Bu voqeaga besh-olti yil bo‘ldi. Aslida, aytishga arzigulik ham emas. Ba’zilar kulimsirab qo‘yishini ham sezayotgandayman. Lekin, xayolimdan ketaqolmaydi-da. Ko‘l bo‘yi, baqaqurilloq. Tungi samodagi tillarang oy. Suv yoqasida timirskilanib yurgan qora sharpa. Shu xolos.
Shu xolos deyman-u… U manzaralar ortida bahaybat, hayot degan yashnoq tiriklikni so‘ldirib, asta-sekin bostirib keladigan g‘alati bir musibat sezilganday bo‘laveradi.
Payqagandirsiz, aytishga ham taraddudlanib turibman.
Bahor mahali elning son-sanoqsiz qishloqlarida, oy havolagan tiniq kechalarda hammayoqni qurbaqa nag‘masi tutib ketishini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ariqlardagi, ko‘lmaklaru suv havzalaridagi son-sanoqsiz mitti yaratiqlar nima uchundir oy yog‘dusiga mahliyo bo‘lib sayrayverishadi. Zulmat kechalarda esa tek o‘tirishadi.
Bahor. Havoda, tuproqda iliqlik sezilib qolgan, o‘tlar yam-yashil, gullagan butalar kechasiyam oqish bo‘lib ko‘rinadi.
Qisqasi, toqqa borgan edik. Mo‘jaz ko‘l oldidagi eski dalahovliga joylashdik. Kichkina uycha, ayvon, chayla, qozon-tovoq… Ko‘l jimirlab turibdi. Tegrasidagi maysalar qizil, sariq, yashil, ko‘kish gul ochibdi. Borib qarab, hayron qoldim: ko‘kishlari chaqirtikan ekan. Hatto shuyam gullabdi! Ba’zilari suvga to‘kilibdi, orasida kichkina yashil baqa tek chayqaladi. Avvaliga bittasini ko‘rgan ekanman, saldan keyin qarasam, sal narida yana bittasi, keyin yana, yana…
Erta bahorda bunaqa havzalarda millionlab itbaliqlar urug‘dan chiqadi. Suzib-suzib, mitti yashil baqalarga aylanishadi. Buni bolaligimdan beri bilaman. Hatto yomg‘ir ko‘lmaklarida ham paydo bo‘lib qolishadi.
Do‘stlarimizdan biri kaftini quloqlariga bosib oldi.
– Sukunatdan qulog‘im shang‘illayapti, – dedi jilmayib.
Quloq shang‘illashi bosim o‘zgargani tufayli. Har holda, ancha-muncha balanddamiz. Dengiz sathidan bunchalik yuksaklikda taom pishirib bo‘lmaydi, deyishadi. Tog‘liklar shu sababli ovqatlarini qaynatib emas, qovurib tayyorlashadi.
Quyosh botib, juda nozik qorong‘ilik pardasi tevarakni asta-sekin chulg‘adi. Favqulodda durkun maysalar, daraxtlar qiyofasi shom degan ummonga cho‘ma bordi. Tizza bo‘yi o‘tlar, gurkiragan ko‘k gulli tikanlarning shaklu shamoyili muloyimlashdi. Rosa uzoqlarda kichkina uychalarning chiroqlari miltiradi. Yaqinginada esa kattakon qush ovozsiz qanot qoqib o‘tdi.
– Tinchligini qara-ya… – dedi do‘stlarimizdan biri.
Tevarakni ancha kezdik. Daraxtlar orasidan ulkan qizg‘ish oy ko‘tarildi. Ko‘l suvida akslanib, shu’la yo‘lakchasi hosil qildi. Unda-bunda suv ostidan bosh ko‘targan o‘tlar qoramtir bo‘lib ko‘rindi. Yog‘du tevarak ranglarini ham o‘zgartirib, mayin, yumshoq bo‘yoqlarga bo‘yadi.
Saldan keyin, oymomo yanada havolagani mahal to‘satdan baqalar xonishi boshlanib ketdi. Avvaliga bir-ikkitasi, keyin qolganlari jo‘r bo‘lishdi. Tevarak vaqir-vuqir saslarga to‘ldi. Chunon sayrashyaptiki, naryog‘i yo‘q.
Atay borib, ko‘l yoqasiga qarab keldim. O‘zi ko‘rinmaydi, ammo ovozi quloqni yoradi.
Ko‘l qorovuli ozg‘in, yuzi cho‘tir-cho‘tir, barmoqlari qiyshiq kishi ekan. Tog‘ xalqini sodda-samimiy deb o‘rganib qolganmiz. Bu – kamgap, qoshlari o‘sib ketgan, butun turish-turmushi shu bahor manzarasiga mos tushmaydigan kishi, qo‘lida boltasi, bulturgi qurigan shox-shabbalarni butab yurardi.
Agar do‘stlarimizdan biri xato qilmaganida, u voqea ro‘y bermas, mening ichimda ham shu achinishu hayiqishlar bino bo‘lmasmidi? Afsuski…
– Shularni ovozini o‘chirishni iloji yo‘qmi? – dedi do‘stimiz iljayib, qo‘li bilan ko‘lni ko‘rsatib.
Qorovul bir ko‘lga, bir unga qaradi. Shunda ko‘zi sovuq yilt etdi.
O‘sha yilt etishda ham tevarak manzarasiga mos tushmaydigan bir nima sezildi.
– Bor, – dedi past, bo‘g‘iq ovozda. – Nech pul beras?
– Shungayam pul olasizmi?
– Soqqasini bersangiz tinchitaman, – dedi u, ruhsiz. – Ishonavering, to sahargacha birontasining dami chiqmay qoladi.
Bor-yo‘q gapi shu bo‘ldi.
– Bo‘pti, siz aytganday bo‘laqolsin, – dedi do‘stimiz ham.
Qorovul pulni olib, yaxshilab cho‘ntagiga joylagach, shoshmasdan ko‘l bo‘yiga jo‘nadi.
Oy yanada havoga ko‘tarilib, qizg‘ishligi bilinmay ketdi, oltinday yaraqladi. Keyin yulduzlar charaqlab, osmonning uzoq-yaqin joylariga tilla changiday sochildi.
Qolgani bir necha daqiqa ichida ro‘y berdi.
U kishi bir qancha vaqt sohilni aylanib yurdi. Nimalarnidir chamalayotgani bilinib turardi.
Baqalar nag‘masi yanada avjiga chiqdi. Yengil shabada esa boshladi. Shunaqangi to‘lib-toshib sayrashardiki! Samodagi oltin oy shuncha jo‘shtirarmikin deb hayron edim.
Keyin ko‘l bo‘yida nimadir ro‘y berdi. Haligi kishi egilib, suvdan bir nimani oldi-da, qulochkashlab nariroqqa otib yubordi.
Otilgan narsa ho‘v narida cho‘lp etib suvga tushdi. Tevaragida kichkina halqalar hosil qilib, qorayib-qalqib turaverdi.
Shu zahoti ko‘l bo‘yidagilarining uni o‘chdi. So‘ng, xuddi birov atay qilganday, boshqalarining sasi ham tina boshladi, go‘yo shamol bir esib, ovozini biz turgan joydan boshlab uzoqlarga qadar o‘chirib o‘tayotganday edi.
Chirildoqlar ham bor ekan, vaqillashlar barham topgach, nimagadir chirildoqlar ham jimib ketishdi.
Tevarak tinchib qoldi. Nihoyatda sokin sukunat cho‘mdi.
– Iya, g‘alati bo‘ldi-ku, – dedik bir-birimizga qarab.
U kishi ko‘l bo‘yida tippa-tik, tosh qotib turardi. Har holda yana sas chiqaradimi-yo‘qmi deb chamalayotgan bo‘lishi mumkin.
Anchagina vaqt o‘tgach, bizlar ham yaqinlashib bordik.
– E tavba, nima qildingiz?
U kishi hanuz o‘sha ruhsiz ovozda javob qildi:
– Oy nurida juda jo‘shib sayrayotgan bittasi bor ekan. Tutib olib boshidan ezib o‘ldirdim-da, qaytib suvga otib yubordim…
Keyin yanada ruhsiz ohangda g‘o‘ldiradi:
– Afg‘onistonda… urushda… shunaqa qilardik!
– Qanaqa… qilardingiz?
– Shu… o‘zingiz ko‘rdingiz-ku!
Hammamizning nafasimiz ichimizga tushib ketdi.
Tasavvurim u mitti yashil maxluqlarning suv betida oyoq-qo‘lini to‘rt tomonga yoyib, chayqalib turganini jonlantirdi. Juda sayragisi kelsayam, yaqinginadagi o‘lim nafasidan hayiqqani uchun sas chiqarolmasmikin? Kim bilsin…
Aytdim-ku, bahor edi. Tevarak yaralish-yaratilish jo‘shqinligi ichida, har tarafda kelajakda meva bo‘lib yetiladigan kurtaklar nish urgan, ko‘kargan, gul ochgan, hatto yulduzlar ham yangidan tug‘ilganday, hamma narsa tozarish pallasida edi. Butun tabiatni zavqu shavqqa to‘ldirib yuborgan edi bahor.
– O‘ldirsa o‘ldiribdi-da. Bor-yo‘g‘i baqa-ku?
Ha, to‘g‘ri. Agar ko‘lda emas, ko‘lmakda dunyoga kelsaydi, o‘z-o‘zidan halok bo‘lib ketardi. Bahorda elning bepoyon kengliklarida bunaqa yaratiqlar son minglab dunyoga keladi. Qanchasi yashab, qanchasi o‘lib ketishi ham noma’lum.
Biroq, u voqea menga nima uchun shunaqa qattiq ta’sir qilmoqda? Bolaligimda o‘zim ham nechtasini o‘ldirganman-ku? Ninachilarning qanotini yulib olganman, xivchin bilan urib qanchadan-qanchasini jonidan judo qilganman, ta’sirlanmaganman-ku? Ta’sirlanish ne, nima qilganimni o‘ylab ham ko‘rmaganman.
Endi esa…
Ovqatimiz pishdi. Haqiqatan ham chirildog‘u baqalarning sahargacha dami chiqmadi. Bir nimadan qo‘rqib-hayiqib, tek o‘tirishaverdi. Bizlar ham o‘sha jimjitlik aro yedik-ichdik, ko‘l yaratiqlarining tutumidan hayratlanib, uxlagani yotdik…
Tushimga bolaligim kiribdi. Benihoya kuchli porlagan quyosh har tarafni zar bilan o‘ragan, o‘zim kabi navqiron daraxtlar orasida chopib yurarmishman. Bobom, enam, otam tirik, menga kulib qarab turisharmish. Shoxdagi ko‘m-ko‘k xom olmalardan uzib, ularga uzatarmishman…
Qushlar sayrog‘idan uyg‘ondim. Quyosh chiqib, kunduz olamga yoyilibdi. Hamma yoqni tutib ketgan chug‘urlarga kulimsirab quloq solib yotarkanman, kechagi hodisa esimga tushdi.
“Shularniyam birontasini o‘ldirib, daraxtga osib qo‘ysa, qolganlari chug‘urlamasmikin?” degan g‘alati o‘y keldi xayolimga.
Cho‘milmoqchi ham bo‘ldik, lekin havo salqin edi, buning ustiga, o‘lik baqa bor ko‘lga tushgimiz kelmadi. Nonushta qilib, yana bir oz aylanib, izimizga qaytaverdik.
* * *
Oradan yil o‘tgach, bolalar tog‘u toshga oboring deyishganida, “Xo‘p” dedimu keyin… borgim kelmayotganini payqab qoldim. Oyog‘im hech tortmadi. Tog‘da nima bor, dala-dashtga chiqinglar desam, tushunishmaydi. Dala-dasht deyman-u, u yoqda ham Xudoning beozor maxluqlari yashab yurishgani ko‘z oldimga keladi. O‘sha joyda ham biron noxush voqea ro‘y bersa-ya, deb o‘ylayman.
Xayolimda hali-hanuz o‘sha, sokin jimirlagan suv. Havolab ketgan oy, ko‘l yoqasida shamday qotib turgan kishi hamda birgina, bor-yo‘g‘i birgina jinsdoshining o‘ldirilganidan qo‘rqib, to sahargacha dami ichiga tushib ketgan beozor maxluqlar.
Haligi kishi o‘sha joylarni shoshilmasdan aylanib yurganga o‘xshaydi.
U qiyofa yana ko‘p manzaralarni hosil qiladi. O‘tgan joyida maysalar quriyotganini ko‘rib qolaman. Yashnoq fasl ichra kezgan yovuz sharpa bo‘lib tuyuladi. Tuyulishi ne, ruhsiz nigohi-yu qiyshiq barmoqlarigacha aniq-taniq ko‘raman.
…Rostdan ham, odamning aytgisi kelmaydigan voqea. Bolalarni hech qayoqqa yuborgim kelmaganining sababi shu. Ha, o‘shanday hodisaga yana duch kelishmasin, barq urgan hayot jo‘shqinliklari aro faqat yaxshiliklar ichida ulg‘ayishsin, mitti yuraklari nekbinliklar bilan to‘laqolsin deyman…
Bir otaning istagi yana qanaqa bo‘lardi?