Hamid G‘ulom. Hayot so‘qmoqlari (hikoya)

Qo‘ldosh ota bog‘ida ivirsib yurib pochtaga kechikishiga sal qoldi. Pochta boshlig‘i po‘lat seyfni qulflab endi surg‘uchlamoqchi bo‘lib turganda halloslab kirib kelgan cholni ko‘rib ishini to‘xtatdi.
— Haytovur, ketib qolmapsizlar, — dedi Qo‘ldosh ota, pensiya beradigan rangpargina tatar qiz Salimaning stoli yoniga kelarkan. — Maoshni ber, qizim, to‘y boshlab yubordim.
Bu xabarni eshitgan pochta xodimlari otani tabriklashdi:
— Muborak bo‘lsin!
— To‘yingiz yaxshi o‘tsin.
— Xizmatda bo‘laylik.
Salima Qo‘ldosh otaning pensiya varaqasini to‘ldira turib so‘radi:
— Temirjon kimga uylanyapti?
— Yulduzga.
Otaning bu javobini eshitgan pochta boshlig‘i, quvnoq tabiatli O‘ktam aka hazil qildi:
— Nega yulduzga uylanadi, yerda qiz topilmadimi?
— Obbo sen-ey! — chol qiyqirib kuldi. — Chevaram yerdagi qizlarning yulduziga uylanyapti. Men sizlarni to‘yga aytgani kirdim, O‘ktamvoy. Shu yakshanba oqshom. Uqtingmi?
— Uqtim, — O‘ktam aka Qo‘ldosh otaga yangi o‘ntaliklarni sanab berib, uni eshikkacha kuzatib qo‘ydi. — Albatta boramiz.
Noyabrning oxirgi kunlari. Ko‘kni bulut qoplagan, tabiat xomush. Tunda shivalab yoqqan yomg‘irdan yalang‘och daraxtlar ho‘l. Soat endi olti bo‘lishiga qaramay, qorong‘i tusha boshlagan, simyog‘ochdagi chiroq tuman qo‘ynidagi oyday xira nur sochadi. Qo‘ldosh ota nam asfalt yo‘lkadan asta yurib borarkan, ko‘kragiga zax o‘tib, to‘niga o‘ralibroq oldi. U to‘yning kechikib shu mahalga qolganini, yakshanba kuni havoning qanaqa bo‘lishini o‘ylar, agar charaqlab ochilmasa, to‘y chinakam to‘y bo‘lmay qolishidan tashvishlanar edi.
Qo‘ldosh ota katta imorat muyulishidan bog‘ ko‘chaga burila turib shu yerda, avtobus to‘xtaydigan joyda turgan yigitni taniganday bo‘ldi, betartib o‘sgan qalin qoshini chimirib qush boqish qildi. Ha, bu o‘sha — mahallada «odamovi» deb dong chiqargan Doniyor.
Bu yigit bir vaqtlar uning chevarasi Temir bilan qalin o‘rtoq edi. Ular o‘qishga birga borishar, darslarini birga tayyorlashar, imtihon kezlari boboning bog‘ida haftalab qolib ketishar edi. Doniyorning otasi urushda halok bo‘lganda, u onasining qo‘lida uch yashar bola edi. Uning onasi — u vaqtda endi yigirma beshga kirgan, suxsurgina muallima urush tugamasdanoq qirqlardan oshgan, basavlat, puldor bir kishiga turmushga chiqdi. Bu kishining allaqayerda xotini, bola-chaqasi bo‘lsa kerak, mahallada goh paydo bo‘lar, goh ketib qolar, bu yerdaligida esa, yurtning ma’raka-marosimlariga aralashmas, na to‘yga chiqar, na tobutga yelkasini tutar edi. Doniyorning onasi bu ikkinchi eridan besh bola ko‘rib, ishini tashlab uynga qamalib qoldi.
Oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tib, Doniyor ko‘rkamgina yigit bo‘lib yetishdi. Lekin uning o‘qishida tayin bo‘lmadi. Elektrotexnika texnikumini bitirmasdan tashlab ketdi. Kechki maktabni tamomlab, allaqaysi institutga kirgan ekan, undan ham ketib qoldi. O‘pkasida illati bo‘lgani uchun armiyaga ham olinmadi. O‘gay otasi uni shahar markazida katta magazinlardan biriga ishga joylashtirdi. Biroq rastrat qilib qo‘ydi. Ona bechora taqinchoqlarini sotib, o‘g‘lini qutqarib qoldi.
Temirning Doniyor bilan do‘stligidan, u elektrotexnika texnikumidan ketib qolgan kunlarda putur ketgan edi. Bunga sabab shu bo‘ldiki, Doniyor Temirning so‘ziga quloq solmadi, darslarni tashlab qo‘ydi, bobo bog‘idan qadamini uzdi, chetdan do‘stlar topib, mahalla yoshlarini oyoq uchi bilan ko‘rsata boshladi. Uning chetdan topgan do‘stlari ko‘pincha qizlar bo‘lar, uchrashadigan joylari — tantsa maydonlari, kafe, restoran… Bora-bora Doniyor mahallada butunlay ko‘rinmay qoldi. Kechalari allamahalda, guzar suv sepganday jimjit, odamlar bir uyquni olib bo‘lgan pallada bog‘ ko‘cha oromini taksi motorining vag‘illashi, ketma-ket chalingan qo‘ng‘iroq jarangi buzar, bu shovqindan uyg‘ongan kishilar «Obbo, «odamovi» keldi!» deb qo‘yar edilar.
Qo‘ldosh ota Doniyorga yaqinroq kelib, yanglishmadimmikan, deb uni sinchiklab ko‘zdan kechirdi. O‘sha novcha, ozg‘in, po‘rim yigit: tor shim, qushburun tufli, kalta palto, ingichka galstuk, yassi shlyapa. Burni tagida kapalakday nozik mo‘ylov.
— Doniyormisan? — ota hamon undan ko‘zlarini olmay so‘radi. — Yolg‘iz nima qilib turibsan bu yerda? — Shundoq… o‘zim… — Doniyor kalta yengi tagidan ko‘rinib turgan qo‘l soatiga toqatsizlanib qarab qo‘ydi. — Bir oshnamni kutyapman.
— Ha, durust. Nega biznikiga kelmay qo‘yding? Temirvoyni ko‘rib turasanmi?
— Goho…
— Bu ishing chakki. Buxor tangasiday qorangni ko‘rsatmay ketding. O‘rtoq degan bunaqa bo‘lmaydi. Temirvoyning uylanayotganidan xabaring bormi?
— Eshitdim…
— O‘zi aytdimi?
— Aytdi… Ammo ishim ko‘p, to‘yga kelolmasam kerak.
— Ha, ha! — Ota Doniyorga tag‘in boshdan-oyoq qarab chiqdi. — Ishim ko‘p degin? Xizmat qayerda o‘zi?
Doniyor: «Bu sassiq choldan qutulamanmi, yo‘qmi?» deganday yovqarash qildi.
— Xizmat katta idorada, ertayu kech yugur-yugur…
— Daromadi ham chakki bo‘lmasa kerak? — chol yana o‘smoqchilab so‘radi.
— Chakki emas… — Doniyor bir yo‘lda ko‘ringan avtobusga, bir qo‘lidagi soatga qaradi. — Xayr, ota, men oshnamni kutib olay.
— Birga kutaveramiz, maoshni opchiqdim, mehmon qilaman.
— Hojati yo‘q, — Doniyor yo‘l yoqasiga kelib to‘xtagan avtobusga intildi.
Undan hafsalasi pir bo‘lgan Qo‘ldosh ota etagini qoqib ketmoqchi bo‘ldi-yu, biroq «odamovi»ning oshna-sini bir ko‘rib qo‘yay degan umidda, turgan joyida turib qoldi.
Avtobus tiqin bo‘lsa ham, bu yerda undan uch-to‘rt kishigina tushdi. Bular Traktor zavodining ishchilari bo‘lib, shu mahallalik tanish kishilar edi. Ular qadrdon ota bilan salomlashdilar va cholni «odamovi» bilan yonma-yon ko‘rib ajablandilar. Ulardan biri:
— Bahay, ota? — deb so‘rab qoldi.
— Doniyorvoy bilan mehmon kutyapmiz… — Qo‘ldosh ota parvosizgina javob qildi.
Avtobus jo‘nadi. Qo‘shnilar bog‘ ko‘chaga kirib ketishdi.
— Ota, siz endi kutmang, — Doniyor cholga yovqarash qildi. — Oshnam navbatdagi avtobusda keladi.
— Ishim, qolayotgani yo‘q, bolam. — Chol yoyiq soqolini siladi, ko‘zlari kulimsiradi.
— Qiziq ekansiz! — Doniyorning bevaqt ajin tushgan peshonasiga sovuq ter chiqdi. — Men bilan nima ishingiz bor?
— Odamning odam bilan ishi bo‘lishi kerak, bolam. Odam odam bilan tirik. Axir, sen ham chevaram qatori o‘z tirnog‘imsan. Otang rahmatlik bilan yonma-yon bog‘ qilganmiz. Ko‘ngli nur, qo‘li gul yigit edi, baraka topgur!
— Yaxshi, yaxshi… — yo‘l bo‘sh bo‘lsa ham ustma-ust signal berib kelayotgan havorang taksini ko‘rgan Doniyorning ko‘zlari chaqnadi. — Boring endi, ota, oshnam mashinada kepqoldi.
Ho‘l asfaltda shivillab kelgan taksi Doniyorning yonginasida to‘xtadi, oldingi eshigi ochilib, qizg‘ish, savatday sochi hurpaygan, bo‘ydorgina juvonning boshi ko‘rindi.
— Ketdik, jonginam! — dedi u, oltin uzuklar porlagan semiz barmoqlari bilan Doniyorni imlab.
Doniyor Qo‘ldosh otaga xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, mashinaning orqa eshigini taraqlatib ochib, ikki bukilib kirib oldi. Mashina jilarkan, tasqara juvon cholga qo‘l silkitib qoldi:
— Salyut, boboy!
Qo‘ldosh bobo bog‘iga kirib kelganda montyor Oqil aka keng sahnning har tomoniga sim tortib, katta chiroqlarni yoqib yuborgan, hamma harakatda: chollar ayvonda sabzi to‘g‘rar, Temir hovlida to‘nka yorar, qassob Yo‘ldoshvoy yangigina so‘yilgan bo‘rdoqi nimtalarini o‘rik shoxiga osar, novvoy tandirga o‘t qalar, xullas, yakshanbaga qadar hali ikki kun bo‘lishiga qaramay, bog‘ hozirdanoq chinakam to‘yxonaga aylangan edi. Mahalla choyxonasining samovarchisi pakanagina Melivoy bo‘yi o‘ziga barobar qo‘sh mis samovarni allaqachon o‘rnatib bo‘lib, besh-o‘n choynakka choy ham damlab yuboribdi.
Qo‘ldosh ota goh ayvon peshiga kelib, og‘aynilari bilan bir dam otamlashadi, goh tandir alangasida qip-qizargan novvoyga choy quyib uzatadi, goh esa, to‘nka yorayotgan chevarasining tepasiga kelib: «Hay, kuyov bola, belingga ehtiyot bo‘l!» deb hazillashadi.
Ishidan qaytib, ohorli kiyimlarini kiyib chiqqan qo‘ni-qo‘shni, hammahallalar ochiq eshikdan birin-ketin kirib kela berishdi. Qo‘ldosh otaning tengdoshlaridan Xalil ota, Mahkam partizan, Said otalar, Temirning traktor zavodidagi hamkasblari va kechki institutdagi kursdoshlari, mahallaning to‘yboshi korchalon ayollari, xullas, to‘ydan xabar topganlarning hammasi muborakbod etgani, to‘yning kam-ko‘stlariga qarashvorishga kirishar, yoshi to‘qsonni qoralab, chevarasini uylantirish baxtiga muyassar bo‘lgan tabarruk bobo xonadoniga fayz bag‘ishlashar edi.
Jamoat jam, faqat mahalladagi birgina xonadon kishilari — Doniyor, uning onasi va yaqinda ular uyiga butkul ko‘chib kelgan o‘gay otasi yo‘q edi, xolos.
— O‘rtog‘ingni ko‘rdim, — dedi Qo‘ldosh ota, chayir to‘nka yorish mashaqqatidan qora terga botgan chevarasining yoniga kelib. — Posonidan ot hurkadi. Bamisoli jibilajibon. Sassiq popishakka o‘xshagan bir ajina bilan taksada ravona bo‘ldi. To‘yga aytsam, ishim ko‘p, deydi.
— Ha, u shunaqa. — Bobosi kim haqida gapirayotganini darrov payqab olgan Temir miyig‘ida kuldi. — Ishyoqmas, bekorchixo‘ja. Gapirsak, sirkasi suv ko‘tarmaydi.
Eshikdan kirib kelgan yuzi yapaloq, qorindor, basavlat odamni — mahalla komissiyasining raisini ko‘rishi bilan Qo‘ldosh ota yayrab ketdi:
— Keling, Mirzaabdulla, keling! Qani, siz yechib bering bizga shu jumboqni…
Mirzaabdullaning keng yuziga kulgi to‘lib, ota bilan quchoqlashib ko‘rishdi:
— Qani-qann, nima jumboq ekan? — deb so‘radi.
— Anavi, — Qo‘ldosh bobo ko‘rsatgich barmog‘ini qo‘shni boqqa bigiz qildi, — muallim qizimiz Nasiba masalasi. Hay, keyingi eri nobop chiqdi. Ammo o‘g‘li Doniyor ham ko‘zimga olaroq ko‘rinadi. Nechuk siz, Mirzaabdulla, mahallaga ota bo‘la turib, bitta bolani to‘g‘ri yo‘lga solib yuborish qo‘lingizdan kelmaydi.
Bu savol Mirzaabdullaning ham boshini ko‘pdan beri qotirib kelayotgan bo‘lsa kerak, yuzidagi shodlik so‘ndi, ko‘zlari tinib, keng peshonasi tirishdi.
— Bu og‘ir savdo, — dedi u katta, qalin kaftlarini bir-biriga ishqab, — Nasiba opa maktabga ishga kirmoqchi. Yordam beryapmiz. Eri Mamat aka pensiyada, ammo uni uyidan topish qiyin: qayerga ketganini xotiniga ham aytmas emish.
— Avvalgi oilasi nima bo‘lgan?
— Xotini bultur vafot qilgan. Uch bolasi bor, hammasi uy-joyli, o‘zidan tinchib ketgan. Doniyorga kelsak… O‘zingizga ma’lum, otaxon, tarbiyasi yaxshi bo‘lmadi.
— E, attang, tuxumi asil edi…
— To‘g‘riku-ya… Mamat aka bolani buzdi: pulga, ichkilikka o‘rgatdi, o‘qishiga zomin bo‘ldi, do‘stlaridan bezdirdi, xullas, oqibatda uning qolipidan bir takasaltang chiqdi.
— Astag‘firullo! — Qo‘ldosh bobo bo‘g‘ilib soqolini tutamladi. — Bolani o‘rtaga olinglar, nasihat qilinglar, ishga solinglar.
— Qarab turganimiz yo‘q, otaxon. Zavodga ishga joyladik, to‘rt kunga chidamadi. Mushtlashib qamalgan ekan, kafilga olib chiqdik, nasihat qildik, foyda bermadi, nachora?
— Qattiq ushlash kerak. Ko‘pchilikka bo‘ysunmay ko‘rsin-chi!
— Xo‘p, otaxon, — Mirzaabdulla Temirning bolta zarbi bilan to‘nkani ikkiga ajratib yuborganidan zavqlanib kuldi. — Qoyil, azamat! Xo‘sh, bizga nima xizmat bor?
— Xizmat ko‘p. Qani, ayvonga chiqaylik!

* * *

Qo‘ldosh otaning o‘z san’ati bilan qurilgan naqshin ayvonda mahalla oqsoqollari to‘y tartibini muhokama qilayotgan bir paytda Doniyor Chilonzordagi uylarning birida, shiftini tamaki tutuni qoplagan torgina, dim xonada bugun uni taksida olib ketgan tasqara xonim bilan tantsa tushar, kayfi balandligidan muzikani ham anglamas, oyog‘i tez-tez chalishib, qalqib gandiraklar, ayolning atir hidi gurkirab turgan yo‘g‘on, oq bo‘yniga labini bosar edi.
Betartib stol atrofida yana ikki juft «oshiq-ma’shuqlar» tizza-batizza o‘tirishibdi. Doniyor o‘z xonimmining kimligini yaxshi bilmaganday, ularning ham kimligini yaxshi bilmaydi. U rastirat qilib bazo‘r qutulgan magazini yonidagi sartaroshxonaga kirganda Zyuzi bilan tanishgan. Doniyordan o‘n yosh katta bo‘lgan, uch er ko‘rgan, bolalarini bachadondayoq yo‘qotib kelgan bu manikyurchi ustomon xotin pardoz-andoz bilan o‘zini yosh qilib ko‘rsatar, xushsurat o‘spirinlarnn noz-firoq tuzog‘iga ilintirib maishat qilar edi. U Doniyorni bir ko‘rishdanoq ko‘z ostiga olib qo‘ydi, ikkinchi ko‘rganda ilib ketdi. Mana, olti oydirki, har kun, kun ora Doniyor qayerda bo‘lsa ham, uni topadi, uyiga olib keladi, yangi-yangi ulfatlari bilan tanishtiradi, erkalaydi, hatto: «Faqat taksida yuring», — deb cho‘ntagiga pul ham solib qo‘yadi.
Zyuzi Doniyorni bugun ham tun oqqandan keyin taksiga tushirib yubora turib, bo‘yniga osilib yig‘ladi:
— Sevaman! Sevaman! Sevaman! Meni doim o‘yla, jonginam! Bu dunyoda sendan boshqa hech kimim yo‘q!..
Doniyor taksining orqa o‘rindig‘ida mudrab o‘tirar ekan, o‘z ko‘zlarining sovib qolganini daf’atan sezdi, go‘yo uning ko‘zlarini birov sitib olganu, kosasiga muz parchasi joylab qo‘ygan edi. Badanidagi harorat ham sovigan, oyoqlari yog‘ochga aylangan, faqat tizzalarining zirqirab og‘rishi joni borligidan dalolat berib turar edi. O‘tirgan yerida kerishib, keng yo‘l yoqasidagi baland beton simyog‘ochlarga qo‘ndirilgan egik neon chiroqlarni, nurda kamalakday yiltirayotgan yomg‘irni loqayd kuzatib bordi. Doniyor Zyuzining sevgi, sog‘inish haqidagi kuyib-pishib, hatto yig‘lab aytgan so‘zlariga chindan ishonar, uning qiliqlari o‘rtaga tushaverib ko‘p marta cho‘qilangan, pati to‘zigan, tumshug‘i pachaq tullakning o‘yini ekanini xayoliga ham keltirmas edi.
— Xo‘sh, yigit, maishat zo‘r bo‘ldimi?
Notanish shoferning kutilmagan savoli Doniyorni hushyor torttirib yubordi. U qaltiroq barmoqlari bilan sigareta tutatar ekan, taajjublanib:
— Bu nima deganingiz, amaki? — deb so‘radi.
— Qalay, Zebi yaxshi kutdimi?
— Qanaqa Zebi? Hech qanaqa Zebini tanimayman!
— Zyuzi…
— Zyuzi?! Siz uni bilasizmi?
— Men, jiyan, Zebining birinchi eri bo‘laman, — shoferning yo‘lga tikilgan ko‘zlarida sovuq o‘t yiltilladi. — Bundan o‘n besh yil burun kovushini to‘g‘rilab qo‘yganman.
— U boshqa Zebi, — Doniyorning taranglashib kelayotgan asablari bo‘shashdi. — Zyuzi endi yigirma to‘rtga kirgan.
— G‘o‘rsiz, jiyan, — Shofyor zaharxanda kuldi. — Zebi yana o‘n yildan keyin boshqatdan o‘n sakkizga kiradi. Mendan keyin tag‘in ikkita er qildi. Siz, hisobda to‘rtinchisi…
Doniyor Zyuzining boyagina uning bo‘yniga osilib yig‘laganini, mushuknikiday yonib turgan yirik kulrang ko‘zlarini, kipriklarining bo‘yog‘idan oppoq lo‘ppi yuziga cho‘zilgan ko‘kimtir izlarni esladi.
— Zebi — yigitlar baxtining o‘g‘risi. Shaytonga dars beradi. Qo‘lga tushibsiz, jiyan.
— Yo‘g‘-e, Zyuzi meni sevadi.
— U hammani sevadi. To‘yguncha, joniga tekkuncha sevadi.
Komsomol maydoni, yomg‘ir tagida shovillab qaynayotgan fontan orqada qoldi. Mashina Kalinin maydonidan o‘tib, Qorasaroyga burilgach, tor ko‘chada yurishini sekinlatdi.
— Ota-onangiz bormi, jiyan?
— Otam urushda halok bo‘lgan, o‘gay otam bor, pensioner. Onam muallima. Beshta ukam bor.
— Jo‘jabirday jon ekansizlar, — shofyor achiinb bosh chayqadi. — Qayerda ishlaysiz?
— Hozircha bekorchiman.
— E, attang… — Mashina Qumloqning o‘nqir-cho‘nqir yo‘lida turtinib borar ekan, shofer passajiriga nasihat qildi: — Vaqtida etagingizni yopib oling, uka. Zebi — quturgan it, hali sizdaylarning ko‘pini g‘ajiydi. Qadamingizni qirqing uning harom eshigidan. Yosh ekansiz, ishlang, o‘qing. Hoynahoy, onangiz sizni yo‘lda kutayotgandir…
Mashina Doniyor yashaydigan bog‘ko‘chaga kirganda shu yerdagi hovlilardan biri ustida katta chiroqlarnipg shu’lasi ko‘rindi, yigitlar yallasi eshitildi.
— Mahallada to‘y bormi? — shoferning chehrasi yorishib ketdi. — Ana, jiyan, siz tengilar to‘y qilishadi, uylanishadi, mehnatlari rohatini surishadi. Siz bo‘lsangiz…
— Endi, amaki, biz yangicha…
Bu mujmal gapni eshitgan shofer mashinani taqqa to‘xtatib, orqa eshigini taraqlatib ochdi.
— Tush! He, o‘sha seni!..
Doniyor mashinadan tushib cho‘ntagini kovlayotganda shofyor o‘shqirdi:
— Zebining harom pulini achangga ber! Esiz odam!..
Mashina zarda bilan vag‘illab burilib ketdi. Doniyor turgan yerida surat bo‘lib qoldi. Shoferning so‘zlaridan Zyuzining kimligi ayon bo‘lsa ham, Doniyor uning haqidagi fikrida ikkilanar, uning shirali qalin lablari mayidan hamon chala mast, hamon quloqlarida nadomat bilan aytgan: «Sevaman! Sevaman! Sevaman!» xitobi jaranglar, boshi aylanib, oyoqlari chalishar edi.
Eshik oldidagi keksa tol tagidan bir soya ajralib chiqdi-da, Doniyor tomonga kela boshladi.
«Obbo… — Doniyor onasini tanib, yuragi shuvilladi. — O‘lganning ustiga chiqib tepadi endi».
Boshiga doka ro‘mol o‘ragan, ozg‘in, novcha Nasiba opa o‘g‘lining ro‘parasiga kelib to‘xtadi va yoshli ko‘zlari bilan termildi.
— Qayoqlarda sanqib yuribsan, bolam? — Uning serajin yuzida qon yo‘q, tovushi siniq edi. — Senga ham es kiradimi o‘zi? Uyga kir.
Doniyor onasishshg ketidan hovliga kirdi, ayvonga chmqib, qushburun yangi tuflisini tartibsiz uloqtirdi, kalta paltosini veshalkaga otdi-da, derazasi ayvonga qaragan o‘z xonasiga gandiraklab kirib ketdi.
Nasiba opa o‘g‘lining ketidan soyaday jimgina kirdi.
Doniyor uzun, nimjon gavdasini kresloga tashladi va qarshisida ma’yus termilib turgan onasiga sovuq qaradi:
— Gapiring gapingizni!
— Qayerda eding?
— O‘rtog‘imnikida!
— Qaysi o‘rtog‘ingnikida? Oti bormi?
— Nima, so‘roqmi?! — Doniyor o‘shqirdi.
— Onangga baqirma! — Nasiba opa o‘g‘lining qarshisidagi stulga ohistagina o‘tirdi va qo‘shni mash’ala bog‘dan eshitilayotgan ashulaga quloq solib bir nafas jim qoldi. — Agar mendan kamchilik o‘tgan bo‘lsa kechir, — dedi u siniq tovush bilan, — lekin men seni bunaqa tarbiyalamagan edim. Odamlarning baxtini ko‘rib, sening baxtsizligingdan ezilaman. Ha, bolam, sen baxtsizsan. Bu daydiliging, seni ichiradigan shubhali o‘rtoqlaring — baxtsizlik. Bugun menga Qo‘ldosh ota aytib berdi. Nomusdan yer yorilmadi, kirib ketmadim. Seni laqillatib yurgan tannoz baxtingni juvonmarg qiladi. Qayt bu yo‘ldan!.. Bu yo‘l falokatga, halokatga olib boradi, bolam!..
Doniyor silliq taralgan sochini changallagancha yerga qarab qoldi, u endi onasining yuziga qarashga botinolmas, unga so‘z ham qaytara olmas, asabi o‘ta buzilgan, dod deb yuborish darajasiga yetgan edi.
— Bugun seni ko‘p odam yo‘qladi, — Nasiba opa hamon bosiq gapirar edi. — Mahallamizning raisi Mirzaabdulla aka keldi. «Doniyor menga uchrasin, ishga kiritib qo‘yaman», dedi. Bu senga katta marhamat, bolam. O‘rtog‘ing Temirjon qaylig‘i Yulduzxon bilan kelishdi, to‘ylariga aytishdi. Bu ham sen uchun katta obro‘. Ishga kir, o‘qishingni davom ettir, odamlarga qo‘shil, yo‘qotgan do‘stlaringni topib ol.
— Xo‘p, oyijon.
— Endi yotib uxla.
Nasiba opa hovliga chiqib ketdi. U daraxtzor bog‘nning keng sahnida kezib yurar ekan, Doniyorning yorug‘ derazasidan ko‘zini olmadi. Uning yuragi sanchdi. O‘rikka suyangancha turib qoldi. Doniyorning chirog‘i esa allamahalgacha o‘chmadi. Uning nima qilayotgani, nimalarni o‘ylayotgani, qandan qarorga kelgani onaga qorong‘i edi. Lekin ona shuni yaxshi bilar ediki, o‘g‘li qanchalik qiynalmasin, qanday azoblar chekmasin, shu bezovta tun hayotida burilish yasaydi, qalbida umid o‘tini yoqadi…
Uning chirog‘i tong g‘ira-shirasida o‘chdi. Shundan keyingina Nasiba opa yengil tin olib uyiga, pishillab uxlayotgan bolalari yoniga kirib ketdi…