijoli qiyofasi ko‘z o‘ngidan ketmas, har oqshom unga “sovg‘a” hozirlab turadigan qizlarining ovozlari quloqlari ostida jaranglab turar, ajdarhodek og‘zini ochib turgan uch lahad uning pajmurda loshini har kuni yuz marta yutib, yuz marta tuflab tashlardi. O‘g‘li uchun alohida xona qilib bergan bo‘lsa-da, o‘g‘lini bir kecha ham o‘sha xonada yolg‘iz yotishiga qo‘ymadi, xuddi kimdir olib ketib qoladigandek yoniga olib, qattiq bag‘riga bosib yotardi. Yarim tunlar aloq-chaloq tushlar ko‘rib uyg‘onib ketsa, xavotir bilan shoshib, to‘shakni timirskilab o‘g‘lini izlab qolar edi. Ba’zan yolg‘iz o‘zi Ajdarko‘lning bir xilvat qirg‘og‘iga borib, bor ovozi bilan o‘kirib yig‘lagisi kelar, ehtimol yig‘lasa, ko‘z yoshlariga qo‘shilib, ko‘nglidagi g‘ussalar ham oqib ketarmidi, deb xayol qilar, o‘g‘li o‘qishga ketgan dam ko‘lga chiqar, ba’zan qayiq bilan ichkarilab ketar, ammo baxtga qarshi ko‘zidan bir tomchi ham yosh chiqmas edi. Xotini va qizlari tez-tez tushiga kirar, xuddi o‘zi o‘ylab topgan tushdek ularni har safar bir xil holatda ko‘rardi. Ular chiroyli liboslarda, nihoyatda xursand, lekin o‘sha mash’um kechada ko‘rgani kabi yuzlarida dog‘-dug‘ bo‘lib qolgan kuyuk izlari, sochlari olovdan jizg‘anak bo‘lib qolgan holda yurishardi. U esa hali to‘liq uyg‘onmasdan turib, bu tushga ta’bir izlar, ertasi ham kun bo‘yi shu tush ta’siridan chiqa olmay azoblanar va necha-necha minginchi bor o‘sha kecha yonib turgan tomning tagida o‘zi, yolg‘iz o‘zi qolib ketmaganligiga afsus qilardi: “Agar uyda bo‘lganimda shu falokatlar yuz bermas edi… Ehtimol qizlarim har doimgidek meni kuta-kuta kundaliklarini yostiqlarining tagiga qo‘yib uxlab qolishgandir. Men esa!..”
Yoz kunlaridan biri edi. Yonginasida Ajdarko‘ldek bahri ummon quloch kerib yotgan bo‘lsa-da, choshgohdan so‘ng shaharcha ko‘chalari huvillab qolar, ko‘pchilik yoz oylarida ishdan ta’til olib, iqlimi mo‘tadil joylarga dam olishga ketar, ketolmaganlar o‘zini soya-salqinga urar, to kunning tafti qaytguncha, hech kim hech kimni izlamas edi. Qo‘ylaridan birrov xabar olib qaytgan Ibrohim peshtaxta ortidagi ixchamgina qilib yog‘ochdan maxsus yasalgan karavotchaga o‘g‘lini yotqizib qo‘yib, o‘zi televizor tomosha qilib o‘tirgan edi. Darvoza yoniga kelib to‘xtagan yengil avtoulov diqqatini tortdi. Mashinaning orqa eshigi ochilib, undan… Gulxumor tushdi. Haydovchi do‘konni ko‘rsatib, unga nimalardir deb tushuntirdi. U esa rahmat aytib, to‘g‘ri do‘konga qarab yo‘l oldi. Ibrohim bir zum sarosimaga tushib qoldi. Boshiga tushgan aziyatlarda Gulxumorning hech qanday gunohi bo‘lmasa-da, shu ayolga bo‘lgan savdoyi tuyg‘ulari sabab eng aziz insonlarini qiynab qo‘ygani uchun uni ko‘rishni, u bilan ko‘rishishni umuman istamas edi. Shu topda do‘konning orqa eshigidan chiqib qochib ketishni juda-juda istadi, ammo Gulxumor allaqachon ostonada boshini biroz qiyshaytirgan holda jilmaygancha unga qarab turardi:
– Assalomu alaykum, boy bova!..
– E-ee, keling… Vaalaykum assalom, – noiloj o‘rnidan turib uning qarshisiga peshvoz chiqdi.
Jahongir ham hali uxlamagan edi, o‘rnidan turib, keluvchiga ajablanib qaradi. Gulxumor uni ko‘rib, tabassum qildi:
– Eh-he, yotoqxonali do‘kon ekan-ku bu.
– Ha, endi, – chaynaldi Ibrohim. – Yonimda bo‘lgani ma’qul-da.
– Ma’qul, ma’qul. Qalay, polvon? – Gulxumor peshtaxta osha uzalib, bolaning boshini silab qo‘ydi. – Katta yigit bo‘p qolibsan-ku.
– Rahmat, – Ibrohim peshtaxta ortidan kursi olib, uni o‘tirishga taklif qildi. – Keling, hozir choy beraman.
Gulxumor kursiga o‘tirib, peshonasida tepchib turgan reza-reza ter donalarini sidirib tashladi:
– Havo juda isib ketdi. Yondiraman, deydi-ya naq, – u qo‘lini fotihaga ochib, hamon angrayib turgan Ibrohimga qaradi. – O‘zingiz o‘tirmaysizmi? Qani, o‘tirib oling. Ilohi omin, do‘koningizga baraka bersin.
– Rahmat. Yaxshi yuribsizmi? – biroz xotirjam tortib, hol-ahvol so‘radi Ibrohim. – Biz tomonlarga qanday shamol uchirdi sizni? Mening Ajdarko‘lda ekanligimni kimdan bildingiz?
Gulxumorning kulib turgan ko‘zlariga ma’yuslik indi. U hamon ularga qarab o‘tirgan bolakayga bir qarab olib, og‘ir xo‘rsindi:
– Betashvish odam shu issiqda mana shu dashtu biyobonlarda sargardon bo‘lib yurarmidi? Qayerdaligingizni akangizdan so‘rab bildim. Xudo unutgan bir burchaklarda yuribdi, deb shu yerni aytdilar. Qani edi meni ham hamma unutib yuborsa, hech kim izlamasa, izlasalar ham topolmasa, sharoitsiz bo‘lsa ham ikki bolam bilan tinchgina, bexavotir yashasam ekan, deb izingizdan keldim.
Bu hasrat kutilmaganda paydo bo‘lishdan ham oshib tushgan edi:
– Nima bo‘ldi sizga? Tinchlikmi?
Gulxumor yerga qarab, ancha tin oldi. U boshini ko‘targanda ko‘zlari to‘la yosh edi:
– Erim… Dozani oshirib yuborib… O‘lib qopti. Shundan buyon menga tinchlik yo‘q. Qaynonam bilan onam “Bolalarni ber. Ulardan ajralishni istamasang, o‘zing ham birga yur. Bular yolg‘iz o‘g‘limdan qolgan yodgorlik”, deb janjal qilishyapti. “Ikki bolani boqib, tarbiyalash uchun sharoiti yo‘q, uyi yo‘q”, deb meni sudga ham berishdi. Xolam sho‘rlik “Uyim shunga qoladi”, deb vasiyatnoma yozib bergach, zo‘rg‘a qutuldik. Endi xolamning bolalariga yoqmay qoldim. Ochiq bir narsa deyishmasa ham, munosabatlari o‘zgarib qolgan. Bo‘lmasa, hammasining alohida uy-joylari bor, vaqtida onalari bilan turgilari kelmay, alohida uy-joy qilib chiqib ketishgan. Shunday bo‘lsa ham xolamdan keyin bu uyni ham sotib, pulini bo‘lib olmoqchi bo‘lib yurishgan ekan. Mayli, men bu uyga sira da’vogar emasman. O‘zi kichkinagina uy, sotganda ham hech nima pul bo‘lmaydi. Asta-sekin pul to‘plab, kichkinaroq bo‘lsa ham o‘zim uy olmoqchi bo‘lib yuribman. Endi ularning qovoq-tumshuqlariga qarab, u hovlida nafas olish ham qiyinlashib boryapti. Vasiyatnoma yozilgandan so‘ng katta o‘g‘illari xolamning uyiga o‘zining o‘g‘lini olib kelib qo‘ydi. Boshqalari ham juda serqatnov bo‘lib qolishgan. Xullas, men u yerdan zudlik bilan ketishim kerak.
Gulxumorning boshiga tushgan yangi musibatlar Ibrohimning ko‘nglida achinish hissini uyg‘otish o‘rniga negadir unga juda malol keldi: “Tavba, bir bechoraning yolg‘iz o‘g‘lidan qolgan nevaralar ekan, o‘zingning boradigan joying yo‘q, qaynonangning yoniga borib yashayver. Yeb qo‘ymas axir! Bir kun o‘lib ketsa, o‘zingga ham, bolalaringga ham tayyor boshpana. Eh, odamzod-a!..” Ammo tish yorib, bir so‘z aytmadi.
– Ozroq jamg‘armam bor. Bitta-ikkita tilla taqinchoqlarim bor. Xolam ham bolalaridan bekitib, uch-to‘rt tilla taqinchog‘ini menga bermoqchi. Bu yoqlarda uy arzon, deyishadi. Surishtirib, kichkinaroq bo‘lsa ham biron uy topib bera olmaysizmi?
Ibrohimning boshidan hushi uchib ketdi. Bu juvonning “Uy topib bering”, degani, “Boradigan joyim yo‘q, uy topguningizcha, ikki bolam bilan sizning uyingizda yashab turaylik. Kim nima deydi? Rashk qiladigan xotiningiz bo‘lmasa…”, degandek bo‘lib eshitildi. Ehtimol, ayol ochiq ayta olmayapti-yu, lekin ko‘nglida shunday fikr bordek tuyuldi unga. Yana kim biladi.
Ibrohim qarshisidagi ayolning intiq tikilib turgan nigohlariga dosh bera olmay, yerga qaradi. Butun vujudida og‘ir bir toliqishni his etdi. Ancha vaqt jim qoldi. Nima bo‘lganda ham ayolning dilini og‘ritmasdan javobini berib yuborishi lozim edi. Xotiralardan qochib, shu joylarga kelib yurganda, bu ayolni ko‘chirib kelib, har to‘qnash kelganda yarasini bir yangilab, azob tortishning nima keragi bor? Bunday azobga dosh beradigan kuch-quvvati bormi uning?
– Endi-i-i, – nihoyat boshini ko‘tarib, salmoqlab gap boshladi u. – Bu joylarda sotiladigan uy topish juda qiyin. To‘g‘risini aytsam, bu shaharchaga ishyoqmas, tekinxo‘r odamlar yig‘ilgan. Ajdarko‘l bitmas-tuganmas xazina, shaharchaning yarim xalqi hech qayerda ishlamasdan baliq ovlab kun kechiradi. Ular baliq sotayin, deb ko‘chaga ham chiqib o‘tirishmaydi, mijozlari kelib ko‘tarasiga olib ketishadi. Ular salgina harakat bilan baliq ovlab, topgan pullariga non, go‘sht-yog‘, kartoshka-piyoz, albatta, aroq sotib olishadi. Ularga boshqa hech narsa kerak emas. Yaxshi sharoit, bashang turmushni orzu qilishmaydi. Agar shu ko‘ldan uzoqroq joyga borib yashashsa, bular ochdan o‘ladi, chunki ular mehnat qilishni istashmaydi. Bu joylardan uy sotib olishni orzu qilganlar juda ko‘p, lekin bu juda qiyin masala. Mening uyim ham bir tasodif tufayli sotilib qolgan. Lekin mening o‘ylashimcha, yaqin yillar ichida bu ko‘l ulkan chiqindixonaga aylanishi aniq. Uning suvida ham, atrofida ham birorta tirik jonzot qolmasa kerak. Bir tomonida sanatoriy, bir tomonida kasalxona, bir tomonida asfalt zavodi chiqindi suvlarini shu ko‘lga to‘kishadi, chor atrofida ochko‘z odamlar ko‘lni bulg‘ab yotishibdi. Mening ham bu joylarda bir umr qolib ketish niyatim yo‘q, ota-onam keksayib qolishdi, “kel” deb yotishibdi. Vaqti soati yetganda ularning yoniga qaytib ketaman.
Unga termulib turgan chiroyli ko‘zlardagi umid o‘rnini asta-sekin umidsizlik, og‘riq, alamli iztirob egallab olayotganini ko‘rib turardi. Ayolga rahmi kelib ketdi, ammo u haqiqatan ilojsiz edi. Oradan to‘rt yil o‘tib ham beshafqat xotiralaridan qutula olmagan holida shafqatsiz haqiqat bilan har kun yuzma-yuz kelib yashashga sira kuchi yetmas edi…
– Siz siqilmang, Gulxumor, – ayolning rangi oqara boshlaganini ko‘rib, vaziyatni biroz yumshatishga urindi u. – Men surishtirib ko‘raman, lekin biron narsa va’da qila olmayman. Oshna-og‘aynilar bor, ularga ham aytaman. Lekin umid juda kam. Biron narsa bo‘p qolsa, o‘zim sizga xabar qilaman.
Gulxumor qo‘lidagi choyni oxirigacha sipqorib, piyolasini “taq” etkizib peshtaxta ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi:
– Bo‘pti, bo‘lmasa, men boray.
Do‘konning ochiq qolgan eshigidan peshinga qarab oqqan quyosh bor nurini ichkariga to‘kib turardi. Ibrohim peshtaxta tagidan sochiqcha olib, yuz-boshini qoplagan terni artdi. O‘rnidan turib, ayolning ortidan yurdi:
– Men sizni shohbekatga olib borib qo‘yaman, – keta-keta o‘g‘liga yuzlandi, – yur, Jahon, xolani kuzatib qo‘yamiz.
Oftob ham ular bilan birga yo‘lga tushganday bo‘ldi. Ibrohim mashinaning oynalarini berkitib, konditsionerni qo‘shib qo‘ysa ham mashina salonida ko‘ngilni lohas qilarlik harorat pasaymadi. Ko‘chalar esa egasi ko‘chib ketgan hovlidek huvillab yotar edi. Ibrohim shaharcha markazidagi yangi qurilgan qahvaxonaning yonida mashinasini to‘xtatdi:
– Ajdarko‘lga kelib, baliq yemasdan ketsangiz, yaxshi bo‘lmaydi. Tushing, sizni bir mehmon qilay, – dedi Gulxumor tumtayib o‘tirgan orqa o‘rindiq tomon burilib.
Gulxumor qoshlarini chimirib, zardali bosh chayqadi:
– Umuman shart emas, men baliqni yomon ko‘raman.
– Baliq bo‘lmasa, boshqa biron narsa olarmiz, – iltifot qildi u.
– Qornim to‘q, ovora bo‘lmang.
Ayolning shaharcha haqida ko‘pirtirib aytgan gaplaridan emas, Ibrohimdan xafa bo‘layotgani ko‘rinib turardi. Ibrohim esa mas’uliyatni bo‘yniga olib, nimadir va’da berib, uning ko‘nglini tinchitish o‘rniga, maslahat berdi:
– Aslida o‘zingizni qiynab yurmasdan bolalaringizni olib, qaynonangizning yoniga qaytganingiz ma’qulmi, deyman. Tayyor uy-joy, bolalaringizga ham qarashadi, harqalay o‘zining nevarasi. Giyohvand er o‘lib ketgan bo‘lsa, bir keksa qaynona bilan murosa qilib yashash judayam qiyin bo‘lmasa kerak. Harqalay farzand dog‘ida kuygan ayol, bir tomoni savob bo‘ladi, deyman-da.
Gulxumorning rangi oqarib ketdi:
– Ibrohim!.. Siz menga nima deyapsiz?! Men o‘sha xonadonda o‘n besh yil yashaganman, ammo bir kun ham kun ko‘rganim yo‘q. Birovlar o‘g‘li yarimjon yoki giyohvand bo‘lsa, kelinning oldida yelkasini qisib, xushomad qilib o‘tadi. Mening qaynonam qildan qiyiq axtarib, har ishimdan mingta nuqson topib, giyohvand o‘g‘liga meni do‘pposlatardi. Meni hech qachon odam o‘rnida ko‘rgan emas. O‘g‘li nima uchun giyohvand bo‘lib qolgan? Bu ayol umuman bolasining tarbiyasi bilan shug‘ullanmagan, nazorat qilmagan. Ishlayapman deb, umri ko‘chada, yig‘ilishlarda, bazmlarda o‘tgan. O‘g‘il onasining mansabparastligi, aqlsizligi uchun giyohvand bo‘lib qolgan. U endi oltmishga kirdi, saksonlarga kiradigan bo‘lsa, bitta hovli-joy uchun yana yigirma yil o‘sha befarosat, injiq ayolning ko‘ziga qarab yashashim kerakmi? Yigirma yildan so‘ng men oltmishga kiraman, men sho‘r oltmishdan keyin erkin yashaymanmi? Oltmishdan keyingi erkinlik kimga kerak?! Yo‘-o‘-q, menga uning hovli-joyi umuman kerak emas, men ham hamma qatori dunyoga bir marta kelaman. Bolalarim bilan tinchgina yashashni istayman. Juda bo‘lmasa, hovli-joy qilib beradigan odamga erga tegaman!..
U shu gapni aytib bir zum jim qoldi. Lablari titrab, oqarib ketgan yonoqlariga duvillab ko‘z yoshlari to‘kildi:
– Men… Men… Siz haqingizda butunlay boshqacha fikrda edim. Siz bo‘lsa… qiyin kunimda ko‘kragimdan itardingiz!.. Menga oddiygina odamgarchilikni ham ravo ko‘rmadingiz. Shuncha odam yashayotgan joyda men yashay olmas emishman! Sening tashvishing kerak emas menga, deng undan ko‘ra. Maslahatlaringiz o‘zingizga siylov, meni tezroq bekatga eltib tashlang, – uning ovozi titrab ketdi. – Bolalarim yolg‘iz qolishgan.
Ibrohim bu qadar ochiqdan-ochiq malomatga qolaman, deb o‘ylamagandi. Gulxumorga nima deyishni bilmay qoldi:
– Uzr, Gulxumor. Qiynalib yurmang, tayyor uy-joy, degandim-da. Bittagina kampir ekan, deb. Uzr, meni kechiring, ko‘nglingizni og‘ritib qo‘ydim. Men bir savdo xodimi bo‘lsam, sizlarga o‘xshab o‘qigan bo‘lmasam, hamma narsaga ham aqlim yetavermaydi. Uzr, ming bor uzr.
– Bittagina kampir emish! Yarim Toshkent uning qarindoshi. Birovi ketsa, ikkitasi kirib keladi. Hammasi uchun albatta biron tansiq ovqat, og‘izda erib ketadigan pishiriq tayyorlash kerak, hamisha iljayib, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib turishim kerak. Shusiz ham bu hayotda juda charchaganman. Endi bu ishlar qo‘limdan kelmaydi. Bir umr kelin bo‘la olmayman.
Ibrohim bekatga Gulxumordan ham ko‘proq oshiqdi. Bekatga tezroq yetib olsa-yu, Gulxumordan ham, uning shafqatsiz malomatlaridan ham bira to‘la qutulsa! Yeru ko‘k qaytayotgan quyosh taftida jizg‘anak bo‘lib kuyayotgandek edi. Ibrohim konditsionerni o‘chirib, mashinaning oynasini ochdi, ammo yuziga tashqaridan issiq shamol urildi. Yuragi behalovat bo‘ldi: “O‘zimning tashvishim kammidi?”
Bekatga yetib kelishgach, Gulxumor mashinadan tushdi-da, yugurib oxirgi mijozini kutib turgan birinchi mashinaga o‘tirdi, Ibrohim bilan xayr-ma’zur ham qilmasdan jo‘nab ketdi.
– Dada, bu xotin kim? – so‘radi mashina jo‘nab ketgach Jahongir. – Nega u sizga baqirdi?
– U mening sinfdoshim, – biron jo‘yali yolg‘on o‘ylab topishga hafsala qilmadi. – Uysiz qolibdi. Shu yerdan bir uy topib bering, degandi, bu yerda bo‘sh uy yo‘q, desam, xafa bo‘ldi. O‘zing eshitding-ku hammasini.
– Bolalari bo‘lsa, qiyin bo‘pti-da ularga. Bizning uyimizda yashayversa, bo‘lmasmidi?
– Yo‘q, o‘g‘lim, bo‘lmas edi. Bilasan, o‘zi mazam yo‘qroq, menga oshiqcha shovqinning keragi yuq.
– Mayli, dada, – darrov rozi bo‘lib qo‘ya qoldi o‘g‘li.
Erga ursa, ko‘kka sapchiydigan sho‘x bola o‘sha yong‘indan keyin birdan ulg‘ayib, hatto keksayib qolganday edi. Onasi bilan ikki opachasi uchun uning istak-xohishi qonun edi, uning hamma sho‘xliklarini, injiqliklarini hech qanday e’tirozsiz ko‘tarishar, shunga yarasha bola ham ancha-muncha mahmadona bo‘lib o‘sayotgandi. Yong‘indan so‘ng u birdan bola qiyofasidagi kamgap, jiddiy qariyaga aylanib qolganday bo‘ldi. Bobosining, ammalarining uyida omon qolgan oilaviy suratlarni yig‘ib kelib, kichkinagina bir albom yasab olgan, ko‘pincha Ibrohim uning izidan xonasiga kirsa, uni o‘sha albomdagi suratlarga tikilib, yig‘lab o‘tirgan holda uchratardi. Bola ostonada uni ko‘rishi bilan albomni yopib, yugurib kelib otasini quchoqlab olardi-da, yuzini uning ko‘ksiga berkitib, nozikkina yelkalari silkinib-silkinib uzoq yig‘lardi, lekin bir og‘iz ham gapirmasdi, bitta ham savol bermasdi.
Unga maslahat beruvchilar ko‘p edi. Har hafta kanda qilmay bir kelib ketadigan otasi bilan onasi, jo‘ralari, hatto qaynonasi ham “Bo‘lar ish bo‘ldi. Yolg‘iz bola bilan so‘ppayib o‘tiraverasanmi? Endi uylan”, deb qayta-qayta necha bor tayinlab aytishar, u esa har safar “Shoshmay turinglar-chi, vaqti kelganda hammasi bo‘ladi”, deb javob qaytarardi. “Besh yil bo‘ldi, bolam. Sen aytgan vaqt qachon keladi? Sening tinchiganingni ko‘rib, bexavotirgina o‘lish menga ham nasib qiladimi-yo‘qmi o‘zi?”, shu safar onasi yig‘lab yopishdi. Onasi yig‘ladi, yig‘layverdi, u esa yerga qarab jim o‘tiraverdi. Oxiri yuragini ochmasa, bo‘lmadi: “Enajon, Jahoningizning yarasi hali bitmagan. Xudoning bergan kuni enasi bilan opachalarining rasmiga qarab, ko‘zlari namlanib o‘tirganini ko‘raman. Shu bolaning ustiga qanday qilib begona ayolni olib kelaman. U ayol, o‘gayligiga borib, bunga qattiqroq gapirib qo‘ysa, keyin bu qanday chidaydi, men qanday chidayman? Vaqti keladi, ota, sizga ham bir mahram kerak, uylaning, deydi. Shundayam oldin uni uylantirib, keyin o‘zim uylanaman”. Ona battar yig‘ladi: “Ay, esi yo‘q bolam-a! Xotini o‘lgan, bola bilan qolgan bir senmi? Sen ko‘chadan kelgan birovga ko‘ngli yarim bolangni turttirib, qarab turmaysan-ku! Yashash niyati bor xotin bolangni turtadimi? Kambag‘alni urma-so‘kma, yoqasini yirt, deyishgan. Axir bu bola ko‘rib turgan ko‘zing-ku. Buni kim tushunmaydi?”. “Ena, iltimos!..”. “Kuydirib ado qilding meni…”
Ibrohim hayotda xotini bilan ajrashib yoki xotini o‘lib, juda yosh beva qolishsa ham uylanmay yolg‘iz o‘tgan erkaklarni ko‘p ko‘rgan. Shunday holatlarda ayol kishi yolg‘iz o‘tsa, odamlar unchalik e’tibor berishmaydi, ammo yolg‘iz yashayotgan erkak hammaning ko‘ziga juda boshqacha ko‘rinadi. Bir muallimlari bor edi, qaddi-basti kelishgan, juda xushmuomala kishi edi. Butun maktab – o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham uning bir zamonlar xotinidan ajrashgani-yu, endi yolg‘iz o‘tayotganligi haqida gapirishardi. O‘sha muallim Ibrohimning ko‘ziga ham g‘alati bo‘lib ko‘rinar edi. Endi o‘ylab qarasa, o‘sha bechoraning ham bechora onasi “Uylan, uylan!”, deb qancha yig‘lagandir… U esa ko‘nglidagi qaysidir ozor uchun ayol zotiga erkak sifatida betlayolmay qolgandir. Ibrohimning ota-onasi ham g‘animat bo‘lib qoldi. Muallimning ota-onasi esa o‘tib ham ketgandir. Hozir kimning eshigida ekan sho‘rlik yolg‘iz muallim? Ukaningmi, akaningmi? Balki uylangandir…
U esa uylana olmaydi. Bir kecha tushida xotinini ko‘rdi. Bu tushmidi, xayolmidi, haligacha ajrata olmaydi. Do‘konda o‘tirsa, xotini kirib kelibdi. Uning qoshlari chimirilgan, nimadandir norozi edi. Naq tepasiga kelib, lablari pir-pir uchib, undan gina qila boshlabdi: “Ha, dadasi, nega uylanmayapsiz? Axir uylanmoqchi edingiz-ku! Mendan qanday qutulishni bilmay yurgan edingiz, xudoyimning o‘zi yo‘lingizni ochib qo‘ydi. Ammo mendan qutulish uchun ikki qizingizni berishga majbur bo‘ldingiz”.
Bu gapni xotini tushida bir marta aytdi, ammo u ko‘nglida ming marta jarangladi: “Mendan qutulish uchun ikki qizingizni berishga majbur bo‘ldingiz!..”
Shunday paytda Gulxumorning tashvishi unga ortiqcha edi.
* * *
Chapdast gavdasiga yarashmagan holda tinib-tinchimas mavjudot edi. Ko‘lning hali u tomoniga, hali bu tomoniga suzib ketar, ba’zan necha yillik uzangi yo‘ldoshi Qorako‘zni ham yolg‘iz qoldirib ketib qolaverardi. Aylanib-aylanib qaytib kelganda esa, uni topa olmay jig‘ibiyron bo‘lar, o‘z holiga suzib yurgan baliqlarni u yon-bu yon surib, ko‘lni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlardi.
O‘sha kuni ham Qorako‘z yolg‘iz qoldi. Chapdastning tinib-tinchimasligidan biroz koyindi, ko‘l tubiga tushib biroz tin oldi. Bolaligi o‘tgan bahri ummonning sho‘rtang ta’mi yodiga tushdi. Shuncha yildan beri yashayotgan bo‘lsalar ham bu ko‘lning badbo‘y hid anqib turadigan, tuzsiz, ko‘ngilni aynitadigan darajada bemaza suviga hech ko‘nika olmadi. Ayniqsa, ko‘pincha oq libosli mavjudotlar kirib-chiqib yuradigan baland imoratlar joylashgan qirg‘oq atrofidagi badbo‘y suvni umuman og‘izga olib bo‘lmaydi. Bu qirg‘oqqa ikkita katta quvur qo‘yilgan bo‘lib, biri g‘uvillatib kecha-kunduz toza suv tortib yotadi, ikkinchisidan esa suvga ham o‘xshamaydigan allanimalar to‘kilib yotadi. Ko‘lning hech kim yashamaydigan yana bir qirg‘og‘ida ham katta bir imorat bor. Uning quvurlaridan yog‘li qop-qora suyuqlik oqib yotadi. Bir marta Chapdast bilan o‘sha tomonga borib qolishgan edi. Necha kun kasal bo‘lib suv tubidan chiqa olmay, yotib qolishdi. Shundan keyin hech qachon u tomonlarga bormaydigan bo‘lishdi. Qorako‘z ko‘pdan beri Chapdast rozi bo‘lib, yonida yursa, o‘sha kecha-yu kunduz oppoq to‘lqinlar bir-biriga to‘sh urib yotadigan sho‘rtang suvli, na zamin, na qayiq, na ikki oyoqda yurguvchi g‘alati mavjudotlar ko‘rinmaydigan musaffo bahri ummonga ketishni orzu qilardi. U ko‘lning tubiga tushib, olis-olislarga ko‘z tikdi. O‘zicha u yon-bu yon tikilib, suzar yo‘llarini rejalashtirdi. Chor atrof bir xil, suv ham oqar suv emas, bir zaylda qalqib turaveradi, bu holda manzil tomon yo‘l topish qiyin edi. Oqim bo‘lsa ham, oqimga qarshi harakatlanib, manzilga yetib olish mumkin edi. Chunki ular oqim bilan kelishgan, oqimga qarshi suzishsa, ko‘zlagan manzillariga yetib olishlarini tushunar edi. Ko‘lning suvi juda bemaza, undan ko‘ngilni behuzur qiladigan badbo‘y hidlar anqirdi. U suvdan boshini xiyol chiqarib, atrofni kuzatmoqchi bo‘ldi: “Balki qirg‘oqdan biron belgi topish mumkin bo‘lar?”
Shu payt kutilmaganda “Ana, ana akula!” degan qichqiriqlarni eshitdi. U shundaygina ikki qayiqning o‘rtasidan chiqib qolgan edi. Nima bo‘layotganini anglab yetgunicha boshi qandaydir to‘rga kirib qolganini sezdi. Keyingi harakati esa bor gavdasi bilan to‘rning ichiga kirib ketishiga sabab bo‘ldi. Atrofdagi baqir-chaqirlar avjiga mindi: “Ot! Ot, deyapman senga! To‘rni o‘yib chiqib ketishi mumkin”. “Bo‘l tezroq, davay, hozir qayiqni ag‘darib yuboradi!”. “To‘rni ikkinchi qayiqqa ham yaxshilab bog‘langlar. Bo‘l, he, lallayib o‘l. Onangni seni!..” “Bo‘l, motorni o‘t oldir. Sherigi keb qolishi mumkin”. Ular ko‘pchilik edi shekilli, chor atrofdan yog‘ilayotgan xanjarli tayoqlar uning a’zoi badanini ilma teshik qilib tashladi. Qayiqlarning tumshug‘i qirg‘oqdagi qumga tiqilgandan so‘ng qiy-chuv battar avjiga mindi. Qorako‘z hali tirik edi. Qirg‘oqdagi odamlar yopirilib kelib, to‘rni qirg‘oqqa sudrab ketdilar.
– Vu-u-uy, kattaligini! O‘n metrlar bor-a, ukkag‘ar!
– Tirik! Tirik ekan!
– Qoch, yo‘ldan qoch! Hozir sherigi keb qolsa, hammangni yamlamay yutvoradi! Qo-oo-och! Suvdan uzoqroqqa obborish kerak buni. Qochinglar!
Odamlar yirtqich hayvondan ham beshafqat edilar, kim qo‘liga nima ilashsa, o‘sha narsa bilan to‘rda sudrab ketilayotgan baliqni urib, azoblab borardi.
Bu paytda negadir yuragi behalovat bo‘lib sayrdan ertaroq qaytgan Chapdast suvdan boshini xiyol chiqarib qiy-chuv qilib dunyoni buzayotgan odamlarning harakatini qiziqish bilan tomosha qilib turardi. Odamlar baqir-chaqir qilib to‘rni qumloq sohilga chiqarishgandan keyingina to‘r ichidagi tutqun uning Qorako‘zi ekanligini bilib qoldi. O‘qdek uchib o‘zini qirg‘oqqa urdi, Qorako‘zning atrofidagi odamlar “guv” etib nari qochishdi. Qorako‘zning esa qimirlashga ham holi yo‘q edi, chanqoq va og‘riqning zo‘ridan og‘zini katta-katta ochib, bir-bir to‘lg‘anib qo‘yardi. Chapdast unga vahima bilan tikilib turgan olomonga qarab, ilojsizligini anglab yetdi va alamli iztirob bilan ortiga qaytib ketdi. Va bir umrga qayiqlarni, uni boshqarib yuradigan ikki oyoqli mavjudotlarni yomon ko‘rib qoldi. Yolg‘iz qayiqlar ko‘lning ichkarirog‘iga suzib kirishini kutib yotar, ular ko‘lning o‘rtasiga yetganda hujum qiladigan odat chiqardi. Ajdarko‘l haqiqiy ajdarho ko‘liga aylandi. Qasoskor akula haqidagi mish-mishlarning biriga o‘n qo‘shilib, nafaqat shaharcha odamlari orasida, balki Ajdarko‘ldan juda olis-olislardagi shaharlarga ham yetib bordi. Ko‘lni muhofaza qiluvchilar deyarli bekorchi bo‘lib qolishdi. Chunki uncha-muncha baliqchi avvalgidek oddiy qayiq bilan ko‘lga chiqa olmas edi. Motorli qayig‘i bor, har qanday vaziyatda ham o‘zini himoya qila oladigan katta ovchilarga esa hech kim hech narsa deya olmaydi. Chunki ular muhofazachilarga ham cho‘tal uzatib turar edilar.
* * *
Bu joylarda bahor juda tez o‘tib ketadi. Dala-dashtlarga o‘t-o‘lan chiqib ulgurmasidan jazirama issiq boshlanib, saraton shafqatsiz mo‘yqalami bilan barchasini sap-sariq rangga bo‘yab tashlaydi. Hansirab yetib kelgan yoz hamma joyga o‘z hukmini o‘tkaza boshlaydi. Bu yoz bilan erinmay kurashadigan odam kerak. Ibrohim shu yerlarda bir umr qolib ketmasligini bilsa ham, tomorqada ishlashdan erinmasdi. Mevasi ko‘chadan o‘tganlarniki, savobi bizniki, deb hovli ortiga ham uzum ekdi. Chiroyli ishkom ko‘tarib qo‘ydi. Hovli ichkarisida esa bodom, o‘rik, olma-yu shaftoli, xurmo daraxtlari erta bahordan kech kuzgacha gul-u mevasi bilan ko‘zi tushgan mardumning havasini keltirib turadi. Avvalgi beg‘am Ibrohim bo‘lsa, qayta-qayta ajriq bosib, qaqshab-qaqshab qolaveradigan hovlida shuncha ter to‘kmagan bo‘lardi. U vaqtni beo‘y o‘tkazish uchun, charchab toliqish va tunlari uyqusizlikdan qiynalmasdan tosh qotib uxlash uchun erta sahar turib, yer chopar, ekin-tikinini o‘toq qilar, suv tarar, birov-yarim do‘konga kelganlar darvozadan bo‘y ko‘rsata boshlagach, sal terini qotirib, Barfin xola tuzab ketgan dasturxondan u-bu totingan bo‘lib, do‘konga o‘tardi. Bog‘ esa miskin xojasi ko‘nglining aksi o‘laroq kunba-kun yashnab ketaverardi. Unga qarab, Ibrohim ma’yus jilmayib qo‘yar, agar daromad topish uchun ishlasa, ehtimol shuncha hosil bermagan bo‘larmidi bu bog‘? Ota-bola Barfin xolaning oilasi bilan faqat ho‘l meva yeb yotsa ham, bu mevalarni tugatishning iloji yo‘qligidan Ibrohim do‘konga ham xo‘l meva chiqaradigan bo‘ldi.
Shu yil Ibrohimga omadli keldi. Jahongiri otasi osonrog‘iga topshir, o‘tolmasang, o‘ksib qolasan, desayam, “men bilimimga ishonaman”, deb katta institutga topshirgan edi. Xudo qarashdimi, yo bilimi haqiqatan ham yaxshimidi, o‘qishga kiribdi. Bu xabar telefoniga kelganda ular shaharda yurishgan edi. O‘sha damda ulardan-da baxtli mardum yo‘q edi bu olamda.
Ota-bola shaharcha markazidan yaxshilab bozorlik qilishdi. Barfin xola bir narsa deb nolimasa-da, keyingi paytda ancha toliqqanligi ko‘rinib turardi.
– Bugun Barfin xolani bezovta qilmaymiz, o‘g‘lim, oshni o‘zim tayyorlayman, – dedi Ibrohim.
– Men shakarob tayyorlayman. Ammo biz uyga borgunimizcha Barfin momom “Nima ovqat qilay?” deb uyimizga kelib turadi-da.
– E-e, qo‘yaver, momongni ham bir narsa deb aldaymiz, o‘g‘lim.
– Yo‘q, dada, bugun aldayolmaymiz, u kishiga o‘qishga kirganimni aytmasak, bizdan juda qattiq xafa bo‘ladi. Aytsak, o‘zlari bayram uyushtirib tashlaydi. Bugun biz yordamchi bo‘lamiz u kishiga. O‘g‘illarini ham chaqiramiz oshga.
– Bo‘pti, o‘g‘lim, sen nima desang shu.
Haqiqatan ham ular mashinadan yuklarini tushirguncha, Barfin xola quyma kovushini sudrab yetib keldi:
– Tinchmisizlar? Necha marta kelib ketdim. Uyda ham, do‘konda ham hech kim yo‘q. Bular qayoqqa ketdi ekan, deb xavotirlanib o‘tirgandim. Moshin o‘tganini ko‘rib chopib kelaverdim, – kampir Jahongirning yelkasidan olib, peshonasidan o‘pdi. – Sen qandaysan, bolam?
– Shu bolaga yaxshi qaramagansiz-da, momosi, – kuldi Ibrohim. – Odamni tashvishga qo‘yib yuradi doim.
– Nima gap? Nima qip qo‘yding, bolam? – momoning ko‘zlari xavotir bilan pirpiradi.
– Nima qilardi, momosi? Akademiyaga o‘qishga qabul qilishibdi, – Ibrohimning ovozi titrab ketdi. O‘tgan yillar mobaynida erta-kech issiq-sovug‘iga qarashib yurgan bu ayol unga bir narsa demasa ham, Ibrohimning ko‘nglida qanday ulkan g‘ussa borligini biladiganday edi. Bu ularni ona-boladek bir-birlariga yaqin qilib qo‘ygandi. – Xola, testning javoblari keldi. Shunga endi buncha bo‘ldi, endi bir osh-posh qilib, nishonlaylik, deb bozorga ketgan edik-da, – ko‘ngli bo‘shab ketganidan xijolatlanib, o‘zicha kulib o‘g‘lining yelkasiga qoqib qo‘ydi.
– Voy, bolaginamdan o‘zim oynonay! – Barfin xola uzalib uni bag‘riga bosdi. – Shuni menga aytmasdan uyimning ustidan qandaylar o‘tib ketding sen bola? Momomni bir suyuntiray, demadingmi? Ay, bolam-a, jonginang sog‘, martabang ulug‘ bo‘lsin, – xola yuziga fotiha tortdi. – O‘ziyam hazilakam o‘qimadi-da, mening bolam. Kecha-kunduz kitobdan bosh ko‘targani yo‘q.
Xola belidagi katta shol ro‘molni qaytadan bog‘lab, ishga kirishib ketdi, ikki nevarasini ham chaqirtirib oldi. Ibrohimni do‘konga chiqarib yubordi: “Boring, siz savdongizni qiling. Ertadan beri yuz kishi kelib ketdi”. Birov ovqatga unnagan, birov hovliga suv sepgan, birov dasturxon tuzagan, xullas, Barfin xola bir pasda hovliga bayramona ruh olib kirdi. Ibrohim oshga xolaning o‘g‘illarini ham chaqirtirdi, xotin-xalajga ham katta laganda osh chiqarib yubordi.
Oshdan so‘ng hovli yana huvillab qoldi. Ichkariga kirgisi kelmagan Ibrohim hovlidagi yog‘och supada o‘tirib xayolga berildi. Xayolan hayotning beshafqat qonunlaridan kuyindi, biron yaxshilik yo‘qki, uning to‘lovi bo‘lmasa. O‘g‘li o‘z bilimi bilan, birinchi urinishdayoq shunday katta o‘qishga kirdi. Baxt, omad! Lekin endi u ketadi. Ibrohim esa kimsasiz hovlida yolg‘iz o‘zi qolishi kerak. Endi xotiralar uni batamom yeb qo‘yadi. O‘zi azaldan odamoviroq edi, boshiga tushgan ko‘rgiliklardan so‘ng begona joylarga kelib, battar qobig‘iga o‘ralib oldi. Hatto ertadan kechgacha eshigida yuradigan Barfin xola bilan biron marta yozilib gaplashgani yo‘q. Bu ayol u haqda nima bilsa, onasi kelganda, onasining xasrat to‘la gurunglaridan bilib olgan. Ammo o‘zi tish yorib biron marta dardini aytmadi, biron masalada maslahat so‘ramadi… Endi bu besh yil qachon o‘tadi, qanday o‘tadi? Qachon kelin tushiradi, qachon nevara ko‘radi? Qachon uyi to‘ladi?
U o‘z xayollari bilan bo‘lib, o‘g‘lining uydan chiqib, yoniga kelib o‘tirganini ham sezmay qoldi.
– Dada! Dado-o-ov!
Yonginasida o‘tirgan Jahongirni ko‘rib hayron bo‘ldi:
– Sen bu yerga qachon kelding?
– Yo tavba, dada, oldingizdan o‘tdim-ku, nahotki ko‘rmadingiz? Chaqiraman, eshitmaysiz. Uxlab qoldimikin, desam, ko‘zlaringiz ochiq.
Ibrohim xijolatpazligini yashirish uchun kuldi:
– Zo‘r odamlar ko‘zi ochiq holda ham uxlayveradi. Tinchlikmi, o‘g‘lim?
– Tinchlik, tinchlik, dada, – Jahongir nimagadir taraddudlanib, yerga qaradi. Biroz jim qoldi. So‘ng chuqur ho‘rsinib, gapida davom etdi. – Dada, uch-to‘rt kundan so‘ng men ketishim kerak. Ammo katta hovliga sizni qanday qilib yolg‘iz tashlab ketaman? Ketsam, u yoqlarda qanday yuraman? Shu paytgacha ham, hamisha yolg‘izligingiz haqida o‘ylar edim. Oshnalarimnikiga borsam, vag‘ir-vug‘ir, qiy-chuv, eng tinch uylarda ham otalari onalari bilan birgalashib g‘imir-g‘imir ish qilib yurgan yo gurunglashib o‘tirgan bo‘lardi. Shunday paytlar sizning yolg‘iz o‘tirganingiz ko‘z oldimga kelib, ko‘nglim buzilib ketardi. Dada, iltimos, uylaning. Agar uylanmasangiz, men o‘qishga ketolmayman.
Ibrohim bir kun kelib o‘g‘li shu gapni aytishini bilar edi. Ammo aynan bugun, shu tarzda aytishi, keyin unga qanday javob berishi haqida o‘ylab ko‘rmagan edi. U o‘g‘liga hazillashgan bo‘lib, jilmaydi:
– Men bu atrofda senga onalik qilishga munosib ayolni ko‘rmayapman-da. Men uylanadigan ayol mendan avval senga mehr berishi, seni yaxshi ko‘rishi kerak. Bunday ayol bormi, o‘g‘lim?
– Bor, dada, xuddi shunday ayol bor, – Jahongir otasi tomon surilibroq o‘tirdi. Darvoza tomonga bir qarab qo‘yib, xuddi birov eshitib qolishidan qo‘rqqandek, pastgina ovozda gapini davom ettirdi. – Barfin momoning kenja qizi, Barchin opa. Bittagina o‘g‘ilchasi bor, eri vafot etgan. U yoqda ham joylari tor ekan, qaynonasining o‘zi javob beribdi. Bechora bu yerda ikki yangaga xizmatkor, bizning kirlarimizni ham shu ayol yuvib, dazmollab beradi. Biram yaxshi ayol, chiroyli, xushmuomala. Meni ham juda yaxshi ko‘radi. Dada, shunga uylansangiz, ko‘nglim xotirjam ketardim-da. Agar, agar… Sizni bir hovlida yolg‘iz qoldirib ketsam… onam bilan opalarimning ruhini ham chirqiratgan bo‘laman, dada. Iltimos, yo‘q demang, dada.
Ibrohim beixtiyor o‘g‘lining ko‘zlariga qaradi, uning nigohlari xuddi qalbidek beg‘ubor edi. U to‘lqinlanib ketdi. Ayoli bilan qizlari o‘lgandan keyin doim “Men endi tamom bo‘lgan odamman, mening faqat soxti-sumbatim qolgan”, derdi o‘z-o‘ziga. Bu fikrning rostligini avvalo o‘ziga isbotlash uchun umr bo‘yi butun kuch-quvvatini, irodasini insoniy xohish-istaklarini yengishga sarfladi. O‘g‘limning dili og‘rimasin, dedi. Ayolim bilan qizlarimning ruhi chirqiramasin, dedi. O‘g‘lining mehri, niyati, beg‘ubor nigohlari uning qalbidagi zanglarni sidirib tashlaganday bo‘ldi. Qandaydir yengil nafas oldi. O‘pkasi toza havoga to‘lib ketganday bo‘ldi.
– Dada, temir emassiz-ku siz? Yoningizda bir mehribon inson bo‘lishini istayman. Xo‘p, desangiz, ketgunimcha…
Ibrohim xushhol kayfiyatda kulimsiradi:
– To‘rt kunning ichida-ya? U poshikastani umrimda ko‘rmagan bo‘lsam, hali uning uydagilari nima deydi? O‘zi rozi bo‘ladimi, yo‘qmi?
– E-ee, dada, bu yog‘ini o‘zimga qo‘yib bering. Barfin momom sizni yaxshi biladi, siz rozi bo‘lsangiz, qizini yumaloq yostiq qilib, uyimizga keltirib qo‘yadi. Arshin molchidagidek, bir kalla qand, uch so‘m pul, bitta mulla, shu bilan ish tamom, – aytgan gapidan o‘zi ham yayrab kulimsiradi.
– Eh-he, chatoq-ku sen, qachon otasini uylantiradigan katta yigit bo‘lib ulgurding? – Ibrohim o‘g‘lini birinchi marta ko‘rayotgandek ajablanib yuziga tikildi. – Shu-u, undan ko‘ra sening o‘zingni uylantirib qo‘ya qolsak-chi?
– Yo‘q, bo‘lmaydi. Men hali o‘qishim kerak. Bola-chaqa boqish uchun diplomli, kasbli bo‘lishim kerak, – yarim hazil, yarim chin qilib ta’kidladi u. – Ha, aytmoqchi, dada, Fayziddin degan oshnam qayiqlaringni bir kunga berib tur, akam bilan baliqqa chiqib, bir dam olib kelaylik, agar xohlasang, sen ham biz bilan yur, Toshkentga ketishdan oldin bir dam olvolasan, deyapti. Nima deysiz, dada?
Ibrohim uzoq yili bir ustadan ajoyib motorli qayiq sotib olgan edi. Ota-bola ba’zan qayiqda ko‘lga chiqib, baliq tutish uchun emas, shunchaki dam olish uchun moviy kengliklar uzra soatlab aylanishar, ozmi-ko‘pmi baliq ham ovlashar, bu sayrda ko‘pincha na ota va na bola deyarli gaplashishmas, har kim o‘z xayollari bilan band bo‘lar, o‘z ko‘ngli bilangina so‘zlashar edi. Qirg‘oqdan uzoqlab ketishgandagina qaytishda motorni o‘t oldirib izlariga qaytishardi.
– Mayli, o‘g‘lim, – o‘rtadagi yaxshi kayfiyatni buzgisi kelmay, ilojsiz rozilik berdi ota. – Fayziddin ham testdan o‘tibdimi?
– Ha, lekin ular tanka surishgan.
– Parvo qilma, o‘zlariga qiyin bo‘ladi. O‘qishga kirib olish bir masala, kirgandan keyin o‘qib ketish masalasi ham bor. Bilimi bo‘lmasa, qiynaladi bola.
– Dada, men ham birga borsam maylimi?
– O‘zingga qara, lekin juda ichkarilab ketmanglar. Ko‘lda nahanglar ko‘payib ketgan. Besh yillar avval bir-ikki bemaza baliqchilar bir akulani tutishgan edi. O‘sha akulaning jufti necha yillardan buyon qayiq ko‘rsa, quturib ag‘darib tashlaydi. Extiyot bo‘linglar-da, o‘g‘lim.
– E, dada, bizning qayig‘imizni hech qanday akula quvib yeta olmaydi. Ertaga kechki payt Barfin momomnikiga o‘taman. Sovchilikka. Ha, avval bir bahona qilib, Barchin opamni do‘konga jo‘nataman, bir ko‘rib olasiz, ma’qul, desangiz…
– Keyin-chi? – o‘g‘lidagi zavq-shavq uning kulgisini qistatdi.
– Keyin… Barfin momomning ko‘nglini to‘ldiradigan sut puli berasiz. Bir mulla keladi, keyin momom bilan Barchin opamni olib kelaman. Qo‘ylarning bittasini so‘yamiz, yarmi sizlarga, yarmini men o‘qishga olib ketaman. Kursdoshlarim bilan yeymiz. Bo‘ladimi?
Ibrohim o‘g‘lining yelkasiga qoqdi:
– Ha, erta kelaversin-chi, sen ovga borib kel, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Ibrohimga qo‘ysa-ku, o‘g‘lini bir daqiqa ham yonidan siljitmasam deydi. Ammo oshnasi bilan birga borgisi kelayotganini ko‘rib, bir narsa deya olmadi. Oshnasining akasi ham birga borayotgan ekan-ku. Bir aylanib qaytishadi. Erta indin Toshkentga kuzatsa, o‘g‘limning bittagina iltimosini ham bajarmagandim, deb o‘zidan xafa bo‘lib yurmaydi.
Ular juda erta chiqib ketishdi. Fayziddinning akasi o‘ttizlarga kirib qolgan barvastagina yigit edi. Ibrohim unga qayta-qayta tayinladi:
– Ehtiyot bo‘linglar. Ko‘lda nahang ko‘payib ketgan. Juda ichkarilab ketmanglar. Bu Toshkentga ketadi, tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
U hiqillagan sayin Jahongir xijolat tortar, Fayziddinning akasi “Xo‘p, xo‘p” deb turgan bo‘lsa-da, tobora ensasi qotib borayotganligi ko‘rinib turardi. Oxiri gapini ham bo‘lib tashladi:
– Aka, men shu ko‘lda katta bo‘lganman, uni besh barmog‘imday bilaman. Siz o‘g‘lingizdan sira xavotirlanmang. O‘g‘lingizni ham, qayig‘ingizni ham eson-omon qo‘lingizga olib kelib topshiraman, – uning ovozida zardali iddao ohangi bor edi.
Boshqa gapga hojat qolmadi. Ibrohim ularning ortidan gunohkor boladek jovdirab qarab qoldi. Ularning izidan ko‘tarilgan chang yotgach, beixtiyor cho‘ntagidan qo‘l telefonini olib, soatga qaradi. Soat roppa-rosa olti bo‘lgan edi. “Olti soat aylanishsa ham, o‘n ikkilarda qaytishadi. Xudo xohlasa, birga tushlik qilamiz”.
Ammo Jahongir kechgacha ham qaytmadi. Ibrohim so‘rab-surishtirib, Fayziddinlarning uyini topib bordi. Biroz ikkilanib turib darvoza qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Anchadan so‘ng uyqusi buzilgan odamdek norozi ohangda erkak kishining “Kim kerak?” degan ovoz eshitildi. “Yo, tavba, odam shom kirayotgan payt ham uxlaydimi?”, o‘zicha g‘ijindi Ibrohim. Biroz hayallab, darvozani maykachan barvasta erkak ochdi, uning hozirgina uyqudan turgani yuz-ko‘zlaridan shundaygina ko‘rinib turardi:
– Keling, mehmon, – erkak savol nazari bilan unga qaradi.
– Shu-u, Fayziddin bilan mening o‘g‘lim sinfdosh. Ertalab birga baliq oviga ketishgan edi. Tushgacha qaytib kelishlari kerak edi. Nimagadir daraklari yo‘q, shunga… sizlarnikiga kelishmadimikin, deb…
– E-e, Jahonning otasimisiz? – erkak qaytadan qo‘l berib ko‘rishdi. – Tabriklayman, akademiyaga kiribdi. Molodes! Lekin hali ular qaytishgani yo‘q. Ukam ham birga ketgan edi, hech xavotirlanmang, u juda abjir baliqchi, ko‘lning ichida baliqlar bilan katta bo‘lgan yigit u. Bundan besh yil avval akulani tutgan shovvozlardan biri shu-da. Ha, siz ulardan hech xavotirlanmang, axir ular yosh bola emas-ku. O‘z holiga qo‘ying, urilib-surilib, o‘rni kelganda peshonasi g‘urra bo‘lib, yo‘lini topib olsin. Uyga kiring.
Mezbon uning bilagidan tutib, ichkariga tortdi:
– Qani-i…
Ibrohim akula haqida eshitgan zahoti deyarli hushini yo‘qotgan edi:
– Yo‘q, aka, men uyga ketaman. Chunki ular qayiqni olib to‘g‘ri uyga borishlari kerak edi. Uyda kutganim ma’qul.
– Yurakni kengroq qiling, birodar, – erkak mayka ostidan do‘ppayib turgan qornini silkitib kuldi. – Yana keling, bafurja o‘tiradigan bo‘lib.
Ibrohim yo‘lni to‘g‘ri Ajdarko‘l tomon soldi. Qayiqlar tushirilib-chiqariladigan qumloq qirg‘oqqa yaqinlashib, mashinasini bir chetga qo‘ydi-da, o‘zi ko‘l bo‘yiga endi. Shuncha yil Ajdarko‘l bo‘yida yashab, biron marta ham kechki payt suv bo‘yiga kelib ko‘rmagan edi. Sharbat solinadigan qog‘oz qutilar, baklashkalar, konserva bankalari, selofan xaltachalar sochilib yotgan sohilning bir chetiga o‘tirib, ko‘lga tikildi. Quyosh zavolga yuz tutgan, ko‘l betidagi ufqning alvon jilolarini qonga o‘xshardi, u seskanib, ko‘zini kunchiqar tomonga oldi. Bir pasda butun borliq tunning qora chodiriga o‘ranib oldi. Endi hadsiz-xududsiz suv qoramtir rangda qalqib turardi. Uning quloqlariga suv qa’ridan qandaydir chorlovga o‘xshash vahimali ovoz eshitilgandek bo‘ldi. Bolaligida momosi kechki payt suv bo‘yiga bormanglar, suvda dev bor, deb qayta-qayta tayinlar edi. Momosi o‘shanda nima uchun bunday degan, suvda haqiqatan ham dev bormi-yo‘qmi, lekin ayni paytda Ibrohim o‘zini beomon, beshafqat mavjudot qarshisida turgandek his qildi. Beixtiyor “Oq kema”dagi bolakayni esladi. Butun a’zoi badanini muzdek ter qopladi. Eti junjikib, beixtiyor mashinasi tomon qaradi. Ammo o‘rnidan qo‘zg‘olmadi. Suvga tikilgancha, qunishib o‘tiraverdi. Olis-olislarda baliqchi qayiqlarning chiroqlari lip-lip etib ko‘rinar, lekin hech biri qirg‘oqqa qarab harakatlanmas edi. Xayoliga “Balki, Jahongir men Fayziddinlarning uyini izlab yurganimda, allaqachon uyga qaytib kelgandir. Dadam qayerga ketdi ekan, deb xavotirlanib ham o‘tirgandir”, degan fikr keldi.
U shoshib mashinasini o‘t oldirdi-da, uyi tomon yeldirib ketdi. Ammo eshikdagi qulf nochorgina osilib turardi. “Balki…”, u mashinadan tushib ham o‘tirmadi, umid bilan Barfin xolaning uyi tomon burildi. Xola mashina ovozini eshitib, u o‘rindiqdan turmasidan darvozani ochdi:
– Ha, keldinglarmi?
– Xola, Jahongir kelmadimi? – savoliga savol bilan javob qaytardi u.
– Jahongir? – hayron bo‘ldi xola. – Birga emasmidinglar? Hech kim kelgani yo‘q. U qayerga ketgan edi?
– E-e, – qo‘l siltadi Ibrohim. – Ertalab bir oshnasi bilan baliq oviga ketgan edi. Yonida oshnasining amakisi ham bor edi. Tushgacha qaytinglar, deb tayinlagan edim.
– Sizni qarang-a, bir parcha bolalarni ham ovga yuborasizmi? – bosh chayqadi xola. Rangi oqarib turgan Ibrohimga bir qarab, yana o‘zi taskin bergan kishi bo‘ldi. – Xavotirlanmang, yonlarida katta odam bor edi, deyapsiz-ku. Ko‘lning past-balandini bilmagan odam bolalarni olib ko‘lga chiqarmidi? Baliqqa qiziqib ketishgandir. Hali zamon kelib qolishadi. Men ovqat qilib qo‘ygan edim. Suzib berayinmi?
– Yo‘q, shart emas, men ko‘l bo‘yida edim, balki ular qaytishgandir, deb xabar olgani kelgandim. Yaxshisi, ko‘l bo‘yiga qaytib ketaman.
– Unday qilmang, bolam, – xola uni ushlab qoladigandek mashinaning eshigidan tutdi. –Uyga kirib, bir piyola choy iching, yarim kosagina ovqat yeng. Keyin ustingizga issiqroq biron narsa olib, ko‘l bo‘yiga chiqsangiz bo‘ladi. Ungacha shumtakalaringiz qaytib kelib qolishsa ham ajab emas. Hozir men Abdurahmon akangizga aytaman, u ham siz bilan birga qirg‘oqqa boradi.
“Ha, ajab emas…”, ko‘nglida “yilt” etgan umid uchquni yondi, “Balki allaqachon kelishayotgandir ham”. U og‘ir sudralib, hovliga kirdi. Baraka topgur, Barfin xola hovlidagi, ayvondagi chiroqlarni yoqib qo‘ygan ekan. Ichkariga kirib, shkafdan to‘nini oldi. So‘ng oshxonaga o‘tib, yarim kosagina ovqat suzib oldi. Ovqat iliqqina bo‘lib turgan ekan. Bir burda non olib, oshxona stolining bir chetiga o‘tirib, ovqatlana boshladi. U bir amallab chaynayotgan luqmasini yutar, ovqatning mazasini umuman his qilmas edi. “Shuni yeyishim shartmi?”, kosani surib qo‘yib o‘rnidan turdi. Shu payt darvoza tomondan Abdurahmonning ovozi eshitildi: “Ibrohimboy!..”
Abdurahmon ham qalin to‘n kiyib olgan edi. Yoniga kelib, qo‘l berib ko‘rishdi:
– Ketdikmi?
– Siz ovora bo‘lmasangiz bo‘lardi. Ertaga ishga borishingiz kerak. O‘zim boraverardim.
– Ovoragarchiligi yo‘q. Indamasangiz, onam ham birga borgudek bo‘lib o‘tiribdi, – kuldi Abdurahmon. – Jahongirni qanday yaxshi ko‘rishini bilasiz-ku.
Ular birpasda ko‘l bo‘yiga yetib kelishdi. Qoramtir suv yuzida yulduzlar aksi jilva qilar, olis-olislarda baliqchi qayiqlarning chiroqlari “lip-lip” etib ko‘zga tashlanib turar edi. Qalqib turgan suv qa’ridan esa bot-bot boyagi chorlov eshitilib ketardi. Tun yarmida qirg‘oqqa ikkita qayiq qaytdi, lekin ular Jahongirlarni ko‘rishmagan ekan. Ibrohim Abdurahmon qistagan payt mashina ichiga kirib, boshqa vaqt qirg‘oqda o‘tirib tongni qarshi oldi. Tong otgach, “yilt” etib turgan bir umid ilinjida uyga ham borib keldi, yo‘l-yo‘lakay “Ishga borishingiz kerak”, deb Abdurahmonni ham uyiga tashlab o‘tdi.
Choshgohga yaqin Barfin xola nevarasini ergashtirib, tugunchada yegulik ko‘tarib keldi:
– Xavotirlanmang, bolajonim! Qarang, ko‘lda qayiq ko‘p, hali zamon qaytib kelishadi. Mashinaga kirib, bir piyola choy ichib oling. Qorinlaringiz ham ochib ketgandir. Kecha ham hech narsa yemabsiz.
– Ishtaham yo‘q, xola, – u ma’yus bosh chayqadi. – Hech narsa yemayman.
Barfin xola iltimos-u qistovlari ish bermagach, tugunchasini mashinaga qo‘yib keldi:
– Qorningiz ochganda yersiz, – birpas turib qo‘shimcha qildi. – Jahonjonim keb qolsa, o‘zi yeydi.
Kechki payt ularning yoniga Fayziddinning otasi kelib qo‘shildi. Uning ham ko‘zlari xavotirga to‘lib, rangi o‘chibroq turardi.
– Baliqdan qaytgan birov-yarimdan so‘ramadingizmi? – dedi u qo‘l berib ko‘risharkan.
– So‘radim. Bittasi kecha kechki payt ko‘rgan ekan. Hammasi har tomondan kelishyapti. Ko‘l katta… – xuddi o‘ziga gapirgandek ko‘ldan ko‘zlarini uzmasdan javob qaytardi.
Haligi kishi qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, ko‘lga tikilib-tikilib, “uf” tortgancha cho‘ntagida jiringlayotgan qo‘l telefonini oldi:
– Hech gap yo‘q. Sen Karomiddindan durbinni berib yubor. Uzoqda qayiqlar yuribdi. Kimligini aniqlash qiyin bo‘lyapti.
Tushga yaqin ularning yoniga siyrak soqolli, qotma qariya keldi. Ular bilan ko‘rishib, ko‘lga qaradi:
– Hech gap yo‘qmi?
Fayziddinning otasi chuqur xo‘rsinib, qariyaga yonidan joy ko‘rsatdi:
– Hech gap yo‘q. Siz uyda o‘tiraversangiz bo‘lardi, ota.
U “akula ovlovchi”ning otasi edi.
– Qanday o‘tiraman, o‘g‘lim? Bu bolaga hech es kirmadi-kirmadi. Boshqa biron kasb qil, desam aytganni olmaydi, – u qaltirab turgan qo‘llari bilan ko‘zlarini artdi.
– Yig‘lamang, ota, birinchi marta yo‘q bo‘lib ketishi emas-ku uning, – tasalli bergan bo‘ldi o‘g‘li. – O‘zi yo‘q bo‘lib ketsa ham mayli edi, yosh bolalarni o‘zi bilan olib ketib, hammani xavotirga qo‘yganiga nima deysiz? Ahmoq! Qari otani yig‘latib!.. Yig‘lamang-e!
– E-e, menga e’tibor qilma, teshik ko‘zadan suv chiqar, qariganda ko‘ngil bo‘shab qolarkan. Qani, shuni bolalar tushunsa…
Ularning qarindosh-urug‘lari ko‘p ekan, kechgacha ko‘l bo‘yida bir dunyo odam yig‘ildi.
Ertasi kuni besh-olti motorli qayiq bilan ko‘lni aylanib chiqishdi. Ko‘l hamon sukutda, hech narsa ko‘rmagandek jimgina qalqib turardi.
Keyin g‘ovvoslar kelishdi. Ular suvning tagiga sho‘ng‘ib, kun bo‘yi shu atrofda timirskilanib yurishdi. Har safar kutayotganlarga ro‘baro‘ kelganda ko‘zlarini olib qochishdi.
– Ifloslar! Bular nomiga suvga kirib chiqishyapti, umuman axtarishayotgani yo‘q, – Fayziddinning otasi necha marta ularning yoqasidan oldi. – Yaxshilab izla, onangni… senlarning! Izlamasang, topib bermasang, nimaga kelding bu yerga?
Ular bunday iztirobli holatlarni ko‘raverib ko‘zlari pishib ketganmi, bir og‘iz ham javob qaytarmasdan, sekin yoqalarini bo‘shatib olib, yana o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishardi.
Beshinchi kuni ko‘l ustida aylanib yurgan vertolyot “Akula ovchisi” bilan Fayziddinning suv yuziga qalqib chiqqan jasadini topib kelishdi. Ko‘l bo‘yiga butun shaharcha ko‘chib chiqqan edi: ota-ona, qarindoshlar, faollar, qutqaruvchilar, shunchaki tomoshago‘y hangomatalab bekorchilar… Yigitlarni ko‘rgan do‘stu begona baravar uvvos tortib yubordi. Kim yig‘lagan, kim hushdan ketgan…
Ibrohim titrab-qaqshab qutqaruvchilarga yopishdi: “Mening bolam qani?! Uni ham topib kelinglar, iltimos”. Ammo vertolyot ko‘lni o‘n marta aylanib ham hech narsa topolmadi, o‘g‘lingizni biron nahang yeb ketgandir, deb aytishdan andisha qilishdi, shekilli: “Oyog‘i biron narsaga ilashib qolgandir. Xavotirlanmang, albatta topamiz. Biz yonilg‘i quyib kelaylik”, deb ketib qolishdi. Shu bilan ikki kun ko‘rinmay ketishdi. Barfin xolaning o‘g‘illari yana chaqirishgan shekilli, uchinchi kun yana qidiruvchilar paydo bo‘ldi. Piyodalari suvga tushishdi, chiqishdi. Vertolyot ikki-uch bor ko‘lni aylanib, unga bir og‘iz bir narsa demasdan ketib qolishdi.
Ibrohim yigitlarning murdasini ko‘rgach, batamom o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Sho‘rlik hali u qirg‘oqqa borib, hali bu qirg‘oqqa borib, tiz cho‘kib, boshini qumloq sohilga urib, til-zabonsiz ko‘lga yalinadi: “Ko‘l! Elni boqqan ona ko‘l! Onajonim! O‘g‘limni qaytarib ber! Yolg‘izimni qaytar! Iltimos sendan, men Jahongirsiz yashay olmayman. U mening jonu jahonim, usiz menga bu dunyoning keragi yo‘q!”
Keyin qo‘llarini osmonga uzatib, Allohga iltijo qilardi, “Yo, mehribon Allohim! Bolaginamni qaytarib ber, uning yosh joniga rahm qil, senga jon kerak bo‘lsa, mana, mening jonimni ol, Xudoyim! Jonu jahonimni ol, bolamni qaytarib ber, uni asra, Xudo-o-o!..”
So‘ng yana hech narsa ko‘rmagandek sukut bilan qalqib turgan ko‘lga yuzlanadi: “Baliqlar, baliqjonlar! Meni, bizni kechiringlar! Sizlarni Alloh bandalarning rizqi qilib yaratgan deb, tutdik, umringizga zomin bo‘ldik. O‘g‘limda sira gunoh yo‘q, unga bu ishni men o‘rgatganman, uni men baliqchilikka o‘rgatganman. Uni kechiringlar, uni yeb qo‘ymanglar, uni qutqaringlar. O‘tinib so‘rayman, uni yeb qo‘ymanglar. Iltimos, keyin men baliq yeyayotgan odamlarga ko‘zim tushsa, ular mening bolamni yeyayotgandek tuyulaveradi. Keyin qanday yashayman men?! Iltimos, uni yemanglar!..” U engashgan ko‘yi tizzalariga mushtlab, bor ovozi bilan bo‘kirardi: “Iltimos, uni yeb qo‘ymanglar… Men bunga chiday olmayman. Yo qodir Alloh, yolg‘izimni qutqar! Ko‘l, ona ko‘l, onajonim, bolamni qaytarib ber!..”
Uning nazarida oldida ajdardek og‘zini ochib yotgan beshafqat ko‘l, unda Jahongirini yeb qo‘yishi mumkin bo‘lgan bahaybat baliqlar va osmonda xudodan bo‘lak hech qanday mavjudot yo‘q edi. Ortida holdan toygan bechora otani qanday qilib bu yerdan olib ketishning chorasini topa olmay, maslahat qilib yotgan odamlarni, shunchaki qiziqish tufayli bir-bir kelib ketayotgan tomoshago‘ylarni umuman ko‘rmas, tom bitgan quloqlari hech narsani eshitmas edi.
Farzand ko‘yida yonib-jizg‘anak bo‘lib yotgan Ibrohim necha yildan buyon bitta ko‘l bo‘yida yashab, munosabat-muomalalari salom-alikdan nari o‘tmagan hamshaharlari uchun beixtiyor o‘z odamlariga aylanib qolgan edi. Musibat birlashtiradi, deganlari rost edi. Haddi siqqani yoniga borib, bir piyola suv bilan bir luqma yegulik taklif qiladi, pand-nasihat qilib, ko‘p kuyinmaslikni so‘raydi, haddi sig‘maganlar ko‘l bo‘yidan keta olmay, to‘p-to‘p bo‘lib, pichir-pichir gurung qiladi. Albatta, gurunglar ham Jahongir va faryod chekib yotgan Ibrohim haqida bo‘ladi.
“Bechora, butunlay aqldan ozib qoldi, shekilli. Ko‘rib turgani, bori-yo‘g‘i shu o‘g‘il edi. Xuddi tilsiz-zabonsiz ko‘l, baliqlar uni eshitadigandek… Hech kimning boshiga bunday ko‘rgilikni solmasin. Tavba…”
“Eshitishi mumkin, eshitadi. Bolaligimda, otam urushga ketgan edi. Onam ikkimiz shaharga o‘tin sotgani bordik. Qaytgunimizcha qosh qorayib, kech bo‘lib qoldi. Uyda ikki ukam qolgan. Qaytmasak bo‘lmaydi, shaharda qoladigan joyimiz ham yo‘q. Yo‘limizda bir chakalakzor bor edi, undan kunduzi o‘tishga ham hayiqadi odam. Yuragimiz taka-puka bo‘lib ketayotgan edik, qarshimizdan ikki bo‘ri chiqdi. Biz qari eshakka mingashib olgan edik. Eshak bilan bo‘ridan qochib qutulib bo‘ladimi hech zamonda? Men butun vujudim bilan onamning beliga yopishib oldim, onamning butun gavdasi dag‘-dag‘ qaltirayotgani sezilib turardi. Eshak turgan joyida qotib qoldi. Bo‘rilarning yonib turgan ko‘kish ko‘zlariga onamning yonboshidan pusib qarab turibman. Onam bir zum jim turib, kutilmaganda bo‘rilarga yig‘lab yalinadi boshladi: “Bo‘rijonlar, bizga teginmanglar. O‘tinaman sizlardan. Uyda ikki go‘dagim och o‘tiribdi. Otalari urushga ketgan. Bizni yeb qo‘ysanglar, uyda qolgan norasidalarim ham beqarov, och o‘lib ketadi. Iltimos!.. Menga rahm qilmasanglar ham, go‘daklarimga rahm qilinglar”. Onam eshak ustida o‘tirgan ko‘yi izillab yig‘lab, bo‘rilarga yalinardi. Shundan keyin nima bo‘ldi deng, bo‘rilar indamay ortlariga burilib ketib qolishdi”.
“Sho‘rlik Ibrohimning sho‘riga sho‘rva to‘kildi. Bu baliqlar odam go‘shtini juda yaxshi ko‘rarkan. Bir qishloqda kutilmaganda yangi-yangi qabrlar cho‘ka boshlabdi. Bundan xavotirlangan mayit egalari ikkov-uchov bo‘lib, bir pana pastqamga berkinib olib, yangi mayit qo‘yilgach, qabristonni poylaydigan bo‘lishibdi. Bir oqshom ikkita barzangi yigit belkurak ko‘tarib kelib, yangi qabrni qazishga tushibdi. Poylovchilar tishini tishiga qo‘yib, ular ishini oxiriga yetkazishini kutib turishibdi. Haligilar qabrga tushib mayitni olib chiqishib, yana hech narsa bo‘lmaganday, qabr ustiga tuproq uyib, mayitni ko‘tarib ketishayotganda yo‘llariga ko‘ndalang bo‘lishibdi. Ko‘p qiyin-qistovlardan keyin hamma sir fosh bo‘libdi. Ular mayitni shaxsiy hovuzda baliq yetishtiradigan bir nobakorga eltib berib, mo‘may pul ishlasharkan. Hovuz quritib ko‘rilganda, uning tubidan odamzodga tegishli o‘nlab bosh chanoqlari, yo‘g‘on son, bilak suyaklari chiqib kelibdi. Haligi nabokor mayitlarni michalab-michalab, hovuzga tashlab yuborar ekan”.
“Insofsiz! Mansab uchun, iflos nafsi uchun, xudbinligidan bir-birovining go‘shtini yeyishga tayyor odamlarni, pul, mol-dunyo uchun bir-birini o‘ldirgan odamlarni ko‘rganmiz, eshitganmiz. Endi o‘lganlarni ham bezovta qilib, baliqqa berib, so‘ng odamlarga yediradiganlari ham chiqibdimi? Bu odamni odamga yedirish degani-ku axir! Yo, alhazar!..”
“Baliqni luqmai halol, deyishardi. Hech bo‘lmasa, odam yiliga bir marta baliq yeb, halqumini halollab turishi kerak, deyishardi. Mana sizga, halol luqma!”
“Bilib-bilmay har qanday gapni gapiravermang. Men baliqlarni yaxshi bilaman. Ular odam go‘shtini yomon ko‘rishadi. Tavba-a, bu odamlar nimalarni to‘qib chiqarishmaydi-ey?! Baliqqa berish uchun maxsus yemlar, semirtiradigan dori to‘lib yotibdi. Baliq boqib daromad qilayotgan odam qabr kovlab, jinoyatchi bo‘lib boshini og‘ritib yotishi umuman shart emas!”
“Kovlaydiganlar bordirki, shu gap chiqqan. Odamlar bekordan-bekorga gapirmaydi”.
“Bu yolg‘on gap. Ishonmayman. Aqlga sig‘maydi”.
“E-e, katta shaharlarda suvga quyilayotgan qoramoylarni ko‘rsangiz edi…”
“Manavi sho‘r shu ko‘lning bo‘yida o‘lib qolsa keragov… Necha kundan beri tuz totgani yo‘q. Bo‘riday uvillagani uvillagan”.
“Lekin, juda charchadi bechora. Nasihatni olmasa. Azaga borgan ham, yeb-eb yo‘qlaydi. Bu bo‘lsa…”
“Itini qara, ko‘lni aylanib chopib-chopib keladi-da, suv ichib qo‘yadi, oldiga tashlagan narsaga qayrilib ham qaramaydi. Egasining yonida cho‘kkalab, unsiz yig‘lab yotibdi jonivor”.
Barfin xolaning o‘g‘illari tunlarni ham Ajdarko‘lning bo‘yida o‘tkazayotgan Ibrohimning yelkasini silab, qoq suyak bo‘lib qolgan gavarasini bag‘riga bosib, yalinib-yolvorib, bir tishlam-ikki tishlam non yedirgan, suv ichirgan paytlari ham bo‘ldi. U qarshisida majburan ovqatlantirayotgan odamga qandaydir gunohkorona, ma’nosiz jovdirab qarar, bir-ikki luqma yegach, qo‘lidagi yegulikni itining oldiga tashlar, cho‘kib ketgan qo‘y ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqardi…
Quyosh o‘n olti kun mashriqdan mag‘ribgacha bo‘lgan uzoq yo‘lni Ibrohimning ko‘zlariga termulib o‘tkazdi. O‘n olti oqshom yurak-bag‘ri qon bo‘lib, ufqqa bosh qo‘ydi. O‘n olti tong yollari qonga belangan yarador sher kabi ufqdan bosh ko‘tardi. O‘n yettinchi kun edi. Ko‘lni aylanib chopib yurgan it olisdan hurib, egasining yoniga o‘qday uchib keldi-da, uning achchiq ter va tuproqdan qotib ketgan yengidan tortqilay boshladi. Ibrohimning qimirlashga ham holi yo‘q edi. Ammo ko‘ngli umid bilan bir entikib, o‘rnidan turdi. Uning yuragi it uyga boshlamayotganini sezdi. Noma’lum bir yaxshilikni sezdi. It uning oldiga tushib, sohil bo‘ylab kelgan yo‘lidan chopa ketdi. Ibrohim ham alpong-talpong qilib itiga ergashdi. It ko‘l chetida o‘sgan katta bir daraxtning tagiga borib, osmonga qarab avvalgidan ham balandroq tovushda hura boshladi. Ibrohimning vujudiga qandaydir g‘oyibona kuch keldi. U endi yugura boshladi. Ularning ortidan ketayotgan olomonning unga yetib olishi qiyin bo‘lib qoldi…
Suv yuvaverib ildizlari ochilib qolgan yovvoyi daraxtning tagida yum-yumaloq qop-qora yung bilan qoplangan nimadir qalqib turardi. Ibrohim o‘zini suvga tashladi. Bu Jahongirining boshi edi. Uning izidan boshqalar ham o‘zlarini suvga otishdi. Daraxtning o‘zidan ham katta ildizi yigitning qo‘l-oyog‘ini shunchalik chirmab olgan ediki, bu ildizlardan uni necha devqomat yigit bir bo‘lib, amallab ajratib olishdi. Yigitning qo‘l-oyog‘i muzlab qolgan bo‘lsa-da, burnidan qip-qizil qon sizib turardi…
– Bolam, bolajonim, jonu-jahonim, – unga yopishdi ota.
– U tirik, qara, qoni hali qotmagan. Mashina olib kelinglar, do‘xtirga olib boramiz!
* * *
Jahongir kasalxonadan chiqqandan so‘ng ular yana ko‘l bo‘yiga kelishdi: ota-o‘g‘il, it.
– Katta bir akula qayig‘imizni ag‘darib yubordi. Bir amallab, qayiqni o‘ng‘ardik. Birin-ketin qayiqqa chiqib oldik. Bir payt qarasak, haligi akula yana hujumga o‘tdi. Bu safar kuchli zarbdan qayiqning bir cheti yorilib ketgan ekan. Qayiqni o‘ng‘arsak ham, uning ichidagi suvni to‘kib tugata olmadik. Ko‘lning o‘rtasida qayig‘imiz cho‘kib ketdi. Izidan o‘zimiz… Bir-birimizni yo‘qotib qo‘ydik. Qop-qorong‘i tun edi. Bir-bir ko‘zimni ochaman. Suvning tagi osmondagi yulduzlar shu’lasidanmi, bir oydin, yop-yorug‘ ko‘rinib ketardi. Suv yutib, hushimdan keta boshladim. Shu payt qayerdandir katta bir to‘lqin paydo bo‘lib, meni suv yuziga chiqarib tashladi. So‘ng yana hushimdan ketdim. Bu qancha davom etganini bilmayman. Qorong‘u kechada daraxt ildizlari ichida hushimga keldim. Bu ildizlar oyoqlarimga shunchalik chirmashib olgan ediki, ulardan o‘zimni ajratib olishga har qancha urinsam ham iloj qilolmadim. Bir amallab boshimni suvdan chiqarib oldim. Bir-bir hushimga kelganimda shamol olis-olislardan sizning ovozingizni, odamlarning g‘ala-g‘ovurini olib keladi. Ammo sizlarni chaqiray desam, sira tovushim chiqmaydi…
Ibrohim umrining o‘n yetti kecha-kunduzi qolib ketgan sohilga kelib, yana o‘sha dahshatli kunlaridagi kabi ko‘lning qarshisida tiz cho‘kdi. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib, Allohga iltijo qildi: “Yo, mehribon Alloh, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechirgin. Bolamni qaytib berganing uchun senga behisob hamdu sanolar bo‘lsin! O‘zingga shukr, ming-ming shukr, Qodir egam!”. So‘ng ko‘lga yuzlandi: “Sen ham kechir, onajonim ko‘l, senga ham ming rahmat. Biz adashgan ekanmiz, sen Ajdarko‘l emas, Oydinko‘l, Onako‘l ekansan. Baliqlar, sizlar ham bizni kechiringlar, sizga ham ming rahmat. Malika, sen ham meni kechir va mendan rozi bo‘l. Bilaman, o‘n yetti kun sening ruhing ko‘l ustida chirqirab turdi. Seni xavotirga qo‘yishni sira istamagan edim. Bu mening irodamdan tashqaridagi narsa edi. Lekin shukr, Jahongirimizni Xudo qaytarib berdi”.
Jahongir otasining yelkasidan olib, ohista o‘rnidan turg‘izdi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, ko‘zlarini artdi:
– Dada, bo‘ldi, yig‘lamang. Biz yana birgamiz-ku.
– Ha, xudoga shukr.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 2-son