Isfandiyor. Itlar uv tortganda (hikoya)

Havoning to‘satdan aynib qolganini sezganday, yungi yaqinda olingan sovliqning terisi titrab-qaqshab qo‘yadi. Avgustning oxirlarida kunlar birdaniga sovib ketdi. Tunda namiqqan yerga to‘pillab tushayotgan olmalarning to‘kilishi eshitilib turardi. Asta-sekin tong oqarishib kelayapti. Yulduzlar siyraklashib, bog‘imizni kesib o‘tgan ariqchaning suvi tobora ko‘zga yaqqolroq tashlanardi.

Men ayvonda o‘tirib, har qancha diqqat bilan quloq solmay, bironta qushning chirq etgan ovozi eshitilmaydi. Holbuki, yaqindagina, hatto iyul oyining oxirlarida ham shu paytlarda qushlar sayrog‘idan quloq batangga kelguday bo‘lardi.

Bugun yakshanba. Dam olish kunini hamma xursandchilik bilan o‘tkazyapti. Kimdir shaharga, kimdir kinoga yo‘l olgan, ba’zilar do‘stlar davrasida ulfatchilik qilayapti. Faqat mengina… Muzika maktabi o‘qituvchisi, og‘aynim Valeraning iborasi bilan aytganda, «avjim past» edi…

Avjim past bo‘lsa bordir, xotiralarim ham shu kayfiyatga mos keladi. Qayta-qayta telegrafga yugurdim, Mala bilan telefon orqali gaplashgim, tezroq uyga qaytib kelishini iltijo qilgim keladi… Yuragim shu qadar betoqatki… Lekin bu orzularim orzuligicha qolaverishini tushunardim. Mala o‘laqolsa ishini tashlab, qaytib kelmas. Qoraqalpog‘iston GRESi quruvchilari haqida ocherk yozish uchun komandirovkaga ketganiga endigina ikki kun bo‘ldi… O‘zimga qolsa-ku, xotinimning bu ishiga hech qachon rozilik bermagan bo‘lardim…

Yo‘q… Chindan ham bugun kayfiyatim past. Hammasiga mening Oqtoshim aybdor. Qora xollik bu kuchukcha ikki oylik paytida hovlimizga adashib kirib qolgan, endilikda Malaning g‘amxo‘rligida o‘sayotgan edi.

Oyog‘im ostida tumshug‘ini oldingi oyoqlari ustiga qo‘yib yotgan Oqtoshga qarayman-u, bir vaqtlar kichikroq rayon markaziga praktikant-jurnalist sifatida borganimni eslab ketaman. Men Donani o‘sha yerda uchratgan edim.

Dona — och jigarrang, pahmoq yungli kuchukcha. U hovliga terilgan muzday g‘ishtlar ustida ko‘zlarini xiyol qisgancha, rohatlanib yotardi. Iyun oyining oxirlari, kun issiq, shuning uchun u odatda stol tagida, tilini osiltirgancha harsillab yotardi, faqat tunda hovlini aylanardi, uyning orqasiga o‘tar, bog‘da izgib yurardi. Ba’zan yarim kechada asabiy vovullab qolardi. U axlat to‘kiladigan chuqurcha atrofida o‘ralashib yuradigan daydi it bilan tinimsiz «jang» olib borardi…

So‘nggi ikki kun ichida u kunduzi ham o‘z saltanati — hovli, bog‘ bo‘ylab yugurib yuradigan bo‘lib qolgan. Quloqlarini ding qilib, butalar orasidan eshitilgan har bir shitir etgan ovozga irillab javob qilar edi.

Bu uydagi hamma narsa: hovli ham, maymunjon ekilgan maydon ham, Dona ham endi mening ixtiyorimda edi.

To‘g‘ri, men bu yerda vaqtinchalik xo‘jayinman, nomigagina… Gazetada ishlaydigan o‘rtoqlarim, har yili uyini tanishlaridan birining ixtiyoriga qoldirib, yozni o‘g‘linikida o‘tkazish uchun ketadigan Mukarram xolanikiga boshlab kelgan edilar.

— Mukarram opa, shaharch mizning eng hurmatli ayollaridan, — tushuntirdi axborot bo‘limi mudirining ukasi Hamid. Men praktikani shu bo‘limda o‘tashim kerak edi. — Uning har bir so‘zi — qonun. Hatto raykomning birinchi sekretari ham xoladan cho‘chib turadi. Rayonda o‘tadigan hamma yigilishlarda prezidiumda o‘tiradi. Rayonning dastlabki komsomollaridan, shaxsiy pensioner.

Uning gaplariga quloq solib o‘tirib, cho‘chib qoldim. Shunday odamning uyida turish qanday bo‘larkin… Yo voz kechib qo‘ya qolsammikan… Darvoqe, axir uyida bo‘lmaydi-ku, degan xayoldan so‘ng yana ko‘nglim joyiga tushdi.

Keyin ham afsuslanmadim. Mukarram xola mehribongina ayol ekan. Dasturxonga taklif qildi, murabbo qo‘yib, non ushatdi, sog‘lig‘imni, oilamni so‘rab, universitetda o‘qiyotganim uchun maqtab qo‘ydi. «Onang baxtli ayol ekan, yaxshi o‘g‘il o‘stiribdi», dedi gap orasida. Hamid kelishimiz sababini tushuntirgan edi, u shu zahotiyoq rozilik bildirdi. Pul ham olmaydigan, uyni ikki oy muddatga o‘z ixtiyorimga qoldirib ketadigan bo‘ldi. Lekin uning gap orasida pensiyasi kamligini, nevaralari oldiga ketayotganini, ular esa ko‘pchilik ekanini eslab qoldim-da, yonimdagi onam bergan bor pulimni — sakson so‘mni stol ustiga qo‘ydim.

— Ikki oyga yetadimi?

— Qo‘ying, aylanay bolam, qo‘ying, bu qanaqasi tag‘in… uyat bo‘ladi…— rad qila boshladi Mukarram xola, men ham «olasiz» deb turib oldim. Keyin xola muloyimgina jilmaydi-da, bir oz o‘ylab turib, pulga qo‘l cho‘zdi.

— Hay, mayli, bolam, xafa bo‘lma, iloyo suvdek serob bo‘l, hamyoningdan baraka arimasin. Onaginang rohatingni ko‘rsin, martabali bo‘l, ilohi omin!

Yuziga fotiha tortdi-da, uy tomon pildirab ketdi. Keyin meni boqqa boshlab bordi-da, pomidor, rayhon, maymunjonlarni qachon va qanday sug‘orish kerakligini uzoq tushuntirdi.

— Gullarga suvni huv anavi devor tagidan ochasan,— dedi u og‘ir nafas olib,— men charchab qoldim, aylanay, qarilik qursin, mador yo‘q… Ko‘rib turibsan, dori-darmon bilan jon saqlab yuribman. Sen Toshkentda turarkansan, ketaringda men retsept berib yuboraman, bu yerda topish qiyin bo‘lgan dorilarni qarab boqasan. Chekka rayon emasmi, ko‘p dorilarni topish qiyin, bolam.

— Xola, nega muncha o‘zingizni o‘tga-suvga urmasangiz, joningizga jabr qilib…— so‘z qotdim men,— aytishlariga qaraganda, o‘rtoqlik sudiga ham a’zo emishsiz, uy boshqarmasi aktivida ham qatnasharmishsiz…

— Oh, aylanaay, bolaginam-a! Sizlar hali yoshsizlar. Dunyoga endi kelayapsizlar. Universitetda o‘qisang ham hali go‘rsan. Qari bilganni pari bilmas… Biz aralashmasak bo‘ladimi, bolam!

U asta bosh chayqab qo‘ydi, engashib pomidor tupini tikladi, ostidagi begona o‘tni yulib tashladi.

— Pomidor uzib olib yeyaver, o‘g‘lim. Bitta-bitta terib olda…— davom etdi rang kirib qolgan butog‘ini latta bilan bog‘layturib, — o‘zingnikiday… bemalol… Dunyoda har xil odamlar bo‘lar ekan… Shunaqa odamlar borki, yer yutib yubormaganiga hayron qolasan! Vaqtida haq gapni aytib, ko‘zini ochib qo‘ymasang, bilasanmi, xohlagan ishini qilishdan toymaydi, juvon o‘lgurlar! Vahming keladi ba’zi ishlarini ko‘rib! Tavba deysan… Yaqinda desang, yoshgina bir qiz turmushga chiqdi. Ota-onalari sho‘rlik uyga, jihozlariga ozmuncha sarf-harajat qilishmadi. Qiz qurmagur bo‘lsa, o‘laman oblo, birga turmayman, deydi. «Biz har xil odamlarmiz, munosib emasmiz!» emish… Men unga: «O‘zbek qizisan-ku, har holda, bolam, eringni yo‘lga sol, lekin ajrashma, ayb bo‘ladi», dedim. Uyat-da, axir! U bo‘lsa nuqul sotsialistik axloqdan va’z o‘qiydi menga. Oxiri toqatim toq bo‘ldi, chiday olmadim, va’z o‘qish mana bunaqa bo‘ladi dedim-u, shunaqayam o‘qib tashladimki, qiz bechora qip-qizil sholg‘om bo‘lib ketdi… Shunaqa!

Mukarram xola qaddini rostladi. Shu chog‘ u ko‘zimga yanada salobatliroq ko‘rinib ketdi. Uning qo‘lidagi tayoqqa nazar tashladimu g‘alati bo‘lib ketdim. Mening holatimni tushundi shekilli, kulib yubordi.

— Ha, o‘g‘lim, charchadingmi? Qani, yur, endi choy ichaylik. Ozroq «to‘qson besh»dan bor, rostini aytsam, non tugab qolibdi… Keldi-ketdi degandek… o‘zing bilasan odatimizni!

— Men nonga chiqib kelaman — hozir foydam tegishi imkoniyati tug‘ilganidan ichim yorishib, xursandlik bilan dedim men.

— Bora qol, bolam, bora qol,— yasama tishlarini yaraqlatib dedi Mukarram xola,— yoshsan, oyoqlaring baquvvat… Hozir senga pul olib beraman.

— Yo‘g‘-e, xolajon, qiziqmisiz,— qo‘limni silkib qo‘y dim,— pulim bor…

Tashqariga chiqqandan keyin hamma pulimni Mukarram xolaga berib qo‘yganim esimga tushib qoldi. Yaxshiyam redaktsiya yaqinginada, bo‘lim mudiridan yigirma so‘m qarz olib chiqdim.

Uyga non bilan birga bir oz holva, konfet va qovun ko‘tarib keldim. Xolaning ketadigan paytigacha choyxo‘rlik qilib o‘tirdik. O‘g‘li yuborgan mashinaga o‘tirar ekan, xola meni mehribonlik bilan quchoqladi.

— Iloyo baxt ato etsin senga, o‘g‘lim, menga yoqib qolding. O‘z farzandlarim qatori ko‘raman seni!

Ketar oldidan mashinadan boshini chiqardi-da, qo‘shib qo‘ydi:

— Sug‘orib qo‘yish esingdan chiqmasin, aylanay, bolam. Maymunjonni terganingdan keyin ustiga shakar sepib qo‘y. Ketishingga o‘zingga murabbo pishirib beraman. Donani och qo‘yma, xo‘pmi, bolam!

Dona o‘z nomini eshitib qo‘rqa-pisa inidan bosh chiqardiyu yana g‘oyib bo‘ldi. Mashina yo‘lga tushgandan so‘nggina yugurib chiqdi-yu, dumini likillatib vang‘illay boshladi.

— Ha, mashinani qarg‘ayapsanmi? — uni silamoqchi bo‘lgandim, mendan bir necha qadam nari qochdiyu Mukarram xola ketgan tomonga qarab huriy boshladi.— Egangni olib ketdimi, a? Ha, mayli, kuyinaverma! — ovutmoqchi bo‘lardim uni.— Bir amallab kunimizni ko‘rarmiz! It bo‘lsang ham omadli ekansan, egang ko‘ngilchan ekan-a, Donaxon, xo‘sh, nima deding?

Dona akillamay qo‘ydi, menga begonasirab qarab qo‘ydi-yu, hovlisi tomon pildirab ketdi. U stol yonida turgan katta cho‘yan karavot ostiga kirib ketdi, to ertalabga qadar o‘sha yerda yotdi.

Ertalab choy qo‘ydim-da, derazadan boshimni chiqarib, itni chaqirdim.

— Hoy, yetimcha, chiqaqol endi, ovqatlanamiz!

Karavot suyanchig‘i orqasidan asta boshini chiqarib menga qaradi. Men unga bir burda non ko‘rsatdim:

— Ma, ol!

Dona sinchkovlik bilan qarab qo‘ydi. Lekin joyidan qo‘zg‘almadi.

— Ie, olmaysanmi, og‘ayni, yo qorning to‘qmi? — hayron bo‘ldim men.— Yo mening qo‘limdan olging yo‘qmi, cho‘chiyapsanmi?

Derazadan boshimni chiqardim-da, nonni asta yerga qo‘ydim. It qimir etmay ko‘zini lo‘q qilib turardi.

— Menga qara, hoy Dona, yo tobing yo‘qmi, a? Xo‘sh?

Yana bir burda non ushatdim-da saryog‘ surib chaqirdim:

— Ma, Dona, olaqol! Obbo tentakvoy! Nega qo‘rqasan, ke, ol!

It to‘satdan irg‘ib turdi-da, dumini qisganicha, ombor tomon yo‘rg‘alab ketdi.

— Nima bo‘ldi senga, hoy!

Uning orqasidan ergashdim.

Dona omborning qorong‘i burchagiga qisilgancha, ko‘zlarini mo‘ltillatib qarab turardi. Oyoq ovozlarimni eshitib, devorga taxlab tashlangan yashiklar orqasiga o‘zini urdi.

— Voy, tentag-ey! — engashib itni chaqira boshladim.

U esa burchakka qisilgancha ko‘zlarini mo‘ltillatib, go‘yo qarshisida dahshatli mahluq turganday, qo‘rquvdan titrab-titrab qo‘yardi.

Burda nonni shundoq tumshug‘i ostiga tashladim, u esa hamon qimir etmasdi.

Faqat ancha vaqt o‘tgandan keyingina Dona ombordan qo‘rqapisa bosh chiqardi-da, yo‘rgalab borib burdani ehtiyotkorlik bilan tishladi-da, orqaga qaytdi. Bir ozdan so‘ng chiqib, ikkinchi burdani ham olib ketdi.

Shu kundan boshlab uning yemishini yerga qo‘yadigan bo‘ldim. Oldiniga bir oz cho‘chibroq, bora-bora dadilroq keladigan bo‘ldi u mening yonimga. Hatto u bir kuni nonni qo‘limdan ilib oldi. Olishga oldiyu ko‘zlari bejolanib, bo‘ynini qisib qoldi. Chang bosib ketgan yungini ehtiyotkorlik bilan silab qo‘ydim.

— Bugun bir cho‘milmaysanmi-a, Dona, bu gapga nima deysan?

Ko‘zlarini katta-katta ochib, tushunganday qarab turardi u menga.

— Vav!..

— Ha, balli, demak rozisan,— xursand bo‘lib ketdim men.— Ishdan qaytamanu ikkalamiz dushga tushamiz. Sovun-cho‘tka qilib, shunday yuvinaylikki, oynaga karab o‘zingni tanimay qolasan. Mahallaning eng go‘zal kuchukchasi deb nom chiqarasan!

Gapirar ekanman, mo‘ltillab, mendan ko‘zini uzmay turardi u. Ko‘zlarida qandaydir yashirin xasrat cho‘g‘lanib turganini ko‘rib, galati bo‘lib ketdim. O‘zimni tutib turolmadim, boshini silab qo‘ydim. Dona bir titradiyu joyidan jilmadi.

Kechqurun esa Malina keldi.

— Ruslan, bormisan, olamda?! O‘-ho‘, yaxshi joy topib olibsanda! Kasbdoshlaring xavotir olishmasa ham bo‘larkan… Jonimga tegib ketishdi, «Ruslandan xabar ol, holi nima kechayapti ekan», deb…

— Mala, qanday shamol uchirdi! — shoshib qoldim men. Praktikaga Toshkentda qolgan edi, qayerdan kelib qoldi ekan, qanday topdi meni…— Choy ichasanmi? Uy egasi qo‘yib ketgan ozroq to‘qson beshdan bor…

— Ichaman, ichaman,— kulib javob berdi Malina xotirjamlik bilan hovlini ko‘zdan kechirar ekan.

— Meni qanday topib kelding? — savol ustiga savol yog‘dirdim men.— E-ha, gazetadagilar aytishgan, shunaqami?

— Gazetadagilar,— tasdiqladi Malina karavotga cho‘kar ekan.— Komandirovkaga keldim. «Pobeda» kolxozining raisi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Abdullayev haqida ocherk yozmoqchiman… Eshitganmisan? Yo‘q deysanmi? Tavba!! Seni qara-yu… Vuy, kuchuk… Shunaqa chiroyli kuchuging bormi?!

Yaqindagina yuvingan, yungi yaltirab sovun hidi anqib turgan Dona shundoq oyoqlarim ostida yotardi. Uzun-uzun yunglari hali qurib ulgurmagandi. Malina uni silamoqchi bo‘lib, qo‘l cho‘zganda, jahl bilan irillab qo‘ydi. Keyin yana men tomonga bir qarab, yana ovqatlanishda davom etdi. Ora-sira bosh ko‘tarar, asta irillab qo‘yar edi.

Malina kelganidan o‘zimda yo‘q xursand edim. Birinchi kursdanoq u menga yoqib qolgan edi, lekin umidsizlanib yurardim. Mana, endi…

Stol ustiga choynakni keltirib qo‘ydim, piyolani chayib, to‘ldirib choy quydim.

— Qani, choydan ich,— piyolani murabbo idishi yoniga qo‘ydim.

— Mukarram xola, qizlarni boshlab kelib yurmasin, ogoh bo‘lib turing, deb tayinlab ketuvdila! — kimningdir ovozi eshitildi shu payt.

Men esankirab, qip-qizarnb, qimirlashga madori qolmaganday bo‘lib o‘tirgan Malinaga qaradim.

— Men qizlarni boshlab kelayotganim yo‘q,— deb xirillab javob qildim devor osha ko‘rinib turgan ayol kishining boshini ko‘rib.— Universitetda birga o‘qiydigan o‘rtog‘im bu!

— Shuni aytayapman-da, hech qanaqa o‘rtoq-po‘rtog‘ini… deb tayinlab ketuvdilar.

— Nega endi xolam o‘zimga aytib qo‘ya qolmaptilar,— jahlim chiqa boshladi mening.— Nima, sizni qorovul qilib qo‘yib ketdilarmi?

— Sizga aytishga andisha qilibdilar… Qanday aytadi? Siz yoqib qolibsiz u kishiga. «Bari bir, Sanoatxon, bir gap bo‘lib yurmasin, xabardor bo‘lib turing», deb ketdilar. «Keyin xursand bo‘ladi», dedilar.

— Juda xursand bo‘lib ketdim-da, rahmat! Ogohlantirib qo‘yganingiz uchun minnatdorman! — Ovozim titrab ketganini o‘zim ham sezib turardim. Lekin o‘zimni tutib, davom etdim.— Balki kirib, biz bilan choy icharsiz bir piyola?

— Yo‘q, rahmat! Hademay erim ishdan qaytishi kerak… Har qalay, qizlarni boshlab kelib yurmaganingiz ma’qul bu yerga… Xo‘pmi?

U ketdi.

Malina boshini egib o‘tirardi. Uning uzun-uzun, tim qora kipriklari titrab turardi. Og‘zim quruqshab ketdi.

— Qo‘yaver, e’tibor berma, Mala…

— Qo‘ysang-chi…

— Shakar sepilgan maymunjon yeysanmi? Anchagina terib qo‘yganman. Yo‘q, yaxshisi, asal bilan choy ichamiz. Nima deding… Uy bekasining besh-olti ballon asali bor. Ajoyib. Yo‘q, yaxshisi, asal bilan shakar sepilgan maymunjonni qo‘shib choy ichamiz. Ikkalasini qo‘shsak zo‘r bo‘ladida! Nima deding, a ko‘ramizmi?

Stolga bir shisha banka asal olib qo‘ydim-da, piyolaga shakar sepilgan maymunjon to‘kdim.

— Mukarram xola «asalga tegishmasin», deb tayinlovdilar…— ovoz eshitildi yana devor ortidan.— Xolaning buyragi og‘riydi. Asal bilan davolanishi kerak ekan…

Devor osha tim qora ko‘zli qizaloq qarab turardi.

— Nima, asalni ham oldindan tayinlab ketuvdimi?

— Qaydam? U kishi oyimga aytgan ekanlar, oyim menga…

— Endi men keta qolay,— Malina o‘rnidan qo‘zg‘aldi.— O‘tirib qoldim. Choyni ham ichdik…

Menga savol nazari bilan qarab, Dona ham qo‘zg‘alib qo‘ydi.

— Yot, mallavoy! — po‘pisa qildim men, it yana indamaygina joyiga o‘tirdi.

— Dona, ma!

Malina bir to‘g‘ram kolbasa olib, itga uzatdi.

Dona yeb turgan nonini ham tashlab, omborxonaga kirib ketdi.

— Unga nima bo‘lgan o‘zi? — hayron bo‘ldi Malina.

— Tarbiyasi shunaqa bo‘lgan! — zo‘rg‘a deya oldim men bo‘g‘ilib.— Menga aytishuvdi-ya… Mukarram xoladan raykomning birinchi sekretari ham cho‘chib turadi… deb. Bu sho‘rlik… bor-yo‘g‘i bir it bo‘lsa…

…Uh, jin ursin! Qayoqdagi narsalar kelmaydi xayolga… Eslaganda badani junjikib ketadi kishining… Yo‘q, bugun kayfiyatim joyida emas… Eh, Malinam, qayoqlarda yuribsan hozir…

Yuragimning huvillagan bo‘shlig‘ida itlar uvillayotganday tuyulardi shu tong qorong‘usida…

Rus tilidan Gulchehra Nishonova tarjimasi

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 2-son