Maqsud ishdan har kungidek kech chiqdi. U yosh — endi yigirma uch bahorni ko‘rgan bo‘lsa ham, qurilishda ikki smenalik «ha, ha bo‘l!» uni toldirar, ayniqsa haftaning so‘nggi kuni zo‘r kelar edi. Garchi u qurilishga o‘z ixtiyori bilan borgan va ikki smenalik ishga ham o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lgan esa-da, dastlabki, kunlari ikkinchi smenadan voz kechishni o‘ylab qoldi. O‘ylab qoldi-yu… bu qarorini ham o‘zi tezlikda rad etdi: shahar zilziladan chala vayron, butun-butun mahallalar buzilib yotibdi, ming-ming odamlar boshi berk ko‘chalar, parklar, chekka maydonlarda, chodirlarda yashayapti, kun esa isigandan isib, osmondan olov yog‘ayotganday: havozalarga tizilib g‘isht terayotgan ishchilarning yelkalari allaqachon kuyib, po‘st tashlab bo‘ldi. Suvdan foyda yo‘q, ichganing sari ter bo‘lib quyadi-yu, lekin chanqoqni bosmaydi.
Maqsud Politexnika instituti qurilish fakultetining uchinchi kursida o‘qiydi. Bundan uch yil burun shu kursdan armiyaga ketib, bu yil yana shu kursga kirib keldi. Armiyadan gvardiyachi serjant bo‘lib qaytdi. O‘qish ayni qizg‘in paytda, 26-aprelda boshlangan zilzilalar silsilasi studentlar hayotiga ham jiddiy tahrir kiritdi. Ular yozgi imtihonlarni jadal topshirib, qurilishlarda ishlay boshladilar. Buning ustiga, yotoqxonalarini boshpanasiz qolgan oilalarga topshirib, o‘zlari mahallalarga — xonadonlarga ko‘chib kirdilar. Maqsudning kursidagi boshqa shaharlardan kelib o‘quvchi o‘n yetti studentni Teshikqopqa mahallasi xonadonlariga bir-ikki, hatto uch-to‘rt kishidan qabul qilib oldi. Maqsud shu mahalla qariyalaridan Haydar otaning uyiga joylashdi.
Chilonzordagi qurilishlardan birida ishlayotgan Maqsud har kungidek kech soat o‘nda havozadan tushib, yaydoq dalada taxta bilan o‘ralgan dushxonaga kirdi, korjomasini yechib, qator dushlar tagida cho‘milayotgan yigitlar orasiga suqildi-da, sharillab oqayotgan salqin suvga boshini tutib bir seskandi-yu, keyin huzur qilib cho‘mildi.
U ho‘l sochini silliq tarab, kalta yeng oq ko‘ylak, kalaminka shim va oq brezent tuflida yettinchi trolleybus aylanadigan maydonga kelganda, jilay deb turgan trolleybus eshigidan tanish bir yigit qichqirdi.
— Chop! Qolasan!
Maqsud chiqib olishn bilan trolleybus yurib ketdi.
— Bugun qancha terding? — tanish yigit beton qoruvchi Nikos Maqsud bilan yonma-yon o‘tirarkan, qiziqib so‘radi.
— Ikki ming uch yuz.
— Qoyil!
— Nimasi qoyil! Ko‘tarma kran g‘ishtni ham, qorishmani ham havozaga opchiqib beradi, teraverasan…
— Kamtarsan.
— Shaharni ko‘rayapsan-ku. Nik, har qancha ishlasak ham oz!
Grek tilidagi gazetasini o‘qishga berilgan Nikosni ko‘rgan Maqsud cho‘ntagidan bir varaq buklangan qog‘oz oldi-da, qatlarini yozib, undagi chizma ustida o‘ylab ketdi. Bu — o‘zi chizgan va o‘zi qurmoqchi bo‘lgan ko‘prik loyihasi, to‘g‘rirog‘i, piyodalar o‘tadigan uzun, tor ko‘prik sxemasi edi.
Nikos gazetadan boshini ko‘tarib:
— Shu yerda ham darsmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q. — Maqsud zirqirab og‘riyotgan yelkasini kreslo suyanchig‘iga tirab, o‘ychan javob berdi: — Mahallamiz chekkasidan Qichqiriq anhori o‘tadi. Piyodalarga ko‘prik qurmoqchiman. Tez va arzon bitishi kerak.
— Hasharga ayt.
— Albatta.
Trolleybus To‘qimachilar kombinati yonida to‘xtadi.
Nikos xayrlashib tushib ketdi. Maqsud shaharcha chiroqlarini, magazinlarning yorqin oynaband vitrinalarini bir oz kuzatib o‘tirganidan k-yin nigohi, xayoli yana chizmaga ko‘chdi…
Maqsud Traktor zavodi maydonida trolleybusdan tushib, Shimoliy Olmazor ko‘chasidan Qichqiriq bo‘yiga keldi. Anhorning ikki tomoni asfalt yo‘l, faqat unda ko‘prik yo‘q. Shu sababdan transport o‘ta olmaydi, odamlar esa, Shimoliy Olmazordagi to‘rt qavatli yangi imoratlar orqasidan anhor bo‘yiga tushib, pasqam chuqurlikdagi suv tepasida lopillab turgan omonat osma ko‘prikdan yuradilar. Uning tepasida bittagina simyog‘och qo‘qqaygan. Biroq undagi chiroq ko‘pincha yonmaydi: bolalar tosh otib sindirib ketgan bo‘ladi. Qorong‘i tushdi deguncha bu yerdan yolg‘iz o‘tishga qo‘rqadilar.
Maqsud Teshikqopqada yashab, har kuni kechasi shu omonat osma ko‘prikdan o‘tayotgani sayin ko‘prik qurish xayoli uning miyasiga qattiq o‘rnashib qoldi. Shahar tashkilotlariga borib, tayyor ikkita katta yo‘lni birlashtiradigan asosiy ko‘prik qachon qurilishini ham surishtirdi. Loyiha tayyor ekan. Lekin zilzila uning amalga oshirilishini kechiktiribdi. Shu javobni olgandan keyin Maqsud mahallaning kuchi, hashar yo‘li bilan Qichqiriq ustiga piyodalar uchun vaqtincha bo‘lsa ham yangi, arzon ko‘prik qurish, shu bilan ham odamlarning yo‘lini qisqartirish, ham yo‘lovchilarni xavf-xatardan qutqarish rejasini tuzdi va bu rejani Haydar otaga aytib, ma’qullab olgandan keyin qog‘ozga ham tushirdi.
Maqsud shu o‘ylar bilan band ekan, kecha kechasi kutilmagan g‘alati hodisa yuz berdi.
Mana, o‘sha omonat eski ko‘prik. Maqsud uning qoq belida turibdi. Har kungidek bu kecha ham simyog‘ochdagi chiroq o‘chiq. To‘lin oy tepalikdagi Teshikqopqa qabristonining azim baqateraklari yonboshida porlab, yam-yashil qirg‘oqlarga, baland-past tomlarga, chuqurlikda hayqirib oqayotgan anhor sathiga kumush pur sochib turibdi. Lekin bu nurda ko‘priknnng u yer-bu yeridan kimdir sug‘urib olgan taxtalar yaxshi ko‘rinmaydi, yo‘lovchi ehtiyot bilan qadam bosmasa, tuyqusdan yiqilishi, suvga tushmaganda ham, mayib bo‘lishi hech gap emas. Kimga ham kerak bo‘lib qoldi ekan bu eski taxtalar? O‘tin mo‘l, taxta, yog‘och ko‘p…
U xuddi shu mahalda, ya’ni soat o‘n birga yaqin osma ko‘prikka qadam qo‘ydi. Ko‘prik lopilladi, uning oydindagi uzun soyasi ham suv sathida beso‘naqay lopilladi. Ko‘chirilgan taxtalar osha ehtiyot bilan odimlar ekan, qarshisida pakana bir yigit paydo bo‘lib, unga to‘pponcha o‘qtaldi:
— Ko‘tar qo‘lingnn!
Maqsud to‘xtadi va to‘pponcha o‘qtalib turgan yigitga boshdan-oyoq razm soldi: ola-bula ko‘ylak, ko‘kish shim, yangi qora tufli va sal puchuq burni tagida qo‘ng‘izday mo‘ylov… Yoshi o‘n yettilarda.
— Ko‘tar qo‘lingni! — pakana yigit qattiqroq baqirsa ham Maqsud uning ovozi qaltirayotganini sezib, kuldi:
— To‘pponchang o‘qlanmagan, tashla, nodon!
Shu payt Maqsudning orqasida sharpa sezildi. U o‘girilib ham ulgurmagan edi, pichoq ushlagan novcha yigit o‘zini unga otdi. Maqsud chaqqonlik bilan pichoqqa chap berdi va novchaning to‘pig‘idan qattiq ushlab baland ko‘tardi-da, anhorga otdi. Keyin pakanaga buyurdi:
— To‘pponchani ber!
To‘pponcha pakananing qo‘lidan taxtaga tap etib tushdi.
— Menga ber, deyapman!!
Pakana bir anhorning sherigi qulagan olachalpoq sathiga, bir ko‘prik ustida qorayib turgan to‘pponchaga qarar, ikkilanar, «egilsam meni ham anhorga otadi» deb qo‘rqar, biroq Maqsudning tovushidagi shiddatga bo‘ysunmay iloji yo‘q edi. U to‘pponchani olib Maqsudga uzatdi.
— So‘tak! — Maqsud yog‘och to‘pponchani suvga otdi. — «Olabo‘ji»lar senlarmiding? Bu kunlaringdan o‘lganing yaxshi emasmi?!
— A-a-nov… a-a-nov b-osh-ladi… — qaltirab gapirdi pakana. — Me-e-en ee-e-mas…
— Qani, yur! — Maqsud yigitchaning ingichka bilagidan mahkam ushlab tortdi. — Yur, bezori!
— To-o-vba qildim… — Pakana yolbordi.
— Yur!
Maqsud uni qabristonning temir panjarali g‘isht-devori yonlab ketgan yo‘lkaga sudradi.
— Jon aka, qo‘yvoring, o‘rtog‘imdan xabar olay, cho‘kib ketgan bo‘lmasin…
Maqsud bezorini qabristonning yorug‘ darvozaxonasigacha sudrab keldi va shu yerdagi skameykaga siltab o‘tkazdi.
— Hujjatingni chiqar!
Bezori skameykada omonat o‘tirgancha momataloq bilagini silar, egasi kaltaklagan itday olazarak boqar, chappasidan kelgan ishning alamini tortayotganini ham o‘zidan kuchli yigitning qo‘lidan omon chiqib ketish uchun nayrang to‘qiyotganini ham bilib bo‘lmas edi.
— Pasport olmaganman, — dedi u nihoyat tupugini yutib. Ammo Maqsudning qattiq tikilib turgan ko‘zlari yumshaganini payqab: — Guvohnomam bor, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Maqsud uning «guvohnoma»sini ko‘zdan kechirdi. Bu — Traktor zavodining Zokir Qodirov nomiga berilgan propuski bo‘lib, muddati o‘tib ketgan edi.
— Ishdan haydalganmiyean?
— Yo‘-o‘-o‘q… Ha-a…
— O‘rtog‘ing-chi?
— Uyam…
— Qayerda turasan?
— Chuvalachida, 31-uy.
Maqsud Zokirga bir varaq qog‘oz bilan avtoruchka berdi.
— Yoz! «Men Zokir Qodirov, o‘rtog‘im…» Oti nima?
— Muhsin Aliyev…
— «Muhsin Aliyev bilan 1966 yil 27 iyul kechasi soat 11 da…» Yozdingmi?
— Ha… — Zokirning qo‘li titrar, Maqsud militsiyaga sudramaganidan, ishning oson ko‘chayotganidan yengil tortib, tez-tez yozar edi.
«Qichqiriqdagi osma ko‘prik ustida o‘g‘irlik maqsadida yo‘l to‘sdim. Lekin yo‘lovchi bizni qurolsizlantirdi. Men o‘zim va sherigim nomidan so‘z berib aytamanki, bu ishni ikkinchi qilmayman. Ertaga ertalab soat 8 da Chilonzordagi 16-sektorga 31-uy qurilishiga sherigim bilan yetib boraman va halol mehnatim bilan gunohnmni yuvaman». Qo‘l qo‘y!
Zokir qo‘l qo‘ydi. Maqsud qog‘ozni buklab cho‘ntagiga solarkan, undan so‘radi:
— Senga ishonsam bo‘ladimi?
— Ont ichaman.
— Keragi yo‘q. Jo‘na endi!
Zokir darvozaxonadan chiqib, oydinda guvillayotgan Qichqiriq tomonga ildam yurib ketdi.
Maqsud osma ko‘prik ustida kechagi voqea yuz bergan joyning naq o‘zida turibdi. U bugun ertalab qurilishda Zokirni sherigi bilan kutdi. Ular kelishmadi.
Maqsud har xil xayollarga bordi: «Muhsin suvga cho‘kib ketdimikan?», «O‘g‘rilar juftakni rostlab qochvorishdimikan?», «Zokir uy adresini noto‘g‘ri aytib, aldab ketdimikan? Yoki Muhsin Zokirni qo‘rqitib, aynitdimikan?», «Balki ular ko‘prikda bugun ham paydo bo‘lishar?»
Shu kabi poyonsiz o‘ylar uni toldirdi-da, kecha Zokirni jo‘ngina qo‘yib yuborganidan o‘kinib, Haydar otaning uyiga yo‘l oldi.
Har kun erta yotib, erta turadigan boboy bugun eshigi oldidagi azim tup o‘rik tagida, pastgina supachada mudrab o‘tirar edi. Sharpa sezib, o‘siq qoshlari tagidagi uyqu bosgan horg‘in ko‘zlarini asta ochdi.
— Keldingmi, bo‘tam? Yo‘lingni poylab o‘tiruvdim.
— Tinchlikmi, otaxon?
— Ne bilay, domkomimiz qorovulni yuborib qo‘ymayotibdi, sen kerak bo‘pqopsan chog‘i.
— Ertaga uchrayman.
— Be! — Haydar ota inqillab vazmin gavdasini supadan bazo‘r uzib oldi. — Qachon kelsang ham, oyog‘ingni yerga tegizmay yetkazishimiz darkor ekan. U yurtning otasi bo‘lgandan keyin itoat etmay ilojimiz yo‘q. Yur, bora qolaylik.
Maqsud Haydar otani qo‘ltiqlab olib, mahalla guzariga boshladn. Yo‘l-yo‘lakay tashvishlanib so‘radi:
— Qorovul uchini chiqarmadimi, nima gap ekan?
— Qorovul Melivoy ham domkomimiz Mirzasolihdan qolishmaydigan quv. «Maqsud domovoydan o‘tgan, yurish-turishi bajo», desam ham indamaydi, nuqul qo‘yi egiz tuqqanday tirjayadi.
— Gapga zo‘rsiz, otaxon! — Maqsud miyig‘ida kulib qo‘ydi. — Solih akaning chaqirgani yaxshi bo‘pti, ko‘prikni so‘zlashvolamiz.
Tun yarimlaganiga qaramay, guzar gavjum edi: yo‘l bo‘yidagi serdaraxt maydon charog‘on. Qator so‘rilarni choyxo‘rlar to‘ldirishgan, radioda aka-uka So‘fixonovlar qadimgi usullardan birini yangratishyapti. Idora derazasi ham yorug‘: ichkarida xumkalla Solih aka va sekretar qiz Omilaxon ko‘rinadi.
Haydar ota bilan Maqsud choyxo‘rlar bilan salomlashib, idoraga kirishdi. Solih aka bularni o‘rnidan turib qarshiladi, qo‘l berib ko‘rishdi-da, qizil alvon yozilgan uzun stol yonidagi stullarga taklif qildi.
— Bahay, bevaqt yo‘qlatibsan? — Haydar ota domkom raisiga o‘siq qoshlari tagidan qushboqish qildi.
Solih aka stol tortmasidan qog‘oz olib Maqsudga uzatdi:
— Mana buni o‘qing-chi, polvon yigit!
Katak daftar varag‘iga yirik egri harflar bilan domkom nompga yozilgan ariza Muhsinning otasi Ali akadan bo‘lib, u o‘g‘lini tunda anhorga otib, qo‘lini chiqargani uchun Maqsudga da’vogarligini bildirar, jazoga tortishni talab qilar edi.
Maqsud arizani shoshmasdan o‘qib chiqdi va Zokirning xati bilan propuskasini olib, Solih akaning oldiga qo‘ydi. Solih aka o‘z navbatida bu qog‘ozlarni ko‘zdan kechirar ekan, sal cho‘tir, jiddiy yuzi yumshab:
— O, padar la’natilar-ey! — deb yoqasini ushladi. — Xo‘sh, qurilishga borishdimi?
— Yo‘q.
— Takasaltanglar! — Solih aka katta mushtini stolga urdi. — Biz ham ko‘p uringanmiz, foyda chiqmagan. Yopiray!
Yuz bergan hodisadan, domkom raisi bilan Maqsud nima to‘g‘rida so‘zlashayotganidan bexabar Haydar ota siyrak kulrang soqolini tutamlagancha hayratlanib so‘radi:
— Mushuk-sichqon o‘yinidan biz ham ogoh bo‘laylik!
— Xo‘p, boboy, — Solih aka baquvvat tirsaklarini stolga tirab o‘tirarkan, kecha Qichqiriqning osma ko‘prigida sodir bo‘lgan hodisani, har ikkala qog‘ozning mazmunini batafsil hikoya qilib chiqdi-da, yirik qo‘y ko‘zlarini cholga tikdi. — Bezorilarni nima qilamiz, boboy?
— Maqsudvoyning rejasi menga ma’qul, — dedi Haydar ota serajin manglayi tirishib. — Suyagpni mehnatda qotirish kerak. Mehnat aql kirgizadi. Xo‘p desangiz, Mirsolihvoy, men hoziroq uylariga boray. Chuvalachi qochib ketgani yo‘q, otalari bnlan so‘zlashay, bolalarini o‘z qo‘llari bilan qurilishga oborib topshirishsin. U yog‘ini Maqsudvoy o‘zi eplaydi.
— Durust, — Solih aka erkin tin olib, stulga suyandi-da, Maqsudga muloyim tikildi, — Xo‘sh, ko‘prikni nima qilamiz?
Maqsud chizmasini stolga yozib:
— Loyiha tayyor, — dedi. — Endi boshlash kerak. Solih aka bu loyihaning qoralamasini ilgari ham ko‘rgan, ko‘prikning qimmatga tushishidan cho‘chib, xarajatni yengillashtirish tomoniga ba’zi bir o‘zgarishlar kiritishni so‘ragan edi. Chizmani, materiallar miqdorini, narxinn yana bir marta sinchiklab ko‘zdan kechirdi.
— Demak, mahalladan yetti yuz so‘m ajratsak, bo‘lar ekan-da?
— Ha. Ko‘prikning ustunlariga yigirmata simyog‘och olamiz. Bizning qurilishimizga nostandart temir-beton balkalar kelib qoldi, so‘zlashdim, davlat narxida berishadigan bo‘ldi. Temir yo‘lning brak shpallaridan olamiz. Mix topiladi. Hasharni uyushtirib bersangiz bas.
— Bo‘pti! — Solih aka kartonni o‘rab Maqsudga berdi. — Materiallarni yakshanbagacha keltirish kerak, dam olish kuni — hashar.
— Rahmat, rais aka, — Maqsud o‘rnidan qushday yengil turdi.
— Sizga rahmat, oshnam, — Solih aka o‘rnidan turib qalin zil kaftini Maqsudning yelkasiga qo‘ydi. — Biz sizni mahalladan ketkazmaymiz endi. — U shu gapni aytarkan, Haydar otaga ko‘z qisdi. — A, labbay, boboy?
— Ayni muddao, — cholning mitti ko‘zlari kuldi. — Qani, ketib ko‘rsin-chi!
Bobosining bu so‘zini eshitgan Omilaxon nechundir yerga qarab qizardi.
— Omilani sizga yordamchi qilib beramiz, — dedi Solih aka Maqsudga. — Ishni ertadan boshlanglar. Pul naqd. Bo‘pti, sizlarga javob endi. Omila qizim, sen ham bora qol!
Rais ularni eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
* * *
Ko‘prik qurilishi, bu ishga Maqsud muttasaddi qilib qo‘yilgani haqidagi xabar mahallaga bir zumda yoyildi. Maqsudning tunda, eski osma ko‘prikda ko‘rsatgan jasorati, bezorilarni jazolash o‘rniga o‘zi ishlayotgan qurilishga olib ketganligining dovrug‘i bunga qo‘shilib, hammahallalarning «student bola»ga hurmati tobora oshdi. Avvalo, Zokir bilan Muhsinning otalari kelib rahmat aytishdi. Ko‘prikka qurilish materiallarini xillab olib keladigan dastyorlar — shoferlar, ustalar ham o‘z oyoqlari bilan kelishdi. Xullas, Maqsud bilan Omilaning ishi yengillashdi. Natijada, mo‘ljallangan narsalarning hammasi juma kuniyoq Qichqiriq bo‘yida taxt qilib qo‘yildi. Hatto, Abdurahmon ismli epchil shofer yigit uch-to‘rt mashina qum, shag‘al ham keltirib tashladi. Mahalla ustalarining piri Obid ota yakshanba kuni sahar pallada poyteshasini hammadan avval ko‘tarib keldi. Uning keng asfalt yo‘ldan Qichqiriq tomonga lopillab o‘tib ketayotganini derazalaridan ko‘rganlar nonushtalarini chala tashlab chiqaberdilar. «Chillaki chillakini ko‘rib chumak uradi» deganlaridek, sernoz montyor Oqil aka ham ko‘prik qurilishi boshlanmasdanoq, uning ikki tomoniga simyog‘och tiklab sim torta boshladi. Keksa gulchi Akbar ota bo‘lsa, qirg‘oqdagi uzun sahnni qadamlab, bo‘lajak gulzorni mo‘ljallab yurardi…
Maqsud Qichqiriq tepasidagi temir to‘g‘ondan suvni bekitib kelganda hasharga chiqqan odamlarni ko‘rib, beixtiyor, «ko‘pdan yov qochib qutulmas» degan maqolni esladi. Solih aka hasharchilarni ishga solib, temir-beton balkalar, simyog‘ochlarni tepalikdan suv bo‘yiga yo‘g‘on arqonlarda sudratib tushirar, Obid ota boshliq ustalar simyog‘ochlarning tagini qoziq qilib yo‘nar, yigitlar qoramoy singdirilgan balkalarni tekis sahnga taxlar edilar, Melivoy allaqachon samovar qo‘yib yuboribdi. Yo‘ldoshvoy katta qozonni osib, tagiga o‘t qalayapti.
Maqsud bilan Omila chizmani taxta g‘arami ustiga yozib knopkaladilar. Bularni ko‘rgan Obid ota peshana terini belbog‘iga artgancha lopillab yetib keldi.
— Suv tindi, — dedi usta. — Endi ustunlarni tashlay bersak bo‘ladi.
— Bog‘ladingizmi?
— Qani ko‘r-chi!
Maqsud Obid ota borgan yerga — suv bo‘yidagi qiyalikka tushdi. Tagi qoziqlangan simyog‘ochlar, beton balkalar, taxta belbog‘lar, temir troslar bilan tor uchburchak shaklida ikkitadan bog‘langan, shu belbog‘larga arqonlar bog‘lanib anhor tagiga tushirishga tayyor qilib qo‘yilgan edi.
— Yashang, otaxon! — Maqsud ustaning tadbirkorligidan maroqlandi. — Endi suvga tushadigan azamatlar kerak.
— Azamatlar ko‘p-ku… — usta o‘ylanibroq qoldi. O‘zim tushmasam bo‘lmaydi. — U etigini yecha boshladi. — Kuch tepada kerak bo‘ladi, mo‘ljaldan xato qilmaylik. Sen, bolam, orasini gazlab tursang bas.
Ustaning g‘ayratga kirganini ko‘rgan yigitlardan uch-to‘rttasi darhol botinka, etiklarini yechib, shimlarini shimardilar-da, uning yonida anhorning loyiga tushdilar. Tepadagilar qo‘shaloq bog‘langan simyog‘ochlarni arqonlaridan tortib tushira boshladilar. Maqsud ustunlar oralig‘ini ko‘rsatib turdi. Ha-hu deguncha dastlabkilari ikki qatordan tiklandi va bu tiklanganlarining uchlari bir-biriga qalin taxtalar bilan bog‘lab borildi. Ishning bu taxlit yurishayotganini ko‘rgan Solih aka terisiga sig‘may quvonar, hasharchilarga:
— Ha, sherlar! Bo‘shashmanglar! — deb dalda berar edi.
Ellik metr masofaga ikki qator qo‘sh ustunlar tushgacha o‘rnatib chiqildi. Ularning ustiga taxtalar bog‘langandan keyin Haydar ota yigitlarga bosh bo‘lib, tepadan gurzi urib mahkam o‘rnatib tekislashdi, keyin shpallarni tera boshladilar. Cho‘yanday pishiq bu vazmin shpallar eni ikki metrli ko‘prikni qopladi. Shpallarni yo‘g‘on temir-tersaklar bilan bog‘lashga Maqsudning o‘zi boshchilik qildi. Anhorning ikki qirg‘og‘i bir-biriga birlashdi deguncha, hali ko‘prik chala bo‘lsa ham, mahalla bolalari u tomonidan-bu tomoniga chopqillab o‘ta boshlashdi.
* * *
Odamlarning: «Qo‘ying, boboy, behuda chiranish bel sindiradi», deyishlariga qaramay gurzi urgan Haydar ota ertasi kun kechqurun o‘z hujrasida yostiq quchoqlagancha inqillab yotar, nabirasi Omilaga belini teptirardi.
— Biram jonsaraksiz-ey, buvajon, nima qilardingiz gurzi urib! — buvasini koyigan bo‘ldi Omila.
— G‘ayratga minvordim, oposh, yoshligimni esladim. — Nabirasining oyoq zarblari xush yoqib, — bay-bay! — devordi chol. — Bosaver, qattiqroq bos!
— Sakson beshga kirdingiz, buvajon, endi o‘zingizni ehtiyot qiling.
— Ehtiyot qilib go‘rga olib ketamanmi kuchimni? — Haydar ota to‘ng‘illadi. — Harna nafim tekkani!
— Yoshlarga maslahat bersangiz — nafingiz tekkani shu, — bidilladi Omila. — Odamning sharti ketib, parti qolgandan keyin sal o‘ylab ish qiladi.
— Bo‘ldi! Bo‘ldi! Choydan quy!
Omila bobosini turg‘azib, devorga suyab o‘tqazdi, bir piyola qaynoq choy quyib berdi.
— Ammo Maqsudvoyga balli! — Chol choyni puflab ho‘plar ekan, tik turgancha tokchadagi allaqaysi kitobni varaqlayotgan nabirasiga mug‘ambirona qarab qo‘ydi. — Soating qancha bo‘ldi, opoch?
— O‘n yarim.
— Kepqolar. Bugun uni bir siylaylik. Sabzi-piyoz bostirganmisan?
— Ha.
— Damlayver!
— Xo‘p, buvajon.
Omila serdaraxt hovli burchagidagi o‘choqboshida osh damlar ekan, eshikka o‘qtin-o‘qtin qarab qo‘yar, Maqsudning kelishiga hali yarim soatcha vaqt bo‘lsa ham, u go‘yo hozir kirib kelayotganday, ko‘ngli hovliqar, uni, faqat uni o‘ylar, ayniqsa qahri qattiq bobosining bu yigitga bog‘lanib qolganidan huzurlanar edi.
Tuvoqni yopib, qo‘rni tortdi, samovar suvini yangilab, cho‘g‘ tashladi. Bobosining hujrasiga kirayotgan yerida ostonadan qaytdi. Ko‘chaga chiqdi.
Kunduzgi issiq qaytgan, Qichqiriq tomondan yengil shabada esa boshlagan dilxush payt. To‘lin oy, kechagi to‘lin oy bu tun ham yuksak baqateraklar yonboshida beozorgina suzadi. Mevazor bog‘lar kumushrang sirli shu’laga chulg‘angan. Guzar tarafdan mayin kuy eshitiladi.
Omila Qichqiriq tomonga yurdi. U kecha va avvalgi kunlarda anhor bo‘yiga bormas, borishga jur’at eta olmas, omonat osma ko‘prikda ahyon-ahyon bo‘lib turgan ko‘ngilsiz hodisalarning mish-mishidan qo‘rqar edi.
Qichqiriq ustidagi yangi ko‘prik ancha beridanoq daf’atan ko‘zga tashlandi. Yangi simyog‘ochlarda elektr chiroqlari charaqlab turibdi. Ko‘prik nurda yaraqlaydi.
Undan bir to‘da juvonlar gurillab o‘tishdi — trikotaj fabrikasidan — ishdan qaytishayotgan bo‘lsa kerak.
Omila ko‘prikning qoq o‘rtasiga kelib to‘xtadn. Suvga qaradi: anhorning yorqin sathida oy barkashi suzib boryapti.
Traktor zavodi shaharchasi tomondan yigitlar gurungi eshitildi. Omila o‘sha tomonga qaradi — uch kishi ko‘rindi; ikkitasi novcharoq, biri pakana. O‘rtadagisini qiz darhol tanidi: Maqsud. Uni yolg‘iz keladi, kutib olaman, deb o‘ylagan edi. Hamrohlari borligini ko‘rib, tezda bu yerdan ketmoqchi, o‘zini panaga olmoqchi bo‘ldi. Lekin kechikdi: ular yaqinlashib qoldilar. Turgan yeridan jilishga madori yetmadi.
Maqsud Zokir bilan Muhsinning o‘rtasida kelar edi. Ko‘prikda Omilani yolg‘iz ko‘rib hayron bo‘ldi. Yo‘ldoshlariga javob berdi:
— Sizlar boraveringlar. Ertalab ishga kechikmanglar.
Zokir bilan Muhsin Omilani tanib, yelkalarini qisgancha ko‘prik taxtalarini taqirlatib o‘tib ketdilar.
Maqsud Omilannng yoniga keldi.
— Bahay?
Omila hamon ko‘zlarini suv sathidagi oy barkashidan olmay, o‘pkalanib dedi:
— Osh lanj bo‘lib ketdi…
— Osh? — Maqsud hech narsaga tushunmay, miyig‘ida kuldi. — Osh lanj bo‘lgan bo‘lsa, tezroq boraylik.
Lekin Omila hamon joyida qimirlamay turar, to‘lqinlar qo‘ynida javlon urayotgan go‘zallikdan nigohini uza olmas edi.
— Yurmaysizmi? — Maqsud qizning oppoq bilagidan asta ushladi. — Nimani o‘ylayapsiz?
— Sizni. — Qizning yupqa lablari titradi. — Ko‘prik bitdi, endi ketarsiz?..
— Nega endi? Hali, omon bo‘lsak, katta ko‘prikni ham quramiz.
— Rostmi? — qiz tiniq ko‘zlarini oy aksidan olib, Maqsudga umidvor boqdi.
— Rost.
— Ko‘prik… — Omila Maqsudning yonida yengilgina yurib kelar ekan, zavqlanib dedi: — Ko‘prik yaxshi narsa, odamlarning mushkulini oson qiladi…