Bolalik mahallari edi… Ibrohimning otasi uzoq safarga ketdi. Bir haftalardan keyin qaytib, olib kelgan mayda-chuydalarini bolalariga tarqatib bo‘lgach, dasturxon ustida safar taassurotlarini gapirib o‘tirib:
– “Yak” degan yangi samolyot chiqibdi, o‘shanda uchdik, – dedi.
– Qanaqa emish? – qiziqib so‘radi Ibrohim.
– Juda tez ekan!
Ota bechora yana nimayam desin? Umrida birinchi marta uchgan bo‘lsa? Havo kemasining xususiyatlarini qay tarz tushuntirib bera olsin? Bolasiyam, o‘ziyam “T-28” traktoridan boshqasini bilmasa?
“T-28” chopiqda, dori solishda, yer haydashda, g‘o‘zapoya tashishda ishlatiladi. Lekin, zo‘r emas. Sababi, oltinchi yo yettinchi tezlikda sakrab ketadi. Traktorning zo‘ri “MTZ-80”. Undan ham zo‘ri – yurganida hushtak chaladigan bahaybat “K-700”.
O‘tgan joyini payhon qilib ketadigan, yo‘ltanlamas zanjirlisi ham bor, uni “DT-75” deydilar. Bundan tashqari, zovurlardan suv tortadigan, salarka bilan ishlaydigan ulkan nasoslar, ko‘rak chuvish mashinalari, paxtani chanoqdan ajratadigan “vorox”laru g‘o‘zapoya qirqadigan “karcho‘pka”larni xalq besh qo‘lday biladi.
Ammo uchoq…
Ibrohim maktabga borib “Otam zo‘r samolyotda uchibdi” deb maqtandi. “Yak” deganini bolalar bilishmas ekan, ishonishmadi. Fizika o‘qituvchisining xabari bor ekanmi, ishqilib:
– Ha-a, reaktiv motorli bo‘ladi. Rostdan ham juda tez uchadi, – deb qo‘ydi.
Ibrohimning o‘sha mahallardagi dars daftarlariga qarasangiz, “Yak”ning turli-tuman rasmlarini ko‘rasiz. G‘ildiraklarigacha, tumshug‘idan chiqib turgan radioso‘zlashuv antennasigacha, kabinadagi ikki uchuvchi bilan bir qatorda, illyuminatorlardan qarab turgan yo‘lovchilarigacha chizgan. Tabiiyki, havo kemasini boshqarayotgan uchuvchilardan birining gavdasi boshqalardan ko‘ra kattaroq, yuz-ko‘zi ham aniqroq, chunki u – Ibrohimning o‘zi!
Aslida, bolalar “Yak”dan kattaroq, olislarga uchadigan boshqacha uchoqlar borligini bilishardi. Oq-qora tasvirli televizorlarda goh-goh ko‘rinib qolardi-da. Biroq ular katta shaharlardagina bo‘larmish, bu atrofda unaqa ulkan samolyot qo‘na oladigan aerodrom yo‘qmish. “Yak-40” esa ixcham, kichkina, shu yoqlarga kelib qolishiyam hech gapmas. Xullas, yetib borish qiyin sanalgan chet manzillarning odamlariga xizmat ko‘rsatish uchun atay yasalganmish.
O‘sha kezlar har kuni parrakli bir samolyot tongda kunchiqarga, tush mahali esa kunbotarga qarab g‘o‘ng‘illab uchib o‘tardi. Keyinroq o‘tmay qo‘ydi, o‘rniga juda yuksaklarda kumushrang nuqtaday bo‘lib ko‘rinadigan boshqasi paydo bo‘ldi.
Bolalar otasi bilan yer chopishar edi. Ota ko‘kka qarab, peshanasining terini artib:
– Ana, o‘g‘lim, “Yak”! – dedi.
Ibrohimning quvonchi ichiga sig‘masdi. Hayajonlanib, ko‘zlari to‘la hayrat bilan samoga termilib qoldi. Eh-he! Shu ekan-da, afsonaviy “Yak-40”. Yaltirashini qaranglar! Baland uchishini qaranglar!
– Avvalgisi parrakli, imillab uchar edi, – dedi ota. – Buni ko‘rdingmi, zumda o‘tib ketdi.
Shu-shu, tong saharda kunchiqarga, tushlik mahali kunbotarga o‘tadigan u samolyot Ibrohimning samoviy hamrohiga aylanib qoldi.
Yuksaklarda o‘z yo‘nalishida parvoz qilayotgan kumushrang uchoq, pastda, yer betida esa uning har kungi o‘tishiga ko‘z tikadigan ko‘zlari chaqnoq bo‘z bolakay…
Bolalik osmonida birgina u emas, boshqa tur uchoqlar ham bor edi. Izidan oppoq tutun qoldirib samo bag‘rida juda sekin uchadigani bo‘lardi, ovozi kelaqolmasdi. Tabiiyki, ungayam qiziqishgan, “Ob-havo uchog‘i” degan javob olishgan. Ammo ob-havoni nega samolyot bilan o‘lchash kerakligi onglarga yetib kelmagan. Shuningdek, mototsiklday tarillab, terak balandligida ucha-ucha dalalarga dori sepadigan yana biri bo‘lib, qanoti fanerdan, deyishardi. Kabinasidagi uchuvchisi traktorchilar shlyomini kiyib o‘tirardi. Ko‘z ko‘raverib o‘rganib ketgan jaydari, mehnatkash uchoq-da. Dala chetlariga ham bemalol qo‘navergani uchun ninachiga o‘xshaydi. Ichiga to‘ldirib dori solingach, havoga ko‘tariladi-da, dalalaru ekinzorlar ustiga purkab o‘tadi.
U qaydayu “Yak” qayda!
Shu, xolos. Afsonaviy, tezuchar “Yak-40”, bu hududlarga kela olmaydigan bahaybat laynerlar, yuksaklarda nuqtaday bo‘lib uchadigan ob-havo samolyoti, terakbo‘yi balandlikdan dori purkaydigan ninachi-uchoq. Mana shular Ibrohimning bolaligining havo kemalari edi.
Eh-he, qanaqa qiziqardi-yu? Kuz sovuqlarida astaridan paxta isi kelib turgan ko‘rpa ostiga kirib ketib, saldan keyin navnihol badanga issiq o‘ta boshlaganida, xayolan aqlu tasavvur yetmaydigan olis ajoyibot o‘lkalariga parvoz qilayotgan o‘sha uchoq bag‘rida, orasta salonda, ko‘kish bejirim qalpog‘ini boshiga qiya kiyib olgan xushmuomala styuardessalar qoshida paydo bo‘lib qolardi. Pastga qaraganida o‘z qishlog‘i uzra uchayotgan bo‘lar, keyin manzara almashib, afsonaviy shaharlaru olam mo‘jizalari uzra yela-ela, g‘aroyib tasavvurlar og‘ushida uxlab qolardi.
* * *
Maktabni bitirgach ham uning uchoqlarga bo‘lgan qiziqishi so‘nmadi. Lekin, afsus, o‘qiyolmadi. Ota tez-tez kasal bo‘lar, tezroq ro‘zg‘orning bir chetiga kirishi, butun umrini bola-chaqasiga xarjlab yuborgan shu fidoyi zotga suyanchiq bo‘lishi kerak edi.
Ota uni novvoyga shogirdlikka berdi. Har kuni tong qorong‘isida novvoyxonaga yo‘l oladi. Qishloq uyg‘onmagan, bitta-ikkita uydagina sariq chiroq miltiraydi, bu – o‘sha xonadonda qariya borligini, erta saharlab tahoratga turganini bildiradi. Tevarak yorishmasidan novvoyxonaga yetib boradi, ikkita katta tandirga o‘t qalaydi. Kecha kechqurun usta tayyorlab ketgan xamir ko‘pchigan bo‘ladi. Keyin boshqalar yetib kelishadi. Sami novvoy tez-tez zuvala yasaydi, Karim novvoy esa non yopadi. Har kuni shu ahvol.
Novvoyxona ishi to‘ylar mahali qiziydi. Boshqa paytlari odamlar o‘z hovlilarida qurilgan tandirlarda non yopishadi. Shu sababli, to‘y bo‘lmagan kezlarda kichik tandirgagina o‘t qalanadi. To‘yda esa har ikkalasida ham ketma-ket patirlar pishaveradi.
Ishdan qaytayotganida uyiga ikkita yo to‘rtta non olib keladi. Kundalik rizq-da. Karim novvoy diyonatli kishi, oylikdan tashqari, ortgan nonlardan berib yuboradi. Ota xursand. “Eydigan noning har kuni kelib turadigan bunaqa ishni qaydan toparding, xudoga ming shukr”, deb qo‘yadi.
Tong qorong‘isida novvoyxonaga yo‘l olar ekan, juda yuksakda chirog‘ini miltiratib “Yak” uchib o‘tadi. U olis manzillarga yo‘lovchi va pochta olib ketayotgan bo‘ladi.
Nigohi tungi samoda, shudringdan namlangan ko‘chada qoqilib-suqilib odimlaydiyu xayoli yana havo kemasining ichiga ko‘chadi. O‘sha-o‘sha keng, yorug‘ salon. Orasta kiyingan, yuz-ko‘zlarida baxtiyorlik nishonalari sezilib turgan odamlar. Ular, albatta, yuksaklarda parvoz qilishayotgani uchun o‘zlarini baxtiyor sezadilar.
Hayot shunday davom etardi. Vaqti-soati yetib, ota ham jonini Haqqa topshirdi. Yelkaga ro‘zg‘or yuki tamomila tushdi.
Ota o‘tganidan uch-to‘rt yil keyin, bir kuni tong sahar yana novvoyxonaga ketayotsa… uchoq o‘tmadi!
Xavotiri oshib shu alanglaydi – yo‘q-da! Yulduzlar jimirlab turibdi, oy ohista botyapti, ufqning bir tomoni elas-elas bo‘zarmoqda… Yo‘q, hech qayerda yo‘q!
Nima bo‘ldi? Nega uchmay qo‘ydi?
Buzilib qoldimikan? Temir-ku, buzilmasinmi? Qudratli motorlar shamol paydo qiladi, uchoq o‘sha shamol qanotida uchadi. Motorining u yer-bu yeriga bir nima bo‘ldimikan? Balki yoqilg‘i keladigan quvurchalari bekilib qolgandir? Yo uchuvchisi kasaldir?
Ha-a… Biroq xavotir ortganini qarang. Kumushrang mitti uchoq hozir o‘z qo‘nimgohidamikan? Yo yo‘l-po‘lda halokatga uchradimi?
Xudo asrasin! Shuncha yildan beri bir tekis uchib turgan bo‘lsa…
“Shuncha yildan beri” deydi-yu yuragi hapriqadi. Qishloqda bir-ikkita mashina, mototsikl bor. O‘shalarni shuncha yil bir tekis haydab yurgan odamlar ham gohida boshqarolmasdan daraxt-paraxtga urilib yoki zovurlarga tushib ketishadi-ku?
– Rosa tez ekan, qurg‘ur. Kalitini burab, yurg‘izganimni bilaman, shartta opqochib ketdi! – deyishadi o‘zlarini oqlab.
– Ha, nima qilsayam temir-da. Temirlarning piri hazrati Dovud payg‘ambar bo‘ladilar. Shu sabab, moshinaga minganingizda “Yo Dovud pirim” deng! – nasihat qilishadi boshqalar.
Ishqilib, tuppa-tuzuk yurib turgan ulovlar halokatga uchraganida, uchoq uchramasinmi?
O‘sha kuni tushlik mahali ham ko‘rinmadi. Bir nimasini yo‘qotganday tashvishlanib tashqariga chiqib, o‘zicha samoga nazar tashlaydi. Osmon ko‘m-ko‘k, musaffo. Miltillab uchadigan o‘sha uchoq baribiram yo‘q!
Eh… Tunda chirog‘ini yoqib olgani uchun uchar yulduzday ko‘rinardi. Kunduzi qaytayotganida esa qanotlarida quyosh nuri akslanib, kumushrangda tovlanardi.
– Bilmaysizlarmi, nimaga uchmay qo‘ydi ekan-a?
Yon-veridagilar yelka qisishadi. Qaydan ham bilishsin? Bunaqa narsalarni biladigan hech kim yo‘q-ku tevarakda. Odamlar bozorda narx-navo qimmatlaganini bilishadi, bu yil hosil qanaqa bo‘lishini chamalashadi, shugina xolos.
* * *
Bir mahallar narigi qishloq adog‘idagi shiypon yoniga qo‘lbola aerodrom qurilgan, dori sepadigan “An-2”lar o‘sha yerdan parvoz qiladi, deb eshitgan edi. Ibrohim atay so‘roqlab bordi. Dala shiyponida qorovuldan boshqa hech kim yo‘q ekan.
– E, u allaqachon uchmay qo‘ygan, – dedi qorovul. – Aerodromi Yoyilma degan tarafda, dashtda deyishadi. Nimaga uchmay qo‘yganini bilmayman. Uchuvchisi Qodirjon degan yaxshi, odobli yigit edi. Lekin bu tevarakning bolasi emas.
Chol “An-2”ga dori-pori tashib yurgan mahallari uchuvchi yigitdan ancha-muncha narsalarni bilib olgan ekan, o‘shalarni gapirib berdi:
– Nazarga ilmaymiz-u, aslida urushdan avval chiqqan ekan. Urushning birinchi yillarida ancha-muncha janglarga o‘sha samolyotda borishganmish. Kim bilsin, tumshug‘ida bitta parragi bor tarilloq uchoq-da. Lekin qanoti sirayam fanerdan emas, atay o‘zim ushlab ko‘rganman.
– Ismingiz payg‘ambar ismi ekan, – dedi keyin kulimsirab. – Siz ham uchishga qiziqar ekansiz-da?
Hafsalasi pir bo‘lib qaytib keldi.
Yo‘q, u uchoqlar boshqa uchmadi. Yosh ham qirqqa qarab ketdi.
* * *
Bir kuni Ibrohim qudratli bir tovushdan uyg‘ondi. Shoshib tashqariga chiqdi.
Havoda ulkan gulduros taralmoqda, haybatli bir nima gumburlab uchmoqda edi.
Unaqasini sira ko‘rmagan. Oldida “Yak” mushukboladay bo‘lib qoladi. Qanotlari keng, uzun, ko‘rkam, uchta projektori baravar yonib turibdi. Tezligini aytmaysizmi? G‘uvillab o‘tdi-ketdi.
Atay pastlab uchayotgani aniq, chunki u qudrat, u haybat bilan birpasda osmonu falakka chiqib ketishi hech gapmas.
Novvoyxonaga borsa, yoshlardan ikkitasi non olgani kelibdi.
– To‘y qilyapmiz, – dedi biri, orasi ochiq kurak tishlarini ko‘rsatib iljayib. – Ikki mingta non kerak.
– Kimning bolasisiz?
– Falonchining.
– Qayda o‘qiysiz?
– Texnika universitetida, aviatsiya bo‘limida.
– Iya, samolyotlarni tushunar ekansiz-da? – dedi bir nima topib olganday quvonib.
– Ha, uncha-muncha tushunaman.
– Unda, mana bu yerga o‘tiring, – dedi.
Erinmasdan choy damlab keldi, piyolaga quyib uzatdi-da, bor bilganlarini hikoya qilib berdi. Kechalari miltirab uchgan uchoqlardan “An-2”gacha – bittasiniyam qoldirmadi. So‘ng so‘radi:
– O‘sha “Yak” nimaga uchmay qo‘ygan, bilmaysizmi?
– U allaqachon eskirdi-ku? – deb javob qildi yigitcha. – Hozir aviatsiya juda rivojlanib ketgan. Siz “Yak”ni yaqindan ko‘rganmisiz?
– Yo‘q, – dedi Ibrohim. – Afsuski, ko‘rmaganman.
– Tor fyuzelyajli, past uchuvchi uchoq deyiladi. Bor-yo‘g‘i o‘ttizta yo‘lovchi oladi. Dum tarafida uchta motori bor, reaktiv bo‘lgani bilan juda ko‘p yonilg‘i sarflaydi. Shuningdek, boshqaruv tizimi ham allaqachon eskirgan, ishonchsiz. Ya’ni, zamonga mos emas. Uchmay qo‘yganining sababi esa, qachonlardir qaydadir halokatga uchragach, odamlar hayotiga xavf soladigan bunaqa uchoqlar kerak emas, deb uchishlardan olib tashlashgan. Hozir, bilmadim, qayda ekan. Balki allaqachon eritib, temiridan boshqa narsalar yasashgandir?
– Unda, kecha men ko‘rgan bahaybat uchoq-chi?
– “Boing”, – dedi yigitcha. – Nomi “Orzu layneri”. Dunyoda eng zo‘ri, juda ishonchli, qulay. O‘rindiqlarining har qatorida to‘qqiztadan odam o‘tiradi. O‘n ikki ming metr balandlikda, soatiga ming kilometr tezlikda parvoz qiladi. Ya’ni, havoga ko‘tarilib olguncha yuz chaqirim uchib qo‘yadi. To‘xtamay o‘n besh ming kilometrgacha uchaveradi…
– “Orzu layneri” dedingizmi? E tavba, nomini qarang, – hayratlandi Ibrohim. – Motori ishlaganida yonida turib bo‘lmasa kerak? Do‘ppingizni uchirib yuborar?
– Do‘ppi nima, odamniyam uchirib yuboradi, – deb javob qildi yigitcha. – O‘zim ko‘rdim-ku, shunaqa ko‘rkam, shunaqa qudratli… Biz o‘sha uchoqlarga texnik xizmat ko‘rsatadigan muhandis bo‘lib yetishib chiqamiz, shuning uchun atay oborib ko‘rsatishdi.
– E, otangizga rahmat, – dedi Ibrohim suyunib. – Endi ko‘nglim ancha joyiga tushdi. Qishloqqa kelganingizda kirib turing, bir piyola choy ichib ketasiz.
Yigitchalar xayrlashib chiqib ketishar ekan, tashqaridan o‘tin ko‘tarib kirayotgan boshqa novvoyga duch kelishdi. Chit ro‘molni do‘ppisi tegrasidan aylantirib tang‘ib olgan u kishi:
– Qalay? Rosa gaplashdingizmi? – dedi boshi bilan Ibrohim tarafga ishora qilgancha iljayib.
– Ha, alomat odam ekan, – dedi yigitcha. – Aviatsiyaga juda qiziqar ekan-da. Rostini aytsam, shuncha narsani bilishiga hayron qoldim. Aytmoqchi, ismi kim ekan, so‘ramabmiz-ku?
– Ismi Ibrohim, – deb javob qildi novvoy. – Lekin otini aytsangiz, birov tanimaydi, laqabini aytishingiz kerak.
– Laqabi nima ekan?
– “Yak-40”, – deb kuldi novvoy. – “Yak-40” desangiz, hamma taniydi…
* * *
Ibrohim “Boing” bilan “Yak”ni xayolan taqqoslab ko‘rdi. O‘ziga qolsa, “Yak” baribiram qadrdon. Shamollarda chayqala-chayqala bir amallab uchsayam, bolalik orzularining beg‘ubor timsoli. Samoda g‘uvillagan ovozni eshitsa, yodiga otasi bilan yer chopganlari, erta bahorning muzday havosida ko‘ksini to‘ldirib qichqirganlari, qiyg‘os gullagan daraxtlar keladi.
Qolaversa, goho o‘zini shiddatli havo mavjlari aro, goh bo‘shliqlarga tushib, goh chayqala-chayqala rostlanib uchib borayotgan uchoqqa ham o‘xshatadi. Qirq yildan beri uchayotgan, qanotlari quyoshda yaltirayotgan mitti kumushrang uchoq… Ag‘darib chopilgan dalalar, g‘o‘za islari, yerda qolib ketgan shox-shabba uyumlari aro, hayrat ko‘zlarini osmonga tikkan bolalar orzularining, istiqbolning yorqin timsoli, olis ufqlar sari chorlovchi mitti umid yulduzi…
O‘ylay-o‘ylay, nihoyat bir xulosaga keldi. Hayot davom etmoqda. Hamma narsa yangilanib, o‘rnini boshqalari egallamoqda. U uchoqlar bolalik uchoqlari-da. Nimayam qilardik, qiziqadigan boshqa narsalar yo‘qmidi? Qaylardadir ulkan temir vagonlarni torta-torta uzoqlarga yo‘l oladigan poyezdlar-chi? Tavba, olislarga yo‘l olgani uchun shunaqa… timsol bo‘lib qolganmikan?
“Endi esa katta bo‘ldik”, deb o‘yladi u, qalbi nedir armon va o‘kinchga to‘lib.
Shoshma, bolalar-chi? Ularning ham o‘z uchoqlari bormikan?
Nevaralar hovli etagida o‘ynab yurishgan ekan. Qarasa, uzum terib solinadigan qutining taxtasini ko‘chirib, qo‘shuv alomatiga o‘xshatib mixlab, o‘zlaricha samolyot yasab olishibdi.
– Iya, buningiz samalyot-ku? – dedi kulimsirab.
– Ha, eng zo‘ri! – deb javob qildi nevara.
– Oti nima ekan?
– “Boing”!
– Nimasi zo‘r?
– Rosa katta-da. Juda ko‘p odam sig‘adi. Guvillab bir uchsa, butun dunyoni aylanib keladi.
– Hm-m… “Boing” deng? Unda, “Yak”-chi?
– U nima? – Bolakay hayron bo‘ldi. – Shunaqa uchoq ham bormi? Yo meni atay aldayapsizmi?
– Bir mahallar bor edi, bolam. Jimit, mitti… Xuddi suvdagi baliqchaga o‘xshab miltillab, chayqala-chayqala uchardi. Keyin zamon o‘zgarib ketdi, uchmay qo‘ydi. Ammo sizniki haqiqatan ham zo‘r ekan.
So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
– Men o‘sha uchoqda uchishni rosa orzulardim. Kechalari tushlarimga kirib chiqardi. Nasib qilmadi-da… O‘zi kichkina, bor-yo‘g‘i o‘ttizta odam olardi. Dalagayam, toshloqqayam qo‘nib ketaverardi. Sizniki esa katta aerodromlarga qo‘nadigan ekan.
– Uchganmisiz?
– Bo‘lmasam-chi, – yoyilib kulimsiradi Ibrohim. – Eh-he, qayoqlarga borganman-u! Qorlar, yomg‘irlar, tog‘u toshlar, cho‘llar, qishloqlar ustidan bir xilda parvoz qilaverardi. Yonilg‘isi sira tugamas, buzilib ham qolmasdi… Afsus… Mana, endi tobora pastlab… – xo‘rsindi u, tomog‘iga bir nima tiqilib. – …pastlab uchayotir. Kim bilsin, qachon, qay yerga qo‘nar ekan?
Bolalar kulishdi. To‘g‘ri-da, unaqa sekin uchoqning nimasi qiziq?
– Mayli, xafa bo‘lmang, – dedi nevara ishonch bilan. – Katta bo‘lvolay, uchuvchi bo‘laman. Shunaqa samolyotni minib oldingizga kelaman. Sizni rosa aylantiraman.
– Kim bilsin? – kulimsiradi Ibrohim. – Balki qaylardadir boshqa bir uchoq meni olib ketgani kelayotgandir… Balki juda yaqinlashib ham qolgandir?.. Lekin sizniki haqiqatan ham zo‘ri, eng uchquri ekan! Ishqilib, ko‘z tegmasin, umringiz uzoq bo‘lsin! – deb duo qildi beixtiyor.
Bolakay esa ortiq unga parvo qilmay, taxta samolyotini o‘zicha parvoz qildirib, daraxtzorlar tomon yelib ketdi:
– Ur-re, uchyapmi-iz!..
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 1-son