Jahongir poyezddan tushib, mashinaga o‘tirganida kun peshindan o‘tgandi. Mashinaning ochig‘ oynasidan esgan shabada uning mehmonligini bilgandek tavoze bilan yuz-ko‘zini silab o‘tdi. Keyin o‘ynoqiligi tutib, uning siyrak sochini yelpitib, chehrasini ayovsiz shapatilashga tushdi. Mashina shahardan chiqib, oq suvoq uyli qishloqlarni ortda qoldirgancha yelib borardi. Esini taniganidan beri shaharda yashagan, qishloq turish-turmushidan mutlaqo bexabar Jahongir pastak uylarga, yo‘ldagi goh eshak arava mingan, goh qo‘ylarni boqib yurgan odamlarga allanechuk achinib boqardi. Kun botar mahal mashina tor qiyalik yo‘ldan o‘tib, tog‘ bag‘ridagi qishloqqa yaqinlashdi. Ulov ichida bo‘lsa-da, tushida ko‘rgan tog‘larni qarshisida ko‘rib, Jahongirning yuragi gursillab urib ketdi. Go‘yo eski qadrdonini ko‘rganday hayajoni chandon ortdi. Xuddi tushidagiday. Oq cho‘qmor telpagini kiyib, bulutni-da mensimay, adl turgan cho‘qqi, ko‘z ilg‘amas olislarga cho‘zilib ketgan baland-do‘ngliklardan iborat tog‘. O‘ngida ilk marta ko‘rib turgan bo‘lsa-da, Jahongir bu tog‘larni necha martalab tushida ko‘rgan.
— Aka, shu yerda biroz to‘xtatib yuborasizmi? — deb yubordi beixtiyor.
YO‘l bo‘yi miq etmagan haydovchi ilkis ortga o‘girilib, yo‘lovchiga hayron bo‘lib tikildi.
— Tog‘ning toza havosidan biroz to‘yib olsam devdim. Ko‘pga emas, bir necha daqiqa yetarli…
Haydovchi tormozni bosdi. Mashinadan tushgan Jahongir qarshisidagi toqqa ishonolmay tikildi. Qaragani sayin ko‘z oldidan doimgi tushi xuddi qayta namoyish etilayotgan kinoday o‘ta boshladi. Bir yildirki, kunda kunora bu tushni ko‘radi. Xuddi hozir o‘ngida ko‘rib turganiday Oq cho‘qmor telpagini kiyib, bulut bilan kim o‘zar o‘ynayotgan cho‘g‘g‘i, ko‘z ilg‘amas olislarga cho‘zilib ketgan baland-do‘ngliklardan iborat tog‘. Qarshisida toqqa g‘aragancha qo‘llarini samoga ko‘targan ayol. Ayolning uniqqan chit ko‘ylagi, boshidan tushib, yelkasini yopgan ro‘moli, yonginasidagi temir paqiri — barchasini aniq-tiniq ko‘radi-yu, uning yuzini ko‘rolmaydi. Hatto yig‘lamsiragan ovozi ham qulog‘iga elas-elas chalinadi. Ayolga yaqinlashmoqchi bo‘lganida uyg‘onib ketadi. Ko‘zini ochganida jiqqa terga botib, to‘shagida yotgan bo‘ladi. “Bu ayol kim bo‘ldi? Nega mening tushimga kiraveradi?” degan savollar avvaliga Jahongirning xayoligayam kelmadi. Bosinqirab uyg‘ongan kabi yuragi g‘ashlanib yuraverdi. Otasi vafotidan oldin barchasiga iqror bo‘lmaganida balki bu tush uning uchun shunchaki bosinqirash bo‘lib qolaverardi… O‘shanda otasining tobi qochib, yotib qoluvdi. Qayta-qayta qilingan muolajalar uni sog‘aytirish o‘rniga kun sayin yuzi zahillashib, ozib-tuzib ketdi. Jahongir ishdan qaytganida otasi yotgan xonaga kirib, hol-ahvol so‘rab chiqardi. O‘sha kuniyam doimgidek hol so‘ragani kirdi. Otasining yuziga qizil yugurgani, o‘zi ham allanechuk bezovtalanayotganini ko‘rib, xavotirga tushdi. Tez yordam mashinasini chaqirmoqchi bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘aluvdi hamki otasi muhim gap aytmoqchiday uning bilagidan ushlab, joyiga o‘tirg‘izdi.
— Bolam, menga qolsa, bu sirni go‘rimgayam olib ketardim. Lekin onang “Sizsiz men buni qanday aytaman? Shuncha payt yashirib keldik. Endi barchasini ayting. Kap-katta oilali o‘g‘limni ortiq aldashni istamayman. Qachonlardir xabar topsa, mendan ranjiydi”, deb holi-jonimga qo‘ymayapti. Onangniyam gapida jon bor. Men o‘tib ketsam, u qo‘lingga qarab qoladi. Mabodo, haqiqatni bilib qolib, undan yuz o‘girsang, mening xudbinligim evaziga u azobda qoladi. Chunki bu sirni senga aytishimizni juda ko‘p marta aytgan. Lekin men istamagandim.
— Ota, nimalar deyapsiz? Qaysi sir?.. — so‘radi Jahongir otasining mujmal gaplariga tushunolmay.
— O‘g‘lim, oying seni tuqqan emas! Men seni otangman. Uch yoshingda o‘z onangni bag‘ridan yulib kelganman. E, taqdir deganlari shu ekan. Men Hanifa bilan turmush qurib, baxtli yashayotgandim. Qilgan xatoyim— ota-onam norozi bo‘lsayam kursdoshimga uylanib, shaharda yashay boshladim. Otam mendan qattiq ranjidi. Onam esa toki qishloqda uylanib, ularning yuzini yorug‘ qilmagunimcha meni kechirmasligini aytdi. Ikki o‘t orasida qoldim. Bir tomonda ota-onam roziligi, ikkinchi tarafda menga ishonib, turmushga chiqqan ayol sha’ni, ko‘ngli. Hanifa tushungan, aqlli ayol, faqat o‘zini o‘ylamadi, ota-onamni ham rozi qilishimga ko‘ndirdi. O‘ylay-o‘ylay oxiri qishloqqa qaytib, ular aytgan qizga uylanmoqchiligimni aytdim. Otamning g‘ururli edi, to‘y o‘tmaguncha yuzimga qaramadi. Onam esa singlisining qizini kelinlikka tanladi. Xolavachcham bilan fotihalanib, shaharga qaytdim. Ichim to‘la dard. To‘y yaqinlashgani sayin bu dard yuragimni tars yorgudek kattalashib borardi. Xolavachcham Gulshan maktabni tamomlagan, oq-qorani ajratmagan g‘o‘rgina qiz edi. To‘y kuni uning hech narsadan bexabarligini, menga uyalinqirab qarab qo‘yayotganini ko‘rib, o‘z-o‘zimdan nafratlanib o‘tirdim. Onamning qistovi bilan bir hafta qishloqda qoldim. Keyin ishlarim ko‘pligini bahona qilib, shaharga qaytdim. Gulshan menga ergashishga ota-onamning yuzidan o‘tolmadi. Uning jur’atsizligidan yengil tortib, shaharga tomon uchdim. Shu ketgancha olti oydan keyin onamning tinimsiz chaqirig‘i bilan qaytdim. Gulshan homilador bo‘lib, uning beg‘ubor yuzi dog‘ bosib, qorayib ketgandi. Uni yanayam ozib, kichrayib qolganini ko‘rib, achinib ketdim. Jur’atsizligim tufayli ikki tomonda ikki ayolni baxtini kemtik qilganim, ularga xiyonat qilayotganim uchun ich-ichimdan o‘rtanardim. Bir necha kun turib, ortimga qaytdim. Shu ketganimcha Sardor o‘g‘lim tug‘ilganida qishloqqa qaytdim. Shundayam Gulshan mendan o‘pkalamadi. Qishloqda o‘g‘lim, shaharda ikkinchi qizim tug‘ilganida men ikki o‘t orasida qovurilardim. Endi ikki xotinimni ham teng ko‘rishim, farzandlarimga otalik qilishimni o‘ylab, o‘zimni qo‘lga oldim. Ikki-uch oyda qishloqqa borib, ahvollashib kelardim. Akang ikki yoshga to‘lganida sen tug‘ilding. O‘shanda onam sizlarni menga qo‘shib, shaharga jo‘natmoqchi bo‘luvdi. Men esa qo‘rqoqlik qilib, kallai sahardan shaharga qochib ketdim. Bu yerda o‘z oilam, shirindan shakar ikki qizim bo‘lishiga qaramay, qishloqdan biron yaqinim kelib, sharmanda qilmasin, degan xavotirda kunimni o‘tkazardim. Bir kuni telegramma orqali onamning tobi qochib, og‘irlashib qolganini yozib yuborishibdi. Men nomard o‘g‘il, onamni shuncha qiynaganim yetmaganday, endi oqibatsizlik qilib tamom qildim, deb yurak hovuchlab qishloqqa qaytdim. Eshikdan kirishim bilan onamning menga ilhaq bo‘lib yotgan ko‘zlaridan duvillab yosh quyildi. Titroqli qo‘llari bilan yuzlarimni siladi. Keyin xirillagancha rozilik so‘rab, jon berdi. Onamni tuproqqa topshirib, qishloqqa sig‘may qoldim. Onamning o‘limida, besh yildan beri er kutib, eshigimda sarg‘aygan Gulshanning ko‘zlaridagi mungda o‘zimning aybdorligimni ko‘rayotgandim. Ma’rakalari o‘tishini ham kutmay, shaharga qaytdim. Bir yil o‘tdi. Boshim g‘urbatdan chiqmay qoldi. Hanifa kasallanib, oxiri tug‘mas bo‘lib qoldi. Ikki qizimni, sevib uylangan ayolimni qanchalik yaxshi ko‘rsam-da, ko‘z oldimda o‘g‘lim yo‘qligi alam qilardi. Shunda qishloqqa borib, akang ikkovingdan biringni olib kelishni o‘yladim. Borganimda Gulshan o‘ziga yo‘q sevinib ketdi. “Endi bizni olib ketasiz-a, qaynonam yo‘q, bu uyda ortiq qolib nima qilaman”, deb ko‘zimga umid bilan javdirab tikildi. Men yana xudbinlik qildim. Endigina atak-chechak yura boshlaganingni ko‘rib, senga mehrim tushib qoldi va onangni zor qaqshashigayam qaramay, jigarbandini bag‘ridan yulib oldim. Yo‘lga otlanganimda onanga men ham o‘g‘illarimning otasi ekanimni unutmasligini, hozircha Jahongirni olib ketsam, keyinroq ikkovingniyam olib ketaman, deb aldadim. Sardorni ham tashlab qo‘ymayman, unga g‘amxo‘rlik qilaman, deganimdagina u yig‘lay-yig‘lay ko‘ndi. Hanifa kundoshimning bolasi demadi, senga o‘z bolasiday qaradi, ko‘nglingni o‘ksitmadi. Bir necha oy o‘tib, endi ko‘nika boshlagan paytlaring edi. To‘satdan qattiq shamollab qolding. Do‘xtirga ko‘rsatgani olib borsak, tekshiruvlardan keyin yuraging kasalligini aytishdi. Ishonmay, boshqa do‘xtirlarga ko‘rsatdim. Tug‘ma yurak porogi, deyishganida ko‘zimga dunyo tor ko‘rinib ketdi. Gulshan nega menga kasalmand bola tug‘ib beradi, deb achchiqlandim. Shundan keyin seni qayta qishloqqa obormadim, onangga ko‘rsatmadim. Fikru xayolim seni sog‘aytirish edi. Bir yilda ikki-uch martalab onang kasalxonada olib yotardi. Shukr, sog‘ayding, uylanib, bola-chaqa orttirding. Hammasi yaxshilik bilan tugagach, seni qishloqqa, onang bilan akangni yoniga olib bormoqchi bo‘ldim. Lekin endi bu onangni o‘yladim. Shuncha yil senga g‘amxo‘rlik qilib, bag‘riga bosgani evaziga o‘gayligini bilib, undan uzoqlashishingni, o‘z qondoshlaring yoniga ketib qolishingni istamadim. Axir u seni deb qancha zahmatlarni yengdi. Sendan oxirgi iltimosim, oyingni yolg‘iz tashlab ketma!
— Ota?! — Jahongir eshitganlariga ishonolmay, otasiga tikildi.
— Bilaman, bolam men yana qo‘rqoqlik qildim. Ajalim yaqinlashganini sezib, senga haqiqatni aytdim. Beboshlik qilib Hanifaga uylanganim, qo‘rqoqligimdan Gulshan bilan turmush qurishim — barchasi mening aybim. Ikkovining oldida ham aybdorman. Bu azob meni umrim bo‘yi qiynadi.
Otasi og‘ir tin olib, ko‘zini yumdi. Jahongirning esa go‘yo boshiga osmon qulab tushgandek og‘ir, karaxt ahvolda edi. U shahd bilan o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Chap ko‘ksida boshlangan og‘riq butun vujudini egallab, nafas olishi qiyinlashgandek bo‘ldi. Hovlidagi ustunni mahkam ushladi. Qulog‘i ostida boshlangan g‘uv-g‘uv birozdan keyin oyisining yig‘isiga almashdi. Otasi sirni aytib olamdan o‘tgandi.
Otasining vafotidan keyin Jahongir kasalxonada davolanib chiqdi. Uyga qaytganida esa onasi unga g‘andaydir xavotir bilan boqayotganini ko‘rib, barchasini ichiga yutdi. O‘zini hech narsa bilmaganday tutdi.
O‘sha ko‘rgiliklargayam bir yildan oshdi. Jahongir har kuni tog‘ni, qarshisida notanish ayolni ko‘rishini aytmasa, otasining gaplarini deyarli unutgandi. Ikki kun oldin to‘satdan oyisining o‘zi og‘iz ochdi.
— Shu kunlarda tushimga tez-tez otang kiryapti. Sen Jahongirni qishloqqa jo‘nat, deb tayinlaydi. Bolam, endi barchasidan xabardorsan. Yigirma besh yildan beri bag‘rimni to‘ldirib, izzatimni qilganing uchun ham sendan mingdan ming roziman. Endi onamni, akamni yoniga qaytaman, desang ham oldingni olmayman. Onang bechoraniyam yo‘lingga qaray-qaray ko‘zi uyilgandir.
— Lekin siz meni oyimsiz!.. — dedi Jahongir nigohini olib qochib.
— Bilaman, bolam, bilaman. Lekin men ham keksayib qoldim. Ko‘zim ochiqligida jigarlaringni yoniga qaytganingni ko‘rsam, ko‘nglim tinchirdi. Yoki o‘zim borib, ulardan kechirim so‘rab, tanishtirib kelaymi?
— Yo‘g‘-e, siz nima qilasiz? — dedi Jahongir.
— Sog‘ligingni mazasi yo‘q. Tag‘in hayajonlanib, yuraging xuruj qilib qoladimi, deb qo‘rqaman-da.
— Men sizga yosh bolamidim, — dedi Jahongir kulib,— sog‘ligimdan xavotirlanib, doim qo‘riqlab yurasiz. Siz ko‘nglingizni xotirjam qiling, o‘zimni avaylayman.
Oyisining gapidan keyin Jahongir ham o‘ylay-o‘ylay, qishloqqa otlandi.
— Aka, kech tushib qoldi, endi qishloqqa kirsak ham bo‘lar, — degan ovozdan o‘ziga kelgan Jahongir yo‘l chekkasidagi mashinasiga suyangancha uni kutib turgan haydovchini ko‘rib, xijolat tortdi. Tezda mashinaga o‘tirdi.
— Kechirasiz, xayolga berilib ketibman, — dedi haydovchidan uzr so‘rab.
— Hechqisi yo‘q. Shom payti qishloqda ish qaynaydi. Mollar daladan qaytib, ularga yem-xashak tashlash, sog‘ish deganday. Meniyam tashvishim ko‘pligi uchun sizni chaqirdim-da.
Haydovchining samimiyligidan Jahongirning yuragidagi xijolati arigandek bo‘ldi. Biroz yurib, qishloqqa kirishdi.
— Manavi birinchi darvoza Sardorni uyi. O‘zi daladan qaytmagandir-ov, bolalari bordir, — deb haydovchi mashinadan tushib, ichkariga ovoz berdi.
Birozdan keyin o‘ttizlarni qoralagan, qotmadan kelgan ayol chiqib keldi.
— Kelin, Sardor uydami? Sizlarnikiga mehmon olib keldim.
— Hozirgina daladan qaytib, ichkariga kiruvdila. Qani kiringizlar, — dedi ayolning yuzi yorishib.
Haydovchi nimadir dedi chog‘i, ayol shoshilib ichkariga kirib ketdi. Hayal o‘tmay, boyagi ayolga ergashib to‘ladan kelgan, do‘ppisi tagidan jingalak sochlari chiqib turgan, quyoshda qorayib, soch-soqoli o‘sgan erkak chiqib keldi. Haydovchi bilan ko‘rishib, mashinaga ajablanib qaradi.
— Qani mehmon tushing, mana Sardorjon, — dedi haydovchi eshikni ochib.
Jahongirning yuragi o‘ynab, bo‘g‘zini o‘tli tig‘ kuydirib o‘tgandek bo‘ldi. Shu payt kaftidagi dorini tilining tagiga tashladi. Ich-ichidan quyilib kelayotgan titroqni yengib, mashinadan tushdi. O‘zini qo‘lga olishga uringani sayin oyog‘idagi titroq zo‘rayib, qaltirab borardi. Bir qadam tashladi.
— Adashmadingizmi? — so‘radi erkak uni tanimay.
— Men Jahongirman, Laziz akani o‘g‘li!.. — dedi u qilt etib yutinib.
— Jahongir?! — erkakning yuzi oqarib, qiyofasi tundlashdi. Xuddi qarshisidagi raqibini yengmoqchidek unga yovqarash qildi. Jahongir bunday muomalani kutmaganidanmi o‘zini yo‘qotayozdi. Turgan joyidan qadami ildamlamadi.
— Voy o‘lmasam, otasi mehmonni ichkariga olib kiring. Shaharday joydan qaynukam kelibdi-yu, sizni qoqqan qoziqdek turishingizni-chi. Yuring uka, ichkariga kiring. Hoy, Yulduz momongni chaqir, — dedi ayol hovliqib.
Sardor shart burilib, ichkariga kirib ketdi. Ayol esa Jahongirni boshladi.
— Keling, uka, tortinmang. Yulduz dedim, momongni chaqirdingmi? — deya ayolning ovozi balandlashdi.
Jahongir qo‘rquv va hayajon bilan darvozadan kirdi. Shu payt ro‘paradagi kichkinagina oqlangan eshik ochilib, keksa ayol chiqib keldi. Jahongir tushidagi kabi chit ko‘ylak kiyib, boshiga ro‘mol tang‘igan ayolni ko‘rib, esankirab qoldi. Ayolning ro‘moli chetidan chiqqan sochlari qordek oppoq, nigohlari nursiz, ma’nosiz boqardi. Uning ozg‘in, qoramag‘iz yuzidagi ajinlari uni yanayam keksarog‘ ko‘rsatardi.
— Nimaga buncha hovliqasan? Kim keldi o‘zi? — dedi ayol supadan tushayotib.
— Momosi, qarang kim keldi? Nolalaringiz Xudoga yetibdi, qaynukam keldi, — dedi ayol ildam borib, qaynonasining bilagidan tutgancha.
— Nima?! — ayolning ovozi sukunat bag‘ridan otilib chiqqan vulqondek gumburlab tindi. U joyida taqqa to‘xtab, nigohini qarshisidagi Jahongirga qadadi. Ko‘zlaridan duvillab quyilgan yoshlar ajinlarni ham mensimay, yanoqlarini yuvdi. U qaltirab ikki qadam tashladi. Hayajondan titrayotgan qo‘llari Jahongirga talpinganida boshidagi ro‘moli sirg‘alib, yelkasini yopdi. Ikki tomonga ajratib, o‘rilgan sochi qordek oppoq bo‘lgan ayolni ko‘rib, Jahongir nima qilarini bilolmay turardi.
— Jahongirim keldimi?! Chindanmi?.. Bir kuni u baribir qaytib kelishini yuragim sezuvdi!.. — dedi ayol yig‘lamsirab va qarshisidagi erkakning begonasirab turganini ko‘rib, jur’atsizgina to‘xtadi. Iltijoli, ojiz ovozda davom etdi.
— Jahongir, O‘zingmisan? Shu kunlarni ko‘rsatganiga shukr! Seni ko‘rolmay, diydoringga tuyolmay ketamanmi deb qo‘rquvdim. Ming shukr, qaytganingga shukr!
Ayol Jahongirni bag‘riga bosdi. Jahongirning dimog‘iga ilgari sira tuymagan muattar is gup etib urildi. Yuragi hayajondan entikib ketdi.
— Onajon!.. — dedi bo‘g‘zidagi yig‘ini yengib.
— Bolam-a, seni bag‘rimga bosishni shuncha yil kutdim! Qara, kap-katta bo‘lib qolibsan!.. — dedi ayol bag‘ridan bo‘shatib, unga tikilgancha.
— Momosi, qaynim yo‘lda charchab kelgan. Qani ichkariga kiringizlar, bir piyola choy ustida bemalol gaplashasizlar, — dedi kelin qaynonasining yelkasidan tutib.
Ayol Jahongirni yelkalab ichkariga kirdi. Ortidan Sardor, xotini kirishdi. Kelin taxmondan toza dasturxon olib, o‘rtaga yozdi. Keyin kattakon idishga bostirilib, usti eski chopon bilan yopib qo‘yilgan nondan to‘rttasini olib, dasturxonga qo‘ydi. Gulshan xola qo‘lini duoga ochdi. Sardor tumshaygancha nonni sindirib, onasi va mehmonning oldiga qo‘ydi.
— Eson-omon yetib keldingmi, bolam? Uy ichilaring tinchmi? Ko‘rgan-bilganlaring sog‘-salomatmi?
— Rahmat, O‘zlaringiz yaxshi o‘tiribsizlarmi? — deya so‘rashdi Jahongir unga yeb qo‘ygudek tikilib turgan akasidan iymanib.
— Shukr, bolam. Bir kuni shunday kirib kelishingni ko‘nglim sezardi. Onaman-da, baribir sezganman, — dedi ayol o‘rtadagi vaziyatni yumshatish uchun Sardorga qarab olgancha.
Birozdan keyin uy qarindosh-urug‘lar bilan to‘ldi. Ularning biri olib, biri qo‘yib, Gulshan xolaning sabr-qanoatini, Jahongirning kap-katta erkak bo‘lib qolganini gapirishardi. Tun yarimlaganda mehmonlarni kuzatib qo‘ygan Gulshan xola keliniga Jahongirga o‘rin solib berishini tayinladi. Sardor ham ukasi bilan yonma yon solib berilgan o‘rinda uyquga ketdi.
Jahongir uyqusirayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan ishlarni aqliga sig‘dirolmas, bu yerda uni kutayotgan shuncha yaqinlarining mehriga ko‘nikolmayotgandi. Tongga yaqin ko‘zi ilinibdi.
— Jahongir, bolam, qani o‘rningdan tur. Bir joyga o‘tib kelamiz, — degan ovozdan uyg‘onib ketgan Jahongir unga mehr bilan tikilib turgan onasini ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Go‘yo barchasi tushida bo‘layotgandek haliyam ishonqiramay, hovliga ko‘z yugurtirdi. Cho‘yan oftobadagi muzdek suvga yuz-qo‘lini yuvganida eti junjikib ketdi.
— Seni bir joyga oboraman! Yangang choyini tayyorlaguncha qaytamiz, — dedi onasi uni undab.
Jahongir molxona tarafdan chiqiladigan kichkina eshikdan boshini egib chiqarkan, yam-yashil keng dalani ko‘rib, yuragi hapriqdi. Ayniqsa, qo‘lini cho‘zsa yetgudek ko‘ringan, aslida juda olisdagi tog‘larni ko‘rib, yuragini ajib hislar egalladi. Tog‘ning etni junjiktiruvchi salqin havosi Jahongirning taniga xush yoqar, bu musaffo havodan ko‘proq simirmoqchidek entikib-entikib nafas olardi.
— Bolam, bu tog‘larni ko‘ryapsanmi? Sendan ayrilgan kunimdan beri shu tog‘lar meni dardkashimga aylangan. Ularni yutib, shu kunlarga yetdim! — dedi ayol va unga hayron bo‘lib tikilgan o‘g‘liga siniq jilmayib davom etdi, — aniq esimda yo‘q, besh-olti yoshimdami, enam rahmatli menga shu tog‘larni yutishni o‘rgatgan. Enam shu qishloqdan chiqmagan, jaydari ayol bo‘lgan. U paytlarda bolalar kasal bo‘lsa, hozirgiday dori-ukolga tutishmasdi. Biz to‘qqizta jo‘jabirday jon edik. Ayniqsa, men nimjonroq tug‘ilganimgami salqin tushishi bilan tomog‘im og‘rib, haroratim ko‘tarilardi. Kechasi bilan tepamda uxlamay chiqqan enam ertalab tongda meni hovliga olib chiqib, “Qizim, og‘zingni katta ochib, anavi tog‘larni yut. Oq tog‘ni g‘ancha ko‘p yutsang, tezrog‘ sog‘ayasan” derdi. Men hovliqqancha tog‘ni yutishga kirishardim. Mo‘jizangdan aylanay, ertasigayoq hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketardim. Enam o‘shanda menga tog‘larni yutib, sog‘ayishni emas, hayot sinovlariga chidamli bo‘lishni o‘rgatgan ekan. Qancha ko‘p tog‘ yutsam, shuncha dardga chidamli bo‘lishni… Otangni shaharda xotini borligini sen tug‘ilganingda bilganman. Nomardlik qilib, to‘ydan oldin aytganida, unga o‘lsam ham tegmasdim, deb ko‘p kuyundim. Ha mayli, sen ikkovingni borligi meni eng katta baxtim. Olib ketganidan bir yilmi o‘tib, menga xat jo‘natibdi. Unda seni dardmanliging, meni aybim bilan yuraging kasalga chalinganini yozibdi. O‘shanda oldingga dardingni olgim keldi. Lekin otang uni yaxshi do‘xtirlarga ko‘rsatib, sog‘aytirishini, men esa unga xalaqit bermasligimni tayinlabdi. Sog‘ayib ketishing uchun ham qanoti singan qushdek rozi bo‘ldim. U nomardlik qilib, ikki xotinga uylangan bo‘lsayam, so‘zining ustidan chiqib, seni sog‘aytiribdi. Shunisigayam shukr. Xotini yomon ayolga o‘xshamaydi. Bo‘lmasa, shuncha payt seni bag‘rida olib yurarmidi…
— Oyim juda yaxshi ayol. Meni o‘z bolasiday kO‘rdi. Otamning vafotigacha uning o‘gayligini bilmagandim.
— Shunday de, — dedi Gulshan xola mamnun jilmayib, — baraka topsin.
Keyin olisdagi tog‘larga qarab, so‘zlandi:
— Bolam, tog‘larni tuyib-tuyib yut. Tanang quvvatga to‘lib, dardingni unutasan. Kasalligingni eshitganimda qishloqqa olib kelib, shu tog‘larni yuttirsam, sog‘ayib ketardimi, deb ham o‘ylaganman. Lekin yoninga borishga chorasiz edim. Men shu tog‘larni yutib, sabr-qanoatli bo‘ldim, senga yetishdim. Sen ham yutsang, murodingga yetasan!
Jahongir beixtiyor og‘zini katta-katta ochib, tog‘ havosidan simirdi. O‘zini qarshisidagi azm tog‘larni yutib yuborayotgandek, ular uning jismiga jo bo‘layotgandek his etdi. O‘zini hech qachon bunchalik tetik, baquvvat his etmovdi.
Jahongir qishloqda ikki kun turdi. Uchinchi kuni ertalab qaymoqli yupqani to‘yib yegach, shaharga otlandi. Uni kuzatib, javdiragancha qarab qolgan onasiga yana qaytib kelishini aytdi. Kechga tomon yo‘lovchi mashinada shaharga kirib keldi. Bu paytda hovlidagi so‘rida Hanifa xola o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikib o‘tirardi.