“Yo‘qol, yo‘qol!”
Shamol shiddat uradi. Ko‘lmaklar osmonning bir parchasini xira akslantiradi. Yaproqsiz yalang‘och shoxlar chayqaladi, havo to‘lqini ko‘lmaklarning suvlarini chayqatib, bulturgi nam xazonlarni xiyol siljitib o‘tadi.
Nam tuproq ustida yunglari ho‘l bir kuchuk panjalariga boshini qo‘yib yotibdi. Pir etib zag‘cha uchib keladi-da, qattiq chag‘-chag‘ qiladi, shunda kuchuk boshini ko‘tarib, unga qarab huradi:
“Yo‘qol! Yo‘qol! Yaqin kelma!”
Qabr ustida ham xazonlar to‘plangan. Kuzning sovuq kuni, odamlar ko‘rinmaydi. Osmon xira, pastak bulutlar bilinar-bilinmas suzadi.
Kuchuk ozg‘in, qovurg‘a suyaklari sanalib turibdi, goho o‘rnidan qalqib silkinganida yungidan duv etib tomchilar to‘kiladi.
Saldan keyin og‘ir bir nimani ko‘tarib olgan uzun bo‘yli, baquvvat bir kishi yo‘lakchadan shu tomonga qarab kela boshlaydi. Kuchuk hushyor tortib, boshini ko‘taradi, kelguvchining odimiga qarab turadi. Yaqinlashganida ilkis o‘rindan qalqadi, unga ham qattiq huradi:
“Yo‘qol! Yo‘qol!”
Vajohatidan hayiqqan kishi yaqin kelolmay, kuchukka po‘pisa qilib ko‘radi:
– Ket! Ket dedim!
“Yo‘qol! Yo‘qol! Yaqin kelma! Egamga ozor berma!”
Yomg‘ir izillab yog‘adi. Bir xil tusdagi sovuq ko‘lmaklarda xira osmonning bir parchasi aks etadi. Kelguvchi qaytib ketishiniyam, yaqinlashishiniyam bilmay taraddudlanib, oldinga yana bir-ikki qadam tashlaydi.
“Ket dedim! Yo‘qol dedim!” deb huradi kuchuk va o‘rnidan qo‘zg‘aladi, shunda ho‘l yunglaridan duv etib yana tomchilar to‘kiladi.
“Egamga eng ko‘p ozor berganlardan bittasi sen eding! – deb irillaydi kuchuk. – Nimaga kelding egamning boshiga? Yo‘qol, shuncha ozor berganing kammi?”
Kuchuk oldinga tashlanadi, shunda kelguvchi ortiga tisariladi-da, to‘ng‘illab iziga qaytadi. Kuchuk o‘z o‘rniga – qabr boshiga borib o‘rnashadi. Bu yerda quruqroq joyning o‘zi yo‘q – qabr ustida bir behi o‘sgan, ostiga yaproqlari to‘kilgan, o‘sha nam yaproqlarning ustiga yotib oladi.
“Egam juda beozor odam edi”, – deb o‘ylaydi kuchuk. – Eslasam, yuragim g‘ussaga to‘lib ketadi. Qanday kamsuqum, qanday yaxshi odam edi-ya”.
Bir necha kundan beri ahvol shu. Yomg‘ir tinsa-da, osmondan bulutlar arimaydi. Samo yurakni ezadigan darajada bir xil… g‘uborli… sovuq izg‘irin esadi.
* * *
Bir ozdan keyin bir ayol, yonida uzun bo‘yli o‘spirin bilan kela boshlaydi. Kuchuk yana hushyor tortadi. Boshini ko‘tarib, sinchiklab qarab turadi. Yaqinlashishganida tanib, yana irillaydi:
“Yo‘qol! Yo‘qol!”
“Sen ham egamga ozor berganlardansan! Yo‘qol! Yo‘qol!”
“Sen egamning ayoli eding. Bu odamning kimligini butun umr yonida yashab bilmading. Qorning to‘q, usting but edi, boshpanangdan chakka o‘tmas edi. Ko‘rgan kuningdan norozi bo‘lib javrarding, xolos. Kasal bo‘lib yotib qolganida qaramading, tuzingni oqlamading. Yegan-ichganing, kiyganing, butun ro‘zg‘oring shundan edi. Qirq yil shuning qo‘liga qaram bo‘lding. Kasalvandligida oylab boshidan beri kelmaganing, shuning topgan-tutganini uyingga tashiganing otang seni bor-yo‘g‘i o‘n yetti yil boqqan edi, xolos. Lekin otangdan yuz chandonini qilib qo‘ygan xo‘jangga qaramading. Atay qildi, atay hech qayerga bormadi egam. Senlar bilan qolishni istamadi egam. Ket, ket! Yaqin kelsang bo‘g‘zingni g‘ajib tashlayman!”
Ayol ham qo‘rqadi. O‘sma tortilgan ko‘zlarida hadiksirash, ortiga qaray-qaray qaytib ketadi.
Makon yana kimsasiz bo‘lib qoladi, kuchuk yana boshini panjalari ustiga qo‘yib yotib oladi.
Yomg‘irda qolib ketgan chumolilar loyga bota-bota, bir nimalarni inlariga surgab boradilar. Bir muddat qarab turadi, keyin odamga o‘xshab xo‘rsinadi. “Egam ham, men ham, sizlar ham bir-birimizga o‘xshaymiz, – deydi ularga. – Egam ham qishmi-kuzmi, yomg‘irmi-qormi demasdan uyiga, bolalariga rizq tashir edi.”
Chumolilar uning tilini tushunishmaydi. Kuchuk cho‘zib uvillaydi.
“To‘qqizta bola-ya! To‘qqizta bolani deb shu ko‘yga tushdi egam.
Tinmasdan uringani uringan edi. Ertalablari ham, kechqurunlari ham mehnatning ichida edi. Saharda osmonda yulduz so‘nmasidan turib chiqib kelardi. Yerning ichiga o‘tirib olib o‘toq qilardi, kechalari uzoqlardan suv ochib kelardi, suv yo‘liga tushib qolgan kesaklarni yalang qo‘li bilan olib tashlab sug‘orardi, o‘tlarini bittalab yulardi. Men tinmay orqasidan ergashib yurardim.
Ekinlariga gapirar edi, egam.
Bug‘doylariga, arpalariga gapirar edi.
Bolalarimning rizqi deb ekdim sizlarni, der edi. Modomiki rizq ekansiz, gurkirab o‘sing, deb tepangizdan ketmayapman.
Qattiq shamol esib, bug‘doyzorini yer bilan yakson qilganida, sinib yotgan bug‘doylar oldida yig‘lagan edi egam.
Hoy imonsizlar, men o‘zim uchun urinib-beringanmidim, degan edi egam. Bola-chaqamning bari sizga mo‘ltillab turibdi-ku. Endi ko‘zlariga qanday qarayman?
O‘zi yemasdi egam, bolalarim yesin derdi. O‘zi ichmasdi, o‘zi kiymasdi. Mumsik, ezilgan bir odam edi. Goho o‘tirib, dam olganida menga so‘z qotib qolardi.
Senga yaxshi-da, Qoravoy, der edi. Rizq deb, bolam-chaqam deb o‘zingni o‘tga-cho‘qqa urmaysan. Xudoyim rizqingni dunyoga sochib tashlagan. Qiyin, odam bolasiga qiyin.
Bir martagina shodon kulgan edi egam. Bolalari kichkinaligida, ular bilan ayvonda o‘ynagan edi. Bolalari ustiga chiqib olishib, soch–soqollaridan tortqilab yumdalashgan, shunda o‘ziyam yosh boladay suyunib-quvnagan edi egam.
Umrini bolalariga xarj qilib yuborgan edi-da…
Ko‘pchilik ozorlar edi egamni. Shunda goho menga so‘z qotar edi.
Sabr, sabr… der edi. Yana jindaygina qoldi, sabr qilish kerak xolos, Qoravoy. Ichimda-ku gaplarim ko‘p, ammo senga aytganim bilan nima foyda? Vaqti kelganida Xudoyimning o‘ziga aytarman…”
* * *
Kelguvchi loy toyg‘oq yo‘ldan ancha joygacha qiynalib yurib bordi, keyin o‘sha yerdagi eski tut tagida turgan mototsikliga o‘tirib, tarillatib jo‘nab ketdi.
Anchadan keyin barglari to‘kilib yalang‘ochlanib qolgan qishloq teraklari ko‘rindi. Uylarning bo‘g‘otlaridan qoraygan yog‘ochlari chiqib turar, ulardan ham yomg‘ir tomchilar edi.
Uch-to‘rtta chol machitdan chiqib kelishayotgan ekan, kelguvchi ularning yoniga to‘xtab, birma-bir qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.
– Ha, yo‘l bo‘lsin?
– Do‘stimni boshiga boruvdim, bugun yakshanba, shu marmartoshni qadab kelaqolay deb, – dedi u.
– Rahmatlining haqiqiy do‘sti edingiz, do‘st odamni o‘lganidan keyin ham unutmaydi, yashang, – dedi chol, havaslanib.
– Yo‘q, bo‘lmadi. – dedi Do‘st. – Eslasangiz, biqinida, peshanasida sariq dog‘lari bor qora kuchugi bo‘lardi. Qabrining ustiga yotib olibdi, irillab, hech kimni yaqinlashtirmayapti.
– Iya, quturib qolmaganmikin? – deb tusmolladi chol.
– Quturgan bo‘lsayam ehtimol, – dedi Do‘st. – Ammo yaxshi kuchuk edi. Yonidan sira ayrilmasdi, qayga borsa ergashib yuraverardi. Olamdan o‘tgan kuni eshik oldida rosa o‘ralashdi. Tepib haydasam ham ketmadi. Keyin eshikni ochib berdim, shuyam xudoni maxluqi, xayrlashib olsin, dedim. Kirib, xuddi odamday g‘ingshib, mayitning oyoqlariga boshini qo‘yib yotib olsa-da! Axiyri sudrab opchiqib tashladik.
– Bu hayvonni xudoning o‘zi odamga do‘st qilib yaratib qo‘ygan, – dedi chollarning unisi. – Kahf g‘orida qolib ketgan yigitlarning oldida ham kuchugi boriydi.
Do‘st o‘ylanib qoldi.
“E oqsoqol, sizga shunaqa dedim-da, aslida qadriga yetmabman, – deb o‘yladi ichida. – Haqiqiy do‘st ekan-ku, bilmabman. Pul-mul zarilligida shunga kirardim, bir-ikki so‘m yig‘ib-terib qo‘ygani bo‘lsa, berardiyu qaytib so‘ragani istihola qilardi, yo‘qsa bechorahol bir odam edi-ku?! Unmi-bug‘doymi kerak bo‘pqolsa, so‘ramasdanam opketaverardim. Gapgayam usta emas, indamay kulimsirab turaverardi, o‘rni kelsa hammani ichida mayna ham qilardim. Endigina aqlim yetyapti, o‘tdi-ketdi u. Ustiga bitta marmartosh o‘rnatsam, duoi fotiha qiptursam, shoyad ruhi shod bo‘lar desam, kuchugi yaqinlashtirmayapti. Gapning to‘g‘risi, birontamiz ham o‘sha kuchukchalik bo‘lolganimiz yo‘q…”
– Unda, kuchukni yo‘qotish kerak, – dedi chol. – Sizni-ki tanimaptimi, demak, bir balosi bor. Erta-indin boshiga ayoli, bola-chaqasi borsa, qopib-netib olmasin tag‘in? Ketganlar duoga zor bo‘lib yotishadi, bolam. It bir maxluq-da, haliyam egamni qo‘riqlashim kerak, deb o‘ylayotgan bo‘lsa ajabmas.
– Qaydam, – dedi Do‘st. – Rostini aytsam, tengu to‘shlar birin-ketin jo‘nashyapti… Bir kuni men ham ketsam, tepamda o‘tiradigan bitta it ham yo‘q.
– Ketgan ketdi. Xudo qolganlarga umr bersin, – dedi chol. Va xayrlashib, imillab o‘z yo‘liga ketdi.
* * *
Do‘st ham chollarning yonidan ayrilib, o‘z yo‘liga jo‘nadi. Yomg‘ir tomchilari simyog‘ochlarning simlarida marjon bo‘lib tizilgan, hozirgi izg‘irinda duvillab to‘kilar edi. U o‘ylanib turib, yo‘lni o‘z uyiga emas, do‘stining uyiga soldi.
Kirib borganida, do‘stining xotini yomg‘ir ostida qolgan makkapoyalarni bostirma ostiga tashiyotgan ekan.
Kelguvchini ko‘rib ishini bas qildi, yaqinlashib, ro‘molning uchi bilan yuzini to‘sib so‘rashdi.
– O‘g‘il ko‘rinmaydi, yaxshi yuriptimi? – deb so‘radi Do‘st.
– Ha, shu yerda, mol-holga qarayotuvdi, – dedi ayol. Keyin qizchasi bilan ichkari uydan to‘shak opchiqib, namiqqan so‘riga soldi. Boshqa bir bo‘ychanroq qizaloq o‘choqboshiga choy qaynatgani ketdi.
– Choyga ovora bo‘lmang. O‘rtog‘imning oldiga boruvdim, qaytishda kirib o‘tay dedim, – dedi Do‘st.
– Voy, ming rahmat, kam bo‘lmang, – dedi ayol. – Rahmatli qanday odam edi-ya. Qadrini bilmabmiz, mana endi hamma ish o‘zimizga qoldi.
– Umri qisqa ekan, nimayam qilardingiz, – dedi Do‘st, bir nimalarni tusmollab. Ichida esa “aslida sen shallaqining dastidan tamom bo‘ldi-ku, bilib bilmaganga olasan”, dedi nafratlanib.
– O‘ziga sira qaramas edi, – deb davom etdi ayol. – Hoy, ustingizdagi kiyimingiz titilib ketibdi, yangisini oling desam, avval bolalarni ustini butlab olay, keyin o‘zimga olarman, derdi. To‘qqizta bola-ya? O‘zimizniiki beshta, qolgan to‘rttasi qaynog‘amdan qolgan jo‘jiqlar. Endigina bittasining kam-ko‘stini to‘g‘rilasak, boshqasiniki chiqib qolardi. Mazasi qochganida, do‘xtirga boring deb xudoning zorini qildim. Shoshma, dard mehmon, o‘zi kelib o‘zi ketadi, deb bormadi. Mana, baribiram ketar ekan-ku? Shunaqa qilmasa ham hammaning kuni o‘tar ekan-ku?
Shunday deb, xo‘rligi kelib piqillab yig‘ladi. Do‘st ishonqiramasdan unga sinchiklab razm soldi. Ayol bu nigohni sezdi, mijjalarini artib, “Bekorga kelmagandir, bir nimadan ilinji bo‘lsa kerak,” deb o‘yladi.
– Shu, rahmatlining kuchugi boriydi-yu, – dedi Do‘st.
– Voy, ha, o‘sha o‘zimizni kuchukmi?
– Ertalab belgi qo‘ygani boshiga borsam, qabrining ustiga yotib olibdi, birovni yaqinlashtirmayapti.
– To‘g‘ri aytasiz, kechroq biz ham bordik, bizgayam daf qildi, – dedi xotin.
– Menimcha, bu kuchukda bir gap bor, balki kasaldir? – dedi Do‘st. – Maslahat shuki, uni biryoqli qilmasa bo‘lmaydi. Do‘st-dushman bor, elda har xil gap oralamasin.
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, – dedi xotin. – Boyoqish, uvol-da lekin. Nonni orasiga igna tiqib bersakmikin?
– Yo‘q, sizlarniyam, meniyam tanib turib yaqinlashtirmabdimi, demak, nonni yemaydi, – dedi Do‘st. – Miltiq bilan otgan tuzuk.
– U yerda miltiq otsa, gunoh bo‘lmasmikin? – deb so‘radi ayol.
– Bilmasam, – dedi Do‘st. – Ertaga men bir oshnamdan miltig‘ini so‘rab turaman. Keyin katta o‘g‘lingiz bilan borib otib kelamiz.
– Mayli-mayli, sizdan Xudo rozi bo‘lsin, – dedi ayol. Keyin, harholda, kuchukka yana rahmi keldi. – Aldab-suldab, dala-dashtga oborib adashtirib kelsa bo‘lmaydimi?
– Birovni yaqinlashtirmayapti-ku, qanaqa qilib aldaysiz? Quturib qolgani rost shekilli, – dedi Do‘st, mulohaza qilib ko‘rgach. – Kim bilsin, – dedi keyin, yana o‘ylanib. – Kim bilsin, hozir u yerda nimalar ro‘y beryapti ekan?
…O‘g‘il tomorqadan chiqib kelganida Do‘st yuziga fotiha tortib, qo‘zg‘almoqda edi.
– Bolam, kel, ko‘rish, otangning o‘rtog‘i keldi, – dedi ayol.
O‘g‘il kelib, Do‘st bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi.
– Katta yigit bo‘pqopsan-ku, – dedi Do‘st. – Otangni o‘rniga dastyor bo‘psan-da.
– Ha, otasining o‘rnini bosyapti, – dedi ayol. – Ishlarimni qo‘limdan olyapti ishqilib.
– O‘ylab qarasam, hamma bolam-chaqam deb yelib yuguryapti, – dedi Do‘st. – Rahmatlik ham shunaqa edi. Men-chi? Nima gunohi bo‘lsa o‘zimning bo‘ynimga, ne bo‘lsam bo‘lay, ammo bolalarim qiynalmasin deb qanaqa ishlarga qo‘l urmadim-a.
Yigitcha indamadi, lekin ichida o‘ylandi: “Rahmatli deyapsanmi? Nima ilinjda kelganingni bilmas ekanmanmi? Otamni doim masxaralab yurarding. O‘g‘lim yo‘q, endi sizlar o‘g‘limsiz deb bahona qilib har zamon kelasan, gapingni qaytarolmay tomorqangga borib yeringni chopamiz, o‘t yulamiz, devorlaringni urib beramiz. Yana otalik da’vo qilasan. Shoshmay tur hali, katta bo‘lvolay…
Otamday beg‘ubor odam dunyoda yo‘q edi-ku? O‘sha beg‘uborligidan ham kulding, foydalanding. To‘ylarga borganimizda davralarning to‘rida o‘tirarding, otamga qarab ham qo‘ymasding. Bizga goho osh ham tegmay qolardi, bir chekkada o‘tirib-o‘tirib, indamasdan qaytib kelaverardi otam. Endi dunyodan o‘tganida nomini sotyapsanmi? Do‘st bo‘lsang, yonida tur edi! Ichida dardi ko‘p edi, ammo Ota-ku, bizga aytarmidi? Sen dardkashi bo‘lgin edi. Ana, o‘tqazib ketgan daraxtlari shig‘il-shig‘il, usiz ham meva tugib yotipti. Hozir mana shu behilardan uzib, biznikiga tashlab qo‘yinglar deb aytasan. Otam esa “bolalarimning rizqi” deb shularniyam yemasdi, shoxlarining tagida o‘ylanib o‘tiraverardi. Teng-to‘shiga qo‘shilib choyxonaga bormasdi, ulfat nima bilmasdi, yumushdan boshi chiqmasdi, bir burda qattiq nonini yeb indamay so‘riga borib yotardi. Ha, hammang bir bo‘lvolib otamni rosa ezdilaring-ku? Bariga chidar, lom-mim demas edi. Endi bilsam, bolalarim deb tishini-tishiga qo‘ygan ekan bechora. Sen bo‘lsang ikki beting qip-qizil, oldimizga kelib, otangiz savobga zor bo‘p yotibdi deb o‘zingni savobgar qilib ko‘rsatmoqchimisan?”
O‘g‘ilning dilidan shu gaplar kechdi. Do‘st unga sinovchan qarab turdi, ko‘pni ko‘rgan nigohi bolaning ko‘nglidagilarni uqdimi, qaydam, o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Men Eshonning miltig‘ini so‘rab olaman ertaga. Behilar rosa bo‘pti-ku, a? Bolam, bir-ikki paqir uzib
biznikigayam tashlab qo‘yarsan.
– Xo‘p, kepturing, – deb uni kuzatdilar.
– Ona, nimaga kepti bu odam? – deb so‘radi o‘g‘il.
– Otangni kuchugi quturib qolgan bo‘lsa kerak deb xavotirlanyapti. Tepasiga borib duo qipturish kerak, borganlarni yaqinlashtirmayapti, erta sahar borib otib kelaylik, o‘g‘lingiz ham men bilan borsin deyapti.
– Yaxshi kuchuk edi, – dedi o‘g‘il. – Otamga juda sadoqatli edi. Qayga borsa orqasidan ergashib yuraverardi. Otam ham uni ko‘rmasa bezovtalanib qolardi.
– Ha, qurtu qushga, hayvonlarga mehribon edi otang, – dedi ayol.
– Uyning tomidan chakka o‘tibdi, – dedi o‘g‘il. – Men chiqib, tuzatib tushay.
– Boraqol, onang cho‘ring bo‘lsin, – dedi xotin.
* * *
Yomg‘ir allaqachon tingan, lekin havo sovuqligi uchun haliyam hammayoq loy-balchiq edi.
Kuchuk hanuz o‘sha alfozda yotar edi.
“Yaqin kelma! Egam orom olyapti, tinchini buzma, badbaxt!”
“Egam hozir na do‘stini, na ayolini, na tanish-bilishlarini eslaydi, – deydi kuchuk, bo‘m-bo‘sh ko‘zlarini huvillagan makonga tikkanicha. – Goho ruhi men bilan gaplashadi. “Egam, dunyoni eslay olasanmi”, deb so‘rayman. “Bilmasam, Qoravoy”, deydi. “Eslaganim shuki, bir chuqurda edim, o‘sha yerda juda uzoq vaqt qolib ketdim, deydi. Besh-oltita chayon bor edi, tinmay meni tishlab-chaqardi. Ortimda bolalarim bor edi, biri-biridan shirin, beg‘ubor, ishonuvchan, meni pushti panohim, suyangan tog‘im deb bilguvchi bolalarim… Qimir etsam, shu gazandalardan birontasi mendan o‘tib bolalarimga daf qilmasin deb tishimni-tishimga qo‘yib chidar edim chaqishlariga. Qonimni ichar edi u chayonlar. Bolalarim chayonlardan bexabar unib-o‘sishsin der edim. Keyin mana shu yerga kelib qoldim. Bu yer juda tinch, kelgan kunim kimdir “endi orom olaqol” deb aytdi. Bolalarim-chi, deb so‘radim undan. Bolalaringdan xotirjam bo‘l, ularni oyoqqa qo‘yding-ku, dedi. Chayonlarni ham so‘radim. Dediki, u chayonlar azob berdi deb o‘ylaysanmi? Qoningdagi qora zardoblar ularga rizq qilib qo‘yildi. Sen zardoblardan poklanding, ular esa o‘shani yeb-ichib, semirib-to‘lishishdi. Aslida qoningni tozaladilar, shu bois ham senga orom inoyat ko‘rildi…”
“Qiyomatda kishiga ahli ayoli va do‘st-yorlari ko‘rsatiladi, – dedi Egam, yana. – Aytiladiki, ey banda, hayoti dunyoda shular bilan umr kechirgan eding, dunyoi abadiyada ham birga bo‘lishni xohlaysanmi? Eh, Qoravoy… aytsam kerakki, xudoyim, nima qilsang qil, lekin hargiz bularning yuzini ko‘rsatma menga!”
* * *
Xiyol o‘tib, etak tomonda besh-olti kishi ko‘rindi. Oralarida mahallaning chollaridan biri ham bor edi. Qo‘lida miltiq ko‘tarib olgan Do‘st ham ko‘rinmoqda edi.
– Ishqilib, umringizda miltiq otganmisiz? – deb so‘radi chol.
– Otganman, xotirjam bo‘ling, – dedi Do‘st.
– Shu kuchukni joniga bekor zavol bo‘lyapmiz-da, – dedi Chol. – Xudoning maxluqi, indamay qo‘yib bersangiz, balki o‘zi yo‘qolarmidi?
– Shuncha payt ketmadi, endi ketarmidi?
– Qorni ochqasa, yemish izlamasmikin?
– Ho‘v ana, haliyam yotibdi, – dedi Do‘st. – Ko‘ryapsizmi, yomg‘irgayam qaramabdi. Pana joyga o‘tardi-da sog‘ bo‘lsa.
– Vafodorligini qarang, – dedi Chol. – Shunchalik ham bo‘larkanmi? Qancha vaqt o‘tdi, hech boshidan jilmabdimi?
– Jilmabdi, – dedi Do‘st, achchig‘i chiqib. – Ammo bunaqa vafodorligidan kimga foyda?
– Ha mayli, Xudoning irodasi, – dedi Chol, taqdirga tan berib.
Ora o‘n besh-yigirma qadamcha qolganida to‘xtashdi. Do‘st cho‘ntagidan suvqog‘ozga o‘ralgan o‘qni chiqardi, qo‘shtig‘ni ikki buklab, ikkala quvurga ham soldi. Keyin nari turinglar deb, o‘zi qiyshiq o‘sgan olma oldiga bordi, milni butoqqa qo‘yib mo‘ljalga oldi.
Shunda kuchuk joyidan qo‘zg‘aldi-da, miltiq otguvchiga qarab dumini likillatib boshini yerga ishqab ingillay boshladi.
– Hah jonivor-a, yalinyapti-ku sizga, – dedi Chol, achinib. – Otma deyapti.
– Bekor aytibsiz, – deb qayirib tashladi uni Do‘st. – Ajali yetganini qaydan bilardi, aqlsiz hayvon bo‘lsa?
Chol ikki qo‘li bilan qulog‘ini bekitib, kalima qaytarib turdi.
* * *
“Bu safar besh-olti kishi bo‘lib kelishdi. Yaqinlasha olishmayotganidan haliyam cho‘chishayotgani bilinib turardi. Orqaroqda ikkita yosh yigit matoga o‘ralgan uzunchoq, og‘ir bir nimani ko‘tarib olishibdi.
Kelganlar o‘zaro bir nimalarni g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashib turishdi, keyin bittasi – kecha yaqinlasholmasdan qaytib ketgan gavdali kishi daraxt butog‘iga miltig‘ining milini qo‘yib, bir ko‘zini qisib mo‘ljalga ola boshladi. Yonidagi kalta soqolli chol unga qarab nimadir dedi.
Yana hurib, ularni haydashga chog‘langanim on, oramizda, ikki qadam narida egam paydo bo‘ldi!
O‘sha-o‘sha ozg‘in, qotma, qo‘llarining qadoqlari hali ketmabdi. Kulmagan yuzi endi kular edi.
Jilmayar edi!
“Sen ham xuddi o‘zimga o‘xshaysan-a, Qoravoy. Kel, kel!” derdi.
Suyunib poyiga otildim, oyoqlariga boshimni ishqalab, juda tanish isini izlay boshladim. Ajabki, hidi yo‘q edi.
– Kel-kel, Qoravoy, – dedi Egam, yana. – Yuraqol men bilan. Yomg‘irda sovqotib ketipsan-ku, jonivor, – dedi mehribonlik bilan.”
* * *
Qarsillab miltiq otildi. Dumini likillatib, yerga bag‘rini berib surgalib yalinayotgan kuchuk o‘q zarbidan ikki qadam nariga uchib ketdi-da, behi tanasiga urilib, angillagancha yerga qulab tipirchilab qoldi.
– To‘ng‘iz o‘q bilan o‘qlovdim, – deb qo‘ydi Do‘st, milidan tutun chiqib turgan miltiqni tushirarkan. – Yana otaymi?
– Yo‘q, yetar, – dedi Chol, tipirchilayotgan kuchukka qarab, xomush. – Joni chiqib bo‘lsin, keyin yosh-yalangga aytinglar, sudrab biror chuqurga ko‘mib tashlashsin, har holda vafodor edi. Boshqa itlar talashib-tortishib, go‘shtini yeb ketishmasin.
– Ha, savob ish bo‘ldi, – dedi boshqa birov. – Yo‘qsa, itning sadoqati odamga zarar keltiradi deb kim o‘ylabdi?
O‘g‘il borib, kuchukning jasadini nariroqqa sudrab tashlab keldi.
– Keyinroq boshqa joyga oborib tashlarmiz, – dedi u. – Mirmuhammad buva, otamning haqqiga bir tilovat qiling.
Kelguvchilar cho‘nqayib o‘tirishdi. Chol o‘zi bilganicha qur’on o‘qidi, savobini payg‘ambarlarimizga, azizu avliyolarga, dunyodan o‘tgan ahli mo‘minga, xususan mana shu yerda yotgan birodarimiz falonchiga bag‘ishladik, deb yuziga fotiha tortdi. Qolganlar ham shunday qilishdi.
– Ana endi bemalol kelaverasizlar, – dedi Chol. – Ota o‘tganidan keyin tashvishlarga chalg‘ib esdan chiqarib qo‘yish kerak emas. Boshiga tez-tez kelib turinglar.
– Xo‘p, – dedi o‘g‘il.
Qilgan ishidan qoniqqan to‘da imillab qishloqqa qaytdi.
* * *
Ertasiga bu yerga ikki-uch kishi kelib, marmartoshni o‘rnatib ketishdi. Yashab o‘tilgan umrning o‘tkinchiligidan va yaqinlarining mehru oqibatlaridan xabar beruvchi marmartoshning o‘rtasiga, guldor hoshiya ichiga bitilgan mana bu she’r bir necha yil yomg‘irlardayu qorlarda, saratondayu kuzakda qorayinqirab, bir xilda qaqqayib turdi:
Qator-qator uy solgan,
Devoriga gul solgan,
Solgan guli bitmasdan,
Go‘ristonga yo‘l olgan,
Eksa bitmas maydonim,
Chaqirsam kelmas mehmonim,
Ot ko‘tarmas polvonim,
Uyimdagi sultonim,
Orqamga tushgan oftobim,
Ustimga kiygan kimxobim,
Qishlardagi qishlovim,
Yozlardagi yaylovim,
Otajonim, jon otam,
Otajonim, voy otam…