Isajon Sulton. Bog‘i Eram (hikoya)

Birinchi hikoya: “QISMAT DARAXTI”

Uyimizning orqa tomonidagi bedazorda issiqda o‘t-o‘lanlar orasiga tushib qolgan asalarilar bo‘g‘iq g‘o‘ng‘illar edi. Bedazorning nihoyasidan zilol suvli ariq oqib o‘tgan edi. O‘rtog‘im ikkalamiz onam yopgan nonlardan birini olib qochib, ariqqa oqizayotgan edik. Shundoqqina yonimizdagi tomorqa devori bir mahallar ag‘anab tushgan edi, hosil boigan kattakon darvozadan tuprog‘i o‘ynab ketgan ko‘chamiz ko‘rinib turar, ko‘cha chetidan oq yaktakli, oppoq soqolli bir chol hassasiga tayana-tayana shu yoqqa qarab imillab qadam tashlab kelayotgandi.
Adashmasam, o‘shanda men sakkizmi-to‘qqizmi yashar edim. Yoki yetti yasharmikinman… xullas, esimda yo‘q. Ammo cholning kimligi aniq esimda – ko‘chaning boshida, loysuvoq uyining oldida doim quyoshda isinib o‘tiradigan Xolmuhammad buva edi u. Bizlar o‘yinga ovora bo‘lib, uning yaqinlashganini sezmabmiz ham. Choi yonimizga kelib o‘yinimizga picha termulib turdi. Saldan keyin esa uning ko‘zlarining yoshlanganligini ko‘rdik.
– Nimaga yig‘layapsiz, buva? — deb so‘radim men.
Chol, soqoli titrab:
– Bir mahallar men ham onam yopgan nonni shunaqa oqizib yer edim, o‘shani eslab yig‘layapman, bolam. Evoh, o‘zim ham shu ariqdagi nonday oqdim-ketdim… – dedi. Non yegisi kelyapti, deb o‘yladimmi, har holda, o‘zimning suvga bo‘kkan nonimni olib, unga uzatganim esimda. Choi bo‘lsa nonni oldi-yu, hech uyalib-netmasdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Bizlar angrayib qoldik.
Choi qo‘lida birburda non, ko‘zida yosh, yana imillab yo‘lida davom etdi.
Uning ortidan qarayman deb ariqdan hatladimu, chol ham esimdan chiqib, ko‘zlarim baqraygancha qotib qoldim. Nimani ko‘rding deng? Qopqalari tilladan, tutqichlari billurdan bo‘lgan bir bog‘ning qarshisida ko‘rdim o‘zimni! Qopqa yonida billur halqani tutib turgan men qatori bir bolakay menga qarab kular va ichkariga imlar edi.
Oldinga ikki qadam bosib, boqqa mo‘raladim. U yerda nimalarni ko‘rganimni aytolmayman, aytganim bilan qanaqadir zaminiy narsalarga o‘xshab qolaveradi. U yerdagi daraxtlar, bizning ko‘rganimiz odatdagi daraxtlarga o‘xshab ketgani bilan, mutlaqo boshqacha edi. U yerdagi qushlar, suvlar… Bu bog‘ samoviy edi! G‘oyatda go‘zal edi! Bu go‘zallikka mos ta’rif topolmay o‘rtanaman.
Bog‘ meni o‘ziga shu qadar maftun etdiki, oldinga beixtiyor yana bir qadam qo‘ydim. Tag‘in bir qadam qo‘ysam, bog‘ ichkarisidaman. Hilpirab uchayotgan oltin ninachilarni tutib olishim, huv anavi zar qanotli Semurg‘ bilan suhbatlashishim hech gap emas…
Qopqaning shundoq yonginasida judayam ulkan bir yashil daraxt bor ekan. Shoxlari bulutlar orasida ko‘zga ko‘rinmay ketgan. Har zamon-har zamonda uning shoxlaridan yaproqlar uzilib tushayotir. Mana, shundoqqina oyog‘im ostiga sarg‘aygan birbarg kelib qo‘ndi. Men egilib qarab, bargda yozuv borligini ko‘rdim. Sarg‘ish tomirchalari bo‘rtib turgan yaproq sirtiga “Xolmuhammad Ziyo o‘g‘li” deb bitilgan edi.
– lya? – dedim men hayron bo‘lib. Darbon bolakay kulib bosh chayqadi. Undan bir nimani so‘ramoqchi bo‘lib turganimda ortimdan, negadir uzoq-uzoqlardan onamning meni chaqirgan tashvishli ovozi eshitildi-yu, xuddi uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldim. Ko‘zimni ochsam, rangi oppoq oqarib ketgan onamning tizzasidaman. Tepamda o‘rtog‘im ham hiqillab turipti. Onam yig‘lagancha meni bag‘riga bosdi:
– Vqy bolajonim, nima bo‘ldi senga? Qo‘rqitib yubording-ku, jonim bolam?!
– Ko‘rdingizmi, siz ham ko‘rdingizmi? – dedim hayajon-da, tilim zo‘rg‘a aylanib. – Bog‘ni ko‘rdinglarmi?
– Qanaqa bog‘? – dedi onam rangi yana o‘zgarib. – Qanaqa bog‘, o‘g‘lim?
Ko‘rganlarimning barini onamga aytib berdim. Onam hech nima demadi, lekin o‘sha kuni kechga yaqin oppoq soqolli bir qariya uyimizga kelib, menga dam soldi.
Men hayron edim – o‘sha ajoyib bog‘ va bahaybat daraxt haqida gapirishim bilan nainki ota-onam, balki boshqa katta yoshli kishilar ham qo‘rqishar, yoqalariga tuflab tavba qilishar, ba’zilari yig‘lar edilar. Onam-ku, juda ham qo‘rqoq bo‘lib qoldi: hadeb “Seni o‘sha boqqa hech kim chaqirmadimi? Ko‘rganingda bog‘ning ichkarisiga kirdingmi-yo‘qmi?” – deb so‘ragani so‘ragan edi.
Keyin bilishimcha, o‘shanda men ariqdan hatlabmanu, turgan joyimda angrayib qotib qolibman. O‘rtog‘im kelib turtkilasa ham, chaqirsa ham qimir etmasmishman. Shunda u jonholatda yugurib onamni chaqirib kelipti. Shundayam holatim o‘zgarmay, o‘sha joyimda turganmishman… Onamning ortidan dadam ham yetib kelipti, ular meni ko‘tarishib ayvonga oborib yotqizishipti. Anchadan keyin o‘zimga kelibman…
Ota-onamning vahimaga tushganining yana bir boisini ham keyin angladim: o‘sha kuni, bizlar bedazor adog‘ida ko‘rganimiz Xolmuhammad buva vafot etgan ekan…

* * *

Yillar o‘tdi, ulg‘aydim. Xudo nasib etib, o‘g‘illi bo‘ldim. O‘g‘limning chuldirashlarini, alpang-talpang yurishlarini ko‘rib, o‘zimni yettinchi osmonda yurganday sezaman. Go‘yo olamda mendan boshqa baxtiyor ota yo‘qday. Onam-ku, bolamni mendan battar avaylaydi. Bir nimalar deb qaldirg‘ochday chug‘illaganida, yashnab ketadi.
Uyimiz ortidagi bedazor haliyam bor. Ammo u kichkinagina bo‘lib qolgan. Bedazor nihoyasidagi ariq esa ko‘milayozgan.
Bahor kelib, giloslar qop-qorayib pishdi. O‘g‘limning hali tili chiqqani yo‘q, ammo gilosxo‘r bo‘lib qoldi. Qishlog‘imizning kunbotar tarafida katta bir bog‘ bor edi, u yerda giloslar ko‘p edi. O‘g‘limni yelkamga mindirib o‘sha boqqa bordim. Bir gilosning shoxini egib, do‘ppisiga to‘ldirib solib berdim. Teparoqdagi shoxchaning giloslari yanayam shira bog‘lab pishganday ko‘rindi ko‘zimga. Intilib, o‘sha shoxchani ushlaganimni bilaman…
Gilos shoxlari orasidan yana o‘sha sirli bog‘ namoyon bo‘lgan edi. O‘sha-o‘sha! Qopqalari tilladan, tutqichlari billurdan… Eshik oldida qop-qora soqol-mo‘ylovli yoshgina darbon menga kulib qarab turar edi. U meni tanigan edi, men ham uni tanidim. U imo qilib, ichkariga chorlar edi.
Bog‘ qopqasining ikkala tabaqasi ham lang ochiq! Ichkarida o‘sha men ko‘rgan manzara barq urib turibdi. Ko‘z o‘ngimda gullar g‘unchalab, o‘sha zahoti ochilayotir, bu gullar aslmi yoki tilladanmi – farqlash qiyin. Darvoza yonida bahaybat bir daraxt yuksalib turibdi, yaproqlari chirt-chirt uzilayotir. Ko‘nglimdagi bir sas “bu Tubo daraxti emasmikin”, deya uqtirayotir. Uzoq-uzoqlarda bir nima ko‘zni olguday bo‘lib yaraqlab-jilvalanyapti. Jilvasi shu qadar go‘zal va nafiski, unga bir boqqan odam umr bo‘yi ko‘z uzolmay qolishi aniq.
Shundoqqina oyog‘im ostiga uzilib tushgan yaproqqa qaradimu… uning sirtida padari buzrukvorimning ismi bitilganini ko‘rdim!
Shu mahal qulog‘imga o‘g‘limning chirillab yig‘lagan tovushi urildi.
Hushim darrov o‘zimga keldi. Jonholatda o‘girildim, qarasam, emaklab borib sal naridagi sayozgina ariqchaga tushib ketipti, suvning muzdayligidan qo‘rqib yigiayotgan ekan. Uni qo‘limga oldimu, mahkam bag‘rimga bosdim.
Sezganimdek, qaytib qaraganimda bog‘ yana g‘oyib bo‘lgan edi. O‘g‘ilcham jajji qo‘lchalari bilan bog‘ g‘oyib bo‘lgan tomonni ko‘rsatib, o‘zining tilida allanimalar deb chug‘urlar edi.
Keyin yodimga bog‘dagi daraxt, undan uzilib tushgan yaproq keldi. Shosha-pisha uyga yugurdim. Yuragim bir nimani sezganday potirlab urardi. Muyulishdan ko‘chamizga burildimu, tizzalarim bo‘shashib ketdi. Darvozamiz oldida mahallamiz kishilari to‘plangan edilar.
Otam… Belining quvvatini, umrining eng mas’ud damlarini, yoshligini bizlarga baxsh etgan, bizlarning sog‘lom va xushbaxt bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun o‘zini o‘tu cho‘qqa urgan otam… olamdan o‘tipti!
Shundan keyin bu bog‘dan cho‘chiydigan bo‘lib qoldim.
Tushlarimga kirib chiqardi bu sinoat bog‘i! Eshik oldidagi darbon muloyim nigohini menga tikibjim turardi. “Yana nima kerak senga?” — deb qichqirardim men unga tushimda. “Mendan nima istaysan o‘zi? Tinch qo‘y meni, istamayman sening bog‘ingga kirishni!!!” Alahsirab uyg‘onganimda ham tushimdagi manzaralar ko‘z o‘ngimdan sira ketmas edi.
Lekin umr ham bir maromda o‘tar, asta-sekin bu bog‘ qo‘rquvi dildan chekinib borar edi.

* * *

Bog‘ni uchinchi daf a ko‘rganimda yosh anchaga borgan, soch-soqol oqargan edi. Uning bu galgi zuhurotidan g‘alati bir hikmat tuydimki, bu hikmatning tubiga hali-hali yetolmayman.
Axir, umr… umr o‘tib bormoqda edi.
Osmonga bulut chiqsa suyaklarim simillab og‘riydi. Ko‘zim yoshlanadi. Ko‘pincha darvozam oldidagi supada quyoshda isinib o‘tiraman. Oltin kuz oftobi vujudimga xush yoqadi. Qalbim ham kuz suvlari kabi tiniq, sokin…
Bu safar ham supaga chiqayotgan edim, pastak devordan qo‘shnimning tomorqasiga ko‘zim tushib qoldi. Qo‘shnim bu yil tomorqasiga beda ekibdi.
Bedazorning adog‘ida esa yana o‘sha manzara.
Bu safar eshikdagi darbonning ham sochlariga oq oralagan edi. Bog‘ ichi kuz edi, erta kuz. Kuzning bunaqa go‘zalligini hech qachon ko‘rmaganman. Darvoza qarshisidagi daraxtdan oltin yaproqlar mungli bir jarang bilan bandidan uzilib, yerga sollana-sollana qo‘nar edilar. Uzilib tushayotganlari sonsiz-sanoqsiz edi, yerning beti ko‘z yetguniga qadar yaproqlar bilan qoplangan edi.
Axir har bir yaproqda bir ism yozilgan emasmidi?
Bu safar oyog‘im ostiga kelib tushgan yaproqda do‘stimning ismi yozilgan edi. Bizlar tengdosh edik, bolalikdan birga o‘ynab katta bo‘lgan edik. Bir vaqtda uylangan edik, ko‘p jihatdan taqdirimiz ham bir-birimiznikiga o‘xshab ketar edi.

* * *

Bu saodat bog‘ini to‘rtinchi daf a ko‘rganimda…
Bedazor. Sal narida ikkita bolakay ariqda non oqizishyapti. Shu ikki bolakayga qarab turibmanu, ko‘z o‘ngimdan bolaligim… otam… onam… qaynoq nonlar lip-lip o‘tayotir… Ko‘zdan esa milt-milt yosh oqayotir… Qandayin qaynoq, hovurli edi u nonlar. Onaginamning bag‘riday taftli edi-ya… Qanday edim-a… Qanday edik-a, birodarlar…
Qarab turibmanu, hech nari ketolmayman. Bolakaylarning biri meni ko‘rib qoldi. Bu boboy nega yig‘layapti, deb hayron bo‘lgandek ko‘zlarini pirpiratib qarab turdi-da:
– Nimaga yig‘layapsiz, buva? — deb so‘radi.
Voh bolam-a! Nega yig‘lamayin, ko‘nglimdan o‘tganini qanday qilib aytmayin? Axir men ham bir mahallar onam yopgan nonlarni sizlar kabi ariqda oqizib yer edim… Evoh, o‘zim ham shu ariqdagi nonday oqdim-ketdim-ku!!!
Shuurimda o‘sha – bolaligim, bizlarga qarab yigiagan Xolmuhammad buvaning qiyofasi… tilimda esa o‘sha javob… dilimda esa bu g‘alati charxpalakning haybatidan qo‘rquv…
Bolakay uzatgan nonni oldimu, hech o‘zimni to‘xtatolmayman. Ko‘zimdan tinmay yosh oqadi, umrimning nurli va armonli lahzalari lip-lip o‘tadi.
Anashunda…
Ana shunda… men u bog‘ni yana ko‘rdim. Eshikoldidagi darbon ham men kabi qartayibdi. Asosiga suyanib, horg‘in termulib turipti. Bog‘ning qopqalari lang ochiq. Ichkarida esa o‘sha — shoxlari bulutlar orasida ko‘zga ko‘rinmay ketgan bahaybat daraxt. Shoxlardan hanuz yaproqlar uzilib tushayotirlar…
Ajabo, bu safar uzilib tushadigan yaproqda kimning ismi yozilgan ekan? Mening ismimmi?
Darbon ikkimiz bir-birimizga uzoq termilib qoldik. Nihoyat, u hassasiga tayangan ko‘yi, horg‘in ovozda:
– Endi kira qol, yetar… – dedi.
Ortimga qaradim. Ammo hech narsani ko‘rmadim — yosh pardasi ko‘zlarimni to‘sib qo‘ygan edi. Qadam qo‘yarkanman, kaftimda bir narsaning taftli haroratini his qildim. Qaradim — boyagina bedazordagi rahmdil bolakay qoiimga tutqazgan, suvga bo‘kkan bo‘lsa-da, taftini yo‘qotmagan bir burda non…

Ikkinchi hikoya: “AVLIYo”

Yog‘ib o‘tgan yomg‘ir ortidan esgan shamol bulturgi xazonlarni uchirib olib kelib, loyga qorishtirgan edi. Bu shamol kecha kechqurun tingan, endi esa Avliyoota tog‘ining cho‘qqilari tomondan sovuq shabada esayotgandi. U odamning etini junjiktirsa-da, biroq qaydadir muzlagan toshlarni yorib chiqqan boychechak iforini olib kelib dimoqqa tutar, kishining ko‘ngliga toza hislarni solar edi.
Tog‘ yoiidan ketayotgan, sochlariga oq oralagan kishining ismi Abdulqodir edi. Oltmish uchga kirgan bu odam Avliyoota g‘oridagi avliyoning yoniga borayotgan edi.
Avliyo salkam yuz yildan buyon shu g‘orda yashar edi. Uning yoniga ziyoratga kelganlar Avliyo ota kulbasining yozda salqin, qishda iliq bo‘lishini aytib, buni avliyoning zoti muborakligiga, komil va xudoning suygan bandasi ekanligiga yo‘yar edilar. Qishda bu yer yalang bo‘lganligi uchun aksariyat izg‘irin shamol hushtak chalib, sovuqda muz qotgan oppoq, toza qor zarralarini uchirib, kulba devori hamda archalarning tagiga uyib o‘ynar edi.
Qishda odamlar Avliyo otaning yoniga deyarli bormas edilar. Yo‘l xatarli, sovuq, muzlagan edi. Qahratonda Avliyo ota kuzda o‘rib olgan bug‘doyidan un qilib, xamir qorib, non yopadi, shu yoi bilan tirikchilik qiladi, der edilar.
Avliyo otaning qo‘ylari ham bor bo‘lib, bu qo‘ylarda-da bir hikmat borligi ayon: ularga kasallik hech yaqin yo‘lamasdi, har yili bexato egiz tug‘ardi, o‘tlab archazorlar orasiga kirib ketsayam bironta yirtqich daf qilmas edi. Har sovliq bir ko‘za to‘la serqaymoq sut berar edi – buyam xudoning suygan bandasiga ko‘rsatgan bir marhamati ekaniga barcha ishonar edi.
Avliyo ota salkam yuz yildan beri bu g‘orda ibodat bilan mashg‘ul edi. Qalbida zarracha dunyoviy g‘ubor yo‘q edi – oynaday toza va tiniq, nurafshon edi. Tevarak-atrofdagi qishloqlar o‘ramida jami yuz ming kishi yashasa-da, ammo hech biri Aviiyo otachalik bo‘lolmagandilar – ularning orasida ibodat yo‘liga kirganlari qancha, doimo haq xizmatida bo‘laman, deganlari qancha? Biroq banning dilini dunyoning qandaydir bir tashvishi xira torttirgandiki, iymon nurining bor bo‘yicha akslanishiga aynan shu gardlar monelik qilayotgan bo‘lsa ne ajab?
Kishilar boshlariga bir tashvish tushganida, asosan xastalikka yo‘liqqanlarida Aviiyo ota qoshiga kelar edilar. Otaning duosi bilan xastalik chekinar edi. Shu mahalda balki ko‘pchilik haqiqiy ibodat yoiidagi bu odamning yashash tarzidagi, ibodatidagi ulug‘vorlik va soddalik hikmatini his etib, bundan buyog‘iga oxiratni ham o‘ylashni diliga tugsa, men ham endi ibodat bilan mashg‘ul bo‘laman, Xudoning aytgan yo‘rig‘idan chiqmayman, deb ko‘z yoshlari ila niyat qilsa ham ehtimol. Ammo ro‘zg‘or degan yov naqadar qudratli! Naqadar ulug‘ shaxslarni, balki yanada taqvodorroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan, balki ulug‘ lashkarboshilar, olimlarni sindirmagan u! Odamlar uylariga qaytib, yana o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib ketardilar: bola-chaqa, tirikchilik tashvishlari yana o‘z domiga tortib ketar edi…
Faqat, Aviiyo otagina e’tiqodda sobit edi. Faqat Aviiyo otagina ilohiy muboraklikka muyassar bo‘la olgan edi!
Yoshi oltmish uchga qarab ketgan Abdulqodir aka ana shu Aviiyo otaning qoshiga bormoqda edi. Bu bejiz emasdi — uch-to‘rt kun avval u vahimali bir tush ko‘rgan, bu tushni u yorug‘ dunyodan ketishning ishorati deb anglagan edi. Boz ustiga, yillar davomida orttirgan xastaliklari ham bot-bot xuruj qilayotgandi. Ammo Abdulqodir aka Aviiyo otadan xastaliklariga shifo so‘ramoqchi emas edi. Zotan, tuzalmas xastalik – keksalik allaqachon yetib kelgach, sog‘ a’zoyi badanga ne hojat? Kiyilavergani sayin kiyim ham eskiradi. Vujud deb atalgan bu libos ham kun kelib juldurlashgach, albatta yechib otiladi.
Aviiyo ota yoniga asosan keksa odamlar ko‘proq kelar edilar. Bular turli-tuman nafsoniy ishlar bilan imonlarini xiralashtirgan, umrlarini zoye ketkazgan kishilar bo‘lib, mana endi qachondir kimgadir nohaq aytilgan so‘zning jazosidan, birovning haqining gunohidan qo‘rqib, Aviiyo otaning xudodan bu gunohlarni afv etishini so‘rab duo etishini iltimos qilish uchun kelardilar. Biroq, ehtimolki, ziyoratdan so‘ng ham ularning qalblari tinchlanmas edi – zotan, adolatli ajr yaqinlashayotganini ruhlari sezib, titrab-qaqshar, bir imdod, bir ilinj istagida hayotda so‘nggi kunlarini yashayotgan egasini har tarafga yo‘llar edi!
Ammo Aviiyo otaning qoshiga borayotgan oltmish uch yoshli bu odamning istagi sodir etgan gunohlarining mag‘firati ham emas edi.
Hozir tevarakdagi har bir toshga, har bir xarsangga boqarkan, uning ko‘zlaridan yosh oqar edi. U yig‘lar edi! Bu yo‘llardan ko‘p yillar avval bobosi bilan o‘tgan, o‘sha mahallar u yosh bir bolakay edi. Tevarakka boqarkan, bu yo‘l umr yo‘liga aylangandek, umr yo‘lini qayta bosib o‘tayotgandek edi.
Huv anavi, pastda qolib ketgan qishloq chekkasidagi tog‘teraklar ostidagi buloq yonida u o‘n sakkiz yoshida sevgilisini har oqshom hayajonlanib kutgan edi. Qiz qurmag‘ur ham shumgina edi — shorn mahalidagina suvga chiqar edi. Uch-to‘rt daqiqalik visol edi bu. Abdulqodirning qishlog‘i bu yerdan uch chaqirim uzoqda edi, ammo qurmag‘ur qizginaning ko‘ylagiga taqilgan qalampirmunchoq isidan boshi aylanib, zumda uyiga yetib kelganini ham sezmay qolardi u. Keyin esa hovlidagi so‘riga chalqancha yotib olib, yulduzlarga termulgancha shirin o‘ylar surardi. Nazdida, hatto gullagan jiyda ham qalampirmunchoq isini taratayotganday tuyular edi.
Biroq, yo alhazar, ismi nima edi u ilk muhabbat sanamining?!
Naqadar uzoq o‘tmish… Biroq qirq besh yil olisdan-da hanuz o‘sha tanish bo‘y anqiyotganday…
Huv uzoqdagi toshdan esa, Abdulqodir qiz ko‘rgan kuni, suruvdagi qora qo‘chqorni tutaman deb yiqilib, oyog‘ini sindirgan, ammo otalik shavqi bilan naq bir chaqirimgacha sudralib borgan edi — keyin uni odamlar ko‘rib qolib, olib ketishgandi. O‘shanda sevgidan-da ulug‘roq, najibroq va yuksakroq tuyg‘u — otalik tuyg‘usi Abdulqodirning ko‘ksini to‘ldirgan edi.
O‘sha vaqtlar, bir-ikki oy yuragi sanchib og‘riganida, qizchasini bag‘riga olib, shundoqqina qalbiga bosar edi – ne ajabki, quchog‘idagi murg‘ak, farishtamonand, ishonuvchan va pok vujudning haroratidan yurakdagi sanchiq ham bosilganday bo‘lar edi.
Xotiralar… xotiralar shamol kabi yopirilar, uzoq-uzoqlardan, yillarning muzlagan qatlamlari orasidan boychechak ifori kabi ufurayotgan yoqimli va armonli kechinmalaming yodini olib kelib, shuuriga taqar edi…
Agar shu topda yonida bir qadrdoni bo‘lganida, balki Abdulqodir uni quchoqlab, yelkasiga boshini qo‘yib: “Voh, birodar, umr o‘tib ketipti-ku!” – deyayig‘lagan bo‘larmidi? Ammo hozir u Avliyo ota qoshiga yolg‘iz ketib bormoqda edi, shunga qaramay, ko‘zidan oqqan yoshni bahoriy chechak iforini taratgan shabada siypalab-quritib, go‘yo bu odamni yupatar edi. Go‘yo der ediki: ” Men qadimdan beri bu ko‘hna olam uzra esib o‘ynayman. Sulaymon payg‘ambarning suyaklaridan bino bo‘lgan qumlarni atrofga sochaman, Odam Ato bilan Momo Havo yer yuzida ilk bir-birlarini topgan joyga olib borib sepaman… Olamga sening kabi qancha odamlar kelib-ketmadilar. Bari o‘zining orzu-niyatlari, tashvishlari, quvonchlari bilan yashab o‘tdi-ketdi… Tangrining o‘zi peshanangga tug‘ilib-qartayish yozug‘ini yozganidan keyin kimga shikoyat etasanu, bu taqdirdan qutulib qayga bora olasan…”

* * *

Abdulqodir aka Avliyo otaning ziyoratiga bir mahallar, bolaligida bobosi bilan kelgan edi. Ichkariga kirganlarida, Avliyo darcha oldida, bo‘yrada chordana qurib o‘tirar, oldida katta bir kitob ochiq turar edi.
O‘shanda… bobosi Avliyoning qarshisiga o‘tirib, yoniga Abdulqodirni chaqirdi. Abdulqodir bobosining Avliyo ota bilan nimalami gaplashganini eslay olmaydi.
Ammo, qolganlari yodida.
Bobosi Abdulqodirning yelkasidan tutib, titragan va bo‘g‘iq tovushda:
— Pirim, shu bolamning haqqiga ham bir duo qiling! — deb o‘tindi.
Avliyo ota Abdulqodirga kulimsirab qaragan edi, tegra muloyim bir yog‘duga to‘lgandek bo‘ldi. Abdulqodir beixtiyor o‘rnidan turib, Avliyo otaning yoniga bordi. Avliyo ota kaftini Abdulqodirning boshiga qo‘ydi-da:
— O‘g‘lim, ko‘zlaringizni yumib-oching, — dedi.
Abdulqodir ko‘zlarini yumib-ochib, o‘zini qadimiy va naqshli bir eshik oldida ko‘rdi.
— Eshikni ochib, ichkariga kiring, o‘giim, — qayerdandir Avliyo otaning dalda beruvchi ovozi keldi.
Abdulqodir eshikni itargan edi, u osongina ochilib ketdi. Bolakay ichkariga qadam bosdi va o‘zini bir bog‘da ko‘rdi.
Ne bog‘ki, go‘zalligiga va farovonligiga ta’rif yo‘q edi. Bunaqa go‘zal daraxtlami, qushlarni Abdulqodir hech yerda ko‘rmagan edi. Bog‘ning har yer-har yerida odamlar ham ko‘zga tashlanar, ular nur bilan o‘ralgan edilar. Nariroqda esa havoda hilpiragancha parilar uchib yurardilar.
… Ko‘zlarini ochganida, u yana Avliyo otaning nuroniy chehrasini ko‘rdi. Avliyo ota duoga qo‘llarini ochib turar, bobosi esa “pirim, pirim” deya yig‘lar edi.
– Nevarangiz hozir jannatning Bog‘i Eramini ko‘rdi, — dedi shunda Avliyo ota…
Keyinchalikjuda ko‘p marotaba bobosi Abdulqodirdan u bog‘da nimalami ko‘rganini so‘radi. Ammo Abdulqodir bog‘da ko‘rganlarini bayon qilib bera olmas edi. Bobosi odamlarga “Mening nevaram jannati”, deya gapirib yurdi. Bir safar hatto: “O‘sha bog‘dagi odamlar orasida meniyam ko‘rdingizmi, o‘g‘lim?” — deb so‘radi. Abdulqodir ko‘rmaganini aytgach esa, xomushlanib qoldi. Shu kuni kechasi esa bolakay g‘alati ovozdan uyg‘onib ketib, bobosining joynamoz ustida muk tushgancha: “Jannatingdan mahrum etmagin, parvardigor”, — deya yum-yum yig‘layotganini ko‘rdi.
Bobosi biryildan so‘ngjonini Haqqa topshirdi. Xasta yotganida Abdulqodirni yoniga chaqirib, dedi:
— O‘g‘lim, xudoyimning marhamatidan aylanay, sizjannatisiz. Qochmay turing, men sizni tavof qilib olay, — deya, emaklab o‘rnidan tushib, bolakayning oyoqlarini  quchoqlashga urindi. Tabiiyki, Abdulqodir qochib ketdi. Choi esa: “Voh, xudojonim-a!” — deya nola qilganicha qolaverdi.
Bobosining nima uchun yigiaganini Abdulqodir keyin, esini tanigach tushundi. Ammo odamzod qiziq ekan: yigirma yoshingda o‘ylagan narsangga qirq yoshingda boshqacha qararkansan.
Bobosi, uning ortidan ota-onasi ham yo‘qlikka qarab ketdilar. Ota-onasidan ayrilganida, Abdulqodir o‘zini yorug‘ olamda tanho qolib ketganday his qilgan edi. Ammo hikmatni ko‘ringki, bunaqa paytlarda odamga farzand tayanch bo‘lar ekan. Ota-ona mehri o‘mini farzand mehri egalladi.
Keyinchalik esa bularning bari unut bo‘ldi. Zamonlar almashdi. Boshdan harxil kunlar kechdi. Goho qiynaldilar, goho sevindilar. Ammo Abdulqodir halol yashadi, birovning haqini yemadi, o‘zganing dilini og‘ritmadi. Kuch-quvvatga to‘lganida, bolaligida kechgan o‘sha voqeani eslab kulgisi qistagan paytlar ham bo‘ldi. Vaqtida ulfatchilik ham qildi, ammo bular har bir odamning hayotida bo‘ladigan narsalar — muhimi, u halol yashadi.
Bolalikdagi narsalar yodda baribir qolaverar ekanmi, o‘shanda ko‘rgani bog‘ uch-to‘rt marta tushiga kirdi. Har safar to‘rt tarafi qorong‘ilik bo‘lgan tushunarsiz bir makon ichida, yashil nur og‘ushida tovlanib ko‘rinaverdi. Bog‘ tarafga ip kabi ingichkava yorug‘ nur tolasi bir yo‘l monand cho‘zilib ketgan edi.
Biroq odamzod qanaqangi tushlarni ko‘rmaydi deysiz? Bir kuni Abdulqodir bozorda bir odamning: “Qizim tush ko‘ripti, men boshimdan-oyog‘imgacha axlatga bulg‘angan emishman. Xudo xohlasa, bundan buyog‘iga ishim yurishib, boyib ketsam ajabmas”, – deb gapirayotganini ko‘rgan edi. Ammo Abdulqodir aka o‘z tushining rahmoniy tush ekanligiga ishonar, kunlar o‘tib, yoshi ulg‘ayib borgani sayin o‘sha jannat bog‘i qalbining tub-tubida xuddi tushidagi tsingari jilvalanib, nihiga orom baxsh etar va: “Balki xudoyim mengajannatini nasib etar?” – degan ilinj goho ishonchga ham aylanar edi.
Kecha esa Abdulqodir bobo o‘zining ko‘rgan tushidan rostakamiga qo‘rqib ketdi.
Qop-qorong‘i bir joy emish. Bu qorong‘ilikning na ostiyu na usti, na chapi, na o‘ngi bor emish. Shu qorong‘ilik ichra u o‘zining yuzini ko‘rib turgan emish. Yuzi nimagadir tishlangan, tish izlaridan qon oqarmish. Ortida bir quturgan tuya turganmish, u og‘zidan ko‘pigi oqqancha, hadeb Abdulqodirning yuzini tishlar emish…
Vaqt shomga yaqinlashib qolgan, Abdulqodir bobo ana shu tushidan vahimaga tushib, Avliyo otaning yoniga bormoqda edi. Maqsadi – Avliyo otadan yana bir bor o‘zining boradigan manzilini ko‘rsatishini so‘rash edi. Yoshi oltmishdan oshganidan so‘ng, u bot-bot shu haqda o‘ylaydigan bo‘ldi. Chunki tengdosh birodarlar ham birin-ketin yo‘qlik sari ketmoqda edilar. Nima qilganida ham, navbat yaqin, fursat oz qolgan edi. Ammo Abdulqodir boboning ko‘ngliga bir narsa — yoshligidagi Avliyo boboning karomatiyu keyinchalik ko‘rgan tushlari doimo taskin berar edi. Shunday bo‘lsa-da, safar vaqti yaqinlashayotganini idrok etgan ruhi nima uchundir vahimaga tushayotgan edi. Balki… balki bilib-bilmay aytilgan bir so‘z… bir nigoh… bir harakat uni abadiy halokat sari yetaklab ketsa-chi?
Fursat boy berildi, endi ortga qaytib boiarmidi? Oltmish uch yillik umr ham xuddi bir lahzaday – yorug‘, shitob bilan kechgan bir lahzaday o‘tdi-ketdi.
Ana shuning uchun ham Avliyo otaning qoshiga borayotgan bu odam, yonida bir do‘stu qadrdoni boiganida: “Voh, do‘sti aziz, umr o‘tib ketipti-ku”, — deya o‘ksinib-o‘ksinib yig‘lagan bo‘lur edi. Ammo aziz do‘stlarning bir qismi hozir dunyoda yo‘q, qolganlari ham yonida emas, faqat, bahor chechagining bilinar-bilinmas isini dimoqqa tutgancha shabada esar, u sharq tomondan qoramtir bulutlarni tog‘ boshiga haydab olib kelar edi.

* * *

Abdulqodir bobo Avliyo ota yoniga yetib kelganida shorn qo‘ngan edi. Archazorda avliyoning qo‘ylari bulturgi xazonlarni titib o‘tlab yurar edilar. Shamol qishda qor zarralariga qo‘shib xazonlarni ham archalar ostiga uygan ekan, hozir bular qorayib ko‘rinar, kuzning namchil isini taratar edi. Kech bo‘lgani uchunmi, ziyoratchilar yo‘q edi.
Abdulqodir bobo yo‘talib olib, bir oz hayajonlanib, kulba eshigini ochdi va bo‘g‘iq ovoz bilan chaqirdi:
– Avliyo ota?!
Javob bo‘lmagach, u ichkariga qadam bosdi va Avliyo otani ko‘rdi.
Avliyo hanuz darcha yonida, bo‘yrada o‘tirar, oldida hanuz ochiq kitob turar edi. Kulba havosi yoqimli, iliq, qizig‘i shundaki, bu yerdan ham boychechak isi anqirdi. Abdulqodir bobo salom berdi. Avliyo alik olganida, Abdulqodir bobo uning ham juda keksayganini, vujudi parday bo‘lib qolganini, nigohining yanada tiniqlashganini ko‘rdi. Go‘yo Avliyoning tegrasini qurshab turgan nur erta-indin bir hukmi ilohiy ila bu hafif vujudni ko‘klarga uchirib olib ketadiganday ko‘rinar edi.
Abdulqodir bobo bo‘yraga tiz cho‘kdi-da, ziyoratdan maqsadini bayon qildi. Bolaligida bu yerga kelganini, Avliyo ota uning boshiga muborak qo‘llarini qo‘yganini, jannati oliyni ko‘rsatganini aytdi. Keyin ikkilana-ikkilana so‘radiki, ko‘p qatori, qo‘ldan kelganicha umr kechirdim, ajabo, u makon rostdan ham menga nasib qilarmikin?..
Avliyo ota jim, balki yanada chuqurroq o‘yga cho‘mgan edi. Bu sukunatda Abdulqodir bobo bir narsaning gurs-gurs etib urayotganini eshitdi. Bu — uning oltmish uch yil davomida sadoqat bilan xizmat qilgan keksa yuragi edi.
Nihoyat, Avliyo “Yaqinroq keling, o‘g‘lim”, degach, bobo entikib, zoti muborakning yoniga yaqinlashdi. Avliyo uning boshiga qo‘llarini qo‘ydi.
– Ko‘zingizni yumib-oching, o‘g‘lim!
Abdulqodir bobo dilida: “Yo xudo, marhamatingni ayama!” – deya iltijo qilgancha ko‘zlarini yumib-ochdi.
Alhazar, u yana o‘zini o‘sha eshik yonida ko‘rdi. Bu yerdan ham yuragining gursillab urishi eshitilib turar edi. Uzoq-uzoqlardan:
– Eshikni oching, o‘g‘lim! – degan tanish ovoz keldi.
Abdulqodir bobo titrayotgan qo‘llari bilan eshik tavaqasini ohista itardi.
Eshik ochildi…
Ammo, yo alhazar, ichkari… qahraton qish edi! Shamol qor zarralarini uchirib o‘ynar edi. Bargsiz daraxtlar qop-qora, yalang‘och shoxlarini tund samoga cho‘zgan edilar. Har taraf muz, jahannamiy sovuq chor tarafni yax kabi qotirgan edi. Qor uzra bir qabr ko‘rinar, qabr tuproqlari ham muzlagan – tosh qotgan edi.
Faqat shugina! Qish… Sovuq… lzg‘irinda yolg‘iz bir qabr!.. Boshqa hech nima yo‘q edi.

* * *

Avliyo ota ro‘parasidagi ezilib-bukchayib qolgan bandaga achinib qaraganida, xayolidan kechgan fikrlar nigohida nurlanib ketdi.
Shu tariqa, ikki qariya bir-birlarining qarshisida jim qoldilar. Ikkisi ham bir-birlariga so‘z qotmas edilar.
Zotan, so‘z qotishga hojat ham yo‘q edi: faqat kech kuz shamoligina kulba eshigiga guvillab o‘zini urib o‘ynar, bu ikki kishini go‘yo uzoq-uzoqlarga – balki Odam Ato bilan Momo Havo yer yuzida ilk bor topishgan joylariga olib ketmoqchiday epkin urar, biroq, endi u boychechak iforini taratmas edi…

Uchinchi hikoya: “BOG‘I ERAM”

Qishlog‘imiz adog‘ida ulkan bir bog‘ bor. Bog‘ning naryog‘i esa qabriston. Bog‘bonlik ham, qabristonning shayxligi ham Yunus buvaning zimmasida. Keksalaraytadilarki, Yunus buvani bolaligida daryoda katta bir baliq yutib yuborgan ekan. O‘sha atrofda yurgan kishilar ko‘rib qolishib, baliqni tutib, qornini yorib, uni qutqarib olishgan ekan. Yunus buvaning yuzida tish izlariga o‘xshagan chandiqlari bor edi, buni ko‘rib bizlar uni rostdan ham baliq yutib yuborganiga ishonar edik.
Qishlog‘imizda kimdir olamdan o‘tsa, uni lahadga qo‘yganlaridan so‘ng, qabr boshiga albatta bir daraxt ko‘chati o‘tqazish odati bor edi. Yunus buva meni k o‘pincha boqqa olib kirardi, keyin har bir daraxtni ko‘rsatib, izohlardiki: “Mana bu qo‘shning Mamadali buvangning o‘rigi, o‘g‘lim. Qara, qanday katta bo‘lgan. Sal nariroqdagisi esa Zulfi kampirning behisi… Anovi qiyshayib o‘sgani esa Mamajon buvangning olmasi…
Bobomning, Zulfi kampirning, Mirjon buvaning, Lazzat xolaning daraxtlari… Ular shu qadar ko‘p meva qilgan ediki, qarab ko‘z to‘ymasdi, shoxlari egilib-sinib yotardi.
Bog‘ning kiraverishida, chap tomonda mitti navnihollar, xuddi egalari kabi, sal shabadada ham qaltirabgina turar edilar. Yunus buvam der ediki, “Mana bu nihol – Asror muallimning suvga cho‘kib o‘lgan o‘n ikki yashar qizchasining niholi… Bunisi esa Sadir so‘fining norasida nevarasiniki…”
Bog‘ ichkarisiga qarab ketilgani sayin daraxtlar ham qarib boraredi, men o‘zim ko‘rmaganim insonlaming daraxtlarini ko‘rar edim — Toshbuvi enamning, Ismoil bobomning, Ziyo buvamning daraxtlari… Menga har bir daraxt bir odamning hayotidan hikoya qilar edi, g‘unchaligida xazon bo‘lganlarning navnihollari sohiblarining orzularidan so‘ylab, meni qon-qon yig‘latar edi. Bog‘ ichkarisiga qarab ketganim sayin xuddi moziyga qarab ketayotganday tuyular edi. Nazarimda, bog‘ning naryog‘iga Yunus buva ham kirolmagan edi, naryog‘ida juda qadimiy chinorlar, sadalar, yong‘oqlar changalzor kabi shovullab yotar edi.
Nazarimda, bir jur’at qilsamu, bog‘ ichkarisiga qarab yo‘lga chiqsam, uning adog‘ida Odam Ato bilan Momo Havoga o‘z yaprog‘idan bergan anjirni-da ko‘radigandek edim.
Bulaming bari mening qoshimda tilga kirar, o‘z o‘tmishidan, quvonchlaridan, armonlaridan hikoyatlar so‘ylagudek bo‘laredi.
Rahmatlik Yunus buvam der ediki: “Toy bolam, men o‘lganimda sen katta yigit bo‘lasan. O‘shanda bolalaring bilan kelib meniyam ziyorat qilinglar, o‘sha daraxtni ko‘rganda meni ko‘rganday bo‘lasizlar, xo‘pmi, o‘g‘lim…” Men “Xo‘p, bobojon”, der edim. Yunus buvam mening javobimdan yosh boladay sevinib ketar edi, belbog‘ining qatidan popukqand olib tutar edi.
Ettinchi sinfda ekanimda, erta bahorda bobom vafot qildilar. Shunda men keyinchalik o‘zim anglab yetgan haqiqatning tamali desa bo‘ladigan bir voqeaning guvohi bo‘ldim.
Bobom yotgan tobutni ko‘tarib, qabristonga ketdik. Bobomni tuproqqa topshirdik. Ertasiga dadam uyimizda o‘sib turgan o‘riklardan birini ko‘chirdi, mashinaga o‘tirib, bobomning qabriga bordik. Dadam chuqur qazdi, ko‘chatni ekdik, men paqirchada suv opkelib quydim. Bu ko‘chat bahorda gulladi, tutib ketdi, men unga o‘zimcha “Bobomning o‘rigi” deb nom berdim.
Kunlar o‘tdi.
Voyaga yetdim, tuyg‘ularim o‘zgardi. Qishloq ko‘zimga torlik qilib qoldi. Muhabbat sabolari ko‘nglimni jimirlatib esdi. Talaba bo‘ldim, uzoq va begona shaharlar sari talpindim.
Men o‘tqazgan daraxtlar ulg‘aydi. Men ko‘rgan daraxtlar qartaydi.
Talabaligimning so‘nggi yillarida Yunus buvaning yoniga bordim. Yunus buva ham qarigan, yuzi, qo‘llari, gavdasi bir tutam bo‘lib qolgan, qoshlari o‘sib ketgan edi. Ko‘rdimu, yuragim biruvishdi.
Yunus buva meni yana boqqa olib kirdi.
“Qara, bolam, — dedi. — Bahorda Muhammadamin buvang olamdan o‘tdi. Mana, bolalari ko‘chat ekishibdi”.
Nariroqqa bordik.
“Bu Mirjon buvangning gilosi, — dedi Yunus buva. — O‘tganiga besh yil bo‘ldi. Ramazon edi”.
Yanayam ichkariroqqa kirdik.
Bobomning o‘rigi-ku!
Enamning noki.
Xoljo‘ra buvamning olchasi…
Yunus buvaga yalt etib qaradim. Shuurimda bir nima yarq etib ochilib ketganday bo‘ldi. Judayam ulkan bir qonuniyatni tushunib yetganday bo‘ldim.
“Mana bu esa dadangning oyisining olmasi, — deb davom etdi Yunus buva. — Sen tug‘ilgan yili vafot etgan edi rahmatlik. Bu yerlarga tez-tez kelib tur, esingdan chiqarib qo‘yma…”
Men esa… Bolalik xotiralarim shuurimda bo‘ron kabi o‘ynar, chehralar, qiyofalar, aytilgan so‘zlar, jilmayishlar, kimlarningdir qo‘llarining aziz taftlari… bari-bari yuragimda mislsiz bir larza bunyod etar va ko‘zlarimdan oqqan armonlarning, xotiralarning qaynoq tomchilari yuzimni kuydirar edi…
“Endi yetar, – dedi Yunus buva sokin ovozda. — Sen ozmi-ko‘pmi kitob o‘qib, uzoqqa ketding. Bilki, bu yerdayam aqliyu ilmi bilan dunyoni o‘zgartirishga qodir odamlar bo‘lgan. Ammo ketishmagan. Bilib qo‘yki, sening vazifang — o‘z oilangdan kimdir o‘tsa, daraxt qadash. Yana bilki, o‘g‘lim, vaqti-soati kelib bu yerda sening ham o‘z daraxting bo‘lishi kerak…”
Yana aytdiki: “Bu bog‘ning hikmatini endi anglagandirsan, o‘g‘lim? Sen bolaligingdan bilganing shu bog‘ning qanday bunyod bo‘lganini endi tushungandirsan?”
Yana umr degan shamolning girdoblari aqlu hushni shoshirib esdi, oylaru yillar zuv etib o‘tdi.
Hozir men tug‘ilib o‘sgan yurtda ho‘v o‘sha — olis bolali-gimning nuroniy qariyalaridan hech kim qolmagan. (Ularni faqat farzandlarining yuz-ko‘zlariyu qabristondagi daraxtlar eslatib turadi, xolos.)
O‘sha mahallar navqiron va azamat bo‘lgan kishilar endi keksayganlar. Endi ular o‘sha mahaldagiday ko‘chani to‘ldirib yurmaydilar, qahqahalari olamni buzmaydi.
Ularning armonlari ham bo‘lakcha. Masalan, Ro‘zimat hoji bu yil yetmishni qoraladi. Bahorda xastalanib yotib qoldi. Bizlar u kishini ko‘rgani kirdik. Gap aylanib, uning haj safarida vafot etgan do‘sti Sobir hojiga borib taqaldi. Shunda Ro‘zimat buvaning aytganlari mening shuurimda o‘yilib qoldi:
– Ha-a, Sobir bopladi, – dedi u havas bilan. — Hammani dog‘da qoldirib, o‘sha yoqda omonatini topshirvoldi, bachchag‘ar…
Kechagi bolakaylar, ya’ni bizlar bugun shu qishloqning oldi erkaklarimiz. Bugun ko‘chalarni bizlar to‘ldiramiz, bizning qahqahalarimiz olamni buzadi. Ortimizdan ulg‘ayib kelayotgan bolakaylar bizlarga havas bilan qarab qoladilar…
Bizlar-chi, erta bir kun kelib, qay birimizga havas qilarkanmiz?
Qay birimizning daraxtimiz oldin gullarkan?..
Qishlog‘imizning adog‘idagi bog‘ hozir ham bor. U tobora kengayib borayotir.
Qishloq odamlari bu bog‘ni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydilar.
Bu boqqa odamlar Bog‘i Eram deb nom berganlar.
Bilamanki, bir kun kelib, mana shu bog‘da mening ham o‘z daraxtim bo‘ladi. Uni mening pushtikamarimdan bo‘lgan zuryodim — hozirda endigina biyron-biyron gapirishni o‘rgangan o‘g‘lim qadaydi.
Bu ko‘chatning tutib ketishidan, gullab meva berishidan hamda mevalaridan turli-tuman qushlarning, qurtu qumursqalarning bahramand bo‘lishlaridan men ham umidvorman…

XOTIMA

Bolalik xuddi uzoqdagi bir saltanat tsingari ko‘nglimizda jilvalanib-tovlanib yashaydi. U mitti bir olamga o‘xshaydi – tegrasi Iskandar devori bilan o‘ralgan, adolat va rostgo‘ylik, halollik va soflik-soddadillik doimo ustun bo‘lgan, yozlari qaynoq, qishlari iliq, fusunkor bir olam…
Eng ardoqli xotiralarimizni va kechinmalarimizni bizlar o‘sha yerda saqlaymiz.
Bu yer xuddi tilsimlanganday — mening bolaligimning tilsimlari faqat mengagina ochiladi. Go‘yo umrning dashtu sahrolari aro men tilsim qoyasiga yetib boraman, u yerdagi sofdil va sadoqatli dev “Isming nima?” deb so‘raydi. Men o‘z ismimni aytsamgina ochiladi. U yerga mendan boshqa hech kimsa daxl eta olmaydi.
Bu yurtning qushlariyu hayvonlari odamzod tilida gapira oladi. Daraxtlar, toshlaru qumlar bo‘lib o‘tgan voqealardan shahodat beradilar.
Bu yerda oltin ninachilar parvoz qiladilar, Semurg‘ qush suhbatga mushtoq turadi. Sofdil devlar istagingizni bajarishga har doim shay.
Faqat bir narsa yetishmaydi u yerda. Shu saltanatning sohibi va qahramoni, ya’ni sizu biz yo‘qmiz u yerda…
Bu dunyoda o‘sha mahallar yosh va navqiron bo‘lgan ota-onamizu bobo-momolarimiz yashaydilar. Hozirda keksalik yoshiga yetgan, qartaygan otalarimiz u yerda “hech kimdan qo‘rq-maydigan, dunyodagi eng kuchli va engjasur” qiyofada gavdala-nadilar. Bir tutamgina bo‘lib qolgan onamiz u yerda g‘oyatda bag‘rikeng, quyoshtaftli qiyofada qolgan.
Qay birini aytay? U yerda xastaliklar yo‘q, u yerda yozg‘irish, nafrat yo‘q, yomonlik yo‘q, qayg‘u yo‘q, g‘am yo‘q…
Aksincha, u yerda ma’sumona arazlashlar va shudringday tiniq orzular bor. Bu orzular hali ham ajoyib orzu daraxtlarining yaproqlarida xuddi shudringday tovlanib-akslanib turipti.
Afsonaviy shaharlar, jannatmakon go‘shalar u yerda hamon bizlarni kutadi. Bolalik chog‘larimizning sehrli bog‘i bo‘lgan Bog‘i Eram ham shu saltanatda joylashgan.
Bog‘i Eramning ichkarisiga kirib borarkansiz, xotiralar… xotiralar quyun bo‘lib yopirilib keladi. Oyoq ostida to‘dalashgan xazonlarning har bid bir inson kechmishini so‘ylaydi. Bog‘ sokin, jimjit. Bitta yaproq uzilib tushsa ham eshitiladi.
Kishilarning olamdan o‘tganini bildirib, yaproqlari to‘kiladigan daraxt esga tushganida esa yurak uvishib ketadi…
Ajabo, deyman o‘zimcha, sizu bizning Bog‘i Eramimiz ham aslida shu emasmikin? Tumanlarga chulg‘angan mislsiz tarixiyu bolaligimizdan beri shuurimizga naqsh bo‘lib tushgan urfu odatlari bilan, barcha siru sinoatlari va sal avval tilga olganimiz hikmat to‘lug‘ bog‘lari bilan, har biri bir tarixga guvoh qum zarralariyu son-sanoqsiz, mungli-hazin qo‘shiqlari bilan… Olamda yurganlarga va olamdan o‘tganlarga bo‘lgan munosabatimiz bilan, ehtiromimiz bilan… Tuproq ustidagi va tuproq ostidagi barcha azizu qadrdonlarimiz bilan…
Bilmadim… Ammo, Bobil saltanati davrida bunyod etilgan va keyinchalik samoga ko‘tarilib ketgan afsonaviy Bog‘i Eramning aynan shu – bizning kechinmalarimizda, bizning ko‘ngillarimizda, bizning tuprog‘imizda nihon ekaniga ishongim keladi…

1999-2003