“Poraxo‘rlikni tugatish chora-tadbirlari” degan ilmiy anjumanda ishtirok etishimga to‘g‘ri keldi. Aslida bu yig‘ilishda idoramizning boshlig‘i qatnashishi va nutq so‘zlashi mo‘ljallangan ekan. Muhtaram zotimiz betob bo‘lib qolganlari bois zerikarli mashvaratga borish kaminaning chekiga tushdi. Mas’ul lavozimda ishlayman – yo‘q deyolmadim.
Anjuman nufuzli huquqiy idoraning mahobatli majlislar zalida bo‘ldi. Unga anchayin jiddiy bir muassasaning rahbari raislik qildi. Notiqlar biri olib, biri qo‘yib, “undoq qilish kerak, bundoq qilish zarur”, deya yuz yildan beri aytib kelinayotgan gaplarni takrorlashdi. Ensam qotdi. Hammasi eski gaplar: biri jazoni kuchaytirish kerak, deydi, boshqasi maoshlarni ko‘paytirish lozim, deydi. Agar shu choralar bilan poraxo‘rlikni yo‘qotish mumkin bo‘lganida, u illatdan bir asr oldin qutilar edik.
– Bular bari – safsata.. rishvatxo‘rlikka barham berish uchun kallani ishlatib, mutlaqo yangicha, o‘ziga xos choralar qo‘llash kerak, – deb luqma tashladim men o‘tirgan joyimda.
Gapim majlis raisiga malol keldi.
– Agar sizning kallangiz shu yerda ishtirok etayotganlarnikidan zo‘r bo‘lsa, chiqing mana bu yerga, bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating, – dedi tahdidli tovushda. – Qani marhamat! Takliflarni ayting!
Bir xayolim: “Menda hech qanaqa taklif yo‘q, shunchaki hazillashmoqchi edim”, deb qutulmoqchi bo‘ldim. Qarasam rais janoblari kaminaga o‘ta nopisandlik va nafrat bilan masxaraomuz tikilib turibdi. Avzoidan meni minbarga chiqarib kulgi qilmoqchi. Agar kulgi bo‘lishni istamasdan jahlini chiqarsam: “Nima, sen bizning tartibot idoralari bu illatga qarshi olib borilayotgan kurashda erishilayotgan muvaffaqiyatlarlarni raddu inkor etmoqchimisan?” deya sazoyi qilishni, hatto “bu odam porxo‘rlikni himoya qilyapti”, deya oshkora ayb qo‘yib, ustimdan ish qo‘zg‘atib yuborishi ham mumkin. “Kel mayli, shu zoti kiromining sazasi o‘lmasin, hajv bo‘lsam bo‘laqolay”, degan fikrda sahnaga ko‘tarildim.
– Xo‘sh, ayting, nima qilaylik? Qulog‘imiz sizda! – dedi rais janoblari yillik maoshini yemay-ichmay to‘plagan chog‘da ham aqalli yarim narxiga yetmaydigan shveytsarcha “Roleks” tilla soati taqilgan qo‘li bilan bo‘yinbog‘iga qadalgan brilliant to‘g‘nag‘ichini ohista to‘g‘irlab qo‘yar ekan. Kamina bir paytlar o‘qishga kirolmay ikki yilcha tilla magazinda shogirdlik qilganim uchun qimmatbaho zeb-ziynatlarning uncha-muncha farqiga boradigan bo‘lib qolgandim. Shu bois rais hazratlarining yengiga qadalgan ajnabiycha olmos ko‘zli oltin ilmatugma ham nazarimdan chetda qolmadi.
– Porxo‘rlikka qonunan ruxsat berish kerak! – dedim men aftimga iloji boricha jiddiy tus berib.
Zal bir qalqib tushdi. Rais janoblari baqrayib qoldi.
– Nima? O‘ylab gapiryapsizmi? – dedi bir lahzalik sarosimadan so‘ng. Bu nima deganingiz?
– Men… taklifimni aytayapman. Uni qabul qilish-qilmaslik – Sizlarning ishingiz. Agar ruxsat etsangiz, taklifimni mantiqan asoslab berishim mumkin.
– O‘chiring ovozingizni! Aqldan ozib qolganga o‘xshaysiz. Hech bir zamonda, hech bir mamlakatda poraxo‘rlikka qonunan ruxsat berilganmi? Bu qanaqa bema’nigarchilik! – dedi jahl bilan rais. – Boring, o‘tiring joyingizga! Siz bilan… keyin gaplashamiz.
Zalda g‘ala-g‘ovur boshlandi. Kimdir kuldi, kimdir so‘kindi. Kimdir kaftlarini bir-biriga ishqalab past ovozda: “O-o qaniydi shu kunlarga yetsak”, deb qo‘yganini ham ilg‘ab qoldim. Nogahon eng oxirgi qatordan o‘ktam bir ovoz eshitildi:
– Hamonki, minbarga chiqibdi, gapini oxirigacha aytsin-da, axir bizda so‘z erkinligi qonunan mustahkamlab qo‘yilgan-ku, – dedi.
Rais ikkilandi.
– Nima qilamiz, gapiraversinmi? – deb so‘radi zalga qarab.
– Mayli, gapirsin-chi, yana nimalar deb valdirar ekan, – dedi hay’atda o‘tirgan nufuzli mulozimlardan biri.
Kamina unga minnatdorona razm solar ekanman, o‘zimizning pul bilan hisoblaganda bir necha o‘n million turuvchi oltin ko‘zoynagi, Parijdagi “Armani” modalar uyida tikilgan eng so‘nggi rusumdagi kostyum-shimi va hatto Italiyadan kelgan saxtiyon charmli poyabzaliga e’tibor berdim.
– Mayli, gapiring. Xo‘sh, qanaqa qilib… qonunan ruxsat bermoqchisiz poraxo‘rlikka? Axir bu… jamiyatni ichdan yemiruvchi, iqtisodiyotni tanazzulga eltuvchi, insonni ma’naviy-axloqiy jihatdan tubanlashtiruvchi xavfli illat-ku! – dedi rais.
– Agar mening taklifim amalga oshsa bu… illat jamiyatni yemirmaydi, aksincha rivojlantiradi, iqtisodiyotni mustahkamlaydi, mamlakat xazinasini to‘ldiradi.
– O‘h-ho‘, zo‘r-u! Xo‘sh-xo‘sh, – dedi hay’atdagi mening tilla ko‘zoynakli himoyachim.
– Har bir amaldorga mansabining darajasiga qarab muayyan miqdorgacha pora olishga ruxsat berilsin, – dedim men. – Ruxsat berilsingina emas, pora olish majburiy vazifa qilib qo‘yilsin. Bundan tashqari har bir mansabdorga pora olish bo‘yicha oylik, choraklik, yarim yillik va yillik rejalar belgilansin. Rejani bajarmaganlar yetmagan pulni maoshidan to‘lasin, yo‘q, uzr, ularga maosh emas olgan poralaridan muayyan foizi ulush tariqasida ajratilsin. Rejani bajarmasa, ulush qisqartirilsin.
– Olingan poralar qayerga ketadi? – deb so‘radi oldingi qatorda qo‘lini shimining cho‘ntagidan chiqarmay o‘tirgan yana bir po‘rim amaldor.
– Davlat xazinasiga-da, albatta, – dedim men taklifim tobora ko‘proq kishini qiziqtirayotganidan dadillanib. – Har kuni kechqurun prokuratura va inkassatorlik xizmati xodimlari xolis guvohlar ishtirokida har bir amaldorning xizmatxonasidagi temir sandiqni, stoli g‘aladonlarini, cho‘ntaklarini, paypoqlari ichini, xullas, pul yashirish mumkin bo‘lgan barcha teshiklarni tekshirib, kunlik yig‘ilgan porani dalolatnoma asosida musodara etib, bankka topshirishadi.
– Hm-m-m, – dedi rais negadir rangi-quti o‘chib. – Unaqada… ha, mayli, davom etavering-chi. Keyin nima bo‘ladi?
Endi nima desamikan, deya sarosimalanib tursam, “Poraxo‘rlikka katta reja-yu majburiyatlar qo‘yiladigan bo‘lsa… pora beruvchilarga ham imkoniyat va imtiyozlar yaratish kerak emasmikan, aks holda ular buncha porani qayerdan topib berishadi?” – deb luqma tashladi oldinroqda o‘tirgan, ko‘rinishidan bank xizmatchisi ekani sezilib turgan bir tepakal yigit.
– Balli! Dolzarb muammoni darhol payqabsiz. Ammo buning ham chorasi bor. Banklar ularga “pora uchun”, deb ataluvchi kreditlar berishini yo‘lga qo‘yishadi. Kreditga berilgan pullarning raqamlari yozib olinib, tegishli idoralarga topshiriladi. Toki, beruvchilar ham, oluvchi janoblar ham poralar miqdorini yashirishga urinishmasin.
– Kreditni qanaqa qilib to‘lashadi ular? Qarzni uzish ham bor, aka!
– Hamonki olingan poralar musodara etilib, belgilangan yillik foizi bilan bankka qaytarib topshiriladigan bo‘lgach, pora beruvchilar kreditlarni to‘lashdan ozod etiladi. Aksincha ularga bank tomonidan muayyan miqdorda mukofot ajratiladi.
– Unaqada… pora olishdan ko‘ra pora berish foydaliroq bo‘lib qoladi-ku, – dedi ko‘zoynak taqqan olimnamo bir yigit. Pora beruvchilar keskin ko‘payib ketmaydimi?
– U tomonidan xotirjam bo‘lavering, beruvchi ko‘paygani sari oluvchi kamayib boradi.
– Ya’ni?
– Chunki pora olishning mutlaqo qizig‘i qolmaydi. Poraxo‘rlar pora beruvchilardan qochib, yashirinib yurishadi. Oqibatda pora beruvchilar bankdan olgan kreditlarini poraga emas, tadbirkorlikka va boshqa halol, xayrli ishlarga sarflashga majbur bo‘lishadi. Sirasini aytsam, ular kredit olaman, deb banklar eshigida sarg‘ayib o‘tirishmaydi. Aksincha, bank xodimlari “iltimos, kreditni bizning bankdan oling”, deb odamlarning ortidan yalinib, yugurib yurishadi. Har kuni har bir tadbirkorning idorasi eshigi yonida o‘nlab banklarning vakillari navbat kutib o‘tirishadi.
– Bu odamning esi joyida emas, – aftini burishtirdi savol bergan yigit. – Hech zamonda bank mijozga yalinganmi? Noto‘g‘ri bu!
– Mavzudan chetga chiqib ketdingiz, asosiy masalaga qayting. Shunday qilib… pora olish, poraxo‘rlik butunlay yo‘qolib ketsa amaldorlarning ahvoli nima kechadi? Axir… ular faqat maoshning o‘ziga yashay olmasliklari tentakka ham ayon-ku! – degan masxaraomuz savol tushdi orqa qatorning chekkarog‘ida boshini emas, bo‘ynini qisib o‘tirgan kishidan. – Ular… pora olishmasa o‘lib qolishadi-ku!
– Yo‘q, ularning o‘lib qolishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Poraxo‘rligini bo‘yniga olib, tavba-tazarru qilib, o‘z ixtiyori bilan kursisini topshirgan amaldorlarga “Boquvchisini yo‘qotganligi uchun” degan maxsus nafaqa beriladi.
– E-e, bu odam chindan ham tentak bo‘lgan, qanaqa nafaqa, nima hisobdan, – dedi avzoidan ijtimoiy ta’minot sohasi xodimi ekani sezilib turgan qiltiriq bir qora yigit. – Umr bo‘yi halol mehnat qilib nafaqaga chiqqanlarga zo‘rg‘a mablag‘ topib, arzimagan pul beryapmiz-u, yana poraxo‘rlarni ham boqish kerakmi?
– Siz “berdi”sini eshitmasdan shovqin solayotirsiz, birodar. Ularning nafaqasi o‘sha mansabda bo‘lgan paytda olgan va davlat xazinasiga topshirgan poralari evaziga to‘lanadi.
– Bu gapingizda hech qanaqa mantiq ko‘rmayotirman, – dedi bo‘sh kelmasdan mubohis yigit. – Nima hisobdan berilganda ham shuncha tekinxo‘rni boqish oson emas. Mening fikrimcha, ularni ishlatish kerak. Dalaga chiqib g‘o‘za chopiq qilsin, jazirama oftobda beli mayishib, orqasi terlab paxta tersin. To‘g‘rimi, o‘rtoqlar?
– Foydasi yo‘q. Birinchidan, bel og‘ritmay, pora hisobiga yashashga o‘tgangan tekinxo‘rlar hech qanday ishni yolchitmaydi. Ikkinchidan, ular yil sayin, oy sayin kamayib borgani bois dalaga opchiqishning hojati qolmaydi. Eng ma’quli – turli kasbdagi, turli mansabdagi poraxo‘rlardan bir necha nusxasini saqlab qolib, eksponat sifatida foydalanamiz. Toki, kelgusi avlodlar o‘tmishda “pora”, “poraxo‘r”, degan gaplar bo‘lganini loaqal muzeylarda ko‘rib, eslab, ogoh bo‘lib yurishsin.
Bu gapimdan so‘ng gulduros qarsaklar yangrashini kutgan edim. Ammo… nadomatlar bo‘lg‘aykim, raisning so‘zsiz ishorasiga binoan ikki barvasta yigit ikki qo‘ltig‘imdan olib, oyog‘imni yerga tekkizmay tashqariga opchiqib ketishdi. Mashinaga tiqib, tikka ruhiy kasalliklar shifoxonasiga eltib, anchayin muhtasham oltinchi palataga joylashtirib ketishdi.
Shundan beri mana, bir yil o‘tdi, hech qanaqa ruhiy kasal emasligimni, o‘sha majlisda sho‘xligim tutib, shunchaki hazil qilmoqchi bo‘lganimni bildirmoqchi bo‘lib bosh vrach nomiga yozgan arizamga binoan ikki marta sinchiklab ko‘rikdan o‘tkazishdi. Ikki marta ham hay’at a’zolariga jinni emasligimni isbotlab berolmadim. Yaqinda palatadoshlardan bittasi:
– Arizanning quruq o‘zini topshiradimi, jinni, yoniga ozgina pora qo‘shib bersang-ku, allaqachonlar chiqib ketarding.
– Olarmikan? Axir bizda… poraxo‘rlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan-ku, – dedim talmovsirab.
– Ie, xabaring yo‘qmi, yaqinda pora olishga ruxsat berish to‘g‘risida qonun chiqdi-ku, – dedi ko‘zini lo‘q qilib hamdardim.
Ishongim kelmadi. Jinni-da, buning o‘zi nima-yu gapi nima. Ammo… kaminaning haligi nufuzli mashvaratdagi gapim inobatga olinganu chindan ham shunaqa qilingan bo‘lsa-chi? Har qalay… bu galgi arizamga picha qistirib ko‘ray-chi, u yog‘i nima bo‘larkin.
“Mushtum” jurnali, 2015 yil noyabr soni