Isajon Sulton. Hazrati Hizr izidan (hikoya)

Qurg‘oq dasht shamoli paydar-pay esar, har yer-har yerda o‘sgan daraxtlarning qurigan yaproqlarini band-bandidan uzib uchirar va oyog‘im ostiga to‘zon qilib urar edi.

Dashtning sariq o‘tlari chuchmal is taratardi. Havo issiq bo‘lsa-da, uzoq-uzoqlarda nima uchundir siyrak tumanga o‘ralib olgan ko‘kimtir tog‘lar ko‘zga tashlanadi. Balki masofa juda uzoq bo‘lgani uchun shunaqa ko‘rinayotgandir? Tog‘lar yonbag‘rida to‘p-to‘p yashil qishloqlar bor, Arslonbob tog‘lari, Arslon ota daxmasi o‘sha yoqlarda.

U tog‘ oralarida bo‘ri, tulki va hatto ayiq ham yashaydi, deyishadi. Tiyonshonga qaraganda ancha kichkina, ko‘kimtir-qoramtir qoyalarini yilning deyarli har faslida mana shunday siyrak tuman o‘rab turadi. Qoyatoshlarning yonbag‘irlari deyarli yaydoq, mayda-chuyda tog‘ butalariniyu pistalarni aytmasa, archayu sarvlar oz. Bilmadim, lekin yurtimning ayrim kishilari bo‘riyu ayiqni ulov qilib minib yurishgan. Ba’zilari hatto arslonlarni o‘zlariga bo‘ysundirganlar. Arslon ota ham o‘shalardan biri bo‘lishi mumkin.

Yurtim uzra azizu avliyolarning daxmalari sochilib ketgan. Xalq bu zotlarga, ko‘rsatgan mo‘jizalari Tangriga yaqinliklari bois deb qattiq e’tiqod qo‘ygan. Biri, uni ziyorat qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining qayda ekanini aniq sezib turgan. Boshqasi suv uzra va hatto havoda qadam tashlab yura olgan. Yana biri bomdod namozini Buxoroda, peshinni Tabrizda va shomni Ka’bada o‘qigan. Boshqasini esa bir vaqtning o‘zida turli yerlarda ko‘rishgan. Hayotda ekanliklarida avliyo maqomini olganlar, hayotdan o‘tganlaridan keyin esa azizlikning timsoliga aylanib ketganlar.

Ha, ular haqiqatan ham ulug‘ aziz-avliyolardir. Umri mobaynida nafsining va dunyoning jilvai nozlanishlariga sira havaslanmagan, dillaridagi g‘oyat kuchli imon sabab barchaning e’zoziga sazovor bo‘lgan zotlardir. Bir necha yillar avval Buxoroga borganimda eshitganim rivoyat yodimga tushadi. O‘sha yerning xizmatchisining aytishicha, bu muborak zot qoshiga hazrati Xizr suhbatga kelib turar emish. Tabiiyki, ulkan yashil yopinchiqli daxma tubida nimalar bo‘layotganini tasavvur qilish qiyin, biroq, azizlikning sirlarini anglab yetishga urinayotgan bir odam daxmaga tushunmovchilik ila boqar ekan, ayni damda ikki avliyoning ruhi bemalol suhbat qurayotgan bo‘lishi ham mumkin-ku?

Azizlar va avliyolar ochiq-yaqqol muborak kishilardirlar. Ularning azizlik maqomiga kelishlarining siri nimada? Albatta, u sirni bilganim bilan o‘sha maqomga ko‘tarila olishim uchun bilimim va qat’iyatim yetmasligini sezib turibman. Shu boisdan yuragimda g‘alati bir armon bo‘y cho‘zadi, taassuf bilan hoyu havas ichra o‘tkazgan umrim esimga keladi… balki men ham Xizri Ilyosni uchratarmikinman, deb ilinjlanaman.

Ha, men hazrati Xizrni izlamoqdaman.

Avliyolarga berilgan karomatlarga erisha olmagan, ammo yana bir ulug‘ avliyoga – Hazrati Xizrga duch kelgan kishilar haqida ham juda ko‘p rivoyatlar bor. Odamlar asrlar bo‘yi e’zozlaydigan, Tangri taoloning va farishtalarining e’zoziga ham sazovor bo‘lish uchun umrini sarf qilgan, dashtu sahro kezgan va u yuksak darajaga erishish uchun lozim bo‘lgan hamma shartlarni ado etsa-da, valilik maqomiga nima sababdandir yetisha olmagan zotlarning ba’zilariga u ro‘para kelgan. Azizlar – ana o‘shalardir. Ularning kщpining ismlari ham ayon emas. Avliyolarning darajalari mendan juda yuksakda ekanini qalbim sezadi. Biron nuqsoni bo‘lmagan, yulduzday nur sochib turgan avliyolardan ko‘ra, mashaqqatli bilim yo‘llaridan tafakkur cho‘qqilari sari intilgan va Hazrati Xizrning inoyati bois maqsadiga erishgan azizlarning yo‘li menga osonroqday tuyuladi…

Ha, avliyolarning daxmalari tomon olomon daryoday oqadi. Ularning maqbaralari baland, har tomondan ko‘rinib turadigan qilib qurilgan. Hazrati Xizrni uchratgan azizlarning daxmalari uzra esa ko‘pincha bir dona tug‘, bir tup gujum yoki qoyatoshdan uzilib tushgan katta xarsangtosh bo‘ladi. Goho hech narsa bo‘lmaydi, ismsiz, belgisiz oddiy bir maqbar. Lekin, qachonlardir ba’zilari o‘zlaridan iliq, mayin yog‘du taratgani haqida rivoyatlar bor. Chunki, u muborak zot otining tuyog‘i tekkan qaqroq yer ham birdaniga jonlanib, gulu chechak yozib yuborgan deydilar. Ba’zilarining toshiga turli yozuvlar o‘yib bitilgan bo‘ladi, ba’zilarining ustida esa hech qanday yozuv yo‘q, kimligi ham noma’lum.

* * *

Yoz quyoshi tevarakni birday qizdiradi. Qop-qora uzumlarni oqish chang qoplagan. Sarg‘imtir pastak uylar ustida dashtning issiq havosi jimirlaydi. Kishilar ekinzorlarida, uylarida turli-tuman yumushlar bilan ovora. Yoyilib oqayotgan ingichka toshloq soy bo‘yida o‘ynayotgan mayda-chuyda bolalar menga qiziqsinib qarashadi. Xotin-xalajning yuzlari ochiq, shaddod, ular ham yumush bilan band.

Dashtning o‘ynoqi shabadasi o‘t-o‘lanning qurigan barglarni uchirib, oyoqlarim ostiga olib kelib uradi.

O‘tib borarkanman, yo‘l yoqasidagi daraxtdan to‘p etib bir dona meva uzilib yerga tushdi. Qo‘limga olib, aylantirib qaradim. Kichkinagina, taram-taram xiyol qizg‘ish yo‘lli sarg‘ish olma ekan. Bandiga yaqin joyidan birov teshikcha ochibdi. Saldan keyin teshikchadan boshchasi qizg‘ish meva qurti bezovtalanib mo‘raladi. Olmani o‘tlar orasiga uloqtirib, yo‘limda davom etdim.

…Mana, Hazrati Ilon ota daxmasidaman. Bu kishining qoshiga ham Xizri Ilyos kelgan deydilar. Ortidan ilonlar ergashib yurishgan, amriga so‘zsiz bo‘ysunishgan. Hatto bahaybat bittasi oromini qo‘riqlab yotganmish. Olomon daryoday oqib kelar edi. Ular qatoriga men ham qo‘shildim. Kenggina, lekin shifti juda past dahlizga kirdik. Eshigi ham past edi, kirayotgan odam istasa-istamasa ta’zim qilib kirsin deb shunday qurilgan deb tushuntirdi xizmatchi. Poyafzallarimizni yechib, chordona qurib kutib o‘tirdik. Ichkaridan tilovat ovozlari eshitilardi. Xotin-xalaj, yoshu qari ko‘zida yoshi bilan qaytib chiqmoqda edilar. Izdihom orasida ko‘rlar, karlar, kasallar ko‘p edi. Bir kishi o‘zi yurolmas ekan, aravachada olib kelishibdi. Juft-juft bo‘lib befarzandlar ham o‘tirar edilar. Xizmatida yoki tijoratida ishi yurishmaganlar ham ora-sira ko‘zga tashlanar, bundaylar yurish-turishidan va o‘zini tutishidan ajralib turar, lekin oz sanoqli bo‘lib, kelguvchilarning aksariyati oddiy avom edi.

Kiraverishdagi tosh lavhga esa kufiy yozuvda bir bayt ham bitib qo‘yilibdi:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay…[1]

Ustiga tovlanuvchan yashil mato yopilgan uzun qabr atrofiga aylana to‘shaklar solinibdi. Xazina egasining hurmati bois shunday uzun daxma qurilgan bo‘lsa kerak. Daxma xizmatchisi – nuroniy bir otaxon shikasta ohangda tilovat boshladi. Tilovat so‘zlariga e’tibor berdim: oyat Tangri rizosi haqida bo‘lib, «Ey xotirjam-sokin jon, sen rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda Parvardigoringga qayt! Bas, solih bandalarim qatoriga va Mening jannatimga kir!» deyilmoqda edi. Tilovat tugagach, kishilar qo‘llarini daxmaga qo‘yishdi. Har kim o‘zining bir istagini, bir orzusini pichirlab ayta boshladi. Shuncha yuz ifodalari o‘xshash bo‘lib qolganiga e’tibor berdim – hammasining ko‘zida ajib ilinj va yolvorish boriydi. Ammo ba’zilar shu yerda ham olazarak bo‘lib o‘tirar, bular – hojattalablarning yonida kelgan hamrohlari edilar.

Ajab, bu makonga yetti yuz yildan buyon olomon mana shunday oqib keladi. Har kuni son-sanoqsiz kishilar shu kishining sha’niga duo qilib, xayr tilamoqdalar. Men ham ular qatori duo qildim, savobini Ilon otaga bag‘ishlab, o‘rnimdan turdim. Kishilar avliyoning haqqi-hurmati bois orqamachasiga yurib bormoqda, eshikka yetganlaridagina yuz o‘girmoqda edilar. G‘alati, boshqa qonuniyatlar bor edi bu yerda. Ipak qurti kapalakka aylanib, pillani teshib chiqib uchib ketdi, kishilar bo‘m-bo‘sh pilla ustida yig‘lab o‘tiribdilar, degan edi shunday ulug‘ kishilardan biri. Lekin xizmatchining aytishicha, avliyoning ruhi tirik vaaynan shu yerda emish. Aql shoshmasdan iloj qancha? U qonuniyatlar yozilmagan, aytilmagan, biroq, kelganlarning bari o‘z-o‘zidan amal qilmoqda edilar.

* * *

Tashqariga chiqqanimda tush mahali edi.

–     Mana bu tumorni oling, Ilon ota har doim o‘qib yurgan duolar yozilgan, – deb, yana menga tumor sotishga urinib ko‘rdi shu yerda aylanib yurgan yigitchalardan biri.

Ichkariga kirib chiqqunimcha tashqarida odam yana ko‘payibdi. Mahobatli, hashamdor arobalarda ba’zi boyonlar oila a’zolari bilan kelgan ekan. Orqaroqda ipak matolarga o‘rangan xotin-xalaj, oldinda gerdayibroq qadam tashlayotgan boyning kibrlanishlarini ko‘rdim.

Chiqishda, chinor ostida bir miskin kishi o‘tirgan ekan. Oldida suvqovoqdan yasalgan ko‘zasi, bir parcha latta ustida jiyda danaklaridan terilgan tasbehi. Sadaqa so‘rovchilardan bo‘lsa kerak. Qizig‘i shundaki, sonsiz-sanoqsiz kishilar mana shunday daxmalarga kelib, dunyoviy hojatlarini so‘rab yalinib-yolvorsalar, daxmalar atrofidagi miskinlar o‘sha hojattalablardan sadaqa so‘rab o‘tirishadi. Ajabo, nega aziz-avliyolardan so‘rashmas ekan, deb hayron bo‘laman.

–     Xudo yo‘liga sadaqa qiling, bolam, – dedi miskin, ming‘irlab. – Bolam och, o‘zim zaifman. Bir burda non uchun sadaqa qiling.

* * *

Keyingi manzilimga yetib kelganimda, manzaralar farqli edi. Sababi cho‘l va dashtlarning bepoyonligida bo‘lsa kerak. Qarovsiz og‘ochlar yakkam-dukkam o‘sibdi. Hammasining barglarini oqish to‘zon qoplagan. Daraxtlarga ola-bula lattalar boylab tashlangan, ostida eski tangalar bor. Sadaqa so‘rovchilar nima uchundir u tangalarga tegishmaydi, qo‘rqishadi. Mantiqsizlikdan aqlim shoshadi.

Bu yerda ham shabada qurigan barglarni ohista uchirib o‘ynar va kishilarning oyoqlariga olib kelib urar edi.

Maqbar atrofida o‘sha-o‘sha quroq olomon… Kichkina, ensiz barglari suvsizlikdan quriy boshlagan uch-to‘rtta daraxt ostida kishilar to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishar, befarzandlar farzand, omadsizlar omad, baxtsizlar baxt, kasallar shifo tilab avliyo maqbarasi yonida to‘plangan, bular ham o‘zlari bilan olib kelgan narsalarini yeb-ichib o‘tirishardi. Gujum ostidagi kishilardan biri menga naqshli arabiy yozuvlarni sotishga urinib ko‘rdi, arabcha bilmasligim uni qaytarolmadi, shu tumorlarni sotib olsam mo‘jizalar ro‘y berishini, balo-qazolardan saqlashini aytib iddao qildi.

–     Otani yetti kun tavof qilish kerak, – dedi u. – Bu kishilar yetti kundan beri shu yerda. Shundagina uning ruhi qo‘llab-quvvatlaydi.

Nariroqda uning xotini, onasi va ikki-uchta qizalog‘i ham ko‘zga tashlanar edi.

–     Kechasi osmonga qarasangiz, uchar yulduzlarning rosa ko‘pligini ko‘rasiz, – dedi tavofga kelganlardan biri. – Ular avliyo g‘ori ustida goho g‘uj bo‘lib olishadi, goho esa betinim yerga yog‘ilishadi…

Avliyo mozori qoshida yetti kun o‘tirdim. Bu dahma ham g‘oyat uzun, kattakon tug‘ qadab qo‘yilgan edi. Sababini so‘raganimda, Tangri taolo mo‘tabar ko‘rgani bois qabrini kengaytirgan, deb javob qildi daxmaning keksa xizmatchisi. Avliyoning g‘origa kirish menga nasib qilmadi, kirganimda ham bor-yo‘g‘i bir yerto‘lagagina kirgan bo‘lardim, haqiqiy bilim g‘ori menga nasib etmasligini avvaldanoq bilardim.

Keyin yana yo‘limda davom etdim. Avvalboshda taqir yerda o‘sgan mayda-chuyda butalar ham tugagach, silliq, mayda, o‘ziga suv yuqtirmaydigan g‘alati qumlar boshlandi. Har qancha suv ham bu yerda singib ketaveradi. Olis-olislarda tog‘lar ko‘zga tashlanadi, u – Tangritog‘ bo‘lsa kerak, lekin sarobmi yoki rostmi, bilish qiyin. Yerdan qaqqayib chiqib turgan toshlarning xarobalari aro kezarkanman, atrofida sayyohlar sanqib yurgan, noma’lum yozuvlar bitilgan toshlarni ham ko‘rdim, ularni siypalaganimda bir nimalarni his qildim ham.

Ha, olam uzra sochilib ketgan aziz kishilarning sanog‘ini Xudodan o‘zga hech kim bilolmaydi. Ularning qaysi biri avliyolikning qay maqomiga erishgani ham qorong‘u. Biroq ilmu fan g‘oyat taraqqiy etgan shu kunda kishilarning bu yerlarga daryoday oqib kelishlari ham g‘alat. Dunyo xazinalarining eshiklari tobora keng ochilgan, istagan narsangga erisha oladigan davr bo‘lsa, fazo kemalari o‘zga sayyoralarga parvoz qilishga chog‘lanayotgan, elektron ko‘zlar yerdan yuzlab yorug‘lik yili olisdagi yulduzlar bag‘rida ro‘y berayotgan hodisalardan tortib eng mayda zarralargacha ko‘rib tadqiq qilayotgan, shisha idishlarda odam a’zolarini o‘stirish tajriba qilinayotgan bir mahalda kishilarning mana shunday maqbaralar poyida nimalarnidir istab-yolvorishlari yanada g‘alat edi.

Avliyolar tungi osmonida yulduzlar uchgan makonlarda asrlar bo‘yi jim turadilar. Bu bepoyon cho‘llar o‘z bag‘rida yana qancha sirlarni yashirgan ekan? Ba’zi kishilar tunda ham ularning huzuriga keladilar. Qurbonliklar so‘yishadi, duolar qilishadi, haftalab-oylab ketmay o‘tirishadi. Hayotlarida nimadir o‘zgarishidan umidlanishadi. Bu yerda ham tunda yulduzlar g‘uj-g‘uj bo‘lib maqbarlar tepasida to‘planar, goho bir nechasi yorug‘ iz qoldirib pastga sho‘ng‘ir edi. Tevarakni uzoq kezdim. Bir joyda oyog‘im ostida yotgan bir bo‘lak qoramtir narsani topdim. Qo‘limga olsam, kichkina, sovuq temir parchasi ekan. “Erga qarab uchib, keyin so‘ngan o‘sha yulduzlardan birining parchasimikin?” deb o‘yladim.

* * *

Mana, kimligi noma’lum bir zotning oldidaman. U baland, ulkan, metin bir qoya ostida. Yonidan iliq suvli kichkina buloq qaynab chiqqan, turli dardlarga shifo. Qoya bag‘riga yozuvlar o‘yib yozilgan, ularni hali hech kim o‘qiy olgan emas. Qachonlardir yer yuzida yashab o‘tib ketgan kishilar tosh bag‘riga turli shakllarni o‘yib yozishgan. Buloq tubida eski tangalar xira yiltiraydi.

–     Bu qoyatosh bir mahallar o‘zidan yog‘du taratib turgan, oradan asrlar o‘tgach, nima sababdandir yog‘dusi so‘nib qolgan, – dedi shu yerdagi kishilardan biri.

Tosh poyiga cho‘k tushdim. Qanaqadir begona bir o‘t bor ekan, barglari kambar, uchli va kalta, qator tizilgan bargchalari shabadada shirillagan ovoz chiqara boshladi.

Bir dona qurigan yaprog‘i uchib, oyog‘im ostiga kelib urildi.

Xayolimga avval eshitganim bir rivoyat keldi. Inson bolalari almisoqda shahodat kalimasini aytganlarida bir farishta guvoh bo‘lgan ekan, keyin esa u nur taratuvchi toshga aylanibdi. Ka’badagi xajarul asvad, ya’ni qora tosh aslida o‘sha farishtadir, deydilar. Xajarul-asvad hozir nur taratmay qo‘ygan, lekin sonsiz-sanoqsiz kishilar uni tavof qiladilar. Men ham, agar Xazrati Xizrni topa olsam, Tangrimga shukronalar ayta-ayta, safarimni Ka’bada yakunlashni, xajarul-asvadni ko‘zimga surishni niyat qilganman.

Qiziq, ketay desam, ketolmayman. Qolay desam, haqirligimdan, istaklarimga erisholmasligimdan, umrimning behudaga ketishidan hayiqaman.

Goh-goh toshga yaqin borib quloq solaman. Qarshimdagi zot jim. Tun salqinida sovigan tosh yozuvlari orasiga bitta hasharot tushib qolibdi, yozuv chuqur bo‘lgani sababli chiqib ketolmay o‘rmalab aylanmoqda.

Bu yozuvlarning ma’nosi nima?

O‘rxun bitiklaridan xabarim bor. Oltoy yozuvlariningu jangu jadallardan hikoya qiluvchi boshqa bitiklarning ma’nolarini ham bilaman.

Osmonda esa tinmay yulduzlar g‘uj-g‘uj bo‘lib to‘planishadi, gohida ba’zilari yog‘duli iz qoldirib pastga – yer yuziga sho‘ng‘ishadi.

Bu yerda ham quroq-quroq ziyoratchilar to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishibdi. Ularning istaklarini taxmin qilsa bo‘ladi, yana o‘sha ahvol: befarzandlar farzand, omadsizlar omad, kambag‘allar boylik, kasallar sog‘lik ilinjida turli tomonlardan surgalib yetib kelishgan. Hammaning niyati tilak va so‘rash edi.

Betinim, betinim so‘rar edilar!

Hayfim keldi. Mo‘jiza egalarining huzuriga bo‘lmag‘ur tilaklar bilan ham kelinadimi axir? Dilimda bir huzun bino bo‘ldi. Shunda dasht yeli yana jonlandi-da, qadimiy bir qo‘shiq sasini olib kelib qulog‘imga urdi, so‘zlarini uncha anglamasam-da, ma’nosini yaxshi tushundim.

Do‘ndim shoxdan qo‘pgan quruq yaproqqa,

Sahar yeli, to‘zg‘it meni, ur meni.

Ko‘tar to‘zonimni bundan uzoqqa

Yorning yalang oyog‘iga ur meni…

 

Turli-turli kishilar: yoshu qari, sarvqadu qaddi egik, sog‘lomu xastalar kezar edi bunda. Ularning dillarining suvratlariga razm solishning iloji bormikin? Ko‘pchiligining qalblarida g‘alati yolg‘izlik hukm surayotgan bo‘lsa ne ajab? Aslida olomon ichida kezib, kulib-iztirob cheksalar-da, o‘z nafsu istaklari jarliklarining zulmatlarida sanqib yurgan bo‘lsalar-chi? Axir, hammasi benihoya ko‘p narsalarni so‘rab, betinim tavallo qilmoqdalar-ku? Orzular ham dil osmonida tunda men ko‘rgan yulduzlar kabi ucharmikin? Tilaklariga yetolmaganlarning qalblari boya yerda yotgan o‘sha temir parchasi kabi parchalarga to‘lib ketgan bo‘lsa-chi? Orzular yulduz kabi uchishi va ushalmagach, yerga tushib, so‘ngan yulduz parchalariga aylanib ketishi ham mumkinmi?

Bir qari cholni ko‘rdim, umri tugashiga bir yoki ikki kungina qolgan bu bebaxt vujudiga yopishgan va hozir azob berayotgan kasallikdan qutqarishini so‘rab iltijo qilmoqda edi.

Tujjorlarni ham ko‘rdim, molu dunyosi behisobligi yiltillab yog‘ bosib ketgan ko‘zlaridan bilinib turgan bu kishilar u mollarga yana qo‘shishini so‘rab tavallo qilar edilar. Biroq, bu yerdan chiqqanlarida qaysi biri yana qaytib o‘sha molu dunyosigacha sog‘-omon yeta olarkan, birov bilmas edi.

Bu olomonda yashash istagi shu kadar zo‘r ediki, aql bovar kilmasdi. To‘qson oltiga kirgan ilviragan bir chol badanida paydo bo‘lgan oq dog‘lardan xalos qilishini so‘rab kelibdi. Aravachada qo‘lsiz-oyoqsiz, g‘o‘la kabi bir odamni ham olib kelishgan ekan, u tushunarsiz va tuzalmas bir kasallikka mubtalo bo‘libdi, o‘sha kasalligiga davo so‘rab yolvormoqda edi.

Faqat shamolgina begidir va ozod kezar, kumlarni va qurigan maysalarning xazonlarini betinim sochib o‘ynardi.

O‘yga botib uzoq o‘tirdim bu yerlarda. Qarshimdagi noma’lum zot ham jim edi. Shu mahalgacha qoshida bo‘lganim hamma-hammasi ulkan bir sirni bag‘rida yashirganini, unga erishsam hayotim o‘zgarib ketishini bilsam-da, u muqaddas bilimlar bobida, ya’ni Xazrati Xizrni qanday uchratish mumkin ekani haqida hanuz tasavvurim yo‘q edi. Xalqda bu kishilar halolliklari, rostgo‘yliklari, Tangri taolo belgilagan chegaralardan chiqmaganlari va sidqidildan ibodatlari ila yuksak maqomlarga erishganlari haqida rivoyatlar yuradi. Bipoq, rostgo‘y va halol kishilar kammi dunyoda? Bir xalqdan yuz yilda bir avliyo chiqadi degan gap-chi? Har holda, ularning men anglab yetmagan yana boshqa xususiyatlari borligi aniq, biroq nima?

Ha, ikki daryo oralig‘idan to Tabrizu Ko‘niyoga qadar aziz-avliyolarning qabrlari sochilib yotibdi. Ularning ko‘pidan bexabarmiz. Ismlarinigina bilamiz, xolos. Men esini taniganidan beri ibodat ichida bo‘lgan juda ko‘p insonlarni taniyman. Ammo birontasida yuksaklik va komillik alomatlarini ko‘rmadim. U qanday g‘alati maqomki, aytilganlarning barini ado etilganida ham erishish mushkul? Aslida, aziz kim? U qanaqa maqom? Ne sabab ila ularga bunday karomat ato etilgan?

* * *

Hech qayerda izlaganimni topmadim. Afrosiyob shamollari, Nurota izg‘irinlari, Samarqandu Buxoroning yetti avliyosi daxmalariyu noma’lum toshlari… birontasi menga o‘z sirini ochmadi.

Nihoyat, jonsiz toshlar orasidan yana bir aziz zotning qabrini topdim.

Bu – so‘nik daxma edi. Balki u ham bir mahallar yog‘dulana-yog‘dulana, so‘ng so‘nib qolgandir? Xuddi sham yongani kabi. Ammo sham yog‘du tarata-tarata o‘zini xarjlab yuboradi. Azizlarning daxmalari esa ichida saqlagan sirlari tufayli yog‘dulanadi. Uning yog‘dusi bitmas-tuganmas bo‘ladi.

Biroq, so‘nib qolibdi-ku? Nega so‘ndi ekan? Umuman, azizlar mangu tirikdirlar degan gap aslida nisbiy bo‘lsa-da, ularning yog‘dulanish va so‘nish sabablari bizga baribiram mavhum. Sababini bilish qiyin.

Bu daxmaning so‘nish sababini o‘zimcha mulohaza qilib ko‘rdim. Men kabi sonsiz-sanoqsiz insonlarning tarixlarini o‘z ichida saqlagan, hayotlarini behuda narsalaru yanglish e’tiqodlar uchun sarf qilganlarning muarrixi emasmikin bu? “Erda yotgan mana bu so‘nik tosh askar edi, – dedi tavof uchun ortimdan ergashib kelgan bir kishi. – U yurtim deya halok bo‘lib ketganida, u bilgan yurtdan asar ham qolmagan edi. Qarang, ichkariroqda yana yuzlab toshchalar yotibdi…”

Erda yotgan g‘uj-g‘uj toshchalar o‘sha-o‘sha, so‘ngan yulduzlarning qoldiqlariga, sovib qolgan temir parchalariga o‘xshar edi.

Osmon xira tusda, dasht aro izg‘irin shabada esardi. Nariroqda bir to‘da kishilar to‘planib yeb-ichib o‘tirishardi. So‘yilgan qo‘ylarning terilari ko‘zga tashlanardi. “Tig‘ tegmagan qo‘y bo‘lishi kerak”, der edi birov do‘rilloq ovozda.

Avom, avom! Yo‘q, karomatu mo‘jizalar bu avomning insofga kelishi uchun berilmagandir? O‘ziga berilgan mo‘jizalardan hech qachon qoniqmaydigan, yana va yana ko‘lini cho‘zib betinim va betinim so‘rashni, tilanishni yaxshi ko‘radigan avom zotan suv ustida suzmoqda, bo‘ladigan voqea-hodisalarni oldindan bilmoqda, xastaliklardan davo topmoqda, ko‘r-ko‘rona timirskilanib hayoti dunyodan yashab o‘tmoqda! Nahr oldida, sohilda qayiq turgach, suv uzra piyoda yurib o‘tishdan ne naf? Suv uzra piyoda ketayotgan kishi yemish haqida o‘ylarmidi? Yo‘q, albatta. Yupqa parda ustida yaratganning ismini aytib ketayotgan odam qo‘rquv va hayiqish ichra qadam bosishi haqiqatga yaqinroq. Chunki yurib borayotgan g‘oyat inja sath ostida tubsiz chuqurliklar borligining vahmi har doim shuurida o‘rgimchak kabi o‘rmalab turadi. “Seni suv ustida tutib turgan zot dunyo uzra ham mana shunday tutib turmoqdadir”, degan qattiq sadoni eshitayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bo‘ladigan voqealarni oldindan bilish yanada halokatliroq bilim ekaniga shubha yo‘q.

Nihoyasiz shu yo‘limda ketar ekanman, so‘qmoqda yana bir miskin uchradi. Yonida yosh bir bola bor edi.

–     Xudo yo‘liga sadaqa qiling, bolam, – dedi miskin, yolvorib. – Bu bola yetim, men ishlab pul topolmayman. Xudo haqqi, ochmiz, ozgina sadaqa qiling.

So‘rovlari ijobat bo‘lmaganlarning bittasimi bu? Azizlar qabri tepasida bu bebaxt ham xazina yoki boylik so‘rab ancha yolvorgandir? Daxma ichidagi zotning qay iztiroblar ichida ekanidan bexabar, pul, tilla, omad so‘ragandiru tilaklari ijobat bo‘lmagach, tirikchilikning osonroq yo‘liga o‘tib olgandir?

Uni qattiq malomat qilib o‘tib ketdim. Miskinning ko‘zlari yoshlanganini, ezilib tuproqqa o‘tirib qolganini, bolakay esa boshini egib ma’yuslanganini ham ko‘rdim. “Hoy inson, yoningdagi yosh bolangdan uyalmaysanmi, qay yuz bilan sadaqa so‘raysan?”

–     Dilimni vayron qilmang, – dedi miskin. – Har Musoga bir Xizr deganlarini eshitmaganmidingiz, bolam?

Yana qaraganimda miskin ham, bola ham yo‘q edi. Balki ho‘v ortda qolib ketgan daxma sari ketishgandir?

Shamol ular turgan joydagi daraxtning qurigan bargini uzib oldi. Biroq oyoqlarim ostiga olib kelib urmadi, balki uzoq-uzoqlarga uchirib ketdi.

* * *

Ha, ba’zi kishilarning yer yuzida tentiray-tentiray, g‘alati narsalarni so‘rab-tilab yurishining o‘ziyoq bu olomondan uzoq turish kerakligini bildirib turar edi. Umrlarining bir necha o‘n yilini sarflab muhtasham baland imoratlar qurib, yeb-ichib semirib kegan kishilar azizlar qoshiga ayniqsa ko‘p kelmoqda edilar. Ularning juda-juda baxtsiz ekanliklarini ko‘rmoqda edim. Ey badbaxt, o‘zing tilagan hashamning ichidasan-ku, yana qanday saodatdan lof uryapsan, dedim farog‘at ilinjida kelgan boylik egalariga.

Esimga daraxt shoxida ko‘rganim olma qurti keldi. Uning hikmatini ham darrovgina anglay qoldim. Yemishning eng lazzatlisi olma qurtiga berilgan ekan. Biroq hayoti mobaynida qurtlik maqomidan chiqa olmasligi uning qismati edi. Yodimga yana bir azizning hikmati keldi, qurt jondin kechib ipak bo‘ldi, ipak qurticha himmating yo‘qmi, demoqda edi u.

Lekin, maqbarlar qoshiga kelib turli narsalarni so‘raydiganlarga Tangrim so‘raganlarini berishini ham tushundim. Ziddi berilmasligini ham bildim. Man etilgan lazzatlar bilan farog‘at hech hachon qo‘shib berilmasligi olov bilan suvning birlasholmasligi kabi edi. Olomon esa betinim oqib kelar, daxma poyida yaslanar va tinmay, tinmay hojat so‘rar edi. Birovning xasmini sevib qolgan yosh yigit, o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushib qolishidan xavfsiragan o‘g‘ri, gunohlari va xatolari bois vujudiga kasallik ilashgan nafsi to‘ymaslar, “Ber! Ber! Ber” deya azizlarning makonlari tomon qo‘llarini cho‘za-cho‘za, bahaybat oqim bo‘lib oqar, oqar, oqar edilar.

* * *

Nihoyat, so‘nggi – yettinchi avliyo daxmasi qoshida chuqur o‘yga botib uzoq, juda uzoq o‘tirdim.

Daxmaning nuroniy xizmatchisi – keksa chol yelkamdan turtib, “Turaqoling, sahar vaqti kira boshladi” degandagina o‘zimga keldim.

–     Bolam, juda uzoq o‘tirib qoldingiz. Yuragingizda armonlaringizu taassuflaringiz qanchalar ko‘p bo‘lsa ham, Tangri so‘raganingizni albatta beradi, noumid bo‘lmang, – dedi u kulimsirab.

Eh otaxon, sizga nima ham deya olardim? Tilaklarim ijobat bo‘lmadi, biron yerda o‘zim istagan narsaga erisholmadim. Hazrati Xizrni qay tarz topish mumkinligiga o‘zimning aqlim yetmadi. Yana nimaniyam so‘ray? Eng oddiy bir tilagim – Ka’bani ko‘rish edi, hech yo‘qsa shu tilagim amalga osharmikin?

Gaplarimni eshitib, chol qo‘llarini duoga ochdi.

–     Keling unda, o‘g‘lim, birgalashib duo qilaylik. Shoyad tilagingiz ijobat bo‘lsa.

Unga qo‘shilib men ham xudoyimdan shu yerda yotgan aziz kishining haqqi hurmati, muqaddas Ka’bani ko‘rsatishini yolvorib so‘radim.

Shunda… mo‘jiza ro‘y berdi!

Ko‘z o‘ngimda Ka’ba yeri qalqib ko‘rindi!

Voajab! U yerda hech nima yo‘q, bo‘m-bo‘sh… Ka’ba vayron bo‘lib ketgan edi!

Nega? Nega?

Qulog‘imga oqsoqolning so‘zlari kirdi: “Aziz-avliyolar sirayam siz o‘ylagandek karomatlaru mo‘jizalarga ko‘milib yotgan kishilar emaslar. Ularning yanada haybatliroq iztiroblari, armonlari va afsuslari bor. Lekin Tangrimning buyukligi – so‘raganga so‘ralganni albatta berishidadir!..”

O‘girilib qaraganimda, yonimda hech kim yo‘q edi.

Lekin, hozirgina u turgan yerdagi bir dona quvroq o‘t jonlanib, yashil tus olgan, ikki dona mitti bargchasini yozib ham ulgurgan edi!

Hayajon ichra daxmadan qanday chopib chiqqanimni eslolmayman. Atrofimga alanglab ancha yugurdim. Ming afsuski, atrof bo‘m-bo‘sh, hech kimsa ko‘rinmas edi. Yaydoq bir qoyatosh tubida tiz bukdim. Buloqchadan miltirab zilol suv qaynab chiqar edi. Barcha uzuq-yuluq safarlarimning mazmuni sadaf marjoniday tizildi-da, hikmati aqlimda yolqinlana boshladi. Xuddi dasht yongani kabi, uzrlarimu bahonalarimni yondira-yondira, aqlu shuurimni egallay boshladi bu yong‘in.

Turay desam, o‘rnimdan qalqqani majolim yo‘q. Juda uzoq vaqt iztirob ichra qolganim sababli atrofimda butalar changal hosil qilib o‘sgan, to‘zon va changlar ustimga qo‘nib, bahor yomg‘irlarida loyga aylangan, quyosh qattiq qizdirganida sopolsimon qatlam hosil qilgan va allaqachon fikrlovchi qoyatoshga aylanib bo‘lgan edim.

Bag‘rimda hasharotlar chopib yurishar edi. Ustimda nimadir qimirlaganini ham sezdim, qarasam – bir qush, boshimga uya quribdi.

Yulduzlar uchgan kechalarda, oy va chaqmoqlar ostida, yelkalarimni tilkalab, hamma narsani yuvib ketadigan yomg‘irlaru jalalar tagida qaqqayib turar edim, xolos.

Ajablanarli joyi shundaki, nariroqdagi og‘ochlar ostida bir to‘p kishi, gujum shoxlariga rang-barang lattalarni boylab, ostida yeb-ichib o‘tirishardi. Yana bir to‘p olomon tegramda aylana bo‘lib olgan edi. Kimdir tutila-tutila, yanglish tarzda tilovat qila boshladi. Xastalar, majruhlar, ishi yurishmaganlar, farzandsizlar olomoni bu yerda ham ayni edi.

Nariroqda bir-ikkita bola qo‘lida tumor, aylanib yurardi. “Bu – hazrati Xizrga duch kelgan zot. Hayoti dunyoda o‘qib yurgan duolaridan sotib oling”, deb qichqirardi qora soqolli davangirday bir yigit.

Gujum ostida tig‘ tegmagan qo‘ylar so‘yilmoqda edi. Atrofimda gir aylanib o‘tirib olgan kishilar har doimgidek, hojatlarini so‘rab yalinib-yolvorardilar.

Men nima bera olaman sizlarga? Izlay-izlay, izlaganini topolmagan bir bandaman-ku? Tiriklikning, yashashning, hayot va mamotning sirlariga bir marta bo‘lsin boqishni istab, boqolmasdan qolib ketganimni bilsaydingiz! Neki bilsam, neki qilsam, bari behuda bo‘lib chiqqanini ham bilsaydingiz!

Shu mahal bir chol poyimga keldi. Yonida o‘n bir-o‘n ikki yoshlar chamasi bolakay ham bor edi. So‘z qotay desam, tilim yo‘q… o‘smir esa musaffo ko‘zlarini menga tikib, jim turar edi.

–     Mana, Hazrati Xizrga duch kelgan yana bir kishi, – dedi chol, soqoli titrab, o‘g‘liga. – Daxmasining ich-ichidan yog‘dulanayotganini ko‘ryapsanmi? Bu odam hayoti dunyoning sirlariga yetaman deb ko‘p urindi. So‘ra, o‘g‘lim, sidqidildan so‘rasang, zoti hurmati, Xudo tilagingni ijobat qilsa ajabmas.

–     Rostdanmi? – dedi bolakay, ko‘zlari chaqnab. Keyin yonimga kelib, qo‘llarini sirtimga qo‘yib, o‘z tilaklarini aytib pichirlay boshladi.

Qo‘zg‘almoqqa urindimu qo‘zg‘ala olmadim.

Yulduzlar mening ham tepamda g‘uj bo‘lib olishgan, ba’zilari yorug‘ iz qoldirib pastga sho‘ng‘ir, yerda esa kichkina, sovuq temir parchalari yotar edi.

–     Bobo, qarang! Uning yog‘dusi so‘na boshladi, – dedi bolakay to‘satdan, hayratlanib.

–     Tavba, – dedi chol ham. – G‘alati daxma ekan-ku?!

…Keyin xo‘rsinib, bolaning qo‘lidan tutdi:

–     Yuraqol, bolam, bizning borar manzilimiz bu emas, boshqaga o‘xshaydi…

2012

[1] Hazrat Alisher Navoiydan.