Isajon Sulton. Mega-intellekt (hikoya)

Bir necha kundan beri safardaman. Havo isib ketdi. Yumushlarimni bitirib bugun uyimga qaytmoqdaman. Tong sahardan yomg‘ir yog‘ib, tevarakni top-toza qilib yuvib qo‘ydi. Gilos bilan o‘rikning yetilmagan och-yashil mevalari yiltirab tovlanadi.
Uyimni, bolalarimni sog‘inganman. Har kuni telefonda gaplashamizu bir nimamni yo‘qotib qo‘yganday, orasta shaharda o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman.
Nihoyat, bugun ertaroq yo‘lga chiqaqolay deya qaror qildim.
– Xudoga shukr… Uzoq yo‘lda zerikib qolmaysizmi? – deb so‘raydi ayolim telefonda.
– Zeriksam, “Viki” bilan gaplashib ketarman.
– Ja-a qadrdon bo‘pketyapsizmi “Viki”ngiz bilan? – go‘yo ranjiydi u.
“Viki”ngiz bilan degani – hushyor torttiradigan gap. “Viki”ngiz – sizning “Viki”ngiz, bizga uning mutlaqo aloqasi yo‘q degani. Qolaversa, “Qaydan topaqoldingiz u tasqarani” deganday iddao ham bor.
Sirasini aytsam, “Viki” – har qanday savolga javob bera oladigan tizim. Uni mega-intellekt ham deydilar. U bilmaydigan biror narsa yo‘q.
“Viki” turli tillarda gaplasha oladi. Lekin hali o‘zbekcha gaplashadigan darajada emas. Dunyoning asosiy olti tilida suhbatlashsangiz bo‘laveradi. Og‘zaki savol bersangiz ham tushunadi, so‘rovingizni matnga aylantirib, yuzlab manbalardan javob topib ro‘para qiladi.
Insoniyat bugunga qadar erishgan bilimlar dedim-ku? Haqiqatan ham shunday. Uning bunyodga kelishida son-sanoqsiz odamlarning mehnati bor.
“Viki”ni o‘zingiz sozlab olishingiz, istagan qiyofangizni baxsh etishingiz, istagan ovoz ohangida so‘zlashini belgilashingiz mumkin. Men Vikini sozlash mobaynida ancha o‘ylandim. Nihoyat, yoqimli ayol tovushini tanlay qoldim. Turli sozlovlar so‘ngida nihoyat “Viki” men istagan qiyofada namoyon bo‘ldi. Oq yuzli, cho‘zinchoq yuzli, mayin ovozli so‘lim bir qiyofa qalqib chiqdi.
Ayolimning g‘ashi kelgani shundan. Uning g‘ashi kelsa, mening zavqim keladi.
– “Viki”, salom.
– Salom.
– Kayfiyating yaxshimi?
– So‘raganingiz uchun minnatdorman.
– “Viki”, navigatsiya tizimini yoqib, boradigan manzilimizni belgila. U yerdagi ob-havo ma’lumotini aytib yubor-chi.
“Viki” bir muddat jim qoladi.
– Manzil belgilandi. Asosiy yo‘l bilan borilganida uch soatu qirq besh daqiqa vaqt sarflanadi. Ob-havo ma’lumotida qaysi meteoxizmat taxminlariga asoslanay?
– Markaziy meteoxizmatdan olaqol.
– Bugun o‘ttiz-o‘ttiz besh daraja issiq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik ehtimoli o‘n foiz. Namlik o‘ttiz sakkiz foiz. Shimoli-sharqdan soniyada ikki-etti metr tezlikda shamol esadi. Havo bosimi mo‘tadil, ko‘rish uzoqligi o‘n kilometr. Ultrafiolet nurlanish darajasi – birga teng.
– Rahmat.
– Arzimaydi.
“Viki” jim bo‘ladi.
Er yuzining istalgan joyidagi havo haroratinigina emas, o‘sha yerda sodir bo‘layotgan voqelarni ham bila olaman. Bepoyon ma’lumot kengliklaridan men istagan narsani topishi uchun bor-yo‘g‘i bir necha soniya kifoya. Katta shaharlardagi yo‘llarning tiqilinchligidan tortib uchoqlarning uchish-qo‘nish vaqtigacha aytib beradi.
Shu sababli uydagi kompyuterimda ham, planshetimda ham, qo‘l telefonimdayu ulovimda ham bor.
– “Viki”?
– Labbay.
– Dunyoda qanaqa yangiliklar?
– Insoniyat uchirgan fazo kemasi Quyosh tizimining sakkizinchi sayyorasiga yaqinlashib bormoqda. Janubiy Afrikada qurg‘oqchilik davom etayotir. Arabiston yarim orolida urush harakatlari tinchimayapti… Yana ma’lumotlar kerakmi?
– Yo‘q, kerak emas.
Xullas, ajoyib bir yordamchi. Hazillashishni ham biladi.
– “Viki”, yoshing nechada?
– Men sizga yordamchilik qila oladigan darajada yoshman.
– Kayfiyating qanaqa?
– Menda kayfiyat bo‘lmaydi. Men inson ovozi va mantiqiy fikrlashi imitatsiya qilingan elektron qiyofaman. Mening shaxsiyatim yo‘q.
– Mayli, salomat bo‘l.
– Rahmat.
Boya aytmadimmi, tongda shivalab yoqqan yomg‘ir gilosu o‘riklarning yashil barglarini top-toza qilib yuvib o‘tdi deb? Esimga o‘z hovlimdagi o‘rik bilan gilos keldi. Qadaganimga to‘rt yil bo‘ldi, hali meva qilay demaydi. Erta bahor zug‘um qilib, ildizidan teparoqqa bitta mix ham qoqib qo‘ygan edim, tunov kuni qarasam, o‘sha joy do‘mpayib qolibdi. Joni og‘rigan shekilli, mixni chiqarib tashlashga urinibdi.
– “Viki”, gilosni qanaqa qilib meva tugishga majburlasa bo‘ladi?
– Buning iloji yo‘q. Gilos – o‘qildizlilar tifasiga mansub ko‘p yillik daraxt bo‘lib…
– “Viki”!

* * *

Yo‘ldaman. Tog‘larga yaqinlashib qoldim.
Tabiat o‘zgarmoqda. Cho‘qqilarning uchlarida g‘uj daraxtlar ko‘zga tashlanadi. Havo sarinlashadi.
Qo‘ng‘iroq jiringlaydi, qizim “Ota, yo‘ldamisiz? Kelishingizga nima ovqat pishirib qo‘yay?” deb so‘raydi.
– “Viki”, yetib borgunimizcha shom bo‘ladi. Nima ovqat tavsiya qilsak ekan?
– Italyan, frantsuz, ingliz kechki taomlari. Steyk, barbekyu… Qay biri ma’qul?
– Ularga yo‘l bo‘lsin, – deb kulimsirayman. – Uy raqamini ter-chi.
Qizim go‘shakni ko‘taradi:
– Oy qizim, jambil-rayhon solib achchiqqina mastava qilaqol.
– Xo‘p bo‘ladi.
– “Viki”, mastava tayyorlash yo‘riqnomasi bormi?
– Albatta bor. Do‘lmali, go‘shtli, jazli, qiymali, qaysi biri zarur? Eron, afg‘on, turkman xalq taomlari orasidan…
Xayolim o‘tmishga yetaklab ketadi.
Enam juda shirin mastavalar pishirardi. Qo‘radan eski o‘tinlarni opkelsam, qoraygan cho‘yan qozon tagiga olov yoqib, birpasda ajoyib taom tayyorlab qo‘yardi. O‘zim necha martalab o‘shanday mastava qilishga urindim, qaniydi o‘xshasa! Tandirga sig‘may qolgan bir-ikkita xomni “pushti” deb yopardi, ya’ni olovi so‘na boshlagan tandir chetiga, pushtasiga yopilgan degan ma’noni bildirardi. U non zich, berch bo‘lib, to‘q-qizil tusda rosa singib pishardi. O‘shandan quyoshda quritib qo‘yganlarini dasturxonga opkelardi. “Mastavaga qo‘shib yeyaqolinglar, xudoyimni ne’mati, isrof bo‘lmasin”, derdi.
– Sen u mastavani bilsayding… – deyman “Viki”ga. – Bironta millat taomiga o‘xshamaydi.
– Qanaqa xususiyatlari bor ekan?
– Bolalarimning rizqi deb pishirardi, o‘shan-chun ozgina mehrini ham qo‘shvorardi.
“Viki” jim qoladi. Mastavaga qo‘shiladigan narsalar haqidagi ma’lumotlar orasidan mehr degan masalliqni topolmagan bo‘lishi mumkin.
– Yo‘riqnomalar orasida siz aytgan modda topilmadi. Umumjahon entsiklopediyasidan qarab ko‘raymi?
– Qarayqol.
Saldan keyin “Viki”ning ovozi keladi:
– Entsiklopediyada mehr degan mezon topilmadi. Boshqa tillardagi ma’lumotlarga o‘taman. Ingliz, ispan, frantsuz manbalaridan izlandi. Sinonimlari: sevgi, muhabbat, ishq.
– Yo‘q, “Viki”. Mehr boshqa narsa.
Afsus, o‘zbek tilini bilmaysan-da.
Sevgi deding, sevgi insonga, yurtga, elga bo‘ladi. Ishq-muhabbat ayolga nisbatan bo‘ladi, mehr esa…
Mehr deganlari juda beg‘araz, toza tuyg‘u. Ona bolasiga shunaqa mehr qo‘yadi. Uni hech nima bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Mehr-oqibatli kishilar deb bekorga aytilmaydi.
Yo‘llarga qarab o‘y surib boryapman. Dovon yo‘li tep-tekis, ko‘k-sariq ish kiyimidagi kishilar yumushlariga urinib yurishibdi. O‘ng tomonda cho‘qqilar tomon cho‘zilib ketgan yangi temiryo‘l bitay deb qolibdi.
– Navigatsiya tizimi ma’lumoti: sel xavfi bor. Aylanib o‘tish yo‘llarini ko‘rsataymi?
– Yo‘q, “Viki”, kerakmas. Men bu yo‘llarni juda yaxshi bilaman. Ko‘zimni yumib ham topib bora olaman.
– “Viki”, oqibat nima?
– Bir soniya… Sodir etilgan biror harakat, voqea-hodisaning natijasi oqibatdir.
– Oqibatli kishi-chi?
– Oqibatli kishi degan jumla topilmadi. “Natijali kishi” bo‘lishi mumkinmi?
– Yo‘q, bo‘lmaydi. Mehrga javoban ko‘rsatilgan mehrni oqibat deydilar. Bir-biringizga oqibatli bo‘ling degan gapning ma’nosi shu.
– Mening lug‘atimda unaqa so‘z yo‘q. O‘xshash so‘zlar bo‘limida “uqubat” bor ekan, mos kelmaydimi? Arab tilidan kelib chiqqan, juda uzoq davom etadigan azobli, mashaqqatli mehnatni bildiradi.
“Uqubat” dedingmi?
Dunyoda shunaqa narsalar bor-ki, aql qamrab ololmaydi. Har so‘z o‘zi bilan manzara tashiydi. U manzaralar o‘sha so‘zni bilgan kishining kimligiga qarab o‘zgaradi.
Mening lug‘atimda “uqubat” – qishning zahmatli mehnatlari, eshik tirqishidan ichkariga kirib uyilib qolgan qor zarralari, sovuq uylar, ustiga ko‘rpa yopilgan sandal va shunga o‘xshagan ancha tasvirlarni hosil qiladi. Qo‘llari qizarib ketgan otamning kuh-kuhlab o‘tin yorishlarini, qorga belangan o‘tinlarni uyga olib kirishlarini eslab ketaman. Muzloq yerlarda palaxsa-palaxsa bo‘lib qoraygan makkapoyalar ko‘z oldimga keladi, sovqotmasin deb eski to‘shaklarni sigir-buzoqlar ustiga diydirab yopganlarimizni eslayman. Yana, qaynoq nonlar, qishning qirovli kunlarida benihoya shirin tatigan to‘y sho‘rvalariyu palovlari yodimga tushadi. Uqubat degan so‘z ongimda shunaqa manzaralar hosil qiladi.
“Viki” sandal nimaligini, to‘y sho‘rvasi qanaqa bo‘lishini qaydan bilsin?
Mega-intellekt jimib qoladi. Nimayam derdi? Men unga aytayotgan gap-so‘zlar hech qaysi qomusda yo‘qligini o‘zim ham yaxshi bilaman.

* * *

Yo‘l chetida o‘t-o‘lan gul ochibdi, hatto tikanlar ham ko‘k-sariq gullabdi.
Ravon yo‘l tobora tepaga ko‘tariladi. Ko‘ksoy sharqirab oqadi. Yoqasida majnuntol o‘sgan, suv ko‘paygani uchun tanasi oqim ichida qolibdi, egik shoxlari oqimda sollanyapti. Suvchumchuq pirillab uchadi. Juda yuksakda bir qush qanotlarini qoqmasdan tek aylanadi.
Har tosh, har giyoh bir timsol hosil qilayotganini bilaman. Har biri bir voqeadan darak beradi. Shu bois ko‘zimga aziz, qadrdon ko‘rinadi.
Birdan dimog‘imga tog‘rayhon isi uriladi.
– “Viki”, rayhon nimaligini bilasanmi?
Mega-intellekt javob qiladi:
– Ha, bilaman. Janubiy o‘lkalarda uchraydigan yarim butasimon, ra’noguldoshlar oilasiga mansub o‘simlik, ba’zi turlari yoqimli is manbai sifatida, shuningdek, atir sanoatida va tibbiyotda ishlatiladi. Tarkibida selen moddasi bo‘ladi, u aslida radioaktiv modda, biroq, rayhon tarkibida shifobaxsh unsurga aylanadi…
Ra’noguldoshlar oilasiga mansub bo‘lsa bordir. Lekin u allaqachon mening oilamga mansub o‘simlik bo‘lib ulgurgan. Enam rahmatlik rayhonni juda yaxshi ko‘rardi. Jannatdan tushgan deb shoxchasini uzib, ko‘ylagiga taqib ham olardi.
– “Viki”, rayhon jannatdan tushganmi?
– Bu haqda ma’lumot yo‘q. Jannat haqidagi qomusiy ma’lumotlar kerakmi?
Keksalarimiz yomg‘irni ham jannatdan yog‘adi deyishmasmidi? Ha, jannatdan yoqqani uchun ham baraka olib keladi deyishardi.
– “Viki”, barakot nima?
– Arabcha so‘z bo‘lib, mo‘l-ko‘llik, fayz ma’nosini anglatadi.
Ha, shunday. Ammo bizning tilda u bir maromda yetilib turgan hosilning o‘z-o‘zidan bir necha misli ko‘payishini bildiradi. Masalan, har yili ikki paqir meva beradigan kichkina gilos bir duodan keyin chunon meva tugadiki, aqling shoshadi. Yoki bir mahallar, bundan ancha yillar burun dasturxon atrofiga yetti bola qaldirg‘ochday tizilganimizda, “Ro‘zg‘orda non oz qolibdi, bolalarim, “bismillo” deb yenglar” degan onaizorim, o‘sha ozgina nonga to‘ygan yettita bola ko‘z o‘ngimda jonlanadi. Bugun dalalarda hosil mo‘l, sap-sariq bo‘liq bug‘doyzorlar shabadada chayqalib yotibdi, har tarafda mo‘l-ko‘lchilik, el tuproqqa neki qadasa, barakasini bersin deb niyat qilgani uchun shundoq.
Vikining soddaligiga kulgim keladi. Uni yana ancha dovdiratishim mumkin. Bir tomondan, el orasidagi tugal ma’nolar uning bilim zahiralarida aks etmaganiga hayron bo‘laman. Aslida bu tizim juda ko‘p narsalardan xabardor. Moddalarning molekulyar tuzilishlari, foton tezlanishlaridan to “quyosh shamoli”gacha, yer tublaridayu suv ostlaridagi inson aqli yetib borishi mushkul hayot shakllarigacha biladi. Bulutlar yer yuzining qay qismidan qaygacha qay tezlikda surilib borishidan tortib qaylarda sharros jala quyishiyu qaylarda jazirama qurg‘oqchilik sodir bo‘lishigacha, kemalarning ulkan yelkanlarini qarsillatib, machtalarni sindirib esadigan dovul va qasirg‘alargacha xabardor, tarix qorong‘iliklari aro yer yuzidagi eng ko‘rkam qasrni bunyod etib, so‘ng ko‘kka qarab “Men sendan g‘olib chiqdim, ey Sulaymon” deb qichqirgan imperatorgacha xotirasida bor, lekin…
Lekin, juda ko‘p narsalardan bexabar ham.
Yosh bolalar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib salom berganida kattalar qalbida bo‘y cho‘zadigan quvonchu sevinchdan bexabarsan, “Viki”. Saldan keyin yetib borsam, o‘g‘lim qarshimga chiqadi. Lug‘atingni izlab ko‘r-chi, ota quvonchi degan jumla bormikin? Bo‘yi cho‘zilib, mo‘ylovi sabza urgan o‘g‘ilchasiga qarab birdan ko‘ngli o‘sgan ota tuyg‘ularining izhori yozilganmikin? Biron bir faylasuf shuni tahlil qilganmikin? Rayhonlar isi anqigan hovliga kirib kelganida, bo‘y yetib dastyor bo‘lib qolgan, ro‘zg‘or ishlarining ancha-munchasini zimmasiga beminnat olgan qizchasi pishirgan ovqatdan tatib, mijjasiga qalqigan yoshini birovga bildirmay ichiga yutgan ota shukronasini-chi? “Falonchinikiga yoppasiga to‘yga-a-a” deya chaqirib o‘tgan qishloq jarchisining ovozidagi farovonlikni, el-yurtimni panohingda saqlagin deb tinmay duo qiladigan keksalarni, bahor kelganida, yangi oy o‘rog‘i havoga ko‘tarilganida “Etkazganingga shukr” deb qo‘lini yuziga surtadigan kishilarni bilmaysan, jala quyganida, qattiq shamol esganida, “Parvardigoro, ne’matingni komil qilib bergin, el boshida falokat aylantirmagin” deyishlaridan ham bexabarsan. Hatto tandirda yangi yopilgan nonning qaynoq tafti aro yongan g‘o‘zapoya isi, kuygan bug‘doy hididan ham bexabarsan. Shularning bari yurt degan g‘oyat ulkan bir ne’matning zarralari ekanini ham bilmaysan.
– “Viki”, yurt nima?
– Turli tillarda turlicha ma’no anglatadi. Qaysi tildagisini aytay?
– O‘zbekchasini aytaqol.
– Lug‘atimda uning o‘zbekcha ma’nosi topilmadi. Uzr so‘rayman.
Kulimsirayman. Hozir “Viki”dan “O‘zbekchilik nima” deb so‘rasam ham javob berolmasligi aniq. Qarangki, insoniyat erishgan barcha fan yutuqlarini o‘zida jamlagan mega-intellekt insonni inson aylab turgan qancha narsalardan bexabar, ularni izohlashga ojiz.
– “Viki”, ota kim?
– Bir qancha turlari bor. Genetik, biologik, ijtimoiy… Qaysi biri?
– Genetik ota – bir farzandni pushtikamaridan bunyod etgan kishidir. Nobiologik ota turlari bir qancha, masalan, ijtimoiy ota – ota vazifasini bajaruvchi boshqa shaxs, tutingan ota… Zamonaviy dunyoda farzand otani o‘z ixtiyori bilan tanlay olmaydi. Shu sababli, agar ota uni qoniqtirmasa, huquqlariga tajovuz qilinmasligi uchun voz kechishi ham mumkin.
– Shunaqami? Boshqa ma’nolari yo‘qmi?
Bizning tilda “genetik ota” degan so‘z yo‘q. O‘rniga “Qiblagoh” ishlatiladi. “Ko‘zimning nuri”, “pushtipanohim” degan so‘zlar ham bor.
– Viki, qiblagoh nima?
– Zamonaviy tilda kompas deyiladi. Ikki qutbni ko‘rsatib turadigan, Yerning tabiiy magnit maydoni asosida ishlaydigan asbob.
Ha, biroq ota – umrini bolalariga, ota-onasiga fido qilib yuboradigan, oilam-ro‘zg‘orim deya o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradigan, shu farog‘at maskanini har turli xatarlardan asraydigan benihoya ulug‘ zot. Otaga tik boqilmaydi, gap qaytarib bo‘lmaydi, uning hurmatini bajo keltirgan o‘g‘il el-yurtda ham izzat-ehtiromga sazovor bo‘ladi.
– “Viki”, ona kim?
– Sotsial tiplardan biri. Biologik, surrogat, genetik, ijtimoiy turlari bor. Izohlarga o‘taymi?
– Yo‘q, o‘tmay qo‘yaqol.
Onaning naqadar ulug‘vorligini, muqaddasligini, jannat u zotning oyoqlari ostida ekanini bolaligimdan beri bilaman.
Aka-uka, opa-singil, yaqin qarindosh, sevikli yor, farzand haqida so‘ramay qo‘yaqoldim. “Viki” deganlari hozir biror bo‘lmag‘ur taxminini aytib yuborishi ham hech gapmas…

* * *

Ota makonimga, ona uyimga yetib borganimda shom qo‘na boshlagan edi. Bizning yurtlarga yaqinlashaversangiz, eng avvalo tippa-tik teraklar ko‘zga tashlanadi. G‘uj mevali daraxt shoxlari devordan ko‘cha tarafga osilib tushgan. Darvozalar ochiq, suvlar sepilgan, piyozdog‘ isi anqigan mahal.
– “Viki”, mana, yetib ham keldik.
– Xursandman.
– Ertaga havo qanaqa bo‘lishini aytib yubor.
– Ertaga havo ochiq bo‘ladi. Sharqdan soniyada yetti metr tezlikda shamol esadi, havo namligi o‘ttiz sakkiz foiz, harorat o‘ttiz olti darajagacha ko‘tariladi…
Uyda butun boshli bir xalq to‘planibdi. “Akam safardan qaytyapti” deb singillarim jiyanlarimni yetaklab yetib kelishibdi. Hammayoq bola-chaqaning qiy-chuviga to‘lgan.
– Navigatsiya tizimining ma’lumoti: belgilangan manzilingizga yetib keldingiz. Boshqa ma’lumotlarga zarurat bormi?
– Yo‘q, Viki, kerakmas…
O‘ynab yurgan jiyanlarim “Viki”ning sasini eshitib, qiziqib qarashadi. Hamma bilan bir-bir ko‘rishaman. Avval kattalar, keyin kichikroqlar bilan. Bolakaylar o‘zlariga navbat yetishini kutib odob saqlab turishibdi. Navbat ularga yetgach, so‘rashadi:
– Anovi kimning ovozi, tog‘a?
– U-mi? Mega-intellekt degan o‘yinchoq, bolam. Keyingi gal safarga borsam, kichkina kompyuter olib kelaman, o‘shanga o‘rnatib bersam, o‘qishingda foydasi tegadi.
– Gapirar ekan-ku? – deb hayron bo‘ladi jiyanim.
– Ha, bir nechta tilda so‘zlasha oladi, – deyman sochini to‘zg‘itib. – Juda ko‘p narsalarni biladi.
– Hamma narsani-ya?
– Hamma narsani, bolam, – deymanu ichimdan o‘tgan o‘ylarimni aytmayman.
Aytib nimayam qildim, vaqt-soati kelganida o‘zi bilib olar deb o‘ylayman…

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 31-son