– Sen kimsan? Kimning o‘g‘lisan?
Tangritog‘ning sarsar shamoli ot ustida borayotgan, taqimiga xurjun bostirib olgan askardan shuni so‘raydi.
– Kimni bolasisan? Otangni ismi ne?
Askar bu savolga javob bermaydi. Shamol uning uzun kokilini g‘azabga to‘lib tortqilaydi:
– Aytsang-chi! Otang kim?
Kokilli askarlar javob o‘rniga otga qamchi bosishadi. Jonivorlar titrab, qo‘ng‘ir tuproqlar ustida siyrak butalar oralab tasir-tusir chopa ketishadi.
Olam bo‘ylab kezib yuruvchi shamol zabti ostida bu cherik isi yoyiqqa taralib, olislardagi bo‘ri galasigacha yetib boradi. Dashtning beozor jonzotlari inlariga kirib yashirinishadi. Vahshiylar o‘zlarini ovloqqa olishadi. Ko‘kni kuz bulutlari egallaydi. Momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqib, yomg‘ir quyib yuboradi. Kokilli askarlarning usti-boshi, otlari ho‘l bo‘ladi. Shamol ular ortidan qolmaydi, goh to‘nlaridan, goh kokillaridan tortqilab, so‘rayveradi. Kokilli askarlar shamolga qarshi hech nima qilisholmay, ot yoliga egilib, quloqlarini qo‘llari bilan bekitib ketib borishadi:
– Ayt, kimsan? Kimning ustiga bosqin qilding? Xurjundagi bosh kimniki?
* * *
Janubi-sharqdagi turk uluslari kuchga to‘lib, Chin xoqonligining kun ko‘rishi qiyinlashib qoldi. Turkiylarning otlari uchqur, o‘zlari dovyurak edilar. Biror joyda chopqin bo‘lsa, ular qarshisida Chin qo‘shini mushukboladay bo‘lib qolardi. Ayniqsa, xoqonlikning g‘arbidagi xunlar yovqur edilar. Ulardan quyiroqda ko‘kturklar, sharqda qitanlar, janubda O‘n o‘q, Yetti jig‘a ulusi birlasholmay turardi. Agar bular birlashib olishsa, Chin xoqonligining kuli ko‘kka sovurilishi muqarrar edi.
Ha, xavf kuchli, yov davlatni yo‘q qilib yuborishi mumkin. Shu sababli, Chin xoqoni o‘z bilgichlarini yig‘ib, bunga qarshi nimalar qilsa bo‘lishini so‘radi.
– Turkiy uluslarning erlari dovyurak, chidamli. Ular go‘yo ot ustida tug‘ilishadi. Ot choptirib ketayotib yonga yoki ortga o‘girilib o‘q uzib mo‘ljalga aniq urishadi. Bizning cherik unday qilolmaydi, ulovlarimiz ham ularnikiday tezchopar emas. Ular bilan yoyiqda jang qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki cherigimiz yayov jang qilishga o‘rgangan, agar urushadigan bo‘lsak, ularni avrab, o‘rmonga olib kirish kerak, – dedi dongdor Chin bahodirlaridan biri.
Bular deyarli har yig‘inda aytiladigan behuda so‘zlar edi. Chin xoqoni g‘azablanib, bilgichlarga kelajakda turkiylarni yengish uchun bir hiyla o‘ylab topishlarini buyurdi. Ularni ayri-ayri uylarga qamab qo‘yishdi, har kuni kechqurun barchasi bir joyga yig‘ilishib, o‘ylaganlarini bahslashishardi. Yetarlicha osh-oziq ham berilmadi, chunki Ko‘k o‘g‘li och odam to‘q odamdan ko‘ra yaxshiroq o‘ylashini bilardi.
Etti kundan keyin bilgichlarni xoqon huzuriga olib kirishdi.
Ko‘k O‘g‘li xoqon ularni par yostiqlar ustida yonboshlab kutib oldi.
– Xo‘sh, qanday yechim bilan keldingiz? – deb so‘radi u. – Agar o‘ylagan o‘yingiz bo‘lmag‘ur esa, ko‘shkdan haydalasiz, changalzorga surgun qilinasiz. So‘zlang!
– Ey dovruqli Ko‘k O‘g‘li xoqon, – dedi bilgichlarning oqsoqoli yetti bukilib. – Bizlar qo‘shinimizni turkiylarday urushishga o‘rgata olmaymiz, chunki unday mohir otliqlarimiz yo‘q. Sizning botirlaringiz orasidan otni yaxshi mina oladiganlarini tanlab, o‘q otish, qilich urish hunarini o‘rgatadigan bo‘lsak, bunga bir qancha yil ketadi. O‘rgata olsak ham, chopqinda anchasi o‘lib, sanog‘i yana ozayib qoladi. Bizning olisga otuvchi katta yoylarimiz bor, lekin unday yoylar “ot minuvchilar”ning yoyilib oquvchi qo‘shini qarshisida ish bermaydi, buning ustiga, bir yoyni tortish uchun uch-to‘rt kishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun, agar jonimizni bag‘ishlasangiz, uzoqni ko‘zlagan bir hiyla o‘yladik. Uni ado etishga ko‘p yil ketadi, ammo so‘ngida siz istagan ish sodir bo‘ladi. Ruxsat bering, o‘ylaganlarimizni bayon qilaylik.
Ko‘k O‘g‘li xoqon bosh irg‘adi. Bilgich davom etdi:
– Dovruqli Ko‘k O‘g‘li xoqonning boyliklari mo‘l, kishisi sanoqsiz. Shuning uchun, kunchiqardagi turkiylar bilan yolg‘ondakam ittifoq tuzsak, ularga oltin-kumush, mis hadyalar yuborib, o‘zimizni do‘st qilib ko‘rsatsak. Chegara yerlarimizdan katta bir qismini ajratib, yigitlariga qizlarimizni xotin qilib bersak. Shunda ulardan turkiylarday shijoatli, bizlarday aqlli bolalar tug‘ilishadi. Chin qizlari esa ularni Ko‘k O‘g‘li xoqon uchun o‘tgayu suvga kiradigan qilib o‘stirishadi… Oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz istagan qo‘shin ulg‘ayganidan so‘ng ularga davlat tuzishda yordam beramiz, shu yo‘l bilan turkiylarga qarshi katta kuchga ega bo‘lamiz.
Ko‘k O‘g‘li o‘ylanib qoldi. So‘ng iljayib, ko‘zlari yiltillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Lapanglab kelib, bilgichni quchoqlab oldi.
– Endi turk ulusining tugab bitishi aniq bo‘ldi! – dedi suyunib.
Bu ish 240 yilda sodir bo‘ldi. O‘sha yiliyoq Ko‘k o‘g‘li xoqon turk uluslariga so‘zchi yuborib, o‘rtoqlik va qarindoshlik istagida ekanini bildirdi. Bo‘liq yer-suv, ot, sigir, qo‘ylar berilishini aytdi. Turk buduni bu ishning ortida hiyla yashiringanini payqamasdan, Chin xoqoni bizning ko‘nglimizni ovlamoqchi, degan o‘yda rozi bo‘ldi. Shunday qilib, janubi-sharqiy hududlarning dashtli-o‘rmonli yerlari ularga yurt qilib berildi. Bir necha yuz er betashvish hayot ilinjida yangi joylarga borib o‘rnashdi.
Har kuni o‘nlab arava yegulik-ichkulik, kiyim-kechak, ashyo, oltin-kumush, suruv-suruv mol-qo‘y o‘sha yoqqa yo‘l olardi. Chin amaldorlari turkiy ulus yigitlarining aytganlarini to‘la ado etishardi. Turk erlari esa ularni nazar-pisand qilmas, xizmatkorlarimiz deb atashardi. Tez orada Irshon daryosi sohilida shaharcha barpo bo‘ldi, tegrasiga aylana devor olindi.
Turk erlari qaysar edilar. Chin amaldorlariga ish buyurishar, ota yurtidan temirchilarni chorlashgan, temirchilar allaqachon uch qirrali va yapasqi, uzun va qisqa o‘qlarni, to‘g‘ri va egri qilich-qalqonlarni yasab ulgurishgan edi. Ular atrofni kezib, qush-jonliq urib kelishni odat qilib olishdi. Biroq jonliqlarning bolalariga yoki qush polaponlariga sira tegishmasdi. Jangovarligi bilan dong taratgan turk erlarining mehribonligi chin kishilarini hayratga solardi, chunki ular yangi tug‘ilgan jonliqni eng lazzatli yemishlardan biri, deb hisoblashardi. Turk erlari o‘ljani keltirib xotinlar oldiga tashlashar, chin qizlari esa uni nima qilishni bilishmasdi. Biroq bu dovruqli ulus o‘z avlodlarini yeru ko‘kka ishonmay ardoqlashidan barcha xabardor edi: erlar xotinlariga o‘ljani bo‘g‘izlashni, bo‘laklashni, pishirishni, hatto ov qilishni ham o‘rgatishdi, shu bilan bu yerda hayot gurkiradi.
Oradan bir qancha yil o‘tgach, chin qizlari ikki-uchtadan bola tug‘ishdi. Turk erlari o‘z o‘g‘lonlarini “otam” deb alqar, ot minish, o‘q otish, qilich urish kabi hunarlarni bola yoshidanoq o‘rgatar, ovga o‘zlari bilan olib ketishardi. Bu mahalga kelib Ko‘k O‘g‘li xoqon olamdan o‘tdi, taxtga uning o‘g‘li o‘tirdi. Otasining rejalari unga to‘la ma’lum edi.
Chin xotinlari turk erlarini aytilganidek qilib avrashdi. Dovyuraklikda erlaridan qolishmaydigan, qoruvli, yovga botirlarday tippa-tik tashlanadigan qaysar ota ulus qizlari qarshisida chuchuk tilli, bo‘ysunuvchan chin qizlari ko‘zlariga yaxshi ko‘rinardi. Otalar buncha hasham, boylik, yer-suv qarshisida xotinlariga bir so‘z deya olishmasdi. Ularning to‘g‘riligi o‘zlariga qarshi keldi: axir, xotinlar rostini so‘zlashmoqda-ku! Buncha hasham, jonliq, boylik haqiqatan ham Ko‘k O‘g‘li xoqonning tuhfasi-ku? Ko‘kturklar o‘g‘lonlarini o‘zlariday dovyurak, botir qilib o‘stirishdi. Chin xotinlari esa erta bir kun alp bo‘lib ulg‘ayadigan o‘g‘lonlarga Chin xoqonini maqtashni kanda qilishmasdi. Haqiqatan ham, qo‘pol, qo‘rs, bir yumushga qo‘l urmaydigan otalar qaydayu nazokatli, aqlli, har narsani eplaydigan chin botirlari qayda? O‘z avlod-ajdodlarining aldoqchiligini ham oshirib-toshirib maqtashardi. Axir, hiylakorlik – aqllilikdan darak, zukko kishi hech qachon hiylaga laqqa tushmaydi!
Vaqti kelib, sodda otalar dunyodan o‘tishdi, keyingi olaquroq avlod ulg‘ayib, bir-biriga quda bo‘ldi. Yangi avlod ham chin xoqonidan muttasil kelib turadigan mo‘l-ko‘l yemish, ichku, oltin-kumush, mo‘ynayu barqutlar evaziga shohona yashashda davom etdi. Ular chegaralarni kezishar, goho chegara orti turk aymoqlariga bosqinlar ham qilishardi. Hatto ota o‘gitlari orasida elas-elas esda qolgan Ko‘k Tangrini unutib, chinlarning tosh haykallariga topinishni odat qilib olishdi. Bularning o‘zgalardan ajralib turadigan jihati – boshining orqa tarafidan bitta uzun kokil qo‘yishlari edi. Shunday kishilar duch kelib qolishsa, bir-birlarini kokilidan tanib olishardi.
– Sen kimsan? Onang kim?
Tabg‘achlar otasining kimligini aytishmasdi.
Lekin tomirlarda oqayotgan aralash qon baribiram o‘zini ko‘rsatdi: bular ozchilik bo‘lgan paytida qo‘rqoqlarga aylanishar, ko‘pchilik ekanida esa g‘animga shoqolday tashlanishardi. Shuningdek, hasham va bezakka nihoyatda o‘ch edilar. Bo‘lar-bo‘lmasga qimmatbaho po‘stinlarga o‘ranib, mo‘yna-bo‘rk kiyib, oltin-kumushlarni taqib yurishni yoqtirishardi.
Oradan bir necha yil o‘tib, ular Chin xoqonining ko‘magi bilan Tabg‘ach davlatini tuzishdi. Bu davlatda barcha chin tilida so‘zlashar, chin urflari qilinardi. Keyingi davrda esa ularning sanog‘i yanada ortdi. Nihoyat, ota qavmi ustiga yurish qilib, bosh kent O‘tukenni yoqib yuborishdi. Ota avlodning qattiq o‘g‘illarini qul, suluv qizlarini cho‘ri qilib olib ketishdi. Turk budun ularga qarshi ayovsiz urushdi, biroq yengildi. Budun erlarining so‘ngagi dala-dashtda tog‘day uyilib yotdi. Tabg‘ach shu tariqa ota qavmini qullikka soldi…
Turk qavmlari qonni otaga bog‘lashadi, nasabni otadan boboga o‘ta-o‘ta, Nuh payg‘ambarning yuksak axloqli o‘g‘li Yofasgacha taqab borishadi. Tabg‘ach esa o‘z qonidan tonadi. Kuchliroq, boyroq qavmga taassub qilib, o‘zini ularning nomi bilan nomlaydi, o‘shalar orasiga singib yo‘q bo‘lib ketgisi keladi va ota qavmini sira tiliga olmaydi. O‘z ota sulolasini tahqirlab, past ko‘rgan tabg‘ach qavmi mana shunday paydo bo‘ldi.
* * *
– Sen kimsan? Kimning o‘g‘lisan?
Tabg‘ach yana ikki qo‘li bilan qulog‘ini bekitadi.
– Ayt, xurjuningdagi bosh kimniki?
Xurjundagi bosh – Ko‘kyol Ota bo‘rining boshi! Tabg‘ach urushda yengdi, ota yurtga o‘t qo‘yib qaytishayotganida, tutab yotgan xarobalar orasida yollari ko‘kimtir katta bir bo‘rini ko‘rib qolishdi. “Turkiylarning Ko‘kyol Ota bo‘risi shu ekanmi? – deb hayron bo‘lishdi. – Qaranglar, joni ilvirab, o‘ladigan bo‘lib qolibdi-ku?” Uni uzun o‘q bilan urib olishdi, boshini kesib, xurjunga solishdi. Qaytishda qattiq shamol esdi, bulturgi xas-cho‘plaru xazonlarni ko‘tarib to‘pdagilar boshi uzra chunon sochdi, yomg‘ir ayamay savaladi, momaqaldiroq otlarni hurkitdi. Shu tarz, asosiy cherikdan ayni shu to‘p ajralib qoldi.
“Shamol kuchli bo‘ldi, adashib ketdik chog‘i,– deyishdi ular. – Lekin yo‘lni bilamiz, kechikib bo‘lsa-da, g‘alaba marosimiga yetib boramiz. Xurjunimizda Ko‘kyol Ota bo‘rining boshi yotibdi. Undan may kosasi yasaymiz, bayramda sharob sipqoramiz!”
Ko‘gman suvidan o‘tilganida oqshom qo‘ndi. Yomg‘iru shamol tina boshladi. Bulutlar tarqab, oy ko‘rindi. Tabg‘achlar pilch-pilch loy uzra borishardi.
Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Sokinlashayotgan tabiatning turfa saslari aro to‘satdan dahshatli uvillash yangrab ketdi!
Bu shunchalik hazin, uzun va bitmas-tuganmas uvillash ediki! Otlar ko‘zlari olayib, hayiqib sapchidi, tabg‘achlarning rangi bo‘zarib, serrayib qolishdi. Ho‘l butalar, tina boshlagan yomg‘ir, loy tevarak aro ro‘parada keng to‘shidagi va bo‘ynidagi yoli ko‘m-ko‘k yetakchi bo‘ri, ortida yana boshqalari, bari boshini ko‘kka cho‘zib, etni junjiktirib uvillardi.
Faqat bu – bo‘rilar zerikkan mahalida oyga qarab zorlanib, Ko‘k Tangridan afv so‘raydigan uvillash emas edi. Tabg‘ach qavmi qarshisida o‘lim-qolim jangiga kirish oldidagi jangovar uvillash yangramoqda edi.
Balki tasodifdir, biroq to‘pdan ayrilib qolgan tabg‘achlar “Bu jonzotlar Ko‘kyol Ota bo‘ri uchun o‘ch olishga keldi” degan o‘yda, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirab turishardi.
Shundan so‘ng oy bulutlar ostiga kirib ketdi, nimalar yuz bergani bilinmay qoldi. Bo‘rilar tabg‘achlarga tashlandi shekilli, kimdir qo‘rquv ichra baqirdi, kimdir dodlab qochdi… O‘z qarorgohiga yetib borgan boshqa tabg‘achlar bir to‘p erning dashtda yo‘qolib qolganini bilishsa-da, izlagani chiqishmadi. To‘g‘ri-da, nima zaril bayram shodiyonasini buzib? Tirik qolishgan bo‘lsa yetib kelishadi, mabodo yer tishlagan bo‘lsa, u holda, izlashdan ne naf?
Shu tariqa, turk budun tabg‘achga qaram bo‘ldi. Tabg‘achlar uni qullikka soldi.
…Endi oradan ellik yil o‘tadi. Ellik yil o‘tgach, tabg‘ach elida unib-o‘sgan bir erning tomirida ota qoni uyg‘onadi. Ota-onasi kimligini bilmaydigan bu yigit tevaragidagi kishilarning tutumlariga, qiliqlariga, maqtanishlariga qarab, o‘ziga-o‘zi “Men kimman? Otam kim?” degan savolni beradi. Surishtira-surishtira bir amallab otasi kimligini bilib olgach, tabg‘achlardan ayrilib, yer bag‘irlab yotgan tarqoq ulusini izlab boradi. O‘layozgan ulus unga donoligi uchun Bilga To‘nyuquq deb nom beradi. Bilga To‘nyuquq dostoni dovyuraklik, jasurlik va elparvarlikdan, er kishi uchun eng yaxshi o‘lim – el uchun o‘lish ekanidan so‘zlaydi, ammo u – butunlay boshqa bir dostondir.
* * *
Qaydam… bu juda olis tarix. Tabg‘achlar yer-suvlaridan ayrilib, olamga yoyilib ketishdi, ularni hech kim yo‘q qila olmadi. Juda joni qattiq, o‘lmaydigan qavm ekan, deyishadi bilgichlar.
Shamol esa yer yuzi bo‘ylab yeladi. Tog‘ etaklarida qahqaha uradi, tabg‘achlar yerining to‘zonlarini ko‘taradi, turkiy ellar tuproqlarini mayin-mayin silaydi, dengiz sohillarida sokin yellarga aylanadi va xuddi qiyomat oldidan tuproq ostidan chiqib keladigan yer maxluqi kabi, kishilardan so‘raydi:
– Sen kimsan? Otang kim?
Horg‘in kuz kunlarining birida, mabodo sizning ham yuzingizni silagan chog‘i qulog‘ingizga shunday savol urilsa, hech ajablanmang. Chunki sizu bizning javobimiz aniq, imonimiz but:
– O‘zbeklarmiz. Turkning bosh bo‘g‘inimiz!