G‘ulom Mirzo. Ariq to‘lib baliq oqqan kun (hikoya)

Qishlog‘imiz adog‘i qalin ajriqzorga tutashib ketgan. Baxmaldek ko‘klab yotgan bu kattagina maydonda har kuni tong sahardan qishloq xonadonlarining podasi to‘planadi. Bolalar vaqtli turib, qo‘y-qo‘zilarini ana shu chimzorga haydaydi.
Rostini aytsam, saharmardondan uyg‘onishni, ayniqsa, ko‘chaga poda qo‘shgani chiqishni yoqtirmayman. Lekin buncha qo‘y-qo‘zi, echki-uloq kun bo‘yi qo‘rada qoladigan bo‘lsa, ularning “og‘ziga uradigan” o‘t topib berish tashvishi ham bor. Shuning uchun bugun ham chorvamizni oldimga solib, malolat bilan chimzor tomon jo‘nadim. Jilla qursa, eski qo‘rg‘on binosi oldidagi ko‘prikdan o‘tkazib qo‘ysam, bas. U yoqda podaxona shundoqqina ko‘rinib turibdi – serkaning o‘zi yetaklab boradi. Ba’zida podachilar insof yuzasidan ko‘prikka yaqin joyga kelib turgan bo‘ladi va kechikkan to‘daning yosh egasini baland ovozda “He, uyquchi, erinchoq!” deya yolg‘ondakam koyib, so‘ng butun podani nomozshomga qadar o‘tlatish uchun shitob bilan Qo‘shqirga haydab ketadi.    
Qo‘ylarimni “qo‘sh-qo‘sh”lab endi ko‘cha boshiga chiqqandim hamki, podaxonadan qaytayotgan amakivachchalarimga duch keldim. Bu opa-singillar mendan bir yoshga katta-kichik.
– Ariq to‘la baliq oqib kepti, – dedi meni ko‘rishi bilan bidillab singlisi. – Bilakdek-bilakdek ekan…
– Hozir ariqdi suvi boylangan, baliqdi esa tutib bo‘lishdi-yov, – dedi hovliqqancha opasi uning gapini cho‘rt kesib. So‘ng singlisi go‘yo katta sirni aytib qo‘yganini xushlamaganday bir ohangda qo‘shimcha qildi: – Akamga aytgani kelommiz. Bizayam pichchi tutsaydik.
Ular ortga, men oldga shaxd bilan jildik. Qishlog‘imiz o‘rtasidan oqib o‘tadigan Xushvag‘ariqda tengqurlarim bilan yilning issiq damlari uzzukun cho‘milib, biyor1 bilan baliq tutib o‘rganganmiz. Ammo hech kim, biron marta bo‘lsayam, barmoqdan yirikroq baliq tutmagan. Shu bois bu ariqda “bilakdek” keladigan baliqlarning “to‘lib oqqani” haqidagi xabar chindan ham qiziqarli va hayratomuz edi.
Ko‘prikka yaqinlashganimda katta-kichik bir necha odam – hayajon ichra – birov qo‘li, birov qo‘lidagi ust kiyimi, yana birov panshaxa bilan ariqning loyqa ko‘lmaklari atrofida girdikapalak bo‘layotganiga ko‘zim tushdi. Ko‘prik ustida to‘plangan katta yoshli besh-o‘n nafar qishloqdoshlarimizning yuz-ko‘zi va gap-so‘zidan ham kutilmagan hayrat alomatlari sezilib turardi.
– Ertalab paytavamni chayqay deb ariq roshiga chiquvdim, – derdi Yo‘ldosh tog‘am, – suv o‘shandayoq to‘xtagan ekan. Ko‘lmakka qo‘l solishim bilan ikkita katta baliq paytavamga o‘ralib chiqsa bo‘ladimi. Avvaliga imonim bir gaz sapchidi-ya.
– Hali kir paytava bilan tutgan balig‘ingizni pishirib, bizdi meymonga ham chaqirarsiz? – qochirim qildi davradagilardan biri. Va kulgi yangradi.
Yo‘ldosh tog‘am o‘zi sodda odam emasmi, boz ustiga kechasi daladan bemahal qaytgan bo‘lsa kerak, biroz uyqusirab turar va shundanmi, jur’atsizroq javob qaytardi:
– Ha endi, baliqni luqmai halol, deydi-ku. Paytava bilan tutgan bo‘lsamam, ana, supadagi tiniq suvli satilga solib qo‘yibman…
Ammo tog‘amning gapi og‘zida qoldi. Birdan butun e’tibor ko‘prikka eng yaqin hovlida yashaydigan Ziyod tog‘a sari ko‘chdi. U ukasi va singillari bilan birga ariq tomon shaxdam kelmoqda edi.
– Ziyod polvon hozirgina bir xalta baliq tutib, orqalab ketuvdi.
–    Bu gavdaga bir xalta baliq urvoq ham bo‘lmaydi-da…
Polvon va uning “komanda”si ko‘prikdagilarning bu kabi ilmoqli gaplariga parvo qilmay, vaqtni behuda o‘tkazmay, jadal ishga kirishdi.
Ko‘prik ostida ikkita g‘o‘lva2 bo‘lib, suv asosan pastdagi g‘o‘lvadan oqar, keyingi g‘o‘lva esa suv ko‘p kelib qolsa o‘tishi uchun yuqoriroqda ko‘milgan edi. Aka-uka quyi g‘o‘lvaning suv chiqish joyidagi kengish chuqurlik – gumdan suvni satillab olib, yo‘l ustiga sepa boshladi.
Tomoshani ko‘ring: har satil suv bilan ko‘prik ustidagi asfaltga 2-3 tadan yirik baliq bilanglab tushar va bundan hammaning og‘zi karrakdek ochilib qolgandi. Polvonning singillari esa xuddi odatiy ishlarini qilayotgandek – dashtdan o‘tin tergan yoki polizdan begona o‘tlarni yulib olgan kabi – bamaylixotir, ayni paytda o‘ziga xos bir uquv va chaqqonlik bilan baliqlarni terib xaltaga joylamoqda.
Ana-mana deguncha xalta to‘ldi. Singillar uni o‘ttiz qadamcha nariga, o‘zlarining hovli devori oldiga olib borib, suyab qo‘yishdi. Xaltaga xuddi tirik qovunlar joylanganga o‘xshar, harakat sezilib turar, hatto qizlar ortga qayrilib ulgurmay, xalta ag‘anab ham tushdi. Biroq ular ishni puxta qilgan ekan, og‘zi bog‘liq xaltadan hech narsa to‘kilmadi. Qizlar esa navbatdagi xaltani to‘ldirishga o‘tdi.
Bu holni kuzatib turganlarning ko‘nglida ov ishtiyoqi yanada kuchaydi. Faqat mening baliq tutish xohishim yo‘q, avvalboshdagi qiziqish va hayratim ham negadir so‘nib qolgan edi. Qo‘y-qo‘zilarimning podaga qo‘shilganiga ishonch hosil qilgach, ariqdan uzoqlashish uchun ortga burildim.
— Qo‘rqdingmi?
Bu keskin va kesatiqli savolni katta amakivachcham bergan edi.
— Hecham-da, – dedim men ham dag‘al ohangda.
— Qochib ketopsan-ku?
— Kim qochopti? Shunchaki, baliq tutgim kemadi.
— Unda menga tutishgin, amak, – gapimizga aralashdi singlisi.
Mahmadana opa-singillarning g‘avg‘osidan qutilishning yo‘li bitta, u ham bo‘lsa, ikkalasiga baliq tutib berish edi.
Qirg‘oqdan turib ariq ichini kuzata boshladim. Birdan yaqinimizdagi, egasiz qoldirilgan ko‘lmak ichida qandaydir harakatni sezdim. Sezdimu tez pastga tushdim. Loyqa suvni astoydil paypasladim. Shu payt kutilmagan voqea, aniqrog‘i, noqulay vaziyat yuz berdi. Ko‘lmakdagi baliq shimimning pochasidan kirib, yuqoriga sakradi. Men esa uyalganimdan va silliq, muzdek tana etimni seskantirganidan darrov suvga o‘tirib oldim. “Tomoshabinlar”imning ko‘zini shamg‘alat qilib, baliqni ozodlikka chiqardim. Lekin, o‘zimga kelib olgunimcha, baliqqa ega chiqib bo‘lgan edi.
Bu orada ovchilar o‘ljalaridan mamnun holda, uy-uylariga tarqala boshlagan, Ziyod polvon va ukasi ko‘prik ustiga chiqarib tashlayotgan “tirik qovun”lar soni ham ancha siyraklashgan edi.
Amakivachchalarim esa – biri sinovchan, boshqasi umid ko‘zi bilan menga qarab turibdi. Nima qilish kerak?
Ertalabdan buyon ko‘prik ostiga, g‘o‘lvaning suv quyiladigan tomoniga hech kim yaqinlashmadi. Shu kunga qadar ham qishlog‘imizning na katta va na kichigi cho‘milish yoki baliq tutish uchun g‘o‘lvaning jangalu qamishlar qoplagan bu xilvat qismiga biron marta yaqin kelmagan. Birov bu holni ko‘prikning o‘ng tomonidagi eski qo‘rg‘on tarixi bilan bog‘lasa, boshqalar bunga ko‘prikning so‘l qismida qachondir mavjud bo‘lgan quduqni sabab qilib ko‘rsatadi. Emishki, bir zamonlar ko‘prik tagida qo‘rg‘onga ham, quduqqa ham olib boradigan yerosti yo‘li bo‘lgan. Ana shu yo‘l orqali ariq suvi o‘tib, quduq to‘lib qolaverganidan, bola-baqra, mol-hol cho‘kib ketmasin deb, uni ko‘mib yuborishgan ekan.
Odatda, hayrov3 paytida qishloq oqsoqollari ko‘prikning ikki tomonidagi bir necha quloch “sirli” masofadagi ariq qazish ishini otamga yuklashadi. Otam esa bu ishga har gal alohida tayyorgarlik ko‘radilar. Chunki yuvinib-taranib, ozoda kiyinganlari va ish boshlashdan oldin berilib duo o‘qiganlariga bir necha bor o‘zim guvoh bo‘lganman. Qishloq odamlarini cho‘chitadigan bu xosiyatsiz joyga hayrovchilar uchun choy tashish bahonasida yaqinlashishga jur’at ham etganman. Va, tabiiyki, bunda otamning so‘zsiz daldasini sezib turganman…
Menga o‘sha dalda yana ko‘makka keldimi yoki amakivachchalarimning oldida jasurligimni ko‘rsatmoqchi bo‘ldimmi, bilmayman. Har holda, g‘o‘lvaning suv kiradigan qismiga jur’at bilan yaqin bordim. G‘o‘lvaning balandligi 10-11 yashar bola bo‘yi baravar bo‘lib, men o‘z yoshimga nisbatan tikroq ekanim bois, biroz egilib ichkariga nazar soldim.
Tizzamdan baland keladigan suv ichida baliqlar g‘ujg‘on o‘ynar edi. Ko‘prik keng, g‘o‘lva uzun, ustiga-ustak, uning narigi, nishabroq uchi loyqa suvga botib turgani uchun g‘ira-shira qorong‘ulik qoplagan o‘rta qismida nimalar borligini yaxshi ko‘rolmadim. Ichkariga qadam qo‘yishdan oldin amakivachchalarim tomonga o‘girildim.
Qizlar qizg‘in bahs ustida: opasi meni g‘o‘lvaga kirolmaydi deb yengishar, singlisi esa, kerak bo‘lsa, narigi tomondan chiqib ham kela olishimni aytib – har biri o‘zining gapini ma’qullar edi.
“Nima bo‘lsa bo‘ldi” dedimu o‘zim bilgan duolarni pichirlab, suv va baliqlarning qorong‘u dunyosi sari yo‘l oldim. G‘o‘lva ichida haqiqatan ham baliq juda ko‘p ekan. Ba’zan rosmana yirik baliqlarning ustiga oyoq qo‘yganimdan, toyinib-turtinib boryapman. Ichkarilaganim sayin qorong‘ulik quyuqlashdi. Suvdagi baliqlarning zichligi ortayotganidan yurishim yanada og‘irlashgandi. To‘xtadim. Nafas rostladim. Tovushlarga quloq tutdim.
Ziyod polvon va ukasining shovqini elas-elas eshitiladi. Aka-ukalarning satiliga duch kelmay, ayni vaqtda ularning o‘takasini yormasdan (chunki ichkarida ekanimni amakivachchalarimdan boshqa hech kim bilmaydi!), g‘o‘lvaning narigi tomonidan beziyon chiqib olishni o‘ylay boshladim. Lekin…
Oldinga bir qadam qo‘ydimu joyimda qotdim. Qarshimda, g‘o‘lvaning qoq o‘rtasida dirildoq tanali qandaydir suv maxluqi bir ko‘zi bilan men tomonga qarab turardi. Darrov shuni sezdimki, qoramtir-qo‘ng‘ir rangdagi silliq, tarang tanasi hamda so‘rg‘ichsimon yopishqoq oyoqlarining ozroq qismi elas-elas ko‘rinib turgan bu vahimali vujud zinhor-bazinhor baliq emas. Suvda lapanglab yotgan behisob baliqlar orasida “o‘zi xon, ko‘lankasi maydon” ushbu maxluq menga goh “Olamga sayohat” teleko‘rsatuvida tomosha qilganim dengiz sakkizoyog‘ini, goh “meduza”ni eslatsa, ba’zan “kalmar” degan shafqatsiz suv yirtqichi bo‘lib tuyulmoqda edi. Aslida, dala-dashtda, dengizu okeanlardan juda uzoqda tug‘ilib-o‘sgan yosh bola bu kabi antiqa suv hayvonlarini qaydan ham bilsin!..
Avvaliga bunday noaniqlik meni sarosimaga solgan bo‘lsa, asta-sekin fikr yuritish asnosida bir qadar xotirjam torta boshladim. Maxluqni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldim. Bekor qilgan ekanman. Maxluq kallasining menga ko‘rinib turgan tomondagi ko‘zida nimadir yilt etdi. Tuyqus o‘zimga nisbatan shiddatli tahdidni payqadim. Seskanib ketdim. Badanim bo‘ylab go‘yo son-sanoqsiz chumoli o‘rmaladi. Shundan so‘ng behollanib qolibman. Harakatdan to‘xtab, nima bo‘lganda ham, o‘zimni biroz chalg‘itishim kerak edi.
… Bobomizning oq tulpori yo‘qolib qolganida, izlash uchun shahardan sinchi kelgani haqidagi voqeani esladim. O‘shanda sinchi: “Menga o‘g‘rining izlari qip-qizil o‘tdek yonib, ko‘rinib turadi”, deya bir kundayoq otimizni topib bergan ekan. Men ham maxluqni yaqqol ko‘rib olish uchun sinchiklab kuzata boshladim. Butun vujudim ko‘zga aylangandek edi. Maxluq ancha yirik bo‘lib, tanasining katta qismi suv ostida g‘o‘lvani ikkiga ajratib, baliqlarning narigi tomonga o‘tish yo‘lini ham to‘sib qo‘ygan ekan. Shu sababli, g‘o‘lvaning men kirgan qismida baliqlar g‘ujg‘on o‘ynar, narigi tomonda esa ular ancha siyrak edi. Ziyod tog‘a bilan ukasining tovushlari ham eshitilmay qolgani bejiz emas, demak ular ovni to‘xtatgan.
Zax isi va baliq to‘la g‘o‘lva ichida men va maxluq bir-birimizga azmu qat’iyat bilan tikildik.
“Yo‘l ber!”, dedim men xayolan.
“Qaytganing ma’qul!”, degandek qaradi u.
Maxluq kuchli edi, u o‘z dunyosida – suv ichida hukmron, eng yomoni, men uchun jumboq va sir-sinoat edi.
Men esa yosh va jur’atli, ayni vaqtda tajribasiz, bilimsiz…
Rosti, men qo‘rqdim. Ortga qaytish kerak, ammo oriyatim yo‘l bermasdi. Shunda qahr bilan qo‘llarimni suvga botirdim. Haytovur har ikki qo‘lim bittadan baliqning jabrasiga kirib borganini his etdim. Tutgan baliqlarim shunaqa yirik va badburush ediki, hatto qo‘yib yubormoqchi ham bo‘ldim. Tashqarida amakivachchalarimning intiq va ginali nigohlariga duch kelishimni o‘ylab, bu fikrimdan qaytdim. Baliqlarni mahkam tutgancha shiddat bilan g‘o‘lva og‘zidan chiqdim. Qirg‘oqning yassiroq joyidan qulay yo‘l topib, ariq roshiga ko‘tarildim.
Opa-singillar ketib qolishgan ekan. Alam qildi. Nachora, endi men ham uyga borsam bo‘lar…
– To‘xta, baliqni tayla!
O‘girilib qaradim. Barot tog‘a, traktorchi. Qochdim. Quvdi. Yetib kelmayaptimi deb, ortga qaragan chog‘imda, qoqilib tushdim. Baliqlar qo‘limdan chiqib ketib, yo‘lning ikki tomonida ko‘pchib yotgan tuproqqa bulandi, unga qorildi go‘yo. Barot tog‘a baliqdan qo‘rqar ekan, pitirlayotgan jonzotlar tepasida seskanib, bir muddat taraddudlanib qoldi. Menga shu kifoya edi, fursatni boy bermadim. Burnining tagidan ikkala baliqni ham oldimu urho yugurdim.
Quloqlarim ostida hushtak chalayotgan shamol odamlarning gurros kulgisi va hayqiriqlari ancha uzoqda qolgani haqida shivirlab, meni xotirjam qilgan paytda hovliga kirib keldim. Uyda onam dalaga ketish oldidan non yopayotgan ekan. Baliqlarimni katta tog‘oraga soldim – biri suzib ketdi, ikkinchisi esa to‘nkarilib qoldi. Demak, kechgacha saqlab bo‘lmaydi.
Bizga hamsoya turadigan do‘stim baliqlarimni ko‘rgani chiqipti. Onam ishi tig‘izligini, hozir dalaga ketishi kerakligini, do‘stimning onasi dashtga bormasligini va olib borsak, baliqlarni pishirib berishini aytdilar.
Men va ikki ukam, do‘stim bilan birga ularnikiga yo‘l oldik. Darvozaxonamizdayoq otamga duch keldik. El oshini damlash uchun dala ishidan javob olib qaytibdilar. Otam eshakning temirqozig‘i bilan arqonini menga tutqazganlarida, anchagina ushlanib qolishimni bildim va xafa bo‘lib ketdim. Shunda ham kayfiyatsizligimni na otam, na sheriklarim sezdi.
Eshakning egar-jabdug‘ini yechib, devor ustiga olib qo‘ydim, quduqdan suv tortib, sug‘ordim. Rosa chanqagan ekan, o‘ziyam uch satildan ko‘p suv ichdi. So‘ng to‘rtoyoqli dahmazani hovlining o‘t-o‘lanli joyiga ildirdim. Satilning tubida qolgan suvni quduq oldidagi taqron maydonchaga sepdim. Toki boshqa mol-hol ichmasin va eshagini to‘ygunicha sug‘organimni otam sezsinlar. Ishlarni saranjom etishim bilan ko‘chaga chopdim.
Bu orada xiyla fursat o‘tgan edi. Do‘stimning hovlisi oldida yog‘li lablari yiltillab, turnaqator turgan uchovlon bilan to‘qnash keldim.
–    E-e, baliq pishganda sen biza bilan billamasmiding? – kalovlandi do‘stim.
–    Shirin ekan-u, mincha-minchadan teydi-da, – o‘zini oqlagan bo‘ldi katta ukam.
–    Aka, yana tutib keling, – yalindi kichkinasi.
…Kun bo‘yi tund bo‘lib, bo‘g‘riqib yurdim. Hech kim, hech narsa yoqmaydi.
Kechqurun uyga kirib, ko‘rpaga burkanib oldim. Onam ovqatga chaqirdilar, bormadim. Daladan toliqib kelgan ekanlar chog‘i, o‘zlari kelib qistamadilar, nomiga bo‘lsa ham elanmadilar hatto… Xo‘rligim keldi. Uzoq vaqtgacha to‘lg‘onib yotdim. Hamma-hamma bilan xayolan so‘zlashaverdim-so‘zlashaverdim.
“Onajon, baribir, sizdan xafa emasman.
Otajon, sizdan aslo arazlamadim.
Ukalarim, do‘stim, do‘stimning onasi, sizlardan ginam yo‘q.
Ey, suv maxluqi, sendan zig‘ircha ham qo‘rqqan emasman…”    Ko‘zim ilingan ekan. Sokin tovushlardan bemahal uyg‘onib ketdim. Otam ohista, salmoqlab gapirar, onam esa jim tinglamoqda.
–    Bekor qipsan, – dedilar otam. – Bolani doim qo‘llab-quvvatlash kerak. Sen o‘sha baliqlarini pishirib bersang bo‘lardi. Butun qishloq faqat o‘g‘limizning baliq ovi haqida gapirdi-ya. Buning shashtini qara!..
–    O‘zim ham keyin xafa bo‘ldim, – dedilar pushaymonlik bilan onam.
Ich-ichimdan xo‘rsinib yuboribman. Uyg‘oqligimni sezdirmaslik uchun nafasimni yutib, ko‘zlarimni mahkam chimirdim. So‘ng ohista boshimni yostiq tagiga yashirdim.
…Ko‘nglimdagi yorug‘lik tong nurlari bilan jilva talashayotgan pallada men tiniq bir uyquning og‘ushida edim.