Isajon Sulton. Tuman (hikoya)

Iqbol Mirzoga

Bu voqeaga ancha bo‘lgan-da. U sovuqlar o‘tib, yomg‘irlar yerga singib, u qorlar erib, o‘rnida yam-yashil o‘tloqlar ko‘karib chiqqan.
O‘sha kuni vodiylaru vohalarni quyuq tuman bosgan edi. Sira tarqamas, bulut kabi har yoqni birday enlab olgan, goh quyuqlashib, goh siyraklashib turadigan jonli bir nimaga o‘xshardi.
Tuman hamma yoqni namlab tashlaydi. Sovuqda battar diydiratadi. Tevarak xuddi yomg‘ir yoqqanday bo‘lib qoladi. O‘tinlaru yog‘ochlarni, qolgan-qutgan shox-shabbalarni, ayvonlarda qolib ketgan to‘shagu sholchalarni ham jiqqa ho‘l qiladi. Bunaqa mahalda chorvani ochiqda qoldirib bo‘lmaydi deydilar. Bostirma ostida ham qoldirib bo‘lmaydi, chunki tuman – oquvchi bir nima, bostirma ostiga bulutday oqib kiradi, tandir ichidagi kullarini namlaydi, mol-holning o‘pkasini shamollatadi. Shu sabab, bostirmada turgan sigir-qo‘ylar ustiga goho eski sholcha yoki yirtiq-sirtiq to‘shak tashlab qo‘yishadi.
Uyda o‘tin tugagan edi. Ona bolalariga:
– Bolalarim, yobonga chiqib o‘tin-cho‘p terib kelmasangiz bo‘lmaydi, – dedi.
Qishloq dalalari tugagan joydan boshlanib, ko‘z yetmas ufqlarga qadar yastanib ketgan dashtni kishilar “yobon” deyishadi. Pastak qayishqoq butalar, har yer-har yerida dov-daraxt yakkam-dukkam o‘sgan u yaydoq hudud turli yovvoyi jondorlarning makoni.
Katta o‘g‘il – bo‘yi cho‘zilib, ancha esi kirib qolgan barvasta yigit:
– Xo‘p, onajon, darrov to‘plab kelamiz, – dedi.
Ukalariga aytgan edi, ukalar ham biri bolta, biri arqon olib, qalinroq ust-boshlarini kiyib tayyor bo‘lishdi.
– G‘o‘zapoya yoqsak bo‘lmaydimi? – deb so‘radi o‘rta bo‘yli, ko‘zlarida g‘ayrati chaqnab turadigan kichkina uka.
Katta aka javob qildi:
– G‘o‘zapoya darrov o‘chadi, kulini cho‘g‘iyam qolmaydi. Eng yaxshisi – tut. Dashtdagi qurigan tutlardan kallaklab kelamiz.
Eng kenjasi, akalari singari shiddatli emas, qo‘y ko‘zlari o‘ychanroq bolakay esa qo‘lidagi bir burda nonini olovga tutib, o‘choq oldida o‘tirardi. Bilsangiz, u mahallarning o‘choqlari uylarning ichida bo‘lardi. O‘choqda yonayotgan o‘tga qo‘lidagi nonini tutib isitib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi shu bola.
Katta aka:
– Yur, sen ham erkak bo‘lib o‘tin kesib kelishini o‘rgan, – dedi. Keyin onasiga qarata:
– Ona, kichkinangizniyam opketaqolaylik, ko‘zi o‘rgansin.
– Mayli, – dedi ona. – Faqat og‘ir ko‘tartirmagin, yosh bola, chaqilib qolmasin tag‘in.
– Xo‘p, – dedi katta aka.
Shu tariqa to‘rtovlon, kattasining va o‘rtanchasining qo‘lida bolta, keyingisining qo‘lida o‘ram arqon, uydan chiqib dashtga yo‘l olishdi.
Kenjatoy boyagina isitib o‘tirgan non parchasini ham qo‘yniga solvoldi, “Ochqasak, akalarim bilan yeymiz”, deb o‘yladi.
Ha, bular to‘rt o‘g‘lon edilar. Ota dunyodan erta o‘tib ketgan, shu sababli uy-ro‘zg‘or tashvishi barvaqt yelkasiga tushgan uch pahlavon hamda kichik uka. Kenjatoyning akalariga mehru muhabbati baland, buni isitilgan nonni qo‘yniga solvolishidan ham, “hammamiz birga yeymiz” deyishidan ham bilsa bo‘lardi…
Qishloq yo‘lidan bir oz yurishgach, zovur ustiga qachonlardir qurilgan omonat ko‘prikdan o‘tib, yobonga chiqishdi.
Yobonda tuman yanada quyuq, oyoq ostida rutubat qoplagan jonsiz o‘t-o‘lanlarning ilviragan tanasi ko‘zga tashlanar, cho‘kirtaklari qoraygan, muz tuprog‘i ne uchundir oqarinqiragan ekin yerlarining bir qismi, goho qay bir qushning buzilgan ini ham ko‘rinardi.
Dashtda tuman yanada quyuqlashdi. Do‘nglari, kesak¬lari katta-katta zovur ustida quyuqroq, yo‘l ustida esa siyrakroq bo‘lib suzardi. Tumanda qadam tovushlari eshitilmay qolar ekan. Oldinma-keyin borishaversa, ilgarida katta bir nima elas-elas qorayib ko‘rinaverdi. Yaqinlashib qarashsa, bahaybat tol ekan. Jiqqa ho‘l shoxlaridan tomchilar tomchilamoqda.
– Shuni shoxidan kesib ketsak-chi? – deb so‘radi kichkina uka.
– Tol mo‘rt bo‘ladi, tezda yonib tugab qoladi, – dedi katta aka, qovog‘ini solib. – Oz qoldi, yana picha yursak, jarlik oldida qurib qolgan besh-oltita tut bor, o‘shani kallaklaymiz.
– Yanayam boraversang, dasht ichkarisida saksovullar ham bor, – dedi o‘rtancha aka. – Ammo juda uzoqda-da, adashib qolish hech gapmas. Keyin, u tomonlarda katta-katta echkemarlar izg‘ib yurishadi.
– Chiyabo‘rilarni aytmaysanmi? – dedi katta aka, ko‘zlarini ola-kula qilib. – Qishda och qolib yemish izlab sanqishadi. Yemish topolmasa, ochligidan osmonga qarab uvillab, xudodan rizq so‘rashadi.
Kenjatoy esa tevarakka hurkib nigoh tashlab borardi-yu “Nimaga oldinroqdan g‘amlab qo‘ymadik-a? Ammo o‘tin kesib kelmasak ham bo‘lmaydi-da. Kechasi ayoz kuchaysa, uy sovib ketadi, keyin hammamiz qiynalamiz”, deb o‘ylardi.
Uning nazarida ayoz harakatlanuvchi, siljuvchi bir nimaday tuyuldi. Yo‘qsa, kuchayib yoki zaiflashib qolishi nimadan? Qish qattiq kelganida o‘tlarni qoraytirib ilviratadi, ochiq makonlarni bildirmay kezadi, tirqishlardan uylarning ichiga kirib, sabzavotlarni muzlatadi, yanada kuchaysa, o‘raga ko‘milgan sabzini ham yaxlatib qo‘yadi. Qopdagi yarimlab qolgan un seskantiruvchi bo‘lib qoladi. Yerda yotgan barglar ustini juda yupqa muz qoplaydi, qo‘lingizga olsangiz, bo‘rtiq tomirlari o‘z-o‘zidan qirsillab sinadi. Ko‘lmaklar tubi-yu, oqar suvning ustini ham muz bilan qoplab, naqshlar chizib qo‘yadi.
Bolakayning yuzi, qo‘llari sovqotardi. Namda ayoz ta’siri yanada ortar ekan. Arqonni bag‘riga bosib, qo‘lini qo‘yniga tiqqan edi, battar muzlatdi. “Paxtali qo‘lqop bo‘lsaydi” deb o‘yladi. Akalar – tog‘ kelbatli, bo‘ychan akalar unga qaramay, tez-tez qadam tashlab ketib borishardi.
“Nimaga akalar shunaqa bo‘lar ekan, – deb o‘yladi u, hanuz arqonini quchib ular ortidan choparkan. – Kuchli bo‘lishgani uchunmi? Katta akamni achchig‘i yomon. Sira ayamaydi, suyaklarimni og‘ritib-og‘ritib uradi. Shiddati, g‘azabi tez-da. Mana, hozir ham qaragisi kelmayapti. Boltasini yelkasiga qo‘yib bemalol ketyapti. Bolta katta, o‘tkir, oddiy emas – oybolta. Shox kesishga yaraydi-yu to‘nka yorishga yaramaydi. To‘nka yorgani ingichka, ammo pishiq oddiy bolta kerak bo‘ladi”.
Boshqa mahal bo‘lganida aka quvvatini ko‘z-ko‘zlab, yo‘l yoqasidagi burganu yantoqlarni bir urishda kesib o‘tgan bo‘lardi. Yantoq ostidagi qumda “kuldirgich” degan hasharot yashaydi. Tumanda qanday jon saqladi ekan? Bolakay qiziqsinib, yantoqlardan birining oldiga bordi. Ini turibdi, ammo o‘zi yo‘q. “Sovuqda o‘lib qolgan bo‘lsa-ya”, deb o‘yladi. In ostini kovlab ham ko‘rmoqchi edi, ammo barmoqlari battar sovqotishini o‘ylab fikridan qaytdi. Yana akalarining ortidan chopdi.
Ha, dala-tuzda har jonzot sovuqdan har turli saqlanadi. Yumronlarning ini chuqur bo‘ladi, quruq xaslardan opkirib solvoladi. O‘sha yerda qish tugashini kutib mudraydi. Qushlar uzoqlarga uchib ketishadi. Chiyabo‘rilar, yovvoyilashib ketgan kuchuklar esa yayloqlarda izg‘ib yurishadi. Qishda odamlar eshaklarini haydab yuborishadi, ular dashtda vahshiylarga yem bo‘lishadi.
Kenjatoyning tasavvurida zaif bir hayvonni talashib-tortishib, etlarini uzib-uzib g‘ajiyotgan katta kuchuklar jonlandi. Itlar bunaqa mahalda birovni yaqinlashtirishmaydi. Birov yovuq borsa, panjasi bilan o‘ljasini bosib turib, og‘zida qoni silqib turgan eti bilan tahdidli irillaydi. Yaqin kelma, bu meni o‘ljam deyayotganday bo‘ladi.
Ana, dunyoni bosib turgan shu noma’lumlik aro bir nima cho‘zib-cho‘zib uvilladi.
– Aka, chiyabo‘rimi?
– Bo‘rini naq o‘zi, – deb javob qildi katta aka.
– Yo‘g‘-e, qishda itlar ham shunaqa uvillaydi-ku?
– It boshqacha uvillaydi.
Kenjatoy endi akalariga yetib yurgisi kelardi. “Bekor arqon olibman, – deb afsuslandi. – Oybolta olsaydim…” Ammo chiyabo‘ri chiqib qolsa, oybolta bilan urishni tasavvur qilolmadi. Chunki, bolta og‘ir. Uyda, ayvondagi to‘shak qatida buklama pichoqchasi boriydi, shuni olmaganidan afsuslandi.
– Tez-tez yuraqolinglar, eh-he, hali qancha ish bor, – dedi katta aka. – Qaytgunimizcha qorong‘i tushib qolmasin.
O‘ram arqon namdan og‘irlashib, chuvalashib qolgan edi. Bolakay engashib, uni qayta o‘rashga urindi. Bu – taram-taram o‘rilgan, pishiq jun arqon edi. O‘rmoqlari orasiga nam tuproq kirib, yanada og‘irlashib qoldi. Bir-ikki urinib ko‘rdi-da, eplayolmagach, akalardan biriga “Arqonimni qaytadan o‘rab ber” demoqchi bo‘lib bosh ko‘tardi-yu alanglab qoldi.
Chunki, akalar g‘oyib bo‘lishgan edi!
Har taraf oqish tuman, ba’zi joylari siyrakroq, pag‘a-pag‘a suzar, o‘zgarar, orasida birov ko‘rinmasdi.
– Ie? – deb hayron bo‘ldi u.
Keyin pastroq ovozda chaqirdi:
– Aka-a?!
Hech kim javob qilmadi.
– Sodi-i-iq! – deya kattasining ismini aytib chaqirib ko‘rdi hurkak sas ila. Ularning ismiga “aka” qo‘shmay chaqirardi. Akalar ham “Kichkina-ku hali”, deb indashmasdi.
Javob kelmadi.
– Sobi-i-r? – deya chaqirib ko‘rdi u o‘rtanchasini.
Jimlik.
– Nodi-i-ir?
Uchovlonni go‘yo tuman yamlab-yutib yuborgan, shu oqish namchillik aro birdaniga g‘oyib bo‘lishgan edi.
Bolakay sarosimaga tushib qoldi. Yarim o‘ralgan arqonni qo‘liga oluvdi, battar nam tortganday tuyuldi. “Tashlab yuborsammikin” deb o‘yladi, ammo akalaridan hayiqdi.
Bu safar uchovining ismini birdan aytib chaqirdi:
– Sodi-i-q? Sobi-ir? Nodi-i-ir?
Sodiqdan ham, Sobirdan ham, Nodirdan ham javob kelmas edi.
Bolakay tevaragiga alanglab, “Akalarim ilgarilab ketishdiyu men payqamay qoldim” deb o‘yladi. Bu tuman aro qay tarafga ketishganini bilib bo‘lmaydi, o‘zicha izlaridan boraveray desa, adashib qolishi hech gapmas. Akalarim qaytib kelishib meni opketishar, deb o‘yladi sarosima ila.
Vaqtni ham bilib bo‘lmasdi. Hozir peshinmi, asrmi? Qorong‘i tushsa nima bo‘ladi? Bir-ikki odim otib, qarshisida ho‘l yulg‘unning oqish sharpasini ko‘rdi, nima sababdandir sovuq urmagan, kalta bargchalari, qizil tanasi yiltirab turardi.
Shu mahal yonginasida harakat sezildi. Qarasa, arqon o‘rami o‘z-o‘zidan eshilib-buralib, tuman orasiga kirib ketyapti! Ha, nimadir arqonni shitob bilan tortib ketdi. Uch-to‘rt quloch arqon birpasda tuman orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bolakayning yuzlari muzlab ketdi.
– Sodi-i-q? Sobi-ir? Nodi-i-ir?
Sado yo‘q.
Sas kelarmikin deb tevaragiga quloq osar, tuman saslarni ham yutib yuborganday edi.
– Ena-a! – deb nido qildi u cho‘zib, ona yetib kelolmasligini, kichkintoyining boshiga ne ish tushganidan bexabarligini bilsa-da. “Ena-a” deya yig‘lab yubordi og‘zi-burni sovuqda qizarib ketgan, diydirab turgan mushtdaygina shu bolakay…
Yig‘lasa-da, nigohi har tarafga og‘ar, qaydan jon qutqaruvchi najot yoki xatar kelishini bilolmasdan alanglar ham edi.
Elkalari uchib-uchib yig‘lardi boyaqish.

* * *

Shu mahalda shundoqqina yonginasidan qo‘rqinchli bir tovush tumanni yorib-kesib yangrab ketdi.
Bola ham qo‘rqqanidan sarosima ila baqirib yubordi.
Tuman orasidan juda uzun, haybatli bir nima eshilib-buralib, o‘xshashi yo‘q g‘alati tovush chiqarib yaqinlashib kelayotganday edi.
Tovush o‘tkir, yovvoyi, bir joydan emas, har joydan kelardi. Tovushning ham bosh-oxiri bo‘lar ekan-da? Harakatlanadigan noma’lum bir nima shundoq yonginasida-ku? Ilonmi desa, ilonlar qishda yer ostiga kirib ketishadi. Hayvon desa, tovush og‘ir, zalvorli.
Bolakay o‘sha tomondan ko‘zini uzmay, serrayganicha nam yerga o‘tirib qoldi. Oyoqchalari, qo‘lchalari titrar, lablari bir nimalarni pichirlar ham edi. Tinmasdan “Ena… ena…” deya shivirlardi.
Shivirlashining sababi qo‘rquvidan edi. Qattiqroq chaqirsa, o‘sha g‘alati hayvon to‘satdan tashlanib qoladi deb qo‘rqardi.
Shu mahal boyagi uvillagan tovush o‘zgarib, mudhish qahqahaga aylandi. Bola hanuz o‘sha alfozda o‘tirardi. Tuman aro kimlardir sharaqlab kula boshlashdi. Mudhish u hayvonning kulishi aqlga sig‘masdi, bola beshbattar qo‘rqdi. Ha, tuman orasidagi g‘alati kimsalar nima uchundir shodlanib kulmoqda edilar.
Yana bir soniya o‘tib, oqish parda ortida sharpalar ko‘rindi. Qornini ushlab kula-kula kelayotgan uch sharpa. Uch aka, uch pahlavon!
– Ha-ha, qo‘rqib ketdingmi? – deb kulardi kattasi.
– O‘l-a, qo‘rqoq! – der edi o‘rtanchasi.
– Ena-a, enajo-on… – deya mazaxlardi kichigi.
Kichik uka mana shunda rosmanasiga yig‘lab yubordi. O‘zini nihoyatda mayda, kichik, ahamiyatsiz, hech kimga keragi yo‘q noshud deya his qilib yig‘ladi.
Qo‘rqqani oshkor bo‘lib qolganidan, akalari masxara qilishganidan alami kelib yig‘ladi u.
– Bor hammang, yo‘qol! – deb yig‘ladi.
– Aka bo‘lmay o‘l hammang! – deb yig‘ladi.
So‘ng tuman orasiga chopib kirib, g‘oyib bo‘ldi.

* * *

Tumanda beshbattar qo‘rqmadimikan? Axir, oq yuzli, qora ko‘zlari o‘ychan boqadigan, kulganida chehrasi yashnab ketadigan bolakay edi.
Ha, qo‘rqoq edi. O‘zi tengi bolalar bilan urisholmasdi. Bo‘yi ham past, o‘zi zaifroq, ammo yuragi top-toza edi-da. Akalar – baquvvat, bilagida kuchi toshgan akalar biri chillak, biri oshiq o‘ynagani ko‘chaga chiqib ketishganida ham onasining yonidan ayrilmasdi. Katta paqirlarni ko‘tarib suv tashirdi, ona tandirga o‘t yoqsa g‘o‘zapoya olib kelardi, o‘ziyam o‘t yoqmoqchi bo‘lardi-yu ammo tandirga bo‘yi yetmasdi. Onasiga boshqacha mehribon edi-da shu bola.

Katta akaning hikoyasi

Eh… O‘zimizcha katta bo‘pqobmizmi? Bizlarni hayot katta qildi. Otamdan keyin ro‘zg‘orni hamma ishi bo‘ynimizga tushib qoldi-ku? Yer chopish, ekinga qarash-ku mayli. Suv janjallarida kap-katta odamlar bilan teppa-teng solishardim. Molbozorga saharlab mol yetaklab borib, moljalloblar bilan qo‘llarim uzilguday bo‘lib savdolashardim. O‘tin deysiz, tut o‘tini qattiq bo‘ladi, boltani bir ursangiz sapchib qaytganida bilagingiz, yelkalaringiz zirqirab ketadi. Tutlarni kesib keldim, sandallar qurdim, qishning qirovlarida muzday loylar qilib imoratning nuragan joylarini urib-suvadim.
Uyda yuraversa oyimbilak bo‘pqoladi dedim-da. Bilagi kuchga to‘lsin, ko‘ngli qattiq bo‘lsin! Bultur yozda suzishni o‘rgatganimdayam xafa bo‘luvdi. Udum shunaqa-da, kattalar kichiklarni dast ko‘tarib suvga otvorishadi. Joni shirin-ku, indamay cho‘kib ketaverarmidi? Ko‘zlari olayib-olayib, boshi suvdan bir chiqib-bir kirib o‘rganadi-da.
Hayot ham shunaqa. Pishishi uchun hayot degan daryoga otvorish kerak. Hali bolaligi bor, ko‘ngli bo‘sh, ammo vaqti kelganida turmushning o‘zi shafqatsiz qilib qo‘yadi.
Mana, yana arazlab ketdi. Shu ketganicha uyga boradi, onamizga “Akam meni qo‘rqitdi” deb shikoyat qiladi. Onamiz ko‘ngli ranjib “Supraqoqdimni nimaga qo‘rqitasan?” deb bizlarni koyiydi. Biroq, shunaqa yumshoqfe’l bo‘lib o‘ssa o‘ziga qiyin emasmi? Bir xil ishlar bo‘ladi – zararga o‘xshaydi, ammo vaqti kelib foydasi tegadi.
Qani, boraveraylik-chi.
Hoy Sobir, ko‘tar o‘tinni!

O‘rtancha aka hikoyasi

Aslida katta akam juda beshafqat.
Bir kuni ish buyurgan edi, “Bor, o‘zing qil” deb to‘ng‘illadim. Shunda qo‘limni qayirib yelkamga uruvdi, yomon og‘ridi. Alamim kelib “Nimaga urasan?” deb tikkamasiga tashlandim. Kuchim yetmasligini, bir ursa uchib ketishimni bilaman, ammo alamim shunchalar ediki, o‘lsam ham tashlanaverdim. Ikki yelkamdan ushlab bosganida qo‘limni qimirlatolmay qolsam, oyoqlarim bilan tepdim, bilagini tishladim. Ko‘zimning yoshi oqib-oqib, yig‘lab baqiraverdim:
– Nimaga urasan? Kuching kichkinaga yetdimi?
Katta akam shundan keyin:
– Ha, tuzuk. Mana endi yigit bo‘lding, – dedi qoniqish bilan. Yelkamdan tutib bag‘riga bosdi:
– Ana, erkak bo‘lding, uka!
Erkak bo‘lishim uchun urishishim kerakmi? Baqirib so‘kinishim kerakmi?
– Erkak shunaqa bo‘ladi, – dedi katta akam. – Bir nimaga tish-tirnog‘ing bilan yopishasan. Kuching yetmasa, chaynab uzib olasan. Shunda birov senga tegolmaydi.
Yaxshi, aka. Sen aytganday bo‘laqolsin.
Bugun ham shunday qilding. Kichkinamizni atay qo‘rqitding.
Eng kenjamiz shu, vaqti kelib bizlar uydan birin-ketin chiqib ketsak, onamizni yonida qoladi. Biz ham qarab turmasmiz-u, biroq, o‘zining ro‘zg‘oridan tashqari, onaga qarash zahmatiyam bo‘yniga tushadi. Eh-he, hayot oson ekanmi? Bo‘yniga tushadi deyman-u, o‘ylasam etim uvishib ketadi. Bir tushsa emaklatib qo‘yadigan qiyinchiliklar bor hali oldinda.
Onamizga tushuntirarmiz, bizlar atay qilmayapmiz, ko‘zi pishsin, dovdiramasin, qo‘rqmasin, tumanu sovuq ne, hali shunaqa tumanlarni, shunaqa qahratonlarni ko‘radiki, o‘shanda begona birovlarga javdirab qolmasin deymiz-da.
Ona-ku, bolasining ozor chekishini istarmidi? O‘g‘il bola erkak bo‘lib ulg‘ayishi kerak. Katta akam shuning uchun qiynadi uni.
Rostini aytsam, o‘zim ham bir mahallar shunaqa edim. Endi esa ko‘nglim toshday qattiq. Tuman tugul, dev oldimga chiqsayam kiprik qoqmayman. Oldimdan kelganini uzib-g‘ajib o‘tadigan shahdim bor. Rizqimni shunaqa qilib topaman-da. Bo‘lmasa, birovlar opketib qolishi hech gap emas.
Qani, boraveraylik-chi. O‘tirgandir hozir uyda, sandalga tiqilib. Mendan esa sovuq o‘tib ketdi. Qovurg‘alarimgacha, suyaklarimgacha zirqiradi.

Kichik akaning hikoyasi

Ikkala akam ham bekor qilishdi. Ukamni bekor qo‘rqitishdi.
Axir, juda kichkina-ku? Qo‘rqar edi-ku? Boya qanaqa javdirab kelayotganini sezmadingmi? Shoqol chiyillaganida rangi bo‘zarib ketdi. Senu menga qaradi, yonimizga chopib kelayotgan edi, arqoni chuvalashib qoldi. Bizlardan tortindi, yo‘qsa, pinjimizga tiqilib olardi.
Bu tumanda yonimizda bo‘lsa, o‘zini bexavotir his qilardi-da.
Onam uni nimaga “Supraqoqdim” deyishini bilasanmi? Xamir qorib, non yasaganini ko‘rgansan-ku? O‘zing ham suvlar tashib berarding. Non yasab bo‘lganidan keyin supraning eng tubida qolganlarini sidirib, jajji kulcha yasab qo‘yardi. “Bu maydaginamga” deb alohida mehr bilan yopardi. Qip-qizil singib, qisirlaydigan bo‘lib pishsa, o‘shaniyam yeb qo‘yardik. Jon aka, “supraqoqdi” degan gapni tushunmayapsanmi?
– Fozil?
Javob kelmas edi
– Hoy Fozi-il?
Har taraf oppoq tuman edi, xolos.
Haqiqatan ham qaylardadir shoqollar yana chiyillashdi. Bilsangiz, ularning chiyillashi goho odam ovoziga o‘xshab ketadi. Shoqollar qishda och qolishadi, dala-dasht bo‘ylab izg‘ib, yemish axtarishadi. Bular gala-gala yurishadi, adashib dashtga kelib qolgan kuchuklarni ham ko‘plashib tutib yeyishadi.
Uchala aka, yelkasida o‘tini, ukalarini shu tariqa izlashdi.
Keyin “Baribiram uyga boradi-da“ deb uylariga jo‘nayverishdi.

Kenjatoy hikoyasi

“Ota” deya o‘ksina-o‘ksina ketib borardi kenja, uyiga qarab.
Jon ota, siz bo‘lsaydingiz, bunaqa bo‘lmas edi.
Uyda o‘tin g‘aram bo‘lardi, biz ham shunaqa tumanlarda o‘tinga chiqmasdik. Katta akam yelkalari mayishib, qopda un olib kelmasdi. O‘rtancha akam bilaklari zirqirab o‘tin yormasdi. Kichkina akam sovqotmasdi.
Jon ota, siz borligingizda akalarim bunaqa emas edilar. Yoningizda siz bilan birga ish qilishsa, suyunib ketardim. To‘rt tomonimda to‘rtta tog‘ borday tuyulardi.
Siz yo‘qsiz-da, akalarim meni mazaxlashadigan bo‘lishdi. Shunaqa mahallarda doim sizni eslayveraman. Katta akam to‘ningizni kiyib yuradi. Ba’zan kirib kelsa, otajonim keldimikin deb ichim sevinchlarga to‘ladi. Ko‘zimdan yoshim duvillab oqib ketaveradi…
Shunaqa sog‘inaman-ki sizni, ota.
Mana, hozir uyga yetib boraman. Onam “Maydaginam” deb bag‘riga bosadi. Keyin akalarim kirib kelishadi. Yana ustimdan kulishadi. Onamga “Shu bolangiz qo‘rqoq” deb yomonlashadi.
Otajon, hech kimga aytmasam ham sizga aytaman. Bularga aytsam, ishonishmaydi baribir.
Tumanda tovushlardan hayiqqanim rost. Orasida men bilmaydigan g‘alati vahshiylar izg‘iganidan sarosimaga tushdim. Dashtda rosa katta ilon bor deyishardi, o‘sha kelib qolsa-ya deb ham qo‘rqdim.
Ammo yig‘lashimning sababi boshqa-ku?
O‘zim ne, yesa yeb ketardi-da. Akalarim ko‘rinmay ketganida yuragim zirqiradi. Men ham, akalarim ham adashib qoldik deb o‘yladim. O‘shanga yig‘lab yubordim.
Noma’lum vahshiylar barimizni yeb ketsa, onam sho‘rlik nima qiladi deb yig‘ladim.
Tog‘day-tog‘day akalarimga bir nima bo‘lib qolsa-ya deb qo‘rqdim.
Keyin, meni mazax qilishganida o‘ksinib ketdim. Xavotir olganimdan, akalarimga bir nima bo‘lib qolmasin degan iztirobimdan o‘zim og‘rindim. Yuragimning ichi og‘rib qoldi-da, otajon.
Endi sira ularni o‘ylamayman. Xavotir ham olmayman.
Hali katta bo‘lvolay. Vaqt o‘tayotir, yil sayin yoshimga yosh qo‘shilayotir… Bir kun kelar axir, katta bo‘larman, kuchga ham to‘larman?
Axir, shunday qolib ketmasman?

* * *

Bolalar birin-ketin uyga kirib kelishdi. Yelkalaridagi o‘tinlarni bostirma ostiga tashlashdi.
– Dastyorlarimdan o‘zim o‘rgilay, – deb suyundi ona. – Bir g‘aram o‘tin qilib kepsizlar-a? Endi anchagacha o‘timiz o‘chmaydi, qozonimiz qaynaydi.
Kichkina oldinroq kirib kelgan edi. Bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlaridan o‘pmoqchi bo‘ldi:
– Kap-katta yigit bo‘pqolgan maydaginamdan aylanay…
Kichkina xomush, o‘zini chetga tortib turar edi.
– Senga nima bo‘ldi, bolajon? – deb so‘radi ona. – Sovqotib qoldingmi? Yo qiynaldingmi?
– Yo‘g‘-e, ona, – dedi katta aka, do‘rillab. – Siz aytganday, kap-katta yigit bo‘pti. O‘tinlarni yarmini shu bolangiz to‘pladi.
– Aytinglar, rostdan ham bir nima bo‘ldimi? Yo urishdingizmi?
Akalar bir ko‘z urishtirib olishdi. Kichkina hanuz ularga qaramas, lekin onasining oldiga bormas ham edi.
– Hech nima dedim-ku, so‘rayverasizmi? – dedi katta aka. – Sobir, bor, o‘tinni sarjinla, hozir o‘zim ham boraman. Katta boltani topib qo‘y.
– Nodir, yur, – dedi o‘rtancha, kichigiga qarab.
Katta aka bostirma tomon ketarkan, onaga dedi:
– Xavotir olmang, ona. Hech nima bo‘lgani yo‘q… O‘g‘lingiz bizga qo‘shilib o‘tin qilib keldi, xolos. Bor-yo‘g‘i shu.
Ha, bor-yo‘g‘i shu…
Lekin imkon bo‘lsaydi, uchovining ham onalariga atadigan bir dunyo gaplari boriydi. Hammasidan har xil gap chiqishi ham tayin edi. O‘tin yorish, uyga opkirish, olov yoqish kerak edi-da. Ro‘zg‘orda olov yonib turmasa kun o‘tarmidi? Har xil gaplarni ko‘paytirishdan nima naf? Bular hayotda ro‘y beradigan voqealar-ku, vaqt-soati kelib hammasi joyiga tushib ketadi.
Tushmay qolarmidi…
Hayot qancha narsalarni o‘z o‘rniga qo‘yib, saranjomlab qo‘yadi, bu nima bo‘pti? Har narsaning o‘z vaqt-soati bor. U vaqt-soat albatta keladi.
Kelmay qolarmidi…
O‘shanda shu yigitchalar kap-katta, rosmana erkaklarga aylanishadi. Ona yanada keksayadi, akalar birin-ketin imorat solib, ro‘zg‘orini bo‘lak qilib chiqib ketishadi, onaizor kenjatoyi bilan qoladi. Kenjatoy esa, akalari istaganiday, ko‘ngli qattiq, shafqatsiz erkak bo‘lib voyaga yetadi.
Etmay qolarmidi…
Hayotning beshafqat qonuni shu: hamma narsa o‘zgaradi. Bu sovuqlar o‘tib, yomg‘irlar yerga singib, qorlar erib, o‘rnida yam-yashil o‘tloqlar ko‘karib chiqadi.
Shunday… Vaqti kelib, o‘zi ham bola-chaqali bo‘lganida, kattalar keksayib, bolalar ulg‘ayib kelayotganini idrok qilib ko‘rib, hali suyagi qotmagan o‘g‘ilchasiga har turli qiyin yumushlarni buyurib, sinab ko‘rishi ham tayin. Chunki, kelajak olis, oldinda uni ham turli xatarlar, bo‘ri qiyofasidagi insonlar, dashtu dalalarning vahshiylari kabi har narsaga tashlanishga hoziru nozir qancha odamlar kutib turibdi. Toza qalbli, musaffo bolakay kelajakda o‘shalar orasidan haqini ayirib olib, topganini tishida tishlab ko‘tarib kelib, ro‘zg‘orini bir amallab tebratishni o‘rganishi ham kerak-ku?
Umr poyoni ko‘rina boshlaganida esa, yashab o‘tilgan hayotni mulohaza qilib, kechalari olis xotirotning sovuq tumanlari, yomg‘iru qorlari orasidan g‘ira-shira namoyon bo‘ladigan manzaralar aro, bolasiga bir mahallar bo‘lib o‘tgan o‘sha voqeani so‘zlab berishi ham tayin, albatta. “Men ham senday ishonuvchan, yuragi yaxshilik bilan limmo-lim to‘lgan bola edim. U mahallar dashtlarga o‘tin to‘plagani chiqardik. Otam o‘tib ketgan, to‘rt aka-ukaning yelkasiga ro‘zg‘or degan juda og‘ir yuk tushib qolgan edi. Uy-joyimni, ro‘zg‘orimni but qilgunimcha yetti suyagim ezilib, qirq so‘ngagim mayishib ketdi. Endi mening umrim sizlarga ibrat bo‘lsin” deya, barini birma-bir aytib ham beradi, albatta.
…Aytmay qo‘yarmidi?