Ag‘daramiz!
“Men zo‘rman!” – dedi raqibning ko‘zlari.
“Zo‘r bo‘lmasang menga poy bo‘larmiding?” – past kelmadi Rustam.
“Yo‘q, men sendan zo‘rroqman!” – tepadan keldi raqib va birin-ketin qo‘shaloq zarbalar berdi.
“O‘-ho‘… Ha, tuzuk… lekin baribir sa-al xomroq-da…” – Rustam qo‘lqoplarini qalqon qildi.
“Men… bu kunni uzoq kutdim… Sen…” – raqib kutilmaganda chapga sho‘ng‘ib, o‘ng qo‘li bilan chalg‘ituvchi harakat qilib, chap oyog‘iga vaznini tashladi va rosmana musht otdi.
“Endi kuningni ko‘rasan!” – Rustam o‘zini orqaga tashladi. Beli bilan ring arqonlarini his qildi. Ha, chekinishga joy yo‘q. – “Xafa bo‘lmaysan-da, og‘ayni! Buni boks deb qo‘yishibdi…”
Odatda polvonkelbat bokschilar charchagan xo‘rozlarga o‘xshab bir-biriga bo‘yin solib, turgan joyida aylanib qoladi. Bular yengilroq vaznda bo‘lsa-da, azbaroyi ishtiyoq sabab ortiqcha kuch sarflab, hakillab qolishdi.
Rustam ko‘p jang ko‘rgan, ko‘proq qo‘lqop titganiga qaramay, hozirgi bahs uning uchun isitma aralash tushda ko‘rayotganday aloq-chaloq tusga kirgan, ustozining ko‘rsatmalari uzuq-yuluq bo‘lib uzoqdan kelar, raqibining yuzi o‘ta bahaybat, beo‘xshov va sovuq ko‘rinardi.
Ustozi Sodiq Bo‘tayev qo‘lini karnay qilib qichqirar, depsinar, goh sochiqni jahl bilan yerga urib tepalardi – koshki, foydasi bo‘lsa…
– Rustam! Nima balo, qantarilgan so‘qimday burchakda turibsan! Chiq-e! O‘v, xudo chap qo‘lni senga nimaga bergan?! Solmaysanmi ochib berib turganda! Yo o‘zim chiqaymi? – Xunobi oshgan murabbiy yoniga qarab go‘yo suhbatdoshi borday xulosa beradi, – yo‘q, buni qulog‘i tom bitgan!
Ana endi gapni raqib murabbiyidan eshiting:
– Qo‘yvorma! Yetvol! Tezroq! Sol! Chalpak qip tashla!.. O‘lvor, pandavaqi! Esizgina shuncha jasad! – U ham yonida hamdardi borday avval yerga bir tupurib olib, yelka qisadi, – tavbangdan ketay, bular ringga chiqdi deguncha qulog‘i bilan miyasi ishdan chiqadi. Bizni davrimizda…
Bong yangradi. Bokschilar o‘z burchaklariga borishdi. Sekundant ringga kirib, yelpishni boshladi. Sodiq Bo‘tayev yonboshda turib, shogirdiga suv ichirdi:
– Oyoqlaringda ko‘proq harakat qil! Yaqin kelsa, qisqa zarba bilan kutib ol! Zarbalaring oxirigacha yetib bormayapti! Masofani ushla! Ko‘proq harakatlan! To‘xtab qolma! Farq uncha katta emas! Shoshilma! Yutishing shart! Bilasan-a, yutsang, jahon chempionatiga borasan! Qani, arslon! Ag‘daramizmi? – Sodiq Bo‘tayev o‘ng qo‘lini musht qilib uzatdi. Rustam ustozining mushtiga ohista qo‘lqop urib:
– Ag‘daramiz! – dedi shahd bilan.
Yana bong yangrab, bokschilar bir-biriga ro‘para bo‘lishdi. Tomoshabinlarning old qatorida oyoq chalishtirib o‘tirgan Elmurod Sodiq Bo‘tayevga luqma tashladi:
– Sodiq aka, qaydan topgansiz bu lakalovni?
Sodiq Bo‘tayev unga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Tanish ovozni eshitgan Rustamning ko‘zi bir lahza Elmurodning ko‘zi bilan to‘qnashdi. Xayolida raqibi birdan Elmurod qiyofasiga o‘tdi-yu, Rustam “hex!” deb pastdan yuqorilatib uchirma zarba berdi. Raqib birpas kalovlanib turdi-da, ko‘zlari g‘ilaylanib, bor bo‘yi bilan yerga quladi. Hakam engashgancha barmoqlarini ko‘rsatib sanay boshladi:
– 1… 2… 3…
Rustam Elmurodga qaradi, u nigohini olib qochdi.
Ringda sanoq davom etyapti:
– 4… 5… 6…
Raqib turishga harakat qildi, lekin o‘zini yig‘a olmay, muzda sirg‘angandek toyib, chalqancha yiqildi.
– Tur o‘rningdan! Tur!.. E-e-e… Atala! – deya raqib murabbiyi xunob bo‘lardi.
– 7… 8… 9… Nokaut!
– Bor ekansanu, Rustamjon! Onanib ketay!
– Endi boraman-a?
– Borasan, borasan!
Rustam kamdan-kam odamga nasib etadigan tansiq va tanqis surur – g‘oliblik zavqi bilan mast bo‘lsa-da, murabbiy qo‘lqop ipini chuvatib yechayotgan chog‘i og‘riqdan “uh” tortib yubordi.
– Nima bo‘ldi?
– Barmoqlarim… Uzilib tushadi… Tortmang! Uh-h, sekinroq!
– Shoshma, keyin yecharmiz… Bo‘pti, bor! Hakam depsinyapti…
Gumbalaqidom-gum!
* * *
O‘n chog‘li o‘smir qishloq chetidagi soybo‘yi sayhonligida to‘planib turibdi. Nisbatan gavdaliroq, boshqalardan yoshi kattaroq Javlon sigaret qutisini namoyishkorona ochyapti. Quti ketiga ohista chertib, bir dona sigaretni oldi, ezg‘ilab yumshatdi, keyin chaqmoqtosh yoqib, oliftagarchilik bilan tutatdi. Bolalar mahliyo.
– Buni o‘g‘il bola chekadi. Es-es, bitta tortmagan – pes! – dedi Javlon tutab turgan sigaretni ko‘rsatib.
Bolalar birin-ketin tutun tortib, aylantirishdi. Birovi yo‘taldi, birovi o‘qchidi, yana biri dudni taqlidan osmonga pufladi. Javlon yelkasini tashlab-tashlab, yayrab kuldi. Navbat chetda turgan ozg‘inroq bolaga keldi.
– Ha, Aziz, o‘zingni ko‘rsat! Bitta o‘g‘il bolacha tortgin, kuli jingalak bo‘lib, burningga tiralib qolsin. Qani!
– Men chekmayman.
– Nega?
– Chekmayman, deb qo‘yganman.
– “Chekmayman deb qo‘yganman?” – Azizning gapini mazax ohangida qaytardi Javlon. – Kimga deb qo‘ygansiz, opoq bola?
– Bu – meni ishim! Chekmayman, tamom!
Javlon kurash tushmoqchiday qulochini yozib, mayda qadamlar bilan gapirib kela boshladi:
– Qarang-a-a! Qanday odobli bolaman! A’lochiman, tirnoqlarimniyam vaqtida olib yuraman, betimniyam sovunlab yuvaman. – U shunday deb masxaromuz ohangda qo‘shiq boshladi:
Erta bilan turoman
Nahori nashta-yo, nahori nashta.
Gumbalaqidom-gum!
O‘ng qo‘limda ignayu…
Shu joyga kelganda bolalarga qarab ko‘z qisdi:
– Ha!
Bolalar jo‘r bo‘lishdi:
Tizzamda kashta-yo, tizzamda kashta!
Gumbalaqidom-gum!
“Gum!” deyilgan paytda Javlon Azizning ko‘kragidan itarib yubordi, u ortida atay to‘rt oyoqlab olgan Mirzaga ayqashib, chalqancha yiqildi.
Javlon ko‘zlarini olaytirib, sharq yakkakurash uslublariga o‘xshatib, “iyya-iyya” deb havoni tepdi, mushtlarini biqiniga tirab, keskin ortga o‘girilib, bolalarga qarab o‘zicha:
– Ay-kido! Meyd in Japn! – deb xitob qildi.
Aziz esa o‘rnidan turib, jimgina keta boshladi. Shu payt Mirza qayroqchilik qilib, uning yo‘lini to‘sdi va gij-gijlashga tushdi:
– Iya, yo‘l bo‘lsin, opoq bola? Sizda g‘urur bormi? Sizni itarib, yumalatib tashladi-yu, siz bo‘lsangiz ammamni buzog‘iday ho‘shshayib ketaverasizmi? Hech bo‘lmasa, yarim shapaloq sovg‘a qiling qaytimiga. Bo‘lmasa, bolalar tug‘ilgan kuningizga ro‘mol sovg‘a qilishiga to‘g‘ri keladi! Ro‘molingizni rangi qanaqa bo‘lsin?
– Qoch yo‘ldan!
Mirza birdan to‘yda tabrikka chiqqan qizcha qiyofasiga kirib, ko‘ylagining etagidan pastga tortib, she’r ayta ketdi:
– Oq ro‘mol boshingizda,
Soyasi qoshingizda…
Parang ro‘mol o‘rabsiz
O‘n ikki yoshingizda!
Bolalar qiyqirib kulishdi. “Fisht-fisht” ovozli hushtaklar, “Iyuv-iyuv!”, “Yomon qildi-yu, artist-da bu!” degan xitoblar yangradi. Mirza ikkala qo‘lini musht qilib, bosh barmoqlarini tikkaytirib, Azizning burniga niqtadi.
– Qani-qani, otasimi-enasi? – Ko‘zi bilan bosh barmoqlariga ishora qildi. – Bunisi – otasi, bunisi – enasi. Qaysi birini tanlaysan? Yo o‘zim ushlatib qo‘yaymi?
Aziz qayroqchini turtib, chetga surdi va o‘z yo‘liga keta boshladi. Orqadan yugurib yetib kelgan Javlon o‘zini ajriqqa yonbosh tashlarkan “shmik!” deb qiyqirib, Azizni to‘pig‘iga tepib yiqitib, bir aylanib ustiga o‘tirib oldi. Ermak qilib qo‘lini qayirdi, manglayini manglayiga tiragudek bo‘lib, “tirs” etkizib burniga chertdi. Aziz har qancha urinmasin, uni ag‘darishga ojizlik qilar, kuchli panjalardan bilaklarini qutqarishga iloj topolmasdi. Shu asnoda tutqator so‘qmog‘idan o‘tib borayotgan sinfdosh qizlarga ko‘zi tushgan Aziz jon-jahdi bilan tipirchilay boshladi. Xirillagan ovozda baqirdi:
– Qo-o-och!
– Ie, sensiravordizmi? Tilingizni chiqaring-chi, qani. Ay-yay-yay! Qayoqqa qochay? Qoshingiz bilan yo‘l ko‘rsatvoring.
Javlon rosmana bir shapaloq tortdi-yu, Azizning burni tirqirab qonaganini ko‘rib, apil-tapil o‘rnidan turdi. Sheriklari bilan qiy-chuv ko‘tarib, boshlarida sumkalarini aylantirgancha qishloq tomon yo‘rtib ketdi. Birozdan so‘ng Azizning sinfdoshi Azim qaytib keldi.
– Aziz, haliyam o‘tiribsanmi? Bitta tortganingda shu gaplar yo‘g‘idi. Bolalarga mazax bo‘lganing qoldi. Bilasan-ku uni, yo‘q joydan urush chiqaradi.
– Ha, hammayoqni rasvosi chiqdi. Hammasidanam Nurxon ko‘rgani chatoq bo‘ldi.
– Nurxon? Senga hali shu alam qilyaptimi? Usti-boshingni qara, ko‘ylaklaring qon…
– Buni yuvsa ketadi…
Bu xo‘rozmas, tuyaqush!
Dakan xo‘roz avval bo‘ynini bir to‘lg‘ab oldi-da, go‘yo navbatdagi qoratomosha boshlanganini e’lon qilayotganday bo‘g‘iq ovozda qichqirdi.
Davra asosan yoshlar, o‘smirlar va otasiga ergashib kelgan uch-to‘rtta bolakaydan iborat bo‘lib, ko‘pchiligining quchog‘ida har xil turdagi xo‘rozlar betoqat g‘uqillaydi.
Ba’zi “shinavandalar” yarador xo‘rozining jarohatiga em istab, yosh bolalarga pul tutib, “ozgina choptirvoring, toy bola!” deb avrasa, boshqa bir hangomatalab xo‘rozboz bolapaqirning kapalagini uchirib, “Ho‘v, cho‘mbirni ocha ko‘rma, chuvalchangday cho‘rt uzib oladi-ya!” deb tizzasiga shappatilab kuladi.
Qiyqiriq va olag‘ovurga to‘la davra o‘rtasida ikkita xo‘roz zo‘r berib tepishyapti. Egalari ham ularga monand davra aylanib, goh hurpayib boshini yelka ichiga tortadi, goh turgan joyida sakrab qo‘yadi, qo‘llarini qoqib, “jangchi”siga baqirib dalda va tanbeh beradi. Davradan: “Yashavor, akangni xo‘rozi!”, “Birtepar-da bu, birtepar!”, “Tojisini tirtib qo‘y!”, “Bu xo‘rozmas, tabaka!”, “Menga qara, pixiga piska qo‘ymaganmikan?”, “Xo‘rozmas, bu – Tayson!”, “Qochdi-qochdi, yedi-edi!” kabi ovozlar eshitiladi.
– Qaddingdan ketay, qadrdonlar, – deb so‘z boshladi davraboshi va odamlar tinchlanishini kutib, bir-ikki yolg‘ondakam yo‘talib oldi. – O‘ho‘-o‘ho‘… Ko‘rib turibsizlar, bugun qo‘shtegirmonliklarni omadi chopgan kun ekan. Rasul polvonni kulonkiri Najmiddin qassobni dakanini qochirdi. Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q. Qani, davraga chiqing-chi, Rasuljon. O‘rtoqlar, o‘rtoqlar! Sovrinni tumanimiz aziz mehmoni, ya’ni mehmoni aziz G‘ulomjon… – Nasabini qo‘shib aytmoqchi bo‘ldi, eslolmay davra chetida g‘o‘dayib o‘tirgan G‘ulomjonga qaradi.
– Gerakl Hojatbaror, deyavering, ako, – dedi to‘rdagi yigit.
– Ha-ya, esim qursin. Shaxsan homiylar homiysi Gerakl Hojatbaror topshiradi sovrinni. Marhamat!
Gerakl o‘rnidan turdi:
– Bizda gap bitta bo‘ladi! Mana, mana shu kompyuter Rasuljon ukamizga bizdan savg‘o! – Sovrinni topshirib, joyiga o‘tirgach, yonidagi yordamchisi past tovushda so‘radi:
– Shep, mukofotni ja-a kuchaytirvormadikmi? Hozir kompyuter hokimdayam yo‘g‘-u!
– Hali iching qotgani yo‘q-da, bacham. Bu sovrinmas, to‘r. Hali bu to‘rga tilla baliqlar ilashadi. Ko‘zingga mo‘ltirab “Tila tilagingni!” deb turadi. Ko‘ryapsanmi, hov anavilarni, – u davradan chetroqda to‘p bo‘lib qo‘lma-qo‘l nasha tutatayotgan yigitlarga ishora qildi, – o‘shalardan tushgan bugungi daromadning o‘zi sovg‘a-salomni ko‘tardi.
– Shep, sizga gap yo‘q. Nashaning o‘zidan shunchalik. Hali “gera”ga o‘tsak, pishagimizning sumagi ham tilladan bo‘p ketarkan-da. Borizga shukur, shep.
Davra yana jonlandi. Qutilarni birma-bir ochib sovrinni ko‘z-ko‘z qilayotgan bakovul monitorni boshi uzra ko‘tarib namoyish qildi. Quvonchdan lablarini yig‘ishtirolmay qolgan Rasuljon ba’zi qiziquvchanlarning uzatilgan qo‘llariga urib qaytarardi. No‘mon Rasulning yengidan tortib, sekin shivirladi:
– O‘rtoq, buning haligidaqa kinolarniyam tiniq ko‘rsatsa kerag-a?
– Unaqa kinolarni uyingda o‘zing qo‘yasan, xo‘pmi! – dedi Rasul jahl aralash to‘ng‘illab.
– Obbo, birdan mulla yigit bo‘p qoptilar-u. Olchinga borib, Karimjonni og‘ilida sahargacha so‘lakaying oqib o‘tirganing esingdan chiqib qoldimi?
– Hozir bitta yeysan!
Davraga oq jaydari xo‘rozni bag‘riga bosib, Javlon chiqib keldi:
– Menikiga poy bormi?
“Ie, Quyqadanam xo‘roz chiqibdi-da oxiri!”, “Kolxozdi xo‘rozi haliyam bor ekan-da!”, “Bay-bay-bay, bu xo‘rozmas, tuyaqush-ku! Maktabni ohak chuquriga tushib ketganmi deyman”, “Bunga poyni qaydan topamiz endi, dinozavrlar qirilib ketgan bo‘lsa…” kabi hazil-mazax gaplar yangrab, davrada kulgi ko‘tarildi. Javlon kalovlanib, atrofga najot istab boqdi.
Davraboshi kulgidan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatdi:
– Uka, oting nimaydi, ha, Javlon. A’zam Quyqiyni ukasisan-da. Bu xo‘rozing… – Xo‘rozni qo‘lga olib, aylantirib, tomosha qildi, – faqat qichqiradi, xolos. Hofiz xo‘roz-da bu.
– Nima deyapsiz, tog‘a. Mahalladagi hamma xo‘rozlarni tizg‘itib yuradi.
– Xo‘roz bilan makiyonni farqi-sarqiga borasanmi, ukam sho‘x? – deb so‘radi ko‘zlari qizargan xo‘rozbozlardan biri.
Javlon unga o‘qrayib javob berdi:
– Sizlar farqi-sarqiga bormasalaring kerak-da!
– Yig‘ishtir maynavozchilikni, jipiriq. Ko‘tar tovuqsho‘rvangni! – dedi g‘azablanib xo‘rozboz.
Shu payt Gerakl hindu sardorlaridek o‘ng qo‘lini ko‘tarib, o‘rnidan turdi. Davradagi g‘ala-g‘ovur, kulgi tindi:
– Aziz birodarlar, orzuga ayb yo‘q, niyatga – gunoh. Bu yigitni ishtiyoqini so‘ndirmaylik. Bo‘ladigan bolaga o‘xshaydi. Xo‘roziga raqib yo‘q bo‘lsa, demak, u – g‘olib. – Yoniga qimorbozlardan birini chaqirdi. – Menga qara, Mirabbos, sovrin sifatida bu ukamizga bitta jangari jo‘jangdan berasan. O‘zi tarbiyat qilsin, sen xabar olib tur. Ma’qul?
– Boz ustiga, G‘ulom aka, – dedi Mirabbos va shosha-pisha egilgancha yonboshiga lo‘ndagina qilib nos tashladi.
Gerakl Javlonning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, pishang berib, qo‘ltig‘iga suv purkadi:
– Xudo xohlasa, keyingi musobaqalarda faqat sen sovrin ko‘tarasan.
– Rahmat, rahmat, aka! – dedi Javlon sevinchdan terisiga sig‘may.
– Arzimaydi, bacham, – dedi Gerakl olislarga viqor bilan qarab.
Boshqa safar bo‘lmaydi
Aslida, kasalxonani yoqtiradigan odam topilmasa kerak. Albatta, do‘xtirlarning o‘zlari bundan mustasno.
Bolalikda yoppa emlama payti hamshiralar qamalga olingan sinfxonalarga bostirib kirib, spirt va xlor hidini anqitib, o‘quvchilarning o‘takasini yorib ukol urishardi. Garchi Rustam “O‘g‘il bola qo‘rqmasligi kerak” degan aqida bilan ukol qilinishi mo‘ljallangan joyini ochib, ko‘zlarini yumib tayyor tursa-da, sinfdoshlarining ohu fig‘onlari uning shuurida ko‘ngilni ozdiradigan hadik uyg‘otgan edi.
Rustamning otasi “Bizda shifoxona emas, kasalxona bor”, deb ko‘p aytardi. Bu jaydari hikmatni qahramonimiz yoshi ulg‘ayib, jiddiy bahslarda jarohat olib, do‘xtirlar bilan yuzma-yuz qolgan chog‘larida tushunib yetdi. Mana, hozir ham vrachdan tekshiruv natijalarini bilish uchun qabulga kirib ulgurmay, Rustamning rangi oqarib, ko‘ngli behuzur bo‘lib turibdi.
U xonaga kirib borganda Sodiq Bo‘tayev asabiylashib, tinimsiz u yoqdan bu yoqqa borib kelar, ora-sira qo‘llarini sovunlab yuvayotgandek bir-biriga aylantirib ishqalab qo‘yardi.
– Bo‘ldi-da endi, boshimni aylantirib yubordingiz-ku! O‘tiring! Siz ham o‘tirib oling, o‘rtoq qahramon. Mana, qaranglar, – do‘xtir rentgen qog‘ozini murabbiyning peshonasiga tiraguday bo‘lib qaltiratdi. – Uchta barmog‘i singan. Panjasi ezilgan. Miyasiyam chayqalganga o‘xshaydi. Tamom!
– Jahon chempionatiga borishi kerak. Saralash bahslaridan o‘tdi. Tushunyapsizmi? Nima qilib bo‘lsa ham tuzatish kerak. Ishongan bokschimiz shu axir!
– Ha-a… Echkiga jon qayg‘u, qassobga – haligidaqa…
– Iltimos-da endi, do‘xtir… Bir amallab bering, – dedi Sodiq Bo‘tayev qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
– G‘alati gaplarni gapirar ekansizlar-a sizlar… Bu barmoqni sirach bilan yopishtirib, qotirib qo‘yib bo‘lmasa. Miya haqida gapirmay qo‘yaqolay. Odam o‘ziga o‘zi shuncha jabr qiladimi, tavba.
– Hozircha vaqtimiz bor. Keyinchalik yaxshi bo‘p ketar?.. – boshini qiyshaytirib iltijoli qaradi murabbiy.
– Albatta, ko‘rmaganday bo‘lib ketadi. Faqat besh-olti yillardan keyin. Lekin miya chayqalishi jiddiy masala. – Shifokor stoldagi sigaretni olib, labiga qistirdi. Tutatmasdan g‘ijimlab, axlat chelagiga chertdi. – Tashlash juda qiyin bo‘lyapti-da. Qistaloqqa o‘rganib qolgan ekanman…
– Nos tuzuk. Atrofdagilarga zarari kamroq. Yerni unumdorliginiyam oshiradi… – dedi Sodiq Bo‘tayev zo‘raki ishshayib.
– E-e, bari bir go‘r… – Birdan kuyinib gapirishga tushdi. – Aka, keyingi zarba uni bir umrga to‘shakka mixlab qo‘yishi mumkin. Jahon chempionatidagi raqiblariyam iloyo kaltak yeb kelay deb buvisidan duo olib borishmaydi-ku. Xo‘p, ularni yutar ham. Jahon chempioni ham bo‘lar. Keyin unga uyida siz shopirma atala ichirib o‘tirasizmi? Siz sababchi bo‘lib qolasiz. Qo‘rqmaysizmi? Birovni bolasi-ya… – Do‘xtir Rustamga o‘girildi. – Uylanganmisan?
– Ha.
– Ana! Bola-chaqasini boqadimi yo uni boqishadimi? Bolalardan nechta?
– Endi, xudo xohlasa… – dedi Rustam o‘ng‘aysizlanib.
– E, hali qiladigan ishing ko‘p ekan-u, bo‘ladigan ish bilan shug‘ullansang-chi. Sen ringda emas, boshqa yoqda jang qilishing kerak, ukaginam.
– Nima deysan? Bu gal bo‘lmasa boshqa safar-da, – dedi Sodiq Bo‘tayev noiloj taqdirga tan berib.
– Boshqa safar bo‘lmaydi, – g‘udrandi Rustam.
Oraga bir muddat og‘ir sukunat cho‘kdi. Alamzada Bo‘tayev shifokorga soxta tabassum bilan boqdi:
– Do‘xtir, yangisini eshitdingizmi?
– Yana G‘ayrat qiziq to‘qigandir-da?
– Ajoyib kunlarning birida bosh shifokor xonasiga sizga o‘xshagan xodimi kirib, “Xo‘jayin, bugun ertalab kelgan bemor bilan gaplashdim, juda yaxshi odam ekan bechora, nima qilamiz, davolaymizmi yo yashayversinmi?” dermish. I-e, va-xa-xa-xa!
Shifokor pinak buzmadi:
– G‘ayrat to‘qigani aniq. “Ajoyib kunlarning birida” deb boshlashidan ma’lum. Yana “Agar kasalning umridan bergan bo‘lib, bu dunyodan rizqi uzilmagan bo‘lsa, do‘xtirlar hech narsa qilolmaydi”, degan qochirim ham o‘shaniki… – shifokor shovqin solib burun tortdi, – eng yomoni… uni mutoyibalari tumov-puchqoqday yuqumli. Qaysi davraga borsang, yangisini eshitdingizmi, deb kuydirilgan qo‘ykalladay tirjayib turishadi. Kecha bittasi zamonaviy maqol deb bir gap aytdi, xudoyida kulmagan odam qolmadi. Nimaymish, “Boy qo‘lini cho‘ntagiga solib qashlansa, tabib qo‘l uzatadi”, emish. Kim ko‘rgan ekan? Shu G‘ayratga o‘xshaganlardan chiqadi-da… Mayli, qo‘lga tushib qolar uyam…
Hardamxayol o‘tirgan Rustam o‘rnidan turdi:
– Demak, yetib kepmiz-da?
– Ruxsat bermayapti-ku manavi… do‘xtirlar. Lekin gapi to‘g‘ri, sog‘liq bilan hazillashib bo‘lmaydi. Davolan! Hali sening g‘alabalaring oldinda… O‘sha oxirgi zarbang zo‘ridan o‘zingniyam barmoqlaring sindi. Nokaut qilmasang o‘larmiding?
Tuzukmisan, Aziz?
Aziz so‘rida tushkun kayfiyatda og‘ir xayol surib o‘tiribdi. Onasi xonadan chiqqanini payqab, shosha-pisha yonidagi kitobini qo‘liga olib, duch kelgan joyini ochdi.
– Hoy bola, kitobni teskari ushlab o‘tiribsan – bir. Meni aldamoqchi bo‘lyapsan – ikki. Nimanidir yashiryapsan – uch. Molga suv bermabsan – to‘rt. – Onasi shu yerga kelganda birdan olovlanib ketdi. – Qanaqa bolasan, o‘zi? Muncha meni kuydirasan? Darding bo‘lsa, ayt, dadangga o‘xshamay! Dadang kelsin…
Aziz indamasdan og‘ilga kirib, paqir ko‘tarib chiqdi va ko‘chaga yo‘l oldi. Ortidan dasturxon ko‘tarib chiqqan onasi “Men rov Ikrom domlanikiga o‘tib dam soldirib qaytaman, hazir bo‘lib uyda o‘tir”, dedi-yu, ildam jo‘nab ketdi.
Aziz ariqqa paqir solib, oqar suvga qaragancha o‘yga toldi. Shu payt maktabdan qaytgan Nurxon va dugonasi Mukarramxon uning ortida to‘xtab, birdan savolga tutishdi.
– Ha, Aziz, tuzukmisan? – deb gap boshladi Nurxon.
– Tuzukmisan, Aziz? – deb uning gapini takrorladi Mukarramxon.
– Ha, yaxshiman. Rahmat, – qad rostladi Aziz. Keyin maktabga bormagani birdan esiga tushib, gapini o‘nglab oldi. – Boshim yomon og‘riyapti. Uh!
– Voy, nega og‘riydi?
– Nega og‘riydi, voy?
– Bilmaysanmi? – deb so‘radi Aziz Nurxonga sinovchan qarab.
– Nimani?
– Nimani, Aziz? – gap qo‘shishda davom etdi Mukarramxon.
– Ko‘rmadingmi?
– Nimani ko‘raman? – Nurxonning quyuq qoshlari chimirildi.
– Nimani ko‘ramiz, Aziz? – atrofga alangladi dugonasi.
Aziz xursand bo‘lib ketdi:
– Rostdanmi? Hech narsa ko‘rmadingmi?
Nurxon jilmaydi:
– Yo‘q.
– Yo‘q, Aziz, – xandon otib kulib yubordi dugona.
– Ha, unda yaxshi. Boshimam og‘rimay qoldi.
– Ie, Aziz, tezroq uyingga kir. Hidoyat opamiz kelyaptilar. Biz seni kasal deb aytib qo‘yganmiz.
– Ha, aytib qo‘yganmiz, Aziz. Uyingga kir.
Aziz shosha-pisha chelakni lapanglatib, uyiga yugurdi. Hidoyat qizlarning salomiga alik olib, Azizlarning bir qanoti qiya ochiq darvozasidan “Assalomu alayku-um, kim bor?” deb ichkariladi.
Ko‘zyoshdan foyda yo‘q
Chorbog‘ tomoni bo‘z mato bilan to‘silgan hovlidan sovuq ma’rakaning nafasi ketmagan: burchakda hali yig‘ishtirib olib ketilmagan qozon-o‘choq, choyqumg‘on, ma’raka stol-stullari ko‘zga tashlanadi. O‘rta yoshli ikki kishi ayvon chetiga to‘shalgan yakandozda omonatgina o‘tirishardi. Ulardan biri qo‘l telefonida nimanidir diqqat bilan tomosha qilar, ikkinchisi hafsalasizlik bilan hovlining baland-pastini ko‘zdan kechirardi.
Elmurod ustunlari tob tashlagan darvozaxonada ikki farzandini quchoqlab o‘tirgan aza kiyimidagi ayol bilan gaplashib turibdi:
– Endi-i… kelin, ko‘zyoshdan foyda yo‘q. Ukamni rizqi uzilgan ekan. Nimayam qilardik? Menam sizdan kam kuyganim yo‘q. Ona boshqa bo‘lsayam, ota bir ukam edi.
– Endi nima qilamiz?.. – dedi kelin bolalarini mahkamroq kuchib. – Bular nima qiladi?
– Mana, biz bor, qarindosh-urug‘ bor…
– Rahmat, ming rahmat. Endi, aka, uyni garov pulidan qutulib olsak edi…
– Garov puli? – dedi Elmurod jiddiylashib. – U nima degani? Hovli allaqachon sotilib ketgan. Bilmasmidingiz? Uyni yangi egalarini ukamni qirqi chiqquncha sabr qilinglar, deb to‘xtatib turibman.
– Nima? – Bu gapdan ilonni ushlab olganday seskandi kelin. So‘ridagilar o‘rnidan turib jiddiy qiyofada darvozaxona tomonga bir-ikki qadam tashlashdi. – Qanaqasiga? Garovga degandingiz-ku?! O‘n yilga…
– Hujjatga qo‘l qo‘yayotganda qaraganmidingiz? To‘g‘ri, boshda uyni garovga qo‘yib, qarz olgandik. Keyin uyni bizga o‘tkazasan, deb turib olishdi. Ha, attang! O‘sha kuni hujjatvozlikda qatnasholmadim-da. Bo‘lmasa, sizga o‘zim tushuntirardim.
– Ham uydan, ham xo‘jayinimdan ayrilib qoldimmi? Hindistonda davolataman, katta pul kerak, hovlini garovga qo‘yaylik, degan gap sizdan chiqqan edi.
– Harakat qildik-ku, bo‘lmadi-da, kelin. O‘z jigarimga yomonlik tilarmidim? Peshana-da, peshana… Dardi bedavo ekan-da. Xudodan zo‘r emasmiz-ku.
– Hindistonga oborib kelishga siz aytgan katta pul ham ketmas ekan. Ta’ziyaga kelgan bag‘dodlik Ozodaxon hoji ona aytdilar.
– O‘sha Ozoda hoji sizga joy topib bersin endi, – Elmurod rosmana achchiqlandi. – Shunchalik joni sizga qayishsa… Ma’rakasini kim o‘tkazdi, kelin? Menmi, menmi? E, yaxshilikni tengi emas ekansiz o‘zi! – Soqchiday qotib turgan shotiriga qarab davom etdi. – Ismoil aka, mana shu uy sizniki. Xohlasangiz, hozir ko‘chib keling. Rahmingiz kelsa, bir-ikki hafta muhlat bering. Men endi o‘yindan chiqdim. Bas!
Elmurod jahl bilan qo‘l siltab, katta-katta qadam tashlab ko‘chaga chiqib ketdi. Ayol bolalarini bag‘riga bosgancha izillab yig‘lab qoldi.
Sen og‘riqni qaydan bilasan?
– Haliyam og‘riyaptimi? – so‘radi Hidoyat achinib.
– Ha, ozgina bor, – dedi Rustam istamaygina.
– Boqqa chiqing, soy bo‘yiga tushib, aylanib keling. Og‘riq pasayadi, yengil tortasiz, chalg‘iysiz.
– Sen og‘riqni qaydan bilasan? Biror marta qo‘l ko‘targanim yo‘g‘-u senga… – Rustam tirsagiga tayanib, boshini yostiqdan uzdi, xotinining qizargan ko‘zlariga ajablanib qaradi.
– Musobaqalarda sizga bitta musht tushsa… Keyin boshqa og‘riqlar ham bor dunyoda. O‘sha paytlarda o‘ylab topganman bu muolajani… – dedi Hidoyat ko‘zlarida yosh halqalanib.
– Yo‘g‘-e… – Rustamning hayrati oshdi.
Dahlizdan chiqqan onaning ko‘zi o‘g‘li va keliniga tushdi. Ogohlantirish ma’nosida tomoq qirib, ular tomon yurdi. Kelib “Yo bismillo…” deb so‘rining chetiga o‘tirdi. Hidoyat o‘ziga o‘zi gapirganday “Choyni yangilab kelay-a?” dedi-da, choynakni ko‘tarib, oshxona tomon yurdi.
– Rustamjon, bolam, qo‘ling tuzukmi? O‘zi do‘xtirlarni gips-mipsidan ko‘ra o‘zimizning taxtakach durust edi. – Rustamning gipsli qo‘lini silab, so‘zida davom etdi ona. – Xohlaganda yechib, tuxum-puxummi, mo‘miyomi surib, yana bog‘lab qo‘ysa bo‘lardi.
– Mo‘miyoni ichyapman-u, aya.
– Ichgan boshqa, surgan boshqa, bolam, tezroq bitadi-da. Zirqirayaptimi?
– Yo‘q, yaxshi.
–O‘lguday qaysarsan-da. Ming marta aytdim sen bolaga yig‘ishtir bu hunaringni, deb. Ho‘kizday yigit shaharma-shahar lo‘killab mushtlashib yursa… Kimdan chiqqan tomosha ekan bu qurib ketgur. Yana televizordayam ko‘rsatishadi-ya.
– Sport-da, aya, sport. Ko‘pchilik qiziqadi. Shug‘ullangan odam sog‘lom bo‘ladi…
– Shumi sog‘lom bo‘lganing? Bir haftadan beri kunduzi sir boy bermay, kechasi alahsirab, ixrab chiqasan. Sen bolaning yo oshqozoning, yo jigaring kasal. Bo‘lmasa g‘ujanak bo‘lib yotmasding kuchala yegan kuchukday. – Ona ro‘molining chetini ko‘zlariga bosdi. – Bu yoqda guldek xotiningni umri o‘tyapti. Menam nevaramni hidlab-hidlab, beshikka belagim keladi. E, sen buni xumorini bilarmiding…
– Dadam uydami? – dedi Rustam chalg‘itmoqchi bo‘lib.
– Dadang qo‘ling tuzalishini kutib turibdi. Tuzalvolsin, yaxshilab savalayman, deyapti. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa, qo‘ltig‘imga kirib, madad bo‘lish o‘rniga sang‘igani-sang‘igan, deyapti. Hali ko‘radiganingni ko‘rasan.
– Bolaligimda yemagan kaltagimni endi yerkanman-da, – deb kuldi Rustam. – Musobaqalarda yeganlarimam yetar.
– Bizni gapimiz shu, bo‘kisingni yig‘ishtirasan, tamom! Agar ota-onangni rozichiligi kerak bo‘lsa… – Ona shunday dedi-da, yuziga fotiha tortib, turib ketdi.
Rustam «uh» tortib yonboshga ag‘darildi.
Sog‘inib ketyapman-da!
Qodir birdan qo‘l va oyoq tormozini baravar bosdi. Velosipedning orqa g‘ildiragi shag‘al sochib, keskin burildi-yu, ketayotgan yo‘llariga teskari turib qolishdi. Qodir bir oyog‘ini yerga tirab, ukasiga qaradi:
– Nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan?
– Ayamni sog‘indim. Ayam qayda? Qachon keladi?
– Keladi, – Qodir ikkala panjasini yoyib, ukasiga uch marta ko‘rsatdi, – mana shuncha uxlab tursang, keladi.
– Yolg‘on! Necha marta aytding bu gapni! Buvim ham doim ayamni rasmiga qarab yig‘lab o‘tiradi…
– Eh, dadamiz kasal bo‘lmaganida, uyimiz sotilmasdi. Uyimiz sotilmaganida ayamiz chetga ishlagani ketmasdi. Eh! – Qodir velosiped romidan oyog‘ini olib, ulovni manzil tomonga o‘ngladi. Botir qo‘llarini musht qilib yozg‘irardi:
– O‘z amakimiz bizni aldab ketdi-ya… Katta bo‘lsam hali rosa do‘pposlayman…
– Sen qiz bolaga o‘xshab yig‘layvermasdan o‘zingni qo‘lga ol. Bekorga men seni boksga olib borayotganim yo‘q.
– Sog‘inib ketyapman-da, – yana yig‘lashga tushdi Botir.
Qodir kitob orasidan yarmi chiqib turgan ayasining rasmiga ko‘zi tushib, ko‘zyoshini yashirish uchun ukasini mahkam quchib oldi:
– Bo‘ldi, yig‘lama…
Hammasi bekorchixo‘ja
Rustam qishloq dorixonasiga kirib, janjal ustidan chiqdi. Shirakayf No‘mon dorixonachining asabini zo‘r berib egovlayotgan edi:
– Nega yo‘q bo‘larkan spirt? Spirt bo‘lishi shart. Do‘xtirdi retseptiyam kerakmas. So‘ragan odamga istaganicha berishing kerak. Qonunda shunaqa. Biz qancha bo‘lsa, hammasini olamiz. Tushundingmi?
– Yo‘q narsani qanday qilib beraman? Spirt tugagan. Kecha hammasini qoqishtirib opketgansiz. Shuncha spirtni nimaga ishlatasiz?
No‘mon surbetlarcha iljayib, tomog‘iga po‘killatib chertdi:
– Kompress, kompress!
– Dardim tomoq, degin, – deb gapga aralashdi Rustam. No‘mon ortida turgan o‘rtog‘ini ko‘rib, birdan shashtidan tushdi:
– Ie, Rustamjon, jinoyat ustida qo‘lga olding-ku, – o‘zini oqlash ohangida davom etdi No‘mon. – Bilasan-u, hozirgi araqlarga ishonch yo‘q. Ko‘pi – tufta, yasama. Ana, Chichqon qishloqlik Qurbon Chekushka Isparani arag‘ini ichib, zaharlanib, qovun poyloqchilikka ketvordi.
Rustam yuziga fotiha tortdi:
– Xudo rahmat qilsin. Eshitmagan ekanman. Qachon?
– Ertaga to‘rt kun bo‘ladi. Qadrdon bo‘p qolgandik. Juda qo‘li ochiq, ulpat yigit edi. Shunday yigit-a?.. Yuraging achiganidan ichasan-da odam. Bo‘lmasa, zarilmi?
Rustam kerakli dorilarni olib, pul sanarkan, No‘mon sotuvchiga tinmay:
– Bir juft spirt ham qo‘shvor, buning kimligini bilasanmi o‘zi? – deb javrardi.
Do‘kon oldidagi supada bir to‘p yosh-yalang qarta o‘ynab o‘tiribdi. Mag‘lubning burniga chertayotgan payti “Burningni opqochding! Boshqa chertaman”, deb norozilandi g‘olib. Mag‘lub esa past kelmadi, “Mana chertasan!” deb o‘dag‘aylab qo‘lini dutor chertayotganday siltadi.
Billiardxonaning eshigi lang ochiq bo‘lsa-da, azbaroyi ko‘p chekilganidan tutun ichidagi tumonat odam hammomning parxonasidagidek ayqash ko‘zga tashlanadi. Ichkaridan “Bo‘ldi, bo‘ldi, hov tirriq! Kiyni joyiga qo‘y, sendan boshqalaram odam! Pulni cho‘z, xunasa!” degan xitoblar eshitildi. Og‘zaki janjal o‘t olib, bir to‘da yigitchalar bir-birini sudrashib chiqishdi. Chiqishdi-yu, o‘zlariga achinish va hayrat bilan qarab turgan Rustamni ko‘rib, popuklari pasaydi. Qovushmaygina salomlashib-so‘rashib, yana chiqqan joylariga kirib ketishdi.
– Ahvolni qara-ya! Davangirday yigitlar… – dedi Rustam karaxt holda.
– Nima qilishsin? Ish yo‘q. Hammasi bekorchixo‘ja. Ko‘pchiligi chetga borib, qaytaga qarz bo‘lib kelgan. Reketni qo‘liga tushib, yer timdalagani qancha. Bulargayam oson tutma… Mana men, maktabda qorovulman, topganim uyga yetib bormaydi. Nosqovoqqa non bormi, deydiganlardanman. O‘shan-chun ichiladi-da. Bo‘lmasa zarilmi?
– Oshxo‘rga osh, nonxo‘rga non topiladi. Ishlayman degan odam hech qachon ishsiz qolmaydi. Bozor odamlarni yo‘ldan ozdirdi, qaysi yo‘ldan borish kerakligini bilmay, ko‘pchilik gangib qoldi. Bu kunlar ham o‘tadi.
– Hamma bemazagarchilik ish yo‘qligidan kep chiqadi. Shuni kattalarga bir og‘iz shipshitib qo‘ygin, Rustam. Endi, senam katta odamsan. Bizi gapimizni kim eshitardi. O‘shan-chun ichamiz-da. Bo‘lmasa zarilmi…
Eshak ham vosita
Jazirama tufayli xamirday yumshab qolgan asfalt yo‘ldan qaynoq hovur ko‘tariladi. Nazorat postida turgan militsionerlar uzoqdan kelayotgan qora “Mersedes”ni ko‘rib, jonlanib qolishdi. Ulovdan tushgan Gerakl va haydovchisini bir chetga tortib qo‘yib, avtomashinani obdon tekshirishdi. Militsionerlardan biri yerga qop to‘shab, yonboshlagancha dudburonga tut novdasini uch-to‘rt marta tiqib olib hidlab ko‘rdi.
– Yo‘g‘-u, qayerga yashirgan bo‘lishi mumkin? – dedi u yotgan joyida sherigiga shivirlab. Keyin yoniga kelib, kamarini hidlayotgan itning bo‘yniga novda bilan beozorgina urib qo‘ydi, – Dozor! Idi! Sidi!
– Hayronman, boshim qotdi. Lekin bu juda tullak-da. Xudo biladi, qanaqa usul qo‘lladiykan?
– Yoki xabarchilar adashdimikan?
– Iskovuch ham topolmadi. Nima qildik? – birinchi militsioner furajkasini yechib, yelpina boshladi.
– Boshliqdan so‘rab ko‘r!
Birinchi militsioner yo‘l chetidagi bo‘lmaga borib, telefonda gaplashib, qaytib keldi. Gerakl o‘zini beparvo tutib, qarsillatib saqich chaynab turardi.
– Mana, hujjatlar, ketishingiz mumkin.
– Mayli, rahmat, komandir. Xijolat bo‘lmang, vazifangiz shunaqa, tushunaman, komandir. Xizmat bo‘lsa, biz – doim shay.
– Xayr, salomat bo‘ling, – dedi ikkinchi militsioner ensasi qotib.
Gerakl mashinaga o‘tirgach, ulov bir gurillab oldi-da, ravon yurib ketdi. Ortidan qarab qolgan birinchi militsioner o‘ziga o‘zi: “Baribir qo‘lga tushasan, boradigan manziling aniq”, deb qo‘ydi.
Adirlar orasida Geraklni qo‘ypoda haydagan eshakli kishi qarshi oldi. Ular mashinadan tushib, o‘sha tomon yo‘naldi.
– Shep, bu safar ham chalg‘itdingiz. Borizga shukur. Mentlarniyam toza hafsalasi pir bo‘ldi.
– Maqsad yo‘lida hamma vositalar o‘zini oqlaydi. Hatto eshak ham.
Eshakli kishi uzatgan g‘ishtdek keladigan suvqog‘ozli o‘ramni olib, uning qo‘liga pul qistirdi. Qaytgach, mashina o‘rindig‘i tagiga matohni yaxshilab joyladi.
– Hayda, bos!
– O‘zimizni choyxonagami?
– Ha! – Gerakl zavq bilan xirgoyi qila ketdi. – Chay-xana, chay-xana, chayxana!
Qo‘shiqqa haydovchi ham qo‘shilib kuyladi, rul chambaragini childirma qilib chalarkan, yelkalarini uchirib muqom qildi.
– Borizga shukur, shep. Chay-xana, chay-xana, chayxana!
Hisob – 18:15
– Yana bir bora assalomu alaykum, hurmatli rapqonlik futbol muxlislari! Kamera va mikrofonlarimiz maktabimiz markaziy stadioniga o‘rnatilgan! Shu joydan gapiramiz va ko‘rsatamiz. Bugungi final o‘yinida 6-“A” va 6-“B” sinfining terma jamoalari maydonga tushgan. Ikkinchi taym. Hisob – 17:15. – No‘mon o‘quvchilar sumkalaridan yasalgan darvozalarni yana bir bor qadamlab o‘lchab chiqdi, – marhamat, kutib oling, maydonga qishloqlararo toifadagi hakam – Ilhomjon domla kirib kelyaptilar!
Musiqa o‘qituvchisi Ilhomjon domla maydon markaziga salobat bilan yaqinlashib, barmog‘ini og‘ziga solib, hushtak chalishga bir-ikki marta urindi. Bo‘lavermagach, ko‘zi bilan No‘monga ishora qildi. No‘mon ikkitadan barmog‘ini baravar og‘ziga tiqib, tantanali hushtak chaldi. O‘yin boshlandi.
– To‘p 6-“B” sinf Pelesi, birinchi taymning o‘zidayoq 14 ta to‘p kiritgan Azizbek Rahmonovda! U himoyachini epchillik bilan aldab o‘tib, darvozaga yaqinlashib boryapti. – No‘mon darvozada qator turib olgan o‘yinchilarga o‘shqirdi. – Hov! Qaysi biring darvozabon! Bitta odam tursin! Zarba! Go-o-o-l! Hisob – 18:15!
Stadion chetidagi o‘rindiqda o‘tirgan sinfdosh qizlar Azizni olqishlab, qiyqirishdi. Aziz Nurxonga qarab, jilmayib qo‘ydi.
Raqib jamoasi golni tan olmay, hakamni o‘rab oldi.
– Domla, gol bo‘lgani yo‘q. Tepadan ketdi, – deb turgan joyida sakradi raqib jamoa sardori.
– Gol bo‘ldi, gol! Darvozaboningni qo‘ltig‘idan o‘tdi-yu! – dedi hakam cho‘rt kesib.
– Sumkalardi tepasidan o‘tdi – shtanga!
– Hech qanaqa ishtonga-pishtonga bo‘lmadi. G‘irt gol! Bo‘lmasa, katta ko‘cha, surlaring betdan. 6-“V” ham navbat kutib turibdi.
– Domla, bitta o‘n bir qo‘yib bering, – yalindi raqib sardori.
– Bo‘pti, ko‘ramiz. Nariroq tur.
No‘mon qo‘lini karnay qilib e’lon qildi:
– Hurmatli futbol muxlislari! Hozirgina gol o‘tkazib yuborgan 6-“A” sinf terma jamoasi tarkibida o‘zgarish bo‘ladi. Diqqat, diqqat! Qorni og‘rib qolgan Mo‘minjonning o‘rniga legioner hujumchi Javlonbek tushadi. Enangni ko‘rding, 6-“B”!
6-“B” jamoasi sardori hakamga e’tiroz bildirdi.
– Domla, u 8 da o‘qiydi-yu!
– Legioner deyapti-yu.
– Bo‘lmasa menam dadamni chaqiraymi “legioner” deb… O‘ynamaymiz!
– Unda yutqazdi deb e’lon qilaman.
– O‘ynaymiz. Gap bitta, – dedi Aziz peshonasidagi terlarni kafti bilan sidirib.
O‘yin yana boshlandi. Javlon hammani turtib, chalib, yiqitib, qo‘pollik qila boshladi. Lekin tepgan to‘plari darvozaga aniq bormadi.
– Legioner hujumchi Javlonbek bugun sal mo‘ljalga adashyaptilar. Bu kishi uchun ko‘chma darvoza tashkil etish taklifi bor. Ya’ni uning to‘pi qay tarafga dumalasa, darvozani o‘sha tarafga ko‘chirib turamiz. Qalay?
Javlon No‘monga o‘qrayib qarab qo‘ydi.
Aziz raqib darvozasiga shiddat bilan yaqinlashib borarkan, qarshisida paydo bo‘lgan Javlonning chatanog‘idan to‘pni olib o‘tdi. Kulgili ahvolda qolgan Javlon alamiga chiday olmay ochiqdan-ochiq Azizni ortidan chalib yiqitdi. Hamma norozi uvillab yubordi, hushtakbozlik avjga mindi. Lekin hakam o‘yinni to‘xtatmadi. No‘mon uning yoniga yugurib borib, yoqasidan oldi.
– Ko‘zmi bu, po‘stakni yirtig‘imi?! Jarima belgila! Tez!
– O‘zi yiqildi.
– Agar “o‘n bir” bermasang, o‘zing tepilasan!
– Bo‘pti! O‘zing hakamlik qilaver! Hushtagingam o‘zingda. Men charchadim.
– Unaqada o‘yin tugadi! – No‘mon to‘pni olib, hushtak chaldi va tantanavor e’lon qildi. – Bugungi final g‘olibi – 6-“B” sinfi! Hisob – 18:15. Hamma uy-uyiga, taka – to‘yiga!
No‘mon borib oyog‘ini uqalab o‘tirgan Azizni turg‘azdi. Aziz oqsoqlanib maydon chetiga chiqib o‘tirdi. Nurxon unga achinib qarab turar, Javlon esa masxaromuz tirjayardi.
Yaxshi tush ko‘rdim
Tokning qatlama barglari oralab ko‘zga tushgan quyosh nurlari g‘ashni keltiradi, boshni ozgina nari surib olasanu, lekin birozdan keyin yana ko‘zlaringni oftob topib oladi.
Ko‘chada mashina to‘xtagani, eshigi ochilib-yopilganini eshitib, Rustam tirsagiga tayangancha bosh ko‘tarib eshik tomon qarab qoldi. Tosh tiralgan darvoza qanoti surilib, ustozi Sodiq aka kirib keldi.
So‘ri tagida dumi bilan yer supurib yotgan qari ko‘ppak mehmonni ko‘rib, vazifasi yuzasidan erinibgina har bir tovushini alohidalab horg‘in ovozda “V-o-v, v-o-v” deb qo‘ydi.
– Rustamjon, talong‘ich emasmi, ishqilib? – deb so‘radi Sodiq aka ortiga bir qarab olib.
– Yaxshi odamlar esida turadi. Ilgariyam ko‘rishgansizlar shekilli? So‘riga chiqing, ustoz. Yo uyga kiraylikmi?
– Yo‘q, ish zaril. Tur, ketdik shifoxonaga. Chiqmagan jondan umid. Balki hammasi joyidadir. Yaxshi tush ko‘rdim.
Shu payt tomorqa tarafdan “Rustamjon, mehmon keldimi?” degan ovoz eshitildi. Ko‘p o‘tmay qo‘lida o‘roq ko‘tarib, xonadon sohibi ko‘rindi:
– Iya-iya, keling, Sodiqjon. Kasal tuzaladigan bo‘lsa, tabibi eshik qoqib keladi, degan mashoyixlar. Meni dardimni shifoyi sizda. Keling, qani, bir ko‘rishib qo‘yaylik.
Chol qo‘lidagi o‘roqni tok zangiga ilib, mehmon bilan quchoqlashib ko‘rishdi. To‘shakka tushgan uzum bargini olib tashlab, takalluf qildi:
– Keling, o‘tiring.
– Ish zarilroq edi-da. Do‘xtirlar kutib qolishdi.
– Ishingiz shu yerda hal bo‘ladi. Do‘xtiringizga kecha men borib kelganman. Masala oydin.
Sodiq aka savol nazari bilan Rustamga qaradi, u “hech narsadan xabarim yo‘q”, deganday yelka qisdi. Mehmon noiloj so‘riga o‘tirdi.
– Rustamjon, sen choy-poyga qara, – deb ota mehmonga izoh berib qo‘ydi. – Bugun qaynona-kelin qidirib ketishgandi, uyda o‘zimiz.
– Yaxshi-da, – dedi Sodiq aka nima deyishini bilmay. Uning fikri-zikri chol aytmoqchi bo‘lgan gapda edi.
Ota Rustam ketgan tomonga bir qarab oldi-da, shivirladi:
– Sodiqjon, bolani endi tinch qo‘yaylik. Do‘xtirlar aytdi, endi katta bahslarga yaramas ekan. Jigariniyam uzoq davolash kerak, deyishdi. Meni shundan boshqa palagim yo‘q. Siz ham men taraf bo‘ling. Sizga o‘xshab murabbiy bo‘lsin. Ertaga bir balo bo‘lsa, men buni ko‘tarolmayman. Tushunsangiz kerak.
Mehmon ishongan do‘stidan qarz so‘rab kelib, rad javobi olgandek juda noqulay vaziyatda qoldi.
– Mayli-da, – dedi u. – Nimayam derdik. Menga ham farzanddek Rustam. Aslida, bir sog‘lig‘ini so‘rab qo‘yay deb kelgandim. Tushimga kiribdi.
Gipsli qo‘liga dasturxon tashlab, sog‘ida choynak ko‘targan Rustam so‘riga yaqinlashib, tig‘iz vaziyatni his qildi. Avval otasiga, keyin ustoziga qaradi.
– Mana, ustozing ham mening gaplarimni aytyapti. Endi Hidoyat bilan bolaga unnanglar. Maktabda ishlaysan. Vaqti bilan murabbiy bo‘lasan. Po‘koning yel ko‘rmay toza og‘irni ustida, yengilni ostida yurding. Endi ro‘zg‘or nimaligini, haqiqiy hayot qandayligini ko‘r. Burningga bir suv kirsin…
Rustam qo‘lidagi choynakni so‘riga qo‘yib, mehmon ortidan jimgina ergashib ko‘chaga chiqdi.
Bu – biznes
Ikkinchi qavat derazasidan miltiq o‘qidek yangragan “Munir!” degan hayqiriq Geraklning hovlisini iskanjaga olgan baland devorlardan osha tog‘ toshlarida aks-sado bergandek bo‘ldi.
– Ha, nima, tinchlikmi? – dedi ayol boshiga bir narsa tushadigandek kaftlarini ikkala chakkasiga bosib ovoz chiqqan tomon qararkan.
– Chiq bu yoqqa! He, mochag‘ar! – baqirdi Gerakl derazadan qahrli qiyofada bosh chiqarib.
– Voy, hozir, mana boryapman. Urdi xudo!
Xonada g‘azabdan bo‘g‘riqib kutib turgan Gerakl xotini kirishi bilan burchakdagi seyfning ochiq eshigidan temir qutichani olib stol ustiga zarda bilan qo‘ydi.
– Kim tegdi? Kim?! – Geraklning ovozidagi vahshat ayolni devorga qapishtirib qo‘ydi.
– Bo haqqi Xudo, bilmayman.
– Kim teg-di!?
– O‘libgina qolay!
– O‘g‘ling qani?
– Ko‘chada… Tohirjondan ko‘ryapsizmi?
– Enangdan ko‘ryapman. Chaqir! Tez bo‘l!
Xotini elovlanib eshikka yo‘naldi. Gerakl sabri chidamay, derazadan pastga qarab baqirdi:
– Bek, hov, Bek! Tohirni tez chaqirib kel! Bo‘l!
Gerakl betoqat bo‘lib, seyf yoniga bordi, eshigini ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib yopgan edi, yana qayta qiya ochilib qoldi. U qo‘shqavat so‘kinib, stolda turgan qutini qayta ochib qaradi, keyin stulga o‘tirgancha bosh changallab qoldi. Og‘ir uh tortdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, xonaga rangi-quti o‘chgan Tohirjon oyoq uchida kirib keldi.
– Kim bilan chekding? – dedi Gerakl g‘azab bilan o‘shqirib.
– Nimani? – dedi Tohirjon jovdirab.
– Seyfni kim ochdi?
– O‘zi ochiq ekan.
– Ochiq ekan? Ochiq ekan deb… – Gerakl bolasiga yaqin kelib, past, ammo vahshatli ohangda vishilladi. – Chekdingmi?
– Yo‘q, yo‘q, dadajon…
– Nima qilding?
– Ozgina olib, tog‘amga berdim.
Gerakl xotiniga qaradi:
– A-ha! Telefon qil, chaqir kasofat ukangni! O‘zini qo‘li egriligi yetmaganday endi biznikiniyam o‘rgatyaptimi! Terisini shilib, go‘shtiga gera sepaman! Bir to‘ysin!
– Bo xudo, avval biling, surishtiring. Yosh bolani gapiga ishonib…
– Yo‘qol! – Xotini kalovlanib chiqib ketgach, o‘g‘liga yuzlandi. – O‘tir! – O‘rtaga tarang sukunat tushdi. Tohir begona daraxt shoxiga qo‘ngan chumchuqday besaranjom o‘tirar, ikki yuzi kungayda qolgan misday qizib, peshonasiga ter tepchidi. Gerakl chuqur uh tortdi-da, kutilmaganda muloyim ohangda so‘z boshladi. – O‘g‘lim, sen tilab olgan bittagina farzandimsan-a? Sendan boshqa boyligim yo‘q. Men ham sen uchun shunaqaman deb o‘ylayman. Yaxshi ko‘rasanmi meni? – Tohir yerdan ko‘z uzmasdan tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. – Hamma narsam seniki. Faqat sen sog‘-salomat, baquvvat, aqlli bo‘lishing kerak. Shu gapim qulog‘ingda bir umr qolsin… – Shundan so‘ng o‘g‘lining ikki yelkasidan tutib, dona-dona qilib uqtirdi. – Narkotikka hech qachon yaqinlashma! Bu – juvonmarg bo‘ldim degani!
– Axir o‘zingiz…
Gerakl o‘g‘lining gapini kesdi:
– Men yoshligimdan shu yo‘lga kirib qolganman. Lekin hech qachon geraga o‘tirmaganman. Sotaman, xolos. Bu – biznes. Xudo urgan bandalar, yashashga noloyiq odamlar, kayf-safo uchun yaralganlar hisobidan pul qilaman. Endi ayb kimdaligini o‘zing o‘ylab ko‘r. Tushundingmi?
Tohir yana tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
– Eshitmadim!
– Tushundim…
– Qattiqroq!
– Tushundim, dada, – dedi Tohir balanroq tovushda.
– Yanayam qattiqroq ayt! Hamma eshitsin! Butun dunyo eshitsin!
Gerakl o‘g‘lini bag‘riga mahkam bosdi.
Filhaqiqat
– Biz uchun boks yangi sport turi emas. Qadimda bobolarimiz mushtzanlik bilan nom taratgan. Bu haqda “Boburnoma”da aniq ma’lumot berilgan…
Aziz intervyu berayotgan Rustamni ko‘rib televizor qarshisida mixlanganday qotib qoldi.
– Zero, kechirasiz jumlangizni bo‘lganim uchun. Zamondoshlar uchun qiziq – siz katta sportdan ketishga ahdu paymon qilib, murabbiylikka yuz burmoqchi ekansiz, – telejurnalist o‘ziga xos o‘ta sun’iy, suxandon ohangda kelishiklarni urg‘ulab savol berdi.
– Ha, shunaqa bo‘p qoldi…
– Har bir olijanob sportchi jahonning chempioni bo‘lishni orzu qiladi, bu mening shaxsiy fikrim. Siz esa, binobarin, ayni shu imkoniyatdan yuz o‘girib, sportni tark etmoqdasiz. Buni qanaqa tushunmoq va anglamoq darkor?
– Hayotda sen kutmagan turli tasodiflar bo‘ladi. O‘zim chempion bo‘lolmaganim vaqtinchalik armon menga. Bu armon shogirdlarim chempion bo‘lganda albatta ushaladi.
– Filhaqiqat, siz shu chekka qishloqdan chempionlar chiqadi, deb chindan ishonmoqdamisiz? Yoki o‘zingizga taskin berish uchun gapirmoqdamisiz?
– Bizni bolalarni boshqalardan qayeri kam deb o‘ylaysiz? Zuvalasi pishiq bolalar, faqat tarbiya va e’tibor kerak.
– Chunonchi, shuncha fayziyob shaharlar, teran tuman markazlaridan chiqmagan chempionlar chang ko‘chalardan, shug‘ullanish uchun sharoit nomavjud bo‘lgan qishloq-ovullardan chiqishiga baribir aqlim bovar qilmayotir.
– Chiqadi, ko‘rasiz. O‘shanda salom beramiz.
– Demak, “Assalom, O‘zbekiston” dasturida yana bir diltortar chiqish aylash niyatingiz barqaror. Inson orzu bilan yashagani yaxshi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim. Orzusi ushaladimi-yo‘qmi, xomxayolligicha qolaveradimi, buning bizga unchalik ahamiyati yo‘q. Muhimi, vaholanki, orzu odamning ezgu maqsadlari yo‘lida bag‘oyatda asqotadi. Omad sizu bizni aslo tark etmasin!
Ko‘rsatuv yakunlanib, ob-havo ma’lumoti berila boshladi. Aziz ekranga termulgancha o‘ylanib qoldi.
Choyxona
– Mana shu bizga o‘xshab ulpatchilikni yaxshi ko‘rgan shoir aytgan ekan:
May ichsang oqilu dono bilan ich,
Yoki gul yuzli bir zebo bilan ich.
Oz-oz ich, kam-kam ich, ham yashirin ich,
Haqiqiy mard inson – Elmurod bilan ich!
Davrada qiyqiriq ko‘tarildi. “O‘sha shoiram bilgan ekan-da Elmurodboyni”, “Birinchi marta bama’ni she’r aytdi o‘ziyam”, “Boshqa gap kerakmas, qani, oldik” singari gap-so‘zlar yangradi. Shu tob eshik ochilib, ziyolinamo kishi salom berib kirib keldi.
– E, keling-keling, Jamshid aka. Kutib qoldik-ku. Ana endi bazmi Jamshid bo‘ladigan bo‘ldi.
– Hokimimizning jiyani shaftolidan zaharlangan ekan, tepasida turdik-da yo haq deb.
– Uniyam Hindistonga obormaymizmi?
Davrada yana kulgi yangradi.
Jamshid aka o‘ziga atalgan joyga o‘rnashib olib, gapga tushdi:
– O‘zbekni soddasi ko‘p-da. Vey, nima desang ishonib ketaveradi-ya.
– Jon achchig‘i tutganda mol achchig‘i hech narsamas-da. Ayniqsa, ana ketar-mana ketar bo‘p turgan odamga. Buyam bizni baxtimiz.
– Ha, o‘zimni sodda o‘zbegim-a. Sen kimsan, oting nima demasdan borini qo‘shqo‘llab tutqazadi.
– Hammagayammas, hammagayammas. Ishontirish kerak, ishonchiga kirish kerak. Mana, biz rahbarlarga yuz foiz ishonishadi.
– O‘shan-chun sizni davraga tortganmiz-da, Jamshid aka. Ozgina gipnozdan ham xabaringiz bor, bilamiz.
– Lekin hamma gap sizda. Siz salobat bilan qo‘r to‘kib turmasangiz, birov ishonarmidi?
– Jamshid aka, dasturxonga qarang. Olib o‘tiring. Bu ziyofat bugungi operatsiyamiz sharofatidan.
– Rahmat, rahmat. Elmurod aka, yana bittasi ilashib turibdi. Dardi bedavoga yo‘liqqan. Mudirimizni bojasi ekan. Bugun bir og‘iz gap tashlab qo‘ydim. Bu dardni Xitoyda davolashadi, deb. Puli bor – bojasi sotdi.
– Puli bo‘lsa, shep xamirdan qilni sug‘urgandek sug‘urib oladi. Bu masalada shep o‘z jigarlariniyam ayab o‘tirmaydi. Shep! O‘zingizni ukangizni qiya qivordingiz-u, qoyil! Borizga shukr, shep. Lekin bollariga sal rahmim keldi.
Elmurodning bu gapdan jahli chiqdi:
– Olim aka to‘g‘ri aytadi: farosatni do‘koni yo‘q, deb. Bo‘lsa, senga bir qop oberardim. Men soqqa yig‘sam, manavinaqa dasturxon uchun emas, kelajak uchun, ertangi biznesimiz uchun yig‘aman.
– Uzr, uzr, shep. Bunaqa demoqchimasidim.
– Buyuk maqsadlar yo‘lida katta qurbonlar beriladi. Tushundingmi? Sen baribir tushunmaysan. Kelinglar, ushbu qadahni dunyodagi barcha ahmoqlar uchun ichamiz.
– Shep, bundan keyin ham tuzog‘ingizga katta-katta laqqalar va laqmalar tushaversin.
Xizmatchi yigitlar halqa-halqa piyoz sepilgan qovurdoq uzatishdi. Davra bir jonlanib oldi. Sanchqiga ilingan hil-hil go‘shtni og‘ziga solgan Jamshidning ko‘zlari lazzatdan suzilib ketdi:
– Oh-oh-oh! Yeyishdan boshqa narsaga yaramaydigan bo‘pti-yu!
Taom tugaguncha sanchqi va qoshiqlar shovqiniga lablar chapillashi jo‘rovoz bo‘ldi.
– Endi yoshlar bilan ishlashimiz kerak, – Elmurod qog‘oz sochiqchaga lab-lunjini artib, choy xo‘pladi. – Nega? Chunki niholni tarbiya qilsang, uzo-o-q vaqt meva beradi. Ularni aldash, yo‘ldan urish kattalarga nisbatan oson. Eng asosiysi, bir gap bo‘lsa, ota-onasi balogardon bo‘lib ketaveradi.
– To‘ppa-to‘g‘ri. Aka, hozir nima ko‘p? Bekorchi yoshlar ko‘p. Kim ko‘p? Pulga muhtoj ko‘p. Pul bo‘lsa – changalda sho‘rva.
– Hammasini ota-buvasi – pul…
Elmurod kutilmaganda yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi-da, davra ahliga buyruq ohangida dedi:
– Endi menga ruxsat berasizlar! Sizlar bahuzur o‘tiraveringlar! Hech kim joyidan jilmasin!
Baraka topsin Hidoyat
– Dada, yerimiz kengayib, ariq torayib qolganga o‘xshaydimi? Yo menga shunaqa tuyulyaptimi?
– Ha, bola yosh, chiqmagansan-da yaqin orada. Yurgansan-da shaharma-shahar sandiroqlab halokuning itiday. Yerga begona – elga begona, deyishadi.
– To‘g‘ri, oxirgi marta qachon chiqqanim esimdayam yo‘q.
– Anavi o‘rikzorning yerini shoxdan yiqilaverib o‘zing qotirgansan. U o‘riklar endi qaridi. Mevasi siyrak. Anovi… ayangni tandir kasoviga o‘xshab turgan akashak shoxlarni kallaklagani chiqdik. Sen arra tortolmaysan, – dedi ota Rustamning qo‘liga ishora qilib, – boltaniyam ko‘ngildagidek sololmaysan. Tog‘ang jiyanlaring bilan yordamga chiqaman degan ekan, daragi yo‘q.
– Aytgan bo‘lsa kep qolar. Tog‘am bir so‘zli odam-ku.
– Bir so‘zli bo‘lgani uchun qirchillagan yoshida amalidan ayrilib, yakkamoxov bo‘lib o‘tiribdi.
– Unchalikmasdir-e, dada…
– Shunchalik-da, bola yosh. O‘zi, bu dunyoda xudo urgandan ko‘ra bandasi urgani yomon. Xudo urib mayib-majruh bo‘p qolsang, – shu so‘zni aytib ota o‘g‘lining bo‘yniga osig‘liq qo‘liga qarab qo‘ydi, – bu gapning senga aloqasi yo‘q, xullas, nogiron odamga boshqalarning rahmi keladi, xabar oladi, yordam qilgisi keladi. Bandasi, ya’ni kattaroq rahbar ursa-chi? Tamom, hamma o‘zini olib qochadi.
– Bu hikmatlarni qayda o‘rgangansiz, dada? Bobom rahmatli juda kamgap edi.
– Hayot maktabida, bola yosh… Havoning aynigisi bor, qo‘ling zirqirayaptimi?
– Ha, buniyam sezib turibsiz-a?
– O‘zimam shu-da. Osmonga bulut chiqsa, oyog‘im qaqshab og‘riydi. Unga buni nima aloqasi bor, shu joyiga aqlim ojiz. O‘zi yoshing o‘tinqirab qolganda biror joying og‘rib, borligini bildirib turmasa o‘zingni yomon his qiladigan bo‘p qolarkansan.
– Dada, oyog‘ingiz rostdan zinada toyib singanmi?
– Toydirib sindirishgan. Gdlyan xunasani odamlari sindirishga usta edi. Lekin aybnomaga qo‘l qo‘ymaganman. Buni bilasan.
– O‘shanda hamma bir-birini sotgan ekan-a? Jon shirin-da…
– Kelgindilarga rosa xudo bergan-da, toza yayrashgan qo‘rqoqligimizni, tarqoqligimizni, xudbinligimizni ko‘rib. Qo‘y-e, padariga la’nat, eslatma o‘sha kunlarni.
– Dada, nega biz shunaqamiz?
– Qanaqamiz?
– Birlashmaymiz, bir-birimizni qo‘llamaymiz?
– Menam shunga hayronman. Tariximiz undog‘-mundog‘ deymiz, maqtanamiz, falonchining avlodiman deymiz, lekin do‘ppi tor kelsa, tumtaraqay qochamiz.
– Balki, Sho‘ro yuragimizni olib qo‘ygandir?
– Xonlik davrida-chi? O‘shandayam xuddi shu tomosha edi. Qodiriyni “O‘tgan kunlar”ini yana bir o‘qib qo‘y.
– Shuning uchun endi g‘ururli, oriyatli, butun yigitlarni tarbiyalash kerakmikan, erkin bo‘ldik-ku, to‘siqlar yo‘q, deyman-da, dada.
– Ma’qul. O‘zing ham paxtazorda tug‘ilgansan. Bolaligingda tuzuk-quruq kiyintirolmaganman, yedirolmaganman. Hammaning qora qozoni bir mahal qaynardi. Shundayam tog‘ni talqon qiladigan bo‘p chiqding-ku. Hozir sharoit boshqa. Menimcha, seni yo‘ling to‘g‘ri. Endi o‘zbekni davri keldi. Sport ham birlashtirsa kerak avomni.
– Demak, siz qarshimassiz-a? Ayam hali ko‘radiganingni ko‘rasan dadangdan, deb o‘takamni yoryatuvdi.
– Yaxshi ayol erini ulug‘ ko‘rsatadi, tarbiyaga vosita qiladi. Yomon ayol erini yerga uradi, shu bilan bolasiniyam rasvo qiladi. Sen bilan meni baxtimiz shuki… xullas, gapirsang gap ko‘p…
– Men hovliga tushib chiqaymi, dada?
– Ha, bola yosh, sen adirni havosini olgin, tuproqni hidini tuygin picha. Bu davr ham g‘animat.
– Birpasda shuncha vaqt o‘tib ketibdi-ya. Rahmatli bobom bilan o‘rikzordan tosh terib, soyliqqa tashiganimiz esimda.
– Ha-a… Xudo rahmat qilsin bobongni. Halol odam edi… Hozir “halol odam” desang noshud kimsani tushunishadi, a? Ha, mayli. Ishlab-ishlab, rohatini ko‘rmay o‘tib ketdi. Bu qistaloq Sho‘ro deganing dehqonni ko‘kartirmadi-da.
– Bobom o‘ziyam tinmasdi, sizniyam hech tindirmasdi. Dam olib yonboshlaganini biror marta ko‘rmaganman.
– Bizning umr zahmatda o‘tdi. Endi senlarniki – mazza. Gohida seni taltaytirib yubordimmi deb ham o‘ylab qolaman. Negadir begonasirab yurasan.
– Bu yog‘i yangi yermi? – gapni chalg‘itishga urinib, sog‘ qo‘li bilan ko‘chat ekilgan maydonga ishora qildi Rustam. – Hidoyat aytuvdi. Bular qanaqa ko‘chat? Gilosmi, o‘rikmi?
– Bolaligingda chiroqni ko‘rsatib, “Bu qaysi qushni tuxumi?” deb so‘ragan eding. Olma, jonoqi olma. Baraka topsin Hidoyat. Bu yerni yer qilguncha ona sutimiz og‘zimizga keldi. U seni o‘rninggayam ishladi. Eh! Shu kelinimga tirnoq ham berganda edi…
– Tog‘am qaysi o‘g‘li bilan kelarkan, aytmaganmidi?
– Nima farqi bor? O‘rni o‘zgargani bilan qiymati o‘sha. Bo‘lalaring ham mehnatni kiyvoradigan xilidan. Qayda soya bo‘lsa, o‘sha yerda tog‘avachchalaring, yozda, albatta…
– Ha-a…
– Uyga kelib, ayang bilan gaplashib o‘tirgandir-da chordana qurvolib, to‘qqiz qo‘yib. Unga eshitadigan quloq kerak. O‘tgan bozor kuni so‘fi gimnastika, hakka nonushta qilmasdan uyga kepti ayangni so‘rab. Ha desam, ikki og‘iz gapim bor edi opamga, deydi. Ikki og‘iz deb peshingacha chakagi tinmasa-ya. Radiogayam dam.
– Uyga tushib chiqaymi?
– Qo‘y-a. Shikast qo‘lingdan uyalib, tutma-tut panalab borib-kelguningcha bu yerda men o‘zim ildiz otvorarman…
Sayr
Otda sayr qilishning boshqacha gashti bor. Avto ham yaxshi, lekin u baribir temir-da. Ot boshqa gap. Sening ra’yingni, xohish-irodangni odamday his qiladi yaxshi ot.
Sayr shavqini olgan Tohirjon tulporini goh yo‘rg‘alatib, goh choptirib adirni changitadi. Yo‘rtganingda yo‘ldosh bo‘lgan shamol chopganingda qarshingga o‘tib yo‘lingni to‘smoqchi bo‘ladi. Bunday paytlarda zavqing Shohimardon qoyalaridek yuksaladi, yuragingda yovvoyi shodlik Ko‘li Qubbondek mavj uradi: “Eh-e-y! Shamolla-a-ar, shamolla-a-ar, menga yetib oli-i-ing!”
Havo chavandozning qo‘yniga kirib, ko‘ylagini qanor qopdek shishiradi. Dimog‘iga adirning o‘tu o‘lanlari o‘tkir hidlarini tutadi, ot taqasi zarbidan mayda sho‘xak-toshchalar tangadek sochiladi. Moviy osmonda beg‘am suzayotgan uvada bulutlar yerdagi otliqning shiddatu shahtini ko‘rib, o‘zlari ham asta-sekin tulpor shaklini ola boshlaydi.
“Ha-a-ayt!”
Tohirjon ot boshini ozod qo‘yib, dalada mashq qilayotgan bokschi bolalarning – tengdoshlarining ro‘parasidan chiqib qoldi. Bolalar behi shoxiga osilgan qipiq qopni do‘pposlab shug‘ullanardi. Oldin uzoqroqdan ikkala qo‘lini durbin qilib tomosha qildi. Keyin qiziqishi ortib, yaqinlasha keldi.
Bolalar unga beparvo nazar tashlab, o‘z mashqlarini davom ettirishdi. Ikki bola astoydil bir-biri bilan boks tushar, qolganlari boshqa mashqlar bilan band edi. Tohirjon otdan tushib, jilovni tutgancha uzoq vaqt qolib ketdi. Ot betoqat depsinar, pishqirar, lekin chavandozning fikri-zikri sportchilarda edi. Bolalar tomoshabin paydo bo‘lganidan yanada ruhlanib, qoyil qoldirish uchun bor g‘ayratlarini mushtlariga berishdi. Ularning bahamjihat, ahillik bilan mashq qilayotganida, bir-biriga dalda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashlarida, o‘zaro samimiy hurmatlarida allaqanday sirli qudrat sezilardi. Tohirjon otini yetaklab, tilar-tilamas mashq maydonidan uzoqlashdi.
O‘qituvchi bo‘lish qiyinmi?
– Bolalar bilan ishlash qiyin-a?
– Osonmas. Lekin o‘rganib qolasiz. Har bir bola o‘ziga xos dunyo. Bugun bir o‘quvchimning uyiga borib keldim. O‘zi uquvli, tarbiyali bola. Lekin birdan uyidagilarga “Maktabga bormayman”, deb turib olibdi. Uch kundan beri darsga kelgani yo‘q.
– Sababi nima ekan?
– Kim biladi, aytmadi. Borsam, uyida bir o‘zi. Boshqalar Qo‘shtegirmonga qidirib ketishgan ekan. Hovli xazon bosib yotibdi. Bola tushkun.
– Men taniymanmi? Oti nima?
– Tanimasangiz kerak – Azizbek. Pastmahalladan.
– Taniyman, Nosir akaning o‘g‘li-da?
– Tanirkansiz, o‘sha… xullas, dardini ochiq aytmagach, indamasdan supurgini olib, hovlini supurishga tushdim. Qo‘limga yopishadi “Qo‘ying, opoy”, deb. O‘zi hammayoqni sarishta qilgunicha supada kutib o‘tirdim. Biram xijolat bo‘ldiki. Menimcha, ertaga darsga keladi.
– Qoyilman. Tayyor psixolog ham bo‘p qopsan.
– Siz rostdan ham maktabda ishlamoqchimisiz?
– Fizkultura o‘qituvchisini ishi qiyinmi? “Qani bolalar, to‘pni olib tepinglar. Qizlarga javob, ketaveringlar. Shovvozlar, endi maktab atrofida yuguramiz. Bir, ikki, uch, orqada qolgan – shirguruch”. Shumi?
– Qiyinmas, – dedi kulib Hidoyat. – Har holda uyga daftar olib kelib tekshirmaysiz-u. O‘t tushkur qog‘ozbozlik sizda kamroq bo‘ladi. Lekin sabr-toqat talab etiladi. Yuragingiz keng bo‘lishi kerak. Qo‘lingizga erk bermaysiz.
– Bolalarga boks tushishni o‘rgatmoqchiman. Maktabga ishga kirmasam boshqa qayerda o‘rgataman? Qishloqda uyma-uy yurib, bolalarni yig‘ib chiqamanmi? Maktabda esa dars jadvali bo‘yicha o‘zlari kelishadi.
– Bokschi bo‘lish uchun maktabdagi dars soatlari kamlik qilmasmikan? Siz har kuni shug‘ullanardingiz-ku?
– Kamlik qiladi. Avval boshlab olaylik. Keyin o‘zlari kelishadi. Qilaman desam ish ko‘p. Hozir asosiysi boshqa masala. Boks bilan alahsib, uyda kam bo‘ldim. Yetarlicha e’tibor qarata olmadim senga. Endi ko‘proq vaqtimni sen bilan o‘tkazsam deyman…
– Daftarlarni keyin tekshirarman, – Hidoyat daftar-qalamini yig‘ishtirib, o‘rnidan turdi, – tumandan to‘kni uzadigan payt ham bo‘p qoldi.
Birga shug‘ullanamiz
– Dadajon…
– Nima deysan?
– Haligi… sport yaxshi-a?
– Albatta, yaxshi. Men ham sendayligimda kurash bilan shug‘ullanganman. Hozir ham, bilasan-u, tong saharlab o‘n chaqirim yuguraman. – Yelkasini kerib qo‘ydi dadasi.
– Tog‘ang ham sportchi, – deb gap qo‘shdi onasi.
– Spirtchi degin, – dedi Gerakl ensasi qotib.
– Siz bilarmidingiz, shaxmatni qotiradi.
– Ha, shaxmat toshini suraverib, mushaklari qayroqday-qayroqday bo‘lib ketgan ekan-da?
– Dada, men boks bilan shug‘ullansam… Nima deysiz?
– Nima derdim, ma’qul. Shod bo‘laman, o‘g‘lim. – Xotiniga bir qarab olib, so‘zida davom etdi Gerakl. – Mardlarning sportini tanlabsan.
– Jiyronni sovutib yurgandim, rapqonlik bolalar shug‘ullanayotgan ekan. Rosa havasim keldi.
Bu gapdan Geraklning rangi bo‘zarib, jahli chiqib ketdi:
– Nega u yoqqa bording? Pishirib qo‘yibdimi? Hech qanaqa boks-moks yo‘q! Gap tamom!
– Dadajon…
– Birga shug‘ullanamiz! Seni o‘zim pishiraman!
U musulmonmas – sportchi!
Boshdan-oyoq qop-qora kiyingan, oq do‘ppili, echkisoqol Qobil chamasi yetti-sakkiz yashar o‘g‘ilchasini dikanglatib, bog‘ oralab shitob o‘tib qoldi. O‘g‘ilchasi ham issiqqa qaramay banoras chopon kiyib olgan, boshidagi oq do‘ppisining kegaylari terdan qorayibroq ko‘rinadi.
Arralangan o‘rik shoxlarini bir qo‘llab taxlayotgan Rustam yo‘lovchilarga ajabsinib qaradi, o‘ng qo‘lini ortiga yashirib, salom berdi.
– Assalomu alaykum!
Qobil ijirg‘anib, yuzini teskari burib o‘tib ketdi. Rustam hayron qoldi. O‘zicha: “Qayerda ko‘rganman, ko‘zga juda issiq ko‘rindi. Sinfdoshim Qobilga ham o‘xsharkan”, dedi-da, yana o‘z ishiga mashg‘ul bo‘ldi.
– Dada, dada, anavi Rustam amaki sinfdoshingizmi? – deb so‘radi Qobildan o‘g‘li.
– Ha, tezroq yur!
– Nega salomiga alik olmadingiz? Domlamiz: “Salomga alik olish parz”, deydi-ku?
– Musulmonni salomiga alik olish kerak. U musulmonmas, sportchi.
– Ie, dada, Muhammad Ali degan bokschiyam musulmonlikni qabul qilgan ekan-ku!
Qobil o‘g‘lining yuziga bir tarsaki tushirdi:
– Menga qara, ey Abduqunduz, necha marta aytganman senga televizor ko‘rmagin deb. Ko‘zingni o‘yvolaymi? Qayda ko‘rding?
Abduqunduz hiqillab yig‘lashga tushdi:
– Ko‘rmadim, ko‘rmadim, dadajon! Maktabda sinfdoshlarim aytdi.
– He-e, o‘sha maktabingga, vallohi a’lam! Endi bormaysan! Ta’lim-tarbiyani oxirigacha Ostonaqul hazratimdan olasan!
Abduqunduz baralla yig‘lab yubordi, yerga o‘tirib, tovoni bilan tuproq surib, xarxasha qila boshladi:
– Maktabim yaxshi, dada! Ustozlarimam yaxshi!
– Yaxshi ustozni endi ko‘rasan, – Qobil birdan tutaqib ketdi. – Ey, Abduqunduz, otaga gap qaytarma! Do‘zaxi bo‘lasan! Tur, ketdik, Qaysari Rum!
Bola turavermagach, dast ko‘tarib yelkasiga tarozi qilib tashladi-da, yo‘rtib-yo‘rtib, yo‘lda davom etdi.
Otalar so‘zi
– Rustam akani qayerdan topsa bo‘ladi?
– Bokschimi?
– Ha.
– Ho‘v ana o‘zi. Bolalar bilan…
Ko‘liklar yurib ketdi.
Rustam to‘garakka yangi qabul qilingan bolalarga tartib-qoidani tushuntirardi:
– Asosiysi – uzluksiz mashq. Buning uchun iroda kerak. Iroda nima, bilasizlarmi? Bu qiyinchiliklarga chidam degani. Xullas, bokschi bo‘lish uchun chinakam o‘g‘il bola bo‘lish kerak. Tushunarlimi? Xo‘p, bugunga yetadi, – Rustam mashg‘ulot tugaganini e’lon qildi.
– Ustoz, qachon musobaqalarga olib borasiz?
– Olib boraman. Jo‘ja tuxumdan chiqishi uchun kamida yigirma kun kerak, po‘choqni yorishga yaraydigan darajada chumdugi qotgan bo‘lishi shart. Xullas, sabr-toqat, iroda va mashq!
– Chempion bo‘lolmaganlar melisaga ishga kirsayam bo‘ladi, a?
– Niyatni yaxshi qilsang-chi! “Chempion bo‘laman”, deb oldingga maqsad qo‘y, intil!
Mehmonlar bolalar tarqalishini kutib turishdi. Nihoyat Elmurod holi qolgan Rustamning yoniga kelib, qo‘l cho‘zdi:
– Salom!
– Vaalaykum assalom, – dedi Rustam xushlamay.
– Yoningizga yordam so‘rab keldim, Rustamjon. Bilaman, meni yoqtirmaysiz, lekin otam zamonidagi gaplarni ko‘tarib yurish sizga yarashmaydi. O‘tgan ishga salovat. Egilgan boshni qilich kesmas, deydilar… Bolalarimizni shogirdlikka olsangiz.
– Shahardayam yaxshi murabbiylar ko‘p.
– O‘zimizda otni qashqasidaymiz-da. Ko‘zdan nariroqda mashq qilishgani yaxshi. Ko‘z tegmaydi.
– Bolalaringiz necha yosh?
– Har xil. Sherzod, nechchidasan?
– Yigirma ikkida.
– Bundan yoshroqlari ko‘p, biroz kattalariyam bor.
– Uzr, men maktab bolalariga o‘rgataman.
– Puliga gap yo‘q. Xohlasangiz oldindan to‘laymiz. Bexijolat.
– Men boshqa maqsadda o‘rgataman. Shogirdlarimni halol chempionlikka tayyorlayman. Meniki – sport.
– Bizam sport tarafdorimiz. Qancha ko‘p chempion chiqsa, shuncha yaxshi! Suyagiyam, go‘shtiyam sizniki…
– Yana o‘sha gap… Bir paytlar meni ko‘cha jangiga tortish uchun ming xil nayrang ishlatgan edingiz. Endi…
– Endi… Men tadbirkor odamman, ochig‘i, qayda pul borligini orqam bilan his qilaman.
– Shunaqa gaplarni jinim suymaydi…
Elmurod hal qiluvchi so‘nggi zarba bermoqchi bo‘ldi:
– Axir o‘qituvchining oyligiga yashaydiganlardan emassiz-u.
– Siz meni g‘amimni yemay qo‘ya qoling. Birovning g‘amini yeguncha…
– Siz birovmassiz-ku, yurtdoshmiz harna…
– Sizni yo‘rig‘ingiz, yo‘lingiz boshqa.
– Javob berishga shoshmang. Har tomonlama o‘ylab ko‘ring. Murabbiylik qilayotganingizgayam ancha bo‘p qoldi shekilli, necha yil bo‘ldi?
– Bir yil.
– Vaqt birpasda o‘tib ketadi. Qarabsizki, bir qo‘lda hassa, bir qo‘lda burnoqlarni shimildirig‘ini artib yuraverasiz. “Keyingi pushaymon – bulbulimni ushlayman”, deydilar. Yoki rostdanam shulardan katta bokschilar chiqadi deb o‘ylaysizmi?
– Chiqadi! Mana shu bolalardan jahon chempionlari chiqadi!
– Jahon chempioni?! – Elmurod kula turib chakagini ushlab qoldi. – Kuldirmang. O‘zim ham boks tushib turaman. Kulsam chakagim og‘riydi.
Rustam iljaydi.
– Bekorga kulyapsiz. Yoshim katta bo‘lsayam uncha-bunchasidan zarba o‘tkazmayman.
– O‘tibdi-ku.
– Sizning orzularingiz haqidayam eshitgandim, – dedi Elmurod kesatiqqa parvo qilmaslikka tirishib. – Ammo bunchalik o‘jarligingizga ishonmagandim. Bo‘ladigan ishdan gapiring. Tarixda o‘zbekdan jahon chempioni bitta chiqqan – Rufat Risqiyev. Ungayam necha yil bo‘ldi? Keyingisi qachon bo‘lishi noma’lum.
– Muhammadqodir-chi?
– Uyam adashib bittagina chiqib qolgan-da.
– Yana chiqadi.
– Rapqondan-a?
– Rapqondan.
– Menga qarang, yigit, qishlog‘ingizga Kubadan manaman degan murabbiylar kelib, tavallo qilsayam mo‘jiza ro‘y bermaydi. Chetda turib kuchanganing bilan qisir sigiring egiz tug‘maydi, deganlar. Esi-hushi joyida odamga o‘xshaysiz-u, gapirayotgan gaplaringizni qarang. Undan ko‘ra tirikchiligingizni qilsangiz-chi! Yo anavi rangida rahmoni yo‘q shogirdlaringizdan birortasi qarsillatib pul sanayaptimi – menga yo‘q deysiz? “Faloncha bo‘ladi”, deng, tamom, vassalom!
– Yana o‘sha gap! Yana pul! Menga qarang, ikkita jiyaningiz Qo‘shtegirmondan velosipedda qatnaydi. Eshitishimcha, ukangizni o‘g‘illari ekan. Ularni yashab turgan uyini “kasal ukamni Hindistonda davolataman”, deb sotib, pulini ko‘cha jangiga tikvoribsiz. Bolalarga g‘amxo‘rligingiz, sportga munosabatingiz shundan ayon!
– Odamlar nimalar demaydi, – dedi Elmurod gangib. – Ukamning bu dunyodan rizqi uzilgan ekan. Nimayam qila olardik. Jiyanlarimni esa “Onam yolg‘iz”, deb kelin ergashtirib olib ketdi. Ukamni xotiniga xo‘jayinchilik qila olmayman-ku. Rustamjon, mayda gaplardan balandroq bo‘laylik, do‘stim.
– Xo‘p, xayr!
Elmurod mashinaga o‘tirgandan keyin ham Rustamdan ko‘z uzmadi.
– Behuda ishlarga umr sarflab yuradigan g‘alati odamlar ham bor-da. Bunaqalar xohlagan paytimda dunyoga yana kelaman deb o‘ylashsa kerak.
– Shunaqa afandilar bilan hayot qiziq-da, boss.
– Devona degin. Lekin bugun shu devonaning nomi bizga judayam kerak. Falonchining shogirdi degan gapning o‘zi sportchining hurmatini ko‘tarib yuboradi.
– Ha… Boss, balki palakat bosib, jahon chempioni chiqarar? Xudo biladi…
– Bo‘talog‘im, xudoning ishiga aralashish odobdanmas. Sen o‘z ishingni qilib, tekisroq yo‘ldan haydayver. Yaxshi yo‘ldan yur!
– Tushundim, boss, uzr… Otam ham nuqul yomon yo‘lga yurma, deydi.
– Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi!
Savdomiz pishmadi
– Ha, taqsir, qishloqqami?
– Qishloqqa, Qobiljon, qishloqqa.
Qobil yo‘lovchilar mashinaga joylashib olgach, tomog‘ini qirib, so‘z qotdi:
– Sobir aka, kaminaga Qobiljon debmas, Abdiqobil deb gapiravering.
– Ie, uzr. Otingizni boshqa qo‘ydingizmi?
– Boshqatdan tug‘ildingizmi, deyavering. Haq yo‘lini tutganmiz, inshollo.
– Mashina qulluq bo‘lsin.
– Qulluq, moshollo.
– Dehqonchilik bu yil zo‘r bo‘pti-da?
– Astag‘furullo! Afandimisiz, taqsir? Yerga tirmashgan yer bo‘ladi. Dehqonchilik bilan tirikchilik qib bo‘larmidi?
– Sizam savdoga o‘tdingizmi?
– Taqvoli bandasiga tepadan tushadi, – dedi Qobil ko‘zi bilan shiftga ishora qilib.
– Tepadan? Qanaqa qilib, Qobil… Abdiqobil?
– Yaxshilab so‘rasangiz, O‘zi beradi.
– Bizgayam o‘rgating.
– Ha, balli! Menam shuni aytaman-da. Bu o‘tkinchi dunyoda xudobexabar bo‘lib o‘tishning oqibati do‘zaxning olovi, vallohi a’lam. Oxiratni o‘ylash kerak, oxiratni, taqsir. Shunda bu dunyo ham obod bo‘ladi.
– Shu dunyoni obod qilolmay dog‘damiz-da, Abduqobil.
– Taqsir, mundoq bizni davralargayam bosh suqib turing. O‘g‘lingiz ham tahorat oladigan yoshga yetib qopti. Mana, mening Abdiqunduzim hazratimning dargohida o‘qiyapti. Maktabni yig‘ishtirgan. Kamgap, odobli bola bo‘lib qoldi, ko‘z tegmasin. – Qobil kutilmaganda mashinani to‘xtatdi. – Ukam, oting nimaydi? Ha, Abdullajon-a? Birpas pastga tushib tur. Ha, balli. – Abdulla mashinadan tushib, eshikni yopgach, shivirlab davom etdi. – Taqsir, bu ibodatlarni dunyoviy mukofotlaydigon birodarlarimiz bor. Davraga kirib, a’zo bo‘lsangiz, ro‘zg‘or ham but, hamyon ham bo‘g‘oz. Mana shu o‘g‘ilchangizni hazratimga bering. Kam bo‘lmaysiz, taqsir.
Sobir biroz o‘ylanib, ikkilanib turdi:
– Uzr, hazrat kim edi?
– Ha, bag‘dodlik Mamasoli hazrat-da.
– Haligi butilka maxsimmi? Bag‘doddagi kitob do‘konini sotib olib, aroq magaziniga aylantirgan o‘shamasmi mabodo?
– Astofurullo! Taqsir, birinchidan, aroq bilan sharobni farqi katta. Sharob Ibn Sinoni kitobidayam bor, shifo deyilgan. Ikkinchidan, hazratim ichishniyam, sotishniyam tashlagan tavbasi kalonlardan. O‘ylab gapiring!
– Shunaqa demaysizmi, men uni yaxshi taniyman. – Sobir oynadan o‘g‘liga qaradi. – Chiq, Abdullajon. Bo‘ldi. Savdomiz pishmadi.
Hasrat
– Bu… er degani buyum-puyummasakan-da! – dedi Shahnoza ovozida yig‘i bilan. – Kuydirgani kuydirgan. Yana meni ustimdan kulgani ortiqcha.
– Nega kuladi? Oyday xotin bo‘lsang, chevarsan, pazandasan…
– Bahona-sabab topib kulgani kulgan. U kuni hovlida kir yuvib o‘tirsam, eshik taqillab qoldi. Chiqsam, oq xalat kiygan bir yigitcha bilan bir ayol turibdi. Shunday-shunday, har ehtimolga qarshi, it-kuchuk, mushuklarni quturishga qarshi emlab yuribmiz, deyishdi. Xo‘p, hozir, dedimu, u kishim yotgan boloxonaga chiqib, kuchugimizni emlatib qo‘yaylik, o‘z oyoqlari bilan kelishibdi, bor-yo‘g‘i to‘rt ming so‘m ekan, dedim. Ma’qul, deb xarom iljayib qo‘limga pul uzatdi, sanamay olaveribman. Quvalab yurib, Bo‘ynoqni tutib, ukolni urishdi. Pulni bersam, haligi veterinar ayol biz bitta kuchukni emladik, siz ikkitaga pul beryapsiz, deydi…
Hidoyat xandon tashlab kulgu boshladi-yu, kaftini og‘ziga bosib, silkinib-silkinib uzoq kuldi:
– Obbo qurib ketmagur-ey, boplabdi-yu…
– Mendayam qolib ketmaydi, bilasanu, qaytib chiqdim boloxonasiga, ha, bo‘ldimi, deydi tirjayib. Bilib turibman, qaynisingillarimga tayyor latifa ko‘zlab yotibdi. Menam bopladim. To‘rt mingini yostig‘iga tashlab, “Xotirjam bo‘ling, qaynonangiz uyida ekan, u yoqqayam kirdik”, deyishdi, dedim.
– Urmadimi?
– O‘rnidan turguncha hovliga tushib, darvozani yoniga borvoldim. Erindi shekilli, derazadan xezlanib qo‘yaqoldi.
– Rustam akam eringni dilkash, ko‘ngli oq deb maqtaydi. Birovga yomonligi yo‘q, deydi.
– Birovga yomonligi yo‘g‘u, oilaga yaxshiligiyam kam-da… O‘tgan yili latareyaga qiziqib, bitta qo‘yni pulini ko‘kka sovurganidi. Endi xo‘roz o‘yinga tanda qo‘ydi.
– Tavba…
– O‘zi bolalarga yolchitib biror nima olib bermaydi. Tayyor yemlab turgan so‘qimimizni sotib, Rasul polvonni xo‘rozini sotvoldi. Qolgan pulni beliga tugib “dod” deganimga qaramay Jiydaliga qoratomoshaga ketdi…
– Maktab payti eng a’lochilardan edi-ya ering? Fizikada hech kim yetolmasdi.
– Maktab boshqa, hayot boshqa ekan-da, Hidoyat, mana, seni Rustam akang…
Dugonalar hasratlashib, dardlashib eshik tomon yurisharkan, darvozaxona tokchasiga qo‘yib ketilgan bozorlikni ko‘rib, bir muddat gapdan to‘xtashdi.
Qoratomosha
Rustam Jiydaliga yetib borganida davra tomoshabin bilan to‘lib-toshgan, to‘rda Gerakl xom makaron yutgan baboqday qo‘r to‘kib o‘tirardi. Ikki chetda ikki da’vogar xo‘rozini sovutib turar, ularning biri No‘mon edi.
– Qaddingdan ketay, qadrdonlar! – deb hammaning e’tiborini o‘ziga qaratdi davraboshi. – Ana endi bugungi tomoshaning eng zo‘r jangiga yetib keldik. Eslaringda bor, Rasul polvonni xo‘rozi ko‘p janglarda g‘olib chiqib kelayotgan edi. Ana o‘sha qo‘ling o‘rgilsin kulonkir mulla No‘monjonning nomidan jangga kiradi. Raqibi uzunko‘chalik Ixtiyorjonning dakani. Qani, kim kimga tikadi?
– O‘zimiz boshlab beramiz-da bo‘lmasa. Mana, besh yuz ketdi, – dedi No‘mon iljayib.
– Mendan yuz, – dedi Ixtiyor atrofga alanglab.
– Qadrdon xo‘rozimga ming tikaman, – Rasul barmog‘iga tuflab pul sanay ketdi.
– Iya, iya! Hamma No‘monjon tarafga o‘tib ketdi-yu! Birortalaring Ixtiyorjonga ham tikinglar.
– Bizniki doim tavakkal! Gardkam! Ixtiyorjonga ikki ming tikdim, – dedi Gerakl.
Javlon davra aylanib, dov tikkanlarning pulini yig‘di va ikkita alohida qutiga joyladi. Keyin No‘monga yaqin kelib:
– Agar yutsangiz, bir umr Izzat akani choyxonasida biqinga bolish tortib kayf qilishingizga yetadigani yig‘ilib qoldi, – dedi tirsagi bilan shimini ko‘tararkan.
– Yutaman-da! Ertalab Rasuljonning o‘zi xo‘rozimga xom jigar yedirib, oq fotiha berib ketgan. Ko‘nglim to‘q.
– Biziyam quruq qo‘ymassiz, aka, – Javlonning gapiga No‘monning ensasi qotib, eshitmaganga olib qo‘yaqoldi.
Davraga tashlangan xo‘rozlar, odatda, raqibiga haybatli ko‘rinib cho‘chitish istagida hurpaygancha bir-biriga yolg‘ondakam daf qiladi. Lekin negadir No‘monning xo‘rozi parishon va karaxt ko‘rinar, zarbalarga javob qaytarmas, raqib xo‘roz esa to‘xtovsiz cho‘qib, tarsillatib tepardi. No‘mon sarosimada najot qidirib, atrofga alanglay boshladi. Rasulga ko‘zi tushib, u tomonga qarab yurdi. Rasul yelkasini qisib, qo‘llarini yarim ko‘tarib, hayronligini bildirdi. No‘monning olazarak ko‘ziga go‘yo tomoshabinlar uning ustidan qotib-qotib kulayotganday, barmoqlarini bigiz qilib mazaxlayotganday ko‘rindi. U qanotini beo‘xshov yoyib, cho‘kkalab yotgan xo‘roziga, pul solingan qutilarga qaradi. Shu payt davraga kirib kelgan Rustamga ko‘zi tushdi-yu, xo‘rozini dast ko‘tarib, yugurib uning yoniga bordi. Gerakl o‘rnidan turgach, davra suv quygandek tinchib qoldi.
– Bu nima nomardlik? Xo‘rozni tashlang oxirigacha! Yo yengildim deb tan olib qo‘yaqoling!
– Yo‘q-yo‘q! Bu yerda boshqa gap bor! G‘irrom bo‘ldi! – dedi No‘mon talvasaga tushib.
– Nima g‘irrom bo‘ldi? Isboting bormi?
– Bilmayman! Lekin ko‘nglim sezyapti. – Birdan Rasulga qarab davom etdi. – Ha, Rasul… maraz, ertalab jigarga qo‘shib dori berib qo‘ygansan, iplos! Ekspertiza qildiraman!
– Ekspertiza? Balki BMTga borarsan? O‘zing qimorvoz bo‘lsang, nima deb shikoyat qilasan? – dedi Gerakl jahl bilan.
– No‘mon, o‘sha ertalabki jigardan qolganmi? – gapga aralashdi Rustam.
– Bir bo‘lakcha qoluvdi.
– Tamom. BMTga borish shart emas, hoziroq aniqlaymiz. Ketdik!
Rasul kalovlanib Geraklga qaradi. Gerakl shoshib borib, Rustamning yo‘lini to‘sdi.
– Tanishsak bo‘ladimi? Osmondan tushdingizmi?
Shotirlaridan biri Geraklning qulog‘iga sekin shivirladi:
– Bokschi, chempion bu. “Arslon” deyishadi.
Gerakl Rustamga istehzoli qaradi:
– Echkini o‘lgisi kelsa… Nega birovning ishiga tumshuq suqasiz?
– Bular menga birov emas. Siz kimsiz?
No‘mon Rustamga shivirlab, uni tanishtirdi:
– Gerakl degani shu bo‘ladi.
– Tushunarli.
Gerakl Rustamning bilagidan ushlab, chetga tortdi:
– Gaplashib olaylik.
– Nimani gaplashamiz?
– Maqsad nima o‘zi?
– Pulimni qaytarib bersin! – deb oraga bosh suqdi No‘mon.
– Bu erkaklarni o‘yini. Lafz oltindan qimmat! Yo xabaringiz yo‘qmidi? –haq talasha boshladi Ixtiyor.
– To‘xtanglar! To‘xtanglar! – dedi Gerakl ikkala qo‘lini ko‘tarib. – Rostanam tushunmovchilik bo‘lganga o‘xshaydi. Rasul, beri kel! Xo‘rozga nima bo‘lgan? Bularning shubhasi rostmi?
– Endi, boss, bu dunyoda tovuqdan nozik narsa yo‘q. Bir kasal tegsa, yoppa qiriladi. Qorason bo‘lganmi, oftob urganmi – itim biladimi. Men do‘stlik qilib, Najim qassobdan yangi jigar opkepman-a… Esiz, xo‘roz. Nobop qo‘lga tushgan ekan-da.
– Birodarlar, bunday qilamiz, biz uchun eng asosiysi – adolat. Rasul, No‘monni pulini qaytarasan, No‘mon, tikkan pulingni sanab ol. Ixtiyor, No‘monning xo‘rozi qochgani yo‘q. Demak, durang bo‘ldi. O‘zingni bos. Dov tikkanlar haqini qaytarib olsin, jang bekor bo‘ldi. – Gerakl Rustamga qarab so‘zini ulab ketdi. – Qalay, do‘stim? Shu kerakmidi? Muammo hal.
– Muammo hal bo‘lgani yo‘q. Bu yerda juda katta masala bor. U osonlikcha hal bo‘ladiganga o‘xshamaydi. Afsuski, – Rustam atrofdagi bangilarga, o‘smir bolalarga, xo‘roz ko‘targan yigitlarga bir qur nazar tashladi, – bu illat gazak olib bo‘pti-yu, biz bexabar qopmiz.
– Mana, davramizga xo‘jayin ham topildi, – dedi Gerakl jahli chiqib. Keyin vajohat bilan so‘radi. – Balki ulush ham berishimiz kerakdir? Qancha so‘raysan?
– Qancha emas, nima so‘raysan, degin.
– Xo‘sh, nima so‘raysan?
– Daf bo‘l! Biznikilarni tinch qo‘y! Bo‘lmasa… chiqqan joyingga…
– Voy-vo‘, qo‘rqib ketdim-ku. Sendaqalarni ko‘pini ko‘rganman, ukam. O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil, deyiladi o‘zbek maqolida. – Gerakl yig‘ilganlarga qarab ovozini bir parda ko‘tardi. – Bu Arslon emish, bilasizlar, arslon-parslonlar tsirkda tomosha ko‘rsatib, qorin to‘qlaydi. Lekin bo‘ri, – shu yerga kelganda ko‘ksiga shappatlab qo‘ydi, – hech qachon luqma ilinjida yaltoqlanmaydi, bosh egmaydi. Bo‘rini qamchi zarbi ham sindirolmaydi.
– To‘g‘ri, lekin bo‘ri bilan chiyabo‘rini farqi bor. Ammo ikkala toifaniyam kasbi – o‘g‘irlik, talonchilik. Hatto quyonlargayam to‘da bo‘lib tashlanadi. – Rustam Geraklning atrofiga yig‘ilib olgan to‘daga, Ixtiyor, Rasul, davraboshi, Javlon va shotirlarga birma-bir qarab chiqdi.
– Tomosha tamom! Tarqalinglar! – davraboshi Geraklning fikrini uqib, e’lon qildi, – keyingi tomoshaga yana xabarlashamiz.
Qani ketdik, shunqorlar!
– Odamni chipor cho‘chqadan farqi shuki, unda maqsad, orzu bo‘ladi. Ana shu orzusiga yetish uchun izlanadi, mehnat qiladi. Mashhur bokschimiz Rufat Risqiyevni ko‘rganman, gaplashganman. Oddiygina, o‘zimizga o‘xshagan odam. Faqat farqi shuki, u o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida kecha-yu kunduz mashq qilgan, qiyinchilikdan qo‘rqmagan. Shunday, agar sizlar ham o‘zingizni qo‘lga olib, astoydil kirishsangiz, dunyoga mashhur sportchi bo‘lasiz. Qayerga borsangiz hurmat bilan qarshi olishadi…
– Ol-a…, – dedi bolalardan biri qashamshanglik qilib, – meni ushlanglar! Dunyoni piyoda aylansak, shippagimiz chidarmikan?.. Sigirimni kechgacha ikki marta sug‘orishim kerak. Yo‘-o‘, to‘g‘ri kelmaydi.
– Oldingi o‘qituvchimizam futbol jamoasi tuzmoqchi bo‘lgandi. Hozir qayerda ekan-a? – deb gap qotdi boshqa bir bola.
– “Neftchi”ga murabbiy bo‘p ketgandir…
Saf boshi bola gapini tugatar-tugatmas bosh ko‘tarib qaradi-yu, shundoq yonginasida turgan Rustamni ko‘rib dami chiqdi.
– Isming nimaydi?
– Adham.
– O‘sha murabbiy Sarkisyanmidi? Tuzolmaganmidi futbol jamoasini?
– Ha-a… – dedi bola dovdirab. – Bolalarni to‘plash sal qiyin bo‘lgan. Hech kim ishonmagan.
– Boks boshqa gap, – dedi yana birinchi bola masxarabozlik qilib. – Urishishni o‘rganib olsak bo‘ldi-da. – Tizzasini chala bukib, qisqa hushtak chalib, havoga burama zarbalar berdi. – Xusht-xusht…
Rustam unga beparvo qarab qo‘yib, tomog‘ini qirdi-da, davom etdi:
– Agar kimda-kim boksni mushtlashish uchun o‘rganmoqchi bo‘lsa, undaylarga – katta ko‘cha. Men bezorilarni tayyorlaydigan janjalxona ochmoqchi emasman. – Bolaga yaqin kelib, ko‘zlariga qattiq qaradi. – Boks birovni urish uchun emas, o‘zingni himoya qilish uchun kerak. Sog‘lom bo‘lish uchun, xarakterni shakllantirish, irodani mustahkamlash, qisqasi, erkak bo‘lib ulg‘ayish uchun o‘rganiladi. – Bolalar jiddiy tortib, qadlarini rostlay boshladi. – Zo‘r sportchi ota-onasini, qishlog‘ini, yurtini faxriga aylanadi. Kim kuchli? Avvalo, o‘ziga kuchi yetgan, o‘zini to‘xtata oladigan odam kuchli. Agar kim ana shunday erkak bo‘lishni xohlasa, har kuni darsdan keyin soat beshda kelishi mumkin.
– Fizkultura darsiga kirmasak ham bo‘laveradimi unda?
– Adhamjon ukam, darsga kirish shart. Yaxshi shug‘ullansang, mayli “5” qo‘yib berarman. Lekin boshqa darslarni ham yaxshi o‘qish kerak. – Safda turgan Azizga do‘stona ko‘z qisib qo‘ydi. – Ishonchim komil, oralaringdan haqiqiy sportchilar chiqadi! Nima deding, Aziz?
Aziz kulimsirab, bosh irg‘adi.
– Qani ketdik, shunqorlar!
Bolalar Rustamga taqlidan qo‘llarini ko‘kraklarida musht qilib bir maromda yugura ketishdi.
Ahli xomovqat
– Men hayronman, o‘rtoqlar, juda hayronman. Ona suti og‘zidan ketmagan norasida bolani begona odamlarni qo‘liga butunlay topshirib qo‘yish… Tavba! Ularni na yuridik hujjati, na vakolati bor…
Nozir so‘z qo‘shdi:
– Qobil aka majburiy ta’lim to‘g‘risidagi qonunni buzib, Abdiqunduzni maktabdan ajratib oldi. Nima, davlat yo‘qmi? Hukumat yo‘qmi? Jamoatchilik qayoqqa qarayapti?
– O‘rtoqlar, shahar bedarvoza emas. Qishloq ham. Hammamiz tomoshabin bo‘lib turaversak, ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi. Shuni o‘ylaysizlarmi, opa?
– O‘ylaymiz. Meniyam yurakkinam ezilib ketdi. Ixtiyor mendamas-u… Bolamni hidini qo‘msab, uxlolmay chiqaman, – Abduqunduzni bag‘riga tortdi onasi.
Shu payt “Jiguli” mashinasi qattiq tormoz berib to‘xtadi. Ko‘zlari ola-kula Qobil davraga kirib keldi.
– Birovni pushti kamaridan bo‘lgan bolasini, ahli ayolini davraga olishga nima haqqing bor senlarni kim bo‘lishingdan qat’i nazar?! – So‘ng mushtdekkina bo‘lib o‘tirgan xotiniga qarab o‘dag‘ayladi: – Tur, ketdik! Boshingda men turib, he, ojizai nopok!.. Uyda gaplashamiz!
– Shoshmang, Qobilboy. Bu bola sizning farzandingiz, lekin bizgayam begonamas. Buni taqdiriga biz ham mas’ulmiz, – dedi faollardan biri Muxtor sartarosh.
Qobil uning yuziga qaramay turib zarda bilan javob qaytardi:
– Siz o‘z bolalaringizni eplang. Kechasi-yu kunduzi kalta ishton kiyib, sakillab ko‘chada chopgani chopgan. Sportchimish. Ha, o‘rgildim!
Qobilning bu so‘zlari Rustamning otasiga tegdi. U tizzasiga tayanib o‘rnidan turarkan, hamma birvarakay shu tomonga qarab nafas yutdi.
– Qobiljon bizning Rustamboy bilan sinfdosh. Mana bundayligidan, – otaxon kafti bilan tizzasidan yuqoriroqni o‘lchadi, – billa-billa katta bo‘lishgan. Nima jin urdi, tuppa-tuzuk yurgan bola birdan o‘zini qaritib, soqol qo‘yib, oq do‘ppi kiyvoldi. Hammadan ajrab, surunkali qichimaga yo‘liqqanday doim asabiy yuradigan bo‘ldi. Men necha marta aytdim, Qobiljon, ota-bobolarimiz tutumidan qolma, eng to‘g‘ri yo‘l o‘zimizniki, Imomi A’zam o‘zimizdan chiqqan, nima qilasan chegaradan chiqib? Namozingni o‘qib, ishingni qilib yuravermaysanmi “Dil ba yoru dast ba kor”, deb…
– Qaysi yo‘l to‘g‘riligini Robbil olamiyn sizdan yaxshiroq biladi, siz adirdagi toshingizni tering! Xo‘pmi?!
Otaxonning yuziga g‘azabdan qon tepdi. U Qobil tomonga shaxd bilan ikki-uch qadam tashlagandi, o‘rtaga nozir tushib, quloch yozib to‘xtatib qoldi. Shu ko‘yi nozir yonboshiga bosh burib, zarda bilan o‘shqirdi:
– Menga qara, o‘v, Qobil! Sen qonunga zid ish qilyapsan. Tag‘inam yuz-xotir qilib turibmiz. O‘ynashma, bola! Asli bu qilmishlaring qip-qizil jinoyat. Oborib G‘ishtko‘prikning orqasidagi yerto‘laga joylab qo‘yaman, Xudo aytgan kuni mulla mingan eshakday bo‘p chiqasan!
– Jinoyatchi bo‘lsam, jazolanglar! Bolani haq yo‘lga solish jinoyat bo‘lsa, meni otinglar, osinglar! Shoyadki shahid ketsam! – dedi Qobil ikkala kaftini boshi uzra cho‘zib.
Nozir chaqqon harakat bilan yig‘lamsirab turgan Abdiqunduzning ko‘ylagini ko‘tarib, qo‘ranta-qo‘ranta kaltak izlarini ko‘rsatdi:
– Shu yo‘l bilan to‘g‘ri yo‘lga solinadimi bola? Nega maktabga yubormayapsan?
– Bu meni ishim!
– O‘chir-e, endi seni ishing emas! Mana endi rasman shug‘ullanaman! Davlatni ishi o‘yinchoqmi?
Qobil bolasiga qarab o‘shqirdi:
– Maktabga borasanmi, a, borasanmi?!
Bola dami ichiga tushib kalovlandi:
– Yo‘-o‘q…
– Seni kim urdi?
Bola battar qo‘rqib ketdi:
– Hech kim… O‘zim yiqildim.
– Sizlarda savol bormi? Yana nima deysizlar? E-e, qo‘llaringdan kelganini qilinglar! Ahli xomovqat!
Bolani sudrab, mashinaga o‘tqazdi. Xotini esa ularning ortidan piyoda yo‘lga tushdi.
– “Xomovqat” dedimi? Nima degani u?
– “Hamoqat” demoqchi bo‘ldi, shekilli. “Ahmoqlar” degani.
– O‘bba qistalag‘-ey…
Chiqmagan jondan umid
– Zo‘rsan-da, Rustam!
– Shogirdingizman-da, ustoz!
– Baribir o‘z aytganingni qilding-a?
– Noto‘g‘ri bo‘ldimi?
– Yo‘q. Lekin baribir Elmurod Do‘ltadan cho‘chisang kerak, deb o‘ylovdim. Har holda, mafioz degan nomi bor.
– Qanaqa mafioz?! Ularning po‘stagiga kuya tushib bo‘lgan. Agar o‘shaning dag‘dag‘asidan qo‘rqib, jiyanini g‘olib deb e’lon qilsam, burdimiz ketib, hammamizga bir umrlik isnod bo‘lardi.
– Sen-ku adolat qilding. Xalq ko‘rib turibdi. Lekin manavi Anvar bilan Sohib burama qorin bo‘lgandek burishib o‘tirdi. Imkon bo‘lsa-yu, musobaqadan oldinroq sovrinni Do‘ltaning jiyaniga tutqazvorsa…
– Qo‘ying-e shularni!
– Ha bo‘pti, qo‘ydim. Shogirdlaring ancha ko‘payib qoldi, a?
– Ha, asta-sekin ko‘payyapti. O‘ylab qarasam, asosiysi, odamlarni sportga munosabatini o‘zgartirish kerak ekan.
– Hozir senga juda qiyin. Hammaning ko‘zi senda. Futbolda bir achchiq haqiqat bor: to‘p kimda bo‘lsa, o‘shaning oyog‘iga tepishadi. Ishqilib, hafsalang pir bo‘lmasa bo‘ldi.
– Sizdayam o‘smir shogirdlar ko‘p-u, lekin katta sportga o‘tib ulgurishmayapti, a?
– Ha, o‘sha eski kasal – yo armiyaga ketib, keyin melisaga ishga kirib ketadi, yo bir-ikki marta yutqazsa, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa uradi. Bahona – tirikchilik to‘rvasi. Ko‘plari chetga pul ishlashga chiqib ketishyapti. Achinasan. Uvol-da, uvol! Shunday yigitlar…
– Ha, murabbiylik ham qiyin ekan. Endi tushunib yetyapman.
– Nimasini aytasan, qoziqqa bog‘langan buqachaday ring atrofida bir umr aylanib, infarkdan boshqa natijaga erishmaganlar ham ko‘p. Senda esa real imkon bor. Yaxshi niyat bilan ishlash kerak.
– Yaxshi niyat – yarim g‘alaba, deysiz-ku.
– Tarbiyani bo‘shashtirma.
– Ha, ishlaymiz… Ishlayveramiz! Arslon izidan – yigit so‘zidan qaytmaydi…
– Arslonday yigitlarimiz ko‘p.
– Hali jahon chempionlari ham chiqaramiz.
– O‘-o‘, iloyim! Hayot shu ekan-da, Rustamjon. Avvaliga o‘zing harakat qilasan. Hech narsaga kallak urolmagach, keyin shogirdlaringga ko‘z tikasan. Bunisi yanayam qiyin: bola birovniki, jon birovniki… Qarabsanki, Azroil Shakir tentakning mushtiday aylanib qansharingga kep turibdi. Hah, attang, Mamadali kattang, deb ketaverasan!
Jang tugab, sudya-informator ringga chiqishi kerak bo‘lgan hakamlarni e’lon qildi:
– Referi – xalqaro toifadagi hakam Sodiq Bo‘tayev. Yon hakamlar: Rustam Majidov, Shavkat Bobomurodov, Alisher Boymurodov, Akmal Jumamurodov, Olimjon Suyarov!
Rustam o‘z nomini eshitishi bilan o‘rnidan turib, ring tomon yurdi.
Aytdim-ku, bokschi bo‘lmoqchiman!
– O‘zimni o‘g‘ilbola jiyanim! Senam bir ko‘rasanmi? Bir hidlagin…
– Yo‘q-yo‘q! Dadam bilsa, o‘ldiradi!
– Ibi, bittagina o‘g‘lini-ya? Hech qachon!
– Haligi kuni sal qoldi onam bilan ikkalamizni otib tashlashlariga.
– Opamga bir narsa bo‘lsa, dadangni sog‘ qo‘ymayman! Men or-nomusli, mag‘rur yigitman, qonga qon, jonga jon! Aytib qo‘y!
– Ko‘rsangiz dirdov qo‘ziday qaltirab, suzma qip qo‘yasiz-ku qo‘rquvdan. Gapni qaranglar!
– Bu gaplarni qo‘yatur. Vaqti kelib men ham kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman. Se-e-en, anavi “shakarcha”dan menga maydalab, misqollab olib chiqmasdan, yarim kilocha amallasang bo‘lmaydimi? Toshkentga oborib, o‘ynatib kelardim.
– Toshkentda sport do‘konlari ko‘p-a?
– Hamma do‘kon Toshkentda-yu. U yerdagi marketlardan voyvoyakni tirik bolasiniyam topsa bo‘ladi.
– Menga voyvoyakni bolasimas, boks qo‘lqopi kerak. Keyin mashq qopiyam.
– Olamiz. Menga qara, senga nimaga kerak u matohlar? Bokschi bo‘lmoqchimisan? Undan ko‘ra chilim opkesak-chi? Yonboshlavoli-ib, ichagini bilagingga o‘rab tortganga ne yetsin? Vat-tat!
– Chilim? Unda o‘tmishga qaytish bo‘p qolmaydimi, tog‘a? Eshiting, Rapqonda boks to‘garagi ochilibdi. Rustam aka degan chempion ochibdi. O‘zim ko‘rdim. Bolalar maza qilib boks tushishyapti.
– Boks yaxshi-yu, zarbalari yomon-da. Burning sinadi, miyang chayqaladi.
– Tog‘a, miya boshqa narsalardan ham chayqalmaydimi? Masalan…
– E, buni kayfini bilarmiding… Maza qilasan-da. Ke, bir ko‘r!
– Aytdim-ku, bokschi bo‘lmoqchiman deb!
Bo‘yingdan akang!
– “Rapqon” ajoyib joy ekan,
Bir ko‘cha ketgan soy ekan.
Salqin sufa hoy-hoy ekan,
Kim ko‘rsa hangu mang ekan.
Menimcha, siz meni eshitmayapsiz, bo‘yingdan akang.
– A? Eshityapman, domla. Muqimiyning “Sayohatnoma”sini o‘qiyapsiz.
– Xayolingiz parishon bo‘lsayam qulog‘ingiz ding. Muqimiy domla she’rni quloqda qoladigan qilib mixlab ketgan-da o‘ziyam.
– Domla, bu she’rni qishlog‘imizda bilmaydigan odam yo‘q.
– Qishloqda adabiyotga mehr o‘zgacha-da, bo‘yingdan akang!
– Adabiyotga mehr qanchaligini bilmadim-u, ammo bu she’rda qishlog‘imiz nomi borligi uchun qiziqardik. Paxtadayam aytib yurardik.
– Demak, odamlar yashab turgan qishlog‘iga, yurtiga befarq emas. Qishlog‘ing nomi o‘z ismingdek yoqimli eshitiladi. Dunyoga chiqsang, O‘zbekiston deyilsa, odamning yuragi jimirlab ketishi aniq. Buni shoirlar tasvirlasin-da…
– O‘tgan oy boks bo‘yicha “Rapqon-open” musobaqasini o‘tkazdik. Boshqa tumanlardanam kelishdi. Siz ham o‘tkazing “Adabiyot gulshani” kechasini. Kelishsin qo‘shni qishloqlardan…
– Kelisharmikan, bachkana ko‘rinmasmikan, bo‘yingdan akang!
– Mashhur shoirlarni qishlog‘imizga chaqiring. Kerak bo‘lsa, yoningizdan sarf-xarajat qiling.
– Iya, munday qilib… – Mirkomil domla ko‘rsatkich barmog‘i bilan peshonasidagi terni sidirayotgandek ko‘rsatdi. – Topgan oylikka-ya?! Men axir bu pulni mushtlashib topganim yo‘g‘u…
– Nima bo‘pti? Menam o‘qituvchiman. Kerak bo‘lsa sarflayman.
– Hakamligingizga-chi, pul to‘lashmaydimi? Boksni-ku, mayli, tekinga o‘rgatarsiz. Lekin shaharma-shahar yurib, musobaqalarga qozilik qilganingizgayam to‘rt-besh so‘m atashsa kerak?
– Hakamlik uchun oylik olmayman. O‘sha musobaqa kunlarida ishlaganimga haq to‘lashlari mumkin. Lekin mashinada benzin sarflab borishim qimmatroqqa tushadi. Bu shunchaki qiziqish…
– Boyga balo urarmidi, a? Bo‘yingdan akang, bog‘u rog‘ingiz-chi? Yerlaringiz bilan mol-holingizni gapirmasayam bo‘ladi.
– Qanaqa bog‘u rog‘? Bo‘sh vaqtimda uzumzorga qarayman. Ish bilan bo‘lib, ko‘pincha ketmon ushlashga vaqtim bo‘lmaydi. O‘rikzor keliningizga tan. Yaxshi bilasiz, uyam maktabdan ortmaydi. Asosan, aka-ukalari qarashadi. Qaynog‘alarim…
– Menam shuni aytaman-da. O‘qituvchi o‘qituvchiligini qilishi kerak, bo‘yingdan akang.
– Domla, soliqchimisiz, surishtirib qoldingiz? O‘zi shundog‘am bokschilarimni zaril bo‘lganda darsdan qo‘yib yubormay xunob qilasiz.
– Oldin darsni qoyillatib qo‘ysin, keyin boshqa hunarni boshini tutsin.
– Boks bilan shug‘ullantirib, jamiyatga hech bo‘lmasa sog‘lom yigitlarni yetkazib bersak, buning nimasi yomon?
– Lekin adabiyot otamdan kuchli, degan edi Abdulla akam. Adabiyot inson tafakkurini shakllantiradi, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lishni, sevishni, sevilishni o‘rgatadi.
– Sport ham el-yurtga muhabbatni kuchaytiradi. Mana, bugun o‘quvchilarimiz viloyat birinchiligida tumanimiz sha’nini himoya qilishdi. Yomonmi?
– Yutishdimi?
– Albatta.
– Siz hakam bo‘lganingizdan keyin yutishadi-da, bo‘yingdan akang.
– O‘zimni shogirdlarimga hakamlik qilmayman.
– Boshqa hakamlar sizni yuz-xotir qilishadi-yu, a?
– Bizda unaqasi yo‘q. Hammasi xolis.
– Hali, bokschilardanam ul-bul olmaymiz dersiz?
– Nima olamiz?
– Nima bo‘lardi, kim ko‘proq bersa, o‘sha chempion-da. Bo‘lmasam shundan shunga quruqqa borib hakamlik qilmasangiz kerak. Mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi, deyishadi, bo‘yingdan akang.
Rustam mashinani taqqa to‘xtatdi, domla old oynaga qapishib qoldi:
– Bu yog‘i oshib tushdi! O‘rganchik sartaroshni qaychisiga o‘xshab qulog‘im yonida shaqillayversangiz hozir mashinadan itarib tushirib yuboraman, bo‘yingdan akang! U yog‘iga piyoda ketasiz she’rlaringizni o‘qib, bo‘yingdan akang!
– Gapiring, bo‘ying…
– Hozirgi gapingizni bir gapirdingiz, boshqa eshitmay! Tushunarlimi?
– Tushundim… Uzr…
– Dadam aytardi, odam o‘z ishiga tirikchilik vositasi deb qarashni boshladimi, ish rasvo bo‘lgani shu, deb. O‘qituvchi darsni o‘tdimmi – o‘tdim, shifokor bemorni ko‘rdimmi – ko‘rdim deb yuraversa hech qachon birimiz ikki bo‘lmaydi. Har kim o‘z ishiga… sizning tilingizda aytganda, ijodkor sifatida qarashi kerak. Izlanishi kerak. Shundan zavq olishi kerak.
– Ie, otangizga rahmat, Rustamboy. Sizdan bunaqa gaplar chiqadi deb hech o‘ylamovdim. Faylasuf ekansizu…
– Domlajon, bolalardan kimdir jahon chempioni bo‘lsa, menga sariq chaqalik moddiy foyda bo‘lmasligi mumkin, lekin menga ana shu umid va orzu kuch beradi. Ilhom beradi. Ilhomni tushunasiz-ku, a?
– Bizam xohlaymiz shuni. Lekin Kuba, Rossiya, amerikalik bokschilar “boshqa boks tushmaymiz”, deb oqpichoq-qorapichoq qasam ichib, choyxonada halpana oshga o‘tvolishmagandir? “Oldin Rapqondan Rustamjon chempion chiqarsin, keyin ringga qaytamiz”, deb gazetaga qarta urib o‘tirishmagandir?
– Ha, aynan Rapqondan chiqadi. – Orqa o‘rindiqqa ishora qildi Rustam. – Mana shu bolalar bir kun kelib chempion bo‘lishadi.
– Nega bunchalik ishonch bilan gapiryapsiz, bo‘yingdan akang? Bizni qora ko‘zlarni dunyo darajasida nom qozonishiga boshqalar indamasdan yo‘l qo‘yib beradi deysizmi? Siyosat bor, katta siyosat. Vey, butun dunyo bir-birini oq kaltak – qora kaltak qilib yotibdi. Bozorlar egallangan, jumladan, sport bozorlari ham. Siz va bizga o‘xshaganlar maydon atrofida aylanib “chuli-chuli” bo‘lib yuraveradi.
– Xo‘p, nima qilish kerak? Shunaqa ekan deb qo‘l qovushtirib bir chekkada yelka qisib turaverish kerakmi? Domlajon, hayot kurashdan iborat. Haqingni birov bermaydi, o‘zing ayirib olasan, deganlar.
– Obbo siz-ey, jadidlarni gapidan tushdingizu. Qoyil lekin, besh!
– Domlajon, imkon bo‘lganda menam kitob varaqlayman. Ja-a chalasavodga chiqarib qo‘ymang. O‘sha jadid deganingizni davri mana endi boshlandi. Odamlarni fikrini uyg‘otish, o‘zini tanitish, g‘ururini ko‘tarish payti keldi. Agar yana Sho‘ro davridagiday o‘z yurtimizda dumimizni qisib yuraversak, bir kuni yer yuzidan supurilib ketishimiz hech gapmas!
– To‘g‘ri-ku, lekin o‘sha siz aytgan odamlar sizni to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlasharmikan? Ishqilib xarsangga tirab qo‘yib, Hamza qilvorishmasa deyman-da!
– O‘sha qurbonlar sabab siz va biz bulbuligo‘yo bo‘lib sayrab yuribmiz. Domla, kechirasiz, siz qo‘zg‘adingiz, ko‘nglim tubidagi gaplar chiqib ketdi. Odam bir marta dunyoga keladi. Odamday yashab o‘tish kerak. Undan yaxshi nom, yaxshi ishlar qolishi kerak.
– Ha-a, Hidoyat kelinimdan adabiyotshunoslik sizgayam ancha o‘tibdi. Aytishadi-ku, siniqdan boshqasi yuqadi, deb. Sizga qoyil qoldim. Tan berdim. – Mirkomil domla boshi bilan bolalarga ishora qildi. – Bu tirranchalarni musobaqalarda qo‘lga kiritgan sovrinlari qovoqlaridagi bejama naqshlarda yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Ketdik, haydang!
– O‘zi, sizni ko‘rganda to‘xtamay o‘tib ketsam bo‘larkan, domla.
– Kengroq bo‘ling, Rustamboy. Siqilmang. Hah, bo‘yingdan akang!
Rustam mashinani yana o‘t oldirdi. Mirkomil domla mahallasi boshida quyuq xayrlashib tushib qolgach, Rustam shogirdlariga qayrilib savol tashladi:
– Abdulla, birinchi jangda raqibingdan qo‘rqdingmi?
– Yo‘q.
– Yutqazib qo‘yishingga sal qoldi-yu. Birinchi raund deyarli uning ustunligida o‘tdi. Yaxshiyam polpislanib, tuzukroq zarba berolmadi. Seniyam cho‘chiyotganing sezilib turdi.
– Basharasidan qo‘rqdim. G‘adir-budur, vahimali ekan.
– Uning basharasini g‘adir-budurligi – yomon bokschiligidan, – dedi kulib Rustam. – Zarbalarni o‘tkazaverib shunaqa bo‘lib qolgan. Sen-chi, yuzi tekis raqibingdan ehtiyot bo‘l. – Mashina peshoynasidan Abdullaga qaradi. Keyin oynani to‘g‘rilab, o‘zining yuzini ko‘zdan kechirdi. – Raqibingni yuzi tekis, burni pachoqlanmaganligi uni zarba o‘tkazmaganidan dalolat beradi. O‘zi, umuman ringda qo‘rqma. “Avval zarba o‘tkazmagan bo‘lsa ana endi mendan yeydi”, degin. Tushundingmi?
– Tushundim.
– Tabriklayman yana bir marta!
– Rahmat.
– Kirib, uyingdagilarniyam tabriklardim-u, ayangni fe’li chatoq-da. Shoshma, biz ketgandan keyin kir.
Mashinaga o‘tirib, motorni o‘chirmasdan kutib turdi. Birozdan keyin Abdullalarning hovlisidan onaning hayajonli ovozi eshitildi:
– Voy bolaginam, keldingmi? Voy bolam-a! – Ovoz birdan vahimali tus oldi. – Ko‘zingga nima qildi? Iloyo ilovando, qo‘lginasi sinsin urgan kasofatning! Rustam akang qaqqa qaradi?
Onaning yig‘i aralash tovushini otaning guldiragan ovozi bosib ketdi:
– Turqingga bir qara, o‘v, xumpar, olomonni etigi tagida qop ketgan atlas ko‘ylakka o‘xshab qopsanu! Men sendayligimda tegirmonchini yordamchisiydim. Ro‘zg‘orga qayishardim. Otamni hurmat qilardim. Sen bo‘lsang, bittagina sigirniyam eplayolmaysan. Qani bu yoqqa kel-chi! He!..
Qoidasi qoidasizlik
– Sen o‘zbekistonliksan-a?
– Ha.
– Hozir boshqa davlatni jangchisiga pul tikding-a?
– Ha, tikdim. Besh ming.
– Yutib olganingdan xursandsan-a?
– Yutgan odam xafa bo‘larmidi? Xursandman. Osmondan tushganday bo‘ldi.
– Lekin senda o‘n karra, yuz karra ko‘proq pul topish imkoni bor.
– Qanday imkon?
– Sen tarafdagi qoramag‘iz bolalar iligi to‘q, chayir bo‘ladi. Bizda o‘smirlar o‘rtasida ham shunaqa chempionatlar o‘tkaziladi. Tushundingmi?
– Tushundim. Qoidasi qanaqa?
– Qoidasi qoidasizlik. Qolgan gapni keyin gaplashamiz. Meni telefon raqamimni yozvol…
– Meniki… Ismim Elmurod.
– Salomat bo‘l. Keyin gaplashamiz.
Men soppa-sog‘man
– Yana keldilaringmi? Aytdim-ku, iloji yo‘q, sizlarni ololmayman. Yoshlaring yetmaydi. – Rustam xuddi velosipedi qulasa biror vahimali korhol yuz beradigandek biri rulni, biri egarni mahkam changallagan aka-ukalarning kattasiga qarab, so‘zida davom etdi. – Nechchida o‘qirding?
– Yanagi yili beshinchi sinfga o‘taman.
– Hozir to‘rtinchidamisan? To‘g‘risini ayt!
Bola bo‘shashdi:
– Uch…
– O‘zi velosipedni tepkisiga oyog‘ing zo‘rg‘a yetyapti-yu! Shuncha yo‘ldan qatnash osonmi? Qo‘shtegirmondayam boks sektsiyasi bor-ku!
– Rapqonda yaxshi o‘rgatisharkan… o‘rgatarkansiz.
– Kim aytdi? Bolalar, sira iloji yo‘q. Mashg‘ulotlar peshindan keyin beshda boshlanadi. Qishda vaqtli qorong‘i tushib qoladi. – Aybdorona yer chizib turgan aka-ukalar e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib bosh ko‘tarishdi. Rustam ularni gapirgani qo‘ymadi, – ota-onalaringdan so‘raganmisizlar? “Rapqonga qatnamoqchimiz”, deb aytganmisizlar?
– Otamiz o‘tib ketgan. Buvim bilan turamiz. Buvimga aytdik. Ayam ham yo‘q demadilar.
– Boksga demagansizlar-da, to‘g‘rimi? – biroz sukutdan so‘ng yana savol berdi, – boshqa qarindoshlar bormi hol-ahvol so‘rab turadigan?
– Bor, – deyishdi bolalar istamaygina.
– Ha, mayli, – Rustam zaruratsiz bosh qashidi, – bo‘lmasam, beshdamas, uchda kelinglar. Har kuni kelish sizlar uchun majburiymas. O‘zlaringni maktablaringdayam dars qoldirmasdan yaxshi o‘qish shart. Yo‘lda ehtiyot bo‘lasizlar.
– Xo‘p, rahmat, ustoz!
– Seni nega ranging past? Kasal-pasalmasmisan? – Rustam egilib, kichkinasiga sinovchan qaradi.
– Shamollagandim.
– Unda bir yo‘la tuzalganda kelasan. Sog‘liqqa e’tiborli bo‘lish kerak. Bugun sizlarga javob, uyga borguncha kech tushib qoladi. Tezroq bora qolinglar.
– Men soppa-sog‘man. Yo‘talganim ham yo‘q. Hozircha o‘zim kelib turaveray, – dedi kattasi velosiped egaridan oyoq oshirarkan.
– Mayli, ertadan boshlab mashg‘ulotlarga kelaver.
– Rahmat, ustoz! Xayr!
Bolalar velosipedga mingashib yo‘lga tushdi. Ularning ortidan qarab qolgan Rustam katta tugun ko‘tarib kelayotgan onasini ko‘rib, shoshib odimladi.
– Men uyga borib kelaman. Kelgunimcha arqonni tarang tortib, ringni tayyorlab qo‘yinglar, – dedi bolalarga. Ariqdan hatlab o‘tib, tugunga qo‘l uzatdi:
– Menga bering, aya. To‘y yaxshi o‘tdimi?
– Ha, Mo‘tabarxon hoji ona nevarasiga beshikto‘yi qildi. Muqaddamxon ham toza niyat qilgan ekan. Yallachilarning ovozi bu yerga ham eshitilgandir. Ozoda artis rosa qizdirdi. Nevara to‘yi boshqacha-da.
Rustam jimgina bosh egib, onasiga ergashdi.
Meni buyuk ishlar kutyapti
– Ha, hormanglar, qo‘ykatak quryapsizlarmi? Oxuri qani? – Javlon mototsiklga qiyshiq o‘tirib, bir oyog‘ini yerga tirab bepisand gap qotdi, – arqon orasidan babachoqlar chiqib ketadi-ku. – O‘zining gapi o‘ziga nash’a qilib, osmonga qarab kuldi. – Vah-hah-hah-ha!
– Bu katakni senga atab qurayotgandik. Vaqtida kelding. Kir-chi, qayeridan chiqarkansan? – dedi Aziz vajohat bilan.
– Menga vazning to‘g‘ri keladimi? Yo ikkitang bir bo‘lib chiqasanmi?
– O‘zim chiqaman! Bir o‘zim! Yakkama-yakka!
– Sen bilan pachakilashgani vaqtim yo‘q, – dedi Javlon o‘zini beparvo tutishga urinib. – Boshqa payt piyparman. Hozir meni buyuk ishlar kutyapti.
– Qanaqa buyuk ishlar, Javlon aka? – dedi bolalardan biri qiziqsinib.
– Tog‘ oshishim kerak. U yog‘i – sir. Senlar bu yerda arqon oshib yotaver. Oxirida ko‘ramiz kim zo‘rligini.
– Sport bilan shug‘ullanyapsizmi? Chekishniyam tashlavorgandirsiz-da unda?
– Boshqa narsani chekishga o‘tdim, ukam. Odam hayotga bir marta keladi. Kayf qilib qolish kerak. Geraklga uka tutindim. – Javlon cho‘ntagidan bir dasta pul chiqardi. – Mana, bir kunlik ulushim. Senlar buni yil bo‘yi mushtlashib ham topolmaysanlar. Chao, hammangga gudbay! Adriano Chelentano! – Motorining dudburonini ringga to‘g‘rilab, besh-olti marta gaz bosib, tarillatib, tutun purkatdi.
– Aziz, Geraklga uka bo‘ldim, dedimi? U kim? Taniysanmi? – dedi Abdulla.
– Menimcha, tog‘ ortidagi “Gerakl” laqabli “dorifurush”ni aytdi.
– Ha, amakilarim chegarada o‘sha odamni ko‘rishgan ekan. Qora ko‘zoynak taqib, qo‘riqchilari bilan o‘qo‘tmas mashinada yurar ekan.
– Baribir, oxiri voy. U yo‘l bilan topilgan pullar faqat palakat olib keladi. Anavi Fathiddin Qo‘ppas esingdami, oxiri qoqsuyak bo‘lib, it azobida o‘ldi.
– U narkomanmidi?
– Rossiyaga ishlagani chiqqanda o‘rganib kelgan ekan… E, ularni qo‘yaver, o‘zimizning ishdan qolmaylik. Hozir Rustam aka ham kelib qolsa kerak.
– Lekin baribir Javlonga qoyil. Geraklday odam bilan qanday tanishdiykan-a?
Muncha shovqin solasan?
Tun sukunatini temir darvozaning betoqat dang‘illashi buzdi.
– Rustam! Ho‘v, Rustam!
– Hozir! Biror joyga o‘t ketdimi?
– Tezroq ochsang-chi!
– Mana ochayapmanu, No‘mon! Nima balo, urush boshlandimi? Muncha shovqin solasan?
– Mashinangni berib turmasang hozir undan battari bo‘ladi, xotinim ko‘chada ko‘payishib qo‘yadi.
Bu orada Hidoyat ham hovliga chiqdi.
– Bor, xotiningni olib chiqaver, mashinani o‘zim haydayman. Tag‘in hayajonlanib, bir baloni boshlab yurma.
– To‘xtang, men ham boraman, – dedi Hidoyat ro‘molini yaxshilab o‘rarkan.
Hidoyat No‘monga ergashib ko‘chaga, Rustam garajga yugurdi. Ota-ona yashaydigan qibladagi xonaning ham chirog‘i yondi.
Ota-onam uzoqda
– Hoy bola, kimsan? Bu yerda nima qilyapsan?
– Mashq qilyapman.
– Qachon to‘garakka a’zo bo‘lding? Seni avval ko‘rmaganman-ku.
– A’zo bo‘lmoqchiydim, Rustam aka ruxsat bermadilar.
– Nega?
– Ota-onamning roziligi kerak ekan.
– Ular norozimi?
– Ota-onam uzoqda. Juda uzoqda.
– Usti-boshingga qaragan odam boyvachcha deb o‘ylaydi. Anavi ot ham senikimi?
– Ha, meniki. Unchalik kambag‘almasmiz. Faqat otam…
– Qo‘yaver. Agar rostdan bokschi bo‘lmoqchi bo‘lsang, Rustam akani o‘zim ko‘ndiraman. Har kungi mashqdan tashqari kechki payt alohida shug‘ullanaman. Xohlasang, ertaga shu mahalda kel. Birga mashq qilamiz.
– Isming nima? Meniki Tohir.
– Azizman. Kel, mashqni boshladik. Avval besh chaqirim yuguramiz. Chigilyozdi uchun.
– Bokschi bo‘lish uchun ham yugurish kerakmi? Otda chopsam bo‘lmaydimi?
– Hazilkash ekansan, otda chopsang uloqchi bo‘lasan. Raqib ringni tashlab qochganda yetvolish kerak, to‘g‘rimi?
– Ha, chopdik unda!
He, qovunchi!
Tug‘ruqxona hovlisida xushxabar kutib turgan Alixon ovchi qo‘lidagi ikki yashar chamasidagi bolakayning ilkis qo‘ltig‘idan tutib, imkon qadar o‘zidan uzoqlashtirdi:
– I-i-i, ana-a, ha bola bo‘lmay… siyg‘oq! – Kulimsirab qarab turgan Rustam, No‘mon va Hidoyatga arzihol qildi, – bunaqa sumakchalardan uyda yana ikkitasi o‘tiribdi. Shu turhatimni miltiqdosh og‘aynilarim ko‘rib qolsa bormi? Bir umrga mushakvozlik bo‘ladi-da o‘ziyam. Ha, nima deysan, Alixon ovchi “lalay-lalay” qilib tug‘uruqxona yonida kichkinasini to‘sib o‘tiribdi. – Ovchi bolani o‘ng qo‘ltig‘iga olib, chap kafti bilan peshonasiga shapillatib urdi. – Ammo-lekin, xotin bechora bu churvaqalarni qanday eplaydi, men hayron. Bir yilcha oldin vey, xotin, dedim, ha, dadasi, dedi, miltiqchilarni qatorlashtirib tashlading, rahmatu, ammo-lekin o‘zinggayam qo‘lingdan supurgingni oladigan bitta qizaloq tug‘ib olsang-chi, dedim, xo‘p bo‘ladi, dadasi, dedi, meni armonda qo‘yma, dedim, kimsan Alixon mergan degan nomim bor-a, dedim, tikka aytdim, yana xo‘p, dadasi, dedi. Qani ko‘ramiz, va’dasida turadimi-yo‘qmi… Lekin, avvalo, poshsho – Egam… – Keyin ko‘mak kutib Hidoyatga yuzlandi, – singil, buni ishtonchasini almashtirish kerakmikan-a? Yaxshiyam ehtiyot shart qaynonam qo‘ynimga quruqrog‘ini tiqib qo‘ygandi…
Hidoyat “ho‘ppisim-ey”, deb bolakayni qo‘liga olib, ishtonchasini yechayotganda tug‘uruqxona eshigi ochilib, hamshira Rustamni chaqirdi:
– Siz keling.
– Menmi?
– Ha, siz.
– Men emas, otasi – buyoq.
– Siz kiring, sizda ish bor.
– Tushunmadim?
Rustam jiddiy tortgan xotiniga xijolatomuz bir qarab qo‘yib, ichkariga kirdi.
– Do‘stingizning ayoli qiz tug‘di, – deb gap boshladi hamshira. – Izillab yig‘layapti. Uchinchi qizi ekan-u.
– Qizam farzand, nimaga yig‘laydi?
– Shuni do‘stingizga o‘zingiz ayting.
– Nega men? Iya, to‘xtang, o‘zidan suyunchisini olmaysizmi?
– Avvalgisida do‘ppisini yerga urib baqirib bergan ekan. Xuddi biz aybdorday. Nima eksa, shuni o‘radi-da.
Rustam tashqariga chiqib, bir muddat taraddudlanib qoldi.
– Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – dedi No‘mon peshonasi tirishib.
– Farzand muborak, do‘stim, – uni bag‘riga bosdi Rustam. – Umri bilan, rizqi bilan bergan bo‘lsin!
No‘mon uning quchog‘idan siltanib chiqib, qattiq tikildi:
– Gapirasanmi? Yo o‘zim so‘raymi?
– Nima dey? – Rustam bir oz sukut saqlab, davom etdi. – Tabriklayman.
– Eson-omon qutulib oldi-ku, Xudoga shukur, – taskin bergan bo‘ldi gap nimadaligini anglagan Hidoyat.
Kutaverib toqati toq bo‘lgan Alixon ovchi boloxonaning o‘rtancha derazasini mo‘ljallab baqirdi:
– Ho‘v tepadagilar! Biror yangilik bo‘ladimi, yo‘qmi? Bu yerda enasini kutib osmonga termilgan yetim kaklik jo‘jaday turaveramizmi? U yoqda qozonga juftta qashqaldoqni qaynatmaga tashlab kelganmiz. Qozonga tirmashib, qoqmoch bo‘p ketgandir!
No‘mon ovchi tomonga parishon qarab qo‘ydi-da:
– Qizmi? – dedi bo‘shashib.
– Shunaqa. Holva.
– Balki yanglishishgandir. O‘zim kirib so‘rab ko‘ray-chi. – No‘mon eshik tomon yura boshladi.
– Nega yanglishadi? Qirqta chaqaloq tug‘ilgani yo‘q-ku.
– Obbo, o‘g‘il kutgandigu. – No‘mon do‘ppisini yechib, kaftiga urdi. – O‘g‘il!
– Endi, og‘ayni, qiz ham farzand. Noshukur bo‘lma. Uchta qiz katta qilgan jannati bo‘ladi.
– Akamniyam o‘g‘li yo‘q. Uchta qizi bor. Dadam hovliga chiqib: “Bu hovlining egasi bormikan, yo bizdan keyin savatboshlarga qolarmikan?..”, deb nola qip qoladi.
– Kimdadir shuyam yo‘q. Tirnoqqa zorlar qancha, – dedi Rustam ezilib.
– Masalan, biz… – Hidoyat shunday deb gap boshladi-yu, tilini tishladi. Xijolat chekib, beixtiyor mashina yoniga borib, eshigini ochdi.
Ikkinchi qavat oynasi taraqlab ochilib, durrasini qiya o‘ragan doya pastga qarab shang‘illadi:
– Salimaxonni xo‘jayini! Hov Salimaxonni eri! Sizmi? Ha, suyunchini qiyiqqa o‘rab buyoqqa otavering, o‘g‘il bo‘ldi, o‘g‘il!
No‘mon er-xotinning yarasiga tuz sepgandek aybdorona sarosimaga tushib qoldi:
– Rustam… Haligi… Yuvish kerak endi!
Rustam indamay ulov tomon yurdi. Oynasini tushirib, nima qilishini bilmay turgan No‘monni chaqirdi:
– No‘mon, chiq, o‘tir!
– O‘zim ketarman.
– Qizlaring yolg‘iz qolgan.
– Yolg‘izmas, qo‘shni chiqib qarab turadigan bo‘lgan.
– O‘tir degandan keyin o‘tirgin-da, – dedi do‘q aralash Rustam. So‘ng birdan yumshab kulimsiradi. – He, qovunchi!..
Echki suti shifo
– Kecha biznikida qolgan bolalardan kichigini kasali jiddiy. Kechasi bilan kolxozni qo‘yiga o‘xshab yo‘talib chiqdi. Xuddi ko‘kso‘vga o‘xshaydi, – dedi achinish bilan Rustamning otasi.
– Ko‘kso‘v? – taajjublandi Rustam.
– O‘pka kasali, ko‘k yo‘tal ham deyishardi.
– Hech eshitmagan ekanman.
– Hidoyating juda kuyunchak, bolajon-da. Ertalabgacha shu bolaning boshida o‘tirib chiqdi-ya. Xuddi o‘zini bolasiday.
– O‘zim ham hayron bo‘luvdim. Shamollash bo‘lsa, tez o‘tib ketardi. O‘pkakasal deng?
– Akasiga tayinlab tushuntirdim. Bu dardga echki suti shifo. Lekin ko‘pchilikni orasida yursa, boshqalargayam yuqishi mumkin.
– O‘zi bir kelib, bir kelmayotgandi. Kelsayam tuzalmabsan deb mashg‘ulotlarga qo‘ymayotgandim.
– To‘g‘ri qilibsan.
– Shu aka-ukalarga mehrim tushgan edi-da, dada.
– Nega o‘tgan zamonda gapiryapsan? “Mehrim tushgan”, de. Otasini o‘tib ketganini eshitib, meniyam ko‘nglim ezildi.
– Dada, shularni uyga butunlay ko‘chirib olib kelib qarasak bo‘lmaydimi? Qo‘shni Shahobiddinni echkisiyam bor.
– Shahobiddindan yorug‘lik chiqishi qiyinu, bozor to‘la sog‘in echki. Sotib olarmiz. Faxriddin dallolga tayinlab qo‘yaman.
– Dallolni o‘g‘li menga qatnayapti aytgancha. Ancha qoruvli bola.
– Ha, unday bo‘lsa, yaxshi. Dallol unchalik aldamaydi.
Qaytar dunyo bu
– Javlon bola, xo‘roz parrandani poshshosi! Bilasanmi nimaga? Ana, bilmaysan. Nimagaki, xo‘rozni boshida toji bor! Xo‘pmi? Toj kimda bo‘ladi? Yashab tashla! Poshshoda bo‘ladi!
– Rasul aka, sassiqpopishakni ko‘rganmisiz? Undayam…
– Men parranda dedim shekilli, Javlon bola?
– Parrandadan tovusdayam toj bo‘ladi. Keyin, g‘ulg‘ulidayam…
– I-e, sen xo‘roz tarafmisan yo sassiqpopishakmi? Issig‘ida xayrlashamiz shekilli…
– Men ataylab shunaqa savol beraman, o‘zim bilvolay deyman-da, jon aka. Har xil yuvuqsiz ishkallar bor, ilmoq tashlab qolishi mumkin. O‘shanda hozir sizdan ilashtirgan gaplar bilan anjirini chiqarib tashlayman. Ustozsiz-da, Rasul aka!
– Jo‘jasanu, pixini yorgansan, Javlon bola! Ha, bo‘pti, buyoqqa qara! Mana bu – erta bahorgi birtepar, buni tuxumini Marg‘ilondan obkelib bostirganman. Ikkitasi makiyon chiqdi.
– Menga qarang, Rasul aka, ba’zi tuxumfurushlar kurk tovuqqa bostiraman, aslzoda, zotdor nasl kerak, desangiz, tuxumni qaynoq suvga bir botirib, artib-surtib tutqazvorarkan. Undan qirq yildayam jo‘ja ochib chiqmaydi. Shunaqalarniyam ko‘rgandirsiz?
– E, ko‘pini ko‘rganmiz. Har xil janaslar bor. Eng yomoni, o‘tgan yili Chichqonqishloqda bo‘ldi. Eshitgandirsan, Ro‘zi o‘risni mahallasidagi Muhiddin shilta nimadan o‘lganini?
– Eshitdimu, anig‘ini bilmayman. Hamma har xil gapiradi.
– Anig‘i shuki, falon pulga buyurtma qilib Kolumbiyadan jangari xo‘rozni bir juft tuxumini samolyotlarda opkeltirsa, kurk tovuqni topib kelguncha, xotini pishirib yeb qo‘yibdi. Keyin… shilta… alamiga chidolmay… og‘ilga kirib… – Rasul qo‘li bilan bo‘yni atrofini bir aylantirib, oyoq uchida turib o‘ng qo‘lini osmonga cho‘zdi, – arg‘amchini galstuk qivoribdi.
– Yo‘g‘-e, cho‘ntagida olib yurmagan ekan-da? Ha esiz tuxumlar-a? O‘ziyam nosqovoqday ajabtovur bo‘lsa kerag-a? Rasul aka, manavi xo‘roz juda boshqacha-ya? Buyam Amerika-pamerikadan kelmaganmi?
– Didingga qoyil, Javlon bola! Xo‘rozni erkagi – shu. Amerika tugul Anjanni urishqoqlariniyam jilpillatib qo‘yadi. Maqsud Dangalni tarbiyasini olgan. Ha, manavinisi – tullak. Bu uch yillik. Ikkalasiniyam yangi so‘yilgan qo‘chqor jigari bilan boqqanman. Biror marta qochmagan.
– O‘zingizga o‘xshaganakan-da, aka?
– To‘g‘ri. Bizam hech qachon qochmaganmiz. Xo‘-o‘p, qoratomoshaga qaysi birini oboray? Ha, akangni xo‘rozlari! Qiyqiriq!
– Farqi yo‘q. Baribir sizniki yutadi.
– Folchimisan? Qayeringga qarab fol ochyapsan?
– Shep aytdi. Qo‘shni viloyatda dong‘i chiqqan xo‘rozvozni dakani o‘tgan hafta o‘n ming ko‘taribdi. Bu gal hamma o‘sha xo‘rozga tikadi. Shep o‘sha xo‘rozvozni xo‘rozini vaqtincha karaxt qiladigan dori ichirishga ko‘ndirib qo‘yibdi. Sizniki yutadi, uyam teng sherik.
– Ie, unga zarar bo‘lyapti-yu.
– Keyingi gal siz yutqazib berasiz. Maqsad – ko‘proq qimorbozlarni jalb qilish, ko‘proq soqqa yig‘ish, shov-shuv ko‘tarish.
– E, shepga qoyil! Shu odam bilan tanishganimdan beri oshig‘im olchi.
– Bir marta Rustam chempiondan yeganimizni hisobga olmasak.
– Qaytar dunyo bu. Bizdayam reja bor. Xudo xohlasa, bir kuni pat tiqib uchiramiz.
Qani, ko‘zimga qarang-chi
Tug‘ruqxonadan mahallagacha churq etmay kelgan Rustam No‘mon apil-tapil rahmat aytib mashinadan tushib qolgach, murosasoz ohangda gap boshladi:
– Hidoyat, haligi gap og‘zimdan bexos chiqib ketdi-da. O‘zimizni nazarda tutmayotuvdim.
– Menam No‘mon akani tinchlantirish uchun aytuvdim. Qadriga yetsin-da. Keyin, gapim sizga tegib ketdimikan deb qo‘rqdim.
– Menam sening ko‘nglingni og‘ritib qo‘ydim deb xijolat bo‘ldim.
– Biz bir-birmizni to‘g‘ri tushunamiz-ku, a?
– Bo‘lmasam-chi. Siz uydan uzoqda yurgan paytlaringizda ham, og‘ziga kuchi yetmaydiganlar baland-past gap tarqatishganda ham men doim sizni tushunishga harakat qilganman.
– Men ham olislarda seni mehringni his qilib yurganman.
– Lekin bildirmagansiz.
– Nega? Kelganimda ko‘zlarim aytmasmidi?
– So‘zlaringizdan eshitgim kelardi. Ayol kishi ko‘zi bilan emas, qulog‘i bilan sevadi degan gap bor.
– Erkak kishi-chi?
– Ko‘zi va oshqozoni bilan.
– Yolg‘on. Yuragi bilan sevadi. Masalan, men… To‘g‘ri, biz o‘zbeklar hadeb izhori dil qilavermaymiz. Boshqalar sevaman deb onasigayam, bolasigayam, xotinigayam kunda yuz marta aytsa, biz assalomu alaykum deganimizda, ko‘rishganimizda hamma tuyg‘uni ifodalagan bo‘lamiz.
– Qani, ko‘zimga qarang-chi, qo‘lingizni bering-chi.
– Mana, yaxshilab o‘qi.
– Rus tilini bilasan, yuzta tilni bilasan, ko‘z tilini bilmaysan, sho‘ring qursin oyimqiz, degan qo‘shiq bor-a?
– Birinchi eshitishim.
– Menam hozir to‘qidim.
Sen ham borasanmi?
Ko‘chada to‘p bo‘lib yugurib ketayotgan bolalar qo‘shtegirmonlik aka-ukalarning yoqavayron yig‘lamsirab kelayotganini ko‘rib taqqa to‘xtashdi. Aka-ukalar qarshilaridan xayrixohlik bilan yugurib kelayotgan bokschi akaxonlarini ko‘rib, o‘pkalari rosmana to‘lib ketdi.
– Velosipeding qani? – deb so‘radi bolalardan biri hansirab atrofga alanglarkan.
– Kim urdi? – dedi ikkinchi bola aka-ukaning yuzidagi ko‘kargan-shilingan jarohatlarga ko‘zi bilan ishora qilib.
– Voy, yomon yasashibdi-yu, – dedi boshqa bir bola achinib.
– Yo‘lda bolalar tutib olib urishdi. Velosipedimizniyam olib qo‘yishdi, – dedi aka-ukalar birinma-ketin hiqillab.
– Qayerda, kim urdi?
– Ko‘rsat bizga ularni!
– Solishishga boramizmi?
Bolalar bir-birini turtkilay ketdi:
– Sen borasanmi?
– Qayerga?
– Urishishga-da.
– Jim, bolalar! Hammamiz borolmaymiz. Ustoz sezib qoladi. Uzumzorning yonidan yugurib o‘tib ketdik, qaytib o‘tmasak bo‘lmaydi, – dedi birinchi bola. So‘ng aka-ukalarga yuzlandi. – Ular nechta edi?
– To‘rtta.
– Xo‘p, kim-kim boradi?
– Men boraman!
– Menam boraman!
– Sen-chi? Borasanmi?
– Albatta, ertalab amakim so‘kuvdi, qo‘lim qichib turibdi. Azim bilan Abdulniyam olib ketaylik.
– Aziz, sen ham borasanmi?
– Boraman.
– Qo‘y, tag‘in et-beti ko‘karib, lat yesa, musobaqaga boradigan bola…
– Ha, musobaqasi bor, – deb uning gapini ma’qulladi ikkinchi bola. – Aziz, sen bularga bosh bo‘lib tur. Yo‘qligimizni bildirmanglar. Mening sigirim paykalga kirib ketibdi. O‘shani quvlab, qolib ketdim. Tushunarlimi?
– Meni bir nima dersizlar. Bahonadan ko‘pi bormi? Misol uchun, yurakburma bo‘lib, makkapoyaga kirib ketdim. Qani, bo‘lmasa, surdik!
Bolalar yugurishda davom etishdi. “Jangovar guruh” esa aka-ukalarning kattasi yetovida boshqa tarafga chopib ketdi.
Kichkinasi ko‘z oldimdan ketmayapti
– Aka-ukalar ko‘rinmay ketdimi? Bugun ham kelishmadimi?
– Yo‘q, kelishmadi. Menam xavotirdaman.
– Borib surishtirib kelish kerakmikan?
– Bir o‘tib kelasizmi o‘zingiz? – dedi Rustam kesatgannamo.
– Mayli. Kichkinasi ko‘z oldimdan ketmayapti, – javob berdi Hidoyat kesatiqni tushunmay.
– Unda… darsdan keyin birga o‘tib kelamiz.
– Yaxshi bo‘lardi. Aytmoqchi, bugun majlis bo‘larkan-ku. Menimcha, shogirdlaringiz masalasi ham ko‘riladi.
– Shunaqami?
– Boksingiz o‘qishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganmish.
– Demak, zarbalarga tayyorlanib borishim kerak ekan-da.
– Nima ovqat qilay?
– Dadamdan so‘ra. Bizga maktabda qalampir sho‘rva tayyorlab qo‘yishganga o‘xshaydi.
– Qumortqi…
– Nima u?
– Tilimizni bilmaysiz-a? Qalampir sho‘rva “Qumortqi” deyiladi.
– Shevadami?
– Ha, albatta. Boshqa yerda bir qozon qilib qalampir qaynatib hech kim ichmasa kerak. Lekin viruslarni o‘ldiradigan turkana dori-da…
– Puli kuygan qari qiz qizil qalampir chaynabdi, degan gapdan ma’lum… Men ketdim, maktabda qumortqi tayyorlab kutib o‘tirishgandir.
Qang‘illatib solaman!
Bezorilardan o‘ch olish ishtiyoqida ildam chopib borayotgan bolalarni Qodirjon “Stop! Stop!” deb to‘xtatdi. Chang yerga qo‘nib, odam odamni taniydigan sharoit paydo bo‘lgach, jabrdiyda shosha-pisha uqtira boshladi:
– Nozim aka, aytib qo‘yay, ularning orasida oq-sariqdan kelgan novchasi bor. Juda gapga usta ekan, odamni gangitib tashlaydi.
– Biz gaplashib o‘tirmaymiz. “Dang‘” etkizib…
– Yo‘q, u dang‘illatishingizga qo‘ymaydi, masalan, yaxshimisiz, deb mayin ovozda so‘raydi. Hol so‘rab turgan odamga dabdurustdan musht otvormaysiz-ku, to‘g‘rimi?
– Xo‘p, tezroq gapir, nima qilish kerak?
– Keyin, siz, yaxshiman, deysiz. U kimga yaxshisiz, ayangizgami yo qassob amakigami, deb so‘raydi. Siz ayam uchun yaxshiman-da, deysiz. U, demak, qassobga yomonsiz, to‘g‘rimi, deb so‘raydi. Siz ha, desangiz, yolg‘onchilikda ayblaydi, agar bilmayman, desangiz Bilmasvoy ekansan-da, qayerda turasan o‘zi, deb so‘raydi. Siz, masalan, To‘g‘inchi mahallada turaman, deysiz. U anchadan berimi, deydi. Siz ha, o‘n besh yildan beri, nimaydi, deysiz jahlingiz chiqib. U yana yolg‘on gapiryapsan, deb o‘dag‘aylaydi.
– Obbo! Qodir, seni bekorga urmagan ekan-da, qornim dam bo‘p ketdi, uka, tezroq maqsadga o‘taqol!
– Xo‘p, nega yolg‘on gapirarkanman, jaqqa javob, deysiz. U, nima, sen simyog‘ochmiding, shuncha yildan beri mahallada turasan, deb turtib yuboradi.
– Shu xolosmi? U turtguncha iyagini mo‘ljallab qang‘illatib solaman!
– To‘xtang, u yana nechinchi yil tug‘ilgansan, deb so‘rab qolishi mumkin.
– Obbo, nima balo, biz mushtlashgani ketyapmizmi yo vayankamatga ko‘rikdan o‘tganimi? To‘qson ikkiman, deyman!
– Ana-a! – Qodirjon turgan joyida bir sakrab, chapak urdi, – baloga qoldingiz, qarmoqqa ilindingiz. Agar to‘qson ikkinchi yil tug‘ilgan bo‘lsang, demak, yoshing ikki mingga yaqinlashib qopti-da, ko‘rinishingdan ancha yosh ko‘rinasan, Pifagor senga akacha, Ibn Sino ukacha ekan-da, balki Xudoyorxonga o‘zing so‘ska tutgandirsan, deb masxaralaydi. O‘shan-chun mobodo so‘rab qolsa, tug‘ilgan yilingizni to‘liq ayting.
– Bu bola bizni viloyat olimpiadasiga olib ketyaptimi deyman?
– Eng yomoni, la’nati sariqmoshak laqab qo‘yishga juda usta ekan. Shunaqa qo‘yadiki, yangi oq ko‘ylakday yarashadi qoladi.
– Bo‘ldi, ketdik, laqab qo‘yishni men unga o‘rgataman!
Bolalar yana yugura ketishdi. Qodirjon saf boshiga chiqib, orqamachasiga yugurib borarkan, yana raqibni ta’riflay ketdi:
– Meni birinchi ko‘rgandayoq “Ha, so‘piltiriq, qinjir quyonni bozorga opketyapsanmi?” deb so‘radi.
Bolalar Botirjonni ozg‘in jussasini, shalpangquloqlarini ko‘z oldiga keltirib, yugurishdan to‘xtab, qorinlarini ushlab qolishdi.
Qumortqi
– …Ayniqsa, 6-“A” sinfdagi Ulug‘bek Ahmedov, Davlat Mamatxo‘jayev, Aziz Rahmonovlar o‘qishga qiziqmay qo‘yishdi, bo‘yingdan akang. Masalan, adabiyotga umuman befarq. O‘-qish-may-di! Na Pushkinni, na Tolstoyni, na Repinni o‘qishmaydi…
– Domlajon, Repin rassom shekilli? Tarix kitobida rasmiyam bor.
– Repin deb eshitdingizmi? Bu yaramas to‘polonchilar dastidan boshlar aylanib, xotirayam ayron bo‘p ketdi. Rekin dedim shekilli? Ukrainlarda shunaqa shoir bor. Uncha mashhurmasu, menga yoqadi. Xullas, 6-“A”ga faqat boks bo‘lsa bo‘ldi! O‘rtoqlar, o‘rtoqlar, o‘zaro hurmatni saqlaylik. Bularning kundaliklarini tekshirib, keyin mashg‘ulotlarga qo‘yish kerak o‘zi, aslida.
– Bo‘ldimi? Yana kim fikr bildiradi? – dedi maktab direktori qoshlarini baravar ko‘tarib.
– Hozir biz tovuq o‘g‘irlagan tulki qolib, gilos cho‘qilagan olaqanotni quvalab yuribmiz, – deb gap boshladi mehnat o‘qituvchisi, – hozir asosiy masala, meni nazarimda, bolalarni paxtaga chiqarmaslik. O‘zimizni gulday umrimiz g‘o‘za oralab o‘tdi. Savodsizligimiz, ramaqijonligimiz, qo‘rqoqligimiz sho‘roning paxta siyosatiga borib taqaladi. Moskovni aytib o‘tirmay, Tbilisi, Yerevan, hatto Olmaotada o‘quvchilar to‘qqiz oy o‘qirdi-yu, biz sho‘ring qurg‘urlar uch oy nari-berisida bilim olardik. Maktab dasturi esa hammaga bir xil edi…
– Ha, endi, Nazarjon Nazirovich, hozir darsdan keyin ixtiyoriy ko‘makka chiqishyapti. Buni nimasi yomon? Mehnatdan hech kim o‘lgan emas, – direktor negadir eshik tomonga bir qarab oldi.
– Ixtiyoriy, deymiz-ku, lekin uyma-uy quvalab yuramiz. Nega shu masalani ko‘tarmaysiz, domlajon? – Nazarjon Nazirovich bir muddat javob kutgandek Mirkomil domla tomon engashdi, – hozir zamon boshqa. Bola bechora qishlog‘imizdan odam chiqaraman deb harakat qilsa-yu, siz bunga to‘g‘anoq bo‘lsangiz. Sizda adolat bormi, janob… domla?
– Odam chiqishiga qarshimasman. O‘sha odam o‘qimishli bo‘lsin deyman xolos, bo‘yingdan akang. Taniqli ziyolilar ko‘paysin, deyman.
– Agar qishlog‘imizdan shoir chiqarish niyatingiz bo‘lsa, xavotir olmang. Chiqadi shoir ham. – Musiqa o‘qituvchisi stolni barmoqlari bilan pianino qilib xattaxtaga qarab bir maromda so‘zlay ketdi. – Avvalamboshi, san’at uchun sharoit birlamchi. Qora mehnat iste’dodning dushmanidir, degan edi Nodir Jonuzoq. Qadimda shoirlarning she’r yozishlari uchun qulay sharoitlari bo‘lgan ekanmi? Bo‘lmagan albatta. Lekin mehnat ko‘ngilli bo‘lgan. Zavqiy domla Chopdorga kelib yer o‘zlashtirib, qovun ekkanini hamma biladi. Shu yerda g‘azallar ham bitgan. Nega? Chunki hech kim boshida qamchi o‘ynatib turganmas…
– Siz aytgan iste’dodni o‘ldiradigan mehnatni qilib, ijodni ham do‘ndirib, mashhuri zamon bo‘lganlar o‘zimizdayam ko‘p, bo‘yingdan akang. Ana, Soyib Mirzo butun boshli Toshkentda cho‘nglardan biri bo‘lib yuribdi. O‘shayam o‘zimizni qoradaraxtlardan.
– O‘ktam Hamro-chi, O‘ktam Hamro? Qishloqni to‘ylarini bir o‘zi gullatadi, azamat. Isroil Bekmirzani to‘yida so‘z olib, o‘sha yerni o‘zida tikkalay “Isroil akam rais”, deb she’r to‘qivordi. Qistir-qistir bo‘p ketdi. O‘zimizdayam talantlar ko‘p.
– Sizam o‘ldirdingiz, “Isroil akam rais, Obkeladi mayiz, Obkeganda mayiz, Yemaganlar dayis…” shuyam she’rmi? Zohid Ne’matniki boshqa gap…
– Meni bitta savolim bor, – qo‘l ko‘tardi geografiya o‘qituvchisi. Direktor iyagi bilan tasdiq bergach, davom etdi. – Boya familiyalari aytilgan bolalar avvallari a’lo o‘qirmidi?
– Yo‘q, bo‘yingdan akang.
– Demak, hech nima yo‘qotmabsiz. Loaqal, bolalarning bo‘sh vaqti foydali mashg‘ulot bilan to‘ldirilibdi. Ochig‘ini aytsam, siz sanagan bolalar geografiyadan yaxshi o‘zlashtirishni boshlashdi.
– Hay-hay, ko‘z tegmasin, astaroq gapiring, Zamiraxon.
– Bironta mamlakat poytaxtini to‘g‘ri ko‘rsatib bera olishadimi?
– Albatta. Faqat avval u yerda boks bo‘yicha biron-bir musobaqa bo‘lib o‘tishi kerak. Buyam natija.
– Men gapirsam maylimi? – deb o‘rnidan turdi kimyo o‘qituvchisi. – Avvallari o‘sha 6-“A” sinfidagi Ahmedov Ulug‘bekni hech tinchlantirib bo‘lmasdi. Judayam to‘polonchi bola edi. Hozir faqat tanaffuslarda tomosha ko‘rsatadi.
Mirkomil domla pixillab kuldi:
– Tanaffuslarda deng-a? Qoyil!
– To‘g‘ri, o‘zgargan, – deb gap qo‘shdi davradagilardan ikki-uchtasi.
– “Darsda uxlab qolib shovqin sololmaydi”, deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi.
– Yerning tortish kuchi bo‘lganidek, partaniyam tortish kuchi bo‘ladi. Boshingizni o‘ziga tortganini bilmay qolasiz. O‘zimizam o‘quvchi bo‘lganmiz. Shovqin solib o‘tirganidan uxlaganiyam durust.
– Ana-ana!
– Sport bilan shug‘ullangan boladan yomonlik chiqmaydi.
– Mana, masalan, Ulug‘bek Ahmedov faqat sportga qiziqadi, deyish noto‘g‘ri. Uning chizgan rasmlarini ko‘ring siz.
– Quyonni rasmini chizsa kerak-da.
– Domla, shogirdlarimni yerga uravermang, – dedi sabr kosasi to‘lgan Rustam o‘tirgan joyida bo‘ynini cho‘zib. – Eshik oldida uchala bola turibdi, qaysi birini chaqir desangiz chaqiraman. Ko‘pchilikning oldida bitta she’r aytib bersa tinch qo‘yasizmi?
– Chaqiring, – amr qildi direktor. Keyin Mirkomil domlaga qaradi:
– Domla, qaysi birini chaqirishsin?
– Farqi yo‘q… – g‘udrandi domla joyiga o‘tirarkan.
Rustam Azizni boshlab kirdi.
– Xohlagan she’rini aytaversinmi?
– Aziznimas, boshqasini chaqiring.
– Farqi yo‘q edi-yu.
– Aziz Muqimiyning “Sayohatnoma” she’rini biladi. O‘shani aytadi. Boshqasini chaqiring. Masalan, Ahmedov Ulug‘bekni. U ikki dunyoda she’r yodlay olmaydi.
Rustamning buyrug‘i bilan Aziz tashqarida turgan Ulug‘bekni chaqirdi.
– Ulug‘bek xohlagan she’rini aytaversin, agar bilsa. To‘rtlik aytsayam mayli.
– To‘rtlik? – hayron bo‘ldi Ulug‘bek ko‘zlarini jovdiratib.
– To‘rtlik to‘rt qator bo‘ladi, – dedi Mirkomil domla barmoqlarini ko‘rsatib. – Haligi mashhur bo‘lgan qo‘shiqlarni she’rini aytib bersangam mayli. “La’lixon”nimi, a, bo‘yingdan akang!
– Xalq og‘zaki ijodidan namunalar! – Ulug‘bek tomog‘ini qirib she’r aytishga chog‘landi.
– Namunalar? Qani, eshitaylik-chi. Kesakdan chaqmoq degani shudir-da!
– Boshla. Parcha-parcha bo‘lsayam ayt.
– Van, van, van,
Senga berdim tan!
Tu, tu, tu,
Ay lav yu!
Bolapaqir direktor tomonga xavotir aralash ko‘z tashladi. Rahbar taqir boshini silab, ingliz tili muallimasiga qarab jilmayib turganidan ko‘ngli tinchib, yanada ovoziga erk berdi:
Sri, sri, sri,
Go‘zallardan biri!
Fo, fo, fo,
Ko‘zlari… voy-bo‘!
Fayv, fayv, fayv,
Boshqa gap hayf!
Siks, siks, siks,
Hammayoq tekis!
Sevn, sevn, sevn,
Gap otsam, sevin!
Angrayib qolgan Mirkomil domla o‘qituvchilarning hiring-hiringidan o‘ziga keldi.
– Yana bormi xalq og‘zaki ijodingdan, Ahmedov? – direktorning savolini rag‘bat o‘rnida qabul qilgan Ulug‘bek shiftga qarab, deyarli qichqirib davom etdi:
– Bozorga bordim,
Echki oldim.
Echki o‘lgur po‘choqxo‘r.
Baqirmagan cho‘-cho‘…
– Bo‘ldi! Bas! Yetadi! – direktor kaftini qalqon qilib vajohat bilan Ulug‘bek tomon oshiqdi.
– Yaxshi ketayotuvdi-da. Bekor to‘xtatishdi!
Ulug‘bek xuddi parvoz qilmoqchidek, ikki yelkasini baravar ko‘tarib, xayrixohlik ko‘rsatgan ingliz tili muallimasiga bir qarab olib, avjga chiqdi:
– Bog‘im boru bog‘im bor,
Bog‘imda anorim bor.
Hech kim qizini bermasa…
– Stop! Bo‘ldi-e! – direktor Ulug‘bekning bilagidan mahkam ushlab, majlis ahliga xijolatli iljaydi, – tag‘in “O‘tirgan – o‘poq…”niyam she’r deb aytvormasin, a, domla?
– Menga yoqdi, lekin. Birinchi boshlagan she’riy parchalari shiru shakar bo‘pti. Har holda, ingliz tilida sanashni bilarkan.
– Vey, Ikromjon, o‘zimizam “Rapa-rapa, rapatam,O‘ris meni opatam!” deb ashula aytib yurardik-a? Bularnikiyam zamonga mos. Ohangini qarang, hih! – musiqa o‘qituvchisi zavqlanib qarsak chaldi.
– Oxirgi marotaba ogohlantiraman, – dedi direktor jiddiylashib Rustamga qarab. – Yana shikoyat tushsa, boks mashg‘ulotlaringizni to‘xtatasiz.
– Qanaqasiga oxirgi marotaba bo‘ladi? Oldingi safar ham oxirgisi edi-ku! – norozilandi Mirkomil domla.
– Bu eng oxirgisi. Keyingi safar eng oxirgisining oxirgisi bo‘lmaydi. Tushunarlimi?
– Tushunarli.
– Sen-chi, tushundingmi? Ustozingni yuzini yerga qaratmaysanmi? Seni deb ustozing maktabdan ketadi. Uqdingmi?
– Uqdim!
– Nima deyish kerak?
– Rahmat, boshqa qaytarilmaydi! – dedi Ulug‘bek qaddini g‘oz tutib.
Voy-bo‘, shunaqa zo‘rmisiz?
– I-e, i-e, mulla so‘piltiriq, quyonni sotib, o‘rniga oshqovoq sotvoldingmi? Voy-bo‘, o‘ziyam dashtda bo‘gan tomoshaqovoqlardan ekan-da!
– O‘zingga qara, sariq so‘piyon!
– Dirdovqo‘zi… – Nozim bezorilar sarkorining diqqatini o‘ziga tortmoqchi bo‘lgandi, u yana Qodirjonga qarab bamaylixotir savol yog‘diraverdi:
– So‘piltiriq, manavi do‘ngpeshanani ariqchadan tutvoldingmi? Qoqbaliqni ko‘zida ma’no boru, bunikida sirayam ko‘rinmaydi-yu, a? Voy, so‘piltiriq, Afrikadan qarindoshlar kelishgan deb bir og‘iz aytib ham qo‘ymaysan-a? Mana bunisi Muhammad Alini jiyanimi deyman-da, burnini yapasqiligini ayt, eshikni ochgani qo‘lini ishlatmaydimi buning? Nima? Bokschiman deysanmi yo ho‘kizchaman deyapsanmi? Ha, bo‘shalib ketib dalama-dala yuribsanda shataloq otib dumingni xoda qilib…
Shu joyga yetib Nozimning tahdidli savoli raqibning “ilhom oti” jilovini tortdi-yu, beixtiyor iljayib qolgan bolalar o‘ziga keldi:
– Velosiped qani? – deb so‘radi xunobi oshib Nozim.
– Eshak bor, bo‘lmaydimi?
– O‘zingni taklif qilyapsanmi?
– Kimni eshak deyapsan, taka?
– Taka seni familiyang. Hozir kallangga bitta qo‘yaman, shoxingam o‘sib chiqadi!
– Voy-bo‘, shunaqa zo‘rmisiz? – dedi mahalliy bezorilar sardori ovozini mazax ohangida o‘zgartirib.
– Yakkama-yakka chiqsang, bilvolasan, shipirinqi!
– Yakkama-yakka jang seni boksingda bo‘ladi, pashmak! Bizda hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun! Qani, sol, bolalar bachajishlarni!
Olatasir mushtlashuv boshlandi. Raqiblar mo‘r-malaxday yopirilib, bokschilarni yerga yotqizib, tepkilay ketdi. “Mehmon”larning baxtiga qishloq kattalari shu tomonga baqir-chaqir qilib kela boshladi. Ularning orasida alpang-talpang chopib kelayotgan melisani ko‘rib, hamma to‘g‘ri kelgan tomonga tumtaraqay qochdi.
Qodirjon yo‘l chetida yotgan velosipedni minib, poygachilarday cho‘nqaygancha tepkini tinimsiz aylantirib, birpasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sheriklari ham bor kuchlari bilan uning ortidan chopishdi. Paxtazorga yondosh tuproq yo‘lda chang g‘ubori tumanday muallaq qoldi, xolos.
Uyda o‘tiruvdim g‘amsiz…
– Ustoz, yordamga keldik.
– O‘zimiz tashib olamiz. Ovora bo‘lmanglar. Tag‘in birov ko‘rsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilyapti deb yurmasin. O‘zi, kechagi majlis ham yetadi. Qani, marsh! Jo‘nanglar! Saldan keyin menam boraman.
– Bir amallaylik, uka, – uzilib qolgan suhbatni uladi qishloqdosh.
– Toshkentga borgandan keyin o‘zimni giloslarimniyam sotishga vaqtim bo‘lmaydi. Musobaqaga ketyapman, aytdim-ku.
– Ko‘tarasiga berib yuborarsiz.
– O‘zimnikini shunaqa qilaman haliyam.
– Biznikiniyam ola keting. Bor-yo‘g‘i to‘rt yuz kilo.
– Aka, bo‘ynimga ololmayman. Xafa bo‘lmang, sizni ishontirib olib ketsamu, uyog‘i o‘xshamay qolsa… Eng yomoni, birovning omonati…
– Sizga ishonaman, o‘xshamay qolsayam da’vo qilmayman.
– Sotolmayman, meni qiynamang, aka. Menga qarang, xaridorlar o‘zlari qishloq kezib yuribdi-yu. O‘shalar bilan kelishing.
– Be, g‘unajinning ko‘ziday giloslarimni firibgar talonchilarga nosvoy puliga tutqazgandan ko‘ra olaqanotlarga talatganim yaxshi. Xo‘sh, o‘zingiz-chi? O‘sha qaroqchilarga ixtiyoriy aldanasizmi? Mana, Toshkentga olib ketyapsizu?
– Men ish bilan ketyapman. Biryo‘la…
Rustam uchun o‘ng‘aysiz bu suhbatni shogirdi Madaminning tomdan tarasha tushgandek murojaati buzdi:
– Ustoz, sizni Oxunjon aka chaqiryaptilar.
– Nimaga?
– Bilmadim. Melisa Baxtiyor akayam bor.
– Yo‘g‘-e. Baxti melisani menda nima ishi bor ekan? Uyda o‘tiruvdim g‘amsiz… Yur, boraylik-chi… Uzr-da, aka, buyog‘i zarilga o‘xshaydi.
Endi qaytish yo‘q
– Menga qara, ov, ovsar! Anavi yutgan bolani yashash joyini aniqlab, o‘zing borib ota-onasini rozi qilib kel. So‘raganini ber! Ko‘rdingmi aylanib tepishini. Haqiqiy karatechi shunaqa bo‘ladi. Xo‘rozni o‘zi-ya!
– Xo‘p bo‘ladi. Borizga shukur, shep. Nihoyatda kuchli jamoa yig‘dingiz, – olqishladi uni shotiri. – Kecha zo‘r kurashchilarni ham chertib-chertib tanladingiz. Endi hamma jang san’atini omuxta qilib dars o‘tadigan davr ham kep qoldi-yov.
– Lekin bizni musobaqada baribir boksni o‘rni katta. Xalqaro janglarda yutganlarning aksariyati boks bilan shug‘ullangan.
– Endi nima qilamiz?
– Rustam akang bilan yana bir raund gaplashishga to‘g‘ri keladi shekilli.
– Men yoningizdaman, shep!
– Sen… ha, yonimdasan, ja ko‘nglim to‘q. Xudogayam rahmat…
Bu odam kim?
– Nima gap o‘zi, amaki?
– Nega birovni bolasini urasiz?
– Birovni bolasi? – o‘shqirdi Gerakl. So‘ng Tohirni siltashga tushdi. – Kimni bolasisan, o‘v? Men senga nima degandim? Shu la’natilarni oldiga bormagin, demaganmidim?!
Tohir karaxtlanib, yerga qarab jim qoldi.
– Amaki, o‘ylab gapiring! – dedi Aziz tutaqib. – Biz nega la’nati bo‘larkanmiz?
– Sen aralashma, gishchumchuq!
– Tohirni qo‘yvoring!
– Tur, yo‘qol!
Gerakl o‘g‘lini mashina tomon sudrab borib, bo‘ynidan ushlab egib, majburlab ichkariga tiqdi. Bolalar g‘uj bo‘lib ulov yo‘lini to‘sdi. Gerakl ketma-ket signal berdi. Hech kim yo‘l bermagach, noiloj tushdi. Umidvor Tohir ham oynadan mo‘raladi.
– Tohir, bu odam kim bo‘ladi senga? – dedi Aziz Geraklga ishora qilib.
– Dadam… – dedi Tohir yutinib.
Shundan so‘ng bolalar jimgina yo‘l bo‘shatishdi. Hammasining mushti tugilgan, ko‘zlarida g‘azab olovlanardi…
Bo‘lar ekan-ku
– O‘rtoqlar, e’tibor bering, bolalarga qasddan tan jarohati yetkazilgan. Beshta bolaga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Deyarli hammasining ko‘zi ko‘kargan, burni qonagan. Yetib kelganimizda qochib qolishdi azamatlar.
– Moddiy zarar ham yetkazilganmi? – deb so‘radi mahalla oqsoqoli Oxunjon aka.
– Yo‘q. Moddiy zarar yetkazilmagan. Buning iloji ham yo‘q – mushtlashuv dala yo‘lida yuz bergan.
– Tut-putni ag‘darib, ariqchani ko‘mib tashlashmaganmi ishqilib?
– Sizga o‘xshagan maslahatchilari bo‘lmagan-da afsuski, – hudud nozirining avzoyi aynidi. – Sizni familiyangiz nimaydi? Aha, Rossiyada uch yil zim-ziyo bo‘p ketgan Nozim bo‘yoqchining dadasimidingiz? Hozir qayda u? Nima ish bilan band? Ketmay turing, sizga alohida gap bor.
– Men aytardim-a oqibati yaxshi bo‘lmaydi deb, – xonaga xalloslab, hovliqib Mirkomil domla kirib keldi. – O‘zi bezori bo‘lishsa-yu, tag‘in ularga urishishni o‘rgatishga balo bormidi?! – Shu payt ko‘zi Rustamga tushib, bosh irg‘ab salomlashgan bo‘ldi. – Mana, endi melisavozlik!
– Xo‘p, Baxtiyorjon, bunday qilsak, qo‘shni qishloqdagilar bilan o‘zim gaplashsam. Arizalarini qaytarib olishsa, aybdorlarni o‘zimiz jazolasak… – dedi Oxunjon aka tarafdor qidirgandek atrofdagilarga qarab.
– Ariza-pariza yo‘q. Shikoyat ham qilishmagan. Kim urganiniyam mardlarcha aytishgani yo‘q. Qishlog‘ingiz bolalarining dong‘i ketgani uchun to‘g‘ri shu yerga keldik.
– Balkim u bizni bolalarmasdir, – dedi Rustam umidlanib va o‘tirgan joyida bir qo‘zg‘alib qo‘ydi.
– Tutolmagan bo‘lsak ham ko‘rganmiz-ku. Topdik o‘sha o‘zimiz quvlagan bolalarni.
– Balki o‘xshatgandirsiz?
– Ana ko‘zlariyam ko‘karib yotibdi, – nozir bolalardan birini barmog‘i bilan ko‘rsatdi.
– Bir yilda ko‘zing necha marta ko‘karadi? Akangga ayt-chi, – dedi Rustam shogirdiga.
– Bilmadim. Ko‘p.
– Musobaqalarda, mashqda tez-tez musht tushib turadi. Bu bokschilarda tabiiy hol. Agar shuni asos deb hisoblayotgan bo‘lsangiz, yanglishasiz.
– Agar kerak bo‘lsa qo‘shni qishloqdan arizalaram yozdirib kelaman.
– Endi, ukam, bo‘lmasam ga-ap bunday, bizni butun tumanga sharmanda qilmasdan bularni o‘zimizga qo‘yib bering. Boplab ta’zirini beraylik.
– Shunga keldim o‘zi. Qanday chora ko‘rasizlar? Bilsak bo‘ladimi?
– Eng keskin va og‘ir jazo beramiz. Ota-onalarini chaqiramiz. Hamqishloqlari oldida uyaltiramiz.
– Boks sektsiyasini yopamiz! – deb gapga qo‘shildi Mirkomil domla.
Hamma birdan Rustamga qaradi.
– Agar mening bolalarim shu ishni qilishgan bo‘lsa, aybim katta. Ularga yetarlicha tushuntirmagandirman. Lekin… boks sektsiyasini yopmaylik.
– Boshqa iloji yo‘q, – dedi oqsoqol kuchayib. – Tag‘inam bu ukamiz kelib o‘zimizga imkon beryaptilar. Agar keskin chora ko‘rmasak, bu ish rasmiylashtirilsa, bardamalab ketib, oqibati yomon bo‘ladi. Nafaqat maktabimiz sha’niga, butun qishlog‘imizga dog‘ tushadi.
– Agar chora ko‘rilsa, meni da’voyim yo‘q. Ishni rasmiylashtirmayman.
– Boks sektsiyasi yopildiyam deylik. Unda tuman markazidagi sport maktabiga borib ishlayman. Ishga taklif qilib yotishibdi. Lekin qishloqdagilar boksni unutishadi deb o‘ylaysizmi?
– Yo‘q, bu bolalar endi sizni etagingizni hech qachon qo‘yvorishmaydi. Tuman markaziga qatnab bo‘lsayam boks bilan shug‘ullanaverishadi, – dedi sartarosh iyagini siypalab.
– Ertaga viloyat chempionatiga Aziz Rahmonovni olib ketishim kerak. Balki kelganimdan keyin yana maslahatlasharmiz.
– Hech qanaqa musobaqa-pusobaqa yo‘q endi. Keyin yana boshqa gap topiladi. Yopmaylik deysiz. Chempion bo‘ldi-ku deysiz, – dedi norozi ohangda Mirkomil domla.
– Viloyat chempionatiga chiqdimi shogirdingiz? – qiziqsindi nozir.
– Ha, chempion bo‘lishiyam mumkin.
– Rapqonni televizorda gapirmasayam mayli. Hechqisi yo‘q. Shundog‘am dovrug‘imiz doston bo‘ldi, bo‘yingdan akang.
– Yomonmi gapirsa? Men hakamlik qilgan janglarni sharhlashganda qayerdan, qaysi qishloqdan chiqqanimni aytib o‘tishadi. Agar Aziz viloyat chempioni bo‘lsa-yu, Rapqonni tilga olishsa yomonmi?
– Ko‘pchilik nima desa shu. Sektsiya yopilishi aniq. Yo musobaqadan oldin yo keyin, – dedi Mirkomil domla ovozi bo‘g‘ilib. So‘ng nozirga qaradi. – Bularni o‘zlashtirishlariyam yomon.
– Bo‘ldi-da, domla, endi yana she’r ayttirishingiz qoluvdi.
– Faqat mening darsimdangina emas, boshqalaridanam bo‘sh. O‘ta bo‘sh.
– Viloyat birinchiligida har kimam qatnashavermaydi, – Rustamni qo‘lladi nozir, – respublikaniki qachon?
– Iyulda.
– “L”sidami, “n”sidami? – peshona tirishtirdi Mirkomil domla.
– “L”sida, iyulda, – domlaning yuziga qaramay javob qildi Rustam.
Chekkada turgan Aziz adabiyot o‘qituvchisiga qarab gap qo‘shdi.
– Agar she’r aytib bersam ruxsat berasizmi? Men hech qayerga urishishga bormaganman.
– Fizikadan savollarga javob bersangam qarshiman. Eshitdik kecha senga o‘xshagan bittasini she’rlarini.
– Bu bola to‘polonda qatnashmagan bo‘lsa, unga da’voyim yo‘q. Qolaversa, musobaqaga borishiga ota-onasidan boshqa hech kim qarshilik qilolmaydi.
– Iya? Hozirgina jazo talab qilayotgan sizmidingiz, – peshonasi tirishdi domlaning.
– Aynan bu bolaning aybi yo‘q ekan-ku. Unga imkon berish kerak. Menimcha, to‘garakni bir kun-yarim kun kechroq yopsak ham osmon uzilib tushmaydi.
– Nima? Balki bu jo‘jaxo‘rozlarga rahmatnoma ham e’lon qilarmiz, bo‘yingdan akang?
– Yo‘q. Tushuntirish xati yozib berishsin kechirim so‘rab. Ma’lum bir vaqtgacha boks bilan shug‘ullanishni ta’qiqlaylik. Agar sektsiya yopilsa, boya aytganlariday, bolalar murabbiylarining ketidan tuman markaziga qatnashlariyam mumkin. Yo‘lda bir nima bo‘lsa-chi, kim javob beradi? Mayli, she’r aytsin. Eshitaylik. Yaxshi aytsa, borsin musobaqasiga. Buyam bir imtihon.
– Siz oldin eshitib ko‘ring buning she’rlarini. Kechagidaqasidan bulargayam ayt, bu yerda ayollar yo‘q-ku.
– Boshqachasini aytsam-chi?
– “Sayohatnoma”dan boshqa she’r aytsang, kundaligingga yakuniy “besh” qo‘yaman. Keyin boks bilan shug‘ullanishingga umuman qarshilik qilmayman. Xohlasang, cho‘milayotgandayam qo‘lqoplaringni yechma.
– Musobaqaga-chi, boramanmi?
Hamma bir-biriga qaradi.
– Umuman olganda, men qarshimasman. Melisa ukamiz ham rozi-ku, a? – dedi oqsoqol.
– Albatta, roziman.
– Tavba, maktabdagilari yetmaganday bu yerdayam she’rxonlik bo‘larkan-da.
– Domla, siz adabiyot o‘qituvchisimisiz? Muncha she’rga tixirlik qilasiz? Qani, Aziz, ayt!
Xuddi kinoga kirgan tomoshabinlarday hamma joylashib o‘tirib oldi.
Aziz ikkala kaftini shimining cho‘ntagiga bosgancha she’r boshladi.
– Muhammadqodirga!
Boburdan merosmi ko‘zingdagi cho‘g‘,
Ey sen mushti qattiq, ko‘ngli bo‘sh bola?
Yashil o‘rmonlarda ulg‘ayganing yo‘q,
Sening ham ko‘z ochib ko‘rganing dala.
O‘zi yayramagan seni yayratib,
Otang sahar kelib, ketgan saharda.
Onang paxta tergan seni uxlatib
Tollarga osilgan belanchaklarda.
Baxtiyor bolalik kechagi ertak,
Yuragi uvishgan, ko‘zi achishgan.
Sening ham qo‘lingga berishib etak,
Sening ham ustingdan dori sochishgan.
Asl chempion har o‘zbek bo‘lolgan,
Daladir dunyoda asli katta ring.
Dehqonning qo‘liga kishanlar solgan,
Millat dushmanlari sening raqibing.
Zarbingdan qalqisin kulayotganlar,
Yumshoq o‘rnidan bir turib qo‘ysinlar,
“O‘zbekning ishi”ni o‘ylab topganlar,
O‘zbekning mushtini ko‘rib qo‘ysinlar!
Kurash to‘ylarga ko‘rk, sayilda ermak,
Bilaklarga berdik xirmonlarda tob.
Yaponning egnida bizlarning yaktak,
Paxtamiz Muhammad Aliga qo‘lqop.
Bizning ustozimiz imon va ixlos,
Asli-ku maqtanish emas bizga xos.
O‘n ikki yoshida ko‘zlari chaqnab,
Bobur yo‘lbars bilan olishgani rost.
Kimlardir bizlarni qo‘shmasdi safga,
Mushtingda millatning nomusi jodir.
Qay raqibni yiqsang, ular tarafga
Bir kulib qarab qo‘y, Muhammadqodir.
Dengiz bo‘lib jo‘shgin, daryo bo‘lib qalq,
Ketsin ko‘ngillardan ranjlar ozori.
Sening suyanchig‘ing ortingda bir xalq,
Sening murabbiying – millat sardori.
Qadoq bitgan panja zarbi shunaqa!
Ketmon tutgan panja zarbi shunaqa.
Habashmisan, farang, tur, ey og‘ayni,
O‘zbekning anjancha zarbi shunaqa!
Hayot asli kurash, hayot asli jang,
Yangi zafarlarga yo‘llasin seni.
To‘n kiyib qachonki maydonga chiqsang,
Pahlavon Mahmudlar qo‘llasin seni!
Men bulbul emasman, men bir jaydari,
Ko‘nglimga sig‘inib bir qalam surdim.
Xudodan so‘rayman, sening singari
Qodir o‘g‘lonlari ko‘paysin yurtning!
Mirkomil domla mijjalarini kafti bilan artib, Azizga quchog‘ini ochib, tebrangancha kelaverdi:
– Beriroq kel, bolam. Peshonangdan bitta o‘pay!
– Bo‘lar ekan-ku! Yashavor! She’rni kim yozganini ham bilasanmi?
– Ha.
– Bunaqa o‘g‘il bola she’rni Muhammad Yusuf yozadi-da, – deb uning o‘rniga javob berdi Rustam to‘lqinlanib. – Qani duo qiling, oqsoqol.
– Iloyim, g‘olib bo‘lib, yorug‘ yuz bilan qaytishni nasibi ro‘z aylasin, omin!
– Muhammadlar qo‘llasin seni!
G‘alamis ham ko‘p-da
– Ustoz, ustoz!..
– Kechasi ringimizni yoqib ketishibdi…
– Eshitdim, dadam aytdi. Tezroq yuringlar!
Maktab yonidagi qo‘lbola mashg‘ulot maydoni tutab yotibdi. Ring arqonlari uzilgan. Qoziqlari yonib bitgan. Olov atrofdagi maysazorni ham anchagina egallab, kuydirgan. Yirtilib yotgan mashq qoplari shabadada bir qo‘zg‘alib, yana yerga yopishadi.
– Qaysi ablahning ishi ekan bu? Kimga kerak ekan? – dedi Rustam o‘ziga o‘zi gapirganday.
Shu payt maktab qorovuli paydo bo‘ldi:
– Yarim tunda shovqin eshitganday bo‘ldim. Ha, endi, o‘spirinlar to‘ydan qaytishayotgandir-da, deb yotaveribman. A’zam Quyqiy uylandi-yu. Nahorgi oshda ko‘rinmadingiz? Tavbangdan ketay, o‘zini to‘yida ashula aytgan odamni endi ko‘rishim. Kayfi bormi yo? Ha, mayli. Oshdan chiqib kelsam, bu ahvol. Tavba, astofirullo… G‘alamis ham ko‘p-da.
Rustam sillasi qurib, og‘ir xayollarga cho‘mgancha yerga o‘tirib qoldi. Biroz vaqt o‘tib, tizzasiga bir musht urdi-da, o‘rnidan turib, yong‘in qoldiqlarini qo‘li bilan tozalay boshladi. Shogirdlari va maktab qorovuli ham yumushga qo‘shildi.
Nima qilsak ekan?
– Aytsam ishonmaysiz. O‘sha kundan beri tuz totgani yo‘q bolam bechora. Xonasidan chiqmaydi. – Ayol birdan piqillab yig‘lab yubordi. – Bir narsa bo‘p qolsa…
– E, ovozingni o‘chir! Hech narsa qilmaydi…
– O‘zingiz kirib bir ko‘ring. Keyin bilasiz.
Gerakl uf tortib o‘rnidan turdi-da, Tohirning yotoqxonasiga kirib, chiroqni yoqdi. Yuztuban yotgan Tohir miq etmadi.
– Ey bola! Biror joying og‘riyaptimi seni?
Tohir javob bermadi. Gerakl birdan tutaqib, o‘shqirdi:
– Tur o‘rningdan, o‘v! Hozir pachag‘ingni chiqaraman!
Otaning guldurakdek vahshati bolaga ta’sir qilmadi.
Birozdan so‘ng Gerakl bo‘shashdi. Tohirning yoniga o‘tirib, bilagidan ushlagan edi, u qo‘lini zarda bilan tortib oldi.
– Xayriyat, tirik ekansan-e!
Tohir otasiga ters o‘girilib, devorga qaragancha yotaverdi…
Er tashqariga chiqib, betoqat kutayotgan xotiniga yaqinlasharkan, murosa ohangida gap boshladi:
– Munir, rostdan bu yog‘i jiddiyga o‘xshaydi. Nima qilsak ekan?
– O‘zingiz-da! He yo‘q, be yo‘q boksdan ajratib oldingiz. Qatnasa qatnabdi-da, ko‘chada bema’ni sang‘igandan ko‘ra. Oxiri, zerikib o‘zi tashlab ketardi boksini.
– E-e, bu yerda boshqa gaplaram bor-da sen bilmaydigan… Mayli, borsa-borsin. Lekin men ruxsat berganimni aytma. Go‘yo men bilmayman. Balki, sen aytganday tuzukroq musht tushsa, tavbasiga tayanar. Tushunding-a? Xuddiki mendan yashirincha sen ruxsat beryapsan unga…
Hamma to‘plandimi?
– Assalomu alaykum! Ustoz, bugun mashg‘ulot bo‘ladimi?
– Qanaqa mashg‘ulot? Yana ochiq dalaga boramizmi?
– Yo‘q, o‘zimizning joyda.
– Kultepadami?
– Yo‘q, ustoz. Oldingidan ham yaxshiroq ring qurib berishdi.
Rustam hayron bo‘lib, telefonini chap qulog‘idan o‘ngiga oldi.
– Qurib berishdi? Kimlar?
– Mahalla.
Rustam jonlandi:
– Toshkentga borib kelgunimcha-ya? Ikki kunda-ya? Mashq qoplari-chi?
– O‘zimiz yasadik. Qopga qipiq aralash qum soldik.
– Hamma to‘plandimi?
– To‘plandi.
– Qo‘shtegirmondan qatnaydigan aka-ukalaram kelishdimi?
– Yo‘q.
– Kelishgani yo‘q, de. Mayli. Ishlari chiqib qolgandir-da. Yo ukasini yana mazasi yo‘g‘mikan? Bir sog‘ayib qoladi… Bir… Bo‘pti, qolgan gapni maydonda gaplashamiz.
Telefonini o‘chirib, yon cho‘ntagiga soldi.
Nasihat
– To‘y shu-da, bolam, hammani birday rozi qilib bo‘lmaydi. Mehmon serobgarchilik bo‘ldi, desa, mezbon isrofgarchilik bo‘ldi, deydi. Ishqilib, bizniyam to‘ylarga yetkazsin! Bola yosh, qishloqqa qaytib, ustozlik yo‘lini tutganinggayam to‘rt-besh yil bo‘p qoldi…
Rustam dadasi gapni qaysi tomonga burayotganini fahmlab, zarur bo‘lmasa-da, yon oynasini ko‘tarib-tushirdi.
– Dada, to‘yxona ko‘chasida tomosha ko‘rsatayotgan zangvozlarni siz ko‘rmadingiz-da! Besh yasharcha bola shunaqa akrobatlik qildiki, og‘zingiz ochiladi. Yana, birov pul uzatsa, to‘ppa-to‘g‘ri ishtonini ichiga tiqadi. Rosa kulgi bo‘ldi.
– Ilohim, ana o‘shanaqa sog‘lomu chapdast farzandlardan ato etsin sengayam. Ko‘nglingga olmaginu, xotiningni bir do‘xtirga ko‘rsatmading-da.
Rustam duv qizarib oldi-da, yo‘l bermay kelayotgan “Jiguli”ga ustma-ust signal berib, yonidan o‘tib olgach, sipo javob qaytardi:
– Ko‘ringanmiz, dada. Soppa-sog‘sizlar, kutinglar, deyishgan.
– E, bola yosh, kutgan bilan bir ish chiqarmidi? Harakat qilish kerak bundog‘.
Rustam otasiga ajablanib qaradi.
– Hech esimdan chiqmaydi, ayang “sariq kasal” bo‘lib, Qo‘qondagi shifoxonaga tushganda tog‘ang qatnashga qulay, deb ishxonasiga tegishli ko‘pqavatli uydan ijarajoy topib bergandi. Ikki hafta adabimni yeganman. Kunduzi metin “zindon”ning issig‘i yurakni siqsa, kechqurun devorqo‘shni er-xotinlarni qirpichog‘i qoningga tashna qiladi. Endi uyquga yotishing bilan taraqa-turuq, bir narsalar singan, dod-voy, chinqiriq… Qiyomat qoyim qo‘pdi-yov, deysan. Birinchi kuni ularni vahmasidan qo‘rqib pastki qavatdagi eshik og‘asiga yugurib tushibman. Shunday-shunday, o‘n to‘rtinchi xonadonda vaziyat chatoq, hozir yo xotin, yo er aniq o‘ladi, “So‘yib go‘shtingni tuzlayman!” deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim, desam, pinak buzmay, “Qo‘yavering, mehmon, har kuni shu ahvol, ularga jin ham urmaydi, turmush tarzi shunaqa”, deb qo‘l siltab qo‘yaqoldi. Ertalabgacha quvalashib, yumalashib chiqishdi baraka topgurlar. Eshikni buzib kiray desam, begonaman, eshitib yotaveray desam, bilib-sezib turib qotillikni oldini olmadingmi, degan so‘roq-savolni o‘ylayman. Bir balo qilib tong ottirvoldim. Ertaman qaysi ko‘z bilan ko‘rayki, eshik ochilib, bashang kiyingan er-xotin hech narsa bo‘lmaganday bir-birlarini yalab-yulqashib, qo‘ltiqlashib chiqib, men bilan asal-shakar salomlashib, ko‘chaga xush-xandon chiqib ketishdi. Devorga suyangancha angrayib qopman. Yo xudo, shunaqayam oila bo‘ladimi? Bundan ko‘ra tinchgina orani ochiq qilib, o‘z yo‘lingdan ketmaysanmi?
– Keyin-chi?
– Nima keyin? Keyin o‘rganib qoldim. Ularni bo‘lgan bo‘tasi shu ekan. Tog‘angga aytsam, “E-e, parvo qilmang, qiziq odamlar, sevishib turmush qurishgan. Agar ajralasan, desangiz, o‘sha zahoti o‘zlarini o‘ldirishadi. O‘rtaga tushganning qanchasi ahmoq bo‘p ketdi. Quda-anda bularni janjali sabab yuzko‘rmas, o‘zlari bo‘lsa yana boyagi-boyagi, oshiq-ma’shuq. Har xil odam bor-da, pochcha”, deydi. Yigit tog‘angning kallali shogirdi ekan, yaqin tortib, keyinchalik hovli-joy qilib, biz tarafga ko‘chib keldi… Bola yosh, ha, ro‘zg‘orni qolipi bo‘lmaydi. Nega iljayib qolding? Ha, sezding-a? Bugungi to‘y egalari o‘shalar bo‘ladi. Tog‘angni to‘y egasi bo‘lib gerdayib turishini ko‘rding-ku. “Haligi hunarlardan haliyam bormi?” deb so‘rasam, “Farzandli bo‘lib, tekin tomoshaniyam bas qilishgan, kechasi-yu kunduzi bir xilda – Layli-Majnun”, deydi tog‘ang.
– Ha-a, qiziq, – deb qo‘ydi Rustam nima deyishini bilmasdan.
– Qiziqligini qo‘y, bola yosh, bunday qil: nima ko‘p – tevarakda aziz avliyolarning mozorotlari ko‘p. Bekordan-bekor shuncha odam chiroq yoqib qurbonlik atab yurmasa kerak. Shohimardongami, Poshshopirimgami ixlos qilib borib kelinglar onang uchoving.
– Siz-chi, dada? Siz bormaysizmi?
– Bunaqa ishlar xotin-xalajga yarashadi.
– Ko‘ryapsizmi? O‘zingiz ham ishonmaysiz.
– Ha, endi, sendan nima ketdi, bolam. Bo‘sh vaqt topib borib kelaver – ham ziyorat, ham sayohat. Hech bo‘lmasa miyang dam oladi. Buvaydada so‘lim joylar ko‘p. Lekin yerga dumalab, mozorni shayxini qamchisini yeb yurma. Hammasiga chidaymanu, ana shu irim-sirimiga kelganda kulgim qistaydi. Balki, bundayam bir hikmat bordir, kim bilsin.
– Ko‘pi xurofot, dada. Bizni taraqqiyotdan ajratgan, qoloq va qo‘rqoq qilgan narsa ana shu mayda-chuyda irim-sirimlar, Alloh bir chetda qolib, qabrlarga, toshlarga, odamlarga sig‘inib yurish eng katta ahmoqlik, deganingiz qulog‘imda turibdi.
– Shunaqa deganmidim? Odam qarib qolgandan keyin… Lekin gaping to‘g‘ri. Hamma narsa Yaratganni irodasiga bog‘liq. Bo‘pti, Allohdan so‘rashdan to‘xtama, lekin o‘zingam qimti…
Bobolarga munosib bo‘l!
– Bolalar, umuman olganda, buyuk bobolar tarixiga qiziqishingiz meni qanoatlantirdi. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q, deydilar. Qanday ulug‘ ajdodlarning avlodi ekanini bilgan odam hech qachon past ketmaydi. Beruniy, al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy, Bobur Mirzo… Bolalar, bolalar, diqqat menda, menga qaranglar, madomiki shunday buyuk zotlarning qonlari tomirimizda oqayotgan ekan, nega endi bizning oramizdan ularga munosib izdoshlar chiqmayapti? Kim javob beradi? Kim?
Shu payt eshik ochilib, kollej direktori bilan Rustam kirib keldi. “Hurmat!” deb xitob qildi o‘qituvchi. O‘quvchilar o‘rinlaridan turib, qo‘llarini ko‘kislariga qo‘yib salom berishdi.
– Hurmatli o‘quvchilar, biz bir jiddiy masalada kirdik. Azizbek Rahmonov, bu yoqqa chiqing-chi!
Aziz hayron bo‘lib, shoshilmasdan xattaxta yoniga chiqdi. Hamma nafasini yutib, ko‘ngilsiz voqeaga shaylandi.
– Bizni qishloqdan ko‘plab taniqli odamlar chiqqan. Ular orasida bitta kolxoz raisi, bir nafar tuman gazetasi muxbiri, qariyb ikkita katta fermer, bitta dongdor pillachi, xushovoz xonanda Erali Esonaliyev hamda ustoz murabbiy Rustamjon Majidovlar bor. – Direktor shu yerga kelganda bir tomoq qirib, taraddudlanib oldi. – Ha, endi, meni yaxshi taniysizlar. – Dabdurustdan o‘zi qarsak chalishni boshlab yubordi, keyin boshqalar ham qo‘shildi. – Rahmat, rahmat! Qatorimizdan bugun sizning kursdoshingiz Azizbek Rahmonov ham joy oldi. – Birdan yuzlar yorishib, “Xayriyat-e, yaxshilikka ekanu” degan ovozlar eshitildi, poyma-poy qarsak yangradi. – Ertaga Azizbek O‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha respublika birinchiligida qatnashadi. Biz unga tolmas iroda va omad tilaymiz. Ishonamizki, Azizbek poytaxtda bizning qishlog‘imiz va kollejimiz sharafini munosib himoya qiladi. Oq yo‘l senga, o‘g‘lim! – Direktor ko‘zida yosh bilan Azizni quchoqladi.
– Azizbek, bobolarga munosib bo‘l, bobolarga! Bilib qo‘yki, seni Rapqon kutadi!
Aziz qizarib-bo‘zarib sinfdoshlariga qaradi. Ko‘zlari Nurxonning ko‘zlari bilan uchrashdi. Nurxon iymanib, sekin ko‘zini olib qochdi.
Bo‘ladigan bola
– Shogirding oltmish to‘rt kilolikmidi? – so‘radi Shavkat Bo‘tayev.
– Ha.
– Bo‘ladigan bolaga o‘xshaydi. Oldingi janglarda uchinchi raundga o‘tkazmadi-yu birortasini. Muskullariyam irg‘ayning ildiziga o‘xshaydi. Necha yildan beri shug‘ullanadi?
– Besh yildan oshdi.
– Viloyatda chempion bo‘lgan shogirdlaring bor edi, a, bundan boshqayam?
– Bor. Lekin respublikada yutisholmagan.
– Attang-a! Bu bolangda shans boru, ammo…
– Nima ammo? Hali jang boshlanmadi-yu?
– Oltmish to‘rtdagi ikkinchi bokschi… – Bo‘tayev avval atrofga bir o‘g‘rincha alanglab oldi-da, kafti bilan og‘zini panalab, shipshidi.
– Yo‘g‘-e?!
Bo‘tayev gavdasini xiyol orqaga tashlab, boshini qiyshaytirib, zaruratsiz burun tortdi:
– Bervorishadi yutuqni. Yakka-yu yagona arzanda o‘g‘li. Endi, to‘g‘ri, nokaut qilib yotqizib qo‘ysa, avliyosiyam yordam berolmaydi. Lekin bu qiyin masala.
– Bo‘lmasa chalpak qilamiz-da. Qo‘limiz toshni orasida emas-ku.
– Omadingni bersin!
Rustam o‘ylanib qoldi. Keyin shoshib yo‘lakka chiqarkan, raqibning mansabdor otasi shotirlari bilan kerilib kelayotganini ko‘rdi. Ro‘para kelgach, shotirlardan biri oyoq ostiga “chirt” etkazib namoyishkorona tupurib, tirjayib o‘tdi. Rustam mushtini tugun qilib u tomon bir odim qo‘ydi-yu, arang o‘zini bosib, kiyinish xonasiga burildi. Bir muddatdan so‘ng xonaga mo‘ralagan Azizni qo‘li bilan imlab chaqirdi:
– Yaqinroq kel! Hakam bokschi bilan panada uzoq gaplashib turishi mumkin emas. Gaplarimni yaxshilab eshit. Raqibingni murabbiylari bizni mensishmayapti. “Rapqonga qopqoq yopamiz, qaytib bokschi chiqmaydi” deyishdi.
– Qo‘lqopim bilan og‘ziga bir urib, tishini o‘ziga sanataymi?
– Ochkolar hisobidan yutolmaysan. “Hakamlar bizga yonbosadi, hokim to‘radan qo‘rqishadi”, deb katta ketishyapti-yov.
– Siz ham hakamsizu. Hurmatingizni qilib halol baholashar.
– Qaniydi?.. Bizga faqat nokaut kerak. Zarbalarni aniq va kuchli ber. Ochko to‘plashga qiziqma. Payt poyla. Charchat. Faqat nokaut! Tushundingmi? Boraqol… To‘xta! Raqibing “Azizni yeb-ichib yuboraman” dedi. O‘zim eshitdim.
Aziz zo‘raki kuldi:
– Oshirvordingiz. Shundog‘am yutaman. Xavotir olmang. Faqat nokaut! –
Aziz qo‘lqopni bir-biriga urishtirdi.
– Ag‘daramizmi?
– Ag‘daramiz! – o‘ng qo‘lqopi bilan Rustamning o‘ng qo‘liga yengil mushtladi.
Bizgayam yuqsin!
Rustamning dadasi “Yo pirim-ey”, deb oynai jahon yoniga bordi va sharhlovchining hovliqqan ovozini pasaytirdi:
– Nosirjon, kelganlaring yaxshi bo‘ldi-da. Bunaqa katta musobaqalarni ko‘plashib ko‘rgan durust. Zavqi boshqacha bo‘ladi. Nima deding, No‘monjon? – chol toqatsizlanib, goh o‘tirib, goh yonboshlayotgan No‘monning javobini ham kutmay, so‘zini davom ettirdi, – hamma onalar bir xil-e, tavba. Bizni Rustamjon ringga chiqqanda ham onasi televizorga qarashga yuragi betlamay ayvonga chiqib ketardi.
Nosirjon hayajonda do‘ppisini yechib, qayta kiyar, iyagini ko‘tarib, tomog‘ini qashlardi:
– O‘zimizam shu… – No‘mon tomonga yarim o‘girildi, – sigaret-pigaret yo‘qmi mabodosiga?
– Sizni tashlagan deb eshitib hayron bo‘lgandim akaxon gulday hunarni nega tashlaydi deb. Aytganday, kashandalar haqidagi latifani eshitganmisiz?
– Azbaroyi rangiga urib ketganidan Munkar-Nakir eski o‘lik ekan, deb qabridan chiqib ketganinimi? Yuz marta eshitganman. Shunaqa paytlarda xumori tutadi-da.
– Xumoriga o‘t tushsin! – Chol televizor ovozini ko‘tardi. – Jim! Boshlanyapti. Ana, Azizni chaqirishdi.
Sharhlovchi Azizni tanishtira ketdi:
– Qizil kiyimdagi bokschi Aziz Rahmonov oldingi janglarini raqiblari ustidan yaqqol ustunlik bilan yakunlagan. Ustozi mashhur bokschi Rustam Majidov.
Jang boshlanishi bilan Azizning onasi eshikni ochdi-yu, bosh suqib, yana qayta yopdi.
No‘mon hayajondan xirillagan tovushda g‘ururlandi:
– Hozir qanchadan-qancha odam o‘zimizni Azizbekka termulib o‘tiribdi-da, a?!
– Gap qo‘shmay o‘tir!
Sharhlovchi jo‘shib ta’rif etardi:
– Aziz bugun ringga o‘zining texnikasini namoyish qilish uchun chiqqan ko‘rinadi. Zarba ham o‘tkazayotgani yo‘q. Hozir Rapqon qishlog‘i ahli bu jangni to‘lqinlanib tomosha qilayotgan bo‘lsa ajab emas.
– Ha, bo‘lmasam-chi! – deya ota televizor yonini silab qo‘ydi.
– Yashavor, bolam! Mo‘ljallab ur! Ko‘rib qo‘ysin o‘g‘il bolaning zarbasi qanaqa bo‘lishini!
– Bodom atala ichadigan qip tashla!
– O‘pkani bosing-e, No‘monjon! Raqibiyam o‘zimizning qorako‘zlardan, uyam birovni bolasi. Gohida raqibni dushman bilan adashtirib qo‘yamiz-da o‘zi.
Aziz ketma-ket kuchli zarbalar yo‘lladi. Ayniqsa, oxirgisi qansharga aniq tushib, raqib arqonga suyanib, avval chapga, keyin o‘ngga sirg‘alib, mehmonnavozlikdan toliqqan qo‘noqday asta yonboshladi-qoldi. Bahs bunday tez yakun topishini kutmagan referi najot istab tevarakka qararkan, atay cho‘zib, sekin sanay boshladi.
– Ana endi xohlasang kechgacha sanamaysanmi? – Rustamning quvonchi va xavotiri ana shu so‘zlarda jam edi.
– Nokaut! – Aziz qo‘lqoplarini bir-biriga urishtirib, oyoq uchida sakrab-sakrab ring burchagiga borib, ustoziga ko‘z qisib qo‘ydi.
Referi ko‘magida o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan raqib kutilmaganda yana gangib, ringdan pastga – yugurib kelgan otasi va uning shotirlari oyoqlari ostiga taloplab tushdi.
– Ha, sumalanmay o‘l! Esiz, shuncha harakatu xarajat! Bir musht bilan elovlab qolding-a! – g‘azab bilan pishqirdi otasi. So‘ng yonidagilarga qaradi, – buni suv-puvga pishib, o‘ziga keltiringlar. Uyda chilyosin qilamiz…
Mag‘lub ringga qaytib chiqavermagach, tomoshabinlar qiyqirig‘i ostida Azizning qo‘li azot ko‘tarildi. Rustam arqonlar orasidan chaqqon o‘tib, shogirdini quchoqlab, gir aylantirib qutladi.
– Bilardim yutishini! Aziz – chempion!
Azizning otasi sekingina ko‘zyoshlarini artib, xo‘rsinib qo‘ydi. No‘mon o‘rnidan tura kelib, uni qo‘lidan tortib turg‘izdi. Quchoqlab, dast ko‘tarib aylantirdi:
– Yuqsin, yuqsin! Bizgayam yuqsin!
– Otangga rahmat-e, otangga rahmat!
– Ustoziga ming rahmat!
Chol derazani taraqlatib ochib, hovliga alangladi:
– Kelin, hov, kelin! Kelavering endi! G‘alaba muborak!
Shu havodan nafas olyapsanmi?
– Ha, Rustamjon, kayfiyat yo‘q?
– Tumandan kelyapman. Majlisdan.
– Ha-a, tushunarli. Majlisdan chiqqan odamni kayfiyati bundan boshqacha bo‘lmaydi. Bir kuni deng, Rustamjon, miltig‘ingni hujjatini yangilab qo‘y deb qolishdi vallamatlar. Bir ko‘nglim “miltiq meniki bo‘lsa, o‘qni pulimga olsam, senlar nega yuvuqsiz tumshug‘ingni suqasan? He, otib bergan quyoningni qulog‘iga!” degim ham keldi. Ammo-lekin, ke, shular bilan teng bo‘lib pachakilashib o‘tiramanmi, men ovchi odamman, ertaga “pang‘” etkizsam, bir balolarni bo‘ynimga ilvorishmasin, zamon nozik, deb o‘ylab, xo‘p bo‘ladi, katta aka, deb qo‘ya qoldim. Shunday qilib, hokimlikka bordim. Borsam, odam borki, bir narsadan quruq qolayotganday guras-guras ichkariga uryapti. Shu, oqim meniyam o‘rab-chirmab to‘g‘ri majlislar zaliga obkirib tashladi-yu.
– Alixon aka, qiziq gapirasiz-da. Hamma ovchilar lofchi bo‘ladi o‘zi. Tabiatni muhofaza qiluvchilarni majlisiga taklif qilishgandir-da?
– E-e, men erkin ovchi bo‘lsam, tushovim tizzamda. Qaysi mard meni Uchuydagi Ivanni uyidan topib keladi. Telpon tutmayman – tinchlik kerak. Endi churrakka miltiqni to‘g‘rilagan payting “Tez yordam”ga o‘xshab “Ti-tu, ti-tu!” qilib vahima solib qolsa… Xullas, o‘z oyog‘im bilan bordim. Bordimu, ammo-lekin xashaki rahbarlaringga qoyil qolmadim. Masala yo‘lchiroqlarni to‘sayotgan daraxtlarni shox-shabbalari ekan. Tavba, bizni tumanda bir juftgina yo‘lchiroq bo‘lsa… uyam hokimlikni ro‘parasida yaydoqda turibdi. Biror marta chirog‘iga rang kirib, ko‘z qisib ishlaganini bandasi ko‘rgan emas. Yana, maktab direktorlarini yig‘volgan. Nuqul so‘kish, haqorat, dag‘dag‘a. Tepada o‘tirganlar og‘ziga kelgan gapni qaytarmay, ayolmi, erkakmi yoppa sochmaga tutyapti. Ikki soatiga zo‘rg‘a chidadim. Yonimda o‘zini o‘zi achomlab uxlab yotgan domlanamo kishini turtib “Yana qancha davom etadi bu tomosha”, desam, bamaylixotir “Endi boshlandi-yu, hali tag‘in uch-to‘rt soat cho‘zishadi”, deb yana pinakka ketdi. Vey, majlisam odamni tinkasini quritib, botqoq kechganday qivorarkan-da. Yana har zamonda ikkita sochi qirtishlangan davangir qo‘y sanaganday barmoq bilan davomatni tekshirganiga o‘laymi? Keyin shart turib eshikka yo‘rg‘aladim. Majlisboshi: “Ha, aka taqsir, bir joyda bosi-ib o‘tirolmaysizmi? Yo bavosil bigiz urib qoldimi? Ja gijinglab qoldingiz qishki baytalga o‘xshab? Tinchlikmi, aka taqsir?” deb so‘roqqa tutib qoldi. Ovchi emasmanmi, meni javobim tayyor o‘qlangan turadi, bilasiz. “O‘sha yo‘lchiroqni to‘sib, tarvaqaylagan daraxtni bir sug‘orib kelay, zahartang bo‘p ketdim, katta aka”, degim ham keldi-yu, ke endi, shular bilan jiqqa-musht bo‘lib o‘tiramanmi, menga yarashmasa kerak, degan xayolda “Xo‘jayinjon, bir daqiqaga ta’til bering, iltimo-os”, dedim. Vajohatimdan cho‘chidimi, yo xudo insof berdimi, “Ha, shoshib borib sekin qaytadigan joygami? Ishingni tez bajaru qayt, asosiy masalaga endi o‘tamiz”, dedi. Bir ko‘nglim “Asosiy masalangga nosqovog‘imni popildirig‘i! Kim bo‘psanki menga muhlat berasan, tirraqi?” demoqchi bo‘ldimu, ke, shulardan tezroq qutulay degan ma’noda “Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayinjon”, deb tikka Mehnatobodga mang‘ivordim. Qalay?
– Aka, siz oson qutulibsiz, bizniki boshqa masala. Rahbar begonamas, tog‘amiz bo‘ladi. Yaqinda ishga qayta tiklangan, xabaringiz bordir. O‘zini ko‘rsatgisi keladimi, sportchi bolalarniyam paxtaga opchiqasan deydi.
– Nima dedingiz?
– Nima derdim, o‘zim chiqaman, ayolim chiqadi, kerak bo‘lsa opangizam chiqar, lekin mayda bolalar chiqmaydi, dedim.
– U nima dedi?
– Nima derdi, arizangni yoz dedi.
– Siz-chi?
– Arizamni sizga yozmayman, meni soham bo‘lak, dedim.
– U-chi?
– Shu tumanda yashaysanmi, shu havodan nafas olyapsanmi, bolalaring ham shu tumanda ro‘yxatda turadimi, teradi paxtani, boshqa gap yo‘q, dedi.
– Indamadingizmi?
– Chempionlarni zax, loy dalaga haydab nima topasiz? Bo‘lajak Farg‘oniy, Ulug‘bek, Navoiylar bod kasaliga chalinib, mayib bo‘lib o‘tsinmi? Umuman, kelajakni majruh qilmoqchimisiz, dedim.
– Indamadimi?
– Nega indamaydi? Bu siyosat, deydi. O‘ynashma bola, deydi. Oqibati yomon bo‘ladi, deydi.
– Siz ham indamay ketmagandirsiz?
– Aytdim, bunaqa siyosat yo‘q dedim. Kerak bo‘lsa fermerlar o‘zlari tervolishsin hashar qilib dedim. U zamonlar o‘tib, u daraxtlar kesilib ketgan dedim.
– So‘kmadimi?
– So‘ksin-chi, dadamga aytarman. Tog‘am har holda. Cho‘chisa kerak.
– Cho‘chiydi, dadangizdan cho‘chiydi. Dadangiz Gdlyanni odamlariniyam qopqonga tushgan quyonday qip qo‘ygan. Haqiqatchi-da, haqiqatchi! Haq bo‘lsang qozi rozi deyishadi. Agar yana paxta-maxta deb birortasi boshingizni og‘ritsa, tikka meni yonimga kelavering. Xo‘pmi?
– Xo‘p. To‘g‘ri Uchuydagi Ivanni uyiga, a? Qorayog‘ zibirni bo‘yidan topamanmi?
Bu nima deganingiz?
– Soppa-sog‘siz, aka.
– Soppa-sog‘man, to‘g‘ri, do‘xtir.
– Endi kelinni olib kelib ko‘rsatasiz.
Rustam o‘qraydi:
– Kimga?
– Men emas, ayol mutaxassislarimiz tekshirib ko‘rishadi. Keyin uzil-kesil xulosa qilamiz.
– Keliningiz ham soppa-sog‘ bo‘lsa-chi?
– Ba’zan shunaqasiyam bo‘ladi. Er-xotin ikkoviyam sog‘lom bo‘lishi mumkin. Yaratganning o‘zi bermasa, biz hech narsa qilolmaymiz. Sizniyam to‘g‘ri tushunaman. U kishiga aytish osonmas. Ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqasiz.
– Gap shunda-da! – jonlandi Rustam.
– Bizga keladigan bemorning dardi deyarli aniq. Masalan, siz bilan bemalol gaplasha olaman, chunki siz otdaysiz. Lekin dardmandlar bilan ko‘ngliga qarab, avaylab gaplashamiz. Sizgayam maslahatim – yotig‘i bilan tushuntiring.
– Bemorlarga yordam berolmay qolgan paytlaringiz ko‘p bo‘ladimi?
– Agar bemor o‘zi ishonsa, aniq tuzalib ketadi. Ixlos – xalos degan gap bor.
– Rahmat, do‘xtir. Qo‘l haqi nima bo‘ladi?
– Bu nima deganingiz?! – Shifokor qattiq ranjigandek ko‘zlarini qisib, yovqarash qildi, – biz haqimizda shunaqa fikrdamisizlar hali? Nahotki men sizga ta’magir bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lsam? Kassaga to‘ladingiz-ku! Hisob! – Keyin kutilmaganda yumshab, muloyim tortdi, – ha, endi, suyunchi masalasi boshqa gap. Himmatingiz qimmatingizni belgilaydi, deydi-ku faylasuflar…
Rustam shifoxonadan chiqib ketayotganda tuyqus No‘monga ro‘para keldi. Navbat kutib turgan do‘sti uni ko‘rdi-yu, qochgani joy topolmay qoldi.
– Ie, qayga borsam, shunda paydo hazratim, deganlari siz ekansiz-da!
– Shu desang, o‘rtoq, anchadan beri quvug‘im og‘riydi. Samovar qurg‘ur tez-tez qaynab ketadi. Bir-ikki joyda xijolatli ish ham bo‘ldi, – dedi dovdirab No‘mon kamarining to‘qasini siypalarkan. – Rustam qattiq qarab turganini ko‘rib qo‘l siltadi, – Obbo, sendan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Ko‘zlaring rengenga o‘xshaydi-ya. Gapni to‘g‘risi, o‘g‘il ko‘rmoqchiman. Shunga o‘zimni bir ko‘rsatay deb keldim.
– Ha, kimdir tirnoqqa, kimdir barmoqqa zor… Gulday qizlaring bor, havasim keladi. Mayli kirib chiq, men kutib turaman.
No‘mon eshik tutqichini tutib, quymichini ushlab qayrilib qaradi:
– Ukol urmasmikan ishqilib?..
Palaxmon toshi
– Bo‘ldi-da, xolajon, men bilan ikki marta ko‘rishdingiz-ku, – Nurxonning hazil aralash aytgan bu so‘zlaridan xonadon bekasi battar dovdiradi.
– Voy qizlarim-ey, kutilmaganda kelib toza xijolatga qo‘ydilaring. Shoshmanglar, hozir dasturxon yozaman.
Sevinch ichkaridan chopqillab chiqib kelib, hamma bilan quyuq hol-ahvol so‘rashdi. So‘rida gazeta o‘qib o‘tirgan dadasi ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib, o‘rnidan turdi va qizlar bilan yoppa salomlashib, ichkariga kirib ketdi.
– Obbo, asal qizlarim-ey, dugonalaringni sog‘inib kebsizlar-da.
– O‘n kundan beri o‘qishga bormaydi, sog‘inamiz-da. Hali o‘qituvchilarimiz ham kep qolishsa kerak… sog‘inib.
– O‘qituvchilar? Yo‘q-yo‘q, ovora bo‘lishmasin, aytib qo‘y.
Birdan Nurxon onani savolga tutib qoldi:
– Ayajon, shunday qizingizga achinmaysizmi? Rahmingiz kelmaydimi?
– Voy, nimalar deyapsan? Bitta-yu bitta qizimga jonimni beraman.
Nurxon ikkala kaftini ko‘tarib, bir-biriga navbat bermay chuvillashayotgan qizlarni tinchlantirdi, – Sevinch, o‘qishga birga bormoqchiydig-a institutga?
– Ha, shifokor bo‘lmoqchiydik… Men buvimni davolamoqchiydim.
– Endi-chi? Ro‘zg‘or bilan o‘ralashib o‘qiy olarmikansan?
– Endi… qizaloqlarim, qiz bola uchun birinchi navbatda oila, ro‘zg‘or turadi. Qiz bola – palaxmon toshi, xo‘pmi, – ona vaqt g‘animat ekanligini fahmladi, – ota-ona rozi – Xudo rozi degan gap bor.
– Palaxmon toshi ekan deb istagan payt istalgan tarafga qaratib otaverar ekan-da?
– Menga qara, Nurxon, o‘zingni taqdiringni bilasanmi? Seni kimga uzatishmoqchi, xabaring bormi o‘zi?
Nurxon birdan bo‘shashdi:
– Yo‘q… Kimga ekan?
– Ayang bilan dadang seni allaqachon Xolmat savdogarni o‘g‘liga atab qo‘yishibdi-ku! Sendan so‘rashmabdi-da bir og‘iz…
Qizlar yana ini buzilgan ariday juvillay ketdi:
– Voy, kim u? Qaysi bola? Oti nima?
Ona g‘olib qiyofada qo‘llarini biqiniga qo‘yib, atay urg‘u berib ta’kidladi:
– Jav-lon! Yaxshi taniysizlar. Doim kollejlaring atrofida girdikapalak emish-ku.
Nurxon sekin, lekin qat’iy ohangda “Hech qachon!”, dedi-da, bitta-bitta bosib ko‘chaga chiqib ketdi.
Sovg‘a
– Mana, darsimizni yakunlab ham oldik. Uyga vazifa hammaga tushunarli bo‘ldimi? Yaxshi-i. Endi kichkinagina taqdirlash marosimini o‘tkazamiz.
O‘quvchilar ustozlariga taraddudlanib qarab qolishdi:
– Ustoz, kimning tug‘ilgan kuni ekan?
– Tug‘ilgan kun emas, – o‘qituvchi xabarning qadrini yanada oshirish uchun atay vaqtni cho‘zardi. – Tug‘ilgan kun emas, – deb takrorladi yana bir marta. So‘ng o‘quvchilariga birma-bir qarab chiqib, quvonchli tovushda shosha-pisha bayon etdi, – kursdoshingiz Aziz Rahmonov respublika chempioni bo‘lganini hammamiz bilamiz. Televizorda ko‘rdik. Azizbekni tumandan ham kelib tabriklashdi, maktab jamoasi ham qutladi.
– Biz ham tabrikladik, opoy, – dedi oxirgi qatorda o‘tirgan Azimjon.
– Kursdosh sifatida yana bir bor tabriklasak ham yarashadi. Bugun qizlarimiz tashabbus bilan chiqishdi. Ko‘p o‘ylandik, nima sovg‘a qilsak ekan, deb. Nihoyat, bir ovozdan mana shu sovg‘ada to‘xtadik, – qo‘lidagi o‘rog‘li qutisimon narsani ko‘rsatdi.
– Ko‘ylakmi, opoy, ko‘ylakmi? – dedi Zokirjon do‘rillab.
– Ko‘ylak eskiradi, bu eskirmaydi. Aksincha, es kirdiradi. Azizbek, chiq bu yoqqa.
– Shartmasidi, ovora bo‘psizlar-da…
– Biz ovora bo‘lganimiz yo‘q, senga yoqsa bo‘ldi.
O‘qituvchi sovg‘ani boshi uzra ko‘tarib ko‘z-ko‘z qildi-da, Azizga qo‘shqo‘llab tutqazdi. Qizlar jo‘r bo‘lib “Tab-rik-lay-miz! Tab-rik-lay-miz!” – deb sinf oynasini zirillatishdi. Maktab hovlisida daraxt oqlab yurgan Mamaziyo qorovul shovqinni eshitib, xona derazasidan ko‘zlarini qisib qaradi-da, “Tushunarli”, deganday bosh irg‘ab, nari ketdi.
Aziz sovg‘ani ochdi. “Boburnoma”ni ko‘rib, yuzi yorishib ketdi.
– Rahmat, rahmat!
– O‘qib tushunish qiyin-ku buni, – dedi Mo‘min sal g‘ayirligi kelib.
– To‘g‘ri, tili og‘irroq, – uni quvvatladi Davlatjon.
– Olimlarimiz sizlarni mo‘ljallab, bugungi tilga tabdil qilib chiqqan. Aslini keyinchalik o‘qiysizlar. Qiziqib qolgan odamga qiyin tuyulmaydi. – Muallima Azizga yuzlandi, – har qanday sovg‘aning ma’no-mohiyati bo‘ladi. Tushungandirsan?
– Tushundim.
Qo‘ng‘iroq chalindi.
– Ana, tanaffus ham bo‘ldi! Ertagacha xayr!
O‘qituvchi chiqib ketishi bilan, bolalar g‘ala-g‘ovur qilib tashqariga yo‘l oldi. Sinfdan chiqib ketayotgan Nurxon bir muddat Azizning yonida to‘xtadi. Qo‘l berib tabrikladi.
– Sovg‘ani kim tanlaganini bildim.
Nurxon jilmayib chiqib ketdi.
Quvonchdan sarmast Aziz deraza yoniga kelib, qo‘llarini keng yoyib yubordi:
– Eh!
Yoppasiga mehmonga
Adirning o‘rkachiga monand yastangan uzumzor yonida Rustam mashinasini to‘xtatdi. Peshonasini chitdurra bilan tang‘igan, belbog‘iga tokqaychi osgan otasi o‘g‘liga peshvoz chiqib keldi.
– Assalomu alaykum, dada, hormang.
– Va alaykum assalom, bor bo‘l. Yaxshi keldingmi?
– Keldim. Shaharda picha ishim bor edi. Shunga ushlanib qoldim.
– Ha, bolalar aytishdi. Boksni qishloqda hamma maza qilib ko‘rdi. Rosa xursand bo‘ldik. Umringdan baraka top, bolam.
– Abdullaning burni oz-moz jarohatlangandi, uydagilari to‘polon qilib chiqishmadimi?
– Yo‘q, endi chiqishsa kerak-da, – kulib qo‘ydi ota, – seni kutishayotgandir.
– Shunaqa payt oldinroq jo‘natib yuborgan yaxshi-da. Kelgunimcha jahldan tushib, sal sovib turishadi.
– Charchab kelgandirsan. Hovlida hech kim yo‘q.
– Iya, qayoqqa ketishdi?
– Ayang xolangni uyiga qidirib ketgandi. Pochchang yangi traktor olganmish.
– Traktori bor edi-ku?
– Eskisini O‘ktam Hamroga sotarmish.
– Yangiliklar katta-ku. O‘ktamboyning ham biqini chiqib qopti-da!
– Jiyaning G‘ayrat ham Avstraliyaga borib kelmoqchi. Fermani kengaytirish rejasi bormish. Tuyaqush boqaman, deydimi-ey.
– O‘ziyam G‘ayratingiz uncha-muncha qushni tuya qilib yuboradi. Dada, menam maktabni sotib olsammikan-a? Keliningiz bilan maktabdor bo‘lib yurardik.
– Ha, shunaqa qil… Kelin sening yo‘qligingni bildirmay shogirdlaringni yugurtirib olib o‘tib ketgandi. Hozir qaytib o‘tishsa kerak.
– O‘ziyam yugurib yuribdimi?
– Yugurgan odam baxtga tezroq yetvoladi, deyishadi-ku, bola yosh…
Ota va bola yo‘lga qarashdi. Uzoqdan avval velosiped mingan No‘mon ko‘rindi. Keyin maykachan bolalar to‘dasi ko‘zga tashlandi. Nihoyat, shogirdlar to‘pi Rustamning mashinasiga yaqinlashgan payt adirning nishab tomonidan Hidoyatning ovozi keldi:
– Orqada qolmanglar! Oz qoldi!
No‘mon Rustamning kaftiga kaft urib o‘tib, chol bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.
Rustam adir unguriga qarab yurdi. Bolalar ustozini ko‘rib qolib, xursand bo‘lganidan tezlikni oshirishdi. Dam olib o‘tirgan Hidoyat qo‘lidagi sekundomeriga qaray-qaray, qizarinqirab salom berdi. Qo‘shtegirmonlik aka-ukalar jo‘rovoz bosh egishdi:
– Assalomu alaykum, ustoz.
– Vaalaykum assalom. Iya, ertalabdan keladigan odatlaring yo‘q edi-ku.
– Kecha bizni uyda qolishgan, – izoh berdi Hidoyat aka-ukalarning orasiga kirib.
– Uylaringdagilar xavotir olishadi-yu.
– Qo‘ng‘iroq qilib, biznikida qolishlariniyam aytib qo‘ydim, – Hidoyat aka-ukalarning boshini siladi.
– Sizga har doimgiday og‘zakidan besh! – dedi Rustam og‘zining tanobi qochib.
– Qani, biznikiga yoppasiga mehmonga! Tushlik vaqtiyam bo‘p qoldi, – No‘mon o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, cholga alohida takalluf ko‘rsatdi. – Keliningiz osh damlayotuvdi, tagini opketmasin!
Chol uzumzorga bir nazar tashlab, negadir bosh chayqab qo‘ydi-da, yo‘l boshladi.
Hayot qanday go‘zal!
Kollej hovlisidagi qarag‘ay yonida hovuzdagi nilufarga termulib o‘y surayotgan Nurxonning yoniga Sevinch kelib, mahkam quchoqlab oldi.
– Voy, tinchlikmi, Sevinch? Yuragimni yording-ku!
– Tinch-lik, tinch-lik! To‘y qoldirildi!
– Yo‘g‘-e?
– Yo‘g‘-e, bor-e! Bilib turibsan-u… O‘zing bosh bo‘lib quda tarafga boribsan-a men uchun! Hammalarini ko‘ndiribsan-a o‘qishimga!
– Bir men emas, butun kurs…
– Yaxshiyam deyman maktabga bir yil oldin kirganing. Bo‘lmasa, sen bilan kursdosh bo‘lmasmidim. Yig‘lab-yig‘lab erga tegib ketgan bo‘larmidim…
– Kuyovbola xafa bo‘lmadimi, ishqilib?
– Yo‘q. O‘ziyam o‘qimoqchi. Bir joyga topshiramiz. Eh, hayot qanday go‘zal! Sen qanchalar yaxshisan-a, Nurxon!
Bo‘yga yarasha aql
– Sa’dulla amaki! Sa’dulla amaki!
Ichkaridan ayol kishining “Huv, hozir!” degan ovozi eshitildi va zum o‘tmay darvozaxonada Nurxonning onasi paydo bo‘ldi.
– Keling, Javlonjon. Tinchlikmi?
– Ertalab bozorda Sa’dulla amakimni ko‘rgandim. Yassi ekranli televizor qidirib yurgan ekanlar. Men, tanishlarimda zo‘ridan bor, o‘zim uyga oborib beraman, deb va’da bergandim. Mana, o‘sha televizor. Yaponlarniki.
– Voy, aylanay, Javlonjon. Bozordayam ishlayapsizmi?
– Ha, aya. Dadamga qarashyapman.
– Qani, yuring ichkariga, – mulozamat qildi ona va hovliga qarab o‘g‘lini chaqirdi. – Abdullajon! Hoy Abdullajon! Tezroq chiq, bolam, Javlon akang keldilar. – Abdulla shoshib chiqib, Javlonning qo‘lidagi qutini olib, ichkariga kirib ketdi. Ona esa uy tomonga qarab qiziga buyurdi, – Nurxon! Tez choy qo‘yvor! Javlon akang sen aytgan televizordan opkepti.
Javlon jonlanib hovliga kirdi, alanglab Nurxonni qidirdi:
– Mayli, bir piyola choy bo‘lsa…
Abdulla qaytib chiqib, supa chetiga o‘tirdi. Ona dasturxon yozib, non ushatdi. Javlon takalluflarga bosh irg‘ab, ko‘zi bilan oshxonadan Nurxonni izlashda davom etdi.
– Ishlar yaxshimi, Javlon aka?
– Zo‘r!
– Televizor necha pulga tushdi?
– Arzon.
– Ha-ya, esim qursin, pulini so‘ramabman ham.
– Pulini qo‘yavering. Amakim bilan kelishvolganmiz.
– Choy ham qaynab qolgandir. – Ona ichkariga kirib, choynak ko‘tarib chiqdi. Javlonning hafsalasi pir bo‘ldi.
– Aytgancha, aya, meni bozorda kutishyotgandi. Uzr-a, choyni keyingi safar icharmiz.
Javlonni kuzatib qaytayotgan Abdullaga peshvoz chiqqan Nurxon ijirg‘andi.
– Ketdimi anavi?
– Ie, nega “anavi” deysan? Bir chiroyli oilaning farzandi. Bo‘y-bastiga odamning havasi keladi.
– Shu bo‘yga yarasha aql ham berganda qaniydi…
Hazratim nima deydilar?
– No‘mon, No‘mon, ilgarigi pivalar boshqacha bo‘larmidi? Bunisini bizdan oldin ham kimdir ichganga o‘xshaydimi?
– Doim shunaqasan-a, O‘ktam. Yettinchi kurujkadan keyin aynishni boshlaysan. Hamma piva – bir. Eshshakni…
Shu vaqt kostyum-shim kiyib olgan, soqoli qirtishlangan Qobil davraga yaqinlashdi.
– Ie, iye, jamoat jamu…
– Bitta siz kam, Qobilboy aka. Keling-keling, – joy ko‘rsatdi O‘ktam.
– O‘ktam, farosating yo‘q, desam, xafa bo‘lasan. Bu kishim kimsan mulla Abdiqobil-ku. Yerga urib Qobil deysan, – O‘ktamga ayyorona ko‘z qisdi No‘mon.
– Qobil deyaveringlar. O‘zlaringni Qobiljonlaringman-da.
– Gunohga botmaymizmikan? Hazratim qaydalar?
– Xayr-ma’zurni nasiya qivordi jipiriq, – ensa qotirib osmonga bir qarab oldi Qobil.
– Qayga ketdi?
– Bu yerdan ko‘rinmaydi.
– Aytgancha, Abdiqunduz qayerda?
– Uyam katta bo‘p qoldi. O‘ziga yoqadigan ishni qilaversin. Menga nima?
– Abdiqobil, kontrol kerak, kontrol!
– Muzdaymikan? – Qobil kaftining orqasini kurujkaga tekkazib, yutinib qo‘ydi.
– Quysinmi?
– Agar malol kelmasa… ko‘pirtirmasdan.
– Ey o‘rtaq, bir kuni safimizga qaytishingni bilardim. Kel, bitta o‘pay. Aylanay, aylanay o‘zimni Abdiqobilimdan. O‘zing eriysan-da bugun, – O‘ktam quchog‘ini ochib talpingancha qoldi. Qobil bo‘shagan kurujkalarni ko‘tarib do‘kon ichiga yo‘rg‘aladi.
O‘zbekchasiga “Hotamtoy” bo‘ladi
Izzat aka chap kaftini ko‘ziga pana qilib, o‘choqqa yorqachoq – payraxa qalab, olovni jo‘nashtirib yubordi. Qozon ichidagi to‘g‘ralgan dumbadan yog‘ silqib, oqish tutun asta taraldi.
– Rustamjon ukam, tikoyoq turib qolding, uzr-da endi, o‘choqboshida o‘tirish taomilda yo‘q, bilasanu…
– E, boyaka, bundan ortiq maroqli tomosha bormi? O‘zi, chaman ochilgan paxtani ko‘rganda, keyin zirvak paytida haqiqiy o‘zbek boshqacha yayraydi.
Yog‘ ichida kahrabo tus olgan jizzaning bir kattaroq bo‘lagi “chivv” etib havo chiqardi-yu, qozon bo‘ylab shitob suza boshladi. Izzat aka kapgir bilan jizzani bir qo‘zg‘ab oldi.
– Rustamjon, sen dunyo ko‘rgan yigitsan, bir narsaga yoqa tutaman, qayga borsang birinchi navbatda qorin g‘ami, yemak-ichmak. Choyxonaniyam o‘zing ko‘rib turibsan, oyoq qo‘ygani joy yo‘q. Televizorni yoqsang hamma kanalda befoyda maslahatlar: ikkita qoqvosh ovqat pishirishni o‘rgatayotgan bo‘ladi. Vey, agar ikki kilo qo‘y go‘shti bo‘lsa har qanday pandavaqi o‘zi biladi qanaqa pishirib yeyishni.
– Boyaka, jizza kuyyapti.
Izzat aka sopol tovoqni olib jizzaning yog‘ini silqitib, suzib olarkan:
– Kuyib qayoqqa borardi, kuymaydi, kuymaydi, – deb ming‘irladi.
– Chetdayam shu ahvol, odamzod birinchi galda tomoq dardi bilan band. Ularniyam ko‘rsatuvlari asosan jinoyat xabarlari, futbol, keyin masxarabozlarning sahnalashtirilgan bahs-shoulari.
– Vey, Rustamjon, – dedi Izzat aka qozonga bozillatib suyak tashlarkan, – bir kuni o‘risni ko‘rsatuvida kurkani ichiga bir juft olmani bo‘laklab tiqib, orqasidan bir shisha qizil vino quyqorsa-ya! Obbo dayus-ey, zakuskasi o‘zi bilan ketdi zang‘arni, dedim.
Izzat aka chapdastlik bilan sopol tovoqdagi jizzaga bir chimdim tuz sepib, bir siqim sabzi va halqa piyoz sochib, Rustamga tutdi.
– Bu deyman, ming xil ovqat boru, hammasi palovxonto‘rani oldidan o‘taversin, Rustamjon. Vey, xorazmcha oshniyam yeganmisan? Samarqandnikini-chi?
– O‘zimizni Chimyondayam o‘shanaqa qovurmasdan “sofaki” osh qilishadi.
Izzat aka qo‘ng‘irtob ko‘rinishga kelgan bir juft ilikli suyakni olib, qozonga “boz-buz”latib bir kosa piyoz tashladi.
– Parhez osh-da. To‘ylarda nahorga berishadi.
Qozonga bir lagan maydalangan “qorakesak” qo‘y go‘shti tushdi. Izzat aka tutun va hovurdan beixtiyor ko‘zlarini qisib, hafsala bilan kapgirni ishga soldi. Go‘sht bir-biridan ajrab, rang ola boshlagach bir tutam sabzi tashlab, qovurishda davom etdi.
– Bunda nima hikmat bor? Sabzini birato‘la tashlamadingiz?
– Hikmati shuki, Rustamjon, – Izzat aka kutilgan savoldan mamnun bo‘lib bir qad rostlab oldi-da, sirli ohangda izoh berdi, – go‘sht yumshoqroq pishadi… Buni rishtonliklaram bilishmaydi, – deb “ishonaver, biz bilamiz-ku” deganday chap ko‘zini chala qisib, og‘zini bujmaytirib, quruq burun tortib qo‘ydi.
– Menam choyxona solmoqchiman. Dehqonchilikdan ko‘ra shu osonroqmi deyman. Maktabdayam yozda ish yo‘q. Ta’tilda bekorchilik. Shunga, choyxona qursam, harna yoz kunlarida besh-o‘n so‘m kep turarmidi, – Rustam choyxonachiga sinovchan tikildi.
Izzat aka kutilmaganda shapaloq yegan odamday bir qalqib tushdi.
– Hm-m… Enangni it tepgur Isroilni sabzisi erkak ekan, boshqa mushak sabzi opkeltirdim… Shunaqa degin-a? Lekin hozir choyxonaga keluvchilaram kamayib ketgan. Tag‘in, xarajatingga kuyib qolmagin, ukaginam, – jon tortgan bo‘ldi Izzat aka.
– Kelishadi. Narxini sizning choyxonangizdan ko‘ra arzonroq qilib qo‘yganimdan keyin, albatta, kelishadi. Men suvni bo‘yiga – Bachqirariqqa mindirib quraman, salqin bo‘ladi. Ko‘proq xarj qilganlarga bitta aroq tekinga beraman. Shaharda shunaqa ekan.
– Omadingni bersin, – deb norozi ohangda to‘ng‘illadi choyxonachi. – Lekin hamma ishni o‘z egasi, piri bor, tag‘inam bilmadim…
– Hazillashdim, boyaka. Choyxonani g‘ovg‘asiga menda toqat bormidi?
Choyxonachining chehrasi yorishdi:
– Shunaqa do‘stdan yana bitta bo‘lsa, dushmanga ish qolmaydi.
– Boyaka, sizning obro‘yingiz baland. Bokschilarimga homiylik qilsangiz, ta’siri boshqacharoq bo‘lardi. Bir o‘zim yonimdan sarflab yuraversam, “Rustam tentak topganini begona bolalarga sarflaydi”, deydiganlar yana ko‘payadi.
– Keyin ikkita tentak bo‘lamiz-da. Shundaymi? Esh-qo‘sh bo‘lib-a?
– Boyaka, bir rivoyat bor. Ketadimi?
– O‘choq boshida juda ketadi-da. Sharmandasidan bo‘lmasa bo‘ldi.
– Yo‘g‘-e, ibratlisidan. “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan”ini tashlab aytaveraman-da. Xullas, bitta sizga o‘xshagan gurillagan boy bor ekan. Sizga o‘xshamagan jihati, qistalaq, xudo urgan xasis ekan. Shunchalik ziqna ekanki, havoni ko‘proq shimirib, kamroq chiqarishga urinarkan…
– O‘bba qizpurush-ey! Mabodo moskovchi Nuriddinni opadadasimasmikan?
– Alqissa, o‘sha boy bir sandiq duru javohirlarini o‘zimizning Jiydaliga o‘xshagan joyga payt poylab dafn qilibdi.
– Juda o‘xshatvorasan-da, Rustamboy, “dafn qipti”, demasdan “ko‘mib qo‘yibdi”, desang-chi!
– Boyaka, odatda jonsiz jismlar ko‘miladi, boyning nazarida xazinasi farzandi-yu otasidan, onasidanam qadrli jigarbandi bo‘lgandan keyin dafn etgan bo‘ladi-da. Iltimos, rivoyatni orasiga otashkurak tiqmay turing. Shu desangiz, har o‘n yilda bir borib yarim tunda yerni qazib, sandig‘idan xabar olib, yana dilxush yashayverarkan. Navbatdagi o‘nyillik yakunida borib “Ke, qirq yildan beri javohirlarimni ko‘rmadim, qachongacha sandiqni siypalab qaytaman”, deb zanglagan qulfni tosh bilan urib ochib qarasa, xazina o‘rnida bir juft binoyiday tappi bir-biriga mingashib turgan emish. Boy “do-od!” deb peshonasiga bittani uribdi-yu, alchayib hushidan ketibdi. Bir mahal mol bozoridan qaytayotgan Xo‘roz buva boyni bu tahlit topib, u yoq-bu yog‘iga urib o‘ziga keltiribdi. Falokat sababini eshitgach, “E, boyaka, ajoyib odamsiz-da, bunday qiling, tappi qolaversin, qulfni joyiga iling, sandiqni ko‘mib, xuddi xazinangizga it ham tegmaganday gerdayib yuravering, axir bu boylik sarf bo‘lmasa, ehson qilinmasa, birovga foydasi tegmasa, bas, tillo nima-yu, tappi nima?!” deb boyning orqasiga bitta shapatlab qo‘ygan ekan.
– Va-xa-xa-xa, yomon yopishtirdingu, Rustamboy, – dedi Izzat aka tutundanmi yoshovsiragan ko‘zlarini kafti bilan artib.
– Xullasi kalom, boy degani ozgina qo‘li ochiq bo‘lishi, har zamonda dunyoviy ishlargayam chiqim qip turishi kerak. Bundaylarni chetdagilar “metsenant” deyishadi. O‘zbekchasiga “Hotamtoy” bo‘ladi.
– Qilib yurgan ishlaringga ba’zan hayron qolaman, – dedi Izzat aka iyig‘i chiqqan eski do‘ppi bilan qaynab turgan chovgum dastasidan tutib qozonga suv quyarkan, – to‘g‘ri, savob ham kerak. Ammo-lekin tutuming Afandining tuxumfurushligiga o‘xshaydi… Men unaqa Hotamtoylik qilolmayman.
– Boysiz-u.
– O‘zing-chi?
– Sizdan o‘tib qayoqqayam borardim. Sizning homiyligingizni yaxshi tarafi – bolalar chetdan biron-bir sovg‘a olishsa boshqacharoq tatiydi. Qolaversa, sizgayam savob kerag-u. Bilasizmi, bokschilarimga homiylik qilsangiz, qancha savobga qolasiz.
– Qancha?
– Musobaqaga borganida qishlog‘imizning sha’ni uchun urgan har bir zarbasidan sizga savob yoziladi.
– Ol-a! Boplading, – choyxonachi chap ko‘zi bilan osmonga ishora qilib gapida davom etdi, – u yoq bilan kelishib qo‘yganmisan?
– Viloyat birinchiligida yutib kelsa, butun tuman duo qiladi. O‘sha duolardan sizgayam tegadi-da.
– Respublikada qatnashganlarga homiylik qilsam, millionlab odamlarning duosiga qolarkanman-da, – choyxonachi yoyilib kuldi, so‘ng birdan jiddiy tortib savol tashladi, – yutqazgan tarafning qarg‘ishiga kim qoladi?
– Kim qolardi, ustozi-da.
– Topqirsan, Rustam. Gapni topib gapirasan. Pulni rozi qilib olishni bilasan.
– Pulingiz ko‘paysin, Boyaka!
O‘choqboshiga alanglab kirib kelgan Faxriddin dallol qozonga suqlanib qaragancha Rustamga qo‘lining uchini berdi:
– Hormanglar!
– Keling, Faxriddin aka.
– Iya, “Tayson”ni otasi-ku. Adhamjonning dadasisiz-a? Keling, keling, – choyxonachi qo‘shqo‘llab so‘rashdi.
Dallol odob saqlab qo‘l qovushtirdi:
– Ha, keldik, rahmat! Bu yog‘i shadovur palov ekan-da… – kekirdagini o‘ynatib “g‘o‘ld” etkazib yutinib qo‘ydi.
– Bu kishini farzandi nasib qilsa hali katta musobaqalarga boradi. Kelajagi bor shogirdlarimdan.
– Rahmat, Rustamjon! O‘g‘limizga ancha mehnatingiz singdi. Unutmaymiz. Shu o‘g‘lim bilan bi-ir rasmga tushib qo‘ymabsizlar-da. Esdalik bo‘p qolardi.
– Esdalik?.. Tinchlikmi?
– Tinchlik. Ko‘chadigan bo‘p qoldik. Endi shaharda boksni davom ettirar. Tashlamaydi, xudo xohlasa.
– Dab-durustdan shaharga ko‘chib ketaverasizlarmi? Birov xafa qildimi? Yo niyat bormidi shunaqa? – dedi Rustam ranjiganini berkitmay.
– Niyat bor edi. Ish topildi. Uy tayin bo‘ldi. Yaxshi-yomon gapirgan bo‘lsak, rozi bo‘larsizlar… Taqdir-da, Rustamjon, bordi-keldi qip turamiz…
Faxriddin uzoq xayrlashib, qozondan ko‘z uzolmay, ikkilanibroq eshik tomon yurarkan, ostonada to‘xtab yana bir marta:
– Bo‘pti bo‘lmasam, oshlaring shirin chiqsin, xayr, – deb eshikni qiya yopdi.
– Sengayam osonmas, mehnatingga achinyapsan-a?
– Ilyos akaning o‘g‘liyam armiyaga ketadigan bo‘pti. To‘rt yil boksni o‘rgatganim bir yildan keyin nima bo‘larkin…
– Armiyadayam sport bilan shug‘ullanishadi-ku. Unutvormas.
– Unutishga unutmas, lekin o‘zida ishtiyoq qolarmikan? – Rustam xo‘rsinib qo‘ydi. – Kech bo‘p qoldi. Men endi boray.
– Ie, vey, tayyor oshni tashlab-a?! Cho‘ng‘araning devzirasidan toptirib keltirdim-ku sen uchun, boshqaga hayf!
– Rahmat. Uydayam ishlarim boridi.
– Aytgancha, haligi gaping hazil edi-a? Choyxona to‘g‘risidagi…
– Yo‘q, chin. Rostdanam choyxona ochmoqchiman.
– Unda men boks maktabi ochaman, – ikkovi ham kulib yuborishdi.
– Soddaligingizam bor-da. Choyxonani boshimga uramanmi?
– Mayli, tegishingni tovoqqa solib uyingga kiritvoraman. Faqat tovoq qaytsin, xo‘pmi?
Uying bormi seni?
– Menga qara, ey mullavachcha, nechchi marta aytish kerak senga? Vaqting tugadi! Uying bormi seni? Soat o‘n bir bo‘ldi-yu! Bo‘ldi, yopaman! – boshqaruvchi kompyuterxona pardalarini tortayotib o‘ziga o‘zi javradi. – Tavba! Bu bolani ota-onasi tirikmikan? Bolam qayda, kim bilan yuribdi, dunyoqarashi rivojlanyaptimi-yo‘qmi, mafkuraviy immuniteti qay darajada deb qiziqmasa-ya. Axir butun dunyoda globallashuv jarayoni ketyapti, axborot xuruji avjiga mingan, tavbangdan ketay. Mana fojia qayda?!
Abduqunduz o‘chirilgan kompyuter yonida birpas ko‘zlarini ishqalab o‘tirdi, boshqaruvchi zarda bilan yengidan tortib ko‘chaga ravona qilayotganida engashib paypog‘i ichidan g‘ijimlangan ming so‘mlik chiqazib, uning qo‘liga tutdi. Boshqaruvchi pulni oldi-yu, yon cho‘ntagiga tiqib, “Bo‘pti, to‘loving qabul qilindi, lekin ertalab sakkizda kelasan, joying birovga berilmaydi”, deb mijozi bilan qo‘rs xayrlashdi.
Keyin eshikni qulflash uchun kalit tanlarkan, muk tushib kompyuter o‘ynayotgan yoshroq bolaga yaqinlashib, barmoqlarini taroq qilib, o‘siq sochlarini taradi, – Qo‘zim, bo‘ldi, o‘chiring. Qolganini ertaga o‘ynaysiz. Ayangiz ashsha pishirib qarab o‘tirgandir, qo‘zim…
Oshiq og‘zidagi osh
Peshtoqiga “Meliqo‘zi maxsim suppermarkit” deb yozilib, noshudlik bilan turli gullar, meva-sabzavotlar, shishalar rasmi tartibsiz chizilgan qishloq do‘koni eshigiga bir bog‘ isiriq, qalampir, taqa va qo‘ytikan ilib qo‘yilgan. Qizil to‘nli Qorbobo tasviri tushirilib, “Yangi yilingiz bilan!” deb yozilgan oyna tagida kalta ishtonli bolalar cho‘nqayib o‘tirgancha muzqaymoq yalayapti. Do‘kondan qo‘lida xaltacha bilan chiqqan Azizning ko‘zi tomigacha yuk ortilganidan inqillab kelayotgan eski “Moskvich”ga tushdi. Mashina do‘konning eshigiga ko‘ndalang to‘xtadi. Aziz ulovidan bir amallab tushgan xo‘ppasemiz Meliqo‘zi maxsim bilan so‘rashgani qo‘l uzatdi.
– Qarashvoraymi, maxsim tog‘a?
– Bor, ishingni qil, – ters javob berdi maxsim.
– Ha, tog‘a, tinchlikmi? – Aziz hech narsaga tushunmay, hayron bo‘lib maxsimning yuziga qaradi.
– Qishlog‘imizdan bir mard yigit chiqdi, deb suyunsak, bu yog‘i chatog‘-u!
– Nimasi chatoq?
– Og‘zingdagi oshni oldirib o‘tiribsan-u, bundan chatog‘i bo‘ladimi?
– Ochiqroq gapiring, tog‘a.
– Soyib nosvoyning bog‘iga borgin, darrov tushunasan. Ha, chempion!
Moskovchi boy
– To‘yga aytishni birinchi bo‘lib sizdan boshladim, Rustamjon. Hurmat bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da, a? – deya taklifnoma tutqazdi hamqishloq.
– Rahmat, Nuriddin aka.
– Quruq rahmat bilan qutulmaysiz. Xo‘pmi?
– Xo‘p. Bizdan nima xizmat?
– Ha, yashang! Uka degani shundoq bo‘lsa-da. Ota-bobolarimiz davrida to‘y kurashlari bo‘lardi. Bu, qishlog‘imizdagilarga nima bo‘ldi, hayronman. Kim to‘y qilsa, endi bokschilarsiz o‘tmayapti. Tushundingiz-a, Rustamjon?
– Tushundim.
– Eng zo‘r, chayir, urishqoq bolalarni to‘plab olib boring. Bir mazza qilib tomosha qilishsin.
– G‘oliblarga sovg‘a masalasi nima bo‘ladi?
– Sovg‘asiga mana biz turib beramiz-da.
– Boks tushib zarba yeyish og‘ir, zarbani berish undanam og‘ir. Shunga yarasha mukofot qo‘yasiz. Kurash sayllaridayam mukofotlar bo‘ladi, xabaringiz bor.
– Albatta, ukajon. Uyaltirib qo‘ymayman. Ishondim-a.
– Ishonavering, – Rustam qulog‘i ding bo‘lib turgan shogirdlariga qarab qo‘yib, davom etdi, – G‘oliblarga bittadan tuya.
– A?
– Mayli, bittadan qo‘chqor bo‘laqolsin, – Rustam bolalarga yuzlandi, –To‘yda yutganlarga qo‘chqor bermoqchi amakilaring.
– Rustamjon, uyimni topolmay qolaman-a.
– Moskovchi boyman deb to‘ylarda pul sochasiz-ku. Iftixorxo‘janing sunnat to‘yida Erali hofizning boshidan bir o‘ram ikki yuztalikni sochganingizni ko‘rib, pul zavodi bormikan akaxonimni deb o‘ylab qolgandim. Savlatingizga qarang, uloqchi ot hurkadi.
– O‘zim bilib beraman, el qatori. Savdolashmaylik.
– Yo‘q, aniq gap ayting. Nasiyaga mushuk oftobga chiqmay qo‘ygan.
– Bo‘pti. Aytdim-ku hamma nima sovrin tiksa, undan kam qilmayman. Ungacha yana ko‘risharmiz. Lekin hozir temir daftarga tirkab qo‘ying. Esdan chiqib to‘y ertasiga bir-birimizga qarab jilmayishib qolmaylik…
– Ustoz, bu to‘yda kimlar boks tushadi? – so‘radi shogirdlardan biri.
– Buni birgalashib kelishamiz. Oldingiday rostakamiga emas, mashg‘ulot paytidagidek tomosha qo‘yamiz. Eng muhimi, hatto to‘yda ham odamlar boksga ishqibozlik kilishyapti. Gap sovrinda, mukofotdayammas, boks ommalashyapti. Menga kerakli tarafi shu.
Bolalar birdan qiyqirib, sakrab yuborishdi. Rustam qayrilib, ortida bir chelak shaftoli ko‘tarib turgan Hidoyatni ko‘rdi. U hammaga ikkita-ikkitadan meva tarqatdi. Oxirida bo‘shagan paqirni to‘ntarib, Botirjonni o‘tqazdi va shaftolining po‘stini archib, unga mehr bilan tutdi.
Navbatdagi raund
Rustam hovlisi yonida turgan “Mersedes”ga hayron bo‘lib qaragan edi, ulov ichidagilar u bilan baravar bosh irg‘ab salomlashdi. Darvozadan ichkarilarkan, so‘rida otasi ro‘parasida lo‘labolishga yonboshlagan Elmurodni ko‘rib, ta’bi tirriq bo‘ldi-yu, istar-istamas borib so‘rashdi.
– Rustamboy, ajoyib do‘stlaring bor-da. Mana, Elmurodjon bilan bir soatdan beri qaymoqlashib o‘tiribmiz. Shunaqa azamat yigitlar ko‘paysa, hammaga yaxshi bo‘ladi.
Rustam quruqqina qilib:
– Ha-a… Nimasini aytasiz, – deb qo‘ydi.
– Kim kimligini yoshi ulug‘larimiz yaxshi biladi-da! – dedi zavqlanib Elmurod, – Tilla bilan misni ajratadigan zargar-da bular.
– Bir soatdan beri o‘tiribsizlarmi? Maktabga odam jo‘natmabsiz-da, dada.
– Seni darsdan qo‘ymaylik deb… Direktoring ham injiq emasmi…
– Men ham shuni aytaman-da, ota. Qayoqdagi direktor-pirektorlarning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirmay, bo‘ladigan ishni qilaylik, deyapman, ota, – Elmurod bo‘shagan piyolaning labiga chertib, Rustamga uzatdi.
– Har kimning rizqi o‘z yo‘lida, deysiz-ku, dada. Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak. Odam bir ish qilsa, behadik, ichi chiqib qilishi kerak, deb tarbiya bergansiz, to‘g‘rimi, dada?
Otasi o‘g‘lining mehmonni xushlamaganini payqab, ikkalasiga ham bir-bir hayratlanib nazar tashlab oldi:
– Ha, mayli, o‘g‘illarim, o‘zlaringni xos gaplaring borga o‘xshaydi. Men bir mol-holga qarab kelay. Sizlar bemalol… – yuziga fotiha tortib, tizzasiga tayanib turib ketdi.
Rustam otasini nigohi bilan kuzatib qo‘yarkan, uzoqlashishi bilan:
– Muddaoga o‘taylik, – deb cho‘rt kesib qo‘ya qoldi.
– Rustamjon, do‘stim, shing‘ovini eshitgandirsiz, o‘zingiz zog‘ yigitsiz. Ochig‘i, yigitlarim besh yildan beri chetga chiqib, ko‘cha janglarida qatnashib keladi. Yutuqlarimiz bor. Mablag‘imiz yetarli. Lekin tajribali mutaxassis topolmayapman. Yaxshi kurashchi, karatechi murabbiylar bor. Ammo ko‘cha jangida boks ham juda zaril ekan.
– Qora tomosha deng? Xo‘roz yo qo‘chqor urishtirishdek gap-da. Qisqasi, qimor-da, to‘g‘rimi?
– Darrov qizishasiz. Endi birinchi raund boshlandi-yu, – Elmurod kuchlanib kuldi, – Biznikiyam sport. Xalqaro darajada. Aytaylik, Taylanddagi jahon birinchiligida o‘zbekistonlik falonchi hammani sindirdi, degan gap obro‘ keltirmaydimi?
– O‘sha obro‘ necha pullik? Maqsad birovning ustidan pul qilish emasmi? Bu dunyoda pulning haloli, haromi degan gaplar bor.
– E, menga qarang, erkak! Muncha pul, pul deb qoldingiz. Pul bu – vosita. Vosita hammaga kerak. Sizga kerakmasmi yo? Hovlingizni ahvolini qarang. Kechirasiz-u, otaxonni mahsisiga qaragan odam sizga rahmat demaydi… Pul bo‘lsa, hozir farzand ham ko‘rish mumkin. Chorasi bor…
Rustam Elmurodga g‘azab bilan tikilib qoldi. Mehmonning ovozi ham, rangi ham o‘chdi.
– Uyimda mehmonsiz, bo‘lmasa… Ha, mayli… Uzr, boqqa chiqmoqchiydim. Bir-ikkita to‘nkalarni qo‘porishim kerak…
Elmurod yasama xushhollik bilan chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
– Mehmondo‘stlik uchun rahmat. Nasib qilsa, keyingi raundlarda yana ko‘risharmiz. Onaxonni so‘rab qo‘ying.
Ha o‘l-a, suzma!
– Ho‘v, Izzat, o‘zingni to‘yingdayam qozonga shuncha go‘sht tashlarmiding? Odam yegan bilan shoxi chiqarmidi? Huzurini makkapoya ko‘radi. Bu seni nasiya choyxonangmas! Tag‘in bu xolavachchamish… Ho‘v boyvachcha, birinchidan, go‘sht odamni qaritadi, ikkinchidan, uyquni qochiradi, xayolni bo‘ladi… – to‘yxona egasi Nuriddin moskovchi shu tariqa oshpazga malomat yog‘dirayotgan payti Rustam bir guruh shogirdlari bilan to‘yxonaga kirib keldi. Moskovchi boy qo‘lidagi bir bo‘lak go‘shtni tog‘oraga qayta tashlarkan, Izzat akaga o‘qraygancha ovoz chiqazmasdan og‘iz harakati bilan yana bir narsalarni darg‘azab uqtirdi-da, yangi mehmonlar istiqboliga tabassum bilan shoshildi.
Xizmat qilib yurgan Nurxon qo‘lqopini bir-biriga urishtirib, yelka tashlab odamlar oralab kelayotgan Azizga imkon qadar yaqinlashib, salom berdi. Aziz uni ko‘rmaganday atay boshqa tomonga qarab birov bilan salomlashgan bo‘lib o‘tib ketdi.
– Aziz do‘stlar! Mana bugun Nuriddinboy elga to‘y beryapti. Iloho, to‘ylari oxirigacha mana shunday tinch, fayzli o‘tsinkim, aslo melisavozlikka o‘rin qolmagay! Omin! Kurashchi polvonlarning bellashuvini ko‘rdik. Ana endi davraga bokschilarni taklif qilamiz. Marhamat, Rustamjon!
Davraga Rustam chiqib, mikrofonni oldi-da, birma-bir yosh va vazn toifasiga qarab juftliklarni maydonga chaqira boshladi. Nihoyat, navbat Azizga kelganda raqib topilmay qoldi.
– Qadrli hamqishloqlar, nima qilamiz? Raqib bo‘lmaganidan keyin Azizbekni g‘olib deb e’lon qilamiz-da! Yo boshqa taklif bormi?
Aziz davra chetida qo‘l chalishtirib turgan Javlonga qarab:
– Bizga yoshiniyam, vazniniyam farqi yo‘q. A, Javlon aka? Bir tashlashamizmi? – deb gap qildi.
– Men… bokschimasman-u… Kurash bo‘lganda, boshqa gap edi, – dedi Javlon vaziyatdan silliq chiqib ketganiga yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘lib.
– Bo‘ldi! Tamom! Kurashamiz! – Aziz bu shartga ham rozi bo‘lib qo‘lqoplarini yecha boshladi.
Ikki raqibga to‘n va belbog‘ berishdi. Javlon noiloj belini bog‘lab, davraga chiqdi. Azizning ko‘zi ayvonda qizlar davrasida voqeani hayajonlanib kuzatib turgan Nurxonni qidirib topdi.
Bakovul kurash shartlarini tushuntirib, bellashuvga ruxsat berdi. Davradagilarning “Bekor qildi-da Aziz, Javlon ezib qo‘yadi”, “Boks bilan kurash boshqa narsaligini bilmaydimi bu?”, “Aziz chiniqqan-da, Javlon xomsemiz” kabi gap-so‘zlari quloqqa chalindi. Aziz bel olishi bilanoq “Yo madad!” deb Javlonni bir siltab o‘ziga tortdi-da, oyog‘ini yerdan uzib, yelkasidan oshirib tashladi. Raqibini yerga bosgancha atrofga qaradi. Qiyqiriq, olqishlar, “Halol!” degan hayqiriqlar ketidan “Obbo, po‘k ekanu bu”, “Kiprik qoqquncha qoqib qo‘ydi-ya”, “Kuchli kuchli ekan-da, a?”, “Ha, kuchli kuchli-da!”, “Vey, bu Javloning popiris chekib, hotdog yeb yuravergan ekan-da!”, “Ha o‘l-a, suzma!”, “Sportchi baribir sportchi-da” kabi qizg‘in munosabatlar quloqlarni batang qildi.
Aziz o‘rnidan turarkan, yana nigohi bilan Nurxonni izlab topdi. Nurxon quvonchdan sakrab, qarsak chalayotganini ko‘rib hayronu lol bo‘ldi.
Chaqaloqni ismi nima bo‘ldi?
– Gerakl aka, qayga ketyapmiz? Aytmadingiz, – dedi qiziqsinib Abdulla.
– Sen bilan biz hali uzo-o-q manzillarga boramiz. Muhimi, shoshmasdan shoshilish kerak. Og‘ir karvon baland dovon oshadi.
– Aka, mana shu mashina necha pul turadi?
– Ancha, – kulib qo‘ydi Gerakl.
– Ellik ming turar?
– Ellik mingga buni chirog‘iniyam silatmaydi, dagar, – Gerakl bolaning soddaligidan zavqlanib, boshining orqasiga yengil kaft urib qo‘ydi, – Ellikni orqasiga yana bitta nol qo‘yvor.
– Yo‘g‘-e, yarim millionmi?! Qoyil! Bizgayam nasib qilarmikan?
– Niyatni yaxshi qilaver. Men nihoyatda kambag‘al, nochor oilada tug‘ilganman. Ishonasanmi, o‘n oltita farzand edik. Otam kolxozchi, onam bekorchi edi. Ota-onaga yordam berish kerakmi? Kerak! Qanaqa yo‘l bilan bo‘lsa ham ularni rozi qilish shart, – ko‘rsatkich barmog‘ini havolatdi, – axir ular – ota-ona! Seni dunyoga keltirgan. To‘g‘rimi?
– To‘ppa-to‘g‘ri!
– Haqiqiy o‘g‘il bola ota-onasi nochor, qiynalib turganini ko‘rib, chidab tura oladimi? Yo‘q.
– Chidab turolmaydi!
– Bale! Chidab turolmaydi. Men ham chidab turolmadim. Tirikchilik yo‘lini tutdim. Mana, kam bo‘lganim yo‘q.
– Ota-onalaringiz hayotmi?
– Ha… – biroz to‘xtab, so‘ng qo‘shib qo‘ydi, – hayot…
Mashina to‘xtab, tushishdi. Gerakl ro‘paradagi toqqa ishora qildi:
– Ko‘ryapsanmi?
– Tog‘nimi? Ko‘ryapman.
– Sen bilan men mana shu tog‘lardek bardoshli bo‘lishimiz kerak. Qasd qilganlar qiya bo‘lib ketaveradi. Tog‘ga tosh otgan bilan nima bo‘ladi, bilasanmi?
– Tosh dumalaydi.
– Yo‘q, otilgan toshlar hisobiga tog‘ yanayam kattalashadi.
– Farzandlaringiz ham bormi?
– Bitta o‘g‘lim bor. Endi ikkitaga ko‘paydi.
– Tabriklayman. Chaqaloqni ismi nima bo‘ldi?
– Abdulla.
– Ie, menga adash bo‘pti-yu!
– O‘sha bola sening o‘zingsan. Men seni o‘z o‘g‘limday yaxshi ko‘rib qoldim.
– Yo‘g‘-e… – xursand bo‘lib ketdi Abdulla.
– Ha. Sen og‘zida qulfi bor, tishi tiliga qafas bo‘lgan, ishonsa bo‘ladigan, sotmaydigan, chinakam mard yigitga o‘xshaysan. Menga senday sadoqatli yordamchi kerak. Lekin avval sinovlardan sog‘-salomat o‘tishingga to‘g‘ri keladi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 5-6-sonlar