Bektemir ota ko‘zini istamaygina ochib, derazaga qaradi. Elas-elas tong oqarib kelardi. Tashqariga quloq tutdi: jimjitlik. Anchagacha qadam tovushlarimi, eshiq g‘ichillashimi – biron sas-sadoga intiq yotdi. Keyin judolikdan xasta ko‘ngilga anchadan beri mo‘ralayotgan shubhalar bostirib kela boshladi: “Ana, aytganimdek, shaharlik kelin chatoq chiqdi! Haliyam uxlayapti. Urdi Xudo!…”
…Otaxon o‘tgan hafta supraqoqdisini uylantirdi. Shu paytgacha uchta kelinu to‘rt kuyov ko‘rgan, lekin bunchalik tashvish chekmagan edi. Ilgari kampiri yonida edi-da. Kelinlarni o‘zi topar, issiq sovuqqa ko‘ndirib tarbiyalardi. Mana, yo‘qligi darrov bilindi. Kenjasi “o‘ldim-kuydim” deb bir sinalmagan qizga uylandi. Bektemir ota “buning shahar ko‘rgan ekan, bizga bo‘lmaydi” deb ancha oyoq tiradi. Ammo gapi o‘tmadi.
Ota yana xiyol bosh ko‘tarib, tashqarini tingladi. Sukunat… Oldingi kelinlari bunaqa paytda hovliga shaloplatib suv sepib yurgan bo‘lardi. “Qumri bor edi-da unda”, xayolidan o‘tdi uning. Kampiri uzzu-kun cholining tashvishini qilib yurardi. Qulog‘iga olis-olisdan qadrdon tovush eshitilganday bo‘ldi: “Hoy, Mahliyo, oshni yumshoqroq qiling, otangizga og‘irlik qilmasin! Erkinoy-u, otangizga choyni achchiqroq damlang!”
Endi uning mehriboni yo‘q. Uch o‘g‘lining uyi bo‘lak, qizlari o‘z ro‘zg‘ori bilan. Ko‘zini berkitadigan kenjatoyi esa, xotinini deyapti. Shu kelinining qo‘lida qolsa…
Shu o‘ylar otaning yelkasidan bosgandek, qimir etmay yotaverdi. “Endi nima bo‘ladi? Tavba… Odamlarning qismati g‘alati. Tug‘ilasan, yashaysan, umringning eng katta qismini, qaymog‘ini bolalarga berasan. Ulg‘aytirish, o‘qitish, kasb-korli qilish, uzatish, uylash, boshpana qilib berish… O‘zingni o‘tdan suvga urasan, lekin hammasini uddalaysan. Oxirichi? Oxiri nima bilan tugaydi? Yolg‘izlik, bir do‘stu hamdamga tashnalik bilanmi? Tiq etgan tovushga zor bo‘lib o‘tamanmi endi? Sakkizta ildizimni har yonga otib, o‘rtada qurigan daraxtga o‘xshab qarovsiz qolsam-a? To‘g‘ri-da, mendaqalar kammi. Ana, jo‘ram Hudoyqul. Ikki kun yolg‘iz qolib, o‘ligi sasib ketibdi. O‘shaniyam ikkita tog‘day o‘g‘li bor. Valijon do‘stim-chi? Beshta bolasi koptokday bir-biriga toza oshirishibdi, oxiri sarsonlik joniga tegib, yana loysuvoq hujrasiga borib oldi. Sharpadek bir o‘zi yashayapti… Olim qassob esa ko‘zini tirikligida meros talashib mushtlashgan bolalaridan bezib, ukasinikiga ketvordi. Men qayoqqa boraman? Yetmish dovonni oshib, kelgan joyim shumi endi?”
Yana Qumrining g‘oyibona ovozi eshitildi: “Otasi, bomdoddan kech qolasiz”. Derazadan olchaning shoxlari aniq ko‘rinib qolgandi. “Hah, shayton-a!” deb o‘rnidan ilkis turdi, egniga to‘n tashladi. Chiroqni ham yoqmay, eshikni paypaslab ochdi. Tashqariga chiqdi-yu, bir dam tek turib qoldi. Yerda shakarob qilib sepilgan suv izlari ko‘zga tashlanar, hovli sahni chinnidek top-toza qilib supirilgan edi. “Iyi”, dedi otaxon, o‘ziga ham eshitilar-eshitilmas qilib. Ayvonning bir chetida yap-yangi oftoba turar, ustiga cho‘g‘dek sochiq tashlab qo‘yilgan edi. Asta enkayib, oftobaning biqiniga kaft bosti – iliqqina!
— Assalomu alaykum, ota!
Unga yaqin kelib tikilib turgan o‘g‘li yangi to‘n, do‘ppida ko‘ziga juda o‘ktam ko‘rinib ketdi.
— Va alaykum.
— Tuzukmisiz? Hayallab qolganingizga…
— Ha, yo‘q yaxshiman, bolam. Sal uyqu eltibdi.
— Endi kirib uyg‘otsammi, deb turuvdim. O‘ziyam keliningiz suvni uch marta yangiladi.
Keyin, “keliningiz” deganidan xijolat chekdi chog‘i, ko‘zlarini olib qochdi.
— O‘zi qani? — qisqagina so‘radi ota.
— Dasturxon tayyorlayapti. Sizga bir nimalar pishiryapti, — dedi o‘g‘il, beg‘ubor jilmayib.
Bektemir ota sochiqni yelkaga tashlab, oftobaga egildi. Kampiridan keyin hali o‘zini bu qadar yengil his qilmagan edi. O‘g‘li nari ketgach, ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi-da, pichirlab qo‘ydi: “Xudoga shukur!”.